Talabchanlik zarur ammo...

Dilmurod Quronov.

Òàëàá÷àíëèê çàðóð, àììî // ¡çáåêèñòîí àäàáè¸òè âà ñàíúàòè.-2006, îêòÿáðü

Professor Sanjar Sodiq keyingi vaqtda matbuotda juda faol qatnashib, o‘zining keskin tanqidiy chiqishlari bilan jamoatchilik e’tiborini tortib kelmoqda. Albatta, adabiy tanqiddagi printsipiallik, talabchanlik, murosasizlik – bari zarur narsalar. Biroq “printsipial munaqqid” degan “imij”ni hosil qilish uchun faqat kamchiliklar, salbiy jihatlarga urg‘u berish, ijobiy tomonlarni ko‘rolmaslik nomaqbul yo‘ldir. S.Sodiqning so‘nggi yillarda e’lon qilingan O.Muxtor, U.Hamdam, H.Umurov asarlari haqidagi maqolalarida shu xil urinish kuzatiladi. Nazarimda, munaqqidning “Tanqidchiligimizning mashaqqatli yo‘li” (“Sharq Yulduzi”, 2006, ¹3) nomli maqolasi har qanday me’yordan chiqish, biroz soxtalik bilan yaratilgan “imij”ni saqlash yo‘lidagi yana bir urinish bo‘lgan ko‘rinadi. Bilarsiz, tojik birodarlarimizda yaxshi bir naql bor: “Zo‘ri behuda miyon meshikanad”

Maqolada B.Rahmonovning “O’zbek adabiy tanqidchiligi” nomli qo‘llanmasi haqida so‘z boradi. Avvalo, mutaxassis sifatida muhtaram domlamizga ham yaxshi ma’lumki, o‘zbek adabiy tanqidchiligi tarixi bo‘yicha yaqin o‘rtada biron bir qo‘llanma chiqmagan edi. Viloyat universitetlaridan birida o‘n yillar shu fanni o‘qitib kelayotgan bir mutaxassis shu bo‘shliqni qo‘ldan kelgancha to‘ldirmoqchi bo‘lgan ekan, buni qutlab qo‘yish o‘rinli bo‘lur edi. Lekin S.Sodiq buni o‘ziga ep ko‘rmaydi: “tuya hammomni orzulabdi-da” deya miyiqda kulganday, gapni to‘g‘ridan to‘g‘ri “urish”dan boshlaydi. Munaqqid oldindan o‘z oldiga aniq maqsad qo‘ygan: maqola B.Rahmonovning “O’zbek adabiy tanqidchiligi” nomli qo‘llanmasi talabga javob bermaydi, degan hukm bilan yakun topmog‘i kerak. Maqsad tayin etilgach, maqola muallifi o‘z “imij”iga mos holda faqat kamchilik ko‘rsatish yo‘lidan boradi. Bu ham mayli, S.Sodiq fikrlarini asoslash kerakligi haqida ko‘pda qayg‘urib o‘tirmaydi. Natijada sarlavhaga chiqarilgan maqol o‘z isbotini topadi: behuda zo‘r berilgani bois maqolaning “beli chiqib” ketadi, belidan, asosidan mahrum har qanday narsa kabi notavon bir holga kelib qoladi.

S.Sodiqning fikricha, B.Rahmonov “eskirib qolgan kitoblarga tayanib, adabiy tanqidning quyidagi ta’rifini taqdim etadi: “Tanqid” so‘zining istilohiy ma’nosini “asarning mazmun mohiyatini ochish, g‘oyaviy-badiiy qimmatini belgilash, yutuq va kamchiliklarini xolis ko‘rsatgan holda baho berish maqsadida muhokama qilmoq” tarzida tushunilgani to‘g‘riroq bo‘ladi”. Keltirilgan parchaning qoraytirilgan qismi qo‘llanmadan olingani e’tiborga olinsa, S.Sodiq ochiqdan ochiq tuhmat yo‘liga o‘tgani ko‘rinadi. Zero, bu o‘rinda adabiy tanqidga ta’rif berilayotgani yo‘q, gap “tanqid” so‘zining istilohiy ma’nosi haqida bormoqda. Ehtimol, kimgadir bu hol yanglish tushunish oqibatigina bo‘lib tuyular va bizning “ochiqdan ochiq tuhmat yo‘liga o‘tadi” deganimiz oshirib yuborilgandek ko‘rinar?! Afsuski, bunday emas. Negaki, keltirilgan parcha qo‘llanmaning “Tanqid” atamasi” nomli faslchasidan olingan, shuning o‘ziyoq “yanglish tushunish”ni istisno qiladi. Qo‘llanma muallifi “til amaliyotida, ayniqsa, so‘zlashuv tilida mazkur so‘z (ya’ni, “tanqid” so‘zi - D.Q) birmuncha tor ma’noda qo‘llanilib, ko‘proq “biror narsaning kamchiliklarini ochib berish, fosh etish” ma’nosida (3-bet) tushunilishi, bu esa so‘zning istilohiy ma’nosidan tamom farqli ekanini ta’kidlaydi. Bizningcha, B.Rahmonov didaktik jihatdan to‘g‘ri yo‘l tutgan: avval atama ma’nosini aniqlashtirib oladi, so‘ng shu asosda predmet – adabiy tanqid mohiyatini tushuntirishga o‘tadi, ya’ni, soddadan murakkabga tomon boradi. Professor S.Sodiq esa buni tushunishni istamaydi, matndan yulib olingan jumlani o‘z istagicha – ko‘zlagan maqsadiga moslab talqin qilaveradi.

Xo‘p, B.Rahmonov bergan ta’rifni eskirgan ham deylik, zamonaviysi qanday bo‘ladi? S.Sodiqning uqdirishicha, “Tanqidchilikka berilayotgan eng zamonaviy ta’rif esa quyidagicha jaranglaydi: Tanqid badiiy adabiyotni tahlil qilish vositasidir”. Muhtaram olimimiz taklif etayotgan ta’rifning qay darajada yangiligini bilmayman-u, lekin mantiqdan ancha yiroq tushayotganiga imonim komil. Zero, mening tushunishimcha, tahlil(analiz)ning o‘zi tanqidning vositalaridan biri bo‘lsa-yu, qandoq qilib adabiy tanqid vositaning (yana o‘z vositasining!) vositasi bo‘ladi? Agar bu yangilik bo‘lsa, hali viloyatlarga yetib kelmabdi: biz hamon adabiy tanqid o‘z maqsad va vazifalarini ko‘proq tahlil vositasida amalga oshiradi deb yurgan ekanmiz. S.Sodiq esa tahlilni tamom boshqacha tushunar ekan: unga ko‘ra, “tahlil – asarning g‘oyaviy-badiiy qimmatini belgilash”dir. Ko‘rinadiki, professor S.Sodiq tahlilni mutlaqlashtirishga moyil va, fikrimizcha, amalni (tahlil amal-da!) natija, vositani maqsad bilan chalkashtirayotgani ham shundan.

Nazarimda, S.Sodiq yo qo‘llanma muallifini tamom savodsiz deb biladiganga o‘xshaydi, yo uni shunday ko‘rsatishga intiladi. Yo‘qsa, uning talqinlari “adabiy tanqid yuzasidan 1972 yildan keyin nashr etilgan qator kitoblardan, ilmiy asarlardan bexabarlikning oqibati” deb yozmagan bo‘lur edi. S.Sodiqning nazarida B.Rahmonovning “Adabiy tanqidning o‘rganish ob’ekti adabiy-badiiy asar bo‘lgani uchun ham u boshqa ilm sohalaridagi singari aniqlik, tugal isbotlanganlik da’vosini qilolmaydi” degani shunday keskin xulosa uchun yetarli. Negaki, bundan o‘ttiz yillar ilgari Moskvada chop etilgan o‘quv qo‘llanmasida adabiy tanqidning “o‘rganish manbalari qatoriga faqat bitta emas, balki uchta unsur, ya’ni badiiy asar, alohida yozuvchi ijodi va zamonaviy adabiy jarayon kirishi aniq ravshan qilib yozib qo‘yilgan” ekan. Avvalo, bu o‘rinda ham S.Sodiq yuqorida ko‘rganimiz kabi yo‘ldan borgani, yana jumlani matndan yulib olib talqin qilganini ta’kidlash kerak. Jumla matnga nisbatan qism ekani, qismning mazmun-mohiyati butun tarkibida va butundan kelib chiqib anglanishi barchaga ma’lum. S.Sodiq esa go‘yo shu oddiy qoidani bilmaydigandek ish tutadi, natijada tamom adolatsiz hukm-xulosalarga keladi. Kamina bejiz “go‘yo” demadim: S.Sodiqning buni bilmasligiga ishonmayman, biladi. Faqat fikr-zikrini qo‘llanmani boplab “urish” maqsadi chulg‘agani sabab bo‘lsa kerak, muhtaram olimimiz butun boshli faslchada bundan boshqa gap yo‘qdek fikr yuritadi. Aks holda, birinchidan, shu faslchaning o‘zida B.Rahmonov “adabiy tanqidning o‘rganish ob’ekti (joriy adabiy jarayon va uning mahsuli bo‘lmish adabiy asar)” ekanligini qayd etganini nazardan qochirmas edi. Ikkinchidan, adabiy tanqidning asosiy ob’ekti adabiy asar ekanligi inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat, ya’ni, mabodo shunday da’vo qilganida ham muallif adashmagan bo‘lur edi. Zero, tanqid adabiy jarayonni ham, alohida yozuvchi ijodini ham konkret asarlar orqali o‘rganadi. Shunday ekan, o‘z-o‘zidan ko‘ngilga bir andisha keladi: niyat xolis bo‘lsa, Moskvada chop etilgan qo‘llanmani dastak qilib birgina jumlaga yopishib olish shartmidi?! Yo‘q. Bas, niyat xolis emas. Shu sababli ham S.Sodiq muallif maqsadi bilan hisoblashmaydi, uning nima deyayotgani va nima uchun shunday deyayotganini tushunishni istamaydi. Masalan, B.Rahmonov adabiy tanqidning o‘ziga xosligi, uning adabiyotshunoslik ilmi, adabiy-badiiy ijod va publitsistikaga xos jihatlarni o‘zida namoyon etishini yoritarkan, shu asno u “boshqa ilm sohalaridagi singari aniqlik, tugal isbotlanganlik da’vosini qilolmaydi” deb yozadi. Muallif bu fikrni aniq fanlarga qiyosan aytadi, tanqidning ob’ekti badiiy asar ekanligi, “bittagina badiiy asarning turli kishilar tomonidan turlicha tushunilishi ham, turli davrlarda turlicha tushunilishi ham mumkinligi”dan (6-bet) kelib chiqadi. Darhaqiqat, shunday. Axir, biron bir asar haqida “ikki karra ikki — to‘rt” maqomida fikr aytib bo‘lmaydi-ku! Mabodo shunday bo‘lganida, Abdulla Qahhor ijodining tanqidchilikdagi talqini masalasi S.Sodiqqa butun boshli doktorlik ishi uchun mavzu berarmidi?!

Afsuski, S.Sodiq bu oddiy haqiqatni tan olgisi kelmaydi, qachondir aytilgan fikrlarni mutlaq haqiqat deb biladi-da, ularga mahkam yopishib oladi. Masalan, B.Rahmonovning “adabiy-tanqidiy janrlar hali nazariy jihatdan ham, amaliy jihatdan ham yetarlicha farqlangan emas”(10-bet) degan fikrini S.Sodiq “tanqidchilikka oid eng so‘nggi kitoblar u yoqda tursin, ancha ilgari e’lon qilingan asarlardan ham bexabarlik asorati” deb hisoblaydi. Mazkur da’voning asosi sifatida munaqqid “L.P.Grossman degan adabiyotshunos 1925 yildayoq tanqidchilikning 17 xil janr ko‘rinishini sanab” berganini aytib, erinmay ularning ro‘yxatini keltiradi. Xo‘p, shunday bo‘laqolsin, L.P.Grossman 80 yillar ilgari shu ro‘yxatni tavsiya etgan bo‘lsa, B.Rahmonovning unga ergashishi shartmi? Ikkinchi tomondan, S.Sodiq o‘zi keltirgan ro‘yxatdagi impressionistik etyud, publitsistik yoki tashviqiy tanqid, adabiy sharh, parodiya, akademik mulohaza, tanqidiy hikoya kabilarni adabiy tanqidning mustaqil janri ekanligiga chindan ishonadimikan? Muhtaram domlamiz janr tarixiy kategoriya ekani, nafaqat adabiy-tanqidiy, balki adabiy janrlarda ham mudom transformatsiya, sintezlashuv hodisalari kechishini faromush qilgan ko‘rinadi. Bizningcha, B.Rahmonovning aybi — shularni nazarda tutgan holda fikrlagani, “adabiy-tanqidiy janrlar ko‘p hollarda bir-biridan aniq farqlanmasligi, biriga xos xususiyatlarning ikkinchisida namoyon bo‘lishi”ni to‘g‘ri ta’kidlagani, xolos.

B.Rahmonovni shu tariqa salkam “savodsiz”ga chiqargan S.Sodiq endi oshkor kulishga o‘tadi, o‘ziga ittifoqchilikka xayolidagi talabani chaqiradi: “Fikriy mahdudlik, ayniqsa, tanqidchilik janrlarining o‘ziga xos xususiyatlarini belgilashda muallifni kulgili savollar bo‘roniga giriftor qilib qo‘ygan. Ko‘p hollarda u jiddiy o‘ylab o‘tirmay, tanqidchilik janrlarining deyarli barchasiga xos bo‘lgan xususiyatlarni ularning faqat bittasigagina taalluqli deb e’lon qilib yuboravergan. Masalan, taqrizning o‘ziga xos tomoni to‘g‘risida muallif shunday deb yozadi: “Taqriz xolislik bilan, birinchi galda adabiyotning foydasini ko‘zlagan holda yozilishi kerak”

Bu so‘zlarni o‘qigan talaba ongida darhol : “Xo‘sh, unday bo‘lsa, portret yoki maqola noxolislik bilan, adabiyotning zararini ko‘zlagan holda yoziladimi?” degan qonuniy savol tug‘iladi. Xayolan savoliga javob izlagan talaba tafakkurida o‘sha onning o‘zida: “Bu so‘zlar qip-qizil yolg‘ondir, chunki xolislik va adabiyotning foydasini ko‘zlash tanqidchilikning barcha janrlariga xos mushtarak fazilatdir”, degan xulosa shakllanadi”.

Avvalo, bunchalar uzundan-uzoq ko‘chirma keltirganim erish tuyulmasin, ayni vaziyatda shunga majburman. Zero, B.Rahmonovning qo‘llanmasi atigi 1000 nusxada chop etilgan, “Sharq yulduzi”ning ahvoli ham bundan juday-la yaxshi emas. Endi o‘quvchida S.Sodiqning “urish” usuli haqida tasavvur hosil qilish uchun qo‘llanmadan ham ko‘chirma darkor. B.Rahmonov taqriz janrining o‘ziga xos xususiyatlari haqida to‘xtalgach, yozadi: “Agar bozor iqtisodiyoti atamalaridan foydalansak, taqriz asarning matbuotdagi ilk taqdimoti (prezentatsiya), uning reklamasi deyish mumkin. Shu xususiyati tufayli ham, ehtimol, taqriz hozirga kelib birmuncha e’tibordan qoldi. Sababi shuki, keyingi paytda tanish-bilishchilik, oshna-og‘aynigarchilik asosida, asarning badiiy-estetik qimmatidan ko‘ra ko‘proq muallifning kimligi e’tiborga olinib yozilgan taqrizlar ko‘paydi”. Ayni paytda, B.Rahmonov taqriz janr sifatida ahamiyatini yo‘qotmagani, aksincha, bozor sharoitida uning ahamiyati ortgani va mavjud imkoniyatlari bilan adabiyotimizning ravnaqiga xizmat qilishi mumkinligini ta’kidlab, yozadi: “Buning uchun esa bittagina shart bajarilishi zarur: taqriz xolislik bilan, birinchi galda adabiyotning foydasini ko‘zlagan holda yozilishi kerak” (11-bet). Ko‘rib turganimizdek, S.Sodiq qo‘llanmadan olingan jumlani (aniqrog‘i, yarimta jumlani!) butunlay buzib talqin qilgan. Nahotki, yarim sahifadagi jumlalarni bir-biriga bog‘lash, matndan kelib chiqayotgan mazmunni anglash shunchalar qiyin bo‘lsa?! Yo‘q, qiyin emas, faqat buning uchun niyatni xolis qilmoq kerak. Afsuski, maqola muallifiga ayni shu narsa yetishmaydi, shu bois ham u avvaldan belgilangan maqsadning quliga aylanadi, har qanday yo‘l bilan unga erishishga intiladi. Shu holida yana talabaga “qayg‘urgani”ga, uni o‘ziga ittifoqchi sanab, uning nomidan hayronlar qolganiga nima deysiz?! Bizningcha, bunga aslo hojat yo‘q: talabaning ko‘ngli hali turli manfaatu munosabatlar g‘uboridan forig‘, baski, u yarim sahifadagi jumlalarni o‘zaro bog‘lash va mazmunini to‘g‘ri ilg‘ashga qodir.

Manfaatu munosabatlar haqida bejiz aytmadik. Zero, o‘zining ilmiy qarashini har qanday yo‘l bilan ma’qul qilishga, ma’qul qildirishga intilish manfaatparastlikning ilmdagi ko‘rinishidir. S.Sodiq qo‘llanmada “adabiyotimiz tarixiga oid eski kitoblardagi kabi tanqidchilikning taraqqiyot yo‘lini davrlashtirishda, asosan, bitta printsipga, ya’ni, jamiyat rivoji xususiyatlarini ko‘proq inobatga olish tamoyiliga tayanilgan”iga qo‘shila olmaydi. To‘g‘ri, u mazkur printsipni “o‘rinsiz deb bo‘lmasligi”ni e’tirof etadi. Ayni paytda, muallifning mazkur printsipga tayanishi sababini “adabiyotshunoslik ilmining eng so‘nggi yangiliklaridan”, jumladan, so‘nggi yillarda o‘zbek tanqidchiligi muammolari bo‘yicha yoqlangan doktorlik dissertatsiyalaridan bexabarlik bilan izohlamoqchi bo‘ladi. Agar maqola ruhidan kelib chiqilsa, jo‘yalidek ko‘ringan mulohazalar zamirida qo‘llanma muallifining S.Sodiq dissertatsiyasidan foydalanmaganidan hafalikni ilg‘ab olish mumkin. Shundan bo‘lsa kerak, S.Sodiq o‘zbek tanqidchiligi tarixini davrlashtirish bo‘yicha yangicha taklif sifatida doktorlik ishidagi qarashlarini — qahhorshunoslik tarixini davrlashtirish masalasidagi fikrlarini biroz o‘zgartirib taqdim etadi. Albatta, olim tanqidchilik tarixini davrlashtirishda adabiyot rivojining o‘ziga xosligi va tanqidchilikning ichki taraqqiyot qonuniyatlarini ham hisobga olish kerakligini ta’kidlaganida to‘la haq. Biroq XX asr o‘zbek adabiyoti, jumladan, tanqidchiligi rivoji jamiyat hayoti, yakkahokim partiyaning bu boradagi siyosati bilan shu darajada bog‘liqqi, bizningcha, hozircha uni o‘rganishda sotsiologik yondashuv ustuvor bo‘lishi tabiiydir. Boz ustiga, taklif etilgan boshqa davrlashtirish tamoyillari davr adabiyoti va tanqidchiligida kechgan hodisalar mohiyatini sistemali tarzda umumlashtirish imkonini bermaydi. Shunday ekan, davrlashtirish masalasida B.Rahmonov eskicha yo‘ldan borgan deyish ham yetarli asosga ega emas. Zero, muayyan asosga ega ikki xil qarash to‘qnashgan o‘rinlarda ulardan birini “eski”, boshqasini “yangi” deyish xronologik jihatdan balki asoslidir, biroq bu ilmiy jihatdan “yangi”si albatta to‘g‘ri bo‘ladi degani emas.

S.Sodiqning maqolasini o‘qiganda, A.Rasulov asarlariga munosabat bildirilgan o‘rinlar go‘yo ortiqchadek, umumiy kontekstga yopishmayotgandek taassurot qoladi kishida. Biroq bu — aldamchi tasavvur, zero, diqqat bilan qaralsa, mazkur qismning bejiz kiritilmaganini sezib olish qiyin emas: buning uchun S.Sodiqning muallif “O’zbek tanqidchiligi namoyandalari” bo‘limiga “munaqqidlarni tanlab, saralab kiritish o‘rniga pala-partishlikka, shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘ygan” degan e’tirozini eslash kifoya. To‘g‘ri, S.Sodiq ochiqchasiga A.Rasulov ijodi yoritilgan jajjigina portret qo‘llanmaga o‘rinsiz kiritilgan demaydi, lekin shu fikrni baralla aytgandan-da aniqroq ifodalaydi. Tan olish lozim, S.Sodiq bitta masalada haq: qo‘llanmaga “munaqqidning o‘zbek tanqidchiligi tarixida tutgan o‘rni, shu soha rivojiga qo‘shgan hissasining qiymatini inobatga olgan holda” kiritish lozim. Biroq, ayonki, baho har vaqt sub’ektiv bo‘ladi, baski, kimni kiritish masalasida turlicha qarashlar bo‘lishi tabiiy. Gap bunda ham emas. Gap maqola muallifining shu o‘rinlarda samimiyatni butkul yo‘qotganida! E’tibor bering-a, S.Sodiq hamkasbining kamchiliklari haqida so‘z yuritganida huzurlanayotgandek tuyulmayaptimi?! Axir, matbuot shaxsiy munosabatlarni oydinlashtirish maydoni emas! Yana qaytaraman, baho har vaqt sub’ektiv bo‘ladi: xalqimizda “yoningdan oqqan suvning qadri yo‘q” naqli bo‘lganidek, bilganlar tog‘ning butun mahobati uzoqdan nazar solgandagina ko‘rinadi, deydilar. Shunga ko‘ra, A.Rasulovning tanqidchilik “rivojiga qo‘shgan hissasinining qiymatini” B.Rahmonov yuksakroq baholagan bo‘lsa ne ajab?! Qo‘llanma muallifi bilan tengdoshmiz, es tanib, “tanqidchi” deganning ma’nosini anglay boshlaganimizdan beri A.Rasulovning peshma-pesh chiqib turgan maqolalarini o‘qib, radio-televidenie orqali berilgan suhbatlaridan baxramand bo‘lib kelamiz. Aminmizki, qariyb qirq yil professional munaqqid sifatida faoliyat yuritayotgan A.Rasulovning xizmatlari tanqidchilik bo‘yicha qo‘llanmalarda alohida yoritishga loyiqdir. Buni tan olish uchun arzimagan narsa — ko‘ngilni kengroq qilish talab qilinadi, xolos.

S.Sodiq — kaminaga ustoz qatori. Hozirgi O’zMUning O.Sharafiddinov, U.Normatov, N.Xudoyberganov, A.Rasulov singari zabardast tanqidchilarni birlashtirgan kafedrasiga olti yil a’zo bo‘lganim, shu ustozlar, jumladan, Sanjar akadan bahra olganim uchun chuqur minnatdorlik hissini tuyaman, buni umrbod dilda saqlayman. Yaxshi bilasiz, ayni shu kafedra uzoq yillar o‘zbek tanqidchiligining markazi bo‘la oldi, negaki, bu markaz adabiyotga beg‘araz mehr, printsipiallik, xolislik, halollik singari mustahkam asoslarga qurilgandi. O’sha kafedra an’analarining davomchisi sifatida, uning ma’naviy rahbari — “o‘zi ablah-u, cho‘rt poberi, asari zo‘r-da!” yoki “o‘zi yaxshi odam-u, asari bo‘sh-da!” tarzida xolis va samimiy fikrlashga o‘rgatgan ustoz O.Sharafiddinov xotirasi hurmati — xolis bo‘laylik.

2006

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz