Kulgi zimnidagi jiddiyat

Dilmurod Quronov

Sir emas, hozirda G’afur G’ulom nomi tilga olinsayoq xayolimizga uning sho‘ro yozuvchisi ekanligi, she’rlarida sho‘roni kuylagani keladi — xafsalamiz sovigandek bo‘ladi. Bugun, yubiley bahona adibning asarlarini qayta varaqlarkan, beixtiyor “keyingi yillarda qaror topgan bu xil munosabat adolatdan yiroqroq tushmaydimi” degan andisha tug‘iladi...

G’afur G’ulomning keng ommaga ma’lum va suyuk qissasi —“Shum bola”ga hozirda ko‘proq sarguzasht asar, kulgi asari deb qaraymiz. Ha, chindan ham Shum bolaning turfa xangomalarga boy sarguzashti, undagi ichakuzdi holatlar shunday o‘ylashimizga asos berar. Biroq, e’tibor qilinsa, adibning kulgisi, sarguzashtli syujet botinida uning zamonasi haqidagi anchagina jiddiy o‘y-fikrlari, tahliliy mulohazalari yotganini ham ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi.

Ma’lumki, Shum bola hikoyasini o‘zi o‘sgan muhit bilan tanishtirishdan (shu o‘rinda bir shartni qabul qilaylik: bu, aslida, o‘smirlik paytidagi hayotning adib xotirasida tiklangan eng muhim nuqtalaridir) boshlaydi. Shum bolaning aytishicha, uning singari “bozorda sanqib yurgan daydi bolalar uchun quvonchli ermaklardan biri bozor, mahalla, ko‘cha-ko‘y jinnilari edi. O’sha yillari Toshkentda shunaqa ham jinni ko‘p ediki, sanab sanog‘iga yetolmaysiz”. Jinnilarning fe’l-atvoridagi kulgili holatlarni hikoya qilarkan Shum bola ularning foje taqdiriga oid tafsilotlarga ham to‘xtaladi. Xususan, shulardan biri — Karim jinni “ilgari bo‘zchi o‘tgan ekan, chit ko‘payib ketgandan keyin bo‘z o‘tmay qolib, bozori kasodga uchrab, bola-chaqasini boqolmay, jinni bo‘lib qolibdi”. Yoki, shunga o‘xshash, el ichida “Mayramxon” deya erkalangan Mamatrayim “eskidan chilangar ekan <...> Temir-tersak asboblar zavoddan chiqa boshlagandan keyin Mayramxon sinib, jinni bo‘lib qolgan ekan”. Nazarimizda, shu o‘rinda o‘quvchi qissa voqeligiga ikkita nigoh orqali qarash imkoniga ega bo‘ladi: kulgili tafsilotlar o‘spirin hikoyachiga, sho‘rliklarning foje taqdiri haqidagi ma’lumotlar adibga tegishlidek taassurot tug‘iladi. Boshqacha aytsak, Shum bola nigohi bilan o‘smirlik davrini kuzatarkan adib unga tahliliy nazar tashlaydi, fojealar ildizini ochib berishga intiladi.

Darhaqiqat, Turkiston Chor Rossiyasining bozoriga aylangach, mahalliy hunarmand-kosiblarning mahsulotlari zavod-fabrika mahsulotlari bilan raqobat qilolmay qoldi. Tabiiyki, mustamlaka sharoitida mahalliy ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilish imkoniyatlari mavjud emas, bu esa mazkur iqtisodiy-ijtimoiy tanglikni yanada kuchaytiradi. Natijada asrlar davomida shakllangan turmush maromi izdan chiqdiki, bu narsa davr kishilari ruhiyatida chuqur va og‘riqli iz qoldirishi muqarrar edi. G’afur G’ulom talqinida Karim jinni, Mayramxonlar shu xil ijtimoiy holatning alayno-oshkor qurbonlari sifatida bo‘y ko‘rsatadi.

Shunisi ham borki, adib talqinida mavjud sharoitning ta’sir doirasi anchayin keng bo‘lib, u aslo bitta-ikkita jinni bilan cheklanmaydi. Jumladan, Shum bola o‘zi va o‘rtoqlari haqida aytadi: “ertadan kech ko‘cha changitib, hammaning joniga tegib, kampirlardan qarg‘ish eshitib, o‘spirinlardan kaltak yeb, sandiroqlab yuradigan uvin-to‘da bekorchi bolalarmiz”. Ko‘ramizki, hademay mustaqil hayotga qadam qo‘yishi va hozirdan shunga tayyorlanishi lozim bo‘lgan 14-17 yoshli o‘smirlar bekorchilikka mahkum. Sababi otalarining “ko‘pchiligi mayda kosiblar <...> bo‘lganliklari uchun ularning qo‘lidan hunarlarini olib yoki ularning yoniga ko‘makchi bo‘lib tushish bizga to‘g‘ri kelmas edi. Otalarimizning o‘ziga ish topilmaganda, bizga ish qayoqda deysiz?” Ya’ni, Shum bola va uning teng-to‘shlariga ertangi istiqbol ko‘rinmaydi. E’tiborli jihati shundaki, bu o‘smirlar aslo dangasa emas. Aksincha, ularning bari biron ishning boshini tutish, halol mehnat bilan bir nima orttirish, oilasiga ko‘maklashish — xullas, hayotda o‘z o‘rnini topish orzusi bilan yashaydi. Biroq mavjud sharoit bunga imkon bermaydi.

Yaxshi bilasizki, ishsizlikning ko‘payishi — insonning qadrini tushiradi, uni eng arzon tovarga aylantiradi. Natijada ularning topish tutishlarida muqimlik yo‘q, topgan ishlari tasodifiy va yo muvaqqat, ishlab topganlari qorinlaridan ortmaydi. Qissadagi ayrim o‘rinlarni eslab ko‘raylik: Shum bola Sariboyga oyiga “xom pishiq aralash ikki pud o‘n yetti qadoq olma” badaliga yollanadi. Bir oyu o‘n to‘qqiz kun ishlagani evaziga olingan olmani olti yarim tangaga pullaydi. Yoki Xojibobo takyasidagi xizmati uchun oyiga bir so‘mdan haq oladi. Omon Shum bola bilan ilk bora uchrashganida mardikorchilik bilan “mirikam ikki tanga” (o‘ttiz besh tiyin) orttirgan bo‘lsa, keyin “bir yilga ikki to‘qliyu bir echki” badaliga cho‘ponlikka yollanadiki, buni pulga aylantirsa taxminan o‘n besh so‘mlarni tashkil qiladi. Ko‘ramizki, quyuq-suyuq yovg‘onini chiqarib tashlansa, bir oylik ish haqi o‘rtacha bir so‘m-bir so‘m yigirma tiyinni (kuniga o‘rtacha 4-5 tiyin) tashkil qiladi. Darvoqe, qissaning qirqdan ortiq o‘rnida narx-navo haqida ma’lumot berilgani ham bejiz emasga o‘xshaydiki, ulardan ayrimlarini keltirib o‘tamiz:

“ikkita qovoq solgan zog‘ora” — bir paqir(ikki tiyin)

“bitta obi non” — bir paqir

“bir xurmacha qatiq” — bir paqir

“bir gaz arzon chit” — sakkiz yarim paqir

“bir kecha tunash uchun” — yarim tanga (o‘n tiyin)

“yarim qadoq pashmak holva” — uch paqir

“bir tovoq uvrali osh” — to‘qqiz pul (uch tiyin)

“yarim qaymoqdon qaymoq” — besh tiyin

“bir qadoq sham” — bir miri (besh tiyin) va hokazo.

Albatta, bu ma’lumotlarni hujjatli aniqlikka ega deyolmaymiz, biroq yozuvchi ish haqi va narx-navo nisbatini keltirish orqali xalqning iqtisodiy jihatdan nechog‘li nochor ahvoldaligini ko‘rsatmoqchi ekani shubhasizdir. Jumladan, Shum bola olti yarim tanga(qariyb bir oylik ish haqi!)ga do‘ppi sotib olarkan: “bozordagi sho‘rlik xotin-qizlarga achingan edim. Haftalab mehnat, tag, ipak puli, bozor mashaqqati, inju qadalganday nozik san’at bahosi esa olti yarim tanga. Nimayam bera qolardi?” - deydi. Do‘ppido‘z qiz esa haftada onasi bilan “kallai sahardan qora shomgacha qatim otib arang ikkita, uchta do‘ppi tayyorlash”larini aytadi. Agar tag bilan ipak puli chiqarib tashlansa, bozor bu og‘ir mehnatni qanday baholayotgani ko‘rinadi. To‘g‘ri, bu hol Shum bolaga borib turgan adolatsizlik bo‘lib tuyuladi. Biroq, nachoraki, bu narx o‘zida do‘ppido‘z qizning bir haftalik mehnati bahosinigina emas, xaridorlarning ojiz imkoniyatlarini ham ifoda etadi. Zero, bozor — iqtisodiy hayot barometri, unda xalqning iqtisodiy holati ko‘zgudagidek aks etadi. Shu bois ham qissada bozor, undagi savdo-sotiq tasviriga qayta-qayta duch kelamiz (bizningcha, ayni shu nuqtalar tasvirida ko‘proq adibning tahliliy nigohi seziladi). Shum bolaning fikricha, rastalar ichida “ta’rifi yetti iqlimga ketgani” — “Bit bozor” deb nom olgan eski-tuski bozori. Bu yerda istagan narsa topiladi: “saldoti shim deysizmi, poyma-poy sag‘ri kavush deysizmi, biror yetti yilgina kiyilgan, asli matoi nima ekanligi ma’lum bo‘lmagan guppi deysizmi, Mallaxon zamonidan qolgan mursak deysizmi...” Modomiki eski-tuski bozori avjida ekan, bu — xalqning qashshoqlashayotganidan nishona: sababi tirikchilik vajhidan bu mataxlarni bozorga chiqarayotganlar ham, qo‘li qisqaligidan faqat shunda xarid qilishga qodir kishilar ham yetarli. Darvoqe, Shum bola bilan Omon ayni shu “bit bozor”da “ota kasbini o‘zgartirib, laxtakfurushlik qilib yurgan” o‘rtoqlari Husnibiyni uchratishadi. Husnibiyning ularning oldida biroz maqtanibroq aytishicha, ishlari yaxshi ketayotir, chunki “laxtaklarning xaridori ko‘p”. Sababi: “bir gaz arzon chit sakkiz yarim paqir bo‘lgani uchun bosh-oyoq ko‘ylak-ishtonni nuqul chitdan qilish ko‘p kambag‘allarga muyassar bo‘lmas edi. Shuning uchun ular ko‘ylak-ishtonni bo‘zdan qilib, ko‘ylakning yeng uchini, ishtonning pochalarini — ko‘rinadigan joylarini chitdan qilishar edi”. Keyinroq, bozorda uchrashib qolgan boshqa bir o‘rtog‘i Turobboy Shum bolaga “Husnibiyning laxtakfurushlikdan singani” xabarini yetkazadi. E’tibor bering: qissaning boshida “chit ko‘payib ketgandan keyin bo‘z o‘tmay qolgani”, keyinroq chit o‘rniga laxtakning bozori chaqqon bo‘lgani, nihoyat, Husnibiyning “laxtakfurushlikdan singani” aytiladi. Ya’ni, endi ko‘pchilikning laxtak sotib olishga-da holi kelmaydi, laxtak bozori-da kasodga uchradi. Bir laxtak bozori emas, “jahon urushi kundun-kunga kuchayib borganligi uchun mollarga xaridor kam: hamma bozor deyarli kasod”. Bozorga kirgan Shum bolada “bu bozorda mendan boshqa jazman xaridor ham yo‘q, naqd pul ham yo‘q” degan taassurot hosil bo‘lishi ham shundan. Iste’molchi ommada pul yo‘qligidan bozorlar kasod, “hamma bozor kasod”ligi esa iqtisodiy hayot to‘xtaganidan dalolat, buning bor og‘irligi yana mehnatkash, kosib-hunarmand boshiga tushadi. Ko‘ramizki, adib talqinida xalqning iqtisodiy ahvoli tobora og‘irlashib boradi, ortiq chidash qiyin bo‘lgan, “yo‘g‘on cho‘zilib, ingichka uziladigan” sharoit yuzaga keladi...

Xojibobo takyasidagi ko‘knorilarning bir suhbati “zamonaning buzuqligidan, podsholarning notinchligidan, fuqaroning buzilib behayo bo‘lib ketganligidan, or-nomus barbod bo‘lib, xotinlar, yosh bolalar qo‘ldan qo‘lga mol bo‘lib sotilayotganidan, xullas kalom, shariati Mustafoning oyoq osti bo‘lib nazardan qolayotganligidan...” nolish bilan yakunlanadi. To‘g‘ri, buni Shum bola biroz kinoya bilan hikoya qiladi, boz ustiga, bu gaplar ko‘knorilar tilidan aytilayotir. Ehtimol shundandir, bu shikoyatlarni jiddiy qabul qilishga moyil emasmiz: ular sarxush ko‘knorilarning navbatdagi alahsirashidek tuyuladi bizga. Holbuki, G’.G’ulom “So‘zchi holin boqma, boq so‘z holini, Ko‘rma kim der ani, ko‘rgilkim ne der”(A.Navoiy) aqidasicha ish tutgan, qissada shu xil shikoyatlarga asos bergulik holatlarni tasvirlagan. Zero, mavjud sharoit nafaqat xalqning iqtisodiy ahvoliga, ma’naviyatga-da salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasizdir.

Ma’lumki, qissada tasvirlangan davr Turkistonda kapitalistik iqtisodiy munosabatlar qaror topa boshlagan paytga to‘g‘ri keladi. Bunaqa sharoitda esa, tarixdan yaxshi ma’lum, jamiyatda tabaqalanish kuchayadi: evini qilolganlar o‘ta boyib, eplana olmaganlar qashshoqlashib boradi. Yangicha sharoitga tez moslashganlar “yangi boylar” qatlamini tashkil qiladiki, ularda zeb-hashamga, dabdabaga o‘chlik ko‘riladi. Xalqimiz bu xil fe’l-atvorni oddiygina qilib “pul quturtirgan”, “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” tarzida izohlasa-da, bu oddiy iboralar o‘zida hodisaning ijtimoiy-psixologik asoslarini mujassam etadi. Gap shundaki, “yangi boylar” qo‘lga kirgan katta davlatni xudoning bergani deb emas, avvalo, o‘zlarining oqilligiyu abjirligi mahsuli deb biladi. Bu esa ularda o‘zlarining o‘zgalardan ustunligi tuyg‘usini paydo qiladiki, ular beixtiyor buni barchaga tan oldirish, namoyish etish payidan bo‘ladilar. Tabiiyki, shu tuyg‘u iskanjasiga tushgan, boz ustiga davlati tufayli qo‘li har yerga yetib turgan odam jamiyatda mavjud an’analar, ma’naviy-axloqiy meyorlar bilan har vaqt ham hisoblashib o‘tirmaydi. Xususan, gavjum bozor o‘rtasidagi choyxonada o‘tirgan “ba’zi boyvachchalarning dasturxonida qorniga qaldirg‘och surati solingan, ustiga poxoldan to‘r to‘qilgan konyaklar” ko‘rinishi buning yorqin dalilidir. Ravshanki, ichkilik harom hisoblangan yurtda boyvachchalarning bu tarz namoyishkorona o‘tirishlari muddao ichishning o‘zigina emasligini ko‘rsatadi. Yoki ayni shu boyvachchalar kim o‘zarga baslashib Oysha satang singarilarga pishak beradilarki, ular: “peshonamu ikki betim, engagimga yopishtirilavergan o‘n so‘mlik tillolarga to‘lib ketadi”, deya g‘ururlanib, maqtanib yuradilar. Ma’naviy tanazzul shunchalarki, bir paytlar gunohu or hisoblangan ishlar endi namoyishga, g‘urur manbaiga aylangan. Eh-he, boyvachchalar hashamu dabdaba, ichkilik, qimor, fahshga sovurgan pullar qancha?! Ularning atrofida yurgan na yeyar-ichari, na kiyarida maza yo‘q yurtdoshlari, dindoshlari qancha?!.. Darvoqe, xalq “qorni to‘qning qorni och bilan nima ishi bor” deya bilib aytadi. Buning yorqin misoli — Sariboy. Uning bog‘ida “olmalar pishi to‘kilib ketayotibdi, xo‘jayindan ruxsatsiz terishga hech kim botina olmaydi. Otlarga yem-xashak yo‘q, xizmatkorlar och...” Boy ota esa bu vaqtda Yusuf kontordan qimorga yutib olgan bog‘ida, “do‘ndiqqina qirg‘iz xotin”ga uylanib olgan, bir ketganicha “o‘n-o‘n besh kunlab kelmaydi”. Sariboyning qo‘liga qaram xizmatkorlar holiga befarqligi na islomiy va na bashariy nizomlarga to‘g‘ri keladi. Zero, xizmatkorlargina uning oldida emas, u ham xizmatkorlar oldida burchli. Biroq Sariboy bu ayon haqiqatni anglashdan ojiz, pulning kuchi uni o‘zidan ketkazgan, o‘zi mansub toifa kishilari singari u ham o‘ziga ep ko‘rganki ishni qilishga haqliman deb biladi... Eng yomoni shuki, bularni haq yo‘lga boshlashi lozim bo‘lgan, umuman, millat ma’naviyati uchun mas’ul toifaning o‘zi aynigan: kechagi kissavur boshiga sallani qo‘ndirib “murid ovlaydi”, eshon xazratlari o‘smir Shum bolani o‘g‘irlikka undaydi, ko‘sa eshon gavjum bozor o‘rtasida zulmni adl deb talqin qiladi, tarkidunyochilik da’vosidagi qalandarlarning yolg‘iz ilinji — pul; islom farzlarini to‘la ado etganlarning biri — Xojibobo afyunfurush, Rahmat xoji — xotinini bozorga solib boyvachcha bo‘lgan dayus... Albatta, bu o‘rinda “G’.G’ulom sho‘ro adibi, shu bois boyu ruhoniylar tasvirida qora bo‘yoqlarni quyuqlashtirgan”, qabilidagi e’tiroz tug‘ilishi mumkin. Agar shunday bo‘lsa, jadid nashrlarini varaqlab boqing: ma’rifatparvar bobolarimiz ham ayni shu illatlar haqida bong urganiga amin bo‘lasiz. E’tiborli tomoni shuki, adib ma’naviy tanazzulni faqat boyu ruhoniylardagina ko‘rmaydi. Aksincha, boyvachchalardan gula ko‘targan kosib-hunarmandlar satanglar bazmida ham, Xojibobo takyasida ham goh-goh ko‘rinish beradilar. Boz ustiga, qahramonimiz Shum bolaning “shumlik”lari zamirida kishining haqi yo omonatiga xiyonat, qalloblik, qo‘li egrilik kabi illatlar nish urib turganini ham inkor etib bo‘lmaydi. Uning uzriga quloq tuting-a: “badanda bir sarkash a’zo bor, u mening ixtiyorimdan tashqari, o‘zboshimcharoq. <...> u a’zo kamdan-kam odamlarga vafo qilgan — qorin. U badan mulkining hokimligini ba’zan qo‘limdan olib qo‘yadi. Boshqa a’zolar ham uning isyonchi talablariga qo‘shila boshlaydi. Ko‘zim noshar’iy, harom luqmalarga tusha boshlaydi. Qo‘l qorin hukmi bilan ba’zida eng past kishilarga tama kapgiriday cho‘ziladi. Oyoq kutmagan joylarga olib boradi”. Ko‘ramizki, adib talqinida ma’naviy tanazzul barchani boyu kambag‘al demay barchani komiga tortgan. Faqat shunisi borki, birining tanazzuli to‘qlikdan, ikkinchisiniki ochlikdan kelib chiqadi, bas, bu o‘rinda avvalgilarini ko‘proq ayblash uchun sho‘ro yozuvchisi bo‘lish shart emas...

Yuqorida aytdikki, davrning jadidlar tanqid qilgan deyarli barcha illatlari “Shum bola” badiiy voqeligida u yoki bu darajada o‘z ifodasini topgan. Qissadagi hayot tasviridan “ortiq bu tarzda yashab bo‘lmaydi, jamiyat isloh qilinishi kerak” degan xulosa kelib chiqadiki, bu ham jadidlar qarashlariga hamohang. O’rtadagi farq esa, bizningcha, tasvir rakursida xolos: jadidlardan farq qilaroq, G’.G’ulom mehnatkash xalq hayotini “ichdan” tasvirlaydi. Ya’ni, adib bu hayotni yashab o‘tgan, sirtdan kuzatib bilgan emas. Bas, inqilobdan so‘ng mehnatkashlar hayotida ozmi-ko‘pmi ijobiy o‘zgarishlar bo‘lgan ekan, ularga adibning munosabati ijobiy bo‘lmasligi mumkinmi edi?! Hozirda bu nav munosabatga, aytaylik, jadidlar munosabati yoki bugunda shakllangan munosabatni qarama-qarshi qo‘yish to‘g‘rimikan?! O’sha hayotni yashab ko‘rmagan avlod bularning birini haq, ikkinchisini nohaq sanashga haqlimi?! O’tmish hayotini ham, o‘z vaqtidagi unga turlicha munosabatlarni ham ixtiyorimizdan tashqaridagi mavjudlik, amalga oshib bo‘lgan fakt sifatida boricha, butunisicha qabul qilingani to‘g‘riroq bo‘lmaydimi?!...— yuqorida aytganimiz andisha shu kabi savollardan turtki oladi.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz