Dushmanni tanitgan do‘st
«O’tgan kunlar» romaniga kiritilgan usta Alim hikoyasi haqida juda ko‘p fikr bildirilgan. Umuman, syujet rivojida, undagi qismlarning o‘zaro mantiqiy bog‘lanishida, xalq og‘zaki ijodi va mumtoz epik traditsiyaga xos «do‘st» timsolining olib kirilishida usta Alim obrazining o‘rni katta ekanligi, shubhasiz. Bizni boshqa masala, A.Qodiriydek mutafakkir inson ayricha ahamiyat bilan chizgan ushbu obrazning roman badiiy falsafasini, adibning davr kontseptsiyasini ifodalashdagi roli ko‘proq qiziqtiradi...
A.Qodiriy o‘zining ijodiy sajiyasi, xarakter xususiyatlari bilan, masalan, Cho‘lpondan yoxud Fitratdan jiddiy farq qiladi. Agar Cho‘lpon bilan Fitrat 20-yillarning o‘rtalarigacha qaynoq ijtimoiy faoliyat bilan mashg‘ul bo‘lganlarini, A.Qodiriy esa, avvalo, ular singari qaynoq faoliyatda bo‘lmagani va tez orada undan tamom chetlanganini e’tiborga olsak, bu farq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Aytmoqchimizki, Cho‘lpon bilan Fitrat ijtimoiy jarayon ichida yashagan bo‘lsalar, ijtimoiy jarayon A.Qodiriyning ichida yashagan. A.Qodiriy ijodiy evolyutsiyasida voizdan san’atkorga aylanish jarayoni nisbatan ertaroq boshlangani, 20-yillar avvalidayoq «O’tgan kunlar»dek san’at asarini dunyoga keltira olgani ham buning dalilidir. A.Qodiriy tabiatan «faoliyat kishisi»(«deyatel») emas, ko‘proq «mushohada kishisi»(sozertsatel») ediki, fitratidagi shu xususiyat tufayligina zamonasi uning uchun boshqalarga nisbatan ertaroq estetik ob’ektga aylandi...
Tug‘ma san’atkor (bo‘lib ham yana «mushohada kishisi» bo‘lsa) kishilarda konservativlik xususiyati ustunroq keladi. Garchi «konservatizm» so‘zi o‘tgan inqiloblar asrida birmuncha salbiy mazmun kasb etgan bo‘lsa-da, aslida, yaxshi ma’nodagi konservativlik taraqqiyotda juda muhim — u eskilik bilan yangilikni obdon qiyoslashni, ularning barcha musbat va manfiy jihatlarni hisobga olgan holda harakat qilishni, asta-sekinlik bilan olg‘a siljishni ko‘zda tutadi. Fikrimizcha, «O’tgan kunlar»da yangi davr kishisi sifatida taqdim etilgan Otabek bilan eskicha tipdagi odam — usta Alim bir-biriga zid qo‘yilgan. Albatta, ichki ziddiyatning mavjudligi ular orasidagi tashqi mustahkam aloqani, ya’ni, ularning juda qadrdon ekanligini inkor qilmaydi. Negaki, biz nazarda tutayotgan ziddiyat dialektik tushunchadagi, butunning ichidagi ziddiyatlar birligidir.
Jadidchilik, ma’lum ma’noda, moddiyunchilik ham edi. Jillaqursa, inson jamiyatni o‘zgartira oladi, insonni o‘zgartirish orqali jamiyatni o‘zgartirish mumkin, degan g‘oya yoxud Muhammadiyor(Cho‘lpon), Olimjon(Hamza) singari obrazlar talqinidan kelib chiquvchi inson o‘z taqdirini o‘zi yaratadi, tarzidagi qarashlar zimnida moddiyunchilik izlari seziladi. Ha, o‘tgan asr boshlarida yuzaga kelgan sharoit jamiyatdagi shaxs maqomini o‘zgartirdi, shaxsni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan faollashtirdi, yangicha, yuqorida aytganimizcha fikrlaydigan odamlarni maydonga chiqardi. Bu odamlar o‘zgargan ijtimoiy sharoitda shaxsning jamiyatdagi o‘rni, maishiy ahvoli, kelajagi ko‘p jihatdan uning o‘ziga — aql-idroki, tadbirkorligiyu omilkorligiga bog‘ilq bo‘lib qolayotganini tobora teran his etdilarki, bu narsa tafakkur tarzining o‘zgarishiga olib keldi. A.Qodiriy talqinidagi Otabek yangicha fikrlovchi kishilarning qaldirg‘och vakillaridan, deyish mumkin. Otabek yangiliklarni, o‘zgarishlarni qo‘msab yashayotgan, o‘zgarishlar yasashni orzu qilib yurgan odam. Uning aksi o‘laroq, usta Alimning hayot tarzi, fikrlash tarzi o‘zgacha — xudodan tilab kundalik mehnatini qilaveradi va bunga sari turmushi izga tushib braveradi...
Otabek — «xon qiziga loyiq yigit» ekanligi shubhasiz, buni marg‘ilonlik ota qadrdonlari majlisi ham yakdil e’tirof etadi va, hatto, ilk uchrashuvdayoq uning timsolida kuchli raqibni ko‘rolgan Homid ham buni oshkor tan olmasa-da, ichdan his qiladi. Muhimi, Otabek — o‘z bahosini biladigan yigit, o‘z qadrini baland qo‘yadigan yigit. Shu bois ham, garchi Rahmat bilan suhbatda «er ham xotinga muvofiquttab’» bo‘lishi lozimligini aytsa-da, amaldagisi tilidagidan boshqa bo‘ldi — Kumushning to‘y oldidagi iztiroblari shundan. Xo‘p, buni Hasanalining voqealar rivojini tezlatib yuborgani, bemaslahat sovchiligi-yu Otabekning bexabar qolganiga yo‘yaylik. Biroq fikrimizni quvvatlovchi boshqa bir nuqta ham bor: Hasanali sovchilikdan so‘ng «qutlug‘ bo‘lsin» qilganida uni tashvishga solgani «qaysi qiziga?» degan savol bo‘ldi, xolos. To‘g‘ri, u bir muddat shoshib qoldi, lekin gap o‘ziga munosib qiz haqida ekanligini bilgach, «tusida xursand va xafaligi majhul bir holat bor edi. Unashish masalasiga qarshi tushmaganidek, so‘yinchini ham oshkor qilmadi...» Ko‘ramizki, Otabek buni normal hodisadek qabul qildi, bu esa uning o‘ziga bahosi, e’timodi balandligidan nishonadir.
Qizig‘i, shunga o‘xshash vaziyatga usta Alim hikoyasida ham duch kelamiz. Faqat, usta Alim uchun Saodat — mo‘‘jiza, xoliqning ajib mo‘‘jizasi. Shu bois uzoq vaqt Saodatga og‘iz solishga botinmaydi: «Saodatdek qizga uylanish baxtiga erishmakni o‘zimga tasavvur qilolmasdim» deydi. Ustaning sovchisini kutib turganidagi holati ham buni quvvatlab tushadi: «tinchiy olmadim, ishka qo‘lim bormas va bir joyda to‘xtab turolmas, u yerdan turib bu yerga o‘ltirar, ming turlik xayol bilan dovdir sifatiga kirgan edim ...<...> bir-ikki bora Saodatlar eshigi yonig‘a borib keldim <...> sovchim chiqibo qoldi-ku: yuragim orqamg‘a tortib ketdi va oldig‘ga tushib yuriy berdim, chunki sovchig‘a uchrashib haqiqatni onglash ham menga dushvor kelg‘an edi». Sovchining sevinchli xabaridan so‘ng esa «jiq to‘lgan ko‘z yoshlarimdan ham uyalib turmadim», deydi. Otabekdan farq qilaroq, usta Alim uchun Saodatga yetishmoq — Alohning inoyati, «jiq to‘lgan» yoshlar — shukronalik ifodasi.
E’tiborli jihati shuki, usta Alim hikoyasini eshitgan Otabek beixtiyor o‘zini mezboni bilan qiyoslay boshlaydi, bu esa, fikrimizcha, adibning sizu bizga ishorasi, qiyoslab ko‘rishga da’vati. Qiyoslab ko‘raylik. Usta Alimning hikoyasi mehmonini lol qoldirgani shunchalarki, u «qarshisidagi yerga singibgina yotqan mujassam ishqdan ko‘z uzolmay boshladi. Ustaning moziysida emas, holida ulug‘ bir ma’no ko‘rar edi. Ammo uning istiqbolida bir bo‘shliqdan o‘zga hech gap uchrata olmasa-da, yana ulug‘ bir ma’no ko‘rgandek bo‘lar edi». Xo‘sh, ustaning «holida ulug‘ bir ma’no» ko‘rgan Otabekka «bir bo‘shliq» bo‘lib ko‘ringan va, shunga qaramay, «yana ulug‘ bir ma’no» kasb etayotgan istiqboli qanday? Usta Alimning so‘ng so‘zlarini eslasak, bunga javob topamiz: «Endigi o‘ylaganim faqat qaynimni uylantirish, so‘ngra... so‘ngra yuzni yoruq qilib Saodat quchog‘iga kirish...» Bizningcha, mazkur jumlaga ikki turli ma’no yuklangan. Sirtdagisi, usta Alim yorug‘ dunyodagi vazifalarini to‘kis ado etib, mahshar kuni yorug‘ yuz-la Saodat diydoriga yetishmoq orzusida. Tubdagisi, ehtimol, adib uchun muhimrog‘i ham shudir, — foniy dunyo saodati uning o‘zi kabi o‘tkinchi, inson faqat o‘ziga taqdir qilingan vazifalarni sidqidildan ado etgachgina boqiy saodatga erisha oladi, tarzidagi sharqona falsafa. E’tibor bering: usta Alim «o‘lmoq» demaydi, «omonatni topshirmoq» demaydi — «saodat quchog‘iga kirmoq» deb aytadi. Foniy dunyoda nasib bo‘lmish saodatni Allohning inoyati debgina tushungan va uning boqiy dunyodagi saodatidan umidvor odamgina shu xil o‘ylay oladi. Ehtimol shundandir, Qanoatshoh maktubida «Otabek yana bir kishi bilan <...> birinchi safimizni oldi <...> shahid bo‘ldi» deyiladi, biron bir joyda usta Alim deyilmaydi, shunga qaramay o‘sha «bir kishi»ning Usta Alim ekanligiga shubha qilguvchi odam topilmaydi. Zero, usta Alim uchun bu ham boqiy «saodat quchog‘iga kirish» yo‘lidagi yana bir qadamdir...
Mavzudan biroz chetladik, yana Otabek mushohadalariga qaytsak. Otabek «o‘z istiqbolini shu ustaniki qabilidan ko‘rmakchi» bo‘ladi, lekin bunga «bir «o‘ldi» so‘zi yetishmaydi». Chuqurroq mulohaza qilgach esa, hatto o‘sha yetishmayotgan «o‘ldi» so‘zini qo‘shqan bilan ham usta Alim bo‘lish qiyinlig‘ini onglay boshladi». Xo‘sh, bunga nima monelik qiladi? Otabekning izohi shunday: u «Kumush tomonidan so‘kilg‘an va tashlang‘an edi. Holbuki, Saodat so‘kmagan va tashlamagan <...> usta Alim qayin otasi tomonidan shayvoncha quvlanmagan... va qayin ota tomonidan kuyav yo‘liga tuzoq qo‘yilib, Saodatni chiqarib olish fikriga tushilmagan, ya’ni orag‘a shaytanat oralamag‘an...» Oraga shaytanat oralagani bor gap. Biroq shunisi e’tiborliki, bu o‘rinda «shaytanat» so‘ziga Otabek bir turli, o‘quvchi boshqa bir turli, muallif tag‘in bir turli mazmun beradi. Tabiiyki, syujet voqealarini kuzatib kelayotgan o‘quvchi uchun «shaytanat» — Homid va uning hamtovoqlari. Homid nayranglaridan bexabar Otabek nazdida esa «shaytanat» qaynotasining diliga oralagan: ikkinchi uylanishiga rozi bo‘lgani, to‘yni o‘z qo‘li bilan o‘tkazib kelishi ham shundan. Xo‘sh, muallif-chi, u qanday mazmun yuklaydi bu so‘zga? Adib qahramoni chiqargan xulosa haqida «so‘nggi fikrni ul o‘ylamag‘an joydan ilhom qabilidan to‘qib olg‘on edi» deb yozadi. Ya’ni, Otabekning miyasiga o‘rinlashib olib to sir ochilgunga qadar tark etmagan fikrni adib «to‘qib oling‘on» deb aytadi. Boshqacha aytsak, «shaytanat», avvalo, Otabekning xayolini zabt etgan edi. Xo‘sh, nima uchun Otabekdek yigit «shaytanat»ga bo‘y berdi? Buning sababi yana uning o‘ziga bergan bahosi, o‘ziga e’timodi yuksakligida. Qutidor tomonidan xaydalgan Otabekning nafsi og‘rindi, og‘iringan nafs «shaytanat»ga xotir qal’asini ochib berdi. O’zini kamsitilgan hisoblagan Otabekning «yuragi bolalarini uchirib ketgan karrukning uyasidek bo‘b-bo‘sh» edi, deydi yozadi adib. To‘g‘ri, uning Kumushga bo‘lgan muhabbati yo‘qolmadi, lekin og‘ringan nafs uni butkul iskanjaga olgan — falajlantirib qo‘ygan edi. Keyinroq oqila Kumushbibi xatida «ikki yil bo‘yi Marg‘ilonga kelib yurishlaringizni men o‘zimcha yeshdim, lekin topib yeshdim: sizning barcha mashaqqatlaringiz — dushmanlaringizdan o‘ch olish bo‘lg‘onini ongladim. Yo‘qsa meni ko‘rar edingiz...» deb yozganida qismangina haq edi. Qisman deyishimizning boisi, dushmanlaridan o‘ch olish istagi Otabekda ikki yillik sargardonlikning so‘nggi kunlarida, dushmanini tanib olganidan so‘nggina paydo bo‘ldi. Kumushning o‘pka qilganicha bor: axir, Otabek u bilan uchrashish, munosabatlarni oydinlashtirish payidan bo‘lmadi-da! Xo‘sh, unda ikki yillab sargardon yurishdan muddao ne edi? Bu savol bir Kumushni emas, Mirzakarim qutidorni ham, Yusufbek hojini ham taajjubga solishi bejiz emas.
Xo‘p, «sir ochildi», Otabek dushmanlaridan o‘ch oldi, usta Alim aytmoqchi, «ularning totiqlarini xo‘b boplab berdi». Taqdirning o‘yinini qarangki, u Otabekni usta Alimga do‘st qildi, shuning sharofatidan unga dushmanini tanitdi. Xo‘sh, Otabek bundan tegishlicha xulosa chiqaroldimi? Fikrimizcha, yo‘q. U hamon bo‘lib o‘tgan ishlarda taqdirning qo‘lini emas, o‘zini, o‘zining sa’y-harakatini oldinga qo‘yadi. Xayrixoh qotil xabarini Qutidorga yetkazarkan, usta Alim «Hammasi ham taqdirning ishi, amak, bu orada siz bilan manim hech bir ixtiyorimiz yo‘q» deya unga taskin beradi. Qutidorning «Mendan o‘zi xafa bo‘lg‘an bo‘lsa, orag‘a kishi qo‘ysa ham bo‘lar edi» degan haqli taajjubiga javoban usta Alim do‘stining «O’zimg‘a ishonmag‘an kishi, kishi so‘zig‘a kirarmidi» qabilidagi andishasini omonat yetkazsa, Yusufbek hojining «shuncha muddatdan beri nega meni xabardor qilmading?» degan savoliga Otabek «meni shu vartaga tashlagan do‘stlarimdan ko‘mak so‘rash ma’qul ko‘rinmadi» deya javob beradi. E’tibor bering: har ikki holda ham «men» oldinga chiqib, bo‘rtib turadi. Beixtiyor o‘ylab qolasan: Otabek uchun yuzaga kelgan chigallikni hal qilish muhimroqmidi yo og‘ringan nafsni qondirishmi? Bunga aniq va qat’iy bir javob aytish mushkul ko‘rinadi. Negaki, nafsning og‘ringani shunchalarki, usta Alimning aytishicha, Otabek qutidorning qizi bo‘lgani uchun «suygan xotinidan ham kechmakka qaror bergan». Taqdirning tasodifi boisgina Otabek dushmanini tanidi, nafsini qondirgan holda chigallikni ham hal qilish imkoniga ega bo‘ldi. Uning qutidorga yozgan xatidagi birgina «xaydalgan» so‘zi, Kumushga atalgan maktubdagi tafsilotlar zimnida o‘sha qoniqish hissi sezilib turadi...
Har ikki qahramon sevgi qissalarining birdek foje yakun topishi bunda atayinlik momenti, ya’ni, qiyoslash va qiyoslashga undash bor deyishimizga asos beradi. Usta Alim Saodatga yetishuvini Allohning inoyati deb bildi, undan ayrilganida so‘ngsiz iztirob chekdi, ko‘zlaridan shashqator yoshlar oqizdi. Taqdiri ilohiyga ko‘nmay iloj bormi — ko‘ndi, «holida ulug‘ bir ma’no»yu yuragida cho‘ng armon, xayolida «Saodat quchog‘iga kirmoq» orzusi bilan yashadi. Shu bois ham uning iztirobi kishini yuksaltiradi, ko‘z yoshlari tozartiradi, armoni nurga yo‘g‘rilgan. Otabek Kumushga yetish baxtini taqdirdan demaganidek, undan ayrilishini ham taqdirdan bilmadi: uning-da yuragida cho‘ng armon bor-u — nurdan mosuvo, uning yuragida nurning o‘rnini zadalik, achchiqlanish, nafrat egalladi. Shu bois ham: «Qutidor vido’lashib aravaga chiqg‘anda ko‘cha tarafdan Otabek kela berdi, kelib otning jilovini ushladi va ot ustiga mingan Hasanaliga — «tushing otdan!» dedi. Hasanali otdan tushdi. Otabek irg‘ib otqa mindi va qutidordan so‘radi:
— Otni haydaymi?..» Shu ketganicha bir yildan so‘nggina Toshkentga keldi, ota-ona «og‘iz ochib undan ranjiy olmadilar <...> Na otasi va onasi bilan ochilib so‘zlashmadi <...> Bundan so‘ng Otabek Toshkandga qaytib kelmadi, bir necha qayta O’zbek oyimning o‘zi Marg‘ilon borib keldi...» Zarda kimga edi? Achchiq kimga edi? Ota-onagami va yo taqdirga?.. Mag‘firatli Alllohning bandasidagi bunchalar kinu kechirmaslik nimadan?.. Bundan-da «shaytanat» nafasi ufurmaydimi?!.. Kaltakning bir uchi O’ZIga tegarkan, ikkinchi uchi kaltak ko‘targanga tegmaydimi?..
So‘zimiz avvalida usta Alim hikoyasi adibning davr kontseptsiyasini ifodalashda muhimligini aytgandik. A.Qodiriy o‘z davridagi, davr kishilaridagi o‘zgarishlarni mushohada qilib, o‘zining aql-idrokiyu kuchiga ishongan yangicha fikrlovchi odam ham, eskicha fikrlovchi odam ham nomukammal deb bildi. Ikki yorti bir butun demoqchidek, ikkisini qadrdon, hammaslak, qismatdosh qildi va oxirida ikkisini «qo‘shinning oldingi safi»ga qo‘ydi. Yaxshi ma’nodagi konservatizm shudir. Zero, biz o‘tgan asr adog‘ida insonga sig‘inib, insonlarga — firqaga sig‘inib yashagan odamlarning ruhan singaniga, qalblari «bolalarini uchirib ketgan karruk uyasidek bo‘b-bo‘sh» xuvillab qolganiyu bu bo‘shliqni nafratu norozilik egallaganiga guvoh bo‘ldik. Usta Alim hikoyasining kiritilishi go‘yo shundan bashorat, buyuk san’atkor diliga g‘oyibdan solingan haqiqatning ifodasi edi.
2004 yil