Portretdagi musavvir siyrati

Dilmurod Quronov

Tanqidchilikdagi adabiy portret istilohi, to‘g‘rirog‘i, uning asosi tasviriy san’atdan o‘zlashgani barchaga ma’lum. Tasviriy san’atdagi portret kishining musavvir tasavvuridagi aksi — unda prototipning musavvirga ayon bo‘lgan mohiyati oniy lahzadagi qiyofasida qotirib qo‘yilgan. Adabiy portret ham shunday, uni o‘qigan o‘quvchi yozuvchini shaxs, ijodkor sifatidagi asosiy chizgilari bilan yaxlit holda tasavvur etadi. Portretni tomosha qilish asnosi tanish qiyofada notanish chizgilarni ko‘rgan kishida prototipga qiziqish ortgani kabi, adabiy portret o‘quvchisi ham ijodkorga o‘zga nigoh bilan qaraydi: uning shu choqqacha nigohidan pinhon qolib kelgan chizgilarini ilg‘aydi, uni teranroq tushunishga ehtiyoj sezadi, teranroq tushuna boshlaydi. Shunday ekan, adabiyotni targ‘ib etishga safarbar tanqidchilik uchun adabiy portret janrining ahamiyati nechog‘li kattaligini aytish shart emas. Adabiyotni targ‘ib etish, uning rivojiga xizmat qilishni hayotining bosh maqsadi deb bilgan ustoz Ozod Sharafiddinovning adabiy portret janriga ayricha e’tibor bilan qarashi shundan. Domla ijodiy faoliyati davomida o‘nlab adabiy portretlar yaratdi. Tabiiyki, ularning baridan O.Sharafiddinov “isi keladi”, lekin har birining ifori o‘zgacha, desak, mubolag‘a emas.

Albatta, har bir musavvirning o‘z portret yaratish manerasi bo‘lishi tabiiy. Men faqat bittasinigina kuzatganman: rassom qarshisida o‘tirgan tanishimga bir muddat razm solib turdi-da, so‘ng dadil va tez harakatlar bilan asosiy chizgilarni matoga tushirdi. Matodagi, umuman olganda, o‘sha tanishim edi, hartugul, uni bemalol tanib olsa bo‘ladigandek. Kuzatganim shu, xolos. Lekin tayyor portretni ko‘rganimda, undagi ranglar jilosi, nur va soya o‘yini o‘sha asosiy chizgilarni bo‘rttirgandek, qiyofaga jon ato etgandek edi. Ustoz O.Sharafiddinovning adabiy portret yaratish manerasi ham, nazarimda, shunga yaqin. Bunga amin bo‘lish uchun “Xalq baxtining otashin kuychisi” nomli adabiy portretni ko‘zdan kechirish kifoya. O.Sharafiddinov o‘quvchi ommaga G’afur G’ulom qiyofasini taqdim etishga kirisharkan, xuddi men kuzatgan rassom kabi asosiy chizgilarni belgilab oladi:

1) “G’afur G’ulom XX asr boshlarida tug‘ildi...”

2) “G’afur G’ulom poeziyasi uch manbadan oziqlanadi...”

3) “... tom ma’nodagi novator shoir...”

4) “... zukko shoirgina emas, mohir prozaik ham....”

5) “... yirik adabiyotshunos, mohir tarjimon, ulkan bolalar yozuvchisi...”

Asosiy chizgilarni tortib olgach, munaqqid ularga did va hafsala bilan jilo berishga kirishadi. Deylik, G’afur G’ulom shaxs va ijodkor sifatida shakllangan sharoit haqida gap borganda, nur va soya keskin ajratiladi:

“U tug‘ilgan zamonlarda Turkiston osmonida ham, Rossiya osmonida ham og‘ir qora bulutlar suzib yurar, “har yoqda ming ingrash, ming yig‘i, ming dod” hukmron edi”. “... shunday bir jamiyatni barpo etdiki, uning har bir a’zosi o‘z iste’dodini to‘la namoyon etish va kamol toptirish uchun hamma imkoniyatlarga ega bo‘ldi”

Albatta, bu talqinda biroz tendentsiozlik, zamona ta’sirida yuzaga kelgan va bizga beshak soxta ko‘rinuvchi sho‘rocha pafos borligi tayin gap. Esingizda bo‘lsa, o‘n besh yillar muqaddam shu xil talqinlar borligi uchun sho‘ro davri tanqidchiligida yaratilgan deyarli barcha asarlar “arxiv mulkiga aylandi” deya bong urilgandi. Ehtimol, yuqoridagicha o‘rinlar hanuz ko‘pchilikka erish tuyular, o‘sha bong hanuz ongimizda aks sado berib turar ham. Lekin vaqt o‘tib, o‘zgarishlar to‘lqinida loyqalangan fikrimiz tiniqlashgani sari tobora ravshan bo‘layotirki, G’afur G’ulom va u mansub avlodning baxti ham, fojeasi ham o‘sha zamon bilan — inqilob va u yuzaga keltirgan “sotsialistik voqelik” bilan bevosita bog‘liq ekan. Shunday ekan, ijodkorni o‘quvchi ko‘z oldida bor bo‘yi bilan to‘laqonli gavdalantirishga intilgan munaqqidning bu sharoitga urg‘u bermasligi mumkin emas. Zotan, ilmiy jihatdan to‘g‘ri va xolis yondashuv shuni taqozo etadi ham. Eng muhimi, O.Sharafiddinov fikr-mulohazalari G’afur G’ulomning o‘z iqrorlariga tayanadi, ulardan kelib chiqadi. Boz ustiga, O.Sharafiddinov adabiyotshunos sifatida G’afur G’ulom mansub avlod hayoti va ijodini chuqur o‘rgangan, ularning ko‘pchiligi bilan muloqot-muomalada bo‘lgan. Ya’ni, bizga hozirda sho‘roni ulug‘lashga intilishgina bo‘lib ko‘ringan fikr-mulohazalar O.Sharafiddinov uchun ayni haqiqat edi. Albatta, olimning haqiqati bizning haqiqatimizga ko‘pda mos kelmasligi mumkin va tabiiy. Lekin, axir, bizning ixtiyorimizdan tashqari ob’ektiv haqiqat ham bor. Unga ko‘ra, G’afur G’ulomning bir shaxs, sizu biz tanigan shoir sifatida shakllanishida davr voqeligi hal qiluvchi rol o‘ynagani shaksizdir. Demak, bu o‘rinda gap nur va soya nisbatida xolos, asosiy chizgi esa, bizning xohish-istagimizdan qat’iy nazar, aslicha qolaveradi. Sirasi, chinakam ilmiy fikr shunday bo‘ladi: unga munosabat mudom evrilib turishi, goh e’zozla boshlarimiz uzra yalovdek hilpirashi, goh e’tirozu inkorlarimiz dovuliga ro‘baro‘ bo‘lishi mumkin,– asl fikr qoya misoli sobit turaveradi.

Olim odam so‘zi — zalvorli, chunki u masala yuzasidan tinimsiz o‘ylovlarning qaymog‘i bo‘ladi. Xalq “ko‘p bilgan oz so‘zlaydi” naqlini bejiz to‘qimagan. Zero, u ko‘p bilganning kam so‘zi behad ko‘p narsalarni ifodalay olishi, donishmand so‘zining mag‘zini qayta-qayta chaqib ko‘rish darkorligini ko‘p bor tajribadan o‘tkazgan. Hech bir ikkilanmay, O.Sharafiddinov so‘zi ham shunday, u tom ma’nodagi donishmand edi, degim keladi. Faqat, buning ustozga ehtiromgina emas, ayni haqiqat ekanini ko‘rsatishga qurbim yetarmikan, degan andisha qiynaydi...

G’afur G’ulom ijodini chuqur bilgan O.Sharafiddinov uning uch azim daryodan — Sharq poeziyasi, xalq ijodi va rus she’riyatidan suv ichishini ta’kidlaydi, har biriga bittadan abzatsda muxtasargina to‘xtaladi. Jumladan, birinchi o‘ringa qo‘yilgan Sharq she’riyati ta’sirini asoslash uchun bir nechta muhim dalil keltirish bilan kifoyalanadi: 1) “arab va fors tillarini, shuningdek, turkiy tillardan ko‘pchiligini yaxshi bilgan G’afur G’ulom Sharq klassiklarining asarlarini originalda o‘qi”gan; 2) “butun hayoti davomida Sharq adabiyotining atoqli namoyandalari ijodini targ‘ib qilgan”; 3) “maqolalaridagi tahlil va sharhlar” bilimning kengligi bilan birga uning “nozik did egasi”, “Sharq she’riyatining go‘zalligini g‘oyat teran his qilishini ham ko‘rsatadi”.

Mazkur dalillar qisqa ifoda etilgan bo‘lsa-da, G’afur G’ulom merosining salmoqli qismi, adabiyotshunoslikka oid ishlari tahlili asosida olingan. Olim so‘zining zalvorli bo‘lishini ta’minlangan narsa ham shu — ko‘p o‘rganib oz aytilgani. Yana bir jihati, O.Sharafiddinov o‘rganilgan materialda o‘zi uchun, aytmoqchi bo‘lgan fikri isboti uchun eng muhim nuqtalarni bexato topa biladi. Nihoyat, munaqqid G’afur G’ulom o‘z salaflari ijodini originalda o‘qiganini ayricha urg‘u bilan ta’kidlaydi. Bu tarjimonlik bilan ham shug‘ullangan, she’r tarjimasi original bilan bo‘ylasha olmasligini juda yaxshi bilgan odamning gapi ekanligini e’tiborga olsak, “originalda o‘qigan” degan ta’kid bejiz emasligi, uning ma’no ko‘lami nechog‘li kengligi ayon bo‘ladi. Ilmiy mantiqning kuchliligi domlaning fikrlarini “tom ustiga tom bosish” tarzida izchil quvvatlab borishida yaqqol ko‘rinadi. Deylik, ko‘rib o‘tganimiz “originalda o‘qigan” ta’kidi G’afur G’ulom salaflaridagi “g‘oyaviy-badiiy boyliklardan to‘la bahramand bo‘lgan” degan ta’kidni asoslaydi. Shu tariqa asoslangan dalillardan kelib chiqibgina domla G’afur G’ulom Sharq poeziyasidan qanday bahra olgani, undan nimalarni olganini sanaydi: “... undagi teran insoniylikni, gumanizmni, falsafiy chuqurlikni o‘zlashtirdi... Sharq adabiyotining yuksak nafosatini, poetik mushohadadagi teranlikni, so‘z ishlatishdagi san’atkorlikni, mubolag‘alarning hadsizligini, o‘xshatish va sifatlashlarning aniqligini o‘ziga singdirdi”. Aytish kerakki, maqolaning daromadida aytilgan bu gaplar, jumladan, shoirning xalq ijodi va rus adabiyotidan bahra olgani haqidagi fikrlar ham keyinroq qator she’rlar tahlilida amaliy isbotini topadi. Fikrning izchilligi, asarning shu izchillikni ta’minlay oladigan optimal shaklda qurilgani, fikrimizcha, O.Sharafiddinovning tanqidchilik mahoratiga xos muhim qirralardandir. Zero, materialni optimal shaklga solib, ko‘zlangan maqsadga mos kompozitsiya yarata olish ilmiy va badiiy ijod kishilarining iqtidor kuchini ko‘rsatuvchi asosiy belgilardan sanaladi.

Musavvir tasvirdagi proportsiyalarni saqlashi muhim bo‘lganidek, adabiy portretda ham muayyan proportsiyalar saqlanishi lozim, O.Sharafiddinov buni doim yodda tutadi, me’yor va nisbatlarni ilmiy jihatdan to‘g‘ri belgilay oladi. Shu bois ham ta’kidlaydiki, G’afur G’ulom ijodi suv ichgan “uch azim daryo” nechog‘li buyuk bo‘lmasin, ular shoir uchun “o‘z mustaqil yo‘lidan borib, balog‘at cho‘qqilariga ko‘tarilishda pillapoyalik rolini o‘ynaydi, xolos”. Munaqqid qarashlarini hayotiy tamsil bilan oydinlashtiradi: “Qush havo oqimiga tayanib uchganidek, iste’dodli shoir ham adabiy traditsiyalarga tayanib mahorat yuksakliklariga parvoz qiladi”. O’rnida va topib ishlatilgan tamsil.

Darvoqe, iste’dod. Domlaning adabiy-estetik qarashlarida iste’dod tushunchasi markaziy o‘rin tutadi, baho-munosabatida “iste’dodli — iste’dodsiz” mezonlari asos vazifasini o‘taydi. G’aqur G’ulomni benazir iste’dod sohibi deb bilarkan, O.Sharafiddinov buni “adabiy traditsiyalar uning ijodida bir-biriga bog‘lanmagan uch mustaqil kuch bo‘libgina qolmagani”, balki shoir “shaxsiyatida bir-birlari bilan chambarchas bog‘lanib ketgani”da ko‘radi. Olimning ta’kidlashicha, shoirning iste’dod kuchi “uch azim daryoni”, ulardagi boy an’analarni sintezlashtirib, “ular asosida butun ijodi davomida izchil amal qilgan estetik printsiplarni barpo eta” olganida namoyon bo‘ladi. Ko‘rinadiki, muallifning bunga qadar yuritgan fikr-mulohazalari yagona maqsadga — G’afur G’ulom ijodi mustahkam asosga qurilgan, degan xulosani chiqarish va asoslashga qaratilgandir (... G’afur G’ulom va u mansub avlodda sho‘ro maddohlarinigina ko‘rilgan, ular adabiyotga hech narsa berolmadi, yozganlari badiiyatdan tashqaridagi hodisadir qabilidagi da’voyu ayblovlar miyamizni chulg‘agan paytlar bo‘ldi. Ustozning bu masaladagi bahslarga aralashgani, jiddiyroq munosabat bildirganini eslay olmadim — faylasufona xotirjamlik bilan kuzatgan, xolos. Sirasi, kalta o‘ylaganimiz sabab bu holni taslim bo‘lish alomati deb ham tushunganmiz. Mana, o‘sha dovullar kechib o‘tdi, G’afur G’ulom ham, u mansub avlod ijodkorlari ham adabiyotimizda nedir qoldirganini ich-ichdan his etib ham, tan olib ham ulgurdik. Endi o‘ylasam, domla bu masalada o‘z fikrini allaqachon aytib qo‘ygan, mustahkam asosda kechgan ijod namunalarining bari birdek “chiqit”ga chiqib ketishi aslo mumkin emas, degan ishonchda sobit turgan ekan... )

Talantli rassom prototipning haqiqiy qiyofasidan ma’niyu go‘zallik topsa, soxtakori uni bejab-netib ma’qul qildirish payida bo‘ladi. O.Sharafiddinov birinchi toifaga mansub, u bahoda xolis bo‘lishga, haqiqiy qiyofani aks ettirishga intiladi. Shu bois aytadiki, G’afur G’ulom qalamiga mansub hamma she’rlarga “muqarrar tarzda badiiy kamolot namunasi sifatida qarash to‘g‘ri bo‘lmaydi”, unda “ehtirosli ilhom qistovi bilan emas, kundalik zaruratlar tufayli tug‘ilgan asarlar ham uchraydi”. Eng muhimi, domla uchun bu tabiiy hol. Chunki yaxshi biladiki, birinchidan, “beistisno dohiyona asar yozgan yozuvchi tarixda bo‘lgan emas, bo‘lmaydi ham”; ikkinchidan, “G’afur G’ulom har qancha buyuk iste’dod egasi bo‘lmasin, ayni choqda, u inson edi, insoniy zaifliklar unga ham begona emas edi”. O’ylab qarasak, kamchiliklar haqidagi muxtasar qaydlar zamirida bizning avlod o‘n besh-yigirma yillar ilgari bong urib aytgan nuqsonlarni ko‘ramiz. Bizdan farqli o‘laroq, domla ularni yo‘lakay qayd etadi — nurning bir chetiga yengil soya tortadi-da, asosiy urg‘uni yutuqlarga beradi. Bu — muallif uchun anglangan printsip, shu sababli “shoir yaratgan betakror, beqiyos poetik olam haqida gapirar ekan”, uning “durdona asarlaridan bino bo‘lgan olamni ko‘zda tutadi”. Bu olamda esa shoir ahliga har vaqt o‘rnak bo‘lgulik fazilatlar bisyor, munaqqid ularning har biriga alohida to‘xtalib, yorqin misollar orqali ochib beradi. Jumladan, domla hayotiylikni G’afur G’ulom she’riyatining muhim fazilati deb bilsa, uni ta’minlagan asosiy omil sifatida milliylikni ko‘rsatadi. Munaqqid ta’kidlaydiki, milliylik G’afur G’ulom she’riyatining “libosi yoxud bezagi emas, balki she’rning ichki mazmunidan tabiiy ravishda kelib chiqadigan xususiyatdir”. Bu darajadagi milliylikning asosi shoir “o‘z xalqining bugungi hayotini ham, ko‘p asrlik tarixini ham juda yaxshi bilishi”, uning “urf-odatlari, rasm-rusumlari, yashash tarzi, xullas, milliy o‘ziga xosligini vujudga keltiruvchi psixologiyasi” bilan yaxshi tanishligidadir. Shu bois ham “she’rlarida o‘zbek hayotining turli qirralarini quyuq ranglarda aks ettiruvchi ajib manzaralar vujudga keladi”. Domla fikrini dalillash uchun shunday misollarni topib keltiradiki, ular zimmasidagi vazifani ortig‘i bilan uddalaydi:

Shodlik qo‘shini bosdi saodat ko‘chasini,

Go‘daklar jaranglatar hayitlik tangasini.

Kelinchaklar axtarar pardoz qutichasini,

Qirq kokil bo‘lsin, deydi, qistaydi yangasini,

Bugun chin arafadir.

Ushbu satrlarni keltirgach, munaqqid “besh misrali bir parchada shunchalar tugal va rangdor manzara yaratish” uchun o‘z xalqi hayotini, ruhiyatini mukammal bilish lozimligini yana bir karra ta’kidlaydi. Yuqorida aytganimiz shoir ahliga har vaqt o‘rnak bo‘lgulik fazilatlardan biri shudir. Garchi ochiq aytmasa-da, muallif qalam ahliga G’afur G’ulomni o‘rnak qilib ko‘rsatadi, ularni xalq hayoti va ruhiyatini chuqur o‘rganishga da’vat etadi. Munaqqid tayangan printsipning maqsad-mohiyati shunda mujassam: ustoz o‘quvchi ommaga ham, qalam ahliga ham fazilatlar orqali ta’sir qilishga, qalblarini durdona misralar nuri bilan yoritishga intiladi.

G’afur G’ulom nasriy merosiga ham xuddi shu printsip asosida yondashilgan. O.Sharafiddinov adib qalamiga mansub ocherk, feleton, hikoyalarning bir qismi “bugungi kun nuqtai nazaridan eskirgandek”, ular atom davri kishilariga “haddan ziyod jo‘n ko‘rinishi mumkin”ligini e’tirof etadi. Ayni paytda, domla ular butkul qimmatini yo‘qotgan, degan fikrdan yiroq. Bu oddiygina murosa yoki ulug‘ odamdagi nuqsonlarni xaspo‘shlab o‘tishga urinish ham emas. Ustozning bu mavqeda turishiga qator asoslari bor. Avvalo, ular “bugungi kitobxonga bosib o‘tgan tarixiy yo‘limizning nafasini yetkazadi”. Ikkinchi tomoni, ularda “yozuvchi nigohining o‘tkirligi, fikrining olmosdek keskirligi, tilining yorqinligi, rangdorligi bilan bir qatorda, milliy xarakterni, milliy psixologiyani ich-ichidan juda puxta bilish aniq-ravshan ko‘rinib turadi”. Nihoyat, ayni shu xususiyati bilan ular bugungi kitobxonga ham estetik zavq bag‘ishlay olish bilan birga, “yosh yozuvchilar uchun katta tajriba maktabi bo‘lib xizmat qiladi”. Nazarimda, chinakam ilmiy yondashuv, xolis ilmiy baho bundan ortiq bo‘lmaydigandek, bu ustozning biz chalaroq o‘zlashtirgan sabog‘idek ko‘rinadi...

Yozuvchi umrining adog‘ida yozilgan xalq latifalari asosidagi hikoyalarga to‘xtalib, olim G’afur G’ulom “kitobxonni shunchaki bir kuldirib, uning ko‘nglini ochadigan ermak yaratish uchungina qo‘liga qalam olmagani”ni aytadi. Aksincha, u “latifalar zamiridagi ijtimoiy ma’noni yanada salmoqliroq, yanadi aniqroq ifodalaydi”, “tasvirlanayotgan voqealarga o‘zining aniq g‘oyaviy pozitsiyasidan yondashib, kitobxonga muayyan g‘oyalarni singdirishga intiladi”. Ustoz ta’kidlaydiki, adib “bu intilishini oshkora, yalang‘och tarzda qilmaydi, balki chinakam hayotbaxsh yumorga burkab beradi”. Qizig‘i shundaki, bu o‘rinda “aniq g‘oyaviy pozitsiya” ham, yumorga burkalgan “muayyan g‘oyalar” ham aniqlashtirilgan emas, “Hasan Kayfiy” hikoyasining boshida podshohga berilgan ta’rifni keltirish bilan cheklaniladi. O’ylashimcha, bu — G’afur G’ulom portretiga muhim bir chizgi. Boshqalarga qanday bilmadim-u, menga G’afur G’ulom suratlaridagi jiddiyat zimnida quvlik, kulgi zimnida jiddiyat bordek tuyulaveradi. Xullas, domla bu o‘rinda g‘afur g‘ulomchasiga ish tutgan ko‘rinadi: quvlik qilib, o‘quvchi o‘zi tushunib olar deya tagdor ishora bilan kifoyalanadi...

Darvoqe, bizga hamma vaqt jiddiy-salobatli ko‘ringan ustozning quvlik qilganini B.Nazarovning “G’afur G’ulom olami” risolasini o‘qish asnosi sezib olgandim. Maqola ustida ishlarkan, Suvon Meli “Otsiz shum bola”, “Mehr sehri” nomli teran tahliliy chiqishlarida bildirgan fikrlarning kurtaklariga ko‘zim tushdi; izlanuvchan talabalarga tavsiya etish uchun qator masalalarni qayd etib qo‘ydim. Bularning bari ustoz G’afur G’ulomning adabiy qiyofasini bor bo‘yi bilan to‘laqonli gavdalantira olganidan dalolatdir.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz