Hamid Olimjonni bilamizmi?
Tarix - insonni shaxs sifatida shakllantiruvchi muhim omillardan biri. Tarixni o‘rgangan sari, kechmish voqea-hodisalar mohiyatini anglagan sari kishining dunyoga nazari teranlashib, atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalar mohiyatiga yaqinlashib boradi. Tabiiyki, bunday odam kimningdir yetovida bo‘lishi mumkin emas, chunki u o‘z qarashiga, o‘zining anglangan ijtimoiy maqomi va mavqeiga ega bo‘ladi. Uning jismi erkin bo‘lmasligi mumkin, lekin ruhi har vaqt erkin bo‘ladi. Shundan bo‘lsa, ehtimol, fotihlarning deyarli barchasi o‘zlari zabt etgan yurtlarda xalq xotirasidan o‘tmishni o‘chirishga intilgan. Biroq fotihlar bu maqsadlariga ayrim yurtlarda anchayin oson erishgan bo‘lsalar, boshqalarida istalgan natijaga erisholmaganlar. Negaki, xalqning tarixi nechog‘li boy bo‘lsa, uning millat xotirasidan o‘chishi-da shunchalik qiyin bo‘ladi. Zero, asrlar davomida «suyak surib» avloddan avlodga o‘tib kelayotgan boy tarixiy xotira mudrashi mumkin — mutlaqo o‘chib ketishi dushvor.
O’zini fotih emas, aksincha, «ozod qiluvchi» degan da’vo bilan chiqqan Sho‘ro ham siyosatda fotihlardan gula ko‘targan edi. Sho‘ro o‘tmishni qora rangda ko‘rsatish, shu asosda o‘z siyosatini mutlaq to‘g‘riligiga ishontirish yo‘lidan bordi va 15 yillar ichida bu maqsadiga qisman erishdi. Negaki, bu vaqt mobaynida sho‘ro sharoitida tarbiyalangan, «sho‘rochasiga» ko‘radigan yangi avlod yetishdi. Otalar va bolalar orasidagi ziddiyat kuchaydi, eng yomoni, jamiyat taraqqiyotining hosilasi va rivojlanishning muhim omillaridan bo‘lmish mazkur tabiiy ziddiyat sifat jihatidan o‘zgarib, ko‘proq mafkuraviy asosdagi ziddiyat maqomini ola boshladi. Yangi avlod nigohini faqat kelajakka qaratish, o‘tmishni tamomila nigilistik inkor qildirishga intilish sho‘roning ongdagi buzg‘unchiligi ediki, bu — totalitar jamiyatni barpo etishning zarur sharti. Zero, «erdagi jannat»ni qurish xayoliga andarmon «manqurt»lar jamiyatidagina shaxs tushunchasini yemirish, barchani birdek o‘ylaydigan «vintcha»larga aylantirish mumkin bo‘ladi. Ongdagi buzg‘unchilik natijasi o‘laroq, 20-30-yillarda o‘zining jamiyatdagi o‘rni va maqomini belgilashga faol kirishgan yosh bo‘g‘in bashariyat tarixini oktyabr to‘ntarishidan hisoblashga moyillashgan, Sho‘roning o‘z mudhish maqsadiga yetishi aniqday bo‘lib qolgan edi... Shukrki, millatimizning tarixi mingyilliklar bilan o‘lchanadi, boy tarixiy xotira mudradi - o‘chib ketmadi, uning uyg‘onishi, o‘ziga kelishi uchun esa kichkina bir turtki kifoya...
Ikkinchi jahon urushi davrida, fashistlar Germaniyasi qizil imperiya ostonasiga kelib qolgan pallada bu ofatni millionlab jonlarni qurbon qilishning o‘zi bilangina daf etish dushvorligi ayon bo‘lib qoldi. Zero, qullik asoratiga tushib qolmaslik, qullikdan hazar qila bilish uchun jonning o‘zi kifoya emas, ruh ham kerak! Ruhki, o‘zining kimligini bilgan, teran tomirlardan oziqlangan holda «oliy irq» da’vosiga qarshi tura oladigan ruh kerak edi. Do‘ppi tor kelgan ayni shu pallada sho‘ro hukumati adabiyot va san’atning tarixga murojaatiga rag‘bat bildirdi: sho‘ro adabiyoti va san’atida o‘nlab tarixiy asarlar dunyoga keldiki, ular xalqqa ruhiy madad bo‘ldi, uning g‘alabaga ishonchini mustahkamladi, kurashga ruhlantirdi. Oradan ma’lum vaqt o‘tgach esa muzaffar sho‘roning adabiy siyosatiga shoshilinch tahrirlar kiritildi: bu asarlar sassizgina e’tibordan qoldirildi, sahnalardan olindi, kinolentalar arxivlarning uzoqroq tokchalariga tiqildi. Ularni imkon qadar eslamay qo‘yildi, eslaganda ham umumiy sanoqda aytib o‘tish bilan cheklanila boshlandi... Qiziq holat, sirli holat... Biz bu xil adabiy siyosatning mohiyatini anglash uchun o‘sha davrda yaratilgan H.Olimjonning «Muqanna» dramasini ko‘zdan kechirishni niyat qildik...
Keyingi yillarda H.Olimjon shaxsi, ijodiy merosiga munosabat biroz sovibroq qolgani sir emas. Sababi, biz uzoq yillar davomida H.Olimjon timsolida sho‘ro tuzumining maddohinigina ko‘rib o‘rgandik. Aniqrog‘i, bizga shunday uqdirildi: shoirning dilbar she’rlarini bir yon qo‘yib, ayni shu qiyofani gavdalantiradigan asarlari o‘rgatildi, zo‘r berib tashviq qilindi. Holbuki, H.Olimjon XX asr o‘zbek milliy madaniy zaminida yetishgan eng yorqin iste’dodlardan biri edi. Afsuski, bu iste’dod ko‘proq nokerak narsalarga sarf bo‘ldi... Nachora, aslida bu ham shoirning qismati: murg‘ak yoshidanoq sho‘ro ta’sirida shakllangan, o‘ziga singdirgani yolg‘on haqiqatlarga chin haqiqat deya yurakdan ishongan va o‘smirlarga xos o‘jar fidoyilik bilan davrning ziddiyatli g‘oyaviy kurashlar maydoniga kirgan faol shaxs hayoti, ijodi, faoliyati tendentsioz bo‘lmasligi mahol edi. Zero, iste’dodning chinakam san’at asariga do‘nishi uchun ijodkor hayotni go‘yo «chetdan» estetik mushohada (esteticheskoe sozertsanie) qila olishi, boshqacha aytsak, ruhan «uzlat» holatida bo‘lishi darkor. Qaynoq faoliyat kishisi bo‘lmish H.Olimjonda bunday imkoniyat kam bo‘lgan, natijada aksar asarlari shu xil holat mahsuli emas, ko‘proq ijtimoiy faoliyatining in’ikosi tarzida dunyoga kelgan. Ehtimol, ne-ne aqllarni loyqalagan g‘oyaviy kurashlar sur’atining susayishiyu hayotiy tajribaning ortishi barobari ulkan iste’dodini to‘la namoyon qilish imkoniyati ham ortgan bo‘larmidi, afsuski, taqdir H.Olimjonga bunday imkoniyat qoldirmadi. Taqdirning o‘yinini qarangki, sho‘ro zamonida «baxt va shodlik kuychisi» deya alqangan shoir keyincha «sho‘ro zamonida baxt va shodlik kuychisi» bo‘lgani uchun-da e’tibordan qoldi...
Yo‘q, taqdirdan nolib bo‘lmaydi, unga tan bermoqdan o‘zga chora yo‘q. Sirasi, taqdir H.Olimjonga qisqa ijodiy umri davomida bir bora ruhan «uzlat» holatida bo‘lish uchun katta imkoniyat yaratdi ham. Biz shoirning tarixga murojaat etib, «Muqanna»ga qo‘l urganini nazarda tutmoqdamiz. Albatta, bunga e’tiroz bo‘lishi mumkin: «Muqanna»ning yaratilishida ham «ijtimoiy zakaz» bor edi-ku?!» Ha, biroq, bizningcha, «Muqanna»ni shoirning urush davridagi boshqa asarlari sirasidagina ko‘rish xato bo‘lur edi. Zero, asarga mavzuning o‘tmishdan olinganiyoq ijod jarayoniga muayyan o‘zgarishlar kiritadi. Birinchisi: agar bunga qadar H.Olimjon o‘zi ichida qaynab yotgani hayot haqida undan uzilolmagan holda yozgan bo‘lsa, «Muqanna»dagi tasvir predmeti — o‘tmishdan avtomatik tarzda uzilgan, ya’ni, o‘tmish uning uchun birinchi galda estetik mushohada ob’ekti. Ikkinchisi: biz odatlangan «tarixga murojaat qildi» degan jumla aslida mohiyatga unchalik mos kelmaydi. Negaki, tarix jonsiz faktlar majmuigina emas. Shaxs ongi tarix bilan to‘qinganda o‘sha faktlar jonlanadi. Shunisi ham borki, bir tomondan, faktlar shaxs orqali, ya’ni, uning kayfiyati, holati, qarashlariga bog‘liq va ularga mos holda jonlanadi; ikkinchi tomondan, jonlangan tarix shaxsning holati, kayfiyati, qarashlariga zarur tahrirlar kiritadi. Demak, shaxsning tarixga «murojaat»i mohiyatan ikkiyoqlama jarayon — muloqot ekan. Shaxs ongida jonlangan faktlar faollashgach, uning o‘zini ruhiy faollikka — o‘xshashlik asosida (metaforik tarzda) zamonasini mushohada qilishga undaydi, o‘z davrini teranroq anglashiga asos bo‘ladi. Bizningcha, «Muqanna»ni yozish davomida H.Olimjon ruhiyatida ham xuddi shunday jarayon kechganki, endigi muddaomiz buni imkonimiz doirasida asoslash bo‘ladi.
Ma’lumki, dramatik asarda muallif shaxsi bilvosita namoyon bo‘ladi — personajlarga, dramatik xolatlarga singdirib yuboriladi. Shu jihatdan qaralsa, «Muqanna»da, ayniqsa uning dastlabki sahnalarida muallif shaxsi, fikrimizcha, Guloyin obrazida o‘z aksini topadi. Asarning ilk ko‘rinishida Guloyin haqida ota-onasining qisqagina gap almashishidan uning bahorni, gullarni, umuman, go‘zallikni sevuvchi hassos qalb egasi ekanligi anglashiladi. Guloyin sahnada ilk bor «soatlab dala aylangach», endi «gulga botib kelayotgan» holda paydo bo‘ladi. Onasi Gulobod nazdida qizi — baxtiyor, xushvaqt; negaki, go‘zallikka oshufta ko‘ngil uchun boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasdek. Biroq ona bola orasidagi dialog bu tasavvurni yo‘qqa chiqaradi:
Gulobod Yolg‘izim, Lola kabi ochilibsan o‘zing ham. Guloyin Lola kabi yuzim qizil, ichim g‘am.
Shu o‘rinda ikkita muhim nuqtaga e’tiborni tortgimiz keladi: birinchisi — Guloyin o‘zi istagan narsaga erishgandek-u, undan qoniqmaydi, ko‘ngli taskin topgan emas; ikkinchisi — atrofidagilar, hatto tuqqan onasi uning ichidagidan bexabar, uni baxtli deb tasavvur etishadi. Ona qizini baxtiyor ko‘rishni, loaqal shunday inonchida qolishni istaydi, o‘zini ham qizini shunga ishontirgisi keladi:
Gulobod Nega darkor, qizim, axir shu gaplar, Xursandsan-ku, qo‘llaringda chechaklar. Guloyin Chechak bilan xursand bo‘lsa gar odam, Yer yuzida bo‘lmas edi qayg‘u-g‘am. Hamma unda yolg‘iz bir gul terardi, Na xohishi, na ozori, na dardi...
Sirtdan qaraganda baxtli ko‘ringan Guloyinning ichi to‘la g‘am, ko‘nglida «xohish, ozor, dard» borligi bejiz emas. Bu, bizningcha, «shodlik va baxt kuychisi» sifatida tanilgan H.Olimjonning, tarix bilan to‘qinganida u orqali zamonasini va zamonadagi o‘zini «chetdan» mushohada qilayotgan shoirning «Muqanna»ni yaratish jarayonidagi holati. Aytmoqchimizki, «Muqanna»ga qadar kechgan hayoti, o‘zi shohidi yoki ishtirokchisi bo‘lgan voqealarni tarix ko‘zgusiga solib ko‘rayotgan, uning tosh-tarozusida tortib ko‘rayotgan ijodkor holati, ruhiyati Guloyinda ifoda topgandek ko‘rinadi. Shu ehtimolni nazarga olaylik-da, asarning keyingi satrlarini o‘zgacharoq, ya’ni, shunga muvofiq tarzda talqin qilib ko‘raylik. Guloyin yuqoridagi fikrini davom ettirib aytadi:
Mana bahor, butun atrof lola, gul, Hamma odam terganda ham yotar mo‘l. Gul ochilgan qoyalarning boshida, Lolalar bor buloqlarning toshida. Ammo hech kim shodu hurram emas-ku? (Lolani ko‘rsatib) Baxtiyorlik alomati emas bu, Bahor o‘zi yaxshi narsa shubhasiz... Otash Iching to‘la ma’no sening dono qiz.
Keltirilgan parchada ham diqqatga molik ikkita nuqta mavjud: biri muallif remarkasi bo‘lsa, ikkinchisi Otashning replikasi. Bizningcha, bu o‘rinda har ikkisi ham muallif ko‘zlagan tublik ma’noga ishora sifatida muhim. Endi shu ishoralarga tayanib, parchani qayta boshdan ko‘rib chiqaylik. Fikrimizcha, parchada tublik ma’noni tutib turgan quyidagi tayanch nuqtalar mavjud:
Mana bahor... ... hech kim shodu hurram emas... Bahor o‘zi yaxshi narsa shubhasiz...
Parchani 20-30-yillar adabiyoti kontekstida olib qaraylik. Xususan, Cho‘lponning «Bahorni sog‘indim» she’rida «ijtimoiy bahor» sog‘inchi ifodalangan ediki, undan keyingi avlod vakili bo‘lmish H.Olimjon «ijtimoiy bahor»ni o‘zgacha tushungani shubhasiz. Endi ayni shu odam teranroq mushohada qiladi-da: «Mana bahor...(biz o‘zimiz orzulagan narsaga erishdik -D.Q.) ammo hech kim shodu hurram emas», nega shunday, deya o‘yga toladi. Yo‘q, hali u tuzumni, sotsialistik g‘oyani inkor etayotganicha yo‘q: «Bahor o‘zi yaxshi narsa, shubhasiz...» deya ishonadi, faqat uning mavjud amaliyotidan qoniqmaydi. Nega? Buni tushunishga muallif remarkasi yordam beradi:
(Lolani ko‘rsatib) Baxtiyorlik alomati emas bu Bahor o‘zi yaxshi narsa, shubhasiz...
Ko‘ramizki, parchadagi satrlar o‘zaro zidlik hosil qiladi: «bahor o‘zi yaxshi narsa», lekin «lola baxtiyorlik alomati emas». Parcha so‘ngidagi ko‘pnuqta ham, Otashning qiziga qarata «iching to‘la ma’no sening» degani ham satrlar orasidan o‘qish lozimligiga ishora qiladi. O’qishga urinib ko‘ramiz: bu o‘rinda «lola» — ramz, jamiyatni, jamiyat a’zolari ongini chulg‘agan qizillik ramzi. Birgina lolaning o‘zi bahor bo‘lmaganidek, «qizillik»ning o‘zi H.Olimjon orzulagan narsa emas. Ya’ni, Guloyinning ayni paytdagi holatida sotsialistik inqilob g‘oyasiga yurakdan ishongan, endilikda uning natijalaridan qoniqmay turgan muallif ruhiyati suratlanadi.
E’tiborli jihati shuki, Guloyin ruhiyatini chulg‘agan mavjud holatdan qoniqmaslik tuyg‘usi uning yurt o‘tmishi haqidagi o‘ylovlari hosilasidir:
Yurtimizda hatto yaqin zamonda Ko‘p bayramlar bo‘lar ekan bahorda. Juda hurram o‘tar ekan u damlar. O’ynar ekan, kular ekan odamlar. Qani o‘sha bayramlardan bir nishon?
Ko‘rib turganimizdek, Guloyinning o‘tmish haqidagi o‘ylari uni beixtiyor zamonasiga qaytaradi, — qiyoslashga, fikrlashga undaydi; ikkinchi tomondan, qizning gaplarida barq urib turgan o‘tmish sog‘inchi zamonasidan qoniqmaslik natijasidirki, bu tuyg‘u o‘tmishning qiz tasavvurida ayni shu tarzda (idillicheski) «jonlanishi»ni ta’minlaydi. Sirasi, bu umuman inson ruhiyati, tafakkur tarziga xos hodisadir. Zero, inson o‘tmish haqida «shunchaki», abstrakt fikrlay olmaydi: u o‘tmishni zamona orqali ko‘radi, zamonani o‘tmish orqali baholaydi.
O’tmish sog‘inchi insonni faollikka, birinchi galda, ruhiy faollikka undaydi. Guloyin ayni damda ruhiy faollikda yashayotgan shaxs, shu bois ham u: «Dalalarda lola terib yurarkan, Ko‘p ajoyib fikrlarga tushdim man»,- deya e’tirof etadi. Uning aqliy-ruhiy faolligi muayyan xulosalarga olib kelganki, onasiga:
O’zing aytgan ertaklarni esladim (Pauza) Ertak boshqa, hayot boshqa... qoldim jim, -
deydi. Bizningcha, keltirilgan parcha Guloyin bilan «Bolalik kunlarimda, Uyqusiz tunlarimda, Ko‘p ertak eshitgandim, So‘ylab berardi buvim» degan mashhur satrlar muallifi H.Olimjon orasidagi ruhiy yaqinlikni ochiqroq namoyon etadi. O’smir yoshidayoq kurash maydoniga kirgan H.Olimjon «romantik» edi, zero, u buvisi aytgan ertaklar olamidan «bolshevistik ertaklar» olamiga ko‘chib ulgurgandi, xolos. Endi, — ma’lum vaqt hayot qozonida qaynab, zamonasini va o‘zini chetdan mushohada qilish imkoniga ega bo‘lgach, — amin bo‘layotirki, «ertak boshqa, hayot boshqa» ekan. Bu atrofida sodir bo‘layotgan ijtimoiy hodisalar bolsheviklarning va’dayu da’volariga muvofiq kelmayotganini, til boshqayu dil boshqaligini ko‘rgan, anglagan odam xulosasi, hukmidir. Modomiki «Muqanna»ni yozish jarayonida muallif shunday ruhiy holatda ekan, asar personajlarining o‘z zamonasi haqidagi fikrlarini ayni choqda H.Olimjonning o‘z davri haqidagi fikrlari deb tushunishga haqlidekmiz. Zero, personajlarning tarixiy nuqtai nazardan asarda tasvirlangan davrga taalluqli gaplari metaforik tarzda asar yozilgan davrga taalluqli bo‘la oladi, bunga adabiyot tarixidan ko‘plab misollar keltirish mumkin. O’zimizni shunga ishontirgan holda asarni o‘qishda davom qilamiz:
Guloyin ...Hozir agar sen bo‘lmasang musulmon Dushman bermas yemoq uchun parcha non. (Gullarni ko‘rsatib) Bu ko‘rganing lola emas, yolg‘iz qul. Otash Biz qul edik, hozir butun o‘lka qul Hozir gap shul: kim musulmon, kim kofir.
O’ylaymizki, asar personajlarining yurtdagi mavjud ahvol haqidagi fikrlari muallif mansub voqelikka nechog‘li mosligini ilg‘ab olish qiyin emas. Avvalo, arab fotihlari singari bolsheviklar ham yurtga yangi mafkura olib keldilar, barchani unga topintirishga intildilar va ichki siyosatda «yo biz bilan, yo bizga dushman» aqidasiga tayandilar. Shu siyosatning natijasi o‘laroq qoq bo‘lingan yurtning bolsheviklar tomonida turgan, shu siyosat tegirmoniga suv bo‘lib quyilgan «O’lim yovga» singari she’riy aybnomalar yozgan H.Olimjon endi o‘sha siyosatni ham, undagi o‘z ishtirokini ham o‘zgacha tushunadi, o‘zgacha baholaydi. Xo‘sh, qanday tushunadiyu qanday baholaydi? Bizningcha, muallifning tubdan o‘zgargan qarashlari Otashning «Biz qul edik, endi butun o‘lka qul» degan gapida o‘z ifodasini topadi. Ma’lumki, bolsheviklar «eziluvchilarni ozod qilish» da’vosi bilan maydonga chiqdi, ezilganlarni go‘yo ozod qildi-yu, butun o‘lkani «qizil imperiya» mustamlakasi — quliga aylantirdi. Hayotiy tajribasi ortgan, bu tajribasini o‘tmish tajribasi bilan boyitgan H.Olimjon o‘zi uchun muhim bir haqiqatni kashf etdi: ozod bo‘lmagan yurtda shaxs ozod bo‘lolmaydi, shaxs ozod bo‘lmagan yurt ozod bo‘lolmaydi. Shu ma’noda Guloyinning: «(Gullarni ko‘rsatib) Bu ko‘rganing lola emas, yolg‘iz qul» deyishi ham bejiz emas. Yuqoridagi parchaga diqqat qilinsa, Guloyinning oxirgi gapi oldingilariga unchalik bog‘liq emasdek ko‘rinadi. Boz ustiga, sirtdan qaraganda gapning ichki mantiqiy-mazmuniy bog‘lanishi ham durust emas: «lola — qul». Shunday esa-da, muallif uni remarka yordamida alohida ajratadi, ta’kidlaydi go‘yo. Shuni e’tiborga olsak, «lola»ning bu o‘rinda ham ramziy ma’noda qo‘llangani va shu ma’no muallif uchun muhimroq ekanligi haqiqatga yaqinroq. Bizningcha, ramzni dramatik holatning umumiy ruhida tushunsak, hatto sho‘ro tomonida turganlar («lolalar» — «qizillar») ham mohiyatan quldir, degan ma’no anglashiladi. Guloyinning davri haqidagi iztirob to‘la mulohazalarini yakunlovchi tubandagi so‘zlari ham shu fikrni kuchlab tushadi:
Erkak-ayol o‘z yurtida musofir. Mana senga kerak bo‘lsa gulbahor, Bahor emas, ustimizga yog‘ar qor.
Guloyin tilidan yurtida musofir maqomida yashayotgan, yurtiga egalik huquqidan tamomila mahrum odamlarni qul deb atarkan, muallif o‘zini, zamondoshlarini ham nazarda tutadi. Tan olish kerakki, zamonasi va zamonasidagi o‘zini idrok qilishga intilayotgan H.Olimjon bahoda oxirigacha xolis bo‘lishga, o‘yidagilarni to‘la iqror qilishga o‘zida jur’at topadi. Shu bois ham sho‘roning eng otashin she’riy targ‘ibotchilaridan bo‘lmish H.Olimjon o‘zi yonib kuylagan «bahor» aslida bahor emasligini tan oladi, modomiki «ustimizga qor yog‘ar»kan — qish davom etayotir, deya ogohlantirmoqchiday bo‘ladi. Bulardan ko‘rinadiki, u sho‘ro siyosatining munofiqona tabiatini ham, «eziluvchilarni ozod qilish» g‘oyasidagi mantiqiy zaiflikni ham chuqur anglab yetadi, buni o‘quvchisiga yetkazishga intiladi.
Guloyin — avvalgi e’tiqodidan ko‘ngli tamomila sovigan, izlanishdagi shaxs va shu jihati bilan muallif ruhiyatiga yaqin. Qiz e’tirof etadiki: «Otash desang ko‘nglim tushar bir g‘ashga». O’zi topingan e’tiqodni taftish etib qoniqmagan qizning bu iqrorida muallif ruhiyati o‘zining yorqi ifodasini topadi. Tabiiyki, kishining e’tiqodidan kechishi muayyan ruhiy iztiroblar bilan esh bo‘ladi, zero, e’tiqod shippak emaski, eskisini tashlab yangisini kiyib ketaversang. E’tiqodida aldangan shaxs qarshisida «nega men bu e’tiqodni qabul qildimu endi undan kechayotirman? nega unga shunchalar ishongandim? shuncha vaqt unga topinib keldim?» qabilidagi o‘rtovchi savollar ko‘ndalang bo‘lishi tayin. Shu singari savollar H.Olimjonni ham o‘rtagan bo‘lishi, ularga javob izlashi tabiiy edi. Muallifning ayni shu izlanishlari natijasi, bizningcha, tubandagi parchada aks etadi:
Otash Biz hali ham topinamiz otashga. Sen-chi, qizim? Guloyin Nima qila olar edim men o‘zim? Qancha baland uchsa hamki chumchuq qush Uyasida o‘rganganni o‘qirmish. Yosh chog‘imdan o‘tga tomon sen tortding, Sen otashga topinmoqni o‘rgatding. Nima qilay. Men nimani bilardim? Yosh bolani yo‘lga boshlar avval kim? Ota-ona. Shundaymasmi? O’zing ayt! Otash Yoshlik o‘zi bo‘lar ekan qiziq payt, Bola yolg‘iz o‘rganishni bilarkan.
Ha, H.Olimjon — ulkan iste’dod sohibi, parvozi nechog‘li baland bo‘lmasin, «uyasida ko‘rganini o‘qidi». Sirasi, bolalik chog‘laridan sho‘ro ta’sirida, sho‘ro muhiti va g‘oyaviy kurashlar maydonida shakllangan shoirda o‘zgacha e’tiqod bo‘lishi ham mahol edi. Endi, — ortiga o‘girilib, kechagi kunlarini obdon mulohaza qilgach,— muallif Otashning «bola yolg‘iz o‘rganishni bilarkan» degan gaplari orqali o‘zining e’tiqodi anglanmagan, ko‘r-ko‘rona, oddiygina taqliddan iborat bo‘lganini e’tirof etadi. Guloyinning «Shuncha yillar otashgohga topindim, va bilmadim ilohim kim, tangrim kim?» degan gapida esa bu e’tirof yanada qat’iyroq, ochiqroq ifoda etiladi. Guloyin, muallif singari, ayrilishda turgan, ongli ravishda o‘z yo‘lini tanlash ehtiyojini tuygan odam. Mavjud yo‘llardan bittasigina qizning ko‘ngliga yaqin, erkka tashna qalb shungagina moyil:
Ixtiyorni bersang agar menga san, Ozodlikka topinardim yolg‘iz man.
Guloyinning bu xitobida erksizlikdan zada bo‘lgan, yurti va o‘zining qulligini tamom anglagan muallifning qalb isyoni zuhur qiladi. Xolislik haqqi tan olish kerakki, yigit yoshidayoq (asar 1942-43 yillarda yozilgan) o‘z ruhiyatida, dunyoqarashida bu qadar keskin burilish yasash uchun teran aql-idrokning o‘zi kamlik qiladi — ulkan jasorat ham kerak. H.Olimjon o‘zida shunday jasorat topa bildi: o‘zini aldab ovutish va xotirjam yashash yo‘lini emas, o‘zini beshafqat taftish etish orqali haqiqatga yaqinlashish yo‘lini tanladi. Bu esa uning chinakam iste’dod, — qoliplarga sig‘maydigan iste’dod egasi ekanligidan, tom ma’nodagi SAN’ATKOR va ShAXS ekanligidan dalolatdir. Goho o‘ylab qolasan kishi: agar shu satrlar muallifi bir yil keyin foje o‘lim topmaganida qatag‘onning keyingi to‘lqinidan omon qolarmidi?! Darvoqe, o‘tmish haqida shart maylida fikrlash noravo... — uni bor holicha qabul qilgan to‘g‘riroq.
«Muqanna»ning badiiy voqeligi, unda gavdalanuvchi hayotiy holatlar ko‘pincha asar yaratilgan davr voqeligini yodga soladi. Bu bejiz emas, albatta. Yuqorida aytdiki, tarixiy mavzuga qo‘l urgan ijodkor zamonasini o‘tmish orqali idrok etadi. Biroq — bu tanganing bir tomoni, xolos; ikkinchi tomoni shuki, ijodkor o‘tmishni zamonasi orqali idrok etadi, o‘tmish zamona prizmasi orqali gavdalanadi. Modomiki badiiy obrazning materiali reallik va ijodkor shaxsiyati ekan, bundan o‘zgacha bo‘lishi ham mumkin emas. Bundan o‘zgacha yo‘l, aytaylik, — tayyor g‘oyaviy qoliplar asosidagi talqin ijod emas. Demak, chinakam ijodiy-ruhiy jarayon mahsuli bo‘lmish tarixiy mavzudagi asarda obrazning metaforiklik xususiyati yuksak darajada namoyon bo‘lishi qonuniyat maqomidadir. Zero, bu narsa avvalboshdan, ya’ni, ijodiy niyatdayoq ta’min etilgan bo‘ladi. Tabiiyki, zamona prizmasi orqali gavdalangan o‘tmish asarni o‘qish(tomosha qilish) jarayonida o‘quvchi(tomoshabin)ni yana zamonasiga qaytaradi: o‘quvchi (tomoshabin) ongida «o‘tmish —hozir» paralleli muntazam mavjud bo‘ladi. Demak, tarixiy asar voqeligining asar yozilgan davr voqeligini yodga solib turishi ham qonuniyat maqomidagi hodisa ekan.
Shu jihatdan qarasak, Otash arab fotihlarining yurtga kirib kelishi haqida aytgan gaplar:
Bu yerlarga ular yangi kelganda, Zo‘r qarshilik ko‘rgan ekan Paykandda. Bosqinchiga qarshi chiqib butun xalq, Barchasini qilgan ekan qonga g‘arq. Mingan oti tizza bo‘yi qon kechib, So‘ng Qutoyba kelgan ekan qon ichib. Saroylarni olovlarga u tutgan, Qilich tutgan har bir jonni quritgan... —
o‘sha davr o‘quvchisi(tomoshabini) tasavvurida o‘ziga yaqin o‘tmishni, Rossiyaning Turkistonni zabt etish tarixini jonlantirishi tabiiy ko‘rinadi. Zero, qadim o‘tmishdagiga monand, muallif va o‘quvchiga yaqin o‘tmishda ham yurtimiz ikkita qonli bosqin ko‘rgan: chor va sho‘ro bosqinini. Boz ustiga, bularning birinchisini davr o‘quvchilarining yoshi ulug‘lari bolalik xotiralarida saqlagan, yoshroqlari esa ulardan eshitib bilgan; sho‘ro bosqini, xususan, Kuybishev va Frunzening qonli xatti-harakatlari yetkazgan jarohatlardan esa hali qon silqib turgan payt edi unda.
Bolalik xotiralarida Jizzax qo‘zg‘oloni va uning dahshatli oqibatlari muhrlangan H.Olimjon yigit yoshida «quloqlashtirish» siyosati, mudhish 30-yillar qatag‘onini ko‘rganida bu hodisalar orasida mantiqiy aloqa borligini his etadi. Tarixni mushohada qilib, uning tajribalarini o‘zlashtirgach esa qo‘rquv va qo‘rqitishga tayangan sho‘ro siyosati mohiyat e’tibori bilan mustamlakachilik siyosati ekanligiga imon keltiradi. Shu bois ham, bizningcha, «Muqanna»da personajlar arab fotihlari yuritayotgan siyosatni muhokama etuvchi sahnalar yaratilgan. Bu, bir tomondan, muallif o‘z zamonasi haqida yuritayotgan mushohadalarning metaforik ifodasi bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘quvchining zamonasi haqida o‘xshashlik asosida fikrlashiga turtkidir. Masalan, xalifalikdan kelgan Paykandni yer bilan yakson qilish haqidagi farmonning maqsad-mohiyatini qizi Guloyinga tushuntirarkan, Otash aytadi:
Sen bilmaysan, bunda katta hikmat bor. Xalq yangidan qo‘zg‘almoqda. Dushmanlar Ko‘rsatmoqchi shuning uchun bir hunar: Odamlarning yuragini olmoqchi, Bo‘g‘izlarga yana changal solmoqchi...
Tabiiyki, yurtimizdagi istiqlolchilik harakati, Turkiston muxtoriyatining qonga botirilgani, istiqlol kurashchilarining badnom etilganiyu 30-yillar adog‘iga yetmasdanoq bitta-bitta «terib tashlangani»dan xabardor davr kitobxoni Otashning gaplarini faqat arab fotixlarigagina tegishli deb bilmaydi. Boz ustiga, sho‘ro «cho‘pchak»lariga inonib yashayotgan yosh bo‘g‘in vakillarining ham ko‘z oldilarida gavdalangan o‘tmish ta’sirida Guloyin misoli «ertak boshqa — hayot boshqa» qabilidagi xulosaga kelib qolishlari ham ehtimoldan yiroq emas. Yoki, sho‘ro o‘zining mudhish siyosati bilan «odamlarning yuragini olib» bo‘lgan, «bo‘g‘izlariga changal solib» turgan bir paytda:
Yer yuzidan bir shaharni yo‘qotmoq Bilan ular xalqning ko‘zin qo‘rqitmoq Fikridalar. Mudhish bir ish. Ham isyon Qo‘zg‘almasmish shunday qilsa begumon...-
degan satrlar qo‘rquv saltanati fuqarolariga arab fotihlari yuritgan siyosat bilan sho‘ro siyosati mohiyatan bir narsa ekanligini anglatmasligi mumkinmi?! Bizningcha, yo‘q. Zero, asarni o‘qish(tomosha qilish) davomida xoh ongli va xoh anglanmagan tarzda shu xil fikr tug‘ilishi haqiqatga yaqinroq. Albatta, anglanmagan tarzda deganimiz sho‘ro ta’sirida shakllangan, uni bashariyat tarixidagi eng adolatli tuzum deya inonib yashayotgan avlodga mansub o‘quvchi(tomoshabin)ga taalluqli. Ertami-kech uning-da hayotiy tajribasi ortib, voqelikni o‘zgacha mushohada qila boshlar — bunda «Muqanna»ning hissasi, shubhasiz, bo‘ladi. Shu o‘rinda Cho‘lpon «Kecha va kunduz»ga epigraf qilib olgan M.Gorkiy so‘zlarini eslatgim keladi: «Ma’rifat chog‘ishtirib ko‘rish bilan hosil bo‘ladi, bizning yoshlar esa o‘z ko‘rganlarini hech nima bilan chog‘ishtirolmaydilar, ular kechmishni bilmaydilar va shuning uchun hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglayolmaydilar». O’ylashimizcha, «Muqanna»ga qo‘l urgan H.Olimjonning ijodiy niyati romanga qo‘l urgan Cho‘lpon ijodiy niyatiga monand edi. Ya’ni, o‘zi kechmishni bilish orqali zamonasi mohiyatini «etarli darajada ochiq anglagan» H.Olimjon o‘tmishni gavdalantirish vositasida o‘quvchiga (xususan, yoshlarga) «chog‘ishtirish orqali ma’rifat hosil qilish», «hozirgi zamonning nimaligini» anglash imkonini yaratadi.
«Muqanna»ning ikkinchi ko‘rinishi bugungi o‘quvchiga birmuncha erish tuyulsa, undan daxriylik nafasini sezib o‘ng‘aysizlansa, ehtimol. Biroq biz masalaning bu jihatini bir yon qo‘yib, undagi sahnalarga badiiy obraz — muallifning voqelikni anglash va anglatish vositasi sifatidagina qaramoqchimiz. Mahalliy zodagon Fero‘z tomonidan qurdirilgan masjidning ochilish marosimida arab ruhoniysi Jaloyir Otashning oilasini, xususan, Guloyinni islomga da’vat qiladi. Guloyin o‘zidan nimaga e’tiqod qilish talab etilayotganini bilgisi, anglagisi keladi. Bunga javoban Jaloyir «Qur’on so‘zin turkcha aytish mumkinmas» deya e’tiroz qilganida, Guloyin aytadiki:
Esa bizni qiynamoqni qilg‘il bas. Tushunmagan yo‘lga bizni boshlaysan, Jabrlaysan, bag‘rimizni yoshlaysan. Qiynash nega odamlarning vijdonin? Daryo-daryo to‘kish nechun el qonin?..
Bu — o‘z ruhiyatiga yot, o‘zi ko‘p-da tushunmagan sho‘ro mafkurasini zug‘um ostida qabul qilayotgan, bu yo‘lda necha minglab qurbonlar bergan xalq vakili, faqat bir tarzda o‘ylashga majburligidan «vijdoni qiynalayotgan» muallif xitobidir aslida... Noiloj qolgan Jaloyir Qur’on so‘zlarini turkcha aytib tushuntirgach, Guloyinda bir qadar ikkilanish ko‘riladi: «Qayga boray, rahbar qilay men kimni?» Qiz «Nima qilay?» deya ota-onasiga murojaat qilganida Otashning bergan javobi diqqatga molik:
Imon keltir, o‘z vijdoning bo‘lsin sof, Xursand bo‘lsin shu Jaloyir noinsof. Imon keltir, ehtiyt bo‘l, sen shoshma, O’zing sevgan hurriyatdan adashma.
Ko‘ramizki, Otash hamon o‘z e’tiqodida sobit, faqat Jaloyirdan qutulish uchungina qizini imon keltirishga undarkan, o‘zi sevgan hurriyatdan adashmasligini so‘raydi. Biroq tashviqotning gipnotik ta’siridagi Guloyinda ikkilanish shu darajadaki, u endi imon keltirish arafasida... Albatta, Jaloyirning ko‘proq Guloyinni tashviq etishi bejiz emas: har qanday mafkura, avvalo, yoshlar ongiyu qalbini egallashga intiladi, bu — uning uchun yashab qolish, yashovchan bo‘lish shartidir. Ayni paytda, shu nuqtada Jaloyir mustamlakachilik siyosatining asosi bo‘lmish «bo‘lib tashla-da hukmronlik qil» aqidasicha ish tutayotgani, avlodlarni mafkuraviy asosda bir-biridan ajratayotgani ham ravshan. Tabiiyki, H.Olimjon bu sahnani yaratishda ham o‘zining hayotiy tajribasiga tayangan, o‘z davri voqeligidan andoza olgan. Zero, millatni «ezuvchi va eziluvchi»larga ajratish hisobiga hokimiyatni qo‘lga olgan sho‘ro bu davrga kelib jamiyatni «bizniki - bizniki emas» tarzidagi toifalarga ajratdi, go‘yo xalqning istiqboldagi saodati deya «yot unsur»larni qirg‘inbarot qildi — haqiqatda esa o‘z mavqeini mustahkamlashga intildi va bunga erishdi. Ish shu darajaga yetdiki, ota bilan bola, aka bilan uka, er bilan xotin boshqa-boshqa jabhalarda turib qoldi. Otalaridan tonganini mitinglarda baralla e’lon qilgan farzandlarni, bir-birini dushman tutgan jigarlarni, g‘oyaviy asosdagina barbod bo‘lgan guldek oilalarni ko‘rgan H.Olimjon bu ayanch hodisaning ildiziga nazar soladi, unda mustamlakachilik siyosatining mash’um maqsadlari yotganiga amin bo‘ladi...
Sho‘ro mafkurasining omma ongiga singishi — anglanganlikdan emas, ko‘proq uni tashuvchilarning mutaassiblarcha e’tiqodi, shu e’tiqodini o‘zgalarga yuqtira olganlarida bo‘lsa, ehtimol. Sirasi, sho‘ro adabiyoti o‘zi durust anglab yetmagan e’tiqodni beadad ishonchi bilangina tashviq etolgan «fanat»larning ko‘plab timsollarini yaratgan: Furmanovning Chapaevi, Sholoxovning Davidovi va ularning o‘zbek, qirg‘iz, qozoq... egizlari. Jaloyir timsolida ham shu nav tashviqotchini ko‘ramiz. Guloyindagi ikkilanishni sezgan Jaloyir tashviqni yanada kuchaytiradi: alloh olamni olti kunda yaratganini yonib bayon qiladi, arablar unga jo‘r bo‘lib quvvatlab turishadi. Tabiiyki, Jaloyirdagi beadad ishonch o‘z ishini qiladi, Guloyin ruhan sinish darajasiga yetadi: «Nima qildim, endi boshim ham qotdi?» Va ayni shu damda sahnaga Muqanna chiqadi, uning:
Tushunmadim, menga anglat ulug‘ zot, U qaysi kun qullikni qildi ijod?-
degan savol bilan yakunlanuvchi o‘tli xitobi yangraydi. Jaloyir — jo‘ngina mutaassib, uning nazdida faqat bitta haq va to‘kis g‘oya mavjud. Bunday odam mafkuraviy bahs yuritishga qodir emas, shu bois ham u Muqanna bilan bahslashmaydi, ovozini o‘chirishga harakat qiladi, xolos. Bizningcha, mazkur epizod ortiga ham zamona soya tashlab turganini sezib olish qiyin emas. Zero, Muqanna singari H,Olimjon ham «hurriyat», «erk», «tenglik», «birodarlik» kabi shiorlarni bayroq qilib ko‘targan sho‘roning amaldagi siyosati mohiyatini anglagach, «U qaysi kun qullikni qildi ijod?» deya qalbida isyon ko‘tarishi, o‘quvchisini-da uyg‘otishga intilishi tabiiy. Muqannaning Jaloyirga aytgan mustamlaka siyosatiga aybnoma sifatida yangrovchi quyidagi so‘zlari ham, bizningcha, bu fikrimizni, quvvatlaydi:
Yuz yillarkim so‘zlaysan loillohdan. Juda oddiy bir narsaga hayronman: Nima uchun yurt chiqmaydi olovdan? Nima uchun el qutulmas talovdan? Nima uchun elni bosgan hasharot? Din, hiroj deb o‘z-o‘ziga qo‘ydi ot? Nega qildi elni buncha gadoy , xor? Nega bo‘ldi hamma senga otboqar? Qiz onadan, xotin erdan ajraldi, Kosib uydan, dehqon yerdan ajraldi? Nima uchun?
Ko‘ramizki, Muqanna arab fotihlari yuritayotgan siyosat bilan islom aqidalari mos emasligini, Alloh nomi bilan qilinayotgan ishlar aksar uning buyurganlariga zidligini ta’kidlaydi. Umid qilamizki, zukko o‘quvchi «nima uchun» bilan boshlanuvchi har bir satr ortida akslanuvchi muallif zamonasi, unga yaqin o‘tmishni sharhsiz ham fahmlab oladi. Boz ustiga, ushbu satrlarni o‘qiganda u beixtiyor Cho‘lponning mashhur «Buzilgan o‘lkaga» she’rini eslaydi, uning dardiyu ohangini his qiladi. Tabiiy bir savol tug‘iladi: xo‘sh, nima uchun H.Olimjon — yaqindagina «adabiyotimizdagi millatchilik ko‘rinishlari»ga qarshi kurashgan, «Buzilgan o‘lkaga»ga qarshi o‘laroq «Tuzalgan o‘lkaga»ni yozgan avlod vakili — «Muqanna»da Cho‘lpon ohanglarini tikladi? Tasodifmi, milliy-adabiy an’analarning g‘ayrishuuriy ta’sirimi? Bizningcha, bugina emas. Modomiki, H.Olimjon «Muqanna»ni yaratish onlarida Cho‘lponga ruhan yaqinligini yashirmay ifoda etibdi, demak, bundan aniq bir maqsadni ko‘zlagan — o‘quvchisini-da shu ruhga oshno etishni niyat qilgan...
Xalqining, shu xalq vakili sifatida o‘zining qulligini anglagan inson vujudida milliy g‘urur junbushga kelishi, qalbida alamli iztirob qo‘zg‘ashi tabiiy. Bunaqa paytda kishi mustamlakachilarning, mustamlakachi xalq vakillarining o‘z xalqiga, o‘ziga qanday munosabatda ekanini mushohada etishga moyil bo‘ladi va, aytish kerakki, iztiroblari yanada kuchayadi. Cho‘lpon, Fitrat, A.Qodiriy... lar asarlarida kuzatilgan bu nav kayfiyat «Muqanna» ustida ishlayotgan palla H.Olimjonga ham yot emas edi. Muqanna tilidan aytilgan tubandagi so‘zlar, bizningcha, fikrimizni dalillay oladi:
Dushmanlaring, ojiz bo‘lsang sen agar, Mehmon bo‘lib kelib sening uyingga, Ko‘kragingga tepib kirar to‘yingga. Haqoratga ko‘mar seni u toza...
Ravshanki, bu so‘zlar yurtga endi bosib kelishi mumkin bo‘lganlar(deylik, nemis fashistlari) haqida bo‘lolmaydi, ular ko‘proq yurtga rostmana egalik qilib turganlar haqidar. Bu — millatining o‘zligiga tajovuz boshlangani, milliy qadriyatlarining toptalayotganiga amin bo‘lgan muallifning qalb isyoni, «yo‘lini qilib» urgan bongidir. Arab sarkardasi Battolning Guloyinga qarata aytgan «Sen asirsan, qaydan senga baxt bo‘lsin, Shodlikka ham kerak axir — uy, vatan» degan haqoratli ta’nasi (o‘zingda mavjud kamchilikni yuzga solib qilingan haqoratdan og‘irroq haqorat bo‘lishi mumkinmi?!) ham, avvalo, o‘z yurtida sig‘indi, vatanida bevatan bo‘lgan muallifning o‘ziga, yurtdoshlariga qaratilgan. Qurol kuchi bilan o‘zga bir xalqni bo‘ysundirgan Battol «Qilich bilan kirdim men bu tuproqqa, Yana qilich chiqaradi qirg‘oqqa» deya ishonadi, bu ishonch uni havolantirgan, o‘zidan ketkazgan. Shuning natijasi o‘laroq, Battol o‘zini bu o‘lkada istagan narsasini qilishga haqli deb biladi. Yolg‘iz kuchga ishongan, ungagina topingan bu odam, tabiiyki, yurtning asl egalariga bepisand munosabatda bo‘ladi:
Shuni bilki, xalq misoli bir poda, Xohi otda, xohi bo‘lsang piyoda Hayday olish kelsa agar qo‘lingdan Poda yurar sen boshlagan yo‘lingdan...
Albatta, bu haqoratomuz gaplar o‘qilganda va yo sahnadan yangraganda o‘quvchining, tomoshabinning milliy g‘ururiga tegishi, «nahotki poda bo‘lsak?» tarzidagi o‘yga toldirishi tabiiy. Muallifni ham shu o‘y qiynaganki, buning ziddi sifatida «tiz cho‘kib yashagandan tik turib o‘lmoq»ni afzal bilgan qahramonlarni, shu xulosa bo‘rtib turadigan sahnalarni yaratadi. Xususan, Guloyin o‘lar chog‘i «Bir necha kun havas bilan yashadim, Hatto erkin nafas bilan yashadim» derkan, faqat shu erkinlikdagi «bir necha kun»nigina yashash deb biladi. Zero, uning uchun qullikda kechgan umr — hayot emas. So‘zning, san’atning sohir kuchi ta’sirida hayot bilan vidolashayotgan qizning: «Armonim shu: ko‘rolmadim elni shod, Ko‘rolmadim vatanni yovdan ozod» degan armoni o‘quvchiga, tomoshabinga meros bo‘lib qoladi...
Yuqorida aytganimizdek, «Muqanna»da bevosita o‘zi yaratilgan payt — urush davrining ijtimoiy-siyosiy holatiga qaratilgan aktual mazmun yuzadayoq qalqib turadi. Bu haqda ko‘p fikr bildirilgani, ikkinchi tomoni, maqsadimizga kirmagani bois bunga to‘xtalmadik. Aksincha, biz uni fikran olib tashlab, asarning chuqurroq qatlamlariga nazar solishga, shu orqali muallifining ijod onlaridagi ruhiyatini tasavvur qilishga, o‘y-fikrlarini uqish, his-tuyg‘ularini ko‘ngildan kechirib ko‘rishga intildik. Ma’lumki, konkret ijodkor tomonidan yaratilgan asarlarning bari bir tekis yaxshi, bari ham san’at hodisasi bo‘lolmaydi. Faqat yaratilishiga shaxsiy yoki rostmana shaxsiylangan ijtimoiy dardning hosilasi bo‘lmish ma’naviy-ruhiy ehtiyoj turtki bo‘lgan, chinakam ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli o‘laroq dunyoga kelgan asarlargina san’at hodisasi sanalishi mumkin. Bunday asarlarning har biri — ijodkorning idealga(Haqqa, haqiqatga) yaqinlashuvidagi tugal bir bosqich. Demakki, «Muqanna»ni yozgan H.Olimjon «Muqanna»gacha bo‘lgan H.Olimjon emas. Zero, o‘tmish orqali zamonasi va zamonasidagi o‘zini anglagan H.Olimjon qarashlarini yangidan tizim sifatida butunlab olgan, endi shunga mos maqom tutishi mumkin bo‘lgan shaxsdir. Ya’ni, endi u «baxt va shodlik kuychisi» bo‘lolmaydi, aksincha, uzoq va o‘ziga yaqin o‘tmishdan kelayotgan erk kuyiga qo‘shilib hirgoyi qilishi tabiiyroq. «Muqanna» bilan H.Olimjon millatning asl farzandlari kuylagan erk kuyiga jo‘r bo‘la oldiki, to‘la asos bilan «Men elimning yuragida yashayman, Erk deganning tilagida yashayman» deyishga haqli edi.
Dilmurod Quronov