«Kunduzsiz kechalar» haqida

Dilmurod Quronov

Nasib qilgan ekan, «Kunduzsiz kechalar»ning hozirgi Milliy akademik teatrdagi premerasida bo‘lgandim. Mamlakat bo‘ylab Cho‘lpon tavalludining 100 yilligi tantanalari keng nishonlanayotgan palla, shu ruh ta’siridami yo qariyb o‘n yillardan beri Cho‘lpon ijodi bilan shug‘ullanib yurganim uchunmi, o‘shanda spektakl menda juda chuqur taassurot qoldirgandi. Albatta, bayramona ruh ta’sirida ayrim nuqsonlarni nazardan qochirgan bo‘lishim ham ehtimol. Faqat shundan beri ich-ichimda o‘sha taassurotim bayram ruhi yo ilmiy izlanishlarim mavzusi bilangina bog‘liq emasligini mudom his etib kelaman. Sirasi, hozir asarni atroflicha tahlil qilish niyatim ham yo‘q, bu – dramashunoslaru teatrshunoslar haqi, muddaom o‘sha taassurot omillarini o‘zim uchun aniqlab olish, xolos. Shubha yo‘qki, taassurotimda bayramona ruhning, shu ruhga yo‘g‘rilgan ijroning ta’siri, albatta, bo‘lgan. Yana shuki, spektakl – jamoaviy asar, demak, u qoldirgan taassurotda rejissyordan tortib grimyorgacha – ko‘pchilikning ulushi bor. Buni ham yaxshi tushunaman. Shunga qaramay, o‘z ko‘mochiga kul tortayotganlikka yo‘ymang-u, spektaklning muvaffaqiyati, birinchi galda, uning asosi – so‘z san’atining vakili bo‘lmish dramaga bog‘liq deb bilaman…

***

… ehtimol, she’riyatda nom qozonib, unda yuksak va mustahkam mavqeni egallab ulgurgan shoirning dramaga qo‘l urishi kim uchundir kutilmagan hol bo‘lgandir, biroq kaminaga aslo bunday tuyulmagandi o‘shanda. Zero, shoir teatr san’atiga ayricha muhabbati borligini, esingizda bo‘lsa kerak, “Teatr” turkumidayoq izhor qilib qo‘ygan. Boz ustiga, uning o‘nlab she’rlarida dramatik unsurlar salmoqli, ularda mo‘‘jazgina dramatik holatning jonli va xuddi dramadagi kabi go‘yo betaraf tasviri lirik kechinmani ifodalash vositasiga aylanadi. Yana bir tomoni, baxshiyona yo‘lidagi she’rlarida ham dramaga yaqinlik bor: ular sahna asarini eslatadi, tasavvurimizdagi sahnada jonlanadi go‘yo… Ya’niki, teatrga allaqachonlar ishqi tushgan shoirning... muhimi, bu ishq ilk sevgi maqomida – mudom sog‘intiradi va shu bois she’rlarida bot-bot bo‘y ko‘rsatib turadi. Xullas, “Kunduzsiz kechalar” – shu muhabbatning ilk mevasi, olgan taassurotimning kuchliligi, bir tomoni, shundan bo‘lsa, ehtimol…

***

… Cho‘lponning “chechaklar ungusi ko‘z yoshlarimdan” degan bashorati o‘tgan asrning 70-yillari o‘rtalaridan haqiqatga do‘na boshladi: she’riyat maydoniga shu davrda qadam qo‘ygan avlod ijodida istiqlol sog‘inchi qayta nish urdi, avjga kirdi, keyinroq barq urib yashnay boshladi. Shu ma’noda, U.Azim mansub shoirlar avlodi – jadid ijodkorlar an’analarining bevosita davomchilari, adabiyotimizdagi milliy uyg‘onishning chin ma’noda ikkinchi to‘lqinidir. Zero, ular Cho‘lpon she’rlarini yashiriqcha yutoqib-yutoqib o‘qigan, uning dardi bilan og‘rigan – shoirni o‘ziga ma’naviy pir bilganlar. Aytadilarki, pir va murid orasida ma’naviy birlik bo‘ladi: dramada Cho‘lponning o‘ziga xos va teran badiiy idrok etilgani shundan, kuchli taassurotning asosiy omili ham shu bo‘lsa, ehtimol…

***

Drama voqealari shunday boshlanadi: “Cho‘lponning mo‘‘jazgina hovlisi – bog‘i. Cho‘lpon va do‘stlari suhbatga yig‘ilganlar. Ulfatlarning oshga tayyorgarlikda ekanligi sezilib turibdi”. Dilkash suhbat avjida ekanida “hayajonlangan holda Oybek kirib keladi”, qo‘lida gazeta, unda Cho‘lponga qarshi maqola e’lon qilingan. Oybekdan ovoz chiqarib o‘qishni so‘raydilar, hassos shoir o‘qiyolmaydi – Sezgir o‘qiydi: “Cho‘lpon yo‘qsil xalq shoiri emas. U – millatchi, vatanparast, badbin ziyolilar shoiri… U yo‘qsillar dunyosining… (tutilib, qiynalib) dushmani…” Sezgirning so‘nggi jumlani bo‘lib, tutilib, qiynalib o‘qishi bejiz emas, shundan keyingi “soqov sahna” buning sababini oydinlashtirish bilan birga, o‘zida davr ruhini aks ettiradi: “Hamma qotib qolgan. Shogirdlar o‘rnidan turadilar. Ko‘zoynak ushlab turgan daraxt novdasi qarsillab sinadi. Mashshoqning qo‘li tegib, suyab qo‘yilgan doyra taraqlab ketadi. Har bir tovushdan davradagilar seskanib ketadilar”.

Muallif o‘zi tasvirlayotgan davr ruhini chuqur his qiladi, shu bois ham 20-30-yillar ruhini, zamona kishilarining ma’naviy-ruhiy qiyofasini ochib berishga erishadi. Shu jihatdan dramatik holatning “soqov sahna”dan keyingi rivoji g‘oyat xarakterli:

“Cho‘lpon (hech narsa bo‘lmaganday). Qorin ham och qoldi. Oshni suzdiray… (Chiqib ketadi).

Hamma uyatlig‘ bir ish qilganday ko‘zini yashirgan asno qoladi”.

Holat shundayki, davradagilarning hech biri hali uyatli ish qilganicha yo‘q, lekin deyarli hammasi “uyatlig‘ bir ish” bo‘lishi muqarrarligini his qilib turibdi. Muhimi, o‘zini “hech narsa bo‘lmaganday” tutgani holda, Cho‘lpon ham vaziyat nechog‘li qaltisligiyu “uyatlig‘ bir ish” bo‘lishi muqarrarligini biladi: “oshni suzdirish” bahona do‘stlarining shu ishni qilishlarini yengillatmoq maqsadida chiqib ketadi – muallif his etolgan, sahnadagilarning bari birdek anglab turgan fojeaviylik shunda. Ayni shu narsa holatning keyingi rivojini mantiqan asoslaydi:

“SYeZGIR. Uzr, o‘rtoqlar, meni boradigan joyim bor (dovdiragan holda chiqib ketadi).

KO’ZOYNAK (soatiga qarab). Ie, meni ham majlisim bor edi-ku! (Dadil yurib, chiqib ketadi)

Qolganlar ham bir-birlarining yuzlariga qaramasdan tarqala boshlaydilar. Faqat Oybek qoladi…”

E’tibor qiling-a, ayni damda “uyatli bir ish” qilishga majburlik davradagilarning barini o‘rtaydi, hammalari bir-biridan hijolat: “bir-birlarining yuziga qaramaslikka” tirishadi. Lekin, nachora, ziyoli ham odam-da, jon deganlari shirin-da, axir! Xafa bo‘lmasinlar-u, ziyoli qavmiga xos amal budir: do‘ppi tor kelganida, noma’qulni qilmaslik emas, o‘ziga gard qo‘ndirmay qilish haqida ko‘proq qayg‘uriladi. E-voh, tabiatan ijtimoiy maxluq bo‘lgani bilan kulfat qarshisida inson hamisha yolg‘iz – chekiga tushganni chiyillamay tortishga mahkum. Bu – ayon haqiqat, lekin xayol, orzu degan narsalar ham bor-ku, axir! Fojia ham shunda-da: odam bolasini hur va mukammal ko‘rishni orzulagani holda Cho‘lpon mavjud holatni boricha qabul qilishga, uni tushunishga majbur. Ayni shu majburlik shoirni ezg‘ilaydi, ko‘ngli esa bunga ko‘nmaydi, ko‘nolmaydi:

“Cho‘lpon qo‘lida lagan bilan kirib keladi. Kimsasiz davraga qarab bir lahza to‘xtaydi. So‘ng hech narsa bo‘lmaganday laganni dasturxonga qo‘yadi.

ChO’LPON. (go‘yo davrani to‘ldirib o‘tirgan do‘stlariga qarab) Uzr, do‘stlar, sizlarni kuttirib qo‘ydim. Qani, oshga qaranglar! Marhamat!..”

Qarang: Cho‘lpon hanuz orzularidan kechmagan, ilgariroq “Xayol...xayol... yolgiz xayol go‘zaldir, Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqaman...” deganidek, hozir ham xayolot olamiga qochib qutuldi. Biroq inson xayolot olamida muqim qololmaydi, bandai ojiz yerning tortish kuchiga qandog‘am bas kelsin, – mavjud voqelikka qaytishi muqarrar:

“Palovdan bir osham oladiyu bir lahza nima qilishini bilmay turib qoladi. Qo‘lidagi palovni yana laganga qo‘yadiyu sochiqqa artgan bo‘ladi...”

Cho‘lponning ayni damdagi ahvol ruhiyasini his qila olasizmi? Yerga sig‘mayotganidi, sig‘dirishmayotgandi sho‘rlikni, endi ko‘kidan-da ayrilganida holi ne kechmoqdaykin? Shoir qavmining azaliy qismati shu – Ideal xayoli bilan voqelikda yashamoq; shu ikkisining nomuvofiqligidan Dard tug‘iladi, uning yolg‘iz davosi – voqelikni Idealga muvofiq, ya’ni jamiyatni mukammal, insonni komil ko‘rish umidi. Nachoraki, umidning manbai ham, kushandasi ham voqelik, ya’ni shoir birgina umrida ko‘p bor o‘lishga mahkum:

“SOLIHA (hayron qolib). Mehmonlar qani?

ChO’LPON. Azaga ketishdi...

SOLIHA. Qanaqa aza? Kim vafot etdi?

ChO’LPON (u o‘rnidan turib ketadi. Borib chorpoyada yotgan gazetani

oladi-da, uloqtiradi). Bir shoir vafot etdi, Soliha, bir shoir...”

Shoirning qotili – Xiyonat, shoirlarni aksar xiyonat o‘ldiradi. Faqat, xiyonatning yarog‘ tutarga qo‘li yo‘q, qatlni u shoir komil ko‘rmoq istagan odamlar qo‘li bilan amallaydi. Chinakam shoirki bo‘lsa, bundayin qismatdan qochib qutulolmaydi: yuragida u yoki bu libosdagi Xiyonat qoldirgan jarohat izlari bor. Shu jihatdan muallif – qahramoniga qismatdoshu qavmdosh, ya’ni Cho‘lpon obrazini yaratarda uning yuragidagi chandiqlar ochilib, yangilangan yaralar og‘rig‘i bilan yozganki, mutolaa chog‘i o‘quvchi, spektakl chog‘i tomoshabin o‘sha og‘riqlarni o‘z yuragida his etadi...

***

... Cho‘lponni anglash asnosi muallif ko‘p martalab Hamletni eslagan, shuurida goh anglangan, goh anglanmagan tarzda Hamlet jonlanavergan bo‘lsa, ehtimol. Bu bejiz emas. Avvalo, shoir sifatida salafining 30-yillarda “Hamlet” tarjimasiga qo‘l urishi milliy teatrimiz ehtiyojlarini qondirish uchungina bo‘lmaganini chuqur his qiladi. Shu bois ham U.Azim talqinidagi Cho‘lpon hayotidagi eng qaltis vaziyatda o‘z tarjimasidagi Hamlet monologini eslaydi: “Yo o‘lish, yo qolish – gap shunda! Ajabo, qaysi biri sharafli va olijanob: dilozor falakning zarbalariga chidashmi yoki balolar dengiziga qarshi bel bog‘lab, ularga qarshi qo‘zg‘olib, ularni barham berishmi? O’lim – bir uyqu, xolos...” Dramadagi Cho‘lpon nafaqat ruhiy jihatlari, ayrim xatti-harakatlari bilan ham Hamletni yodga soladi: yuqorida ko‘rganimiz o‘zini atayin voqelikdan tamom uzilgan devonadek tutishi... “Yozamanu yoqaman” deya o‘tirishlari... Oybekning “qo‘lyozmalar yonmas emish” deganiga javoban “bu gaplar bir tasalli uchun aytilgan-da” deya tan olinishi o‘zi uchun-da og‘ir shafqatsiz haqiqatni ta’kidlashi... “Yaxshi kunlar qachon keladi, kim biladi! Yovuzlik esa boshimizga egilgan. Qo‘li bo‘g‘zimizda, ko‘zi har bir harakatimizni kuzatib turibdi...” deyishlari... suyuklisi Solihani o‘zidan uzoqlatishi... – bular bari Shekspirning o‘lmas asariga hamohang. Axir, ikkinchi tomoni, U.Azimning shaxs va ijodkor sifatida shakllanishi “hamletchilik” urf bo‘lgan davrga to‘g‘ri kelmaganmi?! Ha-da, bu davrning qanoti qirqib qo‘yilgani holda nigohi yuksaklarga termulgan ijodkor ziyolisi o‘zini Hamletga darddosh sezgan, “Doniyo – zindon...” kalimasini majoziy anglagan va tez-tez “yozamanu yoqaman...” kayfiyatiga tushib turgan bo‘lsa, hech ajablanarli joyi yo‘q. Shunday ekan, dramani yozish asnosi muallif o‘z vujudida his qilganlaridan sahnada Hamlet bo‘lib yashab ko‘rgan va hayotda ham hamletona umr kechirgan boysunlik ulug‘ adibga, undan esa qahramoniga o‘tgan – milliy ziyolilarning ma’naviy-ruhiy birligini ich-ichidan his qilgan... qaysiki, afsus, gohi unutib qo‘yadiganimiz ma’naviy-ruhiy birlikni his qilgan, his qildirolgan.

***

... ilgari ham boshqa bir munosabat bilan aytgandim: U.Azim mansub adabiy avlod inson qadrini, uning ijtimoiy maqomiyu qarashlaridan qat’i nazar, juda yuksak qo‘ydi. Zero, bu avlod* nigohini “kommunistik kengliklar”dan uzib, xalqning kundalik hayoti tomon burdi va daf’atan his etdiki, o‘zini sog‘intirgan Erk, Hurlik, Tenglik kabi ezguliklar faqat sotsializm g‘oyasi bilangina bog‘liq emas, aslida, milliy va diniy qadriyatlarimiz azaldan shu tushunchalar asosida turar ekan. Axir, shuni his etib turgan ko‘ngillarga Cho‘lponning “Sen-da odam, sen-da insonsan, Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsan!” tarzidagi o‘tli misralari chippa yopishmasligi mumkinmi?! Agarki inson hur tug‘ilgan va insonlar orasida teng ekan, uni sho‘rochasiga ma’lum g‘oya mavqeidan turib tasdiqlash yo inkor qilish g‘irt bema’nilik bo‘lmaydimi?! Shu tariqa bu avlod insonning hakamligi hech ekanini, oldinda Oliy Hakam – mayli, uni goh vaqt, goh vijdon, goh avlodlar, goh yana boshqa narsa bilan bog‘lagan bo‘lsin – borligini tobora teran his eta bordi, tarixan olislarga ketgan ildizlardan oziqlanib, shu e’tiqodida sobitlashdi – insonni tushunishni ijodining asosiy tamoyiliga aylantirdi. U.Azim talqinida Cho‘lpon xuddi shunday e’tiqod kishisi sifatida gavdalanadiki, buning asosi muallif bilan qahramon orasidagi ma’naviy-ruhiy va e’tiqodiy yaqinlikdir.

Yuqorida ko‘rdikki, Cho‘lpon xiyonatkor do‘stlarning-da andishasini qiladi, behijolat yo‘l tanlashlariga imkon beradi: ularning ayrimlari o‘z tinchini o‘ylab tomoshabin maqomiga o‘tsa, boshqalari oshkor dushmanlik yo‘lini tutadi. Dushmanlik yo‘liga o‘tganlardan biri – Sezgir uzrxohlik qilib kelgan sahnani eslaylik:

“SYeZGIR. Abdulhamid! Jon birodarim!

ChO’LPON. Nega kelding?! Qayt! Sen yuzi qaro odamsan!

SYeZGIR. Mayli! Mayli! Bemalol meni so‘k! Mana, yuzimni tutib turaman! Bemalol shapaloq tort! Menga bo‘lgan nafrating so‘ngancha uraver! Xohlasang, yotqizib tepkila! (Tiz cho‘kib). Faqat meni kechir! Eski do‘stligimiz hurmati!..

ChO’LPON (birdan o‘zgarib). Senga nima bo‘ldi?! Tur o‘rningdan, tiz cho‘kma! Meni noqulay ahvolga solyapsan? Tur! Duppa-durust odam eding, seni nega xudo urdi?!”

Qarang: inson qadrini baland tutuvchi Cho‘lpon dushmani tiz cho‘kishi bilanoq o‘zgardi, zero, buni insonlik sha’niga nomunosib ko‘radi. Albatta, u xoinni yoqlamaydi, uni “yuzi qaro” deb biladi, lekin kechirishga tayyor: “Nega kechirmay, birodarim! Bu dunyo maromida oqayotgan bo‘lsa ekan, sendan maromni buzding deb o‘pkalasam!.. Faqat dunyo me’yoriga qarab ish ko‘rayotgan jamiyatda me’yordagi odamlar yashaydilar! Bu qotil jamiyatda esa hech kimni ayblab bo‘lmaydi!” Cho‘lpon chinakam faylasuflarga xos fikrlaydi, mohiyatga nazar soladi va shu bois ham illatning ildizini ko‘radi, ko‘rsatadi. Muhimi, Cho‘lponning kechirishi “odamning yuzi issiq” degan andishadan emas, balki mustahkam e’tiqodidan kelib chiqadi. Ayni shunda uning kuchli shaxsligi namoyon bo‘ladiki, buning yaqqol belgisi ojizlarga shafqatdir. Mabodo shunday bo‘lmaganida, Cho‘lpon oddiy kaslar qatori ojizdan alamini olib, xumordan chiqish payida bo‘lur edi. Yo‘q, dramadagi Cho‘lpon kuchli shaxs, buni unga dushmanlik qilgan Sezgir ham e’tirof etadi: “Cho‘lpon! Sen kuchli odamsan! Xudo bergan zotsan!”

Chinakam kuchli shaxs sifatida Cho‘lpon Sezgir o‘z ojizligi orqasida chekayotgan iztiroblarni his qiladi, unga ich-ichidan achinadi. Ayni choqda, u bunaqa achinish uyg‘otadigan holatga tushish ham insonlikka zid deb biladi, shu sababli Oybekka aytadiki: “Hozir aytadigan gaplarimni yaxshilab eslab ol... Mabodo bir kun bu voqealar haqida yozsang bu odamning bugungi holatini eslama! Uyat bo‘ladi!” Cho‘lponning bu gapidan kelajak oldida mas’ullik seziladi. Muhimi, u o‘zidan mas’ullikni aslo soqit qilmaydi, qaysidir darajada “uyat bo‘ladi”gan ishga o‘zi ham aloqadorligini mardona tan oladi: “Hammamizning ham boshimizga ozmi-ko‘pmi o‘shaning ahvoli tushib turibdi. Ana, men yozganlarimni yoqib o‘tiribman. Axir, gunohi bor! Bilsang, eng ulug‘ ijodkor parvardigordir! Haqiqatni qumsab yozilgan har bir so‘z adibning ko‘ngliga bekor tushmaydi! Adib o‘z so‘zini sovurishi esa ijodkorlikni, demakki, tangrining ravishini rad etishdir...” Nazarimda, shu dialogning davomida muallifning drama imkonlaridan foydalanish mahorati yaqqol ko‘zga tashlanadi. Gap shundaki, yozganlarini yoqib o‘tirganini Cho‘lpon “uyatli ish”ning bir ko‘rinishi hisoblaydi, suhbatdoshi Oybekning esa bu masalada fikri o‘zgacha:

“OYBYeK. Yolg‘on so‘zdan yongan so‘z avlodir.

ChO’LPON. Nima?! Takrorla!..

OYBYeK. “Yolg‘on so‘zdan yongan so‘z ma’qul” dedim.

ChO’LPON. Yolg‘on so‘zdan yongan so‘z ma’qul!”

Mazkur replikalardan keyinoq muallif remarkasi berilgan: “Ko‘rinmas odam yaqinroq kelib, eshitmoqchi bo‘ladi. Xazonlar shitirlaydi” Ya’ni, remarka suhbat bo‘linib qolganini anglatadi: Cho‘lpon Oybekning gapini takrorlaydi, xolos, unga munosabat bildirmaydi. Bu esa personajlar holati va suhbat mazmun-mohiyatini turlicha tushunish imkonini yaratadi. Sirtdan qaralsa, Cho‘lpon hamsuhbatini ma’qullayotgandek ko‘rinar va bu, qisman, to‘g‘ri ham. Negaki, Cho‘lpon yolg‘on so‘zlarni yoqayotgani yo‘q, buni Oybek ham yaxshi biladi – aytgan gapi taskin uchun, xolos. Ya’ni, garchi Oybekning gapini takrorlayotgan bo‘lsa-da, Cho‘lpon taskin topgani yo‘q, u hamon yozganlarini yoqishning “gunohi bor” degan fikrda qolgan va ayni shu narsa uni iztirobga soladi...

***

... drama muallifi Sezgir fojiasini mohirona ochib berarkan, bir inson sifatida unga dildan achinayotgani sezilib turadi. Sezgir qilayotgan ishi nafratga loyiq ekanini biladi, “bular asta-asta sha’nimni, or-nomusimni, Vatanga mehrimni sug‘urib oldilar” deya o‘rtanadi. Undagi qo‘rquv shu darajadaki, mezbonga mehmoni Oybek “xudo haqi ketsin!” deya o‘tinadi, “bir kunmas bir kun so‘roq qilishsa, bu yigitni “Cho‘lponning hovlisida ko‘rgan edim” deb sotib qo‘yish”i mumkinligidan qo‘rqadi. Qo‘rquv inon-ixtiyorini olib qo‘ygan, sho‘rlikning. Shu bois qilmishlari uchun o‘zini “men odam emasman! Pastman! Yetti qavat yerga kirib ketganman!” desa-da, “endi nima talab qilishsa, shuni yozib berish” bilan mashg‘ul. Sezgir vijdoni qistovga olgan palla Cho‘lpon bilan Oybeka yuragidagi dard-alamlarni to‘kib soldi, lekin unda bir o‘zgarish bo‘lishiga umid yo‘q. Chunki, o‘zi e’tirof etayotganidek, odamlik sifatini yo‘qotgan, undagi vijdon qiynog‘i esa o‘tkinchi:

“SYeZGIR. (chiqa turib qaytadi). Boshim aynigan! Boshim tamom aynigan! (Ho‘ngrab yig‘laydi.) Sizlarga nimalar deb laqilladim?.. Hech kimga aytmanglar! Bola-chaqam bor! Kechagina qizli bo‘ldim! Aytmanglar! Aytmanglar...”

Ha, muallif inson sifatida unga achinadi, shu achinish vositasida insonni shu ko‘yga solgan tuzumga nafratini ifodalab, o‘quvchida ham shu hisni qo‘zg‘aydi. Biroq bu o‘rinda achinish muallifgagina fazilat bo‘lib yozilishi mumkin, shunday munosabatga loyiq bo‘lib qolishdan har bandani xudoning o‘zi asrasin! Fikrimcha, dramani mutolaa qilish chog‘i o‘quvchi, spektakl davomida tomoshabin ko‘ngliga shu o‘y kelishi muqarrarki, bu badiiyat hodisasi amalga oshganidan dalolatdir. Drama badiiyatiga oshno bo‘lolgan kishi shu sahnani o‘qib “Alhazar!” deya yoqa ushlaydi, Cho‘lpon Sezgirga qarata aytgan gaplarni o‘ziga dasturulamal qilishga chog‘lanadi: “Men odamman deb o‘yla! “Men odamman” deb ichingda takrorlayver!”

***

... yubiley deganlari ko‘p yaxshi narsa. Lekin yozganlarim yubileybop gaplar deb tushunilmasa yaxshi edi. To‘g‘ri, yubiley bahona o‘n ikki yil narida olgan taassurotni tiklashga uringanim bor gap. Zero, o‘shanda tuyqus yombi olmos topgandek edim... Yubileylar bor bo‘lsin, bugun oltmishvoylar safiga qo‘shilgan Usmon Azim olmosga yana sayqal bersinu Cho‘lpon tavalludining navbatdagi katta to‘ylarida uning jilolaridan bahramand bo‘lish sizu bizga nasib etsin.

D.Quronov

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz