"Fusuli arbaa" qasidalar majmuasida badiiy sintez masalasi

Sadullo Quronov,Dilnavoz Yusupova

San’at turlari o‘zining ifoda xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan farqlanadi. Rassomchilik, haykaltaroshlik, me’morchilik kabi san’at turlarida tasviriylik yetakchilik qilsa, badiiy adabiyot, musiqa, raqsda ifodaviylikning ustuvor ekanligini ko‘ramiz. Lekin shu bilan birga muayyan san’at asari o‘zida bir qancha san’atlarga xos xususiyatlarni umumlashtirishi ham mumkin. Ya’ni bir san’at asarida ifodaviylik va tasviriylikning uyg‘un holda qo‘llanilganligini kuzatish mumkin bo‘ladi. Rus adabiyotshunosi K.Pigarev o‘zining “Russkaya literatura i izobrazitelnoe isskustvo” asarida “Hozirgi kun adabiyotshunosligi va san’atshunosligi oldida turgan eng muhim masalalardan biri bu san’atdagi sintez masalasini o‘rganishdir” deb yozadi va bu jarayonda san’atning badiiy adabiyot, kino, teatr va musiqa kabi turlari tasviriy san’at, haykaltaroshlik va me’morchilik bilan bog‘liq holda o‘rganilishi zarurligini ta’kidlaydi.

Mumtoz adabiyotimiz namunalarini kuzatarkan ekanmiz, ularda inson tasviridagi ayrim detallar (ko‘z, qosh, lab, soch va h.k.)ning alohida ajratilib ta’riflanganligini ko‘ramiz. Tasviriy san’atning mumtoz namunasi bo‘lgan miniatyuralarda ham inson va tabiat tasviri real tarzda emas, balki o‘ta shartli tarzda talqin qilinganligini ko‘rish mumkin bo‘ladi.

Albatta, klassitsizm san’atidan realizmga xos xususiyatlar izlash, bir qarashda g‘ayritabiiyday tuyuladi. Lekin har bir davrning o‘z estetik ideali bo‘lgani holda, etetik nigohi ham bo‘lishini unutmaslik lozim. Chunki ijodkor olamni ayni shu “nigoh”dan kelib chiqqan holda ko‘radi, tasvirlaydi. Inson olam haqidagi asosiy axborotni ko‘z vositasida qabul qilarkan, ijodkor qaysi davrda bo‘lmasin badiiy ifodada olamga muayyan darajadagi ob’ektiv munosabatini zuhur etadi. Shunday ekan, chinakam san’atkor o‘quvchiga ob’ektiv munosabat asosida ta’sir o‘tkazish tamoyillarini hech qachon unutmaydi.

Alisher Navoiy asarlari bilan tanishar ekanmiz, shoir ijodida ana shu nigohga monand ob’ektiv tasvirlarning mavjudligini ko‘ramiz. Uning shunday asarlaridan biri forsiy tilda bitilgan “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasidir. Majmua to‘rt qism (qasida)dan iborat bo‘lib, yil fasllarining go‘zal manzarasi tasviriga bag‘ishlangan. “Shoir har bir faslning o‘ziga xos manzarasi, jozibasi va hatto rutubatini ham yuksak poetik talant, samimiy shavq bilan chizadi. Nozik kuzatuvchanlik, chuqur mulohazakorlik, kuchli poetik assotsiatsiya qudratiga ega bo‘lgan shoirning quyuq emotsional tasviri natijasida har bir faslning yorqin realistik kartinasi o‘quvchi ko‘z oldida jonli manzara sifatida butun nozik detallari bilan namoyon bo‘ladi”.

Majmuaning birinchi qasidasi “Saraton”da tabiatdagi jazirama manzarasi shunday tasvirlanadi:

Gulrez, nigar, har taraf az xatti shu’oash,
Otashbozy karda hama siratu sonro.

(Mazmuni: Quyoshning shu’lali chiziqlaridan har tomon sochilgan anvoyi “gullar”ni qara – go‘yo hamma narsani o‘t bilan o‘ynayotgandek ko‘rinadi).

Shoir o‘quvchiga manzarani tavsiflab bermaydi, balki uning nigohlarini bevosita o‘zi ilgari ko‘rgan manzara tomon yo‘naltiradi. Bunda shoir o‘quvchiga o‘z his-tuyg‘ulari vositasida emas, tabiatni badiiy tasvirlash asosida ta’sir o‘tkazishni maqsad qiladi:

Anjum qataroti qalay omada har so‘,
Dar tosi falak tofta az xur zavbonro

(Mazmuni:

Yulduzlar har tomonda qalay tomchilari kabi ko‘rinadi –falak gumbazida quyoshdan erigan narsalar cho‘g‘langan kabi).

Albatta, bu fototasvir emas, ijodkor qalbida qayta ishlangan, u ko‘rgan tasvir. Shu bois o‘quvchi ham endi tabiatga shoirning ko‘zlari bilan qaraydi. U ko‘rayotgan manzara real olamga monand, ammo asliyatidan ko‘ra go‘zal va maftunkor.

Majmuadan yana “Bahor”, “Kuz”, “Qish” kabi qasidalar ham o‘rin olgan bo‘lib, har bir qasida fasl manzaralarini tasvirlash va shuning bilan Sulton Husayn Boyqaro siymosiga ta’rif berish asosiga quriladi. Navoiy tabiat manzarasini chizarkan, bunda tavsifiylik ustuvor bo‘lgan baytlarning salmog‘i birmuncha ko‘proq:

Ba sho‘xoni shajar bingar, ki az bemorii mufrit,
Ayon gardand har so‘ za’faroni rangi bo‘stonro.

(Mazmuni:

Daraxt sho‘xlari (shoxlari)ga qara, haddan ziyod xastalikdan, qaysi tarafga qarama, hamma yoqdan daraxtzorning za’faron (sariq) rangi ko‘zga tashlanadi.

Bu manzara ifodasida detalizatsiya asosidagi tasvirni kuzatmaymiz. Shoir tabiatni tasvirlamaydi, balki ta’riflab beradi. Bu lirikaning asl xususiyatlariga xos jihat. Ammo quyidagi bandda shoirning tabiatni chin musavvirona ifoda etishga bo‘lgan harakatini, lirikaning rangtasvir san’ati imkoniyatlari bilan boyitilganini va bu ikki san’atning o‘zaro sintezini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi:

Ba jo‘i ob chun gul xo‘rad on zardy bubin yo xud,
Falak dar ob afkandast aksi bargi ag‘sonro.

(Mazmuni:

Ariq suvini ko‘rgil, gul yutganidan sariqligi kuchayadi, 
yo falak  xazon bo‘lgan shoxlar bargining aksini solganmi?

Navoiy ushbu misralarda she’riyatdagi tajohuli orif (bilib bilmaslikka olish) san’atini qo‘llamoqda. Shoir aslida sariq libosga burkangan dov-darxtlarning suvga rang berganligini, unda daraxt ko‘rinishi akslanganini yaxshi biladi. Shuning barobarida o‘quvchiga “kartina”ni bir vaqtning o‘zida bir necha xil “ko‘rish” imkoniyatini beradi: Musaffo osmon. Kichik bir ko‘l. Undagi suv tip-tiniq. Suvning tubi va yuzasidagi sariq hazon (“gul”) yaqqol ko‘rinib turibdi. Atrofdagi daraxtlar sap-sariq tusga kirgan. Go‘yo yeru osmon sariq libosda…

Majmuadagi “Bahor” qasidasi bahorga xos tabiat manzaralarining maftunkor tasviri bilan ajralib turadi:

Dahoni g‘uncharo dandonu toji lolaro zevar,
Chu meyobad az-on durposh sozand abri naysonro.

(Mazmuni:

G’unchaning og‘zi tish bilan, lola esa toj bilan go‘zal, 
ular bunga erishgach, bahor bulutlardan dur yog‘diradi) . 

Ko‘z oldingizda bahorga xos asosiy unsurlar: g‘uncha, lola, bulut, yomg‘ir o‘ziga xos qiyofada gavdalanadi. Va yeru osmonni qamrab oluvchi bu unsurlar vositasida siz butun bahoriy manzarani ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi.

Majmuaning butun tarovatini ko‘rsatib beruvchi “Qish” qasidasi boshqalaridan tasviriy qismlarning ko‘pligi va yanada hayratlanarliligi bilan ajralib turadi:

Namuna bahri mushamma’ namud qavsi quzah,
Payi lifofai xirgohi osmon zi sahob.

(Mazmuni:

	Falakda ko‘ringan kamalak har qanday soyabonga 
o‘rnak bo‘ladi, osmon chodiri esa bulutlardan o‘zga 
		yopinchiq yasash payiga tushadi.

Yoki:

Agar na abr lifof ast bahri xirgahi charx, 
Zi tori qatra charo har taraf kashid tanob? 

(Mazmuni:

Agar charx chodiri bulutlardan yopinchiq –jildini olmaganda edi, nega qatralar toridan (tomchilardan) har tarafga iplar tortadi?)

Shoir ko‘rayotgan real manzara unga nimanidir eslatgan. U tasavvurlariga erk berarkan, kamalakni soyabonga, osmonni chodirga o‘xshatadi. Va u o‘z taassurotlari asosidagi manzarani chizadi. Tabiat manzaralari bergan taassurotning o‘zini keltirish tasvirning ta’sir kuchini yanada oshirib yuboradi. Aslida manzaraning real ko‘rinishini bera olishlik ham bir mahorat. Ammo ko‘rsatishning o‘zi hali zavq berish degani emas-ku! (Shu boisdan ham shoir izlanadi, musavvir ijod etadi) Bu kabi tasvir o‘quvchiga o‘zi ilgari ko‘rgan ammo, go‘zalligini his qila bilmagan manzaradan qayta bahra olish imkoniyatini beradi:

Ba so‘yi mag‘rib n-orad shudan zi mashriq mehr,
Agar nayafkanad az abr pul ba ro‘i xalob.

(Mazmuni:

Quyoshning sharqdan g‘arbga mo‘‘tadil harakati, bulutdan botqoqlik yuziga (nurdan) ko‘prik solinmaguncha ko‘zga tashlanadi).

Quyuq bulutli osmon. Bulutlarni yorib o‘tgan quyosh nuri botqoqlikka tushgan. Botqoqlikdagi kichik ko‘lmak suvlari yuzasida yastanib yotgan quyosh nurlari qayqchalardek jilolanadi. Bu xuddi ufqda botayotgan quyoshning ummonda uzun yo‘lak hosil qilishiga o‘xshab ketadi… O’quvchi she’rni o‘qirkan, avvalo real manzarani ko‘z oldiga keltiradi. So‘ng u ongidagi real ko‘rinishni ijodkorning taassurotlari bilan qorishtirib yuboradi, o‘z-o‘zidan real ko‘rinishdan ozroq farqlanuvchi, ko‘proq ta’sirlantiruvchi manzarani ko‘ra boshlaydi.

“Fusuli arbaa” qasidalar majmuasida musiqa san’ati bilan uyg‘unlashuv holati ham ko‘zga tashlanadi. Bu qasidalar majmuasi yuqorida aytganimizdek, aslida bir butunlik, yaxlitlik kasb etadi, so‘nggi qasida “Day”(“Qish”)da Foniy taxallusining qo‘llanilganligi ham bu fikrni isbotlaydi. Navoiy har bir fasl va undagi tasvir usullarini e’tiborga olgan holda ularda turli vaznlarni qo‘llaydi. Xususan, yoz fasliga bag‘ishlangan “Saraton” deb nomlangan qasida shunday boshlanadi:

Boz otashi xo‘r soxt samandar saratonro
Afro‘xt chu otashkada gulzori jahonro.
(Mazmuni:
Quyosh otashi saratonni yana samandarga aylantirdi,
Jahon gulzorini otashkada kabi lovillatdi).

Qasida hazaj bahrining eng o‘ynoqi vazni hisoblangan hazaji musammani axrabi makfufi mahzuf vazni (ruknlari va taqti’i: maf’ulu mafoiylu mafoiylu fauvlun – – V V – – V V – – V V – –)da yozilgan. Bu vazn ruhiyat tasviri bayonidan ko‘ra ko‘proq jismoniy: yengil va shaxdam harakat, sho‘xchan kayfiyat bayoniga mos keladi. Har ikki cho‘ziq bo‘g‘indan keyin ikki qisqa bo‘g‘inning yonma-yon kelishi ritmga o‘ynoqilik bag‘ishlaydi. Va shunga mos holda mazkur qasidada yozning insonga ko‘proq jismoniy ta’siri ko‘rsatilganligini, har bir baytda saraton jaziramasi aynan inson a’zoi badaniga (ruhiyatiga emas) ta’sir qilayotganligini kuzatish mumkin :

Bar xok agar po‘ya zannad kas, natvon yoft,
		Az poshna yoxud sarangusht nishonro...

(Mazmuni:

Bilqillagan tuproqqa shiddat bilan qadam bosgan kishi – 
                    Boshmaldog‘u tovonidan nishon ham topolmaydi).	

		... Garmovu araq soxta chun mokisi hammom,
		Az chini badan pir hama shaxsi javonro.

(Mazmuni:

Issiq va terlar hammom tomchilariga o‘xshaydi,
Ajindan barcha yosh badanlar keksaga aylandi).

Qasidada 27-baytdan Sulton Husayn Boyqaro ta’rifi boshlanadi va uning ta’rifu tavsifi bilan bog‘liq o‘rinlarda ham ko‘proq zamon hukmdorining shaxsiyatiga xos holatlar: jangchilik qobiliyati, adolatparvarligi, saxovatliligi ko‘rsatiladi.

Majmuada “Xazon” fasli ta’rifi boshlanishi bilan undagi she’riy o‘lchov ham o‘zgaradi:

Digar shud bahri sanjidan barobar adli davronro,
Zi kofo‘ri zi mushk ro‘zu shab du palla mezonro

(Mazmuni:

Davron adolatini o‘lchash mezonlari o‘zgardi,
trozuning bir pallasida (kunduzning ramzi) kofur,    
ikkinchisida (kechaning timsoli) mushk tortiladigan bo‘ldi).

“Saraton”da qo‘llanilgan o‘ynoqi vaznning o‘rnini endi salobatli va sokin ohangga ega bo‘lgan hazaji musammani solim vazni (ruknlari va taqti’i: mafoiylun mafoiylun mafoiylun mafoiylun V– – – V– – – V– – – V– – – ) egallaydi. Cho‘ziq bo‘g‘inlar nisbatining qisqa bo‘g‘inlardan 3 baravar ko‘pligi ohangning vazmin chiqishini ta’minlaydi. Aynan shunga mos holda 33 baytdan iborat bu qasidada ruhiyat tasviri, ta’bir joiz bo‘lsa, kuzga xos o‘ychanlik, mahzunlik yetakchilik qiladi.

Ba bargi za’farony obkash xatxoi shingarfy,
Nishoni xuni ashk aftad ruhi ushshoqi giryonro.

(Mazmuni:

O’ziga suv tortgan za’faron barglardagi qizil chiziqlar – 
(hijronda) ko‘zlaridan yoshu qon oqizgan giryon oshiqlarning 
ruhini eslatadi).

Majmuaga “Bahor” kirib kelishi bilan unga xos yaratuvchanlik, yangilanish kayfiyati ham kirib keladi:

Vazad bodi bahor ih’yoi amvoti gulistonro,
Zi anfosi Maseho toza sozad olami jonro.

(Mazmuni:

Bahor shamolining esishi, guliston gullariga yangidan hayot
bag‘ishlaydi, go‘yo Masiho nafasidan jonlar olamini yangilaydi).

Qasidada bahorning yaratuvchanlik xususiyati endi bevosita zamon hukmdori Husayn Boyqaro ta’rifi keltirilgan o‘rinlarga ko‘chadi:

Agar xohy bahori bexazon biny, varo bingar,
Bahoristoni xalqi xusravi Eronu Turonro...

(Mazmuni:

Agar bexazon bahorni ko‘rishni istasang, uni ko‘rgil –
Eronu Turon podshohi xalqining bahoristonini).

...Chu andar hikmati asrori xilqat fikr bigmorad,
Biyobad onchi, maxfy monda Aflotunu Yunonro…

(Mazmuni:

Yaratilish sirru asrori hikmati haqida fikrlaganda, 
Yunon Aflotuni uchun ham maxfiy qolgan sirlarni topadi).

Navbatdagi baytda bahorda kuchli momaqaldiroqdan so‘ng yomg‘ir yog‘ishi bilan bog‘liq holat Husayn Boyqaro tabiati tasviri bilan uyg‘unlik kasb etganligini ko‘ramiz:

	Turo bo on tavonoivu zarbi teg‘i olamgir,
Dihad ro‘ olami digar, ki rezy ashki g‘altonro.

(Mazmuni:

Shunchalar qudratingu olamni olishga qodir tig‘ zarbang bilan,
Ajib yumshoqliging ham borki, bunday paytlarda ko‘z yosh to‘kasan)

Nihoyat majmua yil fasllarining oxiri bo‘lgan “Day” (“Qish”) tasviri bilan yakun topadi. Navoiy ta’biri bilan inson umrining poyoniga o‘xshatilgan bu fasl “kishining xam qad bila adam yo‘lig‘a kirib, zamon ahli bilan xayirbod qilish”(“Xazoyinu-l-maoniy”dagi ta’bir) davri bo‘lib, qasidada Foniy taxallusining qo‘llanilishi shunga ishoradir:

Ba bo‘i vasl nihad ro‘ ba dargahat, Fony,
Chunon ki ahli ibodat ba go‘shai mehrob.

(Mazmuni:

Vasling bo‘yi umidida, Foniy dargohingga yuzini qo‘yadi, 
bu   ibodat ahlining mehrob go‘shasiga bosh qo‘yishidekdir).

Qish, undagi qor rangi adabiyotda poklik, musaffolikka qiyos qilinadi. Navoiy ijodida bu fasl donishmandlik ramzi sifatida ham keladi. Qasidada falsafiy mushohadakorlik bilan bog‘liq tuyg‘ularni berishga nihoyatda mos bo‘lgan mujtass bahrining qo‘llanilganligi shoirning yuksak badiiy salohiyatini ko‘rsatuvchi yana bir omildir. Mazkur bahr 4 ta ritmik variatsiyalar tizimidan iborat bo‘lib, ularning bir she’riy asarda o‘zaro almashinib qo‘llanilishi ritmik xilma-xillikni, musiqiylikni ta’minlaydi. Qasida mujtassi musammani maxbuni maqsur (ruknlari va taqti’i: mafoilun failotun mafoilun failon V – V – V V – – V – V – V V ~ ) vazni istifodasi bilan boshlanadi:

Zi dargahi falak otash nuhuft dudi sahob,
Daro ba xirgahu otash furo‘z az mai nob.

(Mazmuni:

Falak chodiridan ko‘rinayotgan otashni bulutlar pardasi to‘sdi,
chodirga kirginu tiniq, qizil maydon otashga zo‘r ber).

Shu tarzda qasidada qishning asta-sekin kirib kelishi tasvirlanar ekan, dastlabki uch baytda yuqoridagi vazn yetakchiliq qiladi. To‘rtinchi baytdan boshlab tasvir o‘zgaradi: yer qor rangidan butunlay simobiy (oppoq) tusga kiradi va endi yuqoridagi vazn ikkinchi ritmik variatsiya: mujtassi musammani maxbuni maqtu’i musabbag‘ (ruknlari va taqti’i: mafoilun failotun mafoilun fa’lon V – V – V V – – V – V – – ~) bilan almashadi:

Zi baski simfishon gasht abri simobi,
Zi simi barf zamin shud chu Qulzum simob.

(Mazmuni:

Simobiy bulutlar kumushrang zarrachalarni ko‘p sochganidan,
Yer qorning kumush rangidan dengiz sathiday simobiy tusga kirdi).

Shu tariqa qasida baytlarda ushbu to‘rt ritmik variatsiyaning o‘zaro almashinib qo‘llanilishi tarzida davom etadi.

Yuqoridagilardan ma’lum bo‘lyaptiki, Navoiyning “Fusuli arbaa” qasidalar majmuasi badiiy adabiyot, rangtasvir va musiqa san’atlarining o‘zaro sintezlashuvi asosida yaratilgan san’at namunasi bo‘lib, shoir tabiatni tasvirlash orqali asl maqsadiga erishadi: zamona sultoni Husayn Boyqaroni madh etadi. Navoiy har bir qasidada fasl ruhiyatidan kelib chiqqan holda Boyqaro siymosini turli tasvir va ritmik tovlanishlarda aks ettirar ekan, o‘quvchini anna shu ruhiyatga to‘la tushirib oladi va o‘z bag‘ishlovining ta’sirini yanada oshiradi. “Fusuli arbaa”ning insonni lol qoldiradigan darajadagi yuksak san’at asari sifatida e’tirof etilishiga ham biz yuqorida ko‘rib o‘tgan uyg‘unlik sababdir ehtimol.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz