Jadid adibiyotida tarix konsepsiyasi

Dilmurod Quronov, Xalim Karimov

Milliy o‘zlikni anglash va anglatishda tarix tuganmas va beqiyos manba ekanligi ma’lum. Buni yaxshi anglagan jadid ma’rifatchilari tarixga, tarixni bilish va bildirish masalasiga ayricha e’tibor berganlar. Jadid matbuotidagi chiqishlarda Turkiston tarixini yaratish masalasining bot-bot qo‘yilib, buning kun tartibidagi eng muhim masalalardan ekani ta’kidlab turilgani ham shundan dalolat beradi. M.Behbudiyning shu xil chiqishlar sirasiga kiruvchi “Turkiston tarixi” kerak” maqolasida o‘qiymiz: “Tarix ko‘p ahamiyatli va foydali bir narsadur. Tarixning foydalaridan ba’zisi ushbudurki, bir millatning na tariqada, qaysi yo‘l ila taraqqiy etganini o‘qib ibrat olmoq yoki bir millatning na sabablardan tanazzul etib, oxir munqariz bo‘lub ketganin o‘qub, mundan ham istifoda etmak mumkindur”. Tarixga ma’rifatparvar nigohi bilan qaragan Behbudiy unda millat uchun tayyor tajriba maktabini ko‘radi: o‘tmishning shonli sahifalari millat uchun ibrat, o‘tmish xatolari saboq (aksilibrat) bo‘lmog‘i lozim. Shu o‘rinda muallif tarixning yana bir muhim “foydasi”ni ko‘rsatib o‘tadi: “hozirgi holimizni bobolarimiz davridagi hollarg‘a bir daraja muqoyasa etmak ila barobar o‘z-o‘zimizdan bir infioli daruniy his edub, yuzlarimiz qizarar edi”. Ya’ni, muallif fikricha, tarix ko‘r-ko‘rona sig‘inish yoki mag‘rurlanish ob’ekti emas, bobolar ruhi oldidagi javobgarlik ajdodlar sha’niga munosib umrguzaronlik qilish mas’uliyati hamdir. Behbudiyni afsuslantirgan narsa shuki, tarixning bu “foyda”laridan millat bebahra qolayotir, sababi: “hanuz Turkiston tarixi haqinda yangi tadqiqot ila yozilg‘on, tartibli va istifodali mukammal bir asar” yaratilmadi. Mavjud holatni tuzatish uchun “turkiy, forsiy va arabiy tillarda” yozilgan boy manbalardan foydalanib “yangi muhokama va tadqiqot ila o‘z shevamizda muntazam bir asar” yaratish zarur. E’tibor berilsa, Behbudiy “yangi tadqiqot”, “yangi muhokama” tushunchalariga alohida urg‘u berayotgani seziladi. Xo‘sh, bu o‘rinda muallif nimani nazarda tutadi? Behbudiy fikricha, yuqoridagicha “foyda”lar “Turkistonda o‘tgan bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvoliga doir” tarixiy asardangina hosil bo‘ladi. Ya’ni, endilikda tarixnavislik emas — chinakam tarix ilmi kerakki, u mavjud manbalardagi faktlarni “yangi muhokama va tadqiqot ila” o‘rganib, millatimiz, milliy davlatchiligimiz bosib o‘tgan yo‘lni, undagi taraqqiy va tanazzul bosqichlarini ilmiy asosda, atroflicha chuqur va tarixan konkret yoritib bersin. Ko‘ramizki, Behbudiy mavjud tarixlar talabga javob bermayotganini, tarixiy tafakkurni yangilash zarurati yuzaga kelganini chuqur his qiladi, shunga da’vat etadi.

Tarixiy tafakkur haqidagi Behbudiy mulohazalari mumtoz adabiyotimizdagi tarixiy-badiiy tafakkur holatiga ham xos. Mumtoz adabiyotimizdagi badiiy asarlarda, xususan, dostonlarda (mas., “Hamsa”) jonlangan o‘tmish ham konkretlilikdan mahrum. Zero, ularda tarixga murojaat ko‘proq didaktik xarakterdagi shartli obrazlar va holatlar (“odil shoh”, “zolim shoh”, “shoh va shahzoda munosabatlari”, “adolatli hukm” va h.) yaratish maqsadiga xizmat qiladi. Mumtoz she’riyatda esa (albatta, janr tabiati bilan bog‘liq holda) tarixni tasvirlash emas, unga ishora qilish (mas., talmeh) tendentsiyasi ustivorroq bo‘lib, bunda didaktik maqsadga qo‘shimcha o‘laroq ijodiy-estetik maqsadlar (tasvir va ifoda imkoniyatlarini kengaytirish) yetakchiligi ko‘riladi. Mumtoz adabiyotimiz an’analarining bevosita davomchisi bo‘lmish jadid adabiyotining ilk namunalarida ham o‘tmish hali konkretlashgan emas. Ayni paytda, asarlarda konkretlashmagani holda, mualliflar ongida tarixni yangicha idrok etish, konkretlashish jarayoni boshlangani yaqqol ko‘riladi. Bu narsa jadid ijodkorlarning o‘tmishimizda ikkita katta bosqichni — ibrat olish lozim bo‘lgan “uzoq” o‘tmish va aksilibrat namunasi bo‘lgan “yaqin” o‘tmishni, A.Qodiriy ta’biricha “keyingi xon zamonlari”ni ajratishlarida ko‘riladi. Xususan, Cho‘lponning “Do‘xtur Muhammadiyor” hikoyasida yurtidan chiqib ketayotgan qahramonning: “Ey, Chingiz va Temur askarlarini ko‘rgan qop-qora tog‘lar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini ko‘rgan tog‘ bobolar!” degan xitobida shavkatli o‘tmish sog‘inchi yangraydi. Sog‘inch uyg‘otgan “shavkatli o‘tmish”ni, uning nimasi bilan “shavkatli” ekanini konkretlashtirish muallif maqsadiga kirmaydi, bu uning uchun isbot talab qilmaydigan haqiqat. Xitobning ortidanoq Muhammadiyor millatdoshlarining g‘aflatda kechayotgan, zabun ahvoli haqidagi alamli o‘ylari berilganki, bu muallifning maqsadini oydinlashtiradi. Ya’ni, u o‘zini, qahramonni qiynayotgan “kim edik-u kim bo‘ldik?” savolini o‘quvchida ham uyg‘otishga intiladi. O’n yetti yoshli adibning millat tarixini o‘z zamonasi nuqtai nazaridan idrok etishga intilishi, o‘quvchisini-da shunga undashi buning chinakam ijtimoiy-shaxsiy zaruratga aylanganidan dalolatdir.

Sirasi, mazkur zaruratni Cho‘lpondan yoshi va hayotiy tajribasi kattaroq Fitrat birmuncha ilgari anglagan edi. Biz uning “Munozara” asarini nazarda tutmoqdamiz. Aytish kerakki, “Munozara” publitsistik xarakterdagi asar bo‘lgani va bahs-munozara shaklida qurilgani bois unda tarix-bugun muqoyasasi bir qadar konkretlilik kasb etgan. Fitrat talqinidagi Farangi, Mudarrisga zid o‘laroq, Sharq tarixini, Turkiston tarixini yaxshi biladi, uni teran mushohada qiladi. Zero, Behbudiy yuqoridagi maqolasida afsus-la ta’kidlaganidek, bizda mavjud tarixiy manbalardan “rus va boshqa yovrupoyilar istifoda etgan va etmakdadurlar” va, aksincha, “munday tarix yozuvchi kishi turk o‘g‘lonlaridan hanuz maydong‘a chiqg‘on yo‘qki, bu esa turk bolalarining noxalaf bo‘lub, chin o‘g‘ul emasliklariga dalildur”. Bahs mavzusi Buxoroning mavjud siyosiy ahvoliga borib taqalganda Mudarrisning nafaqat tarixdan, balki zamona ahvolidan ham butkul bexabar — g‘aflatda ekanligi ayon bo‘ladi. Bunga zid o‘laroq, tarixni yaxshi bilgan va mushohada etolgan Farangi Buxoroning siyosiy ahvolini to‘g‘ri va lo‘nda tushuntiradi: “Buxoro ilgarilari tugal mustaqil ... davlat edi. Amir Muzaffarning mag‘lubiyatidan keyin xonlik tantanasi amirlikka, istiqlol dabdabasi vassallikka o‘zgardi...” Buxoroni “yarim tugatilgan amirlik” deb atarkan, Farangi mavjud holatning aybdorlari aslida g‘aflatda yotgan, “Temur bobolari sha’ni va izzatiga hiyonat qilgan” buxoriylarning o‘zlaridir, degan hukm chiqaradi. Fitrat ilk asarlaridan ikkitasida qo‘llagan Buxoro voqeligini xorijliklar nigohi orqali tahlil qilish usuli jadidchilikning ma’rifiy islohiy qarashlarini yorqin ifodalashga xizmat qiladigan vosita, xolos. Ya’ni, har ikki holda ham xorijlik niqobi ostida yurt kezib dunyo ahvolotini yaxshi bilgan, yurtidagi mavjud holatning sabablarini atroflicha mushohada qilgan mutafakkir islohotchi — Fitratning o‘zi turadi. Nafaqat Buxoro yoki Turkiston, umuman islom Sharqi tarixini yaxshi bilgan va “yangi tadqiqot ila” mushohada etgan Fitratning bahsda o‘ziga raqib sifatida eskicha ta’lim olganlarning peshqadamlaridan bo‘lmish Mudarrisni tanlagani ham bejiz emas. Bu narsa masalani kengroq doirada qo‘yishga, islom Sharqining taraqqiysi va tanazzulini belgilagan omillarni ochib berishga xizmat qiladi. Fitrat Farangi tilidan ta’kidlaydiki, Sharqning taraqqiysi va shavkatini ta’minlagan islom mafkurasi uni tashuvchilarning kaltabinligi, “musulmonliq haqiqatidan bexabarligi”yu “Qur’oni karim oyatlarining aksariyatini shahvatparast havoyi nafslariga fido etganlari” tufayli keyincha Sharqni tanazzulga yuz tuttirdi. Din peshvolarining G’arb dunyosidagi taraqqiyot tamoyillaridan bexabarligi, ularning qay tomon borayotganini mushohada qilish va shunga muvofiq tadbir ishlash o‘rniga ixotalanib, dindoshlariga “taraqqiyot va madaniyat eshiklarini yopganlari”, ular orasida “vahshiylik bisotini yoyganlari” Sharqni abgor, zabun holga tushirdi, jumladan, “Temurning nabiralari bo‘yniga o‘risning itoat arqonini bog‘ladi”. Eng muhimi, bu xulosalar tarixni mushohada qilish asosida chiqariladi, tarixiy faktlarga tayanib asoslanadi. Fitrat islom Sharqidagi tanazzulning yana bir omilini “ummati Muhammadiyaning shia, sunniy, zaydiy, vahhobiy nomi bilan firqa-firqa qilib, birini biriga dushman qilib qo‘yilgani”da ko‘radi. E’tiborli jihati shuki, keyinroq A.Qodiriy ham yurtdagi “qipchoq - qorachopon”, “Qo‘qon - Toshkent” qabilidagi bo‘linishlarni rus istibdodiga keng yo‘l ochgan omil sifatida talqin qilgan edi. Zero, har ikki buyugimiz ham tarixni mushohada qilish orqali mazkur ikki omilni teran anglagan, millatni zabun holatidan “ittihod va tarqqiy”gina chiqarishi mumkinligiga imon keltirgan jadidlar toifasidan bo‘ladi. Darvoqe, “Munozara”ni yozishga undagan narsa ham aslida yurtdagi yangi bo‘linish ediki, Fitrat muqaddimada vatandoshlariga xitoban yozadi: “...birmuncha vaqtdan beri jadid va qadim o‘rtasida ixtilof chiqqani ba’zi millat xoinlarining xato va fasodlaridan boshqa narsa emasdir. Muqaddas vatanimizni parchalab, uning ahli jamoasini jadid va qadim unvonlari ostida ikki firqaga ajratib, ularning birini ikkinchisiga dushman qilib qo‘ydilar”. Ya’ni, bu xil bo‘linishlar oqibatini yaxshi bilgan, ma’rifatchilik burchiga sodiq “Munozara” muallifi o‘tmishdan o‘zlashtirgan saboqlarini vatandoshlari bilan o‘rtoqlashish, ular orasidan “ma’nisiz ixtiloflar”ni ko‘tarib, “ittifoq bilan hidoyat yo‘liga” boshlashni niyat qilgan.

Yuqoridagi kuzatishlarimiz XX asrning 10-yillariga kelib tarixiy tafakkurda jiddiy burilish yuz bergani, tarixni keng ko‘lamda, ilmiy-tahliliy asosda idrok etishga intilish boshlanganini ko‘rsatadi. Biroq jadidlarning publitsistik chiqishlarida, xususan, mohiyatan publitsistik asar bo‘lmish “Munozara”da kuzatilgan ko‘lamli tahlil, konkretlilik darajasiga tarixiy-badiiy tafakkur hali yetishgan emas. Negaki, mazmundagi bu xil o‘zgarishni o‘ziga singdiradigan, ifodalay oladigan shakllar adabiyotimizda hali rostmana o‘zlashib ulgurmagan, ishlab chiqilmagan edi. Xususan, Fitratning lirik merosida tarixning bir qadar konkretlashgani fakt, biroq, lirikaning tabiati bilan bog‘liq holda bu narsa asarlarda bevosita ifodasini topgan emas. Buni Fitratning 1917 yilda yozilgan “Yurt qayg‘usi” nomli sochmalar turkumi misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Turkumning ilk sochmasi:

“Ey Ulug‘ Turon, arslonlar o‘lkasi!

Senga ne bo‘ldi? Holing qalaydir? Nechuk kunlarga qolding?

Ey Chingizlarning, Temurlarning, O’g‘uzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdig‘ing yuksak o‘rinlar? Qulliq chuqurlariga nedan tushding?!” degan o‘tli xitoblar bilan boshlanganki, ularning zamirida muallifning “Munozara”dagi iztirobli o‘y-mushohadalari botinligi shubhasiz. Yurtining o‘tmishidagi shonli sahifalarni bir-bir varaqlarkan, Fitrat o‘quvchisiga o‘sha “o‘tmish sog‘inchi”ni yuqtirishga intiladi; shonli o‘tmishni mavjud holatga qiyoslash orqali esa o‘quvchisini tarixni mushohada qilishga, undan saboq olishga undaydi. Keyinroq, o‘quvchiga biroz mushohada qilish vaqtini bergach, e’lon qilingan uchinchi sochmada Temur qabri ziyoratiga kelgan lirik qahramonning “yuzi qora, ko‘ngli siniq, bo‘yni bukuk”ligi bejiz emas. Bu endi ajdodlar ruhiga, xususan, buyuk Temurning “omonatiga xiyonat qilgani”ni anglagan, buni tan olishga o‘zida kuch topolgan o‘quvchi holatidir. Jadid ma’rifatchisi ham istiqlol jarchisi bo‘lmish Fitratning lirik qahramoni mavjud holatning yuzaga kelishida o‘zini aybdor biladi. Shu bois ham “Turonning eski sharaf va ulug‘ligini qaytarmasdan burun oyoqlaringda o‘tirmasman” deya Temur ruhiga ont ichadi. Fitrat ajdodlar ruhi oldidagi mas’ullikni his etgan lirik qahramonining qalb izhori bo‘lmish bu ont o‘quvchining, o‘quvchi ommaning ontiga aylanishini istaydi, umid qiladi. E’tiborli tomoni shuki, Fitratni o‘ziga ustoz bilgan Cho‘lpon she’riyatida ham tarixga murojaatdan shu xil g‘oyaviy-estetik maqsad ko‘zlanadi, shunga o‘xshash ijodiy yo‘sin kuzatiladi. Darvoqe, Cho‘lponning “Uyg‘onish” to‘plamiga kirgan she’rlardan bir turkumini “Yurt qayg‘isi” degan umumiy nom bilan atashi ham bejiz emas, albatta. Shoirning 1920 yilda yozilgan “Yorug‘ yulduzga” she’ridagi:

Go‘zal yulduz, nurli yulduz, tez so‘zla

Otalarning tarixdagi xatosin.

Shul xatodan osug‘lanib yovlarning

El ko‘ksida surgan ishrat safosin

degan alamli savollari Fitratning Turonga qaratilgan savollariga hamohang jaranglaydi. Biroq yulduz javob berishga ojiz, chunki uning “so‘zlaydirg‘an yaxshi so‘zi yo‘q” va, aksincha, “og‘iz ochsa yo‘qsul elni ezmakka, qon qilmakka xasratlari ko‘p”. Cho‘lpon o‘tmishni lirik mushohada qilarkan, yurtdagi mavjud ahvolning sabablarini qidiradi, buni “El va yurtni saqlar uchun so‘ng xonlar Tuzukkina chora, tadbir ko‘rmagan”ida deb biladi. Vatan tarixining shon-shavkatdan mosuvo tanazzul davri haqida Cho‘lpon alam bilan “So‘ng davrda yo‘qsil Sharqning tarixi Bir bet bo‘lsin oq satrni ko‘rmadi” (“Sharq nuri”) deb yozadi. Holbuki, shu mazlum Sharq “Bir zamonlar yer yuzida o‘z boshli, Ulug‘, shonli madaniyat tug‘dirgan” edi-ku?! Nega?.. Nima uchun?...

Ko‘ramizki, Fitrat singari Cho‘lpon qarshisida ham tarixni keng ko‘lamda badiiy idrok qilish zarurati yuzaga kelayotirki, bunga she’riyat doirasi torlik qiladi. Boz ustiga, Cho‘lpon bunga hali ijodiy va hayotiy tajribasi jihatidan yetarli tayyorgarlikka ega emas chog‘i. Biroq, Cho‘lpondan farq qilaroq, yetuklik pallasiga kirayozgan Fitrat bu zaruratni, ijodiy-ruhiy ehtiyojni qondirishga kirishgan edi. Uning 1918-20 yillar orasida yaratilgan “Temur sag‘anasi”, “O’g‘uzxon”, “Abo Muslim” singari dramatik asarlari shu zaruratdan tug‘ilgan, o‘tmishni keng ko‘lamda badiiy idrok etish yo‘lidagi tajribalar edi. Afsuski, bu asarlarning matniga ega emasligimiz bizni Fitratning tarixni badiiy idrok etishidagi tadrijni kuzatish imkonidan mahrum etganidek, ular haqidagi fikrlarimizni ham taxmin darajasida qoldiradi.

Ma’lumki, Fitrat mazkur asarlar ustida ishlayotgan palla “moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli” deb bilgan boshqa bir buyugimiz — A.Qodiriy “O’tgan kunlar” ustida ish boshlagan edi. Va ayni shu asar XX asr boshlarida kuzatilgan milliy tarixiy tafakkurimizdagi o‘zgarishlarning adabiyotdagi in’ikosi, o‘zbek adabiyotidagi tarixiy-badiiy tafakkur tadrijining yangi bir bosqichi sifatida maydonga chiqdi. Zero, unda o‘tmish manzaralari ilk bor chinakam konkretlilik kasb etdi, “ bobolarimizning maishiy, siyosiy ahvoli” Behbudiy orzulaganidek keng ko‘lamda, “yangi tadqiqot ila” badiiy idrok etildi. “O’tgan kunlar”dan keyinoq dunyoga kelgan “Abulfayzxon” dramasi, birmuncha keyinroq yaratilgan “Kecha va kunduz” romani tarixiy-badiiy tafakkurimiz ko‘tarilgan darajani mustahkamladi. Shunisi e’tiborliki, uchala asarda ham tariximizning o‘ta murakkab, yurtning istiqboldagi taqdirini belgilaydigan davrlari qalamga olindi. Har uchala muallif ham o‘tmishni badiiy idrok etish orqali zamona mohiyatini anglash va anglatishga, yurtdoshlarining mavjud voqelikni teranroq anglashlari uchun bir “ibrat” yaratishga intildiki, bu ularning jadid ma’rifatchisi ekanligi bilan izohlanadi.

2001

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz