Quduqda o‘sgan nay ohanglari

Dilmurod Quronov, A'zam Hamraqulov

Yozuvchi Chingiz Aytmatov suhbatlaridan birida: «Kishi o‘zi bilmagan, his qilmagan narsalarni yozsa na o‘quvchini ishontira oladi, na yozganlari uni hayajonga soladi»,- deydi. Ma’lumki, shu ma’nodagi e’tirof sal o‘zgacharoq yo‘sinda ko‘pchilik ijodkorlar tomonidan aytilgan, qolganlari ham bunga qo‘shilishlari tayin. Zero, bu — «badiiy obrazning materiali voqelik va ijodkor shahsidir» tarzidagi nazariy qoidaning soddaroq, ommaboproqifodasi. Bu qoida esa, tabiiyki, barcha turdagi, jumladan, tarixiy mavuzdagi asarlarda ham amal qiladi. Faqat, tarixiy asarda bu qoidaning amal qilishi o‘zgacharoq yo‘sinda kechadi. Gap shundaki, tarixiy mavzuga qo‘l urgan ijodkor tasvirlanayotgan davr voqeligidan uzilgan, bas, uning uchun ham o‘z zamonidagi, Ch.Aytmatov aytmoqchi, «o‘zi bilgan, his qilgan» voqelik material bo‘lib xizmat qiladi. Negaki, tarixiy faktlar asarning nari borsa syujet sxemasini belgilar, o‘sha faktlarni jonlantirirish, tarixiy haqiqatni badiiy haqiqatga aylantirishda esa muayyan sharoitda (ya’ni, ijodkor yashagan voqelikda) shakllangan muallif shaxsi hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ijodiy yetuklik pallasidagi Oybek bu haqda: «tarixiy romandagi asosiy narsa, menimcha, qanchalik uquv bilan keltirilishidan qat’i nazar, tarixiy faktlarning oddiy bayonigina emas <...> boshqa har qanday asardagi singari — insondir» ,- deydi. Uning e’tiqodiga ko‘ra, «ozodlik va baxtga intilish, muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari, hasad yoki judolik, o‘lim dahshati va turmush nash’asi tuyg‘ulari insonga doimo xos narsalar bo‘lib, ming yillar davomida o‘zlaricha sira o‘zgarmadi <...> Insonlar vujudga kelgan davrlardan buyon insonlikcha kelmoqdalar». Shuning uchun ham Oybek «yozuvchi qaysi bir tarixiy davrga murojaat qilmasin, mabodo u davrning g‘ayri yoki hattoki g‘alati ko‘ringan barcha xususiyatlari orasidan o‘ziga tanish bo‘lgan his tuyg‘ular va fikrlar izlasa, pirovardida mutlaqo xato qilmaydi» deb hisoblaydi. Oybek bu gaplarni 1966 yilda, o‘zining qator tarixiy mavzudagi asarlarini elga manzur qilgach aytganini e’tiborga olsak, bular adib to‘plagan boy ijodiy tajribaning «qaymog‘i», uning tarixiy asar yozishda tayangan asosiy ijodiy-estetik printsiplari deyishimiz mumkin bo‘ladi.

Adibning do‘sti va ijodining yirik tadqiqotchisi H.Yoqubov «Bolalik» qissasi haqida fikr yuritarkan, uni «Oybekning tarixiy temalardagi ba’zi bir asarlarining ilk ilhom manbaini aniqlash, ulardagi ayrim obrazlarning asl ajdodlarini, prototiplarini topish, ularning mohiyatiga kirish uchun bir «kalit» hamdir» deb ta’riflagan edi. Darhaqiqat, e’tibor qilinsa, «Bolalik»dagi ko‘p nuqtalar Oybekning tarixiy mavzudagi asarlarida u yoki bu tarzda akslanganini ko‘rish qiyin emas. To‘g‘ri, «Bolalik» qissasi adibning tarixiy mavzudagi asarlaridan ancha keyin yozilgan: ijodiy faoliyatining shomiga kelibgina Oybek bolaligida ko‘rgan-kechirganlarini, murg‘ak xotirasida muhrlangan taassurotlarni badiiy jonlantirishga jazm etgan. +issani mutolaa qilarkan, bu xotiralarning nechog‘li ohorli, jonli ekani hayratga soladi kishini. Tabiiyki, bu xotiralar ilgariroq, adib o‘zining tarixiy asarlari ustida ishlagan paytlarda ham mavjud, ehtimol, yanada ohorliroq, jonliroq edilar. Shu bois ham o‘tmish hayoti manzaralarini chizarkan, adibning o‘sha xotiralari asar voqeligiga proektsiyalanadi.

Oybekning bolaligi mustamlaka zug‘umi kuchaygan, ijtimoiy hayotdagi keskin o‘zgarishlar va yurtdagi taloto‘plar tufayli xalq turmushi og‘irlashgan davrlarga to‘g‘ri keladi. Bo‘lg‘uvsi adib xalqning og‘ir ahvolini ko‘rdi, uning mashaqqati, iztirobu alamlaridan bola hazmiga yarasha totindi. «Bolalik»da xalqning og‘ir turmushi haqidagi ma’lumotlar kattalar tilidan beriladi, hikoyachi ularni go‘yo qanday eshitgan bo‘lsa o‘shandaycha kitobxonga taqdim etadi. Kattalar esa «narx-navoning osmonga sapchigani»dan, zamona ayniganiyu insof-diyonat ko‘tarilganidan, tirikchilikning og‘irligidan... shikoyat qilishadi, o‘zlaricha buning sabablarini qidirishadi. Masalan, onasi bilan suhbatda qo‘shni ayolning gapini olaylik: «Boylar o‘lgurning pichog‘i moy ustida. Hammasi quturgan, hammasi olifta, kekkaygan, firog‘ dimog‘li <...> +irilgurlar dang‘illama uylar, yigirma tanob, o‘ttiz tanob bog‘lar, qo‘sh-qo‘sh qo‘ralar soladi. Urush boshlandi-yu, un, yog‘, oziq ovqat bilan savdo qiladigan yangi-yangi boylar tug‘ilyapti. Ishqilib zamon buzildi, yaqinda ehtimol oxir zamon bo‘lar...» Ko‘rib turganimizdek, ayol turmushning og‘irlashishida boylarni aybdor qilmoqda. To‘g‘ri, hozirda bunday talqin sababini osongina Oybekning o‘tmishga «sinfiy yondashuvi» bilan izohlabq o‘ysa bo‘ladi. Biroq shuni tan olish kerakki, jamiyatda zulm kuchaygan, buhron chuqurlashgan vaqtlarda olchoq kimsalarning o‘zgalar hisobiga boyish imkoniyati kengayadi — yurtning bir qismi o‘ta boyib, ikkinchi qismi qashshoqlashib boradi. Bu esa, istasak-istamasak, manfaatlar to‘qnashuvi hosilasi bo‘lmish ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqaradi. Ya’ni, bizningcha, bu o‘rinda «Oybek o‘zining bolalik davrini sinfiy nuqtai nazardan tasvirladi» degandan ko‘ra «realistik tasvirladi» deyilgani adolatliroq bo‘ladi. Zero, Oybek bolaligida xuddi shunday holatlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan: jahon urushining boshlanishi bilan narx-navoning ko‘tarilgani, natijada turmushning behad og‘irlashganiyu norozilikning kuchaygani, yangi boylarning quturgani... — bular bari tug‘ma iste’dodli, kuzatuvchan yosh Muso xotirasida o‘chmas iz qoldirgan. Ayni shu holat «Bolalik»da mardikor olish bilan bog‘liq isyonning bosh omili sifatida talqin qilinadi — mardikor olish esa bir turtki, yetishmayotgan so‘nggi tomchi, xolos. Shunisi e’tiborliki, Oybek Torobiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonning yuzaga kelishini ham shunga monand talqin qiladi. Xususan, «Mahmud Torobiy» dramatik dostonida zulmdan ortiq ezilgan xalqning qo‘zg‘alishiga Chig‘atoyxon uchun «besh-o‘n hunarmand» va «bir necha qiz» berishni talab qilganlari turtki bo‘ladi. Shu nomli librettoda esa vafot etgan Chig‘atoyxon xonadoniga mansub «Ulug‘ning qabriga tiriklayin Ko‘mmak uchun yetti qiz» berishni talab etganlari xalqni qo‘zg‘aydi. Har ikki asardagi isyon sahnalarining tasviri ham «Bolalik»dagi isyon sahnasini eslatadi. Bu ham bejiz emas, albatta. «Bolalik» qissasidan ma’lum bo‘ladiki, bo‘lg‘uvsi adib qo‘zg‘algan xalq ichida yurgan, isyon manzaralari unga juda qattiq ta’sir qilgan. Bas, bu taassurotlarning keyincha uzoq o‘tmishdagi g‘alayonlar tasvirida o‘z izini qoldirmasligi mumkin emas edi.

Tugallanmagan «/alvirchi» pesasida esa Oybek o‘zgacharoq yo‘l tutadi: u qo‘zg‘olonning asosiy sababi — zulmning xaddan oshganiga urg‘u beradi. Shu bois bunda avvalgi ikki asarda ko‘rilgan «mardikor olish» voqeasiga o‘xshashlik yo‘q. Xalqning og‘ir ahvolini tasvirlarkan, adib «/alvirchi»da ham bolaligida ko‘rganlaridan andoza olgan. Jumladan, pesadagi Torobiyning: «Yurt boshliqlari fuqaroning, elning qonidan semiradi, ulus uyining alangasida isinadi. Bu shon-shavkat, bu dabdaba, bu ziynat — hammasi lak-lak ulusning suyaklari ustiga qurilgan»,- degan gapi yuqorida keltirilgan qo‘shni ayol gapiga hamohang, faqat bunda umumlashtirib, kuchaytirib aytilgan. Sharoit shundayki, Torobiy ta’rifi bilan aytilsa, «sirtmoq hadsiz taranglashdi, ortiq chidash, to‘zim odamgarchilikka xiyonat»dir. «Bolalik» qissasi, dramatik doston va librettodagi isyon manzaralari, isyon qatnashchilarining xatti-harakatlari tasviri, gap-so‘zlarida ham xuddi shu ma’no bo‘rtib turadi. Farqli tomoniga kelsak, mo‘g‘ullar «/alvirchi»da birgina Otashning nabirasi Jamilani — «otasining yo‘q gunohi badaliga» — olib ketmoqchi bo‘ladilar. +o‘zg‘onlon Torobiyning «Otash otaning boshiga tushgan qora kun ertaga yo mening yo boshqa kambag‘alning boshiga tushuvi aniq. Yaktan bo‘llaring, haq — bizniki!» degan xitobi bilan boshlanadi. Bu xil o‘zgarishning sababi, bizningcha, Oybekning XIII asr voqeligini jonlantirishda bolalikdagi xotiralaridan emas, 30-yillar voqeligidan andoza olgani bilan izohlanishi mumkin. Gap shundaki, Oybekning Torobiy mavzusidagi avvalgi asarlari ko‘proq urush davrining ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlariga qaratilgan bo‘lsa, «/alvirchi» pesasiga adib o‘z ichki ehtiyoji — o‘tmish vositasida zamonasini teranroq anglash va anglaganini ifodalashdek chinakam ijodiy-ruhiy ehtiyoj talabi bilan qo‘l urgan. «Mardikor olish» voqeasiga o‘xshashlikning yo‘qotilishi bilan «/alvirchi»da 30-yillarda kuzatilgan holatlarga monand situatsiya yuzaga keladi: «otasining yo‘q aybi» uchun bolasining jazolanishi, har bir mahkumning qatag‘on mashinasi qarshisida yolg‘iz qolishi — bular adib ko‘rgan, qisman o‘z boshidan kechirgan holat. Shu ma’noda, Torobiyning gapi — Oybekning orzusi, qatag‘on mo‘ychinagi millat gullarini bir-bir yulib ketganida tug‘ilgan armoni; qahramonining «Yaktan bo‘llaring, haq — bizniki!» degani «xalqlar otasi» aytgan gapning jo‘ngina takrori emas — adibning qalb qa’ridan kelayotgan nidodir.

Albatta, biz Oybekka, umuman, stalinizm davrining nosog‘lom muhitida yashagan hassos qalbli, dili pok kishilarga nechog‘li qiyin bo‘lganini, boringki, xotiralar, kitoblar, filmlar orqali tasavvur qila olarmiz ham. Biroq, aqlga tayinki, tasavvur qilish boshqayu — o‘zaro ishonchsizlik muhitida, zarbaning qay tomondan kelishini bilmay, ertami-indin ustingdan «chaquv» tushishi ehtimoliyu buning oqibati nima bo‘lishi mumkinligini har lahza tuyub yashash boshqa. Sirasi, Oybek bunday muhit haqida bolaligidayoq ma’lum tasavvurga ega bo‘lgan. «Bolalik» qissasida keltirilgan quyidagi lavha shuday o‘ylashimizga asos beradi: «Ehtiyot bo‘lish kerak, — astagina shivirlab nasihat qiladi xalfa va shogirdlariga bobom.— Shu kunlarda palisa g‘iz-g‘iz sang‘ib qoldi, chaqimchi voqeanavislar urchib ketdi, ularning ming xil yo‘li bor, aldaydi-avraydi, so‘zga soladi, keyin seni laqqa qo‘lga tushiradi. Zinhor-zinhor turmushimiz og‘ir, boshimizda falokat ko‘p, dardimiz zo‘r demanglar». Ehtimol, bo‘lg‘uvsi adib bolaligida bobosining bu gaplariga yetarli e’tibor, qimmat bermagandir ham. Biroq ijodining yetuklik pallasida — umr poyoniga yaqinlashib, to‘lasicha shunday muhitda kechgani ayon bo‘lgach, bu har qanday mustabid tuzumning yashash usuli ekanini yana bir karra tasdiq etdi. Bunday deyishimizga sabib, ancha ilgari yozilgan asarlarida ham shunga monand holatlar qalamga olingan. Xususan, A.Deych bilan hamkorlikda yozila boshlagan «Hit naroda» pesasida buxorolik amaldor Samarqandda taxsil olib qaytgan o‘g‘liga nasihat qilib, haqiqat ekan deya har qanaqa gapni aytavermaslikni tayinlaydi. Sababi: «Bo‘vaet vsyakaya pravda. Inoe spravedlivoe slovo opasnee dela. Osteregaysya, moy so‘n, lishnego slova v Buxare. Zdes steno‘, dveri i potolki imeyut ushi».

Rivoyat qiladilarki, nogoh Iskandarning shohi borligidan ogoh bo‘lgan sartarosh, hech bo‘lmagach, dardini quduqqa aytgan ekan. Shunga o‘xshash, Oybek o‘zi yashagan muhitga munosabatini, uning butun dahshatini o‘tmish haqidagi asarlariga singdirib yuboradi. Jumladan, «Navoiy» romanida tasvirlangan qator holatlar: saroydagi fitnalar, buyuk shoir ustidan imzosiz xatlaru chaquvlarning uyushtirilishi, Husayn Boyqaroning o‘z do‘sti orqasidan xufya qo‘yishi, Davlatbaxtning Xadichabegimga xufyalik qilishi...— bularning bari asar yaratilgan davr bilan mushtarak nuqtalardir. Ayniqsa, Oybek mehr bilan chizgan mudarris Sultonmurod taqdiri qatag‘on davrida yashagan ziyolilarimiz qismatiga hamohang. Zayniddin aytmoqchi, uni «mufsid fikrlar tarqatishda ayblamoqchi» bo‘ladilar, unga nisbatan ig‘volar uyushtiradilar, o‘z izmiga yuritishga urinadilar. Vaziri a’zam Majididdinning olimga qaratilgan «islom mamlakatida, dinimizning istinodi musulmon komil podshohimiz davlatida majusiylarning, butparastlarning fikrlariga taqlid qilg‘uvchilarga omon bermasmiz» degan taxdidida 30-yillardagi «burjuaziyaning chirkin ideologiyasini tarqatuvchilarga, ularga ergashuvchilarga oramizda o‘rin yo‘q» qabilidagi dag‘dag‘alar ohangi yangraydi. Nihoyat, olimga nisbatan ko‘rilgan chora ham stalinizm davri uchun odatiy, balki, eng yengil chorani eslatadiki, shunga o‘xshash holni Oybekning o‘zi shaxsan boshdan o‘tkazgan: «Sulton Husayn Boyqaro Mirzoning saodatli zamonida musulmonlikning asosotiga rahna solg‘uvchi fikrlarni tolibi ilmlarga talqin etgani va hokazo...» uchun Sultonmurod madrasadan tard qilingan edi».

30-yillar ijtimoiy-siyosiy muhitining roman voqeligida akslanishi, fikrimizcha, yuqorida ko‘rilgandek ayrim detallar bilangina cheklanib qolmaydi, aksincha, ancha keng miqyosda kuzatiladi. E’tibor berilsa, romandagi bosh vazir Majididdin davrida yuritilgan siyosat tasviri ko‘p jihatlari bilan qatag‘on davrini eslatishini sezish qiyin emas. Sulton Husaynning eng yaqin kishisi bo‘lib olgach, Majididdin uni atrofida dushmanlar to‘lib yotganiga, unga qarshi turli fitnalar o‘ynalayotganiga ishontiradi — zulmni kuchaytirish, xufyalar tizimini kengaytirishga podshoning so‘zsiz rizoligini oladi. Bu tarzdagi talqin beixtiyor Stalin-Beriya juftligini yodga soladi. To‘g‘ri, e’tiroz bo‘lishi mumkin: «ehtimol, bu ikki manfur shaxsning munosabatlari haqida so‘nggi yillarda e’lon qilingan materiallarni o‘qib bilganimiz uchun shunday tuyular?» Ehtimol, shundaydir. Biroq roman ustida ishlayotgan Oybek buni o‘zining savqi tabiiysi, mohiyatga qaratilgan tiyrak qalb ko‘zlari bilan ilg‘ab olgan bo‘lsa ne ajab?!

Bizni qiziqtirgan masala nuqtai nazaridan romandagi Majididdin bilan bog‘liq yana bir nuqta ayricha diqqatga loyiq. Mansabidan bo‘shatilgan Majididdin, Nizomulmulkning maslahati bilan qiynoqqa solinadi, so‘ng so‘roq qilish uchun devonxonaga keltiriladi: «...uni zindondan zanjirband holda olib kelishdi. U qiynoqdan, qayg‘udan, sharmandalikdan xarob va ozgan edi; soch-soqollarining oqi ham ko‘paygan edi. Lekin majolsiz bo‘lsa ham, savollarga tetik javob berishga tirishdi». E’tibor berilsa, Oybek bungacha nafratini yashirmagan Majididdinni endi shafqat, achinish bilan tasvirlayotganini sezish qiyin emas. Negaki, adib o‘z zamonida qatag‘onga uchragan katta rahbarlarni ko‘rgan, ularning ko‘rgazmali sud jarayonlaridagi ayanch holatiga guvoh bo‘lgan. Hassos qalbli gumanist san’atkor sifatida Oybek, mayda odamlardan farqli o‘laroq, ularning qismatiga befarq qarashi yoki «qilg‘ilig‘iga yarasha bo‘ldi» debgina xotirjam ketaverishi mumkin emas. Boz ustiga, u kechagina davr surgan, ma’lum darajada qatag‘on tegirmoniga suv quygan bu odamlar ham, katta o‘lchovda olinsa, qatag‘on qurbonlari ekanini teran his qilgan. So‘roqning o‘sha sud jarayonlarini eslatishi ham bizni shu fikrda sobit etadi: «Savollardan keyin, ko‘proq Nizomulmulkning ishorasi bilan, kotiblar va uning qo‘l ostida bir vaqtlar ishlagan mayda amaldorlar birin-ketin chiqib, uni qoralay boshladilar. Ularning nutqida, haqiqat bilan baravar mubolag‘a, poyma-poy ayblashlar ham sezilib turardi. Nihoyat, Majididdin butunlay ilojsiz, yordamchisiz, hamma ayblarni bo‘yniga olishga majbur bo‘ldi. So‘roq tugadi.» Ko‘rib turganimizdek, xuddi 30-yillardagi ko‘rgazmali sud jarayonlari singari, Majididdinning so‘roq qilinishi faqat namoyish uchun kerak. Holbuki, gunohkor aniq, so‘roq stsenariysi oldindan tayyorlangan, kim gapirishiyu nimani gapirishi belgilik... Adib shu sababli ham Majididdin «hamma ayblarni bo‘yniga olishga majbur bo‘ldi» deb yozadi. Ya’ni, o‘sha «hamma ayblar» sirasiga, tabiiyki, «haqiqat bilan mubolag‘a, poyma-poy ayblashlar» ham kiradi.

Oybek tarixiy asar haqida so‘z yuritarkan, «Begona davrni bilish, ya’ni uni bizning davrimizdan nimasi bilan ajralib turishini tasavvur qilishning o‘zigina yetmaydi. Uni yana tushunmoq, ya’ni uni bizning davrimiz bilan bog‘lab turgan narsalarni ko‘rmoq lozim» degan edi. Yuqoridagi fikrlarimiz Oybek o‘z ijodida shu printsipga to‘la amal qilganini, o‘tmishni tushunishga, uni o‘z zamoni bilan bog‘lab turgan iplarni ko‘rishga harakat qildi. Shu ma’noda, Oybekning tarixiy mavzudagi asarlari, ayni paytda, juda zamonaviy hamdir.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz