Mukammallik yo'lida

Dilmurod Quronov, Xurshida Polvonova

1925 yilda «O’tgan kunlar» romanining birinchi bo‘limi alohida kitob shaklida chop etilgach, A.Qodiriy nashrdan qoniqmagan va ilova etilgan uzrnomada: «imlosi uch-to‘rtta imlochilarimiz tomonidan tuzatilib ajoyib bir quroq holiga keldi, musahhihlarimizning musohalalari orqasida texnika jihati ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sinda chiqdi»,- deb yozgan edi. Muallif bularning sababini «bosilishi chog‘ida o‘zining hozir bo‘la olmag‘anlig‘i» bilan izohlab, ikkinchi bo‘limning «bunday xatolardan sof bo‘la olishig‘a va’da bera olmaslig‘ini» afsus bilan ta’kidlaydi. Yozuvchining uzrnomasini o‘qiganda tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, birinchi bo‘limning ushbu nashri muallifni nimasi bilan qoniqtirmadi va nega u ikkinchi bo‘lim nashriga ham umidsiz qaraydi? Bu savollarga javob berish uchun biz romanning «Inqilob» jurnali, 1925, 1926 va 1933 yil nashrlaridagi «Xon qiziga loyiq yigit» bobini qiyoslashga jazm etdik.

Romanning «Inqilob»dagi nashri bilan kitob bo‘lib chiqishi orasida besh yillik masofa bor — bu vaqt ichida adibning mahorati qayralgani, tug‘ma didi yanada injalashgani, hayotni va uning gultoji bo‘lmish insonni yanada teranroq idrok eta boshlagani shubhasiz. Eng muhimi, endi yozuvchi o‘z asaridan tamom uzilgan, endi unga chetdan nazar solishga, demak, undagi «udur-budurlarni» ko‘rish va bartaraf etishga har jihatdan tayyor edi. Biroq adibning bunga hali qo‘li yetmagan: uzrnomada «bosilishi chog‘ida hozir bo‘lolmag‘ani»dan o‘kingan A.Qodiriy bu paytda Moskvada — Oliy Adabiyot kursida tahsil olayotgan edi. Ya’ni, asar kitob holida bosilishi oldidan A.Qodiriy uni qayta nazardan o‘tkazish imkoniga ega bo‘lmagan — «besh yillab bosila olmay» nashriyotda yotgan qo‘lyozma, nihoyat, 1925 yilda dunyo yuzini ko‘rgan. Biroq unga endi o‘zga nuqtadan — besh yillik hayotiy va ijodiy tajriba yuksakligidan qaragan muallif qoniqmagan. Bunday deyishimizga asos shuki, birinchidan, «Inqilob» jurnalidagi nashr bilan 1925 yilda chop etilgan birinchi kitob (birinchi bo‘lim) matnlari, juz’iy farqlarni aytmasak, bir-biriga asosan mos keladi; ikkinchidan, 1926 yil nashrida muallif matnga jiddiy tahrirlar kiritgan. Bunga amin bo‘lish uchun har ikki nashrdagi «Xon qiziga loyiq yigit» bobini qiyoslab ko‘rish kifoya.

Bobning 1925 yil nashridagi ilk jumlasini o‘qiymiz: «Otabek, mundagi ikki yot kishini tanimag‘anliqdan bir-ikki qaytalab ko‘z ostidan o‘tquzar ekan Ziyo shohichi tanitib dedi: ...» 1926 yil nashrida jumla quyidagicha tahrir qilingan: «Otabek o‘zi bilan ko‘rishgan mundagi ikkita yot kishini tanimag‘anliqdan bir-ikki qayta ularni ko‘z ostidan kechirdi. Buni payqag‘an Ziyo shohichi ularni Otabekka tanitdi: ...» Avvalo, tahrir qilingan jumla epik hikoyalashga mosligi, holatni tasvirda jonlantirishi jihatidan yutuqli. Ikkinchi jihati, garchi tahrirda bitta o‘rniga ikkita jumla hosil bo‘lsa-da, ular mazmunan bitta butunlikka birikadi: birinchi jumla Otabekning holatini o‘quvchi tasavvurida jonlantirsa, ikkinchisi shu holatni Ziyo shohichi nigohi orqali ham ko‘rish imkonini beradi. Ya’ni, Ziyo shohichining sezgirligini ta’kidlab ko‘rsatish orqali Otabekning ayni paytdagi holati ta’kidlanadi. Yana, «bir ikki qaytalab ko‘z ostidan o‘tkazmoq»da, agar Ziyo shohichining sezgirligiga urg‘u berilmagani nazarda tutilsa, biroz oshkoralik borki, bu narsa Otabekdek andishali yigitga xos emas; «bir ikki qayta ularni ko‘z ostidan kechirdi»da esa, agar Ziyo shohichining sezgirligiga urg‘u berilgani e’tiborga olinsa, biroz pardali, sezdirmasdan amalga oshirilgan harakat bor.

«O’tkan kunlar»ning ko‘p o‘rinlarida, xususan, biz tahlilga tortgan «Xon qiziga loyiq yigit» bobida ob’ektiv tasvir yo‘sini yetakchilik qiladi: bunda hikoya qilish emas, tasvirlash (tasvir orqali hikoya qilish) yo‘lidan boriladi. Bu esa, tabiiy, tasvirda yuksak darajadagi aniqlikni taqozo qiladi, toki o‘quvchi tasvirlangan hayotiy holatni tasavvurida jonli gavdalantira olsin, qahramonlarning xatti-harakatlariyu yuz-ko‘z ifodalarini «ko‘rib», gap-so‘zlarini «eshitsin». Bizningcha, A.Qodiriy tahrirga qo‘l urarkan ayni shu maqsadlarni ko‘zlagan, har holda, natija shunday deyishimizga asos beradi. Bunga amin bo‘lish 1925 yil nashridan kattaroq parchani olaylik-da, uning qanday tahrir qilinganini ko‘zdan kechiraylik:

«- Mani eslay olasizmi, bek?

Otabek diqqat va iltifot{e’tibor} bilan qutidorni kuzatdida{ib} javob berdi:

- Yo‘q amak(!)

- Yoshingiz nechaga bordi? {Necha yoshg‘a bordingiz}

- 24 {Yigirma to‘rt yoshg‘a...}

Qutidor o‘zicha nima to‘g‘risidadir hisob yuritdi(-)da :

- Voqe’an siz mani eslay olmassiz.{!-dedi,-} man Toshkandda qutidorliq qilg‘an vaqtimda siz uch-to‘rt {besh-olti} yoshliq bola edingiz. {...}

Go‘yo, ki man Toshkandda kechagina turg‘an kabi {dek va} kechagina sizning havlingizda mehmon bo‘lg‘an kabi{dek}man.{...} Ammo haqiqatda oradan (o‘n besh-)yigirma yil o‘tib siz ham katta yigit bo‘lg‘ansiz,{;} umr otilg‘an o‘q emish!..

- Siz, bizning havlida bo‘lg‘anmisiz?

- Ko‘b martalab mehmon bo‘ldim.(- dedi qutidor,-) Ul vaqtda bobongiz ham hayotda edilar. {!}

Bu ikkisining so‘zlariga quloq berib {solib chetda}o‘lturg‘an Hasanali Otabekka dedi{ham gapga aralashdi}:

- Amakingiz <(qutidor)> bizning havliga kelib yuraturg‘an vaqtlarida siz yosh bola edingiz(,) bek.{!-dedi,-} Amakingiz sizni saroylarg‘a ham olib tushar edi(lar).»

Birinchi jumla 1926 yil nashrida «Meni eslay olasizmi, bek?» tarzida o‘zgartirilgan. Bizningcha, «Otabek» o‘rnida biroz rasmiyroq «bek» murojaati holatga mosroq — qutidordek serandisha kishi, qarshisida yigirma yillar ilgari o‘zi qo‘lida ko‘tarib yurgan yigit tursa ham, u bilan endi qayta tanishayotir, bas, uning rasmiyroq munosabatda bo‘lishi tabiiyroq. Adib ikkinchi jumladagi «iltifot» so‘zini «e’tibor»ga almashtirganida ham holatga moslikni nazarda tutadi. Holat shundayki, Otabekning qutidorga munosabati o‘zgacharoq (buning tub sababi uning o‘ziga va ziyrak o‘quvchiga ayon), lekin uning o‘zi buni imkon qadar sezdirmaslikka urinayotir. Shunday ekan, «iltifot» bilan qarashlik bu o‘rinda holatga mos emas: bu Otabek uchun o‘zini «fosh etish» bo‘lur edi. Fe’l shaklidagi o‘zgarishga kelsak, «kuzatdi-da» shaklida harakatning navbatma-navbat (ya’ni, avval ma’lum muddat kuzatib turish va keyin javob berish) amalga oshgani anglashilsa, «kuzatib»da bir paytdalik ma’nosi mavjud. Tabiiyki, yoshi ulug‘ odamni savoliga javob bermay kutdirib qo‘yish suhbat odobiga to‘g‘ri kelmaganidek, Otabek tabiatiga ham muvofiq emas, demak, tahrirning sababi shu bilan izohlanishi mumkin. Keyingi o‘zgarish yosh masalasidagi savol-javobda ko‘riladi: 1926 yil nashrida qutidorning savoli «Necha yoshga bordingiz?» tarzida berilgan. Avvalgi nashrda Otabekning javobi biroz to‘mtoqroq (balki, qo‘polroq) tuyulsa ham, u savolning qo‘yilishiga mos edi. Bundan qoniqmagan adib savolni o‘zgacha tartibda qo‘yadi va shunga mos javob olinadi: «Yigirma to‘rt yoshg‘a...» Ya’ni, bu yo‘sin tahrir Otabekning javobini silliqlash, uning xarakter mantiqiga muvofiqligini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Xuddi shunday hol qutidorning «eslay olmasg‘a haqlisiz» deganini «eslay olmassiz» deya o‘zgartirilganida ham kuzatiladi. Zero, avvalgi holida «haqlisiz» deyilishi bilan qutidor tomonidan suhbatdoshiga marhamat qilinayotgandek, haq berilayotgandek, kechirib qo‘yilayotgandek tuyulsa, keyingisida eslay olmaslikning tabiiyligi ta’kidlanadi — yoshi ulug‘, ko‘pni ko‘rgan odam sifatida qutidor yosh suhbatdoshini hijolatdan chiqarishga intilgani ko‘riladi. Ya’ni, bu bilan adib qutidor siyratiga muhim bir chizgi tortishga erishadi. Bundan tashqari, Qutidorning gapida yillar ham tahrir qilingan: «uch-to‘rt yoshliq» o‘rniga «besh-olti yoshliq», «yigirma yillab vaqt» o‘rniga «o‘n besh yigirma yil» tarzida o‘zgartirish kiritilgan. Bu bilan adib qahramon nutqining mantiqan to‘g‘ri va ishonarli bo‘lishiga erishadi — vaqtning taxminiy doiraga olingani hech bir e’tirozga o‘rin qoldirmaydi. Gapdagi «kabi» ko‘makchi so‘zining «dek» qo‘shimchasiga almashtirilgani esa qahramon nutqini kitobiylik qusuridan forig‘ etadi, uni jonli so‘zlashuvga muvofiq etadi. Shunisi diqqatga molikki, yozuvchi tahrirda mayda tafsilotlarni ham nazardan qochirmaslikka intiladi. Masalan, Hasanali haqidagi gapda «quloq berib» o‘rniga «quloq solib chetda o‘lturg‘an», «Hasanali Otabekka dedi» o‘rniga «Hasanali ham gapga aralashdi» tarzida o‘zgartirish bo‘lgani suhbat jarayonining hayot haqiqatga mos tasvirlanishini ta’minlagan. Negaki, o‘quvchi avvalgi bobda Hasanalining «qul» ekanini bilib olgan, bas, Farg‘onaning katta boylari davrasida uning teng huquqli a’zo bo‘lib o‘tirishiga ishonolmaydi. Kiritilgan o‘zgarish shu holning oldini oladi, Hasanalining davradagi o‘rnini ta’kidlab o‘tadi. Keltirilgan parchaga diqqat qilinsa, uning, aytilganlardan tashqari, tinish belgilarining ishlatilishi, matnning texnik shakllantirilishi (mas.: avtor va qahramon nutqi) jihatlaridan ham sezilarli tahrirga uchraganini yaqqol ko‘rish mumkin.

Yuqorida A.Qodiriy «O’tgan kunlar»ni tahrir qilarkan unga besh yillik tajriba yuksakligidan, muhimi, chetdan qaraganini bejiz ta’kidlamadik. Ha, ilgari — Kumushning o‘limiga kuyib yig‘lagan paytlari — adib chin ma’noda asar ichida yashagan, oradan ma’lum vaqt o‘tgachgina unga chetdan qaramoqda. Asarning ichida yashamoq va unga chetdan qaray olmoqni birlashtirgan nigoh — tom ma’nodagi professional nigoh: bu nigoh egasi asarning ma’lum epizodida yashagani holda o‘sha epizodni butun ichida ko‘rishga qobil bo‘ladi. A.Qodiriy amalga oshirgan ayrim tahrirlar ko‘zdan kechirilsa, bunga yana bir karra amin bo‘lish mumkin.

Ma’lumki, A.Qodiriy romanda «sir tutish» usulidan foydalangan — boshdayoq Otabekning oshiqligi aytilsa-da, uning kimga oshiqligi oshkor qilinmaydi. Albatta, bu usul o‘quvchi qiziqishini oshirishi, uni faol va sinchkov o‘qishga undashi jihatidan juda muhim. Romanning 1925 yil nashrida, tahlilga olingan bobning boshlarida «Na uchundir, Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrashmakda edilar» degan jumla borki, undagi «na uchundir» o‘sha «sir»ga ochiq ishoradek bo‘lib qoladi — bu esa, tabiiy, qo‘llangan usulning badiiy-estetik qimmatini tushiradi. Zero, mazkur usul qo‘llanganida o‘quvchi goh «sir»ning tagiga yetganday, goh uni yecha olmaganday tasavvurda bo‘lib turishi muhim. Shuni nazarda tutgan holda — butun talabidan kelib chiqib, adib 1926 yil nashrida jumlani «Tanishtirishdan so‘ng Otabek bilan qutidorning ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshladilar» tarzida tahrir qilib beradi. Tahrir qilingan jumlada hech bir ishora yo‘q, muallif mavjud faktni («ko‘zlari bir-birlariga tez-tez uchrasha boshla»ganini) qayd etish bilan kifoyalanadi — shu hisobga qo‘llangan usulning estetik qimmati saqlab qolinadi. Zero, o‘quvchi faktni mushohada etarkan, endi buni bir tomoni qutidorning Otabek bilan suhbatga moyilligi sababli deb biladi — yana «sir»ning tagiga yetgan-etmagan holicha qoladi.

Shunga o‘xshash holga sal keyinroq ham duch kelamiz. Otabek suhbatdoshlariga Azizbek bilan otasi munosabatini anglatish uchun «shu yaqin oralardag‘ina bo‘lib o‘tgan ish»ni hikoya qilib beradi-da, o‘z so‘zini «Mana ko‘rdingizmi, otamning mushovirlik qadrini» degan xitob bilan yakunlaydi. 1926 yil nashrida bu xitob «Mana ko‘rdingizmi, otamning qadru qiymatini» tarzida tahrir qilib berilgan. Nega? Negaki, A.Qodiriy gumanist san’atkor edi, o‘z zamonida uni o‘ylatgan, tinchlik bermay qiynagan muammolardan biri — shaxs erki, qadr-qimmati masalasi edi. Shu bois ham gumanist san’atkor sifatida A.Qodiriy erk masalasini anchayin kengroq, ko‘lamliroq qo‘ydi: o‘z davrida urf bo‘lgan millat erki masalasini adib har vaqt shaxs erki masalasi bilan bog‘lab talqin qildi. Yuqoridagicha tahrir ham butun talabi — muallifning g‘oyaviy niyati, asarning kontsepttsal butunligi bilan bog‘liqdir. Zero, tahrir natijasida ma’no urg‘usi hukmdor qarshisida amaldor qadri-qimmati masalasidan umuman inson qadri qimmati masalasiga ko‘chirildi, asar to‘qimasidan qizil ip bo‘lib o‘tgan g‘oyaviy leytmotiv yana bir karra ta’kidlandi.

Boshqa bir tahrir kontseptual butunlik bilan birga xarakter butunligini ta’minlashga xizmat qiladi. Otabek Shamay xotirotini so‘zlab bergach, «o‘risning idora usuli» bilan Turkiston idora usulini qiyoslarkan: «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta berganida kofir qo‘liga mahkum bo‘luvimizni o‘ylab(xudo u kunni ko‘rsatmasun) butun avqotimni qayg‘i bilan o‘tkuzmoqqa majbur bo‘ldim» deya e’tirof etadi. 1926 yil nashrida bu jumla qisqartirilib, «Bizning idoramiz bu kungi tartibsizligi bilan keta bersa holimizning nima bo‘lishig‘a aqlim yetmay qoldi» tarzida beriladi. Albatta, bugungi kunda bu qisqartirishni siyosiy sabab bilan izohlash, adib shunga majbur bo‘lgan, deyish osonroq kechadi. Ikkinchi tomoni, bu ehtimolni mutlaqo inkor qilish fikridan ham yiroqmiz. Biroq shunda ham, bizningcha, qisqartirish tom ma’nodagi badiiyat nuqtai nazaridan amalga oshirilgan. Hartugul, tahrirning badiiy samarasi shunday o‘ylashimizga asos beradi. Gap shundaki, birinchidan, bu gap Otabek bungacha aytgan gaplar ruhiga to‘la muvofiq emas. Zero, Otabek ruslardagi idora usuli haqida havas bilan gapirib, ulardan o‘rnak olish, o‘z elini ular qatorida ko‘rish orzusini qilarkan, mabodo ko‘ngil tubida bo‘lganida ham, hech yo‘q bungacha aytganlarining some’larga ta’sirini yo‘qotmaslik uchun bu gapni aytmsligi joiz. Ikkinchidan, gapdagi oshkor publitsistik ruh, xususan, qavs ichida berilgan «xudo u kunni ko‘rsatmasun» xitobi uning Otabekka emas, ko‘proq roman ustida ishlayotgan adibga tegishli ekanligini fosh etib turadi. Uchinchidan, xuddi shu fikr keyinroq Yusufbek hoji tilidan ham aytiladi. Lekin aytishda ham aytish bor. Yozuvchi bu gapni aytishga Yusufbek hojini obdon tayyorlab boradi, shundayki, o‘quvchi Yusufbek hoji ayni shu gaplarni aytmasligi mumkin emasligiga ishonadi, hojining buni aytishga ma’naviy haqqi borligini his etadi. Mabodo tahrir qilinmay, bu fikrlar Otabek tilidan deklarativ bayon etilgan bo‘yicha qolganida, Yusufbek hoji nutqining ta’sir kuchiga putur yetgan bo‘lur edi. Demak, san’atkor nigohi bilan qaragan A.Qodiriy ayni shu narsani chuqur his qilgani uchun ham jumlani qisqartirgan.

A.Qodiriy 1925 yil nashrida tahrir qilgan qator o‘rinlar kuzatilsa, ularning uslubiy ravonlikka erishish, ortiqcha takrorlar, keraksiz tafsilotlar va g‘alizliklarni bartaraf etish maqsadida amalga oshganini ko‘rish mumkin. Bu esa, 1925 yil nashri «Inqilob» jurnaliga asosan mos kelishi esga olinsa, o‘tgan yillar mobaynida adibning qalami qayralgani, mahorati yuksalganini yaqqol namoyish etadi. Matnda bu xildagi tahrirlarning g‘oyat ko‘pligini qayd etgan holda, biz ayrim parchalarni qiyoslash bilan kifoyalanamiz.

1925 yil nashrida Otabekning ziyofat chog‘idagi holatini tasvirlovchi mana bu jumla bor: «Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning soniya sayin mehmonlarni dasturxondag‘i varaqi somsalarg‘a, anor va noklarga qistoqlari boshqalarning ishtiholarini ochmoqqa sabab bo‘lsa ham ammo bizning Otabekka sira ham asar etmas, ul qandaydir bir xayol ichida o‘lturmakda edi». Badiiy muloqot nuqtai nazaridan qaralsa, adibning maqsadi Otabekning ziyofatda hamsuhbatlaridan ajralibroq, «xilvat dar anjuman» qabilida o‘tirganini ko‘rsatish va shu orqali uning ruhiyatida kechayotgan qandaydir holatga ishora qilishdir. Ya’ni yozuvchi o‘quvchining qiziqishini kuchaytirish, uning xayolida ilgariroq paydo qilingan «nega?»ga yana bir urg‘u berishga harakat qiladi. Jumlada bu maqsadlarga erishish uchun zarur bo‘lmagan tafsilotlar mavjudligini, nutqning har vaqt «tejash»(ekonomiya arintsipi)ga intilishini e’tiborga olsak, muallif jumlani quyidagicha tahrir qilgani asosli ko‘rinadi: «Ziyo shohichi bilan o‘g‘li Rahmatning har zamon mehmonlarni dasturxong‘a qistashlari boshqalarning ishtiholarini ochishqa sabab bo‘lsa ham ammo bizning Otabekka sira ham asar qilmas, xayollanib o‘lturar edi». E’tibor qilinsa, tahrirda boshqa o‘zgarishlar ham kiritilgani, ular jumlaning uslubiy ravon, mazmuniy jihatdan aniq bo‘lishiga xizmat qilgani ko‘rinadi. Jumladan, mezbonning «soniya sayin» dasturxonga qistashi ishtahani ochish o‘rniga bo‘g‘ishi mumkinki, uning «har zamon» deb o‘zgartirilgani maqsadga muvofiq. Yoki «ul qandaydir bir xayol ichida o‘lturmakda edi» deyilganda yana maqsadga ochiq ishora («qandaydir») bor, boz ustiga, Otabek o‘zining holatini imkon qadar sezdirmaslik payida, shuning uchun «xayollanib o‘lturar edi» deyilgani ma’qul. Zero, birinchi holda xayolga ko‘proq berilib ketganlik ma’nosi mavjudki, bu qahramon holatini aniq tasvirlashga monelik qiladi.

Yaxshi ma’lumki, dialoglarning jonli va to‘laqonli bo‘lishi zamonaviy nasrda badiiylikni ta’minlovchi muhim omillardandir. «O’tgan kunlar»ning avvalgi nashrlari kuzatilsa, ularda dialoglarni berishda o‘tgan asr boshlarida yaratilgan nasriy asarlarga xos jihatlarni ko‘rish mumkin. Jumladan, ko‘pincha dialoglarni shakllantirishda dramatik asarlarga xos unsurlardan (remarkalar, nutq egasi nomini alohida satrga chiqarish va b.) foydalanilgani kuzatiladi. Holbuki, nasrda dialog imkoniyatlari juda keng, u dramadagi kabi ortiqcha tafsilotlarga, sharhlarga muxtoj emas — dialogni anglash konteksti benihoya keng. Albatta, o‘tgan yillar davomida ko‘p o‘qib-o‘rgangan adib buni juda yaxshi bilgan, shunday ekan, dialoglarni avvalgi holicha qoldirishi mumkin emas edi. Misol uchun avvalgi nashrdagi quyidagi dialogni olaylik:

« - Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimmi?

- Hali ham hokimimiz o‘sha Azizbekdir.

Bu o‘runda so‘zga Xomid aralashdi:

- Sotqi bek ketsun, Aziz bachcha deng.

Yaqing‘inada Musulmoncho‘loqning bazmi Aziz bachcha bilan qizar edi!- dedida...»

Keyingi nashrda ushbu dialog quyidagicha tahrirga uchragan:

« - Azizbek bu kunda ham Toshkandga hokimdir?

- Shundog‘.

- Sotqi bek ketsun, Aziz bachcha deng!- dedi Xomid va Akram hojiga qarab kuldi,- Yaqing‘inada Musulmoncho‘loqning bazimi shu Aziz bachcha bilan qizir edi!- dedi...»

Avvalo, bu o‘rinda replikalarning jonli, berilayotgan savol va javoblarning mantiqli bo‘lishiga e’tibor qaratilgan. Jumladan, Akram hoji savolni bilmaganini bilib olish maqsadida berayotgani yo‘q, uning uchun bu suhbatni boshqa mavzuga burish vositasi, xolos. Shu sababli ham savolga «hokimmi?» shaklidan ko‘ra «hokimdir?» shakli ko‘proq mos keladi. Negaki, savolning bu tarz qo‘yilishida ichki tasdiq ma’nosi ham bor. Ikkinchidan, dialogda «tejash» printsipi, ayniqsa, izchil qo‘llanishi e’tiborga olinsa, Otabekning «Hali ham hokimimiz o‘sha Azizbekdir» tarzida mufassal javob berishi ham notabiiy ko‘rinadi. Uchinchidan, «bu o‘runda so‘zga Xomid aralashdi» tarzidagi muallif sharhi dialogning jonli chiqishiga, suhbat dinamikasiga putur yetkazmoqda. Chunki Xomidning luqmasi Akram hojiga qaratilgan ekan, uning Otabekka gal berib-bermay aytilgani ravshan. Shularga ko‘ra, keyingi nashrdagi tahrirlar dialogni suhbat jarayoniga mos shakllantirilishini ta’min etgan, deya olamiz.

Dialogning qay tarzda qurilgani shaklga taalluqli masala bo‘lsa-da, u mazmunni ifoda etishda, xususan, suhbat ruhini, suhbatdoshlar ruhiy holatini ifodalashda muhim ahamiyatga molikdir. Shuni chuqur his etgan holda A.Qodiriy 1925 yil nashridagi dialoglarning deyarli barchasiga muayyan o‘zgarishlar kiritgan.

Dialoglardagi tahrirlarni uchta guruhga ajratish mumkin. Ularning birinchisi davr yozuvi bilan bog‘liqdir. Gap shundaki, 20-yillarda hali dialoglarni berishning umumiy va qat’iy qoidalari ishlab chiqilmagan, o‘zbek tilidagi nashrlarda bu masalada ham turlichalik kuzatilar edi. Masalan, 1925 yil nashrida Otabekning luqmasi quyidagicha berilgan:

«- Ota qadrdonlari bilan tanishdirishingiz uchun rahmat amak dedi, va qutidor bilan Akram hojig‘a tavozulanib, otam sizning kabi yaqin do‘stlarig‘a g‘oyibona salom aytishni menga amonat topshirg‘an edilar!»

Ko‘rib turganimizdek, qahramon va muallif nutqlarining bir -biridan ajratilmagani, tinish belgilarining ma’lum tartibda ishlatilmagani dialogni jonlilikdan mahrum etadi — zamonaviy nasrga xos «sahnaviylik» effektiga putur yetkazadi. Keyingi nashrda ushbu replika quyidagicha tahrir qilingan:

«- Ota qadrdonlari bilan tanishdirg‘aningiz uchun rahmat, amak! - dedi va Akram hoji bilan Mirzakarim akaga tavozulandi,- Otam sizlardek yaqin do‘stlariga salom aytishni menga amonat topshirg‘an edilar!»

Albatta, tahrir davomida uslubiy g‘alizliklar silliqlanib, ortiqchaliklar bartaraf etilgan. Lekin dialog shaklining tartibga solingani muhimligi jihatidan bulardan aslo kam emas. Chunki keyingi shakl suhbatni jarayon sifatida qabul qilish, o‘quvchiga bu jarayonni «ko‘rish» va «eshitish» imkonini beradi.

Ikkinchi xil tahrirlar muallif gapining o‘rnini o‘zgartirish, yo‘q o‘rinlarga kiritish kabi amallarni o‘z ichiga oladi. Masalan, Akram hoji bilan Otabek

«-Otangiz Azizbekning mushoviri ekan, na uchun uni bir oz bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir?

Otabek yengilcha iljaydida javob bera boshladi:

-Kechiringiz, amak. Siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq anglag‘ang‘a o‘xshadingiz». 1925 yil nashrida keltirilgan dialogda tahrirning har ikki ko‘rinishi amalga oshirilgan:

« -Otangiz Azizbekning mushoviri ekan - dedi Akram hoji,- nima uchun uni bir oz bo‘lsa ham yo‘lg‘a solmaydir?

-Kechiringiz, amak - deb Otabek kulimsiradi,- Siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq anglag‘ang‘a o‘xshadingiz».

Birinchi jumlaga muallif izohining kiritilgani gap egasini tanitishgagina xizmat qilib qolmaydi, u muhim nuqtadagi pauzani ta’kidlaydi ham. Ya’ni bu gapning ohangini yozuvda ifodalashga xizmat qiluvchi qo‘shimcha vosita bo‘lib, o‘quvchiga o‘sha ohangni «eshitish»ni osonlashtiradi. E’tibor qilinsa, ikkala variantdagi qahramonlar ruhiy holati, yuz-ko‘z ifodalari, xususan, Otabekning gap ohangi bir-biridan jiddiy farqlanadi. Zero, Akram hojining gapidan so‘ng «Otabek yengilcha iljaydida javob bera boshladi» deyilishidan Otabek suhbatdoshi ustidan kulayotgandek, uni mensimagandek bo‘lib ko‘rinadi. Aslida yozuvchi bunday demoqchi emas, shuning uchun keyingi variantda o‘z sharhini tahrir qilib qahramon gapi orasiga joylaydi: «Kechiringiz, amak - deb Otabek kulimsiradi,- Siz otamning mushovirlig‘ini boshqacharoq anglag‘ang‘a o‘xshadingiz». Ko‘ramizki, keyingi variantda ham Otabek Akram hojining fikrini inkor qiladi, biroq buni odob, andisha doirasidan zarracha chekinmagan holda amalga oshiradi: endi uning kulimsirashi ham go‘yo uzrxohlikning davomi, shuni ta’kidlovchi vositaga aylanadi.

«Xon qiziga loyiq yigit» bobining 1926 va 1933 yil nashrlaridagi matnlarida ham ma’lum farqlar mavjud. Aytish kerakki, bu farqlarning aksariyati, bizningcha, yangi yozuv tabiati bilan bog‘liq bo‘lib, ko‘proq so‘z va so‘z shakllarining yozilishi, tinish belgilarining qo‘llanishida kuzatiladi. Shu bilan birga, 1933 yil nashrida jumladagi ayrim so‘zlar tushirib qoldirilgan yoki boshqasiga almashtirilgan o‘rinlar ham uchraydi va albatta, bu xil tafovutlar yuzaga kelish sabablari jihatidan farqlanadi.

1933 yil nashrida so‘z tushirib qoldirilgan o‘rinlar kuzatilsa, ularning ko‘proq texnik hodisa ekanligi, ya’ni buning bosmaxona aybi bilan yuz bergani ko‘rinadi. Masalan, 1926 yil nashrida qutidor «qora qosh, qora ko‘z, yaxshig‘ina kiyingan» deya ta’riflansa, keyingi nashrda «ko‘rkam yuz» sifati tushirib qoldirilgan. Holbuki, uni tushirib qoldirishga hech bir zarurat yo‘q, ya’ni bu maqsadli tahrir natijasi emas. To‘g‘ri, bu o‘rinda so‘zning tushirib qoldirilishi jumlaning uslubiy qurilishiga ziyon yetkazgan emas. Biroq qahramon portreti unga muallif munosabatini ifodalash va o‘quvchida shunga mos munosabatni shakllantirish vositasi ekani e’tiborga olinsa, konkret chizgining yo‘qqa chiqarilishi zararga ishlagani ayon bo‘ladi. Bundan farqli ravishda «Qutidor tag‘in aytmoqchi bo‘lgandi» jumlasida «nimadir», «bir-ikki qayta ko‘z ostidan kechirdi» jumlasida «ularni» so‘zlarining tushirib qoldirilgani jumla qurilishida g‘alizliklarni yuzaga keltirgan. Modomiki, ko‘rib o‘tilgan o‘zgarishlar ozmi-ko‘pmi zararli ekan, ularning muallif tomonidan kiritilishi mumkin emas, bular «musahhihlarning musohalalari orqasida» yuzaga kelgandir.

Yuqoridagilardan farq qilaroq, jumladagi so‘zning boshqa so‘z bilan almashtirilishi yoki jumlaga yangi so‘z kiritilishi bilan bog‘liq tafovutlar maqsadli tahrir natijasidir. Masalan, el-yurt qayg‘usini chekkan Otabek najotni g‘arazgo‘ylarni «ish boshidan quvlash va ular o‘rniga yaxshi (oqil) va xolis odamlarni o‘tqizish»da ko‘radi. Chamasi, oradan yillar o‘tgach adib yurt ravnaqi uchun ish boshida turganlar «yaxshi va xolis» bo‘lishining o‘zi kamlik qilishini his qilgan-da, jumlaga «oqil» sifatini ham kiritgan. Shunga o‘xshash, 1926 yil nashrida majlis ahli «bekning og‘zig‘a anqayishib qolg‘an»ini «Darhaqiqat, o‘z aro bitmas nizolarning asli manshaini ul yaxshi anglab tahlil qilar va durust qiymat berar edi» deya izohlagan edi. Tabiiyki, o‘tgan yillar davomida adibning qarashlarida ma’lum o‘zgarishlar yuz bergan, tabiiyki, uning Otabek aytgan gaplarga munosabatida ham muayyan o‘zgarishlar yuz bergan. Shundan bo‘lsa ehtimol, 1933 yil nashrida adib jumlani «Darhaqiqat, o‘z aro bitmas nizolarning asli manshaini u bir qadar anglab tahlil qilar va zamonig‘a ko‘ra durust qiymat berar edi» tarzida tahrir qiladi

1933 yil nashrida yana bir so‘z o‘zgarishi borki, unga birmuncha kengroq to‘xtalish joiz. Majlis ahli Otabekni maqtarkan, Xomidning g‘ayirligi tutadi:

«- Balki begingizning tamalari xon qizidadir!-dedi istihzo bilan Homid,- bunaqa yigitlar uylanganlarida ham kishi qizini umur bo‘yi azob ichida o‘tkazadirlar!..

Sababiga tushunish qiyin bo‘lg‘an bu istihzoga qarshi Hasanali sukut qilolmadi»,- va, ma’lumki, boplab javobini berdi. 1933 yil nashrida keyingi jumladagi «istihzoga qarshi» o‘rniga «achchiqqa qarshi» deb berilgan. Sirtdan qaraganda, bu o‘zgarish faqat takrordan qochish uchundek ko‘rinishi mumkin. Biroq, bizningcha, so‘zning o‘zgarishi Hasanalining ruhiy holatiga muayyan aniqlik kiritadi. A.Qodiriy Homidning gaplarini go‘yo Hasanali bo‘lib «eshitib ko‘rdi» va barchaga oddiy istihzo bo‘lib ko‘ringan gaplar zamirida farzandidek ko‘rgani Otabekka nisbatan g‘ayirlik, dushmanlikni sezdi. Ayni shuning uchun ham u «sukut qilolmadi» — sukut qilolmas edi.

Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, 1933 yil nashri oldidan yozuvchi matnni tomonidan bir sidra ko‘zdan kechirgan, zarur tahrirlar kiritgan. Shunga ko‘ra, 1933 yil nashri asos matn sanalgani to‘g‘riroq bo‘ladi.

 
 
Сайт создан в системе uCoz