Zamonga o‘tmishdan bir nigoh...

Dilmurod Quronov, A'zam Hamraqulov

Ma’lumki, urushning dastlabki oylaridayoq Oybek “Mahmud Torobiy” dramatik dostonini yozgan, shu asar asosidagi libretto nisbatan tez fursatda sahnalashtirilgan edi. Shunga qaramay, Oybek bu mavzuga yana qaytadi: Hamza teatri uchun “G’alvirchi” nomli pesani, rus adibi A.Deych bilan hamkorlikda “Ùit naroda” pesasini yoza boshlagan. Adabiy davralarda adib Torobiy mavzusida yirikroq asar, ehtimolki, roman yozishni niyat qilgan, degan gaplar ham eshitilib turadi. Sirasi, bu fikrda jon borga o‘xshaydi. Negaki, tugallanmay qolgan har ikki pesa, ularning turli rejalari, stsenariylari kuzatilsa, mavzuning badiiy talqinida epik ko‘lamning tobora kengayib borganiga amin bo‘lamiz. Qo‘lyozmalarga bir qur qiyosiy nazar solinsayoq, mavzu talqinida ijodkorning tinimsiz izlanishda ekanligi ko‘rinadi: asarga yangi syujet motivlari, dramatik holatlar, personajlar qo‘shib boriladi; ayrim nuqtalar bo‘rttirilsa, boshqalari birmuncha susaytiriladi. Ya’ni, material bilan jonli muloqot davom etadi: go‘yo Oybek hamon tasvir ob’ekti mohiyatiga chuqurlashib borayotgandek, material ijodkorga, ijodkor materialga singib borayotgandek tuyuladi. Xo‘sh, Torobiy mavzusi nimasi bilan Oybekni bunchalar maftun etdi? Nima uchun adib bu mavzuga qayta-qayta murojaat qiladi? Muddao yetakchi teatrimiz uchun asarning nasriy variantini yozishgina edimi?..

Bizningcha, Oybek Torobiy timsolini Hamza teatri sahnasida jonlantirishni niyat qilganidangina emas, ko‘proq, qoniqmaganlikdan yana mavzuga qaytadi. Ya’ni, fikrimizcha, adib dramatik dostondan ham, librettodan ham yetarli qoniqish tuymagan, tuya olmay qolgan. Nega?

Keyinroq, 1945 yil kuzida, O’zbekiston yozuvchilar soyuzida M.Shayxzodaning “Jaloliddin Manguberdi” tragediyasi bo‘yicha o‘tkazilgan munozarada so‘zlagan nutqida Oybek libretto yozilgan paytni eslab: “... sharoit, hatto tasvirlangan voqealar tarixiy faktlarga muvofiq kelmasa-da, xalqni Vatan uchun fidokorona kurashga ruhlantiruvchi asarlar yozishni talab qilardi. 1941 yil oxirida, gitler qo‘shinlari Moskva yoniga kelib qolgan bir paytda, kishilarimiz yuragiga yangi kuch, g‘alabaga ishonch bag‘ishlaydigan asar kerak edi ”,- degan edi. Darhaqiqat, libretto — urush davrining “ijtimoiy buyurtma”siga (aytish zarurki, bu “ijtimoiy buyurtma” adibning qalb amriga to‘la muvofiq kelardi) “labbay” tarzida yozilgan asar.

A.Potebnya fikricha, agar ijodkor muayyan bir fikrni ifodalash, isbotlash yoki singdirish uchun hayotdan misol olsa-yu, shu aniq maqsadga intilsa, u — olim, voiz, valiy, aslo san’atkor emas. Agar u, misolni olgach, uni tasvirlashning o‘zidan zavq olsa, shu zavq kuchi bilan unga hayotiylik, aniqlik baxsh etolsa, o‘sha misol maqsad qilinganidan-da ko‘proq (hatto, maqsad qilinmagan) narsalardan so‘ylashi muqarrar . Shunga o‘xshash, Oybek avvaldan belgilangan maqsad bilan librettoga qo‘l urganki, tarixiy material uning uchun bir vosita edi, xolos. Shu bois ham asarda publitsistik ruh ustivor, tarixiy material tamomila maqsadga bo‘ysundirilgan — asar bir zarbda yozib tugatilgan, maqsadga erishilgan. Biroq asar ustidagi ish jarayonida tarixiy material jonlanib ulgurgan, u bilan ijodkor orasida dialogik munosabat (M.Baxtin) vujudga kelgan, demakki, endi material ijodkor izmidagi vositagina bo‘lmay qoldi — adib uni tasvirlashning o‘zidanoq zavq tuya boshladi. Ayni shu narsa Oybekni yana mavzuga qaytaradi, aniqrog‘i, mavzudan chiqishiga izn bermaydi — tarixiy materialga chuqurroq sho‘ng‘ish, uni chinakam estetik mushohada qilishga undaydi. Ta’kidlash joizki, shu xil zavqning mavjudligi — ijoddan qoniqish hosil qilishning asosi, muhim shartidir.

Avvalgi faslda aytdikki, ijodkor o‘tmishni zamonasi orqali idrok etadi, o‘tmish zamona prizmasi orqali gavdalanadi. Boshqacha aytsak, ijodkor tarixiy voqelikni zamonasidan andoza olgan holdagina badiiy gavdalantira oladi. Negaki, u o‘tmishda yashab ko‘rgan emas, uning hayot haqidagi, inson, insonlararo munosabatlar (kengroq olsak, umuman, ijtimoiy munosabatlar) haqidagi tasavvurlari zamonasida shakllangan. Ya’ni, faktlar o‘tmishdan olingani holda xarakterlar talqini, hayotiy holatlar tasvirida ijodkor o‘zining hayotiy tajribasiga tayanadi. Demak, ijodkor tasvirda zamonasidan nechog‘li uzoqlab ketmasin, badiiy talqinda undan tamoman uzilib ketishi mumkin emas. Shunga ko‘ra, tarixiy mavzudagi asar ayni paytda zamonaviy asardir. Bu fikrimizni o‘zgacharoq yo‘sinda asoslashga harakat qilamiz. Ma’lumki, adabiyotshunosligimizda “mavzu asarda tasvirlangan hayot materiali bilan unda qo‘yilgan muammolar jamini tashkil qiladi” tarzidagi fikr ustivorroq. Holbuki, mavzu va problema bir-biriga uzviy bog‘liq, biroq boshqa-boshqa tushunchalar. Shu bois ham adabiyotshunoslikda asarda qo‘yilgan muammolarni problema, qalamga olingan hayot materialini mavzu deb ajratish an’anasi ham mavjud va bu, bizningcha, to‘g‘riroq ham. Tabiiyki, ijod jarayoni nuqtai nazaridan problema birlamchi: san’atkor o‘z hayot yo‘lida muayyan muammolarga duch keladi, ularni o‘zi uchun hal qilishdek o‘tkir ehtiyojni tuyadi. Sirasi, ayni shu ehtiyoj badiiy ijodga turtki beruvchi birlamchi omildirki, badiiy asarni “ehtiyoj farzandi” (A.Oripov) deyilishi bejiz emas. Problema mavzuni belgilaydi, negaki, ijodkor o‘zini qiynagan muammolarni badiiy idrok etishga eng qulay imkoniyat bera oladigan hayot materialini qalamga oladi. Tarixiy mavzudagi asarning zamonaviyligi ham ayni shu narsa bilan — problemaning har vaqt zamonaviy (yoki zamon tushunchasidan yuqori — mangu muammo) bo‘lishi bilan belgilanadi. Jumladan, Oybek o‘zining urushga, fashist bosqinchilariga munosabatini ifodalash uchun juda qulay materialni — Torobiy boshchiligidagi mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi kurash voqealarini tanladi. Maqsad aniq belgilangan edi, biroq, yuqorida aytdikki, librettoni yozish jarayonida muallif bilan tarixiy material orasida dialogik munosabat vujudga keldi — material maqsad qilinganidan ko‘proq narsalarni so‘ylay boshladi. Deylik, Oybek realist san’atkor sifatida asarda qo‘zg‘olon sabablarini, xalqda bosqinchilarga nafrat uyg‘otgan omillarni ko‘rsatishi lozim edi. Ko‘rsatdi. Tabiiyki, asarda jonlantirilgan omillar, aslida, adibning o‘z zamonasida u yoki bu tarzda ko‘rgan, guvohi bo‘lgan hayotiy holatlarning o‘tmishga proektsiyasi edi. Jonlangan tarix endi adibga o‘zini qiynab kelayotgan muammolarni badiiy idrok etish, zamonasini anglash va unga munosabat bildirish imkonini taqdim qilayotir. Shu bois ham Oybek konkret maqsadga qaratilgan librettoni yozishning o‘zi bilan qanoat qilolmay qoladi — yana va yana mavzuga qaytadi. Sirasi, biz bu o‘rinda Oybek iste’dodi tabiatiga xos holatni ham ko‘rishimiz mumkin. Ma’lumki, Oybek o‘zida hassos lirik va teran epik tafakkur sohibini mujassam etgan san’atkor edi. Uning ijodiy tadrijida dilbar she’rlaru dostonlardan romanga o‘tilgani, konkret materialni (mas.: Navoiy mavzusi) avvaliga lirik mushohada etib, so‘ng epik talqinga kirishgani buning yorqin dililidir.

Epik ko‘lamning kengaygani “G’alvirchi”ning ilk sahnalarini dramatik doston va librettoning ilk ko‘rinishlariga qiyolansayoq yaqqol ko‘zga tashlanadi. Dramatik doston bilan librettoning ilk ko‘rinishlari bir-biriga deyarli o‘xshash: har ikkisida ham bahor fasli, buloq boshiga kelgan qizlarning ishq-muhabbat haqida so‘zlashishlari, Jamila bilan Yodgorning uchrashuvi...— xullas, nisbatan osoyishta qishloq hayoti tasviridan boshlanadi. Bundan farq qilaroq, “G’alvirchi”ning ilk sahnasi Torobiyning: “Ajab zamon! O’ylasang tars yorilib ketasan. O’ylamaslikka iloj yo‘q: fikr kelaveradi, qaynayveradi. Har bir o‘tgan kun yurakning bir parchasini og‘ulab ketadi...” qabilidagi mushohadalaridan boshlanganki, qahramonning zamon, hayot, inson va uning taqdiri haqidagi o‘ylari o‘quvchi(tomoshabin)ni g‘oyaviy-hissiy jihatdan asarni qabul qilishga tayyorlanishga undovchi darak, oldindagi jiddiy tahlildan o‘quvchi(tomoshabin)ga berilgan avans go‘yo.

Qo‘zg‘olonga turtki bergan voqea libretto va dostonda deyarli o‘xshash: birinchisida mo‘g‘ullar qishloq ahlidan o‘lgan ulug‘larining qabriga qo‘shib ko‘mish uchun yosh qizlarni talab qilishsa, ikkinchisida Chig‘atoy uchun “savg‘o” (“besh-o‘n hunarmand” va yana “xonga bir necha qiz, Suluv bo‘lsin, yolg‘iz suluv”) talab qiladilar. Har ikki asarda ham nisbatan osoyishta qishloq hayoti tasvirining bu sahnalarga almashinishi keskin kontrastlilikni yuzaga keltiradiki, bu narsa ularning publitsistik ruhi, appelyativ maqsad (ya’ni, o‘quvchiga ta’sir o‘tkazish) yetakchiligi bilan izohlanadi. Ya’ni, bu o‘rinda o‘quvchi(tomoshabin)ning jonlangan o‘tmish bilan zamonasi orasida analogiyalar topishi, mo‘g‘ullarga nisbatan nafratini osoyishta hayotiga rahna solgan fashistlarga ko‘chirishi ko‘zda tutiladi. To‘g‘ri, bungacha har ikki asarda ham mo‘g‘ul istilosi oqibatlari personaj tilidan (birida darvesh, ikkinchisida gado), uning foje taqdirini so‘ylashi orqali ko‘rsatiladi. Biroq dramatik syujet bundan ortig‘iga yo‘l bermaydi — voqealarning shiddatli rivoji zarur. Jumladan, sahnalashtirilgan librettoda Jamila Torobiyning qizi qilib (bu o‘zgarish so‘nggi variantda kiritilgan) berilganki, bu ham dramatik konfliktni keskinlashtirish, voqealar shiddatini kuchaytirishga xizmat qiladi. Boshqa bir tomoni, ehtimol, ilk sahnalardagi qarshilantirishning o‘zi qo‘zg‘olon boshlanishini asoslashga kamdek ko‘ringandirki, bunga Torobiyning shaxsiy motivi ham qo‘shiladi.

“G’alvirchi”da, yuqorida aytgilganidek, nisbatan osoyishta qishloq hayoti ham, ikki yoshning muhabbati ham tushirib qoldiriladi, to‘g‘ridan to‘g‘ri asosiy masalaga — mustamlaka sharoitidagi xalqning zabun ahvolini ko‘rsatishga o‘tiladi. Torobiy ustaxonasiga kelgan O’rmon, keyinroq kelib qo‘shilgan Marjonlar bilan suhbatlasharkan, o‘quvchi(tomoshabin) ko‘z oldida istilo dahshatlari ham, mustamlaka xorliklari ham namoyon bo‘ladi. Va shu asno ustaxonaga Otash chol kirib keladi: uning o‘g‘lini “oqar suvda cho‘milgani” uchun hibsga olganlar. Shuning muhokamasi bo‘lib turgan mahal o‘z nazdida “qut xabar” bilan mo‘g‘ullar xizmatidagi mansabdor qaytib keladi-da, Otashga o‘g‘lining ozod qilinishi evaziga nabirasi Bodomni hokimga tortiq qilishni taklif etadi. Mansabdor nazdida xayriyat bo‘lmish bu taklif Otash uchun — haqorat, cholning vijdoni qaynaydi: “Qani insof, qani adolat? O’zoq yillari ikki o‘g‘lim qo‘ydek bo‘g‘izlandi. Bir zargar inim tiriklayin O’qtoy xonning yurtiga qul qilinib haydaldi, u ham o‘lgandan battarroq bo‘ldi. U vaqtlar boshqa vaqt edi. Biz yov edik, talon-bosqinchilik zamoni edi, it egasini tanimas, har kim boshiga kelgan noma’qulchilikni qilar edi. Shaharlar kuydi, qishloqlar yakson bo‘ldi, dalada ekinlar tuproqqa qorishdi. Endi-chi? Biz Chig‘atoyxonning raiyatimiz, xonimizga hafta o‘tmay, har xil soliqlarni to‘lab turibmiz. Endi bu qolibdimi? Otasining yo‘q gunohi badaliga uning qizini — nabiramni qo‘lingizga tutqizaymi?”

Yuqorida aytdikki, ijodkor o‘tmishni o‘z hayotiy tajribasiga tayanib jonlantiradi, tarixiy mavzudagi asar problemasi har vaqt zamonaviy, deb. Shundan kelib chiqqan holda Otashning gaplariga razm solinsa, bular, aslida, Oybekni qiynagan savollar ekanligini anglash qiyin emas. Otashning e’tiroficha, “talon-bosqinchilik zamoni” o‘tib, xalq “Chig‘atoyxon raiyati” bo‘lgach ham zulm, zo‘ravonlik tugamagan. Agar bu holni Oybek zamoniga ko‘chirsak, inqilob va grajdanlar urushi davridagi qirg‘in-barotlar tugagach ham hamon zulm, zo‘ravonlik hukm surayotgan 30-yillar nazarda tutilgani anglashiladi. Ayniqsa, “otasining yo‘q gunohi” badaliga qizini olib ketishlari istasak-istamasak yana mash’um qatag‘on siyosatini yodga soladi. Axir, Oybek o‘ylab topilgan ayblovlar bilan juvonmarg qilingan otalarning ko‘pini shaxsan tanigan, bolaligi qamoq va surgunda kechayotgan “xalq dushmanlari”ning sag‘irlarini bilgan; “otasining yo‘q gunohi” uchun zug‘umlar ko‘rgan Zarifaxonim bilan bir umr yostiqdosh bo‘lgan. Bularning barini ko‘rgan, qatag‘on zaxmini qalbi va vujudidan o‘tkazib ko‘rgan Oybekning zamonasiga qarata “Qani insof, qani adolat?” deyishi tabiiydek ko‘rinadi bizga. Albatta, “otasining yo‘q gunohi” qabilidagi talqin o‘sha davr uchun ulkan jasorat edi. Biroq, bizningcha, Oybek ijod onlarida asarning shu holicha e’lon qilinishi yoki sahnalashtirilishi mumkinligi haqida o‘ylamaydi ham — u o‘zini qiynagan muammolarni idrok qilish, dardini qog‘ozga to‘kish bilangina mashg‘ul — chinakam ijod qo‘ynida.

Qo‘zg‘olonga turtki bergan voqea “G’alvirchi”da o‘zgacharoq talqin qilinadi, dedik. To‘g‘ri, sirtdan qaraganda har uchala asarda ham voqeaning mohiyati o‘xshashdek. Farq shuki, dostonda qizlarning olib ketilishi xonning ko‘ngil xushi uchungina, librettoda mo‘g‘ullarning johilona dafn marosimlari uchun, “G’alvirchi”da esa “otasining yo‘q gunohi” bahona hokimga tortiq qilish uchun. Yuzaki qaraganda arzimasdek ko‘ringan bu farq talqinda jiddiy o‘zgarishlarni keltirib chiqaradi. Avvalgi har ikki asarda mo‘g‘ullar o‘n chog‘li qizlarni olib ketadilarki, bu o‘rinda kulfat ko‘pchilik boshiga yog‘ilganini ta’kidlash muhim, zero, ayni shu narsa “ijtimoiy buyurtma”dan kelib chiquvchi muallif maqsadiga mos. Keyingisida esa ofat birgina Otash xonadoniga yog‘iladiki, muallifni qiynagan muammolarni badiiy idrok etishga shunisi qulayroq:

“Mansabdor. Qiz uchun ertaga kelamiz!

Mahmud. Ko‘ramiz

Mansabdor. Sening ishing emas!

Mahmud. Yurt ishi — hammamizning ishimiz. Otash otaning boshiga tushga qora kun ertaga mening yo boshqa kambag‘alning boshiga tushuvi aniq.(Xalqqa murojaat qilaroq, qo‘l ko‘tarib) Yaktan bo‘llaring, haq — bizniki”.

Sir emaski, qatag‘on siyosatining amalga oshishida “tomoshabin” bo‘lib turishgagina yaragan shalqning-da xizmati bor. Mash’um 30-yillarda soxta, ko‘pincha hatto kurakda turmaydigan ayblovlar bilan ne-ne odamlarning yostig‘i quritilmadi. Xalqimizning sara farzandlari ommaning “betaraf kuzatuvchi” bo‘lib turishi orqasida bitta-bitta terib ketildi. O’zganing boshiga tushgan kulfatning guvohi bo‘lganlarning aksariyati, ochiq-oshkor nohaqlikdan vijdoni o‘rtasa-da, nari borsa ichida achinib qo‘ydi, shuning ortidanoq yoqasiga tuflab “alhazar! o‘zidan kelib o‘zidan ketsin” deya qo‘rquv-la niyat qiloldi, xolos... Oybek bularning barini ko‘rgan, bundan iztirob chekkan. Va ko‘rganlariga zid o‘laroq, asarda u qanday bo‘lishi kerakligini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi go‘yo: Otashning boshiga tushgan kulfatni aritish uchun xalq qo‘zg‘aladi. Zero, Oybek ham Otash singari “Eldan kuchli nima bor jahonda? Xon ham, hokim ham, bek ham el oldida chumchuqday bo‘lib qoladi, agar el raso yovqurlik qilsa...” deb ishonadi. Bejiz elning qudrati “raso yovqurlik qilsa” shartiga bog‘lanmaydi — ayni shart Oybek zamonida bajarilmagan, fojialarning bir ildizini adib shunda ko‘radi. Elning bu mash’um davrdagi holi Bodom tilidan bayon qilinadi: “Unday bo‘lsa, ulus nega buncha xo‘rlikka chidab yotadi? Ulug‘lar el og‘zidan oshini yulib oladi, kissasidan tangasini qoqadi, uradi, o‘ldiradi, osadi... Yana hamma o‘z boshiga, o‘z o‘tiga o‘zi qovrilib yuraveradi...”

Shu o‘rinda yana bir farqli nuqtaga e’tiborni tortgimiz keladi: doston va librettoda qizlarni bevosita mo‘g‘ullar olib ketsalar, “G’alvirchi”da bunga mo‘g‘ullar xizmatidagi mahalliy mansabdor chog‘lanadi. Qizig‘i shundaki, pesaning qator o‘rinlarida ayni shu masalaga urg‘u berib o‘tilgan. Ilk bor Otash o‘g‘lining hibsga qilinganini aytganida, Marjon shoshib savol beradi: “Mo‘g‘ullarmi, o‘zimiznikilarmi?” Otash esa bunga javoban kuyinib aytadiki: “O’zimiznikiklar... E... hammasi bir go‘r emasmi?...” Ma’lumki, mustamlaka sharoitida xalq ichida zolimlarni “o‘zimiznikilar — o‘zgalar” tarzida ajratish bor narsa. Ayni shu xil bo‘linishning (ya’ni, nafsi uchun xalqining dushmanlariga xizmat qiluvchilarning) mavjudligi mustamlakani bardavom etuvchi muhim omillardan ekanligi ham ayon. Shuni o‘tkir his qilganidan bo‘lsa ehtimol, xalqqa o‘zinikidan kelgan zulm og‘irroq botadi: nima bo‘lganda ham ularni o‘ziniki deb biladi, axir, ularning-da bir kun kelib esini tanib olishiga, insofga kelishiga umid qiladi. Marjonning so‘rash paytidagi hayajoni (“Mo‘g‘ullar bo‘lsin-da!” degandek go‘yo), Otashning hafaligi ham shundan. Torobiyning o‘zi ham, garchi u sinfiy xushyorroq (bu haqda quyiroqda to‘xtalamiz) ko‘rinsa-da, shu xil hisdan xoli emas:

“Mahmud. (mansabdorga tomon ikki qadam tashlab). Bek! Andak sabr qiling. Arzim bor... (Mansabdor ijirg‘anib, kibrli vaziyat oladi. Mahmud davom qiladi so‘zida). Bilasizmi, siz ham shu qishloqliksiz, hammamiz bir elat — bir urug‘danmiz. Bu alg‘ov-dalg‘ov zamonda siz ko‘tarilib qoldingiz. Tole yor bo‘lsin! Lekin ulus bilan, raiyat bilan yaxshi muomalada bo‘lishingiz kerak.

Mansabdor. Mana hali aytdim-ku, men har vaqt yoso va shariat yo‘lida yuraman...”

Tabiiyki, bu epizod ham Oybek juda yaxshi bilgan 30-40-yillar voqeligidan andoza olib yaratilgan. Zero, Oybek “alg‘ov-dalg‘ov zamonda ko‘tarilib qolgan”, ixtiyoriga berilgan vakolatdan o‘ziniyu o‘zligini unutgan, “do‘ppisini desa kallasini keltirishga” har vaqt hozir o‘nlab, yuzlab amaldorlarni ko‘rgan, ulardan zada bo‘lgan. Shu bois ham sho‘roning byurokratik tizimida yetishgan, ma’muriy-qo‘mondonlikdan o‘zga boshqaruv usulini bilmagan o‘rta va quyi bo‘g‘in amaldorlariga xos xususiyatlar Mansabdor qiyofasida o‘z aksini topadi. Jumladan, bu nav amaldorlarga xos hadeganda hukumatni pesha qilish, hukumat nomi bilan dag‘dag‘a qilish Mansabdorning xatti-harakatlarida ham kuzatiladi. U g‘urur bilan aytadiki: “...biz hoqon ibn hoqon Chig‘atoyxon hazratlarining malaylarimiz. Biz ulug‘ Chingiz qurgan azamat davlatda adolat, osoyishtalik, farovonlik o‘rnatib, saltanatning ravnaqiga jonbozlik qilamiz”. Beixtiyor hoqonlar ismi o‘rniga “Lenin”, “Stalin” so‘zlarini qo‘yib, hayratdan yoqa ushlaysan kishi . Qarang, Mansabdor o‘zining “ulug‘ Chingiz (Lenin) qurgan azamat davlat” ravnaqiga xizmat qilishi lozimligini, ayni paytda, “Chig‘atoyxon (Stalin) hazratlarining malayi” ekanligini e’tirof etayotir. Ijod onlarida tarix taqdim etayotgan so‘z aytish imkoniyatining benihoya kengligi, o‘tmish bilan zamonasi orasidagi mushtarakliklarni kashf etgan Oybek hayrati biznikidan chandon ortiq bo‘lgan esa, ehtimol. Albatta, bu xil mushtarakliklar asarda anglangan holda ko‘rsatilishi ham, g‘ayrishuuriy tarzda yuzaga chiqib qolishi ham mumkin. Biroq, agar badiiy asar ehtiyoj mahsuli o‘laroq yaratiladi, desak, u holda anglanganlik momenti ko‘proq ekanligini tan olishimizga to‘g‘ri keladi. To‘g‘ri, Oybek ayni shu xil fikrni ifodalashni ko‘zda tutmagan, hatto, ijod onlariga qadar bu fikr xayoliga kelmagan bo‘lishi ham mumkin. Biroq, modomiki u tarixiy material vositasida zamonasini, undagi o‘zini qiynagan muammolarni badiiy idrok etayotgan ekan, bu jarayonda yangi fikrlar, qarashlarning tug‘ilishi, eskilarining tahrir qilinishi tabiiy. Zero, epik xarakterdagi badiiy ijod — voqelikni badiiy idrok etish orqali u haqdagi yaxlit kontseptsiyani shakllantirish va ifodalash jarayonidir.

Yuqoridagiga o‘xshash, mo‘g‘ullarning yurtimizda olib borgan mustamlakachilik siyosati tasviri bilan sho‘ro hukumatining 30-yillardagi ichki siyosati o‘rtasida ham mushtarakliklar ko‘zga tashlanadi. Jumladan, Buxoro hokimi Mahmud Yalavoch Torobiy boshchiligidagi qo‘zg‘olonning avj olib ketishida mahalliy amaldorlarning o‘zlarini ayblab deydiki: “Ayb o‘zlaringizda. Yarani kesib tashlamagansizlar. Mahmud qo‘lingizga tushdimi, ustalik bilan uni jahannamga yuborish kerak edi. Boshliqsiz qolgan xalq bir podaga o‘xshab, o‘z-o‘zidan tarqalib ketar edi. Siz siyosatning bu chuqur dasturini qo‘llay bilmagansiz...” Ma’lumki, Yalavoch aytayotgan “siyosatning chuqur dasturi”ni qatag‘onni amalga oshirgan sho‘ro siyosatchilari to‘kis qo‘llaganlar: xalqning yetuk vakillarini mahv etishdan murod uni istagan tomonga boshlash mumkin bo‘lgan podaga aylantirish, qiyomatgacha o‘z izmida ushlab turishdan boshqa emas edi. Yalavoch ta’kidlaydiki, “siyosatning chuqur dasturi”ni amalga oshirishga hali ham kech emas. Shu bois ham majlisda qator tadbirlar ishlab chiqiladi. Jumladan, Yalavoch Shayxulislomga “elga va’z-nasihat qiling, “Torobiy — dajjol, iblis lain”, deng. Unga murid bo‘lganlarni kofirlikka chiqaring...” deya topshiriq beradi. Tabiiyki, agar Mahmudni — dajjol, unga ergashganlarni kofir deb e’lon qilinsa, avomning aksariyatida unga bo‘lgan ishonch, ixlos so‘nadi, hech yo‘q shubha, ikkilanish paydo bo‘ladi. Ma’lumki, sho‘ro siyosatchilari ham shunga o‘xshash yo‘l tutganlar. Ular yopishtirgan “xalq dushmani”, “chet el josusi” kabi qator tamg‘alar, matbuotdagi chiqishlar, maxsus uyushtirilgan mitinglarda so‘zlangan “otashin” nutqlar ommaga ta’sirsiz qolmagani, shubhasiz. Ko‘pchilikning bu xil nayrangalarga uchgani, soxta ayblovlarga dildan ishonganlari bois qatag‘onni ma’qullaganlari ham sir emas. Yalavoch qo‘llagan tadbirlardan yana biri shuki, u Torobiy lageriga o‘zining odamlarini — xufyalarni qo‘ygan, maqtanib aytadiki: “bizning ko‘zlarimiz u yerda ovini qidirib yuradi”. Tabiiyki, bundan ham xufiyalik, chaqimchilik avj olgan, uchinchi odam qo‘shilgan joyda og‘iz ochishga cho‘chib qolingan davr, muhit sasi keladi. Nihoyat, belgilangan tadbirlarning oxirgisi — eng dahshatlisi Torobiyning singlisidan foydalanish bo‘ladiki, aka-singil orasiga nifoq solinadi. G’oyaviy asosda qardoshlik rishtalarini uzib, jigarlarni-da ajratib yuborishga intilish amaliyoti esa, ma’lumki, qatag‘on davrida keng kuzatilgan hodisa edi... Albatta, umuman mustamlakachilik siyosatiga xos universal xususiyatlar mavjudligi ham bor gap. Shunday bo‘lsa-da, Oybek asardagi detallar, holatlarni o‘zi bilgan, ko‘rgan ijtimoiy muhitdan olganiga ko‘proq ishongimiz keladi. Negaki, yuqorida ko‘rganimizdek, pesaning ko‘p nuqtalari bizga istasak-istamasak yurtimizning yaqin o‘tmishidagi hodisalarni eslataveradi.

Yuqorida aytdikki, Otashning o‘g‘lini “oqar suvda cho‘milgani uchun” hibsga oldilar. Otash bu xabarni yetkazgan choqdagi O’rmonning reaktsiyasi e’tiborga loyiq: “Bu qanday chirkin qonun! “Oqar suvda cho‘milma!” Dining, yo‘l-yo‘rig‘ing bilan yer qa’riga kir, ah, mo‘g‘ul!” Har qanday mustamlakachi singari, mo‘g‘ullar ham o‘zlari zabt etgan yurtlarda o‘zlarining tartib qoidalarini o‘rnatmoqchi bo‘ladilar. Tabiiyki, bu tartiblarni qabul qilish mustamlaka xalqi uchun eng og‘iri, sababi, uning ajdodlaridan qolgan o‘z an’analari, udumlari mavjud. Madaniyati, e’tiqodi, turmush tarzi kabi muhim nuqtalarda bir-biridan tamom farqli ikki xalqning teng bo‘lmagan munosabati assimilyatsiyaga (ya’ni, ulardan birining ikkinchisiga singib ketishi, ikkinchisiga o‘xshab qolishi) olib kelishi tayin. Bas, mag‘lub xalqning yangi tartiblarga qarshiligi — anglangan yo anglanmagan tarzdagi o‘zining xalq sifatidagi o‘zligini saqlab qolishga intilishdirki, bu ham tabiiy, ham zaruriy va ham qonuniy hodisadir. Otash “otasining yo‘q gunohi uchun” deganida o‘zicha to‘la haq edi. Negaki, “oqar suvda cho‘milish” sahroyi mo‘g‘ullarga nechog‘li yot bo‘lsa, ikki daryo oralig‘ida yashagan xalqimiz uchun shunchalik tabiiy edi. Ya’ni Otashning o‘g‘li bor yo‘g‘i ajdodlari ming yillar davomida qilib kelgan ishni qildi — shuning uchungina gunohkor sanaldi: O’rmonning yuqoridagicha keskin reaktsiyasi shundan. Oybek qalb ko‘zi tiyran, nigohini mohiyatga qaratgan mutafakkir ijodkor edi. Uning tiyran nigohi “yangi turmush qurish” shiori ostida millatning o‘zligiga tajovuz qilinayotganini ilg‘ay oldi, tarix bilan muloqot uni shu qarashda mustaqim etdiki, “G’alvirchi”da ayni shu masalani bo‘rttiribroq o‘rtaga qo‘ydi.

Mustamlaka yurtda manfaati shaxsiyani har nedan ustun qo‘ygani yoki milliy g‘ururdan butkul mosuvo ekanligi bois o‘zgalarning tartibotini bir ne’mat sifatida qabul qiladigan, o‘zgalarning kepatasiga osongina kiradiganlar ham har vaqt topilgan. Oybek shundaylardan birini To‘sinboy timsolida gavdalantiradi. Otash To‘sinboydan hokimlar qoshida o‘g‘lining gunohini so‘rab berishni o‘tinganida u: “o‘g‘ling ulug‘ Chingizxon yososini buzdi, yosoning amrini shariatdan ham yuqori, ezgu tutish kerak...”- deya rad etadi. Oybek o‘z zamonida yangi mafkurani singdirish yo‘lida milliy qadriyatlarning toptalayotganini, eng yomoni, unga sidqidildan berilib manqurtga aylanayotganlarni ko‘radi, hodisadan jiddiy tashvishlanadi — unga nafratini ifodalaydi.

Mazkur masala Oybekni chuqur tashvishga solganini shundan ham bilsa bo‘ladiki, “Ùit naroda” pesasida bu muammo yanada bo‘rttirib qo‘yiladi. Jumladan, Shamsiddin Mahbubiy bilan Chig‘atoyxon to‘qnashuvining asosida shu masala yotadi:

“Chagatay. Tû vidish ne to, chto nujno, musulmanin. V sbornike nashix zakonov Yase skazano: net pravdû inoy, krome pravdû mongolskoy. Mongolû odni vladûki mira. I net vûshe naroda mongolskogo.

Maxbubi. A u nas yest svoy zakon. Do togo, kak vû prishli k nam, mû jili po-svoemu i znali svoyu pravdu i svoyu spravedlivost”.

Olimning mantiqli gaplariga munosib javob topolmagan, uning haqiqati oldida ojiz qolgan mo‘g‘ullarga birgina yo‘l qoladi — zindonband etish. Maxbubiyning gapi asosida “har bir xalqning o‘z haqiqati, o‘z adolati bor, bas, u shular asosida yashashga haqli” degan tabiiy bir mantiq yotadi. Albatta, mazkur sahnada “oliy irq” da’vosidagi fashistlarga ishora qilingani shubhasiz . Ayni paytda, agar yuqoridagi mulohazalarimiz kontekstida qaralsa, yana Oybek yashagan ijtimoiy muhit bilan bog‘liqlik bor deyishga haqlidekmiz. Zero, “net pravdo‘ inoy, krome pravdo‘ mongolskoy” qabilidagi da’vo “Pravda”da e’lon qilingan haqiqatgina yagona va oliy haqiqat” deb bilgan tuzumga ham xos edi.

To‘g‘ri, asarning hamkorlikda yozilgani bu fikrga nisbatan andak shubha uyg‘otishi, unga “G’alvirchi”ga kabi yondashmaslik lozim, degan e’tiroz tug‘dirishi tabiiy. Biroq shu yo‘sin o‘ylashimizga izn beruvchi bir qator asoslarimiz ham yo‘q emas. Avvalo, Oybek hamkorlikka qadar bu mavzuda ikkita asar yaratgan va uchinchisi ustida ishlayotgan edi, bas, uning ijodiy tajribasi hamkorlikda yetakchi bo‘lishi tabiiyroq. Ikkinchidan, A.Deychning taqdir taqozosi bilan bir muddat Toshkentda yashab turganining o‘zi ijodiy hamkorlikka omil bo‘lolmaydi, buning uchun ikki adib orasida ma’naviy-ruhiy, fikriy yaqinlik, qarashlar mushtarakligi ham zarur. Ikkala adib tomonidan pesani yozish haqida shartnoma tuzishni so‘rab berilgan arizada, jumladan, shunday deyiladi: “... kogda slavno‘e so‘no‘ uzbekskogo naroda plechom k plechu s drugimi narodami Sovetskoy strano‘ srajayutsya protiv fashistskix varvarov, - zadacha pisateley vsex vidov poeticheskogo orujiya vnushat svoemu narodu chuvstva gordosti, dostoinstva i chesti” . Arizada “o‘zbek xalqining qahramonona o‘tmishiga murojaaat qilib, sho‘ro tomoshabinining qalbini to‘lqinlantira oladigan” (ya’ni, vazifani uddalashga imkon beradigan) obraz topilgani ta’kidlanadi. E’tibor qiling: mualliflar tarixga murojaat qilishdan murod xalqqa “g‘urur-iftixor, qadr-qimmat, or-nomus” tuyg‘ularini singdirishdan iboratligini ta’kidlaydilar. Bu tuyg‘ular esa, ma’lumki, milliy o‘zlikni tanish, tanitishning asosi. Asarning yozib tugallangan ilk ko‘rinishi ko‘zdan kechirilsa, haqiqatan qam shu maqsadning ustivor ekanligiga amin bo‘lamiz.

Ilk sahnada Buxoro hokimining xazinachisi Kichik Qurbonning o‘z o‘g‘li — Samarqandda madrasa tahsilini olib endigina uyiga qaytgan Burgut bilan suhbati beriladi. Ota bilan o‘g‘il — boshqa-boshqa olam. Otasining mo‘g‘ullar xizmatida ekani, ularga qo‘shilib o‘z xalqiga zulm qilish hisobiga davlat orttirayotganidan o‘g‘il eziladi; ota esa buni o‘zining oqilligi, uddaburonligiga yo‘yib fahrlanadi. Shalqning ayanch ahvoli haqida gapirgan o‘g‘liga ota nasihat qiladiki, “har narsaga e’tibor beraverish nojoiz, ba’zan atrofga ko‘z yumish foydali”. O’g‘il esa, aksincha, “qalb so‘qirligi ko‘z so‘qirligidan battar” deb biladi. Ota o‘g‘lini Chig‘atoyni kutib olish taraddudidagi hokim saroyiga boshlab kelarkan, uni saroyga yaqinlashtirishni, o‘zlarining qatoriga qo‘shishni niyat qilgan. U o‘g‘lining gaplarini yoshlikka xos o‘tkinchi kayfiyatga yo‘yadi, uni “yo‘lga solib” olishiga ishonadi. Ota yanglish o‘ylaydi: Yalavoch bilan suhbat davomida Burgutning dunyoqarashi to‘la shakllanib ulgurgan shaxs ekanligi ko‘riladi. Tabiiyki, Yalavoch Burgutni “o‘z odami” deb biladi, shu bois uni xizmatga tayin etmoqchi, biroq u taklifni rad etadi:

Burkut. Ya ne gojus vam, nesravnennûy pravitel. Kniga i kalam, kusok sûra i svejaya voda — vse, chto mne nujno. Ya ne mogu slujit porabotitelyam naroda.

Maxmud (smeetsya sochnûm, delanno‘m smexom). Xorosh djigit, nechego skazat. Nu, chto j, govori vsyu pravdu. Tû i menya nazûvaesh porabotitelem? Ved ya sluju mongolam.

Kichik Kurban. Molchi, sûn moy. Ne zabûvay, chto spravedlivûy Maxmud Yalavach...

Burkut (perebivaya). Spravedlivûy Maxmud Yalavach znaet, chto luchshe bût pastuxom u svoego naroda, chem pravitelem u chujogo...”

E’tibor berilsa, Burgut birinchi gapida “porabotitelyam naroda” (ya’ni, so‘zma so‘z “xalqni qul qiluvchilar”, asar yozilgan davr kontekstida “ekspluatatorlar”) deydi, go‘yo umuman ezuvchilar haqida gapiradi. Yalavoch yigitning nima demoqchiligini bildi, shu bois yasama kulgi bilan gapiradi. Hokimdagi o‘zgarishni sezgan ota vaziyatni yumshatishga intiladi, biroq Burgut uning gapini bo‘lib, mustamlakachilarga xizmat qilishni o‘ziga or deb bilishini ochiqroq anglatadi. Ravshanki, Burgutning bu xil qarashlari madrasa tahsili davomida shakllangan, demak, madrasada Mahbubiyga hammaslak, fikri ozod kishilar oz emas. Burgutning Mahbubiyga e’timodi balandligi, uni “buyuk inson”, “nuri donish”, “bashar vijdoni” deya ulug‘lashi bejiz emas. Darvoqe, Chig‘atoy huzurida Mahbubiy g‘oyibona shogirdining yuksak ixlosiga har jihatdan munosib tutadi o‘zini. Olimning tafakkur quvvati, mantiq kuchi oldida ojiz Chig‘atoy bandi qildirish bilan qo‘rqitmoqchi bo‘lganida, u “sen mening jismimni kishanlay olasan, fikrimni (ruhimni) kishanlay olmaysan” deya javob beradi. Shubha yo‘qki, bu — xalqqa “g‘urur-iftixor, qadr-qimmat, or-nomus” tuyg‘ularini singdirishga xizmat qiladigan obrazlardan biri. Biroq u ijtimoiy buyurtmagagina xizmat qilib qolmaydi, negaki, u — inson sha’ni, erki, haq-huquqi daxlsiz yuksakligini ta’kidlovchi obraz. Bu esa totalitar tuzum ayni kuchga kirgan, shaxs erki va haq-huquqi toptalgan zamonda o‘quvchining o‘zini baholashi uchun bir mezon, ehtimolki, mualliflar sog‘ingan ideal edi.

Tugatilmagan pesaning qator o‘rinlari mualliflar zamonasida yuz bermish ijtimoiy hodisalarga munosabat masalasida yakdillar, deyishga imkon beradi. Masalan, Kichik Qurbon o‘g‘lini saroyga boshlab kelarkan, unga nasihat qilib, “haqiqat-ku” deya har xil gapni gapirmaslikni tayinlaydi: “Osteregaysya, moy sûn, lishnego slova v Buxare. Zdes stenû, dveri i potolki imeyut ushi. Ne raschitûvay na znatnost roda, na vûsokoe polojenie ottsa. Znaesh, kak govoritsya v narode: neschastnogo sobaka dostanet i na verblyude”. E’tiborli jihati shundaki, 30-yillardagi “chaqimchilik” avj olgan muhit aks etganidan tashqari, parchada atayinlik (ya’ni, ongli ravishda zamonga munosabat bildirish) momenti ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Avvalo, “kambag‘alni tuyaning ustida ham it qopar” maqoli “baxtsizni tuyani ustida ham it qopar” tarzida berilganki, bu bilan qatag‘on yuhosi odamni kimligiga (egallagan mansabi, nasabi, ko‘rsatgan xizmatlari, partiyaga mansubligi va h.) qaramasdan domiga tortgani ta’kidlanadi. Ikkinchidan, qatag‘on siyosatini oqlash uchun “sotsializmning qaror topishi barobari sinfiy kurash ham kuchayib boradi” degan da’vo oldinga surilgandiki, “kambag‘al”ning “baxtsiz”ga almashtirilgani bu da’voni puchga chiqaradi. Zero, “baxtsiz” aniqlovchisi sinf tanlamaydi, sinfiy mohiyatni ta’kidlash uchun maqolning aslicha qolgani ma’qul bo‘lardi. Shunday ekan, bu o‘zgarish mualliflar fikri rasmiy nuqtai nazardan farqli ekanligi bois kiritilgan. Shunga o‘xshash, “chaqimchilik” avj olgan muhitga munosabat bildirishga “devorning qulog‘i bor”ligining o‘zi kam ko‘ringandirki, “devor, eshik va shiftlarning qulog‘i bor” deya kuchaytirib, ta’kidlab aytiladi. Bunday munosabat esa, o‘ylashimizcha, ko‘proq shu muhitdan yuragi zada odam ruhiyatiga ko‘proq xosdir.

“G’alvirchi”da yaratilgan mo‘g‘ul xonlari obrazlari bilan sho‘ro dohiylari orasida mushtaraklik kuzatilishi haqida yuqorida aytib o‘tdik. Shunga o‘xshash hol “Ùit naroda” pesasida ham bo‘rtib ko‘zga tashlanadi. Chig‘atoyning Buxorodagi ahvol haqida Ildiz no‘yon bilan suhbatiga diqqat qilinsa, bunga amin bo‘lish mumkin:

“Chagatay. Tak. A mnogo li etix vragov zdes u menya?

Ildiz-Noyon. Tebe, tsar narodov, ne strashnû nikakie vragi. Silnû tvoi voyska, i nikto ne mojet odolet ix.

Chagatay. Tak. A mnogo li u menya zdes druzey?

Ildiz-Noyon. Druzey i tûsyachi malo, a vragov i odnogo mnogo.

Chagatay. Yesli yest odin vrag — otrubi yemu golovu. Yesli ix mnogo, to i derevev mnogo dlya viselits.”

Endi biz ko‘rgan mushtarakliklarga kelsak. Birinchisi: no‘yonning Chig‘atoyga “tsar narodov”(“xalqlar shohi”) deya murojaat qilishi Stalinga nisbatan ko‘p ishlatilgan “otets narodov” (“xalqlar otasi”) iborasini yodga soladi. Ayni shu murojaatning obrazni anglashga yo‘naltiruvchi signal vazifasini o‘tashi ko‘zda tutilgan bo‘lishi ham, ehtimol. Ikkinchisi: keyingi yillarda Stalinga xos bo‘lgan “o‘z hayoti uchun mudom xavfsirash”dek ruhiy xastalik haqida juda ko‘p yozilgani ma’lum. Ayrim mutaxassislar “xalqlar otasi”ning har yerdan dushman qidirishi, dushman deb bilganlarini ayovsiz qirg‘in qilishini shu xastalik bilan izohlaydilar ham. Bunday odamning hech kimga ishonmasligi, har kimda, avvalo, dushmanni ko‘rishi ham tabiiy, albatta. Pesadagi Chig‘atoy aytadiki: “Ya nikomu ne veryu. Vse lgut: bogato‘e i bedno‘e, bek, vodovoz...” Bunday odamdan o‘z noibiga dushmanlarni bitta qo‘ymay (“Agar dushman bitta bo‘lsa — kallasini ol. Agar ular ko‘p bo‘lsa, ularni osishga dor solish uchun daraxtlar ham bisyor”) qirish haqida ko‘rsatma berilishi hech ajablanarli emas. Mudhish qatag‘on sabablarini tahlil qilgan mualliflar yuqoridagicha tashxisni o‘shandayoq qo‘yib qo‘ygan bo‘lsalar, ne ajab?! Nihoyat, uchinchisi: urush arafasida “sovet qo‘shinlarining yengilmasligi-yu hech bir dushman unga cho‘t emasligi” haqida cho‘pchak to‘qilgan, hammani shu cho‘pchakka ishotirishga harakat qilingan edi. Sho‘ro tashviqotining shu cho‘pchagiga ishonib g‘aflatda qolgan xalq urushning boshidayoq zo‘r talafot ko‘rdi. Urush avvalidagi zo‘r muvaffaqiyatsizliklar, xalq boshiga tushgan sho‘rishlar sabablarini obdon mushohada qilgan kallasi butun odamlar — mualliflar buni nazardan qochirishlari mumkinmi edi?!..

Asardagi yana bir nuqtaga ayricha e’tibor zarur. Burgut Yalavochga dilidagini aytgach, u o‘zi bajarayotgan vazifaning muhimligi, shu vazifani bajarish asnosi u o‘z xalqini ozmi-ko‘pmi himoya qilishini aytadi. Haqiqatan ham u Ildiz no‘yonni insofga chaqiradi, Chig‘atoyni yo‘lga solishga harakat qiladi. Shunisi muhimki, pesada istilochilarning nafaqat mustamlaka xalqiga, balki, o‘zlariga sidq ila xizmat qilayotgan mahalliy amaldorlarga ham past nazar bilan qarashi, haqoratomuz munosabatda bo‘lishlari ta’kidlanadi. Masalan, mahalliy amaldorlardan biri Ildiz no‘yonga murojaat qiladi-da, xizmat vazifasiga ko‘ra yurt kezishi lozimligini aytib, durustroq ot berishlarini so‘raydi. Bunga javoban ildiz no‘yon masxaralab aytadiki: “A po-moemu, dlya tyurkskogo baskaka dovolno i serogo ishaka”. Shuning ortidanoq muallif remarkasi beriladi: “Sredi buxarskix chinovnikov gul protesta”. Yalavoch mo‘g‘ulni insofga chaqirganida, u: “Xozyaeva — mû. Vo‘ doljnû ispolnyat nashu volyu”,- deya manmanlik bilan javob beradi. Yoki, saroyga kelishi bilanoq Chig‘atoy no‘yonni yo‘qlab, so‘raydi:

“Chagatay. Rasskazûvay, chto znaesh. Kak jivetsya moim lyudyam v Buxare.

Maxmud (vûstupaya vpered). Velikiy xan, pod tvoim mudrûm pravleniem blagodenstvuet nasha strana.

Chagatay. Ya ne sprashivayu tebya, Maxmud Yalavach. Ya govoryu o mongolax, a ne o musulmanax. Pust vash bog, yesli on yest, dumaet o vas”.

Ko‘ramizki, mo‘g‘ullar zulmi ostida ezilgan mehnatkash omma ham, ularning xizmatidagi amaldorlar ham, aslida, qismatdosh. Ya’ni, bundan kun tartibidagi birinchi masala “ezuvchi — eziluvchi” tarzida emas, “istilochilar — mustamlaka xalq” tarzida qo‘yilishi kerak, degan fikr kelib chiqadi. Shunisi borki, bu xil talqin avvaldan rejalashtirilgan. Pesa stsenariysiga ko‘ra, ikkinchi ko‘rinishda Torobiyning sobiq shahzoda O’rxonbek bilan uchrashib do‘st tutinishlari aytiladi-da: “Ot tsarevicha do sitovhika — vse doljno‘ ob’edinitsya dlya borbo‘ s podlo‘mi zaxvatchikami”,- deyiladi. Oybek ijodida Torobiy mavzusi talqinidagi tadrij kuzatilsa, boshdagi o‘ta keskin sinfiylikning asta susayib borishiga amin bo‘lamiz. Doston va librettoda mehnatkashlarning bari — vatan ozodligi uchun kurashchilar, mahalliy boylar, amaldorlar, ruhoniylar — bari mo‘g‘ullarning ittifoqchilari qilib ko‘rsatilgan edi. Epik ko‘lam kengaygan “G’alvirchi”ga Xonbotir obrazi kiritilgan. Mahbubiy tomonidan yuborilgan bu sobiq shahzodaga Torobiy o‘zini ko‘p ham yaqin olmaganidek, boshqa qo‘zg‘olonchilar ham undan biroz yotsirab turadilar. Xonbotir — ismiga monand botir, jasur yigit, uning yuragi mo‘g‘ullarga nisbatan o‘ch, intiqom hissi bilan to‘liq. Biroq u Torobiyning keyingi siyosatiga — boylar, savdogarlar, amaldorlar mulkining musodara, o‘zlarining quvg‘in qilinishlariga qo‘shilmaydi. Garchi Xonbotirning qo‘shilmaslik sababini uning taxt ilinjida ekanligi bilan izohlaydigan o‘rinlar bo‘lsa-da, talqinning qanday yakun topishi bizga qorong‘u. “Ùit naroda”da esa talqin o‘zgacharoq: O’rxonbek bilan Torobiy tasodifan uchrashadilar, ularni mo‘g‘ullarga nisbatan nafrat, mustamlakachilarga qarshi kurashish maqsadi birlashtiradi, do‘st qiladi. O’rxonbek kurashda mardligu jasorat, do‘stlikda sadoqat ko‘rsatadi. Biroq Torobiyning keyingi siyosatiga qo‘shilolmaydi, u bilan vidolashib, yana darbadar hayotiga qaytadi.

Fikrimizcha, zamonasi va zamonadagi o‘zini anglash ehtiyoji bilan Torobiy mavzusiga qaytgan Oybek ruhiyatidagi ichki ziddiyat “sinfiylik” masalasi bilan chambarchas bog‘liq edi. Adib tarix bilan jonli muloqot jarayonida o‘zi ishongan g‘oyani ham, ing‘qilobga munosabatini ham qayta ko‘rib chiqish imkoniga ega bo‘ldi. Yuqorida ko‘rdikki, u sinfiylik masalasiga-da o‘zgacha yondashishga intildi, lekin adib bu masalada tugal fikr, xulosaga kelishga, ichki ziddiyatni bir taraf hal qilishga hali tayyor emas edi. Asarning tugallanmay qolgani ham shundan, — muallifning o‘zak masalada tugal fikrga kelolmagani, o‘zining zamonasi haqidagi yaxlit konsepsiyasini to‘la shakllantira olmaganida bo‘lsa, ehtimol. Bu fikrimizni “Qutlug‘ qon” misolida ham quvvatlashimiz mumkindek ko‘rinadi bizga. 30-yillar adog‘ida, jamiyat hayotidagi mudhish hodisalar shohidi bo‘lgan, qatag‘onning mudhish nafasini har lahza tuyib turgan Oybekning sotsializm g‘oyalariga ishonchi darz ketishi tabiiy edi. Ayni shu xil ruhiy holatda u inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini qalamga olib, yurtining yaqin o‘tmishdagi taraqqiyot yo‘lini badiiy tahlil qildi: o‘zi qalamga olgan davrda haqiqatan ham tublik o‘zgarish zarur bo‘lganiga, bu o‘zgarishni mehnatkash xalq amalga oshirishi mumkin bo‘lganiga qaytadan imon keltirdi. Biroq Oybek inqilobning natijalaridan, 30-yillarda sho‘ro olib borgan siyosatdan qoniqolmas edi. Shu ziddiyat bois ham u “Qutlug‘ qon”ga 1916 yil voqealari bilan nuqta qo‘ydi, inqilobni tasvirlamadi, unga munosabatini ifodalamadi. Faqat 1957 yilga kelib, borki illatlarni Stalin shaxsiga ag‘darish orqali o‘layozgan g‘oyaga sun’iy nafas berilgach, Oybek romanning mantiqiy davomi — “Ulug‘ yo‘l”ni yozishga jazm eta oldi...

Ha, Torobiy mavzusidagi har ikki asar ham tugallanmay qoldi. Albatta, Oybekdek ulkan iste’dod uchun mufassal rejalari-da tuzib qo‘yilgan pesani tugallash cho‘t emas edi. Asarning tugallanmay qolish sababini yuqorida ichki ziddiyat bilan izohladik. Boringki, bunga ko‘rib o‘tganimizdek talqinlar imkoni mavjud asarning dunyo yuzini ko‘rishi maholligini ham qo‘shaylik. Shunda ham, buning asosiy sababi, bizningcha, Oybekning o‘ta halol adibligi — ijodkor o‘zi rostmana anglagan hislari-yu qalb qozonida obdon qaynagan fikrlarini, o‘zi ildiz mohiyatiga yetib borgan haqiqatlarnigina ifodalashi lozim, degan e’tiqodda yashagani bilan izohlanadi.

 
 
Сайт создан в системе uCoz