A.Oripovning 60-yillar she’riyatida tarix konsepsiyasi

Dilmurod Quronov, Xalim Karimov

Sho‘roning totalitar siyosati jamiyatda shaxs maqomini susaytirishga, barchani birdek o‘ylatishga qaratildi — o‘zgacha o‘ylaydiganlarni mo‘ychinakdek terib tashladi. Oqibat shu bo‘ldiki, she’riyatdan uning javhari bo‘lmish “men” siqib chiqarildi: shoirlarimiz shaklan “men” tilidan so‘zlasalar-da, haqiqatda “biz”ning his-kechinma, o‘y-fikrlarini ifodalay boshladi, — she’riyat tussizlandi. 60-yillarga kelib, birmuncha o‘zgargan sharoitda maydonga chiqqan avlod she’riyatda “men”ni tiriltirdi, she’riyatda jonlanish boshlandi. Aytish kerakki, bu “men” o‘zini endi-endi ijtimoiy qimmatga molik deya his eta boshlagan shaxsning she’riyatdagi in’ikosi bo‘lib, tabiiyki, asosning kemtiklarini o‘zida mujassam etgandi. Zero, u totalitar jamiyatda bir muddat esib turgan erk epkini — “xrushchyov bahori”dan kuch olgan, ya’ni, ruh hamon qafasda-yu, qafas birmuncha kengayga¬¬ndi, xolos.

Mazkur kemtiklikni 60-yillar she’riyatida o‘tmish mavzusining ishlanishi misolida ko‘rish mumkin. Xususan, o‘zbek sho‘ro she’riyatining ilk bo‘g‘in vakillari ijodidan farqli o‘laroq, bu davrda yaratilgan tarixiy mavzudagi she’rlarda “faxr” tuyg‘usi (“O’zbekiston” A.Oripov, “O’zbegim” E.Vohidov) namoyon bo‘ldiki, bu, shubhasiz, milliy o‘zlikni anglash tomon tashlangan qadam edi. Albatta, 60-yillar sharoitida o‘tmishga aloqadorlik bilan faxr etishning o‘zi katta voqea edi, biroq, bizningcha, milliy o‘zlikni anglash yo‘lida keyingi odim tashlanmadi. Nega? Bu savolga javob berish uchun, avvalo, “faxr” tuyg‘usining genezisini aniqlab olish zarur. Biznigcha, “faxr” tuyg‘usi o‘zini “tenglar ichra teng” his qilayotgan va buning o‘zgalar tomonidan-da tan olinishini istagan qalb izhori edi. Ya’ni, ularda tengsizlikni his etganlikdan keluvchi milliy g‘urur og‘rig‘i bor, ayni paytda, ularda o‘tmish millat vakili nuqtai nazaridan emas, “bashar farzandi”, yana ham aniqroq aytsak, “sho‘ro grajdani” mavqeidan idrok etildi. Fikrimizcha, ayni shu ichki ziddiyat 60-yillarda milliy o‘zlikni anglash yo‘lida bardavom bo‘lishga imkon bermadi.

A.Oripovning qator she’rlarida ham shu ichki ziddiyat yaqqol kuzatiladi. Xususan, mashhur “O’zbekiston” she’rida Beruniy, Ulug‘bek, Navoiy singari bobolardan faxr etish bilan birga, Temur faoliyatiga munosabatda sho‘ro ta’siri seziladi: “Ikki asr yarim dunyoni zir qaqshatdi oqsoq jahongir” satrlaridan so‘ng “Demam, bukun, u manim, manim” degan izhor keladi. Avvalo, “qaqshatdi” so‘zining tanlanishiyoq jahongirga biryoqlama sho‘rocha munosabat ta’sirida amalga oshgan. Ikkinchi tomondan, shoir jahongir nomini tilga olmagani ham shu xil munosabat natijasidir. Albatta, bu o‘rinda o‘sha davr sharoitida shoir shunga majbur edi, deya e’tiroz qilish mumkin. Ehtimol, lekin bu xil e’tiroz, biznigcha, bukunning urfidan boshqa narsa emas. Boshqa tomoni, shoir ijodida uning ilgari Temurga ayni shu xil munosabatda bo‘lganini tasdiqlovchi qator misollar bor. Jumladan, “Temur payg‘ambarlar qasosi uchun Yetmish ming insonning oldi boshini. Uni qarg‘adilar xatosi uchun, Hamon otmoqdalar ta’na toshini”(“Xatolar”) satrlarida Temurni ko‘proq xunrez sifatida tanish va tanitish amaliyotining ta’siri kuzatiladi. Shu xil tanigani uchun ham shoir “Armaniston” she’rida bu xalq qismati haqida so‘zlarkan “Yo‘l usti senga ham qo‘ngandi Temur” deya uzrxohlik qiladi. “Qarshi qo‘shig‘i” she’rida “Bu yerlarda ilk bora yangradi Temur sasi, Chingiziylar boshiga solib qo‘rquv vahmalar” tarzidagi Temurga ijobiy munosabat kuzatilsa, buning ortidanoq uni boshqa jahongirlar bilan umumlashtirgan holda “O, ulardan ne qoldi? Turfa rivoyat faqat... Birovi qurganini boshqasi qildi vayron” tarzidagi xulosa beriladi. Ya’ni, bu o‘rinda ham Temur shaxsiga sho‘rocha munosabat kuzatiladi: uning mo‘g‘ullar istibdodiga barham berilishidagi tarixiy rolini noiloj tilga olgan holda yaratuvchilik faoliyatini inkor qilish.

O’tmish haqida fikr yuritarkan, A.Oripovning lirik qahramoni “shu fursatda qalbimda xasrat bilan O’zbegim diyorining kechmishini o‘ylayman” deydi. Bu xasrat yurtni vayron qilgan bosqinlaru o‘zaro urushlar, yurtning obodligi haqida qayg‘urmagan, “erga cho‘p qadamagan amirlar” haqida o‘ylaganida lirik qahramon ko‘ngliga inadi. Biroq bu xasratlar endi o‘tmish, chunki, u xalqning yaratuvchilik kuchiga ishonadi, boz ustiga:

Chunki dasturin berdi xalqimga buyuk zamon,
Buyuklikdan buyuklik tug‘ilib kelgan doim.
Sen ham shu buyuk elda yashnay ber doim shodon,
Ey, sen azamat xalqim, ey, sen tug‘ilgan joyim!

Sirasi, sho‘ro adabiyotiga xos bo‘lmish “o‘tmish - hozir”, “inqilobgacha - inqilobdan keyin” antitezasi A.Oripovning tarixiy mavzudagi deyarli barcha she’rlariga xosdir. Jumladan, “O’zbekiston” she’rida ham o‘tmishga bir qur xayolan ekskurs qilingach, yurtning najoti oktyabr inqilobida ko‘riladi:

Qo‘lin cho‘zdi Lenin beg‘araz — 

Mazlumlarning buyuk g‘amxo‘ri.

Qilich serpab tole tongida O’zligingni tanib qolding sen.

Xuddi shunga o‘xshash ruh “Armaniston” she’rida ham ko‘riladi. Shoir arman elining o‘tmishdagi jafolari haqida so‘ylarkan, o‘z yurti sho‘rishlari undan kam emasligini izhor qiladi: “Mening ham Vatanim janglar guvohi, Mening ham tuprog‘im toptalgandi xor”; nachora “Tarix deb atalgan qismat bu, axir” deya ovutmoqchi, ovunmoqchi bo‘ladi go‘yo. Shunisi borki, mazkur holat har ikki xalq uchun ham o‘tmishda, hozirda esa: “Yaxshiyam necha bir zamonlar o‘tib, Ko‘rdik Vatanimiz ozod, muzaffar...”

Ko‘ramizki, 60-yillar mahsuli bo‘lmish yuqoridagi she’rlarning barida inqilobdan so‘ng yurt ozodlikka erishdi, obod bo‘ldi, ravnaq topdi degan fikr bo‘rtib turadi. Albatta, bu o‘rinda “obod bo‘ldi”, “ravnaq topdi” degan qarashning muayyan real asosi borligini ham tan olish zarur. Biroq “yurt ozod bo‘ldi” degan qarashning asosi puchligini keyingi taraqqiyot yaqqol ko‘rsatdi. Xo‘sh, unda bu xil qarash, bu xil kayfiyat nimaga asoslanadi? Bizningcha, bu xil yanglish tasavvurning yuzaga kelishi davrning ijtimoiy-psixologik muhiti bilan ko‘p jihatdan bog‘liqdir. 60-yillarda butun illatlari Stalin shaxsiga ag‘darilgan sotsialistik tuzum o‘ziga nisbatan ishonchni tiklab oldi, “reabilitatsiya” qilingan g‘oyaga odamlarda ishonch uyg‘ondi va jamiyatning aksariyati “80-yillarga borib kommunizmda yashaymiz” degan cho‘pchakka yana dildan ishondi. 60-yillar adabiy avlodi, jumladan, A.Oripovning shaxs va ijodkor sifatida shakllanish davri shu cho‘pchak to‘qila boshlagan paytga to‘g‘ri keldiki, u bunga yoshlikka xos jo‘shqinlik bilan ishondi. Shoirning shu davrda yozilgan she’rlaridan birida “kommunizm ishi bugun men uchun Barcha shaxsiy ishdan ko‘ra shaxsiyroq” deya hayqirishi yoxud o‘sha mashhur “O’zbekiston” she’rida yurtining iqbolini “kommunistik kengliklar osha ayon ko‘ra olgani”ni aytishi ham shundan. Sun’iy nafas olib turgan ishonchning o‘limi, tarixiy mavzudagi she’rlarda milliy o‘zlikni anglashga intilishning kuchayishi esa keyingi o‘n yillik chekiga tushdi.

Dilmurod Quronov

 
 
Сайт создан в системе uCoz