A.Qodiriy

Dilmurod Quronov

Menga qolsa, buyuk adibimiz Abdulla Qodiriyni ilhomlantirgan “moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli” naqlini jamiki kitob javonlariga yozdirib qo‘ygan bo‘lardim. Zero, boshqa bir ulug‘ adibimiz Abdulla Qahhor aytmoqchi, yaxshi asar qaziga o‘xshaydi, “chaynagan sari mazasi chiqadi”. Demak, vaqti-vaqti bilan moziyga — ilgari o‘qilgan kitoblarga qaytib turmoq joiz ekan. Darhaqiqat, “O’tgan kunlar”ni har gal varaqlaganda o‘zing uchun nedir yangi narsani topgandek bo‘lasan, kishi...

Yusufbek hojining o‘g‘li bilan qudasini dor ostidan qaytargan xatida “bizning xalqning holiga yig‘lashni ham bilmaysan, kulishni ham” tarzidagi iztirobli taassuf bor. Taassufning boisi shuki, xalq Azizbek “tig‘i zulmi bilan qora qoniga belanilg‘an o‘g‘lining, otasining, onasining, og‘asining mazlum gavdasi tuproq ostida hali chirib bitmay turib... o‘sha qonxo‘rga o‘z qoni bilan yamin etdi”, uni “to o‘zining bir tomchi qoni qolg‘unchaliq himoya qilmoqqa ond ichdi”. Tahsinga loyiq jihati shuki, cheksiz afsus va shundan keluvchi achinishu iztirobga molik bu o‘rinlar Yusufbek hoji nigohi bilan, uning qalbiyu ongidan o‘tkazib beriladi. Muhimi, donishmand inson sifatida hoji taassuf izhori bilan cheklanmaydi, shu holning yuzaga kelishini teran tahlil qiladi, o‘ylaydi, o‘quvchini ham o‘ylashga undaydi: “Azizbekning buyrug‘i bilan kecha o‘rda tegiga barcha Toshkand xalqi yig‘ilgan, bu yig‘inda ulamolar ham bor, fuzalo ham bor; xulosa, shaharning har bir sinfidan ham hozir edi. Azizbek o‘rda qorovulxonasidan turib fuqarog‘a salom qildi. Azizbekning salomiga musharraf bo‘lg‘uchilarning ko‘zlaridan yoshlar oqmoqda edi”. Sizga qanday, bilmadim-u, men shu o‘rinlarni o‘qiganda yarim asrlar so‘ng uchinchi Abdullamiz tilidan yangragan “Hukmlar to‘qilur sening nomingdan!” hitobini eshitgandek bo‘laman, inson tabiatining o‘zgarmasligiga imon keltiraman. Qarang-a, xalq nomidan ish yuritish usuli-da o‘zgarmas, o‘zgartirishga zarurat yo‘q darajada mukammal!.. Demak, Azizbek buyrug‘i bilan “barcha Toshkand xalqi yig‘ilgan” ekan. Ammo u shundoq xalqki, “har bir sinf” ichidan saylab olingan, Azizbek salomiga musharraf bo‘lganining o‘zidanoq baxtiyor. Xa-da, baxtiyor bo‘lmasinmi, axir, ko‘p ichidan saylab olingani, o‘zgalardan ortiq ko‘rilgani — baxt emasmi? “O’rda tegiga”yig‘ilganlarning har biri manfaat ko‘rdi — qoniqish tuydi, bas, siz nima istaysiz, shunga munosib ko‘rilganidan ko‘ngli o‘smasinmi, munosib ko‘rganlarni yurakdan alqamasinmi?.. Endi “Toshkand xalqi” Azizbekni shu surur, shu minnatdorlik tuyg‘usi bilan tinglaydi... endi “Toshkand xalqi” shu tuyg‘ular girdobida Azizbekning zulmini, haqsizligu xunrezlikni unutdi, zero, bular o‘tkinchi, muhimi, maqsad ulug‘ — Toshkent qipchoqlardan qutulsa, olam guliston... endi “Toshkand xalqi” — poda misoli yetovga tayyor. Azizbek esa cho‘pon misoli, endi u “Toshkand xalqi”ni istaganidek manipulyatsiya qila oladi:

“Azizbek o‘rda darbozasig‘a osilg‘an ikki gavdani ko‘rsatib so‘radi:

- Fuqaro! Ko‘rasizmi bu ikki gunohkorni, nima uchun bu jazog‘a mustahiq bo‘ldilar?

Xalq:

- Bilmaymiz, taqsir!

Azizbekning o‘zi javob berdi:

- Bular Musulmon cho‘loqning sarkardalaridan, qipchoqlarning yo‘lboshchilaridan va qora choponning dushmanlaridan bo‘lg‘an ikki to‘ng‘izning gavdalari! Men bularni siz qora chopon fuqarom tomonidan o‘ch uchun o‘ldirdim, siz qora chopon og‘aynilarning qipchoq qo‘lida shahid bo‘lg‘an qarindoshlaringizning ruhlarini shodlandirmoq uchun o‘ldirdim! Yoki bu harakatim adolatdan emasmi, fuqaro?

Xalq javob berdi:

- Adolat! Xo‘b qilg‘ansiz, taqsir! Qipchoqlarning jazolari shunday bo‘lmog‘i kerak!”

Yuqorida ta’riflangan kayfiyat og‘ushida sarhush “Toshkand xalqi” olomonga aylangan, endi u oq-qorani ajratishga ojiz (darvoqe, xuddi shu epizodni tasvirlash oldidan Yusufbek hoji “O’g‘lim, sen bir qadar oq bilan qorani ajrata olasan, yozg‘anlarimni diqqat bilan o‘qi” deya ogohlantirib qo‘yadi); vaziyatni, some’larning ayni damdagi ruhiyatini yaxshi bilgan Azizbek tom ustiga tom bosib boradi: qilayotgan ishini faqat “qora chopon fuqaro” manfaati uchun deya taqdim qiladi, borib turgan haqsizlikni adolat deya fatvo olishga erishadi. Asli, aksar mustabidlarga xos tutum shu — har qanday no’maqulni ommaga ma’qullatib amalga oshirish, go‘yo shu bilan xotirjam bo‘linadi, mas’ulligu javobgarlik bo‘lib yuboriladi-da, xotirjam tortiladi. Vaholonki, xalq “o‘rda tegi”ga yig‘ilganlardangina iborat emas, tarix xalqning barini beistisno qamray oladigan “o‘rda tegi”ni hali ko‘rmagan. Shu bois mustabid haqidagi haqiqatning ikkinchi yarmi, odatda, yo u hokimiyatni qo‘ldan bergach, yo boqiy dunyoga ketgach yuzaga chiqadi. Zero, o‘rda tomiga chiqib uzrxohlik qilayotgan Azizbekka qarata: “Endi esing kirdimi, o‘g‘ri? Burundan o‘ylab ish qilsang boshingda bu balolar yo‘q edi! Sen bizlarga nima ishlarni qilmading? Kun sayin necha gunohsizlarni osdirg‘an, kesdirg‘an, bolalarimizni yatim, onalarimizni qon yig‘latgan sen emasmisan? Xanjaringni xayf ko‘rib mahallarga chayon solig‘i solg‘an, og‘alarimizni chayon zahri bilan o‘ldirgan kim edi? Ket to‘ng‘iz, ket, tavba qilish zamoni o‘tdi, taqdiringga sen ham tan ber!”- degan ham shu “Toshkand xalqi”, uning “o‘rda tegi”ga sig‘magan qismi...

Yusufbek hojining, adibning, umuman, sog‘lom fikr egasining ko‘zi bilan qaraganda, Azizbek — manfur kimsa, chunki manfaati shaxsiyasiga — mutlaq hokimiyatga umum manfaatini bayroq qilgan holda intiladi, bu maqsad yo‘lida o‘zgalar manfaatini toptash, begunoh qon to‘kish, minglab oilalarni xonavayron qilishdan toymaydi. Yuzaki qaralsa, “esimni tanig‘animdan beri amal demay, mansab demay, faqat shu musulmonlar manfaatini ko‘zlab kel”dim, “bu soqol shu el qayg‘usida oqardi” deguvchi Yusufbek hoji Azizbekning mutlaq antipodi sifatida gavdalantirilgandek ko‘rinadi. Aslida bunday emas, adib inson amallarining “ichki dvigateli” bo‘lmish shaxsiy manfaatni inkor qilish fikridan yiroq, mabodo shunday qilganida, keyincha ochiq yuz bilan “aynan men yozganchadir” deyolmas edi. Axir, Yusufbek hoji Azizbekning mushoviri, shu choqqacha uning yonida yurib zulmkorligiyu adolatsizligiga ko‘p guvoh bo‘lgan — chidab kelgan, isyon qilmagan. Hojida isyon qarorining yetilishini diqqat bilan kuzataylik: isyondan avvalgi kun, kechga tomon Hasanali unga o‘g‘lining qamalish xabarini yetkazadi. Yusufbek hoji biladiki, “ish juda nozik, g‘oyat qo‘rqunch edi. Chunki Marg‘ilon zindonida yotg‘uchi qipchoq dushmani bo‘lg‘an Azizbek otalig‘ining o‘g‘li edi. Toshkandning isyon chiqarg‘an bir zamonida Otabekdek bir yigitning Marg‘ilonda qanday gunoh bilan bo‘lsa-bo‘lsin ushlanishi har jihatdan ham mudhish edi”. Hojining ahvolini tushunish qiyin emas: “o‘g‘liga hujum qilg‘an bu falokatning tadbiridan aqli ojiz qoldi, miyasi ishlashdan to‘xtadi va shundan so‘ng — “Parvardigoro, keksaygan kunlarimda dog‘ini ko‘rsatma” dedi va ko‘z yoshlari bilan soqolini yuvdi”. Hasanaliga “zinhor uning qamalg‘anini onasi bilmasin” deb tayinlagan Yusufbek hojining tuni bilan mijja qoqmay, chorasizlidan to‘lg‘anib chiqqani shundoq ham ayon, shu bois yozuvchi bunga to‘xtalib ham o‘tirmaydi. Azizbek ruxsat berarda “ertaga choyni o‘rdaga kelib ichish”ni tayinlagan, shunga muvofiq o‘rdaga kelganida hoji “ertadan boshlab yurtka o‘ttiz ikki tangadan soliq sochish” amrini oladi. Teran fikrli inson sifatida Yusufbek hoji bunga qarshilik qilishga urinadi — befoyda. Ehtimol, farzandining Marg‘ilonda qamalishi o‘rtaga tushmaganida, hoji ilgarigidek sabrda bardavom bo‘larmidi?! Lekin vaziyat shundayki, xonlik foydasiga ko‘tarilgan isyon — Otabekni qutqarishning yagona yo‘li: Yusufbek hoji xalqni isyonga ko‘taradi...

... mazkur hol Yusufbek hojining “ijobiy”ligiga putur yetkazmaydi. Zero, uni faqat o‘z manfaatini ko‘zlab xalqni qo‘zg‘adi deyish insofdan emas. Chunki bu o‘rinda, avvalo, shaxsiy manfaat bilan el manfaati bir-biriga mos tushdi, ikkinchidan, soliq solinishi so‘nggi tomchi, ya’ni isyon uchun ob’ektiv sharoit yetilgan. Mabodo, shu sharoit yetilmagani holda hoji xalqni qo‘zg‘aganida, u o‘z manfaatinigina ko‘zlagan, maqsadiga erishish uchun elni vosita qilgan bo‘lur ediki, Azizbekdan hech farqi qolmasdi...

O’tgan asr tongida milliy adabiyotimizda roman janrini qaror toptirish yo‘lida ko‘p ijodkorlar izlangan, biroq bu tarixiy-badiiy missiyani amalga oshirish Abdulla Qodiriyga nasib etdi. Negaki, unda olamu odam haqidagi yaxlit kontseptsiya, roman janrining asosi bo‘lmish badiiy falsafa boshqalarga qaraganda avvalroq shakllangan. Adib falsafasiga ko‘ra, insonni harakatlantiruvchi kuch — manfaat, shaxslar manfaatidan milliy manfaat tarkib topganidek, milliy manfaatlardan umumbashariy manfaat kelib chiqadi — tizim yuzaga keladi. Tizim unsurlarining bir-biri bilan uzviy bog‘liq va ayni choqda ma’lum ziddiyatda turishi tabiiyki, uning uchun normal yashash sharti — unsurlarning uyg‘unlikda, murosada yashashi. Ya’ni, shaxsiy manfaat boshqa shaxslar manfaatidan ham, umum manfaatidan ham ustun qo‘yilmasligi (va aksincha), mavjud ziddiyatlar murosa yo‘li bilan oqilona hal qilib borilishi lozim. Aks holda... adib xuddi shu narsani Azizbekning shaxsiy manfatni ustun qo‘ygani bois Toshkent ahli boshiga tushgan sho‘rishlar yoxud birda qora chopon, birda qipchoq manfaatining ustun qo‘yilganidan har ikki el boshiga kelgan kulfatlar tasvirida ko‘rsatadiki, bular biz uchun IBRATdir.

Elian. Pestrûe rasskazû.- M.-L.: Nauka, 1963

Klavdiy Elian haqida g‘oyat kam ma’lumotga egamiz: milodning II asri oxiri III asri birinchi yarmida yashagan Rim adibi, “yangi sofistlar” namoyandasi, dunyodan toq o‘tgan; “Turfa hikoyatlar”dan boshqa yana “Hayvonlar tabiati haqida”, “Kentliklarning maktublari”, “Ilohiy kuchlar haqida” kabi asarlar muallifi...— vassalom.

Uning hikoyatlari haqiqatan ham turfa: janr e’tibori bilan goh latifa, goh rivoyat, goh masal, goh shunchaki qaydlar; ularda goh mashhur tarixiy shaxslar — podshohlaru allomalar, goh faqat Elian qalami tufayligina nomi tarixda qolgan zamondoshlar zikr etiladi. Shunga qaramay, ularni umumlashtiruvchi bitta jihat bor — ibratlilik. Shunisi ham borki, Elian faqat ibrat namunalariga emas, aksilibrat namunalariga ham diqqatni tortadi. Jumladan, bir ochofat mechkay haqidagi qaydlaridan so‘ng yozadiki, “Bu kabi ishlarni ham zikr etmoq lozim, toki taqlid qilish uchun emas, taqlid qilmaslik uchun ibrat bo‘lsin”.

Albatta, “qariyb ikki ming yillar ilgari yuz bergan voqelar tafsilotlari, undan-da avval yashagan kishilarning amallari biz uchun ibrat bo‘la olarmidi”, tarzidagi e’tirozlar tug‘ilishi tabiiy. Biroq, chamasi, inson tabiatini o‘zgarmas deb biluvchilar haq: “Turfa hikoyatlar” sinchiklab o‘qilsa, bizni o‘ylatgan muammolar olis ajdodlarni ham o‘ylatgani, bizning orzu-intilishlarimiz ularga ham begona bo‘lmaganini ko‘rishimiz, tarix biz uchun tajriba maktabi ekani, insoniyat tarixi odam bolasining o‘z o‘tmishidan saboq olishni istamasligidan dalolat berishiga amin bo‘lishimiz mumkindek ko‘rinadi. Qizig‘i, “Turfa hikoyatlar” muallifi ham shu tarzda o‘ylagan, o‘zini qiynagan muammolarni o‘tmish orqali anglashga, fikr-xulosalariyu munosabatini shu yo‘l bilan ifodalashga intilgan. Bejiz emas. Rivoyat qiladilarki, kunlardan bir kun Elianni uchratib qolgan Filostrat undan nima bilan mashg‘ulligini surishtiradi. Elian rimliklar boshiga ko‘p sho‘rishlar solgan va yaqinda beshan o‘lim topgan mustabid Ginnidga qarshi ayblov nutqi yozganini aytadi. Javoban Filostrat aytadiki: “Mabodo shu nutqingni uning hayotlik payti yozganingda, har ne tahsinimga loyiq bo‘larding. Chin eran tirik mustabidni fosh etmog‘i kerak, o‘tganlarni esa har kas tepkilay oladi”, — haq gap, lekin nachoraki, aytishga oson, xolos.

Deylik, Elian antik davrdagi shahar-davlatlarda qonunlarga yuksak hurmat bilan qaralgani, qonun har nedan ustun bilingani haqida havas bilan yozadiki, o‘z davrida shu tamoyilning buzilayotgani uni jiddiy tashvishga solgan va... dardu armonlarini yuqoridagicha yo‘sinda, ko‘proq antik yunon hayotidan olingan misollarda ifoda etgan. Bir qaydida aytilishicha, Isad ismli spartalik o‘smir qonunga ko‘ra hali jang qilishga haqli bo‘lmasa-da, gimnasiyadan janggohga qochib boradi va mardona kurashadi. Spartaliklar uni jasorati uchun gulchambar bilan taqdirlaydilar, ayni choqda qonunni buzgani uchun jarima soladilar. Yana bir o‘rinda esa afinaliklar Arkadiyaga elchi qilib yuborgan hay’at, vazifasini a’lo darajada uddalab kelganiga qaramay, avvaldan o‘rnatilgan tartibni buzgani uchun qatl qilingani qayd etiladi. Ehtimol, qadim yunonlarning bu ishlari hozirda oddiygina “harfxo‘rlik” (bukvoedstvo) yoki, xususan, ikkinchi hol o‘ta shafqatsizlik bo‘lib ko‘rinar. Balki, bunga asos ham bordir. Biroq gap tub mohiyatda: qonunning har nedan ustunligi, hammaning — nasabi, davlati, ko‘rsatgan xizmati, ... dan qat’iy nazar, — qonun oldida barobarligida. Xuddi shu tamoyil asosidagi jamiyat orzusi kishilik jamiyati tongida tug‘ilgan va to hanuz sog‘inch bo‘lib yashaydi, desak, mubolag‘a emaski, Elian o‘sha sog‘inchni qonida sudrab o‘tib bizga yetkazgan halqalardan biridir.

Elian respublika tuzumini yoqlaydi, respublika an’analariga putur yetgan zamonda qadim Rim an’analarini sog‘inib yashaydi. Bunday odam dilida, tabiiyki, mustabidlikka qarshi isyon yashaydi. Elian hikoyatlardan birida Triz otlig‘ tiran haqida so‘z boradi. U hokimiyatiga xavf tug‘ilishidan qo‘rqib, fuqarolariga o‘zaro gaplashishni ta’kiqlaydi — fuqaro yuzu ko‘z ifodalari, imo-ishora bilan muloqot qilishga o‘tadi. Triz bunday muloqotda ham o‘ziga nisbatan xavf ko‘radi — ta’qiqlaydi. Shunda yakkahokim istibdodiga chiday olmagan bir fuqaro bozor maydoniga keladi-da, ho‘ng-ho‘ng yig‘layveradi, zum o‘tmay uning yoniga butun xalq kelib qo‘shiladi, maydon yosh daryosini oqizaveradi. Trizga buning xabarini yetkazishgach, shunga-da chek qo‘yish uchun soqchilari bilan maydonga shoshadi va sabr kosasi to‘lgan xalq qo‘lida o‘lim topadi. Asli, Triz — to‘qima obraz, tarixda bunday podsho o‘tgan emas, u mustabidlikka nafratini ifodalashni istagan adib xayolotining mahsuli, xolos. Boshqa bir qaydida Elian munosabatini yanada ochiqrok ifodalaydi, yozadiki: ilohlar odamlar foydasini ko‘zlab mustabid hokimiyatini ikkinchi bo‘g‘indan nari o‘tmaydigan qilib qo‘ygan, o‘tgan davrlar mobaynida faqatgina uchta mustabidning taxtiga nabiralari vorislik qila olgan...

Elian jamiyatda fikrlar xilma-xilligi bo‘lishi tabiiy va zarur deb biladi, buning isboti uchun ibratli bir hikoyat keltiradi. Emishki, Xiosda fuqarolar urushi natijasida anchagacha boshboshdoqlik hukm surib, endi bir tomonning qo‘li baland kela boshlagan paytda muxolif tomon kishilarining barini surgun qilish masalasi o‘rtaga qo‘yiladi. Shunda g‘oliblarning davlat miqyosida fikrlay oladigan bir vakili: “Zinhor bunday qilmasligimiz lozim; g‘alabadan so‘ng ham ma’lum miqdor dushmanlarni saqlab qolmoq kerak, toki dushman yo‘qligidan o‘zaro dushmanlashib yurmaylik”,- deya ogohlantiradi. Albatta, xioslik, avvalo, o‘z firqasi manfaatini ko‘zlaydi, lekin ayni shu narsa muvozanat garovi ekani ham ayon haqiqatdir. Muvozanatning yana bir omilini esa Elian saxovatda, nochorlarga yordam berishda deb biladi. Naql qiladiki: hamyurtlari ayanch ahvolda qolganini ko‘rgan korinflik boylar — Teokl bilan Trasonid, shuningdek, mitileniyalik Praksid ularga saxovat ko‘rsatishga, qarzlaridan kechishga chaqiradilar. Garchi boshqa boylarni ko‘ndirolmasalar-da, o‘z haqlaridan kechdilar va shu sababligina jonlarini saqlab qoldilar: qashshoqlikdan tinkasi qurigan el qo‘lga qurol olib, baxil boylarni ayovsiz maxv etdi. Qiziq emasmi, axir, bular qadimdayoq mag‘zi chaqilgan hikmatlar, lekin, tarixning guvohlik berishicha, avlodlar ularni qayta-qaytadan unutib qo‘yavergan: unutish evaziga to‘langan badalning hisobi yuritilganmikan?!..

Elian insonga xos qudratu ojizlik, fazilatu illatlardan naql qiluvchi ko‘plab ibratli hikoyatlar keltiradi. U kishidagi kamtarlikni qadrlaydi, kibru havo, hadni bilmaslik ustidan kuladi. Jumladan, sotib olingan ming-minglab sayroqi qushlarga “Ganon — xudo!” degan birgina kalimani zo‘r berib o‘rgatib, ularni qo‘yib yuborsam shuhratim dunyoga yoyiladi deya xomtama bo‘lgan, pirovardida ahmoq bo‘lib qolavergan karfagenlik dengizchi; olam hukmdoriman deb bilgan Iskandar Demokritning asarlarida minglab olamlar bor deb yozishini o‘ziga nisbatan haqorat sanagani haqidagi naqllarda kinoya, zaharxanda kulgi barq urib turadi. Qarangki, minglab olamlardan bittasiga-da to‘liq ega bo‘lolmagan Iskandar yana xudolik da’vosini qilsa?! Kulmay bo‘ladimi?! Elianning Iskandarga xushlamayroq qarashi shundan, chunki u — yangi zamon odami, yakkaxudolik qaror topayotgan davr kishisi. Mana, yana shu mavzudagi hikoyat mazmuni: Doroni yengib Eronni fath etgach, Iskandar ortiq havolanib ketdi — inson emas, iloh ekanligiga amin bo‘lib qoldi, — qo‘l ostidagi xalqlardan o‘zini xudo deb e’lon qilishni talab qildi. Albatta, bunga har bir xalq o‘zicha munosabatda bo‘ldi. Jumladan, lakonikaliklar bu talabga javoban qaror chiqarishdi: “Agarki Iskandar xudo bo‘lmoqni xohlagan ekan, mayli bo‘laqolsin!” Elianga ko‘ra, lakonikaliklar bu qarori bilan Iskandarni mazahlaganlar. To‘g‘ri-da, bandalar ruxsati bilan xudo bo‘lish kulgili emasmi?! Elian inson aql-idrok bilan tortiluvchi hadni, insonligini hamisha yodda tutmog‘i lozim, deb biladi. Ibrat uchun endi Iskandarning otasi — Filipp hayotidan naql qiladi. Emishki, Xeroneya ostonasida afinaliklarni mag‘lub etgan Filipp haddan oshib ketish xavfidan cho‘chib qullaridan biriga alohida vazifa yuklaydi: qul har kuni ertalab “Filipp, sen odamsan!” deya eslatib turgan. To quli shu kalimani uch bora takror aytmagunicha, Filipp xos xonasidan chiqmagan va kimsani yaqiniga yo‘latmagan...

Haqqasti rost, haddini, foniy dunyodagi o‘rni, vazifasini to‘g‘ri idrok qilolgan odam adashmaydi. Albatta, Elian bu gaplarni bevosita aytmaydi, lekin mazmun-mohiyati bilan turfa hikoyatlarni keltirish orqali o‘quvchisini shu xulosaga boshlaydi. To‘g‘ri idrok etolganlardan biri haqidagi naql mazmuni ham g‘oyat ibratli. Podshoh Antigon o‘g‘lining raiyat bilan munosabatda hukmfarmo va johilligini sezib qoldi-da, nasihat qilib dedi: “Nahot bilmasang, bolam, sen bilan menga berilgan hokimiyat — faxrli qullik!” Yaratgan va bandalari oldida o‘z o‘rni va vazifasini to‘g‘ri anglash shudir...

... Elian hikoyatlarini o‘qirkan, ulardagi syujet motivlari, obrazlar, hayotiy holatlar, hukm-xulosalar — bari Sharqni, xalq ijodiyu mumtoz adabiyotni yodga solaveradi, ildizlarning bitta ekaniga, bari Odam safiy alayhissalomga borishiga ich-ichingdan inonib boraverasan...

Ezop. Basni. M.:Nauka, 1964

So‘z san’atining eng qadimgi janrlaridan biri, shubhasiz, masal bo‘ladi. Masalning otasi sanalmish yarim afsonaviy Ezopning miloddan avvalgi VI asrda yashagani, mutaxassislarning unga nisbat beriluvchi ayrim masallar asli bundan-da qadimiyroq deya ta’kidlashlari shunday deyish uchun yetarli asos beradi. Mayli, bunisi o‘z yo‘liga, hayratlanarlisi shuki, ular hamon ahamiyatini yo‘qotmagan. Hayotda — xoh uyda, xoh ishda va xoh ko‘chada bot-bot shunday hollarga duch kelasanki, beixtiyor Ezop masallaridan biri xayolingga keladi, uni aytib bermoq istab qolasan...

... havolanish insonga xos ekan, nachora. Ish bilan bir idoraga kirganimda, yosh bir boshliqning shundoq yo‘lakda otasi tengi odamga tanbeh berayotgani ustidan chiqdim: atrofdagilardan andisha qilish qayda, aksincha, ularning borligi qo‘shimcha zavq berayotgandek, oqsoch boshning egilib turishi, yo‘q, borgan sari go‘yo ko‘ksiga singib borayotgandek bo‘lgani... unga nash’a qilayotgan kabi. Xayolimga Ezopning masali keldi:

“Bo‘ri uyni yonlab o‘tib borayotgandi, tomda yurgan echki uni bo‘ralab so‘kishga tushdi. Bo‘ri unga qarab dedi: “Xomtama bo‘lma, birodar, meni so‘kayotgan sen emas — turgan joying!”

Ehtimol, bu masal butkul boshqa hayotiy holat taqozosi bilan to‘qilgandir, lekin ayni vaziyatda xayolimga kelgani shu bo‘ldi. Negaki, beixtiyor masal bilan holat orasidagi analogiyalar xayolimdan chaqinday o‘tdi. Va xayolga erk berdim: balki, yosh rahbar o‘zidan kattaroq rahbarlardan gula ko‘tarayotgandir, balki, o‘zi ham kattaroq idoralar yo‘laklarida sho‘rlik “bo‘ri”ga aylanar. Yana kim biladi? Aniq biladiganimiz shuki, echki toabad tomda qololmaydi. Qizig‘i, buni hamma biladi, tan oladi, lekin amalga kelganda... taassufki, bashariyat ming yillar davomida to‘plagan bilimu tajribalar yo‘qdek, aksar, G’azzoliy hazratlari aytmoqchi, ustiga kitob yuklangan eshak misoli tutamiz o‘zimizni. Sizga qanday bilmayman-u, o‘sha oqsoch kishining bosh egib turishi insoniyatga, demakki, menga ham haqoratdek tuyuladi. Lekin o‘shanda haqoratni ichimga yutdim: ko‘p qatori ko‘nikib qolganimdanmi, ishning bitishini o‘ylabmi, xullas, “bo‘ri” falsafasiga qo‘shilib qo‘yaqoldim. Keyin alam qildi: e-voh, “tom”ning sehri, qudrati shunchalar kattami? Shunchalar ojiz, shunchalar manfaatparastmanmi? Nega shunday? Nega shunaqamiz?.. — yana hafsalasizgina Ezopni varaqlashga tushdim. Masallardan birisi diqqatimni tortdi, o‘zim izlagan javobni ilg‘agandek bo‘ldim:

“Qo‘zichoq bo‘ridan qochib ibodatxonaga kirib oldi. Bo‘ri uni qaytib chiqishga undab dedi: “Axir, kohinning qo‘liga tushsang xudolarga qurbonlik bo‘lib ketasan-a!” Qo‘zichoq dedi: “Oqibati bir ekan, senga yem bo‘lgandan xudolarga yem bo‘lganim avlo!”

Ha, bejiz “ilg‘agandek bo‘ldim” demadim, avvaliga o‘zimga ham javob uzoqdek, “qulog‘idan tortib”gina holatga yaqinlashtirsa bo‘ladigandek ko‘rindi. Axir, qo‘zichoq qarshisida tanlov zarurati aniq bir holatda yuzaga kelgan, bu tamom boshqa narsa emasmi?! Ehtimol, biroq qo‘zichoq falsafasining mag‘zi butun, uni chaqsang ko‘p narsa oydinlashadigandek. To‘g‘ri, hammamiz ham “o‘lim haq” deymiz, balki, masaldagi kabi ikki xil o‘limdan birini tanlash zarurati yuzaga kelsa, qo‘zichoq yo‘lini tutarmiz ham. Lekin gap bunda emas. Insonga xos bir xususiyat shuki, “o‘lim haq” deganida aksar umuman o‘limni ko‘zda tutadi — o‘z o‘limini emas. Aks holda, dunyoga kelishimiz o‘lim sari tashlangan qadam ekan, inson umrini to‘lasicha “qo‘zichoq holati” deb bilmasmidik?! Agar o‘lim har soniya “qoshu qabog‘imiz o‘rtasida” turganini shunchaki bilib emas, his qilib yashaganimizda, insonlik sha’nini qadrlab o‘tgan bo‘lmasmidik?! Inson umrining foniyligi, o‘limning “ne’mat” ekanligi shunda emasmi?!..

Ezop masallarini o‘qiganda, kundalik hayotda norozilanib yurgan narsalarning ko‘piga o‘zimiz sababligimiz, illatlarning ildizi o‘zimizda ekani oydinlashib qolaveradi. Mana shunday masallardan biri:

“Kunlardan bir kun bo‘ri suruvdan olib qochgani sovliqni o‘ngarib uyasiga ketayotgandi, sherga duch keldiyu, o‘ljasini oldirib qo‘ydi. Bo‘ri chetroqqa chiqib xitob qildi: “O’ljamni tortib olganing adolatdan emas!” Sher kulib javob qildi: “O’zing-chi, o‘zing uni halol qo‘lga kiritibmiding yo og‘ayningdan sovg‘aga olganmiding-a?!”

Qiziq emasmi, biz adolatni ko‘proq o‘zimiz adolatsizlikka uchraganda eslaymiz: haqqimizni talab qilamiz, qonundan himoya izlaymiz, adolat haqida hayajonga to‘lib so‘z yuritamiz. Holbuki, o‘zimiz adolatdan chekingan, qonunga unchalik raso kelmaydigan ish tutgan chog‘imiz adolatu qonunni surishtirib ham o‘tirmaymiz. Natija esa ma’lum: illat illatni chaqiradi, cho‘pdan xadik olib, tilimiz qisiq holda yashayveramiz. Qancha achinmayin, haligi oqsoch kishining boshini xam qilib turishi shundan emasmikan, degan andisha keladi xayolga. Bechora tirikchilik tashvishida har nega ko‘z yumib, o‘zini toptash uchun asos yaratib qo‘ygan bo‘lsa ne ajab?! Mabodo shunday bo‘lsa, bechoraning holi quyonnikidan a’lo emas:

“Quyonni quvib yetgan ovchi iti goh uni tishlab, goh yalab-yulqab o‘ynay boshladi. Joni hiqildog‘iga kelgan quyon zorlandi: “Azizim, sen yo tishlashingni, yo yalab-yulqashingni qo‘y, — menga do‘st yo dushmanligingni bilayin!..”

Kimningki xadigi cho‘pdan ekan — ixtiyori qo‘ldan ketgan, shu quyon misoli birovlar qo‘lidagi bir qo‘g‘irchoq. Shunaqa bo‘lsa, “sher”ning mantig‘iga muvofiq harakat qilayotgan yosh rahbardan ginamizning asosi bo‘shashib qolmaydimi?! Axir, uning qilmishi bor yo‘g‘i oqibat ekan-ku?! Ehtimol, lekin bu narsa uning xatti-harakatini tushuntiradi, xolos, aslo oqlamaydi. Oqsoch odamning aybi nima, qaerda adashdi? Nima desam ekan, uning aybini hozirda aybga sanamaydigan bo‘lib qolganmiz hisobi. Chunki u ham ko‘p qatori bir odam, tirikchiligu bola-chaqa tashvishida turmush yukini yengillatay deb yo‘l izladi, xuddi Ezop masalidagi eshak kabi:

“Ustiga tuz ortilgan eshak daryo kechuvidan o‘tayotib toyib ketdi — suvga yiqildi. Tuz suvda erib ketib, yuk ancha yengilladi, eshak benihoya sevindi. Keyingi gal yana o‘sha joydan o‘tayotib, eshak “suvga yiqilsam, yukim yengillashadi, keyin turib ketaveraman”, deb o‘yladi-da, atayin yiqildi. Ittifoqo, bu gal eshakka yuvg‘ich ortilgan edi. Yuvg‘ich suvni shimib olib, yuki og‘irlashib ketgan eshak eplanolmay qoldiyu, suvga cho‘kib o‘ldi”.

E’tibor bering-a, eshak topgan yo‘lning bir jozib tomoni bor: birov atay qilding deyolmaydigan darajada nozik. Darvoqe, negaligini bilmayman-u, o‘sha oqsoch kishi menda yaxshi odam tasavvurini qoldirdi, ehtimol, achinganim uchundir?! Bunisi muhim emas, chalg‘ib ketdik... Ha, o‘sha odam ham tashvishlardan arish uchun yo‘l izlagan. Izlaganda ham hamma “yaxshi odam”lar singari vijdonni ortiq qiynamaydigan, o‘zini “juday-la rasvo emasman-ku” deya ovutib yursa bo‘ladigan yo‘l izlagan. Avvaliga-ku shunday yo‘lni topgan, lekin oqim kuchli emasmi, eplanolmay qolib izmini to‘la oqimga berib qo‘ygan. Sho‘rlik nafs yo‘lida nafsni — shaxsini o‘ldirib qo‘yib, hozirgi ahvoliga tushib turibdi. Endi u shunday, tirikchilik tashvishida sirtdangina “yaxshi odam” bo‘lib o‘taveradi va kun kelib umrini Ezop masalidagi pashsha misoli tugatadi:

“Pashsha sho‘rva solingan kosaga tushib qoldi-yu, cho‘kayotib o‘z-o‘ziga so‘zlandi: “Nima qipti, yedim, ichdim, cho‘mildim — endi o‘lsam-da armonim yo‘q!”

O’zini aldab o‘rganib qolgan emasmi, sho‘rlik, so‘nggi damda ham aldaydi: YaShADIMMI degan savolni qo‘ymaydi, qo‘yolmaydi...

... mashhur filolog olim A.Potebnya ma’ruzalarida adabiyotning, badiiy obrazning mohiyatini soddaroq yo‘sinda tushuntirish uchun masalni tanlagan. U aytadiki, masalning mo‘‘jaz voqeasi hayotda biz duch keladigan muammolarning soddagina yechimi ekan. Nogoh shohid bo‘lganimiz bir necha daqiqalik hayotiy holat bahona shuncha gapni to‘kdikki, olim haqqa o‘xshaydi. Menga qolsa, boshqa kitoblar qatori Ezop masallari ham har kimning ish stolida tursin, degan bo‘lardim.

 
 
Сайт создан в системе uCoz