Adabiy ta’lim haqida ayrim mulohazalar

Dilmurod Quronov

Adabiyot insonning ma’naviy kamolotida, ruhoniy yuksalishida g‘oyat katta o‘rin tutishi - aksioma, ya’ni isbot talab qilmaydigan haqiqatdir. Xususan, jamiyatimiz oldida turgan eng muhim vazifa – barkamol avlod tarbiyasida uning beqiyos xizmatni o‘tay olishiga ham hech bir shubha yo‘q. Biroq bu imkonning to‘la ro‘yobga chiqishi uchun ayrim shartlar ko‘ndalang keladiki, ular bajarilmasa, hanuz bu beqiyos kuchni “o‘tin yorishga sarflab” yurgan bo‘lib chiqamiz. Shu shartlardan birinchisi va barining asosida yotgani adabiy ta’limdir.

Istiqlol yillarida adabiy ta’lim sohasida ham ko‘plab o‘zgarishlar sodir bo‘ldi: yangi davlat ta’lim standartlari qabul qilindi, shu asosda o‘quv dastur va rejalari ishlab chiqildi, ularga mos darslik va qo‘llanmalar chop etildi. Albatta, bularning bari adabiy ta’limni yaxshilash maqsadiga qaratilgan. Lekin hanuz ulardan kutilgan natijaga erishilmoqda, deb baralla ayta olmaymiz. Zero, kitobxonlik madaniyati kundan-kun tushib borayotgani, bir paytlar juda ko‘p o‘qiydigan xalqlardan biri sanalish da’vosida bo‘lgan xalq adabiyotining ko‘zgusi - “Sharq yulduzi”dek jurnal tirajining 1000 dan oshmayotgani; matbaa jihati yuksak saviyada chop etilgan kitoblarning do‘konlarda chang bosib yotgani; yangi yaratilayotgan asarlar qizg‘in muhokamayu munozaralar uyg‘otmay, aks sado turatursin, hech bir sassiz beadad informatsiya ummoniga g‘arq bo‘lib ketayotgani... bunga imkon bermaydi. O’z-o‘zidan savol tug‘iladi: nega? Axir, qariyb yigirma yildan beri sho‘ro davri adabiy ta’limi an’analaridan voz kechishga, adabiyotni, avvalo, badiiyat, san’at hodisasi sifatida o‘qitishga intilmayapmizmi? Sohadagi yuqorida zikr qilingan o‘zgarishlar asosida asli shu kontseptsiya yotgan emasmidi?! Shundayku-ya, lekin... Shu birgina lekinni mushohada qilarkan, negadir, fikr-mulohazalar aylanib-o‘rgilib bir nuqtaga kelaveradi, qayta-qayta muhokama qilinsa-da, lop etib yana bittagina xulosa kelib chiqaveradi: maqsadni to‘g‘ri belgilaganimiz holda unga yetishning ma’qul yo‘lini tanlay bilmadik. Haqiqatan ham shundaymi? Maqsad chindanam to‘g‘ri belgilanganmi?.. Ehtimol, to‘g‘ridir. Lekin bir narsani, adabiyotni badiiyat, san’at hodisasi sifatida o‘qitish degani nima ekanligini o‘zimiz uchun hali aniqlashtirib olganimizcha yo‘q ko‘rinadi. Ya’ni, ayni shu nuqtada qarashlarimizda umumiylik yo‘q, buni har kim o‘zicha tushunayotganga o‘xshaydi. Nazarimda, hozircha biz bir qutbdan ikkinchisiga sakrashga taraddudlanyapmiz, xolos: sho‘ro davri ta’lim tizimidagi adabiyotni vosita sifatida o‘qitishdan – san’at sifatida o‘qitishga, pirovardida esa, ochig‘i, na unisini va na bunisini risoladagidek amalga oshirolmay turibmiz.

Albatta, mutaxassislarga maktab ta’limidan, adabiyot o‘qitish muammolari bilan shug‘ullanishdan yiroq bir kishining bu da’vosi erish ko‘rinishi mumkin. Sirasi, bu gaplarni natijadan – qisman yuqorida aytganlarim va, asosan, filologiya fakultetiga o‘qishga kirgan birinchi kurs talabalarining tayyorgarlik darajasidan kelib chiqib aytaman. Bir qarasang, birinchi kurs talabalarida adabiyot haqidagi informatsiya doirasi ancha keng ko‘rinadi. Axir, u “tragediya – echki qo‘shig‘i” ekanligini, Navoiyning “falon baytida falon san’at ishlatilgan”i, “uning “Hazoyinul maoniy”si faloncha baytdan tashkil topgan”i... ga o‘xshash behisob ma’lumotlarni juda yaxshi biladi-da! Lekin sho‘rlik “echki qo‘shig‘i”ning tragediyaga qanday aloqasi bor yoki tragediya o‘zi nimaligini bilmaydi, Navoiy ishlatgan xuddi o‘sha san’atni boshqa bir baytdan topishga ojiz, “Xazoyinul maoniyni” loaqal qo‘liga ushlab ko‘rmagan... Ya’ni, oliy dargohga endi qadam bosgan talaba miyasi “adabiyot haqidagi informatsiya”ga to‘la, lekin uning o‘zi ADABIYoTdan yiroq. To‘g‘ri, buni kirish testlarining “sharofati”ga yo‘yib osongina qutulish ham mumkindir. Lekin, tan olish kerak, aslida sabab shundagina emas, asl sabab ta’lim tizimida adabiyot qanday o‘qitilayotganida.

Mazkur da’voni asoslash uchun Xalq ta’limi vazirligi qoshidagi RTM tomonidan tayyorlangan “Adabiyot fanidan majburiy standart nazorat ishlarini o‘tkazish yuzasidan tavsiyalar”(T.,2006)ga e’tiborni qaratmoqchiman. “Tavsiyalar”da har chorak yakunida test o‘tkazish ko‘zda tutilgan bo‘lib, uning maqsadi sifatida “o‘quvchining bilim, ko‘nikma va malakalarini sinovdan o‘tkazish” ko‘rsatilgan va BKM elementlari sanalgan. Masalan, birinchi chorak uchun 20 punktdan iborat qilib tuzilgan BKM elementlarini tahlil qilsak, quyidagi holatni (raqamlash “Tavsiyalar”dagi tartibga muvofiq) ko‘ramiz:

1. Asar va uning muallifini bilish;

2. Asar va uning muallifini bilish; (?)

6. Asar va uning qahramonlarini bilish;

7. Asar haqidagi ma’lumotni bilish;

8. Ijodkor haqidagi matnni bilish;

10. Ijodkor haqidagi ma’lumotni bilish;

14. Ijodkor haqidagi ma’lumotni bilish; (?)

15. She’riy san’atlarni ajrata olish;

16. Adabiyot nazariyasi bo‘yicha bilim;

17. Ijodkor faoliyati haqidagi bilim;

19. Qahramonni bilish;

Ko‘rib turganimizdek, jami 20 ta BKM elementlaridan 11 tasi adabiyot haqidagi informatsiyani bilishga qaratilgan. Tabiiyki, namuna sifatida tavsiya etilgan test savollarini tuzishda ham xuddi shu tamoyilga amal qilingan: 16 ta namunaviy testning 8 tasi o‘quvchilarning asar(yoki tarjima) kimga tegishli ekanini, 6 tasi adabiy-nazariy tushunchalarni qay darajada bilishini aniqlashga qaratilgan. E’tiroz qilish mumkin: “Xo‘sh, buning nimasi yomon? Axir, asar (yoki parcha) kimniki ekanini aniqlash uchun o‘quvchi matnni bilishi kerak emasmi?” Bir qarashda e’tiroz asoslidek, shu testlar yordamida o‘quvchilar bilimini xolis baholash mumkindek ko‘rinadi. Aslida bunday emas, bunday o‘ylash o‘z-o‘zini aldash bo‘ladi. Agar 7-sinf bolasining sajiyasi e’tiborga olinsa, tan olish kerakki, bu kabi faktlarni sinfdagi 30 nafar o‘quvchidan bittasining bilishi kifoya, demak, BMKlarni aniqlash, o‘quvchini baholash xolis bo‘lolmaydi. Bundan tashqari, mabodo shuni bilgan taqdirda ham o‘quvchi adabiyotga yaqinlashib qolmaydi, axir. Xuddi shu gapni “Hamzatov qaysi xalq shoiri?”, “Turkiy Guliston” qanday asar?”, “Chor atrofga yoyganda gilam” deganda shoir qaysi faslni nazarda tutgan?”, “Mardlik afsonasi” qaysi janrga mansub?” tarzidagi namunaviy testlar haqida ham bemalol aytish mumkin. Xullas, ularning aksariyatini umumlashtiradigan jihat – adabiyot haqidagi informatsiyani shakllantirishga qaratilganidir. Albatta, tanqid qilish oson, jo‘yali bir taklif ber-chi, deyishingiz mumkin. Bu o‘rinda Siz haqsiz, aniq bir taklif berishga ojizman, lekin bir narsaga imonim komil: o‘quvchining adabiyotdan bilimini baholashning eng nomaqbul yo‘li – test. Endi bir savol tug‘iladi: bunaqa testlar BMK elementlari, ya’ni, o‘quvchilar adabiyotdan olishi lozim bilim, malaka va ko‘nikmalarning amaliy ko‘rinishidan kelib chiqyaptimi yo o‘sha BMKlarning o‘zini testlar belgilayaptimi? Menimcha, keyingi hol haqiqatga yaqinroq, ya’ni BMKlar testga moslashgan. Eng yomoni, aslida o‘quv dastur va rejalar ham shunday. Yo‘qsa, masalan, 7-sinf uchun adabiyotdan 1-chorakka ajratilgan 18 soatning MSNIlardan ortgan 14 soati davomida 7 ta ijodkor hayoti va ijodini, yana 5 ta adabiy nazariy tushunchani o‘rganish ko‘zda tutilarmidi? Ya’ni, qolgan 14 soat ham o‘quvchilar miyasini ko‘proq adabiyot haqidagi informatsiya bilan to‘ldirishga qaratilganki, bu informatsiyadan kelib chiqib istalgancha (!) test tuzish mumkin. Axir, bu ahvolda matnning o‘ziga - asarni o‘qish, uqish, uning badiiy voqeligida yashab ko‘rish, his qilish va his qilganlarini boshqalar bilan o‘rtoqlashish, ... kabilarga nima qoladi? Nazarimda, adabiy ta’limdagi holat shundayki, u sezdirib-sezdirmay TYeSTga – bitiruvchilar hayotidagi go‘yo eng muhim hodisaga moslashmoqda. Holbuki, bir kunlik test o‘tadi-ketadi, adabiyot esa hayotning o‘zidek mangu...

Yuqoridagi masalaga, adabiyot o‘qitish maqsadiga qaytsak. Agarki adabiyotni san’at, badiiyat hodisasi sifatida o‘qitmoqchi ekanmiz, avvalo, maqsadning o‘zini aniqlashtirib olish lozim. Ma’lumki, “badiiyat ikki ong to‘qnashgan nuqtada”(M.Baxtin), ya’ni asarni o‘qish jarayonidagina mavjuddir. Shunday ekan, adabiy ta’limning mazmun-mundarijasi o‘quvchilarni badiiy asarni o‘qishga o‘rgatishdan iborat bo‘lmog‘i lozim. Agar shunday yo‘l tutilsa, adabiyotni vosita yoki san’at sifatida o‘qitish masalasi kun tartibidan tushib qoladi. Negaki, bular asosiy maqsadning hosilasi o‘laroq tabiiy ravishda, o‘z-o‘zidan o‘sib chiqaveradi. Maqsad bilan bog‘liq yana bir masala ko‘ndalang bo‘ladi, bu - adabiy ta’limning pirovard natijasi, ya’ni o‘quvchiga qo‘yiladigan BMK masalasi. Bizningcha, pirovard natijani ham lo‘nda qilib quyidagicha ifodalash mumkin: o‘quvchi ta’lim muassasasini adabiy asarni o‘qish, uqish, his qilish, undan zavqlana bilish malakalarini egallagan, adabiyot o‘qishni o‘zi uchun zarurat maqomidagi tabiiy ehtiyojga aylantirgan holda tark etmog‘i kerak. Bu esa adabiy ta’limni shulardan kelib chiqqan holda isloh qilish, shularni nazarda tutib o‘quv dastur va rejalari tuzish, darsliklar, metodik ishlanmalar yaratish va, muhimi, har bir mashg‘ulotni shu maqsadlarga mos holda tashkil etishni talab qiladi.

D.Quronov

 
 
Š”Š°Š¹Ń‚ сŠ¾Š·Š“Š°Š½ Š² сŠøстŠµŠ¼Šµ uCoz