Ifoda va ifodaviylik

Sadullo Quronov

Yaqinda Faxriyorning “Geometrik bahor” she’ri ustida izlanib, bir maqola yozgandim. Uni o‘qib ko‘rgan ustozlarimdan biri “Siz Faxriyordan qo‘shimcha ravishda fazilat qidirmayapsizmi?” deb qoldi… E’tibor bersam, asar go‘zalliklari kashf etilarkan, aksariyat o‘quvchi va munaqqidlar “Buni hatto ijodkorning o‘zi ham anglab yetmagan bo‘lsa kerak” deya undagi topilmani o‘zinikiday his etadi yoki bu go‘zallikni asardan zo‘rma-zo‘rakisiga chiqarib olingan degan xulosaga keladi.

Ustozimiz Q. Yo‘ldoshev bir ma’ruzasida R. Parfi she’riyatining go‘zalliklari haqida so‘z yuritarkan, shunday misol keltirdi:

Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Tomchilar tomchilar sochimga,
Yomg‘ir yog‘ar, shig‘alab yog‘ar,
Ham qayg‘umga, ham quvonchimga.  

Q. Yo‘ldoshev bu parchadagi tomchilar, tomchilar, sochimga so‘zlarida joylashgan “ch” harfiga e’tibor qaratib, she’rning o‘ziga xos musiqiyligi haqida gapirib berdi. Dars yakunida savol tashlandi: “Domla siz asar go‘zalliklari haqida so‘z yuritayapsiz, ammo bu narsalarning barini shoir o‘zi habardor holda keltirgan deya olasizmi?” Domla o‘ylanib o‘tirmay “yo‘q, albatta” deya javob berdi. Fikrini asoslarkan o‘zi shu “ch” harflari borasida shoirga murojaat etganligini, shoirning o‘ziga ham bu topilma yangilik bo‘lganligini so‘zlab berdi. Ustozimiz bunga oddiy hol deya izohlab o‘tdi.

Haqiqatdan, ba’zan ijodkor asaridagi muayyan xususiyatlarni o‘zi ham bilmasligi mumkin. Yoki muallif o‘zi yaratgan asarni tushintira olmasligi, shu bilan birgalikda o‘quvchilar ham bu asardan aynan nimani olganini anglolmasligi mumkin.

Biz yuqorida bejizga “go‘zallik” so‘zini ishlatmadik. Aytmoqchi bo‘lganimiz “go‘zallik” asarning ifodaviy xususiyatiga taalluqli hodisa. Asardan anglashinishi mumkin bo‘lgan ijtimoiy, falsafiy, tarbiyaviy ma’nolarni qo‘ya turaylik. Bular e’tirof etilganiday sun’iy ravishda ham keltirib chiqarilishi mumkindir. Ammo asarning ifodaviyligi, shakliy xususiyati haqida ham shunday fikr yuritib bo‘larmikan?

Umuman, san’atkorning ijod jarayonini tushga qiyoslash ham mumkin. Chunki ba’zan tushda hayotda umuman, tasavvur ham etib bo‘lmaydigan narsalarni ko‘ramiz. Hayotda yechimini topolmagan jumboqlar kalitini topib, anglay olmaganlarimizni anglaymiz. O’ngimizda yod olmagan she’rlar, bilmagan tillar tushda reallashishi mumkin... Tushda kechuvchi hodisalar qachonlardir eshitilgan, his qilingan va ko‘rilgan narsalarning inson ongi va qalbi tubida yotgan aksi ekanligini psixolog olimlar ko‘p ta’kidlashadi. Siz o‘ylamagan narsalar ham qachonlardir sizning ruhingizga ta’sir etgan va shu ta’sirlanish saqlanib qolgan bo‘lishi mumkin. Ijodiy jarayon ham aynan shu tushga o‘xshab ketadi. Bunda san’atkor olamining tub-tubida yashirinib yotgan, o‘zi uchun ham noma’lum sanalgan narsalarni beixtiyor dunyoga keltira boshlaydi. Buning qanday yuzaga kelganini tushuntira olmasa-da, juda yaxshi his eta biladi. Yaratilgan asar ijodkorning o‘zi uchun ham yangilik bo‘lib, undan avvalo san’atkorning o‘zi zavqlanadi:

Qor gulxani...
Big‘illab qaynayotgan chovgun...
Bo‘g‘otlarda hakalab yurgan qish...
Qor chaqmog‘i...
Etagi kuygan izg‘irin...
Qor bo‘roni...
O’yin tushayotgan ayol...
Charx urib... Charx urib...
Charx urib...

Biz ilmiy asarlarda intuitsiya terminini ko‘p uchratganmiz. Bu inson taffakkuridan tashqarida sodir bo‘luvchi idrok, ya’ni ichki bir tuyg‘u yordamida sezish, anglash degani. Inson qalbi bilan his qiladi, ammo ba’zan qalbi vositasida mushohada yuritishi ham mumkin. Ijodiy jarayonda ham shunga o‘xshash hodisalar ro‘y berib, ba’zan uning go‘zalliklarini aql ko‘zi bilan ko‘rib bo‘lmaydi...

Insonning hayolot olami cheksiz, ayniqsa san’atkor bu borada oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustun turadi. Lekin, san’atkor(inson) olam bilan munosabatda turarkan, har doim ham ko‘rganlarini tafakkurida anglashga harakat qilavermaydi, ba’zan u “ko‘rgan”larini qalbi bilan his etib qo‘ya qoladi. Ongda esa shu olingan hisning o‘zigina saqlanib qolaveradi. U olamni anglashga urinarkan, muayyan bir jabhani ko‘proq kuzatishga, his eta olishga moyilligi bo‘ladi. Ammo biz olamni kuzatish jarayonida tuygan ta’sirning muayyan bir moyillik natijasida yuzaga kelganiga ahamiyat berib o‘tirmaymiz. Ayni vaqtda san’atkor ifoda etayotgan hodisalar ham ana shu moyillik bilan uzviy bog‘liq. Ya’ni ba’zan ijodkor “qon”i hali o‘zi bilmagan, anglab yetmagan, ammo his qilib ulgurgan olam hodisalariga tortib ketishi mumkin:

Bulbullar (aylana) sayrar bahorda, 
tabiat hukmi shu,
 (sayroq qirralari) ni 
egovlab tashlaydi gulning chiroyi. 

Ko‘rib turganimizday ijodiy jarayon san’atkor tafakkuri bilangina bog‘liq hodisa emas. Asardagi ba’zi jihatlar taffakkurdan tashqaridagi va ayni paytda aqlga bo‘ysunmas bir ruh bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. Chinakam san’atkor olamida ana shu rux hukm suradi. Agar badiiy asarlar struktural jihatdan tahlil etib ko‘rilsa, bu ruhni payqash bir muncha onson kechadi. Chunki, haqiqiy san’at namunalarida, deylik yirik hajmdagi nasriy asarlar strukturasida shu qadar go‘zal va hayratga soluvchi ifodaviylikni ko‘rish mumkinki, buni taffakkur mahsuli o‘laroq yuzaga kelganiga ishonish qiyin. Misol uchun, Abdulla Qahhorning “O’tmishdan ertaklar” qissasini olib qaraylik. Asr o‘n sakkizta bob(hikoya)dan tashkil topgan bo‘lib, uning strukrurasi judayam murakkab tuzilishga ega. Chunki asardagi har bir hikoya nisbiy mustaqillikka ega. Har qaysisi boshqa-boshqa shaxs obrazlariga bag‘ishlangan. Har bir hikoyada tugun, voqealar rivoji, kulminatsiya va yechim kabi kompozitsiya unsurlari mavjud. Ammo umumiy planda olib qaralsa, hikoyalar zanjir kabi bog‘lanib, yaxlit bir asarni yuzaga keltiradi. Hikoyalar shu qadar mahorat bilan joylashtiriladiki, ular tartibidagi bir hikoya olib tashlansa, yoki boshqa joyga ko‘chirilsa, ularning zanjir kabi uzviy bog‘liqligi va asarning yaxlitligi buzilib ketadi. E’tiborlisi shundaki, u qadar ahamiyatsizday tuyuluvchi “Teshiktosh” hikoyasi, asar kompozitsiyasining kulminatsion bosqichi vazifasini bajarishi bilan birga, o‘zigacha va o‘zidan keyin keluvchi hikoyalarni bog‘lovchi asos darajasiga ko‘tariladi. Boisi, “Teshiktosh”gacha bo‘lgan hikoyalar mazmun-mohiyati bilan bir narsa, bu mazmun “Teshiktosh”da o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga ko‘tarilarkan, keyingi hikoyalar mazmunida yozuvchi boshqa bir maqsadni ko‘zlaydi. Ayni paytda keyingi hikoyalar kompozitsiyada yechim vazifasini o‘taydi... Bu xuddi she’r misralari yoki nasriy asar matniga ritm – musiqiylik kabi xususiyatning ichki bir sezgi yordamida joylashtirilishiga o‘xshab ketadi.

Keyingi davr adabiyotshunosligi badiiy asarni baholashda tayanayotgan bir qancha metodlarga e’tibor berib ko‘raylik. Xususan, strukturalizmda baddiy asar alohida hodisa sifatida o‘rganilib, ijodiy jarayon va san’atkor olamining ahamiyati yo‘qotiladi. Umuman, asardan tashqarida turuvchi har qanday jihat bu metodning tadqiqot ob’ekti sanalmaydi. Strukturalizm mantiqiy-matematik tadqiq usullariga tayanib, psixoanalizdagi ongsizlik kategoriyasini o‘zlashtiradi. Poststrukruralizm esa bir muncha takomillashgan va ayni davr san’atidagi eng ilg‘or metodlardan sanaladi: “Poststrukturalizmga ko‘ra, matnni tushunish “dekonstruksiya” orqali amalga oshadi: avvaliga matn elementar uzvlarga ajratiladi (“destruksiya”), keyin qayta yig‘iladi (“rekonstruksiya”) va shu asno matnga ijod onlari kontekstida muallif ixtiyoridan tashqari, anglanmagan (ta’kid bizniki – S. Q) tarzda yoki o‘zi yashirishni xohlaganiga zid o‘laroq kirib qolgan ma’nolarni ochishga intiladi. Ya’ni poststrukturalizm matnda kontekst qoldirgan “iz”larni qidiradiki, bu izlar g‘ayrishuuriy (ongsizlik) tarzda aks etgani uchun ularni intuitiv tarzdagina farqlash mumkin” . Asar matniga tayanuvchi germenevtika ham mohiyatan yuqoridagi metodlarga o‘xshab ketadi. Uning asosida matnni grammatik tahlil qilish va shu asnoda uning ortida turgan betakror sub’ektni anglash(“psixologik” talqin) turadi. Aytmoqchi bo‘lganimiz asarning shunday bir go‘zalliklari ham borki, bu olam sir-sinoatlarini san’atkor tafakkuri, ta’bir joiz bo‘lsa badiiy mahorati bilangina izohlash qiyin.

Keyingi davr tasviriy san’atda ramkalarga olib qo‘yilgan turli mato va figuralarni, har xil shakldagi “lash-lush”larning uyumi, xullas, aql bovar qilmaydigan o‘ziga xos ko‘rinishdagi “nimarsa”larni ko‘p kuzatadigan bo‘lib qoldik. Albatta, bular o‘z mualliflari ta’kid etayotganiday SAN’AT asari. Demak, ular ham obrazli hodisadir. Ammo bu obrazlilikni ham biz har doim badiiylikni tushunishda tayanib kelayotgan nuqtai nazar bilan his etib bo‘larmikan?..

Biz bekorga tasviriy san’at haqida so‘z ochganimiz yo‘q. Bu san’atning ifoda usullari va obraz yaratishdagi xos xususiyatlarini badiiy adabiyotda ham kuzatishimiz mumkin. Boisi ijodkorlarning obrazli tafakkuri (u qaysi san’at turda ijod etishidan qat’i nazar) badiiy hodisada umumiylikni kasb etadi. Aytmoqchimizki, boshqa san’atlarda kuzatilayotgan yangiliklar badiiy adabiyotda ham o‘z aksini topmoqda:

    (To‘rtburchak va ship-shiydam) bog‘larga
qaytadi bahor
  (uchta burchagi) bilan.

Badiiy obraz – san’atkorning hissiy olami bilan yo‘g‘rilgan tashbeh. Demak, obraz avvalo insonga hissiy (estetik) ta’sir o‘tkazmog‘i shart. Badiiy obrazning yaralishi muayyan bir ta’sirlanishning sababi o‘laroq yuzaga kelib, bu ta’sirlanish olam bilan munosabatda turgan san’atkor(inson)ning shu dunyoni kuzatib borishi mobaynida yuzaga keladi. San’atkor olamning ma’lum bir jabhasini obrazli ifoda etishga kirisharkan, bu jarayon zamirida metafora (o‘xshatish) yotadi. Demak, obraz olamga (yoki uning bir bo‘lagi san’atkorga) xos biror jihatning badiiy shaklidir. Borliqdan olinayotgan ta’sir ma’lum ma’noda shu olamdan tashqarida turadi. Agar bu ta’sirlanishning ifoda etilishiga ehtiyoj tug‘ilsa, yaratilgan obraz ana shu ta’sirlanishni aks ettirishi kerak bo‘ladi. Ammo san’atkor olam mohiyatida shunday bir hislarni tuyishi mumkinki, buni biz aytayotgan, asosida metaforiklik xususiyati yotuvchi obrazlilik bilan ifodalash juda mushkul. Chunki, san’atkor olamning tashqi ko‘rinishi bilan o‘z kechinmalari o‘rtasida hech qanday o‘xshashlikni topolmay qolishi ham mumkin. Shunda u kechinmalarini o‘z tasavvuridagi olam mohiyati ko‘rinishlari bilan ifoda etishga urinadi. Ayni damda yuzaga kelgan obrazlilik ham o‘zida metaforiklik xusiyatini saqlab qolgan bo‘lsada, o‘xshatilishga asos bo‘lgan va o‘xshatilayotgan narsa sub’ekning o‘ziga tegishli hodisaga aylanib qoladi. Bunday obrazlilikda metaforaning ifodaviylikdagi ahamiyati o‘zgarib, olingan ta’sir va hisning (kechinmaning o‘ziga tegishligina) “ko‘rinish”i asosiy planga chiqariladi. Bunda o‘rganganimiz go‘zal tashbehlar unutilib, she’rdagi emotsiya ham bir muncha so‘nishi mumkin. Ammo, ifodaviylikning ta’sir ahamiyati va hayratlantiruvchi qudrati oshib ketadi:

			
Qo‘g‘irchoq mushtining soyasi
xalal bermasmikan
tundan ajralib chiqyapkan tongga
sadafi ham tushib qolibdi
mana yaltiroq shabnam
tipratikan jimlik shaklida edi
ustiga olma qulamasidan avval

Aytib o‘tganimiz tasviriy san’atdagi ifoda va keltirilgan she’riy misollardagi badiiylikni obraz yaralishidagi mana shu silsilalar asnosida tushunish kerak deb o‘ylaymiz. Va yana shuni aytib o‘tish joizki, obrazli tafakkurning bu jihatlari anglanadigan ijodiy jarayonga tegishli xodisa bo‘lishi juda qiyin masaladir.

Ijodiy jarayon judayam murakkab hodisa. Shu bilan birga uning natijasi ham anglab bo‘lmas darajada sirli. Bu sirlilikda ba’zan san’atkorning o‘zi uchun ham notanishday tuyilgan, uni “o‘zim ham bilmayman” deyishga majbur etgan jihatlar, aslida, uning o‘ziga tegishli bo‘ladi. Boisi san’atkor borliq bilan munosabatda turarkan, o‘zganing sezimlari vositasida emas, o‘z ruhi va ongi bilan ta’sir tuyadi. Uning olamida yaraluvchi badiiy hodisalar ana shu ta’sirlanishga daxldor ekan, keltirib o‘tgan, ammo o‘zi ham anglab yetolmagan bo‘lsada, u yaratgan go‘zalliklar o‘quvchi yoki tanqidchiga emas, balki san’atkorga tegishli bo‘ladi.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz