SHOIR MUSAVVIR BO’LGANDA...
Insonning borliqni anglashida, u haqda tasavvur va bilimlarning paydo bo‘lishida ko‘rish (ko‘z) markaziy o‘rinni egallaydi. Zero, dunyo haqidagi tasavvurlarimizning asosini ko‘rish orqali olingan informatsiyalar tashkil etadi. Boshqa sezgilar asosida olinganlari uni to‘ldiradi, sayqallaydi. Shu sababdan ham mahorat bilan chizilgan rangtasvir asari qarshisida nafaqat uni ko‘rish, balki “hid bilish”, “eshitish” mumkin.
Biz borliqni ko‘ramiz, san’atkor esa ko‘rganini ko‘rsatadi. San’at badiiy aks ettirish ekan, aks ettirish (ijod) jarayonida “ko‘rish”ning o‘rni beqiyos. Insoniyat tarixida rangtasvirning vujudga kelishi va rivojlanishi odamlarning ko‘rish asosida oladigan his-tuyg‘ulari va ma’naviy ozuqasi salmog‘ini oshiradi. Ifodaning ko‘rish asosidagi salmog‘i kuchaygan ekan, bu o‘z-o‘zidan boshqa san’at turlariga ta’sir etmay qo‘ymaydi.
Mumtoz adabiyotda asosan bayon etish, tavsiflashning ustivorlik qilgani ma’lum. Keyingi davr ijodkorlari esa ifodaning yanada samarali, ta’sirli va haqqoniy usullaridan foydalanishga harakat qildilar. Shu jumladan, rangtasvir san’atiga xos bo‘lgan unsurlarning she’riyatga ko‘chishi, undagi tasviriy ifodaning xuddi rassom chizganiday bera olishlik imkoniyatini yaratdi. Albatta, bunda ranglar emas, so‘zlar vositasida chizilgan surat ijodkor mahorati evaziga xayollarda gavdalanadi.
Abdulla Oripovning “Bahor” she’ri aynan shunday xususiyatga ega bo‘lgan asarlar sirasidandir. Bu she’rda tasvir nafaqat shoir his-tuyg‘ulari ifodasi, balki kompozitsiyaning asosi darajasiga ko‘tarilgan.
She’r bahor fasli kelganligidan xabar beruvchi misralar bilan boshlanadi:
Yana bahor keldi. Yana olamda Ajib bir go‘zallik, ajib bir bayot...
Ushbu satrlarni o‘qir ekansiz, qalbingizga bahoriy jo‘shqinlik, bahoriy kayfiyat kirib keladi. Ammo faqatgina shuning o‘zi sizga aslida bahor uyg‘ota olishi mumkin bo‘lgan ko‘p tuyg‘ularni bera olmaydi. Shoir davom etadi:
Yellar ham uyg‘ondi ishqalab kaftin, Oftob ham yuksaldi – tik kelar quyosh. Tog‘lar ham yuk tashlab ko‘tardi kiftin, Bezavol maysa ham silkitadi bosh. Tarnovlar bo‘g‘zida lola ham ko‘rkam, Terak uchlarida izg‘ir mavjudot. Hattoki tuyg‘usiz, chirik xazon ham Yashil po‘panakdan bog‘labdi qanot. Hovliqma jilg‘alar chopar beega. Qushlar qiy-chuviga to‘lmish dala, bog‘.
Bu ilk tasviriy qism bo‘lib, uni ikkiga ajratgan holda tahlil qilish ham mumkin. Boisi, dastlabki to‘rt misrada tasvirdan ko‘ra tavsif ustivorlik qiladi. Ya’ni, bu misralarda manzaraning detalizatsiya asosidagi tasviri mavjud emas. Ushbu misralar vositasida siz bahorning umumiy tarovatini his qilasiz. Keyingi misralarda esa ma’lum manzara elementlarini keltirish vositasida chizilayotgan tasvir yaqqolroq ko‘rinadi.
Musavvir peyzaj janrida ijod qilarkan, uning maqsadi tabiat tasvirini tomoshabinga aynan ko‘rsatishgina bo‘lmaydi. Zero, ko‘rishning o‘zigina zavqlanish, estetik ta’sirlanish degani emas. Agar shunday bo‘lganida rassomning ijod etishi, shoirlarning tasvirga musavvirona yondoshuvi foydasiz bo‘lar edi. Yuqorida keltirilgan she’riy peyzajga e’tibor qilsangiz, A. Oripov ob’ektni shunchaki tasvirlamaganini ko‘rasiz. Shoir manzarani bir nuqtadan kuzatayotgan inson holatini yarata olgan va bu bilan u o‘quvchiga ham real hayotdagiday kuzata olish imkoniyatini beradi. Chizilayotgan tabiat tasviri ongda namoyon bo‘lsada, u go‘yoki ko‘zlar harakati asosida umumlashayotganday taassurot uyg‘otadi. Bunda ijodkor nafaqat so‘z ma’nosi bilan ishlaydi, balki tabiatni kuzatayotgan inson psixologiyasidan kelib chiqib, ularni joylashtiradi. Bunday tasvir ko‘z harakatining muayyan yo‘nalishdagi (yuqoridan pastga, uzoqdan yaqinga) kuzatuvi asosiga quriladi: Bahor... Bahoriy yellar... Ko‘kda esa quyosh, to‘g‘rida serviqor, yorqin tog‘lar. So‘ng nigohingiz pastroqdagi qirlarga tushadi ? yam-yashil maysalar. Keyin qishloq. Baland-past uylar, atrofida esa teraklar (siz o‘zingizdan uzoqdagi va yuqoridagi manzarani kuzatdingiz). Endigi nigohingiz yon-veringizga, yerga qaratilgan: oyoq ostida zax yer, chirik xazonlar. Nigohingiz bilan zaminni kuzatarkansiz, o‘ynoqi jilg‘aga ko‘zingiz tushadi. Chopqir jilg‘alar adog‘ini izlagan ko‘zlaringiz sizni yana qayoqqadir olib ketadi. Yo‘l-yo‘lakay ko‘rganingiz bog‘ va dalalar qushlarning qiy-chuviga to‘lgan...
Shunday qilib, she’rdagi bu qism sizga bahorni ko‘rsatadi, his ettiradi. Kayfiyatingiz ko‘tarilib ketadi. Faqat siz emas, shoir ham ajoyib tuyg‘ular iskanjasida o‘zini yo‘qotgan:
Sen kelding, uyg‘ondi yana sho‘x olqish, Yig‘lagan ko‘zlarga tushgan kabi nur. Ha, mangu zavollik bo‘lmas olamda To suyin socharkan abri naysonlar.
She’r avvalidagi jo‘shqinlik, bahoriy tasvir bergan kayfiyatdagi o‘quvchi shoir fikrlariga beixtiyor ishonadi: “Shunday - zavollik abadiy emas”. Bu fikr ikkinchi bir fikrni uyg‘otadi: “Abadiy uyquga ketganlar-chi?” So‘ngra she’r mavzusida keskin burilish sodir bo‘ladi. Shoir ikki ijodkor (G’afur G’ulom, Maqsud Shayxzoda) xotirasiga atalgan misralarni bitadi:
Men sizni eslayman, ammo shu damda, Manguga ko‘z yumgan aziz insonlar...
Avvaliga fasllar kelinchagining madhi bilan boshlangan she’r mavzusi xotira bilan almashadi. Ammo matndan uzib olinsa, nomutanosib keluvchi ikki mavzu, she’rda bahoriy tasvir uyg‘otayotgan his-tuyg‘ular izchilligiga mos holda joylashtiriladi. Umuman olganda, “Bahor” she’rining mavzular tarkibi turli: bahor madhi, o‘tganlar yodi, ona xotirasi, isyon, itoat, vatan kabi. Shunday bo‘lsada, avvalo, u lirik asar, farqli mavzularga tez-tez burilishiga qaramay, she’rxon uni tutilmay o‘qiydi. Hajman katta bo‘lsada, bu she’rni yoddan biluvchi kishilarning soni juda ko‘p. Xo‘sh, she’rning yutug‘i nimada?
Ushbu lirik asardagi mavzular mazmun mantiqi asosida bog‘lana olmasada, tasvir asosida tabiiy zanjir hosil qiladi. Ya’ni, she’rdagi peyzaj manzaralari asar strukturasidagi mavzular izchilligini ta’minlab, kompozitsiyada o‘ziga xos qolip vazifasini bajaradi. Mavzularning uyg‘onish sababi ham she’riy tasvir asosiga singdiriladi.
She’r boshlanishidagi peyzaj qahramonda o‘zgacha his-tuyg‘ularni uyg‘otadi va ana shu his-tuyg‘ular ta’siridagi shoir yana tasvirlashga, bahorga qaytadi. Endi u Chig‘atoy qabristoni manzaralarini chiza boshlaydi:
Faqat bilganidan qolmas tiriklik, Mana, gulga cho‘mmish Chig‘atoy bo‘yi. Bu sokin elda ham ivirsir bahor, O’chgan xotiralar chirog‘in yoqib. Qarayman, qabrlar yastanmish qator, Ma’sum binafshadan sirg‘alar taqib. Kimningdir ko‘ksiga engashgancha gul, Marmar sag‘anadan o‘qib turar bayt.
Bu tasvir elementlarida tushkunlik ifodasi yorqin ko‘rinib turibdi. “Axir, bahor hamma yerda bir xil bo‘y bermaydimi?” ? degan savol tug‘ilishi tabiiy. Yo‘q, ko‘rayotganingiz fotosurat emas, u musavvir chizgani kabi ma’lum his-tuyg‘uga yo‘g‘rilgan tasvir. Qahramon tushkun holatida tabiatni boshqacha ko‘ra olmaydi ham, shuning uchun ham u manzara qoshida o‘tganlarni eslarkan, xayollarida o‘zga hislar, o‘zga tuyg‘ular uyg‘onadi. Qabriston manzaralari esa shoir fikrlarini boshqa yoqqa – onasi, uning qabri tomon eltadi:
Bugun atrofingda bahordir balki, Balki shabnam ichra g‘arqdir xazin tosh. Maysalar tegrangda qatordir balki, Lekin sen yotarsan ko‘tarolmay bosh...
Shoir ona qabrini ko‘rayotgani yo‘q. U qahramondan ancha olisda. Shu sababdan qabr tasvirini faqat xayollaridagina tiklashga qodir. Shu sababdan ham qahramon o‘zidan olisdagi qabrni bahor tasviri bilan uyg‘unlashtirgan holda tasavvur etadi. Bu esa uning yuragidagi tug‘yonlarni yanada kuchaytirib yuboradi. Chunki u xayolan ona qabri tegrasidagi uyg‘onishni, go‘zallikni ko‘rgan edi. Ammo marhuma bulardan bebahra, u bahorni ko‘rolmaydi... Qahramondagi tushkinlik kayfiyati yaanada oshadi. Natijada ich-ichidan isyon yopirilib kela boshlaydi:
Bunchalar qattolsan, o, sirli olam, Bunchalar bedilsan, bepoyon xilqat.
Shoir qalbida isyon uyg‘otgan tug‘yonlarning asl sababi keltirilayotgan xayoliy tasvirga borib taqaladi. U insonning koinot oldidagi qadri, umr haqidagi savollariga javob izlay ketadi. Isyonkor fikrlar… O’quvchining xayollari esa shoir misralariga ergashgan, qayoqqa boshlasa, shu yoqqa ketaveradi. Fikrlar ketidan fikrlar… Shoir taqdirga tan beradi, itoat eta boshlaydi:
Hayot talvasasi tinmagay, ammo Mangu boqiy qolur Inson va Xayol...
Keyingi satrlardan esa ijodkor kayfiyati ko‘tarila boshlagani seziladi. Itoatkor qahramon kechinmalari quyidagi tasvirda o‘z ifodasini topadi:
Bu kun she’ri chiqqan shoirday dunyo Jilmayib qo‘yadi barchaga masrur. Temurlang gumbazin qo‘ynini go‘yo, Yoritgani kabi bir lahzalik nur. Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu, Zardoli shoxiga tashlar ko‘z qirin. Barg aro shu’lalar, kaftlarmikan u, Bahor tetapoya go‘dakday shirin.
Bahor ? uyg‘onish fasli, tabiat qayta tiriladi unda. O’lim keltirgan ayriliqning azoblariga chiday olmagan shoir ko‘ngli endi taskin topayotganday go‘yo: “Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu, zardoli shoxiga tashlar ko‘z qirin”. Avvalgi tasvirlarda inson o‘limi bilan bog‘liq haqiqatlarni kuzatgan bo‘lsak, endigisida tug‘ilish, yangi avlodga ishora berilmoqda. Bu esa qahramonni itoatga boshlaydi. Lirik qahramon yana she’r avvalidagi kabi bahoriy kayfiyatda, ammo uning ruhi anchagina sokin va masrur:
Yuksak arg‘uvonning uchida hilol Pahmoq bulutlarni etadi nimta. Qaydadir shoira kuylaydi behol: – Ko‘nglim ham bu kecha oyday yarimta... Uvada kamzulda billur tugmaday Bulutlar ortidan boqadi yulduz. Qaydadir yurtini eslab ingrar nay, Qaydadir qo‘zigul yoradi ildiz. Qaydadir gulshandan axtarib visol Yel kezar ? tog‘larning go‘zal arvohi. Shoirning dilrabo baytlari misol Oh tortib tizilar turnalar gohi.
Bu tasvir she’r avvalida keltirilgan peyzajga tasvirlash texnikasi bilan yaqin tursada, ammo ular o‘rtasida tafovut katta. Birinchi tasvirda konkret joy belgilarini ko‘rsatish orqali ma’lum manzara yaralgan bo‘lsa, keyingi tasviriy qismda umumiy bahor tunining ba’zi elementlar asosidagi yaxlitlashganini kuzatishimiz mumkin. Ya’ni, avvalgi qismda manzara qahramonning ko‘z harakatlari asosida yaratilib, ob’ekt tavsiflab ifodalashga emas, chizib ko‘rsatishga harakat qilingan. Keyingisida ham shuni kuzatish mumkin, lekin siz manzarani ko‘rishda faqat ko‘zlaringizdan emas, balki quloqlaringizdan, hissiyotingizdan foydalanishingizga to‘g‘ri keladi.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam, Mening O’zbekiston – dilbar Vatanim.
Ushbu misralar bilan she’r yakunlanadi. Bahoriy manzaralar bilan boshlangan she’r so‘ngida ham tabiat go‘zaliklarini ko‘ramiz. Bu bilan qahramonining kechinma va o‘ylari tasvirdan tasvirgacha bo‘lgan oraliqda berilib, uning ta’sirida yuzaga kelganligi oydinlashadi. Bu xuddi manzara oldida turgan ta’sirchan insonning bir lahzada sodir bo‘luvchi va har yoqqa tortib ketuvchi xayollari edi.
Manzarani rassomlarday chizib ko‘rsatish, o‘quvchiga xuddi real hayotda ko‘rgandagiday tuyg‘ularni beradi. Ushbu she’rning yutug‘i ham, bor go‘zalligi ham A. Oripovning o‘z ijodiga musavvirona yondoshganligida edi. Hajman katta bo‘lsada, bu she’r ixlosmandlarining ko‘p ekanligiga sabab asarning rassomchilik an’analari bilan uyg‘unlashuvi, insonga ko‘rsatib his ettira olishidadir.