"O’tmishdan ertaklar" qissasining yuragi

Sadullo Quronov

Yozuvchi yangi bir asar yaratarkan, idealidagi o‘quvchi bilan "muloqotda" bo‘ladi. Muallif asarning o‘quvchiga ta’siri yuzasidan atrofdan nusxa ko‘chirmaydi, aksincha, uni o‘z tafakkurida qayta ishlaydi, maqsad va g‘oyalariga to‘yintiradi. Asar syujeti shunday bo‘lsinki, o‘quvchi undan zerikmasin, voqealar shunday ketma-ketlikda berilsinki, asar mohiyatini o‘quvchi to‘la anglab yetsin. Hech qanday ortiqcha voqea, ortiqcha detal bo‘lmasin, ularning bari asar kompozitsiyasini hosil qilishda ishtirok etsin.

Abdulla Qahhorning o‘tmish hayotidan so‘zlovchi "O’tmishdan ertaklar" qissasi adib ijodiy kamolotining mahsuli bo‘lgani holda, uning syujeti, hikoyalarning tutgan o‘rni, asar qahramonlari o‘ta mohirlik bilan keltirilganki, ular yozuvchi maqsadi, asar qurilishi uchun to‘la xizmat qila oladi.

A. Qahhor voqelikni bir necha mustaqil syujetga ega bo‘lgan hikoyalardan foydalanib tasvirlaydi. Adib asarni yozarkan, uning maqsadi qoloq, o‘z-o‘ziga choh qaziyotgan xalq tasvirini yaratish va buning ayanchli oqibatidan kelib chiqib, xulosa chiqarish edi. Yozuvchi o‘z maqsadi yo‘lida jamiyatni bir qancha tipdagi obrazlar orqali barpo etadi.

Bu qahramonlar-usta Abduqahhor: adib idealiga yaqin, yangicha fikrga ega shaxs. Usta zamonaning boshqa kishilaridan farqli holda yangiliklarni to‘g‘ri qabul qila oladi, kezi kelganda nohaqliklarni, xatoliklarni tap tortmay ayta oladi. Shu xislatlari tufayli zamon uni xushlamaydi. Har yoqqa ko‘chib yurishga majbur qiladi. Yolg‘iz otning changi chiqmaganiday, endi usta Abduqahhor ham boshqalarday bo‘lishga, ularday fikrlashga mahkum etiladi.

Ustaning onasi bo‘lmish kampir, qariyalarning tipik vakili sifatida keltirilgan, u bir muhitda qotib qolgan, o‘zgarishlarga ko‘nikolmaydi va boshqalarni ham shunga majburlaydi.

To‘raqul vofurush "o‘likni yog‘ini" yalagan, o‘z manfaatini ko‘zlab ish tutuvchi, ziqna va mug‘ambir inson edi.

Valixon so‘fi davrning "ilmli" shaxslaridan bo‘lib, odamlarga so‘zi o‘tguday edi. Ko‘pchilik orasida obro‘yi baland odamlarning, "ilm" kishilarining bunday xudbinligi, o‘quvchida zamona haqidagi tasavvurni yanada kengaytiradi.

Yana shunday odamlar ham bor ediki, ular zamona yigitlarini hezalaklikda ayblab, barchani oyoqqa turg‘izgan, lekin yuzboshining xuni uchun yigirma dehqonni olib ketishayotganda jim qarab turavegan kishilar edi. Ali-laylak kabi yigitlar nohaqliklarni ko‘rib, bilib turar, bunga nafrat ko‘zi bilan qarar, lekin biror chora ko‘rishga kelganda yuraklaridagi qo‘rquv bunga yo‘l qo‘ymas edi.

Jamiyat qurilishida yozuvchi nazdidagi oxirgi bosqich odamlari "Teshiktosh" hikoyasidagi Babar tipiga kirardi. Babar davrning umumiy ko‘rinishi, unda o‘sha zamonni ortga tortuvchi barcha: jaholat, mutelik, qoloqlik, kabi illatlar mavjud edi.

"O’tmishdan ertaklar" qissasi turli rangdagi go‘zal toshlardan terilgan mozaika kabidir. Agar mozaikani juda yaqindan turib kuzatsak, go‘zal toshlarni-yu, ularni ulab turgan choklarnigina ko‘ra olamiz, xolos. Lekin unga uzoqdan qaraganimizda, u bor go‘zalligi bilan butun bir san’at asarini ifodalaydi. Ammo o‘sha butunlikni birdaniga yuqoridan kuzata olmaymiz. Avvalo, qismlarni o‘rganib, o‘zimizni butunlik sari tayyorlashimiz kerak bo‘ladi.

Agar yuqoridagi qahramonlar vositasida syujetga nazar tashlasak, "Teshiktosh" hikoyasi adib bolaligiga bog‘liq syujet voqealariga bevosita ta’sir etmasligi bilan boshqa hikoyalardan ajralib turadi. Ya’ni hikoya qahramoni Babar, ungacha yaratilgan boshqa obrazlardan (Kampir, To‘raqul vofurush, Valixon so‘fi va h.k) farqli o‘laroq adib hayot yo‘liga aloqasizday tasavvur beradi. O’z-o‘zidan savol tug‘iladi: Yozuvchi nima uchun bu hikoyani asar tarkibiga kiritadi?

Ha, bir qarashda hikoyaning asardagi o‘rni u qadar ahamiyatli tuyulmas, lekin yaxshiroq mulohaza yuritsak, bu hikoya asarning eng muhim nuqtalaridan ekanligini anglab yetamiz.

"Teshiktosh" hikoyasidagi voqelik adib bolaligining yorqin, uning uchun eng ta’sirli damlaridan bo‘lgan desak, adashmaymiz. Asardagi birinchi "Bir-ikki so‘z" bobi so‘zimizni tasdiqlab turibdi. Babar bilan bo‘lgan voqelik yozuvchiga bog‘liq hodisalar ichida bo‘lmasa-da, A. Qahhor bolaligini, yaratilajak asarini usiz tasavvur eta olmaydi. Demak, hikoyaning asarga kiritilishi avvalambor hissiy ehtiyoj yuzasidandir. Ammo voqea faqat hissiy ehtiyoj natijasida olinsa, san’at asarining saviyasiga putur yetgan bo‘lar edi. Shu bois, ulkan mahorat sohibi orginal bir syujet qurilishini yaratadiki, oqibatda o‘z yuragini larzaga solgan voqea, qissaning yuragi darajasiga ko‘tarila oladi.

Qissadagi har bir bob o‘zining muhim vazifasiga ega. Ammo "Teshiktosh" hikoyasining asardagi vazifasi o‘z-o‘zidan anglashilmaydi. Uning o‘rni asar mohiyati va strukturasi bilan bog‘langan holda oydinlashadi. Hikoyalar o‘zining tuguni, kulminatsiyasi, yechimiga ega. Lekin barcha hikoyalarga yaxlit bir holatda, bir voqelikning ketma-ketligi sifatida qarasak, ular bir syujet chizig‘iga jamlanadi. Bu o‘rinda "Teshiktosh"ning vazifasi nimadan iborat?

“Teshiktosh"da laqma "otqorovul yur desa yurgan, tur desa turgan, ustidan oshirib o‘q uzganda kiprik qoqmagan" Babar obrazi tasvirlanadi. Yozuvchi uni tuhmat bilan otqorovul qo‘liga tushib qolishida ham, sovuqdan muzlab o‘lishida ham, asosan o‘zi aybdor ekanligini takidlaydi. Ayni paytda asardan ko‘zlangan maqsad ham (Babarga o‘xshash qahramonlar vositasida) o‘tmishdagilarning turmush tarzi, ma’naviy-madaniy hayoti, siyosiy, ijtimoiy qarashlarini ko‘rsatish orqali, jamiyatning naqadar qoloq va jaholatga botib ketganligini ko‘rsatish edi. Jaholatga botgan zamon ko‘rinishini yaratarkan, yozuvchi qahramonlarning ketma-ket asarga kirib kelishi vositasida holatni pastdan yuqoriga qarata o‘stiradi. Har bir qahramon umumlashmaning ma’lum bir qismini to‘ldiradi va zamonani jaholat sari tortadi. Endi shunday bir tip bo‘lsinki, unda zamonaning umumiy ko‘rinishi mujassamlashsin. U esa Babar edi. Asarga "Teshiktosh"ning kiritilishi asar mazmuni va yozuvchi yaratayotgan jamiyatning to‘laqonli bo‘lishini ta’minlaydi.

Asar kompozitsiyasidagi hikoyalar ketma-ketligida ham "Teshiktosh"ning o‘rni yuqori. Har bir hikoya o‘z kulminatsiyasiga ega, lekin umumiy voqelikning ham kulminatsion nuqtasi mavjud. Agar biz yozuvchining maqsadi o‘sha davr umumiy ko‘rinishini yaratish deb bilsak, va shu maqsaddan kelib chiqqan holda fikrlasak, "Teshiktosh" hikoyasi ma’lum bir ma’noda asarning kulminatsion nuqtasi ekanligini anglab yetamiz.

"O’tmishdan ertaklar" qissasida jami o‘n sakkizta bob mavjud bo‘lib, fikrimiz nuqtai nazaridan kelib chiqqan holda asarni shartli ravishda ikki qismga: "Teshiktosh"gacha va "Teshiktosh"dan keyingi hikoyalar tarzida tahlil qilamiz. "Teshiktosh" hikoyalarning o‘n birinchisi, ungacha "Bir-ikki so‘z", "Falokatning sharofati", "Indamas", "Zingerli boy", "Hur qiz", "Xudo", "To‘raqul vofurush", "Bir palla tarvuzning po‘chog‘i", "Valixon so‘fi", "Odam zavodi" kabi hikoyalar joy olgan. Hikoyalarning bu tarzdagi tartibi bir maqsad sari yo‘naltiriladi. Ya’ni, yozuvchi shu hikoyalar vositasida davr umumiy ko‘rinishini hosil qiladi. U maqsadidagi tubanlikka botgan jamiyat tasviriga ana shu o‘n bir hikoya vositasida erishadi. Hikoyalar birin-ketin yoritilarkan, jaholatga botgan jamiyat ko‘rinishi o‘saveradi. Hikoya qahramonlari jamiyat ahlining ma’lum bo‘laklari sifatida keltiriladi, so‘ngida jaholatning eng yuqori cho‘qqisi, kulminatsiyasi sifatida "Teshiktosh" hikoyasining qahramoni Babar asarga kiritiladi. Endi undan yuqorisi, undan ortig‘i bo‘lmaydi.

"Teshiktosh" asarning kulminatsiyasi ekan, dastlabki o‘n hikoya tugun, voqealar rivojini tashkil etadi. Keyingi hikoyalar esa yechim vazifasini o‘taydi. Dastlabki hikoyalarda o‘sish, rivojlanish mavjud bo‘lib, buni qahramonlarimizning uzluksiz ko‘chib yurishi va asarga kirayotgan qahramonlarning juda ham sermahsulligi bilan izohlash mumkin. Asardagi tugunni birinchi ko‘chishga sababchi bo‘lgan, "Falokatning sharofati" bobida Olim buvaning opasi, ustaning "shayton aravasidan" cho‘chib o‘lgani va buvaning qizi ustani hayosizlikda ayblab, otasiga aytib bergan voqea yaratadi. Konflikt usta Abduqahhor oilasini turli joylarga ko‘chishiga sababchi bo‘larkan, o‘z-o‘zidan voqealar rivojlana boradi, shu ko‘chib yurish asosida yozuvchi niyatidagi jamiyatni tasvirlaydi.

"Teshiktosh" asarning markazida. Mohiyatan dastlabki o‘n hikoya bir taraf-"Teshiktosh" bir taraf. U ana shu hikoyalarni umumlashtiruvchi, ulardagi mazmun-mohiyatni o‘zida jamlovchi bobdir. "Teshiktosh" o‘zicha mustaqil bo‘lib, umumiy mazmunga birika olmayotgan boblarni birlashtiradi. Ya’ni o‘n hikoyaning mustaqil ma’nodagi tartibi, haqiqatan ham o‘quvchida tubanlikka botgan jamiyat tasvirini yaqqol gavdalantira olsa-da, muayyan xulosa chiqarishiga baribir nimadir kamdek tuyuladi. Syujetdagi shu g‘alizlik buyuk iste’dod sohibining e’tiboriga tushgan bo‘lsa ajab emas.

Dastlabki hikoyalarni o‘qirkanmiz, tuban jamiyat tasvirining turli ko‘rinishdagi, bir qancha bo‘laklari hayolimizdan tarqoq, o‘zaro bog‘lanmagan holida joy oladi. Jamiyat haqida ma’lum bir tasavvurga erishsak-da, yozuvchi uqtirmoqchi bo‘lgan xulosadan yiroqda qolaveramiz. Asarga "Teshiktosh"ning kirib kelishi o‘quvchida qat’iy xulosa chiqarib, bundan ortig‘i bo‘lmasligiga ishontiradi va keyingi, yozuvchi mulohazalariga tayyorlaydi.

Aynan "Teshiktosh" hikoyasidan keyin asar mazmuni va strukturasidagi burilishni sezish mumkin. Bu kulminatsiyadan keyingi yechimga tomon burilish edi. "Teshiktosh"dan keyin "Oqposhshoning arzandasi", "Dukchi eshon ko‘lankasi", "Arafa", "Ko‘za"lar", "Muhammadjon qori", "Bir boshga ikki o‘lim", "Qo‘qon xarobalari orasida", hikoyalari o‘rin olgan. Endigi hikoyalar ham yuqoridagilarga o‘xshasa-da, A. Qahhor ulardan o‘zga maqsadlar sari foydalanganligi yaqqol seziladi. Hikoyalarda qahramonlarning ko‘chib yurishi, yangi obrazlarning kiritilish holatlari kuzatilsa ham ularni yozuvchi maqsadi bilan emas, balki boshidan o‘tkazganlarining shartli bayoni sifatida sharhlash lozim. Ya’ni ular vositasida jaholatga botgan jamiyatni tasvirlash endilikda yozuvchining asl maqsadi bo‘lmay qoldi. Adib o‘sha mavjud jamiyatning ma’lum hodisalarga bo‘lgan munosabati orqali, vaziyatni tahlil qila boshlaydi. Mardikor olish, "bosmachilar" harakati, inqilobdan keyingi holatlarga munosabat-bularning barchasi jamiyatning o‘ta qoloqlashib ketganligidan dalolat berib, yozuvchi "Bunday xalq bilan nimaga ham erishish mumkin edi?" degan savol atrofida mulohazalar yuritadi...

Shu tariqa "Teshiktosh" yozuvchi mahorati evaziga asarning ajralmas qismi, kompozitsiyaning asosiy unsurlaridan biri sifatida keltiriladi.

Qissani o‘qir ekanmiz, adibning”Teshiktosh”ga bo‘lgan o‘zgacha munosabati yaqqol seziladi. Babar adibning umri davomida o‘ylantirgan, qiynab kelgan odamlaridan bo‘lsa ajab emas. Zero, asarning boshlanish nuqtasidayoq ( “Bir- ikki so‘z” bobida ) Abdulla Qahhor Babarni tilga oladi: " " O’ttizinchi yillarning o‘rtalarida bolaligimni o‘ylaganimda chalakam-chatti tush ko‘rganday bo‘lgan edim: dumli yulduz chiqqan edi; Babar (Bobir bo‘lsa kerak) yigitni otqorovul miltiq bilan otganda o‘lmagan edi, shunda otqorovul odamlarga yuzlanib: " Yopiray, bunaqa battol o‘g‘rini umrimda ko‘rgan emasman, ustidan oshirib o‘q uzibmanu kiprik qoqmaydi-ya!" degan edi". Voqeani ko‘rib turgan Abdullaning jajji yuragi bundan ta’sirlangandir? Hayoti davomida bunday odamlarni ko‘p kuzatgandir? Boshqa bir qancha asarlaridagi qahramonlar ham shuning aksidir? Balki asarning yaralishiga sababchi bo‘lgan omillardan biri ham shu Babardir?..

 
 
Š”Š°Š¹Ń‚ сŠ¾Š·Š“Š°Š½ Š² сŠøстŠµŠ¼Šµ uCoz