HOZIRGI SHE’RIYATNING TASVIR IMKONIYATLARI HAQIDA
Odatda ifodaviylik va tasviriylik san’at turlarini farqlovchi xususiyatlar sifatida tilga olinadi. Ya’ni tasviriy san’at turlarida (rangtasvir, arxitektura, haykaltaroshlik) badiiy obraz yaratishda tasvir yetakchilik qilsa, ifodaviy san’at turlarida voqelikni tasvirlashdan ko‘ra insonning ana shu voqelikdan olgan taassurotlari ifodasi birinchi planga chiqadi. Bu jihatdan badiiy adabiyot tasvirlash va ifodalash imkoniyatiga birdek ega ekani bilan boshqa san’at turlaridan ajralib turadi.
Maxsus adabiyotlarda noplastik obraz yaratish lirikaning spetsifik xususiyati ekani aytiladi. Ya’ni lirikada epik turga mansub asarlardagi kabi tasviriylik emas, ifodaviylik kuchliroq. Bu xususiyati bilan u musiqaga yaqin turadi. Ammo ayni xususiyat undagi tasviriylik imkoniyatlarini chegaralamaydi. Tasviriylik asosida obraz yaratishga intilish, albatta, lirikaning inson his-kechinmalarini ifodalash maqsadiga xizmat qiladi. Hozirgi zamon she’riyati lirikaga ko‘rish orqali idrok etiladigan, tasviriy san’atga xos usullarni ham olib kirdi. Bu jihatdan shoir Xurshid Davron she’rlari e’tiborimizni tortadi.
X.Davron tabiatni rassomlarday o‘ziga xos tarzda ko‘ra oladi. U xuddi rassom kabi ko‘rganini o‘zi his qilganiday tasvirlashga qodir ijodkor. Fikrimizning dalili sifatida shoir qalamiga mansub bir she’rni to‘laligicha keltiramiz:
Bulutlar yuzadi… Oy boqar hayron… Bulutlar olovda yongan dalaning O’rtasida turgan qadim qal’aning Devorlari kabi kuyuk va vayron. Devorlarni olib ketmoqda shamol, Oy – qal’a ustida silkingan ro‘mol. Oy – olovlarda yongan, lekin manfur yov Ololmagan qal’a ustida yalov…
Odatda tabiat, voqelik tasviri lirik asarda metaforik, ramziy xarakterga ega bo‘ladi. Masalan, A.Oripovning “Bahor kunlarida kuzning havosi”, Shavkat Rahmonning “Tungi manzara” she’rlarida tabiat tasviri lirik qahramon his-kechinmalarini ifodalovchi tasvir sifatida namoyon bo‘ladi, tasviriylik ifodaning uzviy bir qismi bo‘lib keladi. Bunda tasvirlanayotgan narsa muallifning izohlarisiz ham ramz vazifasini o‘taydi. X.Davronning yuqoridagi she’rida esa boshqacharoq holatga duch kelamiz. She’rni o‘qigach, ko‘z oldingizda oydin kecha, bulutlar namoyon bo‘ladi. Avvaliga tasvir real hayotdagi kabi jonlanadi (Bulutlar yuzadi… Oy boqar hayron…, olovda yongan dala o‘rtasida turgan qadim qal’a). Asta-sekin tasvir lirik qahramon kechinmalariga uyg‘unlasha boradi. O’quvchi manzarani shoir tasviridagi obrazlar (qal’a, devor, dala, ro‘mol, olov, yov, yalov) ko‘rinishi bilan uyg‘un holda ko‘rarkan, endi u bulutlarni shoir tasavvur etganiday his eta boshlaydi. Ya’ni o‘quvchi, avvalo, real manzaradagi bulutni ko‘z oldiga keltiradi. So‘ng esa devorlari kuyuk va vayron qal’a tasvirini ongida real bulutlar tasviri bilan qorishtiradi. O’quvchi ko‘z oldida real manzaradan biroz farqlanuvchi, ko‘proq zavqlantiruvchi, hayratga soluvchi tasvir paydo bo‘ladi. E’tibor qilsangiz, shoir keltirgan obrazlar real manzara ta’sirida yuzaga kelmoqda. Manzara qarshisidagi san’atkor ongida lahzalik taassurot(obraz)ning uyg‘onishi va ayni taassurotning o‘zini ifodalash XIX asr oxiri - XX asr boshlarida avval tasviriy san’atda, keyinroq boshqa san’at turlarida urf bo‘lgan impressionizm yo‘nalishini eslatadi.
A.Oripov va Sh.Rahmonning yuqorida tilga olingan she’rlarida tasvir bir paytning o‘zida lirik qahramon his-kechinmalarining ifodasi, ramziy ko‘rinishidir. X.Davron she’rlarida esa tasvirdagi obraz va ifodadagi obrazlar avvaliga alohida, keyin esa uyg‘un holda beriladi. Boshqacha aytganda, A.Oripov va Sh.Rahmon she’rida tasvir lirik qahramon ko‘zi bilan ko‘rilgan tabiat tasviri bo‘lsa, X.Davron she’rida ko‘rib-kuzatilgan voqelik tasvirini boricha berish bilan birga, undan olingan taassurotlar, his-kechinmalar ifodalanadi. X.Davronda tasvir ramzga aylanmay turiboq estetik qimmat kasb etadi, o‘quvchida xuddi ko‘rib turgandek taassurot uyg‘otadi va bu taassurot tasviriy san’at asarini tomosha qilganda tug‘iladigan kechinmalardan kam bo‘lmaydi.
Ijodkorning lirikada bunday tasvir usulidan foydalanishi tasodifiy emas. Bunda, eng avvalo, voqelikni ko‘rish orqali estetik idrok etish qobiliyati talab qilinadi. Shoir o‘z his-tuyg‘ularini ifoda etarkan, bu ifoda ijodkorning estetik qobiliyatlari bilan hamohang tarzda kechadi. Deylik, shoirda musiqani his qilish(muzûkalniy slux) qobiliyati kuchli. Bu o‘z-o‘zidan uning she’riyatidagi musiqiylikni ta’minlaydi. Musavvirlarda va bu sohani tushunadigan, ranglarni his qila oladigan insonlarda estetik ko‘rish (esteticheskoe videnie) oddiy odamlarga qaraganda bir necha bor ustunroq bo‘ladi. Ular oddiy ko‘z ilg‘amagan narsalarni “ko‘radi”. Bunday odamlar tabiatdagi ranglar uyg‘unligini his qiladilar. Undagi tabiiy shakllarni biror narsaga o‘xshata oladilar. Osmondagi bulutlarni kemalarga, tog‘u toshlarni turli hayvonlarga o‘xshata olish ulardagi “ko‘rish”ning o‘ziyoq obrazlilikda kechishidan dalolat beradi
Shoir Xurshid Davron yoshligida tasviriy san’at bilan jiddiy shug‘ullangan. Bu borada anchagina qobiliyatli bo‘lgan ijodkor keyinchalik ham ushbu san’at bilan yaqinlikni yo‘qotmadi. Ya’ni, uni nafaqat iste’dodli shoir, balki tasviriy san’at tarixi, nazariyasidan yaxshigina xabardor bo‘lgan musavvir sifatida ham tanish mumkin. Alisher Mirzaev va Shuhrat Abdurashidov kabi rassomlar bilan bir qancha muddat ijodiy muloqotda bo‘lgan X.Davron shoir sifatidagi ijodiy jarayonda ham tasviriy san’at bilan yaqinlikni his etadi. Shu sababdan uning she’rlaridagi musavvirona nigohni payqash qiyin emas. X.Davron she’rlari xuddi suratday, shoirning o‘zi esa musavvirday go‘yo:
Erib ketar xira tumanlar, kapalakdek uyg‘onar yalpiz. Osmon daryo bo‘lib tuyular, o‘tlar uzra chopqillaydi ko‘z.
U yaratgan obrazlarning aksariyati vizuallik xususiyatiga ega bo‘lib, she’rlarida tasviriylik ustuvorlik qiladi. Ijodkor tabiatning ma’lum bir manzarasini tasvirlar(chizar) ekan, bu real manzaraning aynan nusxasi bo‘lmaydi. Manzara shoir yoki rassom qalb qo‘rida qayta “ko‘riladi”, ishlov beriladi. Tasvir ta’sirdor obrazlar bilan boyitilar ekan, uni “ko‘rayotgan” o‘quvchi xuddi rassom chizgan surat qarshisidagi zavqni tuya boshlaydi:
Hovuzda chaygancha kumush sochlarin, Qush inida erimay yotgan qordek Oqarib porlaydi daraxt uzra oy. Keyin daraxtlardan oqib tushar u Jildiray boshlaydi so‘qmoqlar bo‘ylab, Qorong‘i jarlarga qulab tushgancha…
X.Davron ijodida faqat rangtasvirga xos xususiyatlarning aks etishini ko‘rib qolmay, balki bu san’at tarixi, uning namoyondalari, tasviriy san’at mohiyatiga bag‘ishlab yozilgan she’rlarni ham juda ko‘p uchratishimiz mumkin. Bunday she’rlar sirasiga “Behzod”, “Musavvir bo‘lmoq ersang”, “Musavvir usataxonasi”, “Musavvir”, “Abulhay so‘zi” kabi asarlarni keltirish mumkin. Aynan shu she’rlar shoirning bu san’at borasida xaqiqiy bilimdon ekanligini ko‘rsatadi. Shoir yetuk musavvirlarday rangni his etadi, uning asl mohiyatini anglay oladi. X.Davron “Musavvir bo‘lmoq ersang” she’rida shunday yozadi:
Musavvir bo‘lmoq ersang, Tilingni sug‘urib ol Va yaradan to‘kilgan Qon rangiga quloq sol.
Rangtasvirning asl mohiyatiga olib boruvchi bu so‘zlar musavvir-shoir tilidangina aytilishi mumkin. X.Davronning rangtasvir bilan bog‘liq she’rlaridagi e’tiborli jihat ham shunda. Ijodkor shu mavzudagi deyarli barcha she’rlarida rangtasvirning xos xususiyatlarini teran mushohada etadi:
Rang tanish - hayotni anglamoq, bo‘tam, Rang tanish - qo‘rquvdan bo‘lmoqdir ozod.
Shoir uchun chin rassomlargagina xos tuyg‘ular, kechinmalar (“San’at”, “Chyurlyonis”, “Biz shunday yashaymiz”) ham yot emas. X.Davron rassom ijodiy jarayoni va ilhomlangan san’atkor kechinmalarini musavvirona his eta oladi. Bu esa uning she’rlarida ham o‘z aksini topgan:
Derazada muzdan qatqaloq, Rassom yig‘lar, ko‘zlari xira. Uni qiynar olis xotira ? Mo‘yqalamda yashagan titroq.
X.Davron she’riyatida tasviriylik faqatgina rangtasvir bilan uyg‘unlikda sodir bo‘lmaydi. Uning ijodida kino san’ati xususiyatlarini o‘zida eks ettiruvchi asarlarini ham ko‘plab uchratishimiz mumkin.
Kino, albatta, insoniyatning buyuk kashfiyoti. Bu san’atda bir necha san’at turlarining sintezlashuv holatini kuzatish mumkin. Kinemotografiya olamni estetik ko‘rsatuvchi, u haqda informatsiyalarni boshqa tur san’atlardan ko‘ra bir qadar ko‘proq yetkazishi bilan insoniyatning chin ehtiyojidagi san’at bo‘lib qolmoqda. Hozirda kino ko‘rmaydigan, unga qiziqmaydigan odamlarni topish mushkul. Kino allaqachon insonlar hayotining bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan. X.Davron kinoning ana shu ahamiyatga molik ifoda usullaridan foydalana oladigan ijodkor. U ob’ektni lahzalik, qotib turgan holatinigina emas, balki bir qancha muddat davomida, ketma-ketlikda sodir bo‘luvchi voqea(kichik epizod)larni ham “tasvirga tushiradi”. Bunday she’rlar sirasiga “Ro‘mol o‘rab ko‘chaga chiqdi…”, “Javzo tuni…”, “Qush o‘g‘risi”, “Osmonda bulut yo‘q…”, “Eshik ochiladi...” kabi she’rlarni keltirishimiz mumkin:
Eshik ochiladi, Daydi it kabi Orqaga chekinar nimqorong‘ulik… Bir erkak chiqadi ko‘chaga esnab, Go‘dak yig‘isini yashirar eshik. Erkak qora rangli yomg‘irpo‘shining Yozilgan yoqasin ko‘tarib olar, Erinib izlaydi papirosini, Shoshmasdan tutatar, o‘ylanib qolar. Keyin derazaga qaraydi so‘lg‘in, Ohista bosh silkib qo‘yadi unsiz. Bir ayol oynadan silkitadi qo‘l Va erkakni olib ketadi kunduz.
She’rda oddiy ishchining bir kunlik yumushlariga otlanish payti tasvirlangan. Kichik bir epizodik tasvirda erkakning dardlari, bir zaylda davom etuvchi kunlarning azobi va shunga mahkum bo‘lgan inson taqdiri o‘ziga xos tarzda ifodalanadi. She’r to‘laligicha tasvir(harakatdagi tasvir) asosida yozilib, uning estetik ta’siri ham ana shu kinemotografik lavhaga singdirilgan. Bunda shoir hech qanday izoh va tavsiflarsiz bir necha soniyalik epizodni keltiradi. U aytmoqchi bo‘lgan fikrlarning bari o‘quvchi ko‘z oldida jonlanayotgan ana shu tasvir vositasida yetkaziladi.
Tasviriy san’atning vujudga kelishi va rivojlanishi insoniyatning ko‘rish asosida oladigan estetik zavqi qiymatini oshirib kelgan. Hozirgi rivojlangan davrda odamlarning informatsiya oluvchi asosiy vositasi televidenie bo‘lib turibdi. Televidenie va kino san’atining yutuqlari esa insondagi “ko‘rish”ning ahamiyati yanada ortishiga sabab bo‘lgan. Keyingi davr o‘quvchisi ko‘proq ko‘rish asosida estetik zavq olishga moyil bo‘lib qolgan ekan, bu, albatta, boshqa san’at turlariga, shu jumladan, badiiy adabiyotga ham ta’sir etmay qolmadi. X.Davron ana shu ehtiyojni teran his qilgan ijodkordir. Alohida ajralib turuvchi qobiliyati esa uning she’riyatidagi tasviriylik jozibasini ta’minlaydi. Bu esa, eng avvalo, san’at turlarining hozirgi taraqqiyoti qo‘yayotgan talabdan kelib chiqsa, ikkinchi tomondan, san’atkor olamida shoir va musavvir qalbining mushtaraklikda yashashi sabablidir.