Êèòîáíè êèðèë àëèôáîñèäà ¢қèíã

Adabiy jarayonda “Mom sindromi”

DILMUROD QURONOV

Ezopda bir masal bor:

“Zevs ho‘kizni yaratdi, Prometey – odamni, Afina – uyni. Uchalovi kimning ijodi mukammalroq ekanligi masalasida bahslashib qolishdi-da, hakamlikka Momni taklif qilishdi. Ularning ijodini ko‘rib, Momning g‘ayirligi keldi va dedi: “Zevsning xatosi shuki, ho‘kizning ko‘zlari shoxida emas – nimani va qaeriga suzayotganini bilolmaydi; Prometeyning xatosi shuki, odamning yuragi tashida emas, ichida ekan – uning yaxshi yo yomonligini birdan bilib bo‘lmaydi; Afina uyni g‘ildirakli qilmapti – yomon qo‘shni to‘g‘ri kelib qolsa qochib ketib bo‘lmaydi». Momning g‘ayirlik qilayotganini sezgan Zevsning qahri keldi va uni Olimpdan haydab soldi”.

Ezop masali ikkita beshak haqiqatni so‘zlaydi: birinchisi – bu yorug‘ olamda mukammal narsaning o‘zi yo‘q; ikkinchisi – g‘ayirlik insonga tabiatan xos narsa. Bulardan kelib chiquvchi yana bir haqiqat shuki, agar Ezopga nisbat beriluvchi bu masal qariyb uch ming yillar naridan kelayotganini e’tiborga olsak, bashariyat mazkur hikmatlarni ham, g‘ayirlikning noma’qulligiyu bundayin fe’l Olimpdan quvilishga loyiqligini ham azaldan biladi. Lekin, bandalik-da... amalga kelganda aksar latifadagidek ish tutamiz. Ya’niki, bir kasni masjidda noma’qul ish ustida tutib olib, yoqasidan oldilar:

– Shu ishni qilishga Xudodan qo‘rqmadingmi, nokas?

– Qo‘rqdim... qo‘rqdim-u, qo‘rqib-qo‘rqib qilaverdim-da...

***

Ulug‘bek Hamdamni el og‘ziga tushirgan “Muvozanat” romani e’lon qilinganiga ham hademay o‘n yil bo‘ladi. Asli, Ulug‘bek bunga qadar ham ancha-muncha she’riy mashqlari, bir-ikki hikoyasiyu yana “Yolg‘izlik” qissasini e’lon qilib, kichikroq davralarga xiyla tanilib ulgurgandi. Albatta, adabiy jamoatchilikning munosabati ham shunga yarasha edi: “ha, endi, yana bir havasmand ko‘ngil yozuvchilikni orzu qilibdi-da, durust, durust... bo‘ladi, tarbiyalasa odam bo‘ladi...” Shu asno “Jahon adabiyoti”da “Muvozanat” e’lon qilindi-yu, munosabat ham tubdan o‘zgardi: M.Qo‘shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, A.Rasulov kabi ustoz adabiyotshunoslar, P.Qodirovdek katta adiblar romanga yuksak baho berdilar... anchadan beri sokinlik hukm surayotgan adabiy jarayon jonlangandek bo‘ldi: asarni quvib izlashu topib o‘qish, u haqdagi qizg‘in fikr almashuvlar, katta-kichik davralarda muhokamayu munozaralar o‘tkazish, tahririyatga xatlar bitish, asar e’lon qilingan jurnal sonlarining qo‘ldan qo‘lga o‘tavergandan titilib ketishi... kabi deyarli unutilayozgan hodisalar kuzatilgandi o‘shanda. Biroq, yaxshi bilasizki, tanganing hamisha ikkinchi tomoni ham bo‘ladi: yuqoridagicha bahoyu munosabatga zid o‘laroq “Mom sindromi” ham yetila boshladi... buning ustiga, Ulug‘bek ham ketma-ket yana ikkita roman e’lon qilib qo‘ydi-yu... Bunaqa vaziyatda taxminan quyidagicha andishalarning paydo bo‘lishi tabiiy:

Har qancha iqtidorli bo‘lsa-da, Ulug‘bek ham odam, bunday baholardan havolanib ketsa, nafaqat o‘ziga, adabiyotimizga ham ziyon, axir! Endi asar ta’siridan, u yuzaga keltirgan kitobxonlik eyforiyasidan chiqish, romanni xolis baholamoq zarur. Toki yosh adib yulduzlik kasaliga yo‘liqib, xudo bergan iqtidorini zoega ketkazmasin! Yozganlarini sayqallab, adabiyotimizni tom ma’noda boyita olsin...

Xolislik haqqi aytish kerak, bu juda to‘g‘ri fikr, o‘z vaqtida uning ko‘pchilik munaqqidlaru adiblar xayolidan o‘tganiga ham shubha qilmasa bo‘ladi. Lekin bu atigi bir fikr, xolos, hamma gap uning manshai – kelib chiqish manbaida.

... kamina iqtidori va xotirasiga extiromini kanda qilmaydigan katta adibimiz suhbatlaridan birida “Muvozanat” haqida bepisandlik bilan: “Bir joyda o‘qib qoldim bir parchasini. U hali jilva qilayotgan suvga o‘xshaydi”, - deydi. Sizga qanday bilmadim-u, so‘z ma’nosini jilvalantiruvchi zargar maqomidagi adibning gapida haqorat pinxondek tuyuladi menga. Axir, bepisand ohangda aytilgan “bir joyda”, “bir parcha” degani... (Badgumon bo‘lib qolishdan O’zi saqlasin, astag‘furilloh!) Yer borib aytmasin-u, menga qolsa, yosh hamkasbga bunday munosabat manshai «Mom sindromi”dan o‘zga emas. Nachora, nechog‘li ulkan iste’dod bo‘lmasin, insonga xos ojizliklar unga ham yot emas. To‘g‘ri-da, axir: so‘nggi yillarda yaratgan yaxshigina romanlari deyarli aks sado bermay, “adabiyot o‘ladi” degan gapga ishonib qolayozgan bo‘lsa-yu, hali tetapoya bir yozuvchining romaniga shuncha shov-shuv... Buning ustiga tajribali nigohi romanning kam-ko‘stlarini yaqqol ko‘rib turgan bo‘lsa: nahotki did deganlari ham shunchalar o‘tmaslashsa?! Dunyo bevafo... o‘quvchi omma bevafo... Biroq, tan olish kerak, adibning ulkan iste’dodi suhbatda ham o‘zini ko‘rsatadi, aytganlari o‘ziga ham emas ko‘ringanmi, tezgina silliqlashga shoshadi: “Lekin samimiy yozibdi!” Mabodo ojizlik ustun kelmaganida, avval samimiy yozganlikni ta’kidlab, so‘ng kamchiliklarini aytgan bo‘larmidi...

Gazeta-jurnal sahifalarida aks etgan adabiy jarayon – aysbergning yuzasi, xolos, uning katta va asosiy qismi jonli muloqot, “dedi-dedi”lar shaklida yashaydi. Asosiysi, ko‘pchilik nigohidan pinhon ayni shu tomoni – haqqoniyroq, bunda asl munosabatni yashirish, bo‘yab-bejash zarurati yo‘q, shu bois ular munosabatni ochiq ko‘rsatadi...

... bugungi nasrimiz ilg‘orida turgan biz tengqur va hech shubhasiz, talantli yozuvchi: “Ulug‘bek Hamdam?!.. Kim ekan u... tanimayman!” – deya soxta hayronlik bilan yelka qisarmish. Bunisi endi kuni-kecha quloqqa chalingan gap. Ishonavering, talantli yozuvchining soxta hayronligi zimnidan ham «Mom sindromi” bo‘y beradi. Zero, vaqtli nashrlardagi faolligidan tashqari shu kunga qadar uchta roman, ikki-uch she’riy to‘plam chiqargan ijodkorni tanimaslikka olishning o‘zi – munosabat, o‘sha ijodkor va uning asarlariga mensimay qarashdan boshqa narsa emas. Faqat bu o‘rinda «Mom sindromi”ning manshai boshqa, u kibrdan, ilmiy tilda aytsak “buyuklik maniyasi”dan kelib chiqadi. Ya’ni, yozuvchimiz o‘zining so‘nggi davr nasrchiligida alohida o‘rin tutishini (xolis aytsak, ma’lum darajada u haq ham) his qiladi – o‘zini yuksak cho‘qqida tasavvur qiladi: olisda, ko‘zga elas-elas chalinuvchi cho‘qqilarda turgan A.Qodiriy, A.Qahhor va yana ko‘zi uncha ilg‘amayotgan allakimlarni demasa, atrofida hech kim yo‘q! Pastga qarasaki, birisi cho‘qqiga chiqish uchun tarmashayotibdi: “Qayt-e, ko‘rmayapsanmi, joy band-ku!..”

... “dedi-dedi”larning keyingisi hammasidan o‘tib tushadi: “Rahmatli Ozod aka adabiyotga olib kirib qo‘ydi, bo‘lmasa Ulug‘bekning o‘zi hech narsa emas!” - deydi sirli qilib taniqli munaqqidlardan biri. Bu o‘rinda «Mom sindromi”ning manshai – munaqqidga yo‘rgakda tekkan nigilistlik kasali, uning uchun inkor qilinmaydigan narsaning o‘zi yo‘q, bo‘lmaydi ham. Lekin gap bunda emas, muhimi – munaqqid adabiy jarayonning qoq chorrahasida turadi: poytaxtdagi adabiyotga aloqadorki odam bir oy, yarim oyda bir unga albatta duch keladi, desak mubolag‘a emas. Ya’ni, haligi fikr “kolxoz radiouzeli”dan e’lon qilingan kabi. Aqlga tayinki, bu adabiy jamoatchilik fikrining shakllanishiga ta’sirsiz qolmaydi. Zero, garchi “kolxoz radiouzeli” desam-da, uning ishlash printsipi “Amerika ovozi” kabi: to‘qqizta rostga bitta yolg‘onni o‘rab efirga uzatadi – tajribasiz odam yolg‘onni yamlamay yutadi. Bilgan-ku, aql tarozusiga solib ko‘rar, bilmagan, deylik, poytaxtga kelib adabiy davralarda yo‘l izlab yurgan yosh bunga chippa-chin ishonib, o‘zining istiqboli iste’dodi kuchiga emas, hayot yo‘lida bir kun Xizr misol duch keluvchi katta adib yo katta olimgagina bog‘liq deb o‘ylab qolmaydimi? Eng yomoni, u sho‘rlik ham “havo-tomchi yo‘li bilan o‘tuvchi” bedavo nigilistlik kasalini yuqtirib olmaydimi?..

***

Ha, “Muvozanat”ning ro‘yobga chiqishida ustoz O.Sharafiddinovning roli katta, buni yozuvchi uchrashuv va suhbatlarida har vaqt minnatdorlik bilan e’tirof etadi... G’ayirlik nafasi ufurib turgan gaplarga chalg‘imaslik lozim, zero, ustozning roman taqdiridagi ishtiroki, avvalo, katta harflar bilan yoziladigan INSON va MUNAQQID bo‘lgani bilan izohlanadi. Ya’ni, agar ustoz romandagi Siz (gap egasini topadi!) do‘mbira qilib chalmoqchi bo‘layotgan kamchiliklarni ko‘rmagan, desangiz, xomtama bo‘lasiz – qattiq adashasiz. Negaki, MUNAQQID nigohi siznikidan chandon tiyrakligidan asardagi ulkan badiiy potentsialni ko‘rolgan, bag‘rikeng INSON sifatida uning nuqsonlariga juz’iy, tuzatsa bo‘ladigan deb qaray olgan va shu bois aytadiki: “... yaxlit olganda roman menda juda katta taassurot qoldirdi” . Munaqqidning “yaxlit olganda” deyishida gap ko‘p: bu bilan, bir tomondan, romanning kamchiliklardan holi emasligi, ikkinchi tomondan, “yaxlit olinganda” o‘sha kamchiliklarni bosib tushadigan, ularga vaqtincha ko‘z yumib tursa bo‘ladigan nimadir borligi ta’kidlanadi...

O’z-o‘zidan savol tug‘iladi: nima ekan o‘sha NIMADIR? “Muvozanat” nega, nimasi bilan katta avlod vakillariga – ustoz munaqqidlaru adiblarga ma’qul keldi?

Mazkur savolga javob izlashni O.Sharafiddinovning: “Romanni o‘qib chiqar ekanman, bugungi kun odamini tasvirlashda xali realizmning ochilmagan imkoniyatlari ko‘p ekaniga imon keltirdim”,- degan gapidan boshlasak. Ehtimol, kimdir bu gapdan romanni katta avlodga ma’qul qilgan narsa – an’anaviylik, degan xulosa chiqarar va bunda qisman haq ham bo‘lar, lekin shuning o‘zi bilangina izohlash kamlik qiladi. Zero, munaqqid “realizmning hali ochilmagan imkoniyatlari”ga urg‘u bermoqda. Ma’lumki, realizmda badiiy bilish funktsiyasi ustuvor, realistik roman jamiyatning joriy holatini tahlil qilishu u haqdagi yaxlit kontseptsiya – badiiy falsafani ifodalashga intiladi. “Muvozanat”ga mazkur risolaviy talablar nuqtai nazaridan qarab ko‘raylik.

Avvalo, Ulug‘bek Hamdam roman yozilgan payti ko‘pchilikni qiynayotgan, ko‘pchilikning ongu qalbida kechib o‘tgan yoki kechib turgan holatni qalamga oldi. Ya’ni, “Muvozanat” mavzu jihatidan g‘oyat dolzarb va muhimi, bir paytlari “Ona” romani haqida aytilgani kabi, “o‘z vaqtida yozilgan roman” sifatida dunyoga keldi. Masalaning ikkinchi tomoni – dolzarb mavzuning qanday yoritilgani. Roman ko‘p jihatdan avtobiografik xarakterga ega – Ulug‘bek asarning ko‘p o‘rinlarini yig‘lab yozgan, yurak-bag‘rini burda-burda qilib matnga singdirib yuborgan. “Muvozanat”ning bir o‘tirishda yozilgandek (M.Qo‘shjonov) taassurot qoldirishi, hatto, asarni yoki muallifini uncha xushlamaydiganlar ham uning samimiy yozilganini beixtiyor e’tirof etishlari shundan. Bular bari “Muvozanat”da ijtimoiy dardning tom ma’noda shaxsiylanishi yoki shaxsiy dardning ijtimoiy jarango topishiga olib keldiki, romanning o‘quvchi ommada katta rezonans bergani ham shu bilan izohlanadi. Mazkur fikrga e’tiroz qilinishi, asarni baholashda mavzuni asosga qo‘yayotganim sotsiologik va hatto “vulgar sotsiologik” yondashuv deya tanqid qilinishi mumkinligini his etib turibman. Lekin hukmga shoshmaslikni so‘rab, yana ustoz ko‘magiga tayanaman. O.Sharafiddinov “Muvozanat” haqidagi fikrlarini umumlashtirib: “Demak, gap bu yerda realizmda yoki modernizmda emas. Gap san’atkorda, uning tafakkurida va mahoratida. Adabiy asar esa chinakam asar namunasi bo‘lmog‘i uchun, realizmga mansub bo‘ladimi, romantizm uslubida yozilgan bo‘ladimi, yoki qandaydir boshqa modernistik uslubga amal qiladimi, baribir, yana takror aytaman, uning markazida inson turmog‘i kerak, kitobxon insonning taqdiri, tabiati, hayoti haqida muayyan axborot olish bilan birga bu asardan estetik zavq ham ola bilsin” .

Albatta, “Muvozanat”ning markazida inson – Yusufning taqdiri, uning iztirobli izlanishlari turganini hech kim inkor qilmas. Lekin, nazarimda, asarni ma’qul qilolmagan yoki ma’qul qilishni istamayotganlarga munaqqidning “gap san’atkorda, uning tafakkurida va mahoratida” deyishi o‘z shogirdiga orttirib baho berish, “estetik zavq” haqidagi mulohazasi ayni mubolag‘a bo‘lib ko‘rinishi tayindek. Axir, ular estetik zavqni badiiyat bilan bog‘liq tushunadilar va to‘g‘ri qiladilar ham! Faqat bitta lekini bor: ular badiiyatni o‘zlaricha tushunadilar va shu tushunchalaridan kelib chiqib tilida nuqsonlari bor, ayrim o‘rinlarida publitsistiklik ustuvor, ba’zi epizodlari ishonarsizroq chiqqan, ... “Muvozanat” badiiy jihatdan bo‘sh, demak, estetik zavq haqida gapirish ham ortiqcha, deb biladilar. Boshqacha aytsak, ularning nazdida “Muvozanat” mavzuning dolzarbligi, hayotimizdagi ayrim og‘riqli muammolarni dadillik bilan aks ettirgani ... xullas, oson yo‘l bilan kitobxonlarni rom etgan. Holbuki, bu – xato tasavvur. Zero, “Muvozanat” o‘quvchisi asar badiiy voqeligini muallif nigohi orqali ko‘radi, unda qahramonlar bilan birga yashab ko‘radi, his qiladi; yozuvchi bilan birga ularning taqdiri, o‘zaro munosabatlarini muhokama qiladi, fojialari ildizini anglashga intiladi, qo‘yilgan muammolar yechimini izlaydi va pirovardida muayyan xulosalarga keladi – shularning bari “estetik zavq”dir. Ya’ni, estetik zavq asarning o‘z-o‘zicha namoyon bo‘luvchi ob’ektiv xossasi emas, balki o‘quvchi ongiyu qalbida kechuvchi ma’naviy-ruhiy jarayondir. Shu bois ham badiiyat hodisasi o‘qish jarayonidagina mavjud, u hamisha “yozuvchi – asar – o‘quvchi” birligida namoyon bo‘ladi. Demak, badiiyat hodisasining voqe bo‘lishi asarning o‘zigagina emas, o‘quvchiga – uning ijodiy tasavvur imkoniyatlari, umumma’rifiy va madaniy saviyasi, o‘qish malakasi, emotsional holati, niyati kabi qator omillarga ham bog‘liqdir. Shu jihatdan qaralsa, nega kimdir ko‘zlariga surtib o‘qiydirgan kitob varaqlariga boshqa birovning “semichka” o‘rab sotishini, oqlab bo‘lmasa-da, tushunish u qadar qiyin emas...

...mazkur mulohazalardan kelib chiqib va insofu adlga muvofiq xulosa qilsak, “Muvozanat”ning estetik zavq bera olishini e’tirof etishimizga to‘g‘ri keladi. Estetik zavq esa, bilasiz, san’atning eng muhim hosilasi, u insonga berishi mumkin bo‘lgan asosiy ne’mat. Fikrimizcha, “yaxlit olganda” deganida O.Sharafiddinov “Muvozanat”ga badiiy asar, san’at hodisasi sifatida qarashni nazarda tutgan. Tabiiy savol tug‘iladi: xo‘sh, “yaxlit olish”, badiiy asar, san’at hodisasi sifatida qarash qanday bo‘ladi? Ma’lumki, san’at “obrazlar tili”da gapiradi, jumladan, so‘z san’ati ham. Adabiy asardagi obrazlar ham, xuddi gapdagi so‘zlar misoli o‘zaro aloqa-munosabatga kirishadi va asar butunligi – GAPda muayyan bir badiiy mazmunni ifodalaydi. Ya’ni, badiiyat hodisasi ayni shu “ikkilamchi til” asosida voqe bo‘ladi, “birlamchi til” nechog‘li muhim bo‘lmasin, baribir, adabiyotning obraz yaratish vositasi, quroli bo‘lib qolaveradi. Shunga ko‘ra, badiiy asarga avval “yaxlit olib” qarashimiz, “obrazlar tili” uni badiiyat hodisasini yuzaga chiqarishga yaroqli estetik ob’ektga aylantira oldimi yo yo‘qmi?” degan savolga javob berishimiz talab etiladi. Agar mazkur savolga tasdiq javobi berilsa, demak, boshqa barcha nuqsonu kamchiliklarga juz’iy, tuzatsa bo‘ladigan deb qarash to‘g‘riroq bo‘ladi. Tamsil qilmoqchi bo‘lsak, gap turfa toshlar orasidan olmosni ajrata bilish haqida bormoqda. Yaxshi bilasiz, ishlov berilmasidan turib ko‘rimsizgina tuyulgan olmosda ming turli jilvalar imkoniyati bor. Biroq o‘sha imkonlarni ro‘yobga chiqarish uchun, avvalo, olmosni shishadan ajratib olish zarur bo‘ladi va zikr qilingan katta avlod vakillari buni uddalay bildi...

***

... akademik M.Qo‘shjonov yozgan so‘z boshida bitta narsa – “Muvozanat”ning tom ma’nodagi ijodiy-ruhiy ehtiyoj mahsuli o‘laroq dunyoga kelgani ayricha ta’kidlanadi: “... muallifning maqsadi roman chop qildirib, ko‘zga tashlanish emas. U hayot haqida, hayotida ro‘y berayotgan keskin burilishlar haqida, o‘ta ziddiyatli voqealar xususida chuqur o‘ylaydi. Faqat o‘ylaydigina emas, nimalardandir qanoat hosil qilsa, nimalardandir ko‘ngli to‘lmaydi, bular xususida bezovta bo‘ladi, kuyunadi, qayg‘uradi. Mana shu kuyunish va qayg‘urishlar uni qo‘liga qalam olishga undaydi” . Bu, nazarimda, roman haqida aytilgan g‘oyat adolatli fikr: Ulug‘bek “Muvozanat”ni non yoki shon ilinjida yozmagan, aksincha, yozmaslikning iloji qolmagan, yorilmasa bo‘lmaydigan holat yuzaga kelganida dilidagini qog‘ozga to‘kkan-qo‘ygan. Buni romanning ilk o‘quvchisi sifatida, o‘n uch yil muqaddam aspirantlar uyida Ulug‘bekning qo‘lyozmani menga berarkan: “Aka, bir narsa yozdim... nimaligini o‘zim ham bilmayman, ko‘rib berasizmi?..”- degani kontekstida mudom his qilib turaman...

... gap shunga taqalganidan bo‘lsa kerak, ilk taassurotlar qaytadan jonlangandek bo‘ladi. Qo‘lyozma tezgina o‘ziga jalb qilgan, uni “bir zarbda” o‘qib, o‘zimni muallifga hamfikr, Yusufga hamdard his qilgandim o‘shanda. Go‘yo asar men haqda yozilgandek, unda ko‘nglimdan kechirgan va qisman kechirib turgan holat aks etgandek: ... o‘zimni hayot to‘lqini bir chetga uloqtirib yuborgan xas, yaqin o‘n yillar dilda ardoqlab kelayotgan ezgu orzu-umidlari sarobga aylanib, “teshik tog‘ora” yonida turgandek his etayotgan... turish-turmushim ham shunga monand: tanlagan soham endi hech kimga kerak emasdek, go‘yo kun o‘tkazishdan boshqa maqsadning o‘zi yo‘q... adabiyot deganlari o‘zim kabi sir bergisi kelmay turgan hamkasbimning “piyoda ketaqolaylik, gaplashib ketamiz-da” degan da’vati tufayligina eslanib, go‘yo adabiyot haqida miriqib subatlashish, aslida esa yo‘lkirani tejab qolish uchun universitetdan vokzalgacha piyoda qatnab yurgan... cho‘ntakda nomzodlik diplomi bilan goh suvoqchilik, goh “intellektual mardikorlik”, goh esa chorbozorchi-biznesmenlikka qo‘l urgan, pirovardida o‘z-o‘zimni yengib, sohani o‘zgartirish haqida jiddiy o‘ylay boshlagan... – xullas, muvozanat yo‘qolgan holat. O’sha ilk taassurot izmida qog‘ozga tushirilgan taqrizda “Nazarimda, Ulug‘bek ko‘pchiligimiz, ayniqsa, qirq yosh chegarasidagi avlod ruhiyatiga ko‘zgu tutayotgandek bo‘ldi” deb yozganim shundan. Zero, men romanni, aniqrog‘i, u orqali so‘nggi o‘n yillik hayotimni qaytadan yashagan, ma’naviy-ruhiy izlanishlar yo‘lida Yusufga hamrohligimni his etgan, xullas, tom ma’nodagi katarsis hodisasini ko‘ngilda kechirgan, demak, “Muvozanat” bahona badiiyat hodisasiga doxil bo‘lgan edim...

... ustoz M.Qo‘shjonov romanga yozgan so‘z boshida Yusuf haqida: “... u faqat kitob titishu ilm egallash uni har doim ham baxtli qilolmasligini sezadi. U o‘z idealini, hayotga munosabatini o‘zgartirish ustida bosh qotiradi”,- deyiladi. Olimning mazkur fikrini mulohaza qilarkan, “qirq yosh chegarasidagi avlod ruhiyati” deya ta’kidlash, roman ruhi ko‘proq shu avlodga yaqin, degan qarashni mutlaqlashtirish unchalik to‘g‘ri emasligini his qildim. Zero, “idealini, hayotga munosabatini o‘zgartirish” degani muayyan bir avlodgagina emas, balki bani odamga xos xususiyatdir. Sirasi, inson umri – idealni konkretlashtirish va hayotga munosabatiyu amallarini shunga moslashtirib borishdan iborat uzluksiz jarayon. Faqat tarixning burilish nuqtalarida uning tabiiy oqimi o‘zgaradi, unda ham gohi dunyoni buzguday hayqiriq bilan quturib-loyqalanib oqishlar, o‘zandan chiqishlar kuzatiladi; daryo oqimi faslga qarab o‘zgargani kabi, bu oqim ham jamiyatdagi fasl almashuviga bog‘liq. Agar ajdodlardan qolgan udumga ko‘ra 21 mart – Navro‘z bahor qishni almashtiradigan marra, desak, jamiyat tarixida ham shunday marralar bor: 1917, 1956, 1985, 1991... Aytmoqchi bo‘lganim, umuman olganda ruhiyatdagi keskin evrilishlarni his va idrok etish uchun muayyan davr yo avlodga mansublik shart qilinmaydi, zero bu alohida olingan insonga nisbatan ham, jamiyat hayotiga nisbatan ham universal hodisadir. Shunga qaramay, turli avlod vakillarining asarga munosabatini belgilovchi, uning estetik ob’ektga aylanishini ta’minlovchi omillar jiddiy farqlanadi. Deylik, katta avlod bu kabi marralarni bosib o‘tgan – o‘zining ko‘rgan-kechirganlari bilan o‘xshashlik asosida Yusufning iztirobli izlanishlarini his etish va qadrlashga qobil. Demak, ular uchun “Muvozanat”ning estetik ob’ektga aylanishi yengilroq ko‘chadi va aksincha...

... hayotida bunaqa marralardan bir nechtasini ko‘rgan-kechirgan M.Qo‘shjonov asarga estetik ob’ekt sifatida yondashadi, shu bois ham qarashlarida undagi “obrazlar tili”ga tayanadi: “Roman syujetini asosan uchta qahramon sarguzashtlari tashkil qiladi. Uchalasi ham bugungi zamon qahramonlari. Biroq uch qahramon – uch hayot yo‘li. Mana shu hayot yo‘lining birligi romanda aks etgan voqelikning qay darajada dolzarbligini ko‘rsatib turibdi”. Allomaning “romanda aks etgan voqelik”, ya’ni badiiy voqelikka urg‘u berayotgani fikrimizni dalillaydi, zero, birinchidan, badiiy voqelik “obrazlar tili” bilan yaratiladi, ikkinchidan, “obrazlar tili”ni tushunish asarga estetik ob’ekt sifatida yondashishni taqozo etadi. Shunday yondasha olgani uchun ham ustoz “obrazlar tili”ni UQADI va uqqanini muxtasar ifodalaydi: “Asar bilan tanishib shunday xulosaga kelasiz: butun olam muvozanat qonuni asosida turgan bo‘lsa, jamiyat ham, uning asosini tashkil qilgan insonlar ham ayni muvozanat tufayli barqarordir. Muvozanat buzilgan zahoti hayotda, demak, uning a’zolari orasida har xil kutilmagan o‘zgarishlar, hatto izdan chiqishlar boshlanadi”. Darhaqiqat, “Muvozanat” yaqin o‘tmishimiz – odatlanilgan turmush tarzidagi tublik o‘zgarishlar ruhiyatimizda keskin evrilishlarni keltirib chiqargan davrdagi muvozanatsizlik holatini qalamga oldi. Yozuvchi qahramoni ruhiyatida yo‘qolgan muvozanatning tiklanish jarayonini tasvirlash asnosi kunning o‘tkir muammolariga javob izladi, anglash va anglaganlarini yaxlit kontseptsiya – badiiy falsafa tarzida ifodalashga intildi. Marg‘ub tomoni shuki, asar badiiy voqeligida turli yosh, soha, turfa dunyoqarash kishilari, shahar va qishloq hayoti qamrab olindiki, natijada u davr voqeligining mo‘‘jaz modeli bo‘lib qoldi. Muhimi, ayni shu model o‘zida asosli va ahamiyatli badiiy falsafani aks ettirdi. Qahramoni Yusuf kabi adib ham hayotimizdagi nomarg‘ub ko‘rinishlar ildizini o‘zida, o‘zimizda ko‘rdi, aql va ruh tanballigidan forig‘ bo‘lish va dunyoni ko‘ngilga muvofiqlashtirib yashash zaruratini tuydi, tuydirdi. Bugina emas, voqelikning ko‘proq nursiz tomonlarini tasvirlagani holda, muallif “Muvozanat”ni umidvorlik tuyg‘usi bilan yo‘g‘irib, nekbin falsafani ifodalay oldi: bu yorug‘ olamda muvozanat bilan muvozanatsizlikning o‘zaro almashinib turishi qonuniyat maqomidagi hodisa, shunga qaramay, inson dunyoni ko‘ngliga, mavjudligini mohiyatiga muvofiqlashtirishga intilib yashashi zarurki, bu – insonlik sharafidan kelib chiquvchi vazifa, ehtimol, inson hayotining mazmunidir...

... sanalgan jihatlari bilan “Muvozanat” roman janriga qo‘yiluvchi risolaviy talablarga to‘la javob berib, milliy tariximizdagi burilish pallalarini, hayoti shunday pallalarga to‘g‘ri kelgan insonlar ruhiyatidagi evrilishlarni keng epik ko‘lamda aks ettirolgan “O’tgan kunlar”, “Kecha va kunduz”, “Lolazor” singari barmoq bilan sanarli qatordan joy oldi. Darvoqe, shularni e’tiborda tutib, o‘n uch yil avval, qo‘lyozmani qaytarish chog‘i muallifni roman bilan tabriklarkan, uning “Roman desam... bo‘ladimi?” degan savoliga qat’iy qilib: “Roman. Juda yaxshi roman!” – degandim va hamon shu fikrda sobitman.

***

... va aksincha, ongli hayotida bunday marralarni bosib o‘tmagan avlodda mazkur jarayonning birmuncha qiyin kechishi ham ehtimolki, bunda yuqorida sanalgan o‘quvchining ijodiy tasavvur imkoniyatlari, umumma’rifiy va madaniy saviyasi, o‘qish malakasi, emotsional holati, niyati kabi omillar ustuvorroq ahamiyat kasb etadi. Hozir bularning so‘nggisi – niyatga to‘xtalmoqchiman. Yaxshi ma’lum, xalqimizda niyatga alohida e’tibor beriladi, ko‘p hollarda amal niyatga qarab baholanadi. Menga qolsa, badiiyat hodisasining voqe bo‘lishi ham avvalo niyat bilan bog‘liq, degan bo‘lardim. Rahmatli bobom aytguchi edi: namozga niyat qilgan odamning quloq qoqishi “dunyo ishlarini ortimda qoldiryapman, yuzimni, dilimni O’zingga burdim” degani ekan. Ya’ni, niyat qancha xolis bo‘lsa, ibodat shuncha mukammal: obid faqat Alloh bilan qoladi. Shunga o‘xshash, mutolaaga “badiiy asar o‘qish” niyati bilan kirishishgina matnni badiiyat hodisasiga aylantiradi. Yo‘qsa, matn – so‘zlardan tarkib topgan nutqiy tuzilma ko‘rinishidagi yaxshi roman, deylik, ipak qurti parvarishiga oid qo‘llanmadan aytarli farq qilmaydi. Yuqorida niyat sanoq oxirida zikr qilingan esa-da, haqiqatda u – boshqa barcha omillarni harakatga keltiruvchi motor, usiz madaniy-ma’rifiy saviya ham, ijodiy tasavvur imkoniyatiyu o‘qish malakasi ham – barisi bekor. Zero, niyat obidni Alloh bilan muloqot kechuvchi ruhoniyat olamiga ko‘chirgani kabi, o‘quvchi ham ijodkor bilan muloqot kechuvchi badiiyat olamiga niyat orqaligina ko‘cha oladi. Faqat “ko‘chish”ning muhim sharti bor – niyat xolisligi, buni esa ibodatga chog‘langan obid dilidagi ehtiyoj yoki qalbini to‘ldirgan Allohga nisbatan betama ishq, mutolaaga chog‘langan o‘quvchidagi hamdardlik yoki badiiyatga beg‘araz oshuftalik ta’min etadi. Ayonki, har ikki holda ham keyingisi tansiqroq, ular ko‘proq xoslarga tegishdir...

... hamdardlik tuyishi qiyinroq bo‘lgan avlod vakillaridan biri – H.Karvonli badiiy nasr tili masalalariga bag‘ishlangan “davra suhbatini o‘qigach, U.Hamdamning “Muvozanat” nomli romani yodimga tushdi: asarni o‘qishni boshlab oxiriga yetkazolmaganim, roman negadir “tortib ketmagani”ni esladim va buning sababi asar tili bilan bog‘liq emasmikan, degan o‘yda kitobni qayta o‘qidim. Afsuski bu taxmin o‘qish jarayonida tasdiqlandi” ,- deb yozadi. Sirtdan qaraganda g‘oyat samimiy yozilgandek, lekin... Demak, “Muvozanat” o‘z vaqtida munaqqidni “tortib ketmagan”, o‘shanda buning sababini bilolmaganidan “oxiriga yetkazolmay” tashlab qo‘ygan-u, davra suhbati bilan tanishgach, sababni kashf etib turibdi. Sizga qanday, bilmadim-u, men bu gaplarning samimiyligiga ishona olmayman. Aksincha, agar munaqqid “Muvozanat”ning o‘quvchisi bo‘lolmadim, deganida, beshak ishongan bo‘lardim. Zero, asar yozilgan vaqtda “qirq yosh chegarasida” turgan va undan katta avlod vakillaridan farq qilaroq, munaqqidga roman asosida yotgan “dard”ning yuqishi qiyinroq. Negaki, katta avlod ruhiyatidagi evrilishlarni keltirib chiqargan o‘zgarishlar bilan bir vaqtda mustaqil hayotga qadam qo‘ygan H.Karvonlining zamonani o‘zgacharoq idrok qilishi tabiiy. Ehtimol, hamkasblarga biroz malol ham kelar, lekin haqiqat shuki, har bir kitobning o‘z o‘quvchisi bor, munaqqid ham, nechog‘li yuksak did yo malaka egasi bo‘lmasin, avvalo, o‘quvchidir. Ya’ni, barcha asarlarga birdek xolis va adolatli baho berishi mumkin bo‘lgan munaqqidning o‘zi yo‘q. Albatta, mutaxassis sifatida buni e’tirof etish osonmas – o‘zingni noqis sezasan, nafsing og‘riydi kishi, lekin adolat haqqi tan olish zarur. Nazarimda, H.Karvonlining «Mom sindromi” ta’siriga tushib qolishi shu haqiqatni iqror etolmaganlik bilan izohlanadi. Munaqqid ko‘pchilik alqayotgan romanni qiziqib qo‘lga olgan-u, asar “tortib ketmagan”i bois hafsalasi pir bo‘lgan. O’shanda qarshisida tanlov imkoniyati bor edi: yo “Muvozanat”ning o‘quvchisi bo‘lolmaganini tan olish va yo boshqa sabablarni qidirish – munaqqid keyingi yo‘lni tanlaydi. Holbuki, “oxiriga yetkazolmagani”ning o‘zi asarga estetik ob’ekt sifatida qaray olmagani, romanning o‘quvchisi bo‘lolmaganini ko‘rsatib turibdi. Aslida, buning hech bir aybli joyi ham yo‘q. Lekin munaqqid buni o‘z-o‘ziga ham iqror qilolmaydi, natijada niyat buziladi... chala-yarim o‘qilgan kitobni chetga surarkan “Nimasini maqtashadi buning?!” deya xayronlar qolgan, ayni damdagi holati va niyatiga mos javoblar taxminlab, bo‘shgina asarni ma’qullash bilan o‘zlari xizmat qilayotgan adabiyotga zarar keltirayotganlarini sezmayotgan “kattalar”dan xafalar bo‘lib ketgan esa-da ajab emas... Mayli, bular-ku, xayolga kelgani xolos, ikkinchi mutolaa niyatini munaqqidning o‘zi ochiq e’tirof etadi: “buning sababi asar tili bilan bog‘liq emasmikan, degan o‘yda kitobni qayta o‘qidim”. Xo‘sh, bu niyatning nimasi yomon, dersiz? Bilmadim, har holda, munaqqid badiiyatiga oshno bo‘lolmaganidan ilgari chala-yarim o‘qigan asar mutolaasiga shu niyat bilan yondashayotgan ekan, bunday niyatni toza deyish qiyin. Zero, niyat toza bo‘lmagani uchun ham ikkitagina jumlada asarda “ezgu g‘oya” ifodalanganini qayd etiboq “lekin”ga... undagi muvaffaqiyatsiz tashbehlar, noo‘rin qo‘llangan so‘zlaru kelishik qo‘shimchalari xato ishlatilgan o‘rinlarni bittalab sanashga o‘tib ketiladi. Aminmanki, agar bunaqa niyat bilan yondashilsa, nafaqat butun boshli roman, hatto u haqdagi shapaloqdek maqoladan ham istagancha kamchilik topish mumkin, kamina buni H.Karvonlining o‘zi ham yaxshi bilishiga aslo shubha qilmayman...

(... bir tomoni, baribir shayton bor emasmi, “qani shunday niyat bilan qarab boq-chi!” deya qitiqlab tursa, ikkinchi tomoni, da’volarim quruq bo‘lib qolmayaptimi, degan andisha ichingni kemirib tursa, “Ke, hech yo‘q maqolaning boshlanishiga shunday niyat bilan qaray-chi!” deya yon berganingni sezmay qolasan ekan. Xullas, munaqqid yozadi: “Jahon adabiyotining barkamol namunalaridan hayratlanamiz, lekin bu yuksaklik zamirida yozuvchining asar tili ustida qattiq mehnat qilganiga ko‘pda e’tibor bermaymiz”. Tag‘in bilmadim-u, tuzuk niyatli o‘quvchi bu jumlani “yuksaklik zamirida yozuvchining asar tili ustidagi qattiq mehnati yotganiga ko‘pda e’tibor bermaymiz” yoki “bu yuksaklikka erishish uchun yozuvchi asar tili ustida qattiq mehnat qilganiga ko‘pda e’tibor bermaymiz” qabilida uslubiy va mantiqiy jihatlardan to‘g‘rilab o‘qiyveradi. Shundan keyinoq munaqqid F.Kafka madhiga o‘tib, jumladan, “Yigirma yetti sahifada yarim soat muddat atrofida ro‘y bergan voqealar ifodalanadi” deb yozadi, bechora tuzuk niyatli o‘quvchi esa kechirimlilikni o‘ziga farz bilib, jumlani “yarim soat ichida ro‘y bergan voqealar tasvirlanar ekan” deb tushunaveradi...

... ishtaha yemak chog‘i keladi, deganlaridek, shaytonga har qancha hay beray desam-da, yana bitta-ikkita narsani aytib o‘tmasam bo‘lmaydiganga o‘xshayveradi. Munaqqidning Kafkaga muhabbati balandligidan bo‘lsa kerak, uning til borasidagi xizmatlarini ibrat qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi: “muallif voqeani dialog vositasida ko‘rsatib, voqeaga qahramon munosabatini, ya’ni uning kechinmalari, o‘y fikrlari bayonini roviy monologi – nutqiga mahorat bilan uyg‘unlashtirib yuboradi. Ta’kidlash joizki, bunda F.Kafka tilning yangi imkoniyatlarini ochadi”. Mazkur hayrat izhorini o‘qib, “ie, muallifning nazariy tayyorgarligi ham o‘zimiz qatori, chog‘i” degan o‘yga bordim. Negaki, salkam Kafka kashfiyoti sifatida taqdim etilayotgan qahramon o‘y-kechinmalarining muallif tilidan berilishi – o‘ziniki bo‘lmagan muallif nutqi (ruslar buni “nesobstvennaya pryamaya rech” deyishadi) Kafkaga qadar ham bo‘lganini talabalik yillarimiz ma’ruzalarda esnab eshitgan edik. Tan olish kerak, munaqqid yozuvchiga ham oz bo‘lsa-da haq beradi: “Romanda yozuvchi badiiy tasvir vositalaridan umuman foydalanmagan, deb bo‘lmaydi”,- deya e’tirof etadi va darhol, haqi o‘tib ketayotganidan cho‘chibmi, inkorga shoshadi: “Ammo ular shunchalik kamki, bu romanga xos emas”. Bularni o‘qigach, nega munaqqid “Muvozanat” tili haqidagi mulohazalarida oddiygina statist maqomidan ko‘tarila olmaganini o‘zimcha tushungandek bo‘laman. Sezishimcha, munaqqid badiiy tasvir vositalarini badiiy tilning belgilovchi xususiyatlari deb tushunadi, holbuki, ularning badiiy til uchun fakultativ hodisa, ya’ni obrazlilik va emotsionallik kabi belgilovchi xususiyatlarni kuchaytiradigan vositalar ekani allaqachon oddiy haqiqatga aylangan. Nima desam ekan, xullas, roman tili haqida maqola yozishga jazm etarkan ilgari o‘qilganlarni bir sidra takrorlab, yangilab qo‘yilsa yaxshi bo‘larmidi, degan andisha keladi-da...)

Xullas, munaqqidning niyati roman o‘qish emas, balki nega uning o‘quvchisi bo‘lolmaganini o‘zi uchun aniqlash, o‘zini “oqlab olish” bo‘lgan ko‘rinadi. Shu bois ham, garchi o‘zi “afsuski, bu taxmin o‘qish jarayonida tasdiqlandi” deb yozsa-da, “afsuski”ni “xayriyat” ma’nosida tushunsak to‘g‘riroq bo‘ladi. Aytmoqchimanki, “Muvozanat”ning o‘quvchisi bo‘lolmagani sababini o‘zidan qidirib ko‘rishga munaqqidning bo‘yni yor bermadi – asarning o‘zidan izladi, topdi va... o‘z-o‘zidan qoniqish hissini tuydi.

... mulohazalarimda tasavvurga erk berib ba’zan me’yordan oshgandek ko‘rinishim tayin. Umid qilamanki, hamkasb do‘stimiz kaminada o‘ziga nisbatan g‘araz yo‘qligi, badiiy asarni qabul qilish bilan bog‘liq muammo xususida o‘ylaganlarimni ifodalash uchungina maqolasini misol qilib olganimni hisobga olib ma’zur tutar. Ta’kidlash zarurki, “Muvozanat”ga bunday munosabat bir H.Karvonliga xos deyish fikridan mutlaqo yiroqman: bu – munaqqidga tengdosh va undan yoshroq o‘quvchilarning aksariyatiga xos. Zero, “Muvozanat”ga munosabat masalasida retseptiv xususiyatlari bir-biridan farqlanuvchi turli avlodga mansub kishilargina emas, hatto, ba’zan bir avlodning turli qatlamlariga mansub kishilar ham bir-biriga zid mavqelarda turib qoldilarki, bu ko‘p jihatdan asar yaratilgan va unda aks etgan davr shart-sharoitlari bilan bog‘liqdir. Shuni nazarda tutsak, romanni katta avlodning salmoqli qismi yoqlab, yoshlarning salmoqli qismi yoqlay olmagani tabiiy ekani anglashiladi. Bu esa har bir asarning o‘z o‘quvchisi bo‘ladi degan qoida “Muvozanat”ga tatbiqan o‘ta dolzarb, deganidir. Albatta, har kim ham o‘quvchi sifatida muayyan asar xususida o‘z qarashi, bahosiga ega bo‘lish va ularni ifodalashga haqli. Lekin munaqqid degani baho va munosabatda yuqoridagicha jihatlarni ham e’tiborda tutishi zarur. Chunki, garchi munaqqid ham birinchi galda o‘quvchi sanalsa-da, bahoni mutaxassis nuqtai nazaridan va imkon qadar xolis chiqarishi lozim bo‘ladi. Sirasi, bu unchalik qiyin ham emas, buning uchun bir narsani hamisha yodda tutish kifoya: bizning yozganlarimiz – matnda nafaqat bevosita aytganlarimiz, balki aytmagan, ifodalay olmagan yoki aytishni istamaganimizdan silliqlab-xaspo‘shlab o‘tganlarimiz ham muhrlanib qoladi. Yuqoridagi mulohazalarimiz maqola matnining shu taraflariga nazar tashlashga urinish deb tushunilsa yaxshi edi. Darvoqe, buni aytib o‘tirish ham ortiqcha: axir, bu hozir rasm bo‘lgan postmodernizmdagi “dekonstruktsiya” tamoyili-ku, yosh hamkasblarimiz buni bizdan yaxshiroq biladilar.

***

... bungacha aytilgan fikrlar kontekstida olsak, ustozidan “Yaxshi yozilgan asar o‘quvchini muvozanatdan chiqarishi kerak” degan hikmatni eshitib olgan M.Chorievaning “Men esa “Muvozanat” romanida kitobxonni muvozanatdan chiqaradigan yangilik ko‘rmadim” , degan xulosasi mubolag‘ali ko‘rinadi. Mubolag‘a shundaki, bu o‘rinda shaxsiy taassurot umumlashtirilib, umuman “kitobxon”ga taalluqli hukm tarzida taqdim etilmoqda. Holbuki, maqola yozilgan paytda roman muvozanatdan chiqargan kitobxonlar bo‘lganki, bunga atay ko‘z yumilgani «Mom sindromi”idan nishona beradi. Zero, aks holda, “romanda meni muvozanatdan chiqara oladigan yangilik ko‘rmadim” deya to‘g‘ri va adolatli xulosaga kelinar edi. M.Chorieva maqola daromadida: “Muvozanat” romanini o‘qib chiqarkanman, oddiy bir kitobxon sifatida o‘z taassurotlarimni tahlil qilishga ko‘nglimdan kechgan mushohadalar, xulosalarni esa qoralashga jur’at etdim”,- deydi. Aytish kerakki, garchi muallif “oddiy kitobxon sifatida” deya oliftanamo kamtarlik da’vosida bo‘lsa-da, bu bilan asossiz hukm-xulosalarni oqlab bo‘lmaydi. Adashmasam, “Muvozanat”ni beayov “urib chiqqan” ilk maqola muallifi M.Chorieva bo‘ladi. O’shanda, muallifning Oliy Adabiyot kursi tinglovchisi ekanini bilib, oliftalikni ertaga dunyoni lol etishga chog‘langan ayrim yosh iste’dodlarga xos takabburlikka yo‘ygan, bunga jiddiy qaramagan edim. Holbuki, maqola muallifining, deylik, asar tili haqida “xasta jumlalar”, “isitmalagan jumlalar” kabi iboralarni qo‘llab, “u yoq-bu yog‘i “taroshlanib”, uzundan-uzun, o‘rinsiz jumlalar ixchamlashtirilib berilganida yaxshi bo‘lardi-yov” tarzida mazaxlab yozishi na milliy mentalitetga va na tanqid odobiga muvofiq keladi. Ha, o‘shandayoq jillaqursa shu tarafiga munosabat bildirish zarur edi. Nachora, tanqidchiligimizda “tanqiddan tuban” kalimasi bilan oqlanuvchi boshqa bir ko‘rinishdagi oliftalik borki, kamina ham undan forig‘ emas...

(... aks holda, maqola siyohi qurimasidanoq o‘ylaganlar aytilib, kasalning oldi olingan, bu narsa nafaqat maqola muallifi, boshqalar uchun ham foydaliroq bo‘larmidi?! Kech bo‘lsa ham so‘raging keladi: “Singiljon, roman tili haqida bunchalar takabburona oliftalik bilan gapirishga ma’naviy haqqim bormikan, degan andisha hech xayolingizga kelganmi? Haqli bo‘lish uchun da’vogarning uslubi kamida benuqson bo‘lishi lozim emasmi? Yo bu borada “quymoqning yaxshi-yomonligini aytish uchun tuxum qilish shart emas” aqidasini o‘zingizga moslashtirib olganmisiz? Jillaqursa maqolangizning yuqorida keltirilgan ilk jumlasini olaylik: siz “o‘qib chiqarkanman ... jur’at etdim” deysiz. Holbuki, “o‘qib chiqarkanman” fe’l shaklida harakat tugallanmaganligi ma’nosi bo‘lib, jumla butunligida boshqa harakat bilan “bir paytda”likni anglatadi. Shu jihatdan qaralsa, jumlada uslubiy-mantiqiy g‘alizlik bor: o‘qish jarayonida “taassurot hosil bo‘lishi” tushunarli, lekin asarni “o‘qib chiqqach”gina “jur’at qilinadi”. Roman haqida maqola yozayotgan odamning o‘z taassurotlarini tahlil qilish”ni niyat qilishi ham qiziq-da: axir, u romanni tahlil qilishi va yo‘l-yo‘lakay taassurotlarini bayon qilishi kerak emasmidi?! Menimcha, shunday, ko‘ngilda kechgan “taassurotlarni tahlil qilish” – boshqa kasb kishilarining ishi... Yoki “ko‘nglimdan kechgan mushohadalar, xulosalarni esa qoralashga jur’at qildim” deyilgani-chi! Axir, “mushohada” – fikr yuritish, o‘ylash degani-ku, bu jarayonning ko‘ngilda kechishi g‘alati emasmi?!.. Kamina maqola muallifining bittagina jumlasiga to‘xtaldim va shu asno bir matal yodimga keldi-yu, uni eslatish noqulay...)

... M.Chorieva o‘zining e’tirozlarida roman tili bilangina cheklanib qolmaydi, pardani balandroq olgisi keladi: “muallif voqealarni tizish jarayonida gohida chalg‘ib ketsa, ba’zi o‘rinlarda sun’iylikka yo‘l qo‘yadi”. Mazkur da’voni asoslash uchun, jumladan, xasta Amir holati tasvirlangan ikkita lavha – musicha bilan bog‘liq epizodlar dalil qilib olinadi. M.Chorieva e’tirozlari nimada ekanligini tushuntirib o‘tirishni ortiqcha sanaydi: “Shu ikkala – 60-71-qismlarni solishtirsangiz, bizning yuqoridagi sun’iylik, jumlalar cho‘zilishi, ortiqcha ishlatilgan so‘zlar kabi bir qancha da’vomizga ham javob topasiz...” – deyish bilan kifoyalanadi. Til masalasidagi e’tirozlarni (ularning qimmatiga qavs ichida baho berdik) qo‘ya turaylik-da, “sun’iylik” tamg‘asiga to‘xtalaylik. Fahmlashimcha, M.Chorieva “sun’iylik” deganda hayotiy, ya’ni ishonarli chiqmagan tasvirlarni nazarda tutadi va shu bois romandan olingan quyidagi parchani keltiradi: “... Va shu zahotiyoq qaqshatqich sovuqdan ucholmay, qanotlari shalpayib turgan musichani ko‘rdi. (Uning ko‘zlari xuddi sichqonni ko‘rib qolgan mushuknikidek chaqnab ketdi. Musicha ko‘milmay qolgan tok shoxidan tushib ketay-tushib ketay deb turardi. Amir beixtiyor o‘rnidan turib ketdi, og‘zining suvi qochdi.) Birozdan so‘ng esa o‘zini tashqarida ko‘rdi. Musicha endi muzlab, tarasha bo‘lib qolgan, yerda yotardi. (Holi harob edi, shunga qaramay, odam sharpasini sezishi bilan shalvirab qolgan qanotlarini qoqib uchmoqchi bo‘ldi, ikki-uch metr chamasi uchdi ham, ammo yana yerga quladi. Amir har qadam bosganda o‘ng oyog‘i bor bo‘yiga qaqshab og‘rirdi, qattiq tepishganga o‘xshaydi, lekin uni harakatga keltirgan kuch – ochlikning hukmi o‘tkirroq edi, bir zum bo‘lsin, hatto ikkilanishga izn bermasdi. Cho‘loqlangancha, Amir musichaning ortidan atirgullarning quruq shoxlari shixshayib chiqib turgan qorli maydonga kirdi.) Musicha oppoq qorda yonboshi bilan yotar, ko‘zlari olayib, qinidan chiqib ketay deb turardi. Amir o‘zini qush ko‘zidan pana qilgan bo‘lib, orqasidan yaqinlashdi va o‘ljaga otildi. Lekin o‘tsa (aslida “o‘lja” - D.Q.) yana parillab uchib nariroqqa borib tushdi...” Avvalo shuki, maqolada biz qavs ichida bergan o‘rinlar tushirib qoldirilgan. Agar parchada izchil jarayon tasvirlangani e’tiborga olinsa, mazkur qisqartirishlar uning mohiyatini buzganini aytishim ortiqcha. Jarayon tasviri sifatida qarasak, M.Chorieva qoraytirib ta’kidlagan dastlabki ikki jumla aslo ortiqcha emas, balki, ular jarayon – silsilaning muhim halqalari. Ya’ni, jumlalar cho‘zilishi, ortiqcha ishlatilgan so‘zlar qabilidagi e’tiroz asossiz. Qoraytirib berilganiga qaraganda, M.Chorievaga musichaning “ko‘zlari olayib, qinidan chiqib ketay deb” yotishi sun’iylik bo‘lib ko‘ringan, chog‘i. Shunday bo‘lsa, bu da’vo ham asossiz: jarayon muallif nigohi orqaligina emas, Amir nigohi, balki, birinchi galda Amir nigohi orqali berilmoqda. Bas, sizu bizga musichaning moshdekkina ko‘zi bu qadar bo‘rtib ko‘rinmasligi mumkin, lekin... xushi o‘ziga kelgan chog‘lar yaqinlaridan, boringki yorug‘ olamdan xafalangan, ochlikdan sillasi qurib yurgani holda firibgar sherigiga nasibasini oldirgan, goh xudu goh bexud ahvoldagi ruhiy xastaga shunday ko‘rinsa... sog‘ligida beozorlik timsoli deb bilgani shu jimitdek jonzotda hozir yagona najot – yemishni, ayni choqda, yuragida yig‘ilgan dunyoga nisbatan alamini olishi mumkin bo‘lgan yagona ob’ektni ko‘rayotgan bo‘lsa ne ajab?! Axir, ruhi sog‘lik bilan xastalik aro talosh bo‘lib turibdi, shu bois ham shuuriga musichaning ko‘zi sanchilayotgandek his qilib, “o‘zini qush ko‘zidan pana” qilishga urinmayaptimi sho‘rlik?!.. Fikrimcha, shunday. Biroq buni his etish uchun asar badiiyatiga oshnolik, Amir ko‘zi bilan ham qarab ko‘rish talab etiladiki, M.Chorieva buni yo uddalay olmaydi, yo istamaydi. Shu bois ham uning nazdida musicha bilan bog‘liq ikkita epizodning berilishi o‘rinsiz takror bo‘lib, keyingisi avvalgi holatning “davomiga o‘xshash o‘rin”, xolos. Holbuki, birinchi epizod – jigarining ahvolini ko‘rib yuragi pora bo‘lgan, chidab turishga holi kelmayotgan Yusuf nigohi orqali berilgan, har ikki epizodning o‘z g‘oyaviy-estetik vazifasi, yuki bor...

... xalqda “onangni otangga bepardoz ko‘rsatma” degan naql bor, M.Chorieva tamom zid yo‘ldan boradi: o‘gay qizni sovchilarga tasqara qilib ko‘rsatgan o‘gay ona misoli. Yuqorida ko‘rganimiz parcha mohiyatini buzib berishning o‘zi – da’vomizga asosli dalil. Biroq bugina emas. Muallifining aksar e’tirozlari asar tili bilan bog‘liq bo‘lsa-yu, maqolasiga olingan ko‘chirmada “o‘lja”ning o‘rniga “o‘tsa” berilsa... yoki “Amir o‘ziga o‘xshab bir xil – ko‘k rangli ishton-ko‘ylak kiygan ikkita bemor bilan birga...” jumlasi maqolaga “O’ziga o‘xshab bir xil ekan – ko‘k rangli ishton-ko‘ylak kiygan ikkita bemor bilan birga...” shaklida o‘tsa, g‘irromlik bo‘yi anqigandek tuyulmaydimi sizga?! Ehtimol, kim uchundir bu g‘irromlik bo‘lsa ham vahima qilishga arzimaydigan, boringki, “mayda g‘irromlik” yo shunchaki “mexanik xato”dir. Balki, shundaydir. Lekin ishoning, kamina ham juday-la maydakash emas: maqolada kattaroq doiradagi g‘irromlikni sezmaganimda, e’tibor ham bermagan bo‘lardim. Mana, o‘sha kattaroq doiradagi g‘irromliklardan biri: “Yusufning qishlog‘iga kirib kelgandagi holatini eslaylik. U qaerga bormasin, goh “sumkasiga”, goh cho‘ntagiga “qo‘l solib besh-oltita” qog‘ozli qand olib, kichkintoylarga uzataveradi-yu, biroq bu qandlar sira tugab qolmaydi”. Soddaroq gazetxon buni o‘qib beixtiyor “boplapti!” deb yuborishi mumkinligi ham, aslida M.Chorieva shunaqa oson effekt – samarani ko‘zlagani ham ehtimoldan holi emas. Lekin nima bo‘lganda ham, bu g‘irt tuhmat – ishonmagan sanab boqsin: Yusuf birinchi bor qishlog‘iga kirgan mahali “sumkaning cho‘ntagiga qo‘l tiqib, bolalarga shirinlik ulashadi”, keyin esa Kenjavoy amakisini yo‘qlab borganida endi “cho‘ntagiga qo‘l solib, besh-oltita qog‘ozli qand olib, kichkintoylarga uzatadi” – vassalom, ya’ni bu o‘rinda “goh...goh...” deya hayron bo‘lish umuman ortiqcha. M.Chorieva bir narsaga durust razm qilmay qolgan chog‘i: Yusufni keksa enasini yo‘qlab kelish uchun Kenjavoy amakisinikiga yuborarkan, onasi yo‘qdan yo‘ndirib bo‘lsa-da qo‘liga tugun tutqazadi! Yusuf shu muhitda tarbiya topgan, bas, ketar chog‘i ko‘ngli bo‘lmay, jiyanlarga berarman deb sumkasidan “besh-oltita qog‘ozli qand” olib, cho‘ntagiga solib olsa... maylimi? To‘g‘ri, matndan Yusuf yana bir bor, kelgan kuni kechqurun butun oila jam bo‘lgan payt siylovsiz qolgan jiyanlarga qand ulashganini ham anglash mumkin, lekin shunda ham “qandlar tugab qolishi” haqida qayg‘urish shart emas Yoki yozuvchi M.Chorievaga o‘xshash injiqroq o‘quvchilarni xotirjam qilish uchun, masalan, “sumkadagi kilosi atigi falon so‘mlik mayda shimiydirgan qand edi, nihoyatda barakali ekan lekin, bir kilosi piston dona chiqar-ov” deya izoh bergani durust bo‘larmidi?.. Shunga o‘xshash, M.Chorieva Yusufning “yo‘ldan biror kilo go‘sht olvolmaganiga afsus qil”gani bilan “oradan uch kun o‘tmay esa go‘shtdan qizg‘onilgan yo‘lkira haqida lom-mim deyilmay” sigirning sotilishi orasida ham mantiqsizlik ko‘radi va buni mubolag‘aga yo‘yadi. Maqola muallifi matndan sal chalg‘igan ko‘rinadi, sigir “oradan uch kun o‘tmay” sotilgani yo‘q. O’sha sigir sotilgani xabari berilgan bobdan shundoq avvalgi bobning “Yusuflar qishloqdan hadeganda qaytishavermadi” degan jumla bilan, xotinining xarxashasi esa “ishdan uch kun kechikdim”dan boshlangani shunga dalolat qiladi. Agarki, M.Chorieva aytmoqchi “go‘shtdan qizg‘onilgan yo‘lkira” ekan, gap yo‘l haqiga uchma-uch yetadigan mablag‘ haqida bormoqda. Axir, Yusuf ham erkak kishi: har xil vaziyat bo‘ladi, qishlog‘ida bir necha kun turib qolgach, besh-to‘rt so‘m sarf qilib qo‘yishi mumkinmi yo yo‘qmi? Fikrimcha, durust niyatli kitobxon buni shundog‘am to‘g‘ri qabul qilaveradi. Tabiiyki, yo‘lkiradan nima uchun, qancha va qanday sarflab qo‘yilgani badiiy niyat ijrosi uchun muhim bo‘lganida, yozuvchi buni tasvirlagan bo‘lardi. Modomiki, unday emas ekan, shundog‘am tushunib olish mumkin narsani tasvirlash ezmalikka tortib ketadi... bundan tashqari, kitobxon Yusufning xotini emaski, unga harajatlaru cho‘ntakning joriy holati haqida hisob berib turishi zarur bo‘lsa...

***

... bahs deganlari o‘zi ko‘p yaxshi narsa. Faqat bir shart bilanki, u bahslashuvchi tomonlardan birining haqligini emas, haqiqatni aniqlashga yo‘naltirilgan bo‘lsa. “O’zbekiston adabiyoti va san’ati”da an’anaviy tarzda berib boriluvchi bahslar adabiy jarayonni qo‘zg‘ab-jonlantirish bilan tanqidiy fikrning o‘sishiga samarali ta’sir qilganini ta’kidlamaslik insofdan bo‘lmasa kerak. Shunga qaramay, gazeta bahslarni tashkil qilish va o‘tkazish masalasida jiddiy o‘ylab ko‘rsa yanada foydaliroq bo‘larmidi, degan andisha tug‘iladi. Biz yuqorida to‘xtalgan ikkala maqola ham “O’zAS”da va ikkisi ham “Bahs” ruknida berilgani andishamiz asossiz emasligini ko‘rsatadi. Albatta, adabiyot gazetasi bo‘lgani bilan “O’zAS” ham matbuot nashri va o‘z faoliyatida shundan kelib chiqadi, publitsistika tamoyillariga tayanadi. Ya’ni, davriy nashr sifatida uning imkon qadar keng o‘quvchilar ommasini o‘ziga jalb etadigan yo‘llar izlashi ham tabiiy. Ehtimol, bitta masala yoki bitta asar yuzasidan turlicha, hatto, bir-biriga tamom zid fikrlarni e’lon qilish shunday yo‘llarning biri hamdir. Lekin adabiyot gazetasi sifatida “O’zAS”ning zimmasiga ma’lum darajada adabiy jarayon havosini belgilash, adabiy jamoatchilik fikrini shakllantirish, o‘quvchi didini yuksaltirish kabi qator mas’uliyatli vazifalar ham tushadi. Demak, uning sahifalarida, xususan, “Bahs” ruknida e’lon qilish uchun material tanlaganda muallif fikrining dadilligi yo boshqalardan keskin farqlanib turganigagina emas, adabiy-nazariy jihatdan asosli yo asossizligi, munosabatning xolis yo noxolisligiga ham qarash lozim bo‘ladi. Aminmanki, shu tomoni ham e’tiborga olinganida, M.Chorievaning maqolasi ham, H.Karvonlining maqolasi ham hozirgi ko‘rinishida chop qilinmagan bo‘lar edi. Asli buning uchun ko‘p narsa talab qilinmaydi ham: bor yo‘g‘i materialga adabiyotshunos sifatida ham qarash, zarur bo‘lsa muallif da’volarining qay darajada asosli ekanini “ichki ekspertiza”dan o‘tkazish talab etiladi xolos...

... gazeta deyilgani bilan, aniqqi, bu so‘z zamirida konkret odamlar turibdi. Shunday ekan, insonga xos ojizliklar gazetaga ham yot emas, albatta. Obro‘li nashrda g‘ayirlik nafasi ufurib turgan maqolalarning shu holicha chiqib ketgani kishi ko‘ngliga ishtiboh soladi: “gazeta U.Hamdamni unchalik xushlamaydimi?” deya o‘ylab qolasan... To‘g‘ri, “Muvozanat”dan olingan taassurotlar sovimay turiboq gazetada avval H.Ahmedov, so‘ng I.Quvondiqovning maqolasi berildi, boshqa mavzulardagi qator chiqishlarda gap orasi roman ham tilga olinib, iliq fikrlar bildirildi. Lekin munday eslab ko‘rsam, o‘shandan beri o‘tgan olti-etti yillardan beri gazetada U.Hamdam ijodi haqida berilgan materialki bor, unda tanqidiy ruh ustuvorlik qilarkan: yuqoridagi ikki maqola, keyin N.Xudoyberganov bilan S.Sodiqning “Isyon va itoat” haqidagi chiqishlari, nihoyat, K.Jo‘raevning keyingi roman tarjimasi haqidagi maqolasi. Ochig‘i, shu oxirgi maqola ko‘ngildagi ishtiboh uchqunini pufladiki, buning o‘ziga yarasha tarixi bor...

... chamasi uch yillar bo‘lyapti, U.Hamdam universitetimizda bo‘lib, talabalar bilan uchrashdi. Uchrashuvdan keyin kafedraga chiqdik: uchrashuv kichikroq davrada davom qildi. O’shanda domlamiz K.Jo‘raev yozuvchiga maqola qo‘lyozmasini bergan edilar: “Avval muallifning o‘zi tanishib chiqsa, keyin, iloji bo‘lsa, chop etilishiga yordam bersa...” Shu-shu maqola xayolimdan ko‘tarilgan ekan. Keyinroq poytaxtga yo‘l tushganida Ulug‘bek bilan ko‘rishdik, uning o‘zi maqoladan so‘z ochib qoldi: “Domlaning oldida hijolatman. Maqolani yaxshi yozgan ekan, menga yoqdi. Lekin o‘zing haqingda yozilgan narsani “chiqarib bering” deyish juda noqulay bo‘larkan. Birovlar orqali bir-ikki yerga jo‘natdim, natija bo‘lmayapti...” O’ziga ham nusxa qoldirgan ekan, o‘qib chiqdim. Maqola haqiqatan yaxshi yozilgan, Ulug‘bekning “menga yoqdi” deyishi bejiz emas edi. Ehtimol, gazetada maqolani o‘qigan kishilarning bu gapga ishonishi qiyindir. Lekin gap shundaki, qo‘lyozma aslida o‘n ikki betlik bo‘lib, muallif uning uchdan ikki qismida “Isyon va itoat” romanini bilgichlik bilan tahlil qilgan, qolgan qismida tarjimaga to‘xtalgan edi. Tushungan bo‘lsangiz kerak: yozuvchi samimiy fikrlar qatori aytilgan tanqidiy mulohazalarni ham qabul qilgan, ya’ni maqolaga “yaxlit olib” qaragan va shu bois “menga yoqdi”, degan. Xullas, voqealarning keyingi rivoji menga qorong‘u, bilganim shuki, oradan shuncha vaqt o‘tib, gazetada qo‘lyozmaning uchdan biri – tanqidiy mulohazalar bildirilgan qismi “Ma’no va mantiq birlamchi” degan nom bilan e’lon qilindi. Albatta, gazeta o‘z imkoniyatlarini hisobga olib maqolani qisqartirishga haqli. Lekin tabiiy savol tug‘iladi: nima uchun muallifning “Isyon va itoat” haqidagi ijobiy mulohazalari qisqartirilgan-u, tanqidiy fikrlari deyarli to‘liq e’lon qilingan? Ehtimol, buni gazetada tarjima masalalari ko‘tarilgani bilan osongina izohlash ham mumkindir. Faqat, bu holda boshqa qator savollar ko‘ndalang bo‘ladi. Avvalo, gazetada ilgari e’lon qilingan ikkala maqolada ham “Isyon va itoat” ijobiy baholangan emas. Holbuki, kitobxonlar orasida ham, mutaxassislar orasida ham uni ma’qullaganlar, hatto, “Muvozanat”dan xushroq ko‘rganlar (jumladan, marhuma N.Vladimirova, ma’qul ko‘rgani bois o‘z tashabbusi bilan tarjimaga qo‘l urgan) yo‘q emas edi. Munday qarasang, gazeta fikrlar turlichaligini yoqlaydigandek, shu bois ham “Bahs” ruknini ochib qo‘yibdi. Shunday ekan, nimaga gazeta qo‘lyozmaning boshqa qismini bosmaydi? “Isyon va itoat” haqida tugal hukm chiqarib bo‘lingan, deb biladimi? Yo bo‘lmasa, U.Hamdam asarlariga ijobiy fikr ravo emas deb hisoblaydimi?.. Darvoqe, “Muvozanat” yuzasidan “Bahs”ga yozilgan tahririyat so‘zida “gazeta hajmi imkon bermagani bois maqolalar qisqartirilgan holda chop etilmoqda”, deya taassuf bildirilgan edi. Buni eslab ko‘ngilga andisha keladi: o‘shanda ham qisqartirish shu yo‘sin amalga oshirilmaganmikan? Mabodo shunday bo‘lsa, e’tirozlar nishonini to‘g‘ri olmagan bo‘lib chiqmasmikanman?.. Albatta, qisqartirish muallif roziligi bilan amalga oshirilgan bo‘lishi ehtimoli ham yo‘q emas. Biroq o‘shanda ham, nazarimda, yuqoridagi e’tirozlardan gazetani butkul soqit qilib bo‘lmasa kerak...

***

... ha, “Isyon va itoat”ni “Muvozanat”dan ko‘ra xushroq qabul qilganlarning bo‘lgani bor gap. Esingizda bo‘lsa kerak, “Isyon va itoat”ning chop etilishi P.Koeloning “Alximik” romani uyg‘otgan shov-shuvlar hali tinib ulgurmagan bir paytga to‘g‘ri kelgandi. Albatta, dunyoning ko‘plab tillariga o‘girilib millionlab tirajda chop etilgan chin ma’nodagi bestseller qarshisida atigi ikki ming nusxada bosilgan “Isyon va itoat” – misoli dengizga tushgan tomchi. Shunday bo‘lsa-da, asar beiz ketmadi, zero “Muvozanat” muallifidan... Mayli, buni qo‘ya turaylik-da, “Alximik”ka qaytaylik: asarni ehtiros-la ko‘klarga ko‘tarib alqaganlar ham, sovuqlikkami tortib ketuvchi vazminlik-la qarshilaganlar ham, “buning nimasiga shuncha shovqin!” deya g‘ijinganlar ham bo‘ldi. Xullas, yana o‘sha gap: “Har bir asarning o‘z o‘quvchisi bor!” – jumladan, “Isyon va itoat”ning ham. Rostini aytay, o‘zim ham avvaliga bu sirada emasdim: ilk taassurotim, umuman olganda, yaxshi bo‘lsa-da, asar kaminani “Muvozanat” qadar “muvozanatdan chiqara olmagan”ini, ko‘ngilga “Ulug‘bek biroz shoshmadimikan?!” degan andisha inganini tan olishim lozim. “Hay, o‘zgacharoq bir yo‘sinda yozilibdi-da, menga unchalik o‘tirishmadi, chog‘i...” – dedim-qo‘ydim o‘shanda...

(... kitob chop etilganidan ma’lum muddat o‘tgach, aniq vaqti esimda yo‘q, Ulug‘bek telefonda aytib qoldi:

“– Ninel Vasilevna “Isyon va itoat”ni rosa bir soat maqtadi, ishonasizmi?! “Muvozanat”dan, hatto, “Alximik”dan ham baland, devordi...

– Ol-a...

– O’zim ham hayron bo‘ldim, aka, juda g‘alati bo‘larkan... Tarjima qilaman, deydi...”

O’shanda marhumaning bahosiga, rosti, jiddiy qaramagandim: “Ha, endi, keksayib qolgan ayol, o‘qib ta’sirlansa ta’sirlangandir... Ulug‘bek bilan deyarli hamxona ishlaydi, oxorli taassurotlarini to‘kib solsa solgandir – tayyorgina eshitar quloq bo‘lsa...”

Ko‘p o‘tmay roman tarjima qilindi, kitob bo‘lib chiqdi ham. O’zingizdan qolar gap yo‘q: kitobdan elliktaginasi Andijon davlat tillar pedagogika institutining rus filologiyasi bo‘limida tarqatildi. O’sha vaqtda fakultetni boshqarib turgan do‘stimiz T.Rahmonovning aytishicha, rusiyzabon talabalar asarni juda yaxshi qabul qilishgan: turli bahs-munozaralar bo‘lgan, muallif bilan uchrashuv uyushtirishni so‘rashgan...

... shundan beri ko‘p o‘ylayman: roman mutarjimni nimasi bilan bunchalar maftun etdi? Rusiyzabon talabalarni-chi? Nega bu talabalar o‘zbek nasrining ruschaga o‘girilgan boshqa namunalariga, masalan, biz mudom hayrat-la o‘qiydigan “O’tgan kunlar”ga u qadar rag‘bat qilmaydilar-u, “Isyon va itoat”ga katta qiziqish bilan qaradilar? Gap tarjima saviyasidamikan? Unday desak, jillaqursa mutarjimning o‘zi asarni o‘zbekchada o‘qigan emasmi?!.. Yo gap mavzuda – uning umuminsoniy qiymatga molikligiyu dolzarbligining vaqt hukmidan tashqarida ekanidamikan? Unday desak, “O’tgan kunlar”da qo‘yilgan muammolar qiymat jihatidan aslo kam emas-ku?! Nazarimda, hamma gap – ifoda yo‘sinida. Deylik, “O’tgan kunlar”ning nafaqat mazmun-mundarijasi, ifoda yo‘sini ham tom ma’noda milliy: u milliy turmushimiz, urf-odatlarimiz, tilimizda akslanuvchi milliy ruh bilan chambarchas bog‘lanib ketgan, asar jozibasini ulardan ayro holda his etish imkonsiz. Zero, bu o‘rinda badiiyat hodisasining voqe bo‘lishi uchun o‘quvchining roman voqeligida o‘zbek bo‘lib yashashi va romanni (o‘zbek) ongiyu qalbida yashatishi talab etiladi. Aksincha, “Isyon va itoat”da milliy turmush, umuman, reallik bilan bog‘lanish shartli va ancha zaif. Ya’ni, muallif haqiqatga monand realistik obrazlaru manzaralar yaratishni maqsad qilmaydi, shartli-ramziy obrazlar vositasida olamu odam mohiyatini anglashga intiladi. Shu jihatdan qaralsa, “Isyon va itoat”ga rivoyatnamolik (ruslar buni “pritchevost” deyishadi) xos bo‘lib, ifoda xususiyatlariga ko‘ra u A.Kamyu, F.Kafka, G.Markes, X.Kortasar kabi san’atkorlarning asarlariga yaqinroq. Real voqelik bilan aloqasi zaif bo‘lganidan “Isyon va itoat”dagi obrazlar xuddi masal va rivoyatlardagi kabi avvalboshdanoq universallik kasb etadi. Shunaqa ekan, asardagi obrazlarni bugungi voqelik bilangina bog‘lab tushunishga urinish – xato, bu o‘rinda o‘lchamni kattaroq olish lozim bo‘ladi. Fikrimcha, o‘zga xalq vakillariga asarning universal tomoni yaqinroq, zero ularning diqqati avvalo va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shunga qaratiladi. Bas, rusiyzabon talaba obrazlarning universal mohiyatidan kelib chiqqan holda romanga “katta vaqt” (M.Baxtin) o‘lchovida – “isyon” va “itoat” kontseptlari talqiniga F.Dostoevskiy, L.Tolstoy, A.Kamyu kabi adiblar talqinlari kontekstida qarab, ehtimol, o‘zi uchun yangi jihatlarni ko‘rgan va tegishicha haq bergan bo‘lsa ne ajab?!..)

... ha, “Muvozanat” muallifidan o‘quvchilar ko‘p narsa kutgandi, jumladan, kamina ham. Tag‘in bilmadim-u, lekin savol “xo‘sh, nimani kutganding?” tarzida aniq qo‘yilsa, ko‘pchilik javobga qiynalsa kerak. Hartugul, o‘zimda hanuz aniq javob yo‘q. O’ylab ko‘rsam, o‘shanda yozuvchidan kunimizni “Muvozanat”dagi kabi dadil va teran tahlil etgan tom ma’nodagi realistik asar kutgandekman, nazarimda, go‘yo Ulug‘bek shu yo‘lda bardavom bo‘lishiyu loaqal yana bir bahya ko‘tarilishi shartdek. Ochig‘i, o‘shanda “to‘xta, axir, yozuvchining ham dilida o‘z dardi, aytmoqchi bo‘lgani bordir, qolaversa, dilidagini aytishga mos ifoda topish yo‘lida izlanayotgandir” qabilidagi andisha sira ko‘ngilga kelmagan, xullas, oddiygina xudbinlik qilgan ko‘rinaman...

... “Insonlik – yuksak burch” nomli maqolasini yozganida hurmatli domlamiz N.Xudoyberganov ham shu kabi kayfiyatda bo‘lgan chog‘i. Shu bois ham domla maqola avvalida M.Qo‘shjonov “Muvozanat”ni “yosh yozuvchining ijodiy yutug‘i sifatida baholaganiga to‘la qo‘shilishi”ni aytiboq keyingi asari “roman deb atalishga qanchalik loyiq va yozuvchining navbatdagi ijodiy yutug‘imi – bu endi jiddiy masala” ekanini ta’kidlaydi.

Avvalo, asar janri haqida. Munaqqidning “Isyon va itoat”ni roman deya e’tirof etishiga nima monelik qilayotgani maqola yakunida anglashiladi: “Roman – hayot va insonning ichki olamini, mohiyatini keng va atroflicha tadqiq etadigan salmoqli badiiy tafakkur maydoni. Ammo bu fazilat “Isyon va itoat”da, afsuski, ko‘zga tashlanmaydi”. Holbuki, bu tahlil qilinayotgan asar tabiatiga mutlaqo zid xulosa, u haqda buning aksi aytilsa to‘g‘riroq bo‘lardi. Zero, qavs ichidagi mulohazalarimizdan ham ko‘rish mumkinki, “Isyon va itoat”da aynan hayotni, insonni badiiy tadqiq etish maqsadi yetakchilik qiladi, ya’ni yozuvchi uchun u olam va odam “mohiyatini keng va atroflicha tadqiq etadigan salmoqli badiiy tafakkur maydoni”. Demak, masalani o‘zgacharoq – “asarning ayni shu jihati nega domlamiz e’tiboridan chetda qoldi?” tarzida qo‘yish to‘g‘riroq bo‘ladi. Fikrimizcha, buning sababi olim “Isyon va itoat”ning o‘ziga xos ifoda yo‘sinini hisobga olmagani, unga realistik roman, yana ham aniqrog‘i, “Muvozanat” mezonlari bilan yondashganidadir. Jumladan, munaqqidning “Akbar qamoqdan chiqqach, keyin uning birdaniga Chelyabinskda yurganligi ma’lum qilinadi”,- deyishi asarning syujet-kompozitsion qurilishidagi o‘ziga xoslikni hisobga olmaslik natijasidir. Avvalo, Akbar “birdaniga Chelyabinskka” borib qolgani yo‘q: uchinchi bobda tabib bilan bemor dialogi orqali uning qamoqdan chiqqani xabar qilinadi, – to‘rtinchi bobda Akbarning ustoziga: “nima qilishimni bilmayapman. Chiqqanimga ham bir oy bo‘ldi, lekin ishga hech qo‘lim bormayapti. Maktabga esa olishmas ekan...” degan izhori beriladi, – sakkizinchi bobda jujuq bolakay tilidan ro‘zg‘ordagi qiyinchiliklardan xabar berilib, Akbarning “polaponlarini yuzlaridan cho‘lp-cho‘lp o‘parkan, ko‘zlariga achchiq yosh kelgani” va “bo‘ladi, go‘sht ham, ovqat ham bo‘ladi, bolajonlarim” tarzida misoli ontdek eshitiladigan so‘zlari beriladi, – faqat shulardan so‘nggina, to‘qqizinchi bobda, Akbar “Chelyabinskda yurganligi ma’lum qilinadi”. Ya’ni, muallif bu jarayonni an’anaviy romanlardagi kabi izchil va batafsil tasvirlamaydi, aksincha, rivoyadan atayin “suvni siqib chiqaradi”, bu bilan esa asosiy e’tiborni qo‘yilgan muammoga qaratadi. Atayinlik, masalan, u yoki bu personaj syujet liniyasida ketma-ket berilgan ikki voqea orasida oylar, ba’zan esa yillar bemalol tashlab ketilganida yaqqol ko‘rinadi. Ayni choqda, bu o‘quvchi tasavvurida syujet voqealarining izchil va o‘zaro mantiqiy aloqadorlikda tiklanishiga halal bermaydi. Faqat, buning uchun o‘quvchidan yozuvchi taklif etayotgan shartga ko‘nish, asarni qabul qilish mexanizmlarini shunga mos sozlash talab etiladi, xolos...

... domla bu shartga ko‘nmaydi va yana “Isyon va itoat”ga realistik asar talablarini qo‘yishida davom etadi: “keyingi boblarda qandaydir Larisa xola, tabib, Tursunboy aka degan kishilar Akbar bilan o‘zaro munosabatda bo‘lgani so‘zlanadi. Ha, faqat so‘zlanadi. So‘ngra Akbarning Diana ismli bir buzuqi ayolni sevib qolgani ham oshkor etiladi. Lekin romanda bu o‘zaro munosabatlarning mag‘zi-mohiyati badiiy tadqiq etilmaydi”. Negadir, domla bu gaplarni jiddiy aytganiga hanuz ishongim kelmayroq turadi, ular bahs qizig‘ida bexos aytib yuborilgandek tuyulaveradi... Tag‘in bilmadim-u, ammo bu yo‘sin mulohaza nomdor munaqqidga munosib emasdek. Axir, romandagi alohida syujet chiziqlari markazida turgan qandaydir Larisa xola, tabib, Tursunboy aka degan kishilar taqdiri “isyon” va “itoat” kontseptlarini teranroq badiiy mushohada qilishga xizmat qiladi-ku?! Ya’ni, yozuvchi maqsadi “o‘zaro munosabatlarning mag‘zi-mohiyatini badiiy tadqiq” etish emas, zero, ularning asar strukturasidagi o‘rni va vazifasi boshqa: biri ikkinchisini to‘ldiradi, yana birisi boshqasiga zidlanadi, birisi umumiy manzaraga nur, boshqasi soya esa tashlaydi va shu tariqa parchalardan tarkiblangan butunlik – mozaika yuzaga keladi. Ta’bir joiz bo‘lsa, munaqqid mozaika muallifiga “nega choklari qolgan?!” deya e’tiroz qiladiki, bu o‘rinda “yo sal uzoqroqdan qarab boqing, yo narigi zalga o‘tib rangtasvir asarlarini tomosha qila qoling” deyish o‘rinli bo‘ladi. Jumla ohangiga qaraganda, domla qahramonning “Diana ismli bir buzuqi ayolni sevib qolgani”ni sira hazm qilolmaydi. Albatta, inson sifatida muayyan toifaga nisbatan o‘z qarashiga ega bo‘lish, munosabatini ifodalashga hamma ham haqli. Biroq shunisi ham borki, asar badiiy voqeligida harakatlanayotgan personajga munosabatda mazkur huquq cheklangan, bu o‘rinda badiiyat qonunlari ustuvor maqom tutadi (yo‘qsa, “Tirilish”, “Kecha va kunduz”, “Xolisxon”, “Qo‘rqinchli Tehron” kabi o‘nlab asarlar adabiyotda “propiska”li bo‘la olarmidi?!). Asosiysi, asarda Akbar “bir buzuqi ayolni sevib qolgani” shunchaki oshkor etilmaydi, aksincha, sevgi har ikki qahramonning ma’naviy-ruhiy izlanishlarida muhim halqadir. Nazarimda, badiiyat hodisasiga sof axloqiy mavqedan yondashgani domlaning buni ko‘ra olishiga halal bergandek...

... aslida, munaqqidning asarda “ko‘pgina voqealar, hodisalar, rivoyatlar qalamga olinadi. Ammo ular qahramonlar taqdiri va ruhiyatining mohiyatini ochishga deyarli xizmat qildirilmaydi” tarzidagi e’tiroziga ham asarning mozaika tarzida qurilgani haqidagi mulohazamiz yetarli javob bo‘lsa kerak. Biroq shu o‘rindagi fikrni dalillash yo‘sini qiziq ko‘rindiki, bunga to‘xtalib o‘tmasak bo‘lmaydi: “asardagi asosiy qahramon Akbar o‘qituvchilik vazifasini bajarayotganida Sadr ismli o‘quvchi sinfga kirishdan bosh tortadi. “Kirmaymiz, bir haftadan keyin maktabni bitiradigan bo‘lsak, o‘qidik nima-yu, o‘qimadik nima?” deydi. Akbar achchig‘lanib Sadrni yuziga tarsaki tushiradi va shu tarsaki uchun qamaladi. Oradan ko‘p o‘tmay avf etiladi. Xo‘sh, bu voqea romanda nima uchun keltirilgan. Axir, Chexov asarda miltiq devorda osig‘liq turibdi, deyilsa, bu miltiq oxir-oqibatda otilishi kerak, degan edi-ku? “Isyon va itoat”da qalamga olingan yuqoridagi voqea esa faqat qahramon taqdiridagi bir voqea bo‘lib qolgan. Uning mag‘zi-mohiyatiga chuqur kirilmaydi va u qahramon ruhiyatining tahliliga xizmat qilmaydi”. Negadir munaqqid xayolida Akbarning achchiqlanib tarsaki urganiyu shu sabab qamalib qolgani – quruq faktning o‘zigina qolibdi. Holbuki, beshinchi bobda Akbar tilidan so‘zlab berilgan voqea mohiyati shundangina iborat emas edi. Diqqat qilinsa, bu voqea Akbar hayotidagi burilish nuqtasi ekanini, u bilan bog‘liq syujet liniyasi shu fakt mushohadasidan boshlangani bejiz emasligini anglash mumkin bo‘lardi. Shuningdek, asarda o‘sha voqea qahramonning keyingi hayotiga soya solib turgani ham yetarli darajada ko‘rsatilgan. Faqat bu, xuddi Akbarning mazkur voqea ta’sirida tug‘ilgan hayot, adolat va razolat, inson sha’ni va qadr-qimmati, fe’l-atvorining bungacha o‘ziga qorong‘u bo‘lgan tomonlari haqidagi iztirobli o‘ylovlari kabi, bir necha bobga sochib yuborilgan. Bunisi endi, yuqorida ko‘rganimizdek, asarning muallif ijodiy manerasi va niyatidan kelib chiquvchi o‘ziga xos qurilishi bilan bog‘liqdir. Shunaqa ekan, agar kimdir qismlar orasidagi aloqani ilg‘ay olmayotgan bo‘lsa, aybni asardan qidirish nojoiz. Zero, asarda Chexov aytgan miltiq otilmay qolmagan, faqat u “pilta miltiq” bo‘lmasdan, zamonaviy – “indamas miltiq” edi...

...nozik nuqta shuki, N.Xudoyberganov asarning g‘oyaviy tomonlariga ham jiddiy e’tiroz bildiradi. Jumladan, Akbarning “Nega odamzotga bunchalar hassos qalb va nozik idrokni berganing holda uni shunchalar muvaqqat va ojiz qilib yaratding?!”tarzidagi o‘ylari, munaqqidning fikricha, “insonlarning hozirgacha va bundan keyin yaratiladigan mo‘‘jizalariga, beqiyos mardligiga nisbatan hurmatsizlikdan boshqa narsa emas” ekan. Ko‘ramizki, bu – ikki turli dunyoqarash to‘qnashgan nuqta, demak, ayni masalada hakamlik noo‘rin, faqat menga bunisi yaqinroq deyish mumkin, xolos. Munaqqid o‘z qarashlarida inson “Allohning Yerdagi xalifasi hisoblanadi. Bu – Allohning Insonga ishonganligi va uni mislsiz burch hamda imkoniyatlar sohibi etib yaratilganligining ramzidir. Insonning Alloh oldidagi burchi esa o‘zining buyuk va behad imkoniyatlar bilan yaratilganligini tiriklik olamida namoyon eta olishida namoyon bo‘ladi” degan fikrdan kelib chiqadi. Garchi munaqqid buni “agar diniy tasavvurdan kelib chiqsak” qabilidagi daromaddan so‘ng aytayotgan bo‘lsa-da, mohiyatan u Uyg‘onish davrida paydo bo‘lgan, so‘ng Ma’rifatchilik mafkurasi cho‘qqiga chiqargan antropotsentrik qarashning o‘zi. Insonning behad imkoniyatlariga urg‘u berilayotgani shunday deyishga imkon beradiki, bundan sal ilgariroq aytilgan “Axir, inson Oyga chiqdi va Oy jismidan parchalar olib, yerga qaytdi. Osmondagi yana bir qancha sayyoralarni tadqiq etayotgan ham inson. Yerda-chi? Yerda odamlar qanday mislsiz kashfiyotlar qilyapti? Uning imkoniyati, salohiyati hadsiz ekanligi kun sayin ayon bo‘lyapti-ku! U hech qachon o‘zini “muvaqqat va ojiz” deb o‘ylab o‘tirgani yo‘q” qabilidagi patetik fikrlar ham shuni tasdiqlaydi. Aslida, qarashlardagi asosiy farq – inson imkonlari masalasida: munaqqid ularni umuman hadsiz hisoblasa, yozuvchi inson Yaratgan qarshisida “muvaqqat va ojiz” deb biladi, inson haddini bilmog‘i kerak deb hisoblaydi. Ayni chog‘da, yozuvchining bu qarashi “insonlik – yuksak burch” ekanini aslo inkor qilmaydi. Sirasi, “Isyon va itoat” asli shu haqda, uning yetakchi qahramonlari inson hayotining mazmuni haqida, o‘zlariga belgilangan had doirasida, Yaratgan qarshisida “muvaqqat va ojiz” qolgani holda insonlik burchini uddalash haqida o‘ylaydilar. Zero, bu XXI asr bo‘sag‘asida – ikki asrdan ziyod imkonlari cheksizligiga ishonib yashagan INSON pirovardida o‘tgan asrdan meros “atom – yadro – neytron havf”lari qatoriga “iqlimning global isishi”yu “ozon teshiklari” kabi yangi havflar qo‘shilganidan lolu hayron turgan bir sharoitda maydonga kirgan avlodga xos qarashdir...

... shu mulohazalarga tayanib, N.Xudoyberganovning: “Ulug‘bek Hamdam bu romanida o‘z ijodiy izlanishlarida oldinga emas, balki bir qadar orqaga ketgan, deb xulosa chiqarishga majbur bo‘lamiz. Bunday g‘oyaviy-badiiy jihatdan bo‘sh hamda yetilmagan asar yozuvchi uchun ham, adabiyot uchun ham yutqiziqdir”,- degan xulosasini yetarlicha asoslangan deb bo‘lmaydi. Zero, u munaqqid bilan yozuvchi orasidagi badiiy-estetik printsiplar hamda dunyoqarash bobidagi farqlardan kelib chiqayotir va shu bois ham mudom bahsli bo‘lib qolaveradi.

***

... professor S.Sodiqning fikricha, “Ulug‘bek Hamdam o‘z romani uchun asos qilib olgan afsonalarga munosabat, aniqrog‘i, ishonish-ishonmaslik ham xalqimizning hozirgi tarkibiga ko‘ra uch xil” ekan: birinchi toifa – “dinga e’tiqod qo‘ygan”lar, ular “mazkur talqinni so‘zsiz ma’qulashi muqarrar”; ikkinchi toifa – “voqelikni dunyoviy tafakkur asosida idrok etadigan”lar, ularning afsonalarni “o‘zgacharoq tushunishga va baholashga urinishlari tabiiy”; uchinchi toifa – “ateistlar yoki dahriylar”, ularning “diniy rivoyatlarga ishonmasliklari aslo shubha tug‘dirmaydi” . Albatta, umuman olganda, bu o‘rinda S.Sodiq haq: dunyoqarash ko‘p hollarda badiiyat bilan o‘quvchi orasida parda bo‘lib tushishi mumkin, yaqin o‘tmishimiz bunga keragidan ortiq dalillar taqdim etadi. Biroq ayni shu dalillar – o‘tgan asrning 30-yillaridagi adabiy tanqid amaliyoti badiiy asarni g‘oyaviy asosga tayanibgina baholash nomaqbul ekanini ham ko‘rsatadi. Afsuski, S.Sodiq maqolasida ko‘proq shu yo‘ldan borilgan. Shu darajadaki, maqolani o‘qib, beixtiyor XXI asrda, inson erkinliklari – so‘z, fikr, vijdon erkinliklari qonun bilan kafolatlangan mamlakatda, bag‘rikenglik tamoyiliga asoslangan jamiyatda yashayotganingga qayta-qayta shukrona keltirasan. Yaxshi ma’lum, adabiyotshunoslikda reministsentsiya tushunchasi bor, uning qisqacha mazmuni shuki, har qanday badiiy asarda ilgari yaratilgan asarlarning tanish “iz”lari bo‘larkan. S.Sodiq maqolasini o‘qib, bunday “iz”lar adabiy tanqidiy asarda ham bo‘lishi mumkinligiga ishonch hosil qilasiz:

• “... romandagi munozarali va shubhali falsafa...”

• “... mazkur falsafaning poetiklashtirilishi va targ‘ib qilinishi qanday oqibatlarga olib kelar ekan?”

• “... romandagi falsafaga suyanib, biroz bo‘lsa-da g‘ayriodatiy ko‘ringan xatti-harakatlarning barchasi isyon yo itoatsizlik deb talqin qilinaversa, yangidan-yangi inkvizitsiyalar-u qatag‘onlarning boshlanib ketishi hech gap emasga o‘xshaydi”

• “Muttasil itoatga da’vat etilishi oqibatida xalq manqurt darajasiga tushib qolmasmikan?”

• “...shubhali hamda bahsli bir shaklda ifodalangan isyon va itoat haqidagi g‘oyalarni jamlagan holda mutelik falsafasi deb atash to‘g‘riroq bo‘ladi.”

• “Mutelik falsafasi insonning tanqidiy nigohini o‘tmaslashtirishi tufayli yangilik va taraqqiyot yo‘lidagi to‘g‘anoqqa aylanishi hech gap emas...”

• “... mutelik falsafasi mustabid, yovuz hukmdorlar qo‘liga zulm pichog‘ini qayrab berishga xizmat qilishi kundek ravshan...”

• “... shubhali va munozarali tarzda ifodalangan mutelik falsafasi g‘oyatda kutilmagan hamda xavfli oqibatlarga olib kelishi mumkin”.

• “... chuqur o‘ylangan, ammo bahsli, shubhali va hatto xavflidek tuyuluvchi g‘oyaviy falsafasi...”

Umid qilamanki, shukrona aytganim sababi tushunarli bo‘ldi: maqola e’lon qilinganiga besh-olti yil bo‘lib qoldiyamki, “Isyon va itoat” ta’qiqlangani ham yo‘q, muallifi ham binoyidek qatorimizda yuribdi. Garchi keltirilgan fikrlarning deyarli bari “mikan”, “ko‘rinadi”, “o‘xshaydi”, “mumkin” tarzidagi gumon-ehtimol ma’nosini beradigan shakllarda ifodalansa-da, bitta fikr qayta-qayta ta’kidlab aytilgani uchunmi, ular tugal hukmday yangraydi. Ehtimol, bahslashib o‘tirish ham ortiqchadir-u, lekin beixtiyor shu yo‘sin “tanqid”lar va uning oqibatlarini ko‘raverganidan yuragi ko‘p zada bo‘lgan A.Qahhor gaplari yodga tushadi: “Adabiy vahimachilikdan hanuz qutulmagan shubha bandalari tuxumdan tuk qidiradi, maydonga kelgan har bir asarni tirnoqlab, hidlab, iloji bo‘lsa yozuvchining boshiga chertib ko‘rishni, bulardan albatta nuqson topishni, loaqal asarni shubha ostida qoldiradigan har xil imo-ishoralar qilishni, chala-yarim gaplar aytib, mishmishlarga oziq berishni o‘zining kasbi deb hisoblaydi”...

S.Sodiq yozuvchi “syujet chiziqlarini ongli ravishda bir-biriga uzviy bog‘lab yuborishga urinmagan”ini to‘g‘ri ta’kidlaydi, lekin “asardagi har bir qahramon hayotda isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida ko‘rinishlarini, shakllarini ta’kidlashga xizmat qiladi” deb hisoblaydi. Natijada, “biroz bo‘lsa-da g‘ayriodatiy ko‘ringan xatti-harakatlarning barchasi isyon yo itoatsizlik deb talqin qilinishi” mumkinligidan xavfsirayotganini unutgandek, o‘zi xuddi shu yo‘lni tutadi. Munaqqidga ko‘ra, asardagi Larisa xolaning ayanch qismati ham, Tursun jontalashning hayoti ham “isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida ko‘rinishlari”dir. To‘g‘ri, bu personajlar asarga qo‘yilgan muammoni badiiy talqin qilish uchun kiritilgan. Biroq bu ularning hayoti albatta isyon va itoat yo‘li degani emas-ku?! Durustroq o‘ylab ko‘rilsa, Larisa xolada na isyon va na itoat bor, aksincha, u mayllariga qul bo‘lish yo‘lidan bordi, shu bois payti kelib itoat ehtiyojini tuyganida ham bunga erisholmadi. Yoki Tursun jontalashni olaylik. U isyonni xayoliga ham keltirgan emas, agar Larisa xola mayllarga qul bo‘lib o‘tgan bo‘lsa, Tursun jontalash o‘zi burch deb o‘ylagan narsaga qul bo‘lib o‘tdi – oilam, bola-chaqam deya chumoliday tinib-tinchimay yashadi, burchga qullik shu darajadaki, fidoiyligini hatto joni-jahonini tikkan oilasiyu farzandlari ham singdirolmaydi. Ekzistentsial psixologiyaning yirik namoyandasi V.Frankl aytadiki: “Hayvondan farqli ravishda inson instinktlari unga nima zarurligini aytmaydi; kechagi kun kishisidan farqli tarzda bugun an’analar insonga nima qilish kerakligini o‘rgatolmaydi. O’ziga nima kerakligini va nima qilishi zarurligini bilmagani uchun inson o‘zining nimani xohlashini ham idrok etolmaydigan bo‘lib qoladi. Natijada u yo boshqalar xohlagan narsani xohlaydi (konformizm) yoki boshqalar talab qilgan ishni bajaradi (totalitarizm)” . Olimning ta’kidlashicha, har ikki holat ham inson hayotini ma’nisiz qilib qo‘yadi. Shunga o‘xshash, Larisa xola ham, Tursunboy jontalash ham o‘zlari anglamagan holda hayotdan ma’ni izlaydilar, aniqrog‘i, biri mayllariga to‘la erk berib, ikkinchisi mehnatiga andarmon bo‘lib ma’ni izlash – isyon qilish zaruratidan qutuladi. Ulardan farqli o‘laroq, Akbar bu toifalarning ikkisiga ham kirmaydi: boshqalar xohlayotgandek yashashni ham, boshqalar talab qilganni bajarib yashashni ham istamaydi - isyon ayni shu nuqtadan boshlanadi. Ya’ni, isyonning ma’nosini lug‘atlardan izlashga hojat yo‘q, uni qahramonning hayotidan ma’ni izlash qasdidagi evrilishlarga to‘liq yo‘l – Yaratgan qoshiga o‘zlikni anglagan holda borish istagidan tug‘ilgan BUYuK SAFAR tadorigi deb tushunsa bo‘ladiki, o‘zlikni anglab kelingan itoat aslo MUTYeLIK emas...

... ha, Tursun jontalash hayotidan ma’ni izlab o‘tirmadi, shu turish-turmushimning o‘zi ma’ni deya o‘zini ishontirib yashayverdi. Biroq nihoya-chi? Nega umrining so‘nggi lahzalarida qurgan imoratiga “bitta g‘isht, bittagina g‘isht yetishmyaapti...” deya to‘lg‘anadi? Nega safari qariganini bila turib o‘y-xayoli o‘sha kemtikda? Nega shu holida ham “o‘zim to‘ldirolmadim o‘sha kemtikni” deya o‘rtanadi?.. Ko‘ngli taskin topmagani, topolmayotganidan emasmi?! Demak, tabibning “o‘limgacha ulgurish”, “o‘lmasdan burun nihoyani topish” haqidagi gaplari, “natijaga har kim o‘zi kelmog‘i shart” deya ta’kidlashi bejiz emas ekan-da! Shundayku-ya, lekin buni u yoki bu darajada qabul qilish uchun S.Sodiq ajratgan toifalarning dastlabki ikkitasiga mansublik ham shart qilinadi. Ya’ni, gap aylanib yana dunyoqarashga taqaladi...

(... dunyoqarash esa turfa, u dunyoning evrilishlari bilan baravar o‘zgarib turadi, bu o‘zgarishlarni ilg‘ash uchun hayot bilan hamnafaslik talab qilinadi. Tursun jontalash sabab o‘smir yoshimda o‘qiganim P.Qodirovning “Meros” qissasi bilan “Isyon va itoat” orasida bog‘liqlik ko‘raman. Har qanday asar “katta vaqt” o‘lchamida boshqa asarlar bilan dialogik aloqada yashaydi deyiladi-ku... Mayli, bu muhim emas. Muhimi – “Meros”ni o‘qiganimda menga chinakam qahramonlik bo‘lib ko‘ringan narsaga bugun butkul boshqa ko‘z bilan qarayotganim. Shuni o‘ylab, “xayriyat, qotib qolmabman”, deyman-u, lekin... ba’zan talabalar bilan, o‘g‘illar bilan qarashlarimiz farqli ekanini his qilaman, goho, gaplarimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmay qolganida, bo‘g‘ilaman... Lekin iloj qancha, hayot shiddati tez, u bilan hamqadam bosishga qancha urinmay, yetib yurishim tobora qiyin bo‘layotgani, o‘g‘illaru shogirdlar uch qadam bosganida arang ikki qadam oldinlayotganimni, erta bu farqning yana kattarishi borligini ham his qilaman. Ko‘nmay ilojim bormi, qo‘limdan keladigani – “Fe’limni keng qil, ilohi!” deb tilash, xolos...)

... maqolani o‘qiganda, S.Sodiq asarni tahlil qilishdan ko‘ra dunyoqarashini himoya qilishni ko‘proq o‘ylagandek tuyuladi. Ehtimol, maqsad kuchlilik qilib ketganidandir, ba’zan o‘zidek tajribali munaqqidga yarashmaydigan yo‘l tutadi, asarni o‘zi xohlagandek talqin qilib, buni yozuvchi talqini sifatida taqdim etadi: “Mana shu harakat, ya’ni ukaning akaga hurmatsizligi romanda Tursunboy hayotidagi isyon sifatida talqin etiladi”. Aslida yozuvchi bunaqa talqindan yiroq, lekin munaqqid barcha personajlar hayotini “isyondan qutulib, itoatga yuz burishning alohida-alohida ko‘rinishlari” deb biladi va buni qanday qilib bo‘lsa-da isbotlashga intiladi. Munaqqid talqinda matndan kelib chiqmaydi, o‘zinikini ma’qullash uchun: “Hurmatsizlik qilganini anglashdek og‘riqli jarayondan ezilgan Tursunboy qizilo‘ngach rakiga mubtalo bo‘ladi...” deya bemalol o‘zidan qo‘shib yuboraveradi. Go‘yo romanda Tursun jontalash qilmishidan bir muddat afsuslanganiyu tezda “To‘y ma’raka nima bo‘pti, bir kun-yarim kunda o‘tar-ketar. Hayot o‘yin kulgudan iborat emas-ku! Mehnat qilish kerak, mehnat! Faqat ishlagan odamgina bahra topadi...” deya o‘zini oqlab olgani yozilmagandek. Axir, yozuvchi qahramonining ertasidanoq yana ilgarigidek o‘z ishiga andarmon bo‘lib ketganini, “Endi uning xayoli yana har kungidek o‘z ishi, o‘z tashvishi bilan band edi: akasini ham, u bilan bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsizlikni ham unutgandi...” deya ta’kidlaydi-ku! Munaqqidga buning mutlaqo qizig‘i yo‘qdek, yuqoridagi fikrini “... o‘limi oldidan uzr so‘rab akasining huzuriga boradi. Shu tariqa bu qahramon ham axloqiy qadriyatlarni buzish olovli isyon ekanligini fahmlaydi va to‘lig‘icha itoat yo‘liga qaytadi” tarzida xulosalayveradi. Albatta, asar talqinidagi bunday yondashuv haqlikni isbotlash uchun qulay bo‘lishi mumkin, biroq ilmiylikdan butkul yiroqligi ham ayon haqiqatdir.

Shunga o‘xshash, haqligini isbotlash, fikrlarini dalillash uchun S.Sodiq tarixiy-hayotiy misollarga ham o‘zi xohlaganidek mazmun yuklaydi. Jumladan, uning fikricha, “Larisa xola yoshligida kishilarning juft-juft bo‘lib yashashi-yu farzand ko‘rishidek azaliy tamoyilga qarshi isyon ko‘targan”. Avvalo, romanda bunday talqin yo‘qligini, bu yuqorida ko‘rganimiz kabi munaqqidning kashfi ekanligini ta’kidlash joiz. Zero, Larisa xola isyon qilgani yo‘q – u qarshisidagi tanlov imkonidan foydalandi xolos: ko‘p qatori tashvishu qiyinchiliklar bilan esh keluvchi yo‘lni emas, har ne jozib bo‘lsa-da yeldek o‘tkinchi hoyu-havaslar yo‘lini tanladi. Tanlovni isyon deya yanglish tushunib olgan munaqqidning xushyorligi tutadi va hech ikkilanmay yozuvchini “har qanday isyon fojiaga olib boradi, shuning uchun inson isyondan saqlanishi – itoatda yashashi kerak” degan zararli g‘oyani targ‘ib etayotganlikda ayblashga tushadi. Keyinroq esa S.Sodiq romandagi talqinni yanada jo‘nlashtiradi, endi unga yozuvchi go‘yo “o‘z vaqtida turmush qurmagan va farzand ko‘rmagan odam fojiaga, baxtsizlikka mahkum” degan qarashni oldinga surgandek ko‘rinadi va bu “qarashning shubhali” ekani dalillash uchun shoira Zebunisoni misol qiladi: “Larisa hola kabi Zebunniso ham umrida turmush qurmagan va farzand ko‘rmagan. Biroq shoira buni o‘zi uchun fojia sanash u yoqda tursin, baralla:

Mening erim ham kitob,

Baxtim ham kitob,

Hatto jannatim ham kitob,-

deb xitob qilgan. Demak, Zebunniso taqdirida isyondan itoatga qaytmaslik baxtsizlikka keltirmagandek tuyuladi”. Ehtimol, “tuyuladi” deyishi munaqqidning buni faraz sifatida aytayotganiga ishoradir, lekin mazkur fakt “qarashning shubhaliligini isbotlaydigan” dalil sifatida keltirilyapti. Avvalo, adabiyotshunos sifatida S.Sodiq yaxshi biladiki, she’r – oniy kechinma izhori, shunday ekan, shoira hayotidagi millionlab lahzalarning birida ifodalangan ko‘ngil izhori bu qadar katta umumlashmaga asos bo‘lolmaydi. Ikkinchidan, xuddi shu satrlarning o‘zi tamom aks ma’noni anglatishi yoki ularning iztirobu alamlardan tug‘ilgan bo‘lishi mumkinligini ham inkor qilib bo‘lmaydi. Ko‘rinadiki, S.Sodiq faktni o‘ziga moslashtirib talqin qilmoqda, ayrimlar jonli so‘zlashuvda buni “podtasovka” deb aytishadi. Ya’ni, aslida bu so‘zning lug‘aviy ma’nosi – “qartani o‘ziga moslab chiylash”, sodda qilib aytganda, “g‘irromlik” bo‘ladi...

(... “g‘irromlik” deganim juda keskin bo‘lib ko‘rinar-u, aslida, S.Sodiq “Larisa hola kabi Zebunniso ham umrida turmush qurmagan va farzand ko‘rmagan” deb yozganini o‘qiboq tilga beixtiyor shu so‘z kelgandi. Qarang, munaqqid avvaliga “o‘z vaqtida turmush qurmagan va farzand ko‘rmagan”lik haqida gap ochgandi, endi, zarur bo‘lib qolgach, tap tortmay asarni o‘zi qiyoslamoqchi bo‘lgan faktga – Zebuniso taqdiriga moslashtiradi: Larisa xolani umrida turmush qurmaganga chiqaradi-qo‘yadi. Holbuki, Larisa hola roman voqeligiga ilk bor kirib kelgan o‘ninchi bobdayoq “rahmatli eri”ni tilga oladi, keyin ham bot-bot “eri bilan tanishgan-sevishgan kezlarini eslab” entikib-eziladi, marhum erini tushlarida ko‘radi...)

...Xuddi shunday hol itoatsizlikning “insonlik martabasi”ga zid emasligini asoslash uchun Ezop, keyin Galiley eslatilganida ham kuzatiladi. Munaqqid inkor pafosiga berilib ketganidan bo‘lsa kerak, romanda gap Yaratgan qarshisidagi itoat haqida borayotganini unutadi go‘yo, bularning isyoni yaralmishga, uning timsolidagi zulm va jaholatga qaratilganini e’tiborga olmay, bemalol dalil qilib keltiraveradi. Hayratlanarli tomoni shuki, munaqqid uchun shu asoslarning o‘zi “itoatga yuz burmagani uchun o‘z xalqining vijdoniga aylangan Ezopni “insonlik martabasi”dan mahrum qilish aqldan bo‘ladimi?” deya muallifga iddaolar qilish yoki “itoatga yuz burmagani uchun Zebunnisoni ham insonlikka noloyiq deb qarash g‘irt bema’nilik hisoblanadi” deya ayblash uchun yetarli. Dadillik shunchalarki, qumdan qurilgan poydevorga ulkan imorat solishga aslo cho‘chimasdan “Zebunniso ham, Navoiy ham butun ongli umrlari davomida islom diniga zarra gard yuqtirmagan” deya hakamlikni zimmasiga olarkan, Hazratning o‘zi “Qilibmen oncha isyonkim agar do‘zah aro kirsam, Mening behad gunohim birla do‘zah sar-basar to‘lg‘ay...” deya tazarrular qilganini eslashni ortiqcha biladi...

... shu yo‘sin tahlildan kelib chiqib, S.Sodiq “Isyon va itoat” romanida “asosan, bir guruh kitobxonlarni, aniqrog‘i, butun borlig‘i faqat ilohiyot ruhi bilan qamralgan kishilarnigina qay darajadadir ishontiradigan, diniy ma’rifat fidoyilari tomonidan ko‘proq ma’qullanadigan g‘oyalar majmui o‘rtaga tashlangan” degan xulosaga keladiki, nechog‘li imperativ ohangda jarang topmasin, asosi bo‘shligi bois uni qabul qilib bo‘lmaydi.

***

... “Muvozanat” ham, yozuvchining boshqa asarlari ham kamchiliklardan butkul holi, degan fikrdan mutlaqo yiroqman. Ularda, xususan, “Muvozanat” bilan “Isyon va itoat”da hali sayqallanishi zarur bo‘lgan o‘rinlar talaygina, ayniqsa, til jihatidan. Umid qilamanki, kaminani kamchiliklarning bor yo yo‘qligi emas, “ularga tuzatsa bo‘ladigan, juz’iy deb qarash kerakmi yo asarning hayot-mamotini hal qiluvchi debmi?” degan savol qiziqtirgani va ustozlar fikriga tayanib mazkur savolga “Tuzatsa bo‘ladigan, juz’iy!” deya javob berganimni o‘quvchi tushunib oldi. E’tiroz qiluvchilar loaqal “O’tgan kunlar”ni yodga olsin: 1925 yilda romanning kitob holidagi birinchi bo‘limi chop etilganida, A.Qodiriy nashrning imlo va texnika tomonlari “ko‘z ko‘rib quloq eshitmagan bir yo‘sinda chiqdi” deya qattiq norozilangan. Shu bois 1926 yilda birinchi bo‘lim til tomoni jiddiy tahrir qilingan holda qayta bosilgan. Qiziq tomoni, 1925 yil nashri imlo va texnika tomonlari bilan romanning “Inqilob” jurnalida chop etilgan variantidan ko‘p ham farq qilmaydi. Bu esa 1925 yil nashridagi kamchiliklar sababi adibning “bosilishi chog‘ida hozir bo‘lolmag‘ani” yoki nashriyot bilangina bog‘liq emasligini ko‘rsatadi. Gap shundaki, romanning jurnalda e’lon qilinishi bilan kitob holida chop etilishi orasida besh yillik masofa bor. Ya’ni, adib endi o‘z asaridan tamom uzilgan, unga besh yillik hayotiy ham ijodiy tajriba yuksakligidan qarab, “udur-budurlarni” ko‘rish va bartaraf etishga har jihatdan tayyor bo‘lgan. Keyin, 1933 yil nashri oldidan ham romanga juz’iy tahrirlar kiritilgan . Aytmoqchimanki, roman tili o‘quvchini rom etadigan hozirgi ko‘rinishiga ko‘p sayqallashlardan keyingina kelgan... Diqqat qilinsa, “Muvozanat”ning jurnal varianti bilan kitob holidagi birinchi (2004) va ikkinchi (2007) nashrlari orasida sezilarli farq borligini ko‘rish mumkin – yozuvchi ishlamoqda. Shunday ekan, unga ozroq “vaqt limiti” ajratsak haqimiz ketmasa kerak?!

Yana bir tomoni: U.Hamdam “Muvozanat”da to‘xtab qolgani yo‘q – izlanyapti va shu izlanishlari natijasi o‘laroq “Isyon va itoat”, “Sabo va Samandar” romanlari yozildi. Muhimi, yozuvchining izlanishlarida izchillik va dadillik kuzatiladi: u izlanish yo‘lida “ortidagi ko‘priklarni buzib” bormoqda. “Muvozanat”da realistik tasvir tamoyillari, “Isyon va itoatda” ramziy-majoziy talqin, “Sabo va Samandar”da lirik-romantik yondashuv bilan ramziy-majoziylikning uyg‘unlashuvi kuzatilayotgani shunday o‘ylashga asos beradi. Menga qolsa, milliy-adabiy an’analarni ruhiga singdirgan va xorij adabiyotlaridan yaxshi xabardor bo‘lgani holda bugungi kunimizda FAOL YaShAYoTGAN ijodkor vujudida bir paytning o‘zida shafqatsiz realist bilan tuzatib bo‘lmas romantik, ramzlar vositasida olamu odamni anglash payidagi intellektual bilan hassos lirik yashayotgani hech ajablanarli emas. Shunday ekan, U.Hamdam ijodiga “har bir kitobning o‘z o‘quvchisi bor” degan qoidani unutmagan holda yondashish, deylik, “Muvozanat”ga qo‘yilgan mezonlar bilan “Isyon va itoat” yoki “Sabo va Samandar”ga qaramaslik to‘g‘riroq emasmi?!

Shundaylikka shundayku-ya, lekin buning uchun, avvalo, ongu ruhimizga sezdirmaygina kirib boradigan “Mom sindromi” viruslaridan saqlanish, unga qarshi emlanib olish zarur. Unga em bo‘ladigan dori – XOLIS NIYaT, bu esa juday-la qahat mol emas, o‘zimiz istasak bas – har vaqt topiladi.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz