Êèòîáíè êèðèë àëèôáîñèäà ¢қèíã

Istiqlol dardi (Cho‘lponning ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadriji)

DILMUROD QURONOV

.... risola ustida ishlarkanman bot-bot rahmatli bobomni esladim: u kishi «bosmachi» o‘tgan, surgunlarda bo‘lgan... Bobomning o‘tmishi tufayli men — sovet pionerining ko‘nglida ne-ne iztirobu alamlar kechgani o‘zimgagina ayon. Bizga «qora» bo‘lib ko‘ringan o‘tmish oramizda tubsiz jar bo‘lib yotardi go‘yo... Rahmatli o‘tmishidan mutlaqo gap ochmas, endi o‘ylasam, bizning tushunishdan ojizligimizni anglardi, chamasi... Bugun, Cho‘lpon ruhiyatini anglashga intilish asnosi bobomni-da tushungandek bo‘laman, ko‘ngilda og‘riqli bir armon cho‘nglashib boradi...

Ushbu risolani ehtirom ila bobom Mulla O’rinboy Azizbek o‘g‘li xotirasiga bag‘ishlayman...

Muallif

Hozirda milliy uyg‘onish davri deb atayotganimiz o‘tgan asr boshidagi Turkiston ijtimoiy hayotini yillar davomida mustahkam to‘g‘on-la tushovlangan asov daryoning o‘sha to‘g‘onni qo‘porib, shiddat-la oquviga mengzagimiz keladi. Zero, botindagi qudratning zohiriy ko‘rinishi bo‘lmish bu shiddat elning qalb ko‘zi tiyrak o‘g‘lonlari dilidagi asriy umidlarni quvvatlantirib, ularni buyuk maqsadlar sari ilhomlantirgan edi. Millatning tarixiy taqdirini belgilovchi davrlarning har kuni asrlarga tatigulikdirki, vijdonli kishilarning bunday paytda shiddatli hayot oqimidan chetda turishlari aslo mumkin bo‘lmagan hodisa. Bu narsa, ayniqsa, ijod ahliga tegishdir. Bunday davrlarda yashagan ijodkorlar uchun shaxsiylik va ijtimoiylik chegaralari mavjud emasdek, ularning qalbi jamiyat hayotidagi o‘zgarishlarga hamohang urayotgandek. Aytish mumkinki, ijodkor davr ijtimoiy hayotining barometriga aylanadi: zamondoshlarni ertangi kun havosidan, izg‘irinu quyoshli kunlardan ogoh etib turishlikni o‘zining vazifasi deb biladi. Albatta, bugungi kun yuksakligidan turib ularning ijodiga turlicha baho berishimiz mumkin. Ayrimlarimiz «shu tufayli ham ularning aksar asarlari vaqt sinoviga dosh berolmadi», desak-da mumkin. Biroq, mulohaza qilaylik, o‘zimizni ularning o‘rniga qo‘yib ko‘raylik. O’sha ijodkorlar qarshisida ikki turli yo‘l mavjud edi: yo mangu mavzularga qo‘l urib boqiylikka bo‘ylovchi asarlar yaratish va yo kunning dolzarb muammolariga munosabat bildirish orqali millat, Vatan kelajagiga ta’sir etish. Shu xil tanlov imkoniyati yuzaga kelganida ko‘plab ijodkorlarimiz, hatto buyuk iste’dod sohiblari-da, butun kuchu iqtidorlarini ikkinchi maqsadga yo‘naltirdilar. Ana shunday fidoyi ijodkorlardan biri, shubhasiz, Abdulhamid Cho‘lpondir.

Zamona zaylini yaxshi tushungan, ilm-ma’rifatni qadrlagan bo‘lg‘usi shoirning otasi, anchagina taraqqiyparvar inson, madrasa ko‘rgan shoirta’b savdogar Sulaymonqul Yunus o‘g‘li farzandining «zamona iqtizosincha» bilim olishiga ayricha e’tibor bilan qaraydi. Shuning natijasi o‘laroq, yosh Abdulhamid oila muhitidayoq nafaqat Turkiston, balki Ichki Rusiya va Turkiyada chop etilgan jadid nashrlariga mushtariy bo‘lish, ularni muntazam kuzatib borish imkoniga ega bo‘ladi. Yosh Cho‘lponning dunyoqarashi o‘sha gazetalar ta’sirida, aniqrog‘i, jadidchilik g‘oyalari ta’sirida shakllanadi, u o‘zini qurshagan ijtimoiy muhit hayotini, o‘zi guvoh bo‘layotgan voqea-hodisalar mohiyatini jadidchilik ruhidan kelib chiqib tushunadi va baholaydi. Shu bois ham otasidagi she’riyatga muhabbatni yuqtirgan Cho‘lpon ijodining avvalidayoq o‘zining ijodiy kredosini aniq belgilab olgan, butun kuch-g‘ayratini «millatni uyg‘otish» maqsadiga sarf etish, bu yo‘lda badiiy so‘zni vosita qilishga qaror bergandi. Cho‘lponning matbuotdagi ilk chiqishlari qatorida sanaluvchi «Adabiyot nadir?» va «Muhtaram yozg‘uchilarimizga» nomli mo‘‘jazgina maqolalari ayni shundan dalolat beradi. Cho‘lpon «Adabiyot nadir?» nomli maqolasida badiiy so‘z san’atining xossalaridan so‘z ocharkan, asosiy e’tiborni uning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, vazifalariga qaratadi. Yosh adibning fikricha, «Adabiyot yashasa millat yashar. Adabiyoti o‘lmag‘on va adabiyotining taraqqiysiga chalishmag‘on va adiblar yetishtirmag‘on millat oxiri bir kun hissiyotdan, o‘ydan, fikrdan mahrum qolub, sekin-sekin inqiroz bo‘lur».

Ko‘rinadiki, Cho‘lpon tushunchasidagi adabiyot millatni inqirozdan saqlashi, uning taraqqiy etishiga xizmat qilishi darkor. Muallif ommaning adabiyotga befarqligidan, hatto o‘tmishda yaratilgan «ta’rix umumiylarni o‘qub anglamoqdin» yiroqligidan tashvish chekadi. Cho‘lpon Ovro‘po xalqlaridagi adabiyotga tamomila o‘zgacha munosabat haqida havas bilan yozadi, ularning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot masalasida ilgarilab ketishi omillaridan birini ayni shunda ko‘radi. Muallif havasli nigohini Ovro‘podan yurtiga o‘girib ko‘radiki, bunda ulamoyu eshonlar «to‘n kiymak», avom «choyxonalarga chiqub choy ichmak», ziyolilar esa «Ovro‘po kiyimliklariyu qiymatlik papiro‘slar»dan zavq olayotirlar. Ayni shu ma’naviy qashshoqlanish tufayli «kundan kunga ruhimiz tushub, keladirg‘on istiqbolimizga umidsiz qaraymiz», deb hisoblaydi Cho‘lpon. Maqolada adabiyotning «o‘tkur yurak kirlarini yuvadurg‘on toza ma’rifat suvi» sifatida zarurligi uqtiriladi, pirovardida «Adabiyot o‘quyluk, adiblar yetishturayluk!» degan chaqiriq yangraydi. Etiborli jihati shundaki, Cho‘lpon ayni paytda «agarda «bayoz» va bema’ni bir-ikkita kitoblar bilan qolsak» inqirozga uchraymiz, deya ogohlantiradi. Anglash mumkinki, Cho‘lpon maqolasida nazarda tutilgan adabiyot — yangicha adabiyot, shu bois ham «adiblar yetishturayluk!» chaqirig‘iga alohida urg‘u beriladi, adiblar yetishtirish masalasining dolzarbligi qayta-qayta takrorlanadi. Xo‘sh, muallif bu o‘rinda qanday adabiyotni nazarda tutadi? Bu savolga qisman «Muxtaram yozg‘uchilarimizg‘a» nomli maqoladan javob topishimiz mumkin.

Mazkur maqolasida Cho‘lpon ahli qalamga murojaat qilib, ularni «millatning eng tanqid qilinaturg‘on o‘rinlarida aralashub yurmak”ka chaqiradi. Chunki «aralashub yurulsa, andag‘i so‘zlarni, odamlarni o‘rganmoqqa bo‘ladirki, kitob betlariga ko‘chirib yozmoqqa materiyollarning eng asllari xalq orasidan olinadur». Bu gaplarni, o‘zining e’tirof etishicha, Cho‘lpon Ovro‘po yozuvchilarining tajribalariga tayanib aytadi: ular «o‘zlarining yaxshi yomon odatlari orasida yurubdular, so‘ngra qo‘llarig‘a qalam olub, yaxshisini yaxshi, yomonini yomon ko‘rsatub yozubdurlar». Anglash mumkinki, adiblarni hayotga chuqurroq kirib borishga undashdan ko‘zlangan maqsad milliy turmushni teran tahlil etib, «yaxshisini yaxshi, yomonini yomon ko‘rsatub» beruvchi haqqoniy adabiyotni yuzaga keltirish ekan. Yozuvchining bu xil adabiy-estetik qarashlari «Doktor Muhammadiyor» hikoyasida ham o‘z aksini topgan. Hikoya qahramoni Muhammadiyor Petrogradda ekanida «Turkistonning madrasa shogirdlari hayotidan olub «Umrlik shogirdlar» nomli bir ro‘mon yozdi. Ro‘mon o‘n ikki juz’ bo‘lub, Turkistonda xanuz shundog‘ milliy maishatdan oling‘on katta ro‘mon chiqmag‘on edi... Bu ro‘mon shunday mohirona yozilg‘on ediki, madrasada qirq-ellik yil turganda ham shundog‘ yaxshi va shogirdlarning madrasada o‘qumay samovarlarda davr surayotganlarini yozmoq mumkin emas edi». Muhammadiyor Cho‘lpon xayolidagi adib ideali, shu bois ham u ijodda o‘z «yaratuvchisi»ning adabiy-estetik qarashlariga muvofiq harakat qiladi. Yosh adib o‘z qarashlarini qahramoni vositasida ifodalashning o‘zi bilan qanoatlanmaydi chog‘i, satr ostida izoh berib, fikrini ochiqroq anglatishga jazm etadi: «Ushbu ro‘mon (ya’ni, «Umrlik shogirdlar»— D.Q) xayoliy va yo‘qdir. Faqat 12 juz’ bo‘lmasun va 6 juz’ bo‘lmasun, 3 juz’ qilub bo‘lsa ham shul ismda yuqorida ta’rif qiling‘on ruhda bir ro‘mon yozmaklarini muharrirlardan o‘tinaman.

Xudo muharrirlarimizga g‘ayrat bersun!»

Yuqorida yuritgan mulohazalarimiz yosh Cho‘lpon asr boshidagi Turkiston ijtimoiy sharoitida adabiyotning beqiyos katta ahamiyat kasb etishini ta’kidlarkan, tamomila yangi — realistik adabiyotni nazarda tutgan, degan to‘xtamga yetaklaydi. Rus va Yevropa adabiyoti namunalari bilan yaxshigina tanishgan yosh adib realistik adabiyotning jozibasini, uning ijtimoiy hayot muammolarini anglash va anglatish imkoniyatlarini teran his qiladi, ayni shunday adabiyot yaratish, uning vositasida millatni ma’rifatli qilish niyatlarini diliga tugadi . Cho‘lponni adabiyot maydoniga yetaklagan ayni shu nekbin niyatlar uning butun ijodiy faoliyatini yurgizgan «motor», buyuk adib «ijodining qalbi» bo‘lib qoldi.

Cho‘lponning matbuotda e’lon qilingan ilk asarlaridayoq millatning ma’naviy qashshoqlanishiyu yurtining tutqunligidan yuragi pora bo‘lgan, o‘zining buyuk armonlariyu dardlarini ommaga yuqtirib, uni mavjud holatdan chiqishga da’vat qilayotgan bezovta qalb egasi bor bo‘yini ko‘rsatib turadi. Uning matbuot yuzini ko‘rgan ilk asari «Turkistonli qardoshlarimizga» deb nomlanuvchi she’rdir. Agar badiiyat nuqtai nazaridan qaralsa, she’r anchagina zaif, uslubiy g‘alizliklaru vazndagi saktaliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Albatta, boshlovchi shoir uchun bu nav kamchiliklar tabiiy ham. Biroq biz ko‘proq boshqa jihatni o‘ylab, maqsadimiz Cho‘lpon qarashlaridagi o‘zgarishlarni, uning diliyu ongida kechgan ziddiyatlarni kuzatish orqali ruhiyatini tushunishga intilish bo‘lganligi vajhidan badiiyat masalalarini imkon qadar chetlab o‘tishga harakat qilamiz. Alalxusus, mazkur she’rda Cho‘lpon, o‘zi aytmoqchi, «millatning eng tanqid qilinaturg‘on o‘rinlari»ni ko‘rishga intiladi, ularni tasvirlash orqali omma qarshisiga ulkan ko‘zgu qo‘ymoqchi bo‘ladi go‘yo. She’rning boshidayoq:

Ilmu ma’rifat ham xunardan qoldi mahrum bizni xalq,

Ma’rifatsizlik balosiga yo‘liqqon bizni xalq,—

deya o‘zining asosiy xulosasini beradi-da, endi shu da’voning isboti, sharhiga o‘tadi. Shoirning fikrlarida hali yarq etib ko‘zga tashlanuvchi originallik ko‘rilmaydi, u aksariyat jadidlar kabi o‘ylaydi, mavjud ahvolni umuman jadidchilik nuqtai nazaridan baholaydi. Xususan, ahillikning yo‘qligidan, millatning «boshiga shuncha kulfatlar kelsa ham ibrat olmasligi»dan, farzandiga ilm berishdan ko‘ra ko‘proq to‘y-hashamga e’tibor beruvchi otalardan zorlanishlar o‘sha davr jadid nashrlarida bot-bot takror etiluvchi gaplar edi. Biroq, e’tibor berilsa, shu she’rning o‘zidayoq Cho‘lpon uchun ijtimoiy dardning shaxsiylanib ulgurganini sezish mumkin. Uning «bir kishi millatparast o‘lsa deyurlar dahri deb», «to‘g‘ri yo‘lga boshlasang egri xohlar bizni xalq» degan satrlarida tom ma’nodagi shaxsiy kechinmalar botinday tuyuladi bizga. Zero, Cho‘lpondek hissiyot kishisi jadidchilik g‘oyalari bilan o‘zi gurillab yongani holda yon-veridagilarning mudroq qalblarida ham shu olovni yoqmoqni niyat qilgani, o‘zi uchun kutilmagan holda loqaydlik, befarqlikka to‘qnash kelgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Balki shuning uchundir, she’rda biroz xafalik aralash alam, umidsizlanish kayfiyati zuhur qiladi. Bunday holatda o‘z foydasini o‘zi anglamagan kishilardan zada qalbning:

Kes so‘zingni, ey qalam, bas muncha faryoding yetar,

Ko‘p baqirsang og‘zingga toshlarni otgay bizni xalq,—

deya o‘ziga xitob etishi, alamli fig‘oniga biroz arazlagannamolikka o‘xshash ohanglarning-da ilakishib kelishi tabiiydek ko‘rinadi. O’ylashimizcha, she’rda kuzatilgan kayfiyat birmuncha vaqt yosh Cho‘lpon dilida ustuvor bo‘lgan. Shu bois ham oradan bir oylar o‘tar-o‘tmas chop etilgan «Qurboni jaholat» hikoyasida ham shu xil kayfiyat sezilib turadi.

Avvalo shuni aytish kerakki, Cho‘lponning ilk hikoyalari qahramonlari hali to‘la ob’ektivlashib ulgurmagan, ya’ni ular bilan muallif orasidagi masofa doim ham saqlanmaydi, adib ko‘pincha o‘zining o‘y-fikrlarini ularning tilidan aytishga harakat qiladi. Cho‘lponning o‘zi kabi, hikoya qahramoni Eshmurodning qarashlari ham gazetalar ta’sirida shakllangan: o‘zi yashayotgan muhit sharoiti bilan kelisholmayotgan, bu tarzda yashab bo‘lmasligini chuqur his etgan yigitni na otasi, na tengdoshi Mo‘minjon va na boshqalar tushunadi, u o‘zini yakkalangan, shu bois ham muhit qarshisida juda ojiz sezadi. Ayni shu ojizlik hissi Eshmurodning umidlarini so‘ldiradi, ruhiga tushkunlik soladi: «G’azitaning qay yeriga qarasa turkistonli bechoralarning ilmsiz va hunarsiz holda maishat qilganlariga taassuf qilib yozadur. Yana diqqat... Yana hafalik... Bu bizning Turkistonimiz g‘aflatdan uyg‘onurmu? Yo‘qmi? Biz bunday holda bo‘lsak bitamiz... inqiroz topamiz... O’qug‘anlarimizni kofirga hukm qilamiz. Ammo o‘z bolalarimizning odati vahshiyonalariga deyar so‘zimiz yo‘qdir. Biz bu holda bo‘lsak kishi qatoriga sanamaylar. Ovro‘polilardan odati qabixalarini kasb qilurmiz. Ammo madaniyat, funun va sanoi’lariga ko‘z yumub tururmiz. Biz odam bo‘lmaymiz... bitamiz... inqiroz bo‘lamiz... Oh, jaholat!!! Bitduk, bitduk... O’lduk, tirilmaymiz». E’tibor bering-a, Eshmurodning o‘ylaridagi ko‘p o‘rinlar «Turkistonli qardoshlarimizga» she’ridagi qarashlar bilan mushtarak. Biroq she’rning lirik qahramoni bilan hikoya qahramoni kayfiyati ruhiyasida yaqinlik bo‘lgani holda, ularning mutloq mosligi haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Nega? Eshmurodning ruhiy iztiroblari yolg‘izlanib qolgani, o‘ziga hammaslaklar topolmaganiyu faoliyatsizligi tufayli chuqurlashadi. Qahramonidan farq qilaroq, Cho‘lpon faol ijtimoiy harakatga kirishgan, o‘zi bilan hammaslak kishilar-la yaqin aloqada edi2. Bundan anglashiladiki, tushkunlik kayfiyati Cho‘lpon ruhiyati uchun, garchi bot-bot takrorlanib tursa-da, epizodik hodisa bo‘lgani holda, Eshmurod ruhiyatining turg‘un sifatiga aylanib qolgan.

Ko‘rinadiki, Cho‘lpon Eshmurod obraziga qisman «o‘zini» singdiradi: vaqti-vaqti bilan dilini chulg‘ovchi tushkunlik kayfiyatini qahramon ruhiyatiga o‘tkazib, bu holatni ijodiy rivojlantiradi — faoliyatsizlik, ham undan o‘sib chiquvchi yolg‘izlik fojiasini ko‘rsatishga intiladi. Bu esa, bir tomondan, muallifning qahramonlaridan uzilishga intilayotganini, ikkinchi tomondan, unda katta ijodiy quvvat mavjudligini ko‘rishga imkon beradi.

Cho‘lponning ikkinchi hikoyasi «Doktor Muhammadiyor»ning boshlanishida «Turkistonning qorong‘u go‘shasida, ... nomlik uezdni shaharda» degan so‘zlarga duch kelamiz. Ayni paytda, sarlavha ostidayoq muallif hikoyaga «xayoliy» deb ta’rif beradi. Asarning boshlanishidayoq ko‘zga tashlanuvchi bu xil ziddiyat uning tabiatini ochib beradi: Cho‘lpon o‘zi bilgan real muhit fonida ideal qahramonni — o‘quvchi omma ibrat olishi lozim bo‘lgan faol shaxsni harakatlantiradi. Ya’ni, hikoya voqealari kechayotgan ijtimoiy muhit «Qurboni jaholat»dagi muhitga monand, qahramoni esa Eshmurodning tamom aksi. Umuman, Cho‘lpon o‘zi tasvirlayotgan muhitga munosabatini ifodalash uchun qarshilantirish usulidan unumli foydalanadi. Biroq, shunisi borki, qarshilantirilayotgan tomonlarning har ikkisi doim ham matnda zuhur qilmaydi: ulardan biri «tekst»da ko‘rilsa, ikkinchisi «kontekst» (davr muhiti, adibning shu davrda yozgan boshqa asarlari) dan anglashiladi. Deylik, o‘g‘lini ilmli qilishga astoydil bel bog‘lagan Xoji Ahmad avvalgi hikoyada ko‘rganimiz Eshmurodning «nodon va johil» otasiga qarshi qo‘yiladi. Yoki Muhammadiyorning birinchi ustozini olib ko‘raylik. Hikoyadagi ko‘p o‘rinlar muallimning jadidchilardan ekaniga ishora qiladi: Ufa madrasai Oliyasini bitirgani, kiyinishiyu tashqi qiyofasi («ba’zi boylar muallimning qiyofasini ko‘rgan hamon eshigidan kirg‘uzmasdan haydamakda»), ziyo tarqatish yo‘lidagi fidoiyligi. Fidoiyligi shunchalarki, ilmga chanqoq shogirdining o‘qishini davom ettirishiga yordam berishlarini so‘rab «shahar mo‘tabaroni huzurlariga» bosh urib boradi. Jadid ziyolisining bu fazilatlarini Cho‘lpon hayotda o‘zi guvoh bo‘lgan va matbuotda tanqid qilgani mudarrislarning manfaatparastligi («Bahor avvallari»), axloqiy tubanligi («Madrasalarimiz ahvoli»)ga qarshi qo‘yadi. Ayni paytda, adib o‘qitishning samarasidan so‘z yuritib, muallimning bir yildayoq shogirdini «butun ahkomi islom, tarix va jo‘g‘rofiyolarni mukammal biladi»gan darajaga yetkazganini yozadiki, bu bilan usuli jadidaning usuli qadim qarshisida afzalligini ta’kidlab o‘tadi.

Cho‘lpon el ichida Muhammadiyordek iqtidorli yoshlarning ko‘pligiga ishonadi, ularning ro‘yobga chiqishiga moddiy qiyinchiliklaru jamiyatdagi madaniy-ma’rifiy saviyaning pastligi — johillik imkon bermayotir, deb hisoblaydi. Keng yurtda Muhammadiyorning o‘qishini davom ettirishiga yordam beruvchi biror kishi topilmayotgan bir paytda «shaharda katta to‘ylar bo‘lmakda, qimorbozlar, mastlar bir-birlarini pichoqlashub, inson qonlari «jaholat!!! jaholat!!!» deb oqmaqda edi!... Birdan-bir bo‘lg‘on shogirdlarga yordam jamiyati aqchasizlikdan to‘xtag‘an edi!» Yosh adib o‘z yurtida ko‘rayotgani bu ahvolni Bokudagi ahvol bilan chog‘ishtirib ko‘rishga undaydi o‘quvchisini. Muhammadiyor Bokuga kelib, «Jamiyati xayriya»ga murojaat qilgach, «biroz a’zolar maslahat qilg‘onlaridan keyin Muhammadiyorni oliy tahsiligacha jamiyat o‘z hisobidan o‘qutmoqqa qaror berdi». Cho‘lpon shu o‘rinda «o‘z vatanidan va o‘z vatandoshlaridan yordam ko‘rmagan Muhammadiyor Boku yoshlarining himmatlari ila umidiga yetushdi» deb yozarkan, gaplarida havas va o‘kinch ohanglari zuhur qiladi. Biroq bu kayfiyat alamzadalikka yetaklamaydi, chunki Cho‘lpon ham, qahramoni Muhammadiyor ham avvalo «vatan menga nima berdi?» deb o‘ylaydigan xudbinlardan emaslar. Shu bois ham Cho‘lpon o‘qishini davom ettira boshlagan Muhammadiyor haqida «eng muqaddas amaliga yetdi. Endi oz bo‘lsa ham o‘zini xor qilgan vatan va vatandoshlariga xizmat qilajak edi» deb yozadi. Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishlikni muqaddas burch sanagan adib qahramonini ham shunga muvofiq talqin qiladi. Muhammadiyor qaerda bo‘lmasin, mana shu muqaddas burchni unutmaydi, shu bois ham o‘zi katta obro‘-e’tibor topgan Bokuni-da qo‘yib, vataniga «qo‘ldan kelgan qadar xizmat qilmoq» uchun Turkistonga qaytadi. Uzoq yillik ayriliqdan so‘ng yurtiga qaytayotgan Muhammadiyor o‘zi ko‘rgan mutaraqqiy mamlakatlar — Italiya, Frantsiya, Shveytsariyadagi hayot tarzi bilan Turkiston hayotini qiyoslab iztirob chekadi. Endi u ko‘nikib qolgan manzaralar o‘rnida «pastgina hashak va loydan yasalgan binolar va onlarda safil bir holda yashagan musulmonlar! Topganin bachcha, uloq, ichkilikka ham domla-eshon va boylarga shaldiratub to‘n va zarboblar bergan, boylar qo‘lida bir qul hukmida bo‘lib yurgan o‘zbeklar, qozoqlar, turkmanlar» namoyon bo‘ladilar. Chog‘ishtirish uning dilida umidsizlik hosil qiladi, chunki «ko‘bni bilgan, ko‘bni ko‘rgan» Muhammadiyorga «razolat va safolat» qo‘ynida yashayotgan xalqining «taraqqiy va tamaddunlarini ko‘rmak» nechog‘li og‘ir masala ekanligi ayon edi. Muhammadiyor yaxshi biladiki, ona yurtining «buyuk-buyuk, yashil-yashil tog‘lari Isveycharadan kam emas edi. Nahr-nahr oqib turg‘on suvlari va nima eksa shuni olsa bo‘ladurg‘on mahsuldor tuproqlari ila Amriqodan hech kamligi yo‘q edi». Biroq ayni paytda bu yurt «ilmsiz boylari, johil «olim»lari, yolg‘on eshonlari va isrofning koni bo‘luv ila hech narsaga o‘xshamas edi». Ko‘ramizki, Muhammadiyorning fikricha, Turkistonning taraqqiy etishi uchun barcha tabiiy imkoniyatlar muhayyo, biroq shu imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarishi mumkin va lozim bo‘lgan omma jaholat qo‘ynida, shu bois ham o‘z foydasini o‘zi anglaganicha yo‘q. Agar «xalq o‘z foydasini anglasa», ya’ni, maorifga jiddiy e’tibor bersa, Yevropa dorilfununlarida bolalarini o‘qitib zarur mutaxassislar yetishtirsayu ularning «har biri o‘z vazifalarinda turib ishlarin tartibi ila yurguzsalar va xalqimizning foydasini kuzatsalar, naqadar oliy va naqadar go‘zal bo‘lur edi!» Muhammadiyorning mazkur nurli xayollariga-da umidsizlik soya soladi, chunki «bunlarning bo‘lishiga ko‘zi yetmaydi» uning. Ko‘rib turganimizdek, muallif qahramoni ongidagi umid va umidsizlik kurashini bir tomonga hal qilmaydi — masalani ochiq qoldiradi. Buning sababi, fikrimizcha, hikoya ustida ishlayotgan Cho‘lponning o‘zida shu xil ziddiyatning mavjud bo‘lganligidadir. Da’vomizni asoslash uchun Cho‘lponning «Doktor Muhammadiyor»dan salgina ilgari yozilgan «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik» nomli maqolasiga murojaat etamiz. Maqolaning ilk jumlalaridayoq yuqorida ko‘rganimiz Muhammadiyorning o‘ylariga hamohang o‘rinlar ko‘zga tashlanadi: «Butun Rusiyada manbatlik (hosildorlik D.Q.) jihatidan vatanimiz Turkistonning ilg‘orda ekanligi hammaga ma’lumdir. Va hatto butun dunyoda manbatlikning birinchisi Amriqo bo‘lsa, bizning Turkiston ham ikkinchi sanaladur». Maqolani yozish paytida Cho‘lponni shunchalar unumdor yerlarni makon tutgan xalqning nechun bunchalar harob yashashi o‘yga toldirgan ediki, keyincha xuddi shu narsa Muhammadiyorning o‘ylariga ko‘chadi. Turkiston dehqonlarining ayanchli ahvoli, muallifning fikricha, «ekin mashinalari»ning ishlatilmasligi va shu bois mehnat samaradorligining kamligi bilan izohlanadi. Jamiyatdagi jamiki illatlar ildizini johillikda deb tushungan Cho‘lpon dehqonlarning «ekin mashinalari» ishlatmasligining sababini ham shunda deb biladi. Shu bois ham muammoning yechimi oson ko‘rinadi unga: gazeta-jurnallar, yoshlar dehqonlarga «shundog‘ foydalik narsalarni bildirsalar va tushuntirsalar, xalq turmushini yengillik tarafig‘a necha odum otlatqon bo‘lur edilar». Chamasi, Cho‘lpon avvaliga maqolani davom ettirishni maqsad qilmagan ko‘rinadi, zero, uning davomliligidan dalolat beruvchi biron bir ishora ham yo‘q. Biroq oradan birmuncha vaqt o‘tgach, adib shu nomda yana bir chiqish qiladiki, unga alohida e’tibor berish maqsadga muvofiqdir: «O’tgan maqolamda,- deb yozadi Cho‘lpon,- dehqon qardoshlarimizdan hech birlarining zirorat mashinalari ishlatmaganliklarini yozgan edim. Maqolani yozgandan so‘ngra qishloqlarda yurub, o‘zum dehqonlar bilan ko‘rushub fikr olishdim. Endi alarning fikrlarini o‘ylag‘on millatparvar kishi ko‘zlaridan qonlik yoshlarini oquzmay mumkin emas». Maqolaning boshlanishiyoq muallif qarashlarida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganidan dalolat beradi. Dehqonlar bilan uchrashib, ularning dardlari bilan yaqindan tanishgan adib masalaga kengroq yondashish zarurligini chuqur his qiladi. Bu uchrashuvlar ilgari texnikadan foydalanmaslikni johillikdangina deb bilgan Cho‘lponga buning boshqa, tubda yotuvchi anchagina jiddiy sabablarini ochib beradi: «durust, ziroat mashinalari foydalik ekan, ammo pul kerak, bizning qo‘limizda bo‘lsa naqd tayyor pul yo‘qdur», deya e’tiroz bildiradilar unga. Cho‘lpon qishloqlarda yurib ko‘rgan, bilgan muammolarni, dehqonlarning dardlarini gazeta sahifalariga olib chiqadi: «Paxta eksak g‘o‘za-poyasigacha, bug‘doy eksak somonigacha qarzimiz badaliga xo‘jayinlarimiz boylarga olub borub beramiz. Yana ikkinchi ekinga beradurg‘on bo‘lub boylardan pul olub, qish ichi bola-chaqalarimiz ila avqot o‘tkaramiz... Chigitga pul deb borsak, xo‘jayinlar so‘kub, har turli haqoratlar ila yig‘im-terim vaqtida 100 so‘m qilub berishga o‘rtacha 40-50 so‘m pul beradurlar...» Qishloqda yurib ko‘rganlari, dehqonlardan eshitganlari Cho‘lponni o‘zini anchadan beri qiynab kelayotgan muammolarning hal etilishi oson bo‘lmasligiga amin qiladi. Ya’ni hayot bilan chuqurroq tanishishi barobari adib o‘zining ko‘proq gazeta-jurnallar ta’sirida shakllangan qarashlarini konkretlashtirish, aniqlashtirish ehtiyojini seza boshlaydi. Ayni shu narsaga urinish maqolaning uchinchi qismi (ya’ni, shu nom ostidagi uchinchi chiqish)da ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Cho‘lpon mazkur chiqishida «Turkistonga taraqqiy davri kirgandan beri» gazetalarda «Ilm kerak! O’qimoq kerak!» deya qichqirib kelingani, shu qichqirish natijasi o‘laroq «O’qumoq va o‘qutmoq ishlari sekin bo‘lsa ham oldinga bosgani», gazeta-jurnallar chop etilib turganiyu «hamma shaharlarda «yangi usul» maktablar ochilganini» ta’kidlaydi.

Biroq, adibning fikricha, boshqa bir muhim masala ham borki, u haqda «yozg‘uchi ham, o‘qug‘uchi ham yo‘q». Cho‘lpon o‘quvchilar e’tiborini, xususan, maslakdoshlari e’tiborini mana shu muhim masalaga qaratmoqchi bo‘ladi: «hayxot, ziroat ishlarimiz tamom harob! harob! harob!.. Oldinga bir odum otulgani hech ko‘rulgani yo‘q. Bir tanob yer qishloqda ming so‘mga chiqdi. Ammo yer dehqonda emas, millatga, xalqg‘a iona bermay tek saqlab yotadurg‘on boylarda. Oh, shul bizni tamom kuyduradur». Cho‘lpon o‘z fikrlarini asoslash uchun o‘n-o‘n besh yil ilgarigi maorif va ziroat ishlaridagi ahvolni qiyoslaydi: birida oz bo‘lsa-da oldinga siljish, ikkinchisida orqaga ketish bo‘lganini ko‘rsatishga harakat qiladi. Cho‘lpon o‘z mulohazalarini odatdagidek murojaat bilan yakunlaydi: «Yozayluk, qarindoshlar, ziroatdan! Yozayluk, qarindoshlar, iqtisoddan! Alar bo‘lsa, maktab ham bo‘lur, ilm ham bo‘lur. Dehqonlar boylar qo‘lidan, qullik, asirlikdan qutulsa, hammasi bo‘lur. Yozayluk, qarindoshlar!..» Ko‘rinadiki, Cho‘lpon jadid ma’rifatchiligi mavqeida turgani holda millatni taraqqiy ettirish uchun ilmu irfonning o‘zi kifoya emasligini, buning uchun jiddiy iqtisodiy va ijtimoiy islohotlarni amalga oshirish zarurligini anglay boshlagan. Ayni paytda, Cho‘lpon ma’rifat va iqtisod munosabatini o‘zgacharoq («alar bo‘lsa maktab ham bo‘lur, ilm ham bo‘lur») tushuna boshlaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirish uchun esa ijtimoiy munosabatlar («dehqonlarni qullik, asirliqdan qutqarish»)ni o‘zgartirish, isloh qilish darkor.

Eng muhim nuqta — islohni qay yo‘sin amalga oshirish masalasida Cho‘lpon hali tugal bir fikrga ega emaski, bu narsa uning ongida ziddiyatli o‘ylar kurashi, izlanish jarayoni kechayotganidan dalolatdir. Yuqorida aytganimizdek, ayni shu jarayon Muhammadiyorning o‘ylarida o‘z aksini topgan. Shu bois ham Muhammadiyor «xalq o‘z foydasini anglasa» deya surgan xayollarining-da amalga oshishga ishonolmaydi. Cho‘lpon qahramoni ruhiyatidagi umidsizlikni izohlab yozadi: «Chunki borgan sari orqaga ketmakdamiz... taraqqiy asari ko‘rulmasdan, bir taraqqiyga o‘n tadanniy tayyor turadir». Cho‘lpon qahramonining nima uchun «ko‘zi yetmasligi»ni izohlamoqchi bo‘lgani holda nima uchun o‘zining ko‘zi yetmayotganini izhor qiladi. Shu o‘rinda adib qahramoni ruhiy holatini izohlayotganini, baski, jumlalar shunga muvofiq bo‘lishi lozimligini unutib qo‘yadi go‘yo. Aytmoqchimizki, yuqoridagi gap mazmun jihatidan uzoq vaqt yurtidan ayro yashagan odamga emas, ko‘proq shu yurt qozonida qaynayotgan kishiga — Cho‘lponning o‘ziga taalluqlidir.

Vujudini kemirib yotgan umidsizligu ongidagi keskin ziddiyatlarga qaramay, Muhammadiyor yurtiga qaytib ma’rifatchilik harakatiga astoydil kirishadi, o‘zining kichkinagina shaharchasida ulkan ishlarni amalga oshiradi. Ko‘ramizki, Cho‘lpon ibrat uchun yaratayotgan qahramonini o‘zgacha talqin qilolmaydi, chunki uning o‘zida kechayotgan ziddiyatli izlanishlar hali yechimini topgani, qarashlari yaxlit tizim holiga kelganicha yo‘q. Ya’ni, qarashlari birmuncha «so‘l»lashgani holda Cho‘lpon jadid ma’rifatchiligi mavqeida qoladi.

Jadidchilik harakati millatni ma’rifatli qilish, taraqqiy ettirish orqali erishishni ko‘zlagan bosh maqsad yurt ozodligi, ISTIQLOL bo‘lganligi ayon. Biroq o‘sha davr sharoitida bu maqsadni oshkor etish, xususan, chor tsenzurasi ko‘rigidan o‘tuvchi nashrlarda istiqlol g‘oyalarini ochiq-oshkor ifodalash mumkin bo‘lmagan hodisa edi. Shunga qaramay, gazeta-jurnal sahifalaridan bot-bot shu g‘oyaning uchqunlari sachrab turardiki, bu uchqunlar omma yuragida shu buyuk g‘oya olovini yoqishga qaratilgandi. Bu o‘rinda biz, avvalo, keyincha millatchilik deb qoralangan millatparvarlik ruhini nazarda tutmoqdamiz.

Cho‘lponning ilk asarlaridayoq o‘z millatining qullik asoratida qolganidan, zabun va abgor ahvolidan ezilib, iztiroblari chidab bo‘lmas og‘riq darajasiga yetayozgan bezovta qalb ko‘zga tashlanadi. Adibni o‘rtagan dard uning millat haqidagi mulohazalarida, qahramonlarning o‘ylariyu voqea-hodisalar tasvirida jigar qonidek silqib turadi. Qahramoni Muhammadiyor «ilm va ma’rifat ila dunyoga nom chiqarg‘on Turkistonning» ayanch ahvolini ko‘rib «hafachilikdan sil kasaliga yo‘luq»qani kabi, Cho‘lpon ham yosh chog‘idayoq millat dardi bilan og‘rigandiki, davosi topilmagan bu dard uni umrbod azoblab, ayni kuchga to‘lgan paytida mahv etilishiga sabab bo‘lgandi.

Ma’rifat nuridan qalb ko‘zi ochilgan, ko‘p narsani anglagan Cho‘lpon uchun har qadamda millatdoshlarining kamsitilishini, tahqirlanishini ko‘rib turishlik, ularni himoya qilishga ojizligini tuyub yashashlik bag‘oyat og‘ir edi. «Doktor Muhammadiyor»ning qator o‘rinlarida ayni shu narsaning aks ettirilishi ham fikrimizni dalillaydi: «qo‘rqinch manzaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonag‘on, bir musulmonni po‘ezd ma’murlari tutib olub uradirlar... Muhammadiyor chidayolmadi. Po‘ezdning tashqarisiga chiqub» ketdi. O’ylashimizcha, Cho‘lponning bir-biri bilan mushtlashayotgan va ayni paytda o‘zgalar tarafidan kaltaklanayotgan musulmonlar haqida bir joyning o‘zida yozishi bejiz emas ko‘rinadi. Keyinroq adib Muhammadiyor yaratgan ro‘monda «ilmsiz boylarning poytaxt no‘mirlarinda til bilmay, ilm bilmay va ajnabiylar tarafindan o‘zlariga qiling‘on haqoratlar g‘oyat mohirona suratda ko‘rsatilg‘on»ligini yozadi. E’tibor bering-a, Cho‘lpon oddiy kishilarning kaltaklanishidan qanchalik iztirob cheksa, boylarning haqoratlanishidan ham shunchalik iztirobga tushadi. Nega shunday? Axir «millatga iona bermay bosib yotadigan», koni isrof to‘ylar qilgani holda ma’rifatga qayishay demaydigan, dehqonlarni xonavayron qilayotgan boylarni nafrat-la tanqid qilgan ham Cho‘lpon edi-ku? Ha, shunday. Lekin gap millat masalasiga borib taqalganida, Cho‘lpon boyu kambag‘al, yaxshiyu yomonga ajratib o‘tirmaydi, bunday qilishlikka dil tubida ardoqlagani — milliy istiqlol g‘oyasi imkon bermaydi. Boz ustiga, uning birmuncha «so‘l»lashgani ham aslida milliy istiqlol va taraqqiy yo‘llarini izlash natijasi, ularga yetishni tezlatish orzusining mahsuli sifatida yuzaga kelgandi. Millatdoshlariga yetgan ziyon-zahmat adibning yuragiga nashtarday botadi: «shaharda katta bir o‘t chiqub, musulmon mahallalaridan 6-7 mahalla kuyub, musulmonlar sohiblari ko‘chalarida och-yalang‘och qoldilar. O’rtada bir armani magazini kuygan bo‘lsa ham, armani magazinini istraxavayt qildirganidan zarar oz edi. Oh, bizning musulmonlar-chi? Bizning musulmonlar istraxavaytning nimaligini bilmaydurlar edi. Bilganlari harom, deb qildurmagan edilar... Bu hollarni ko‘rganda odam qandog‘ chidab turolsun? Qaysi vijdon bunga taxmil etsun?..» Muhammadiyor ko‘zi bilan ko‘rilgan bu hol ham, aslida, Cho‘lponning armonlari, iztiroblarini qarshimizda namoyon qiladi. Adib boshpanasiz qolgan musulmonlar qismatiga dildan achingani holda, ularning islom ahkomlarini mutaassiblarcha tushunishlariga kuyadi. Aksariyat yurtdoshlarining yangicha iqtisodiy munosabatlar sharoitiga ko‘nikib ketolmayotganlari, bundan o‘zgalar ustalik bilan foydalanayotganlarini ko‘rib o‘rtanadi. Axir, «bir armani, Qofqozning qorong‘u go‘shalaridan kelub, istansada do‘kon ochub, boy bo‘lub, ikki o‘g‘lini hukumat maktablarida» o‘qitsa-yu, shu yurt egalari mavjud imkoniyatlardan foydalana olmasalar! Yangicha iqtisodiy munosabatlar sharoitida aql va tadbir bilan ish yuritish lozimligini yaxshi bilgan Cho‘lpon maqolalaridan birida: «Har kuni gazetalarda «faloniy sindi», «faloniyni vekseli protest bo‘ldi, do‘koni pechatlandi» deganga o‘xshash qo‘rqinchli xabarlarni o‘qib eshitmoqda va ko‘rib bilmoqda bo‘lsak ham, ammo ibratlanmaymiz. Sababini hech tekshirmaymiz. Yolg‘uz «bozor kasod» deb o‘taberamiz. Ammo bozorni kasodlig‘iga nima sabab ekanligini tekshirmaymiz»,- deb yozadi. Cho‘lpon millatdoshlarining iqtisodiy bilimlarni egallashlarini, ajnabiy korchalonlar bilan rostmana raqobat qila oladigan tadbirkoru tujjorlar yetishishini orzulaydi.

Biroq hayotda buning aksini ko‘rayotgani, yangicha sharoitda hamon eskicha ish yuritayotgan, bilimlarini oshirish tugul elementar iqtisodiy bilimlarga ham ega bo‘lmagan yurtoshlarining tez-tez sinishlari, ajnabiy korchalonlarga, katta firmalarga «em» bo‘lib ketayotganlari uni chinakam tashvishga soladi. Shu bois ham adib mazkur masalaga ayricha e’tibor beradi, yuqorida ko‘chirma keltirganimiz «Vatanimiz Turkistonda ziroat va dehqonchilik», «Vatanimiz Turkistonda temir yo‘llar» nomli maqolalari bilan ommaning e’tiborini unga jalb etmoqchi bo‘ladi. Yangi temir yo‘llar qurilishi munosabati bilan yozilgan keyingi maqolasida Cho‘lpon dastlab yer masalasiga to‘xtaladi. U o‘quvchilarni «temir yo‘lning bormog‘i ila tanobi 100 so‘mlik yerlar albatta 1000 so‘mga chiqishi»dan ogoh etadi, pulga qiziqib yer sotish nojoizligini ta’kidlaydi. Chunki «zamonamiz shundog‘ zamondurki, tirikchilik bilan raqobat qilmoqg‘a, maishat zulmidan qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur». Yersiz qolgan dehqonlar fojiasi bilan yaxshi tanish bo‘lgan Cho‘lpon ularning safi kengaymasligini istaydi. Sodda dehqonlar masalaning iqtisodiy jihatlarini tushunishlariga ko‘zi yetmaganmi, har tugul, adib o‘zgacharoq yo‘l bilan-da fikrini singdirishga intiladi: «O’zimiz dunyoga yalang‘och ko‘yincha kelib, onamiz — vatanimiz, tuprog‘imiz bizni boqar, rizq berar, katta qilar, dunyoda yashatar. Ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan, kufroni ne’mat qilg‘on bo‘lurlarki, ko‘b yomon gunohga botarlar».

Temir yo‘llarning o‘tkazilishi yurtni obod qilishi, chekka joylardagi hayotni jonlantirishi, «qishloqlarga ham madaniyat» olib kirishini o‘ylab quvongani holda Cho‘lpon qishloqlilardan «Ovrupo mo‘dasi»ga uchmaslikni o‘tinadi: «Ovruponing mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan, asir-qul qiladur. Bundan saqlaningiz!» Ayni paytda adib: «Ovruponing maktab, madrasa, ilm-fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni ozod, ma’mur, olim qilub, johillikdan, asorat-qulliqdan qutulturadur», -deya ta’kidlaydi. Iqtisodiyotni rivojlantirish masalalariga ayricha e’tibor bera boshlagan Cho‘lpon o‘zlashtirilishi lozim bo‘lgan madaniyatlar sirasiga «hunar»ni kiritarkan, bu so‘zga ko‘p ma’no yuklayotgandek, uni keng ma’noda tushunayotgandek ko‘rinadi bizga. Fikrimizcha, adib bu o‘rinda Yevropaning taraqqiyotda ilgarilab ketishiga imkon bergan qator omillar: ishlab chiqarishu ish yuritish madaniyati, xo‘jalikni boshqarish usullari, qishloq xo‘jaligiyu sanoat texnikasi va texnologiyasi kabilarni nazarda tutadi.

«Farg‘ona temir yo‘lida bir suyunadurg‘on ish» borki, u haqdagi gapni Cho‘lpon atayin maqolaning oxirgi qismiga qoldiradi. Adibni quvontirgan narsa Andijon stantsiyasi qurilishini pudratchi sifatida mahalliy ishbilarmonlarimizdan Abdulla Hamidullaevning olganidir. Cho‘lpon bilan suhbat chog‘ida pudratchining ukasi «shundog‘ katta muassasalarning foydasini ovrupolilar ko‘rub, ularning qo‘liga o‘tib ketayotganiga ichlari achishgan»idan qurilishni olishga jazm qilganlarini aytadi. Yosh adib o‘zi orzulagandek ajnabiy korchalonlar bilan raqobatlasha oladigan, muhimi, millat haqida qayg‘uradigan o‘ziga maslakdosh odamni topadi. Ularning suhbatida yana bir muhim masala ko‘tariladi: «istansalarga armani va ruslar kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdalar. Hozirda ijaraga bersalar, bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalga yaqin yerlarda, istansa atrofida endi g‘ayrimillat ko‘runmoqqa boshladi». Suhbatdoshlarni millatdoshlarining eng obod va gavjum, demakki, tijorat ishlarini yurgizishga, tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga keng imkoniyatlar beruvchi joylardan chetlashib qolayotganlari, turli yo‘llar bilan chetlashtirilayotgani tashvishga soladi. E’tibor bering: na jadid ma’rifatchisi bo‘lmish Cho‘lponda va na kattagina sarmoyador bo‘lmish suhbatdoshida masalaga tor «sinfiy manfaat» nuqtai nazaridan yondashish kuzatilmaydi. Chunki ularning har ikkisi ham asoratda qolgan millat vakillari sifatida bir maqsadni — milliy istiqlolni ko‘zlaydilar.

Albatta, milliy istiqlol endigina shakllanayotgan milliy burjuaziya uchun keng imkoniyatlar ochishi tayin edi. Biroq buni kommunistik mafkura tarafdorlari kabi «tor sinfiy manfaat» sifatida talqin qilishlik haqiqatga xiyonat qilishlikdan boshqa narsa emas edi. Sababki, shakllanayotgan milliy burjuaziya manfaatlari Turkiston sharoitida umumxalq manfaatlariga ko‘p jihatdan mushtarak edi. Cho‘lpon Abdulla afandidek aql va tadbir bilan ish yuritadigan, o‘z foydasi bilan birga millat manfaatini ham ko‘zlaydigan ishbilarmonlarning ko‘payishi yurtini obod, ozod va ma’mur qilishiga ishonadi. Shu bois ham maqola oxirida o‘sha ishonch ruhi bilan yo‘g‘rilgan da’vat yangraydi: «Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor savdogarlarimizdan ibrat olub, vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan, o‘z cho‘ntagimizda olub yurmakimiz kerakdur.

Bizga shundog‘ ishlarga kirishmoqg‘a vaqt!.. Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!..» Cho‘lponning da’vatida izhor etilgan niyat — «vatan boyligini chetlarga bermaslik» mustamlaka sharoitida to‘la amalga oshishi aslo mumkin emas. Aks holda mustamlaka qilishdan ne naf? Albatta, buni Cho‘lpon ham yaxshi biladi, lekin chor tsenzurasi imkon bergan darajada bo‘lsa-da dilidagi ardoqli orzusini ifodalash payidan bo‘ladi. Shu ma’noda, «biz ham insonmiz, insondek yashayluk!» deya yangragan adib nidosini «biz ham millatmiz, millatdek yashayluk!» tarzida tushunish to‘g‘riroq bo‘ladi nazarimizda. Ko‘ramizki, Cho‘lpon yo‘li bilan ozodlik, hurlik, milliy istiqlol g‘oyasini ilgari suradi, zero, «insondek yashash» uning uchun avvalo ozod va hur yashashlikdir.

Yuritgan mulohazalarimiz Cho‘lponning adabiy-ijtimoiy faoliyati avvalidagi qarashlari haqida muayyan tasavvur hosil qilish imkonini beradiki, tasavvurimizni lo‘ndaroq ifodalashga harakat qilamiz. Tanglayi Istiqlol va Taraqqiy deya ko‘tarilgan Cho‘lponning manglayiga shu ikki so‘z yurak qoni bilan bitilgandiki, bular uning butun hayoti davomidagi izlanishlariyu aldanishlari, quvonchlariyu armonlari, jozibasiyu fojiasini, qo‘ying-chi, hayotining mazmunini belgilaydi. Shunga ko‘ra, keyingi mulohazalarimiz, kuzatishlarimiz asosida ham adibning armoniga aylangan shu ikki tushuncha yotadi, zero, ularsiz Cho‘lpon ruhiyatini tushunish ham dushvordir.

Ma’lumki, 1915 yil o‘rtalariga kelib Cho‘lpon faol qatnashib turgan jadid nashrlari, xususan, «Sadoi Turkiston» va «Sadoi Farg‘ona» gazetalari to‘xtab qolgan edi. Shu bois ham, taasufki, adibning to 1917 yil o‘rtalarigacha yozgan narsalari qo‘limizda yo‘qki, orada o‘tgan ikki yil mobaynidagi qarashlar tadrijini izchil kuzatish imkoniyatidan mahrummiz. Cho‘lponning mazkur tanaffusdan keyin matbuotdagi ilk chiqishlaridan biri sifatida 1917 yil 10 avgustda «Hurriyat» gazetasida e’lon qilingan «Qofqoziyaga ketgan Farg‘ona hay’atidan» nomli ochiq xatni ko‘rsatish mumkin. Xat ostiga uch kishi imzo chekkan bo‘lsa-da, chamasi, uning asosiy muallifi Cho‘lpon: uslub shunga ishora qiladi. Xatning mazmunidan adibning fevral inqilobidan so‘ng qaynoq ijtimoiy-siyosiy faoliyatga sho‘ng‘igani seziladi. Fevral inqilobidan keyingi ijtimoiy-siyosiy vaziyat jadidlar ko‘zlagan maqsadlarni amalga oshirish uchun birmuncha qulay imkoniyatlarni vujudga keltirgan edi. Buni teran anglagan jadidlarning ijtimoiy faolligi ortgan, xususan, Farg‘ona vodiysida Turkiston muxtoriyatini ta’sis etish yo‘lidagi harakatlar avj olgan edi. Cho‘lponning kavkaz turklari bilan aloqa bog‘lash uchun jo‘nagan delegatsiya tarkibida bo‘lishi uning mazkur harakat faollaridan bo‘lganligini ko‘rsatadi. Muallifning aytishicha, «poezdning lip-lip qimillashi, taq-taq taqillashi orasinda» yozilgan xatning boshlanishida: «El qurultoyi ila shahar idoralari saylovi yaqin, balki shahar idoralari saylovi bo‘lub turadir.

Baxtimiz, taqdirimiz, yozish-yozmishimiz qartaga qo‘yiladir. Yo yutub, dunyoda tinch va hur yashash uchun asoslar qururmiz, yo yutqazub, dunyoda yana ilgarigiday siqilub-ezilishga mahkum bo‘lurmiz» deyiladi. Ko‘rinadiki, Cho‘lpon maslakdoshlari kabi bo‘lajak qurultoy va saylovlarga katta umid bog‘laydi. Demokratik saylov yo‘li bilan mustaqillikka erishish imkoniyatining yuzaga kelgani adibni benihoya ruhlantirganidan bo‘lsa kerak, xatning har satrida hayajon barq urib turgandek. Cho‘lpon saylovchilar diqqatini bo‘lajak qurultoy va saylovlarga jalb etarkan1, ularning yurt, millat taqdirida nechog‘li muhimligini alohida turtib ko‘rsatadi. Cho‘lponning inqilobgacha yozgan asarlarida turkchilik g‘oyasi ochiq-oshkor ifodalanmagan bo‘lsa, endi bu g‘oya maqsadga yetishning birlamchi shartlaridan biri sifatida talqin etiladi: «Bunday bir zamonda so‘ngisidan (ya’ni, mustamlakadan — D.Q.) qutulish uchun har tarafda tarqalg‘on turklarning, Turon bolalarining birlashmaklari lozim». Albatta, turkchilik g‘oyalarining bu qadar aktuallashuvi zamon talabi bilan yuzaga keladi: jadidchilar Rusiya imperiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning birlikda mustaqillik uchun harakat boshlashi qarshi tomon shashtini susaytirishini yaxshi bilganlar. Ya’ni, mazkur g‘oyaning aktualligi ikki-uch yil ilgarigi holatga nisbatan beqiyos ortgan edi. Etiborli jihati shuki, Cho‘lpon qarashlarida muayyan sharoitdan kelib chiqqan holda yetakchi masalaning o‘zgarib turishi kuzatiladi: ma’rifat yoyish — iqtisodni rivojlantirish — turkchilik g‘oyasi. Garchi xatda «maqsad — birlashishlik, turklik!» degan shior oldinga tashlansa-da, aslida gap ko‘proq hamkorlik haqida boradi: «Qofqozda bizdan, Turkistonda Qofqozdan, Volga bo‘yidan bizda, bizdan Volga bo‘yidan hay’atlar, vakillar bo‘lushga kerak. Boshqa tarafdan kelurg‘a hozir vaqt nomunosibdur». So‘nggi jumla diqqatni tortadi: uni qanday tushunmoq lozim? Mualliflar Rossiya bilan urush holatida turgan Turkiyani nazarda tutadilarmi? Ehtimol. Biroq bu o‘rinda boshqa masala nazarda tutilgan bo‘lishi ham mumkin. Ma’lumki, 1917 yildagi har ikki inqilobdan keyin ham Turkistonning boshqaruv organlarida g‘ayri millat kishilarining salmog‘i ortiq bo‘lib qolavergan edi. O’ylashimizcha, bu o‘rinda ko‘proq shu masala qo‘yiladi: o‘z yurtimizni o‘zimiz boshqarishimiz lozim, boshqalarning kelishi nomunosibdir.

Nihoyat, yuqoridagi xat mualliflari katta umid bog‘lagan el qurultoyi — IV Turkiston umummusulmon s’ezdi 1917 yilning 26-29 noyabrida Qo‘qonda to‘planib, Turkiston muxtoriyatini e’lon qildi. Cho‘lpon muxtoriyatni quvonch bilan qarshiladi, zero, bu uning o‘ziga-da bot-bot ushalishi dushvor tuyulganidan diliga armon kukunlarini sepib kelayotgan orzuning ro‘yobga chiqishi edi. Muxtoriyat gimni deyishga arzigulik «Ozod turk bayrami» she’rida muallifning o‘sha kunlardagi ko‘tarinki ruhi, g‘ururiyu iftixor tuyg‘ulari barq urib turadi:

Ko‘z oching, boqing har yon!

Qardoshlar qanday zamon!

Shodlikka to‘ldi jahon!

Fido bu kunlarga jon!

Cho‘lpon endi ezilgan, xo‘rlangan xalq haqida emas, ozodlikka erishgan, o‘zligini taniy boshlagan millat haqida kuylaydi. Shu bois ham baralla «Nomusli, vijdonlimiz!» deya oladi, zero, uning tasavvurida erk deya chiqolgan, o‘z haq-huquqlari himoyasiga yaragan millatgina nomusli va vijdonli sanalishi mumkin, xolos. Cho‘lponni quvontirgan narsa muxtoriyat e’lon qilinganining o‘zigina emas, ko‘proq u ochayotgan istiqbol: endilikda «Taraqqiyga yo‘l ochuq! Jaholatga yo‘l yopuq!» bo‘lishi, «yurakdan dog‘larning, vatan bog‘idan zog‘larning ketishi», bu yurtda «hurriyatning bayrog‘u adolatning o‘rtoq» bo‘lishi. Demak, Cho‘lpon yurtining buyuk kelajagini, adolat tamoyillari asosga qurilgan jamiyatda ozod va hur yashayotgan mutaraqqiy xalqni tasavvur qiladi, muxtoriyat e’lon qilinishini esa o‘sha kelajak tomon qo‘yilgan ilk qadam deb biladi.

She’rning nomlanishidayoq ko‘zga tashlanuvchi turkchilik g‘oyasi naqorat vositasida qayta-qayta ta’kidlab ifoda etiladi:

Turkistonli shonimiz, turonli unvonimiz,

Vatan bizim jonimiz, fido o‘lsun qonimiz!

Cho‘lpon talqinida Turkiston muxtoriyatining e’lon qilinishi nafaqat shu zaminda yashayotgan, balki butun dunyoga tarqab ketgan «Turon bolalari»ning umumiy bayrami. Zero, «Turk beshigi Turkiston»da vujudga kelgan muxtoriyat turkiy olamni, umuman, mazlum Sharqni uyg‘otuvchi bong, barcha ezilgan millatlarni istiqlol uchun kurashga chorlovchi mayoq, deb tushunadi muallif.

Ahmad Zakiy Validiyning malumot berishicha, Cho‘lpon 1917-18 yillarda bir guruh turkistonliklar bilan Orenburgga borib, u yerda Boshqirdiston hukumati raisining kotibi vazifasida ishlagan1. Albatta, Cho‘lpon va bir guruh maslakdoshlarining Boshqirdistonda ishlashi turkchilik g‘oyalarining, xususan, yuqoridagi xatda kuzatganimiz qarashlarning amaldagi tadbiqi edi. Taassufki, adib faoliyatining ayni shu bosqichi hali yaxshi o‘rganilgan emas, bu davrda yozilgan asarlari ham topilganicha yo‘q. Chamasi, Cho‘lpon Boshqirdistonga 1917 yilning oxirlarida, muxtoriyat e’lon kilinganidan keyinroq jo‘naganu, u yerda bir yildan mo‘lroq turgan ko‘rinadi. Har holda, uning Turkiston matbuotida faollashuvi 1919 yilning o‘rtalariga to‘g‘ri keladi. Cho‘lpon faoliyatining Boshqirdiston davriga mansub asarlardan biri sifatida «Qizil bayroq» she’rini ko‘rsatishimiz mumkin. Mazkur she’r Oktyabr inqilobining bir yilligi arafasida «Ishtirokiyun» gazetasida e’lon qilingan edi. To‘g‘ri, bu she’r 1917 yilning aprelida yozilgan, degan ma’lumotlar ham bor2. Biroq, o‘ylashimizcha, she’rning mazmun-mohiyati fevral inqilobidan keyingi dastlabki oylar ruhiga, xususan, shu paytdagi Cho‘lpon ruhiyatiga mos emasdek ko‘rinadi bizga. Chunki she’rda burjua-demokratik inqilobi tabiatidan ko‘ra ko‘proq oktyabr to‘ntarishi ruhiga mos satrlar bitilgandir:

Siz, burjuylar, kibor sinflar, yaqin kelmang bayroqqa,

Siz emasmi ilgaridan uning qonxo‘r dushmani?!..

Qizil bayroq qip-qizil qon, u qon ishchilar qoni,

Kibor sinflar u qonlarni to‘kkan zolim jallodlar...

Aytmoqchimizki, garchi inqilobdan ilgariyoq Cho‘lpon qarashlarida birmuncha «so‘llashuv» kuzatilgan bo‘lsa-da, 1917 yilning aprel oylarida adib hali bu qadar «qizillashmagan» edi. Nega? Ma’lumki, fevral inqilobidan so‘ng beqiyos darajada jonlanib ketgan Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida qarashlar rang-barangligiyu keskin g‘oyaviy kurash hukm surgandi. Hatto, umumiy maqsadlari bitta — Istiqlol va Taraqqiy bo‘lgan jadidlar orasida ham shu maqsadga qay yo‘sin erishish kerak, qaysi siyosiy kuchlar bilan ittifoqda harakat qilish mumkin, hozirgi sharoitda qay tipdagi davlatchilik qurilishi maqsadga muvofiq... kabi qator taktik va strategik masalalarda turlichalik yaqqol ko‘zga tashlanadi . Cho‘lpon bu davrda muxtoriyatni yoqlab chiqqan Munavvar qori, Behbudiy, Obidjon Mahmudov, Ubaydulla Xo‘jaev kabi jadidlar bilan hamfikr bo‘lgan. Ahmad Zakiy Validiy xotiralarida ma’lumot berilishicha, «bir qancha shaharlarga borib» targ‘ibot ishlari olib borgan faol muxtoriyatchilar orasida «yosh o‘zbek shoiri Cho‘lpon» ham bo‘lgan , u «saylov qonuni masalalari bo‘yicha kurashimizni juda chiroyli bir doston qilib yoz»gan. Ko‘ramizki, xotiranavisning bu gaplari yuqoridagi xatda ifoda etilgan fikrlarga hamohang keladi.

Bu mulohazalarimiz Cho‘lpon oktyabr inqilobi yuz bergan paytda butunlay boshqa g‘oyalarga oshufta bo‘lib yashaganini ko‘rsatadi. Shunga ko‘ra, bizningcha, «Qizil bayroq»ning keyinroq 1918 yilda yozilgani haqiqatga yaqinroq keladi. Agar she’rni Orenburg davri mahsuli deb qarasak, u holda ayni shu davrda Cho‘lpon qarashlarida jiddiy o‘zgarishlar yuz berganini sezishimiz mumkin bo‘ladi. Aytmoqchimizki, Boshqirdistonda ekanida Cho‘lponning oktyabr inqilobiga munosabati o‘zgargan. Xo‘sh, bunday deyishimizga asos bormi? Albatta, buni hujjat bilan dalillashdan ko‘pincha ojiz qolamiz, biroq tasavvurimizni ishga solishimiz mumkin. Avvalo, Cho‘lpon Orenburgda ekanida katta umid bog‘lagani Turkiston muxtoriyati mahv etildi. Mash’um 1918 yil fevralidagi Qo‘qon voqealarining bevosita shohidi bo‘lmagan Cho‘lpon muxtoriyatning mag‘lubiyatga uchrashi sabablarini hissiyotga berilmasdan, xolis mushohada qilish imkoniga ega edi. Ehtimol, muxtoriyat g‘oyasiga qo‘shilmagan, uni amalga oshirish mumkin bo‘lmagan hodisa deb hisoblaganlarning da’volarini idrok tarozusiga solib ko‘rgandir? Ehtimol, muxtoriyatning kuchga kirolmaganiyu mag‘lubiyatida o‘zi yaxshi bilgan ichki ziddiyatlaru o‘zaro kelishmovchiliklar oqibatini mulohaza qilgandir?.. Xullas, nima bo‘lganda ham Cho‘lpon — hayotini muayyan maqsadga bag‘ishlagan odam, shu maqsad sari intilishlik uning uchun hayot mazmuniga aylangan. Shunday ekan, u tarixu taqdirning og‘ir zarbasidan tezroq o‘nglanishi, o‘sha maqsadga yetishishning boshqa yo‘llarini qidirishi lozim, bu uning uchun ichki zaruriyat. Cho‘lponning shu davrda yaratilgan «Sharq nuri» nomli she’ri uning izlanishlari qay tomon boshlaganini tasavvur qilish imkonini beradi.

She’r mashhur tatar inqilobchilaridan biri, islomni kommunizm g‘oyalari bilan kelishtirishga intilgan Mullanur Vohidovning o‘limi munosabati bilan yozilgan. She’rning quyidagi satrlariga diqqat qilaylik:

Insonlikka saodatning birdan-bir

To‘g‘ri yo‘lin ko‘rsatuvchi Marksdi.

Biroq Sharqqa qutulishning yo‘lini

Ko‘rsatuvchi ulug‘ dohiy sen eding,

Sendek kishi Sharq eliga tansiqdi...

Avvalo shuni yodda tutish lozimki, Cho‘lpon bu she’rni qandaydir majburiyat orqasida yozgan emas: nimaiki deyayotgan bo‘lsa chin dildan aytadi. Dastlabki satrlardanoq muallifning marksizmga munosabati yaqqol ko‘zga tashlanib turibdi: Cho‘lpon bashariyatni «saodatga yetaklovchi birdan-bir to‘g‘ri yo‘l» deya uqdirilayotgan marksizmga tayyor retsept, qotib qolgan dogma deb qaramaydi, unga ijodiy yondashish zarurligini chuqur his qiladi. Shoirning tushunishicha, marksizm Sharqda ko‘r-ko‘rona qo‘llanmasligi kerak, aksincha, bunda Sharqning o‘ziga xos xususiyatlari, sharq mamlakatlarining ijtimoiy taraqqiyot darajasi albatta e’tiborda tutilishi lozimdirki, buning uchun ta’limotning o‘zi shunga moslanishi darkor. Cho‘lponning musulmon sotsialistlari rahnamosi Mullanur Vohidovni «Sharqqa qutulishning yo‘lini ko‘rsatuvchi ulug‘ dohiy» deb atashi ham shundan dalolat beradi. Ko‘rinadiki, qarashlarida ilgaridan birmuncha «so‘l»lik mavjud bo‘lgani, ikkinchi tomondan, yurtini ozod ko‘rish istagi Cho‘lponning Orenburgda ekanida sotsialistik g‘oyalarni o‘ziga xos tarzda qabul qilishiga asos bo‘ladi. O’ziga yo‘rgakda tekkan Istiqlol va Taraqqiy dardiga davoni shoir endi shu ta’limotdan topmoqchi bo‘ladi, tabiiyki, shu g‘oya uchun amalga oshirilgan Oktyabr inqilobiga munosabati ham o‘zgaradi.

«Sharq nuri»da Cho‘lponning 20-yillar she’riyati, publitsistik chiqishlarida markaziy o‘rin tutgan Sharq mavzusi ilk bor qalamga olingan edi. Shoir bilgan «Sharqning tarixi bir bet bo‘lsin oq satrni ko‘rmagan»; uning qay burchiga qaralsa «yo‘qlik, o‘lim, zulm, qarg‘ish» to‘lib toshgani ko‘riladi. Cho‘lpon «chetlar panjasida ko‘zi yoshli» Sharq haqida kuylarkan, tabiiyki, vatani Turkistonni undan istisno qilmaydi. She’rdan olingan ayrim satrlarning mazmuniga e’tibor qilsak: «Sharqning qaysi burchagini (ya’ni, istisnosiz — D.Q.) qarasang», «Sharqni boshdan-oyoqqacha yurarding», «U dushmanlar butun Sharqning dushmani»... fikrimizning to‘g‘riligiga qanoat hosil qilish mumkin bo‘ladi. E’tiborli jihati shundaki, Cho‘lpon qayg‘urayotgan zamin hududi tobora kengayib boradi: Turkiston — Turon bolalari — mazlum Sharq. Albatta, bu avvalo shoirning hayotiy tajribasi ortgani, dunyoda yuz berayotgan hodisalar mohiyatini chuqurroq anglay boshlagani bilan bog‘liqdir. Biroq, bu o‘rinda masalaning ikkinchi muhim jihatini aslo nazardan qochirib bo‘lmaydi. Gap shundaki, Cho‘lpon Sharq dardini yonib kuylagan inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq turkchilik g‘oyalarining istibdodga qarshi kurash ruhidan yaralganini inkor qilib, uni millatchilikning bir ko‘rinishi sifatida baholashlar, «panturkizm» atalmish soxta, hodisa mohiyatiga mutlaqo nomuvofiq istilohlarni o‘ylab topishlar boshlanib bo‘lgan edi. Ko‘ramizki, Sharq mavzusi, bir tomondan, masalaning kengroq qo‘yilayotganidan dalolat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, vatan ozodligi g‘oyasini ifodalashning mumkin bo‘lgan yagona vositasi ham edi. Fikrimizni dalillash maqsadida H.Olimjonga murojaat qilamiz: «Hind ixtilolchilari» va «Chin sevish»ning yozilish vaqti 1920 yillarga, Turkistonda Sovetlarning mahkamlana boshlagan vaqtiga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda Fitrat o‘zining qarashlarini inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida yozilgan «Temur sag‘anasi»da ifoda qilganiday ochiq va yalang‘och ifoda qila olmaydi, chunki ortiq millatchilik aksil inqilobining qanotlari qirqila boshlagan va millatchilar Sovetlarga qarshi ochiqdan-ochiq kurashdan niqoblanishlarga o‘tgan va o‘ta boshlagan edilar».1 Avvalo, H.Olimjonning fikrlariga kichkinagina aniqlik kiritish lozim: Fitratning tilga olingan asarlari aslida «inqilobning birinchi-ikkinchi yillarida» yozilgan edi. Buni «Chin sevish»ning 1920 yilda sahnalashtirilganiyu «Hind ixtilolchilari»ning xuddi shu yil Berlinda nashr etilganidan ham bilsa bo‘ladi. Ko‘rinadiki, o‘sha vaqtdayoq «mavzuda Hindiston hayotiga ketsa ham, mazmunda tamom Turkistonda qoladi»gan asarni yozgan Fitrat fikrlarini ifodalash uchun, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanishga majbur edi. Mazkur mulohazalarimiz, bizningcha, Cho‘lponning Sharq mavzusida yozilgan she’rlariyu publitsistik chiqishlarini matndan kengroq tushunish va talqin qilish lozimligini ko‘rsatadi.

Fevral inqilobidan keyingi qariyb ikki yil vaqt davomida ijtimoiy-siyosiy faoliyat qozonida obdon qaynab, hayotiy tajribasi ortgan, qarashlarida yuqoridagicha o‘zgarishlar yuz bergan Cho‘lpon 1919 yil boshlarida Turkistonga qaytib keladi. Adibning maslakdoshlari — jadidlarning shu yillardagi faoliyati haqida yana H.Olimjondan o‘qiymiz: «Siyosat bobidan surilib chiqqan, fevral inqilobi davridagi jonsarak urinishlari xayolga aylangan o‘zbek burjua ziyolilari butun kuchni madaniy adabiy maydonga tashladi. Ular, taxminan, butun gazeta va jurnallarga o‘rinlashib oldilar.

Maktab-maorifning asosiy shahobchalari ularning qo‘lida qoldi. Adabiy maydon va adabiy tashkilotlarga o‘z changallarini solib, ularni millatchilik mafkurasiga xizmat qildirdilar»2. Muallif munosabatini e’tibordan soqit qilsak, bu o‘rinda biz uchun muhim ma’lumotlar borligi ayon bo‘ladi. Ko‘ramizki, jadidlarning so‘l qanoti yuzaga kelgan ijtimoiy-siyosiy sharoitda kurash taktikasini o‘zgartirgan: ular sotsialistik g‘oyalaru sotsialistik inqilob yuzaga keltirgan jamiki imkoniyatlarni «xayolga aylangan urinishlari»ni ro‘yobga chiqarish — Istiqlol va Taraqqiy maqsadiga xizmat qildirish payida bo‘lganlar.

O’zining tergovga bergan ma’lumotiga ko‘ra, Cho‘lpon 1919 yil boshlarida Toshkentda Fitrat bilan uchrashadi. Bu paytda Fitrat boshchilik qilgan «Chig‘atoy gurungi» faoliyati boshlangan bo‘lib, Cho‘lpon ham unda ishtirok qiladi. Keyinroq, 1927 yilda Fitrat «Chig‘atoy gurungi» bevosita siyosat bilan mashg‘ul bo‘lmoqni istamadi, yolg‘iz til, imlo, adabiyot bilan shug‘ullandi»1 deb yozsa-da, haqiqatda maslakdoshlarni birlashtirgan bu gurung boshqa muhim masalalarga ko‘z yumib turmaganligi aqlga tayin, albatta.

Aytmoqchimizki, o‘ngu so‘lligidan qati nazar, barcha jadidlar uchun umumiy bo‘lgan milliy istiqlol va taraqqiy masalalarini gurung ishtirokchilari hech yo‘q tor doirada muhokama qilganlar, fikr almashishganlar. Yuqorida aytganimizcha, kurash taktikasi ayni shu uyushma bag‘rida yetilgan bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas. Har holda, Cho‘lponning «Chig‘atoy gurungi»da ishtirok etishiyu besh yilga yaqin umrini — ijodi gurkiray boshlagan, «Go‘zal»ga o‘xshagan she’rlar yaratilgan davrni muttasil jurnalistlik ishiga bag‘ishlashi orasida aloqa bordek ko‘rinadi bizga.

«Ishtirokiyun» gazetasining 1919 yil 6 mart sonida «Qizil baynalminal» nomli she’r e’lon qilindiki, buni vataniga qaytgan Cho‘lponning matbuotdagi ilk chiqishi sifatida ko‘rsatish mumkin. Aslida ilgariroq, 1918 yil oxirlarida yozilgan she’r ruhi Cho‘lponning uni e’lon qilgan vaqtdagi ruhiyati va qarashlariga mos edi, albatta. Bir qarashda nomlanishining o‘ziyoq she’rning «qizil»ligidan darak berib, u haqda muayyan xulosa chiqarish imkonini berayotgandek. Biroq xulosaga shoshilmasdan, she’r mazmuniga durustroq e’tibor qilinsa, o‘zgacharoq manzaraga duch kelamiz. Xuddi «Sharq nuri»da ko‘rganimizdek, bunda ham Sharq mavzusi ishlanadi, biroq, avvalgi she’rdan farq qilaroq, «Qizil baynalmilal»da Sharqu G’arb ziddiyati ochiqchasiga ifoda etiladi: «Ko‘mir kabi bulutlari yot ellar, Ul ellarning qulligida ezilgan Sharq ellari...». E’tibor bering-a, shoir sotsialistik ta’limotga muvofiq «Sharqni G’arb burjuaziyasi ezmoqda» deyayotgani yo‘q, uning talqinida ezilgan Sharq va ezuvchi G’arb bor, xolos. Bir qarashda bu fikrimizni quyidagi satrlar inkor qilayotgandek tuyulishi ham mumkin:

Sharq ellari asir kabi ishlaylar

Bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun...

Sharqli kishi qatiq yesa non topmas

Bir hovuchlar yemagiga nom topmas...

Ko‘rinadiki, «bir hovuchlar» deyilganda aynan ekspluatator sinflar nazarda tutiladi, deya ettiroz qilinishi mumkin. Xo‘sh, unda nima sababdan shoir «sharq ellari bir hovuch ham kelmaydigan xalq uchun» ezilib ishlaydi, deb yozadi? Bu jo‘ngina uslubiy g‘alizlikmikan? O’ylashimizcha, yo‘q. Cho‘lpon, avval ham aytganimizdek, sotsializm g‘oyalariga xayrixoh bo‘lgani holda uning qarashlari bolshevizmdan jiddiy farqlanadi. Tabiiyki, bolsheviklarning nashr afkori bo‘lmish «Ishtirokiyun»da e’lon qilinadigan asarda asl niyatning birmuncha pardalanishi, H.Olimjon aytmoqchi, niqoblanish zarur edi. Ko‘rinadiki, shoir, bir tomondan, bolsheviklarda urf bo‘lgan iboralar (ezilgan, eziluvchi, «bir hovuchlar»)ni ishlatishga majbur, ikkinchi tomondan, ularga yangicha ma’no yuklagani holda Sharq ozodligi, milliy ozodlik g‘oyalariga xizmat qildirishga intiladi.

Cho‘lpon Sharqning ayanch ahvolidan so‘zlarkan, «nahot uning qutulishiga yo‘l yo‘q bo‘lsa?» degan savol qo‘yadi-da, o‘zi javob beradi unga:

Ilgarida bo‘lmasa ham endi bor,

G’arb ustida bosh ko‘targan ulug‘ kuch.

Ul kuchdir kim, mazlumlarga yo‘l ochar,

Zolimlarga na’ra tortar:

- O’ch, o‘ch, o‘ch!.

Tabiiyki, shoir «ulug‘ kuch» deganida oktyabr inqilobini nazarda tutadi. Biroq, she’rning umumiy ruhidan kelib chiqilsa, «mazlumlar» va «zolimlar»ning kontekstual ma’nosi kengayadi. Ya’ni, bu o‘rinda «mehnatkashlar» va «ekspluatatorlar»gina emas, ko‘proq Sharq va G’arb nazarda tutilgani anglashiladi. Ayniqsa, she’rning yakunlovchi bandi Cho‘lponning oktyabr inqilobiga munosabatini, qarashlaridagi o‘ziga xoslikni yorqinroq tasavvur qilishimizga imkon beradi:

Bir yildirkim, ko‘k yuzida tug‘ildi,

Qizil qonlar orasidan «qizil oy»,

Bir tarafdan qahr, zulmat quvildi,

Sharqni yana ul qizil oy qutqargay!..

Ortiq yetar ezilganing, ey Sharq!

Qanot qoqib oyga qarab yuksal,

Asirlikdan qutulmoqqa zo‘r shart:

Qo‘lda yarog‘, tilda «Baynalmilal»!

Cho‘lpon oktyabr inqilobi o‘z yurtidagi «qahr, zulmat»ni quvishi, Sharqni asoratdan qutultirishiga ishonadi. Lekin bu o‘rinda muallif «inqilobni eksport qilish» yoxud o‘sha paytda bolsheviklarning butun xayolini egallagan «jahon revolyutsiyasi»ni nazarda tutmaydi, yo‘q. Oktyabr inqilobi shoir nazarida mudroq Sharqni uyg‘otishi, uni kurashga chorlashi lozim, xolos. Chin ma’nodagi ozodlikka esa Sharq, jumladan Turkiston xalqlari «qanot qoqib oyga qarab yuksal»salar, «qo‘lda yarog‘u tilda «baynalmilal» bilan kurashga kirsalargina erishishlari mumkin. Bir qarashda bu fikrimizda ichki ziddiyat mavjuddek: axir, Turkiston xalqlarining «oy»ga qarab intilishlariga na hojat? Axir shoirning o‘zi Turkiston ko‘kida «oy» porlaganiga bir yil bo‘ldi, deb turibdi-ku? Bu xil e’tirozlarda jon bo‘lishi mumkinligini inkor qilmagan holda she’rni yuqoridagicha talqin qilishga moyilmiz. Albatta, buning uchun she’rning o‘zidan asos topishimiz lozim, aks holda talqinda sub’ektivizmga yuz tutgan bo‘lamiz. Ho‘sh, she’rni bizchasiga talqin qilishga imkon beruvchi unsurlar, ishoralar bormi? Bizningcha, bor. Avvalo, shoir «G’arb ustida bosh ko‘targan ulug‘ kuch» haqida yozadiki, buni Turkiston ko‘kida porlagan oy sifatida tushunishga shoshilmay turaylik. Ikkinchidan, qarshimizga bir savol qo‘yaylik: nima uchun «qizil oy»? Xo‘sh, oyga qizil deb sifat berilgani faqat uning «qizil qonlar orasidan» balqib chiqqani uchunmi? Unda nega shoir «Sharqni yana ul qizil oy qutqargay» deya ta’kidlab qaytaradi? Shu o‘rinda she’rning boshiga qaytishimiz maqsadga muvofiq ko‘rinadi. Shoir havoning buzuqligidan, ko‘k yuzidagi «ko‘mir kabi qop-qora. bulutlar»dan boshlaydi gapni. Keyin esa:

Havo buzuq... To‘g‘ri, Sharqning havosi

Necha yildir juda yomon buzulgan...

Ko‘k yuzida qator-qator chizilgan

Ko‘mir kabi bulutlari yot ellar...—

deb yozadi. Bizningcha, Cho‘lponning she’r boshlanishidayoq ramzni qanday tushunish lozimligiga ishora qilishi bejiz emas: u o‘quvchisini sergak torttirishga, keyin ham ramziy timsollar kelishidan ogoh etishga harakat qiladi go‘yo. Agar «Qizil oy»ni ham ramziy timsol deb qarasak, uning mano diapazoni, shubhasiz, ancha kengayadi. Avvalo, shoir inqilobni quyoshga (bu narsa ko‘proq rasm edi) emas, oyga mengzamoqda. Oy esa, ma’lumki, musulmon dunyosi ramzlaridan biridir. Oyning sifatlovchisi bo‘lmish «qizil» esa, o‘z navbatida, sotsialistik g‘oyalar ramzi bo‘lib chiqadi. Demak, aytish mumkinki, Cho‘lponning yuqorida ko‘rganimizcha qarashlari — sotsialistik g‘oyalarni Sharqda o‘ziga xos tarzda tatbiq etishu ularni islomiy qadriyatlarga muvofiqlashtirish mana shu ramz vositasida ifodalanadi. Cho‘lponning 1919 yil sanasi qo‘yilgan yana bir asari «Temirchi» deb nomlanadi. She’riy yo‘lda yozilgan mo‘‘jazgina dramatik ko‘rinishda muallif oddiy mehnat kishisi — temirchi hayotidan foje bir lavhani jonlantiradi. Temirchining yaratganga iltijosidayoq:

Qabul qilgin tilagimni, tangrim,

Baquvvat qil bilagimni, rabbim!

Shu bilakning kuchi bilan o‘n jon

Topib yeydur kechungunday osh-non...—

Cho‘lpon bilak kuchiyu peshana teri bilan mashaqqatli kun kechirayotgan ming-minglab yurtdoshlari taqdirini umumlashtiradi. Cho‘lpon o‘quvchi ko‘z oldida og‘ir mehnatdan toliqqan, och qolgan bolakayning zorlanishlariyu dilbandining qiynalganini ko‘rib yuragi achishgani holda kech bo‘lganiga-da qaramay ishga undashga majbur otaning iztiroblarini jonli gavdalantiradi. Shu holatda bolaning qo‘li kuyib, yordamchisiz qolgan g‘amboda ota qo‘lini mayib qilib oladi. Shoir temirchi tilidan o‘zini doim o‘ylatib kelgan savolni o‘rtaga tashlaydi:

Nega muncha ezadursan qulingni?..

Shunday boylar bo‘larkim,...

bir necha yil ishlamas, och qolmas.

Men bechora ishlamasam, topmasam,

Uy ichimda o‘n jon bordur...

Bir burda non topilmas...

Muallif konkret hayotiy lavhada ijtimoiy turmushdagi adolatsizlikni tasvirlash orqali uni adolat asosiga qayta qurish zaruratini ta’kidlab ko‘rsatadi. Cho‘lpon xalqning yashash sharoitini yaxshilamasdan, uni «maishat qulligi»dan qutqarmasdan turib chin ma’nodagi taraqqiyga erishib bo‘lmasligini juda yaxshi biladi, zero, ijodining avvalidayoq dehqonlar hayoti bilan tanishib bu zaruratni teran anglagandi ham. Asarning «mehnatkash inqilobining ikki sana davri munosabati-la» degan bag‘ishlov bilan chop etilishi ham muallifning inqilobga xayrixoh munosabatidan dalolatdir, albatta. Biroq, unutmaslik lozimki, tahlilga tortganimiz ikkala she’r Cho‘lponning oktyabr inqilobiga munosabati g‘oyat ziddiyatli bo‘lganidan darak beradi. Bir tomondan, inqilobning mehnatkashlarni ozod qilish shiori bilan chiqqani uning qarashlariga, taraqqiy maqsadiga muvofiqday, ikkinchi tomondan, yangi sovetlar hukumati Turkistonga chin ma’nodagi mustaqillik berish niyatidan yiroqligini muxtoriyatni qonga botirganidayoq oshkor qilib qo‘ygan edi. Cho‘lpon Boshqirdistonda hukumat raisiga kotiblik qilganida ham, yurtiga qaytib Turkiston hukumati boshqaruvi hamon mustamlakachilar qo‘lida qolayotganini ko‘rganida ham, kundalik turmushda ham, qo‘ying-chi, har qadamda keyingi fikrni quvvatlovchi dalillarga duch keladi. Qarashlari nechog‘li ziddiyatli bo‘lmasin, bu davrda adib uchun istiqlol maqsadi birlamchi bo‘lib qolaverdi. Ayni paytda, Cho‘lpon yurtining taqdiri hal bo‘layotgan vaqtda bir chetga chiqib turishlikni o‘ziga ep bilmadi. U o‘zining millatga eng ko‘p foydasi tegishi mumkin bo‘lgan jurnalistika sohasida ishlab, mavjud imkoniyatlar doirasida ezgu maqsadlarining amalga oshishini yaqinlashtirish yo‘lida xizmat qildi. Cho‘lponning yangi hukumat maorif, madaniyat sohalarida olib borayotgan ishlarni quvvatlab, goho ularni rivojlantirish umidi bilan tanqid qilib yozgan «Qizil Sharq poezdi keldi», «Sho‘rolar hukumati va sanoe nafisa», «Gimnazistkalar», «Faryod» kabi maqolalari fikrimiz dalilidir. Adib xalqning ma’rifatli bo‘lishi kelgusidagi istiqlol uchun kurashda, ijtimoiy hayotni isloh qilishda nechog‘li muhimligini bilgani sababli ham «qizil» shiorlaru gaplardan, «qizil» mushohadalardan cho‘chib yoxud hazar qilib o‘tirmadi, ishga foydasi tegsa bas, degan aqidadan kelib chiqdi. Tabir joiz bo‘lsa, Cho‘lponni uzoq manzilni ko‘zlab yo‘lga chiqqan yo‘lovchiga mengzash mumkindek: yo‘lovchi o‘ziga ozroq bo‘lsa-da yo‘ldosh bo‘lgan aravaga chiqdi, «aravasiga chiqqandan keyin ashulasini ham aytdi»-yu, lekin yo‘lini yaqinlashtirgani foydaga qoldi. O’ylashimizcha, Cho‘lponning 1920 yillarda yozilgan ayrim maqolalariyu she’rlarini shu yo‘sin tushunilsagina qarashlar tadrijidagi mantiqiy izchillik kuzatilishi mumkin bo‘ladi.

Cho‘lponning vaqtli matbuotda e’lon qilingan she’rlarining aksariyat qismi uning she’riy to‘plamlariga kiritilgan emas. E’tibor berilsa, shoir 1926 yilgacha uchta she’riy to‘plam chop ettirgani holda, ulardan «qizil» ruhdagi she’rlar kamdan-kam o‘rin olganligini ko‘rish mumkin bo‘ladi. Nega? Biz buni ikki asosiy sabab bilan izohlamoqchi bo‘lamiz: birinchidan, Cho‘lpon she’r va she’riy yo‘lda yozilgan publitsistikani farqlagan, she’riyatga ancha yuksak talablar qo‘ygan; ikkinchidan, vaqtli matbuotda e’lon qilingan she’rlarining aksariyatida «aravakash» ashulasiga «xirgoyi»si qo‘shilib turgan xolos. Bunga amin bo‘lish uchun shoirning 20-yillar avvalida yozilib to‘plamlariga kiritilgan she’rlari bilan to‘plamlardan joy olmagan ayrim she’rlarini qiyoslab qo‘yish kifoya.

Cho‘lponning bu davrda yaratgan she’rlarida fikru tuyg‘ularni ramzlar vositasida ifodalashga moyillik kuchaydiki, buning ildizlarini yuqorida ko‘rsatib o‘tdik. Aytish mumkinki, «niqoblanish» zarurati Cho‘lpon she’riyatining o‘ziga xos ifoda yo‘sini, betakror uslubiyu poetik tafakkur tarzining shakllanishiga turtki bergan ko‘rinadi. Ifoda yo‘sinining ramziyligi «Tortishuv tongi» (1920) nomli she’rda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi:

Yenggan qo‘shin boshlig‘idek gerdayib

Botgan quyosh bulutlarning ostidan

Bosh ko‘tarib chiqmoq uchun tirisha:

Shuning uchun beri yoqda irjayib

kulishurlar,

Unga qarshi qarshidan

Yig‘lov, siqtov, tovush, g‘avg‘o, xarxasha.

Tabiiyki, she’r ruhidan kelib chiqilsa, «quyosh» bu o‘rinda istiqlol, milliy ozodlik ramzi ekanligi anglashiladi. Shoir «botgan quyosh» deganida istiqlol uchun kurashdagi mag‘lubiyatni, xususan, muxtoriyatning mahv etilishini nazarda tutadi. Muallif ishonadiki, quyosh manguga botmaganidek, istiqlol uchun kurash ham to‘xtamaydi: endilikda o‘sha «botgan quyosh» qaytadan bosh ko‘tarib chiqmoq uchun tirishayotir — «tortishuv tongi» boshlanayotir. Keyingi satrlarda Cho‘lpon ko‘tarila boshlagan «quyosh»ga turlicha munosabatni tasvirlaydi: «beri yoqda irjayib kulishurlar». Kimlar ular? Muallif gapning egasini atayin tushirib (ellipsis) qoldirsa-da, mustamlakachilarni, istiqlol dushmanlarini nazarda tutayotgani ayon, zero, tanlangan so‘zlarning uslubiy bo‘yoqlari («irjayib») ham shunga ishora qiladi. Shoir «ko‘pdan beri zindonda quyosh ko‘rmay zaxlab yotgan ko‘ngillar»ni o‘zi bilan quvonishga undaydi. Ayni paytda, «kishanlarni yasovchi ustalar», «boshqalarni «tubanlar» deb atovchi xo‘jalar» qayg‘ursinlar, chunki ularning «yoz boshining qoridek» eriydigan, yo‘q bo‘lib ketadigan kunlari yaqinligiga ishonadi, ishontiradi. Shoirning bu ishonchi:

Chiqadirgan quyoshni siz behuda

Etak bilan to‘smoq uchun tirishmang,—

degan xitobida yana bir parda yuqoriroq jarang topadi. Istiqlolning muqarrar g‘alabasiga qatiy ishonch ruhi nimadan oziqlanadi? O’ylashimizcha, uni oziqlantiruvchi bir necha ildiz bo‘lgan. Avvalo, Cho‘lpon shu yillarda, ayniqsa, Farg‘ona vodiysida jonlana boshlagan milliy ozodlik harakati — bosmachilikning ilk bosqichiga katta umid bog‘lagan ko‘rinadi. Hartugul, keyinroq shoirni bosmachilarga xayrixohlikda, millatchilarning yig‘inlarida «Farg‘ona vodiysida gullar ochilmay, bulbullar sayramay qo‘ygan»ligi haqida g‘amboda she’rlar o‘qiganlikda ayblaganlari1 butkul asossiz deyishimiz ham unchalik to‘g‘ri bo‘lmasa kerak. Zero, bu davrda Cho‘lpon ham boshqa maslakdoshlari kabi xalqni mana shu harakat tevaragida jipslashtirish, kuchlarni jamlagan holda bosh maqsadga safarbar etish payida bo‘lganligi ehtimoldan xoli emas. Shu bois ham Cho‘lpon «Ulug‘ yo‘lda» (1920) nomli she’rida:

Yo‘limizda cho‘llar, suvlar, dengizlar,

Bosguvchisin tanib bo‘lmaslik izlar.

Shul izlarni bosib, dengizlar kechib,

Buyuk amal bilan boramiz bizlar, —

deb yozadiki, bu satrlarda yuqoridagi fikrning to‘g‘riligiga dalolat bordek ko‘rinadi bizga. Cho‘lpon erkka eltuvchi «ulug‘ yo‘l»ga kirganlar diliga jo qilib borayotgan «buyuk amal» — istiqlol maqsadi «yo‘llardagi dengizlardan ulug‘roq» ekanini, baski, bu yo‘ldan qaytish bo‘lmasligini ta’kidlaydi. Shoir ishonadiki, endi «Ezilganlar tilak tilar bu yo‘li (bu safar,—D.Q.) burungidan to‘lug‘roq», ya’ni «ezilgan(xalqlar,—D.Q.)lar» niyatida ancha qat’iylashganlar. Shu bois ham:

Mahkam qilib bog‘lanilgan kamarlar!..

Tezroq!

Qanot!

Qushlar yanglig‘ uchaylik,

Keng cho‘llardan, dengizlardan kechaylik

Sharqning eski chigalini yechaylik!.—

deya da’vat qiladi shoir. Cho‘lpon Sharqning «eski chigali»ni yechish uchun ulug‘ yo‘lga chiqqan, bu «buyuk amal» yo‘lida belni mahkam bog‘laganlar orasida o‘zining ham borligidan, «biz» deya olganidan haqli ravishda faxr etadi. Albatta, «biz» deganida u avvalo o‘ziga eskidan hammaslak bo‘lgan jadid millatparvarlarini nazarda tutadi, zero, bu paytlarda shoir o‘zini ulardan ayri tasavvur ham etmagan. Cho‘lpon ayni shu 1920 yilda yozilgan «Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasiga» nomli she’rida ma’naviy ota ruhiga murojaat etib «chizgan yo‘lingdan yiroq ketmay, qimirlamay yuraman» deydiki, bu ham yuqoridagi fikrning dalilidir. Istiqlol yo‘lida kurashning turli yo‘llaridan foydalanayotgan jadidlar esa bu vaqtda bosmachilik harakatini markazlashtirish, sharq xalqlari, xususan, turkiy xalqlarning milliy ozodlik harakatlarini muvofiqlashtirish uchun intilayotgan edilar. Jadidlar sovet hukumati tomonidan tashkil etilib, 1920 yilning 1-5 sentyabr kunlarida Bokuda o‘tkazilgan Sharq xalqlari kongressidan ham o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishni niyat qilganlar, albatta. Qizig‘i shundaki, Cho‘lponning to‘plamlaridan joy olgan 1920 yilga mansub she’rlarining ayrimlari Bokuda yozilganligi qayd etib qo‘yilgan. Cho‘lponning Bokuda bo‘lishi kongress ishiga qay darajada aloqadorligi (har holda, shoirning bitta she’ri ostiga 1920 yil avgustida Bokuda yozilgani qayd etilgan) haqida ma’lumotga ega emasmiz, biroq undan ko‘p narsa kutgani ravshan. Hazar esdaligi tarzida yozilgan «Yorug‘ yulduzga» she’rining lirik qahramoni yurtning tutqunlikda ekanidan ezilgan, buning sabablarini anglashga intilayotgan odam. Cho‘lpon she’riyatida «yulduz» qo‘pincha maqsad ramzi sifatida kelishini e’tiborga olsak, shoirning «yorug‘ yulduz» bilan sirlashishi bejiz emasligi seziladi. Ya’ni, «sirlashish» aslida shoirning o‘z qalbiga murojaati, iztirobli izlanishlarining bir parchasi sifatida namoyon bo‘ladi. Shoir turli «Falokatlar ko‘rgan bobolarning istiqlolning qimmatini bilmagan»idan, so‘ng zamondagi xonlar «el va yurtni saqlash uchun tuzukkina chora-tadbir ko‘rmagan»idan o‘kinadi, natijada hozirgi avlod asoratda yashaydi, deb hisoblaydi:

Biz yo‘qsillar boshqalarga qul bo‘lib,

Chet oyoqlar tovonida ezildik.

Har yaramas, har buzuqning tagida

Alam tortgan, jabr tortgan biz edik.

Lirik qahramon kayfiyatida ko‘tarinkilik, da’vatkorlik sezilmasa-da, e’tiborga molik bir jihat yaqqol ko‘zga tashlanadi. U yulduzdan qancha «achchiq bo‘lsa ham to‘g‘ri so‘zni yashirmasdan» aytishini o‘tinadi. Zero, u o‘ziga yupanch izlayotgan odam emas, aksincha, o‘tmishdagi xatolarni anglashga intilayotgan odam. Xatolarni anglashlik unga o‘tmishni qoralash yoxud bobolarni yanish uchun emas, balki ularning endilikda takrorlanmasligi uchun zarur. Bu esa qahramonning kelajak oldidagi javobgarlikni teran idrok etishidan, ko‘nglidagi aldamchi sokinlik ostida qudratli po‘rtana yashiringanidan dalolatdir. Darvoqe, «Po‘rtana»(1920) she’ri ham Boku turkumining mantiqiy davomi deb qaralishi mumkin. Zero, garchi she’r Toshkentda yozilgan bo‘lsa-da, unda Bahri Hazar taassurotlari aks etadi. Cho‘lpon bu she’rda ham ramziy ifoda yo‘siniga sodiq qoladi:

Po‘rtana qo‘zg‘oldi, po‘rtana yurdi,

Po‘rtana o‘zini qirg‘oqqa urdi.

Po‘rtana oldida bir kema ko‘rdi

Ichida zich odam... o‘ynatdi, surdi.

Avvaliga dengiz manzarasi tasvirlanayotgandek tuyulsa-da, she’rni o‘qigan sari zohiriy manzara zamiridagi ramziy ma’no ochilib boraveradi. Dunyoni ostin-ustin qilayozgan inqilob, erk deya qo‘zg‘algan omma qudratini shoir po‘rtana timsolida tajassum toptirayotgandek. Shu asno she’rda yana bir muhim timsol — «ko‘zlari kiyikni ko‘r qilgan», «yuzlari oylarni botirgan» go‘zal maydonga chiqadi. Po‘rtananing o‘zida suyub «oq ko‘pik ichida oqayotgan» go‘zalni:

Dam ko‘kka irg‘itib, dam tortar ko‘ksiga

Shu yo‘lda o‘ynatur qizni,

Kuldirib ul nurlik yuzni,

Suydirib ul oxu ko‘zni,

Qul qilib sizni ham bizni...

Barchani, avvalo shoirning o‘zini maftun etayotgan, shu bois ham bir-biridan latif sifatlarla alqanayotgan go‘zal erk, ozodlik ramzidir. Maftunkor go‘zalning paydo bo‘lishi dengiz po‘rtanasi tasvirining ramziy ma’nosini o‘zgartiradi: endi u «oshiq» qalbining ifodasiga aylanadi. Erksevar qalb qudrati shunchalarki, «Ko‘tarsa boshini ko‘klarga tegadir. Bulutlar, chaqmoqlar dahshatda». Biroq shunchalar qudrati-la po‘rtana jimjit, o‘yida «qo‘zg‘alish degan so‘z» bo‘lmagani holda «qiyomat uxlaydir». Nega? Chunki:

Bu mahshar, qiyomat, po‘rtana, to‘lqinlar —

Hammasi yo‘qsilning ko‘nglida.

Bir damda dunyoni kuydirur vulqonlar

Ojizning u o‘tlik dilida...

Cho‘lpon «yo‘qsil» deganida, yuqorida ham aytilganidek, kambag‘al bechoralarnigina emas, barcha mustamlaka zulmi ostida ezilgan ellarni nazarda tutadi. Po‘rtananing qo‘zg‘alish degan o‘y xayolida bo‘lmagani holda uyquda (agar «qizil» ma’noda tushunilsa, mantiqqa ham haqiqatga zid hol yuzaga keladi, chunki «qizil po‘rtana» she’r yozilgan paytda aslo uyquda emas edi) ekanligi ham shundan dalolat beradi. She’r nihoyasiga yaqin shoir o‘z niyatini oshkor etadi, po‘rtana «mening ko‘nglim, g‘alvani, janjalni, to‘polon, qo‘zg‘alish, chuvalash, isyonni suyadir» deya tan oladi. Ko‘ramizki, Cho‘lpon o‘quvchisiga, avvalo, erksevar qalblar qo‘zg‘alishi — po‘rtananing nechog‘li buyuk qudratga egaligini ko‘rsatadi, so‘ngra o‘zidagi kurashga tashnalikni unga yuqtirmoqchi bo‘ladi, shundan keyingina xitob qiladi:

O’yna, ey po‘rtana, to‘xtama, quvvat ol,

Chog‘ kelgach, erinib yotma, uxlama,

bo‘lmasin yo‘qlama.

Ko‘p ezgan dushmandan,

past jondan

O’chni ol, o‘chni ol, o‘ch ol!

Xitobdan yaqqol seziladiki, Cho‘lpon she’r yozilgan 1920 yilda istiqlol uchun kurashga fursat yetgan, buning uchun zarur sharoit yetilgan deb hisoblaydi. U bugunmi-erta Turkistondagi mazlum xalqlarning po‘rtanadek bosh ko‘tarishiga, ezuvchilarini uloqtirib tashlashiga ishonch bilan yashaydi. Tabiiyki, bu ishonch shoirning jadidchilar bu yo‘lda olib borayotgan sa’y-harakatlardan yaxshi xabardor bo‘lgani, kuchga kira boshlagan milliy ozodlik harakatiga katta umid bog‘laganidan tug‘ilgandir. Cho‘lponning ko‘pchilikka tanish bo‘lgan «Kurash» she’ri o‘zining mazmuniyu ruhi jihatidan «Po‘rtana»ga yaqin turadi. She’rning ostiga uning 1921 yilda Toshkentda yozilgani qayd etilgan. Agar Cho‘lponning 1921 yil may oyining oxirida Buxoroga jo‘nagani hamda u yerda bir yil ziyodroq ishlagani e’tiborga olinsa, «Kurash»ning taxminan shu yilning boshlarida yozilgani anglashiladi. «Po‘rtana»da kuzatilgan ishonch ruhi «Kurash»ning ilk satrlaridayoq bo‘rtib turadi:

Chaqirguvchi, o‘kirguvchi bir tovush

Botirlarning jon so‘ragan tovshidir.

Yiqitguvchi, ag‘darguvchi qo‘zg‘alish

Yaqindagi zo‘r kurashning boshidir.

Cho‘lpon bu kurashdan chetda turganni dushman ataydi, «yo‘qsildagi imon toshib ketgan»i uchun ham uning bag‘oyat keskin kechishiga, murosa bo‘lishi mumkin emasligiga ishonadi. Shu bois ham shoir masalani o‘ta keskin, hamletchasiga qo‘yadi:

Ulug‘, qattiq ag‘darguvchi bu kurash.

Yo bor bo‘lish, yo yo‘q bo‘lish:

— Yo‘q yarash!..

Cho‘lponning masalani bunchalar keskin qo‘yishi yurtiga yetkazilayotgan zahmatning ozurda dilida chidab bo‘lmas og‘riqqa aylanganidandir. Shoir ona shahri Andijon tomonlarga borganida gullagan vodiyning xarob etilgani, yurtdoshlari mehnati-la obod qilingan qishloqlarni boyqushlar makon tutganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi; tul qolgan juvonlar, yetim-esir bolalar, farzand dog‘ida yuragi pora bo‘lgan ota-onalarning faryodlarini o‘z qulog‘i bilan eshitadi; bosmachilikka qarshi kurash bahonasida qatli om qilingan qishloqlar, qizil qo‘shin sodir etgan xunrezliklar haqida eshitib biladi... Bularning bari shoir qalbini larzaga soladi, yurak qoni bilan yozgani «Buzilgan o‘lkaga» she’ri dunyoga keladi.

Cho‘lpon talqinidagi yurt makoniy tushunchagina emas, yo‘q, u — his qila biladigan mavjudlik, azob, quvonch, nafrat hislari unga aslo yot emas. Bu yurtning yovlardan bezganligi shunchalarki, tog‘lardan tushayotgan suvlari «yig‘lar kabi inglaylar», «Yov... bormi? deb to‘rt tarafni tinglaylar». Bu yurtning yovlariga nafrati shunchalarki, zilol buloqlari shifobaxsh suvlarini chaqirilmagan «qo‘noqlar»dan qizg‘onarlar. Cho‘lpon yaratgan yurt timsolida mushfiq onalar — borlig‘ini farzandlariga beg‘araz bag‘ishlay oladigan, yaxshiyu yomon kunlarni farzand orqasidan ko‘radigan, azobiyu quvonchi farzandlari tufaylidan keladigan... — tajassum etilgandek. Shu ma’noda shoirning beadaddek tuyuluvchi «nega, nima uchun»lari yurt — onaning «yarali tanlarini ko‘rmayotgan», «ko‘zining yoshlarini so‘rib olish»ga yaramayotgan farzandlarga qaratilgandir. E’tibor qilinsa, shoirning o‘tli nafratu alamlarida birozgina tushkunlik asarlari ham zuhur qilayotgandek ko‘rinadi:

Nima uchun ag‘darilgan, yiqilgan,

Og‘ir tojniig zahar o‘qi ko‘ksingda?

Nima uchun yovlaringni bir zamon

Yo‘q qilgudek temirli o‘ch yo‘q senda?

Mustamlaka siyosati davom etgani holda unga qarshi chinakam kuchning yo‘qligi shoir dilini o‘rtaydi. Bunda endi «Po‘rtana» yoxud «Kurash» dagi ruh sezilarli darajada susaygan. Nega? Chunki ilgari Cho‘lpon «yorug‘ yulduz» bilan sirlashgan bo‘lsa, endi ona yurt bilan dardlashadi: uning xayolidagi va hayotdagi mavjud hol orasida ulkan farqlar ko‘zga tashlanadi. Shoir o‘zi «Po‘rtana»da orzu qilgan qudratni, ommaning erk deya bir yoqadan bosh chiqarishini, «yo‘qsildagi imonning toshib ketishi»ni aksariyat yurtdoshlarida ko‘rmaydi. Orzu umidlarining sarobga aylanayozgani Cho‘lponni iztirobga soladi, buning natijasi o‘laroq 1921 yil o‘rtalariga qadar yozgan she’rlarida mahzun ohanglar, tushkunlik kayfiyati ustunlik qiladi. Shoirning shu vaqtda yozilgan «Yong‘in» nomli she’rida «ko‘nglim kabi yiqiq uylar, qishloqlar» deyishi ham fikrimizni dalillaydi. «Yong‘in» she’riga gazeta xabaridan «Talanmagan, yiqilmagan yer yo‘q. Go‘daklar nayza boshida...» degan parchaning epigraf qilib olinishi yurtdagi vayronaligu xunrezliklar shoir ruhiyatiga nechog‘li qattiq ta’sir etganini ko‘rsatadi:

Shunday katta bir o‘lkada yonmagan,

Yiqilmagan, talanmagan uy yo‘qmi?

Bir ko‘z yo‘qmi qonli yoshin to‘kmagan,

Butun ko‘ngil umidsizmi, so‘ndimi?

Shoir alam bilan qayd etayotgan haqiqatlar zamirida endi avvalgidek kurashga, qo‘zg‘alishga undash emas, o‘zining ham yurtining ojizligidan o‘kinish ohanglari kuchliroq keladi. O’zi orzulagan ommaviy qo‘zg‘alishni ko‘rmagan Cho‘lpon «Mo‘minlarning oq vijdoni, imoni, sham so‘nganday tinsizgina so‘ndimi?» deya o‘kinch-la o‘yga toladi. Zero, uning e’tiqodida imon tushunchasi vatanga muhabbat tushunchasi bilan esh keladi, «hifzul vatan minal imon» — vatanni himoya qilmoq iymondandur, deb biladi. Cho‘lpon «Po‘rtana», «Kurash» she’rlarida ko‘rganimizdek qo‘zg‘alish shiddatiga nechog‘li maftun, erk uchun kurashga nechog‘li tashna bo‘lmasin, avvalo, shoir, hassos qalb sohibi edi. Begunoh to‘kilgan qonlar esa, har vaqt bo‘lganidek, eng avval shoir qalbini so‘roqqa tutadi:

Qilichlarning tillarida qizil qon

Buloqlaring suvi yanglig‘ toshdimi?

Yalang bola, yalang go‘dak, ma’sum jon

Nayzalarning boshlaridan oshdimi?

Ayni shu davrda Cho‘lpon «begunoh to‘kilayotgan qonlardan biror natija bo‘larmikan? Ko‘zlagan maqsadimiz to‘kilgan qonlarga arzirmikan?» degan andishalarga borgan ko‘rinadi. Har holda, xuddi shu vaqtlarda yozilgan «Yorqinoy» pesasining qahramoni isyonkor Po‘latning kurash nihoyalangach ham ko‘p narsa o‘zgarishsiz qolayogganini ko‘rib, «Muncha qon to‘kishning nima keragi bor edi?» deya o‘yga tolishi ham bejiz emas edi. Aytmoqchimizki, bu payt Cho‘lponning hayot yo‘lini yoritib turgan «yorug‘ yulduz» anchagina xira tortgandi. Shoir ko‘ngli milliy ozodlik harakatining keng quloch yoyishiga, ommaviy tus ola bilishiga ishonolmay qolgandi. Cho‘lpon dilidagi umidsizlik avj pardasiga ko‘tarilgan davr mahsuli sifatida «Amalning o‘limi» she’rini ko‘rsata olamiz. She’rning:

Kenglik xayollari uchdimi ko‘kka?

Butun umidlarni yovlarmi ko‘mdi?

Mangu tutqunlikka kirdimi o‘lka?

Xayolda porlagan shamlarmi so‘ndi?—

degan satrlari yuqoridagicha o‘ylashimizga asos beradi. Shoirning iztiroblari yurt qayg‘usida chekkan ohlari «o‘tidan chiqqan shu’lalar» yurtdoshlari «ko‘kragidan bir joy topmagan»i, aksariyatining qalblari hamon uxlayotganligi sababli ham kuchayadi. U o‘zi ardoqlagan «erklik yulduzi»ning nuridan har bir mazlum dilida bir «iz» qolishiga ishonardi, biroq haqiqatda bunday bo‘lib chiqmadi. Shu bois ham shoir:

U bir iz, ko‘zimning nurlaridan ham

Yuksakdir, men uni o‘pmak istayman,

Agar topilmasa bu yurtlardan ham

Ko‘chib yiroqlarga ketmak istayman,—

deb yozadi. Aytish kerakki, bu shunchaki iddao emas edi. Cho‘lponning «Yo‘l esdaligi» safarnomasi shunday deyishimizga asos beradiki, uni adibning bungacha ko‘rib o‘tganimiz asarlari, uning hayot yo‘li haqida aytilgan fikrlar kontekstida talqin etsak, bunga amin bo‘lishimiz mumkin ko‘rinadi...

Avvaldan aytish joizki, «Yo‘l esdaligini» faqat shartli ravishdagina safarnoma deb atashimiz mumkin. Zero, uning odatdagi safarnomalardan jiddiy bir farqi bor: bunda erksevar ruhning ko‘ngil tor ko‘chalari bo‘ylab mashaqqatli safari qalamga olinadi — real yo‘l va real manzil badiiy niyat ijrosida muhim bo‘lmagani uchun ham adib ularni konkretlashtirmaydi. Asarni shartli ravishda bo‘lsa-da safarnoma janriga mansub deyishga asos beruvchi jihatlari ham yo‘q emas: konkretlashtirilmagan bo‘lsa-da, «yo‘l» obrazining mavjudligi, uning markazida sayyoh-muallif obrazining turishi. Xo‘sh, nima uchun adib safarnoma janrini tanladi? Mazkur savolga javob berish uchun Cho‘lpon ijodiy merosiga yana bir qurgina nazar solishimizga to‘g‘ri keladi.

Aytish mumkinki, hech kim makoniy va davriy o‘zgarishlarni yo‘lga chiqqan kishichalik o‘tkir his qilmasa kerak. Tabiiyki, makoniy va davriy o‘zgarishlar yo‘lchi ruhiyatiga-da muayyan ta’sir o‘tkazadi, dunyoqarashida muayyan o‘zgarishlar yasaydi. Dono xalqimizning «yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yro» degan purhikmat maqoli ham bejiz to‘qilmagan. Ehtimol shundandir, og‘zaki va yozma adabiyotda o‘sish-o‘zgarishda ko‘rsatilayotgan qahramonlar ko‘pincha yo‘lga chiqadilar. Cho‘lpon ijodiyotida ham yo‘l obrazi ko‘pincha shu xil botiniy parallellar o‘tkazishga xizmat qiladi. Adibning ilk ijodidayoq «yo‘lsizlik»dan qiynalayotgan va «yo‘lga chiqqan» qahramonlar taqdiri qalamga olingan edi. «Qurboni jaholat»dagi siqiq muhitda bo‘g‘ilgan Eshmurod ijtimoiy-ma’naviy ehtiyojlarini qondirish yo‘lini topolmaganidek, safarga ham otlanmagan edi. Uning ziddi o‘laroq, izlanayotgan Muhammadiyor safarga chiqadi va shuning muqobilida o‘zgaradi. Shunga o‘xshash holni «Kecha» romanida ham kuzatamiz: o‘z oilasining biqiq muhitida ezilgan Zebi ham safarga chiqadi. Biroq Zebining safari «bir yozilib kelish» maqsadidagina bo‘lganidan, safar chog‘ida ruhiyatida boshlangan o‘zgarishlar mantiqiy nihoyasiga yetmaydi. Zebidan farq qilaroq, Miryoqub chiqqan yo‘l oldinga qarab yuradi — u hayotini o‘zgartirishni niyat qilgan. Ehtimol shuning uchundir, «Kecha»da u ortiga, ya’ni, o‘z muhitga qaytmaydi, Cho‘lpon uning yo‘li muayyan manzilga yetishiga ishora qiladi go‘yo. O’ylaymizki, shu mulohazalarimizning o‘ziyoq Cho‘lpon nasriy ijodida «yo‘l» obrazi qahramonlardagi ma’naviy-ruhiy o‘sish-o‘zgarishning botiniy muqobili(paralleli) ekani haqidagi da’vomizni dalillaydi. Shunisi ham borki, Cho‘lponning «Yurt yo‘li», «Ishq yo‘li», «Menim yo‘llarimda», «Uch-to‘rtta yulduz», «Sozim» kabi qator she’rlarida ham yo‘l motivi hozir. Ularning barini umumlashtiruvchi jihat shuki, yo‘lga chiqqan yo‘lchi — lirik qahramonning ko‘zlagan aniq manzili bor: u yo yorni istab, yo yorug‘ bir yulduzni ko‘zlab yo‘lga chiqqan; yorga yetish umidi kesilganida yoki yulduz xira tortganida yo‘lchi o‘rtanadi va aksincha. Aytish mumkinki, Cho‘lpon she’riyatida «yo‘l» obrazi maqsad — milliy ozodlik va taraqqiy yo‘lidagi kurash ramzi sifatida talqin etiladi. Bundan anglashiladiki, Cho‘lpon o‘z ruhiyatidagi ziddiyatli kurash, o‘zgarish jarayonini ifodalash uchun safarnoma janrini tanlagani bejiz emas: u xos o‘quvchisining «yo‘l» obrazidagi yuqoridagicha ma’nolar bilan yaxshi tanishligini, baski, bu narsa uning asardagi botiniy ma’nolarni anglashiga asos bo‘lishini yaxshi biladi.

Cho‘lpon mazkur safarnomasini «Bilim o‘chog‘i» jurnalida e’lon qilarkan, sarlavha ostida «1921 yil 27 may» sanasini qayd etadiki, bundan ayni shu kuni yo‘lga chiqqani anglashiladi. Safarnomaning birinchi qismi «Ko‘ngilsiz chiqish» deb nomlangan bo‘lib, uning boshlanishidayoq «bu kezuvimning qanday totli umidlar orqasida bo‘lg‘onini bilganim holda...» degan so‘zlarga duch kelamiz. Xo‘sh, gap qanday «totli umidlar» haqida borayotir? Bu savolga javob berish uchun adib biografiyasiga murojaat qilishimiz darkor. Ma’lumki, 1921 yilning iyunidan Cho‘lpon «Buxoro axbori» gazetasi muharriri vazifasida ishlay boshlagan edi. Safarnomada yo‘l konkretlashtirilmagan bo‘lsa-da, uning Zarafshondan o‘tganligi anglashiladi. Shunga ko‘ra asarda adibning Buxoro safari aks ettirilgan, degan fikrga kelish mumkin. Aytish kerakki, amirlik tugatilgandan keyin jadidlar Turkiston mustaqilligi uchun kurashda yangi tashkil topgan Buxoro Xalq Respublikasi katta imkoniyatlar tug‘dirishi mumkin, deb hisoblaganlar. Shu bois ham ko‘p o‘tmay Buxoroga jadidchilik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillari to‘plana boshlaydilar va bir tomondan, yangi jumhuriyatni mustahkamlash, ikkinchi tomondan, Turkiston mustaqilligiga erishish yo‘lida astoydil harakat boshlaydilar. Jumladan, Buxoro hukumatining rahbarlaridan biri bo‘lmish Fitrat tomonidan «Buxoro axbori» gazetasiga muharrirlik qilish uchun taklif qilingan Cho‘lpon ham qalami bilan shu yo‘lda xizmat qilishi lozim edi. Chamasi, adib maslakdoshlarining uzoqni ko‘zlagan maqsadlaridan hali yo‘lga chiqmasidanoq voqif bo‘lganu, ko‘nglidagi so‘nishga kelgan umid yana porillab yongan ko‘rinadi. Shu bois ham adib «totli umidlar»ni diliga jo aylab Buxoro safariga otlanadi. «Yo‘l esdaligi»da adib ruhiyatidagi tushkunlikning umidvorlikka aylanishi ramzlar vositasida ifoda etiladi. Yo‘lga chiqqanidan so‘ng sayyoh-Cho‘lpon xayol haqida o‘y surib, u haqda ilgariroq yozgan she’rini eslaydi:

Xayol...xayol... yolgiz xayol go‘zaldir,

Haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqaman...

Adib o‘zining «Yo‘l esdaligi»ni yozish arafasidagi ruhiy holatini shu satrlarda yorqin ifodalaydiki, buni tasavvur etish uchun yana kontekstga murojaat etish zarur.

Yuqorida aytganimizdek, Cho‘lpon ruhiyagidagi tushkunlik xayol va haqiqat orasidagi ulkan tafovutdan yuzaga kelgandi, shu bois ham u «haqiqatning ko‘zlaridan qo‘rqadi»: ko‘rayotganlarini «haqiqat» deya tan olishga ko‘ngli chopmaydi, ko‘nglida «erklik yulduzi» qoldirgan «iz» orzularidan voz kechishga yo‘l qo‘ymaydi.

Ko‘ngli umid va umidsizlik orasida talosh bo‘lib turgan damlarda uni xayol qutqaradi: «Ul menim eng umidsiz, eng qiynalg‘on, eng ezilg‘on choqlarimda kelib boshimdan silar, siypar, yupatar, erkalatar edi». Ko‘ramizki, yaqin o‘tmishida xayolot olami Cho‘lponni «haqiqatning ko‘zlari»dan yashiradigan, uning o‘ksik ko‘nglini ovutadigan yagona bir go‘sha edi. Endi esa Cho‘lpon-sayyoh uchun xayolning ahamiyati o‘zgargandek: «Qorong‘ilik menim umid bilan porlag‘on ko‘nglimni o‘zining qo‘rqinch quchog‘lari orasiga olib o‘churmakchi bo‘ladir, ko‘nglum esa xayolning ko‘kidan tushkusi kelmaydir». Aytish kerakki, bu o‘rinda «qorong‘ilik» ham ramziy ma’noga ega. Cho‘lpon maslakdoshlarining Buxoro bilan bog‘liq bo‘lgan niyatlariyu bu yo‘ldagi sa’y-harakatlaridan voqif bo‘lgach, «ko‘ngli umid bilan porlagan»i ayon. Biroq bir bora aldangan ko‘ngil endi ehtiyotkor bo‘lib qolgan — unga shubhayu gumonlar-da yot emas. Adib ko‘nglidagi umid bilan shubhayu gumonlar kurashini ramzlar (daraxtlar «bir to‘p xayol-vahm», «yog‘dusiz xira chirog‘lar», «qorong‘idan qo‘rqub, g‘ujum bo‘lub, berkinib yotqon daraxtlar») vositasida ifodalaydi. Shubhayu gumonlar kuchayib borgani sari ko‘ngil «qorong‘iliqqa sanoqsiz qarg‘ishlar yuboradi», biroq ular «qorong‘iliqning «vahm»larini tag‘in-da kuchaytirib, uning azamatini tag‘in-da orttirar edi». Qorong‘ilik quyuqlashib borgani sari sayyoh dilidagi umidni bor kuchi bilan quvvatlantirishga intiladi. Biroq u qancha zo‘r bermasin, qorong‘ilik quyuqlashaveradi, borliqdagi tabiiy jarayonni o‘zgartirishga qodir bo‘lmaganidek, ko‘ngliga ham buyruq berishga ojiz qoladi. Shu asnoda safarnomada yana bir muhim obraz paydo bo‘ladi: «Mo‘‘minlar yotar choqlarida, o‘zlarini uyquga berar choqlarida Alloh nomini aytib yotalar, o‘zlarini uyquning kuchli qo‘llari orasiga ko‘mar edilar.

Men-da butun istagim, butun tilaklarim bilan sevganimning ismini aytdim va qorong‘ilikning chuqur qa’riga otildim...»

Ko‘ramizki, Cho‘lpon uchun Buxoroga bog‘lagan umidlari hamon «qorong‘ilik» — ularning amalga oshish-oshmasligini bilmaydi, shunday bo‘lsa-da, ma’shuqasi — yurt ozodligi orzusini diliga tukkan holda dadil qorong‘ilik quchog‘iga kirib boradi. Bungacha yuritgan mulohazalarimiz safarnoma kontekstida «ma’shuqa» — yurt ozodligi ramzi sifatida kelayotganiga ishontira oladi, deb o‘ylaymiz. Boz ustiga, Cho‘lponning bir qator she’rlarida ham «ma’shuqa» — ayni shu ma’noda talqin etilgani yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Biz Cho‘lponni xaqli ravishda novator ijodkor deb ataymiz. Sirasi, shoirning «o‘zbek adabiyotiga yangi to‘n kiygizgan»i1 o‘z zamondoshlari tomonidan-da e’tirof etilgan. Ayni paytda, hech bir ijodkor, hatto eng buyuk iste’dod sohiblari-da, o‘zini voyaga yetkazgan xalq madaniyati ta’siridan butkul uzilib ketolmaydi. Tabiiyki, Cho‘lpon ijodiyoti ham quruq joyda yuzaga kelgani yo‘q, ming yillar bilan o‘lchanuvchi mumtoz adabiyotimizning eng yaxshi an’analari unga asos bo‘lib xizmat qildi. Buni, xususan, Cho‘lpon she’riyatida «oshiq» va «yor» obrazlari talqinida ham kuzatiladi. Mumtoz she’riyatimizda faol qo‘llanilgan mazkur ramzlarga Cho‘lpon yangi ma’no yukladi: uning talqinida «yor» — yurt ozodligiyu «oshiq» — erkka tashna ko‘ngil. Ya’ni, mutasavvuf shoirlar intilgan ma’naviy-estetik ideal HAQ bo‘lsa, Cho‘lpon intilib yashagan ijtimoiy-estetik ideal YuRT OZODLIGI bo‘lib qoldi. Bundan anglashiladiki, Cho‘lpon ijodiyotidagi ramzlar, asarlari qatidagi botiniy mazmun mumtoz she’riyatimizdan turtki olgan holda tushunilishi lozim. Zero, Cho‘lpon tasavvuf she’riyatidan nafaqat quruq shaklni, ruhni-da o‘zlashtirgandek. Shu bois ham shoir talqinidagi yorga muhabbat «ilohiy bir muhabbat, ishq»(«Aldanish»)dirki, vujudiga sut bilan kirganu yurak qoniga aylangan:

Ilk avval ko‘zimni ishq bilan ochdim,

Ishqning maydonina qonimi sochdim... («Ishq»)

Albatta, bu satrlarda «anodin qay kuni tug‘dim, sening ishqing bilan yondim» deya xitob etgan Mashrab ruhini tuymaslik mumkin emas. Ayni paytda, bu esini taniboq ma’shuqasiga ko‘ngil bergan, «zunnori ishq»(«Ishq»)ni bog‘lagan onidan ma’shuqasiga eltadigan yo‘lnigina «haq yo‘l» («Sozim») deb bilgan Cho‘lponning o‘z izhoridir. Ma’shuqasi hajrida yashayotgan Cho‘lpon-oshiq uchun uning vasliga intilmak hayot mazmunidirki, o‘zini shu yo‘ldagi bir darvesh, qalandar(«Ishq yo‘li», «Qalandar ishqi») his qiladi. Cho‘lpon yor vaslini «pok istakli kuch» («Yurt yo‘li») bilangina istash mumkin, bu yo‘lga kirgan kishi «najotni o‘zligini unutishu yorga singib ketish»(«Ishq yo‘li»)da ko‘rmog‘i kerak, deb hisoblaydi. Shu bois ham o‘zining ayrim yo‘ldoshlarida «dil buzuq»(«Yotoqdan»)ligini ko‘rib o‘rtanadi. E’tiborli jihati shundaki, qalbida shu buyuk ishq bilan yashagan shoir uning zarralarini satrlar qatiga joylarkan:

So‘ylarkan tillarim na yomon so‘zlar,

Yozarkan qalamim na hazin og‘lar,

Soddadil bunlardan ne ma’ni onglar,

Bilmaz-ku o‘ldug‘in izhor ishqi,—

deb yozgan edi. Ko‘rinadiki, Cho‘lpon o‘zining «ishq izhori»ni har kim ham anglay olmasligini biladi, hammaga dardini to‘kkani holda chinakam hamdard bo‘la biladiganlarning ozligini teran idrok qiladi. Shu mulohazalarga tayangan holda biz Cho‘lponning aksar she’rlarida xos o‘quvchiga mo‘jallangan ramziy qatlam mavjud va unda yurt ozodligi mavzusi poetik talqin etiladi, deb hisoblaymiz.

Demak, Cho‘lpon ijodiyoti kontekstidan kelib chiqqan holda «Yo‘l esdaligi»da paydo bo‘lgan ma’shuqa obrazi yurt ozodligi ramzi ekanligiga yana bir karra ishonch hosil qilishimiz mumkin. Ma’shuqa obrazining paydo bo‘lishi bilan «qorong‘iliq» chekinadi: ilgari ma’shuqasiga yetish umidi tamom kesilgan, unga hatto xayolot olamida-da joy topilmay qolgan damlarda cho‘kib qolgan ruh erk epkinidan havolanib tiriladi go‘yo. Ma’shuqasiga yetish uchun kurashdan to‘xtamaslik zarurligini qaytadan idrok etib, butun borlig‘ini sevgisiga baxshida etishga chog‘langach, «qorong‘iliqning quchog‘idagi esiriklik, xushsizligimdan endi o‘zimga keldim» deya e’tirof etadi. Endigina o‘ziga kelgan sayyoh ko‘zi tushgan manzara ham, tabiiyki, uning ayni paytdagi kayfiyatiga mos: «Qizdirg‘uchi quyosh yo‘q, qora-zahar bulutlar ham yo‘q. Ko‘k allaqanday chuchmal bir tusda turar edi». Avvalo, bir ruhiy holatdan ikkinchisiga o‘tayotgan sayyoh ruhiyatida shu xil oraliq, biroz chuchmal vaziyatning bo‘lishi tabiiy ko‘rinadi. Ikkinchi tomondan, o‘ylashimizcha, parchaga yuklangan ramziy ma’no ham sayyoh ruhiyatini tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’lumki, Cho‘lpon ijodiyotida «qora bulut» ko‘proq mustamlakachilar, yurtining erkini bo‘g‘ib yotganlar ramzi sifatida talqin qilinadi. Yuqoridagi parchada «qora bulut»ga «zahar» sifatlovchisi qo‘shilganki, bu, bizningcha, ifodaning ma’no doirasini ancha kengaytiradi. Zero, muallif munosabatini yaqqol ifodalab turgan bu sifatlash faqat «qora bulut»lardan zada kishigagina taalluqli bo‘lishi mumkin. Shunday tasavvur tug‘iladiki, go‘yo sayyoh «qora bulut»larning yo‘qligidan xursand, shu tufayligina erkin nafas olayotgandek. Holbuki, gap faqat bahorning o‘zgaruvchan havosi haqida borganida, bu xil munosabat ortiqchadek tuyulishi mumkin edi. Shu o‘rinda davr kontekstiga murojaat qilib, Buxoro Xalq Jumhuriyati mustaqil davlat tuzilmasi sifatida dunyoga kelganini, hartugul, o‘zining ilk bosqichida mustaqil bo‘lganini eslash joiz. Cho‘lpon bu o‘rinda «qora bulut»lardan forig‘ yurt tomon borayotganini, shu bois ham umidlari tobora yuksalayotganini aytmoqchi emasmikan?.. Fikrimizcha, parchadagi «qizdirguchi quyosh» birikmasi ham shu xil andishani birmuncha quvvatlaydi. Ma’lumki, inqilobdan keyingi dastlabki yillardayoq oktyabrni quyoshga mengzashlik adabiyotda rusum bo‘lib ulgurgandi. E’tiborli jihati shundaki, Cho‘lpon she’riyatida oktyabrga nisbatan shu xil tashbeh qo‘llanilmagan. Faqat bittagina she’rida, mashhur «Qalandar ishqi» g‘azalining maqta’sida shoir shu ramzga murojaat qiladi:

Muhabbat osmonida go‘zal Cho‘lpon edim, do‘stlar,

Quyoshning nuriga toqat qilolmay yerga botdim-ku.

Cho‘lponning qator she’rlari («Yurt yo‘li», «Men qochmadim», «Uch-to‘rtta yulduz» va boshq.)da erk, ozodlik, milliy istiqlol ramzi sifatida YuLDUZ olingan. Ya’ni, maqta’ning ramziy mazmuni shoir taxallusining asl ma’nosi — «yulduz» bilan bog‘liq. G’azalning ramziy ma’nosini anglash uchun shoirning u yozilgan paytdagi ruhiy holatini tasavvurimizda tiklashga (yuqorida bu paytni bir qur tasavvur qilganmiz) urinib ko‘rish darkor. Bilamizki, fevral inqilobidan so‘ng Cho‘lponning ijtimoiy faolligi benihoya ortgandi. Sababki, shoir yuzaga kelgan sharoitda yurtining demokratik yo‘l bilan ozod bo‘lish imkoniyati mavjudligiga chin dildan ishondi, muxtoriyatchilik harakatiga katta umid bog‘ladi. Cho‘lpon faol muxtoriyatchilar bilan birga Turkistonning turli shaharlariga borib tashviqot ishlarini olib bordi yonib va yondirib yashadi. Mavjud sharoitda Rusiya imperiyasi tarkibidagi turkiy xalqlarning mustaqillik yo‘lida baqamti harakatigina durustroq natija berishi mumkin, deb hisoblagani tufayli shoir turkchilik g‘oyalarini harakat dasturi deb bildi. Cho‘lponning Kavkaz turklari bilan aloqa bog‘lash uchun jo‘nagan Farg‘ona hay’ati tarkibida bo‘lishi, Qo‘qonda muxtoriyat e’lon qilinishi bilanoq Orenburgga jo‘nashiyu Boshqirdiston jumhuriyatini mustahkamlash orqali o‘z yurti ozodligiga ko‘shish qilishni niyat etgani ham shundan dalolatdir.

Biroq, taassufki, shoirning osmon qadar umidlari yerparchin bo‘ldi: bolsheviklar hukumati Qo‘qon muxtoriyatini qonga botirdilar. Boshqirdistondagi sa’y-harakatlaridan ham natija chiqmagach, shoir 1919 yil boshlarida yurtiga qaytdiki, «Qalandardek yurib dunyoni kezdim topmayin yorni, Yana kulbamga qayg‘ular, alamlar birla qaytdim-ku», deya nola chekishi shundandir. «Qalandar ishqi» g‘azalini shoir ayni shu xil ruhiy holatda yozgan ediki, maqta’ning ma’nosi shu kontekstda konkretlashadi. Ya’ni, bu o‘rinda shoirning «muhabbat osmoni» — yurt ozodligi uchun kurash yo‘lini yoritib turgan yulduzni yerga botirgan «quyosh» — oktyabr inqilobiga munosabati o‘z ifodasini topgan. Fikrimizni quvvatlantirish uchun Cho‘lponning «Men qochmadim» nomli she’riga to‘xtalib o‘tish joiz. Muhimi shundaki, mazkur she’r «Yo‘l esdaligi» bilan deyarli bir vaqtda yozilgandir. Ikkinchi tomondan, «Men qochmadim» she’ri noma(poslanie) janriga mansub bo‘lib, unda shoir o‘zining Buxoroga jo‘nashini qaynoq ijtimoiy hayotdan qochish deb baholagan «Toshkentdagi o‘rtoqlariga» murojaat qiladi. Tabiiyki, bu o‘rinda eskidan aloqada bo‘lgan kishilar orasida «muloqot konteksti» mavjudligini nazarda tutmoq lozim bo‘ladi. Ya’ni, bu o‘rinda shoirning fikrini ishora bilangina ifodalash imkoniyati kengayadi. Shu jihatdan quyidagi satrlarga e’tiborni tortamiz:

Men yangilar o‘lkasidan sinmagan

Bir qanotni taqib olib qo‘zg‘aldim:

Shu yo‘limda yaproqlari so‘lmagan

«Yosh yog‘och»ning soyasida to‘xtaldim.

Albatta, Cho‘lpon «yangilar o‘lkasi» deganida qizil Turkistonni nazarda tutgani yaqqol anglashiladiki, u yerda shoirning bir qanoti singan. Shu bois ham «tilakni izlayotgan» shoir yana «yo‘l»ga chiqib, «yosh yog‘och» Buxoro jumhuriyati soyasida to‘xtalgan. E’tiborli jihati shuki, Cho‘lpon «yosh yog‘och»ning yaproqlari so‘lmaganligini ayricha ta’kidlaydi. Ya’ni, «yosh yog‘och» bilan «yangilar o‘lkasi» qarshi qo‘yilayottani e’tiborga olinsa, keyingisining yaproqlari so‘lgan, uni «qizdirg‘uchi quyosh» so‘ldirgan degan ma’no kelib chiqadi. Baski, shoir u daraxt soyasida qizdirguchi quyosh taftidan omon topolmaydi, undan qutulish uchun «yosh yog‘och»ning soyasiga kelgan. Demak, «Yo‘l esdaligi»da ko‘rganimiz «qizdirguchi quyosh» ramzini ham shu yo‘sin tushunilgani to‘g‘riroq bo‘ladi. Zero, hukumat gazetasi muharriri vazifasida ishlagan Cho‘lponning Buxoro hukumati bolsheviklarga yaqinlashib, keyingilarning mavqei kuchaya boshlaganida muharrirlikni tark etgani ham shu fikrni quvvatlaydi. «Qizdirguchi quyosh» va «qora bulut»larning yo‘qligi sayyoh umidini kuchaytiradi, safarnomaning hissiy tonalligi o‘zgaradi. Endi uning markazida sayyoh-oshiq turadiki, uning xayolini ma’shuqa vasligina band etgan. Tevarak-atrofiga oshiqona boqqani uchun ham u har neda «yor» aksini ko‘radi, har ne unga «yor»ni eslatadi. Aytish kerakki, bu o‘rinda ham tasavvuf she’riyatining muayyan ta’siri seziladi. Sayyoh ruhiyatida umidvorlik kuchayishi sababli ham «otsiz aroba»lari uchib borayotgandek tuyuladi unga, ko‘z oldida «uchmoh manzarasi» namoyon bo‘ladi:

«Qizil lolalardan birikkan tengiz keng edi.

Butun borlig‘imni o‘ziga o‘rab, chulg‘ab tortar edi.

Qizil tengiz — sevgi.

Uning menim sevgi yo‘limda uchrashi sevgimning

umidli, sof, oppoq ekanligini ko‘rsatar edi».

Ko‘ramizki, bu o‘rinda Cho‘lpon ramzning ma’nosiga o‘ziyoq ishora qiladi: uning uchun «qizil tengiz — sevgi». Aytish kerakki, Cho‘lpon ijodiyotida dengiz goh o‘zida beadad qudratni jam etgan isyonkor qalb, goh esa erk uchun kurash («Po‘rtana», «O’tli suv») ramzi sifatida talqin qilinadi. Adibning dengizni sevgi deb atashi bejiz emas: uning tushunishicha, yorga yetish uchun kurashning o‘zi sevgi, adib o‘tli ohlardan nari o‘tmaydigan sevgini tan olmaydi, uning tasavvuridagi sevgi faollikni taqozo qiladi. Kurash — sevgining jozib bir o‘ti borki, u yana sayyohning butun borlig‘ini chulg‘amoqchi bo‘ladi. Yana deyishimizning boisi shuki, bundan yarim yillar ilgari u «Karashma dengizin ko‘rdim, na nozlik to‘lquni bordir, Halokat bo‘lg‘usin bilmay, qulochni katta otdim-ku», deya nola chekkandi. Ya’ni, kurashda halokat topib «yo‘lni yo‘qotgan» chog‘lari kurashchanlik ruhidan ayrilgan bo‘lsa, endi yana o‘sha ruh unga qaytayotir. Sayyoh dilida sevgi o‘ti kuchaya boshlaganidan «bir bulbul bo‘lsa edi-da, gul tengizining qizil to‘lqunlariga qo‘nub, ishqimning og‘ir bir nag‘masini sayrasa edi» deb orzulaydi. Ilgari, «Qalandar ishqi»da shoir «uning gulzorida bulbul o‘qib qon ayladi bag‘rim» deya ko‘zidan yoshlar to‘kkan bo‘lsa, endi bulbul nag‘masi kurash ruhini ishqqa to‘yintirish, uni quvvatlantirish uchun zarur. Ko‘ramizki, Cho‘lpon ijodiyoti kontekstida «Yo‘l esdaligi»ning bu qismi «Qalandar ishqi» bilan kontrastli munosabatga kirishadi.

Qalbi ishq bilan to‘lgan Cho‘lpon-sayyohning ko‘zi tushganki narsa uning yurti, ma’shuqasi haqidagi o‘ylarini chuqurlashtiradi. Zero, ko‘rayotganlarining mohiyati vijdonli kishini shunga undamasligi ham mumkin emasdek. Sayyoh «vafo ko‘rmagan oshiqning ko‘ngliday buzg‘unlikka uchragan Jizzax shahri»dan chiqib, tog‘ tomon yo‘l solganlarini aytadi. Shu qisqagina jumla bilan Cho‘lpon xos o‘quvchisini yaqin o‘tmishga, 1916 yil voqealariga qaytaradi. Erk uchun kurashning avvalgi safida turgan Jizzaxning chor qo‘shinlari tomonidan vayron etilganiyu erkning hanuz orzuligicha qolayotgani adibga yuqoridagicha ramziy tashbeh qo‘llash imkonini beradi. Cho‘lpon talqinidagi yurt makoniy tushunchagina emas, balki his qila biladigan mavjudlik ekanligini («Buzilgan o‘lkaga») yuqorida ta’kidladik. Shu bois ham adib Jizzax timsolida vafosiz sevgidan yuragi sadpora oshiqni ko‘radi, unga o‘zini hamdard, dardiga malham izlashlikni burchi deb biladi, o‘quvchisining-da shu xil o‘ylashini istaydi. Yuqoridagi ramziy tashbehning yana bir muhim funktsiyasi shuki, u sayyoh ruhiyatidagi yana bir burilishni asoslashga xizmat qiladi. Vayrona shahar manzaralari qalbida og‘riq uyg‘otgan sayyoh Jizzaxdan chiqqach-da undan forig‘ bo‘lolmaydi: u yurtining o‘tmishi, tarixiy qismati haqida o‘ylaydi: «Bir sharq shoiri «Tog‘lar, go‘zal yurtimni saqlag‘uchi devorlar kabi», degan edi, men esam:

Yuksak tog‘lar menim ba’zan aldag‘on

Xayolimday yuksaklarga o‘smishlar.

Xayolimni haqiqatlar to‘smishdi,

Biroq tog‘ning yuksalishini qanday

kuchlar to‘smishlar?- dedim...»

Ko‘ramizki, Cho‘lponni tog‘larning nega yuksala olmaganiyu yurtini asoratdan saqlab qololmagani o‘ylatadi. Sirasi, adib hanuz na ko‘nglidan va na tabiatdan javob ololmayotgan bu savollarni ilk ijodidayoq o‘rtaga tashlagandi. Yurtidan chiqib ketayotgan Muhammadiyorning «Ey, Chingiz va Temur askarlarini ko‘rgan qop-qora tog‘lar! Ey, vatanim Turkistonning eski davrini ko‘rgan tog‘ bobolar!» deya xitob qilishi, keyinroq she’rlaridan birida lirik qahramonning «yovlarning el ko‘ksida ishrat surishi»ga olib kelgan «otalarning tarixdagi xatosin» surishtirib suhbatdoshi yorug‘ yulduzni savollarga ko‘mib tashlashi («Yorug‘ yulduzga») ham yuqoridagicha savollar Cho‘lponni anchadan beri o‘ylatishidan dalolatdir. Mazkur bobning «Tog‘lar va ularning go‘zallik va hunukliklari» deb nomlanishida ham chuqur ma’no botindir. Sayyoh e’tirof etadiki, «yiroqdan chiroylik bo‘lib ko‘ringan va kichkinagina deb o‘ylangan tog‘lar yaqin yetgach dev gavdasiday kengaygan, vahmimday o‘sgan edi». Cho‘lpon yurtining o‘tmishiga mardona nazar tashlagani uchun ham uni butun go‘zalligiyu buyukligi, dahshatu xunukliklari bilan ko‘ra oladi. Ya’ni, adib har vaqt tarix haqida o‘ylarkan, yurtining buyuk o‘tmishi bilan faxrlangani holda («Sharq nuri»), uning «so‘ng davri» shon-shavkatdan nechog‘li mosuvo(«Yorug‘ yulduzga») ekanligini ham teran idrok eta oladigan darajada xolis tura biladi. Shu tufayli ham u ko‘rgan buyuk cho‘qqilar tepasida «olbosti»lar o‘tirgandek tuyuladi; har lahza qurbon istab uchib yurgan «qora lochin, uziqara sor va yirtqich cho‘zaxot»larni ko‘rib yuragi seskanadi uning, dahshatga tushadi. Biroq shunisi ma’lumki, o‘tmishga bu xil munosabat kelajak oldidagi ulkan mas’uliyat hissini tug‘diradi: sayyoh-oshiqning muhabbati havas yoxud mutaassiblarcha berilish emas — anglangan ijtimoiy-shaxsiy zaruratdir. Mas’ullikni teran his qilgani uchun ham sayyoh-oshiq aldanishdan kelgan iztiroblarni, og‘ir o‘ylaru lahzalik qo‘rquvni yengib, yana ma’shuqa xayoliga berilaveradi. Cho‘lpon-sayyoh ruhiyatidagi shu xil burilish kapalak obrazi vositasida ifodalanadi. Erk oshig‘i sayyoh bilan gul oshig‘i kapalakni bir xil dard birlashtiradi, ikkisi oshiqlar tilida so‘zlashadilarki, bunda qalblar tutashadi. Kapalak so‘ylagan ishq ertagi sayyoh dilida vasl ishtiyoqini yanada kuchaytiradiki, u ham o‘zining «qizil lola»sini o‘ylaydi. Albatta, sayyoh uchun kapalak visol baxtining mujassam ifodasi. Biroq, o‘ylashimizcha, kapalak obrazining mazmun-mohiyati shu bilangina cheklanmaydiki, bunga quyiroqda yana qaytamiz.

Vujudi ishqqa to‘lgan sayyoh Zarafshonni quyoshga oshiq tog‘ ko‘z yoshlaridan yaralgan, deb ta’riflaydi. Ayni paytda, ko‘z yoshlarining o‘zlari ham zo‘r dengizga oshiqlar, biroq faqat «ulardan baxtli bo‘lg‘onlari tengizning quchog‘iga tushalar, baxtsizlari dalalarda yerga singib yo‘q bo‘lub ketarlar». Zarafshon haqidagi bu nav o‘ylar Cho‘lpon-sayyoh mushohadalarini yana bir muhim masalaga taqaydilar:

«Men-da qochqon ma’shuqamni quvib boraman, yetayinmi, quchog‘iga kirayinmi yo yerga, yo‘qliqg‘a singib bitayinmi?

Ko‘kdagi bulut, oq bulut parchalari ustida qizil lolalar ochilg‘on edi.

Qizil lolalarning qizil tuslari kun botish yoqda ko‘k yuziga sochilg‘onlar edi».

Bir qarashdayoq sayyoh qarshisida tanlov imkoniyati paydo bulgani anglashiladiki, avvalo, uning qanday sharoitda yuzaga kelganiga diqqat qilish lozim. Ilgariroq yuritgan mulohazalarimizdan kelib chiqilsa, safarnoma kontekstida «qizil lola» ma’shuqa, «qizillik» kurash ramzi sifatida kelayotgani ravshan. Sayyoh qizil lolalarning «qizil tuslari» kun botish tomonda yoyilganini aytadi. Agar safar yo‘nalishini, sayyohning ayni patda Zarafshondan endigina o‘tganini e’tiborga olsak, kun botish tomonda Buxoro joylashgani ham aniq bo‘ladi. Demak, tanlov imkoniyati sayyoh Buxoroga yaqinlashganida paydo bo‘ladiki, bu bevosita uni Buxoroga chorlagan maqsad bilan bog‘liqdir. E’tibor berilsa, shu o‘rinda sayyoh diliga yana ozmi-ko‘pmi umidsizlik soya solganini sezish qiyin emas. Biroq, o‘ylashimizcha, bu umidsizlik avvalgilaridan birmuncha farq qiladi, chunki u sayyoh dilida insonga xos ojizlikning vaqtincha ustunligi mahsulidir. Zero, butun borlig‘ini kurashga bag‘ishlagan sayyohni ayni damda «kurashning natijasini MYeN ko‘ra olamanmi, yo‘qmi? O’zim uchun ham yashashim kerak-ku!» qabidagi andishalar chulg‘aydi. Ya’ni, «o‘zlik»dan ko‘pdan beri uzilib, «ko‘plik» ichra botib ketgan»(«Men qochmadim») Cho‘lpon ruhiyatida bu lahzalarda «o‘zlik» bosh ko‘taradi. Inson bolasining, ayniqsa, Cho‘lpondek bir necha yillik orzu-intilishlarida «yolg‘iz aldanishni ko‘rgan bir banda»(«Yupanmoq istagi»)ning yana qaynoq faoliyatga sho‘ng‘ish arafasida shu xil o‘ylarga berilishi tabiiy ko‘rinadi bizga. Ikkinchi tomondan, ayni shu xil o‘z qalbini taftish etish, meditativ mushohadaga berilishlik lirik turning xos xususiyatlaridanki, bu narsa «Yo‘l esdaligi»ning janr xususiyatlari haqida ilgari aytgan fikrlarimizni tasdiqlaydi.

Cho‘lpon-sayyoh dilidagi chigalliklar yechimini yana tabiatdan izlaydi, uning ruhida kechgan ziddiyatli olishuvda umidning uzil-kesil g‘alaba qilgani botayotgan quyoshga boqib surgan o‘ylarida o‘z ifodasini topadi:

«Menim umidim ham shu quyosh kabimi botar?

Meni sevgim ham shu quyosh kabimi bitar?

Qo‘rqamen...

Yo‘q, bu quyosh bugun botar, yana ertaga bosh ko‘tarib chiqar.

Biroq dunyo shu dunyo, tabiat shu tabiat,

borliq shu borliqdir.

Menim umidim ham shu chog‘da quyosh bilan birgami botar?

Yo‘q, ul ba’zan botar, uning ham shunday kechi bor,

yana tongi kelgach bosh ko‘tarib chiqar.

Biroq sevgi o‘shal sevgi, ishq shul ishq,

muhabbat shul muhabbat, ul manguga botmas!»

O’zining hayotiy tajribasiga tayanib, qalb tug‘yonlariga quloq tutgan holda lirik-falsafiy mushohadaga berilgan Cho‘lpon dil tubida botin beshak haqiqatni inkishof etadi: umid mash’aladek porillab yonishi yoxud so‘nishi mumkin, lekin «sevgi» — yurt ozodligi, erkinlik istagi boqiydir. Shu bois ham u yurtining qachondir bir kun ozod bo‘lishiga ishonadi, o‘zgalarni-da shunga ishontirishga intiladi. Ayni shu ishonch tufayli ham sayyoh: «Menim sevgim ham qalbimda qizg‘aldoq lola bo‘lub ochilmish, tanamga qizg‘ish tuslarini tarqata boshlamish edi»,- deya e’tirof etadi. Shu o‘rinda sayyoh yana «kapalak bilan lolaning birlashgani»ni esga soladiki, mazkur obrazning mazmun-mohiyati oydinlashadi. Kapalak qisqagina umri hali zamon tugashini bilgani holda gul ishqi bilan yashaydi, uning uchun oshiqlikning o‘zi baxt, zero, sevgi uning uchun hayot mazmuni, uning uchun gul ishqida yonib yashashgina hayotdir. Sayyoh dilidagi chigalliklarni yozishda shu jajji maxluqdan ibrat olganidek, uni o‘zgalar uchun-da ibrat qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi.

E’tiborli jihati shundaki, safarnomaning so‘nggi bobi «Chin birlik» deb nomlanadi: ma’shuqa vaslini izlab yulga chiqqan oshiq unga yetishadi, ikkisi chin ma’nodagi birlikni his etadilar. Kuramizki, «Yo‘l esdaligi»ni yaratishda Cho‘lponning tasavvuf adabiyotidan ta’sirlanishi nafaqat unda ishlatilayotgan ramzlar, balki asarning kompozitsion qurilishida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Biroq, yuqorida aytdikki, Cho‘lpon-sayyoh uchun real yo‘l emas, erksevar ruhning ruhiyat manzillarida turli sinovlarga dosh berib, har ne o‘zga tashvishlardan forig‘ bo‘lishi, tozarishi muhimroqdir. Ya’ni, sayyoh oshiqning «chin birlik»ka erishuvi, «sevgi»siga tamom singib ketgani adibning ruhiyatini kemirgan tushkunlikni yengib Buxoroga kelishiyu butun kuch-quvvatini ma’shuqasi — yurt ozodligi uchun kurashga safarbar etishning ramzidir.

Cho‘lponning Buxorodagi harakatlarga katta umid bog‘lagani «Men qochmadim» nomli she’rida, uning «tilak yulduzi»dan ko‘z uzmayman degan e’tirofida yanada yaqqol ko‘zga tashlanadi. To‘g‘ri, bu yulduzni goh-goh «qora bulut» qoplaydi, shunday bo‘lsa-da «yana uning yuzi ko‘rinib, ko‘zlarimni qamashtirib qo‘yadir» deb yozadi shoir. Ko‘rinadiki, Buxoroga kelganidan keyingi dastlabki vaqtlarda Cho‘lpondagi umidvorlik hissi ancha yuksalgan. She’rning yakunidagi «Men tilakni izlayman, Qanot kuchlik, borgan sari tezlayman!» degan so‘zlar ham shundan darak beradi.

Tabiiyki, Cho‘lpon o‘zi shunchalar katta umid bog‘lagan Buxoro jumhuriyatining asoslarini mustahkamlash yo‘lida ham muharrir, ham publitsist sifatida astoydil harakat qildi. Uning maqolalari ko‘proq oddiy xalqning siyosiy ongini o‘stirish, jumhuriyatning mohiyatiyu afzalliklarini unga anglatish, davlatni boshqarishda xalqning roli va ta’sirini oshirish maqsadlariga qaratildi. Jumladan, «Hukumat qurultoyi» nomli maqolani olib ko‘raylik. Cho‘lpon yozadi: «Yosh jumhuriyatimizning ismi «Xalq Sho‘rolar Jumhuriyati»dir. Bu ism uch muhim va ulug‘ so‘zdan murakkabdir: «xalq», «sho‘ro», «jumhuriyat»! Mana shu uch ulug‘ so‘zni bizga tafsir etguvchi narsa oldimizdagi qurultoydir. Bu qurultoyda «xalq»(massa)ning «jumhur»i, ya’ni aksariyati tarafidan yuborilg‘on vakillar «sho‘ro», ya’ni mashvarat qilib mamlakatimizning asosiy qonunlarini, shakl idorasini muzokara va hal qilurlar».

Keltirilgan parchaning o‘ziyoq Cho‘lpon sodda tilda yozishga, har bir masalani ikir-chikirigacha mufassal tushuntirishga intilganini ko‘rsatadiki, bu narsa yuqoridagicha maqsadlar bilan izohlanishi mumkin. Muallif xalqni qurultoy vakillarini saylashga jiddiy ahamiyat bilan qarashga chaqiradi, chunki: «Xalqning tinchligi bilan tinchsizligi, Vatanning saodati bilan falokati, hukumatning intizomi bilan buzuqligi shul qurultoy natijasida muqarrar bo‘lur». Aytish kerakki, Cho‘lpon bu gaplarni mavhum «jumhuriyat» tushunchasining mazmun-mohiyatidan kelib chiqibgina aytmadi, yo‘q. U xalqning faollashuvi, yosh jumhuriyat atrofida jipslashishi nechog‘li muhimligini o‘zining hayotiy tajribasida ko‘rib anglagan edi. Turkistondagi milliy ozodlik harakati ommaviy tus olmagani uchun ham avj ololmayotganini bilgan, Buxoro jumhuriyatini keng omma astoydil qo‘llamasa, zarur bo‘lsa uni qo‘lda qurol bilan himoya qilishga shay turmasa, uzoqqa borolmasligiga ko‘zi yetgan Cho‘lpon o‘zining eng mashhur asarlaridan sanalmish «Xalq» she’rini shu yerda yozgani ham bejiz emas. She’rning so‘nggi bandida muallif hukumatdagi vakillarga, o‘zining maslakdoshlariga xitoban:

Butun kuchni xalq ichidan olaylik,

Quchoq ochib xalq ichiga boraylik!—

deb yozadi. She’rning qurilishi — avvaliga xalqning beqiyos qudrati ta’rif etilishiyu oxirida yuqoridagicha chaqiriqning yangrashi Cho‘lponning maqsadi xalq sha’niga madhiya aytish bo‘lmaganini ko‘rsatadi. Shoir ta’riflagan kuch-qudratga ega bo‘lishi uchun xalqning qo‘zg‘alishi («Xalq qo‘zg‘alsa kuch yo‘qdurkim, to‘xtatsun...») taqozo qilinadi. Shu bois ham muallif xalq ichiga borishga, uning qudratini o‘ziga anglatib, unga tayanishga chaqiradi. Cho‘lpon hissiyot kishisi, shu bois ham osmon qadar orzu-umidlar qo‘ynida yashaydi, ularga yetish uchun mavjud imkoniyatlarni qo‘pincha hissiy mushohada etadi, ularga juda katta umid bog‘laydi. Biroq qator-qator aldanishlar natijasida u maqsadga yetishish oson emasligini, bu yo‘lda hali ko‘p mashaqqatli dovonlar borligini tobora teran idrok etib boradi.

Shoirning 1921 yil oxirlarida yozilgan «Yurt yo‘li» she’rida shunga dalolat qiluvchi satrlar bor:

Uzoq... og‘ir yo‘lga chiqqan yo‘lchimen,

Bu yo‘llarda qilog‘uzim yulduzdir.

Men yurtimning pok istakli kuchimen,

U yulduzning tugalishi kunduzdir.

Ko‘ramizki, «uzoq» so‘zidan keyin ishlatilayotgan ko‘p nuqta sifatning darajasini oshirishga xizmat qiladi. Ayni paytda, lirik qahramon yo‘lning uzoq va og‘irligini anglagani holda undan qaytish fikridan yiroq, chunki yo‘l nihoyasida yorug‘ kunlar kelishiga imoni komil. O’zini «yurtning pok istakli kuchi» deb hisoblagan shoir tomirlarida kechmishlarning qoni gupurayotganiyu bilaklariga kuch to‘lib borayotganini his qiladi, ayni paytda, «oyoqlari tolgani»ni ham yo‘lakay e’tirof etadi. Qiziq, nega endi she’r nihoyasida ham yo‘ldan qaytmasligini yana qayta ta’kidlayotgan Cho‘lpon «oyoqlari tolgani»ni aytadi? O’ylashimizcha, mazkur savolga shu davrda yozilgan she’rlar qatidan javob topishimiz mumkin. Butun vujudi bilan ishga sho‘ng‘igan Cho‘lpon 1921 yil oxirlarida xastalanib, yangi yilning boshlarini kasalxonada o‘tkazgan. To‘plamlardan joy olgan to‘rtta she’rning kasalxonada yozilgani qayd etilganki, ularning sanalariga diqqat qilinsa, shoirning 1922 yil yanvar oyi boshlaridan fevralning o‘rtalarigacha davolangani anglashiladi. Aytish kerakki, xastalik davrida yozilgan she’rlarda biroz tushkunlik asarlari zuhur qiladi. Albatta, bunda kasallikning ham ma’lum ta’siri bor, biroq tushkunlikni shuning o‘zi bilangina izohlash kamlik qiladigandek ko‘rinadi. Tushkunlik kayfiyati, ayniqsa:

Og‘riq oldi, qayg‘i oldi, zor oldi,

So‘nik ko‘zli, bag‘ri ezik yor qoldi,—

satrlari bilan boshlanuvchi «Yotoqdan» nomli she’rda bo‘rtibroq ko‘zga tashlanadi. She’rdagi «Oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq» degan satr, fikrimizcha, ayricha e’tiborga moliqdir. Yurt ozodligini «yor», unga intiluvchini «oshiq» deb bilgan shoir yorga yetishmoq uchun oshiq dilining boshqa har narsadan forig‘ bo‘lishini, oshiq kerak bo‘lsa o‘zligidan-da kechishi lozimligini shart qilib qo‘yadi. Ehtimol shuning uchundirki, shoir «men yurtimning pok istakli kuchimen» deya faxr etadi. Shu xil e’tiqod bilan yashagan Cho‘lpon, baxtga qarshi, Buxoro hukumatidagi shaxslarda, o‘zining jadid birodarlarining barida ham hamma vaqt pok niyatni ko‘rolmay qoladi. O’sha paytda Buxoroda bo‘lgan A.Z.Validiy hukumatdagi yetakchi shaxslar haqida to‘xtalib: «Oralarida qarama-qarshiliklar bo‘ldi. Avvalo Fayzulla bilan Abdulqodir orasidagi ziddiyat millionerlar orasidagi eski o‘zaro kelishmovchilik asorati bo‘lsa kerak. Keyinroq bu kelishmovchilik kuchayib, kengayib ketdi. Bundan qizillar foydalandi»1,- deb yozgan edi. Tabiiyki, hukumat gazetasi muharriri bo‘lib turgan Cho‘lpon bu kelishmovchiliklardan bevosita yoki bilvosita xabardor bo‘lib turgan. Shoir ulug‘ maqsad yulida shaxsiy manfaatning, shaxsiyatparastligu eski gina-kuduratlarning nechog‘li katta g‘ov bo‘lishi mumkinligini chuqur his qilib o‘rtangan, «dili buzuq» birodarlaridan noligan. Bu kelishmovchiliklarning shoir ruhiyatiga qattiq ta’sir qilgani she’rning so‘nggi satrlarida ochiqroq ko‘zga tashlanadi:

Alam oldi, firoq oldi, qon oldi,

Amal qoldi... Ko‘zi yoshli jon qoldi.

E’tibor qilinsa, «amal qoldi...» deya ko‘p nuqta qo‘yayotgan shoir dili buzuqlar tufayli eski maqsadning aro yo‘lda qolayotganini iztirob bilan ta’kidlayotganini, shu bois ham ko‘zi yoshli ekanini anglash qiyin emas.

Cho‘lponning «Buxoro axbori»da atigi olti oygina muharrirlik qilgani ham, avvalo, uning yosh jumhuriyatga bog‘lagan umidlari yuqoridagicha sabablarga ko‘ra susaygani bilan izohlanishi mumkin. Biroq, fikrimizcha, buning birmuncha jiddiyroq sabablari ham bo‘lgan. Cho‘lpon gazetaning 1921 yil 3 noyabr sonida «Tarixdan» nomli she’rini e’lon qilganki, bu she’r shunday o‘ylashimizga asos beradi. She’rning ilk satrlariyoq Cho‘lponning yuz berayotgan voqealarga munosabatini oshkor etadi:

Qorong‘i kech... Ko‘k yuzida yulduzlarmi otilg‘on?

Yo‘qsa elning baxtimidir «ko‘lanka»ga sotilg‘on?

Cho‘lpon Buxoro jumxuriyatining sovetlarga yaqinlashuvini, kommunistlar firqasi olib borayotgan siyosatni «el baxtini sotmoq» deya baholaydiki, shu tufayli ham bu yerga kelganidan beri xayol ko‘kida porlagan yulduzi so‘ngan, bunda ham «qorong‘i kech» hukmronligi boshlangan. Ruhiyati yaqinligidan bo‘lsa kerak, mazkur she’r ko‘p jihatdan «Buzilgan o‘lkaga»ni yodga soladi:

Uzoq yo‘lning ozg‘in, kuchsiz yo‘lovchisi daraksiz,

Nima uchun bu yo‘llarda oy yog‘dusi keraksiz?

Nima uchun to‘fonlarni qonatg‘uchi olov yo‘q?

Nima uchun el sopqoni topa olmas kuchli o‘q?

Nima uchun shuncha jonlar hur o‘lkada «ozod» qul?

Nima uchun yo‘lchilarga ko‘rsatilmas to‘g‘ri yo‘l?...

Qizig‘i shundaki, Cho‘lpon «Xalq» she’rini yozganiga to‘rt oy to‘lmay turib «hur o‘lkada «ozod» qul» bo‘lib yashayotgan, sopqoniga «kuchli o‘q» topishdan ojiz el haqida yozadi. O’z qarashlariga muvofiq holda, shoir buni xalq boshida turganlarning to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga ojizligi bilan izohlaydi. Buxoro jumhuriyati mustaqilligining nomigagina bo‘lib qolgani, «uzoq yo‘l» — Turkiston mustaqilligi yo‘lovchilarining daraksiz ketgani Cho‘lponni hammasidan ortiq achintiradi. Xuddi shu ijtimoiy-siyosiy sharoitda, bir oy mo‘lroq o‘tgach, Cho‘lpon kasalxonaga yotadi va shu ko‘yi gazetadagi faoliyatini ham to‘xtatadiki, buning tub sabablari she’rning so‘nggi misralarida o‘z ifodasini topgan:

Bu yaramas!— deya og‘zim ochilmasdan bir buyruq:

«Mundog‘ achchiq fig‘onlarga bu o‘lkada luzum yo‘q!»

Qorongi kech... Ko‘k yuzida yulduzlarmi otilg‘on?

Yo‘qsa menim «ohlarim»mi bo‘g‘izimda tutilg‘on.

Ko‘ramizki, Cho‘lponning «Buxoro axbori»dan ketishi, birinchi navbatda, so‘z erkinligiga tajovuz qilina boshlagani bilan bog‘liqdir. Bunday siqiq sharoitda gazetada ishlashidan na istiqlol maqsadiga va na xalqi uchun biror naf ko‘rmagan shoir muharrirlikdan ketgan ko‘rinadiki, uning fidoyiligidan yana bir bora shohidlik berayottan mazkur fakt ko‘pchilik uchun ma’naviy saboq bo‘lsa arzigulikdir.

Cho‘lpon 1922 yil mart oyida Toshkentga kelib, bir-ikki Buxoro safarida bo‘lganini aytmasak, bir yildan ziyodroq shu yerda ishladi. Avvaliga, tabiiyki, shoir ruhiyatida Buxoro taassurotlarining ta’siri kuchli bo‘lib turadi. Uning mart oyida Toshkentda yozilgan «Shu kunda» nomli she’rida:

Istagingga yetar ekan qanotlaring sindimi,

ey ko‘nglimning bulbuli?

Senga qarshi kulib turgan go‘zal chechak tindimi,

tashladimi bir yo‘li?—

degan satrlarining uchrashi ham shundan. Biroq Cho‘lpon ruhiy faoliyat kishisi bo‘lganligidan o‘zining orzu-umidlaridan ayro yashay olmaydi. Zero, u o‘zi ko‘ngil bergan «yor» — yurt ozodligini «unutmoq uchun sevmagan»: «Ko‘ngilga yoshlikdan o‘zlashgan qayg‘i to go‘rga kirguncha tashlaya olmas»,- deb yozadi shoir «Javob» nomli she’rida. Shoirning g‘amboda ko‘ngli o‘ziga yupanch izlaydi, biroq bu yupanch uning orzu-umidlarini unuttirishi emas, aksincha, umid yulduzini yanada charog‘on etishi lozim. Shu bois ham «Yupanmoq istagi» she’ridagi:

Turmushda, xayolda... har bir narsada

Yolg‘iz aldanishni ko‘rgan bu banda

Borliqqa qarg‘ishlar yog‘dirgan banda,

Balki yupatgusi u achchiq so‘zlar?—

qabilidagi iztirobli o‘ylar adog‘ida Cho‘lpon:

O’ylagan o‘ylarga ko‘ngil yupanmas

Ko‘ngilning istagi o‘y bilan qonmas,

Aytarlar bu tunda yorug‘ sham yonmas,

Chaqmasa gugurtni asl o‘g‘illar... —

degan xulosaga keladi. Shoir hamon yurt ozodligi uchun zo‘r kurashning qo‘zg‘alishiga, Turonzaminda «asl o‘g‘illar» yitib ketmaganiga ishonadi, ishongisi keladi. Shoir ruhiyatidagi shu xil ishonch «Qo‘zg‘alish» she’rining butun mazmun-mundarijasiga singdirib yuborilgan. She’rning lirik qahramoni o‘zini va millatini haqir ko‘rgan, to qiyomatga qadar o‘z qo‘lida qullikda ushlab turishni istagan «xo‘jalar»ga qarata «Kishanlaring zang bosgandur, sergak bo‘lkim uzilur!» deya xitob qiladi, chunki «bog‘liq qulning bosh ko‘targan kuch» ekaniga ishonadi. She’rdagi qat’iyat, keskinlik «Kurash»dagidan aslo kam emas: «Yo bitarman yoki sening saltanating buzilur!»

Toshkentda ekanida Cho‘lpon jurnalistika sohasida, ayniqsa, barakali ijod qildi. U o‘zining eski aqidalariga sodiq qolgan holda yangi hukumat maorif, madaniyat sohasida olib borayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatladi, bu boradagi kamchiliklarga murosasiz munosabatda bo‘ldi. Shunga qaramay, Cho‘lponning bu davrdagi jurnalistik ijodida Sharq mavzusi yetakchi o‘rin tutdi. Adib Sharq mamlakatlaridagi milliy ozodlik harakatlarini, G’arb fotihlarining ularni daf etish yo‘lidagi xunrezliklariyu siyosiy hiyla-nayranglarini yoritish orqali o‘quvchi omma ongiga ta’sir qilishni ko‘zlagan edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu o‘rinda fikrimizni asoslash uchun birmuncha orqaga qaytishimiz joiz. 1920 yilda Cho‘lpon Fitratning Hindiston hayotidan olingani holda Turkiston dardlaridan bahs etuvchi «Chin sevish» pesasining sahna talqini haqidagi maqolasida: «Xalqimiz buyuk armonli, sof adabiy narsalarga ham tushunib keladir. Bu o‘zbek sahnasining zo‘r yengishi, bundan foydalanuv kerak»,— degan xulosaga kelgan edi. Aytmoqchimizki, adib Sharq mavzusi haqida yozarkan, ziyrak gazetxonning satrlar orasidagi «buyuk armon»ni ilg‘ay olishiga umid qilgan.

«Yunonistondagi o‘zgarish» nomli maqolasida Cho‘lpon bu mamlakatda sodir etilmish saroy to‘ntarishining mohiyatini ochib beradi: «masala Vanadilus bilan Konstantinning o‘rtasida emas, Angliya bilan Frantsiya o‘rtasidadir». Katta siyosat maydonidagi bu xil hiyla-nayranglarga yaxshi tushunib qolgan muallif o‘zlarining maqsadlari yo‘lida o‘zga xalqlaru mamlakatlar manfaatlarini mensimaydigan davlatlarga, «buyuk davlatchilik» siyosatiga nafratini ifodalaydi. Cho‘lponning shu yillarda yozilgan qator maqolalarida Yunonistonni vosita qilgan holda Turkiyaning mustaqilligiga tahdid bo‘layotganidan xavotirlanish hissi sezilib turadi. Tabiiyki, mazkur sharoitda muallif Yunonistonga xayrixoh bo‘lolmaydi, ayni paytda, buning chuqurroq sabablari ham bor: «Yunonistonda qanday hukumat bo‘lmasin, kimgina ish boshiga kelmasin, «Ulug‘ Yunoniston» mafkurasi butkul ko‘milmas. Buning uchun tublik o‘zgarish — miya o‘zgarishi kerakdir. Boshqa ellarga ham o‘z erklari bilan o‘z tuproqlarida tinch yashamoq huquqini e’tirof qila olaturg‘on hukumat lozimdir». Aminmizki, Cho‘lpon bu o‘rinda sovetlar Rossiyasida hamon davom etayotgan «buyuk davlatchilik» siyosatini nazarda tutgan. Zero, Turkiston muxtoriyatining tugatilishi, Buxoro jumhuriyati mustaqilligiga rahna solinayotganiga guvoh bo‘lgan Cho‘lpon o‘zgacha o‘ylashi ham mumkin emasdek. O’quvchi esa uzoq Yunoniston tafsilotlarini yurtida bo‘layotgan hodisalar bilan bemalol qiyoslash imkoniga ega, chunki u ham inqilobdan keyingi Turkiston sharoitida «buyuk davlatchilik» illatlarining «qanday hukumat bo‘lmasin butkul qo‘milmas»ligi, buning uchun «miya o‘zgarishi» zarurligiga amin bo‘lgan.

«Oktyabr inqilobi va Sharq dunyosi» nomli maqolasida Cho‘lpon butun Sharq olamida boshlangan milliy ozodlik harakatlari haqida jo‘shib yozadi. Muallif Sharq dunyosining o‘tmishdagi zabun ahvolidan so‘zlagach, oktyabr inqilobining kurashga, uyg‘onishga chorlovchi bong bo‘lganini, mazlumlar dilidagi qutulish umidi ortganini e’tirof etadi: «Oktyabr inqilobidan burun Sharq dunyosi asir edi, qul edi. Ham bu qullikdan qutulish umidini yuzdan to‘qson to‘qquz yo‘qotgan edi.

Oktyabr inqilobidan keyin Sharq dunyosi uyg‘ondi. Qutulish yo‘llariga kirishdi, ham bir qismi bilfe’l qutuldi. Qolg‘on qismi ham qutulish yo‘liga yugurmakdadir. Qutulishning yorisi bo‘lg‘on qutulish umidi yuzda to‘qson to‘kqiz ortdi.

Yashasun Oktyabr inqilobi! Yashasun Sharq ozodligi!»

Ko‘ramizki, Cho‘lpon oktyabr inqilobi va Sharq ozodligini bir-biriga aloqadorlikda ko‘radi, sirasi, uning inqilobga iliq munosabatda bo‘lishi ham shundan. Biroq kishi diliga andisha soladigan o‘rni «bir qismi bilfe’l qutuldi» deyilayotganidir. Nahotki Cho‘lpon o‘sha bir qism ichiga Turkistonni ham qo‘shayotgan bo‘lsa? O’ylashimizcha, yo‘q. Cho‘lpon «bir qism»ni atayin konkretlashtirmagan, aks holda, Turkistonni ham shu qatorda sanashiga to‘g‘ri kelur edi. Maqola yozilgan paytda esa xorijiy Sharq mamlakatlaridan Afg‘onistongina mustaqillik e’lon qilgandi. Demak, «bir qism»ni sho‘ro o‘quvchisi o‘zicha, Cho‘lpon nazarda tutgan o‘quvchi o‘zicha anglashiga imkon bor edi. Fikrimizni dalillash uchun Cho‘lponning shu maqola bilan deyarli bir vaqtda yozilgan «Kishan» she’riga murojaat qilishimiz mumkin. She’r nihoyasida shoir yozadi:

Kishan, gavdamdagi dog‘ing hanuz ham bitgani yo‘qdir,

Faqat butkul qutulmoqqa umidim endi ortiqdir!..

Modomiki, Cho‘lpon «butkul qutulish» umidida yashayotgan ekan, demak, u yurtini ozod deb hisoblay olmaydi, bu fikrdan yiroq bo‘lgani holda sho‘ro matbuotida o‘z qarashlarini yo‘li bilan ifodalaydi.

Ilgari aytganimizdek, Cho‘lponning 20-yillar ijodida she’riy yo‘lda yozilgan publitsistik asarlar ham talaygina. Shulardan bittasi, 1922 yil oxirida yozilgan «Istiqlol» she’ri Cho‘lpon sho‘ro matbuotida e’lon qilgan asarlar ko‘p hollarda tagma’no kasb etishi haqidagi fikrlarimizni yanada mustahkamlaydi: O’zining keskin tanqidiy ruhi bilan mazkur she’r, dadil aytishimiz mumkinki, o‘tkir siyosiy pamflet darajasiga ko‘tariladi. Shoir she’rga ingliz siyosatchisi Kerzonning «Turkiyaga biz istiqlol beramiz» degan gapini epigraf qilib oladi-da, boshdanoq ushbu siyosiy ikkiyuzlamachilik, nayrangni fosh etishga kirishadi:

Kirzo‘n to‘ra istiqlolni tarqatadur bemalol,

Shuning uchun bilmoq kerak: u qandog‘i istiqlol.

Dastlabki satrlardayoq o‘quvchi ko‘z oldida Kirzo‘n to‘raning go‘yo sochqi sochayotgandek «istiqlol» tarqatayotgan holatini tasvirlarkan, Cho‘lpon o‘zi uchun muqaddas tushunchani siyqalashtirayotganlarga, zamona zo‘rlariga munosabatini yashirmaydi. Turkiyaga in’om etilmish istiqlolni tasvirlarkan, shoir o‘quvchi ko‘z oldida sadaqa etilgan istiqlol karikaturasini chizib beradi:

U shundoq bir istiqlolkim, Turkiyaga berilmish,

Uni olgan Turkiyani ko‘ramizkim, hur bo‘lmish:

Poytaxti Istambulga to‘lib olgan angiliz,

Turk xalqidan u yerlarda na bir asar, na bir iz.

Sultonini qurchoq qilib o‘lturg‘izib qo‘yganlar,

Qanotini sindirganlar, patlarini yulganlar.

Har harakat qilig‘iga qorovullar qo‘yganlar,

Biroz erkin tushunganning ko‘zlarini o‘yganlar...

E’tibor bering-a, Cho‘lpon o‘zini xuddi voqea-hodisalarning jonli guvohidek tutmayaptimi? Shunaqaga o‘xshaydi, biroq buning hech bir ajablanarli joyi yo‘q. Zero, yurt boshidagi «sulton»ning pati yulinganiyu har bir harakatiga qorovul qo‘yilgani, erkin fikrlovchilarning quvg‘in qilinishi, eng muqaddas joylarning toptalishi — bular bari Turkiyaninggina emas, ayni paytda Turkistonning ham dardlaridir. Bu xil umumiylik, ayniqsa, tubandagi satrlarda yanada yaqqolroq ko‘zga tashlanadi:

Anato‘li boshdan oyoq kuydirilgan, talangan,

Turk yurtida turklar uchun hech bir narsa qolmagan.

Turk yurtini turkdan saqlash angilizlar qo‘lida,

Pulemyotlar, zambaraklar istiqlolning yo‘lida...

Olis Turkiya haqida yozayotgan Cho‘lpon «yiqilmagan, talanmagan uy»i qolmagan yurtini, uni haqiqiy egalaridan «himoya» qilish uchun o‘zga hududlardan jalb etilgan qizil qo‘shinni, istiqlol deya chiqqanlar yo‘lida g‘ov bo‘lib turgan pulemyotu zambaraklarni bir lahza bo‘lsin xayolidan nari etmaydi. In’om etilayotgan «istiqlol»ning neligini obdon anglatgach, Cho‘lpon she’rini yana xitob bilan yakunlaydi:

Kirzo‘n to‘ram, biz bilamiz u qandog‘i istiqlol,

Oladigan ahmoq bo‘lsa, berabering bemalol!..

E’tibor berilsa, shoirnnng «biz» deyayotgani she’rning umumiy kontekstiga nomuvofiqligini sezishimiz mumkin. Zero, bunga qadar, garchi Cho‘lpon o‘zini go‘yo voqealarning jonli guvohiday tutsa-da, til unsurlari chetdan kuzatuvchiga mos tarzda shakllantirilgan edi («poytaxti», ya’ni, uning poytaxti; «sultonini» — uning sultonini, «boshlarida» — uning boshlarida va boshq.). Fikrimizcha, Cho‘lpon she’r nihoyasida «biz» tilidan gapirar ekan, bir tomondan, chin ma’nodagi istiqlol uchun kurashayotgan turk vatanparvarlarini, ikkinchi tomondan, hamon «butkul qutulish» umididan voz kechmagan o‘zi va maslakdoshlarini nazarda tutadi.

Cho‘lpon dilidagi umidvorlikni nechog‘li quvvatlantirishga intilmasin, ruhiyatiga ilgariroq ingan umidsizlik kayfiyati 1922 yilda ham bot-bot bosh ko‘tarib, ko‘nglida iztirob qo‘zg‘ab turgan ko‘rinadi. Shoir atrofida yuz berayotgan voqea-hodisalarni mushohada qilib, odamlardagi umumiy kayfiyatni o‘rganib, o‘zi ko‘zlagan maqsadning tobora uzoqlashib borayotganini his qilgan, chog‘i. Zero, bu vaqtda uch-to‘rt yil davom etayotgan urush harakatlaridan sillasi qurigan aksariyat kishilarda «nima bo‘lsa bo‘lsinu, tinchlik qaror topsa bas» degan fikr muqimlashib qolayozgan edi. Cho‘lpon shu xil umidsizlik, avvalo, o‘z dilida g‘imirlagan umidsizlik bilan olishib yashagandek:

Ko‘ngil sen bunchalar nega

Kishanlar birla do‘stlashding?

Na faryoding, na doding bor,

Nechun sen buncha sustlashding?

Fikrimizcha, borgan sari avjlanayotgan umidsizlik hurujlariga zo‘r bilan dosh berib turgan shoirning «Kishan kiyma, bo‘yin egma, Ki sen ham hur tug‘ilg‘onsen» degan hayqirig‘i nafaqat o‘zgalarga, balki eng avval uning o‘ziga, o‘z ko‘ngliga qaratilgandir. Zero, umidsizlikka bo‘y bergisi kelmayotgan shoir beshak haqiqatni takrorlash bilan o‘ksik ko‘nglini ovutishni, unga ruhiy madad berishni istasa ne ajab?! Shu o‘rinda Cho‘lpon ruhiyatidagi umidsizlikni quvvatlantiruvchi yana bir omil haqida to‘xtalib o‘tish joiz. Shoirning o‘z vaqtida e’lon qilinmasa-da, zamondoshlari xotirasida bizgacha yetib kelgan she’rlaridan biri Anvar poshshoning o‘limi munosabati bilan yozilgan, deb hisoblanadi. Bizga bu she’rdan tubandagi parchagina ma’lum:

Eng so‘nggi umidni qonga bo‘yagan,

Oh, qanday xayrsiz zamonlar kelgan?

Faryodim dunyoni bo‘g‘ib o‘ldirsin,

Qop-qora baxtimga shaytonlar kulsin...

Agar mazkur satrlar chindan ham Anvar poshsho o‘limi munosabati bilan yozilgan, desak, u holda Cho‘lpon ruhiyatidagi umidsizlanish ildizlari biroz ochilgandek bo‘ladi. Gap shundaki, yuqorida aytganimdek, Cho‘lponning umidlarini yashnatgan omillardan biri milliy ozodlik harakati — bosmachilikning avj ola boshlagani edi. Ayni paytda, maslakdoshlari kabi Cho‘lpon ham bu harakatni markazlashtirib, har biri o‘z boshicha ish ko‘rayotgan guruhlarning kuchlarini jamlagan holda yagona maqsadga yo‘naltirilsagina undan naf tegishi mumkinligini teran idrok etgan. Chamasi Anvar poshsho timsolida Cho‘lpon Turkistondagi milliy ozodlik harakatini birlashtirish yo‘lidagi intilishlarga katta umid bog‘lagan. Taassufki, shoirning bu umidlari «qonga bo‘yalgan»idek, buyuk sarkardalar yetishgan Turonzaminda o‘sha paytda mavjud kuchlarni birlashtira olgudek boshqa bir kuchli shaxs ham maydonga chiqmadi. Tabiiyki, bu narsa shoir dilidagi umidsizlik kayfiyatini kuchaytirdi. Shunga tayanib, Cho‘lponning eng mahzun asarlaridan biri bo‘lmish «Aldanish» she’ri ham, garchi yozilgan sanasi aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsa-da, 1922 yilning avgustidan keyin yozilgan, deyishimiz mumkin. E’tiborli jihati shundaki, she’r sarlavhasini muallif ruscha «razocharovanie» so‘zi bilan izohlagan, ya’ni, uni umidlaru ishonchning barbod bo‘lishi ma’nosida tushunish kerakligiga ishora qilgan. Lirik qahramon «besh yillik yonish»lari nihoyasida ortiga o‘girilib, «Ko‘zimga ko‘ringan sarobmi edi, Men shunga aldanib tog‘larmi oshdim» deya o‘yga toladi. Cho‘lpon go‘yo o‘zining besh yillik umrini — 1917 yildan to she’r yozilgan davrgacha bo‘lgan hayotini sarhisob etadi. Yo‘q, shoir ko‘ngli o‘zi bor kuch-quvvatini bag‘ishlagan, yetishiladigan kunlari yaqin deb o‘ylagan maqsadni sarob deyishlikka osonlikcha ko‘nmaydi:

Qo‘limni tegizdim... Odam edi-ku,

Ko‘zimda o‘ynagan bir nur edi-ku,

Sezgim-da sog‘, tetik, bardam edi-ku,

Bo‘ynimga qo‘l solgan bir hur edi-ku.

Darhaqiqat, Cho‘lpon fevral inqilobidan keyingi yillarda tarix Turkistonning ozod bo‘lishi uchun qulay imkoniyatlar yaratganiga dildan ishongan, shu bois ham yigit yoshidayoq ko‘ngil bergani bo‘lmish «yor»ni — yurt ozodligini «ilohiy muhabbat, ishq bilan sevgan»di. Biroq besh yillik sa’y-harakatlar, «yonish-kuyishlar» zoega ketganida shoir:

Oh, endi bildimkim, barchasi xayol,

Barchasi bir totli, rohat tush ekan.

Ket, yo‘qol ko‘zimdan, haqiqat, yo‘qol,

Bag‘rimga botmoqda og‘uli tikan,—

deya nola chekadi. Ko‘ramizki, sarlavha ostida berilgan izohning mohiyati ayni shu satrlarda ochiladi. Shoir shu choqqacha ko‘nglida ardoqlab kelgan ishonchu umidlarining bor yo‘g‘i xayol, rohat tush bo‘lib chiqqanini e’tirof etishga majbur. Shu bois ham mavjud haqiqatni ko‘rishni, uni tan olishni istamaydi. Ayonki, haqiqatni tan olishni istamaslik ko‘ngilning «sevgi»yu umidlarni butkul so‘nishdan saqlash ilinjidagi ojiz isyonidir. Biroq ilgarilari bu narsa shoir uchun birmuncha oson kechgan bo‘lsa, endi ko‘z oldida turgan haqiqatni «quvish» tobora qiyinlashib boradiki, shoirning:

Chindan-da ko‘nglimda sevgi o‘tlari,

Cho‘g‘siz o‘chib qolgan shamdek so‘ndimi?

Chindan-da men bu kun sevmasmi bo‘ldim?

Chindan-da muhabbat o‘timi so‘ndi?—

deyishi ham shundandir. Cho‘lponning «Aldanish»dan keyingi she’rlarida endi o‘zlikdan kechib «ulug‘ yo‘l»ga kirgan qalbning da’vatkor na’rasi, komil ishonch ruhi bilan yo‘g‘rilgan kurashga chorlov deyarli ko‘rilmaydi. Endi ularda ko‘proq umidlari chilparchin bo‘lgan qalb iztiroblari akslanadi, darz ketgan ko‘ngil shishasining har vaqt ham uyg‘unlasha olmaydigan turfa jaranglari eshitiladi. Hatto, bir qarashdan isyon ruhining ayni o‘zi bo‘lib ko‘rinuvchi «Bas endi» she’rida ham, tan olish kerak, yovlarga nafrat va ojizlik hislari baqamti keladi. Zero, nafrat va qat’iyatlilik tajassumi bo‘lib yangragan «Yetar, bas, chekdan oshqondur. Bu qarg‘ish, bu haqoratlar!» hayqirig‘idan so‘ng:

Qo‘limda so‘nggi tosh qoldi,

Ko‘ngilda so‘nggi intilmak,

Ko‘zimda so‘nggi yosh qoldi,

Kuchimda so‘nggi talpinmak! —

degan satrlarning kelishi ham o‘sha nouyg‘unlikning yorqin ifodasidir. Mohiyatan, ko‘nglining butun talpinishlari umidning butkul so‘nib bitishiga yo‘l qo‘ymaslik ilinjidan yuzaga keladi. To‘g‘ri, shoir «Qo‘limda so‘nggi tosh qoldi, Yovimga otmoq istayman! Ko‘zimda so‘nggi yosh qoldi, Amalga yetmoq istayman!» ham deydi. Biroq endi bu istak avvalgidek ishonch bilan yo‘g‘rilmagani uchun ham «istak»ligicha qoladi. Seziladiki, Cho‘lpon o‘zi intilgan maqsadga yetish imkoniyatlari qo‘ldan boy berilganini teran idroq qiladi, lekin buni osonlikcha tan olishni istamaydi — erkka tashna qalb bunga ko‘naqolmaydi.

Tabiiyki, shoir qalbi nechog‘li sarkash bo‘lmasin, mavjud haqiqatni butkul tan olmay o‘tishi ham mumkin emas. Cho‘lpon ruhiyatidagi ayni shu burilish uning «Men ham sevaman» nomli she’rida o‘z ifodasini topadi. Aytish mumkinki, mazkur she’r «Aldanish»ga javob tariqasida yozilgandir. Zero, «Aldanish»da o‘z ko‘nglini savollarga ko‘mib tashlagan shoir ularga, xususan, ularning eng muhimi «Chindan-da men bukun sevmasmi bo‘ldim?» degan savolga javob ololmagandi. Cho‘lpon o‘zining o‘tgan kunlari «yigitlik ko‘karib yashnagan» damlarini, «yorug‘ yulduz»lardan «sevgi kutib» o‘tkazgan, butun borlig‘ini o‘sha sevgiga qurbon qilgan paytlarini mushohada etarkan, ruhiyatida faylasufona xotirjamlik borday, ilgarigi hayajonli hapriqishlar, ko‘tarinkiligu tushkun kayfiyatlar unga tamomila yotday tuyuladi:

Endi u kunlarim o‘tib ketdilar...

Endi turmushimda oydin kechlar yo‘q.

Vafosiz sevgilar uchib bitdilar...

Angladim: sevgida har ko‘ngil buzuq!

Ayonki, birinchi va uchinchi misralar oxiridagi ko‘p nuqtalar ortida shoirning «Aldanish» yozilgan paytdan buyon kechirgan holati, iztirobu armonlari yotadi. Cho‘lpon ro‘yobga chiqmagan orzulariyu besamar ketgan intilishlarini o‘ylab achinadi, ayni paytda, bularni amalga oshib bo‘lgan fakt sifatida qabul qilishga harakat qiladi. Negaki, u hayotning davom etayotganligini, inson o‘tmishi bilangina yashay olmasligini teran idrok qiladi. Shoir endilikda turmushida «oydin kechlar» yo‘qligiga befarq emas, albatta, lekin bundan fojia yasash fikridan ham yiroq. Sezamizki, shoirning iztirobli o‘ylari uni muayyan to‘xtamga olib kelgan: modomiki hayot davom etar ekan, har qanday sharoitda ham hayotini mazmunli qilishga intilish, dilda ezgu maqsadu ko‘ngilga ishqni jo aylab yashash lozim. Shu bois ham Cho‘lpon:

Ko‘nglim quruq emas, yana sevgi bor,

Faqat bu sevgida aldanish yo‘qdir,—

deb yozadi. Cho‘lpon «endi majnun bo‘lib elni sevaman» deydiki, bu o‘rinda «avval, istiqlol maqsadi bilan yashaganida kimni sevgan edi?» degan tabiiy bir savol yuzaga keladi. Darhaqiqat, shoir «erklik yulduzi»ga oshiq bo‘lganida ham el uchun yashagan, uning saodatini o‘ylagan edi-ku? Bu o‘rinda bungacha yuritgan fikrlarimiz, talqinlarimiz asossiz bo‘lib qolmayaptimikan? O’ylashimizcha, yo‘q. Quyida shuni asoslashga urinib ko‘ramiz.

Esingizda bo‘lsa, Cho‘lpon Buxoroda ekanidayoq «oq deb, pok deb yurganlarda dil buzuq»ligidan noligan edi. Endi esa u «sevgida har ko‘ngil buzuq»ligini anglaganini e’tirof etadi. Ya’ni, Cho‘lpon umidlarining barbod bo‘lishida erk deya maydonga chiqqanlarning bari ham «pok istakli kuch» bo‘lolmaganini bosh sabablardan biri deya tushunadi. Zero, oraga manfaati shaxsiyaning aralashuvi natijasida maqsad uzoqlashibgina qolmadi, bundan jabru sitam ko‘rgan avvalo el-yurt bo‘lib qoldi. Ilgari Cho‘lponga katta umidlar baxsh etgan milliy ozodlik harakati ham u o‘ylagancha yakdil qudratli kuchga aylanolmadi, bunda ham, avvalo, guruh boshliqlari — qo‘rboshilar orasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, shaxsiyatparastligu manfaati shaxsiya pand berdi. Yakka-yakka holda, o‘z boshicha harakat qilayotgan guruhlar endi mustahkamlanib ulgurgan qizil qo‘shinga jiddiy havf sololmaganidek, o‘rtadagi qonli to‘qnashuvlardan jabr tortgan — yana xalq edi. Hozirda, o‘tmishga munosabatimiz o‘zgarayotgan paytda bu mulohazalarimiz kimgadir erish tuyular, ehtimol. Biroq, unutmaylikki, o‘sha guruhlarda ham insonlar faoliyat kursatishgan, baski, insonga xos ojizliklar ularga ham yot emas edi. Ya’ni, aytmoqchimizki, bu guruhlar aslo xunrezliklarga, talonchilikka yo‘l qo‘ymagan deyishlik noto‘g‘ri bo‘lur edi. Shu o‘rinda o‘sha paytlarda Cho‘lpondan biroz yoshi ulug‘roq bo‘lgan, bosmachilik harakatida ishtirok etib, keyincha surgunlarda bo‘lib qaytgan rahmatli bobomni eslagim keladi. Bobom u davr haqida deyarli gapirmasdilar, chamasi, bizning tushunmasligimizni anglardilar. Har tugul, bir bora ancha keskin tarzda: «Ha, bosmachilar to‘g‘ri yo‘ldan chiqib o‘g‘ri bo‘lgunlaricha ular bilan bo‘lganman!» — deganlari hamon esimda. Nazarimda, bu gapning mohiyatini, uning zamiridagi iftixoru o‘kinish hissini endi-endi idrok qilayotgandek bo‘laman...

Cho‘lpon Farg‘ona vodiysida urush harakatlaridan xonavayron bo‘lgan elni, dahshatli ochlikdan qirilayotgan go‘daklaru qariyalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘radi, ayni paytda, hozirgi holida milliy ozodlik harakati maqsadga olib borolmasligini, uning elga foydasidan ko‘ra ziyoni ko‘proq tegishini teran idrok qiladi. Shu bois ham Cho‘lpon 1923 yilda Andijonda chiqarilgan Farg‘ona fronti shtabining nashri bo‘lmish «Darxon» gazetasida ishlaydi, bosmachilikni tugatish ishiga qo‘shish qiladi. Shoir mazkur harakat tom ma’nodagi milliy ozodlik harakati sifatlariga ega paytda u haqda biron satr salbiy fikr aytmagan, aksincha, uni quvvatlagan bo‘lsa, endi hozirgi holatini qoralaydi. Ravshanki, bunda ham Cho‘lpon vayronagarchiligu xunrezliklardan bezgan xalq manfaatini ko‘zlaydi.

Aytish kerakki, Cho‘lpon uchun yoshlikdan ko‘zlagan maqsadni mavridi yetilguncha orqaga surib qo‘yish, ko‘proq bugunning tashvishi bilan yashash majburiyatini tan olishlik oson kechmagan. Biroq, taassufki, shart-sharoitlar ko‘pincha insonning ezgu intilishlaridan ustun keladi. Shoirning 1928 yilda yozilgan «Somon parcha» nomli she’ridagi:

Muhit kuchlik ekan, egdim bo‘ynimni,

Chaqmoqdek yaltirab o‘chish yo‘q endi,

Yolg‘on xayollarga ko‘chish yo‘q endi,

Oqishning yo‘liga soldim o‘zimni,—

degan satrida sharoit oldida ojiz qolgan qalb iztiroblari zuhur qiladi. Shoir dilini kuni-kecha erishilishi muqarrar tuyulgan yurt ozodligining «yolg‘on xayol»u «boshi berk ko‘cha»ga aylanib qolgani, endilikda har ishni birdek «haq» deb borishga majburligi ezadi. U o‘zini zo‘r dengiz qo‘ynidagi somon parcha his qiladi, ayni choqda:

Jimgina boradi kirsiz ko‘nglimda

Erkin ko‘piklarning allaqanchasi,—

deb yozadi. Darhaqiqat, Cho‘lpon dilidagi erkka tashnalik, istiqlol umidining izsiz yo‘qolib ketishi mumkin emas: ko‘nglidagi «erkin ko‘piklar» keyingi she’rlarida ham bot-bot yuzaga qalqiyveradi. Biroq endi shoir oldingidek kurashga chorlamaydi, uning imkoniyu ixtiyorida qolgani, «Qushning hadigi» nomli she’rida o‘zi topib aytganidek:

Uning butun tasallisi: to‘lib-toshib sayramoqdir,

Ko‘m-ko‘k dala-o‘rmonlarni eslab-eslab yig‘lamoqdir,

yig‘lamoqdir!.. —

xolos. Biroq bu yoshlar, muxoliflarining da’volariga zid o‘laroq, motam yoshlari emas edi, yo‘q. Zero, Cho‘lpon dilini sitib chiqayotgan ko‘z yoshlaridan o‘zga qalblarda «chechaklar unishi»ga, «haq yo‘li» qachondir bir kun albatta o‘tilishiga beshak ishonardi...

Ezgu maqsadlarini dil tubiga cho‘ktirgan Cho‘lpon borliqni boricha qabul qilishga, mavjud imkoniyatlarni xalqining turmushini yaxshilash, taraqqiy qildirish maqsadlariga xizmat qildirishga astoydil bel bog‘ladi. Xolislik haqqi aytish kerakki, yurtda bir qadar osoyishtalik o‘rnatilgach, shoirning xasta dilini ovutguchi ayrim o‘zgarishlar ham ko‘zga tashlana boshlagan edi. Xususan, yangi hukumat maorif, madaniyat, sog‘liqni saqlash borasida olib borayotgan ishlar unga dalda berdi. Xuddi shu vaqtlarda boshlangan mahkamalarni tubjoylashtirish ishlarini ham Cho‘lpon iliq qarshi oldi, bunda, chamasi, milliy siyosatning ham birmuncha to‘g‘ri izga tushayotganini ko‘rdi. Biroq shoirning tiyran qalb ko‘zlari mohiyatga qaratilgani bois ham sho‘rolarning og‘iz ko‘pirtirib aytayotgan gaplari boshqayu, amaldagi siyosati boshqacha bo‘layotganini ravshan ko‘rib turardi. Adibning 1924 yilda yozilgan «Vayronalar orasidan» nomli safarnomasida ayni shu xil kayfiyat o‘zining yaqqol ifodasini topadi. Andijondan O’sh va Jalolobodga qilingan safar davomida muallif o‘zi guvoh bo‘lgan eng xarakterli voqealarni, ko‘zi tushgan narsalarni qayd etib boradi. Biroq safarnomani faktlarning oddiygina qaydi deya olmaymiz, zero, unda faktografik va tahliliy qatlamlar yonma-yon boradi. Asar markazida turuvchi sayyoh-muallif obrazi shu ikki qatlamning uyg‘un birikuvini ta’minlaydi. Bu yo‘llardan ilgari ham ko‘p bor yurgan sayyoh mushohadasi hozirgi mavjud faktlar bilangina qanoatlanmaydi: u o‘zi bilgan o‘tmishga bot-bot qaytadi, chog‘ishtirishga intiladi. Yurt qayg‘usida yashayotgan adib tafakkuri vaqt chegaralarini buzib yuboradi. Adib biron faktni keltirar ekan o‘tmishni eslaydi, mulohaza qiladi, uning o‘ylari qatida esa doimo kelajak tashvishi botin bo‘ladi. Cho‘lpon keltirayotgan faktlar reallikdan olingani ayon, biroq buni oddiygina naturalistik qaydlar ma’nosida tushunmaslik lozim. Zero, faol ijodkor shaxs sifatida Cho‘lponning o‘z qarashlari, orzu-intilishlari, bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy-estetik ideali mavjud edi. Demakki, tanlanayotgan faktlar ham o‘sha idealga mos, birinchi galda adibning qarashlariyu xulosalarini ifodalashga xizmat qiladilar. Yurtining kecha va bugunini qiyoslarkan, adib urush keltirgan vayronaliklarni ko‘rib eziladi, urush asoratlari bartaraf etilayotganini, yaratish davri boshlanayotganini ko‘rib dili taskin topadi. Biroq yo‘l davomida duch kelgani ayrim faktlar uni chinakam tashvishga soladiki, ularni keltirish bilan o‘quvchini yurtining ertasi haqida jiddiyroq mushohada qilishga undaydi. Cho‘lpon Xo‘jaobod paxta punktida «bir Zubov degan xazinachi bor ekan, uning eng shirin gapi ko‘cha so‘kishlarining o‘rtacharog‘i ekan» deya alamli istehzo bilan yozadi. Muallif Zubovning mahalliy aholiga haqoratomuz muomalasi haqida xabar berarkan, qiziq bir faktni gazetxon e’tiboriga havola qiladi. Gap shundaki, mahalliy aholi shikoyatlariga asosan, O’sh hukumati (ya’ni, o‘sha paytdagi uezd hukumati) Zubovni chaqirtirganida, u «ish vaqti borolmayman» deydi-da, bormay qo‘yaqoladi. Qizig‘i shundaki, «paxta ma’rakasi(kompaniya—D.Q.)ga zarar kelmasin, deb O’sh hukumati ham o‘zicha bir narsa qilmasdan, muzofot mahkamalariga havola qilibdur». Ko‘ramizki, bu o‘rinda Cho‘lponni oddiy bir kassirning mahalliy hukumatni mensimasligigina emas, o‘sha hukumatning hazinachi «ulug‘ og‘a»lardan bo‘lgani uchun-da hech bir ta’sir qilolmasligi hayratga soladi. Boz ustiga, uezd hukumati paxta kompaniyasiga zarar yetishidan qo‘rqib masalani yuqoriga oshirar ekan, demak yuqori idoralar avvalo paxtani talab qiladi, uni yetishtiradigan xalq sha’ni esa ikkinchi darajali masala. Shu o‘rinda satr orasida Cho‘lponning «bu mustamlakachilik siyosatining ayni o‘zi emasmi?» degan tashvishli savoli ko‘zga tashlanadi. Zero, muallifning umidi ham shu aslida: u o‘zi aytmagan, aytolmagan gaplarni ziyrak gazetxon uqib olishiga ishonadi. Yoki boshqa bir o‘rinda Cho‘lpon «poezd ichida g‘alati-g‘alati ajoyibot, qiziq sirlar, tubjoy xalqqa qilinayotgan muomalalarni toza tomosha qildik» deb yozadi. Qarangki, bundan o‘n yil muqaddam, 1914 yilda «Doktor Muhammadiyor» hikoyasida tasvirlagan narsalarni muallif deyarli o‘zgarishsiz ko‘radi, faqat endi oldingidek tasvirlash imkonidan mahrum! Cho‘lponning 1924 yilda yozilgan maqolalaridan birini «Quturg‘on mustamlakachilar», boshqa birini «Istirohat mustamlakasi» deb atagani bejiz emas, zero, u o‘sha eski siyosatniig davom etayotganiga guvoh edi.

Cho‘lpon milliy siyosatning qay tomon borayotganini nozik ilg‘aydiki, buni «Qalamning toyilishi» nomli maqolasida yaqqol kuzatishimiz mumkin. Maqolada masalaning qo‘yilish tartibiyoq o‘quvchini muayyan xulosaga yetaklaydi. Cho‘lpon avvalo Moskvadagi Bosh paxta komitetining xabarnomasida «O’rta Osiyo va Qofqoziya jumhuriyatlari tuprog‘ida unaturg‘on paxtani «o‘rus paxtasi» (russkiy xlopok) deb» atalganiga qarshi chiqadi. Xo‘p, adib buni oddiygina «qalam toyilishi»ga yo‘yishi, sobiqlardan chiqqan bironta mutaxassisning qilmishi deb tushunishi ham mumkin. Biroq «Turkpravda»da e’lon qilingan bir suhbatda muxbir: «Pamir(Murg‘ob)ni nimaga «o‘rus Pamiri» (Russkiy Pamir) deb atadi ekan? Agar «Xitoy Pamiri», «Angliz Pamiri» degan atamalar bor, bu ham bir jug‘rofiy atama demakchilarmi? Unda Turkistonni ham «o‘rus Turkistoni»(Russkiy Turkestan) desunlar, «Xitoy Turkistoni» degan atama ham bor...» — deya hayrat va istehzosini yashirmaydi. Ko‘ramizki, Cho‘lpon bularni aslo tasodifiy hol deb qaramaydi, aksincha, buning zamirida sho‘ro hukumatining ikkiyuzlama milliy siyosatini ko‘radi. Ayniqsa, maqola nihoyasida bu ikkiyuzlamachilik yanada ravshanroq ochiladi. Cho‘lpon gazetxon e’tiborini Toshkentda nashr etilgan «Statistika solnomasi»dagi: «Turkistonni olg‘on o‘rus podshohlari uni mustamlaka qilmoq uchun muayyan reja bilan, iqtisodiy zarurat orqasida olg‘onlari yo‘q.... Shuning uchundirkim, Turkistonni olg‘ondan keyin chor hukumati uni nima qilishini bilmay, hayron qolg‘on edi...» — degan da’voga qaratadi. E’tibor berilsa, da’voning zamirida Turkistonning bosib olinishiga olib kelgan tub sabablarni xaspo‘shlashdan chuqurroq ketuvchi maqsad botinligini sezish mumkin. Avvalo, iqtisodiy maqsad ko‘zlanmagan bo‘lsa, demak, Turkistonning bosib olinishi xayrlik maqsadlarda, deylik, «madaniyat kiritish» uchungina bo‘lgan, degan xulosalarga puxta zamin tayyorlanadi. Ikkinchidan, modomiki Turkiston Rossiya uchun foydasiz ekan, uning Rossiya tarkibida bo‘lishi avvalo, o‘zi uchun zarur, ya’ni, na eski va na yangi mustamlakachilik siyosati haqidagi gaplarga o‘rin yo‘q. Esingizda bo‘lsa, sobiq ittifoq parchalanishi arafasida ham mazmunan shunga yaqin, «O’zbekiston Rossiyaning boqimandasi» qabilidagi da’volar ko‘tarilgan edi.

Ko‘rinadiki, sho‘rolarning milliy siyosati keyincha og‘ishib ketgan emas, boshdanoq muayyan reja asosida olib borilgandir. Cho‘lpon bu xil ikkiyuzlamachilikni nozik ilg‘aydi, «qizil» gaplarga tayanib bo‘lsa-da, o‘z fikrini ifodalaydi: «Bu toyilg‘on qalam o‘zining shu toyilishi bilan Oktyabr inqilobining birinchi kunidan beri qilinib kelayotqon da’volarning ustiga katta bir qora chiziq chizmoqchi shekillik!» Cho‘lpon yangi hukumatning dekretu qarorlari bilan amaliyot orasida katta tafovutlar borligiga, so‘z va ish birligining yo‘qligiga ko‘p bor amin bo‘ladi. Jumladan, «Chimkent xatlari» nomli maqolasida u yerdagi tubjoylashtirish ishlariga to‘xtalib: «Uezd ijroqo‘mida yuqorida aytib o‘tilgan bir musulmon xotun bor, sarkotibning unvoni (familiyasi) ham tub joy xalqnikiga yaqinlashibroq eshitiladi. Sho‘‘ba mudirlari orasida tub joyliqlar bor. Qolg‘onlarining hammasi ovrupolik o‘rtoqlarimiz. Bu yerda hatto tub joy xalq tilida yozilg‘on arizalarni qabul qilmaslar emish, degan gapni eshitdim. Lekin sho‘rolar xukumatining 8-yili mundoq latifa(aneqdot)larga ishonadurgan ahmoq yo‘qdur, deb o‘ylayman»,— deb yozarkan, istehzoli kulgidan yana o‘zini tiyolmaydi.

Tabiiyki, bu xil latifanamo maynavozchilik asosiga qurilgan siyosat mahsullarini ko‘rgan Cho‘lpon qalamidan yana mahzun kuylar to‘kiladi. Biroq, unutmaylikki, siyosatda ustasi farang bo‘lgan o‘rtoqlar shoirning ko‘z yoshlaridan «chechaklar unishi» mumkinligini uning o‘zidan-da yaxshiroq bilardilar. Yo‘q, hurriyat deya maydonga chiqqan o‘rtoqlar shoirning hazin ovozini bo‘g‘ishni o‘zlariga ep ko‘rmadilar, ular bu ishni o‘zlari tarbiyalab yetishtirgan mahalliy kadrlarga ishonib topshirdilar, xolos. Avvaliga Cho‘lponni «ko‘k shoiri», «ziyolilar shoiri», «o‘tmishga yuz burgan yig‘loqi shoir» deb ta’riflay boshladilarki, bu keyinroq qo‘yiladigan jiddiy ayblovlar uchun asos hozirlashdan boshqa narsa emas edi. Tabiiyki, Cho‘lpon qalbidagi tug‘yonlarini yurtdoshlari anglamayotganlaridan, anglashni istamayotganlaridan o‘kindi, «men ko‘k shoiri emasman» deya she’rlar bitdi. Taassufki, uni hatto ko‘ngil mulki fuqarolari bo‘lmish shoirlar-da tushunmaydilar, tushunishni istamaydilar. Cho‘lpon o‘zini yig‘loqiliqda ayblaganlardan biri bo‘lmish Botuga javoban yozgan «Tan berdim» nomli she’rida:

Bizlar faqat o‘tganlarga bog‘lanib,

O’tganlardek asta-asta yo‘q bo‘ldik,

«Ko‘ngil» dedik, ko‘ngillarda «kul» bo‘ldik...

O’tganlarning kafaniga chulg‘onib.

U olovli ko‘zlaringga qarasam,

Hamma yondan uchib chiqqan uchqunlarni sanasam,

Isyon o‘qi o‘lik tanga kirmasin,

Otguvchisi tosh —

Vatandosh bo‘lmasin!..—

degan dardli satrlarni bitadi. El-yurt dardi bilan yashagan shoirni o‘ziga tosh otguvchilarning vatandoshlari ekanligi o‘rtaydi. Bu-ku, 1925 yildagi ahvol, oradan ikki yil o‘tgach, Cho‘lponni «yo‘qsil xalq shoiri emas» deb e’lon qilganlarida, ijodini xalq uchun zararli deb topganlarida, madaniyat xodimlarining‘ qurultoyidan shu xalqning «ziyoli» vakillari quvib solganlarida qanday ruhiy iztiroblar girdobida qolgan bo‘lsaykin?!.. Boshqa bir buyugimiz A.Qodiriyni bir yil ilgari «odil» sud vositasida ma’nan o‘ldirganlar Cho‘lponni-da shu ko‘yga solish uchun Qurultoyni tanlagan edilar. Hatto, respublikaning o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri bo‘lmish A.Ikromov ham o‘z nutqi bilan Cho‘lponga tosh otuvchilar tegirmoniga suv quydi. Shoir o‘z boshida to‘planayotgan qora bulutlarning chinakamiga havf sola boshlaganini his qiladi, chor-nochor taslim bo‘lishga chog‘lanadi: Qurultoy rayosat hay’atiga «E’tizor» yozib, «tushunmaslik» orqasida yo‘l qo‘ygan xatolariga, ya’ni shu el, shu yurt qayg‘usi bilan yashaganiga tavba qiladi, butun kuch-quvvatini «xatolarini ishchi-dehqon ko‘nglidan ketkazish»ga sarflashga va’da beradi.

Qurultoy chaqirilgan 1927 yildan keyin Cho‘lpon matbuotda juda kam ko‘rinadi, biroq uning nomiyu «cho‘lponchilik» degan yangi adabiy-siyosiy istiloh gazeta-jurnal sahifalaridan tushmay qoladi. Ayni paytda, Cho‘lpon qarshisida «xatolarini ishchi-dehqon ko‘nglidan ketkazish», o‘zining «tuzalayotgani»ni ko‘rsatishdek kattakon majburiyat ham turardi. Tabiiyki, shoir imkoni tug‘ildi deguncha shu majburiyat orqasida yozilgan she’rlarini e’lon qilishga harakat qildi. Qizig‘i shundaki, Qurultoydan keyin yozilgan «O’n yil» nomli she’rida Cho‘lpon hayotida ilk bor yurtini ozod deb ataydi:

O’n yil bo‘ldi, zanjirlarni uzib tashladik,

Ozod elda yorqin turmush qura boshladik...

Bu kun bayram! Ozod o‘lka o‘ynab kuladi.

Bu kun bayram! Qizil bayroq so‘ylab turadi...

Shoirning bungacha kuzatganimiz asarlaridagi qarashlarga tamoman zid fikrning tomdan tarasha tushgandek yuzaga kelishi ham she’rning majburiyat orqasida yozilganidan dalolatdir. Biroq, professor O.Sharafiddinov aytmoqchi, Cho‘lpon endi «qanday asar yozmasin, hammasi beistisno «g‘oyaviy zararli, millatchilik ruhidagi asar» sifatida baholana boshladi» . Respublika kommunistlari yo‘lboshchisining nutqidan ruhlangan, madaniyatchilar qurultoyining fatvosini olgan adabiy tanqidchilikning hurujlari kuchaygandan kuchayib bordi. Bu ham yetmagandek, 30-yillarning boshidagi haybatli sud jarayonlarida goho ishora bilan, goho ochiqchasiga Cho‘lponni tilga olib o‘tdilar — navbat senga kelyapti, deya ogohlantirmoqchi bo‘ldilar uni. Mana shunday og‘ir vaziyatda Cho‘lpon F.Xo‘jaev maslahati bilan Moskvaga jo‘nadi: shoirning o‘z tevaragidagi gap-so‘zlar biroz bosilguncha yurtidan yiroqda bo‘lib turishi maqbul ko‘rilgan edi...

Hozirgi o‘quvchi ko‘p ham xushlamaydigan «Soz» to‘plamidagi she’rlarning aksariyati yuqoridagicha majburiyat orqasida dunyoga kelgan edi. Cho‘lpon mazkur to‘plamning «ochqich»i bo‘lmish «Yana oldim sozimni» nomli she’rida shunga sezilar-sezilmas ishora ham berib qo‘ygan:

Bir necha yil qantargach

Yana oldim sozimni,

Endi aytib yig‘lamas

Ko‘ngildagi rozimni...

O’ylashimizcha, Cho‘lpon she’rni «endi aytib yig‘lamas ko‘ngildagi rozimni» degan satri uchungina yozgandek. E’tibor berilsa, ayni shu satr she’rning mazmuniy-mantiqiy to‘qimasiga uyg‘un singishib ketmagani yaqqol seziladi. Bir qarashda bu satr shoirning muholiflariga qaratilganki, «yig‘lamas» so‘zining o‘zidan turtki olib ham she’rning davomini e’tiborga olgan holda uni quyidagicha tushunish mumkin: «xo‘p, meni yig‘loqilikda ayblagandilaring, endi yig‘lamayman. Chunki sovet voqeligining afzalligini anglashim barobari «ko‘nglimdan kudurat ko‘tarildi», endi sozimdan faqat «shan kuylar»gina to‘kilajak...» Biroq, she’rni faqat shu yo‘sin tushunishimizga «ko‘ngildagi rozimni» birikmasi xalaqit beradi. Aytmoqchimizki, Cho‘lpon o‘zi aytmoqchi bo‘lgan fikrni pardalaydi, birgina satr yordamida botiniy ma’nolarga ishora qiladi. Ya’ni, bu satrlar birinchi galda shoirning chin muxlislariga qaratilgan, muallif ulardan uzr so‘raydi guyo: «Sizlarga aytadigan gaplarim, «ko‘ngil rozim» bor edi-yu, afsus, aytolmayman...»

O’zining siqiq muhitdagi holatiga Cho‘lpon «Yangi men» she’rida juda yaxshi ta’rif beradi:

Millionlarning biri kabi

Men ham quvnoq, men ham shanman,

Kechmishlarning o‘limiga

Qahqahalar solgan menman.

She’rdagi soxta ko‘tarinkilik zamirida erki bo‘g‘ilgan, «millionlarning biri kabi» yashash, fikrlash va so‘zlashga mahkum etilgan isyonkor qalbning iztiroblari, alamli kinoyasi botindir. Zero, o‘zining «yangi men»i tom ma’nodagi «menlik»dan tamomila yiroqligini chuqur his qilgan shoir o‘z o‘quvchisining sarlavha bilan she’r mazmunidagi nomutanosiblikni ilg‘ab olishiga umid qiladi, o‘zini tushunishini va kechirimli bo‘lishini istaydi.

To‘plamning boshidan joy olgan ikki she’rida o‘zining chin muxlislariga shu yo‘sin uzrini izhor etgachgina Cho‘lpon millionlarning biri sifatida yozgan she’rlarini joylashtiradi. Keyingi she’rlarda har yili kuzak inqolobni sharaflashni o‘ziga burch deya biluvchi, «xalqlar otasi»ni Lenin ishining davomchisiyu ichimizda «eng yaxshimiz va eng saramiz» deya madh etuvchi, o‘quvchi ommani sinfiy xushyorlikka chaqiruvchi lirik qahramon bo‘y ko‘rsatadiki, bu endi shoirning o‘zligidan ayro tushgan «yangi men»idan boshqa narsa emas...

Xolis bo‘lishga intilsak, sovet voqeligida Cho‘lponni chin dildan quvontirgan ulkan o‘zgarishlar ham bo‘lganligini e’tirof etishimizga to‘g‘ri keladi. Biroq bu o‘zgarishlar shoirni nechog‘li quvontirmasin, masalaning tub mohiyatiga qaragani uchun ham u mavjud voqelik bilan to‘la kelisholmas edi. Sababki, shoirning tiyran qalb ko‘zlari kundan-kunga mustahkamlanayotgan tuzumning ko‘pchilik uchun qorong‘u chizgilarini ilg‘ar, bu chizgilar unga elining o‘zi orzulagan saodatidan xayrli fol ochishiga imkon bermas edi. Yuragi dardga to‘lgan Cho‘lpon endi borliqning faqat nurli jihatlarinigina kuylay olar, millat qayg‘usida o‘tkazilgan salkam yigirma yil mobaynida iztirobli o‘ylashlaridan tug‘ilgan gaplari bo‘g‘zida qotgan edi. Hayotining ayni shu pallasida Cho‘lpon «Kecha va kunduz»ga qo‘l urdi, bosib o‘tilgan yo‘lni qahramonlari bilan yana bir karra, endi har bir qadamini o‘ylab bosib o‘tishga jazm qildi. Zero, inqilob arafasidagi Turkiston voqeligining badiiy tahlili adibga yurtining ijtimoiy-tarixiy taraqqiyot tendentsiyalarini kuzatish va shu asosda zamonasini tushunish imkonini beribgina qolmasdan, dilidagini aytishning yagona yo‘li ham edi. Shu ma’noda «Kecha va kunduz»ning yozilishi Cho‘lpon uchun ijtimoiy-shaxsiy zarurat ediki, uni chin ma’nodagi «ehtiyoj farzandi», buyuk san’atkorning «oqqush qo‘shig‘i» edi, degimiz keladi...

Biroq shunisi borki, Cho‘lponning 30-yillarda yozilgan she’rlari ruhidan kelib chiqilsa, «Kecha va kunduz» dilogiyasini ham adib o‘zini «oqlab» olish maqsadida yozishga kirishgan, degan fikr tug‘ilishi tabiiy. Zero, romanda shunga dalolat qiluvchi qator jihatlar ko‘zga tashlanadi. Jilla qursa, romanning nomlanishini olaylik. Bir qarashdayoq hammasi ravshandek: inqilobdan avvalgi hayot — «Kecha», keyingisi —«Kunduz». Qissadan chiqadigan hissa ham qip-qizil: «Yashasin inqilob! Yashasin inqilob bergan hurlik va saodat!..» Biroq ko‘ngil bunga ko‘naqolmaydi, u Cho‘lpondan boshqa narsani kutadi. Zero, ulkan iste’dod sohibi bo‘lmish Cho‘lpon hayotni badiiy tadqiq qilarkan «oq-qora» sxemasidan imkon qadar qochganiga, katta badiiy haqiqatlarni inkishof etishga intilganiga ko‘proq ishongimiz keladi. Yo‘q, bu Cho‘lponni oqlash yoki ulug‘lashga intilish emas, aslo: u bunga sira muhtoj ham emas. Sirasi, bu ishonch ko‘proq o‘zimizga kerak. Usiz tarix taqozosi bilan qo‘ymijoz bo‘lib qolgan millatimiz ichidan-da sherlar yetishganiga ishonishimiz dushvor, usiz «Cho‘lpon» deyilganida ko‘ksimizning faxru g‘ururga to‘lishi ham bekor. Bu ishonch ko‘proq bizga — yangi yo‘l boshida ortiga o‘girilib, chamalab-ikkilanib turgan avlodga — yuqorisiga o‘rlanayotganimiz narvonning hamma poyalari butligiga ishonishimiz, sobitqadam bo‘lishimiz uchun zarur. Shu vajhdan ham ko‘nglimizda milt etgan ishonchni asrab-avaylab, uni imkon qadar mustahkamlashga harakat qilamiz.

Yuqorida amin bo‘ldikki, haqiqatni ochiq-oshkor aytolmaslik Cho‘lponday olovqalb, tanglayi yurt va millat qayg‘usi bilan ko‘tarilgan shoirni o‘rtagan. Mustabid tuzum jamiyatni o‘rgimchak to‘riday qoplagan bir davrda yozilgan bir maqolasida adib shunday deydi: «Podshohlar, sultonlar, xonlar va beklarning qamchilaridan qon tomgan zamonlarda, xalq ko‘pchiligi o‘z dardini bir yulg‘un bachkisiga ham ayta olmagan davrlarda, xalqning og‘ir ahvolini, mamlakatning qora kunlarini, ko‘pchilik fuqaroning dard va hasratlarini bironta saroy yoki xalq qizig‘i chiqib «hazil» yo‘li bilan yedirib yuborar edi (ta’kiddar bizniki,— D.Q.)».

E’tiborli jihati shundaki, bu so‘zlarni Cho‘lpon «Kecha va kunduz» ustida qizg‘in ishlayotgan bir vaqtida yozgan. Qadim xalq san’ati namoyondalariga chuqur hurmat va ajib bir havas bilan qaragan adib nahot o‘z dardini «yo‘li bilan yedirib yuborish»ni o‘ylamagan bo‘lsa? Albatta, o‘tmish bahona zamonasiga topib baho bergan Cho‘lpon buning uchun o‘sha qiziqlardek «boshi ketishi» yoki «oq uylik (badarg‘a)» qilinishi mumkinligini yaxshi bilgan. Biroq, boshqa bir narsa borki, u adibni ruhlantiradi, jur’atu jasorat beradi unga: «Faqat ularning (qiziqarning,—D.Q.) og‘izlaridan chiqqan buyuk haqiqatlar haqiqatgo‘y shoirlarning o‘lmas asarlari kabi xalq ko‘ngliga yozilib qolardi, muchallardan muchallarga ko‘chardi»1. Bu so‘zlarni foniy dunyodagi barcha narsa o‘tkinchiyu, faqat HAQ va HAQIQATgina boqiy ekaniga imon keltirgan odamgina yozishi mumkindek ko‘rinadi bizga. Cho‘lpon shu e’tiqod bilan yashaganki, uning ko‘z oldimizda Qaqnus qushdek qayta bo‘y tiklashi ham shu tufaylidandir...

Romanning nomlanishiga kelsak, S.Husayinning tergovda bergan ma’lumotiga ko‘ra, Cho‘lpon «O’tmish tug‘risida yozyapti deb ayblamasliklari uchun romanni shunday (ya’ni, «Kecha va kunduz» — D.Q) ikkiga bo‘lishga majbur bo‘lgan»ligini2 aytgan. Ko‘ramizki, roman ustida ishlayotgan adib zarur ehtiyot choralarini ko‘rishga, dardini oshkora aytmasdan, «yo‘li bilan yedirib yuborish»ga intilgan. «Kecha va kunduz» haqida yozuvchi hayotligida e’lon qilingan yagona taqrizda unga quyidagicha ayb taqaladi: «Cho‘lpon jadidlarni tasvirlaganda niqoblanadi, jadidlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z tili bilan harakteristika bermasdan, bu vazifani asardagi kishilarga yuklaydi. Cho‘lponning qahramonlari jadidlarni maqtab, ko‘klarga ko‘taradi».3 Taqriz mualliflari haqlar: chindan ham romanda jadid savdogar paydo bo‘lishi bilan Cho‘lpon hikoyachilikni o‘zidan soqit qiladi. Negaki, taqrizchilar talabicha «to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘z tili bilan xarakteristika» berilsa, uning uchun birgina yo‘l — jadidlarni «sovet yozuvchisi» pozitsiyasidan turib qoralashgina qolur edi. O’z-o‘zidan ayonki, agar Cho‘lponning niyati o‘zini oqlab olishgina bo‘lganida, «niqoblanish»ning hech bir zarurati qolmas, aksincha, «niqoblanish» o‘sha niyatga zid kelur edi. Shu o‘rinda romandagi boshqa bir jihatga ham e’tiborni qaratgimiz keladi: adib Akbarali, Miryoqub kabi «yot unsur»larga namoyishkorona salbiy munosabatda bo‘ladi (zamona talabi), ayni paytda ularning har birida avvalo insonni ko‘rishga, xatti-harakatlarining tub ijtimoiy-ruhiy asoslarini ochishga (realistik san’at talabi) intiladi. Shunisi ham borki, «sinfiylik» og‘usi bilan zaharlangan kitobxon uchun mo‘ljallangan chizgilar bo‘rtib, yuzada qalqib turadi va... tub sabablarni pardalaydi go‘yo.

Romanga buyuk proletar yezuvchisi M.Gorkiy so‘zlarining epigraf qilib olinishi ham, fikrimizcha, ehtiyot choralarining biridir: «Ma’rifat chog‘ishtirib ko‘rish bilan hosil bo‘ladi, bizning yoshlar esa o‘z ko‘rganlarini hech nima bilan chog‘ishtirolmaydilar, ular kechmishni bilmaydilar va shu uchun hozirgi zamonning nimaligini yetarli darajada ochiq anglayolmaydilar (ta’kid bizniki—D.Q.)». Biroq, agar epigrafga faqat ehtiyot chorasi deb qarasak ham yanglishgan bo‘lib chiqamiz. Nega? Ma’lumki, roman yozilgan paytda yoshlar ongiga soxtalashtirilgan vatan tarixi singdirila boshlangan edi. Bosh tarixchi Stalindan andoza olib yozilgan bu tarix, masalan, sotsialistik inqilob ijtimoiy-tarixiy zaruriyat mahsuli sifatida yuz berganini, hatto, Turkistonda ham inqilob xalqning xohish irodasiga ko‘ra amalga oshganini hech bir e’tirozga o‘rin qolmaydigan qilib uqtirardi. Ha, bolsheviklar firqasi olis istiqbolni ko‘ra olgan edi: o‘tmishni soxtalashtirishu zamonani ideallashtirish orqali yoshlar ongini mahv etishga astoydil kirishgan bolsheviklar o‘ziga har jihatdan sodiq, har qanday siyosatini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlaydigan «omma» uchun kurashardi. Tan olish kerakki, 30-yillarga kelib mafkuraviy kurashda bolsheviklar deyarli uzil-kesil g‘alabaga erishgan edilar. Zero, aksincha bo‘lganida shu yillardagi dahshatli qatag‘on siyosatini ommaning qo‘llab-quvvatlashi ostida o‘tkazib bo‘larmidi?!.. Bizningcha, shu mulohazalardan kelib chiqilsa, Cho‘lpon epigraf vositasida «Kecha va kunduz»da o‘zi ko‘zlagan g‘oyaviy-badiiy niyatga ishora qilgani anglashiladi. Epigrafda ta’kidlanishicha, adib o‘tmishni yoshlar hozirgi zamonning qadriga yetsin (u paytlar o‘tmish haqidagi aksar asarlar shu ruhda edi) uchun emas, ular «hozirgi zamonning nimaligini» anglasinlar degan niyatda tasvirlashga jazm etgan. Cho‘lpon tasvirlagan inqilob arafasidagi Turkiston ijtimoiy voqeligi bolshevistik mafkura singdirayotgan tarixiy «haqiqatlar»ga tamomila zid ediki, adib yoshlar uni «o‘z ko‘rganlari bilan chog‘ishtirib ko‘rish» orqali ko‘p narsalarning mohiyatiga yeta oladilar, deb umid qilgan.

Xo‘sh, Cho‘lpon tasvirlagan voqelik rasmiy nuqtai nazardan nimasi bilan farqlanar edi? Avvalo, bolsheviklar inqilob arafasidagi Turkistonda asosiy ijtimoiy konflikt ezuvchi va eziluvchi sinflar orasida edi, deb uqtirganlar. «Kecha»da esa bunga zid o‘laroq, asosiy ijtimoiy konflikt feodal asoslar va milliy burjuaziya orasida yotadi, mehnatkash xalq esa ijtimoiy faoliyatdan butkul yiroq. Bu esa Turkistonda sotsialistik inqilobning amalga oshishi tarixiy zaruriyat bo‘lganligini inkor qilishdek gap edi. Bolsheviklar inqilobdan ilgari Turkiston ijtimoiy hayotida o‘z firqalarining roli katta bo‘lganini da’vo qilsalar, «Kecha»da ular loaqal eslab ham qo‘yilgan emas. Romandagi uyg‘ona boshlagan, ijtimoiy-ma’naviy tadrijga yuz burgan yagona qahramon — Miryoqubning izlanishlari uni jadidchilik harakatiga yaqinlashtirishi ham bejiz emas. Zero, inqilob arafasidagi Turkiston voqeligini qaytadan mushohada etganida ham adib unda xalqini istiqlol va taraqqiyga boshlovchi jadidchilikdan o‘zga bironta kuchni ko‘rgan emas. Eng muhimi, jadidchilik harakati qoralanayotgan bir paytda Cho‘lpon o‘quvchi ommada u haqda birmuncha adolatli tasavvur hosil qilishga intilganki, bu adibning tom ma’nodagi ijodiy va grajdanlik jasorati edi. Miryoqubning kundaliklaridagi qaydlar tarzida berilgan jadid savdogar Sh.Xo‘jaev so‘zlarida jadidchilik harakatining mohiyatiyu ko‘zlagan maqsadi muxtasar ifodasini topganki, ularning ayrimlarini keltirib o‘tish maqsadga muvofiq:

«Bizdan necha baravar kichkina millatlar mustaqil bir hukumat qurib, o‘z davlatlari ila Yevropaning, shu madaniy Yevropaning markazida, ya’ni kindigi singari joyda yashaydi...»

« Ular urush muvaffaqiyatsiz bitsa, o‘sha yurtlarning parcha-parcha bo‘lib bo‘linib ketishidan qo‘rqadilar, Russiyani, shu quloch yetmas keng o‘lkani, qilich kuchi bilan, qozoq o‘risning nayzasi bilan qo‘rqitib butun holida qiyomatgacha ushlab qolmoq istaydilar...»

«Siz-biz sog‘in sigirmiz, bizning shirin sutimiz bor, ruslar va boshqa ajnabiylar bizni emib yotadilar...»

Qizig‘i shundaki, «Kecha»ning 1936 yil nashrida mavjud bo‘lgan bu gaplar 1988 yilda, roman «Sharq yulduzi»da qayta e’lon qilinganida olib tashlangan. Negaki, yuzaki qaraganda gap chor imperiyasi haqida ketayotgan bo‘lsa-da, o‘z vaqtida Cho‘lpon «qizil imperiya»ni ham nazarda tutgan va ko‘p jihatdan xaq bo‘lib chiqqandi. O’sha vaqtda yurtimizda esa boshlagan istiqlol epkinlaridan jiddiy tashvishga tushgan g‘animlar, tabiiyki, bu gaplarning o‘tib ketishiga imkon bermaganlar. Romanning jurnalda qayta e’lon qilinishi ancha qiyin kechgani1 uning 80-yillar adog‘idagi ijtimoiy sharoitda ham aktuallik kasb etgani, mustamlakachilik siyosati asoslariga rahna solishga qaratilgani bilan izohlanishi lozim.

Cho‘lpon o‘z qarashlarini yo‘li bilan ifodalasa-da, «Kecha» o‘z muallifining sovet voqeligini to‘laligicha qabul qilolmaganini, o‘ziga yo‘rgakda tekkan istiqlol va taraqqiy dardidan xalos bo‘lolmaganini oshkor etdi. Tabiiyki, bunday sarkashlikni sho‘ro tuzumi kechirmadi: adibni ma’nan mag‘lub etolmagach, jisman mahv etdi. Hatto, oradan 20 yil o‘tgach ham, Cho‘lponni grajdan sifatida oqlaganlari holda ijodiy merosini egalariga qaytarmadilar: uning ko‘z yoshlaridan millionlab qalblarda chechaklar unishi mumkinligidan xavfsiradilar...

Istiqlol dardi bilan yashab, sadpora ko‘nglida cho‘ng armon bilan ketgan Cho‘lponning bezovta ruhi shoyadki endi orom topgan bo‘lsa...

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz