Êèòîáíè êèðèë àëèôáîñèäà ¢қèíã

G'arb adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari

Dilmurod Quronov, Bahodir Rahmonov

So'z boshi o'rnida

Qo'lingizdagi kitob talabalarni yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi bilan tanishtirish yo'lidagi bir urinishdir. Ushbu masalani o'rganish uchun o'zbek tilidagi manbalarning juda kamligini e'tiborga olib, unga ikki qismdan iborat qilib tartib berish maqsadga muvofiq ko'rindi. Kitobning birinchi qismida yevropa madaniyati tarixidagi to'rtta bosqich - antik davr, o'rta asrlar, Uyg'onish davri va XVII asrdagi adabiy tanqidiy tafakkur rivoji haqida ma'lumot beruvchi muxtasar ocherklar havola etiladi. Kitobning ikkinchi qismi majmua tarzida tuzilgan bo'lib, unga kiritilgan materiallarning aksariyati tuzuvchilar tomonidan tarjima qilingan va ilk bor o'zbek tilida chop etilayotir. Shu bilan birga, hozirda matnlarni topish imkoniyati ancha cheklanganini hisobga olib, majmuaga Oybek, M.Mahmudov, J.Kamol tomonidan qilingan tarjimalardan ham parchalar kiritildi.

Aytish joizki, kichik ocherk doirasida katta bir davrni to'la yoritish mumkin bo'lmaganidek, majmuaga ham ko'plab mualliflarni kiritish imkoni bo'lmadi: bir tomoni - hajm, ikkinchi tomoni, mavzuga oid ko'plab manbalarni hozircha topib bo'lmadi. Shu bois qo'llanmaning hozirgi holati bilan qanoatlanib, uni keyincha to'ldirib borish niyatida qolib turamiz. Umid qilamizki, o'quvchilar ilk tajribamizdagi nuqsonlarni ma'zur tutib, o'qish jarayonida tug'ilgan e'tirozlari, xolis taklif va mulohazalarini biz bilan o'rtoqlashadilar, bu esa keyingi nashrlarning mukammallashib borishiga xizmat qiladi.

Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri

Adabiyotning o'zini anglash ehtiyoji uning o'ziga egiz tug'ilgan, desak, aslo mubolag'a bo'lmaydi. Negaki, badiiy ijod tabiati, adabiyotning mohiyati va vazifalari haqidagi o'y-mulohazalar bizgacha yetib kelgan eng ko'hna yozma manbalarda ham uchraydi. Shuni ham qayd etish lozimki, ko'hna yozma manbalar orasida ilmiy muomalada kengroq ommalashgani va chuqurroq o'rganilgani qadimgi yunon-rim yozma yodgorliklaridir. Shu bois ham qadimiyat haqida so'z ketganda ko'proq shu manbalarga tayaniladi. Holbuki, qadim Shumer yoki Misr, Xitoy yoki Hind madaniyati ahamiyati jihatidan aslo kam emas, biroq yuqoridagi sabablarga ko'ra ularni istifoda etish hozircha qiyinroq. Masalaning yana bir jihatini ham e'tiborda tutmoq zarur: aslida, agar folklorning yozma adabiyotdan qadimiyligini e'tiborga olsak, adabiyot haqidagi qarashlarning ildizlari xalq og'zaki ijodidan suv ichishi tayin. Biroq bu haqiqatni e'tirof etgan holda, xalq og'zaki ijodi namunalarining yozuvda muhrlanishi keyingi davrlarda amalga oshgani, bunga qadar ularning qadimiy matni saqlanmaganini hisobga olib, yana yozma manbalarga qaytishga majbur bo'lamiz.

Antik yunon madaniyatining arxaik davrlariga mansub Gomer, Gesiod, Pindar singari ijodkorlarning asarlaridayoq adabiyot haqidagi qarashlarga duch kelinadi. Aniqrog'i, bu asarlar mualliflarning adabiyotni qanday tushunganlari haqida tasavvur bera oladi. Tabiiyki, bu qarashlar mualliflarining dunyoqarashlariga mos edi. Qadimgi yunonlarning tasavvurlariga ko'ra, olamning tuzilishi anchayin sodda: Olimpda - xudolar, yerda odamlar yashaydi, olam shu ikkisining birligidan tashkil topadi. Ularning e'tiqodicha, Olimp xudolari yerdagi hayotni yo'lga solib turishadi, yana ham aniqrog'i, ular Olimpdagi tartibotlarni yerdagi tartibotlarga monand tasavvur etishgan. Masalan, ularning e'tiqodiga ko'ra, yerdagi har bir kasbning o'z ilohi bor. Jumladan, san'at ilohi - Apollon, Olimpda undan boshqa yana ko'plab ilohalar - Muzalar borki, ular odamni ijodga ilhomlantiradi. Shu bois ham, masalan, Gomerning "Iliada"sida o'sha muzalarga qayta-qayta murojaat qilinadi. Bir o'rinda Gomer "Olimp xudolari har yerda hozir va ko'k gumbazi ostidagi har nedan voqif" ekanini e'tirof etarkan, "biz (ya'ni, odamlar - mual.) hyech narsani bilmaymiz" deydi. Gomer Muzalardan o'tinib "danayaliklarning sardorlari kimlar" bo'lgani, "Troya ostonasiga kelgan jangchilarning barini eslatib" qo'yishlarini so'raydi. Ko'rib turganimizdek, Gomer san'atda hamma narsani ilohlar hal qiladi, ilohlar suyib saylagan kishilargina san'atkor bo'la oladi, san'atkor ilohlar "diliga solgan" narsalarnigina kuylay oladi, deb hisoblaydi.

Adabiyotning vazifalari, uning insonga ta'siri masalalariga ham juda qadim zamonlardayoq diqqat qilingan. Bu haqda Gesiodning (mil.av.VII-VI asrlar) "Teogoniya" asarida fikr bildiriladi. Uning aytishicha, "Muzalar suygan kishi tolelidir", shunday kishining "lablaridan uchgan sas bag'oyat totlidir". Agar kishi dilini "nogahoniy qayg'u qoplasa, ko'nglini g'am-anduh kemirayotgan bo'lsa, Muzalar xizmatchisining qo'shig'ini tinglash kifoya: butun qayg'u hasratlarini unutadi".

Agar arxaik davrda adabiyotni, badiiy ijodni ilohiy deb tushunish ustuvorlik qilgan bo'lsa, yunon madaniyatining klassik davriga (mil.av. V-IV asrlar) kelib yozuvchi mehnatiga bir kasb sifatida qarash ustuvorlik qila boshladi. Yunonlarda mohir ustaning biron kasb sohasidagi faoliyati "texne" deb yuritilgan bo'lib, bu so'z "mahorat", "hunar", "san'at" kabi ma'nolarni anglatadi. Bu davrga kelib so'z san'ati ham "texne" sirasiga kiritildi. Bu xil qarashning paydo bo'lishi ritorikaning maxsus fan sifatida tezkor rivojlanishi bilan bog'liq edi. O'z navbatida, ritorikaning taraqqiy etishi antik Gretsiyada notiqlik san'atining ulkan ahamiyat kasb eta boshlagani bilan izohlanadi.

Darhaqiqat, bu davrga kelib antik Gretsiyada davlat-boshqaruv ishlarida notiqlik san'ati o'ta muhim ahamiyatga ega bo'lib ulgurgan edi. Davlat ahamiyatiga molik muhim masalalarning qay yo'sin hal qilinishi, jamiyat hayotiga bevosita aloqador biron bir tadbirning joriy etilishi yoki rad qilinishi, sudlov ishlarining qanday ajrimga kelishi - bularning bari muhokama jarayonida masala mohiyatining qanday yetkazib berilishiga ko'p jihatdan bog'liq edi. Albatta, bunday sharoitda nutq qurilishi, uni mantiqli, izchil, ta'sirli qilish yo'llarini o'rganuvchi maxsus fanning rivojlanishi tabiiy. Muhimi, bu fan adabiyotning asosi - nutqni o'rganishga qaratilgan, bas, notiqlik san'ati bo'yicha bildirilgan fikrlar adabiyotga bevosita aloqador edi.

O'z faoliyatlarida ritorika masalalariga katta e'tibor qaratgan yunon sofistlarining bu boradagi xizmatlari salmoqli. Jumladan, ulardan biri - ritorika fani asoschilaridan sanaluvchi Protagor (mil.av.480-410 yy.) nutqning tinglovchiga huzur bag'ishlashi yoki tasavvurida o'tmishni jonlantirishining o'zi kam, u tinglovchi tasavvurlarini notiq istaganidek o'zgartirishi, shakllantirishi lozimligini ta'kidlaydi. E'tibor berilsa, bu o'rinda adabiyotga xos g'oyaviy yo'naltirilganlik, kommunikatsiyaga (jumladan, badiiy kommunikatsiyaga) xos apellyativ maqsad haqida so'z borayotgani anglash qiyin emas. Yoki boshqa bir sofist - Gorgiy (mil.av.483-375 yy.) poeziyada "so'z qalbni o'zgalar kulfatiyu shodligini o'zinikidek his etishga majbur qilishi"ga diqqat qiladi. Ko'rib turganimizdek, Gorgiy badiiy tilning emotsionalligi, badiiy retsepsiya jarayonidagi hamdardlik ("soperejivanie"), qahramonlar ruhiga kirish ("vjivanie") singari adabiyotshunoslik, umuman, estetikaning muhim masalalariga e'tibor qilgan. Qadimgi Gretsiyadagi ilk notiqlik maktabiga asos solgan Isokrat (mil.av.436-338 yy.) o'z faoliyatida ko'proq yozma nutq xususiyatlarini o'rgandi. Shundan bo'lsa kerak, u til normalarini ishlab chiqish, lug'at tarkibini tasniflash kabi masalalarga ayricha e'tibor beradi. Isokrat taklif etgan tasnifga ko'ra, so'zlar uch guruhga bo'linadi: "yangi", "xorijiy" va "ko'chma ma'noli". Isokrat va uning shogirdlari nutq oldiga bir qator talablarni qo'yadilar. Masalan: nutq ravon bo'lishi lozim, buning uchun esa unlilarning yondosh kelishiga yo'l qo'ymaslik kerak; fikrning yarmisinigina ifodalash kerak, biroq shundayki, qolgan yarimi tinglovchiga shundoq ham tushunarli bo'lsin; proza butkul proza bo'lmasin, bu holda u quruq bo'lib qoladi, biroq uning to'la vaznli bo'lishi ham nomaqbul - ko'zga yaqqol tashlanib qoladi va boshq.

Sofistlarning faoliyati tamomila amaliy yo'naltirilgan, ya'ni muhokamalarda tinglovchilar fikrini shakllantira oladigan notiqlar tayyorlash, shunga muvofiq nutq irod qilish yo'llarini o'rganish va o'rgatishdan iborat edi. Shu bois ham ular nutqning ifodali bo'lishi bilan birga dalilli bo'lishiga ham jiddiy e'tibor berganlar. Jumladan, ular voqyelikni tasvirlash, fikrni dalillashda "haqiqatga o'xshashlik", "ehtimollik" ("eykos") prinsipiga amal qilganlar. Bu prinsipga ko'ra muayyan voqyea, shaxs yoki uning xatti-harakati haqida tinglovchilarda notiqqa kerak bahoni hosil qilish birlamchi, haqiqat esa ikkilamchi bo'lib qoladi. Natijada sofistlar faoliyatida "notiqlik notiqlik uchun" qabilidagi holat yuzaga keladiki, bu antik davrdayoq qattiq tanqidga uchragan. Shunga qaramasdan, sofistlarning adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi xizmati katta. Adabiyotni kasb deb tushunib, texnik tomonlariga ko'proq e'tibor qilganlari uchun ham sofistlar uni inson faoliyati mahsuli deb bildilarki, bu esa, A.F.Losev aytmoqchi, "naturfilosofiyaning kosmologizmidan sub'ektiv antropologizmga o'tishning ilk bosqichi" edi.

Qadimgi Gretsiyadagi estetik qarashlarning muayyan tizimga solinishi ko'p jihatdan buyuk faylasuflar - Platon va Aristotel nomlari bilan bog'liqdir.

Platon (mil.av. 427-347 yy.) o'zining dialog shaklidagi asarlarida san'at va adabiyot bilan bog'liq qator muhim masalalarni o'rtaga qo'yadi. Jumladan, "Davlat" nomli asarida faylasuf ideal davlat fuqarosini tarbiyalash masalasini muhokama etarkan, bunda so'z san'atidan qay yo'sin foydalanish borasida yo'riqlar beradi. Uning fikricha, tarbiyada ikki jihatni birlikda olib borish lozim: tana uchun "gimnastik tarbiya", qalb uchun "musik tarbiya" (hozirdagi "estetik tarbiya" - mual.) amalga oshirilishi kerak. Faylasuf "musik tarbiya"da so'z san'ati asosiy o'rin tutishini ta'kidlaydi. Platonning fikricha, "musik tarbiya gimnastik tarbiyadan avval boshlanadi", chunki "murg'ak bolalarga avvalo miflar so'zlab beriladi". Platon bolalarga duch kelgan miflarni emas, saylab olingan miflarni hikoya qilish lozim deb biladi. Uning fikricha, "muvaffaqiyatsiz to'qima" asosiga qurilgan, xudolar yoki qahramonlarga nomaqbul sifatlar berilgan miflar - yolg'on, ularni o'qitish esa nojoizdir. Platon xayolida qurilayotgan ideal davlatda "Kimki xudolar haqida nomaqbul gaplar aytsa, ... unga xor berilmaydi (ya'ni, asarlari ijro qilinmaydi – mual.), o'qituvchilarning yoshlar tarbiyasida bunday asarlardan foydalanishlariga yo'l qo'yilmaydi". Platon xayolidagi davlat asoschisi sifatida aytadiki: "Asoschilarga mif yaratish lozim emas - ular poetik ijodning asosiy belgilari qanday bo'lishi kerakligini bilsa va ulardan chekinishga yo'l qo'ymasa kifoya". Ko'rib turganimizdek, faylasuf xayolidagi ideal davlatda adabiyot davlat manfaatlariga to'la bo'ysundiriladi, adabiyotning g'oyaviy, ma'naviy-axloqiy me'yorlari qat'iy belgilab qo'yiladi.

Platon adabiyot inson ruhiyatiga, ayniqsa, shakllanayotgan shaxs ruhiyatiga kuchli ta'sir qiladi deb biladi. Shu sabab ham, uningcha, Aid saltanati (narigi dunyo – mual.) dahshatlari tasvirlangan miflar bunga ishongan kishilarning o'limdan qo'rqmaydigan jangchi bo'lib yetishishiga halal beradi. Shunga ko'ra, bunday sahnalari bo'lgan miflarni «hikoya qilishga jazm etuvchilardan Aidda neki bo'lsa barini birdek qoralayvermaslikni, aksincha, maqtashlarini talab qilishimiz lozim: axir, ular bu nav qoralashlarida haq emaslar, boz ustiga, bu bo'lg'uvsi jangchilar uchun foydali ham emas».

Platon san'at narsaning mohiyatiga yetish, haqiqatni bilish imkonidan mahrum, chunki u narsaning o'ziga emas, u haqdagi tasavvur - narsaning soyasiga taqlid qiladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, faylasuf fikricha eng yomoni ham shu, taqlidiy poeziya hayotdagi yuksak narsalar bilan bir qatorda tuban narsalarni ham aks ettirishi mumkinki, keyingi hol tufayli "hatto haqiqiy insonlarning ma'naviyatiga ham putur yetkazadi". Xo'sh, qanday qilib? Platon o'qish (tinglash, tomosha qilish) davomida kishi qahramonlarga hamdard bo'lishi, ularga "poetik taqlid qilishi"ni, xuddi shu jarayonda uning dilida ham ayni damda qahramonlarda kechayotgan ehtiros va mayllar uyg'onishini aytadi. Holbuki, boshqa sharoitda bu ehtiros va mayllar aql tomonidan so'ndirib kelinadi, taqlidiy poeziya esa ularni uyg'otadi, "sug'oradi". Shulardan kelib chiqib Platon shogirdi Glavkonga "Gomerni ulug'lab, bu shoir Elladani tarbiyalagan" deguvchilarga yon berishni tayinlaydi, ayni paytda, "bizning davlatimizga poeziya faqat xudolarga madhiya va ezgu kishilarga maqtov bo'lgani uchungina kiritiladi" deb uqtiradi.

Ko'ramizki, Platon ta'limotida, xususan, uning tasavvuridagi ideal davlatda san'at va adabiyotga ikkinchi darajali rol ajratiladi, unga bir vosita sifatidagina qaraladi. Bu, albatta, bejiz emas. Avvalo shuki, Platonning ijodiy faoliyati qadimgi Gretsiya davlatchiligi - "polis demokratiyasi" inqirozga yuz tutgan davrga to'g'ri keladi. Shunday ekan, faylasufning ideal davlat haqida maxsus asar yaratishga qo'l urishi shaxsiylangan ijtimoiy zarurat natijasi deb qaralishi mumkin. Tabiiyki, davlatchilikdagi inqiroz jamiyat a'zolarining ma'naviy-axloqiy qiyofasida ham jiddiy o'zgarishlar yasaydi, yana ham aniqrog'i, bu ikkisida inqiroz bir-biriga uzviy bog'liq holda, biri ikkinchisini taqozo etgan va keltirib chiqargan holda kechgan. Bunday sharoitda, birinchidan, Platonning ideal davlatdagi tarbiya masalasiga ayricha e'tibor qilishi, ikkinchidan, ilgarigi qadriyatlarga tanqidiy munosabatda bo'lishi (masalan, Gomer ijodi va uning ahamiyati masalasida) ham tabiiy va zaruriydir.

Platonning adabiy-estetik qarashlari uning boshqa muammolarga bag'ishlangan asarlarida o'z ifodasini topgan. Tabiiyki, bu holda san'at va adabiyot masalalari asosiy muammo nuqtai nazaridan qo'yiladi, yoritiladi va baholanadi. Masalan, poeziyaning mohiyati, taqlid qilish yoki ifoda usullari masalalariga to'xtalishdan ko'zlangan maqsad - uning davlat tizimidagi o'rni, ahamiyati haqidagi yuqoridagicha qarashlarini asoslash. Zero, shogirdlar bilan suhbat yo'sinida qurilgan asarda "tom ustiga tom bosib" borish, har jihatdan asoslab tushuntirishga intilish ham tabiiy. Shu yo'ldan borgan faylasuf adabiyotshunoslik uchun muhim ko'plab masalalarni muhokama qiladi, qimmatli fikrlarni bayon qiladi. Uning adabiy turlar masalasidagi qarashlari, hyech shubhasiz, shunday fikrlar sirasiga kiradi.

Birinchi bo'lib adabiyotni turlarga ajratgan Platon tasniflash asosi sifatida taqlid qilish usulini oladi. Unga ko'ra, "shoir va roviylar nima haqda gapirmasin, bu yo o'tmish, yo hozir va yo kelajak haqidagi hikoya" bo'ladi. Hikoya qilish esa "yo oddiy rivoya, yo taqlid qilish vositasida va yo ikkisining birligi asosida amalga oshishi mumkin. Shu o'rinda Platon "taqlid qilish" deganda nimani nazarda tutishini aniqlashtirib olish foydadan holi emas. Platon shoir yoki roviy o'zganing tilidan aytgan nutqni - personajlar nutqini taqlid qilish deb biladi. Chunki bu holda shoir yoki roviy "o'z nutqini o'sha personaj nutqiga imkon qadar o'xshatishga harakat qiladi, ya'ni taqlid qiladi. Shulardan kelib chiqqan holda Platon aytadiki, "poeziya va mifnavislikning bir turi to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, sen aytgandek, tragediya va komediya; boshqa turi to'laligicha shoirning aytganlaridan iborat - buni ko'proq difiramblarda topasan; epik poeziya va boshqa ko'plab xillarda bu ikkala usul" qorishiq holda keladi. Ko'rib turganimizdek, bu o'rinda uchta adabiy tur - drama, poeziya va eposga xos xususiyatlar farqlanadi.

Platonning qarashlari, garchi u san'at va adabiyotga oid maxsus asar yaratmagan esa-da, adabiy-estetik tafakkur rivojiga sezilarli hissa bo'lib qo'shildi. Platon adabiyotga ma'naviy-axloqiy me'yorlar nuqtai nazaridan yondashdi, shu mavqyedan o'zigacha yaratilgan boy adabiy manbani tanqidiy o'rgandi, adabiyotning mohiyati va vazifalari, badiiy shakl va mazmun, badiiy asarni qabul qilish jarayoni, uning inson ongi va ruhiga ta'siri kabi qator muhim muammolar yuzasidan qimmatli fikrlarni bayon qildi. Uning falsafiy, adabiy-estetik qarashlari keyingi davrlar adabiyotshunosligida muhim manba bo'lib xizmat qildi: ayrimlar uning fikrlarini rivojlantirib, boshqalari muxolif mavqyeda turib adabiy tanqidiy tafakkurni boyitdi.

Platonning shogirdi Aristotelning (mil.av.384-322 yy.) adabiyot, san'at haqidagi qarashlari adabiy tanqidiy tafakkur taraqqiyotida katta ahamiyatga egadir. Uning "Poetika" asari antik davrlardan bizgacha yetib kelgan so'z san'ati haqidagi ilk maxsus tadqiqot sanaladi. Shuni ham aytish kerakki, faylasufning adabiy-estetik qarashlari birgina "Poetika"da emas, boshqa masalalarga bag'ishlangan asarlarida ham o'z aksini topgan. Jumladan, "Etika" asarida Aristotel san'atning mohiyati masalasiga to'xtaladi. Faylasuf san'atning ijodiy tabiati, uning har vaqt "yaratish" tushunchasi bilan bog'liqligini ta'kidlaydi. San'atni "muzalar uyg'otgan ilhom natijasi" deb bilgan ustozi Platondan farqli o'laroq, Aristotel uni "ong tomonidan boshqariladigan ijodiy qobiliyat" mahsuli deb ta'riflaydi. Shu tariqa uning estetik ta'limotida inson markazga qo'yiladi, unga ko'ra, san'atning ibtidosi uning yaratuvchisi - san'atkorning o'zidadir. Faylasufning fikriga ko'ra, san'atda ijodiy qobiliyatning muhim elementi - badiiy fantaziya, badiiy to'qima muhim o'rin tutadi, shunga ko'ra, "ongli ravishda adashadigan" (ya'ni, fantaziya, to'qimaga yo'l qo'ygan) san'atkor qadrliroq sanaladi. Aristotel ta'limotida "san'atkor", "san'at", "san'at asari" tushunchalari bir-biriga uzviy bog'liq holda talqin qilinadi. Masalan, u san'atda mukammallikka erishmoqni mahorat derkan, san'at asarining mukammaligi mahorat bilan bog'liqligini ta'kidlaydi. Platon singari, Aristotel ham adabiyot va san'atning tarbiyaviy ahamiyati kattaligini e'tirof etadi, shu bois ham o'zining davlat haqidagi ta'limoti jamlangan "Siyosat" asarida bu masalaga maxsus to'xtaladi.

Aristotelning "Poetika"si so'z san'atiga bag'ishlangan maxsus tadqiqot ekanligi, unda faylasufning adabiy-estetik qarashlari muayyan tizim holida ancha to'liq ifodasini topganligi bilan qimmatlidir. Afsuski, asar matni to'la emas: poeziyaning tabiati haqidagi umumiy mulohazalar bildirilgan va, asosan, tragediya janri tadqiq qilingan dastlabki qismigina bizgacha yetib kelgan; epos, lirika va komediyaga bag'ishlangan keyingi qismlari saqlangan emas.

Aristotel ham, Platon singari, san'atning mohiyatini belgilovchi xususiyat sifatida taqlid(mimesis)ni ko'rsatadi. Biroq, ustozidan farqli o'laroq, Aristotel taqlidga juda katta ahamiyatga molik narsa sifatida qaraydi. Agar Platon taqlidiy san'atlar, jumladan, so'z san'ati haqiqatni bilish imkoniyatidan mahrum deb hisoblasa, Aristotel taqlidni bilishning usullaridan biri sifatida tushunadi: "Ko'rinadiki, poeziyani ikkita omil vujudga keltirgan, bu ikki omil ham tabiiy. Axir insonlarda taqlid qilish - bolalikdan tug'ma xususiyat, ular boshqa mavjudotlardan shunisi bilan farqlanadi, zero, inson taqlid qilishga boshqalardan ko'ra ko'proq qobil va shu yo'l bilan u dastlabki bilimlarni hosil qiladi". Aristotel fikrini davom ettirib, juda qadim zamonlarda ham taqlid qilish iqtidoriga (shuningdek, ritm va uyg'unlik tuyg'usiga) ega kishilar bo'lganini, ular buni asta-sekin rivojlantirib, "improvizatsiyadan haqiqiy poeziyani" vujudga keltirganlarini aytadi. Bundan ko'rinadiki, o'z vaqtida Aristotel so'z san'ati xalq og'zaki ijodidan, folklorning sinkretik shakllaridan ajralib chiqqaniga ishora qilgan ekan.

Aristotel san'atlarni "nima bilan", "nimaga" va "qanday" taqlid qilishiga ko'ra farqlaydi. Aytish kerakki, hozirgi estetikada ham ayni shu xil tasnif tamoyili asos sifatida saqlanib qolgan. Agar birinchi jihat - "nima bilan" taqlid qilish asosida musiqa, raqs, haykaltaroshlik, adabiyot kabi san'at turlari farqlansa, ikkinchi jihat - "nimaga" taqlid qilish asosida etik va estetik belgilari ajratiladi. Uchinchi jihat - "qanday" taqlid qilish asosida Aristotel adabiy turlarni bir-biridan farqlaydi. Unga ko'ra, taqlid "... voqyeani, Gomerga o'xshab, o'zidan tashqaridagi narsadek hikoya qilish orqali; yoki shundayki, taqlid qiluvchi qiyofasini o'zgartirmagan, o'z-o'zicha qolgan holda; yoki barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etgan holda" amalga oshishi mumkin. To'g'ri, bir qarashda Platon va Aristotelning turlarga ajratish prinsiplari bir xildek ko'rinishi mumkin. Biroq, e'tibor qilinsa, Platon ko'proq nutq shakliga tayansa, Aristotel taqlidchi va taqlid qilinayotgan ob'ekt munosabatiga tayangani ko'rinadi. Keyinroq Aristotel qarashlari Gegel ta'limotida rivojlantirilgani, hozirda ham adabiyotni turlarga ajratishda yuqoridagi ikki prinsip, asosan, saqlangani e'tiborga olinsa, bu ikki faylasufning adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida nechog'li katta o'rin tutishi yorqinroq anglashiladi.

Aristotel moddiyun falsafasiga juda yaqin kelgan mutafakkir sifatida ta'riflanadi. Shu sababli ham uning qarashlari, bunga yuqorida ham qisman to'xtaldik, Platon qarashlaridan qator muhim nuqtalarda jiddiy farqlanadi. Jumladan, umumiy ("ideya") va xususiy ("narsa") munosabati masalasida bu narsa yaqqol ko'zga tashlanadi. Platon "ideya"ni narsadan butkul tashqarida deb bilsa, Aristotel "ideya"ni narsadan ajratmaydi. Shunga muvofiq, u umumiy ("ideya") xususiy("narsa")da namoyon bo'ladi deb hisoblaydi. Xuddi shu qarash adabiyotga ham tadbiq etiladi: "Haqiqatda, tarixchi va shoirning farqi birining vaznli, ikkinchisining vaznsiz nutq bilan gapirishida emas (axir Gerodot asarini vaznli nutqqa o'tkazish mumkin, shunga qaramay, vaznli yoki vaznsiz bo'lsin, u tarixligicha qoladi), farqi shundaki, biri haqiqatda yuz bergan hodisalar haqida, ikkinchisi yuz berishi mumkin bo'lgan hodisalar haqida hikoya qiladi. Shuning uchun ham poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq, jiddiyroq: poeziya umumiyni, tarix esa xususiyni ifodalaydi".

Aristotel poeziyadagi shakl va mazmun munosabatida mazmunni yetakchi deb biladi. Shu bois ham "shoir avvalo fabula yaratishi lozim, vaznli nutq emas", deydi. Chunki, uning ta'kidlashicha, shoir voqyea orqali taqlid qiladi. Aytish kerakki, Aristotel davrida adabiyotda voqyea (mif) birinchi o'rinda turgan: g'oyani ifodalashda voqyeaning roli yetakchi hisoblangan. Agar voqyeani rivojlantirishda fabulaning hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi e'tiborga olinsa, Aristotelning fabula yaratish, unga qo'yiladigan talablarga "Poetika"da ancha mufassal to'xtalishining sababi oydinlashadi. Shunga monand, xarakter va fabula munosabatida ham keyingisiga kattaroq ahamiyat berilib, buning sababi quyidagicha izohlanadi: "... tragediyaning maqsadini voqyealar, rivoyat tashkil qiladi, maqsad esa hammasidan muhim. Bundan tashqari, harakatsiz (ya'ni, voqyeasiz - mual.) tragediya mavjud bo'lishi mumkin emas, xaraktersiz esa - mumkin".

Aristotel ta'limotida xarakter asarning ma'naviy-axloqiy (etik) tomonini ifodalovchi unsur sifatida talqin qilinadi. Faylasuf xarakter oldiga qo'ygan to'rtta talab ham shunga muvofiq bo'lib, "...birinchi va eng muhimi - ularning oliyjanob bo'lishi. Agar personaj, aytib o'tilganidek, o'zining nutqi yoki xatti-harakatida, qandayligidan qat'i nazar, iroda yo'nalishini namoyon etsa, xarakterga ega bo'ladi; lekin bu xarakter ezgu iroda yo'nalishini namoyon etsagina oliyjanob bo'ladi". Ko'rib turganimizdek, Aristotel xarakter oldiga qo'ygan asosiy talab ma'naviy-axloqiy (etik) yondashuv asosida belgilangan. Keyingi uchta talab - muvofiqlik, haqqoniylik va izchillik - ko'proq badiiy haqiqat mezonlari bilan, ya'ni estetik yondashuv asosida belgilangan bo'lib, personajning hayotiy va to'laqonli, ishonarli bo'lishini ta'minlashga qaratilgandir.

"Poetika"ning ilmiy qimmatini belgilagan narsa shuki, undagi nazariy umumlashmalar, ishlab chiqilgan talablar qadimgi yunon adabiyotining boy materiali tahliliga tayanadi. Ikkinchi muhim jihat esa unda izchil, tizimli fikr yuritilgani, qo'yilgan har bir masala bo'yicha yaxlit ilmiy konsepsiyaning ifodalanishi bilan belgilanadi. Masalan, tragediya janriga to'xtalarkan, Aristotel avvalo uning janr spetsifikasini belgilab oladi, so'ng uni tashkil qilayotgan tarkibiy qismlar - voqyea (mif), fabula, xarakter, til va uslub kabi masalalarni navbati bilan bir-bir ko'rib o'tadi, muhimi, har birini butun tarkibidagi o'rni nuqtai nazaridan o'rganarkan, boshqa unsurlar bilan o'zaro munosabatini nazardan qochirmaydi. Bu xususiyatlar "Poetika"ning adabiyotshunoslikka oid qadimiygina emas, chin ma'noda mumtoz asarligidan dalolatdir.

Aristotelning yana bir asari - "Ritorika" notiqlik san'atiga bag'ishlangan bo'lib, bizga qadar nisbatan to'liqroq holda yetib kelgan. Asarda notiqlik san'ati bilan bog'liq holda qo'yilgan masalalar adabiyotshunoslikka bevosita aloqadordir. Masalan, notiqlik san'atida dalillash yo'llari haqida bildirilgan fikrlar yoki inson fe'l-atvori, his- tuyg'ularining u egallagan mavqye, yosh xususiyatlari, konkret hayotiy holat kabi omillarga bog'liqligining misollar bilan ochib berilgani - bular badiiy ijodda ham, badiiy asarni o'qishda ham, tahlil qilishda ham birdek ahamiyatlidir. Asarda badiiy til, uslub masalalariga ancha keng o'rin berilgan bo'lib, muallif bu yo'nalishda ritorika fani erishgan yutuqlarni umumlashtirishga intiladi, ilk bor til normalarini ishlab chiqadi.

Shunday qilib, qadimgi yunon adabiyotining katta bir davrida to'plangan ijodiy tajriba, adabiy-estetik qarashlarni umumlashtirib, tizim holidagi ta'limot shakliga solish vazifasi Aristotel chekiga tushdi va faylasuf bu vazifani sharaf bilan uddaladi. Aristotel adabiy-estetik tafakkur taraqqiyotida o'ziga xos bir marra bo'lib qoldiki, ba'zi mutaxassislarning "Aristotelgacha bo'lgan davr" va "Aristoteldan keyingi davr" tarzida mulohaza yuritishlari ham bejiz emas. Darvoqye, aslida ham shunday. Zero, Aristotelning ijodiy faoliyati yunon madaniyati klassik davrining oxiriga to'g'ri keladi, undan keyin qariyb sakkiz yuz yil davom etgan ellinizm davri boshlanadi.

Makedoniyalik fotihlarning yurishlari Qadimiy Gretsiyadagi polis demokratiyasiga asoslangan davlatchilikka barham berdi. Dunyoni egallashga chog'langan Aleksandr Makedonskiy davlati uning o'limidan so'ng ko'p o'tmay parchalanib, kichik monarxik davlatlarga bo'linib ketdi. Aleksandr Makedonskiy qo'shini bilan Sharqqa yurish qilgan yunonlarning bir qismi yangi joylarda qolib ketdi, yangi shaharlar barpo bo'ldi - yunon madaniyati Sharqqa yoyildi. O'z navbatida, yurishlardan qaytgan jangchilar Gretsiyaga Sharq madaniyatini olib kirdilar. Bu jarayonlar ijtimoiy hayotning barcha sohalari - davlatchilik, turmush tarzi, ma'naviy-axloqiy normalar, diniy tasavvurlar, san'at va adabiyotga - bariga o'z ta'sirini o'tkazdi. Ta'kidlash joizki, madaniyatlar sintezida yunon madaniyatining ulushi ancha salmoqli, aniqrog'i, belgilovchi maqomida edi. Ikkinchi tomondan, bu madaniyatning qadriyatlari endi turli hudud va elatlarga mansub kishilar tomonidan yaratildi. Shularga ko'ra, antik adabiyotning bu davri "ellinizm" (mil.av. IV asr so'nggi choragi -mil. IV asr) davri deb yuritiladi.

Ellinizm davrining ilk bosqichlarida (mil.av. III - I asrlar) ham Afina falsafa ilmining markazi maqomini saqlab qoldi. Platon va Aristotel asos solgan maktablarda ularning ta'limotlari shogirdlari tomonidan rivojlantirildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoit falsafiy dunyoqarashga ham ta'sir qildi: yangi falsafiy ta'limotlar vujudga keldi. Ular orasida epikurchilik, kiniklik va stoiklik ta'limotlari, ayniqsa, keng ommalashdi. Bir-biridan nechog'liq farqlanmasi, bu ta'limotlar uchun umumiy jihat sifatida reallikdan, ijtimoiy hayotdan qochish, individualizmga moyillikni ko'rsatish mumkin.

Mazkur sharoitda sof filologik tadqiqotlarga qiziqishning kuchayishi, filologiyaning falsafadan ajralib chiqishga intilishi kuzatiladi. Ellinizm davrida yirik madaniy va ilmiy markazlardan biriga aylangan Aleksandriyada (mil.av. III - mil. IV asr) bu yo'nalishdagi tadqiqotlar, ayniqsa, samarali yo'lga qo'yilgan edi. Misrni idora qilgan Ptolemeylar sulolasining sa'y-harakati bilan Aleksandriya kutubxonasi antik dunyoning eng boy kutubxonasiga aylangan edi. Aleksandriya maktabiga mansub olimlarning badiiy asar matni, til xususiyatlarini o'rganish, o'tmish adabiyoti namunalarini tarixiy, ilmiy jihatdan tadqiq qilish, ularni izohlar bilan nashrga tayyorlash ishlariga katta e'tibor bilan qaraganlarida bu faktning katta ahamiyati bor. Zero, bu maktabning Zenodot Efesli, Aristofan Vizantiyali, Aristarx Samofrakiyali singari atoqli namoyandalari o'z vaqtida shu kutubxonani boshqarib turganlar. Ya'ni, aytmoqchimizki, ko'rsatilgan yo'nalishdagi tadqiqotlar ma'lum darajada ularning kasb vazifalari doirasiga kirardi ham.

Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, Zenodot Efesli (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer poemalarining ilk ilmiy nashri (albatta, qo'lyozma sifatidagi) tayyorlangan bo'lib, bu nashrda ilk bor "Iliada" va "Odisseya" poemalari har biri 24 tadan qo'shiqni o'z ichiga olgan ikki poema sifatida berilgan. Bundan tashqari, Zenodot bu poemalarning til xususiyatlariga bag'ishlangan maxsus tadqiqotlar yaratgan. Keyinroq Aristofan Vizantiyali (mil.av. 257-180 yy.) tomonidan Gomer, Gesiod va boshqa antik shoirlar asarlarining ilmiy nashrlari amalga oshirilgan. Ularni nashrga tayyorlarkan, Aristofan matndagi mantiqiy ziddiyatlar, uslubiy g'alizliklar, noo'rin takror va noaniq o'rinlarni izlab topish, ularni bartaraf etishga harakat qiladi. Aristofan o'zi nashrga tayyorlagan tragediyalarga so'z boshilar yozib, ular haqida muhim adabiy-tarixiy ma'lumotlar berganki, bu ma'lumotlar antik adabiyot tarixini o'rganishda muhim ahamiyatga molikdir. Shunga ko'ra, Aristofan haqli ravishda so'z boshi janri asoschisi sifatida tan olinadi.

Yana ta'kidlash kerakki, Aleksandriya maktabi vakillari badiiy til masalasiga katta e'tibor bilan qaraganlar. Bu maktab vakillarini "Aleksandriya grammatiklari" deb atalishi ham bejiz emas, albatta. Ularning qay birini olib qaramang, asarlari orasida badiiy til, uslub masalalariga bag'ishlanganlari albatta topiladi. Jumladan, Aristofan ilk bor tinish belgilari ham urg'u belgilarini yozuvga joriy etgan bo'lsa, shogirdi Aristarx Samofrakiyali (mil.av. 215-145 yy) so'zlarni ilk bor turkumlarga ajratgan. Bularning davomchisi Dionisiy Frakiyali (mil avv. II asr) esa dunyodagi ilk "Grammatika" tuzuvchisi sanaladi.

Gomer poemalari tadqiqi bilan shuhrat topgan olimlardan yana biri Aristarx Samofrakiyalidir. Aristarx Gomer asarlarini tarixiy jihatdan tekshiradi, muallifda falakiyot va tibbiyot sohalari bo'yicha bilimlarning yetishmasligi bilan bog'liq yuzaga kelgan nuqsonlarni ko'rsatadi. Aristarx o'z tadqiqotlarida adabiyotshunoslik ilmining keyingi rivoji uchun muhim fikrlarni oldinga surdi. Avvalo, u shoirning tasvirlanayotgan material, jumladan, mifologik materialdan ham o'zining ijodiy niyatidan kelib chiqqan holda erkin foydalanish huquqini yoqlab chiqdi. Agar yuqorida to'xtalganimiz Platonning bu masaladagi ma'naviy-axloqiy normalar va davlat manfaatlari nuqtai nazaridan belgilagan cheklovlari yodga olinsa, Aristarxning bu fikri o'z davri uchun nechog'li ahamiyatli ekanligini anglash qiyin emas. Aristarx birinchi bo'lib qahramonning muallif ijodiy niyati va badiiy mantig'idan mustaqil holda harakat qila olishi mumkinligini asoslab berdi. Shuningdek, u qahramon xarakter xususiyatlari asar qurilishiga ta'sir qilishi mumkin degan fikrni ham oldinga surdi. Ko'rib turganimizdek, Aristarxning adabiy-estetik qarashlarida badiiy asarda qahramon (xarakter) salmoqliroq o'rin egallaydiki, bu badiiy ijod amaliyoti va adabiy-nazariy tafakkur rivojidagi asosiy tamoyillardan biri edi.

Ellinizm davri olimlari mifologiya masalalari bilan ham jiddiy shug'ullanganlarki, antik adabiyotda miflarning o'rni nechog'li katta ekanligi e'tiborga olinsa, bu yo'nalishdagi tadqiqotlarning qanchalik dolzarb bo'lgani ayon bo'ladi. Shunisi muhimki, ular bunga qadar adabiyotda istifoda etilgan miflar bilangina cheklanmay, o'sha davrda xalq orasida yurgan miflarni yozib olish, ularni muayyan tizim holiga keltirish ishlarini amalga oshirganlar. Shu davrda yaratilib, bizgacha yetib kelgan "Apollodor kutubxonasi" nomli to'plamda ko'plab yunon miflarining mazmuni bayon qilingan. Shoir Parfeniy (mil.av. I asr) tomonidan tuzilgan "Ishq iztiroblari haqida" nomli to'plamga sevgi-muhabbat mavzuidagi miflar jamlangan bo'lib, u keyincha ko'plab rim shoirlari ijodiga ta'sir etganligi e'tirof etilgan. Xuddi shu shoir tomonidan tuzilgan, lekin bizgacha yetib kelmagan "Metamorfozalar" to'plamiga qahramonning mo'jizaviy evrilishi bilan nihoyalanuvchi miflar to'plangan. Ma'lumki, xuddi shu davrda shoir Ovidiy ijodida ham ushbu mavzu ishlangan edi. Keyinroq Antonin Liberal (mil. II asr) tomonidan shu tipdagi miflar "Metamorfozalar" nomi bilan jamlangani, Eratosfenning "Katasterismlar" to'plamidan qahramonning yulduzga aylanib qolishi bilan nihoyalanuvchi miflar joy olgani bu xildagi miflarga qiziqish katta bo'lganidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, bunday to'plamlar o'z davri shoirlari uchun obrazli fikrlash manbasi sifatida xizmat qilgan bo'lsa, keyingi davrlarda ular yaratgan obrazlarni tushunish uchun kalit vazifasini o'tagan.

Miloddan avvalgi II asrdan boshlab yunon davlatlarini bir-bir o'ziga tobe etgan Rim miloddan avvalgi 30 yilda so'nggi yunon podshohligi - Misrni fath etdi. Rimliklar fath etilgan yunon davlatlaridan nafaqat behisob moddiy boyliklarni, balki ulkan madaniy-ma'naviy boyliklarni ham o'zlashtirdilar. Qadimgi Rimning mashhur shoiri Goratsiy e'tirof etganidek, "Asir qilingan Gretsiya o'zining qo'pol fotihlarini asir etgan" edi. Aslini olganda, yunon madaniyatining Rimga jiddiy ta'sir qilishi miloddan avvalgi II asrdayoq boshlangan edi. Avvalo, bu davrga kelib yunon davlatlarining Rim bilan ixtiyoriy-majburiy tarzdagi aloqalari kuchaydi. Yunon madaniyatining taniqli namoyandalari turli munosabatlar bilan Rimda bo'lishib, rimliklarni yunon madaniyati bilan tanishtirganlar. Ikkinchi tomondan, tanazzulga yuz tutgan yunon davlatlaridan bo'lmish ko'plab iqtidorli yoshlar, olimlar, shoirlar, notiqlar, me'moru quruvchilar yuksalish pallasiga kirgan Rimga oqib kela boshlaydi. Zero, o'zlari tug'ilgan yurtlar endi ularga iqtidorlarini to'la namoyon etish imkonini bera olmas edi. Aksincha, taraqqiy etayotgan Rim shu imkoniyatni taqdim eta olar edi. Bundan tashqari, yunon tili Rimning ilg'or aslzodalari tiliga aylanib qolgani bu yerda yunon tilida ijod qilish va muvaffaqiyat qozonishning o'ziga xos garovi ham edi. Xullas, ikki asr davomida kechgan jarayonlar natijasida Rim antik dunyoning nafaqat siyosiy, balki tom ma'nodagi madaniy va ilmiy markaziga aylandi.

Rim imperiyasi davriga kelib badiiy ijodga qiziqishning susayishi, poeziya taraqqiyotida turg'unlik holati kuzatiladi. Bunga zid o'laroq, prozada, xususan, tarixnavislik va ritorlik prozasida yuksalish ko'zga tashlanadi. Agar Rimdagi ritorlik maktablari maorif tarqatuvchi muhim va asosiy o'choqlarga aylangani e'tiborga olinsa, davr adabiyotining asosiy xususiyatlarini ritorika belgilashi tabiiy ekanligi ayon bo'ladi. Shunga muvofiq, adabiy tanqidiy qarashlarning rivoji ham ritorika sohasining bilimdonlari nomi bilan bog'liqdir.

Dionisiy Galikarnasli mil.av. 30 yilda Rimga kelib, zodagon xonadonlarda saboq berish bilan mashg'ul bo'lgan yunon olimlaridan biridir. Undan ritorika masalalariga bag'ishlangan bir qator asarlar saqlanib qolgan. Jumladan, "Qadimgi notiqlar haqida" nomli asarida antik Gretsiyaning mashhur notiqlari - Lisiy, Isokrat, Isey, Demosfen, Dinarx, Fukididlar haqida, ularning ijodi haqida muhim ma'lumotlar berilgan. Muallif o'tmishdagi notiqlik san'atini namuna deb biladi, uning o'rniga "namoyishkorona sharmandalik, na falsafa va na boshqa gumanitar fanlardan xabari bo'lmagan notiqlik" kelganini afsus bilan qayd etadi. Darhaqiqat, ellinizm davri notiqlik amaliyotida sun'iy ko'tarinkilik, ortiqcha jimjimadorlik avj oldi, nutqning mantiqiy izchilligi, puxta dalillanganligi, ravonligiga emas, tashqi effektga e'tibor kuchaydi. Nutq qurilishining bu uslubini "azianizm" deb yuritilib, unga "attikizm" - qadimgi yunon notiqlik uslubi qarshi qo'yiladi. Dionisiy o'z asarlarida "attikizm" tarafdori va targ'ibotchisi, "azianizm"ning murosasiz tanqidchisi sifatida ko'rinadi.

Dionisiyning "Ritorika"si amaliy yo'naltirilgan bo'lib, chamasi, undan pedagogik faoliyatida qo'llanma sifatida foydalanish ko'zda tutilgan. Unda tantanali nutqlarni yozish bo'yicha yo'riqlar berilgan, ilova qismida esa nutq figuralaridan foydalanish yo'llari va me'yorlari, yo'l qo'yilishi mumkin bo'lgan tipik xatolar va ulardan saqlanish yo'llari ko'rsatilgan. "So'zlarning birikuvi haqida" nomli asarida so'z va fikr munosabati, so'z turkumlari, nutq ritmi va musiqiyligi kabi masalalar xususida mulohaza yuritiladi. Bu ikki asarning amaliy ahamiyatini kuchaytiradigan jihat shuki, muallif o'z fikrlarini konkret misollar yordamida izohlaydi, boshqa olimlardan olingan iqtiboslar bilan quvvatlaydi.

Dionisiyning kimligi aniqlanmagan Pompey ismli shaxsga yo'llagan xatida ham e'tiborga molik fikrlar bildirilgan. Xatda ta'kidlanishicha, qanday yozish qo'yilgan maqsadga bog'liq. Agar o'rganilayotgan predmetni maqtash maqsad qilinsa, unda o'sha predmetning fazilatlari bo'rttiriladi. Agar predmetlar sirasida birini - eng yaxshisini ajratish maqsad qilinsa, u holda "juda aniq tadqiq etish kerakki, predmetning yaxshi tomonlari ham, yomon tomonlari ham nazardan qochmasin, zero, shu yo'l bilangina haqiqat aniqlanishi mumkin, haqiqat esa eng qimmatlisidir". Shu prinsipdan kelib chiqib Platon va Demosfen mahoratiga to'xtalarkan, keyingisini oldingi o'ringa qo'yadi va buni asoslashga intiladi. Uning fikricha, Platon fikrini sodda, aniq jumlalarda bayon qilganida, bir qarashda jo'n ko'ringan ifodalarda joziba kuchi bor - shu narsa uni boshqalardan yuqoriga ko'taradi; aksincha, chiroyli gapirish niyatida nutq figuralaridan me'yordan ortiq foydalanib, ko'pso'zlilikka yo'l qo'yganida "o'zidan pastroq turadi", ya'ni o'z imkoniyatlarini namoyon etolmaydi. E'tiborli jihati shuki, Platon antik dunyoda juda katta obro'ga ega, buni Dionisiy ham qayta-qayta ta'kidlaydi, biroq uning maqsadi, o'zining aytishicha, Platonni kamsitish emas, balki "u ham ba'zan kamchiliklarga yo'l qo'ygani"ni ko'rsatish, xolos. Zero, "bunday buyuk yozuvchi o'zini bu kabi e'tirozlardan ehtiyot qilishi lozim". Ko'rib turganimizdek, Dionisiy ilmda xolislik tarafdori, xolis ilmiy fikr esa yozuvchining shaxsi yoki mavqyeiga qarab emas, asarning xususiyatlaridan kelib chiqqan holda chiqariladi. Xuddi shu prinsip asosida Dionisiy Gerodot va Fukididning tarixiy asarlariga to'xtaladi. Ushbu mualliflarning tarixiy asarlarni chinakam badiiy asar deb atarkan, Dionisiy ularning oldiga qo'yiladigan asosiy talablarni bayon qiladi. Unga ko'ra bular quyidagilar: 1) arziydigan va o'quvchiga yoqadigan mavzuni tanlash; 2) voqyeani qaerdan boshlab qaerda tugatishni belgilash; 3) nimani asarga kiritib, nimani kiritmaslikni obdon o'ylash; 4) materialni ustalik bilan joylashtirish; 5) tasvirlanayotgan voqyealarga munosabat. Dionisiy ikkala yozuvchini shu talablardan kelib chiqqan holda qiyoslaydi. Masalan, beshinchi talab bo'yicha u Fukididni ayblaydi. Uningcha, Fukidid yurtidan haydalgani uchun alamzada, shu sababli vatandoshlarining muvaffaqiyatsizliklarini batafsil tasvirlaydi, yutuqlarini esa yo umuman tilga olmaydi, yo ular haqida istamaygina to'xtaladi. Qiyoslanayotgan tarixlarni badiiy asar hisoblagan Dionisiy ikkala asar ham go'zal deb biladi, biroq farqi shuki, Gerodotdagi go'zallik o'quvchiga quvonch bag'ishlasa, Fukididdagi go'zallik uni dahshatga soladi.

Antik Rim madaniyatining yirik namoyandasi Mark Tulliy Sitseron (mil.av.106-43 yy.) notiqlik san'ati rivojiga ham nazariyotchi, ham amaliyotchi sifatida ulkan hissa qo'shgan. Uning "Notiq haqida", "Brut yoki mashhur notiqlar haqida", "Notiq" nomli risolalari, nomlanishidanoq ko'rinib turganidek, ritorika masalalariga bag'ishlangan. Ta'kidlash kerakki, Sitseron nazariy izlanishlarini lotin tilidagi notiqlik asosida olib borgan. U o'zining ilmiy izlanishlarida lotin tili ifoda vositalarini muayyan tizimga solib tavsiflagan bo'lsa, nutqlari orqali uning imkoniyatlarini amalda namoyish etdi. Shu bois ham uning izlanishlari nafaqat notiqlik, balki nasr va tarixnavislik (bu ham, yuqorida ko'rganimizdek, adabiyot hisoblangan) uchun ham katta ahamiyatga ega edi. To'g'ri, Sitseron ham adabiyot - poeziyaga bag'ishlangan maxsus tadqiqot olib borgan emas. Lekin, birinchidan, antik davr uchun notiqlik adabiyotning bir ko'rinishi edi, ikkinchidan, Sitseronning nutqlari, maktublari va risolalarida o'rni bilan poeziya haqida mulohazalar bayon qilingan. Jumladan, rimlik shoir Arxiy himoyasiga so'zlagan nutqida Sitseron adabiyotning jamiyat uchun, Rim grajdani uchun foydaliligini ta'kidlaydi, shoir timsolida ezgulik urug'ini sochuvchi, hayotdan saboq beruvchini ko'radi. Sitseron Gomer poemalarining badiiy barkamolligiga undan oldin yashab o'tgan shoirlarning asarlari zamin hozirlaganini; poeziya, notiqlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi san'atlar bir-biriga bog'liq va o'zaro ta'sir qilgan holda takomillashuvini aytadiki, bu uning fikrlashida tarixiylik prinsipi nishona berganini ko'rsatadi.

Sitseronning poeziya haqidagi fikr-mulohazalari maktublarida ham aks etgan. Masalan, Attikka yozgan maktubida u mazmunning shakldan ustun turishini ta'kidlab, she'rning ohangdorligi, musiqiyligini mazmundan ustun qo'yuvchilarni tanqid qiladi. Ayni paytda, u badiiy asarni baholash, qimmatini belgilashda til xususiyatlarini birinchi o'ringa qo'yadi. Bu, tabiiyki, uning notiqligi bilan bog'liqdir. Zero, notiq uchun nutqiy go'zallik birinchi o'rinda turishi tabiiy, biroq Sitseron uchun nutq go'zalligining o'zi maqsad emas, balki tinglovchiga narsa-hodisaning mohiyatini ochib berish, uni hayratlantirgan va ishontirgan holda muayyan fikrni singdirish vositasi. Ko'rinadiki, birinchidan, notiqlik amaliyotidan kelib chiqib qo'yilgan talabda shakl va mazmunning uyg'un birligi kuzatiladi, ikkinchidan, uning adabiyotga nisbatan qo'llanishi to'g'ri va foydali. Stoiklik falsafasi mavqyeida turgan Sitseron poeziyaga, avvalo, ezgulik nuqtai nazaridan yondashadi. Shunga ko'ra, u tragediya va eposni ma'qullagani holda, komediya va lirikaga pastroq nazar bilan qaraydi. Ayniqsa, intim lirikani qabul qilolmaydi, unda axloqsizlik, behayolikni ko'radi. Agar ellinizm davrida erotik lirika keng tarqalgani e'tiborga olinsa, Sitseronning o'z dunyoqarashidan kelib chiqib lirikaga bu xil munosabatda bo'lishi muayyan asosga ega ekanligini tushunish mumkin bo'ladi.

Qo'liga qalam olganki ijodkor bor beixtiyor adabiyotning mohiyati, badiiy ijod tabiati, ijodkor mas'uliyati singari qator masalalarni mushohada qiladi, anglaganlarini u yoki bu darajada ifoda etadi. Aytish kerakki, ijodkor uchun bu ham tabiiy bir ehtiyoj. Shu ehtiyojni qondirishga intilishning natijasi o'laroq, badiiy ijod bilan muntazam shug'ullangan deyarli barcha ijodkorlar merosida adabiy tanqidiy xarakterdagi fikr-mulohazalar uchraydi. Albatta, antik Rim shoirlari ham istisno emas. Jumladan, Tit Lukretsiy Kar (mil.av. 99-55 yy.) "Narsalarning tabiati haqida" nomli poemasida she'riyat, she'r va shoirlik haqida qiziqarli fikrlar bildiradi. O'zining moddiyuncha qarashlariga mos tarzda, u shoirni "moddiy haqiqatlar koshifi" deb biladi. Unga ko'ra, chinakam shoir - ilhomdan ruhlangan, yangi narsa yaratishga qaratilgan mehnat kishisidir. Lukretsiy ham badiiy asarda mazmunning yetakchiligini e'tirof etadi, aniqlik va yorqinlik, ifodaning lo'nda va purma'noliligi, materialga zargarona mohirlik bilan ishlov berilishini poeziyaning eng muhim fazilatlari sifatida tushunadi. Lukretsiy poeziyadagi badiiy to'qima bo'lishi mumkinligini e'tirof etgani holda, tabiatda monandi bo'lmagan to'qimani inkor qiladi: tabiatda asosi bo'lmagan to'qimaga poeziyada ham o'rin yo'q deb hisoblaydi.

Antik Rimning yana bir mashhur shoiri - Kvint Goratsiy Flakkning (mil.av. 65-8 yy) "Poeziya ilmi" (Pizonlarga maktub) nomli asari she'riy yo'lda yozilgan risola, aniqrog'i, qo'llanma bo'lib, adabiy doiralarga yaqin bo'lgan zodagonlar - Pizonlar xonadoniga yo'llangan maktub shaklida yozilgan. Goratsiy ushbu maktubida Pizon va uning ikki o'g'liga poeziya oldiga qo'yiladigan talablarni bir-bir tushuntirib boradi va shu asno o'z davrining adabiy nazariy qarashlarini muxtasar bayon qiladi. Goratsiy badiiy asardagi barcha unsurlar, tasvirlanayotgan narsalar bir-biriga mutanosib bo'lmog'i lozim deb uqtiradi. Aks holda, kitob "isitmada alahlayotgan bemor fikrlariday to'zib, boshiyu oyog'ini topib bo'lmaydigan" holga keladi. Bunday holning yuzaga kelishiga sabab asarga o'rinsiz narsalar tasviri, keraksiz tafsilotlarning kiritilishidirki, oqibatda asar butunligiga putur yetadi. Holbuki, san'atkor uchun "har neda soddalik va butunlik"ni saqlash muhim, har qanday tasvir yoki tafsilot butun nuqtai nazaridan kiritishi va unga mos bo'lmog'i kerak. Bunga erishish uchun esa, avvalo, yozuvchi chog'i keladigan mavzu tanlashi lozim: "Mavzu yaxshi o'ylanilsa, so'zlar o'zi oqaverar",- deb hisoblaydi Goratsiy. Uning uqtirishicha, yaxshi yozish uchun hayotni yaxshi bilish talab etiladi:

Vataniga va do'stiga nisbatan o'z burchini kim

Idrok qilsa; otasini, qardoshini va mehmonni

Qanday sevmoq lozimligin bilsa, senat vazifasi,

Sudya ishi va urushga ketayotgan qo'mondonning

Vazifasi nimalardir,- kimki idrok qilsa buni,

U, shubhasiz, har bir rolga loyiq obraz bera bilar...

Goratsiy bu fikrini rivojlantirib, san'atkorni hayotdan o'rganishga, hayot materialini qalamga olishga chaqiradi:

Men aqlli taqlidchiga shunday kengash berardim:

Urf-odat va hayotga qara, undan jonli so'z ol!

Ba'zi joyi go'zal, to'g'ri, lekin asl nafosatdan

Mahrum, kuchsiz va san'atsiz oddiy turmush asarlari

Tamtaroqli va bema'ni puch she'rlarga qaraganda,

Xalqni ko'proq maftun qilar va yaxshiroq jalb etar .

Goratsiy hayotdan oddiygina nusxa ko'chirish tarafdori emas, aksincha, ijodda badiiy to'qimaga ham keng o'rin beradi. Unga ko'ra, yozuvchi "yo rivoyatlarga ergashish va yo haqiqatga monand to'qima" orqali asar yaratishi mumkin. Agar yozuvchi ijodiy fantaziyasi bilan ilgari ma'lum bo'lmagan (ya'ni, original) obraz yaratsa, uni boshdan oxirigacha o'zligiga mos holda, ya'ni, xarakter butunligini saqlagan holda harakatlantirishi kerak bo'ladi. Goratsiyning pizonlarga uqtirishicha, original obraz yaratish - umumiyni xususiyga aylantirish "Iliada"dan yangi voqyeani izlab topishdan qiyinroq. Yaxshi ma'lumki, "Iliada"dagi syujet motivlari antik adabiyotdagi ko'plab dramatik asarlarga material bo'lib xizmat qilgan. Goratsiy bu yo'lni ham inkor qilmaydi, faqat bu holda izma-iz boruvchi jo'n taqlidchi bo'lib qolmay, ijodiy yondashish talab etiladi.

Goratsiy shakl va mazmun muvofiqligi masalasiga qayta-qayta urg'u beradi. Jumladan, shoirning antik she'r o'lchovlaridan qay biri xudolar sha'niga oda aytishga, qay biri hayrat yoki shirin orzular ifodasiga, qay biri esa shiddatli jang-jadallar tasviriga mos ekanligini farqlay bilishi talab qilinadi. Goratsiyning uqtirishicha, hamma narsa o'z o'rnida bo'lishi kerak: komediyaga fojiaviy ohang mos bo'lmaganidek, ulug'vor narsalarni jo'ngina, komediyaga xos ohang va she'r bilan kuylash ham ma'qul emas.

Goratsiy tilning emotsionalligi masalasiga alohida e'tibor bilan qaraydiki, uning to'g'ri ta'kidlashicha, bu narsa badiiy asarning ta'sirdorligini ta'minlovchi omildir. She'r (bu yerda Goratsiy "she'r" so'zini keng ma'noda, umuman badiiy nutq ma'nosida ishlatgan ) har jihatdan mukammal, go'zal bo'lgani yaxshi, lekin buning o'zi kamlik qiladi - u ruhga ta'sir qilishi, uni shoir istagan tomon boshlashi lozim. Asar o'quvchini hayajonga solishi uchun, avvalo, shoirning o'zi hayajonlanmog'i, ya'ni, u qahramon taqdiridagi burilishlarga befarq bo'lmasligi, she'rga shu burilishlarga mos hissiy bo'yoq berishi kerak. Aks holda, agar "qahramon taqdiri bilan shoir tili nomuvofiq bo'lsa, Rimning otlig'u piyoda xalqidan ayovsiz kulguga qoladi".

Goratsiy ham badiiy ijodning ilohiy tabiatini e'tirof etadi, shuning uchun ham: "Sen hyech narsa qilolmaysan Minervadan beixtiyor",- deydi kichik Pizonga qarata. Ayni chog'da, u ijodkorning ro'yobga chiqishida talant, bilim va mehnatning rolini alohida ta'kidlaydi. Shu sababli ham u pizonlarni tinimsiz mehnat qilish, o'qib o'rganishga, jumladan, "kecha-kunduz qo'ldan aslo qo'ymayin, Greklarning ijodlarin o'rganish"ga da'vat qiladi. Goratsiy ijodga mas'uliyat bilan yondashish zarurligini uqtiradi, yozilgan narsani e'lon qilishga shoshmaslikni tavsiya qiladi, chunki "nashr etguncha tuzatishlik qulaydir. Butun xalqqa e'lon bo'lgan so'zni esa hyech qaytarib bo'lmaydi". Goratsiy tanqidga munosabat masalasiga to'xtalib, "tulki teri yopingan maqtovlardan qo'rqish" kerakligini, xolis baholarni tan olish va ko'rsatilgan kamchiliklarni tuzatish foydali bo'lishini uqtiradi. U xolis tanqidni tubandagicha tushunadi:

Xom she'rlarni qabul etmas vijdonli, ongli sudya,

Dag'alini chiqit qilar, qorishiq bayt ostiga

Qora tortar, takabburlik pardozlarin kesib tashlar;

Mug'loq she'rni ravshanlashga majbur etar; yo'l qo'ymas

Tutal gapga...

Yuqoridagilardan ko'rinadiki, "Poeziya ilmi"da adabiy-nazariy tushunchalar ta'limiy maqsadga bo'ysundirilib, yorqin misollar bilan izohlangan holda sodda yo'sinda bayon qilingan. Shu bois ham u keyingi davrlarda ham, xususan, klassitsizm davrlariga qadar o'zining amaliy qimmatini yo'qotmadi. Biz uchun esa u antik Rimdagi adabiy tanqidiy qarashlar haqida ancha to'liq, yaxlit va tizimli tasavvur berishi bilan qimmatlidir.

***

Shunday qilib, antik madaniyatning arxaik davrida kurtak holida bo'lgan adabiy-nazariy va adabiy tanqidiy tafakkur yunon-rim adabiyoti hamda notiqlik san'atining boy materiali zaminida barg yozdi, rivojga kirdi. Falsafiy qarashlar negizida adabiyotning mohiyati, uning voqyelik bilan munosabati, ijtimoiy hayotdagi o'rni va vazifalari kabi muhim masalalar o'rganildi. Adabiyotning taraqqiy darajasidan kelib chiqqan holda turlarga ajratish amalga oshirildi, har bir turning o'ziga xosligini belgilovchi xususiyatlar aniqlandi. Badiiy asarning tarkibiy tuzilishiga e'tibor qaratildi: badiiy shakl va badiiy mazmun tushunchalari farqlandi, ularning o'zaro munosabatlari tekshirildi; xarakter, fabula, tugun kabi unsurlar tavsiflandi, badiiy asardagi o'rni yoritildi, ularga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. Notiqlik san'atining amaliy maqsadlariga bog'liq holda badiiy nutq masalalari chuqur tadqiq etildi: ifoda vositalari ta'riflandi, tavsif va tasnif qilindi, ularni qo'llash yo'llari va me'yorlari belgilandi; nutqning uslubiy qurilishiga, shuningdek, ritorlik nutqining kompozitsion qurilishiga qo'yiladigan talablar ishlab chiqildi. Kutubxonachilik ishining taraqqiysi bilan bog'liq holda filologik tadqiqotlar amalga oshirildi: qadimgi matnlarni tiklash, ularning ilmiy nashrlarini tayyorlash yo'lga qo'yildi; sharh, so'zboshi va izohlar shaklidagi adabiy tanqidiy qarashlar maydonga keldi. Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi zamon adabiyotshunosligining tamal toshlari antik davrda, xususan, yunon madaniyati taraqqiyotining klassik bosqichi hamda Rim madaniyatining respublika davridayoq qo'yilgandir.

O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur

yevropa madaniyati tarixida O'rta asrlar qariyb 1000 yilni - V asrdan XIV asrga qadar bo'lgan davrni qamrab oladi. Bu davr eski yunon-rim madaniyatining yemirilishi, uning o'rnida sharq asosidagi xristian madaniyatining yuzaga kelishi bilan xarakterlanadi. Antik davrdagi yagona yunon-rim madaniy hududining ikkiga - sharqiy va g'arbiy hududlarga ajralishi, bu ikki hududdagi madaniy taraqqiyotning bir-biridan sezilarli farqlanishi, antik madaniyat bilan xristian madaniyati o'rtasidagi ziddiyatlar, xristian dini mavqyeining kuchayishi va uning ijtimoiy, badiiy-estetik tafakkurga kuchli ta'sir o'tkazgani - bularning bari o'rta asrlarni o'rganishda ma'lum qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi.

IV asr oxirlariga kelib Rim imperiyasi ikki mustaqil qismga - sharqiy va g'arbiy imperiyalarga ajraldi. Bu ikki hudud madaniyati, garchi ularda Rim an'analari saqlangan va xristian dini hukmron mavqye egallagan bo'lsa-da, bir-biridan sezilarli farqlanadi. Aytish kerakki, sharqiy imperiya - qariyb 900 yil yashagan Vizantiya imperiyasi mustaqil davlat sifatida 396 yilda vujudga kelgan bo'lsa-da, madaniyat tarixidagi "vizantiya davri"ni mutaxassislar sal ilgariroq, III asrdan boshlangan deb hisoblaydilar. Vizantiya madaniyatining ilk bosqichlariga (III-VI asrlar) xos xususiyat shuki, unda hali o'z ta'sirini yo'qotmagan antik madaniyat bilan shakllanayotgan xristian madaniyati yonma-yon, bir-biriga aralashmagan holda yashaydi. Tabiiyki, agar yangi madaniyat va yangicha dunyoqarash mavqyeini mustahkamlashga, eskisi esa saqlab qolishga intilishi e'tiborga olinsa, bu holning o'zgarishsiz qolishi mumkin emas, ikkisi orasida keskin kurashlar kechishi muqarrar. Masalan, o'z davrining yirik notig'i - imperator Yulian (332-363) xristianlikning ashaddiy dushmani, antik madaniyat muhibi bo'lgan. Yulian antik madaniyat mavqyeini saqlab qolish uchun ham imperatorlik, ham ijodiy faoliyatidan foydalangan. Jumladan, u xristianlarni quvg'in qilgan, Gomer, Platon kabi qadimgi yunon mualliflarining asarlarini ilohiylashtirishga, shu yo'l bilan xristian cherkoviga muqobil majusiy cherkovini yaratishga intilgan .

Adabiy ijodda vizantiyaliklar yunon tilidan foydalandilar, ilk davrda ko'proq antik yunon adabiyoti an'analarini davom ettirdilar. Ayni paytda, endi bu adabiyotda qadimgi yahudiy adabiyotining ta'siri ham kuzatila boshlaydi, diniy janrlar salmog'i ortib boradi. Adabiy tilning jonli yunon tiliga yaqinlashishi, antik yunon she'riyatiga xos she'riy o'lchovlarga muayyan o'zgarishlar kiritilishi kuzatiladi. Jumladan, misrlik shoir va she'rshunos Nonna (V asr) gekzametrni jonli yunon tili tabiatiga moslab isloh qiladi.

O'rta asrlar estetik tafakkuri xristian ilohiyotchilari tomonidan, antik falsafani, xususan, neoplatonizm ta'limotini o'zlashtirgan va uni xristian diniy aqidalari ruhida talqin qilgan holda rivoj topdi. Jumladan, antik madaniyat an'analari ruhida tarbiyalangan, tarixga "buyuk kappodokiyaliklar" nomi bilan kirgan vizantiyalik mutafakkirlar - Buyuk Vasiliy (329-379), Grigoriy Nazianzin (330-390), Grigoriy Nisskiy (335-394)lar "mutlaq go'zallik"ni yuksak qadrlaganlar. Ma'lumki, "mutlaq go'zallik" tushunchasi qadimgi yunon faylasuflari, xususan, Platonda mavjud edi. Keyinroq, ellinizm davriga kelib Plotin va uning izdoshlari ta'limotida bu tushuncha yanada kengroq talqinini topgan, muayyan tizim holiga keltirilgan edi. Ob'ektiv idealizm mavqyeida turgan antik faylasuflardan farq qilaroq, vizantiyalik ilohiyotchilar mutlaq go'zallikni Xudo nomi bilan bog'ladilar. Shu sababli ham ularning ta'limotida, xususan, gnoseologiyasida mutlaq go'zallik tushunchasi muhim o'rin tutadi. Zero, ular inson ruhi ko'rinmas go'zallikka intiladi, inson ruhiy izlanishlarining asosiy maqsadi esa mutlaq go'zallikni anglash, idrok qilish deb biladilar. Xudoni tanishga intilayotgan insonni o'ziga jalb etuvchi narsa - go'zallik, uni tanish esa muhabbat, ishq orqali amalga oshadi.

Estetik tafakkur tarixida Psevdo-Dionisiy, Dionisiy-Areopagit nomlari bilan mashhur, lekin haqiqiy nomi noma'lum ilohiyotchining "Areopagitiklar"ida vizanitiyaliklarning mutlaq go'zallik haqidagi xristian diniga xos ta'limoti muayyan tizim holiga keltirildi. Jumladan, uning "Ilohiy ismlar haqida" nomli risolasida "mutlaq go'zallik" ("asl go'zallik") tushunchasiga ancha keng ta'rif beriladi. Unga ko'ra, "asl go'zallik"(ya'ni, Xudo)dan mavjud narsalarning bariga, har birining o'ziga yarasha va mos go'zallik baxsh etiladi. Shu bois ham "asl go'zallik" mavjudlikning sababi, jami go'zallikning manbaidir. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ma'naviy-ruhiy izlanishlarning maqsadi - mutlaq go'zallik, unga eltuvchi vositalardan biri esa moddiy olamdagi go'zallikdir. Zero, moddiy olamdagi narsa-hodisalarning barida mutlaq go'zallikdan darak bor. Negaki, ularning har biri mutlaq go'zallikdan o'ziga, o'z maqomiga yarasha nur olgan. Shunga ko'ra, moddiy va ma'naviy reallikdagi hamma narsa ramz(simvol)dirki, ularning har biridan ilohiy nur taraladi, har birida Yaratganning o'zidan nedir bor. Xudoni tanish uchun inson ayni shu ramzlarni ko'ra olishi, ularning mazmun-mohiyatini tushunishni o'rganishi lozim bo'ladi.

Dionisiy-Areopagit o'rta asrlar simvolizmi nazariyasini ancha mufassal ishlab chiqdi. To'g'ri, uning ayni shu masalaga bag'ishlangan "Simvolik ilohiyot" nomli asari bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, uning bu boradagi qarashlari boshqa asarlarida ham ancha keng aks etgan. Bundan tashqari, "Simvolik ilohiyot"ning asosiy mazmuni uning asarlariga yozilgan sharhlar orqali ham ma'lum. Dionisiy-Areopagitga ko'ra, ramz(simvol)lar bir paytning o'zida ham haqiqatni ifoda etishga (xoslar uchun), ham uni yashirishga (xos bo'lmagan, duch kelgan kishilardan) xizmat qiladi. Ramzning asosiy vazifalaridan biri - informatsiya yetkazish, bu vazifa esa turli yo'sin va shakllarda amalga oshishi mumkin. Ya'ni, informatsiya bilvosita yoki bevosita yetkazilishi mumkin. Birinchi holda u belgi yoki obraz shaklida yetkaziladi. Belgi shaklida yetkazilgan informatsiya xoslargagina tushunarli bo'lsa, obraz shaklida yetkazilgan informatsiya shu madaniyatga mansub barcha kishilarga tushunarlidir. Areopagit liturgik obrazlar informatsiyani bevosita yetkazadi deb hisoblaydi, chunki liturgik obrazlar (cherkov marosimlari) ifodalaydigina emas, balki bevosita namoyon etadi. To'g'ri, Areopagit liturgik obrazlar masalasiga keng to'xtalmaydi, biroq vizantiyalik ilohiyotchilar uning fikrlarini rivojlantira borib, liturgiyani (diniy marosimni) ramziy qabul qilish tizimini ishlab chiqdilar.

Dionisiy-Areopagit ramzlarning ikkita asosiy turini ajratadi: 1) arxetip bilan mushtarak belgilarga ega bo'lgan "o'xshash" ramzlar; 2) bunday belgilarga ega bo'lmagan "o'xshashsiz" ramzlar. Uning o'zi "o'xshashsiz" ramzlarni yuksak qadrlaydi, chunki ularning yordamida yuksak ruhoniy mohiyatga ko'tarilish qulayroq deb biladi. Negaki, ruh bu ramzlarning tashqi belgilarida to'xtalib qolmaydi, balki undan haqiqatni, arxetipni izlaydi. Ulardagi "o'xshamaslik"ning o'zi ruhga qanot bag'ishlaydi, uni tasvirlangan narsadan tamoman yiroq bo'lgan oliy ma'naviy-ruhoniy qadriyatlarga yo'naltiradi. Ramz qatida botin mohiyatning inkishof etilishi esa kishiga ta'rifga sig'maydigan lazzat baxsh etadi. Shu qarashni yanada rivojlantirib, Dionisiy-Areopagit hatto xunuk, noma'qul narsa-hodisalar tasviri ham oliy ruhoniy qadriyatlarni ifodalashi mumkinligini ta'kidlaydi. Mumkingina emas, hatto ularni ifodalash uchun tuban narsalarning tasvirlangani ma'qulroq ham. Chunki bu holda, birinchidan, ilohiy qadriyatlar yanada ko'proq ulug'langan bo'ladi. Ikkinchi tomondan, bu holda butun e'tibor botiniy ma'noga yo'naltiriladi, zero, bunday ramzda e'tiborni tutib qoluvchi tashqi go'zallik yo'q. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, Dionisiy-Areopagitning estetik ta'limotida obraz vositasida Xudoni anglash masalasi markaziy o'rinni egallaydi. Shuning uchun ham, unga ko'ra, simvol(obraz)ning asosiy vazifalari o'zida ruhoniy mohiyatni tajassum etish va insonni unga tomon yuksaltirishdan iboratdir. Dionisiy-Areopagitning antik falsafa va xristian dini aqidalarini sintezlashtirgan holda ishlab chiqqan ta'limoti o'rta asrlar estetik tafakkurida chuqur iz qoldirdi.

Vizantiyalik olimlar Aleksandriyada kuzatilgan an'ana - o'tmish merosini yig'ish, o'rganishga jiddiy e'tibor qaratdilar. Jumladan, keyincha Konstantinopol patriarxi bo'lgan Fotiyning (810-891) antik davrdan qolgan bilimlarni jamlash yo'lidagi harakati natijasi o'laroq "Miriobiblion" ("Kutubxona") nomli asar yaratildi. Bu asarda Fotiy va uning shogirdlari tomonidan o'qib chiqilgan, antik davrda, shuningdek, vizantiya madaniyatining ilk davrlarida yaratilgan 300 ga yaqin kitoblar haqida muxtasar qaydlar, annotatsiyalar, ba'zan esa mufassal referatlar shaklidagi ma'lumotlar berilgan; ulardan ancha keng ko'chirmalar berilgan, ayrim hollarda mualliflar haqidagi biografik ma'lumotlar bilan ta'minlangan. Aytish kerakki, "Kutubxona"da mavzu va janr e'tibori bilan xilma-xil (falsafa, tarix, grammatika, ritorika, tabiatshunoslik, tibbiyot, avliyolar hayoti, ilohiyot va boshqa sohalarga oid) kitoblar haqida hyech bir tizimga solinmagan holda ma'lumot beriladi. Fotiyning o'qilgan asarlar haqidagi nozik kuzatishlari uning qiziqishlari doirasi nihoyatda kengligi, dunyoviy bilimlarni ham chuqur egallaganidan dalolat beradi. Mohiyat e'tibori bilan ushbu asarni tanqidiy-bibliografik qo'llanma deyish mumkinki, u o'z davri uchun katta didaktik qimmatga ega bo'lgani shubhasiz. Ta'lim-tarbiyaning klassik shakli tarafdori va targ'ibotchisi Fotiyning ushbu asarni yaratishdan maqsadi yoshlarning o'tmish madaniyatini o'zlashtirishiga yordam berish bo'lishi tabiiy. Agar Fotiy o'tmishda yaratilgan asarlarning o'qilishini osonlashtirish maqsadida shogirdlari bilan birga maxsus "Lug'at" ham tuzgani e'tiborga olinsa, bu fikrda jon borligi ko'rinadi. Bundan tashqari, "Kutubxona" - katta ilmiy qimmatga ega asar. Zero, qadimda yaratilgan va turli sabablar bilan bizgacha yetib kelmagan ko'plab kitoblar haqida mazkur asar orqaligina ozmi-ko'p ma'ulomotga ega bo'lish mumkin.

Vizantiyalik yana bir olim - yevstafiy Solunskiy(1115-1195) qadimgi yunon yozuvchilarining asarlari matnini tiklash, ularga sharh va izohlar yozish bilan shug'ullangan. Jumladan, "Iliada" va "Odisseya"ga yozgan sharhlari Uyg'onish davri filolog-tadqiqotchilari tomonidan yuksak qadrlangan.

Faylasuf va yozuvchi Mixail Psell (1018-1079) antik merosni yuksak qadrlagan, uning o'z zamonida juda katta ahamiyatga ega ekanligini chuqur idrok qilgan. Konstantinopol oliy maktabining falsafa professori sifatida u antik faylasuflarning merosini juda yaxshi bilganki, bu narsa uning asarlarida yaqqol seziladi. Antik mutafakkirlar singari Psell ham inson aqliga hurmat bilan qaragan. Unga ko'ra, aql bilan idrok qilish qiyin bo'lgani aqlning o'ziyu Xudo, boshqa har qanday narsa idrok etiladi. M.Psellning falsafa, ilohiyot masalalariga bag'ishlangan asarlarida adabiyot va san'atga doir qimmatli fikrlar bildirilgan. Bu jihatdan, ayniqsa, uning turli kishilarga yo'llagan maktublari ahamiyatlidir. Masalan, xatlaridan birini u "Sening iltimosingni bajarib, ushbu maktubda ritorik g'oyalar haqidagi mo'jaz darslikchani yuboryapman" (shunga ko'ra, maktub hozirda "Ritorik g'oyalar sharhi" nomi ostida beriladi) degan so'zlar bilan boshlaydi. Maktubda ritorika haqida, nutq turlari va har birining o'ziga xosligi, irod qilish yo'llari, ularga qo'yiladigan talablar haqida ma'lumot beriladi. Maktub didaktik xarakterda, ya'ni o'rgatish maqsadiga qaratilgan. M.Psellning uqtirishicha, yaxshi nutq qurish uchun yaxshi so'zlarni tanlashning o'zi kamlik qiladi, zero, haqiqiy go'zallik tanlashda emas, ularni eng maqbul tarzda joylashtirishdadir. Yozuvchilik tajribasidan kelib chiqib, M.Psell o'z fikrlarini obrazli ifodalashga, turli tamsillar orqali yorqinroq tushuntirishga intiladi. Masalan, quruvchi bir nechta xodani ajratib olganining o'zi uyning go'zal bo'lishi uchun kifoya deb o'ylamaganidek, notiq(yozuvchi) ham so'z tanlashning o'zi kifoya deb o'ylamasligi kerak, deydi. Yoki boshqa bir maktubida jumlada so'zlarni joylashtirish haqida so'zlarkan, buni zargar (bezakchi) ishiga qiyoslaydi: zargar ixtiyoridagi turli hajm, kattalik, shaffoflikdagi toshlarni did bilan joylashtirishi lozim, shundagina bu toshlarning bari o'z imkoniyatini namoyon qila oladi - uyg'unlikda yaxlit bir go'zallik hosil qiladi. Aks holda, agar bu toshlar didsiz, betartib joylashtirilsa, ular yakka holicha ega bo'lgan go'zalligi va qimmatini ham namoyon etolmaydi. Shunga monand, so'zlarni did bilan joylashtirish san'atidan mosuvo bo'lsa, notiq(yozuvchi)ning chiroyli so'zlar izlashidan naf kamdir.

M.Psell notiq(yozuvchi) mahoratini belgilovchi muhim jihat sifatida nutqning ifoda etilayotgan mazmunga mosligini tushunadi. Jumladan, uning fikricha, ilohiyotchi Grigoriy nutqlarining asosiy fazilati nutq mazmuniga mos so'z, ohang, ritm tanlay olishidadir. Unga ko'ra, Grigoriy nasihat qilganida "sokin va bir tekis sizib oqayotgan zaytun moyiga", dushmanlari bilan bahsda esa "dovul yoxud bulutlar orasida chaqnagan yashinga" o'xshaydi: birinchi holda uning ritmi sokin va xushohang, ikkinchisida keskin va shiddatli. Muhimi, Grigoriy hyech bir o'rinda falsafiy mazmunni nazardan qochirmaydi, ya'ni, har ikki holda ham mazmun yetakchilik qiladi. Demak, Grigoriy uchun nutq - fikrni ifodalash vositasi, shuning uchun ham vosita birinchi planga chiqmaydi, ayni shu narsa, Psell fikricha, uning muvaffaqiyatini ta'minlagan bosh omildir.

M.Psell asarning nutqiy tarkibida nutqning turli ko'rinishlari almashinib turishi kerak deb uqtiradi. U jimjimador, balandparvoz, sun'iy shirador nutqni xushlamaydi, uning fikricha, bunday nutq kichik hajmli asarlar yozishdagina ishlatilishi mumkin. Katta hajmli ("nutq turli burilishlardan o'tadigan", ya'ni mazmunning o'zi ham o'zgarib turadigan) asarlarda esa nutq goh shirador, goh jiddiy, goh shiddatli, goh sokin - xullas, ifodalanayotgan mazmun (yoki tasvir predmetiga mos) o'zgarib turishi lozim. Maktubda shogirdiga yo'l-yo'riq ko'rsatarkan, M.Psell o'zining yozuvchi sifatidagi tajribasidan kelib chiqadi. U o'zi ham dastlab jimjimali, balandparvoz nutq shakliga qiziqqani, keyin esa o'rganish uchun boshqa manbalarga - Demosfen, Isokrat, Aristid, Fukidid, Plutarx, Lisiy kabi antik notiq va yozuvchilarga murojaat qilgani, ularning har biridan o'zi uchun nimadir olganini ta'kidlaydi: "O'z nutqimni men har joydan olingan bezaklar bilan ziynatladimki, ular mening nutqimda yaxlit obrazga birikadi. Agar mening kitoblarimni o'qishsa, bir ko'pga aylanadi".

Ko'rib turganimizdek, Psell o'tmish merosiga hurmat bilan qaraydi, shogirdlarini ham shunga da'vat qiladi, antik adabiyotdan o'rganishga undaydi. Maktublaridan birida Psell yevripid bilan pisidalik Georgiyni qiyoslab, ulardan qay biri ustun, degan savolni qo'yadi. O'zi qo'ygan savolga yevripid ustun deb javob berarkan, antik dramaturg ijodiga xos ijobiy nuqtalarni ko'rsatadi. Uningcha, yevripidning ustunligi, avvalo, nutq qurilishida: yevripid sahna asarlarida har bir epizod yoki qahramonga mos o'lchov topa bilgan, Grigoriyda esa bunday emas. M.Psell yevripidning sahna asarlarida nutq qurilishi hatto harakatdan yaxshiroq ishlangan deb hisoblaydi. Uning yozishicha, ritmning dramatik holat va qahramonga mosligi, shuning natijasi o'laroq kuchli ehtiroslarning yorqin ifodalangani tufayligina yevripid o'z vaqtida sahnalashtirilgan asarlari bilan afinaliklarni yig'latgan: "Axir, ular eshitayotgan narsalarni haqiqatan ham ko'ryapmiz deb o'ylashgan". Demak, Psell sahnadagi harakatning o'zi kam, dramatik asarning ta'sir kuchini ta'minlashda nutqning roli hal qiluvchi ahamiyatga molik deb biladi.

Shunisi e'tiborliki, M.Psellning fikrlarida adabiy hodisalarga tarixiy yondashuv elementlari kuzatiladi. Jumladan, u "she'riy o'lchov va ritmlar vaqt o'tishi bilan minglab xususiyatlar kasb etgani"ni ta'kidlaydi, buni tabiiy hodisa deb hisoblaydi. Ya'ni, u o'tmishdan o'rganishga da'vat etarkan, ko'r-ko'rona taqlidni emas, ijodiy o'zlashtirishni nazarda tutadi. Uning "Italga maqtov" nomli maktubida Vizantiyadagi madaniy-ma'rifiy holatdan qoniqmaslik ko'zga tashlanadi. Psell antik madaniy merosni kelgindi varvarlar, assiriyaliklar, midiyaliklar, misrliklar egallagani holda, qonuniy vorislar - ellinlarning otalar merosidan o'zini tortgani, oqibatda ellinlar varvarlarga, varvarlar esa ellinlarga aylanib qolganini kuyinib gapirgan shogirdi Italni yoqlaydi. Psell qadimda Doro tasarrufida bo'lgan yerlarga borgan yunonlarning u yerda eshitgan hikmatlarga (aslida, bularni qadimgi ellinlar kashf etgan) xayrat bilan quloq tutishlarini afsus bilan ta'kidlaydi. Avvalo, Psell madaniy taraqqiyotdagi evrilishlar mohiyati va oqibatini aniq va lo'nda ifoda etganini qayd etish lozim. Ikkinchi tomondan, bu o'rinda vizantiyaliklarning, jumladan, Psellning antik madaniy merosni egallash yo'lidagi sa'y-harakatlari milliy tuyg'ularga bog'liq tabiiy jarayon ekanligini ko'rish mumkin.

Psellning shu maktubida uning yana bir muhim jihati - badiiy ijodda o'ziga xoslikni, individuallikni yoqlashi, qadrlashi ko'zga tashlanadi. U shogirdining kamchiliklari ("go'zallik unga bo'y bermayotir") borligini e'tirof etadi, lekin uni ma'zur tutmoq va baribir "o'z ishining ustasi" ekanligni tan olmoq kerak. Zero, har bir notiqda - u xoh Platon, xoh Ksenokrat va xoh Esxin bo'lsin, - ma'lum o'ziga xoslik borki, maqtashga kelganda ko'proq shunga urg'u beriladi. Shunday ekan, "Ital ham o'ziga xos bo'lish huquqiga ega, istaymanki, u ham, boshqa hamma shogirdlarim ham o'zigagina xos chizgilarni saqlab qolsinlar".

Ilk o'rta asrlarda G'arbiy imperiya hududida Rim (aniqrog'i, yunon-rim) madaniyati an'analari davom ettirildiki, buning tashqi belgisi sifatida lotin tilining nafaqat rasmiy, balki adabiyot, ilm-fan va cherkov tili bo'lganini ko'rsatish mumkin. Agar Vizantiyada antik yunon madaniyati an'analari davom ettirilgani, yunon tili adabiyot, ilm-fan va cherkov tili bo'lgani e'tiborga olinsa, ikkisining orasida tashqi o'xshashlik kuzatiladi. Biroq ikkala hududdagi ijtimoiy-tarixiy sharoitning farqliligi madaniy taraqqiyotdagi jiddiy farqlarni keltirib chiqaradi. Agar Vizantiya imperiyasi qariyb to'qqiz yuz yil yashagan bo'lsa, G'arbiy imperiya V asrga keliboq quladi, uning ulkan hududi ijtimoiy-madaniy taraqqiyoti jihatidan quyi bosqichda turgan qabilalar ( germanlar, franklar, gottlar, keltlar va b.) tomonidan egallandi. Ularga tobe bo'lib qolgan antik madaniyat egasi bo'lmish tub aholining, tabiiyki, o'z an'analari, madaniyatini saqlab qolish imkoniyati kamroq edi. Ikkinchi tomondan, o'zining primitiv madaniyati, og'zaki adabiyotiga ega muzaffar qabilalar antik adabiyotni o'zlashtirishga ehtiyoj sezmadi, aniqrog'i, ular bunga hali tayyor ham emasdi. Nihoyat, bu qabilalar yangi davlatlarga asos soldilar, millat sifatida shakllanish yo'liga kirdilar. Bularning natijasi o'laroq, yetuk o'rta asrlarga (XI-XIII) kelib lotin tilining birlashtiruvchilik mavqyei ham barham topdi - milliy adabiyotlar yuzaga kela boshladi.

O'rta asrlardagi ilk adabiy-nazariy mulohazalar sirasida xristian ilohiyotchisi Avreliy Avgustin (354-430) asarlaridagi ayrim qarashlarni ko'rsatish mumkin. Avgustinning "Iqrornoma" ("Ispoved") asari uning juda murakkab va ziddiyatli ma'naviy-ruhiy, e'tiqodiy shakllanish yo'lini bosib o'tganini ko'rsatadi. Avgustin avvaliga majusiy e'tiqodida bo'lgan, keyin ma'lum vaqt moniylik ta'sirida yurgan, yetuk yoshiga kelib - 33 yoshidagina xristianlikni qabul qilgan.

Albatta, uning asarlarida bu ziddiyatli hayot yo'li o'zining sezilarli izini qoldirgan. Jumladan, u olam go'zalligini "ilohiy go'zallik"ning aksi deb biladiki, bunda Platon va neaplatoniklar ta'siri yaqqol seziladi. Avgustinga ko'ra, Xudo - mutlaq go'zallik, olam go'zalligining, jami moddiy va ma'naviy go'zallikning ibtidosi, manbaidir. Ko'rinadiki, Avgustin antik faylasuflar ta'limotini xristian dini aqidalari nuqtai nazaridan talqin qiladi, o'zining e'tiqodiy mavqyeidan turib tizimga soladi. Avgustin buni o'zining "Iqrornoma" asarida e'tirof etadi. Uning aytishicha, lotin tiliga o'girilgan platoniklarning asarlarini o'qib, "platoniklar ham boshqacha so'zlar bilan bo'lsa-da ayni shu narsani", ya'ni har nening avval ibtidosi Xudo ekanligini yozishganiga amin bo'lgan. Avgustin ustozlaridan birining uni "boshqa faylasuflarning yolg'on-yashiqqa to'liq asarlariga emas, platoniklar asarlariga duch kelgani" bilan qutlagani, chunki "ularda boshqacha yo'sinlarda bo'lsa-da har vaqt Xudo va Uning Kalomi haqida so'z boradi" deganini yozadi. Demak, ilk o'rta asrlarda xristian ilohiyotchilari neaplatoniklarni begona sanamagan, ularning fikrlarini o'zlariga moslab tushunganlar.

Avgustin olam go'zalligini pokiza qalb bilangina ko'rish, idrok etish mumkin deb biladi. Biroq bu o'rinda hissiy idrok haqida gap borayotgani yo'q. Zero, olam go'zalligi - tartibotda. Xudo olamdagi jamiki narsalarni miqdori, hajmi, vazniga qarab shunday mutanosib joylashtirganki, mukammal uyg'unlikdagi tartibot vujudga kelgan. Bu darajadagi uyg'un tartibotni faqat oliy ong - Xudogina yarata oladi. Shunday ekan, bu tartibotni ko'ra olish, uning mohiyatiga yaqinlashish uchun donishmandlik talab etiladi. Zero, olamdagi hamma narsaning o'zaro mutanosibligi, bog'liqligi va shu asosda yuzaga keluvchi butunlikni Xudoning o'zi bergan aql, donishmandlik bilangina idrok etish mumkin. Avgustinga ko'ra, haqiqiy mo'jiza - olam va odamning yaratilishi. Olamda yuz berishi mumkin bo'lgan mo'jizalarning hyech biri olamning yaratilishidek mo'jiza emas, inson yaratishi mumkin bo'lgan mo'jizalarning hyech biri insonning yaratilishidek mo'jiza emas. Bu mo'jizalarning yaratuvchisi ham, qanday yaratilgani ham inson uchun sir, tugal anglash mumkin bo'lmagan jumboq bo'lib qoladi.

Butunlik tushunchasi Avgustin estetikasida muhim o'rin tutadi. Unga ko'ra, "butunlik - har qanday go'zallikning shakli"dir. Avgustin olam yaratilishida ko'rilgan mukammal, uyg'un butunlikni o'ziga xos etalon deb biladi, shuning uchun ham har qanday go'zallik qismlarning o'zaro simmetrik, har jihatdan mutanosib joylashuvi asosida yotadi deb hisoblaydi. Avgustin butun va qism munosabatiga to'xtalarkan, o'zicha go'zal qism butundan ajratib olinsa go'zalligini yo'qotadi, aksincha, o'z holicha go'zal bo'lmagan narsa go'zal butunlik tarkibiga kirganida go'zallashadi deb biladi. Shu xil qarashdan kelib chiqib, Avgustin olamni nomukammal deguvchilarni mozaikaga uning bittagina parchasiga qarab baho berayotgan, parchalar hosil qilayotgan butunlikni ko'rishga noqobil kishilarga o'xshatadi.

Avgustin go'zallikni qabul qila olish uchun qalb bilan go'zal predmet orasida monandlik bo'lishi, ya'ni qalbning go'zal bo'lishi zarur, inson qalbida go'zallikka nisbatan beg'araz muhabbatning bo'lishi go'zallikni qabul qila olishning muhim shartidir deb biladi. Shuningdek, u go'zallikni qabul qilishda ongning ahamiyatini yuqori qo'yadi. Unga ko'ra, go'zallikning asosi bo'lmish mutanosiblik sezgilar bilan emas, ong bilan idrok etiladi. Shunday ekan, sezgilar go'zallik masalasida oliy hakamlikka da'vo qilolmaydi. Zero, sezgilar ongga berayotgan ma'lumotlardan estetik butunlik hosil bo'lmaydi. Aksincha, butunlik tushunchasi estetik baho berishga kirishayotgan inson ongida avvaldan mavjud, shu tufayli ham u o'zi kuzatayotgan narsadan shunga (ya'ni, tasavvuridagi butunlik tushunchasiga) mos butunlikni qidiradi.

Adabiyotning bilish imkoniyatlari masalasida Avgustin ko'p jihatdan Platonga hamfikr. Avvalgi faslda ko'rilganidek, Platon poeziya narsa haqidagi tasavvur - "soya"ga taqlid qilgani uchun uning mohiyatiga yetishdan ojiz deb hisoblaydi. Avgustinga ko'ra, ko'zga ko'rinib turgan go'zallik - yolg'on go'zallik, filokaliya va poeziya ayni shu yolg'on go'zallikkagina intiladi. Haqiqiy go'zallikni idrok etish esa falsafaning chekiga tushadi, chunki oliy ong tomonidan yaratilgan go'zallikni ko'ra olish va u orqali haqiqiy go'zallikni idrok etishda ong hal qiluvchi rol o'ynaydi. Ko'rinib turibdiki, Platon singari Avgustin ham poeziyaning ahamiyatini quyiroqqa qo'yadi. Agar ma'naviy-axloqiy jihatdan yondashgan Platon "soya"ga taqlid qilgan poeziya tarbiyaga zararli ta'sir qilishini ta'kidlasa, Avgustin ham shunga yaqin mavqyeda turadi. Jumladan, "Iqrornoma"da u bolalik yillarini eslab, qandaydir Eneyning adashib-uloqib yurishlari haqidagi she'rlarni yodlash yoxud Didonaning o'limiga qayg'urib yig'lashga ketgan vaqtini zoe deb biladi. Negaki, o'sha paytlarda Eneyning adashishlarini o'ylagani holda o'zining Xudodan adashib yurganini, Didonaning o'limiga yig'lagani holda o'zining Yaratgan uchun o'lik bo'lganini idrok qilishdan ojiz bo'lgan. "Iqrornoma"da teatrga nisbatan ham xuddi shunga o'xshash fikrlar bildiriladi. Avgustin ilgari teatr shaydosi bo'lganini eslarkan, teatr o'zini, umuman, odamlarni nimasi bilan jalb etadi degan savolni qo'yadi. Uning fikricha, teatrga kishini jalb etuvchi narsa - hamdardlik, ya'ni, qahramonlar taqdiriga qayg'urish, ular bilan birga quvonish yo qayg'ulanish imkoniyati. Tomoshabin sahnadagi qahramonlarning taqdiriga kuyinadi, ularga hamdard bo'ladi va oxir oqibat o'sha qayg'ulanishdan qoniqish, lazzat oladi. Ko'rib turganimizdek, Avgustin teatrning ta'siri masalasini antik olimlarga, xususan, Aristotelga monand tushunadi. Biroq endi, xristianlikni qabul qilgach, uning qarashlari tamom o'zgargan: u sahnadagi "to'qib chiqarilgan" voqyea-hodisalar, qahramonlarga hamdard bo'lishni, bundan qayg'ulanishni ma'qullamaydi. Avgustin hali ham hamdardlik hissini yo'qotmaganini, faqat endi "halok etuvchi lazzat va arzimas baxtini yo'qotganidan og'ir iztirob chekayotgan" qahramonga emas, tomoshabinga (ya'ni, o'sha paytdagi o'ziga, hali Xudoni tanimagan gumrohga) ko'proq achinishini yozadi. Unga ko'ra, bunisi endi haqiqiy achinish, haqiqiy hamdardlik, zero, bu endi teatrdagi kabi lazzat topish ilinjidagi achinish, hamdardlik emas. Avgustinning bu xil qarashlari sabablarini aniqroq tasavvur qilish uchun musiqaga oid fikrlariga ham qisqacha to'xtalish joiz. "Iqrornoma"ning bir o'rnida u o'zining cherkov qo'shiqlarini tinglayotgan paytdagi ruhiy holatini taftish etadi. Avgustin tinglash asnosi mazmundan ko'ra ko'proq kuy ohangiga mahliyo bo'lib borayotganini, bu bilan o'zi sezmagan holda gunohga bo'y berayotganini yozadi. Zero, unga ko'ra, kuy mazmunni (ya'ni, xudoning madhi) ifodalagani uchungina yashashga haqli. E'tibor qilinsa, Avgustinning adabiyot, teatr va cherkov qo'shiqchiligi haqida aytgan fikrlarida umumlashtiruvchi jihatni ilg'ab olish qiyin emas. Unga ko'ra, san'at ruhga ozuqa bo'lishi, xudoni tanish va tanitishga xizmat qilishi lozim. Uning obraz tabiati, uni tushunish masalasidagi qarashlari ham shu bilan bog'liq. Jumladan, u "Iqrornoma"da ustozi Amvrosiyning "harf o'ldiradi, ruh esa yaratadi" tarzida ta'lim berganini, ustozi yuzaki tushunilganda tubandek ko'ringan o'rinlarni ruhoniy ma'noda talqin qilib berganida, garchi hali uning so'zlari haq-nohaqligini bilmasa-da, o'ziga xush kelganini aytadi. Avgustinga ko'ra, tasvirlangan narsa misoli bir sirli parda, ma'no-mohiyatga yetish uchun o'sha pardani ko'tarish taqozo etiladi. Bundan ko'rinadiki, o'rta asrlarda keng tarqalgan obrazning ramziy (majoziy) tabiati haqidagi qarashlar Avgustin estetikasiga ham xosdir.

Agar Avgustin antik falsafani xristian e'tiqodiga xizmat qildirish yo'lini tutgan bo'lsa, keyinroq yashagan faylasuf Anitsiy Manliy Severin Boesiy (480-525) antik ilm-fanni lotin dunyosiga tanitish maqsadini qo'ygan. Boesiy shu maqsadda qomusiy fanlar sirasiga kiruvchi yettita fanga oid antik manbalarni tarjima qiladi, ularga sharhlar yozadi. Uning bu xil asarlaridan "Arifmetika haqida", "Musiqa haqida" nomli risolalari bizga qadar yetib kelgan. Boesiy Aristotel va Platon asarlarini to'la lotin tiliga tarjima qilish, ularni sintezlash maqsadini ham qo'ygan. Lekin uning bu maqsadi amalga oshmay qolgan: faylasuf davlatga xiyonat qilganlikda ayblanib qamoqqa olingan va keyin qatl qilingan. Uning do'sti Kassiodorning e'tirofiga ko'ra, Boesiy qadim yunon allomalari kuchi bilan yaratilgan san'at va ilmlarning barini Rimga ona tilida o'qish imkonini yaratgan . Albatta, bu kabi e'tirofga loyiq ko'rilgan olimning boshqa sohalarga, jumladan, grammatika va ritorikaga oid asarlar ham yaratgani, ularning o'z davrida ahamiyatli bo'lganini taxmin qilish mumkin. Zero, uning "Musiqa haqida" nomli asarida antik olimlarga tayanib bildirilgan original qarashlari o'z vaqtida juda mashhur bo'lgani, musiqa nazariyotchilari tomonidan mo'tabar manba sanalgani shunday o'ylashga asos beradi.

Boesiy antik merosga faylasuf sifatida yondashgan bo'lsa, uning do'sti Kassiodor - to'liq ismi Magn Avreliy Kassiodor Senator (487-575) amaliy jihatdan yondashadi. Bolalikdan bilimga chanqoq Kassiodor juda ko'p o'qigan, o'z davrining eng o'qimishli kishilaridan biri bo'lgan. Kassiodor hyech bir madaniyat quruq joyda paydo bo'lmaydi, yangi madaniyat o'tmish madaniyatini to'la o'zlashtirmog'i lozim degan aqida bilan yashagan. Albatta, undagi bu fikr antik mualliflar asarlarini o'rganish davomida paydo bo'lgan, hayot maslagiga aylangan. Qirol saroyida nufuzli mansablarni egallab turgan paytlari Kassiodor Rimda diniy maktab ochib, unda dunyoviy fanlarni o'qitishni orzu qilgan. Biroq uning niyatlari amalga oshmaydi. Kassiodor qirol xizmatidan ketib, o'zining mulki bo'lmish Vivariyda rohiblar maktabini ochadi (tax. 540 yil), niyatlarini o'z imkoniyatlari doirasida ro'yobga chiqarishga intiladi. Vivariumda diniy bilimlardan tashqari ritorika, grammatika, mantiq, matematika singari fanlar ham o'qitilgan. Shuningdek, Vivariumda skriptoriy - xattotlik ustaxonasi ham tashkil qilinib, unda rohiblar kitoblarni ko'chirish, muqovalash ishlari bilan shug'ullanadilar; ularning sa'y-harakatlari bilan diniy va dunyoviy mazmundagi kitoblar yevropaga tarqaladi, Vivariumda boy kutubxona vujudga keladi, ko'plab asarlar kelajak uchun saqlab qolinadi. Kassiodorning o'zi bu ishlarga bevosita rahbarlik qiladi. Uning ikki kitobdan iborat "Diniy va dunyoviy adabiyot bo'yicha yo'riqnoma" nomli asari xattotlik, kutubxonachilik ishi bo'yicha muhim qo'llanma bo'lib xizmat qildi. Kassiodor nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarga oid kitoblarni ham ko'chirish zarur deb uqtiradi. Chunki, unga ko'ra, dunyoviy va diniy ilmlar orasida ziddiyat yo'q, aksincha, muqaddas kitoblardagi g'aybdan berilgan bilimlarni dunyoviy ilmlar aql bilan rivojlantiradi. Shu ma'noda, u dunyoviy fanlarni o'rganish muqaddas kitoblarni teranroq talqin qilishga yordam beradi deb hisoblaydiki, bu o'z davri uchun juda ilg'or qarash edi.

IX asrda Buyuk Karl asos solgan ulkan saltanat G'arbiy yevropa xalqlari ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotida ham, madaniy taraqqiyotida ham juda katta ahamiyatga ega edi. Shu ma'noda, mutaxassislarning Karl davrida boshlangan madaniy harakatni "Karoling uyg'onishi" deb nomlashlari bejiz emas. Roman, german, kelt qabilalarini birlashtirgan bu ulkan saltanatni boshqarish uchun yangi qonunlar, yagona davlat tili, shuningdek, yangi kadrlar suv bilan havodek zarur edi. Shu zarurat talabi bilan Karl va uning safdoshlari maorifni isloh qilishga astoydil kirishadilar. Yangi tashkil qilingan maktablarda klassik lotin tili bilan bir qatorda grammatika, ritorika fanlarini o'qitish, xristian diniga oid asarlar bilan birga antik mualliflarning asarlarini o'rganish yo'lga qo'yiladi. Maorif islohotiga bevosita rahbarlik qilgan Karl bu ishni amalga oshirish uchun saltanatning turli joylarida yashovchi o'qimishli kishilarni - olimlar, shoirlar, tarixchilarni o'z saroyiga yig'adi. Keyincha Karlning o'zi bu olimlar guruhini "Akademiya" deb ataydi.

Karl Akademiyasiga yig'ilgan olimlarning faoliyatini muayyan ma'noda ma'rifatchilik faoliyati deyish mumkin. Zero, ularning butun sa'y-harakatlari, garchi torroq doirada (ya'ni, ko'proq qirollik xizmati uchun kadrlar tayyorlashni maqsad qilgan) bo'lsa-da ma'rifat yoyishga qaratilgan edi. Masalan, akademiyada faoliyat olib borganlarning peshvosi Flakk Abbin Alkuin (735-804) yaxshi pedagog bo'lgan: imperator farzandlariga murabbiylik qilgan va ular uchun dialektika, grammatika, ritorika, orfografiya bo'yicha o'quv qo'llanmalar, ma'naviy-axloqiy masalalarga bag'ishlangan risolalar yaratgan. Shu bilan birga, Alkuindan qator poemalar, lirik she'rlar, epigrammalar turkumi, avliyolar hayotiga bag'ishlangan hasbi hollarni o'z ichiga olgan kattagina adabiy meros qolgan.

O'rta asrlarning oxirlariga kelib Uyg'onish davriga xos hodisalar kuzatila boshlaydi. Jumladan, yagona lotin tili hukmronligining barham topib borishi, "karoling uyg'onishi" davridan farq qilaroq, milliy tillardagi adabiyotlarning rivojlana boshlagani shuning yorqin dalilidir. Davr ziyolilari endi antik mualliflar asarlarini to'plash yoki ularga sharhlar yozish emas, ularni o'z ona tilisiga o'girish muhimroq ekanini anglay boshlaydilar. Zero, o'tmish madaniyatini egallash yangi milliy madaniyatlarni taraqqiy ettirishda muhim edi. Masalan, Brunetto Latini (1200-1294) Sitseron asarlarini jonli italyan tiliga o'giradi. Xuddi shu muallif o'rta asrlarda mavjud bilimlarni o'z ichiga olgan uch jildlik "Xazina" nomli qomusni fransuz tilida yaratadi. Yoki fransuz shoiri Estash Deshanning "Qo'shiq va balladalar to'qish san'ati" (1392) nomli asari o'rta asrlardagi poetika masalalariga bag'ishlangan ilk risola sanalishi mumkin. Bular XIII asrga kelib yevropa mamlakatlarida Uyg'onish nasimlari esa boshlaganidan, yevropa xalqlari madaniy taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo'yganidan dalolatdir.

Yuqoridagilardan ko'rinadiki, o'rta asrlar adabiy tanqidiy tafakkur rivojiga katta o'zgarish olib kirmadi. Negaki, o'rta asrlar bir madaniyatning yemirilishi va uning vayronalari ustida yangi bir madaniyatning shakllanish davri tarzida kechdi. Tarix maydoniga kirgan yangi millatlar uchun o'rta asrlar o'zlari vayron qilgan madaniyatni o'zlashtirish, yangi madaniyatni yaratish bosqichiga kirish davri bo'ldi.

Uyg'onish davri yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri

Uyg'onish (Renessans) davri G'arbiy yevropa mamlakatlarida kapitalistik munosabatlarning rivojlana boshlashi, kichik-kichik tarqoq feodal mulklar o'rnida markazlashgan monarxik davlatlarning paydo bo'la boshlashi, yangi madaniy markazlarning paydo bo'lishi, ular orasida aloqa va raqobatning kuchayishi kabi ijtimoiy jarayonlar bilan xarakterlanadi. Madaniy sohada o'rta asrlarda hukmronlik qilgan xristian ilohiyotchiligi mavqyeining birmuncha susaygani, dunyoviy bilimlarga qiziqishning ortishi kabi xususiyatlarni ko'rsatish mumkin. Ayni paytda, Uyg'onish davri dunyoqarashi, madaniyatini tom ma'noda dunyoviy deyish ham qiyin. Aytilganlar – Uyg'onish davrining asosiy xususiyatlari, uni yuzaga keltirgan hal qiluvchi omil esa boshqa. Bu omil shu ediki, endi antik yunon-rim madaniyatini vayron qilgan ko'chmanchi xalqlar bu joylarda o'rinlashgan, ular o'zlari vayron qilgan madaniyat qoldiqlarini baholi qudrat o'zlashtirib, shu asosda o'zlarining milliy madaniyatlarini shakllantira boshlagan edilar. Ya'ni, "uyg'onish" atamasi ayni shu, ilgari yarim vahshiy tarzda hayot kechirgan va endi madaniylashish yo'liga kirgan yangi millatlarga nisbatan qo'llanadi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, uyg'onish jarayoni yevropa xalqlarining barida bir paytda emas, balki buning uchun zarur shart-sharoitlar yetilishiga mos tarzda, qariyb ikki asrdan ziyod vaqt davomida kechdi. Shuning uchun ham o'rta asrlar madaniyati, xususan, adabiy tanqidiy tafakkuri haqida so'z borganda, ularning har biriga navbati bilan to'xtalish maqsadga muvofiqdir.

Uyg'onish madaniyatining beshigi sanaluvchi Italiya davr madaniy hayotining chinakam markaziga aylandi. Jug'rofiy jihatdan juda qulay, buning ustiga, qadimning buyuk bir madaniy markazi o'rnida joylashgani, antik Rim madaniyati an'analari nisbatan keng saqlangani, endilikda xristian diniy markazlaridan birib bo'lib qolgani - shu kabi omillar Italiyada madaniyatning taraqqiy etishiga zamin bo'ldi. Aytish kerakki, Italiyada rangtasvir, haykaltaroshlik, musiqa san'atlari, ayniqsa, gurkirab rivojlandi, rangtasvir madaniy hayotda yetakchi mavqye egalladi. Shunga qaramay, Uyg'onish davri italyan adabiyotining buyuk nomlarini ham dunyoga taratdi - Dante, Petrarka, Bokkachcho kabi adiblarni maydonga chiqardi.

Uyg'onish madaniyati va dunyoqarashiga xos jihatlar Dante Aligeri(1265-1321) ijodidayoq ko'zga tashlanadiki, uning "o'rta asrlarning so'nggi ... yangi davrning ilk shoiri" (F.Engels) sifatida ta'riflanishi bejiz emas. Bunga amin bo'lish uchun ulug' shoirning adabiy tanqidiy qarashlaridagi eng muhim nuqtalarga to'xtalib o'tish kifoya. Ulardan birinchisi Dantening dunyoviy adabiyot cherkovdan mustaqil bo'lishga haqli deb hisoblaganidir. Agar o'rta asrlarda cherkov hukmronligining benihoya kuchaygani, "adabiyotning vazifasi - xudoni madh etish va shu tufayligina u yashashga haqli" tarzidagi qarash ustuvor bo'lgani e'tiborga olinsa, Dantening bu qarashi o'z davri uchun nechog'liq muhimligi ayon bo'ladi. Zero, yaxshi ma'lumki, Uyg'onish davrining asosiy belgilaridan biri ham shunda - adabiyot va san'atni dunyoviy o'zanga burganida namoyon bo'ladi.

Aytish kerakki, Dantening adabiy tanqidiy qarashlaridagi ikkinchi muhim jihat - adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish haqidagi qarashlari, sa'y-harakatlari ham bevosita shu bilan bog'liqdir. Negaki, bu davrga kelib rasmiy cherkov tili - lotin tili qotib qolgan, o'lik tilga aylangan edi. O'z-o'zidan ravshanki, bunday sharoitda adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish uni cherkovdan ajratishning birlamchi sharti edi. Dante "Xalq tili haqida" nomli risolasida adabiyotni jonli tilga yaqinlashtirish zaruratini nazariy jihatdan asoslashga intiladi. Unga ko'ra, ilohiy deb birgina qadimgi yahudiy tilini e'tirof etish mumkin, boshqa tillarning bari(jumladan, italyan tili) keyin paydo bo'lgan "yangi tillar" va ularning paydo bo'lishi insonning amaliy faoliyati bilan bog'liq. Shunday ekan, qadimgi yahudiy tili o'zgarmas bo'lib qolgani holda, boshqa barcha tillar o'zgaradi, rivojlanadi. Dante o'zi yangi deb hisoblagan italyan tilini lotin tiliga qarshi qo'yadi. Dantening fikricha, xalq lahjalarini ijodiy qayta ishlash asosida adabiy til vujudga keladi va bu til butun Italiya uchun umumiy bo'lib qolishi kerak. Ma'lumki, Uyg'onish davri yevropa hududini egallagan varvarlarning millat sifatida shakllanishi, yangi milliy madaniyatlarning shakllanishi davridir. Ya'ni, ayni shu davrda italyan, fransuz, ingliz, nemis kabi millatlar, ularning milliy madaniyatlari shakllana boshladi. Millatning, milliy madaniyatning shakllanishida esa birlashtiruvchi omil sifatida tilning ahamiyati beqiyos kattadir. Shu ma'noda, Dantening butun Italiya uchun umumiy bo'lgan adabiy til haqida gapirishi ham ijtimoiy-tarixiy sharoit keltirib chiqargan zarurat natijasidir. Shu zaruratni teran anglagani uchun ham Dante, o'zi aytmoqchi, xalq tilida – italyan tilida ijod qildi. Oradan ikki yuz yil o'tgach, Petro Bembo(1470-1547) o'zining "Xalq tili haqida nasrdagi mulohazalar"(1525) nomli asarida Dantening bu boradagi xizmatlarini Sitseronning lotin tilini yuksaltirish yo'lidagi xizmatlariga tenglagan edi. Darvoqye, Petro Bembo asaridan ko'rinishicha, italyan tilining adabiy til maqomini olishi oson kechmagan. Asar munozara shaklida yozilgan bo'lib, uning ishtirokchilaridan biri – shoir Erkole lotin tilida she'rlar bitadi, italyan tiliga past nazar bilan qaraydi, xalq tilida she'r yozish mumkin deguvchilarni tushunolmasligini aytadi. Bunga Petroning akasi tilidan e'tiroz qilinadi: o'zga tilda go'zal she'rlar bitgani holda o'z tilini bilmasligidan tashvish chekmagan kishi bamisoli o'zga yurtga muhtasham qasr qurib, o'z yurtida harob kulbada umrguzaronlik qilayotgan odamdir. Asarda adabiy til bilan bog'liq muhim masalalar o'rtaga tashlanadi. Jumladan, adabiy til normalarining ishlanmagani, qariyb uch yuz yildan beri xalq tilida anchagina asarlar yozilgan bo'lsa-da, hanuz hyech kimsa uning qonun qoidalari haqida arzirli narsa yozmagani afsus bilan ta'kidlanadi. Yana bir muammo – lahjalarning ko'pligi. Ularning qay biriga asoslanish kerak? Biriga asoslanilsa, boshqa lahja vakillariga tushunarsiz bo'lmaydimi? Muammoning shu tarzda qo'yilishi suhbat ahlini adabiy til haqida to'g'ri xulosalarga boshlaydi: adabiy tilning an'anaviylik, badiiy ishlanganlik kabi muhim spetsifik xususiyatlari ta'kidlanadi. Suhbatdoshlardan biri aytadiki, maqsad adabiyotni xalq tiliga yaqinlashtirishga ko'r-ko'rona urinish emas, badiiy sayqallangan adabiy tilda yaxshi asarlar yozish bo'lmog'i kerak. Zero, bunday asarlar avval o'z davrining o'qimishli kishilariga, so'ng oddiy xalqqa maqbulu manzur bo'ladi, shunday ekan, keyin u boshqa davrlarning har ikki toifa kishilariga ham maqbul va manzur bo'la oladi.

Uyg'onish davri adabiy tanqidiy tafakkurining yangilanishi antik merosni qayta o'rganish va baholashdan boshlanadi. Agar o'rta asrlarda antik adabiyot xristian dini nuqtai nazaridan, tor va bir yoqlama talqin qilingan bo'lsa, Uyg'onish davri unga yuksak ehtirom bilan qarab, unda o'zi uchun ibrat namunasi, boy tajriba maktabini ko'rdi. Antik yozma yodgorliklarni to'plash, ularni filologik tadqiq qilishga e'tibor kuchaydi. Shunisi diqqatga molikki, bu boradagi ishlarni boshlab berganlar qatorida Franchesko Petrarka (1304-1374), Jovanni Bokkachcho (1313-1375) kabi so'z san'atkorlari birinchilardan sanaladilar. Petrarka qadimdagi salaflari - Vergiliy, Sitseron, Seneka singarilarning asarlarini qunt bilan o'rgandi, ularning badiiy tafakkur tarzi, uslubini ijodiy o'zlashtirishga intildi. Petrarkaning salaflariga ehtiromi shunchalarki, o'z asarlarini ular ijod qilgan tilda - o'rta asrlardagi "buzilish"lardan holi "sof" lotin tilida yozishni ma'qul ko'rdi. Antik Rimning atoqli kishilari hasbi hollari jamlangan "Mashhur eranlar haqida" nomli asari, antik adabiyot namunalari jamlangan "Diqqatga molik narsalar haqida" nomli majmuada, shuningdek, antik adiblarga bitilgan xayoliy maktublarida Petrarkaning adabiy tanqidiy qarashlari o'z ifodasini topgan. Jumladan, Petrarka so'z san'atiga o'rta asrlarda bo'lgani kabi oddiy bir kasb sifatida qarashga qarshi chiqadi, uni tom ma'nodagi erkin ijod mahsuli deb biladi.

Mashhur "Dekameron" muallifi Jovanni Bokkachcho ham antik merosni o'rganishga katta hissa qo'shgan. Uning "Majusiy ilohlar shajarasi" nomli asarining qator o'rinlarida adabiyot haqida qimmatli fikr-mulohazalar bildiriladi. Jumladan, antik faylasuflar izidan borgan Bokkachcho ham adabiyotni tabiatga taqlid deb biladi. Bokachcho erkin ijod tarafdori, shuning uchun ham san'atkor turli syujetlardan foydalanishga haqli ekanini asoslaydi. Uning ta'kilashicha, adabiyot badiiy to'qimaga keng o'rin beradi, ayni paytda, badiiy to'qimaning tashqi jihatdan tabiatga muvofiqligini talab etib bo'lmaydi, negaki, agar bu narsa talab qilinsa, adabiyotdan keladigan foyda chippakka chiqadi.

Antik merosni o'rganishning kengayishi bilan bog'liq holda matnshunoslik sohasi rivojlandi. Bu borada Anjelo Politsiano (1454-1494), Lorenso Valla (1454-1494) singari matnshunoslarning xizmatlarini alohida qayd etish zarur. O'rta asrlardagidan farqli o'laroq, Uyg'onish davri matnshunoslari antik qo'lyozmalarni ular yaratilgan davr sharoiti va til xususiyatlarini e'tiborga olgan holda tadqiq etib, asarlarning mazmun-mohiyatini aslicha anglashga intildilar. Bu esa matnshunoslikda tom ma'nodagi ilmiy yondashuv tomon burilish, aniqrog'i, qaytish bo'lganidan dalolatdir. Italyan matnshunoslari qadimgi qo'lyozmalarning g'ayri ilmiy talqin qilinishiga qarshi turdilar, qo'lyozmalarni tiklashning (shuningdek, sharhlashning) asosi sifatida teran filologik tadqiqotlarnigina tan oldilar.

Aristotel poetikasining ikkinchi bor kashf etilishi adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi o'ta muhim hodisa sanalishi mumkin. Ushbu asar 1508 yilda Jorjo Valla tomonidan avval lotin, so'ng yunon tilida nashr ettirildi. 1549 yilda esa "Poetika"ning italyan tilidagi tarjimasi nashr etildi. "Poetika" adabiy doiralarda katta qiziqish uyg'otdi: unga turlicha munosabatda bo'lindi, asar turlicha yo'sinlarda talqin qilindi, uning tevaragida o'tkir bahs-munozaralar qo'zg'aldi. Bu esa, birinchi galda, adabiy jarayonda hal etilishi zarur muammolarning yetilib qolgani, ularning kun tartibidagi dolzarb masalaga aylanib qolgani bilan bog'liq edi. "Poetika" e'lon qilinganidan so'ng birin-ketin nazariy xarakterdagi asarlarning paydo bo'la boshlagani ham shuning dalilidir.

Antonio Minturnoning "Shoir haqida" (1559), "Poetik san'at"(1563) nomli asarlari yuqoridagicha sharoitning mahsuli sifatida dunyoga kelgan. Ularning birinchisida antik adabiyot haqida bahs yuritilib, u lotin tilida yozilgan. "Poetik san'at"da zamonaviy adabiyot haqida so'z boradi, bunisi italyan tilida yozilgan. Muallif asarni to'rt kitobdan tarkib toptirgan bo'lib, birinchi kitobda epik poeziya, ikkinchisida dramatik poeziya, uchinchisida lirik poeziya, to'rtinchisida uslub masalalariga to'xtaladi. Ko'rinib turganidek, muallif adabiyotning o'z davri uchun muhim masalalarini qamrab olishga intiladi. Asar adabiyotshunoslikdan qo'llanma tarzida yozilgan, unda o'z vaqtida Piza universitetida saboq bergan muallif qalami sezilib turadi. Minturnoning asariga xos xususiyatlardan yana biri shuki, unda muayyan "norma"larni ishlab chiqish, tayin etishga intilish seziladi. Antik adabiyotni etalon deb hisoblagani uchun bo'lsa kerak, Minturno italyan adabiyotida yangi paydo bo'lgan janr - romanni yoqlamaydi. Negaki, "romanlarda Aristotel va Goratsiylar amal qilishni uqtirgan, Gomer va Vergiliylar amal qilgan shakl va tartib yo'q" . Minturno ushbu masalada "roman ritsarlar haqida bo'lgani uchun ham Gomer va Vergiliylar ijodiy yo'liga to'g'ri kelmasligi tabiiy" tarzidagi asosli e'tirozni qabul qilmaydi. Chunki u, antik adabiyot an'anasiga ko'ra, epik poeziyadagi barcha voqyealar bitta nuqtadan boshlanib, bitta yakunga kelishi lozimligini yaxshi biladi. Adabiyotni "norma"lashtirishga intilgani uchun ham Minturno bu qoidani qat'iy va o'zgarmas deb biladi, unga sig'magani uchun ham romanni poeziyaga mansub qilish mumkinligiga shubha bildiradi.

Lodoviko Kastelvetroning "Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan Aristotel "Poetika"si" nomli asari shu tipdagi asarlar orasida alohida o'rin tutadi. Aytish kerakki, Kastelvetro adabiyot haqidagi fikrlarini ba'zan Aristotel bilan bahs shaklida, ba'zan uning qarashlarini rad etish orqali, ba'zan esa ularni rivojlantirish asosida ifodalagan. Shu ma'noda, asarni oddiygina "sharh" sifatida tushunish unchalik to'g'ri emas. Negaki, Kastelvetro Aristotel fikrlarini sharhlarkan, avvalo, ularni o'z davri nuqtai nazaridan tushunadi va tushuntiradi, ikkinchidan, ularni o'z qarashlari bilan boyitadi, rivojlantiradi.

Kastelvetro Aristotel ta'limotining asosi - mimesis nazariyasini, garchi to'la inkor etmasa-da, jiddiy shubha ostiga oladi. Unga ko'ra, poeziya insonga bolalikdan (ya'ni, tabiatan) xos taqlid asosida paydo bo'lgan emas. Negaki, insonga bolalikdan xos taqlid birov yaratgan narsa yoki harakatga taqlid bo'lsa, "poeziya ilgari yaratilgan narsadan mutlaqo farqli bir narsani yaratadi", uning o'zi "taqlid qilish lozim bo'lgan narsani taqdim etadi". Kastelvetro ijodning yaratish jarayoni ekanini va uning ongli ravishda kechishini ta'kidlab, "poeziyaga xos taqlidni oddiy taqlid deb, aynan taqlid deb atab bo'lmasligi"ni aytadi. Shunga ko'ra, Kastelvetro "poeziya o'z-o'zicha, ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi" degan fikrni inkor qiladi. Jumladan, she'riyatning (stixoslojenie) paydo bo'lishi masalasida u yozadi: "Aristotel she'riyat tuyqusdan va ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi deganida, unga qo'shilishim juda qiyin, zero, tuyqus qilingan har qanday narsa haqiqatda uzoq mashqlardan so'ng va shu asnoda egallangan ko'nikmalar yordamida qilingandir".

Kastelvetro Aristotelning fabula haqidagi fikrlarini sharhlarkan, ularni sezilarli rivojlantiradi. Masalan, garchi alohida ta'kidlamasa ham, u syujet vaqti bilan kompozitsiya vaqti, rivoya vaqti bilan voqyea vaqtini farqlaydi. Kastelvetro syujet voqyealari xotiralar bilan, o'tmishga qaytish bilan kengayishi mumkinligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, "Ullisning o'zi Troyadan qaytishda boshdan kechirganlari haqidagi hikoyasini ko'p yillar davomida yuz bergan hodisalarni o'z ichiga olgan voqyea deb hisoblamaslik kerak, aksincha, uni bir necha soat davomida yuz bergan voqyea - Ullisning haqiqatga monand tarzda bir oqshom doirasiga siqqan hikoyasi deb bilmoq lozim" . Shu xil mulohazalardan kelib chiqqan holda Kastelvetro fabula hajmi masalasiga to'xtaladi. U "ko'rish va eshitish orqali qabul qilinadigan fabula, ya'ni tragediya va komediya fabulasi o'n ikki soat chegarasidan chiqmasligi lozim" deydi va bu o'rinda Aristotelni qo'llab-quvvatlaydi. Biroq faqat eshitish orqali qabul qilinadigan fabulaning", ya'ni epik asar fabulasining hajmini chegaralamaslik kerak deb hisoblaydi. Shuningdek, Aristotelning "tragediya, komediya va epopeyaning fabulasi yaxlit bo'lmog'i, bitta shaxs bilan bog'liq bitta voqyeadan iborat bo'lmog'i lozim" tarzidagi talabiga qo'shilmaydi. Uning fikricha, agar bunday talab qo'yilsa, "Iliada"ning fabulasi ham nomukammaldir. Chunki, "garchi u bitta voqyea yoki, Aristotel so'zlari bilan aytsak, voqyeaning bir qismi, ya'ni Troya urushining bir qismidan iborat bo'lsa-da, o'sha voqyea bitta shaxs bilan emas, butun bir xalq bilan bog'liq voqyeadir" . Ko'rib turganimizdek, Kastelvetro qahramon va voqyea birligi talabidan antik davrdayoq chekinilganiga ishora qiladi. So'ng esa o'zining "poeziya tarixga taqlid qiladi" degan qarashidan kelib chiqib, modomiki tarix yagona hikoyaga bir qahramon bilan bog'liq bir necha hikoyani sig'dira olar ekan, unda poeziya ham bir fabula doirasida bir qahramon bilan bog'liq bir necha voqyeani hikoya qilishi mumkin, degan xulosaga keladi. Keyin yana qo'shib qo'yadiki, poeziya ko'plab odamlarning harakati bilan bog'liq bir necha voqyeani ham hikoya qila oladi.

Agar Kastelvetroning bu fikrlari bilan Minturno qarashlari qiyoslansa, Kastelvetro Aristotel ta'limotiga nisbatan tanqidiy mavqyeni egallagani, nazariy muammolar haqida o'z davri adabiyoti, undagi taraqqiyot tendensiyalarini hisobga olgan holda fikrlaganini ko'rish mumkin bo'ladi. Jumladan, Kastelvetroning Aristotelga epik janrlar, ularning fabulasi masalasida e'tiroz qilishi bejiz emas. Zero, ayni shu davrda oyoqqa turib, tobora ommalashib borayotgan roman janri nazariy qarashlarga muayyan o'zgarishlar kiritish zaruratini yuzaga keltirgan edi.

Aristotelning "Poetika"siga nisbatan ko'proq tanqidiy munosabatda bo'lganlardan biri Franchesko Patritsidir. Patritsi o'zining "Poetika"(1586) nomli asarida Aristotelning to'liq holda yetib kelmagan, tarqoq parchalar holidagi ushbu asarining nazariy qimmati shubha ostiga olindi. Bundan tashqari, Patritsi Aristotelning mimesis ta'limotini inkor qildi. Uning fikricha, Aristotelda taqlid doirasi inson xarakteri, ehtiroslari va amallari bilan cheklanib qolgan, holbuki, adabiyot va san'at qamrab oladigan narsalar (ilohiyot, tabiat va b.) ko'lami ancha kengdir. Patritsi nazdida adabiyot va san'at spetsifikasi "taqlid"da emas, balki "ifoda"dadir. Uning fikricha, poeziyaning mohiyati, spetsifikasi san'atkor ichki dunyosini ifodalashda namoyon bo'ladi. Albatta, Patritsi muayyan asosga ega, biroq u taklif etgan "ifoda" ham adabiyotning mohiyatini to'la qamrab ololmaydi, faqat bir qirrasini ochib beradi, xolos. Nima bo'lganda ham, Aristotel "Poetika"siga nisbatan jonli munosabatning mavjudligi adabiyot va san'at mohiyatini nazariy jihatdan anglash va anglatishga ehtiyoj tug'ilganini ko'rsatadi. Bunga esa antik faylasufning asari kuchli turtki bergani shubhasizdir.

Uyg'onish davrida antik adabiyotga yuksak ehtirom bilan qaralgani, antik adiblar ishlab chiqqan qoidalarga amal qilingani aytildi. Biroq yangicha ijtimoiy-tarixiy sharoitda yetilgan ma'naviy-ruhiy, badiiy-estetik ehtiyojlar, tabiiyki, shunga mos o'zgarishlar, yangilanishlarni ham taqozo etardi. Shuning natijasi o'laroq, Uyg'onish davri adabiyotida romanning yangi janr ko'rinishlari, novella, qahramonlik poemasi singari yangi janrlar paydo bo'ldi. Tabiiyki, adabiy doiralarda bunday o'zgarishlarga turlicha munosabatda bo'lindi, bir-biriga tamom zid fikr-mulohazalar bildirildi. Shunday bahs-munozaralar qo'zg'agan asarlardan biri Torkvato Tassoning 1580 yilda chop etilgan "Ozod qilingan Ierusalim" asari bo'ldi. Ayrim tanqidchilar unda dunyoviy motivlar, ishqiy sahnalarning ko'payib ketganini aytib e'tiroz qilsalar, boshqalari asarga katolik ruhi singdirilganini qabul qilmadilar; birlari undagi haqiqat va fantastikaning qorishib ketganini singdirolmasalar, tag'in birlari tilining qo'polligi, grammatik buzilishlar borligini kamchilik sifatida ko'rsatdilar. Albatta, asar har jihatdan mukammal emasdi, lekin qo'zg'algan e'tirozlar asosida ko'proq yangilikni hazm qilolmaslik yotardi. Tasso tanqid talablaridan kelib chiqib asarini jiddiy qayta ishlagan bo'lsa-da, unda o'z ijodiy prinsiplarini anglatish, yangi janrni nazariy jihatdan asoslash ehtiyoji tug'ildi. Shuning natijasi o'laroq, 1594 yilda Tasso "Qahramonlik poemasi haqida mulohazalar" nomli asarini yozdi.

Tassoga ko'ra, ijodkor qarshisida uchta asosiy vazifa ko'ndalang bo'ladi: 1) material tanlash, 2) shu materialni sig'dira oladigan shakl tanlash, 3) materialga sayqal berish, uni bezash. Shundan kelib chiqib, Tasso o'z kitobida qahramonlik poemasi materiali, fabulasi (shakli) va uslub masalalarini diqqat markaziga qo'yadi.

Tassoning uqtirishicha, poeziyaning materiali o'ta rang-barang, hududi cheksiz: yer va yer osti, osmonning eng tepasi unga material bo'la oladi - Gomer, Vergiliy, Dantelar ijodi buning yorqin dalili. Ijodkor oldida turgan eng mas'uliyatli vazifa shular ichidan eng maqbulini tanlashdir. Zero, "materiya bamisoli o'tib bo'lmas chakalakzor o'rmondirki, unga quyosh nurining tushishi mahol, agar san'at o'sha o'rmonni yoritmas ekan, odamlar uning ichida yo'lboshchisiz adashadilar" . Ko'rib turganimizdek, Tasso san'atning ijtimoiy vazifasiga, uning ma'rifiy ahamiyatiga diqqatni tortadi, tanlash mas'uliyatini shunga keltirib bog'laydi. Tassoga ko'ra, shu cheksiz material ichidan "eng maqbuli, qayta ishlash va sayqal berish uchun yaraydigan"ini tanlab ololgan kishi mahoratli san'atkordir. Tasso ijodda ongning ahamiyatini yuqori qo'yadi. Unga ko'ra, tanlash faqat ong tufayli mumkin bo'ladi, materialni "tanlash va mushohada qilish"siz san'at mavjud emas.

Tasso syujetni to'qish emas, tarixdan olgan ma'qul deb biladi. Unga ko'ra, agar tarixiy asar materiali tarixlarda qayd etilgan voqyea va faktlarga tayanmasa, o'quvchini hayratlantira olmaydi, negaki, o'quvchi unga ishonmaydi. Modomiki, poeziya taqlid qilmoq ekan, mavjud bo'lmagan narsalarga taqlid qilib bo'lmaydi, deb hisoblaydi u. Biroq bundan Tasso to'qimaga butkul qarshi, degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Aksincha, Tasso "oqilona fantaziya" tarafdori. Uning uqtirishicha, mavjud narsalarni aks ettiruvchi obraz haqiqatga monand, ishonarli taqlid natijasidir. Biroq "mavjud narsa" deganda ko'zga ko'rinib turgan narsalargina emas, aql bilan idrok etiladigan narsalar ham tushuniladi. Shunga ko'ra, masalan, farishtalar obrazi ham "mavjud narsa"larga taqlid natijasidirki, bunda oqilona fantaziyaga tayanilgan. Shu mulohazalardan kelib chiqib, Tasso ishonarli taqlid oqilona fantaziya bilan uyg'unlasha oladi, degan xulosaga keladi. Zero, uning fikricha, oqilona fantaziya haqiqatga monandlikka, ishonarlilikka putur yetkazmaydi.

Tasso poemaning yangiligi masalasiga alohida to'xtaladi. Uning fikricha, poemaning yangiligi materialga qarab emas, shaklga qarab belgilanadi. Ya'ni, material barchaga ma'lum, ilgari ham qalamga olingan bo'lishi mumkin, biroq agar voqyealar yangicha bog'langan, yangicha tugun va yechimga ega, yangi epizodlar kiritilgan bo'lsa, poema yangi hisoblanaveradi. Biroq bundan Tasso birinchi o'ringa shaklni qo'yadi degan fikr kelib chiqmasligi kerak. Bu o'rinda Tasso qo'ygan muhim bir shart diqqatga loyiq. Uning uqtirishicha, shoir hammavaqt haqiqatning do'sti bo'lib qolishi, unga yangidan zeb berib yangicha nurlantirish bilan mashg'ul bo'lishi lozim. Ravshanki, bu shartning amalga oshishi uchun eski materialdagi voqyealarni yangicha bog'lash, yangi tugun va yechim bilan ta'min etib, yangi epizodlar bilan boyitish zarur. Tassoga ko'ra, materiya – hali epik shoirning mahoratli qo'li tegmagan hayotiy (yoki tarixiy) material, "epik shoir tomonidan qayta ishlanib, joylashtirilib, nutqiy bezak berilgach, u endi materiya bo'lmaydi – fabulaga, poemaning shakli va ruhiga aylanadi". Ko'rib turganimizdek, Tasso shakl va mazmun birligini ko'zda tutadi, materialga ijodiy yondashishni eng muhim shart deb biladi. Aksincha, materialga ijodiy yondashuv bo'lmasa, agar asar qahramonlari(ularning nomlari) to'qima, lekin voqyeaning tugun va yechimi o'zlashtirilgan bo'lsa, bunday poema yangi sanalmaydi. Tasso bu o'rinda o'z zamonida ko'p urchigan, antik adabiyotdan nusxa olib yozilgan (aniqrog'i, ularga yangicha to'n kiydirilgan) tragediyalarni nazarda tutadi.

Joaken Dyu Bellening "Fransuz tili muhofazasi va madhi" (1549) nomli asari o'zining mazmun-mohiyati bilan Dantening "Xalq tili haqida", Petro Bemboning "Xalq tili haqida nasrdagi mulohazalar" asarlariga yaqin turadi. Risola XVI asrda tashkil topgan taraqqiyparvar adiblar uyushmasi - "Pleyada"(Pleiade)ning manifesti sifatida yaratilgan. Asar lotin tilidagi adabiyotga ko'r-ko'rona ergashishga qarshi qaratilgan bo'lib, fransuz tilida buyuk adabiyot yaratish g'oyasi bilan sug'orilgan. Dyu Belle fransuz tilining shu vazifani uddalashga qodir ekanligini asoslashni o'z oldiga maqsad qilib qo'yadi. U tilning ilohiy tabiatini inkor qiladi, tilning paydo bo'lishi ham, uning rivojlanganlik darajasi ham insonlarning maqsadli faoliyatiga bog'liq deydi. Dyu Bellening ta'kidlashicha, fransuz tilining mavjud holati fransuzlarning o'z tiliga e'tiborsizligi tufaylidir, agar yunonlar va rimliklar o'z tillariga fransuzlarday munosabatda bo'lganlarida, bu darajada rivojlangan tilga ega bo'lmasdilar. Fransuz tilini boyitish uchun, Dyu Bellega ko'ra, qadimgi tillardan so'z va nutq qurilmalarini o'zlashtirish lozim. Lekin o'zlashtirish oqilona, fransuz tili tabiatini hisobga olgan va unga muvofiq holda amalga oshirilishi kerak. Ayni chog'da, fransuz tilini boyituvchi manbalar sifatida u turli ijtimoiy guruhlar va lahjalardan ham foydlanish zarur deb hisoblaydi.

Dyu Belle ijodkorlarni antik adabiyotdan o'rganishga da'vat etadi, chunki, uningcha, bu narsa fransuz adabiyotini yuksaltirishiga, mukammal badiiy asarlar yaratilishiga asos bo'ladi. Shuningdek, u fransuzlar italyan adabiyotidan ham o'rganishi kerak deb biladi. Biroq antik adabiyot va italyan adabiyotiga yuksak e'tibor bilan qaragani holda, u milliy adabiy an'analarga past nazar bilan qaraydi. Jumladan, Dyu Belle o'rta asrlar fransuz adabiyotidagi ballada, qirol qo'shiqlari kabi janrlarni inkor qilib, antik adabiyotdagi oda, elegiya, sonet kabi janrlarni yuksak baholaydi. Xuddi shunga o'xshash, u o'rta asrlarda paydo bo'lgan fars, moralite singari dramatik janrlarga antik tragediya va komediyani qarshi qo'yadi. Biroq bulardan Dyu Belle antik adabiyotga ko'r-ko'rona taqlid qilishga chaqiradi degan fikr kelib chiqmasligi kerak. U, masalan, antik she'r tizimini fransuz she'riyatiga tatbiq etilishiga qarshi, chunki bu tizim fransuz tili tabiatiga muvofiq emas. Aytish mumkinki, Dyu Belle o'z oldiga milliy adabiyotni yuksaltirish maqsadini qo'ygan, buning uchun esa fransuz adabiyoti o'zigacha mavjud adabiyotning eng yaxshi namunalaridan o'rganishi kerak deb bilgan.

Asli italiyalik bo'lgan Yuliy Sezar Skaligerning (1484-1558) faoliyati Fransiya adabiy tanqidiy tafakkuri rivojida salmoqli o'rin tutadi. Skaliger 1529 yildan Fransiyada yashab, filologik tadqiqotlar, tanqidchilik va tabobat bilan mashg'ul bo'ladi. Uning adabiy nazariy qarashlari "Poetika" (1561) nomli asarida to'la aksini topgan. Muallif ko'p jihatdan Aristotel qarashlariga tayansa-da, qator nuqtalarda antik salafi bilan bahslashadi, o'z davri adabiyoti tajribasidan kelib chiqib, muayyan yangiliklar kiritadi.

Skaliger poeziyaning paydo bo'lishini o'ziga xos tushuntiradi. Unga ko'ra, mavjud narsalarning barini uch turga: zaruriy, foydali va huzurbaxsh narsalarga ajratish mumkin. Jumladan, fikr tashish – zarurat, shu zarurat asosida nutq paydo bo'lgan. O'z navbatida, barcha san'atlar (ilmlar) nutq asosida vujudga kelgan. Skaliger nutq zarurat tufayli, amaliy foydalanish yoki huzurlanish maqsadida qo'llanilishi mumkin deb biladi va shunga mos holda nutqning uchta tipini ajaratadi. Ya'ni, haqiqatni bilish zarurati falsafaga, amaliy foydalanish maqsadi maishiy donishmandlikka, huzurlanish istagi poeziyaga nutq berdi.

Skaliger nutqning uchinchi tipiga tarixni ham mansub etarkan, uni poeziya bilan qiyoslaydi. Uningcha, poeziya va tarixning mushtarak tomoni – ikkisining ham voqyealarni hikoya qilishida, farqi shuki, tarix "haqiqatda bo'lgan narsalar haqida aslicha hikoya qiladi", poeziya esa "haqiqatda bo'lgan narsalarga to'qimani qo'shib" yoki "to'qima voqyealar orqali haqiqatda bo'lgan voqyealarga taqlid qilgan" holda hikoya qiladi. Ayni shu narsani Skaliger poeziyaning ustun jihati deb biladi. Chunki boshqa san'atlar (ilmlar) voqyea yoki narsani aslicha taqdim etadi, poeziya esa "go'yo ikkinchi tabiatni ham ko'plab taqdirlarni yaratadi, shu tariqa uning o'zi ikkinchi Xoliqqa aylanadi".

Skaliger poeziya taqlid san'ati ekanligini inkor qilmaydi, biroq uning fikricha, taqlid poeziyaning asosiy maqsadga yetishi uchun bir vosita, poeziyaning maqsadi esa huzur bergan holda ta'lim berishdan iboratdir. Shu masalada u Aristotel bilan bahslashadi, poeziyaning maqsad-mohiyatini taqlidga bog'lab tushuntirilishiga qo'shila olmaydi. Skaliger ko'plab she'riy janrlarning bunday ta'rif doirasiga sig'masligi, ularda taqlid emas, ijodkor qalbidagi his-tuyg'ularni "ifodalash" yetakchiligini ta'kidlaydi. Shunga ko'ra, u taqlid poeziyaning belgilovchi xususiyati ekanligini shubha ostiga oladi: "Poeziya taqliddan yuzaga kelmaydi, zero, har qanday poetik asar ham taqlid emas; taqlid qilayotgan har kim ham ijodkor emas". Aks holda, xo'jasining buyrug'ini o'z tilidan yetkazayotgan gumashtani ham shoir deb hisoblashga to'g'ri kelur edi. Skaliger har qanday nutqda taqlid bor, chunki so'z narsalarning obrazidir degan fikrni oldinga suradi. Ko'rinadiki, Skaliger hali mimesis nazariyasidan to'la uzilib ketmagan bo'lsa-da, poeziyaning paydo bo'lishi va mohiyatini nutqqa bog'lab tushuntirishga harakat qiladi. To'g'ri, uning bu nav qarashlari tizim holiga kelmagan, lekin masala mohiyatiga ancha chuqur nazar solgani, qimmatli fikrlar bildirgani ham shubhasizdir.

Skaligerga ko'ra, "poetika biz poeziya deb ataydigan narsani yaratishni o'rgatuvchi fan, qoidalar tizimi"dir. Ya'ni, u poetikani amaliy fan, vazifasi muayyan qoidalar tizimini ishlab chiqish deb biladi. "Poetika"da adabiy tur, shakl va mazmun, vaqt, makon, syujet, personajlar, uslub kabi masalalarga keng o'rin berilgan, muayyan me'yorlar ishlab chiqishga harakat qilingan. Jumladan, u ijodkorlar oldiga pesani besh pardaga bo'lish, makon zamon va harakat birligi talabiga qat'iy amal qilish, tragik va komik belgilarni aslo qorishtirmaslik, ulug'vor-ko'tarinki ruh bilan yo'g'rilgan syujet, favqulodda hayotiy holatlar yaratish, voqyeaning eng tig'izlashgan nuqtasini qalamga olish kabi talablarni qo'yadi. Agar fransuz klassitsistlari ham adabiyotga shu talablarni qo'ygani e'tiborga olinsa, Skaliger "Poetika"sining ahamiyatini tasavvur qilish qiyin emas.

Uyg'onish davri Angliya adabiy tanqidiy tafakkuri tarixida Filipp Sidnining (1554-1586) faoliyati muhim o'rin tutadi. Uning "Poeziya himoyasiga"(1580) nomli asari Angliya Uyg'onish davri adabiyotining manifesti sifatida qaraladi. Asar "apologiya" - himoyachi nutqi shaklida yozilgan. Gap shundaki, bu asar Reformatsiya davrida maydonga chiqqan radikal puritanlarga xos san'atga salbiy munosabatning kurtaklari ko'rina boshlagan paytda yozilgan bo'lib, Gossonning "Qabohat maktabi" asariga javob tarzida dunyoga kelgan. Demak, janr talabi bilan (bu talab esa muallif maqsadiga mos, albatta) Sidni adabiyotning foydasiga dalillar keltirishi, ularni asoslashi lozim. Shu bois ham Sidni boshdanoq adabiyotning kishilik jamiyati hayotida juda katta o'rni borligini, adabiyot insonning dunyoni idrok etishi yo'lidagi ilk vosita bo'lganini ta'kidlaydi. Mazkur da'voni dalillash uchun Irlandiya va Turkiyani misol keltirarkan, Sidni bu mamlakatlarda fan yo'q, lekin adabiyot bor ekanligini aytadi. Hatto taraqqiyotdan tamom ortda qolgan yovvoyi hindularning ham o'z shoirlari bo'lib, ular she'r to'qib ajdodlari tarixini kuylaydilar, o'z xudolarini madh etadilar.

Sidni poeziyani boshqa fanlardan ustun qo'yarkan, boshqa barcha fanlar tabiat yaratgan narsalarni o'rganadi va unga bog'liq, faqat poeziyagina "ikkinchi tabiatni yaratadi", u yaratgan narsa yo mavjud narsadan mukammalroq, yo umuman yangi deb biladi. Poeziya tabiatni go'zalroq, insonni komilroq qilib yaratadi, eng muhimi, poeziya bu bilan insonlarni komillikka, ezgulikka yetaklaydi. Xuddi Skaliger kabi, Sidni poeziyaning maqsadi ta'lim va lazzat berish, aniqrog'i, lazzat bergan holda ta'lim berishdan iborat deb tushuntiradi.

Sidni poeziyani taqlid san'ati derkan, nimaga taqlid qilinayotganiga ko'ra uning uchta xilini ajratadi: 1) ilohiyotga taqlid; 2) falsafiy materiyalarga taqlid; 3) tabiatga taqlid. Unga ko'ra, shu uchinchi xilgina chinakam "poeziya", uni yaratuvchilar "poet" (yaratuvchi, ijodkor) sanalishi mumkin. Ko'rib turganimizdek, Sidni "adabiy asar" bilan "badiiy asar"ni, keng ma'nodagi "adabiyot" bilan "badiiy adabiyot"ni farqlaydi. Muhimi, Sidni ular orasidagi farqni ko'rsatishga intiladi. Uning aytishicha, aksariyat ijodkorlar to'qimalariga she'riy libos kiydiradilar. Biroq she'r atigi poeziyaning bezagi, belgisi emas. Poeziyaning belgilovchi xususiyatini Sidni obrazlilikda ko'radi. Uning uqtirishicha, falsafa orzulangan narsa haqida hukm tarzida gapirsa, poeziya uni "to'qima qahramonning mukammal obrazida" namoyon etadi. Sidni badiiy obrazda "alohida misolda umumiy g'oya tajassum topishi"ni ta'kidlaydiki, bu bilan badiiy obrazga xos muhim spetsifik xususiyatni to'g'ri ko'rsatadi.

Radikal puritanlar tomonidan poeziyaga bir qator ayblovlar qo'yilganki, Sidni ularni birma-bir inkor qiladi. Jumladan, "poeziya bilan shug'ullanish - vaqtni bekor sovurish" tarzidagi ayblovga qarshi "ilmlarning sarasi insonni ezgulikka boshlaydiganlaridir, hyech bir narsa insonni ezgulikka poeziyachalik yaxshi oshno qilolmaydi" deydi. Yoki "poeziya - yolg'onning onasi" degan ayblovga javoban aytadiki, "ijodkor to'qib chiqarilgan narsalarni hikoya qilsa-da, ularni haqiqat deb taqdim qilmaydi, bas, u yolg'on so'zlamaydi". Puritanlarning "poeziya kishilar axloqini buzadi" degan da'vosini ham Sidni inkor qiladi. U poeziyadan yomon maqsadda foydalanish mumkinligi, poeziya o'zining jozibasi bilan bu borada katta zarar yetkazishi ehtimolini e'tirof etgani holda haqli bir savol qo'yadi: agar biror narsadan yomon maqsad yo'lida foydalanilayotgan ekan, aybdor o'sha narsaning o'zi bo'ladimi yo undan foydalanayotganlarmi?

Sidni qadimgilar poeziyani ilohiy deb tushungani, ijodkor bo'lish uchun xudo bergan iste'dod zarur deb hisoblaganlarini aytib, ularga, umuman, qo'shiladi. Biroq, uningcha, har qanday katta iste'dod ham, xuddi unumdor yer ishlovga muhtoj bo'lganidek, parvarishga muhtoj deb biladi. Ijodkor mahoratini oshirib borishi, tinimsiz mashq qilishi, o'rganishni kanda qilmasligi zarur. Jumladan, Sidni ijodkorlarni antik adabiyotdan o'rganishga chaqirarkan, unda ishlatilgan usullardan ko'r-ko'rona emas, o'rnida va ma'lum maqsadni ko'zlagan holda foydalanish joizligini ta'kidlaydi.

O'z davri ingliz adabiyotidagi holatdan qoniqmagan Sidni qator tanqidiy mulohazalarni bildiradi. Jumladan, u dramaturgiyaga to'xtalib, ko'p vaqt davomida va ko'p joyda kechuvchi voqyealarni tasvirlashga urinishni tanqid qiladi. Shuningdek, u tragediyada qirollar bilan masxarabozlarning aralashib yurishi, buning mazmun talabi bilan emasligini yoqlamaydi. Sidni komediyaning vazifasi yengil kulgi emasligini, maqsad kuldirishning o'zi emas, balki "insonlarga va tabiatga nomuvofiqlikdan" kelib chiqayotgan kulgi bo'lishi kerakligini ta'kidlaydi. Lirik asarlarning zaifligini mazmun zaifligida ko'rgan Sidni shoirlarning ortiqcha jimjimadorlikka, ekzotik so'zlar ishlatish va tasviriy vositalarni qalashtirib tashlashga moyilliklarini "qalb qashshoqligini xaspo'shlashga urinish" deb biladi. Tilning sodda, yorqin bo'lishini talab qilgan Sidni ortiqcha jimjimadorlikni yovvoyi hinduning qulog'igagina emas, burniyu labiga ham sirg'a taqib olishiga o'xshatadi. Uning uqtirishicha, bunaqa she'rda samimiyat yo'qoladi, his-tuyg'ular xiralashadi; holbuki, she'rda muhimi - his-tuyg'u ifodasi, qolgan narsalar esa vosita, bezak xolosdir. Sidni Angliyada poeziya munosib qadr topmayotgan ekan, bunga, birinchi galda, she'rbozlaru qofiyabozlar aybdor deb biladi. Sidni poeziyani kamsituvchilarga zid o'laroq, uning ulug'ligini ta'kidlaydi, shoirlarni "poet" (yaratuvchi) degan nomga munosib bo'lishga, boshqalarni shoir nomini eshitib kulmaslikka, shoirlarni masxaraboz deb bilmaslikka chaqiradi.

Ingliz dramaturgi Ben Jonson(1573-1637)ning vafotidan so'ng chop etilgan "Qaydlar yoki kuzatishlar" nomli asarida yozuvchi ahliga qator maslahatlar berilgan. Jumladan, u "yaxshi yozish uchun" uchta shartni bajarish lozim deb uqtiradi: eng yaxshi adiblarni o'qish, eng yaxshi notiqlarni tinglash, ko'p mashq qilish ". B.Jonson ijod onlarida ilhom kuchi bilan oson yozilishini ta'kidlaydi, biroq bunga hushyor qaramoq, oson yozilgan narsaga qaytish va uni sabr-la sayqallash zarur. Zero, tez yozish yaxshi uslubni vujudga keltirmaydi, aksincha, uslubni yaxshilash ustida ishlash asta-sekin tez yozishga o'rgatadi. Ayni chog'da, B.Jonson tabiat ato etgan iqtidorning ahamiyatini baland qo'yadi, usiz san'atkorligu mahorat, o'rganib olingan qoidalar hyech bir kuchga ega emas deb hisoblaydi.

B.Jonson shakl va mazmun birligini, ularning munosabatida mazmunning yetakchiligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, nutq mavjudotlar orasida faqat insongagina in'om etilgan ustunlikdirki, uning yordamida inson o'z aqlining yuksakligini namoyon eta oladi. Har qanday nutqda so'z va ma'no bamisoli jismu tandek yaxlit birlikni tashkil qiladi. Ma'no so'zning joni, usiz so'z o'likdir. Shunga ko'ra, "muallif avval mazmunni o'ylab topib, so'ng shunga mos so'zlarni tanlashi va bu asno har ikkisining salmog'ini tekshirib borishi darkor ". B.Jonsonga ko'ra, mazmun (ma'no) ijodkor tajribasi, uning inson hayoti va faoliyatini, shuningdek, san'atlar va gumanitar fanlarni bilishi asosida tug'iladi. Ayni shu mazmunni ifodalash uchun so'zlarni saralash, "so'zlayotgan personaj obrazi yoki so'z borayotgan predmetga muvofiq" so'zlarni tanlab olish kerak. So'zdan to'g'ri foydalanilsagina nutq nafosatli bo'ladi. Badiiy nutqda so'zning haqiqiy kuchini ko'chimlar yoki metafora orqali namoyon qilish ham muhim. Lekin ulardan faqat zarur o'rinlardagina foydalanish kerak, bu zarurat esa tushunchani ifodalashga aniq bir so'z bo'lmagan hollarda yuzaga keladi. O'ta sun'iy metafora qiyin anglanadi, jimjimadorlari nafis bo'lolmaydi. Metaforada bir-birini almashtirayotgan so'zlar bir doiradagi so'zlar bo'lishi lozim. Masalan, maxfiy kengash a'zosi qimorboz yoki mayfurush ishlatadigan metaforadan foydalanmaydi, shunga o'xshash, ichki Angliyada yashovchining dengiz terminlaridan foydalanishi ham to'g'ri emas. B.Jonson fikricha, yangi metafora yaratish xavfli, ularga uzoq foydalanmaguncha o'rganish qiyin. Shunga qaramay, ijodkor jur'at qilishi kerak, zero, avvaliga qo'pol ko'ringan narsalar keyincha sayqallanadi. Eski va yangi so'zlarni ishlatish me'yoriga to'xtalib, B.Jonson "nutqning yaxshisi eski tilning eng yangi, yangi tilning eng eski so'zlaridan tarkib topganidir" deb yozadi.

B.Jonson badiiy nutq haqidagi fikrlarini antik yozuvchi va ritorlarga tayangan holda tushuntiradi. Masalan, bo'shliq hosil qilmagan holda bironta so'zini olib tashlab bo'lmaydigan jumlani aniq va siqiq(Tatsit); oz so'z bilan ko'p ma'no ifodalagan jumlani lakonik, ma'noni qisman ifodalab, o'quvchidan idrok qilish va to'ldirishni talab etadigan jumlani qisqa(Svetoniy) deyiladi. B.Jonson uslubga qo'yiluvchi talabni soddagina qilib ifodalaydi: "ravon va batafsil, biroq ortiqchaliksiz yozmoq kerak". Jumla tuzishda bo'laklarning aloqasi mustahkam, bamisoli tugun qilib bog'langanday bo'lishi lozim. Xuddi to'g'ri qirrali toshlar devorda bir-birini loysiz ham tutib turgani kabi, to'g'ri bog'langan so'zlar ham o'zaro shunday jipslashadi Jumlaning o'ta uzun yoki o'ta qisqa bo'lishi ma'qul emas: o'ta qisqa jumlaning xotirga ilashishi qiyin, o'ta uzun jumlaning xotirda qolishi. Yozuvchining nutqi bamisoli ipak kalava bo'lsin: uni saqlash ham qulay, uchini tutgancha yozish (foydalanish) ham oson.

B.Jonsonning jumla va fabula haqidagi fikrlari orasida mushtaraklik borki, bu uning badiiy asar qurilishini sathlararo bog'liqlikda ko'rgani, asarni qismlardan tarkib topgan butunlik – sistema deb tushunganidan dalolatdir. Masalan, u xuddi jumladagi kabi, "fabulaning qismlari o'zaro shunday birikishi lozimki, strukturadagi biron bir detalni butunga ziyon yetkazmagan holda o'zgartirish yoki tushirib qoldirish mumkin bo'lmasin" deb uqtiradi. Asar fabulasi butun va tugallangan voqyeani tasvirlashi lozim derkan, Jonson bunda boshlanishi, o'rtasi va oxiri mavjud bo'lgan voqyeani nazarda tutadi. Unga ko'ra, butun tushunchasini ikki turli tushunish mumkin: "u faqat birgina detaldan tarkib topgan narsani ham, ko'plab unsurlardan tashkil topsa-da, qismlarning aloqasi tufayli butunga aylanuvchi narsani ham anglatadi". B.Jonsonga ko'ra, butunning qismlari o'zaro proporsional bo'lishi zarur, shu bilan birga, qismning hajmi o'ta katta yo o'ta kichik bo'lishi ma'qul emas. Chunki tasvirlangan narsa o'ta katta bo'lsa, uni bir butunlik sifatida tasavvurga sig'dirish qiyin, tasvirlanayotgan narsa o'ta kichik bo'lsa, tomoshabin nigohi unda to'xtala olmaydi, natijada u zavq berolmaydi.

Albatta, ikki asrdan ziyod vaqt davomida adabiy tanqidiy tafakkur rivojida kechgan jarayonlarni kichik bir ocherk doirasida yoritish mumkin emas. Shu bois ham Uyg'onish davri adabiy tanqidiy tafakkuriga to'xtalarkan, biz ko'proq adabiyot haqida maxsus asarlar yozgan mualliflarni diqqat markazida tutishga harakat qildik. Holbuki, adabiy tanqidiy tafakkur rivojida yevropaning turli mamlakatlarida yetishgan Monten, Servantes, Shekspir kabi adiblarning, Leonardo da Vinchi, J.Bruno, F.Bekon kabi olimlarning ham muayyan o'rni, xizmatlari bor. Tabiiyki, ularning asarlarida bildirilgan fikrlar adabiy tanqidiy tafakkur rivojida beiz ketmagan. Shunga qaramay, davr adabiy tanqidiy tafakkuriga xos xususiyatlar maxsus asarlarda umumlashma ifodasini topgani ham shubhasizdir. Ikkinchi tomoni, xronologik jihatdan shu davrga to'g'ri keladigan ispan va nemis mutafakkirlarining so'z san'ati haqidagi fikrlari mazmun mohiyati bilan adabiy tanqidiy tafakkur rivojining keyingi bosqichlariga ko'proq mos keladiki, ular haqida keyingi faslda so'z yuritilgani ma'qul ko'rindi. Hozircha esa yuqorida bildirilgan fikrlarni umumlashtirib, tubandagi asosiy xulosalarni chiqarish mumkin:

- antik merosni o'zlashtirgan Uyg'onish davri o'tmishda ishlab chiqilgan poetik prinsiplarga amal qilish bilan cheklanib qolmasdan, ularni o'z davri ijtimoiy-tarixiy sharoiti ta'sirida yetilgan ehtiyojlar, xususan, shakllana boshlagan milliy adabiyotlar nuqtai nazaridan idrok qilishga intildi;

- adabiyot va jamiyat munosabatlari, so'z san'ati ijtimoiy hayotda tutgan o'rin va u bajaradigan vazifalar (bilish, estetik va kommunikativ funksiyalar) yangicha tushunildi, adabiyotni xristian ilohiyoti ta'siridan chiqarish zarurati, uning mustaqil mavjud bo'lish va rivojlanishga haqli ekani anglandi;

- yangi milliy adabiyotlarni yuzaga keltirish zarurati bilan bog'liq holda "adabiy til" tushunchasi yuzaga keldi, uning umumxalq tili bilan munosabati masalasi keng yoritildi;

- badiiy ijodning individual tabiati, san'atkorning ijodiy erkinligi e'tirof etildi, poeziyani ijodkor ichki dunyosining ifodasi sifatida tushunildi, poeziya mavjudligining asosi sifatida inson – ijodkor markazga qo'yildi;

- hayotni realistik tasvirlash tamoyillari rivojlantirildi, badiiy haqiqatning yangi mezonlari ishlab chiqildi. Jumladan, "uch birlik" talabidan chekinish, turli janrlarga xos xususiyatlarning qorishiq namoyon bo'lishi mumkinligining e'tirof etilishi, adabiyotning keng ommaga mo'ljallanganligi va shu asosda mazmunan xalqchillashuv, badiiy tilning xalq tiliga yaqinlashishi kabi qarashlarning ustuvor mavqye egallay boshlashi;

- adabiy tanqidning mustaqil janrlari paydo bo'lgani, tanqidiy mulohazalar hajmi va salmog'ining kattargani, adabiy tanqid adabiyotshunoslikning alohida sohasi sifatida shakllanish yo'liga kirgani, adabiy asarlar bo'yicha yoki muayyan masalalar bo'yicha ilk bahslarning yuzaga kelishi kabi qator jihatlar adabiy tanqidiy tafakkurga Uyg'onish davri bergan muhim xususiyatlar deb qaralishi mumkin.

XVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri

XVII asr yevropa adabiyotida uchta yo'nalish – Uyg'onish davrining gumanistik an'analarini davom ettirgan renessans realizmi, klassitsizm va barokko yo'nalishlarining yetakchilik qilgani kuzatiladi. Albatta, bu hol avvalo, yevropa mamlakatlaridagi ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma'rifiy shart-sharoitlardagi farqlilik bilan izohlanadi. Ikkinchi tomondan, bu yo'nalishlarning bir-biriga ta'siri, o'zaro aloqalariga ham ko'z yumib bo'lmaydi. Zero, mohiyatan ularning bari Uyg'onishdan oziqlanadi, undan turtki oladi: biri uni davom ettiradi, ikkinchisi qadimiyatni uning ruhi bilan to'yintirgan holda muayyan maqsadlarga bo'ysundiradi, yana biri uning inkori sifatida namoyon bo'ladi.

***

Mutaxassislar klassitsizm adabiy yo'nalishining paydo bo'lishini 1515 yil - italyan yozuvchisi Trissinoning «Sofonisba» nomli tragediyasining yaratilishidan boshlab belgilashadi. Trissino bu asarini antik tragediya namunalariga tayangan holda, syujet voqyealarini antik rim tarixchisi Tit Liviy asarlaridan olib, Aristotel «Poetika»sida qo'yilgan talablarga rioya qilgan holda yaratgan edi. Klassitsizmning ilk nazariy asoslari ham, avvalgi bobda ko'rilganidek, Uyg'onish davri oxirlarida paydo bo'la boshlagan edi. Bu esa, bir tomondan, yevropa adabiyotlari uchun umumiy qilib olingan o'rta asrlar, uyg'onish davri tarzidagi davrlashtirishda muayyan shartlilik borligi, ushbu davriy bosqichlarning turli mamlakatlarda kechishi xronologik jihatdan farqlanishini, ikkinchi yoqdan, bu davrlarga xos xususiyatlarning ko'pincha yonma-yon yashagani, qorishiq holda namoyon bo'lganini ko'rsatadi. Shuning uchun biz klassitsizm adabiy yo'nalish sifatida to'la qaror topib, adabiy jarayonda yetakchi mavqye egallagan Fransiyaga to'xtalamiz.

Fransiyada klassitsizm madaniyatining gullab yashnashiga asos bo'lgan qator omillar mavjud edi. Ulardan birinchisi klassitsizmning vujudga kelgan ijtimoiy-tarixiy sharoitda davlat va millat manfaatlariga to'la mosligi edi. XVII asrga kelib Fransiya G'arbiy yevropadagi eng qudratli mamlakatga aylandi: Genrix IV tomonidan boshlangan markazlashgan davlat tashkil qilish harakati bu davrga kelib nihoyasiga yetdi, Fransiyada tom ma'nodagi absolyut monarxiya vujudga keldi. Klassitsizm XVII asr Fransiyasining qirol hukumati tan olgan rasmiy va chin ma'noda yetakchi badiiy metodi bo'lib qoldi. Qirol hukumati klassitsist adiblarga maosh tayin qiladi, ularni qo'llab-quvvatlaydi. Bu bejiz emas edi. Klassitsizm adabiyoti markazlashgan fransuz davlatchiligining mustahkamlanishi, fransuzlarning yagona millat sifatida birlashishiga xizmat qilishi lozim edi. Darhaqiqat klassitsizm madaniyati ushbu missiyani sharaf bilan uddaladi, fransuz jamiyati va milliy madaniyati tarixidagi juda muhim bosqich bo'lib qoldi.

Fransuz klassitsizmining gullab yashnashiga asos bo'lgan yana bir muhim omil Dekart falsafasi bo'lib, u XVII asr fransuz falsafiy tafakkurining cho'qqisi hisoblanadi. Dekart falsafada ratsionalizm oqimining asoschisi, unga ko'ra, haqiqatning bosh mezoni va manbai ongdir. Ya'ni, Dekart haqiqat manbai borliqda yoki tajribada emas, balki tafakkur qurilmalarida deb biladi. Shundan kelib chiqqan holda klassitsizmning asosiy tamoyillari belgilanadi. Ularga ko'ra, san'at aql tomonidan qat'iy tartibga solinishi kerak, badiiy asar aqlga muvofiq va aniq tahlilga imkon beradigan tarzda qurilishi lozim, san'at asarining kuchi tafakkur qudrati va mantig'i bilan belgilanadi.

Fransuz klassitsistlarining ilk amaliyotchi va nazariyotchilaridan biri sifatida Fransua de Malerb (1555-1628) e'tirof etiladi. Malerb qirol Genrix IV saroyida katta nufuzga ega bo'lib, markazlashgan davlat qurayotgan hukumatning mafkurachisi sifatida adabiyotni shu maqsadlarga xizmat qildirish borasida astoydil harakat qilgan. Malerb o'zining adabiy-tanqidiy qarashlariga xayrixoh kishilardan iborat to'garak tashkil qilib, uni boshqargan. To'garakda fransuz shoirlarining asarlarini muhokama qilish barobarida Malerb o'zining adabiy-estetik qarashlarini singdirib borgan. Malerb adabiyotshunoslikka oid maxsus asar yaratgan emas, uning qarashlari shoir Deportning she'riy to'plami varaqlariga bitib qo'yilgan qayd va sharhlarda saqlanib qolgan. Malerb asarning g'oyaviy-mazmuniy tomonlariga emas, ko'proq shakl jihatlariga e'tibor qaratadi, u qat'iy qoidalar asosidagi ratsionalistik shakl tarafdori, poeziyaning barcha zamonlar va barcha xalqlar uchun umumiy bo'lgan buzilmas qoidalari mavjud deb biladi. Malerb ijodni ilhom natijasi emas, balki o'zlashtirib olingan badiiy mahorat sirlarini amalda tatbiq etish deb hisoblaydi. Unga ko'ra, ijod - mehnat, grammatika va uslub qoidalarini yaxshi bilgan odam mehnatidir. Demak, o'qimishli, fikrlash va tildan foydalanish madaniyatini egallagan har qanday odam ijod qilishi mumkin. Buning uchun esa, ya'ni har qanday o'qimishli, fikrlash va tildan foydalanish madaniyatini egallagan odam ijod qila olishi uchun universal qoidalarning ishlab chiqilishi va ularga qat'iy amal qilinishi talab etiladi. Ko'rib turganimizdek, Malerb qarashlarida klassitsizm estetikasiga xos «normativlik» to'la namoyon bo'ladi. Malerbning «normalashtirish»ga intilishi, masalan, adabiy til haqidagi qarashlarida ko'rinadi. U adabiy til «norma»si sifatida poytaxt zodagonlari tilini tan oladi, uni har qanday shevalardan, xususan, gaskon shevasidan tozalash zarur deb biladi. Ayni paytda, u jonli xalq tilidan uzilmaslik, bozordagi avom tilidan ham foydalanish, uni zodagonlar tiliga moslashtirish kerakligini ham e'tirof etadi. Fransuz adabiy tilini isloh qilish harakatidagi Malerb lotin tili uchun ishlab chiqilgan normalarga tanqidiy qaraydi, adabiy til umumxalq tili asosida, millatning til amaliyotiga tayangan holda shakllanadi deb biladi. Malerbning adabiy til haqidagi qarashlari markazlashgan fransuz davlatchiligi haqidagi qarashlariga hamohang edi. Buni uning mavjud janrlar ichida odaga alohida e'tibor bergani, odaning asosiy mavzusi mamlakatni obod, xalqni farovon etuvchi mutlaq monarxiyani ulug'lash bo'lmog'i kerak deb hisoblaganida ham ko'rish mumkin.

Antik merosdan tanqidiy yondashgan holda foydalanish lozimligini fransuz klassitsistlaridan yana biri - Fransua Oje(1599-1670) ham ta'kidlaydi. Jan de Shelandrning «Tir va Sidon» nomli tragediyasiga so'z boshi yozarkan, muallifni ushbu asarni e'lon qilishga undagan, shunga arziydigan asarligiga ishontirgan o'zi ekanligini, asarda antik meros tarafdorlarida e'tiroz uyg'otuvchi jihatlar borligini e'tiborga olib, ularga oldindan javob berish maqsadida ekanini ta'kidlaydi. Oje antik merosni to'la inkor qiluvchilarni ham, unga etalon deb qarovchilarni ham yoqlamaydi. Uningcha, antik yozuvchilar Yunoniston sharafi uchun mehnat qilganlar, demak, fransuz yozuvchilari ularga izma-iz emas, o'z xalqi ruhi va tili xususiyatlarini hisobga olgan holda ergashishlari zarur. Oje antik merosga munosabat masalasida oqilona mavqye egallaydi, o'zining qarashlarini izchil asoslashga intiladi. Uning uqtirishicha, har bir millatning ruhi, fe'l-atvori, badiiy didi o'ziga xos va xuddi shu narsa uni boshqalardan farqlab turadi. Shunga ko'ra, qadimdagi salaflardan o'rganish, ulardan olish kerak, lekin hamma narsani emas, balki shu zamonga, shu millat ma'naviyatiga moslashtirish mumkin bo'lgan narsalarnigina olish kerak. Oje Uyg'onish davrida fransuz adiblari na shuhratda va na mukammal asarlar yaratish bobida antik ijodkorlar darajasiga yetolmaganini e'tirof etib, buning sababi qadimdagi salaflarga haddan ziyod taqlid qilinganida deb hisoblaydi.

Oje antik ijodkorlar amal qilgan qoidalarga ko'r hassaga yopishgandek yopishib olish kerak emas deydi. Chunki bu qoidalar muayyan zamon(antik davr) va makon(antik Gretsiya va Rim)da shu davr kishilari uchun ishlab chiqilgan. Bu qoidalarni ayni shu jihatdan o'rganish, ularni bugungi davr, makon va kishilarga moslashtirgan holda qo'llash, shunga ko'ra bir o'rinda ularni to'ldirish, boshqa bir o'rinda qisqartirish kerak deydi. Ojega ko'ra antik merosga eng to'g'ri munosabat shunday, buni hatto Aristotel ham ma'qullagan bo'lur edi.

Ojening antik merosga munosabati asosida tarixiylik prinsipi yotadi, ayni shu narsa uning asosli xulosalar chiqarishiga zamin bo'lib xizmat qiladi. Jumladan, u antik ijodkorlar ishlab chiqqan qoidalar bevosita o'sha davr sharoiti bilan bog'liq deb hisoblaydi. Unga ko'ra, antik mualliflarning uch birlik qoidasiga qat'iy amal qilganlarining sababi shundaki, antik tragediyalar diniy marosimning bir qismi bo'lgan, diniy marosimlar esa o'zgarishga moyil emas, yangilikni qabul qilishi qiyin. Ikkinchi tomoni, antik mualliflar orasida musobaqalar o'tkazilgan, shuning uchun ular hakamlar va tomoshabinlarni, ya'ni, belgilangan qoidalarni hisobga olishga majbur edilar. Oje tragediyalar syujetiga yunonlar orasida ma'lum va mashhur voqyealar olinganining sababini ham shunda deb biladi. Shu xil mulohazalarga tayanib, Oje, agar antik ijodkorlar asar yaratishda o'z davri talablaridan kelib chiqqan, qoidalar shu asarlar asosida ishlab chiqilgan ekan, hozirda ularga qat'iy amal qilishni talab qilish to'g'ri emas degan xulosaga keladi. Ojening italyan adabiyotida vujudga kelgan tragikomediyani ma'qullashi ham shu asoslarga tayanadi. Ma'lumki, antik adabiyotda tragik va komik unsurlarning aralashishiga yo'l qo'yilmagan. Oje buni noto'g'ri deb biladi, chunki hayotda «insonning chekiga baxt va yo baxtsizlik tushganiga qarab bir kun, hatto bir soat davomida kulgu bilan ko'z yosh, huzur va g'am» almashinib turishi mumkin. E'tibor berilsa, tarixiylik prinsipi asosida fikrlash Ojeda realizmga moyillikni keltirib chiqarayotganini ko'rish mumkin bo'ladi. Umuman olganda, Malerb va Ojening qarashlari fransuz klassitsizmining ilk davrida muayyan masalalar bahsli bo'lib turgani, klassitsizm hali to'la ma'noda «normativlik» xususiyatiga ega bo'lib ulgurmaganini ko'rsatadi.

Fransuz klassitsizmi hukumatni kardinal Rishele boshqargan Lyudovik XIV davrida, ayniqsa, keng rivojlandi, uning adabiy-estetik prinsiplari konkretlashtirildi, klassitsizm talablari «normativlik» kasb etdi. Bunda ayni shu davrda «adabiyot respublikasining bosh hakami» maqomida faoliyat yuritgan Jan Shaplenning (1595-1674) roli kattadir. Shaplenning adabiy-tanqidiy merosi u qadar katta emas, asosan, so'z boshilaru xatlardan tashkil topgan. Shunga qaramay, u klassitsizmning asoschilaridan biri sanaladi. O'zining adabiy-estetik qarashlari markaziga Shaplen «foyda» tushunchasini qo'ydi. Unga ko'ra, san'at va adabiyot zavq berishining o'zi kifoya emas, u insonga foyda keltirishi kerak. Uyg'onish davrida yuzaga kelgan «san'at va adabiyotning asosiy vazifasi insonga zavq, huzur berishdir» degan qarash ustuvor mavqyega da'vo qilayotgan bir paytda Shaplenning bu xil qarashi aktual edi. Ikkinchi tomoni, Shaplen uyg'onish davri gedonizmini inkor qilmaydi, balki «foyda» tushunchasi bilan to'ldiradi. Unga ko'ra, san'at va adabiyot zavqlanish, huzurlanish orqali insonga foyda keltirishi lozim Shu bilan bog'liq holda Shaplen «haqiqatga monandlik» talabini asosiy qilib qo'yadi. U haqiqatga monand qilib tasvirlangan holdagina asar o'quvchini o'ziga bog'lashi, «asir» etishi, shu holdagina «foyda» keltirishi mumkin deb biladi. Uning qarashicha, asar syujeti, undagi tasviriy vositalar illyustrativ xarakterga ega bo'lmog'i kerak, chunki badiiy ijod «foydali haqiqat»ni illyustratsiya qilib berishdir. Shunga o'xshash, avvalo «foyda»ni ko'zda tutgani uchun Shaplen katarsis zolimlarning jazo topishi va ezgulikning tantanasi asosiga qurilishi shart deb hisoblaydi. Aytish kerakki, Shaplen markazga qo'ygan «foyda»lilik tushunchasi adabiyotni jamiyat, aniqrog'i, monarxik davlat manfaatlariga xizmat qildirish maqsadi bilan bevosita aloqadordir.

Shaplenning «Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va bu boradagi e'tirozlar raddiga» nomli maktubida klassitsizm dramasiga qo'yiluvchi asosiy talablar ishlab chiqilgan. Garchi maktub shoir Antuan Godoga yozilgan deb taxmin qilinsa-da, aslida, Shaplenga fikrlarini ifodalash uchun maktub shakli qulay ko'ringani haqiqatga yaqinroq. Shaplenga ko'ra, dramatik poeziyada «mukammal taqlid» bo'lmog'i kerak. Mukammal taqlid shundayki, unda «taqlid predmeti bilan taqlidchi orasidagi farq sezilmasligi lozim, zero, taqlidchining vazifasi narsalarni haqiqiy, realdek taqdim etishdan iboratdir» . Shaplen antik teatr tomoshalaridagi qator jihatlar: kiyimlar, dekoratsiyalar, xabarchining bo'lishi, tanaffus paytida spektakl ruhiga mos raqs, musiqa ijrosi - bularning bari ijro etilayotgan voqyeaning haqiqatga monandligini ta'kidlashga xizmat qilgan bo'lib, bular antik mualliflarning tomoshabinni ishontirish uchun qilgan harakati natijasidir deb yozadi. Shaplenga ko'ra, sahnada o'ynalayotgan voqyeaga nisbatan tomoshabinda zarracha shubha uyg'otmaslik sharti shunchalik muhimki, aksariyat nazariyotchilar tragediya syujeti haqiqatda yuz bergan voqyealar asosiga qurilishi kerak deb hisoblaganlar. Haqiqatga monandlikni badiiylikning bosh sharti derkan, Shaplen sahnada o'ynalayotgan voqyeaga nisbatan ishonch yo'qolsa, asarning ta'siri ham yo'qolishidan ogoh etadi. Demak, ko'zda tutilgan «foyda»ga erishish uchun tomoshabin ishonchiga putur yetkazadigan bironta ham ortiqcha tafsilot bo'lmasligi kerak. Haqiqatga monandlikka erishish uchun ham antik mualliflar o'zlarini «yigirma to'rt soat» qoidasi bilan cheklab olganlar. Shaplenning fikricha, agar sahnadagi voqyealar yigirma to'rt soatdan ortiq vaqtga cho'zilsa, haqiqatga monandlik yo'qoladi. Zero, tomoshabinda muallif taqdim etayotgan voqyealarning haqqoniyligiga ishontirishga yo'naltiruvchi tasavvur bo'lsa-da, unda o'sha tasavvurni inkor etuvchi ko'z va aql ham bordir. Ko'rinadiki, «foyda» bilan bog'liq holda haqiqatga monandlik talabini qo'ygan Shaplen dramatik asarni shularga moslovchi qoidalarni yoqlaydi, ularga qat'iy amal qilish zaruratini ilmiy asoslashga intiladi.

P.Kornelning «Sid» tragikomediyasi munosabati bilan avj olgan bahs fransuz klassitsizmi taraqqiyotidagi muhim bosqich sanaladi. «Sid» sahnaga qo'yilishi (1637, mart) bilanoq taniqli dramaturg Jan Mere muallifni plagiatda ayblab hajviy she'r bitadi, uni yana bir dramaturg - Klavers ham qo'llab-quvvatlaydi. Kornel bularga o'z vaqtida javob qiladi. Biroq aprel oyida «Sid» munosabati bilan qaydlar» nomli imzosiz, g'arazgo'ylik bilan yozilgan maqola e'lon qilinadi. Maqolaning muallifi dramaturg va romannavis Jorj de Skyuderi bo'lib, u Kornel asarida mavjud qoidalarga amal qilinmaganligini isbotlashga intiladi. Kornel «Oqlov xati» nomli javobida o'ziga qo'yilgan ayblarni inkor qilarkan, «Qaydlar»ni «doktrinaning shedevri» deb ataydi. Bu bejiz emas edi. Chunki «Qaydlar» tamomila «normativ» xarakterda bo'lib, unda asar qanday yozilishi kerakligi haqida aniq ko'rsatmalar berilgan edi. Aytish kerakki, bir oy ichidayoq tanqidning Kornelga qarshi otlangani bejiz emas, bu, aslida, kardinal Rishele tomonidan uyushtirilgan kampaniya edi . «Qaydlar»ning ruhi, ohangi ko'pchilikka yoqmaydi, shuning uchun bahs yanada qizg'inlashadi. Skyuderining iltimosi (asli Rishelening ko'rsatmasi) bilan Fransuz Akademiyasi bahsga hakamlik qilishni o'z zimmasiga oladi. Shu tariqa «Sid» tragikomediyasi munosabati bilan Fransuz Akademiyasining fikri» dunyoga keladi. Garchi mutaxassislar «Akademiya fikri» Shaplen tomonidan yozilgan desalar-da , tabiiyki, u ko'pchilikning fikri sifatida qabul qilinadi.

«Akademiya fikri» garchi Skyuderining «Qaydlar»iga javob tarzida yozilgan va uning haqligini doim ham yoqlamagan bo'lsa-da, umuman olganda, uning mualliflari Skyuderiga hamfikr ekanligi yaqqol ko'rinadi. Masalan, mualliflar bahsning adabiyot «foyda» (utilitar yondashuv) keltirishi kerakmi yoki «zavq, huzurmi» (gedonistik yondashuv) degan nuqtasida tomonlarning ikkisi ham o'zicha haqligini e'tirof etadilar-da, «huzur o'z-o'zicha foyda bo'lmasa-da, har holda uning manbai» ekanligi, chunki «oqilona huzur baxsh etuvchi asar»gina yaxshi sanalishi mumkinligini ta'kidlaydilar. Ko'rinadiki, bu o'rinda mohiyatan utilitar yondashuv yoqlanadi, zero, «oqilona huzur» - foyda keltiradigan huzurdir . Tan olish kerak, «oqilona huzur» degan talabda ratsional mag'iz yo'q emas. Jumladan, «Akademiya fikri»da tomoshabinlarni kun kelib jamiyatga ofat keltirishi mumkin bo'lgan sahnalar bilan huzurlantirish mumkin emasligi ta'kidlanadi. Tomoshabin ko'zini nomaqbul narsalarga ko'niktirib borish koni zarar, shunga ko'ra, teatr tomoshasi yovuzlik, qallobligu g'irromlik maktabi bo'lib qolmasligi, sahnada bunday xatti-harakatlarning jazo topishi muqarrar ekanligi ham ko'rsatilishi lozim. Toki, teatrni tark etayotgan tomoshabin dilida huzur bilan birga qo'rquv ham o'rin olsin.

«Foyda»dan kelib chiqqan holda, «Akademiya fikri»da ham «haqiqatga monandlik» talabi birinchi planga chiqariladi. Sirasi, «Sid»ga qo'yilgan ayblar ham, asosan, shu talabdan chekinish hollari bilan bog'liqdir. Masalan, «Sid»ning qahramoni Ximena yaxshi xulqli qiz sifatida beriladi. Biroq qizning otasini o'ldirgan odamga turmushga chiqishi bunga zid. Ya'ni, qiz bu o'rinda aqlga muvofiq emas, balki ko'nglini egallagan his amri bilan ish tutadi. Garchi voqyea real hayotda xuddi shu tarzda kechgan bo'lsa-da, bu, mualliflar fikricha, Kornelni qisman oqlaydi, xolos. Chunki teatr uchun har qanday haqiqat ham maqbul emas, hayotda shunday haqiqatlar borki, jamiyatning foydasi uchun ularni butkul tilga olmaslik, hyech iloji bo'lmasa, ular haqida notabiiy, nonormal voqyeadek so'zlash kerak. Agar ijodkor shu kabi tarixiy voqyeani qalamga olsa, uni o'zgartirishi, jamiyat axloqi va ehtiyojlari, san'atning qoidalariga moslashtirishi shartdir. Haqiqatga monandlik talabi vaqt, joy, sharoit, xarakter kabi masalalarda ham qoidalarga amal qilishni taqozo qiladi. Jumladan, mualliflar «Sid»ning kamchiligi vaqtda emas, balki material hajmining kattaligida deb hisoblaydilar: bir kunga joylangan voqyealarning ko'pligidan chalkashlik yuzaga keladi, natijada voqyealarni nigoh bilan qamrab olish qiyinlashadi. Ayni paytda, Skyuderidan farq qilaroq, mualliflar ijodkorni haqiqatda turli vaqtlarda yuz bergan voqyealarni bir kun doirasiga keltirishi, agar bu oqilona amalga oshirilsa, xato emas deb biladilar. Xarakter va holatlar tahliliga o'tilganda, mualliflar «Qaydlar»ni tobora ko'proq ko'proq yoqlay boshlaydilar. Jumladan, ular Ximenaning muhabbati qancha ulkan bo'lmasin, otasining qotiliga turmushga chiqishi nojoizligini takrorlarkan, «biz Ximenani aslo otasining qotilini sevgani uchun qoralamaymiz <...> biz qizni faqat shuning uchun qoralaymizki, uning muhabbati burch hissidan ustun chiqdi» . Mualliflar bu o'rinda Kornelning aybini qiz qalbidagi muhabbat va burch orasidagi kurashda loaqal muvozanat saqlamaganlikda, aql idrok qonunlariga zid holda hisni burchdan ustun qo'yganida ko'radilar. Zero, klassitsizm aqlni har nedan, birinchi galda, hisdan ustun qo'yadi. Ularning uqtirishicha, mohirona tasvirlangan bunday o'tkir his-tuyg'ular tomoshabin aqlini adashtiradi, ulardan ayrimlari qahramonlar yo'l qo'ygan xatodan huzurlansa, boshqalari shunday xato qilib huzurlanadilar. «Sid»ning muvaffaqiyati, qizg'in kutib olinganining sababi, mualliflar fikricha, shundaki, personajlar qalb tug'yonlari tomoshabinlarni larzaga solib, asarga maftun etgan, natijada ular asarning juda yaxshi chiqqan alohida qismlari ta'sirida butunga yuksak baho berganlar. «Akademiya fikri»ning mualliflari go'yo «Sid»ning ma'qul jihatlari borligini e'tirof etganlari holda, Kornel aqlga muvofiq tarzda ishlab chiqilgan qoidalardan chekinganlikda aybli degan xulosaga keladilar. To'g'ri, ular antik adiblar ham bu qoidalardan ba'zan chekinganini tan oladilar, lekin ushbu chekinishlar qoidalar hali to'la shakllanib bo'lmay yuz bergan. Ya'ni, bu bilan ular ilgariroq o'zining qarashlarini himoya qilgan Kornel va uning tomonida turganlarning e'tirozlarini rad etishadi. Ularning uqtirishicha, hozirgi adiblar qadimdagi salaflari qoldirgan ma'naviy boyliklarga vorisdir, ularning imtiyozlariga emas. Shunga ko'ra, ular «evripid yoki Senekaning kamchiliklari» hozirgi adiblar yo'l qo'ygan kamchiliklarni oqlay olmaydi. Aytilganlardan ayon bo'ladiki, «Akademiya fikri» adabiyot aqlga muvofiq tarzda ishlab chiqilgan qoidalarga qat'iy amal qilmog'i lozim, degan qarashni ilmiy asoslash, uni qonunlashtirish maqsadiga bo'ysundirilgandir.

Kardinal Rishele, xuddi siyosatdagi kabi, badiiy adabiyotda ham o'z qarashlarini o'tkazishga, ularning ustuvor bo'lishiga intilgan. Rishele tomonidan 1635 yilda Akademiya ta'sis etilgani ham, asli, shu maqsad bilan bog'liq bo'lib, «Sid» muhokamasi kardinalning adabiyotda tartib-intizom o'rnatish yo'lidagi harakatlarining debochasi edi. «Akademiya fikri» e'lon qilinganidan so'ng Kornelning ikki yilga poytaxtni tark etib, Ruanda yashashi, adabiy jarayondan chetlashishi ham bejiz emas. Zero, Rishele o'z maqsadini amalga oshirishga ancha jiddiy kirishgan edi. Buni shundan ham bilsa bo'ladiki, «Akademiya fikri»dan so'ng ko'p o'tmay kardinalning topshirig'i bilan yozilgan Skyuderining «Teatr himoyasiga» (1639), Sarazenning «Teatr haqida o'ylar» (1639), La Menarderning «Poetika» (1639) asarlari yaratilgan edi. Ravshanki, uchala asarda ham «Akademiya fikri»dagi aqidalarni himoya qilish, ularni yanada kuchaytirishga intilish kuzatiladi. Masalan, La Menarder o'z asari haqida «men San'at bo'yicha yo'riqnoma yozishga harakat qildim», bu mashaqqatli ishga jazm qilarkan, «Faylasufga (Aristotelga – mual.) badiiy mahoratga oid barcha haqiqatlarning manbai deb qaradim» deya e'tirof etadi . Bundan ko'rinadiki, La Menarder ham ijodkorlar amal qilishi lozim bo'lgan qoidalar majmui (yo'riqnoma) tayyorlashni maqsad qiladi, antik davrda ishlab chiqilgan qoidalarni esa etalon deb biladi.

Fransua d’Obinyak (1604-1676) qalamiga mansub «Teatr amaliyoti» nomli asar ham shu yillarda yozilgan, lekin keyinroq - 1657 yilda nashr etilgan. F.d’Obinyakning dramatik asar haqidagi qarashlari markazida tomoshabin turadi, aniqrog'i, u o'z hukm-xulosalarini tomoshabin mavqyeida turib chiqarishga harakat qiladi. Unga ko'ra, «dramatik asarni ma'qul yoki noma'qul qilmoqchi ekanmiz <...> biz tasvirlanayotgan narsalar haqiqatda yuz bermoqda degan shartni qabul qilamiz», shuning uchun ham pesadagi personajlar ayni shunday harakat qilishi va shunday gapirishi, unda tasvirlangan shart-sharoitlarda ayni shunday voqyealar yuz berishi mumkinlini his etgachgina ma'qullay olamiz. Zero, faqat shu holdagina tasvirlanayotgan voqyealar bizga taqdim etilayotgandek sodir bo'lganiga ishonamiz . Uning uqtirishicha, ijodkor o'z asariga ikki jihatdan, bir tomondan, tomosha deb, ikkinchi tomondan, haqiqatda bo'lib o'tgan (yoki shunday deb qaralayotgan) voqyea deb yondashmog'i kerak. Birinchi jihatdan qaraganida, ijodkor tomoshabinni hayratga solish, uni zavqlantirish yo'lida bor imkoniyatini ishga soladi; ikkinchi jihatdan qaraganida esa «faqat haqiqatga monandlikni saqlash» haqida qayg'urmog'i lozim. Bu ikki jihat orasida muvozanat saqlash mumkin bo'lmagan holda esa haqiqatga monandlik ustuvor bo'lmog'i, ya'ni ijodkor «go'yo tomoshabinlar umuman yo'qday» ularni unutmog'i kerak, zero, «tomoshabinlarga mo'ljallangani ochiqdan ochiq sezilib turgan narsa yaroqsizdir».

F.d’Obinyak teatr tomoshasi bilan unda tasvirlanayotgan voqyeani, aktyor bilan rolni, tomosha vaqti bilan sahnadagi vaqtni farqlash kerak deb uqtiradi. Bu, bir tomondan, asarni estetik hodisa sifatida qabul qilish talabi bilan, ikkinchi tomondan, yana haqiqatga monandlik talabi bilan izohlanadi. Tomosha vaqti (Parij, XVII asr) bilan sahnadagi vaqtning (antik Rim) aralashib ketishi maqbul emas, bu holda asarga putur yetadi, haqiqatga monandlik buziladi. Umuman olganda, d’Obinyak qarashlarini quvvatlash kerak, biroq u fikrini chuqurlashtirib, dramatik asarda tasvirlangan narsa bilan voqyelik (tomosha vaqti) orasida hyech bir aloqa bo'lmasligi lozim, degan xulosaga olib keladi. Mazkur fikrni asoslash uchun u teatr tarixiga bir qur nazar tashlaydi. Uning aytishicha, komediya o'z takomilida uchta bosqichni bosib o'tgan. Antik komediyada tomosha bilan voqyelik farqlanmagan, masalan, Aristofanning «ilk komediyalarida tasvirlagan voqyealar bilan davrning ijtimoiy kurashlari qorishib ketgan», natijada «sahnadagi Suqrotga qaratilgan gaplar bevosita tomoshaga kelgan Suqrotga ham qaratilgan». Ya'ni, mavjud hol ijodkor uchun o'zi yomon ko'rgan kishilarni yakson qilish vositasi bo'lgan asarlar yaratilishiga imkon beradiki, bu san'at qonunlariga bo'ysunuvchi aqlga muvofiq emas. Buning zararini anglagan hukumat komediyalarda shaxslar nomini atashni man qilsa-da, «odamlar yomon ishda mohirlar»: «o'rta komediya»larda shunday yoza boshladilarki, garchi shaxslar nomi atalmasa-da, ularda gap kim haqida ketayotganligi aniq bilinib turadi. Bu hol ham xavfli topilib, man qilinadi. Nihoyat, «yangi komediya» maydonga kelib, personajlar nomigina emas, voqyea ham to'qima asosida qurilgan, natijada: «Tomosha voqyelikdan to'la ajraldi, endi sahnada o'ynalayotgan voqyea na respublikaga va na tomoshabinlarga zarracha aloqasi yo'q voqyea sifatida qabul qilina boshlandi». Ravshanki, d’Obinyakning bu qarashlari mustahkamlanib ulgurgan monarxik davlat manfaatlariga mos, chunki bunday sharoitda adabiyotning ijtimoiy yo'naltirilganligi barqarorlikka putur yetkazishi mumkin. Ya'ni, mavjud tuzum uchun adabiyotning real voqyelikdan uzoqlashishi har jihatdan ma'qul edi.

F.d’Obinyak asarning qabul qilinishi tomoshabinlarning milliy mansubligi, urf-odatlari, turmush tarzi kabi jihatlarga ham ko'p jihatdan bog'liq deb biladi. Shunga ko'ra, dramatik asar syujeti tomoshabinning didi va hislariga mos bo'lmasa, u muvaffaqiyat qozonolmaydi. Demak, «dramatik poemaning shakl-shamoyili u kimning oldida o'ynalishi bilan bog'liq bo'lmog'i kerak». Fikrining dalili uchun d’Obinyak antik afinaliklar bilan o'ziga zamondosh fransuzlarni qiyoslaydi. Antik Afinada podsholarning zolimligi, baxtsizliklari tasvirlangan pesalar o'ynalgan, buning sababi deb esa u yerda xalq hokimiyati bo'lgani, afinaliklar har qanday monarxiyani istibdod, mustabidlik deb hisoblashganini keltiradi. Fransuzlar esa, aksincha: «biz o'z qirollarimizga nisbatan hurmat va muhabbat hissini tuyamiz <...> biz qirollarning yovuz bo'lishi mumkinligiga ishona olmaymiz, bas, biz fuqaroning, hatto u zulm chekayotgan bo'lsa-da, qirollarning muqaddas shaxsiga daxl qilishi, ularning hokimiyatiga qarshi bosh ko'tarishiga, sahnadagina bo'lsa ham, chiday olmaymiz» .

F.d’Obinyakka ko'ra, haqiqatda bo'lgan yoki bo'lishi mumkin bo'lgan voqyea dramatik asarning tasvir predmeti bo'la olmaydi, haqiqatga monand voqyeagina syujet asosida yotishi mumkindir. Unga ko'ra, poeziya haqiqatga emas, balki u haqdagi odamlarning aksariyatiga xos qarashlarga taqlid qiladi deb biladi. U aytadiki, haqiqatda bo'lgan narsa, masalan, Neronning to'qqiz oy qaerda yotganini bilish uchungina onasini o'ldirtirib, qornini yordirtirib ko'rgani dahshat bo'libgina emas, balki bo'lishi mumkin emasdek ko'rinadi. Mavjud tarixlar (ya'ni, hayotda yuz bergan voqyealar) ichida barcha shart-sharoitlari teatr asarida aks etishi mumkin bo'lgani topilmaydi. Shundan kelib chiqib, u agar tarix dramatik asar yaratish uchun barcha fazilatlarga ega bo'lsa, undagi haqiqat saqlab qolinmog'i lozim, aks holda ijodkor tarixni «o'zining san'at orqali ifoda etmoqchi bo'lgan ijodiy niyatiga to'la bo'ysundirish huquqiga egadir». F.d’Obinyak ijodkor tarixda nafaqat juz'iy holatlarni, balki asosiy voqyealarni ham o'zgartirishga haqli, bu o'rinda yagona shart - yaxshi asar yaratish, deb yozadi. Unga ko'ra, san'atkor yilnomachi bo'lmagani uchun sanalarga yopishib olishi shart bo'lmaganidek, tarixchi bo'lmagani uchun tarixiy haqiqatga qat'iy amal qilishi ham shart emas. Ayni paytda, ijodkor tafsilotlari barchaga ma'lum bo'lgan tarixni o'zgartirishda ehtiyot bo'lmog'i, haqiqatga amal qilish orqasida yomon asar yozgandan ko'ra bunday tarixni qalamga olmagani ma'quldir.

F.d’Obinyakka ko'ra, sahna asari mohiyatan rangtasvir asariga o'xshash, u «jonli va gapiruvchi tasvir»dir. Shundan kelib chiqqan holda u uch birlik qoidasiga qat'iy amal qilish zarur deb biladi. Chunki rangtasvir asarida ikkita originalni birdan tasvirlab bo'lmaganidek, sahna asarida ham ikkita voqyeani tasvirlab bo'lmaydi. Ijodkor asar yozishga kirisharkan, dramatik asar hayotiy voqyeani barcha tafsilotlari bilan yoxud qahramon hayotini to'lasicha tasvirlashdan ojizligini yodda tutmog'i kerak. Demak, ijodkor ko'lamli voqyealar ichidan eng muhimini ajrata bilishi kerakki, shu voqyea o'zi bilan uzviy bog'liq o'ta siqiq holda berilgan boshqa voqyealarni qamray olsin va natijada tomoshabinga voqyeaning bir qirrasi taqdim etilgani holda, u voqyea haqida to'la tasavvur ola bilsin. F.d’Obinyak joy birligi talabini teatr tomoshasi paytida voqyea joyini o'zgartirishning iloji yo'qligi bilan asoslaydi. Vaqt birligi masalasiga to'xtalarkan, u «tomoshaning real vaqti» va «asarda tasvirlangan voqyeaning davomiyligi»ni farqlaydi. Sahna asarida tasvirlangan voqyealar bir kun davom etishi kerakligini ta'kidlarkan, d’Obinyak ijodkor voqyeaning butun mohiyatini aks ettira oladigan kunni ajrata bilishi kerakligini ta'kidlaydi. Biroq voqyealarni bir kun doirasiga sig'dirishning o'zi kam, ijodkor bu ishni haqiqatga monandlikka zarracha putur yetkazmagan holda amalga oshirmog'i zarur. Zero, haqiqatga monandlik bosh qoidadirki, usiz boshqa qoidalar o'z ahamiyatini yo'qotadi.

1660 yilda Per Kornelning uch jildlik asarlar to'plami chop etilib, uning birinchi jildi «Dramatik asarning foydaliligi va unsurlari haqida mulohazalar», ikkinchisi «Tragediya haqida mulohazalar», uchinchisi «Uch birlik haqida mulohazalar» deb nomlanuvchi so'z boshilar bilan ochiladi. Kornelning adabiy tanqidiy merosida bulardan tashqari qator nutqlar, ko'plab adabiy tanqidiy maqolalar, boshqa asarlariga yozilgan so'z boshilar ham mavjud. Albatta, katta ijodiy tajribaga ega, asarlari tanqidchilikda o'tkir bahslarga sabab bo'lgan adibning qarashlari adabiy tanqidiy tafakkur tadrijida sezilarli iz qoldirgan. Adabiy-estetik qarashlariga ko'ra, Kornel klassitsizm mavqyeida turishi shubhasiz. Lekin uning adabiy-estetik qarashlarida ham, badiiy ijoddagi izlanishlarida ham klassitsizm dogmalaridan chekinilgan o'rinlar talaygina. Zero, adabiyotni qat'iy normalarga bo'ysundirishga, «doktrina»ga qarshi bo'lgan Kornel «toki san'at mavjud ekan, uning qonunlari bo'lishi muqarrar, lekin qonunlarning o'zi o'zgarmas (muqarrar) emasdir» deb hisoblaydi. Kornel adabiyotning vazifasi (gedonistik yoki utilitar yondashuv) masalasidagi bahsni g'oyat foydasiz deb biladi. Chunki «qoidalar asosida zavq baxsh etib bo'lmaganidek, foydasiz zavq baxsh etish ham mumkin emas <...> foyda poeziyada faqat zavq shaklidagina mavjud bo'lsa-da, u zaruriy jihat bo'lib qolaveradi» . Kornel dramatik asar qismlari haqida so'z yuritarkan, Aristotelga tayanadi, lekin ulardan o'z davri uchun ahamiyati ko'proq bo'lgan syujet, xarakterlar, fikr, ifoda, musiqa, dekoratsiya kabi unsurlarga alohida to'xtaladi. Uning uqtirishicha, bu unsurlar ichida syujetgina to'lasicha poetik mahorat bilan bog'liq, qolgan unsurlar esa boshqa fan va san'atlar ko'magiga muhtoj. Ya'ni, ijodkor xarakterlarni to'laqonli yaratish uchun axloq fanidan xabardor bo'lishi kerak, shuningdek, fikr - ritorika, ifoda - grammatika fanlariga asoslanmog'i lozim. Qolgan ikki unsur esa musiqa va rassomlik san'atlari bilan bog'liqdirki, ijodkor ulardan xabardor bo'lishi zarurdir.

Adabiy tanqid Kornelni uch birlik qoidasidan chekinganlikda ko'p bor ayblagan. Kornel bu etirozlarga «agar men qoidalardan chekingan bo'lsam, bu aslo ularni bilmaganim tufayli emas» deya javob qiladi. Darhaqiqat, Kornel bu qoidalarni yaxshi bilgan, umuman olganda, ularni qabul qilgan ham. Shunga qaramay, ijodiy niyat ijrosi uchun zarur o'rinlarda ulardan chekinavergan. Tanqid antik mutafakkirlarga tayanib bildirgan e'tirozlarga javoban Kornel «joy birligi masalasida na Aristotel va na Goratsiyda hyech bir ko'rsatmaga duch kelmadim» deb yozadi. Unga ko'ra, ijodkorni bu qoidalar bilan bog'lab qo'yib bo'lmaydi, zero, «qadimgilar biz uchun yo'l solib, qo'riq ochdilar, biz esa unga ishlov berishimiz lozim». Kornel antik ijodkorlarga mutelarcha ergashishni ma'qullamaydi, chunki badiiy ijodda an'ana va yangilik uyg'un bo'lishi kerak deb hisoblaydi. Uning uqtirishicha, ijodkor mustaqil holda ham nimadir yaratish, san'at qoidalariga amal qilgan holda yangilik kiritishga intilishi zarur. Bu yo'lda ijodkorlar jur'at qilmog'i lozim, chunki, Tatsit aytmoqchi, hozir bizga namuna bo'lib turgan narsalarni yaratish uchun o'z vaqtida namuna bo'lmagan, bas, biz namunalarga tayanmay yaratgan narsalar vaqti kelib boshqalarga namuna bo'lib qolishi mumkin.

Klassitsizmning adabiy-estetik asoslari, poetik qoidalarini yaxlit holda muxtasar va mufassal bayon qilish Nikola Bualo-Depreoga (1636-1711) nasib etdi. Uning «She'riy san'at» nomli asari 1674 yilda chop etildi. Bualo asarni yozgan paytga kelib klassitsizmning adabiy-estetik, nazariy asoslari to'la shakllanib ulgurgan, asosiy masalalarda bir to'xtamga kelingan edi. «She'riy san'at» Goratsiyning «Poeziya ilmi» asaridan andoza olib, she'riy yo'lda bitilgan risoladir. Aytish kerak, hozirda Bualo risolasini o'qigan o'quvchi unda bildirilgan fikrlarni to'g'ri deb topishi, unga bu fikrlarda hyech bir «izm»ga xos narsa yo'qdek ko'rinishi ehtimoli ko'proq. Biroq muallifning fikr qarashlari asar yozilgan davr kontekstida olib qaralsa, uning klassitsizm talablari doirasida fikr yuritgani ayon bo'ladi. Masalan, Bualo «... she'rga chiroyu ko'rk bo'lsin ma'no, She'rning boshiga bo'rk bo'lsin ma'no» degan talabni qo'yadi. Aslida, Bualoning talabi to'g'ri, lekin ushbu talab shoir ijodda aql ustuvor bo'lmog'i kerak degan qarashdan keltirib chiqariladi. Unga ko'ra, «Hammadan muhimi ma'nodir, ma'no, Yo'lida necha bor dovon bor ammo». Bualo ma'noning yo'lidagi dovonlar deb ortiqcha tafsilotlar («Ortiqcha tafsilot she'rga zeb emas»), jimjimadorlik («She'rni burlesk bilan bulg'amang faqat»), soxta ko'tarinkilik («Hovliqma jumlalar she'rga zeb emas») kabilarni ko'rsatadi. Bualo she'riyatning she'rbozlik, qofiyabozlik deb tushunilishiga qarshi, ilgari shunday bo'lganini afsus-la qayd etarkan, uni chinakam san'atga aylantirish uchun qator yo'riqlar beradi:

Nafis, sodda bo'lsin sizning hikoya,

Faqat u maroqli bo'lsa kifoya.

Buzmang, oz emasdir vaznning kuchi...

Diqqat nazaringiz charchab qolmagay,

Unlilar orasi ochiq qolmagay.

Ohangdosh so'zlardan oqizing to'lqin,

Undoshlar behuda solmasin shovqin...

Tilning qonunlari - daxlsiz qonun,

Qutlug' va qat'iydir ular siz uchun.

Ohangi yot bo'lsa, tartibi buzuq

Bunday she'r o'ziga tortolmas tuzuk.

Xorijiy so'zlarga yo'l bermang sira,

Aniq, yorqin bo'lsin jumla, ibora...

Bualo badiiy ijodda aqlning ustuvorligi har jihatdan mukammal, muayyan tartibga qat'iy bo'ysunuvchi shaklni hosil qiladi deb hisoblaydi. Shuning uchun ham u «shoshilmay, sabrga qo'shib sabotni» ishlash, «bir misra qo'shsangiz uchni o'chirib» she'rga sayqal berishni maslahat beradi. Shoir shu yo'sin ishlagandagina she'r talab darajasidagi shaklga ega bo'ladi:

Shoir joylashtirsin barin jo-bajo,

Kirishu xotima topsin bir ado.

Bualo lirik janrlar haqida so'z yuritarkan, ularning eng muhim xususiyatlarini qayd etishga harakat qiladi. Jumladan, idilliya «o'rmonlarda go'yoki shamol, Yugurib o'ynagan cho'pon qiz misol», unga «soddaligu kamtarlik qanot, Yarqiroq dabdaba, baytlar unga yot» deb yozadi. Unga ko'ra, idilliya o'zining sodda samimiyati bilan «yuraklarga quyilgan roz», «mayinparvoz» qo'shiqdir. Yoki sonet haqida to'xtalarkan, uning asosiy shakl xususiyatlarini lo'nda bayon qiladi:

... avvalo qo'sh katren ...

Ularni ulasin ikki qofiya.

Ikki terset bilan tugasin Sonet

Xulosa fikrni tashisin terset.

Bualo har bir janr o'zining mazmun xususiyatlari, shunga mos uslub va ohangga ega deb biladi. U janr xususiyatlarining qorishib ketishi, belgilangan mazmunga tanlangan so'zlar yoki ohangning nomuvofiqligini yoqlamaydi:

Ba'zan qofiyaboz tutaqib yomon,

Nay bilan surnayni otib bir tomon.

Eklog o'rtasida shart turib nogoh

Taratar karnaydan jangovar sado.

Bualo she'rdagi soxtalikni, hissiy quruqlikni jimjimador so'zlar bilan xaspo'shlashga urinish, balandparvozlik, bir xillikni qoralaydi. Uning uqtirishicha, «ishq haqida ishqsiz yozish» mumkin emas, «faqat ishq o'tida o'rtangan shoir Bu hisni haqqoniy yozishga qodir»dir. «She'riy san'at»ni «qalamkash degani bizda oz emas» deya boshlagan Bualo qalamkashlarni o'z iste'dodini hushyor baholashga, huda-behuda tizmalarni she'r deb tushunmaslikka chaqiradi. U «jo'n gapni ash'or» deguvchilarni oddiygina qilib «qofiyaboz» deb ataydi, tabiat iste'dod ato etganlargina she'riyat cho'qqilarini zabt etishga qodir, faqat o'shalargina o'quvchi qalbidan joy ola biladi deya ularni ogohlantiradi.

Bualo dramaturgiya haqida yozarkan, «teatrga yozish - sharafsiz mehnat» ekanligini, bu masalada «bilag'onlar bisyor»ligiyu ularga asarni ma'qul qilish oson bo'lmasligini ta'kidlaydi. Agar bu davr fransuz adabiyotida dramaturgiyaning yetakchilik qilgani, nazariy ishlarda asosiy e'tibor dramaturgiyaga qaratilgani yodga olinsa, Bualo bu gaplarni aytganida nechog'li haq bo'lganini anglash qiyin emas. Bualo dramatik asarga qo'yayotgan talablar uning sahna uchun yozilishi, bunda tomoshabinni nazarda tutish shartligidan kelib chiqadi. Unga ko'ra, tomoshabin sahnaga «beparvo, mudroq» boqmasin, agar dramatik asar «titratib dillarga solmasa kamand, yoqmasa yurakda og'riq-iztirob», dramaturg «mehnati zoe»dir. Dramatik asar mualliflariga ko'pso'zlilik, ortiqcha safsatadan qochishni maslahat berib, tomoshabin diliga yo'l topish uchun quyidagi yo'riqni beradi:

... zafarga garov -

She'ringizda yongan hayajon-olov.

Chiroyli bir tugun, harakat a'mol

Bizni olib kirsin qissaga darhol.

Bualoga ko'ra, dramatik asar syujetining shiddat bilan rivojlanishi juda muhim. Chunki bu holda avvaliga «shiddat bilan yuksalgan hayajon» keyin «engil par singari yoyiladi»,- «nogahoniy yechim» syujetni go'yo nurlantirib tomoshabinga huzur baxsh etadi. Bualo har qanday voqyea ham «sahnada inkishof etishga loyiq emas», chunki «ba'zan eshitganni ko'rgan noravo» deb uqtiradi. Syujet voqyealarining haqiqatga monand bo'lishi juda muhim:

Asir etolmagay bizlarni yolg'on,

Haqiqat ko'rinsin haqiqatsimon.

Puchak mo'jizalar maftun etolmas,

Bizni maftun etar neki bo'lsa rost.

Ayni chog'da, Bualo poeziyaning obrazlar vositasida fikrlashi, unda badiiy to'qima va fantaziyaga hamisha o'rin borligini yodda tutadi, adabiyotdagi «majozman deganni qatag'on etuvchilar»ni yoqlamaydi, shoir kalomini «xayol va afsona bezasin» deb uqtiradi. Bualoning uqtirishicha, uch birlik qoidasiga amal qilinishi haqiqatga monandlikka erishishning muhim shartidir. U dramatik asarda «makon-joy birligi buzilmasligi»ni shart qiladi, shuningdek, sahnaga o'ttiz yillik voqyealarni «sudrab chiqish», ilk sahnadagi o'spirinni oxirgi sahnada nogiron-qariya qilib ko'rsatish nomaqbul deb biladi. Bualo qo'ygan talablardan yana biri dramatik holat bilan qahramon xatti-harakatlarining muvofiqligidir:

Har nechuk holatda barq ursin albat

Qahramon xulqiga oid alomat.

Ijodkor personajlarni yaratishda u yashagan asr, mamlakatni e'tiborda tutishi, personaj shunga mutanosib holda («O'ziga o'xshasin ular, albatta») harakatlanishi, so'zlashi darkor. Bualoga ko'ra, bu borada nomutanosiblikning bo'lishi romanlarga xos, biroq «teatrning o'zga hukmi bor, Hukmrondir bunda mantiq va qonun». Xarakterlarni to'laqonli, jonli tasvirlash uchun ijodkor hayotni, insonning fe'l-atvorini yaxshi bilishi zarur. Zero, «tabiat har kimga berib mohiyat, Baxsh etmish shunga mos xulqi xosiyat». Ya'ni, insonning mohiyati fe'l-atvorda zohir bo'ladiki, shoir avvalo shuni ilg'ay olishi darkordir. Bu borada shoirning asosiy ustozi tabiat - hayotning o'zi bo'lmog'i kerak:

Komediyada shon quchmoq bo'lsa kim

Bilsinkim tabiat unga muallim.

Bualo ijodkorlarni hayotni bilishga, «ahli shahar va ahli saroy»ni kuzatib, «o'ziga xos sifatga boy»larni izlab topish, so'ng ularni asarga olib kirishga undaydi. Uning komil ishonchiga ko'ra, «go'zal poemani oddiy tilak yo - qulay bir tasodif» emas, balki «tajriba, mehnat» dunyoga keltiradi.

Bualoning diqqat markazida poeziyagina emas, poet (bu so'z umuman ijodkor ma'nosida ishlatiladi) ham turadi, u qaysi masaladan so'z ochmasin, har ikkisi nuqtai nazaridan fikr yuritadi. Risolaning to'rtinchi, yakunlovchi qo'shig'ida ijodkor shaxsi, uning faoliyati bilan bog'liq masalalardan bahs yuritilgani ham muallifning ularga katta e'tiborini ko'rsatadi. Bualo poeziyadagi iste'dodsizlikni fojea, iste'dodsiz ekani holda shoirlik da'vosida bo'lishni bedodlik deb biladi. Shuning uchun ham agar «iste'dodingiz novvoylikda bo'lsa, novvoylik qiling», bu «qofiyabozlikdan ming marta afzal» deb uqtiradi. Bualo ijodkorning shaxsiy fazilatlariga ham yuksak talablar qo'yadi. Jumladan, asarda «razolatdan yiroq, beg'ubor, ma'sum, go'zal qalb» tajassum topmog'i lozim, buning uchun esa ijodkorning o'zi shunday qalbga ega bo'lmog'i zarur. Aksincha bo'lib, kimki razolatni tasvirlasa, u jazo va tahqirga loyiqdir. Ijodni daromad manbai deb bilmaslik («Shoirlar, baxsh etsin sizga ehtiros, Oltin kumush emas, shuhrat va e'zoz), faqirona turmush kechirishga tayyorlik(«... ammo biz ahli tamiz-ku, Kambag'allik, axir, qismatimiz-ku»), puch maqtovlaru soxta shuhratga uchmaslik, hasad tuyg'usidan yiroq bo'lishlik(«Xasadni bilmagay haqiqiy shoir»), she'rga mukkadan ketgancha hayotdan uzilib qolmaslik(«Shoir tirik inson, kitob qurtimas»), nodon tanqidiga parvo qilmasligu oqilning xolis tanqidini qabul qilishga hozirlik - bular Bualoning shoirlarga bergan yo'riqlaridan ayrimlari, xolos.

Bualo «She'riy san'at»ni yozgan paytda klassitsizm fransuz adabiy-madaniy hayotida yetakchi mavqye egallagan bo'lsa, 80-yillarda boshlanib qariyb chorak asr davom etgan «qadimlar» va «yangilar» bahsi endi uning asoslari yemirila boshlaganini namoyon etadi. Antik merosga munosabat masalasi ushbu bahsning asosini tashkil qilib, «yangilar» ilm-fan, adabiyot va san'atda o'z zamonalari antik davrdan yuksakroq pog'onaga chiqqan degan qarashni olg'a suradilar. Sharl Perroning «Buyuk Lyudovik asri» nomli poemasining e'lon qilinishi bahsning boshlanishiga turtki bo'ldi. Poemada imperator Avgust (qadimgi Rim) davri bilan Lyudovik XIV davri (zamona) qiyoslanib, keyingisi har jihatdan yuksakroq deb ta'kidlanadi. Sh.Perro o'zining «Qadimlar va yangilar orasidagi parallellar» (1688-1697) degan umumiy nom ostida e'lon qilingan dialoglarida bu qarashni atroflicha asoslashga intildi. Perro adabiyot va san'at taraqqiy etib borishi, buning qonuniy hodisaligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, kishilik jamiyati tarixi inson hayotiga o'xshash: agar antik davr kishilik jamiyatining bolaligi bo'lsa, o'z zamonasi uning yetuklik davridir. Shunga ko'ra, zamonaviy adabiyot ham antik adabiyotga nisbatan ma'naviy boyligi va madaniylashgani jihatidan yuksakroq darajada turishi tabiiydir. Perro antik adabiy-estetik tafakkur asosi bo'lgan mimesis tamoyilini, poeziya tabiatga taqlid qiladi degan qarashni inkor qiladi. Zero, u ong tabiatdan ustun deb biladi. Unga ko'ra, ijodkorning vazifasi tabiatga taqlid qilish emas, balki go'zallik idealini ifodalashdir . Ya'ni, «qadimlar» tabiatga taqlid qilgan bo'lsa, «yangilar» o'sha tabiatda «go'zallik idealini» ilg'ab oladilar-da, shu idealga taqlid qiladilar. Boshqa klassitsistlar kabi Perro ham poeziya ongga bo'ysundirilgan qat'iy qoida va yo'riqlarga tayanishi kerak deb biladi. Biroq boshqalardan farqli ravishda, Aristotel va Goratsiylar qoidalarni falsafiy g'oyadan kelib chiqib emas, antik adabiyot tajribasiga tayanib ishlab chiqqanlari uchun tanqid qiladi. Ya'ni, u poeziyaning falsafiy g'oyaga asoslangan, barcha davrlar uchun universal qoidalari bo'lishi kerak deb biladi. Perro adabiyotni hayotga yaqinlashtirish tarafdori. Shuning uchun ham u badiiy prozaga, ayniqsa, romanga alohida e'tibor beradi. Agar Uyg'onish davri olimlari, shuningdek, aksariyat klassitsistlar romanga ko'ngilochar asar sifatida qaragan bo'lsalar, Perroning e'tiborini janrning jamiyat va inson munosabatlarini ochib bera olish imkoniyatlari tortadi. Aytish kerakki, Perroning bu fikrlarida ma'rifatchilik davri adabiy tanqidiy tafakkuriga xos jihatlar kuzatiladi. Shunisi e'tiborliki, bahsda Perro tomonida turgan Bernar Fontenel qarashlarida ham shu hol ko'zga tashlanadi. Fontenel tafakkur bobidagi cheklovlarga qarshi chiqadi, inson mustaqil va erkin fikr yuritish huquqiga ega deb hisoblaydiki, bu bilan ma'rifatchilik qarashlariga yanada yaqinroq keladi. Albatta, Fontenelning bu qarashi, ma'lum ma'noda, klassitsizmning turli cheklovlariga nisbatan isyon deb tushunilishi mumkin. Shunga o'xshash, Fontenelning antik merosga nisbatan ancha keskin munosabati ham, aslida, uni «etalon» sifatida qabul qilishga qarshi isyon natijasidir. Jumladan, u antik miflarni «uydirma, bir-biriga yopishmagan safsata va fantaziyalar uyumi» deb baholaydi. Hatto, bahs qizig'ida u miflarning obrazli tabiati, ularning ramziy-majoziy mazmun-mohiyatini ham inkor qiladi. Unga ko'ra, antik adabiyot an'analari yuksak ongning mujassami emas, balki xurofot va inonchlar yig'indisidir . «Qadimlar» mavqyeida turgan Bualo antik adabiyot o'zida mangu idealni mujassam aks ettiradigan, shuning uchun ham universallik kasb etuvchi ko'zgu deb biladi. U «yangilar»ning bu masaladagi qarashlarini tanqid qilarkan, Perroni antik merosni asliyat tilida o'qiy olmasligini, shunday ekan, uning xulosalari mutlaqo asossizligini ta'kidlaydi. Chunki, Bualoga ko'ra, asliyat tilini bilmagan Perro antik ijodkorlar asarlarini o'z fantaziyasigagina tayanib talqin qiladi, ikkinchi tomondan, she'rning go'zalligi ko'proq tilda mujassam, demak, u haqda tarjima asosida hukm qilib bo'lmaydi .

«Qadimlar» va «yangilar» bahsi adabiy tanqidiy tafakkur rivojidagi muhim bir bosqich, XVII va XVIII asrlarni ajratuvchi va ayni chog'da bog'lab turuvchi zanjir halqasi sanaladi. Yuqoridagilardan ko'rinadiki, bu bejiz emas. Zero, «yangilar», garchi umuman olganda klassitsizm mavqyeida qolgan bo'lsalar-da, ularning qarashlarida klassitsizmning qator muhim nuqtalariga qo'shilmaslik, ma'rifatchilik davri adabiy tanqidiy tafakkuri kurtaklari ko'zga tashlanadi.

Perro roman janriga jiddiy e'tibor bilan qaraganini aytib o'tdik. Bu bejiz emas edi. Zero, bu davrga kelib, roman janr sifatida ancha takomillashib ulgurgan, «Don Kixot»dek buyuk asarni bergan edi. Perro «Don Kixot»ni gumanistik ruh bilan yo'g'rilgani, muallifini ilgarigi romanlarga xos ko'p jihatlardan (oldi-qochdi syujet, uydirma va h.) voz kechgani uchun ma'qullagan edi. Darhaqiqat, «Don Kixot» roman unchalik jiddiy bo'lmagan, yosh oyimchalaru bekorchi to'ralarning ko'ngil xushligi uchungina xizmat qiladigan janr emasligi, janrning juda katta imkoniyatlari borligini namoyon etdi. Eng muhimi, Perro ko'pchilik uchun hali nihon bo'lgan bu imkoniyatlarni ko'ra oldi va tegishlicha baholadi. Albatta, romanga munosabati o'zgargan bir Perro emas edi. Ayni shu davrda roman haqidagi ilk maxsus risolaning yaratilgani shuning yorqin dalilidir. Per-Daniel Yue qalamiga mansub «Romanning paydo bo'lishi haqida risola»da roman ilk bor tarixiy aspektda, klassitsizm mavqyeidan turib tadqiq etiladi.

Yue romanning ibtidosini Provans yo Italiyadan izlash xato, aslida romanning ildizlarini juda qadimdan, uzoq o'lkalardan qidirish kerakligini ta'kidlaydi. Chunki, uning yozishicha, ilgari she'riy yo'lda bitilgan asarlarni ham roman deb yuritganlar. Yue roman antik davrlarda yuzaga kelgan va uzoq asrlar davomidagi rivojlanish jarayonida hozirgi holiga kelgan. Roman janrini tarixiy taraqqiyotda ko'rgani uchun ham Yue o'z davriga kelib roman janri tushunchasi o'zgarganini nazarda tutadi. U o'z davrida roman deganda «o'quvchilarga zavq berish orqali nasihat qilish maqsadida to'qib chiqarilgan sevgi tarixini nasrda mahorat bilan tasvirlagan» asar tushunilishini ta'kidlaydi. Yue ushbu ta'rifga izoh berarkan, «to'qima» deyishdan murod romanni tarixdan ajratish ekanligini aytib, romanning asosiy mavzusi sevgi bo'lmog'i lozim deb uqtiradi. Agar ilgari «roman o'qish - vaqtni behuda sovurish» deb hisoblangan bo'lsa, Yue bunga qarshi o'laroq «romanning bosh maqsadi <...> har vaqt ezgulikning taqdirlanishi, yovuzlikning jazolanishini ko'rsatish orqali o'quvchiga saboq berish» deb belgilaydi. Shuningdek, ilgarigi olimlar romanni «poeziya»dan, romannavislarni «poet»likdan nari qilishgan bo'lsa, Yue kishini «... she'r to'qigani uchun emas, balki yaratgan obrazlari uchun poet deb ataladi», shunga ko'ra «romannavislarni ham poetlar qatoriga kiritish mumkin» deb biladi.

Yue romanni poemaga qiyoslarkan, uning haqiqatga monandlik jihatidan ustunligi, tilining soddaligi, majoziy ifodaning ancha kamligi va shuning uchun ham yengil tushunilishi, tasvir uchun keng ko'lamdagi materialni qamray olishi, turli g'oyalarni o'ziga singdira olish imkoniyati kabi jihatlarni ta'kidlaydi. E'tibor berilsa, Yue romanning keyingi davrlarda adabiyotda yetakchilik maqomini egallashiga imkon bergan janr xususiyatlarini qayd etgani ko'riladi. Aytilganlardan ko'rinadiki, risolada romanga xayrixohlik ruhi, uni poeziyaning to'laqonli vakili sifatida tan oldirishga intilish ustuvor. Masalan, Yue «roman o'qish o'quvchilarning xudojo'yligiga putur yetkazadi, axloqini buzadi» tarzidagi qarashlarga to'xtalib, haqiqatan ham bu ehtimol mavjudligini tan oladi. Biroq, unga ko'ra, axloq buzilishining sababini kitobdan emas, o'quvchilarning o'zlaridan izlash kerak. Zero, nopok aqllar har qanday narsani ham bulg'ashga, har qanday yaxshi narsani ham yovuzlikka do'ndirishga qodir. Boshqa tomondan, Yue o'z zamonidagi yaxshi romanlar bu qusurdan - shakkoklik va axloqsizlik urug'ini sepish illatidan forig' deb biladi. Chunki ularda nopokligu axloqsizlik o'tkinchi muzaffariyatdan so'ng muqarrar ravishda sharmandalik va baxtsizlikka olib kelishi, buning aksicha, halollik va ezgulik uzoq tazyiqlardan so'ng e'zozu sharafga loyiq bo'lishi tasvirlanadi. E'tirozlarga qarshi o'laroq, Yue romanning tarbiyaviy ahamiyatini ta'kidlaydi. Uning aytishicha, «romanlar - gapirmaydigan tarbiyachilar», ular «yosh aqllarni universitet zangi va maktab changidan tozalaydi», ularni hayotga tayyorlaydi. Hatto, Yue tarbiya vositasi sifatida romanning imkoniyati kengroq deb biladi, chunki, uning fikricha, Plutarxning «badiiy shakl bilan bezatilgan falsafiy ta'limot yosh qalblarga ravonroq yo'l topadi» degani romanga ham to'la taalluqlidir.

***

Adabiyot va san'atda barokko oqimining yuzaga kelishini mutaxassislar Uyg'onish davri g'oyalarining inqiroz topishi bilan izohlab tushuntiradilar. Agar Uyg'onishning bosh omili yevropada burjuaziyaning iqtisodiy va ijtimoiy yuksalishi bo'lsa, barokkoning maydonga kelishi XVI asrning ikkinchi yarmidan ko'zga tashlangan turg'unlik bilan bog'liqdir. Mutaxassislar barokkoga xos ayrim jihatlar Uyg'onish davrining Shekspir, Tasso, Monten singari ulug' namoyandalari asarlarida ham ko'zga tashlanishini ta'kidlaydilar . Albatta, bu o'rinda ko'proq barokko dunyoqarashiga xos jihatlar ko'zda tutiladi: Uyg'onish davri optimizmi o'rnini egallay boshlagan insonga, uning ertangi kuniga ishonchsizlik va buning natijasi o'laroq yuzaga kelgan tushkunlik, mung ohanglari bevosita mavjud ijtimoiy evrilishlarning natijasi edi. Agar Uyg'onish davri ijodkorlari hayotni sevish, undan zavqlanish, huzurlanishni targ'ib etgan epikurcha falsafaga asoslangan bo'lsalar, bu davr ijodkorlari ongini dunyo foniyligi, jamiki qadriyatlar o'tkinchiligini uqtiruvchi stoiklar falsafasi egallaydi. Bunday falsafa lirika rivojiga rag'bat bermaydi: she'riyatda his-tuyg'ular o'rniga ularni bo'g'uvchi fikriy mushohadalar ustuvorlik qiladi; foniy dunyo go'yo qimmatga ega emas, u faqat ramzu majozlar materiali, koni xolos. Barokko uslubi kishini hayratga solishga, uni lol qilishga intiladi: unga birmuncha jimjimador, tumanli ifoda xosdir. Barokkoning ifoda vositalari orasida metafora hukmron mavqyeni egallaydi, metaforiklik barokko uslubining belgilovchi xususiyatiga aylanadi. Shuni ham aytish kerakki, mutaxassislar XVI asr oxiri -XVII asr boshlarida maydonga kelgan ispan adabiyotidagi kulteranizm va konseptizm, inglizlardagi evfuizm, italyan adabiyotidagi marinizm, fransuzlardagi pretsioz adabiyot kabilarni barokko doirasidagi oqimlar sifatida ko'rsatadilar.

Ilk bor barokko she'riyatining xususiyatlarini o'z ijodida mujassam namoyon etgan ispan shoiri Gongora (1561-1627) fikrni go'yo pardalab, anglanishini qiyinlashtiruvchi jimjimador va go'zal uslubni urfga kiritdi. Buni sodda uslubga qarshi qo'yarkan, Gongora o'zining ijodiy-estetik mavqyeini hamma uchun emas, madaniyatli kishilar uchungina yozish kerak deya asoslaydi (shuning uchun ham Gongora va uning davomchilarini birlashtirgan oqim "gongorizm" bilan bir qatorda "kulteranizm" degan nom oldi). Shu o'rinda "kulteranist"lar bilan klassitsistlarni birlashtiradigan umumiy nuqta ko'zga tashlanadi: har ikkisi ham madaniyatli kishilar uchun yozish kerak deb biladi. Biroq shunisi borki, klassitsistlar antik adabiyotni biladigan va uning qoidalarini qabul qilgan kishilarni madaniyatli kishilar deb bilsalar, gongoristlar irreallikni, ong osti qatlamlarini idrok etishga qobil kishilarni shunday deb biladilar. Faqat avomgina o'zining to'pori moddiyunligi bois zaminga bog'liqligicha qoladi, chinakam shoir avomdan yuksak turadi va undan hazar qiladi, uning qo'shiqlari oz sonli xoslar, nozikta'b kishilarga atalgandir. Shunga o'xshash holni barokko ichidagi yana bir oqim – "konseptizm" vakillarida ham ko'rish mumkin. Bu oqim namoyandalari o'z asarlarida so'z o'yinlari, tushunish o'ta qiyin ko'chimlarni qo'llaganlarki, bu ko'chimlar kutilmagan qiyoslar, murakkab assotsiatsiyalarga tayanadi. Natijada ular o'ziga xos topishmoq, intellektual jumboqqa aylanadi. Muhimi, ularni idrok etish uchun hissiy emas, chuqur aqliy mushohada yuritish talab etiladi. Ya'ni, konseptistlarning asarlari ham xoslarga – muayyan tayyorgarlikka ega bo'lgan, zehni o'tkir kishilarga mo'ljallanadi. Boshqacha aytsak, konseptistlar o'z asarlarini o'quvchiga o'tkir zehnlilik mashqi sifatida taqdim etishadi, estetik zavqni jumboqni yechishda deb bilishadi.

Marinizm oqimining asoschisi Jambatista Marino(1569-1625) ijodiy-estetik prinsiplari jihatidan Gongoraga o'xshash: she'rlaridagi hissiy to'yintirilganlik, dunyoning foniyligi va shu bilan bog'lik pessimistik ruh, uslubdagi jijimadorlik, murakkab assotsiatsiyalarga asoslangan ko'chimlar va sh.k. Marinoning ijoddagi eng e'tiborli xususiyatlaridan biri shuki, u barcha san'atlar o'zaro bog'liq, ular asli bitta, faqat ifoda usuliga ko'ra farqlanadi deb biladi. Marino rangtasvirda jim turgan she'riyatni, she'riyatda so'zlayotgan rangtasvirni ko'radi. Poeziya va she'riyatning maqsadi bitta – odamlarga huzur baxsh etishgina emas, ularni ma'nan yuksaltirish, qalblarini tozartirishdan iboratdir. Marinoga ko'ra, rangtasvir san'ati hammaga, hatto omilarga ham tushunarli, poeziyani anglashga esa faqat "o'qimishli, fozil kishilar" qobildirlar. Marino san'atlarning o'zaro ta'siri, ularning bir-birini boyitishini e'tirof etgani holda, ularning ichida poeziyani yetakchi deb biladi. Jumladan, u musiqa haqida so'z yuritarkan, "so'z va fikrlarni ifodalamagan holda jaranglayotgan narsa musiqa deb atalishga loyiq emas" deb hisoblaydi.

Biz yuqorida so'z yuritgan oqimlarning vakillari o'zlarini "yangi san'at" vakillari, o'z uslublarini "zamonaviy uslub" (stile moderno) deb hisoblaganlar. Badiiy ijod amaliyotida yuz bergan o'zgarishlar tabiiy ravishda ularni nazariy jihatdan idrok etish ehtiyojini tug'diradi. Italiya va Ispaniyada birin-ketin Baltasar Grasian(1601-1658), Matteo Peregrini(1595-1652), Emmanuel Tezauro (1591-1675) kabi barokko nazariyotchilari maydonga chiqadilar.

Ispan barokko adabiyotining yirik namoyandasi, nosir va nazariyotchi Baltasar Grasian kattagina adabiy meros qoldirgan. Uning "Qahramon"(1637), "Siyosatchi" (1640), "Zakiylik yoki tez idrok san'ati" (1642), "Xushmuomala" (1646), "Kundalik folnoma yoki ehtiyotkorlik san'ati" (1647), "Tanqidchi" (1651-1657) kabi asarlari o'z vaqtida katta shuhrat topgan, adabiyotning keyingi rivojiga sezilarli ta'sir ko'rsatgan. O'z ijodiy faoliyatida yangi uslubni amalda tatbiq etgan Grasian nazariy ishlarida yangi adabiyotning qonuniyatlarini ochishga intiladi. Uning "Zakiylik yoki tez idrok san'ati" (1642) nomli asari tuzilishi jihatidan lotin, ispan, fransuz, italyan va portugal she'riyati namunalarini jamlagan majmuaga o'xshaydi. Biroq Grasian oddiygina majmua tuzishni emas, balki turli xalqlar she'riyatidan olingan sara she'rlar misolida zakiylik tabiatini o'rganishni, bu bilan o'z davri adabiy tanqidini o'zgartirishni maqsad qiladi. Grasian "zakiylik, tez idrok" tug'dirgan she'riyat tabiatini anglatishga Uyg'onish davridan boshlab singdirib kelinayotgan Aristotel "Poetika" ojizligini tushunib yetdi. Ayni chog'da, u Aristotelni inkor qilmaydi, balki yangi she'riyat uchun faylasufning "Mantiq" yoki "Poetika"si emas, "Ritorika"si zarurroq deb biladi. Grasianga ko'ra, estetika mantiqdan tamom farqli fan, Go'zallik saltanati esa XVI asr nazariyotchilari izlagan joydan tamom boshqa joydadir.

Grasian "did" (gusto) terminini ilk bor mantiqiy mushohadadan tamom farqlanuvchi estetik mushohada ma'nosida qo'llaydi. Garchi bu atama ilgariroq Lope de Vega tomonidan qo'llangan bo'lsa-da, u tamom boshqa tushunchani anglatgan. Grasian esa "did" deganda aqlning tanqidiy fikrlash qobiliyatini nazarda tutdiki, keyincha bu tushuncha estetika fanida keng o'rin tutadi. Shuningdek, Grasianning ijodiy intuitsiyani, "tez idrok"ning bir-biridan tamom yiroq hodisalar mohiyatini ilg'ash va bir zumda ularni birlashtira olish qobiliyatini nazariy o'rganish zarurati haqidagi fikrlari ham ilm-fan uchun qimmatli va qiziqarli edi. Grasian "tez idrok" (agudeza) deganda noma'lum narsaning g'oyat tez harakatga keluvchi intuitsiya yordamida anglanishini tushunadi. Unga ko'ra, badiiy bilish tabiatan intiutiv bilish bo'lib u voqyelikni idrok etishning yangi imkoniyatlarini ochadi. Shulardan kelib chiqqan holda Grasian antik ritorika san'atning barcha hodisalarini, dunyoni estetik idrok etish xususiyatlarini to'la qamrab ollmasligini ta'kidlaydi. Zero, qadimgilar mantiqiy bilish qonunlarini kashf etganlar, sillogizmlar tizimini ishlab chiqqanlar, biroq ular "o'tkir zehn" uchun yaroqli emas. Qadimgilar "O'tkir zehn" faqat daholargagina xos deb hisoblab, shu xususiyat namoyon bo'lganda hayratlanishnigina bilganlar, u amal qiluvchi qonunlarni belgilamaganlar. Holbuki, Grasianga ko'ra, agar mantiqiy fikrlash qonuniyatlarini ishlab chiqish mumkin bo'lgan ekan, "o'tkir zehn" qonuniyatlarini ishlab chiqish ham mumkindir.

Tezauroning "Aristotel durbini" asarining barokko uchun ahamiyatini mutaxassislar Bualo "Poetik san'ati"ning klassitsizm uchun ahamiyatiga qiyoslaydilar. U ham Aristotelni inkor qilmaydi, balki Grasian singari u ham yangi san'at uchun "Poetika" emas, "Ritorika" muhimroq deb biladi, buni yanada ochiqroq ko'rsatadi. Tezauro "tez idrok san'ati" mantiq va mantiqiy qurilmalarga bog'liq emasligini qayta-qayta takrorlaydi, taxayyul asosiga qurilgan poetik olam o'zigagina xos, tafakkur qonuniyatlaridan tamom farqli qonuniyatlarga tayanadi deb biladi. Shu qonuniyatlarni tadqiq etishga jazm etgan Tezauro zakiylik haqida ancha izchil ta'limot yaratadi.

Tezauroga ko'ra, "yangi san'at" namoyandalarining asarlarini vujudga keltirgan Zakiylik Ongning ko'rinishlaridan biridir. Zakiylikning ikkita asosiy qirrasi bor – Zehn va Donolik . Zehn narsa-hodisalar botinidagi mohiyatga kirib boradi, donolik esa bir-biridan yiroq narsa-hodisalar mohiyatidagi o'xshashliklar, aloqalarni tez ilg'ab oladi-da, biridan ikkinchisini keltirib chiqaradi, birining o'rniga ikkinchisini qo'yadi. Ko'rinib turganidek, bu o'rinda gap obraz – Metaforaning yuzaga kelishi haqida boradi. Umuman, Tezauro poetikasi metaforaga asoslanadi, unga ko'ra metafora "poeziyaning onasidir". Metafora tabiatini, uning xil va turlarini o'rganish uchun Tezauro me'morlik, rassomlik, haykaltaroshlik kabi san'atlarga ham murojaat etadi. Jumladan, u me'morlikdagi tashqi bezaklar insonni ramziy metaforani anglashga yetaklaydi deb biladi. Umuman, ko'zga tashlanib turgan har qanday tasvir qalbning turli holatlarini ifodalashga xizmat qilishi, ongga esa yangi muammolarni ochishi lozim. Shunga binoan, u inson sezgilariga ta'sir qilish uchun san'at bezakdor, yorqin, kutilmaganliklarga boy bo'lishi kerak deb uqtiradi.

Tezauro olamiy ramz, Ilohiy Metaforani anglashga olib keladigan san'at nazariyasini ishlab chiqishga intiladi. Zakiylikni, iqtidorni u xudoning yaratuvchilik qudratiga monand hodisa deb tushunadi. Zero, san'atkor yo'q narsadan yangi mavjudlikni yaratadi, Xoliqning o'zi kabi obrazlar va irreal olamni yaratadi. Yaratuvchilik dahosi insongagina berilgan emas, u tabiatning o'zida-da mavjud. Asrorga yetgan xoslar undagi belgilarda tabiatning zakiy niyatini anglay oladi. Xudoning o'zi metaforalar, analogiyalar va konchettolar olamini yaratganki, omilarga ular oddiygina bezak bo'lib tuyuladi, holbuki, gap olamning yaratilishi haqida borarkan, ularning hyech biri bejiz, bema'ni emas. Bulardan ko'rinadiki, Tezauro falsafasi o'rta asr xristianligidan ko'ra antik panteizm, neoplatonizmga yaqinroq turadi. Xuddi Marino singari Tezauro ham Yaratuvchini mohir notiq, dirijyor, rassom sifatida tasavvur etadi.

Tezauro "Axloqiy falsafa" asarida yana Zakiylik masalasiga qaytadi va fikrni majoziy ifodalash uning muhim xususiyati ekanligini ta'kidlaydi. Unga ko'ra, Zakiylikni namoyon etish uchun fikrni to'g'ridan-to'g'ri emas, balki majoziy yo'l bilan, kutilmagan yo'sinda ifodalash talab qilinadi. Bunday ifoda san'atga xos bo'lib, u haqiqat emas, biroq haqiqatga taqlid qiladi. Shuningdek, Tezauro muhim bilan qiziqarli, kulgili va qayg'uli jihatlarni birlashtira olish ham Zakiylikning belgilaridan deb biladi. Uning uqtirishicha, "shu darajadaga jiddiy, yo shu darajadagi qayg'uli va yo shu darajadagi ulug'vor hodisa mavjud emaski, uni ham shaklan va ham mazmunan hazilga aylantirib bo'lmasa". Yaxshi ma'lumki, antik qoidalarga asoslangan klassitsistlarning ayni shu narsaga qarshi bo'lganlariga qaramay, ijod amaliyotida bu narsa mavjud edi, Tezauro esa birinchilardan bo'lib buning qonuniyligini asoslashga jazm etadi.

Tezauro bitta fikrni uslubiy jihatdan turfa shakllarda ifodalash mumkinligini jonli misollarda ko'rsatarkan, bu xil turfalik fikrni zakiylik bilan shaklga solish, metaforik yo'lda aytish imkoni tufayligina mavjudligini ta'kidlaydi. Ayni chog'da, u ifoda shakli bilan mazmun bir-biriga uzviy bog'liqligini, ulardan biri o'zgarsa, ikkinchisining ham muqarrar o'zgarishi taqozo etiladi deya uqtiradi. Demak, yozuvchi ifoda yo'sinini tanlar ekan, uning o'zi yetkazmoqchi bo'lgan mazmun, hissiy tonallikka qay darajada mosligi haqida jiddiy bosh qotirishi lozim. Ko'rinadiki, garchi barokko adabiyoti vakillari uslubidagi jimjimadorlik, o'rinsiz murakkabliklar o'z vaqtida (va keyin ham) ko'plab e'tirozlar tug'dirgan bo'lsa-da, uning yetuk namoyandalari, xususan, Tezauro singari nazariyotchilari shaklbozlikdan, "shakl shakl uchun" aqidasidan yiroq bo'lganini ham e'tirof etish, bu adabiyot vakillarining bariga bir xil munosabatda bo'lmoqdan tiyilish lozim ekan.

Barokkoga nisbatan birmuncha tanqidiy mavqyeda turganlardan biri Italyan nazariyotchisi, "Zakiylik haqida risola" muallifi Matteo Peregrinidir. U barokko adabiyotiga umuman qarshi bo'lmagani holda, undagi ortiqchaliklarni yoqlamaydi, ularni tanqid qiladi. Albatta, uning barokkodagi ortiqchaliklar - tafsilotlarning o'ta ko'pligi, metafora va o'xshatishlardan isrof darajasida foydalanish hollarini tanqid qilgani, ayniqsa, barokkoga urf bo'lgani uchungina ergashgan o'rtamiyona ijodkorlarga nisbatan asosli va adolatli edi. Jumladan, u zakiylik masalasiga o'ta mahliyolik natijasida uning modaga aylanib qolgani muammoni jiddiy o'rganish, nazariy asoslashga halal beradi deydi. Tezauro zakiylik tafakkur sohasiga emas, balki Go'zallik yo Ko'ngilxushlik sohasiga daxldor deb biladi. Unga ko'ra, zakiylik zohiriy (ya'ni, shaklda namoyon bo'luvchi) nayrang bo'lib, mazmunga aloqador emas. Ayni paytda, Peregrini tafakkurning emas, qandaydir badiiyatning mahsuli bo'lgan mo'jizaviy Zakiylik mavjud bo'lishi mumkinligini ham, garchi bu hodisani tushuntirishga jazm etmasa-da, inkor qilmaydi. Barokkoning boshqa nazariyotchilaridan farqli o'laroq, Peregrini mantiq va estetika, tafakkur va badiiy ijodni keskin farqlashgacha borib yetmaydi.

Sforsa Pallavichinining (1607-1667) adabiyotshunoslikka oid qarashlari «Uslub va dialog san'atlari haqida mulohazalar»(1646) hamda «Ezgulik haqida» (1644) nomli asarlarida aks etgan. Uning badiiy ijod tabiati haqidagi mulohazalari e'tiborga molik. Jumladan, she'r va musiqani qandaydir nazariya emas, ilhom dunyoga keltiradi deb hisoblaydi. Fikrining dalili uchun u Tassoning ijod onlari ehtiroslari jo'shib, telbalarcha holatga tushganini eslatib o'tadi. Unga ko'ra, shoir va musiqachining his-tuyg'ulari na haqiqat, na yolg'on bo'lolmaydi. Shunday ekan, san'atga axloq mezonlari bilan yondashib bo'lmaydi, badiiyat va axloq bitta narsa emas. Pallavichini ta'kidlaydiki, san'at uchun bittagina qoida mavjud: u qanchalik jonli bo'lsa, shunchalik mukammaldir; poetik asarning birgina maqsadi bizning ongimizni hashamatli obrazlar, yangi va mo'jizaviy tushunchalar bilan bezashdan iboratdir. Poeziya haqiqatga monand bo'lishi lozimligi shubhasiz, biroq uning haqiqatga monandligi obrazlarning jonliligi bilan belgilanib, tarixiy haqiqatdan tamom farqlidir. E'tibor berilsa, Pallavichinining bu qarashlari klassitsizm aqidalariga zid o'laroq, ularga aks ta'sir sifatida yuzaga kelganini sezish qiyin emas.

Pallavichini uslubga qo'ygan asosiy talablardan biri musiqiylik bo'lib, bu talabni u faqat she'riy nutqqa emas, nasriy nutqqa ham qo'yadi. Unga ko'ra, musiqiylikka erishish uchun yozuvchi nutqiy bo'laklar, periodlar, kolonlar va takrorlar ustida jiddiy ishlamog'i lozim. Pallavichini metaforaga «lo'nda qilib ifodalangan mo'jizaviy kuzatish» deb ta'rif beradi. U yozuvchilik dahosi bir-biridan tamom yiroq, hyech qo'shilishi mumkin emasdek tuyulgan narsa-tushunchalar orasidagi yashirin rishtalarni topish va ularni birlashtira olishda deb hisoblaydiki, bunga erishishning asosi zakiylikdir. Mutaxassislar Pallavichinining qarashlari XVIII-XIX asrda vujudga kelgan idealistik estetikaning ko'plab tamoyillarini tayyorlagan deb hisoblaydilar.

Daniele Bartoli (1608-1685) italyan barokko adabiyotidagi eng yaxshi nosirlardan biri sanaladi. Uning «Adabiyotchi» (1645) hamda «Donishmand istirohati» (1649) nomli asarlarida bildirilgan adabiy tanqidiy fikrlari o'z davri uchun, adabiy tanqidiy tafakkur rivoji uchun ham sezilarli qimmatga ega. Bartoli ijodda ham, ilmda ham ancha bosiq, mo'tadil mavqye tutadi. U yangi uslub - barokko uslubi haqida to'xtalarkan, shubhasiz, uni yoqlaydi. Chunki endilikda did noziklashgan, xalqning konfet o'rniga cho'chqayong'oq yeb qanoat hosil qilgan vaqti o'tib ketgan, shu bois, Bartolining obrazli qilib uqtirishicha, o'quvchi qulog'iga quyilayotgan ichimlikning qimmatli bo'lishi kifoya emas, balki idish ham, ichimlikning quyilish yo'sini ham unga munosib bo'lishi lozim. Ayni paytda, Bartoli barokko uslubiga xos ortiqchaliklarni, ayniqsa, bu uslubga ko'r-ko'rona taqlid qiluvchilarni tanqid qiladi, aytadiki, ular zakiy ifoda topish uchun ijodiy taxayyulni nechog'li zo'riqtirmasin, qanchalik ter to'kib ishlamasin - niyatlari o'lik tug'ilaveradi. Bartoli ularning mehnatlari mahsulini shamning xira yorug'ida shishadan ishlangan buyumga o'xshatadi: unga teginsang - chilparchin bo'ladi, durustroq razm solsang - bir pulga qimmatligi ayon bo'ladi qoladi. Ularning asarlari ko'ngilochar, huzurbaxsh mavzularda yozilgan bo'lsa-da, bir holatdan ikkinchisiga sakrab yurilgani uchun kasalning alahlashini esalatadi. Bartoliga ko'ra, bunday asarlarning doyasi zakiylik emas, ulardagi zakiylik misoli yashin: bir lahza ichida paydo bo'ladi, yashaydi va izsiz g'oyib bo'ladi. U asarlardagi o'rinsiz hashamdorlikni yoqlamaydi, bunday asarlarni tovusning dumiga o'xshatadi: patlarning rang-barangligi ko'zni qamashtirsa-da, yurishga halaqit beradi. Bartolining uqtirishicha, zakiylik yolg'on emas, real bo'lishi kerak; fikr kuchi bilan zakiylikni sig'maydigan joyiga ham zo'rlab tiqishtirish ma'qul emas. Uning topib qiyos qilishicha, keyingi hol xuddi chiroyli bo'lish ilinjida yuz terisini kesib, unga turli toshlar qadayotgan, aslida o'ylaganining aksi bo'layotganiga fahmi yetmayotgan varvarni eslatadi. U me'yorni saqlashga, turfa bezaklar va zakiy ifodalarni suiste'mol qilmaslikka undaydi, toki zakiy ifodalarning bisyorligi fikr qashshoqligini yashirishga xizmat qilib qolmasin.

***

Albatta, kichik bir ocherk doirasida XVII asr yevropa adabiyotshunosligida yuz bergan barcha o'zgarishlarni qamrab olish mumkin emas, shu bois biz undagi asosiy hodisalarga muxtasar to'xtalish bilan cheklandik, umid qilamizki, shuning o'zi o'quvchiga masala yuzasidan ilk umumiy tasavvurni bera oladi. Agar berilgan ma'lumotlar o'quvchini qiziqtirib, uning masalani yoxud ayrim olimlar merosini chuqurroq o'rganishiga turtki bo'lsa, oldimizga qo'ygan maqsadga erishgan bo'lamiz. Majmua

Gesiod

Teogoniya

(Parcha)

Biz o'z qo'shig'imizni Muzalar - Gelikon1

ilohalaridan boshlaymiz.

Ular yuksak va muqaddas Gelikon tog'ida yashaydilar.

Zevs qurbongohi va binafsharang buloqni

doira bo'lib aylanadilar,

Nozik oyoqlari bilan asta bosib raqs etadilar,

qo'shiq kuylaydilar...

Muqaddas Gelikon yon bag'irlarida qo'y boqib

yurgan vaqtlarida

Ular Gesiodga o'zlarining go'zal qo'shiqlarini o'rgatdilar.

Ulug' Zevs-podshoh qizlari - Olimp Muzalari eng avval

Mana bunday so'zlar bilan menga murojaat qildilar:

«Ey, yaylov cho'ponlari, qorinning g'amida yurgan badbaxtlar,

Bizlar yolg'onni ayni haqiqat tarzida hikoya

qilishga ko'p mohirmiz.

Ammo, agar istasak, unda haqiqatni ham hikoya qila olamiz»

Zevsning hikoya qilishda mohir qizlari menga shunday dedilar.

Yam-yashil dafna daraxtidan menga mo'jizakor

tayoq yasab berdilar-da,

So'ng bo'lib o'tgan va endi bo'ladigan ishlarni kuylab yurishim uchun

Ilohiy qo'shiqlar aytish iqtidorini ruhimga singdirdilar.

Ular menga buyurdilar saodatli xudolar urug'ini ulug'lashni,

Eng avval va oxir - ularning o'zlarini muttasil madh etmoqni...

Izohlar:

1. Gelikon - Gesiod yashagan Beotiyadagi tog'.

Isokrat

Panegirik

(1) Meni har vaqt hayron qoldiradigan narsa shuki, bayramlarda uyushtiriladigan kurash yoki yugurish musobaqalarida g'olib chiqqan atletlarga katta mukofot beriladi-yu, o'z manfaati uchungina emas, balki umum manfaati uchun mehnat qilayotganlarga na bir mukofot va na aytarli e'zoz; (2) holbuki, ular hurmatga ko'proq loyiq, zero, atletlar boridan ikki karra kuchli bo'lib qolganlarida ham hyech kimga naf keltirmaydilar, fikrlaydigan odam esa hammaga - uning tafakkur mevalaridan bahramand bo'lishni istaganki odam bor bariga foydalidir. (3) Biroq hozir bu holni e'tiborga olmasga qaror qilib va ushbu nutqim keltiradigan sharafni yetarli mukofot hisoblagan holda, men bu yerga Elladani birlashishga va varvarlarga qarshi urushga da'vat etmoq uchun keldim. Garchi notiq degan nomga da'vo qiluvchilarning ko'pi mengacha ham bu mavzuda so'zlagan bo'lsalar-da, (4) men ulardan o'zishga qat'iy chog'landim, zero, nutqlarning sarasi deb eng muhim masalalarga bag'ishlangan, notiqqa o'zini ko'rsatish imkonini yaratish bilan birga tinglovchilarga ham katta naf keltiradigan nutqni bilaman, umid qilamanki, mening nutqim ayni shunday. (5) Boz ustiga, hali vaqt ham unchalik yo'qotilmaganki, harakatga undash kech bo'lgan bo'lsa. Notiq esa faqat ish amalga oshib, endi uni muhokama qilishdan ma'ni qolmagan yoki masala tugal hal etilib, unga biron nima qo'shish imkoni qolmagan holdagina jim turishi lozim. (6) Biroq, agar avvalgi chiqishlar samarasiz bo'lgani sababidan ish o'rnidan jilmay turgan bo'lsa-yu, muvaffaqiyat topgan holda bizni o'zaro urushlaru ulkan kulfatlardan xalos etishi mumkin bo'lgan nutq ustida ishlash nahotki o'rinsiz bo'lsa? (7) Mabodo predmet mohiyati haqida fikr bildirishning faqat bitta usuli bo'lganida edi, boshqalar aytgan gaplarni takrorlab tinglovchilarni bezdirish ortiqcha bo'lur edi; (8) biroq toki nutqda bitta narsani turlicha talqin qilish - kabirni sag'irga, sag'irni kabirga aylantirish, o'tmish hodisalariga yangicha nazar solish, yaqinda yuz berganlarini esa o'tmish orqali qayta ko'rib chiqish imkonlari mavjud ekan, demak, ilgari so'z borgan predmetdan qochish emas, uni yanada yaxshiroq ifodalashga harakat qilmoq kerak. (9) Bo'lib o'tgan voqyealar hammamizga ma'lum, biroq ulardan o'z vaqtida saboq chiqarish, ularning asl mohiyatini anglash va ifodalay olish imkoni faqat oqil kishilargagina berilgan. (10) Agar yangilikdan ko'ra mahorat va ijro mukammalligi, mavzu tanlashdagi o'ziga xoslikdan ko'ra uni yoritishdagi o'ziga xoslik ko'proq qadrlansa, san'atlar, jumladan, notiqlik san'ati yuksak kamolotga erishadi.

(11) Ayrimlar malakasi kam tinglovchiga og'irlik qilishini ro'kach qilib nozik ishlov berilgan nutqni ma'qullamasdan yanglishadilar, negaki, ular favqulodda vazifa qo'yilgani sababli tantanavorlikni taqozo etuvchi nutq bilan bezaklardan forig' sud nutqini farqlamaydilar; o'ylashadiki, go'yo maqbul me'yorni faqat o'zlarigina biladilar, serhasham va tantanavor so'zlovchilar esa sodda va aniq ifodaga go'yo qobil emas. (12) Bundaylar o'zlaridan juday-la ilgarilab ketmagan notiqlarnigina maqtaydilarki, bu isbotlab o'tirishga ham arzimaydi. Ularning fikri meni qiziqtirmaydi: men nutqimdan boshqalarda uchramaydigan fazilatlarni izlaydigan ahli darklarga, bilimdon va talabchan tinglovchilarga murojaat qilaman va bevosita asosiy masalaga o'tishdan avval ular uchun yana bir-ikki og'iz qo'shib qo'yaman. (13) Nutqning boshlanishida, odatda, yaxshi tayyorlanishga ulgura olmaganlari yoki muhim mavzuga munosib so'z topish qiyinligini ro'kach qilib oldindan uzrxohlik qiladilar. (14) Shuning o'rnida aytay: agar nutqim o'zining predmeti yoki mening sha'nimga munosib chiqmay qolsa, o'ziga sarflangan vaqtni, aniqrog'i, butun umrimni oqlamasa, mayli, alohida iqtidorga ega bo'lmagan holda bundayin vazifani uddalashga jazm etganim uchun mendan hazar qilsinlar, mazahlarga ko'mib tashlasinlar. O'zim haqimda aytmoqchi bo'lganlarim - shular. <...>

Oratoro' Gretsii. M.: Xudojestvennaya .literatura, 1985.- S.39-40

Platon

Davlat

Navkarlarni ikki jihatdan

tarbiyalash: musiqiy va gimnastik

- Tarbiya qanday amalga oshiriladi? Sirasi, bu borada juda qadim zamonlarda topilgandan yaxshirog'ini topish qiyin. Tana uchun - gimnastik tarbiya, qalb uchun - musik tarbiya .

- Ha, shunday.

- Musik tarbiya bizda gimnastik tarbiyadan oldin boshlanadi.

- Nega shunday bo'lmasin ekan?

- Musik tarbiya haqida so'zlarkan, sen unga so'z san'atini ham qo'shayotirsan, to'g'rimi?

- Ha.

So'z san'atining ikki xili: haqiqiy va yolg'on.

Navkarlar tarbiyasida miflarning roli

- So'z san'atining esa ikki xili bor: biri - haqiqiy, ikkinchisi - yolg'on?

- Ha.

- Ikkala xili bilan ham tarbiyalash kerak, biroq avval yolg'oni bilan?

- Nima demoqchiligingni sira tushunmayapman.

- Murg'ak bolalarga avval miflarni hikoya qilishimizni tushunmayapsanmi? Miflar, umuman aytganda, yolg'on, biroq ularda haqiqat ham mavjud. Bolalar bilan ishlarkan, biz miflarga gimnastik mashqlardan oldin murojaat qilamiz.

- Ha, shunday

- Shuning uchun ham avval musik tarbiyaga, so'ng esa gimnastik tarbiyaga kirishmoq kerak dedim-da.

- To'g'ri.

- Nahotki bilmasang, har qanday ishda ham eng muhimi - boshlanishi, ayniqsa, bu ish murg'ak va nafis narsaga taalluqli bo'lsa. Ko'proq ayni shu vaqtda unda muhrlanmog'i istalgan sifatlar shakllanadi, qaror topadi.

- Mutlaqo to'g'ri.

- Bolalarimizning duch kelgan miflarni, qaysiki - tayinu notayin kaslar tomonidan to'qilgan, aksariyati biz ular ulg'ayganlarida ongida bo'lishi kerak deb hisoblagan qarashlarga zid keluvchi miflarni tinglashlari, murg'ak qalblariga singdirishiga osongina yo'l qo'yib bera olamizmi?

- Biz bunga aslo yo'l qo'ymaymiz.

- Eng avvalo, ravshanki, biz mif yaratuvchilarni nazoratga olishimiz kerak: agar ularning asarlari yaxshi bo'lsa, qabul qilamiz, yo'qsa - rad etamiz. Biz tarbiyachilarni va onalarni bolalarga faqat tan olingan miflarni hikoya qilishga ko'ndiramiz, toki ularning yordamida bolalar qalbi mashqlar orqali tarbiyalangan tanalaridan oldinroq shakllansin. Ular hozirda hikoya qilib berayotgan miflarning ko'pini esa chiqitga uloqtirish kerak.

- Aynan qaysilarini?

- Biz ahamiyatliroq miflardan kelib chiqib maydalari haqida ham hukm qila olamiz: axir, ular bir xil xususiyatlarga va bir xil ta'sir kuchiga ega. Yo sen bunga qo'shilmaysanmi?

- Qo'shilaman, lekin tushunolmadim, sen qaysi ahamiyatliroq miflar haqida so'zlayotirsan?

- Gesiod, Gomer va boshqa shoirlar hikoya qilganlarini. Ular odamlar uchun yolg'on rivoyatlar to'qib, bu rivoyatlarni hikoya qila boshladilar, to hanuz hikoya qilib keladilar.

- Qaysilari? Sen ulardagi neni tanbehga loyiq ko'ryapsan?

- Avvalo va asosan tanbeh berilishi kerak bo'lgan narsani, alohida ta'kidlab aytsam, to'qimaning muvaffaqiyatsiz chiqqanini.

- Mabodo kimdir xudolar va qahramonlar haqida so'zlay turib ularning xususiyatlarini salbiy tasvirlasa, bu bamisoli rassom birovning suratini asliga aslo o'xshamaydigan qilib chizganidek bo'lur.

- Bu nav tanbeh o'rinli, lekin biz bunda nimani nazarda tutamiz?

- Uran go'yo Gesiod asarida eslatilgan ishni qildi va buning uchun Kronos undan o'ch oldi degan odam hammadan oldin eng ulug' voqyea haqida o'ta muvaffaqiyatsiz, ulkan yolg'onni to'qigan kimsadir. Men hali aqli g'o'r yoshlarga Kronosning qilmishlari, unga o'g'li tomonidan yetkazilgan azoblar haqida, hatto ular chin haqiqat bo'lganida ham, osonlik bilan hikoya qilib berish kerak emas deb hisoblayman, aksincha, bu o'rinlarni hikoya qilmay chetlab o'tilgani yaxshiroq; mabodo qandaydir sabab bilan ularni hikoya qilish zarur bo'lsa, mayli, juda ozchilik hufyona eshitsin, biroq o'shanda ham eshitishga sazovor bo'lganlar soni oz bo'lib qolishi uchun ular el qatori cho'chqacha emas, kattaroq - topish mushkulroq narsani qurbonlikka keltirsinlar.

- Haqiqatan ham bu haqdagi hikoyalar og'ir.

- Bizning davlatimizda, Adimant, ularni hikoya qilmaslik kerak. Bularni hikoya qilish bilan yosh tinglovchida o'ta adolatsiz xatti-harakating ham aslo g'ayrioddiy emas, hatto o'z otangni noma'qul qilmishi uchun har qanday yo'sinda jazolaganingda ham dastlabki va buyuk xudolar qilgan ishni takrorlagan bo'lasan xolos, degan tasavvur qoldirmaslik kerak.

- Zevsga qasam bo'lsin, menga ham tuyulyaptiki, bu haqda gapirish yaramaydi.

- Umuman, xudolarning o'zaro urushlari, bir-birlariga ishlatgan hiyla-nayrangalari, janjallari - asli bular haqiqat ham emas - haqida ham gapirish yaramaydi; axir, hademay davlatimiz himoyasiga turishi lozim bo'lganlar o'zaro g'animlikning shunchalar oson paydo bo'lishini og'ir sharmandalik deb hisoblashlari kerak. Gigantlarning o'zaro janglari, xudolaru qahramonlar bilan qarindoshlari, yaqinlari orasidagi juda ko'p turfa kelishmovchiliklarni bayon qilishu tasvirlash ham umuman joiz emas - aksincha, agarki biz fuqarolarning hyech biri boshqasiga nisbatan dilida hyech qachon dushmanlik tuymasin, bu narsa nopoklikdir, degan e'tiqodni singdirmoqchi ekanmiz, unda qariyalaru kampirlar bolalariga, hatto ular birmuncha ulg'ayganlarida ham, ko'proq ayni shu haqda hikoya qilishlari lozim; shoirlarni ham o'z ijodlarida bundan og'ishmaslikka majbur qilmoq kerak. Bizning davlatimizda Gefestning onasi Gerani kishanband etganiyu xotiniga yon bosgan otasi Zevs uni Olimpdan uloqtirgani, yoki Gomer to'qigan xudolarning o'zaro urushlari haqida, ularda ma'lum majoziy ishoralar bormi yo yo'qligidan qat'iy nazar, hikoya qilinmasligi lozim. Bola qaerda majoz boru qaerda yo'qligini idrok qilishdan ojiz, bunday murg'ak yoshida o'ziga singdirgan qarashlar esa, odatda, juda chuqur, o'zgarmas va o'chmas iz qoldiradi. Mana shuning uchun ham, sirasi, bolalar tomonidan eshitilgan dastlabki miflarning tamomila ezgulikka yo'naltirilgan bo'lishiga erishish zarur.

- Bu fikr asosli. Lekin kimdir bizdan bu haqda ham so'rab, qaysi va nima haqdagi miflar desa, qaysi miflarni ko'rsatishimiz mumkin?

- Adimant,- dedim men.- sen bilan men hozir shoir emas, davlatning asoschilarimiz. Miflar yaratish esa asoschilarning vazifasi emas, ular poetik ijodga qo'yiluvchi asosiy talablar qanday bo'lishi kerakligini bilsalar va shulardan chekinishga yo'l qo'ymasalar kifoya. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.155-158

- <...> Gomer «Zevsning ulug' dargohida ikkita idish bor, Biri baxtli tuhfalarga, boshqasi baxtsiz tuhfalarga to'liq», agar kimgaki Zevs shu ikki idishdan aralashtirib bersa, uning «Hayotida goh quvonch, goh g'am-alam aralash keladi»; kimgaki omixta qilmasdan, faqat ikkinchi idishdan bersa, uni «Xudolar yerida muttasil ochlik quvib yuradi» deganida aqldan toyib qattiq yanglishadi. <...> Biz yana yoshlarimiz Esxil aytgan mana bu tarzidagi gaplarni tinglashiga yo'l qo'yishimiz mumkin emas:

Biron xonadonga qirg'in keltirmoq istasa

Agar, bandalariga sababni xudo yaratur.

Agar biron-bir asarda yambda yozilgan shunday misralar uchrasayu, ularda Nioba yo Pelopidlarning iztiroblari, yo Troya urushi voqyealari va yo shu ruhdagi boshqa bir narsa tasvirlangan bo'lsa, u holda bularning bari xudodan ekanligini tan olmasligimiz, yoki, agar bularni xudodan deb bilsak, uning hozir biz izlayotgan ma'nisini ochib berishimiz, ya'ni xudoning qilganlari har vaqt adolatu undan keladigani faqat rahmat, bu odamlarga berilgan jazo ham asli o'zlarining foydalarigadir, deya uqtirishimiz kerak. Shoirlarning bu odamlar kulfat chekayotganiga sabab - jazolangani, jazoning sababchisi esa xudo, deya ta'kidlashlariga aslo izn bermaslik lozim. Biroq, agar shoirlar bu odamlar chindan jazoga muhtoj edilar, faqat yomonlargina jazoga mustahiq bo'ladilar va jazo olganlari tufayli ham xudodan foyda ko'rmoqdalar deya uqtirsalar, buni ma'qullash mumkin. Aksincha, qachonki xudo o'zi rahmat bo'lgani holda kim uchundir kulfat manbai ham bo'ladi desalar, bu bilan har yo'sin kurashmoq lozim: hyech kim - na yoshu na qari, agar o'z davlatida qonuniylik bo'lishiga intilsa, bu haqda gapirmasligi, xoh nazmiy va xoh nasriy bayonda bo'lsin tinglamasligi shart, zero, bunday da'vo nopok bo'lishi bilan birga, biz uchun foydali emas, boz ustiga, o'z ichida tumtaroq va ziddiyatlarga to'ladir. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.159-160

Navkarlar tarbiyasida poeziyaning roli

- <...> Aidni mavjud, mavjud bo'lganda ham dahshatli deb bilgan kishi o'lim qo'rquvidan forig' bo'la oladimi, bunday odam mag'lubiyat yoki qullikdan ko'ra jangda o'lmoqni afzal bila oladimi?

- Hyech qachon.

- Ko'rinib turganidek, biz bunday miflar haqida ham qayg'urishimiz, ularni hikoya qilishga jazm etuvchilardan Aidda neki bo'lsa barini birdek qoralayvermaslikni, aksincha, maqtashlarini talab qilishimiz lozim: axir, ular bu nav qoralashlarida haq emaslar, boz ustiga, bu bo'lg'uvsi jangchilar uchun foydali ham emas.

- Ha, bu bilan jiddiy shug'ullanish kerak.

- Unda mana bu singari o'rinlarni ilk misrasidanoq bitta qoldirmay o'chirib tashlaylik:

Qaniydi tirik bo'lib, chorakordek dalada peshona teri to'ksam,

Faqir dehqon izmida burda non topib yesam. Xo'broq edi

Yuz chandon... bunda jonsiz o'liklarga o'lik shoh bo'lganimdan <...>

<...> - Biz Gomer va boshqa shoirlardan uzr so'raymiz - mabodo asarlaridagi shu va shunga o'xshash misralarni o'chirsak, bizdan achchiqlanmasinlar; biz ularni aksariyat tinglovchilar uchun yoqimsiz ekani yoxud badiiy zaifligi uchun o'chirmaymiz, aksincha, ular badiiy jihatdan qanchalik mukammal bo'lsa,- modomiki inson hur bo'lmog'i va o'limdan ko'ra qullik asoratiga tushib qolishdan ko'proq qo'rqishi kerak ekan,- ularni bolalar ham, kattalar ham shunchalik kam tinglashlari kerak deb bilamiz. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.165-166

<...> - Shuningdek, biz tarbiyamizdagi yoshlarning ta'magir, poraxo'r bo'lib yetishishlariga ham yo'l qo'yolmaymiz.

- Aslo.

- Demak, ular «Sovg'a xush kelar hammaga - xudolaru ulug' shohlarga» tarzidagi madhlarni tinglamasliklari kerak. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.171

Ifoda usullari yoki poetik san'at uslublari haqida

- <...> roviylar va shoirlar nima haqda gapirmasinlar, u yo o'tmish, yo hozir va yo kelajak haqidagi hikoya bo'ladi, to'g'ri emasmi?

- Albatta, boshqacha bo'lmaydi ham!

- Hikoya qilishni esa yo oddiy rivoya, yo taqlid vositasida va yo har ikkisini qo'shgan holda amalga oshiradilar, to'g'rimi?

- Men aniqroq anglab olishim kerak.

- <...> Menga ayt-chi, «Iliada»ning boshlanishi, Xrisning Agamemnondan qizini ozod qilishni so'ragani, Agamemnonning darg'azab bo'lganiyu maqsadiga yetolmagan Xrisning xudodan axeyaliklarni jazolashni tilagani haqida gapirgan o'rinlarni bilasanmi?

- Ha, bilaman.

- Demak, u holda bu o'rinlarni:

barcha axeyaliklarga iltijo qildi u,

Ayniqsa, qudratli Atridlar - axeya qo'shini ustunlariga

misralari bilan tugatarkan, shoir faqat o'z tilidan gapirayotgani, bizning xayolimizda go'yo bu o'rinda o'zi emas, kimdir birov gapirayotgandek tasavvur hosil qilishga intilmayotganini ham bilasan. Bundan keyin esa u shunday gapiradiki, go'yo uning o'zi - Xris; shoir bizni imkon qadar bu gaplarni o'zi - Gomer emas, keksa kohin gapirayotir deb tasavvur qildirmoqqa harakat qiladi. Hikoyaning qolgan qismini ham shoir - voqyealar xoh Ilionda, xoh Itaka va xoh «Odisseya»da tasvirlangan boshqa joylarda kechayotgan bo'lsin - xuddi shu yo'sin davom ettiradi.

- Albatta-da.

- Shunaqa ekan, shoir o'zgalarning nutqini keltirsa ham, orada o'z tilidan gapirsa ham, bu hammasi baribir hikoya bo'lib qolaveradimi?

- Bo'lmasam-chi?

- Biroq shoir o'zga shaxs nomidan qandaydir nutq keltirsa, biz u o'z nutqini o'sha, hozir gapirishi haqida biz ogohlantirilgan shaxs nutqiga iloji boricha o'xshatmoqda, demaymizmi?

- Ha, shunday deymiz.

- O'zingni qiyofa va yo nutqda boshqa odamga o'xshatish, aslida, o'sha o'xshatilayotgan odamga taqlid qilish degani emasmi?

- Xo'sh, keyin-chi?

- Shunaqa ekan, chamasi, Gomer ham, boshqa shoirlar ham taqlid vositasida hikoya qilar ekanlar.

- Albatta.

- Agar shoir asarning hyech bir joyida o'zini yashirmaganida, uning butun ijodi ham, hikoyasi ham taqlidga tamom begona bo'lur edi. <...> Mabodo Xrisning kelgani, qizi uchun tovon keltirgani va axeyaliklarga, ayniqsa, ularning podsholariga iltijo qilayotganini aytgach, Gomer hikoyasini, go'yo Xrisga aylanib qolgandek gapirmasdan, hamon Gomerligicha qolib davom ettirganida, tushunyapsanmi, bu taqlid emas, balki oddiy hikoya bo'lur edi. <...>

- Tushunaman.

- Endi tushunsang kerakki, buning tamom aksi ham bo'lishi mumkin: buning uchun o'zgalar nutqi orasidan shoir o'z tilidan aytganlarni chiqarib, faqat o'zgalar suhbati qoldirilsa kifoya.

- Buni ham tushunyapman - tragediyalarda shunday bo'ladi.

- Fikrimni to'g'ri fahmlading, o'ylashimcha, avvalroq tushuntira olmagan narsani endi anglata oldim: poeziya va mif yaratishning bir turi to'laligicha taqliddan tarkib topadi - bu, o'zing aytganingdek, tragediya va komediya; boshqa bir turi shoir o'zi aytgan gaplardan iborat - buni difiramblarda ko'rish mumkin; epik poeziya va boshqa ko'p turlarda - bu ikki usul qorishiq keladi <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.173-176

San'at eydosga taqlidning taqlidi sifatida

- Istaysanmi, shu yerdan muhokamani o'zimizning odatdagi usulimiz bilan boshlaymiz: bir nom bilan ataladigan ko'plab narsalarni biz odatda bitta turga mansub etamiz. Tushunyapsanmi?

- Tushunyapman.

- Endi istalgan bir ko'plikni olib qaraylik. Senga ma'qul bo'lsa, masalan, dunyoda krovat va stollar juda ko'p...

- Albatta.

- Lekin bu predmetlarning g'oyasi (eydos) bor yo'g'i ikkita - biri stol uchun, ikkinchisi krovat uchun.

- Shunday.

- Odatda biz g'oyaga qarab turib usta u yoki bu narsani yasayapti deymiz: birov bizga kerak bo'lgan krovat yasaydi, boshqasi stol, - boshqa barcha hollarda ham shuning o'zi. Biroq ustalarning hyech bittasi g'oyaning o'zini yaratmaydi. Yo usta bu ishni uddalay oladimi?

- Hyech iloji yo'q.

- Qani aytchi, mana bunday odamni ham usta deb ataysanmi...

- Qanday odamni?

- Qaysiki, hunarmandlarning har biri alohida holda yasayotgan barcha narsalarning yaratuvchisini.

- Sen noyob mahorat egasi bo'lgan odam haqida gapirayotirsan.

- Bunisi hali nima ham bo'pti! Mana, ehtimol, nima seni bundan-da ko'proq lol qoldirar: o'sha usta har turli narsalarni yasashga qodirgina emas, u jamiki narsa - yerdan unganki o'simliklar, jami tirik mavjudot, jumladan, o'zini ham, zamin, osmon va xudolarni, yeru osmon, shuningdek, Aidda mavjud narsalarning barini yaratadi.

- Sen favqulodda, hayratlanarli darajada mohir odamni aytayotirsan.

- Ishonmayapsan-a? Ayt-chi, seningcha, bunaqa ustalar umuman bo'lmaydimi yo nimadir qilib, yagona bir usul qo'llab bu narsalarning yaratuvchisiga aylanish mumkinmi? Nahot fahmlamayotgan bo'lsang, axir, sen o'zing ham buni qaysidir yo'sinda amalga oshirishga qodirsan?

- Qay yo'sinda?

- Bu ish uncha qiyin emas, u tez-tez va ko'p amalga oshirib turiladi. Tezroq amin bo'lmoqchi bo'lsang, qo'lingga ko'zguni ol-da, chor tarafga aylantir - shu on Quyoshni ham, osmondagi boshqa jismlarni ham, yerni, o'zing bilan birga boshqa maxluqlar va narsalarni ham, o'simliklarni, umuman, hozirgina aytilganlarning barini paydo qila olasan.

- To'g'ri, lekin bu haqiqatda mavjud narsalar emas, faqat ko'rinish bo'ladi.

- Juda soz. Sen muhokama ma'nisiga yaxshi kirib boryapsan. Shunaqa ustalar sirasiga, o'ylaymanki, musavvir ham kiradi. Shunday emasmi?

- Nega kirmasin ekan?

- Ammo, menimcha, sen musavvir, aslida, o'zi yaratayotgan narsani yaratayotgani yo'q deya e'tiroz qilasan, garchi qaysidir ma'noda u ham krovat yaratayotgan bo'lsa-da. Shunday emasmi?

- Ha, axir, u yaratgan narsa faqat ko'rinish.

- Unda duradgor usta-chi? Axir, hozirgina u g'oyani (krovatning g'oyasi), qaysiki, biz haqiqatda krovat deb hisoblagan narsani emas, qandaydir krovatni yasayapti demaganmiding?

- Ha, men shunday dedim.

- Agar u mavjud narsani yasamayotgan ekan, u haqiqatda mavjud narsani emas, faqat unga o'xshash narsani yaratadi. Agar birov duradgor yoki boshqa istalgan hunarmand yasagan mahsulotni haqiqatda mavjud deb hisoblasa, haq bo'lib chiqishi mahol.

- Jilla qursa biz kabi muhokama qilish bilan mashg'ul kishilar bunday fikrda bo'lmas edilar.

- Demak, agar duradgor yasagan mahsulot asliyatning atigi qandaydir xiraroq o'xshashi bo'lsa, biz aslo xayron bo'lmaymiz.

- Aslo.

- Istaysanmi, shundan kelib chiqib bunday taqlidchi qanday bo'lishini anglashga urinib ko'ramiz?

- Marhamat qil.

- Xo'sh, demak, o'sha krovatlar uch xil bo'ladi: birinchisi tabiatning o'zida mavjud bo'lib, biz uni, o'ylashimcha, xudoning ijodi deb tan olgan bo'lardik. Yoki, ehtimol, boshqa birovningmi?

- Yo'q, men o'ylaymanki, faqat Uning.

- Ikkinchisi - duradgorning ijodi.

- Ha.

- Uchinchisi - musavvirning asari, shunday emasmi?

- Shunaqa ham deylik.

- Musavvir, duradgor, xudo - mana shular uch xil krovatning uch nafar yaratuvchilari.

- Ha, ular uch nafar.

- Shunday qilib, xudo o'zi xohlamagani sababli yoki tabiatda bittagina tugallangan krovat bo'lishini taqozo etgan zarurat tufayli faqat bitta krovatnigina yaratdiki, o'sha krovatgina haqiqiy; uning ikkita yoki ko'proq o'xshashi xudo tomonidan yaratilmadi, bas, tabiatda bo'lishi ham mumkin emas.

- Nega endi?

- Negaki, mabodo u jami ikkita krovat yaratganida ham, baribir, ular bitta va aynan o'sha ko'rinishga ega bo'lur edi: u o'sha yagona, haqiqiy krovatligicha qolar, krovatlar ikkita bo'lmas edi. Shuning uchun ham u o'z tabiatiga ko'ra yagona bo'lgan krovatni yaratdi.

- To'g'ri fikr.

- Men o'ylaymanki, xudo buni bilgan holda, aslo qanaqadir bir krovatni yasash yoki krovat yasovchi usta bo'lishni emas, haqiqatda mavjud krovatning haqiqiy yaratuvchisi bo'lishni istadi.

- Shunaqaga o'xshaydi.

- Istaysanmi, biz uni shu narsaning yaratuvchisi yoki shunga o'xshash bir nom bilan ataymiz?

- Ha, bu adolatli bo'lur edi, chunki shu narsani ham, boshqa barcha narsalarni ham tabiatga muvofiq holda yaratgan uning o'zidir.

- Duradgorni-chi, uni nima deb atasak bo'ladi? Krovat yasovchi usta debmi?

- Ha.

- Musavvir-chi - uni ham shu narsalarning yaratuvchisi yo ustasi deymizmi?

- Aslo.

- Unday bo'lsa, shu jihatdan musavvir kim, sen nima deysan?

- Mening nazarimda, unga eng munosib nom mana bu: musavvir ustalarning asarlariga taqlid qiluvchidir.

- Yaxshi. Demak, sen taqlidchi deb mohiyatdan uch o'rin nari turuvchi asarlar yaratayotgan odamni atayapsan?

- Albatta.

- Demak, tragediya yaratuvchisi ham shunday: modomiki u ham taqlidchi ekan, tabiiyki, u ham shoh va haqiqatdan uch o'rin narida turadi; boshqa barcha taqlidchilar ham xuddi shunday.

- Balki.

- Shunday qilib, taqlidchilar masalasida sen bilan kelishib oldik. Musavvir masalasida menga yana shuni ayt-chi: seningcha u tabiatda mavjud narsalarni aks ettirishga harakat qiladimi yo ustalar yasagan narsalarga taqlid qiladimi?

- Ustalar yasagan narsalarga.

- O'sha narsalar aslida qanday bo'lsa shundayligichami yo ularning o'ziga ko'rinayotgan holichami?

- O'zing buni qanday tushunasan?

- Mana bunday: karavot, agar unga ro'paradan, yonboshdan yo boshqa qay bir tarafdan qaralsa, o'z-o'zidan farqlanadimi yo bu yerda hyech qanday farq yo'g'-u, faqat bizga boshqacha bo'lib tuyulyaptimi? Xuddi shu narsa boshqa har qanday narsada ham bo'ladimi?

- Ha, xuddi shunday bo'ladi. U faqat boshqacha bo'lib tuyuladi xolos, aslida bu yerda hyech qanday farq yo'q.

- Sen mana shu narsani mushohada qilib ko'r. Musavvir har gal o'z oldiga qanday vazifani qo'yadi? U haqiqiy mavjudlikni aks ettirishga intiladimi yo faqat ko'rinishnimi? Boshqacha aytsak, rangtasvir soyalarni aks ettirishmi yo voqyelikni?

- Soyalarni.

- Demak, taqlidiy san'atlar voqyelikdan uzoq. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.422-425

Shoir haqiqiy voqyelikni emas, soyalarni aks ettiradi.

<...> Gomerdan boshlab shoirlarning hammasi ezgulik va boshqa barcha narsalarning soyasini aks ettiradilar, ular uchun ijodning predmeti shugina bo'lib, haqiqatga teginmaydilar? Bu hozirgina biz keltirgan misolda ko'rganimiz kabi: musavvir bizga haqiqiy bo'lib ko'rinadigan etikdo'zni tasvirlaydi, holbuki, o'sha musavvir etikdo'zlik ishida hyech vaqoni tushunmaydi; uning chizgan suratini tomosha qiluvchilar ham shunga o'xshash - ular faqat ranglar va chizgilarga qarabgina hukm yuritadilar.

- Albatta.

- Xuddi shu gapni, men o'ylaymanki, shoirlar haqida ham ayta olamiz: shoir turfa so'zlar va iboralar vositasida, garchi o'zi bu borada hyech narsa bilmasa va faqat taqlid qilishgagina qobil bo'lsa-da, u yoki bu kasb-koru san'atlarning nozikliklarini shunday tasvirlaydiki, u ishlatgan so'zlar ta'siridagi boshqa, o'zi singari bu masalada tamom g'ofil kishilarga juda ham yaxshi aytilgandek tuyulaveradi; buning allaqanday tabiiy jozibasi shunchalar kuchliki, shoir mavzun va ravon she'r bilan etikdo'zlik haqida so'zladimi, harbiy yurishlar va yo har qanday boshqa narsa haqidami - ahamiyatsiz. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.428-429

Taqlidiy poeziya fe'l-xuyni buzadi

va shu bois davlatdan quvilishi kerak.

- Biroq biz hali poeziga eng katta ayblovimizni qo'yganimizcha yo'q: uning butun dahshati shundaki, poeziya hatto haqiqiy insonlarni ham aynitishga qodir, bundan faqat kamdan kam kishilargina mustasnodir. <...> biz, hatto bizlarning eng yaxshilarimiz ham, Gomer yoki boshqa bir tragediya ijodkori qahramonning g'am-anduhga cho'mgan, oh-vohu shikoyatlarga to'liq nutq irod qilayotganini tasvirlaganida, boshqalarni esa shunga monand jon-jahdi bilan ko'ksilariga mushtlab kuylashga majbur qilganida, o'zingga ma'lum, ko'nglimizda huzur his qilamiz, shu taassurotga berilib ketib, qahramonni uning iztiroblariga sherik bo'lgan holda kuzatamiz va u kabi hamma narsani jiddiy qabul qilamiz. Biz o'zimizni imkon qadar shunday holatga sololgan ijodkorni maqtaymiz, yaxshi shoir deb ataymiz. <...> E'tibor qilganmisan, kun kelib birortamizning boshimizga kulfat tushganida biz buning tamom aksi - har qanday holatda xotirjamlikni saqlay olishimiz, hislarimizni mahkam jilovlay bilishimiz bilan maqtanamiz? Axir, aslida er kishining fazilati ham - shu, haligina maqtaganimiz esa ayollarga xos xususiyat edi. <...> Shunday ekan, modomiki biz qahramonning tasvirlangan holatiga tushishni istamasak va buni hatto uyatli deb bilsag-u, o'sha holat bizda jirkanish hosil qilish o'rniga ko'nglimizga huzur baxsh etsa va maqtovlarga sabab bo'lsa, bizning maqtovlarimiz yaxshi va o'rinli bo'la oladimi? <...> Men o'ylaymanki, o'zgalarning iztirobu kechinmalari biz uchun beshak yuqumli: ularga nisbatan ko'nglimizda kuchli shafqat qo'zg'alsa, uni o'zimiz iztirobga tushgan hollarda jilovlashimiz juda qiyin bo'ladi; buni kamdan kam kishilar biladi, nazarda tutadi. <...> U ishq rohati bo'ladimi yo g'azab, ko'nglimizning boshqa turfa mayllari, o'zimiz aytgandek, bizning har bir harakatimizga ergashib keluvchi qayg'u yo huzur bo'ladimi - bularning bari bizda poetik taqlidni vujudga keltiradi. Taqlid esa bularning barini oziqlantiradi, qurib bitgani ma'qul bo'lgan narsalarni sug'oradi, ularning bizning ustimizdan hokimligini o'rnatadi; holbuki, yomonroq va baxtsizroq emas, yaxshiroq va baxtliroq bo'lish uchun bu hislarni o'zimizga tobe' tutishimiz lozim edi. <...>

Platon. Sochineniya. V 3-x t. T.3.Ch.1. - M.: «Mûsl»,1971.- S.435-437

Aristotel

POETIKA

(Poeziya san'ati haqida)

I

ASAR MAZMUNI

Biz umuman, poetik san'at to'g'risida, shuningdek, uning alohida ko'rinishlari va ulardan har birining imkoniyatlari, poetik asarning yaxshi chiqishi uchun rivoyat (mifos) qanday tuzilmog'i lozimligi to'g'risida so'zlaymiz. Bundan tashqari, asarning nechta va qanday qismlardan iborat bo'lishi, shu bilan birga, bu tadqiqotga tegishli bo'lgan hamma boshqa masalalarga to'xtalib o'tamiz. Tabiiyki, o'z so'zimizni boshlang'ich masaladan boshlaymiz.

POEZIYa O'XShATISh SAN'ATI

Epos va tragediya, shuningdek, komediya va difiramb ijod etish, yaratish, avletika va kifaristikaning1 katta qismi - bu hammasi, umuman aytganda, o'xshatish(mimesis) san'atidan o'zga narsa emas; ular o'zaro uch jihatdan: (1) tasvirlashning turli vositalari bilan; (2) tasvirlash predmeti bilan; (3) rang-barang noo'xshash usullar bilan farqlanadi.

TASVIRLAShNING TURLI VOSITALARI

Ba'zi kishilar mahorat, ba'zilar malaka sababli, yana ba'zilar tug'ma iste'dodlari tufayli bo'yoqlar va shakllar yordamida ko'p narsalarning tasvirini - o'xshashini yaratadilar. Hozirgina eslab o'tilgan san'atlarning hammasida ham alohida yo ritm, yo so'z va yoxud garmoniya yordamida yoki shularning hammasi uyg'unligida tasvirlaydilar. Avletika va kifaristika hamda muzika san'atining boshqa xillari faqat garmoniya va ritmdan foydalanadi. Masalan, surnay chalish san'ati, raqs san'atida xususan garmoniyasiz, ritm yordami bilan o'xshatadilar, chunki ular ayni ifodali ritmik harakatlar orqali xarakterlar, ehtiroslar va voqyealarni qayta gavdalantiradilar. Biroq vaznli so'z yordamida, shuningdek, bir necha vaznni aralashtirib yo ulardan birontasini qo'llash yo'li bilan yuzaga keluvchi yoxud yalang'och (vaznsiz) so'z vositasida yaratiluvchi2 san'at hozirgacha (ta'riflanmay) qolayotir3. Birov trimetr, elegik yoki boshqa shunga monand she'r turlari yordamida tasvirlaydi. Shunday ekan, biz Sofron va Ksenarx mimlariga ham, Suqrotona suhbatlarga ham4 umumiy nom bera olmaymiz, faqat «ijod» tushunchasini vazn bilan bog'lovchi kishilargina hayotni qayta gavdalantirish mohiyati tufayli emas, umuman, vazn tufayli (ularning hammasini) shoirlar deb ulug'lab, ba'zi birlarini elegiklar, boshqalarini epiklar deb ataydilar. Mabodo, meditsina yoki fizikaga oid qandaydir risolani vaznga tushirgan holda nashr etsalar muallifni odatda shoir deb ataydilar. Bu o'rinda Gomer va Empedokl5 bilan vazndagi yaqinlikdan boshqa hyech qanday umumiylik yo'q, shu boisdan har ikkisini shoir deyishdan ko'ra, birinchisini shoir, ikkinchisini tabiatshunos deb atash adolatlidir. Shu bilan barobar, Xeremon6 «Kentavr»da barcha vaznlarni aralash holda qo'llab, rapsodiyalarni barcha ritmik o'lchovlardan yaratgani singari, kimdir hamma vaznlarni qo'shgan holda ishlatib, asar yozib chiqarsa, (uni) ham shoir deb atashga to'g'ri keladi. Bu masala xususida shu aytilganlar yetarli bo'lar.

Biroq ba'zi bir san'atlar borki, ular hamma aytilganlardan, ya'ni ritm, ohang va vazndan foydalanadi, masalan, difirambik poeziya, komlar, tragediya va komediya shular jumlasidandir. Bular shu bilan farqlanadiki, ularning ba'zilari mazkur vositalardan birdaniga, boshqalari esa ayrim qismlaridagina foydalanadi, xolos. Men san'atlar o'rtasidagi tasvirlash vositalariga taalluqli bo'lgan farqlarni shunday tushunaman.

II

TASVIRLASh PReDMeTINING XILMA-XILLIGI

San'atkorlar muayyan shaxslarni tasvirlaydilar, ular esa yaxshi yoki yomon bo'lishi mumkin. (Negaki, shaxslarning qandayligi shu bilan belgilanadi, zero hamma odamlar xarakterlaridagi illati yoki fazilati jihatidan farqlanadilar). Ular bizdan yaxshiroq yoki bizdan yomonroq, yoki hatto bizdek bo'ladilar. (Xuddi rassomlardagidek. Polignot, masalan, eng yaxshi kishilarni, Pavson - yomonlarni, Dionisiy esa bizga o'xshash kishilarni tasvirlaydi7.) Chamasi, yuqorida qayd etilgan tasviriy usullarning har biri ham ana shunday tafovutlarga ega bo'lsa kerak. Demak, xilma-xil predmetlarning tasviri ham har xil bo'ladi. Chunki shunga o'xshash farqlanuvchi xususiyatlar raqsda ham, avletikada, surnay, kifara chalishda, nasr va musiqasiz she'rda ham bo'lishi mumkin. Gomer - eng yaxshilarni, Kleofont - oddiy odamlarni ko'rsatadi, parodiyalarning birinchi ijodchisi fasoslik Gegemon yoki «Deliada»ning avtori Nikoxar yomon odamlarni gavdalantirgan. Xuddi shu xususiyat difiramblar va komlarga ham oiddir. Argant yoki Timofey va Filoksen «Kikloplar»da qanday qahramonlarni yaratgan bo'lsa, difiramb va komlarda ham shundaylarni yaratish mumkin8. Tragediya va komediya orasida ham xuddi shunday tafovut mavjud: komediya hozirgi vaqtda yashayotganlardan ko'ra yomonroq, ikkinchisi esa yaxshiroq kishilarni tasvir etishga intiladi.

III

AKS ETTIRIShNING TURLI USULLARI

Bu sohada asarlar yana aks ettirish usullari jihatidan ham bir-biridan farqlanadi. Zotan bir xil narsani bir xil vosita bilan tasvirlagan holda yo avtor voqyealarga aralashmay hikoya qilishi yoki o'zini xuddi Gomerday tutishi mumkin. Yoki butun hikoya davomida avtor o'zligicha qolishi yoxud barcha aks ettiriluvchi shaxslarni gavdalantirishi mumkin9.

Nima bilan, nimani va qanday aks ettirish usulidagi uch xil tafovut ana shulardan iborat.

Shunday qilib, Sofokl aks ettirishda bir jihatdan Gomerga o'xshash bo'lsa (chunki ularning har ikkisi ham yaxshi kishilarni tasvirlaydi), boshqa jihatdan esa Aristofanga yaqin, zero ularning ikkovi ham kishilarni harakatda, shu bilan birga, dramatik harakatda ko'rsatadi. Shuning uchun ham ba'zilar dramaning o'zi ham harakat, chunki u harakat qiluvchi shaxslarni aks ettiradi deyishadi. Shu sababga ko'ra doridaliklar tragediya va komediyani o'zlarida kelib chiqqanligi haqidagi talablarini bayon qilmoqdalar.; megaraliklar, xususan, tubjoy kishilar sifatida komediyaning go'yo ularda demokratiya10 o'rnatilgan vaqtda kelib chiqqanligini da'vo qilishmoqda, sitsiliyaliklar ham Xionid va Magnetdan xiyla oldinroq yashagan shoir Epixarm o'zlaridan bo'lgani uchun shunday talab bilan chiqmoqdalar. Peloponneslik doriylar ham tragediyaga oid da'volarini aytmoqdalar. Ular buni atamalar bilan isbot qilishga urinmoqdalar. Ularning so'zlariga qaraganda, komediya so'zi shahar atrofidagi qishloqlar - komlar (afinaliklar demlar deganday) so'zidan kelib chiqqan; zero qiziqchilar - komediantlar so'zi komadzeyi (bazm qilmoq) fe'lidan emas, balki shaharliklar tomonidan qadr-qimmat qilinmaganlarning komlar bo'ylab darbadar kezishidan kelib chiqqan11; shuningdek, «harakat qilmoq» tushunchasi ham ularda dran, afinaliklarda esa pratteyn so'zi bilan ifodalanadi. Shunday qilib aks ettirishdagi tafovutlar qancha va qanday bo'lishi to'g'risida yetarli so'zlandi.

IV

POEZIYaNING TABIIY PAYDO BO'LIShI

Poetik san'atning kelib chiqishiga ochiq-oydin ikkita sabab bo'lib, ikkalasi ham tabiiydir. Birinchidan, gavdalantirish, o'xshatish insonga bolalikdan xos bo'lgan xususiyat. Inson boshqa jonli mavjudotlardan o'xshatish qobiliyatiga ega ekanligi bilan ham farqlanadi, hatto dastlabki bilimlarni u o'xshatishdan oladi va bu jarayon samaralari barchaga huzur bag'ishlaydi. Buni quyidagi faktlar ham isbotlaydi: biz haqiqatda yoqimsiz ko'ringan narsalarga, masalan, jirkanch jonivor va murdalar tasviriga zavq bilan boqamiz. Buning sababi shundaki, bilim olish faqat faylasuflargagina emas, balki boshqa kishilarga ham juda yoqadi, farq shundaki, oddiy odamlar bilish uchun tomosha qilmaydilar. Ular tasvirga zavqlanib qaraydilar, chunki unga boqib «manavi narsa bunday ekan» deb mulohaza yuritishni o'rganadilar. Agar o'xshashi tasvirlangan narsani avval ko'rmagan bo'lsa, o'xshatishdan emas, balki bichim, bo'yoq yoki shunga o'xshash boshqa bir narsadan zavq tuyadilar.

Zeroki o'xshatish garmoniya va ritm singari qadimdanoq odamlarning tabiatiga xos xususiyatdir12, (vaznlar - ritmning maxsus turi ekanligi sir emas), odamlar qadimdanoq tabiatan o'xshatishga qobiliyatlidirlarki, ular buni oz-ozdan taraqqiy ettira borib, badiha she'rlar (improvizatsiya) dan haqiqiy poeziyani yuzaga keltirganlar.

POEZIYaNING TARAQQIYoTI VA BO'LINIShI

Poeziya shoirlarning shaxsiy xarakteriga muvofiq ikki turga bo'linadi: chunonchi, jiddiyroq shoirlar go'zal qiliqlar va unga monand kishilarni tasvir etadilar. Xuddi oldingilari gimn va madh qo'shiqlar yaratganidek, keyingilari dastlab hajviy qo'shiqlar13 to'qiydilar. Shoirlar Gomergacha ham ko'p bo'lgan bo'lsa-da, biz Gomerning «Margit»i va shu xildagi asarlariga monand biron asarni ta'kidlay olmaymiz. Mana shu she'rlarda eng qulay yamb o'lchovi paydo bo'ldiki, u hozirgacha yambik (istehzoli) vazn, deb ataladi, chunki uning vositasida kishilar bir-birlariga istehzo qilganlar. Natijada qadimgi shoirlarning ba'zilari qahramonlik vazni va ba'zilari yamblarning ijodkorlari bo'lib qoladilar.

Gomer poeziyaning murakkab turida ham shu qadar buyuk ediki, u mukammal she'r ijod qilibgina qolmay, balki dramatik tasvirlarni ham yarata oldi14. U masxaralashga emas, kulgili narsaga dramatik pardoz berib, birinchi marta komediyaning asosiy shakllarini ham bunyod qildi, binobarin, «Iliada» va «Odisseya» tragediyaga qanchalik taalluqli bo'lsa, uning «Margit»i komediyaga shunchalik monanddir15. Tragediya va komediyalar vujudga kelganida esa, tabiatan poeziyaning shu turlariga moyil bo'lgan yambchilar endi komik shoirlar, epiklar esa tragiklar bo'lib qoldilar, chunki mazkur shakllar avvalgilariga nisbatan ahamiyatliroq va munosibroq edi.

TRAGeDIYaNING KAMOLOTI

Tragediya o'zining hamma ko'rinishlarida, o'z holicha va teatr tomoshasi sifatida yetarli taraqqiyotga erishdimi yoki yo'qmi, hozir bu haqda to'xtab o'tirishning o'rni emas16. Ilk paytlarda badihago'ylik (improvizatsiya) yo'li bilan-difirambni boshlab berish va hozir ham ko'p shaharlarda yana qo'llanilayotgan fall qo'shiqlarni boshlab berishdan kelib chiqqan tragediya va komediya xos xususiyatlarini asta-sekin rivojlantirish yo'li bilan bir oz o'sdi17. Xullas tragediya ko'p o'zgarishlarni kechirgach, o'ziga xos tabiiy xususiyatlarini kashf etgan holda to'xtab qoldi. Aktyorlar ishtiroki masalasiga kelganda, Esxil bitta aktyor o'rniga ikkita kiritdi, xor qismini ozaytirdi va dialogni birinchi o'ringa qo'ydi, Sofokl esa aktyorlarni uchtaga yetkazdi va dekoratsiyalar kiritdi. Kamolot masalasiga kelganda shuni aytish kerakki, kichik afsonalar va kulgili ifoda usulidan boshlanib, satirik tomoshalar yo'lini bosib o'tgan tragediya allaqachon o'zining ulug'vorlik bosqichiga erishdi; uning vazni ham (troxaik) tetrametrdan yambga aylandi (dastlab tetrometrdan foydalanilgan vaqtlarda poeziya asarlari satirik ruhda va ko'proq raqsga moyil edi, dialog tez rivojlangandan so'ng esa bu xususiyat unga muvofiq keluvchi vaznni kashf etdi, chunki yamb hamma vaznlar ichida jonli so'zlashuv tiliga eng yaqin bo'lib qoldi. Biz bir-birimiz bilan qilgan suhbatda juda ko'p vaqt yamb bilan so'zlashishimiz buning isbotidir, gekzametr esa ba'zan nutq uyg'unligi buzilgandagina juda siyrak uchraydigan hodisadir). Nihoyat, qo'shimcha qismlarning ko'pligi va tragediyaga zarur bo'lgan boshqa maxsus bezaklar haqida, biz yuqorida aytilganlar bilan cheklanamiz, chunki hammasini batafsil tushuntirish haddan tashqari mushkuldir.

V

KOMeDIYaNING MOHIYaTI VA TAKOMILLAShUVI

Komediya esa ta'kidlaganimizdek, yomon kishilarni butunlay badnom qilish ma'nosida bo'lmasa-da, gavdalantirishdir, zero kulgili holat xunuklikning bir qismi xolos. Aslida, kulgili narsa - bu hyech kimning dilini og'ritmaydigan va hyech kimga zarar keltirmaydigan ba'zi bir nuqson va majruhlikdir18. Misol izlab uzoqqa bormaslik uchun, shuni aytish kerakki, kulgili niqob azob(ifodasi)siz yo'l bilan, xunuklik va ayniganlikni tasvirlashdir.

Shunday qilib, tragediya soxasidagi o'zgarishlar va ularning aybdorlari bizga ayon, komediyadagi o'zgarishlar esa bizga noma'lum, chunki unga boshdanoq e'tibor bermaganlar; hatto komiklar uchun xorni endigina arxont19 teatri nisbatan kechikib bera boshladi, dastlab u havaskorlardan tashkil topgan edi20. U muayyaan shaklga ega bo'lgandan keyin esa ijodkorlarining nomlari eslana boshlandi. Ammo niqobni, prologni kim kiritgan, aktyorlar miqdorini kim orttirgan va boshqa qator masalalar nomalum bo'lib qolmoqda. Kulgili rivoyatlarni Epixarm va Formiy yoza boshladilar. Bu kashfiyot dastavval Gretsiyaga Sitsiliyadan o'tdi, biroq Afina komiklaridan Kratet birinchi bo'lib yamb bilan she'r yozishni tashlab, nutq (dialog) va umumiy ruhdagi rivoyatlarni yarata boshladi21.

TRAGeDIYaNING EPOSDAN FARQI

Epopeya muhim narsalar (shaxslar va xatti-harakatilar )ni aks etirishga intilib, dabdabali vazndan tashqari barcha sohalarda tragediyaga ergashdi. Epopeya tragediyadan vazinning bir xilligi va bayon uslubi bilan, shuningdek, hajmi bilan farqlanar edi. Zero tragediya iloji boricha bir kunlik (yoki undan sal oshiqroq) vaqt doirasiga joylashishga intiladi, epopeya esa vaqt jihatidan cheklanmagan, asosiy farq ana shunda; darvoqye, dastlab bu xususiyat tragediya va eposlarda bir xil amalga oshirilardi. Tragediyaning ba'zi qismlari epopeyaga mushtarak, ba'zi qismlari esa faqat o'ziga xos xususiyatlariga ega. Shuning uchun yaxshi bilan yomon tragediyani farqlay oladigan kimsa eposlarning yaxshi yomonini ham ajrata oladi. Chunki, epopeyada nima bo'lsa, u tragediyada ham mavjud, ammo tragediyada nima bo'lsa, hammasi ham epopeyada mavjud bo'lavermaydi.

VI

TRAGeDIYa. UNING MOHIYaTI

Geksametrlarda tasvirlash san'ati va komediya haqida keyinroq to'xtalamiz. Hozir esa yuqorida aytilganlardan muayyan mohiyati anglashiluvchi tragediya haqida mulohazalar yuritamiz. (Mana bu ta'rif:) Tragediya muayyan hajmli, turli qismlari turlicha sayqallangan til yordamida, bayon vositasida emas, balki xatti-harakat orqali ko'rsatiladigan va iztirob bilan inson ruhini poklovchi muhim va tugal voqyea tasviridir.

«Sayqallangan til» deganda men ritm, garmoniya va musiqiylikka ega bo'lgan tilni nazarda tutaman. «Turli qismlari turlicha sayqallangan» deganda esa, ba'zi qismlari faqat vazn bilan, boshqa qismlari ham vazn, ham musiqiylik bilan bezalgan nutq anglashiladi.

TRAGeDIYa. UNING ELeMeNTLARI

Aks ettirish harakat orqali ifodalangani uchun, zaruriylik nuqtai nazaridan tragediyaning birinchi elementi (yoki qismi) manzara, ko'rinish orastaligi bo'ladi, undan keyin, ikkinchisi, muzika qismi va uchinchisi nutqdir. Faqat ana shu vositalar orqaligina aks ettirish sodir bo'ladi. Nutq deganda men asarning vazn qurilishini ko'zda tutaman. Muzika qismi nimani anglatishi esa izohsiz ham ravshandir.

Shunday qilib, tragediya xatti-harakat tasviri bo'lib, u esa muayyan xarakter va fikrlash tarziga ega bo'lgan qahramonlar tomonidan amalga oshiriladi. (Xuddi shunga muvofiq biz ularni qandaydir xatti-harakatlar deb ataymiz). Tabiiyki, bundan xatti-harakatlarning ikki sababi - xarakter (tragediyaning to'rtinchi elementi) va fikr - g'oya (beshinchi element) kelib chiqadi. Ana shu fikr va xarakterga muvofiq faol shaxslar muvaffaqiyatga yoki muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Harakat tasvirining o'zi esa (oltinchi element) rivoyat - voqyeadir22. Aslida rivoyat (mifos) deb men voqyealar oqimni, xarakter deb esa, biz u yoki bunday deb ataydigan ishtirok etuvchi shaxslarni nazarda tutaman. Fikr (g'oya) deganda ishtirok etuvchilarning aniq nimagadir ishora qilishlari yoki umumiy mulohaza(hukm)lari anglashiladi.

Shunday qilib, har qanday tragediyada olti element mavjud bo'lishi kerak. Bular - rivoyat, xarakterlar, til, fikr-g'oya, tomosha va muzika qismlari. Bu qismlardan ikkitasi (til va muzika) tasvirlash vositalariga, bittasi (tomosha) - tasvirlash usuliga, uchtasi (rivoyat, xakaterlar, g'oya) tasvirlash predmetiga kiradi.

RIVOYaT VA UNING MUHIMLIGI

Biroq bu qismlardan eng muhimi - voqyealar oqimidir. Chunki aslida tragediya, kishilarni tasvirlash emas, balki harakat va hayot, baxtlilik va baxtsizlikni tasvirlashdir, baxt va baxtsizlik esa, doimo xatti-harakatdan bo'ladi. Tragediyada aks ettirishning maqsadi ham qandaydir fazilatni emas, xatti-harakatni talqin etishdir. Xarakter kishilarga fazilat baxsh etadi, faqat xatti-harakat natijasidagina ular baxtli va baxtsiz bo'lishlari mumkin. Tragediyada harakat faqat xarakterlarni tasvirlash uchungina amalga oshirilmaydi, ular (xarakterlar) xatti-harakat orqali ko'rsatiladi xolos. Shunday qilib, tragediyaning asosiy maqsadini rivoyat, voqyea tashkil etadi, maqsad esa hammasidan muhimdir. Bundan tashqari, tragediya harakatsiz yashay olmaydi, xarakterlarsiz esa yashay olishi mumkin. Masalan, yangi tragediyalarning ko'pchiligida xarakterlar tasvirlanmaydi23. Umuman rassomlardan Zevksid va Polignot bir-biridan qanday tafovut qilsa, ko'pchilik shoirlar ham o'zaro shunday farqlanadilar. Polignot haqiqatan ham xarakterlarni a'lo darajada chizguvchi edi. Zevksid asarlaridan esa xarakterlar mutloq uchramaydi. So'ngra, kimki ataylab ko'plab xarakterli, o'zgacha iboralar, ajoyib ifoda va fikrlarni aralashtirib tashlasa, u tragediya oldiga qo'yiladigan vazifani bajara olmaydi, ammo shulardan oz daraja foydalangan, biroq rivoyat va voqyealar oqimiga ega bo'lgan tragediya o'z vazifasini nisbatan yaxshiroq amalga oshiradi. Tragediyaning ruhni rom etuvchi eng asosiy burilish nuqtalari ham rivoyat qismlaridadir. Yana bir dalil. Tragediya yozmoqchi bo'lgan ijodkor eng avvalo til, nutq va xarakterlarda muvaffaqqiyat qozonishi mumkin (voqyeada esa - keyin.) Qadimgi shoirlarni deyarli barchasi shunday24. Shunday qilib, tragediyaning boshlanishi, uning qalbi rivoyat bo'lib, xarakterlar esa ikkinchi o'rinda keladi. Rassomlikda ham xuddi shunga o'xshash holni ko'ramiz. Kimdir eng yaxshi bo'yoqlarni chaplashtirib tashlagani bilan kishiga oddiy suratchalik zavq bera olmaydi. Buning ustiga tragediyaning inson qalbini havaslantirishiga qaraganda ham eng zaruri voqyea qismining mohiyati - kutilmagan holatlar va sirning ochilishidir.

Tragediyaning uchinchi qismi fikr(g'oya)dir. Bu siyosat va notiqlik ko'magida erishiladigan, ishning mohiyati va sharoitlariga taalluqli bo'lgan narsani so'zlay olish mahoratidir. Qadimgi shoirlarda shaxslar siyosatdonlardek gapirsa, hozirgilarda esa notiqlar sifatida tasavvur qilinadi. Inson maylining nimadadir namoyon bo'lishi, kimning nimanidir afzal deb hisoblagani yo nimanidir yoqtirmagani - xarakterdir; yoki gapiruvchining nimani ma'qullagani yoki yoqtirmagani aniq ifodalanmagan nutqda xarakter gavdalanmaydi. G'oya esa - nimaningdir borligi yoki yo'qligi yoxud umuman nimaningdir ifodalanishidir. So'z bilan ifodalashning to'rtinchi qismi nutq, ya'ni so'z vositasida mulohaza yuritishdir. Bu, yuqorida aytilganidek, vazndagina emas, nasriy nutqda ham bir xil ahamiyatga ega bo'lgan so'z orqali tushuntirishdir. Qolgan beshinchi, muzikali qism bezaklarning asosiysidir. Sahnaning jihozlanishi - tomosha esa, qalbni o'ziga rom etsa ham, biroq u poeziya san'atidan mutloq tashqarida turadi va poeziyaga kamroq taalluqlidir, chunki tragediyaning kuchi ijodiy bahssiz ham, aktyorsiz ham seziladi. Buning ustiga yana, sahnani bezashda shoirlarga qaraganda dekorator san'ati ko'proq ahamiyatga molikdir.

VII

TRAGeDIYaNING YaXLITLIGI

Bu xususiyatlarni e'tirof etgach, voqyealarning uyg'unlashuvi qanday bo'lishi kerak, degan masalaga to'xtalamiz, chunki bu tragediyada birinchi va eng zaruriy qismdir. Tragediya muayyan hajmga ega bo'lgan, tugal va bir butun voqyeaning tasviri ekanligini e'tirof etdik. Chunki hyech qanday hajmsiz yaxlitlik ham bo'ladi. Yaxlit narsa ibtidosi, o'rtasi va intihosi bo'lgan narsadir. Ibtido boshqa narsaning ketidan kelishi zarur bo'lmagan, aksincha, tabiat qonuniga ko'ra, orqasidan nimadir keluvchi yoxud sodir bo'luvchi nirsadir; aksincha, intiho zaruriyat tufayli yoxud odatga ko'ra albatta boshqa narsa ketidan keluvchi narsadir; undan keyin esa hyech narsa bo'lmaydi; o'rta esa o'zi boshqa narsaning ketidan keluvchi va uning ketidan ham boshqa narsaning kelishiga asoslangan. Shunday qilib, yaxshi tuzilgan rivoyatlar duch kelgan joydan boshlanib, yana duch kelgan joyda tugamasligi, balki ko'rsatilgan qoidalar asosida bo'lishi lozim.

TRAGeDIYa HAJMI

So'ngra, muayyan bo'laklardan tarkib topgan, tartibli va ayni chog'da har qanday hajmga emas, balki muayyan hajmga ega bo'lgan mavjudot, har qanday narsa go'zaldir; go'zallik hajm va tartibdan kelib chiqadi, haddan tashqari kichkina bo'lgan mavjudot go'zal emas, chunki sezilar-sezilmas vaqt ichida qaralganda uning barcha xususiyatlari aralashib ketadi. Haddan tashqari katta narsa ham go'zal emas, masalan, o'n ming bosqichli narsani bir nigohda qamrab olish mumkin emas; ko'ruvchilar uchun narsaning butunligi va yaxlitligi yo'qoladi. Shunday qilib, jonli va jonsiz go'zal narsalar bir qarashda sezib olinadigan hajmga ega bo'lishi kerak, bas, shunday ekan, rivoyatlar ham oson esda qoladigan hajmga ega bo'lishi lozim. Rivoyatning uzunligini teatr musobaqasi va (tomoshabinlarning) hissiy idrok etishi nuqtai nazaridan ta'riflash poeziya san'atining ishi emas. Agar o'zishuvda yuzta tragediya ko'rsatish lozim topilgan bo'lsa, suv vaqti asosida musobaqalashgan bo'lur edilar, ilgarilari xaqiqatan ham shunday bo'lgan deyishadi. Hajm asarning mohiyatidan kelib chiqadi. Har doim yaxshiroq tushuniladigan narsa hajman ham go'zalroq bo'ladi. Shu tariqa oddiy ta'rif berib, shunday hajm qoniqarliki, uning ichida voqyealar ham ehtimoliyat, ham zaruriyatga ko'ra to'xtovsiz davom etadi, baxtsizlikdan baxtga yoki baxtdan baxtsizlikka tomon keskin o'zgarish bo'lib turadi, deb ayta olamiz.

VIII

VOQyeA BIRLIGI

Rivoyat, ba'zilar o'ylaganidek, bitta qahramon atrofida aylansagina bir butun bo'lavermaydi: chunki bir (shaxs) bilan aloqador bo'lgan cheksiz, son-sanoqsiz hodisalar yuz berishi, hatto, ularning ba'zilari hyech qanday butunlikka ega bo'lmasligi mumkin. Bir shaxs xatti-harakati ham xuddi shunday ko'p miqdorlidir, ulardan hyech qanday yagona voqyea yaratib bo'lmaydi. Shuning uchun «Gerakleida», «Feseida» va shunga o'xshash poemalarni yozgan shoirlar yanglishayotganga o'xshaydi25. Ular Gerakl bitta edi, (u haqda) rivoyat ham bitta bo'lishi darkor, deb o'ylashmoqda. Gomer, (o'zga shoirlardan boshqa barcha sohalarda farqlanganiday) chamasi, badiiy mahorati yoki tabiiy iste'dodi tufayli bu masalaga ham to'g'ri qaragan. U «Odisseya»ni ijod etganida, qahramon nimalarni boshidan kechirgan bo'lsa, hammasini, masalan, u Parnasda qanday yarador bo'lganini, urushga yordam to'plash vaqtida qanday qilib o'zini jinnilikka solganligini ko'rsatmadi, chunki bu voqyealardan birining orqasidan boshqasi ro'y berishi uchun hyech qanday zarurat (yoki) ehtimollik yo'q edi; ha, u «Odisseya»ni, shuningdek, «Iliada»ni ham biz aytgan ma'noda bir voqyea doirasida yaratdi. Binobarin, aks ettirishning o'zi, boshqa muqallid san'atlardagi singari, bitta (narsa)ga solishtirishdir, shuningdek, rivoyat ham bitta va ayni vaqtda yagona va yaxlit voqyeaning tasviri bo'lishi lozim. So'ngra voqyealarning qismlari shunday joylashtirilishi lozimki, biron qism almashtirilganda yo olib tashlanganda yaxlit narsa o'zgarib ketsin, yo harakatga kelsin, chunki mavjudligi yo mavjud emasligi sezilmayotgan narsa butunning uzviy qismi bo'la olmaydi.

IX

VOQyeADAGI XUSUSIYLIK VA MUShTARAKLIK

Aytilganlardan shu narsa ma'lum bo'ladiki, shoirning vazifasi haqiqatan bo'lib o'tgan voqyea haqida emas. Balki sodir bo'lishi mumkin bo'lgan, demak, bo'lishi taxmin etilgan yo bo'lishi zarur bo'lgan voqyea haqida so'zlashdir. Zero, tarixchi va shoir bir-biridan bir vazn-nazmda, boshqasi esa nasrda yozishi bilan farqlanmaydi. (Axir Gerodot asarlarini ham she'rga solish mumkin. Biroq uning asarlari xoh nazmda, xoh nasrda bo'lsin, baribir tarixligicha qolaveradi.) Tarixchi va shoir shu bilan tafovutlanadiki, ularning biri haqiqatan bo'lgan, ikkinchisi esa bo'lishi mumkin bo'lgan voqyea haqida so'zlaydi. Shuning uchun poeziya tarixga qaraganda falsafiyroq va jiddiyroqdir: poeziya ko'proq umumiy, tarix esa alohida voqyealarni tasvirlaydi. Poeziyada qandaydir xarakter ehtimol yo zaruriyat tufayli unday yo bunday so'zlashi, harakat qilishi kerak. Mana shuni umumiylik deyiladi. Poeziya qahramonlarga ism qo'yish orqali umumiylikka intiladi. Endi, masalan, Alkiviadning nima qilgani, unga nima bo'lgani esa - bu yakka, alohida hodisadir. Komediyada shundayligi hyech qanday shubha tug'dirmaydi. Unda shoirlar ehtimollik qonunlari asosida rivoyat tuzib, qahramonlarga xohlagan ismlarni qo'yadilar, ular yambdan foydalanuvchi shoirlarga o'xshab, ayrim shaxslar uchungina (hajv) yozishmaydi. Tragediyada nomlarni o'tmishdan olishga rioya etiladi, buning sababi shuki, (faqat) sodir bo'lish imkoniyati bor, ehtimol tutilgan voqyealargina ishonchli bo'ladi. Ehtimolligi, yuz berish imkoniyati yo'q voqyealarga esa ishonmaymiz, yuz bergan narsa, shaksiz, ishonchlidir, chunki u agar yuz berish imkoni bo'lmaganda sodir bo'lmagan bo'lur edi. Shunday bo'lsa-da ba'zi tragediyalarda bitta yo ikkita ism mashhur, qolganlari esa o'ylab topilgan, ba'zilarida esa hatto bitta ham mashhur nom yo'q. Masalan, Agafonning «Gul»ida voqyealar ham, nomlar ham bir yo'sinda to'qimaligiga qaramay, bu asar baribir shuhrat qozonmoqda26. Shunday ekan, tragediyaga asos bo'ladigan an'anaviy rivoyatlarga mahkam yopishib olish shart emas. Bunga intilish haqiqatan kulgilidir, chunki hatto ayon bo'lgan voqyea oz kishilargagina tushunarli bo'lsa-da, biroq hammaga bir xilda yoqadi. Demak, bundan shu narsa ma'lum bo'ladiki, shoir faqat vaznlarni emas, ko'proq rivoyatlarni ijod etishi lozim, chunki u tasvir vositasida harakatni gavdalantira olgani uchun ham shoirdir. Hatto unga haqiqatan bo'lib o'tgan voqyeani tasvirlashga to'g'ri kelganda ham, u ozmi-ko'pmi shoir bo'lib qoladi. Chunki haqiqatan bo'lib o'tgan voqyealardan ayrimlarining ehtimollik va imkoniyat tufayli qanday sodir bo'la oladigan bo'lsa, o'shanday sodir bo'lishiga hyech narsa xalaqit etmaydi. Bu jihatdan shoir ularning ijodkoridir.

Oddiy rivoyat va voqyealardan eng yomoni epizodiklaridir. Epizodik rivoyat, deganda men rivoyatdagi epizodlarning har qanday ehtimolsiz va zaruriyatsiz birin-ketin kelishini nazarda tutaman. Bunday tragediyalar27 yomon shoirlar tomonidan, iqtidorsizliklari natijasida, yaxshi shoirlar tomonidan akterlarni nazarda tutib yaratiladi. Ular musobaqalarda aktyorning imkoniyatlarini ko'rsatish uchun ichki mazmunga zid tarzda, ko'pincha voqyeaning tabiiy tartibini buzishga majbur bo'ladilar.

Tragediya faqat tugal voqyeanigina emas, balki qo'rqish va hamdardlik uyg'otuvchi voqyealarni ham tasvirlashdir. Oxirgisi ayniqsa kutilmagan voqyea sodir bo'lgan paytda, qolaversa, bir voqyea ortidan kutilmaganda boshqa voqyea yoki shu yo'sinda, hayron qoldiradigan hodisa o'z-o'zidan va tasodifan ro'y bergandagina yuzaga keladi. Chunki tasodiflar orasida ko'pincha, atayin qilinganday tasavvur hosil qiluvchi voqyealar nisbatan hayron qolarlidir. Bunga Argosdagi voqyea misol bo'la oladi. Mitiy o'limining aybdori uning, Mitiyning haykaliga qarab turganida, haykal qulab tushib, uni halok etadi28. Shunga o'xshash narsalar tasodifiy ko'rinmaydi. Shunday ekan, shunga monand rivoyatlar zarur va eng yaxshidir.

X

MURAKKAB VA SODDA RIVOYaTLAR

Rivoyatlarning ayrimlari oddiy, boshqalari esa to'qib chiqarilgan bo'ladi. Chunki rivoyatlarda aks etgan voqyealar ham xuddi shundaydir. Men, shunday to'xtovsiz va yagona voqyeani sodda deb aytamanki, unday voqyea davomida (yuqorida aytilganidek) taqdir o'zgarishi keskin burilishsiz va to'satdan anglashsiz sodir bo'ladi, to'qima rivoyatlarda esa keskin bo'lishi va to'satdan anglash yoki ularning har ikkisi vositasida sodir bo'ladi. Buning hammasi rivoyat tarkibidan, avvalgi voqyeaning zaruriyat yo ehtimollik asosidagi davomi tarzida kelib chiqishi kerak. Chunki biron narsa sababli boshqa narsaning kelib chiqishi bilan bir narsadan keyin boshqa narsaning kelib chiqishi o'rtasidagi farq kattadir.

Izohlar:

1. Difiramb - madhiya, qasida; avletika - nay chalish; kifaristika - liraga o'xshash cholg'u asbobi, kifara chalish san'ati.

2. Yalang'och(vaznsiz) - so'z vositasida, ya'ni prozada.

3. Prozaik va she'riy so'z san'ati badiiy adabiyot degan umumiy nom bilan atalmagan edi.

4. Miloddan avval V asrda yashagan ota-o'g'il Sofron va Ksenarx prozada asar yozishgan, ular ijodi Suqrotona dialoglarga ta'sir etgan.

5. Empedokl - mil.av. V asrda yashagan, «Tabiat haqida» poemasining avtori, Aristotel boshqa bir o'rinda uni «eng Homerona» shoir deydi. Ammo, shunga qaramay, «aks ettirish predmetiga ko'ra» u shoir emas, olimdir.

6. Xeremon - mil.av. IV asrda yashagan, drama ijodkori.

7. Mashhur Polignot va Kolofonlik Dionisiy yunon-eron urushlari davri (mil. av. VI asr) da yashagan. Karikaturachi Pavson sal keyinroq, Aristofan davrida o'tgan.

8. Kleofont - keyinroq tuban poeziya vakili sifatida tilga olinadi. Gegemon (V asr oxiri) va Nikoxar (IV asr) komediograflar; Timofey va Filoksen - IV asr xor lirikasida yangi uslubning eng yirik vakillari. Ular tuban narsalar tasviri bilan hayratlantirishgan(Filoksenning mashhur odasida bir ko'zli dev Polifemning sevgisi ko'rsatiladi).

9. Bu yerda a) qahramonlar nutqi beriladigan epos, b) difiramb, v) drama sanab ko'rsatilmoqda.

10. M.Gasparovda: xalq hokimiyati

11. Afinada «kom»lar deb qishloqlarni emas, aksincha shahar mahallalarini aytishgan.

12. O'xshatish, aks ettirish tabiiyligi har qanday san'atning manbai, garmoniya va ritm tabiiyligi - poeziya san'atining manbai.

13. M.Gasparovda: la'nat qo'shiqlari.

14. Dramatik tasvirlar - ya'ni drama syujetidagi keskin o'zgarish, to'satdan bilish va boshqa elementlardan iborat tasvirlar.

15. Qadimiy hajviy poema, odatda Gomerga nisbat beriladi. Bu poemadan bizgacha faqat ayrim kichik parchalargina yetib kelgan.

16. O'z holicha - rivoyat, xarakter, nutq va fikrda o'z holicha, muzika va sahna bezagida - teatr tomoshasi sifatida.

17. Aristotel xor qo'shiqlari orasida kuylovchi boshlovchilarni birinchi akterlar deb hisoblaydi.

18. «Xato» - xatti-harakatda, «majruhlik» - xarakterda. Nuqson tragediya asosida ham bor, lekin u yerda «dardli» va «zararli».

19. Arxont teatri - davlat, hukumat teatri

20. Tragediyada xor VI asr oxiridan, komediyada - 465 yildan davlat hisobiga o'tgan. Binobarin, Xionid va Magnet u vaqtda havaskorlar orasida ijro etishgan.

21. Epixarm va uning izdoshi Formiy ilk marta «qohish» qo'shiqlaridan «kulgili» qo'shiqlarga o'tgan shoirlar sanaladi. Kratet ham attika komediyasida shunday qilgan. Aristotel asaridagi «rivoyat», «mif» lotincha tarjimada «fabula» deb olindi va adabiyotshunoslikda keng ommalashib ketdi.

22. V.Appelport tarjimasida - fabula, M.Gasparovda - rivoyat. M.Gasparovning ta'kidlashicha, Aristotel uchun fabula - erkin o'ylab topilgan syujet emas, balki aynan fojiiy ruhdagi mif, rivoyatdir.

23. «Eng yangi», yevripiddan keyingi davr shoirlari, chamasi, an'anaviy rivoyatlardagi bir xillikdan qutulish uchun syujetlarni ishlashga alohida e'tibor berishgan bo'lsa kerak.

24. Yangi tragiklar, chamasi, nutq - tildan asosan syujetdagi o'zgarib turuvchi vaziyatlarni tasvirlash uchun e'tiborni syujetga qaratishgan.

25. Manbalarda to'rtta «Hyeraklnoma» va uchta «Feseynoma» («Teseynoma») tilga olinadi.

26. Agafon - yevripidning kichik zamondoshi, Platonning «Bazm» asari qahramoni, tragik poeziyaga muhim yangiliklar kiritgan. Uning pesasi «Gul», «Anfey» (to'qima ism) deb o'qilishi mumkin.

27. M.Gasparov tarjimasida rivoyatlar deb berilgan.

28. Aragoslik Mitiy - Demosfen tomonidan jang arava egasi deb tilga olinadi. Mitiy musobaqa g'olibi sifatida haykal bilan mukofotlangan bo'lishi mumkin.

Kvint Goratsiy Flakk

Pizonlarga1 bag'ishlov

(she'riy asarning birligi va butunligi)

Agarda rassom insonning boshiga ot engsasini ulasa edi va turli a'zolar quramasini ola-bula patlar bilan bezasa edi yoki go'zal xotin badanini qora baliq shakli bilan tamomlagan bo'lsa edi, - buni ko'rgan vaqtda, do'stlarim, siz qahqahadan o'zingizni tuta bilarmidingiz?

Ishoning, Pizonlar, bunday surat shunday bir kitobga o'xshaydiki, unda bir-biriga qovushmagan xayollar, kasal odamning tushi kabi, shu qadar poyma-poydirki, oyoq bilan bosh bir butun vujud tashkil qila olmaydi2. "Rassomlarga, shuningdek shoirlarga ham har nimaga urinib ko'rishga azaldan to'la huquq berilgan", derlar. Bilamiz bu gaplarni! Bu erkinlikni so'rashga va berishga biz rozimiz. Lekin vahshiy maxluq bilan beozor maxluq og'iz-burun o'pishuvi uchun emas, qushlar bilan ilonlar, sherlar bilan qo'ylar birikuvi uchun emas. Muhim va ko'p narsa va'da qiluvchi bir boshlang'ichdan keyin aksar vaqt ko'proq porloqlik berish uchun asarga rangdor quroqlarmi boshqa narsami yopishtiriladi, og'ochzorning ko'lkasinimi, Diananing mehrobimi3 va go'zal dalalar og'ushida oqqan anhorning buralishlarini yoki Reyn daryosini, yo bo'lmasa, ko'kda ko'ringan kamalakni bizga tavsiflab berishga boshlaydilar. Lekin bu narsa bu yerda joyiga tushmagan bo'ladi. Sen ehtimol, sarlavhalarni yozishga ustadirsan? Ammo bunda daryoda g'arq bo'lganlar tasvirlanar ekan, haybarakallachilarning nima daxli bor? qo'shquloq yasamoqchi bo'lding, kulolchilik charxini aylantirding - nimaga tuvak chiqib qoldi? Bir so'z bilan aytganda, nima qilishni fikrlagan bo'lsang, u vohid - butun bo'lsin4. Ota-bola Pizonlar, aksar vaqt bizni - shoirlarni, haqiqat sarobi halok qiladi, qisqa so'zlashga qancha tirishmasin, borgan sari anglashilmas bo'layotirman; ba'zi odam yengil bo'lishga tirishib, kuchni va ruhni yo'qotadi, manavi esa, ulug'vor bo'lishga urinib, sun'iy - tumtaroqli bo'lib qolgan; bo'rondan qo'rquvchi tuproqda g'oyat ehtiyot bo'lib surgaladi, kimki oddiy-anchayin narsani bezash bilan ajoyib qilmoqchi bo'lsa, u o'rmonda delfinni, dengiz o'rtasida yovvoyi cho'chqani yozadi... Yozuvchilar! O'z kuchingizga mos keladigan mavzularni tanlang va yelkangiz nimani ko'tarmaydi, nimani ko'tara oladi, buni juda diqqat bilan tortib-o'lchab ko'ring. Kimki o'z holi qudratiga yarasha ishni tanlagan bo'lsa, bunda har vaqt ifoda - so'z yetarli bo'ladi va tartib ham ochiqlik bo'ladi. Tartibning quvvati ham husn – bu yerda nima aytish lozim esa uni xuddi mana shu yerda aytishdadir (yoki men xato qilamanmi?).

(So'zlarni va ifodalarni tanlash)

Sen so'zlarni mohir, aniq qo'shib, go'zal taqqoslab, ma'lum bir so'zga yangilik bera bilsang, u vaqt yoqishing mumkin. Lekin yangi tushuncha uchun biron yangi so'zga zaruriyat sezilsa hamda qadim shoirlarda eshitilmagan biron gap matlub bo'lsa, mutavoze ravishda kiritmoq lozim79. Endigina kiritilgan yangi so'zlarda, grek ruhi biroz o'zgarilsa, ular haq qozonadi. Plavt bilan Setsiliyga6 imkon berib, nimaga Variy7 yoki Vergiliyga8 rad qiladi rimlik? Kamtarlik bilan ishlayin-da, men yana marhamat ko'rmay? Otalarning so'zini Katon9, Enniy10 tili boyitdi, buyumlarga yangi-yangi ismlar topib qo'shishdi. Zamonasining tamg'asida zarb urib, yangi so'zlar kiritishga haq berilgan, yana berilajakdir. Yil o'tishi bilan o'rmon barglari o'zgaradi, eski barglar to'kiladi,- eskirgan so'zlar shunday halok bo'lar, yangilari yigitday ko'rkam gullaydi. Biz ham, bizning bor narsamiz ham o'limga mahkum erur...

Eskirgan ko'p so'zlar yana tiriladi, boshqalar – odat istasa,- bukun hurmat ko'rgan so'zlar o'lar: til qonunining, qoidasining buyuk sudyasi odatdir.

(Merosdan foydalanish)

Umumiy narsani o'zingga mos bir shaklda ifodalash qiyindir; Hyech kim eshitmagan va bilmagan narsani ilk marta to'qib chiqarishdan ko'ra, sen Iliadaning11 qo'shig'ini katta muvafaqqiyat bilan pardalarga bo'la olasan. Agarda yuzaki va tuban doirada aylanib qolmasang12, agarda tarjimon kabi so'zma-so'z ko'chirmasang, oyoqlaringni tortib olishga yo nomus, yoki asarning ma'nosi imkon bermaydigan bir razolatga botmasang, u vaqt umumga ma'lum bo'lgan narsa sening moling – ne'mating bo'lib qoladi.

(Dramatik personajning xarakteri uning yoshi bilan uyg'un bo'lishi haqida)

Istasangki, har pardaning yuksalishin kutsin tomoshabinlar

Va o'tirsin to qo'shiqchi "olqishlangiz", deb turarkan ularga,

Sen har yoshga maxsus bo'lgan odatlarni qayd etishing kerakdir.

Yosh choqlar ham yetuk choqlar ifodasin saqlashing kerak bo'lur.

Tetik qadam bosa bilgan va so'zlarni ayta bilgan yosh bola

O'z tenglari bilan birga o'ynamoqni istar, lekin bir damda

Goh qizishlar, goh qarabsan, sokinlashar, har soatda o'zgarar.

Soqol murtsiz bir o'spirin nazoratsiz qoldimi, bas, u endi

Otlarni ham kuchuklarni, yorqin, go'zal Mars maydonin13 sevadi.

Yomon yo'lga mumday yumshoq, to'g'ri yo'lga da'vatlarga o'jardir.

Foydalikni kech ko'radi; aqchalarni yuboradi sovurib,

U qaynoqdir, kekkaygandir, nima sevsa, uni oson tark etar,

Bunga tamom teskaridir erkak ruhi ham uning yetuk yoshi,

Keyinchalik o'zgartirish og'ir bo'lgan har narsadan u qochar,

Boylik, hurmat, tanish-bilish qidirishga majbur qiladi uni.

Chol atrofin qurshab olar ko'p mashaqqat; sababi:

Yo u boylik qidiradi, topgach uni, qo'l tegizishga qo'rqar,

Yo bo'lmasa, har bir ishni qo'rqa-pisa va qiziqmay boshqarar.

Kelgusida bo'lar, deya, har bir ishni ketga suraverdi.

U zabardast va inodchi; u o'z yoshlik choqlarini, o'tmishni

Maqtaydi-da, so'ngra zamon yoshlarini tekshirar, hukm qilar,

O'zi bilan ko'p qulaylik keltiradi jarayonida yillar,

Ko'p narsani olib kelar qaytishida; chol rolini yigitchaga

Yoki bola rollarini yetuk erga taqib qo'ymaslik uchun

Biz hamisha har bir yoshga uyg'un bo'lgan rol beraylik.

(Greklardan ta'lim olish)

Kecha kunduz qo'ldan aslo qo'ymayin

Greklarning ijodlarin o'rganishga tirishingiz...

(Shakl ham mundarija)

To'g'ri yozmoq istaysanmi – chalish to'g'ri fikr etishga:

Suqrot14 maktabi senga tushuntirar bu narsani,

Mavzu yaxshi o'ylanilsa, so'zlar o'zi oqaverar.

Vataniga va do'stiga nisbatan o'z burchini kim

Idrok qilsa; otasini, qardoshini va mehmonni

qanday sevmoq lozimligin bilsa, senat vazifasi,

Sudya ishi va urushga ketayotgan qo'mondonning

Vazifasi nimalardir,- kimki idrok qilsa buni,

U, shubhasiz, har bir rolga loyiq obraz bera bilar,

Men aqlli taqlidchiga shunday kengash berardim:

Urf-odatga va hayotga qara, undan jonli so'z ol!

Ba'zi joyi go'zal, to'g'ri, lekin asl nafosatdan

Mahrum, kuchsiz va san'atsiz oddiy turmush asarlari

Tamtaroqli va bema'ni puch she'rlarga qaraganda,

Xalqni ko'proq maftun qilar va yaxshiroq jalb etar.

Mangu shonga15 intilgani uchun ilhom, ijodiy ruh

Greklarga bag'ishladi go'zal, o'tkir, salmoqli nutq...

(Chinakam shoirning obrazi)

Kim o'yinga mohir emas, kim otmaydi Mars dalada na lapta,

Na to'p, na disk, atrofini qalin qurshab olgan tomoshabinlar

Birdan uning ahvoliga haqli kulgi yog'dirmasin yana deb;

Ammo yana shunday she'r yozishga kirishadi nimaga16

Yozmasin u? U ozoddir hamda yaxshi oiladan va hatto

E'tiborli suvoriydir, bekami ko'st u xususiy hayotda.

Sen hyech nima qilolmaysan Minervadan17 beixtiyor, aytmaysan.

Bunga kafil aqling, zavqing. Lekin yozmoq uchun jazm qilsang sen.

U mahalda sen Metsiyning18 sezgilarin sudya qilib saylagil19

Murojaat qil otanga, yana menga; yozgan narsalaringni

To'qqiz yilcha yashirib qo'y; nashr etguncha tuzatishlik qulaydir.

Butun halqqa e'lon bo'lgan so'zni esa hyech qaytarib bo'lmaydi.

Go'zal she'rni tabiatmi yoki san'at yaratadi, bu hali

Masaladir. Va lekin men bilmaymanki, agar talant bo'lmasa,

Biron narsa yaratishga fan qodirmi yoki talant san'atsiz?

Ikkisi ham bir-birini chaqirishib, bo'lishadi ko'p inoq,

Kim marraga20 ilk yetigsa tayyorlansa, bolalikdan boshlab u

Hormay tolmay yuk ko'targan, terlab-pishgan, sovuq yegan, ishlagan,

Lazzat nima, sharob nima – hyech bilmagan; kimki ilhom nayiga

Berilibdi – dastavval u muallimda ta'lim ko'rgan, o'qigan;

Kifoyadir bugun aytish: "Men ajoyib, go'zal qo'shiq to'qiyman.

Qoloqlarni zillat bossin, uyalaman eng keyingi bo'lishdan

Yoki o'zim o'qimagan narsalarni bilmasligim tonmoqdan".

(Shoir va tanqid)

Olomonni mol olishga jarchi chaqirgan kabi,

No'noq shoir jalb etadi maqtovchilarni shunday,

Agar yer-suv, o'sib turgan kapitalga boy bo'lsa u.

Loaqal u ko'ngil tortar ziyofatlar berishga,

Kambag'al-chun kafil bo'lish yoki suddan qo'llashga

Qobil bo'lsa, tang qolardim agar shunday baxtiyor,

Chin do'stlarni ayra bilsa qalbakilardan oz-moz.

Sen birovga sovg'a bersang yoki bermoqchi bo'lsang,

Sen shu vaqtda she'rlaringni unga o'qib bermagil:

U shodlanib qichqiradi: "A'lo! Go'zal! Ko'p nafis!"

Hatto birdan rangi o'chib, mehrli ko'zlaridan

Yosh to'kadi, dik uradi, shavqdan yerni tepadi.

O'likning tepasida faryod-fig'on qilish uchun

Yollanganlar singari, balki ulardan ko'proq

Ingraydilar, so'zlaydilar g'oyat xazin so'zlarni,

Masxarachi maqtovchidan chindan ko'proq mutaassir.

Qadahlarni tuta berib qiynash boylarda odat,

Shaxs do'stlikka loyiqmi-yo'q, ular buni may bilan

Sinamoqchi bo'lishadi. She'r to'qisang agarda,

Tulki teri yopingan maqtovlardan cho'chigil.

Kvintilga21 she'r o'qisalar: "Do'stim,- deydi u,-

Buni, mana buni tuzat", desang ikki-uch martaba

Urinsam-da eplolmadim; u der: "Bo'lmasa o'chir,

Sandonda ezilmagan she'rni tuzatish uchun".

Inod qilsang, o'z xatongni tuzatmasga tirishsang,

U vaqtda u behudaga so'z sotib o'tirmaydi,

O'z farzanding, o'zing yolg'iz sevaber, deb topshirar.

Ham she'rlarni qabul etmas vijdonli, ongli cudya,

Dag'alini chiqit qilar, qorishiq bayt ostiga

Qora tortar, takabburlik pardozlarin kesib tashlar;

Mug'loq she'rni ravshanlashga majbur etar; yo'l qo'ymas

Tutal gapga; o'zgartishga tegish joyni qayd etadi.-

Qisqasi, u Aristarxdir22, demas: "Nechun ranjitay

Do'stni ikir-chikir bilan? Lekin bu ikir-chikir

Falokatga sudrar, yomon deyilsa va kulinsa gar.

Naq quturgan yo saramas kasaliga mubtalo,

Yo qo'tirga, yoki ruhiy xastadan qochgan kabi

Har kim qochar, har ongli shaxs hurkar tentak shoirdan,

Orqasidan yugurishib tinchlik bermas bolalar".

Izohlar:

1. Pizonlar - bu yerda aristokrat Pizon va uning ikki o'g'li ko'zda tutiladi. O'g'illarning kattasi endigina drama yoza boshlagan edi. Goratsiy ana shunga xat yozib yubordi.

2. Qila olmaydi - Goratsiy bu yerda, o'z asarlarining kompozitsiyasining yaxshi chiqishiga e'tibor bermaydigan shoirlarni ko'zda tutadi.

3. Diana - qadimgi rimliklarda yorug'lik va tabiat ma'budasi.

4. Bo'lsin - birlik, butunlik, garmoniylik va undan keyin mutanosiblik - antik dunyo san'atining asoslaridir.

5. Kiritmoq lozim - Goratsiy bu yerda arxaist shoirlar bilan-ular ehtimol konservativ nasabdor aristokratlar namoyandasi bo'lsalar kerak-munozara qiladi; arxaist shoirlar: faqat qadimgi rim shoirlarigagina ergashish kerak. Gretsiyadan hyech qanday yangilik olish kerak emas, der edilar.

6. Setsiliy - Rim dramaturgi, Plavtning kichik zamondoshi bo'lib, komediyalar yozgan.

7. Variy - Rim shoiri, Goratsiyning zamondoshi.

8. Vergiliy - mashhur Rim shoiri.

9. Katon - miloddan ilgarigi hisobning III-II asrida yashagan Rim oratori va yozuvchisi.

10. Enniy - miloddan ilgarigi hisobning III-II asrida yashagan Rim shoiri.

11. "Iliada" - mashhur afsonaviy grek shoiri Gomerning dostoni.

12. Qolmasang - ya'ni odamlar yurib yanchgan yo'ldan ketmay, balki yangi, original yo'llar topib, ustalik bilan undan foydalansang, demoqchi.

13. Mars maydoni - Rimda turli musobaqa o'yinlari bajariladigan maydon.

14. Sokrat - miloddan ilgarigi V asrda yashagan mashhur grek filosofi.

15. Mangu shon - keyingi misralarda, greklarda bo'lgan chin ko'ngildan oldinga intilishni rimliklarda bo'lgan praktitsizmga va ichiqoralikka qarshi qo'yadi.

16. Kirishadi - Goratsiy boshqa bir yerda she'r yozish qo'lidan kelsa-kelmasa urinadigan kishilardan shikoyat qiladi.

17. Minerva (yoki Afina-Pallada) - Zevsning onasiz tug'ilgan qizi Gefest Zevsning boshiga oybolta bilan urganda, boshi yorilib, Afina-Pallada (Minerva) sakrab chiqqan.

18. Metsiy-qadimgi Rimning adabiy tanqidchilaridan biri.

19. Saylagil - Goratsiy Pizonning katta o'g'liga murojaat qiladi.

20. Marraga - ya'ni chopish musobaqasida yutib chiqish.

21. Kvintiliy Var-Goratsiyning do'sti.

22. Aristarx - grek tanqidchisi va Gomer poemalarining redaktori.

Oybek. Mukammal asarlar to'plami.-T.,1979 –

Mixail Psell

Italning sharafiga

<...> Axir nutq xillari turfa, nutqqa xos fazilatlarning barini jam etish kamdan kam kishilarga nasib etadi. Shunday ham bo'ladiki, birov aniqlik va soflik payidan bo'ladi-yu, nutqi ajib muhtashamlik kasb etadi; boshqa birovi hashamatga erishadi-yu, aniqlikdan ayri tushadi; birovning nutqi tabiiy jilo bilan jilvalansa, boshqasi sun'iy go'zallikni xush ko'radi. Lisiy nutqi soddaligi bilan xo'b, Isokrat esa nutqini bezaydi. Fukidid nutqi o'ta serhasham, Gerodot nutqida bu narsa yo'q, lekin nafisligi beqiyos. Shuning uchun, agar har jihatdan mukammal ko'rinmasa, Italni ma'zur tutaylik: u o'z ishining ustasi, lekin go'zallik uning izmiga bo'ysunmayotir.

U tinglovchi andishasini qilmaydi, uning ochiq-oshkor gaplari yoqimsiz; axir, uning nutqi daromadlardan tarkib topgan, holbuki, qunt bilan sayqallangan nutq notekis, uzuq-yuluq bo'lmasligi kerak. Uning nutqi ko'ngilni shavqqa to'ldirmaydi, biroq fikrlashga, aytilganlarni xotirda tutishga majbur qiladi; bu nutq mahmadanalik bilan yoki huzurlantirish orqali ishontirmaydi, go'zalligi bilan oshuftayu shirinligi bilan maftun etmaydi, balki mushohada kuchi bilan o'ziga tobe etadi. Buning sababini qaysidir bir jihat bilangina bog'lab bo'lmaydi: bu nutqni entimemalar bog'lab turadi, turfa ritorik usullar to'qimasi yuksaltiradi va u o'z-o'ziga qaratilgandir. <...> Biz Platon nutqining go'zalligi va ulug'vorligini bir yo'sin, Ksenofantnikini boshqa bir yo'sin, suqrotchi Esxinnikini tamom boshqa bir yo'sinda maqtaymiz. <...>

Mayli, Ital o'ziga xos bo'lish huquqiga ega bo'lsin, menga qolsa, u ham, boshqa barcha shogirdlarim ham o'zlarigagina xos xususiyatlarni saqlab qolsinlar. Sizlar o'ylab topgan yangi so'zlar, irod etgan nutqlar menga manzur. Axir, sizlarni dunyoga keltirgan o'zim, bas, men, sizlarning otangiz, sizdan to'ragan avlodni,- mayli uning boshi yelkasiga qapishgan, qo'li egri, tizzasi chiqqan bo'lsin,- avaylab qabul qilaman, yuvib tarayman, nutqingizga o'zimning doyalik san'atimni tatbiq qilaman <...>

<...> Men ham attikalikman, men ham bolaparvarman <...> sizlarni qalb to'lg'oqlarida dunyoga keltirdim va sizlarning lisoniy farzandlaringizni jondek suyaman. Farzandlaringiz o'sib unsinlar, bilaklari kuchga to'lsin. Siz esa men uchun tug'avering. Axir, mukammal bo'lmoq uchun avval tug'ilmoq kerak, tug'ilmagan narsa mukammal bo'lolmaydi.

Ayrim asarlarning uslubi haqida

Levkippa yoki Xarikliya haqidagi kitoblarni yo boshqa shu kabi ko'ngilochar narsalarni o'qiganlarni, Lemnosli Filostrat yoki Lukian tomonidan ko'ngilxushligi uchun yozilgan quvnoq asarlarni mutolaa qiluvchilar menga uy qurishni poydevorni mustahkamlash, asos qoziqlar qoqish, devor ko'tarib tom yopishdan emas, turfa suratu naqshlar, turli toshlar bilan bezashdan boshlamoqchi bo'lganlarni eslatadi. Ko'pchilik bunday yo'l tutganlar haq deb biladilar. Ayrimlar, mening bilishimcha, jimjimador til bilan hatto mo'jazroq asarlar yozishga ham uringanlar. Bunday asarlarning dastlabki harflaridanoq momaqaldiroq guldurardi, shu bois ham, go'yo yarq etib o'tgan yashindan so'ng bo'lganidek, hammayoq zimistonga aylanadi. Qisqa maktublar va uncha uzun bo'lmagan murojaatlarda bunday til ham yaroqli, zero, bunda nutqning chigal burilishlari yo'q va o'tmasroq didli tinglovchiga turfa rang jimjimalar balki manzur ham bo'lar. Ammo nutq turli burilishlarga uchraydigan va ijodiy kuchni namoyon etish talab qilinadigan jiddiy asarlar va murojaatlarda bundayin jimjimadorlik eshitishga halal beradi. Axir, nutqning zavqlantiruvchi shakllari bilan bir qatorda boshqa shakllari ham mavjud. Muhokamaning ayrim o'rinlarda huzurbaxsh, boshqa bir o'rnida qahrli nutq kerak; ba'zan nutqning jimjimador, ba'zan esa sodda bo'lishi talab etiladi. Goh diqqatingni jamlab aqlingni zo'riqtirishing, goh esa uni tamom bo'sh qo'yib, tinchlantirishingga to'g'ri keladi. So'zni aniq qo'llay olish - oson ish emas <...>

Men o'zim ham shunday boshlagan, ilk o'qigan kitoblarimda tonggi shabnamni ham, mushki anbar iforini ham, turfa chechaklarni ham topgan edim. Biroq men ulardan bir narsani - boshlagan ishimning maqsadi tomon dadil odimlashim uchun kuch topolmadim, shu bois ilk qadamlarimdanoq qoqila boshladim. Shunda men boshqa, eng yaxshi va to'g'ri yo'lga burildim <...> Endi men Demosfen, Isokrat, Aristid va Fukididlarning kitoblarini tanladim. Bu ro'yxatga men yana Platon dialoglari, Plutarxning barcha asarlari, notiq Lisiydan va men uchun o'zining aqli va go'zalligi bilan bularning baridan yuksak turuvchi ilohiyotchi Grigoriydan saqlanib qolgan bitiklarni qo'shdim. Men Demosfendan har qanday ishda kerak narsani o'zlashtirdim, undan nutqni qanday qilib yaxshiroq qurish mumkinligini o'rgandim. Isokratdan ifoda aniqligi, qadimiyat nafosati va nutqning sofligini, Aristiddan huzurbaxsh qudratni, epixeremlar to'g'riligini, ko'plab entimemalar bilan ishlashu nutq usullaridan foydalanishni o'zlashtirdim. Fukididdan qanday qilib tilga yangilik kiritishni, fikrni zo'riqtirishni o'rgandim. Men undan go'zallik emas, oqillikni, so'zlarni to'g'ri biriktirish va fikrni turlicha ifodalash yo'llarini topdim. Borki nafosatning tajassumi, fikrning turfa evrilishlariyu uning barcha ohanglarini, menimcha, Plutarxdan topdim. Men uning rivoyasiga xos soddalikdan ham, o'z fikrni turli yo'sinlarda ifodalay olish malakasidan ham zavqlandim. Lisiyning san'ati meni har qanday og'ir holatlarda ham qutqardi. Biroq hammasidan ham ko'proq menga ilohiyot muzasi ko'mak berardi... <...>

Agar men o'z asarimda pardali qilib so'zlamoqchi, fikrni ishoralar bilan ifodalamoqchi bo'lsam, bunga meni Fukididning nutqlari o'rgatdi. Agar nutqni shakllantirish uchun san'atkorona usullar kerak bo'lsa, Demosfenning san'ati menga namuna bo'ldi. Isokratning tili predmetni aniq, ichki ziddiyatlarsiz va ma'noni o'zgartirmasdan tushuntirish kerak bo'lgan hollarda juda asqotdi. Platon esa ilohiy, unga taqlid qilish imkondan tashqari. Bir qarasang, Platondagi aniqlikka erishish osonday tuyuladi, aslida esa bu judayam tik bir cho'qqidirki, uni zabt etish benihoya og'ir. Uning asarlarini Lisiy va Fukidid asarlariga qiyoslab, uning ham shulardek yozishini istaganlar, o'ylashimcha, Platonni o'qiganu uqmaganlardir.

Agar ezgulik va so'zda yuksak maqomdagi Grigoriy bo'lmaganida, men Platonni barcha faylasufu notiqlar bilan qiyoslab, uning nutqi haqiqatan beqiyos ekanligini tan olgan bo'lur edim.

Mazkur eranlar bilan uzoq muloqotda bo'lganimdan so'nggina nutqimga tugal mukammallik bag'ishlash uchun menga tilning yoqimliligi ham kerak bo'ldi. Ana shundagina men nutqimga bezak berish uchun Xarikliya haqidagi qissalarni ham, Levkipp haqidagi qissalarni ham, umuman shu xildagi mavjud bo'lgan kitoblarning barini oldim. O'zimdan aytay, ularning har biridan yaxshi xususiyatlarnigina saylab oldim. Men o'z nutqimga har joydan olingan bezaklarni kiritdim, turli joylardan olingan narsalar mening nutqimda yagona obrazga quyildi. Men asli bittaman, lekin o'zimga ko'pchilikni singdirdim. Bas, qachonki mening kitoblarim o'qilsa, o'sha bitta ko'pchilikka aylanadi

Pamyatniki vizantiyskoy literaturû IX-XIV vv.-M.,1969.- S.146-147, 151-153

Yuliy Sezar Skaliger

Poetika

<...>Nega endi Goratsiy komediyaning poetik asar ekanligiga shubha qiladi?1 U ulug'vor bo'lmagani uchun poeziya doirasidan ixroj qilinayotgan emasmikan? Axir bu bema'nilik-ku. Komediya, mening o'ylashimcha, badiiy asarlarning deyarli eng asl va qadimiysi bo'lsa-yu, qandoq qilib uni bu sirada sanamaslik mumkin? Axir, undagi hamma narsa o'ylab topilgan, u tamom to'qima materiyadan iborat emasmi? Boshqa bir masala: Lukan shoirmi? Albatta. Zero, grammatiklar, o'z odatlariga ko'ra, tuturuqsiz da'vo qilib, Lukanni tarix yozganlikda ayblaydilar2. Faraz qilaylik, bu sof tarix bo'lsin. Biroq, axir, Lukan Liviydan3 farqlanadi, birinchi galda she'riy yo'l bilan yozgani bilan farqlanadiki, bu esa uning shoirligiga dalolat qiladi. Ikkinchidan, epik shoirlarda tarix mazmunning asosi bo'lib xizmat qilishi kimga ma'lum emas? Ular birini yashirib, birini bezabroq tarixga, shubhasiz, o'zgacha qiyofa beradilar va undan poema yaratadilar. Gomer ham, agar xuddi shunday qilmagan bo'lsa, nima qilgan? Yo tragiklar bundan boshqacha yo'l tutadilarmi? Xuddi shunday Lukanda ham ko'p narsalar to'qima: Sezar qarshisida namoyon bo'luvchi Vatan obrazi, narigi dunyodan kelgan soya va shu kabilar4. Bugina emas, Lukan shoir degan nomga munosib emas deganni-ku qo'ying, men bu nomga hatto Liviy ham munosib deb bilaman. Axir, xuddi tragiklar o'zlari tanlagan narsa haqida hikoya qilarkan personajlarni harakatlanish va gapirishga majbur qilgani kabi, Liviy va Fukididlar5 ham (tarixiy shaxslar tilidan - tarj.) shunday gaplarni kiritadilarki, ular nisbat berilayotgan odamlar tomonidan hyech vaqt aytilgan emas. Hatto Aristotelning o'zi, o'ta talabchan turib versifikatorlarni shoir nomidan mahrum etgan bo'lsa-da, bu masalada boshqacha yozadi: hos epoiesen Empedocles deya umuman hyech qanday to'qima yaratmagan Empedoklni poieten6 deb ataydi. Ayrimlar, ular sirasida Plutarx ham bor, poeziya bilan poemani quyidagicha farqlaydilar: poeziya deb katta asarni, poema deb esa kichkina asarni atashadi. Albatta, bu to'g'ri emas. Chunki poema - asarning o'zi, ya'ni, shakllanayotgan materiya. Poeziya esa o'sha poemaning mazmuni va g'oyasidir. Shundayki, bizda fe'lning uchta shaxsidan kelib chiqqan uchta ot bor: poema - pepoiemai, poeziya - pepoiesai, poet - pepoietai fe'llaridan kelib chiqadi, xuddi hairema, hairesis, hairetes7 silsilasi kabi. Demak, «Iliada» - poema, Gomer - poet, Gomer «Margit»ni8 yozishda asoslangan mazmun va g'oya - poeziya. Poetika esa - ilm, ya'ni biz poeziya deb ataydigan narsani yaratishni o'rgatuvchi qoidalar tizimidir. <...> Poetik asarlar esa uch jihatdan: biz nimaga taqlid qilayotganimiz, qanday vositalar bilan taqlid qilayotganimiz va qay yo'sin taqlid qilayotganimizga ko'ra farqlanadi. <...>

<...> Turlar quyidagi tartibda tasniflanadi. Birinchisi oddiy rivoyadir. Lukretsiyning poemasi shunday9. Bu turni yunonlar diegetikon, exgematikon, apodiegematikon10 degan nomlar bilan atashadi. Ikkinchisi komediyalarda bo'lgani kabi suhbatlarda ifodalanadi, yunonlar uni to'la asos bilan dialogetikon11 deb ataganlar, zero, ko'pincha bahs ma'nosini ifodalash uchun ham shu so'zni qo'llaganlar. Chunki dialektos12 so'zi til, nutq ma'nolaridan o'zga ma'noni anglatmaydi. Nutq esa, ilgari aytganimizdek, fikrni o'zgaga yetkazish uchun xizmat qiladi, axir dia, xuddi diapro, diamperes13 so'zlaridagi kabi «o'zgaga yetkazish», «uzatish» ma'nolarini ifodalaydi. Shuning uchun bir necha kishining, ayrim grammatiklar xato talqin qilganidek ikki kishining emas, suhbati bayon etilgan nasriy nutq dialog deb ataladi. Tit Liviy komediyalarga tatbiqan ularni diverbiyalar14 deb ataydi. Chamasi, Aristotelning tasdiqlashiga ko'ra, dialogning yaratuvchisi Aleksamen Teosli15 bo'lgan. U so'z san'atining mazkur turini ajoyib fikrlari va ilohiy nutqi bilan shuhrat toptirgan. Uni mimga yaqinlashtirgan, mimga xos shaloqlik bilan bulg'agan Lukian16 bo'ladi. Agar avvalida erkin bo'lgan bu nutqni keyinroq vaznga solib pesalar yozilgan bo'lsa, afinalik Kratet uni vazn kishanlaridan qayta ozod qildi va yana vaznsiz pesalar yoza boshladi17. Bu nav dialogetikon o'ziga xos xatti-harakatlarga muvofiq tarzda dramatikon deb nomlandi, zotan, dran doriy tilida «harakat qilmoq» ma'nosini bildiradi. Bu tarz nomlashga ayrim qismlarning aktyorlar tomonidan o'tirgan holda ijro etilishi ham halal bermadi, axir so'z san'atining bu turi o'zining asosiy qismlaridan kelib chiqqan holda nomlandi, bundan tashqari, o'tirishda ham muayyan harakat mavjuddir. Shuning uchun (bu yerda, so'z san'atining bu turida) taqlidni amalga oshiruvchi aktyor paydo bo'ladi, axir bejiz dran deyilmagan. Hatto ayrimlar bu turni, garchi o'zlari taqlid umuman poeziyaning maqsadi ekanligini e'tirof etsalar-da, taqlid qiluvchi tur18 deb atashga ham jur'at qildilar. Qorishiq tur esa shundayki, unda shoir ham hikoya qiladi, ham unga dialoglar kiritadi. Yunonlar uni mikton deb to'g'ri nomlaydilar, koinon deb atashlari esa unchalik to'g'ri emas19. <...>

YETTINChI KITOB

EPINOMIS20

<...> Nimaiki mavjud bo'lsa, u «narsa» so'zi bilan ataladi. Bu narsalarning ayrimlari birlamchi, boshqalari birlamchi narsalarning obrazlaridir. Ho'kiz, odam, eman - birlamchi narsa bo'lsa, ularning suratlari yoki qandaydir boshqa tasvirlari - obrazlardir. Buni teranroq va nozikroq mushohada qilib ko'rsak, ushbu obrazlardan biri to'lasicha san'atga tegishli, ikkinchisiga tabiat egalik qiladi, uchinchisi esa qorishiq, unda san'at tabiatga yangi sifatlarni qo'shgan bo'ladi. Masalan, voqyelikning nomaterial narsalar orqali amalga oshirilgan aks ettirilishi to'laligicha san'atga tegishli, xususan, raqs, chunki unda aks ettirish tana harakati va holati hisobiga amalga oshadi, tabiat unga hyech bir materiya bermaydi; maymun to'laligicha tabiatga tegishli bo'lib, unda odam obrazi aks etgan. Qorishiq taqlid shakllari shundayki, ularda san'at tabiatdan olingan materiyaga qandaydir shakl berib o'ziniki qilib oladi. Bu narsa turli usullarda voqye bo'ladi. Ularning ayrimlari ko'zga ochiq ko'rinadi: rangtasvir, haykaltaroshlik, sangtaroshlik, metallni eritib quyish. Boshqalari esa odatda unchalik oshkor ko'rinmaydi, biroq ular ham oqil kishilar nigohidan chetda qolmaydi. Masalan, agar tabiat otlarni yuk tashish uchun yaratgan bo'lsa, bug'doy yanchgandan so'ng hirmondan somon tashiyotgan dehqon, shubhasiz, otga taqlid qilayotgan bo'ladi. Hatto uyning o'zi ham g'orning o'xshashi sifatida namoyon bo'ladi. Odamlar ilk bor tabiat yaratgan bo'm-bo'sh g'orlarga duch kelib, bu g'orlarning foydasini anglagach, avvaliga o'zlari qoyalarda g'or o'yishga kirishganlar, shundan keyingina xoriyu to'sinlarni o'ylab topganlar. Demak, san'at(hunar)larning aksariyati taqliddan boshqa narsa emas. Etikdo'zlik hunari ham shunday. Jonivorlarga tuyoqlari qanday naf keltirishini fahmlangach, avvaliga daraxt po'stlog'i yo oshlanmagan teridan qo'pol etiklar tikila boshlandi, keyin esa tajriba va mahorat bu qo'pol narsalarga ko'rkam tus berdi. Tikuvchilik hunari barglardan qilingan libosga taqlid qiladi. To'qimachilik esa odamlar o'rgimchakning ishiga razm solib, iplarning to'qilishini o'ylab topganlarida yuzaga keldi. Biroq ayni shu o'rinda bu turdagi san'atlar mohiyatini muhokama qilishimiz nojoiz. Bizni qiziqtirgan masalaga kelsak, bunda, avvalo, har qanday taqlid ma'lum bir maqsad yo'lida amalga oshirilishini tushunmoq zarur. Deylik, qadimgilar shonli ishlar qilgan eranlar xotirasini abadiylashtirish uchun haykallar qo'yarkan, ajdodlar ibrati avlodlarni ham shunday shonli ishlarga ruhlantirsin deya niyat qilganlar. Demak, hyech bir taqlid shunday, taqlid qilishning o'zi uchungina amalga oshirilmas ekan. Axir qilich qilichning o'zi uchun emas, balki uning egasi o'zini mahofazalangan his etishi uchun yasaladi. Modomiki shunday ekan, mutlaqo ravshanki, bizning nutqimiz ham taqliddan boshqa narsa emas. Axir ismlarning o'zi narsalarning belgisidir, narsalarni nomlash ham xuddi shunday amalga oshadi. Har qanday narsa (xudoni istisno qilganda) yo substansiya, yo substansiyaga aloqador, yo substansiyadan kelib chiqadi va yo substansiyaga tomon intiladi( zero, xudo na substansiya, na aksidensiya emas, balki «O'zi»dir). Aksidensiyalar substansiyaga aloqador, substansiyadan bevosita yoki sifat orqali amalga oshuvchi harakat kelib chiqadi va yaralish substansiyasi tomon intiladi21. <...> Demak, mavjud narsalarning bari yo «bu» (hos), yo «shunday» (sic) ekan. Alohida olingan so'zlar «shu»ni, ya'ni nedir mavjud narsani ifodalaydi, masalan «odam» va «oq»; bu ikkisi qo'shilganda «shunday» - «oq odam» ifoda etiladi. Shunday qilib, nutq taqlid orqali voqye bo'luvchi barcha san'atlarning qurolidir. Biroq taqlid qandaydir yagona usul, ba'zan esa hatto moddiy narsa orqaligina amalga oshmaydi. «Eney jang qilmoqda» tarzidagi oddiy xabar berilishi bir narsa, xabarda usul va holatlarning ko'rsatilishi, masalan: shamshir-la qurollanib, otliq holda, jahd bilan, - tamom boshqa narsa. Zero, bunisi endi jang qilayotganning qiyofasi, harakatning o'zigina emas. Shunday qilib, harakat tarzi, joy tavsifi, vaqt, his-tuyg'ular, nutq va sh.k.lar tasvirni to'liq va jonli qiladi, buning natijasida manzara aniq va nozik bo'lishidan tashqari unda nur va soya, bo'rtiqlik, kuch, ifodaviylik yuzaga keladi. Bularning bari shoir sa'y-harakati bilan yaratiladi, shu bois ham Aristotel shoirning asosiy maqsadini to'lasicha taqlidda ko'radi, taqlid qilish qobiliyati mavjudotlar ichida faqat insongagina xos deb biladi. Bu da'vosida qattiq turib (bir marta aytgach, bu fikrni qayta-qayta takrorlaydi) olib, u bizni ikkita puch xulosaga olib keladi. Birinchisi, u umuman poeziyanigina emas, epopeya janrini ham Sofronning mimlari va Teosli Aleksamenning nasrda yozilgan falsafiy dialoglarini ham birlashtirib yubordi22. Ikkinchisi, u Gerodotning tarixi she'riy yo'lda yozilgan holda ham baribir tarix bo'lib qolaveradi deganida ko'rinadi. Bu da'volarning birinchisi shu darajada puchki, unga ko'ra epos prozaik nutq janri bo'lib qoladi. Tarix masalasida ham tamom o'zgacha hol kuzatiladi, chunki bu holda u tarix emas, balki tarixiy poeziya bo'ladi. Axir poeziyaning maqsadi taqlid qilish emas, balki zavqlantirgan holda o'git berishdirki, bundan aqllaru qalblar to'g'ri yo'nalish oladi va natijada inson saodat deb ataluvchi mukammal bir holatga erishadi. Agar poeziyaning maqsadi taqlid qilishning o'zigina bo'lganida edi, unda har nega taqlid qilganki odam bor shoir bo'lib chiqar edi: dialoglardagi Suqrot ham, notiq ham, «Davlat»dagi, ya'ni o'zi shoirlarni haydayotgan Platon ham shoir23; hatto bozorda o'z tilidan xo'jayini buyruqlarini bayon qilayotgan gumashta ham shoir. Bugina emas, (mazkur yondashuvda) epik shoir biron bir personajni tasvirlaganida shoiru, o'zi gapirganida shoir emas (bo'lib chiqadi)24. Xuddi shunga o'xshash, «Iliada» - poema, chunki unda to'qima qahramonlar harakat qiladi, ayni paytda, u Gomer shaxsiyatini ifodalagani uchun poema bo'lmasligi kerak. Buning ustiga ko'plab she'riy janrlar mavjudki, ulardan hyech biri bu ta'rifga mos kelmaydi: lirika, skoliya, pean, elegiya, satira, silva, epitalama, gimn va boshqalar25, - ularda taqlid umuman mavjud emas, ular faqat sof epangelia, ya'ni yaratilgan obrazlar emas kuylovchining o'z qalbidan chiqayotgan hislar haqidagi «xabar» yoki shularning ifodasidan iboratdir. Xo'sh, uning (Aristotel - tarj.) Empedoklni shoir nomidan judo qilishiga kelsak, bunisi endi mutlaqo noto'g'ri. Axir uning o'zi Empedokl haqida so'zlay turib «yaratmoq» so'zini ishlatadi: hos epoiesen Empedocles. Xuddi shunga monand, Pifagor, Solon, Fokilid, Feognid, Parmenid, Nikandr, Arat, Oppianlar ham axloqchi shoirlar, tabiatshunos shoirlar, ilohiyotchi shoirlardir26. Agar kimdir Gerodotning totli hikoyalarini she'riy yo'lda bayon etganida, u tarixchi shoir bo'lib qolur edi. Shuning uchun ham tan olmoq kerakki, shoirning maqsadi - zavqlantirgan holda ta'lim berishdir. Poeziya siyosatning bir juzvini tashkil qilib, siyosiy faoliyat bilan o'ziga xos aloqada bo'ladi, zero, qonun amrlari, notiq va hukmdorlarning xalqqa murojaatlari - bularning bari poeziya tufayli ma'lum go'zallik va joziba kasb etib, fuqarolarni tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu sababli ham go'yo poeziya sofistikaga qarindosh, shoirning vazifasi yolg'onga zeb berishdangina iborat qabilidagi da'vo noto'g'ridir27. Zero to'qima kechroq paydo bo'lgan va poeziyaning o'zi bilan bir vaqtda tug'ilgan haqiqatga qo'shilgan. Axir avvaliga komediyalarda aslida qanday voqye bo'lgani va aytilganiga mos bo'lgan yolg'iz chin haqiqat gapirilgan. So'ng esa to'qima voqyealar hikoya qilina boshlandiki, ular haqida ilgari hyech narsa eshitmagan tomoshabinlarga o'zining yangiligi bilan ko'proq manzur bo'ldi, bu ma'qullash to'qima bilan aldov uchun sahnaga yo'l ochdi. Bundan kam bo'lmagan xatoga nutq mohiyatan zaruriy haqiqatni ifodalaydi deb yozganlarida ham yo'l qo'yadilar. Axir, modomiki har qanday narsa ham zaruriy emas, nutq esa har qanday narsani ifodalar ekan, demak, har qanday nutq ham zaruriy bo'lmaydi. Haqiqat, avval aytganimizdek, boshqa joyda, narsa - tushunchaning ifodasi va har bir narsa ortida aniq tushuncha mavjud. Demak, nutqning xos funksiyasi ifodalashdir. Biroq har qanday raqam juft sonni ifodalamaganidek, har qanday nutq ham zaruriy narsani ifodalashi lozim emas. Shuningdek, ayrimlarning poeziya g'oyasini, komediyani mazmunan tuban bo'lganligi uchun poetik asar sifatida tan olishga noloyiq deb hisoblovchilar qilgani kabi, amallar ulug'vorligidan keltirib chiqarishga urinishi ham bekor. O'z o'rnida biz bu xatolikni inkor qildik. Shunday qilib, quyidagicha xulosa qilish lozim. Poeziya taqliddan yuzaga kelmaydi, zero har qanday poetik asar ham taqlid emas; har qanday taqlid qiluvchi ham shoir emas. Shuningdek, to'qima yo aldovdan ham emas, zero, poeziya aldamaydi yoki aldasa ham doim emas; aks holda poeziya bilan poeziya emasning farqi qolmaydi. Nihoyat, taqlid har qanday nutqda amalga oshadi, chunki so'zlar narsalarning obrazidir. Shoirning maqsadi esa huzurlantirib ta'lim berishdir.

Izohlar:

1. Qarang: Goratsiy. Poeziya ilmi, 320

2. Skaliger bu o'rinda «grammatiklar» deya kimni nazarda tutganini aytish qiyin. Ehtimol, «grammatik»larga «bepisand» munosabat an'anasi Sekst Empirikka borib taqalsa kerak, u tanqidchini «me'mor»ga, «grammatik»ni esa uning xizmatchisiga o'xshatgan; unga ko'ra, «grammatik» faqat «glossalarni sharhlashi, prosodiyalarni joylashtirishi va shu kabilar bilimdoni» bo'lishgagina qobil. (Sekst Empirik. Olimlarga qarshi, I,79)

3. Tit Liviy - mil.av. 59-mil.17 yillarda yashagan Rim tarixchisi.

4. Qarang: Lukan. Farsaliya, I ,185-192, III,9-93

5. Fukidid - mil.av.455-400 yillarda yashagan rim tarixchisi.

6. Hos epoiesen Empedocles - yun., «Empedokl yaratgani kabi»; poieten - yun., «shoir»; Empedokl - mil.av. V asrda yashagan yunon faylasufi, falsafiy poemalar muallifi.

7. pepoiemai, pepoiesai, pepoietai - yun., poiein fe'lidan osil qilingan perfektning shaxs formalari; hairema, hairesis, hairetes - «topilma», «topmoq», «topuvchi»

8. «Margit» - mil.av. VII asrga mansub komediya, uning muallifi Gomer deb hisoblashgan.

9. Tit Lukretsiy Kar - mil.av. 95-55 yillarda yashagan rim shoiri va faylasufi, «Narsalarning tabiati haqida» nomli falsafiy poema muallifi.

10. Diegetikon, exgematikon, apodiegematikon - yun., «hikoya qiluvchi», «roviy».

11. Yun., «so'zlashuv».

12. Yun., «nutq».

13. Dia - yun., «orqali»; diapro, diamperes - yun., «orqali», «(narsani) teshib o'tish, ichidan o'tish»

14. Diverbium - lot., «suhbat», «dialog»(Qarang: Liviy Tit. Istoriya Rima s yego osnovaniya, VII, 2).

15. Aristotel bizgacha yetib kelmagan «Shoirlar haqida» nomli kitobida Aleksamen Teoslini dialog janrining asoschisi deb atagan(Qarang: Diogen Laertskiy. O jizni, ucheniyax i izrecheniyax znamenitûx filosofov, III, 48).

16. Lukian - mil.av. I asrda yashagan yunon satirigi, dialoglar muallifi.

17. Kratet - mil.av. V asrda yashagan komediyanavis; Aristotelning guvohlik berishicha, birinchi bo'lib komedyalarida alohida shaxslar ustidan kulishdan voz kechib, umumiy mazmundagi syujetlar ishlab chiqishni boshlagan.

18. Platon va uning davomchilari taqlidni aynan dramatik janrlarning spetsifik xususiyati deb hisoblaganlar.

19. Mikton - yun., «qorishiq», koinon - yun., «umumiy».

20. Yun., «so'ng mulohazalar».

21. Qiyoslang: Aristotel. Metafizika, IV, II, 1003b

22. Sofron - mil.av. V asr, nasriy mimlar, akterlar tomonidan xonadonlarda yoki ko'cha-ko'yda o'ynalgan kichik sahna asarlari mualllifi. Aristotel (qarang: Poetika, 1447a28) haqiqatan ham taqlid vositasi sifatida nutqdan foydalanuvchi barcha san'atlarni bitta turga mansub etib, ularni ritm va garmoniyaga qarshi qo'yadi; to'g'ri, u shu joyning o'zidayoq Gomer bilan Empedokl o'rtasida vazndan boshqa umumiylik yo'qligini ham ta'kilaydi.

23. Platon o'zi modellashtirayotgan ideal davlatda shoirlarga o'rin qoldirmaydi, chunki poetik taqlid fuqarolarga zararli ta'sir qiladi deb hisoblaydi (Platon. Zakono', 817; qiyoslang: Gosudarstvo, III, 398)

24. Skaliger bu o'rinda Aristotelning taqlid barcha san'atlarga xos degan konsepsiyasini Platonning taqlid faqat dramatik asarga xos degan qarashi bilan almashtiradi.

25. Gimn - diniy yo maqtov mazmunidagi xor lirikasi; pean - Apollonga bag'ishlangan madhiya; melika - bir ovozli lirika; skoliyalar - ziyofat qo'shig'i; elegiya - elegik distix (gekzametr va pentametr o'lchovlari almashinib turuvchi) bilan yozilgan she'r; epitalama - kelin-kuyovlarni qutlovchi to'y qo'shig'i; silva - tematik jihatdan bir-biriga bog'liq bo'lmagan she'rlardan tarkib topgan to'plam.

26. Pifagor - mil.av. VI asr, yunon matematik va faylasufi, falsafiy poemalar muallifi deb hisoblangan; Solon - mil.av. VI asr, afina qonun chiqaruvchilariban biri va elegik shoir; Fokidid - mil.av. VI asr, epik shoir; Feognid - mil.av. VI asr, ikkita elegiyalar to'plami muallifi; Parmenid - mil.av. V asr, eleatlar maktabiga mansub faylasuf, falsafiy plemalar muallifi; Nikandr - mil.av. III- II asrlar, yunon shoiri, grammatik va hakim, «Jonivorlar zaharlarining ta'siri haqida», «Zaharlar va ularni ziddi haqida» nomli poemalar muallifi; Arat - mil.av. 315-240 yillar, yunon olimi, shoir va astronom, «Samo hodisalari» poemasi muallifi; Oppian - mil. II- III asrlar, yunon shoiri; «Baliq ovi haqida», «It shikori haqida», «Qushlarni tutish haqida» nomli poemalar unga nisbat beriladi.

27. «Predmetlilik» tamoyilidan kelib chiqib poeziyani tasniflash bo'yicha yana bir urinish. Skaligerning fikricha, mantiq bilan poeziya ikkisi uchun umumiy bo'lgan belgilovchi predmetga ega emas, ular uchun faqat vosita - so'z umumiy, xolos; siyosat bilan poeziya, axloq bilan poeziya uchun esa bunday umumiy predmetni ko'rsatish mumkin.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.50-70

Antonio Minturno

Poetik san'at,

poeziyaning qahramonlik, tragik, komik, satirik va boshqa turlari qonun qoidalarini mujassam etgan

Antonio Minturno. <...> Shunday fabulalarni yaroqsiz deymizki, ularda bemaqsad kiritilgan ortiqchaliklar haqiqatga monandlikka putur yetkazgan. Odatda qog'ozni turfa masallarga isrof qiluvchilarning asarlari shunaqa bo'ladi.

Vespasiano Gonzago. Nahotki Siz sevgi-muhabbat va buyuk adiblar abadiylashtirishga intilgan paladinlarning shonli jasoratlari haqida aytayotgan bo'lsangiz?1

M. Nahot bu asarlarda asosiy voqyea va mavzu bilan bog'lanmagan, va hyech bir oqil sababsiz kiritilgan ko'plab epizodlar borligini ko'rmasangiz? Va umuman, bu romannavislarning qo'shiqlari oddiy safsata emasmi?

V. Shunga qaramay, o'sha sevgi-muhabbat yo Rinaldo va Orlandoning2 jasoratlari haqidagi qo'shiqlar Petrarkaning nafis kansona3 ham sonetlarining har qaysisiga qaraganda kattaroq ishtiyoq bilan yoziladi va o'qiladi?

M. Ha, shunday. Lekin kim tomonidan o'qiladiyu qanday idrok etiladi? Albatta, qora xalq, na poeziyaning neligini, na shoirning mukammalligi nimadaligini bilmaydigan avom tomonidan-da? Menga qolsa, kim yozganidan qat'i nazar, muhokamasi g'o'r avom suyib ardoqlaydigan barcha romanlardan ko'ra Petrarkaning bitta soneti didimga ko'proq xo'bdir.

V. Biroq muhokamaga chuqurlashmasdan turib, biz roman o'zi nima ekanligini aniqlab olishimiz kerak.

M. Romanning epik poeziyaga xos ulug'vor va favqulodda voqyealarga taqlid ekanligini inkor qilib bo'lmaydi. Bu, shubhasiz, xorijiy so'zdir va ispan hamda provansal tillaridagi kabi, o'ylashimcha, «xalq tili»4 degan ma'noni beradi. Zotan, rimliklar Ispaniyada ham, Provansda ham o'z tillarini shunchalar yoydilarki, bu yerlarda boshqa tillarda so'zlamaydigan bo'ldilar; mazkur ikki muzofotni varvar qabilalari zabt etib shu joylarga o'rinlashganlaridan so'ng ham rimliklar tili saqlanib qoldi, to'g'ri, u sezilarli darajada o'zgartirilgan va buzilgan edi, lekin shunda ham varvarlarning ona tillari bo'lmish got va alan tillariga qaraganda to'g'riroq va yoqimliroq edi; shuning uchun varvarlar bu tilni o'zlashtirish va saqlab qolishga harakat qildilar, uni roman tili deb atab yozuvga tatbiq etdilar5. Ritsarlarning jasorati va muhabbatlari haqida dastlab shu tilda kuylay boshlangan ediki, shu sabab mazkur mavzularda bitilgan asarlarni «roman» deb yuritila boshlandi. Xuddi shu atama, qachonki bizda ham varvarlarning asarlariga taqlid qilina boshlangach, Italiyaga ham kirib keldi. Biz esa, Sitseron aytib ketganidek, har doim boshqalar boshlagan narsalarni me'yoriga yetkazib kelganmiz, shu bois romanlarga ham nafis va latif poeziya baxsh etdik, albatta, agar u shu nomga munosib bo'lsa.

V. Nega endi munosib bo'lmasin? Yo siz Ludoviko Ariostoni ulug' shoir deb hisoblamaysizmi, axir, u shoir bo'lish bilan birga romannavislar ichida ham eng mashhuri sanaladi-ku?

M. Bu, shubhasiz, shunday, Ariosto bu daraja yuksak bahoga munosib. Biroq u yaratgan romanlarda, boshqa yozuvchilarnikida ham bizga Aristotel va Goratsiylar o'rgatgan poeziya bor deb ayta olmayman.

V. Xo'sh, u bir oz o'zgacha bo'lsa nima qipti, axir, u tog'ning narigi tomonida dunyoga kelgan; italyanlar esa hammaning xushnudligi uchun uni yanada go'zal qildilar; ko'rib turganimizdek, Ariostoga ham u a'lo darajada maqbul bo'ldi.

M. Men avomga, qaysiki, biror narsaga o'ylamay-netmay o'zini tashlab, unga erishganidan quvonib, o'shanga uzoq vaqt mahkam yopishib olganicha, hatto, undan chandon yaxshisiga ham istamay almashtiradigan avomga hyech xayron bo'lmayman. Inson ongida har qanday hukm shu tariqa qaror topadi. Biroq bir narsaga - o'qimishli, nafis so'z san'atini farqlaguday fahm ato etilgan, bilgich kishilar qarshisida romanlarda na Gomer bilan Vergiliy amal qilgan hamda Aristotel bilan Goratsiylar amal qilishni tayinlagan shakl va tartib yo'qligini tan olishlariga qaramay, o'sha kamchiliklarni oqlovchi, bunday asarlarda jahongashta ritsarlar haqida so'z borgani uchun ularga Vergiliy va Goratsiylarning poetik rivoya yo'sini mos kelmaydi, aksincha, ularda bir narsadan ikkinchi narsaga xuddi darbadardek ko'chib yurish, bir vaqtning o'zida turli voqyealarni tasvirlash talab qilinadi6 deya da'vo qiluvchi kishilarga lol qolmay ilojim yo'q.

V. Sizningcha, roman qahramonlik poeziyasidan nimasi bilan farqlanadi?

M. Ilgari aytganimdek, qahramonlik poemasi shavkatli eranning xotirlashga loyiq ulug'vor a'moli haqida so'z yuritadi. Romanda esa ritsarlar va ularning xonimlari, jang-jadallar va tinchlik paytidagi ishlar haqida hikoya qilinadi; to'g'ri, romanda ham ritsarlar sirasida qahramonona jasorati bilan hammadan ustun turgan bittasi ajralib turadi; garchi ko'proq madh etish uchun eng a'losi tanlab olingan bo'lsa-da, uning va boshqalarning ishlari haqida muallif o'zining oldiga qo'ygan maqsad - butun ritsarlar jamiyatini ulug'lash uchun zarur hajmda hikoya qiladi; yana ularda uzoq yurtlar va u yerlarda roman asosida yotgan qahramon boshidan o'tkazgan ertaknamo tarixning kechishi davomida yuz bergan turfa voqyealar tasvirlanadi.

V. Axir, poeziyaning otasi, hammadan ko'ra ko'proq Axillni madh etishni istagani holda Uliss va Diomed, aka-uka Ayakslar, Menelay va shoh Agamemnon, Nestor va boshqa yarim ilohlarning shonli jasoratlari haqida hikoya qilganida xuddi shunday ish tutmaydimi?

M. Ha, shunday. Biroq bularning bari bitta boshlanishdan keltirib chiqariladi va bitta yakunga keltirilgan7. Roman haqida esa bunday deb bo'lmaydi. Gomer Axillning qahri, bu qahr yunonlarga nechog'lik ko'p yomonlik keltirgani va qanchalar g'am-hasrat paydo qilgani haqida hikoya qilishni niyat qilgan. Bu yarim iloh janglarda qatnashgan vaqtda, troyaliklardan hyech kim shahardan chiqishga jur'at etmagan. Biroq u o'ziga Agamemnon yetkazgan haqorat tufayli darg'azab bo'lib, jangda qatnashmaslikka qaror qilgach, dushmanlar ruhan yuksalib bir necha bor jangga kirdilar va yunonlarga talafot yetkazdilar. Demak, Axill qahrining oqibatlari haqida hikoya qilarkan, ilohiy Gomer mazkur umumiy sabab bilan bir-biriga bog'langan turfa voqyealar - bu Menelay bilan Paris, Gektor bilan Ayaks, Patrokl bilan Gektor o'rtalaridagi olishuvlar; yana Resni qanday o'ldirishu uning otlarini olib ketish haqidagi Ulissning Diomed bilan kengashi, kemalardagi yong'in; tag'in Patroklning o'limi Axillning qahrini troyaliklarga qaratishi va bu hol Gektorning ayanchli o'limiga olib kelishiga qadar yuz bergan ko'plab voqyealarni ham o'rinli hikoya qiladi. «Qahrli Orlando»ning muallifi ham, agar o'zi xohlaganida, rivoyaning xuddi shunday tartibi va yo'sinidan borishi va o'z poemasini shunga o'xshash maqsadga yo'naltirishi mumkin edi. Bu holda u Orlandoning ishqqa mubtalo bo'lishiyu majnunligi sabab bo'lgan oqibatlarni kuylagan bo'lar va agar Orlando ishqdan es-hushini yo'qotmaganida, mavrlar Fransiya qiroli Karl ustiga qo'shin tortishga aslo jur'at qilolmagan bo'lishlarini, aksincha, u ishq tufayli aqlini yo'qotgach, mavrlar Fransiya ustiga yurgani va xristianlarga og'ir talafot yetkazganlarini ko'rsatgan bo'lur edi. Shunday qilganida, urushda qatnashgan har ikki tomon ritsarlarining bu vaqt davomida muhabbat yo'lida va yo boshqa bir sabab bilan amalga oshirgan ishlari haqida ham, Orlando es-hushini topib olgach, o'zining jasorati bilan xristianlarga zafar keltirgani haqida ham hikoya qilishi mumkin bo'lar edi8.

V. Shoirning maqsadi bunday emasdi: u maqtovga boshqalardan ko'proq loyiq shavkatli sulola asoschisi Rudjeroni tasvirlab, uning avlodi va o'zining valine'matiga ehtiromini izhor etmoqchi edi9.

M. Agarki shoir Orlandoning aqlidan mosuvo bo'lgani sabab kelib chiqqan urushda qatnashgan barcha ritsarlar ichida eng a'losi sifatida Rudjeroni tasvirlamoqchi ekan, unda, - xuddi Gomer Axill sharafiga «Iliada»ni yozib, so'ng Ulissni «Odisseya»da, garchi Uliss «Iliada»da ham sharaflashga molik ko'p jasoratlar ko'rsatgan bo'lsa-da, kuylagani kabi, - u haqda boshqa asar yaratishi mumkin edi. Shunday qilganida, asar nomidayoq Orlando haqida yozayotganini da'vo qilib qo'yib, bosh qahramon sifatida tamom boshqa odam haqida yozishi, buning ustiga, ko'plab odamlar va har birini alohida poema qilish mumkin bo'lgan voqyealar haqida hikoya qilishiga to'g'ri kelmagan bo'lur edi.

V. Axir «Iliada» ham, garchi unda Axillning qahri haqida hikoya qilinsa-da, urush bo'lgan joy nomi bilan atalgan emasmi? «Medeya» deb atalgan tragediya, yoki boshqasi, «Terey» deb nomlangani-chi - ularning bosh mavzui mehr-shafqat bo'lsa-da, zikr etilgan qahramonlardan hyech biri bunday tuyg'uni uyg'otmaydi-ku?10

M. Ilohiy «Iliada»ning syujeti asosida Axillning qahrigina emas, balki shu qahrning oqibatlari yotadi: qahramonning jasorati shunchalar ulkanki, u janggohda paydo bo'lishi bilan yunonlarga zafar keltiradi, qahr uning erkini jilovlab olgach esa yunonlar tomonida turib jangga kirmaydi, zafar troyaliklar qo'liga o'tadi. Zikr etilgan tragediyalarda-chi, ularda gap nomi sarlavhaga chiqarilganlarning baxtsizliklaridan boshqa nima haqda boradi? Buni nodir iste'dod ato etilgan shoirning meni yuksak darajada mahliyo etgan oliyjanob asarini qoralash uchun aytayotganim yo'q; aksincha, men hammani ushbu asarni o'qishga da'vat qilaman, zero, u o'qib to'g'ri uqqanlarga zo'r huzur baxsh etish bilan katta foyda ham beradi. Men undagi bu nuqsonni, qaysiki, mahoratning yetishmaganidan emas, ko'pchilikka ma'qul qildirish maqsadi bilan yuzaga kelgan ortiqchaliklarni ma'zur tutaman. Agar u poemasini o'zi madh etgan Rudjero nomi bilan emas, Orlando nomi bilan atagan bo'lsa, bu, shoirning himoyachilari aytmoqchi, asarning xayrixohlik bilan qabul qilinishi va ishtiyoq bilan o'qilishini o'ylab qilingan. Zero, u Orlandodek eng mashhur ritsarning ismi Rudjero yoki boshqa qaysidir romanlarda hali bunchalar sharaflanmagan ritsarning ismiga qaraganda o'quvchilar qalbini zabt etishi osonroq bo'ladi deb hisoblagan. Garchi unga qadar Boyardoning romani11 Rudjero ismini shuhratga burkagan va mabodo Arisoto o'z kitobini uning nomi bilan atashni ixtiyor etganida ham, muallifga xos bayon nafosati hisobga olinsa, o'quvchi xayrixohligidan benasib qolmasdi, shunga qaramay u dunyoning eng mashhur ritsarlari sifatida ikkita qahramondan naql qiluvchi bitta roman yozishga jazm qildi, negaki, biri Orlando, boshqasi Rudjero haqidagi ikkita poemani yozish imkondan tashqari mehnat va ko'p vaqt talab etardiki, ularni yozishga (garchi hali keksaygan bo'lmasa-da)12 umri yetmasligi mumkinligidan xavfsirardi. Birining ismi bilan asarini nomlagan bo'lsa, ikkinchisi uni bir butunga biriktirdi. Modomiki, «Odisseya»da faqat ikkita qahramon - Uliss va Telemax (u otasini izlab, undan biror darak topish uchun yo'lga tushadi) dunyo kezadi, romanlarda esa bunday qahramonlar ko'p bo'lar ekan, demak, poema shakli roman uchun yaramaydi deb o'ylamang: mayli, jahongashta ritsarlar soni ko'p bo'lsin, lekin ular haqida biron bir ziyofat bahona hikoya qilish, biror manzarada tasvirlash yoki boshqa qandaydir boshqacha yo'l bilan, deylik, «Odisseya»da qahramonlar haqida Alkinoy, Nestor va Menelay, «Eneida»da esa Didona, Anxiz va Evandr huzurida yig'ilganlarida hikoya qilingani kabi, yoki qalqonda tasvirlab xabar berish mumkin13. Ularning a'mollari haqida esa hikoya qilish esa xuddi «Iliada»da Uliss, Diomed va boshqa yarim ilohlar haqida hikoya qilinganidek yo'sinda amalga oshirilishi mumkin. Hammaga yaxshi ma'lum, epik poema haqiqatda yuz bergan yoki shunday deb tan olingan narsalarga taqlid qiladi, bas, hyech kim Eneyning Italiyaga kelgani va lotinlar ham rutullar podsholigini zabt etganiga, shunga monand, «Iliada»da troya urushining eng esda qolarli voqyealari tasvirlangani, Patrokl Gektorni, Gektor esa Axillni mahv etganiga, Uliss uzoq sargardonlikdan so'ng yurtiga qaytgani va oxir kuyovlardan qasos olganiga hyech kim shubha qilmaydi. Romannavislar esa buning aksi o'laroq haqiqatga e'tibor qilmay hyech qachon yuz bermagan narsalarni to'qib chiqaradilar, axir, bitiklar yoki el og'zidagi rivoyatlar na Orlandoning muhabbati va na uning aqldan ozishi haqida guvohlik bermaydi, shunga qaramay Boyardo uni oshiq, Ariosto majnun deb tasavvur qiladi. Biroq haqiqatga yoki haqiqat deb hisoblanadiganga amal qiluvchi tragediya ham ba'zan nimadir yangi, aslida hyech qachon yuz bermagan narsa haqida ham hikoya qiladi. Shoirga boshqalar yurgan yo'ldan og'ishga har vaqt izn berilgani va bundan keyin ham berilishini ro'kach qilgan holda u poeziya belgilagan chegaradan chiqib ketish ixtiyoriga ham ega deb o'ylamaslik kerak. Vergiliy, garchi bekorchixo'ja kishilar e'tiborini tortishi mumkin bo'lsa-da, ilgari boshqalar tomonidan aytilgan va mashhuri jahon bo'lib ketgan narsalardan voz kechdi <...>, biroq bu bilan u poeziyaning eng hurmatli mualliflar ham amal qilib kelgan chegaralaridan chiqdi degani emas. Men Ariosto qachon bo'lmasin italyan tilini dag'al, vahshiy til, Gomer va Vergiliylar poeziyasidek poeziya yaratishga uchun yaroqsiz, shu tufayli ham avom xalq romaniy ertaklarni tinglashga o'rganib bo'ldi, deb hisoblagan qabilida o'ylamayman; bu tildagi she'rlarda o'zgacha vazn, o'zgacha uyg'unlik bor, xristianlarning diniy e'tiqodi, qonunlari va urf-odatlari ham majusiylarnikidan farqlanadi. Aslo, shundayin fasohatli va benazir shoirning bunaqa fikrlarga kelishidan xudoning o'zi asrasin. Zero, bizning bu daraja jiddiyatli va nafis tilimiz so'z bilan ifoda etish mumkin bo'lganki, narsalarning barini ifodalashga, ifodalaganda ham eng maqbul tarzda, jiddiyat va nafosat bilan ifodalashga qodir ekanligini inkor qilib bo'lmaydi. Agarki zamonaviy melik poeziya14 so'zlarning o'zgacha ohangdorligiga tayangani holda ham qadimgi she'riyatga ergashayotgan, davrimizning dramatik poeziyasi esa faqat qadimgiga o'xshay olganidagina bizga go'zal tuyulayotgan ekan, unda nega endi hozirda roman shaklida yashayotgan epik poeziya ibrat uchun Vergiliy va Gomer kitoblarida berilgan epos g'oyasini olmasin ekan? Hyech kimsa meni Bokachchoning «Tezeida»si, ritsarlarning emas, qahramonlarning (Gomer poeziyasi bilan mushtarakligi shuning o'zi bilan tugaydi) jasorati va muhabbati hikoya qilingan asar, mulohazali va fozil kishilarga ilgarilari xalq ishtiyoq bilan o'qigan «Ankroyya» yo «Ispaniya», «Altobello» yo «Morganta»15, yoki har qanday boshqa romandan kamroq manzur bo'ladi deb ishontira olmaydi. Xo'sh, agar ayrimlar Ariostoni maqtash uchungina ta'kidlayotgani kabi, romanlar chindan-da shunchalik mukammal bo'lsa, bunday munosabatni nima bilan izohlash mumkin? Haqiqatan ham uni maqtasa bo'ladi, faqat buni ehtiromga romanning o'zi emas, balki o'zining tafakkur kuchiyu mahorati bilan hunuk va yalang'och materiyani barchaga manzur nafis narsaga aylantira olgan ijodkor loyiq ekanligini ta'kidlagan holda qilmoq lozim. Agar o'sha zamonlarda biror kimsa romanlarda poeziyaning zarracha bo'lsa ham izi bor deb bilganida edi, shubhasiz, Petrarka ularni bezgak isitmasidagi bosinqirash yo roman uydirmalari deb atamagan bo'lardi. Dante ham, hozircha Italiyada hyech kim jang-jadallarni kuylamadi deganida, bu nav asarlar avom orasida qo'lma-qo'l yurganini bilardi. Shuningdek, u maqtovga loyiq va fikrini muzalar charxlagan odamlarning hyech biri bu haqda yozmaganini ham yaxshi bilardi. Zero, bu haqda birinchi bo'lib poetik jilo bergan holda Bokachcho yozgan edi. Agar romanlarni tuban deb bilmaganida, Bembo, bu haqda aytib yurishganidek, Arisotoni roman yozishdan chalg'itib, epik poeziya o'zaniga yo'naltirishga harakat qilmagan bo'lur edi16. She'r haqida nima deymiz? Agar u qahramonlik poemasiga munosib bo'lsa, unda she'r to'qishda eng yaxshi poemalarda bizga taqdim etilgan qoidalarga amal qilmoq kerak. Dinlarning farqli ekani va urf-odatlarning turfaligi haqida-chi? Poeziya zamonaga moslashsa-da, o'zining qoidalaridan chekinmaydi. Qadimgilar poeziyasi ko'kda ham, yer osti va ham yer ustida ham xudolar bor deb bilardi. Hozirgisi uchun esa - ko'kda farishtalar, avliyolar va vohid Xudo, yerda - ruhoniylaru zohidlar mavjud. Qadimgi poeziyada karomatgo'y kohinlaru bashoratchi ayollar bor edi. Yangisida sehrgarlaru jodugar kampirlar. Unisida - Sirseya yo Kalipso17 kabi sehrgar ayollar, bunisida - parilar. Unisida - Merkuriy bilan Irida Zevsning xabarchi-choparlari edilar. Bunisida esa farishtalar Xudoning elchilari bo'lib qoldilar. Nima bo'lganda ham, hozir ham, xuddi ilgarigidek, poeziyaning materiali tugallangan va yaxlit voqyea bo'lmog'i kerak. Mayli, afina sudi rim sudiga o'xshamasin, lekin shu tufayli himoya yo ayblovning shakli va tartibi o'zgarib qolmagan. Aks holda, Mark Tulliy rimliklarga nutqning mukammal tuzilishini o'rgatish maqsadida Esxin bilan Demosfenning sud huzurida, birisi Ktesifontni ayblab, ikkinchisi himoya qilib aytgan nutqlarini lotinchaga o'girib o'tirmasdi,- ularning namuna uchun olinishiga sud muhokamasi shaklining o'zgargani ham, tildagi farq ham halal bermadi18. Xalq tilida, ya'niki, hozirda Italiyada asarlar bitilayotgan tilda yozilgan poema, agar Orlando yoki Rinaldo haqida bo'lmasa, boshqa mashhurroq nomlar bo'lmagani uchungina maqbul bo'lolmaydi degan fikrga qo'shila olmayman. Zero, qahramonning qay darajada mashhurligini emas, shoirning mahoratini qadrlamoq lozim, ayni shu narsa asarga shuhrat va obro' keltiradi. Vergiliy Eney haqida yoza boshlaganida, uning nomi ko'pchilik uchun notanish, chunki u haqda hali hyech kim poema yaratmagan edi. Biroq shoirning ilohiy zakosi qahramon nomini ma'lumu mashhur etdi, u yozgan asar esa beqiyos shuhratu muhabbatga sazovor bo'ldi; o'ylashimcha, lotin tilida yozilgan boshqa biror asar yo'qki, bu qadar ishtiyoq bilan o'qilgan, o'qilayotgan, o'qiladigan bo'lsa. To shoirlar shohi Gomer yozmaguniga qadar na Axill va na Uliss shuhrati el og'zida bu qadar jarang topmagan edi. Shunga qaramay, «Iliada» bilan «Odisseya» ilk bor tinglangan kundan to shu paytga qadar yorug' olamga manzur va shunday bo'lib qoladi. Italiyada ham paladinlar haqida hyech kim eshitmagan, ularning nomi ham hyech kimga tanish emas edi, shunga qaramay, ko'chada hofizidan ingliz qiroli Artur, keyin fransuz qiroli Karl saroyi haqida eshitishi bilanoq roman xalq ko'nglidan joy oldi. Gigant pigmeyga qaraganda ko'rkamroq bo'ladi, o'ta katta narsada pakanaga nisbatan nuqsonlar kamroqdek, biroq tana qismlari o'zaro mutanosib bo'lmagan behad ulkan maxluqning sizga chiroyli ko'rinishi ham amri mahol. Mayli mahorat yoki omad (agar har bir poema, boshqa har qanday asar singari, o'z taqdiriga ega deganlari rost bo'lsa), yo har ikkisi birlikda varvarlar tomonidan ochilgan yo'lni tanlagan bo'lsalar-da, Ariosto bilan Boyardoga ulkan shuhrat keltirgan bo'lsin, shunga qaramasdan, ulardan gula ko'tarib qadimda ko'rsatilgan yo'ldan og'ib bo'lmaydi.

<...> Epik poeziya g'oyasi qadim yunon va rimning eng sara shoirlari asarlarida mujassam ifodasini topgan holda bizga yetib kelganiga shubha qilib bo'lmaydi. Ularning eng ulug'lari epik poeziya haqida risolalar bitganlari holda, roman, garchi muayyan darajadagi tug'ma fahm-idrokdan mosuvo bo'lmasalar-da, ma'rifat nuridan mahrum varvarlar tomonidan yaratilgan. Biroq, yakdil fikrga ko'ra, inson tabiatining o'zi san'atning madadisiz mukammal asarni yarata olmaydi. Bu masallardan (romanlardan – tarj.) san'at izlab topish esa Habashiston cho'llaridan ko'm-ko'k serbutoq daraxtu yam-yashil o'tloq topish bilan barobar. Bundan ko'ra tafakkurning azaliy dushmanlaridan qonuniyat, bema'nilikdan haqiqat, xatoliklardan aniqlikni topish osonroq. Garchi ular tafakkur boyligi va fazlu kamoli balandligini ko'rsatish uchun dunyoga yangi «poetik san'at»ni taqdim etayotgan bo'lsalar-da, Aristotel va Goratsiyning obro'siga rahna sololmaydilar. Axir, agar Gomer poeziyasi bergan namuna emas, ular o'rgatayotgan san'at haqiqiy bo'lsa, unda, hyech fahmlay olmadim, qanday qilib ular tasdiqlayotgandan o'zga poetik san'at yashay olardi. Zero, haqiqat yolg'iz: qachondir bir kun haq bo'lgan narsa har vaqt, har zamonda haq bo'laveradi; vaqt oqimi, garchi urf-odatlar va turmush tarzini o'zgartirish uning izmida bo'lsa-da, haqiqatga ta'sir qilmaydi - hyech qanday o'zgarishlar haqiqat ustidan o'z hukmini o'tkazolmaydi. Vaqt oqimida navbatda turgan turfa o'zgarishlarning hyech biri poeziyada faqat bitta, tugallangan, hajm jihatidan aqlga muvofiq voqyea bo'lmog'i, qolgan narsalarning bari u bilan haqiqatga monand tarzda uyg'unlashishi va birikishi lozimligini bekor qilolmaydi. <...>

Izohlar:

1. Fransiyada to'qilgan Buyuk Karl va uning perlari haqidagi poemalar sikli (karoling sikli) nazarda tutiladi. XIII asrdayoq bu syujetlar Italiyaga kirib borgan va xalq baxshilarining sa'y-harakatlari bilan keng yoyilgan edi. XV va XVI asrlarda karoling sikli artur sikli bilan birga katta adabiyotga kirgan va chinakam durdona asarlarning (Boyardoning «Oshiq Orlando», Ariostoning «Qahrli Orlando» poemalari) dunyoga kelishiga turtki bo'lgan.

2. Rinaldo va Orlando - Boyardo va Ariostolarning karoling siklidagi poemalarining bosh qahramonlari.

3. Kansona - murakkab qofiyalanish tartibiga ega lirik she'r. She'r strofik shaklda (odatda 5-7 band). Provans shoirlari tomonidan amaliyotga kiritilgan. Kansona namunalari Dante, Petrarka va b. ijodida uchraydi.

4. XIII asrda «romanzare» so'zi «lotin tilidan xalq tiliga o'girish» degan ma'noni bildirgan.

5. Sitseron. Tuskulan suhbatlari.I,1

6. Minturno bu o'rinda Jiraldi Chinsio (Roman yuzasidan muhokamalar»,1554) va Jovanni Batista Pinya («Romanlar», 1554) asarlari bilan bahslashadi. Har ikki muallif ham romanni eposga qarama-qarshi qo'yganlar: ularning fikricha, eposga voqyea birligi zarur, roman esa bosh qahramonning bittaligi bilan cheklanishi, rivoya butunligini chekinishlar, parallel syujetlar va b. shu k.lar bilan buzishi mumkin. Jiralddi ochiqdan ochiq Aristotel «Poetika»sidagi qoidalarni eskirgan deb hisoblagagan. Uning nuqtai nazariga ko'ra, zamonaviy muallif Aristotelga faqat bir narsada - poetik ijod qoidalarini turdosh janrlarda yaratilgan, davriy jihatdan o'ziga yaqin va muvaffaqiyat topgan asarlardan qidirishda ergashishi lozim. Roman mualliflari uchun namuna sifatida Boyardo va Ariostolar tavsiya etiladi.

7. Aristotel. Poetika, 1459a

8. Ariosto poemasida Orlandoning aqldan ozishi syujetni tashkil qilishda «Iliada»dagi Axillning qahri singari muhim rol o'ynamaydi. Xristianlar qo'shini, Orlandoning jangda ishtirok etganiga qaramay, tor-mor qilingan - poema shundan boshlanadi. So'ng fransuzlar, saflarida paladinlarning eng kuchlisi bo'lmasa-da, mavrlar bilan urushni o'z foydalariga hal qiladilar. Aql-xushi o'ziga qaytgan Orlando esa faqat ishni oxiriga yetkazadi - Fransiyani tark etgan dushmanni tor-mor etadi.

9. Rudjero - «Qahrli Orlando» poemasining bosh qahramonlaridan biri, avvaliga xristianlarning dushmani, so'ng ularning ittifoqchisi. Boyardoga ergashgan Ariosto Rudjeroni Ferrarada hukmronlik qilgan gersog d’Estelar sulolasining boshlovchisi sifatida tasvirlaydi. Arisoto kardinal Ippolito d’Este xizmatida bo'lgan, shuning uchun ham poemani unga bag'ishlagan.

10. yevripid tragediyasining qahramoni Medeya o'zini tashlab ketgan eri Yasondan o'ch olish maqsadida farzandlarini o'ldiradi. «Terey» - Sofokl tragediyasi. Terey qaynisinglisi Filomelani zo'rlaydi, so'ng buni sirligicha qoldirish uchun qizning tilini kesib oladi; biroq Filomela matoga to'qib yuz bergan hodisadan opasini ogoh etadi. Opasi Prokla qasos olish uchun eriga o'g'lining etini pishirib beradi.

11. Matteo Mariya Boyardo (1440-1494) - lirik va epik shoir. Ariostoning «Qahrli Orlando»si syujet jihatidan Boyardoning tugallanmay qolgan «Oshiq Orlando» poemasini davom ettiradi.

12. Ariosto poema ustidagi ishni 1505 yilga yaqin, o'ttiz bir yoshida boshlagan edi.

13. Otasini izlab yo'lga chiqqan Telemax Nestor va Menelaylar huzuriga boradi, ulardan Troya ostonalaridan yurtiga qaytish qiyinchiliklari haqidagi hikoyalarni eshitadi. Odissey afsonaviy frakiya shohi Alkinoyga Itakaga qaytish yo'lidagi dastlabki yillarni hikoya qiladi. Eney Didonaga Troyaning halokati va o'zining Italiyaga qaytishini so'zlab beradi. Anxiz o'g'li Eneyga Rimning bo'lg'usi qahramonlari - o'zining avlodalrini ko'rsatadi. Eney yordam so'rab murojaat qilgan arkadiyaliklar shohi Evandr unga Gerkules bilan Kak jangini hikoya qiladi.

Vulkan Eneyning qalqoniga Rim tarixi hodisalarining qabariq tasvirini ishlaydi.

14. «melik poeziya» - bir ovozli lirika.

15. «Ankroyya», «Ispaniya», «Altobello» - XIV-XV asrlardagi muallifi noma'lum ritsarlik poemalari. «Katta Morgnte» - Luidji Pulchi (1342-1484); «Tezeida» - Bokachcho yoshligida yozgan poema, unda Tezeyning hayoti (amazonkalar bilan urush, fiva urushi) fonida ikki yoshning muhabbati kuylanadi.

16. Bemboning Ariostoga lotin tilida «to'g'ri poema» yozishni maslahat bergani haqida Pinya xabar beradi.

17. Sirsey (Kirk) va Kalipso haqida «Odisseya»da hikoya qilinadi.

18. Ktesifontning taklifi bilan Demosfen o'zining filippikalari uchun oltin chambar bilan mukofotlangan edi. Mil.av. 330 yilda noqonuniy mukofotlash bo'yicha jinoiy ish qo'zg'atilib, u formal jihatdan Ktesifontga qarshi bo'lsa-da, amalda Demosfenga qarshi qaratilgan edi. Esxin (III nutq) ayblov nutqi bilan, Demosfen (XVIII nutq) himoya nutqi chiqadi. «Gulchambar haqida» nomli bu nutqlarni Sitseron tarjima qilgan, undan faqat «Eng yaxshi notiqlar haqida» nomli so'z boshigina saqlanib qolgan.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.71-80

Lodoviko Kastelvetro

Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan

Aristotel «Poetika»si

<...> Poeziya tarixga taqlid va uning o'xshashidir.Tarix ikki qismdan - materiya va so'zlardan tarkib topgani kabi, poeziya ham xuddi shu qismlardan tarkib topadi, biroq bu qismlarning o'zi bir-biridan farqlidir: tarixga materiyani tarixchining ongi emas, xudoning oshkor yo pinxon irodasi bilan yerda yuz bergan narsalar beradi, garchi unga so'zlarni tarixchi bersa-da, bular faqat odatdagi nutqqa xos so'zlardir; poetik materiya esa shoir tafakkuri bilan o'ylab topilgan, unga zarur so'zlar ham tafakkur bilan o'lchovli she'rga solingan va odatdagi nutq uchun yaroqsiz, chunki hyech kim hyech joyda she'r bilan gapirmaydi. Poetik materiya tarixiy materiyaga monand bo'lishi va u bilan mushtarak jihatlarga ega bo'lishi, biroq uning aynan o'zi bo'lmasligi kerak, zero, agar shunday bo'lsa, o'xshashlik va mushtaraklik haqida gapirish o'rinsiz bo'lur edi; shunday ekan, bu holda shoirning mazkur materiya ustida ishlashiga zarurat qolmas, u o'sha materialni o'zlashtirish asnosi o'tkir idrokini namoyon eta bilmas, natijada hyech qachon yuz bermagan voqyealar haqidagi hikoyasini shu qadar jozibali va bamisoli sodir bo'lgan dunyo ishlarini o'zi kuzatib yoki yaratganning ayon yo pinxon azmu irodasini bilib turgandek haqiqatga monand qila olgani uchun o'zi loyiq maqtovlardan, qaysiki, aslida inson bolasidan ko'ra ko'proq ilohlarga yarasha maqtovu e'zoz-ehtiromdan mahrum bo'lar edi. Zero, materiyani tarixdan olgan, ya'ni haqiqatda yuz bergan voqyealarni qalamga olgan shoir ortiqcha mehnat qilmaydi: u yaxshi ijodkormi yo yomon, hikoyasini haqiqatga o'xshatishga qobilmi yo yo'qmi - bir tomonga hukm qilib bo'lmaydi, shu bois ham idrok etishi kerak bo'lgan narsani anglay olmagani uchun uni haqli ravishda koyiydilar va befahmga yo'yadilar yoxud yaramas va makkor fitrati uni zukko, poetik so'z po'choqlari zamiridan haqiqiy poetik materiyani topishga o'rgangan o'quvchi va tinglovchilar ustidan kulishga undagan, shu yo'sin u o'zi loyiq bo'lmagan maqtovga erishmoqchi bo'lgan deb o'ylaydilar.

Shunga ko'ra, Lukanni ham, Siliy Italikni ham, Jirolamo Frakastoroni o'zining «Yusuf»iga qo'shib shoirlar sirasidan quvmoq va bu shonli nomdan judo qilmoq adolatdan bo'lur edi, axir, ular o'z asarlari uchun mavzuni tarixchilardan olganlar, hatto tarixchilar bu mavzuga teginmagan bo'lganlarida ham, uning to'qima emas, haqiqatda yuz berganining o'zi buning uchun kifoyadir1. Ayon bo'ladiki, ilmlar va hunarlar poeziyaga materiya yetkazib berolmaydi, bunday materiyani poemalarda tasvirlash aslo maqtovga sazovor emas, zero, ular tajribali faylasuf va ustalarga eskidan ma'lum bo'lib, shoirga tarix sifatida, bungacha mavjud va zarurat darajasida idrok etilgan narsa sifatida yetib keladi, demak, shoirga o'zgalar inkishof etgan va tavsiflab tarixga aylantirgan narsani poetik so'zlar libosiga o'rashgina qoladi, bas, shoir qancha urinmasin, bu ish unga sharaf keltirmaydi. Shu ma'noda, Empedokl, Lukretsiy, Seren, «Sifilis»dagi Jirolamo Frakastoro, Arator, Maniliy, «Uraniya»dagi Jovanni Pontano, Gesiod va tomorqaga qanday ishlov berish haqidagi kitobidagi Vergiliylar nazmda yozgan, hatto, agar o'z tafakkuri bilan yangi, avval na faylasuf va na ustaga ma'lum bo'lmagan ilm yo hunarni kashf etib, bu to'g'rida she'riy yo'lda e'lon qilganlarida ham, shoirlar sirasiga kiritilmasligi va shoir nomiga sazovor etilmasligi hyech ajablanarli emas2; zero, ular o'z fahmu idroki ila qaysidir ilm yo hunarga oid muayyan haqiqatni kashf etganlarida ham, o'sha narsalar tabiatida azaldan mavjud narsalarni topgan bo'ladilar, bularni tadqiq etishga esa ilmlar va hunarlar safarbar etilgan, o'rganish vazifasi mashhur faylasuf va mohir ustalar zimmasida, aslo shoirning emas; shoir haqiqatda yuz bergan voqyealar bilan o'xshashlikka qay yo'sin erishish hamda shu o'xshashlik vositasida qanday qilib tinglovchiga zavqu huzur baxsh etish haqida qayg'urmog'i, tabiat va taqdirning botiniy jumboqlarini yechish tashvishini esa ixtiyorlarida zavq bag'ishlash va naf keltirishning poeziyadan farqli usullari bo'lgan faylasuf va ustalarga qoldirishi lozim3.

Bundan tashqari, ilmlar va hunarlar materiyasining poeziya uchun yaroqsizligini ko'rsatuvchi aqlga ravshanroq sabab ham mavjud: poeziyaning vazifasi - huzur bag'ishlash va ko'ngil ochish, xolos, shunda ham johil olomon, omi xalqqa huzur bag'ishlash, ko'nglini ochish; qora xalq esa tabiiy haqiqatlar tadqiqida faylasuflar va hunarlarni qaror toptirishda ustalar qabul qilgan nozik asoslar, farqlar va dalillarni tushunmaydi, tushunmaslikdan esa o'ziga qaratilgan nutqni tushunmagan har qanday odamga xos zerikish va qoniqmaslik tug'iladi4. Agar ilmlar va hunarlar materiyasi poeziyaning predmeti bo'lishga yaroqli deb hisoblasak, unda yo poeziyaning vazifasi huzur baxsh etish ekanini inkor qilish, yo u omi xalq ehtiyojiga emas, balki so'z san'ati va ilmiy masalalarni teran idrok etadigan o'qimishli kishilarga o'git berish uchun yaralgan deya e'tirof etishga to'g'ri keladiki, bu fikrning xatoligi keyinroq asoslanadi. Modomiki, poeziya qora xalq ko'nglini ochish va unga huzur berish uchun yaralgan ekan, u predmet sifatida shunga mos - omi xalqqa tushunarli va uni xushnud etadigan narsani olmog'i darkor, masalan, el og'ziga tushgan jamiyatdagi yangiliklar yoki sodir bo'lgan qandaydir ajoyib voqyealar; shu vajhdan biz ta'kidlaymizki, o'zining materiyasiga ko'ra poeziya tarixga taqlid va uning o'xshashidir, tarixga monand etilgan materiya esa o'z koshifiga shon-shuhrat keltirib, undan haqiqiy shoir yaratadigina emas, balki, haqiqatda yuz bergan voqyealardan tarkib topgan tarixga qaraganda ko'proq huzur beradiki, buning sababi haqida o'z vaqtida aytiladi. <...> Shunday qilib, ilm va hunarlarga taalluqli xalqqa tushunarsiz materiyadan qochish darkor, bugina emas, ular poemaning biror bir joyiga hatto qisman kirib qolishidan ham saqlanmoq lozim, bunday qusurga hyech bir zaruratsiz Lukan hamda o'zining «Komediya»sida yil fasllariyu kun soatlarini yulduzlarning joylashishiga qarab hisoblashdan bahs etgan Dante yo'l qo'ygan edilar, Gomer va «Eneida»dagi Vergiliylar bu qusurdan forig'lar <...>

<...> Poeziyani turlarga ajratishda (personajlar) xulqining yaxshi, yomon yo o'zimiznikiga o'xshash tarzida bo'linishi asosga olinmaydi, bunday bo'linish tomoshabin va tinglovchilar dilida hamdardlik yoki qo'rquv uyg'otish uchungina kerakki, bunga oliy darajadagi ezgulikdan ko'ra o'rtamiyonasini tasvirlagan holda erishish osonroq5. Taqlid qiluvchilar personajlarga taqlid qiladilar, taqliddan maqsad ularning fe'l-xuyini ochib berish6 (ko'rinishicha, Aristotelning so'zlari shu ma'noni anglatadi), fe'l asarda qatnashuvchi personajning ayon ko'rinuvchi muntazam hamrohi bo'lib, bizga kim yaxshiyu kim yomonligini namoyon etadi, deyilishi ham to'g'ri emas. Agar shunday bo'lganida, poeziya ko'proq ezgu yoki illatli fe'llarga taqlid qilgan bo'lur edi, holbuki, Aristotel hyech bir tarzda bunday da'vo qilmagan, bu keyinroq ravshan bo'ladi. Poeziya asarda harakat qiluvchilarga taqlid qiladi, boshqacha aytganda, poetik fabula haqiqatda yuz bermagan, biroq yuz berishi mumkin bo'lgan diqqatga loyiq qandaydir voqyeaga(tarixga) o'xshash bo'ladi; poeziya turlarga shoir taqlid etayotgan personajlarning ezgu yoki illatli fe'li emas, balki unda taqdim etilgan tabaqalar (podsholar, shaharliklar, qishloqliklar) orasidagi farq ajratadi7: ayni shu qatnashuvchilarning maqomi haqiqatda yuz bermagan-u yuz berishi mumkin bo'lgan voqyealardan tarkib topgan fabulaning tanlanishini belgilaydi, mazkur tanlovning maqsadi turfa fe'llar, ezgulik yo illatlarni anglash emas, yo'q, na fozillik, na fe'llarni anglash va na ilm yo hunarlar qonun-qoidalarini egallashdan, balki faqat yangilikdangina huzur topa oladigan, tabiati doimo o'zgarishsiz qoladigan oddiy xalqqa tasvirlanayotgan voqyeaning yangiligi bilan imkon qadar ko'p huzur baxsh etishdir.

Aytilganlarning ravshanroq anglanishi va poeziyaning materiyasiga ko'ra turlarga bo'linishi nimadan kelib chiqishini anglash uchun insonga taalluqli beshta narsani, xususan: ong, tanlash qobiliyati, taqdir, (ijtimoiy) maqom va faoliyatni ko'rib chiqish lozim. Bulardan ikkitasi, ong va tanlash qobiliyati insonga ichdan taalluqli, qolgan uchtasi, ya'ni taqdir, ijtimoiy maqom va faoliyat esa - tashqaridan. Ong ikki turli: u zukkolik va ahmoqlikdan tarkib topadi; shunga monand ezgulik va yovuzlik orasidagi tanlov ham ikki turli; taqdir ham ikki turli: baxtli va yo baxtsiz; shu me'yorda maqom ham ikkiga ajratiladi: bir tomondan - shohona, ikkinchi tomondan - xususiy; bularning bari kabi faoliyat ham ikki turli: falsafiy va fuqarolik faoliyatlari. Bularning bariga, falsafiy faoliyatni istisno qilganda, poetik taqlid qilinishi mumkin, bari taqlid materiyasi bo'la oladi. <...> Biroq bu to'qqiz qismning hyech biri va ulardan tarkiblangan birikmalarning hyech biri yangi poetik turni yuzaga keltirmaydi, faqat shohona va xususiy maqomlarning birikuvigina bundan mustasno. Shu ikki qismgina poeziyani turlarga ajratadi, qolgan qismlar esa bularga tobelanib, kichik va xizmat qiluvchi sifatida ergashadi, aslo katta, teng yo hokim sifatida hamrohlik qilmaydi. Men qolganlari ergashadi deganimda, buni birikmadagi ikkala qism ham birdaniga emas, balki har gal birikmadagi bitta qismgina ergashadi deb tushunish kerak. Asli ham shunday, zero, xususiy maqom qishloqilar va qora xalq darajasiga tushganida, o'ziga zukkolikdan ko'ra ko'proq fikri ojizlikni ergashtiradi, chunki zukkolik, aksincha, shohona maqom bilan yondosh boradi. Shohona maqomdagi shaxslarga taqlid etuvchi tragediyaga ham yovuzlikdan ko'ra, - garchi bunda usiz hyech iloji yo'q, baxtsiz taqdirning hamdardlik qo'zg'ashi osonroq va tragediyalarda ham baxtli taqdirlar uchrashiga qaramay, ezgulik ko'proq muvofiqdir. Bundan tashqari, shohona va xususiy maqomlarga baxt va baxtsizlikning har qanday navi ham muvofiq emas, axir har ikkisining ham darajalari ko'p turfadir. Poeziya inson faoliyatisiz, qaysiki, biz falsafiy faoliyatdan farqlash hamda taqlid qilib bo'lmaydigan ilmlaru hunardan ajratish uchun fuqarolik faoliyati deb atagan faoliyatsiz ham ish ko'rolmaydi. Aytilganlardan kelib chiqadiki, oliyjanoblik yoki shohona maqom va ablahlik yoki xususiy maqom poeziyada materialga nisbatan farqlarni belgilaydi, oliyjanoblik bilan ablahlik (kishi tabiatidagi) ezgulik yoki yovuzlikdan kelib chiqib anglashilmaydi, balki uning xatti-harakati - agar ular odobli bo'lsa oliyjanoblikni, adabsiz bo'lsa ablahlikni - namoyon etadi. Odobli va adabsiz deb men odatlar va fe'llarni atayman, lekin personaj qalbida botin ezgulik yo yovuzlikdan shohidlik beruvchi emas, balki uning nazokatli yo to'poriligini ko'rsatuvchi, ongidan, boshqacha aytsak, farosatli yo befarosatligidan kelib chiquvchi odatlar va fe'llarni atayman8. Aristotel esa, qalbning ezguligi yo illatli ekanidan kelib chiqib fe'llarni yaxshi yo yomonga ajratadiki, rostini aytganda, bu masalada u ezgu kishilargina oliyjanobu illatlilargina ablah bo'ladi deb bilgan va shu sabab poeziyadan ixroj qilingan stoiklarga juda yaqin turadi; holbuki, poeziya xalqning umumiy fikriga ergashmog'i lozim, ya'ni oliyjanoblar ham, ablahlar ham yaxshi yo yomon bo'lishi mumkin <...>

<...> Aristotel, uning so'zlaridan tushunilishicha, poeziyani valiylik va shunga o'xshash hammaga tabiatan birdek xos bo'lmagan, ilohlar birovga in'om etib boshqalarni benasib qoldiruvchi alohida iqtidor deb hisoblamagan9. Uning, garchi ochiq aytilmagan bo'lsa-da, poeziya insonga ilohiy jazba sifatida nozil etiladi tarzidagi Platonga nisbat beriluvchi fikrni inkor qilishga intilishi ham ravshan ko'rinadi10. Bunday fikr ommaning johilligi sabab dunyoga kelgan bo'lsa, shoirlarning shuhratparastligi tufayli quyidagi sabab va tarzda kishilar ongida mustahkamlandi, muqimlashdi. O'zgalar qilgan ishlar xuddi shu ishni o'zi uddalay olmaydigan kishilarga g'aroyib va ehtiromga loyiq bo'lib ko'rinadi, chunki odamlarga o'z jismoniy va aqliy kuchini o'zgalar bilan qiyoslash xos, ular o'zlari uddalay olmagan, biroq boshqalar amallagan ishlarni alohida ilohiy in'om tufayli deb hisoblashga moyildirlar. Shu bois ham ilk shoirlarning asarlaridagi fabulalarning o'ta to'qimaligi va ravon quyilib keluvchi she'rga burkanganidan hayratlangan johil olomon ularni ilohiy ruhga yo'g'rilgan, ular ilohlar yetovida deya e'zozlaganlar, bu she'rlarda Apollon vahiysi kelmoqda, ularda ilohlarning o'zaro suhbati ketmoqda deb hisoblangan. Qanday qilib shu darajada haqiqatga monand va qiziqarli fabulani o'ylab topishu uni shu daraja a'lo she'rlarda bayon etish mumkinligini aqliga sig'dirolmagani bois olomon buning uchun insonga xos bo'lmagan kuch kerak deb o'ylardi. Busiz ham manbasidan qat'i nazar o'ziga baxsh etilgan, masalan, ayolning betakror go'zalligi kabi, har ne zavqu huzurni ilohlar va falakning in'omi deb bilgan olomon poeziya xudo shoirlarga ato etgan alohida xususiyatdan kelib chiqadi deb o'ylagan, zero, uni tinglaganida hayratga tushgan va negaligini bilmagan. Olomonning shoirlarni xudoning suyganlari deya yog'dirgan olqishlari ularning o'zlariga xush keldi, ular jim roziliklari bilan olomonning bu xato tasavvurini haqiqat sifatida tan olib, unga asarlarining boshidayoq poeziyaning ilohiy homiylari bo'lmish muzalar va Apollondan imdod so'rab, o'zlarini go'yo poemalari ularning diliga ilohlar tomonidan solingandek tutish bilan qanot beradilar; biroq, bu o'rinda ular odatdan, qaysiki, oqil kishilarga xos bo'lgan inson bolasi uddalashi mahol (yoki shunday tuyuladigan) ishni boshlash oldidan ibodat qilib xudodan madad so'rash odatidan ko'p ham uzoq ketmaganlar. Shoirlarning ilohiy jazbasi haqidagi ta'limotni Platonga nisbat berib bekor qiladilar, zero, u ommaning yanglish fikri va shoirlarning o'z manfaatlarini ko'zlaganlari natijasida yuzaga kelgan, Platon esa o'z kitoblarda buni eslatarkan, shubhasiz, hazillashgan. <...>11

Yuqorida qisqacha aytganlarimdan Aristotel qarashlaridan yiroq xulosalar kelib chiqadi. Birinchi xulosa shuki, Aristotel poeziyaning paydo bo'lishi sabablaridan biri taqlid deb hisoblab, ayniqsa, insonga bolalikdan, o'ylamay-netmay ilgari qilishga odatlanilganki, narsaga ko'r-ko'rona ergashgan vaqtlaridan xos taqlid deb hisoblab bekor qiladi. Zero, asar uchun o'ziga qadar boshqa shoir tomonidan ishlangan fabulani olgan shoir yo tarix yozayotgan va yo o'g'irliq qilayotgan bo'lib chiqadi: Orestning onasini qanday o'ldirgani haqida hikoya qilishni niyat qilgach, qotillikning o'zini tasvirlaganda haqiqiy qotillik voqyeasiga ergashish ham, bundan-da ko'proq shu mavzuda Esxil, yevripid yoki Sofokl ishlagan fabulalarga ergashish ham yaramaydi12; shoir nimaga bo'lmasin, tarixgami yo poeziyagami, o'xshashlik haqidagi tashvishni bir yon qo'yib, o'tkir zakovatini namoyon etgan holda yuz bergan voqyea haqida o'zicha, o'zigacha hyech kim yozmagan va hikoya qilmagan bir tarzda hikoya qilmog'i kerakki, yuqorida zikr etilgan shoirlar shuni odat qilgan edilar. Shu bilan barobar, shoirning o'ziga qadar topilgan nutq figuralariga, ko'chma ma'nolarda qo'llangan so'zlar va shu kabilarga taqlid qilishi o'rinli emaski, bunday taqlid uchun uni haqli ravishda o'g'ri yoki nokas deb hisoblaydilar13.

Birinchi xulosaga ikkinchisi ergashib keladi: bungacha isbotlab o'tganimizdek, insonga bolalikdan xos taqlid poeziyaga muvofiq taqlid emas. Ikkinchisi ortidan uchinchisi keladi: poeziya o'z-o'zidan, ongning hyech bir ishtirokisiz vujudga keldi deyilishi xatodirki, bunga quyidagi sabablar mavjud. Agar fabula yaratish va she'r to'qish aqliy zo'riqish-la ishlashni talab qilmasa va tabiat tomonidan, garchi hammaga barobar me'yorda bo'lmasa ham, berilsa, unda nega poeziya bizda bunchalar hayrat va ehtirom uyg'otadi, nahotki, o'zimizning ham qo'limizdan keladigan, o'zimiz ham biladigan va biz ham, mayli boshqalarga qaraganda ko'proq qiyinchilik bilan bo'lsa-da, erisha oladigan narsaga hayratlansak? Yana agar shunday bo'lganida, shoirlar poemalarini yozish paytida ilohiy jazavaga tushishlariga olomonni qanday qilib ishontirgan yoki poeziyadan yiroq va uning asoslaridan bexabar kishilarni she'r yozish uchun mavzu izlab topishdek ajib qobiliyat ham, ilgari misli ko'rilmagan she'rlarning o'zi ham falakning va ilohning in'omi ekanligiga qanday qilib inontirgan bo'lur edilar? Shuning uchun men, Aristotel she'riyat tuyqusdan va ongning hyech bir ishtirokisiz paydo bo'ldi deganida, unga qo'shilishim juda qiyin, zero, tuyqus qilingan har qanday narsa haqiqatda uzoq mashqlardan so'ng va shu asnoda egallangan ko'nikmalar yordamida qilingandir: shunga o'xshash, Sitseron bilan Kvintilian qayta-qayta ta'kidlaganlaridek, xalq qarshisida birdaniga uzun nutq so'zlab bo'lmagani kabi, she'r ham birdaniga paydo bo'lolmaydi. Agar bu da'vo haq bo'lmasa, unda Sidonli Antipatr va Likiniy Arxiylarning14 badihago'ylik bilan birdaniga she'r aytish iqtidorlari noyob sanalgani, ularning shu tufayli bemisl shuhrat topganini qanday izohlash mumkin? Aytilganlardan xulosa qilish mumkinki, odamlarga tabiatan xos taqlid bir narsa-yu, poeziya taqozo etuvchi taqlid - tamom boshqa narsa. Zero, insonga tabiatan xos, demakki, bolaligidan xos bo'lgan taqlid yordamida u o'zining ilk bilimlarini egallaydi, bu nav taqlidga inson boshqa har qanday maxluqdan ko'ra ko'proq moyilu qobil, taqlid qilish unga huzur bag'ishlaydi, biroq bu o'zgalar tomonidan berilgan namunaga taqlid qilish bo'lib, o'zgalar qilgan ishni takrorlamoqdan o'zga narsa emas, nega ayni shunday qilmoq kerak, boshqacha emas - bunisi unga qorong'u. O'zgalar qilgan ishni namuna sifatida olib, nega ayni shunday qilish kerakligini anglamagan holda qilinadigan taqlid poeziya uchun yaroqli emas; poeziya avval yaratilgan narsadan tamom farqli narsani yaratadi va o'zi ibrat olish lozim bo'lgan namunani taqdim etadi; shoir esa nima uchun boshqacha emas, ayni shunday qilish kerakligini a'lo darajada anglaydi, zero, mushohada va tadqiq qilish uchun vaqtini ayamaydi, shunga ko'ra, poeziyaga xos taqlidni oddiygina taqlid deb bo'lmaydi, u ko'proq tinglovchilar uchun zavqli va hayratlanarli voqyealarni, taqdirning evrilishlari va dunyo ishlarini tasvirlashni istagan shoirning musobaqasidir. <...>

Izohlar:

1. Siliy Italik (26-101) - rim shoiri, «Puniya urushi» epik poemasi muallifi; Jirolamo Frakastoro (1478-1533) - italyan olimi, hakim va shoir, «Sifilis yoki gall kasalligi haqida» nomli didaktik hamda Injil syujetiga asoslangan «Iosif» nomli poemalar muallifi.

2. Seren (II-III asr) - rim shoiri, «Tibbiy ko'rsatmalar» nomli poema muallifi; Arator (VI asr) - «Havoriylarning amallari» nomli poema muallifi; Maniliy (Iasr) - rim shoiri, «Astronomika» poemasi muallifi; Jovanni Pontano (tax.1442-1503) lotin tilida ijod qilgan italyan shoiri, gumanist va siyosiy arbob, «Uraniya», «Ob-havo hodisalari haqida», «Gesperidalarning bog'lari haqida» nomli didaktik poemalar muallifi.

Kastelvetro Gesiodning «Mehnat va kunlar» poemasi hamda Vergiliyning «Georgikalar»ining poeziyaga mansubligini inkor qiladi.

3. Bu o'rinda Kastelvetroning bosh muxolifi poeziyaning asosiy farqlovchi belgisi she'r deb bilgan Skaligerdir. San'atning Skaliger tushunchasidagi axloqiy-tarbiyaviy funksiyasi ham inkor qilinadi.

4. Kastelvetroning bu masalada tutgan mavqyei XVI asr poetikalari ichida ancha o'ziga xos. Davrning obro'li olimlari (xususan, Rabortello va Skaliger) poeziyani elitar auditoriyaga yo'naltirganlar. Muayyan ma'noda Kastelvetroning tarafdorlari sirasida «Aristotel «Poetika»siga sharhlar» (1575) asarining muallifi Alessandro Pikkolominini atash mumkin, biroq u o'z qarashlarini Kastelvetrodan butkul o'zgacha dalillar bilan asoslaydi. Poeziyaning maqsadi - axloqiy tarbiya va ma'rifat yoyish; ahli ilm va ezgulikda barqaror kishilar o'gitlarni yashirib turuvchi bezaklarga muhtoj emas, ular qora xalqqa, estetik zavq xo'ragisiz va'z-nasihat eshitishga rag'bat etmaydigan kishilarga kerak.

5. Bu o'rinda Aristotelning taqlid predmeti haqidagi ta'limoti sharhlanmoqda.

6. Bu o'rinda «Aristotelning poetik san'at haqidagi kitobiga sharh» (1548) nomli asar muallifi F.Rabortello bilan bahs borayotgani ehtimolga yaqin. F.Rabortello o'qish uchun mo'ljallangan drama xarakterlarga (fe'l-xuyga), tomosha uchun mo'ljallangani esa voqyeaga taqlid qiladi deb hisoblagan.

7. Kastelvetro bu o'rinda antik davrdayoq mufassal ishlab chiqilgan «uch uslub» nazariyasini nazarda tutadi. O'rta asrlarga kelib ushbu nazariyada uslub ikkinchi planga chekinib, o'z o'rnini personajlarning tabaqaviy va janrlarning qiymat jihatidan darajalanishiga bo'shatib berdi. O'rta asrlardagi poetikalarda uch uslub munosabatlari «Vergiliy g'ildiragi» yordamida ifodalangan:

Yuksak O'rta Tuban

tabaqa jangchi, podsho dehqon cho'pon

ism Gektor, Ayaks Triptolem,Seliy Titir, Melibiy

hayvon Ot Ho'kiz qo'y

qurol Shamshir Omoch tayoq

joy shahar, qasr qishloq yaylov

o'simlik dafna, kedr mevali daraxt qoraqayin

Badiy Assensiy Goratsiyning «Poeziya ilmi» poemasiga yozgan sharhida (1500) uslublarni quyidagi unsurlariga ko'ra tasniflaydi: predmet - xudolar, shohlar, qahramonlar(yuksak), ilmiy ma'lumotlar (o'rta), cho'pon-cho'liqlar (tuban); vazn - gekzametr (yuksak), pentametr (o'rta), yamb (tuban); janr - epos, tragediya (yuksak), didaktika (o'rta), komediya, pastoral (tuban).

8. Bu o'rinda Kastelvetro uslublarni farqlashning tabaqaviy tamoyilini o'z davrida mashhur odob axloq qoidalari, «go'zal xulqlar» haqidagi risolalarga tayangan holda asoslashga harakat qiladi. Bu risolalarning aksariyatiga hayotiy muhimligi jihatidan etiket bilan etikani yaqinlashtirish xarakterlidir.

9. Poeziyaning tabiiy kelib chiqishi haqidagi Aristotel ta'limoti sharhlanmoqda.

10. Qarang: Platon. Fedr, 245a, 265b; Platon. Ion, 534

11. Kastelvetro bu o'rinda Platonga oddiygina qo'l siltab qo'yaqoladi, biroq u ilhomni san'atdan yuqori qo'ygan o'ziga zamondosh Platon an'analarining davomchilariga doimiy va asosiy muxolifligicha qoladi.

12. Bu o'rinda Esxilning «Xoeforalar», Sofoklning «Elektra», yevripidning ham «Elektra» tragediyalari nazarda tutilmoqda.

13. Kastelvetro Aristotelga emas, balki renessans klassitsizmida yetakchilik qilgan va XVI asr klassitsistlari dastur qilib olgan namunalarga taqlid qilish prinsipiga qarshi chiqadi. Bu masaladagi bahslar asr o'rtalariga kelib ayniqsa qizg'in tus oladi. Bahsda davr adabiy-estetik tafakkurining ko'plab ko'zga ko'ringan namoyandalari ishtirok etdilar. Jiraldi Chinsio 1532 yilda Chelio Kalkaniniga maktub yo'llab, unda bir bor va manguga qaror toptirilgan namuna - Sitseronga taqlid qilishni yoqlab chiqdi. Kalkanini shu yilning o'zida javob maktubi yo'llab, unda «inventio»(mavzu tanlash) materialning xususiyatlari bilan belgilanishini, «dispositio» (mavzuni kompozitsion tashkillash) yozuvchining o'z ishi ekanligini, «elocutio» (ifodalash, ya'ni so'zlarni tanlash va biriktirish, poetik figura va troplarni tanlash)ni esa klassiklardan o'rganish lozimligini ta'kidladi. Bahsni B.Richchi («Taqlid haqida»,1541) davom ettirdi. Uning fikricha, san'at qoidalar tizimiga aylantirilgan tabiatdir; iqtidor(tabiat) klassiklarga taqlid qilish orqaligina mahorat (qoida)ga do'nadi; bu o'rinda faqat uslub darajasidagi emas, balki «inventio»dan «elocutio»gacha bo'lgan barcha ritorik sathlar nazarda tutiladi. Richchi namunadan oddiy nusxa ko'chirishni mumkin debgina emas, buni hatto maqtovga loyiq deb biladi, ayni chog'da u namunalarni qat'iy belgilab qo'yadi: Plavt bilan Terensiy komediya uchun, Seneka tragediya, Tibul elegiya, Goratsiy lirika, Marsial epigramma, Vergiliy epos uchun namunadir. Bu masaladagi bahsda K.Delminio («Taqlid haqida», 1544), B.Parenio («Poetik taqlid haqida», 1560) va boshqalar ishtirok etganlar.

14. Antipatr Sidonli (mil.av.II-I asr) - yunon shoiri, epigrammalar muallifi; Avl Likiniy Arxiy (mil.av.II-I asr) - Rimda yashagan yunon shoiri; uning qalamiga mansub 35 ta epigramma bizgacha yetib kelgan.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov.- M.,1980.- s.81-103

Torkvatto Tasso

Qahramonlik poeziyasi haqida mulohazalar

<...> Qahramonlik poemasi yozishga jazm etgan har kim uchta masalani hal qilishi lozim bo'ladi: shoirning mahorati baxsh etishi mumkin bo'lgan go'zal shaklni qabul qila oladigan materiyani tanlash, shunday go'zal shaklni yaratish va, nihoyat, o'ziga eng mos ham yarashiqli bezaklar bilan materiyaga zeb berish. Mazkur uchlik bo'linish ushbu kitobning asosi bo'ladi: muallif materiya tanlashda nimalarni e'tiborda tutishi lozimligidan boshlab, keyin avvaliga o'sha materiyani joylashtirish va tashkillantirish, so'ng esa mos libos kiydirishu bezantirishda kerak bo'luvchi mahorat va san'at masalalariga o'taman1. Hali o'zida shoir yo notiq mahoratini sinab ko'rmasidan ko'pincha «yalang'och» deb ataluvchi materiya ularga xuddi temir yoki yog'och ustaga tobe bo'lganiday bo'ysunmog'i lozim, axir, Filopon «Priorum analiticorum»ning2 uchinchi kitobiga yozgan sharhlarining boshida aytganidek, oqil odam o'zi yaratmoqchi bo'lgan narsaning turlarinigina emas, balki, xuddi kemasoz kema qurishga ishlatiladigan yog'ochni yoki me'mor bilan toshtarosh bino qurish uchun yaroqli toshlarni yodda tutgani kabi, materiyani ham, uning shakllarni qabul qilish qobiliyatini ham e'tiborda tutmog'i lozim... <...>

Hyech bir shubhasiz, oliymaqom shakl hammasidan ko'ra yaxshiroq mos keladigan materiya o'sha shaklni qabul qila oladigan materiyadir. Endi faraz qilib ko'raylik, bir xil mahorat va notiqlik bilan birov bilmagani tufayligina otasining qotili bo'lib qolgan Edipga, boshqasi o'zining jinoyatga qo'l urayotganini anglagan holda bolalarini vahshiyona o'ldirgan Medeyaga hamdardlik uyg'otishni niyat qildi, - Edipning baxtsizliklari haqidagi hikoya Medeyaning halokatli ishidan ko'ra ko'proq hamdardlik uyg'otadi: birinchi holda qalblarda hamdardlik alanga olsa, ikkinchisida arang miltillab turadi; bu hol shoirlar mahorati jihatidan o'xshashgina emas, balki mutlaqo bir xil bo'lganida ham kuzatiladi. Xuddi shunga o'xshash bitta muhrning o'zi mumda boshqa suyuqroq yoki qattiqroq moddadagidan ko'ra yaxshiroq iz qoldiradi; marmar yoki oltindan ishlangan haykal yog'och yoki marmar kabi qimmatli bo'lmagan boshqa toshdan yasalgan, garchi ularga Praksitel yoki Fidiylar3 san'ati bir xil sarf bo'lgan esa-da, haykaldan ko'ra ko'proq qadrlanadi. Bularning barini men poema uchun boshqa emas, ayni o'sha materiyani tanlash qanchalik muhim ekanligi tushunarli bo'lsin uchun aytdim.

Endi biz o'sha materiyani qaerdan izlash kerakligini ko'rib o'tamiz - notiqlar buni material topish deb atashadi. Aytishga arzirli biror narsa yaratilayotganda materiya, uni boshqacha qilib predmet deb ham ataladi, yo to'qib chiqariladi, buning uchun shoirdan tanlashgina emas, balki koshiflik qobiliyatini namoyon etish ham talab etiladi, yoki bo'lmasa tarixdan olinadi. Biroq eng qadim zamonlarda,- ilk shoirlar asri emas, ularning o'rniga kelgan avlodga mansub Gomer davridan avval, shoirlarda tarixdan olingan syujetlarning bo'lishi mumkin emas edi, chunki tarix poeziyadan katta emas, aksincha, yoshroq va shoirlar jonli guvohlarning hikoyalari, muqim o'rinlashgan fikrlar yoki mish-mishlarga murojaat etishga majbur edilar; Lin, Orfey, Musey, Olimp va boshqa ko'pchilikdan keyin yashagan Gomer, shuningdek, Oribantiy Trezenli va, Elianning guvohlik berishicha, Troya urushi tarixini yozgan Daret Frigiyalilardan yoshroq bo'lgan4. Gomerdan keyin yashagan va unga taqlid qilgan shoirlarning hammasi esa o'z poemalarini tarixga asoslanib yozganlarki, bu to bugunga qadar yuz bergan diqqatga molik voqyealarning bari tarixlarda bitilgan vaqt uchun to'la qonuniy hol; tarixlarda bitilmaganlari esa endi e'tiborga loyiq ko'rinmaydi. Shunday qilib, syujetning tarixdan olingani, menimcha, to'la to'qigandan ko'ra ancha yaxshidir. <...>

Hozir esa asosiy masaladan chekinmaymiz-da, qay yo'sin she'rning, bizni har nega ishontirishga qobil xushomadgo'yning, go'zalligi va nafosati ko'magisiz haqiqatga monand narsa bilan mo'jizaviy narsani qanday biriktirish mumkinligini ko'rib o'tamiz. Haqiqatga monand narsa bilan mo'jizaviy narsa, muhtaram sinor, bir-biridan katta farq qiladi, shu darajadaki, bir-biriga zid bo'lishlariga oz qoladi; shunga qaramay, poema bularning har ikkisiga ham birdek muhtoj va yaxshi shoir ularni o'z asarida birlashtira olmog'i lozim. Bu xil birlashtirishni ko'pchilik uddalagan bo'lsa-da, hozirga qadar hyech kim (mening voqifligim darajasida) buni qanday amalga oshirishni o'rgata olmadi; to'g'ri, haqiqatga monand narsa bilan mo'jizaviy narsa bir-biriga aslo qo'shilmaydigandek tuyulgani sababli ayrim fozil kishilar poemaning haqiqatga monand qismi bir paytning o'zida mo'jizaviy bo'lolmaganidek, mo'jizaviy qismi ham haqiqatga monand bo'lolmaydi, biroq ikkisi ham zarur bo'lgani uchun goh unisi, goh esa bunisiga amal qilish lozim, faqat ular bir-biriga o'rin bo'shatishi emas, balki bir-birini chegaralab kelmog'i kerak deb hisoblaganlar. Men esa bunday fikrga qo'shila olmayman va poemadagi hamma narsa haqiqatga monand bo'lmog'i kerak deb hisoblaymanki, buning sababi quyidagicha. Poeziya taqliddan o'zga narsa emas(bu hyech kimda shubha uyg'otmaydi), taqlid esa haqiqatga monand bo'lmog'i lozim, zero, taqlid qilmoq o'xshash bo'lmoq deganidirki, demak, poemaning hyech bir qismini haqiqatga monandlikdan mahrum etib bo'lmaydi; umuman haqiqatga monandlik poemani sayqallash va bezashga xizmat qiluvchi ko'plab usullaridan biri emas, balki uning ichki xususiyati, mohiyatining o'zginasidir, shu bois u har qaysi qismda boshqa har nedan ko'ra zarurroq5. Biroq epik shoirlar zimmasiga mudom haqiqatga monandlikka rioya qilish vazifasini qo'ysam-da, men mo'jizaviylikni ham inkor qilmayman, aksincha, bitta voqyeaning o'zi bir paytning o'zida ham haqiqatga monand va ham mo'jizaviy bo'la oladi deb hisoblayman...<...>

Shoir inson imkoniyatlaridan ancha baland ishlarni xudo, farishtalar, iblis yoki xudo yo iblisdan mo'jizaviy kuch olganlarga: avliyolar, sehrgar va jodugarlarga nisbat berishi lozim. Bunaqa ishlar o'z holicha olinganda mo'jizaviy bo'lib ko'rinadi, ularni mo'jiza deb atash qabul qilingan. Biroq xuddi shu ishlarning o'zi, agar o'sha ishlarni qilayotganlarning nechog'li kuch va imkoniyat sohibi ekani e'tiborga olinsa, haqiqatga monand ko'rinadi, zero, xudo va farishtalar, shuningdek, xudoning izni bilan iblislar va sehrgarlar tabiat izmida bo'lmagan mo'jizalar yaratishga qodir ekaniga ishonchni odamlar avvaliga ona suti bilan o'zlariga singdirganlar, so'ng esa muqaddas bitikni targ'ib etuvchilarning sa'y-harakati bilan shu ishonchda mustaqim bo'lganlar, boz ustiga, xudoning bergan kuni yangi mo'jizalar haqida eshitishda yoki kitoblardan o'qishda davom etadilarki, ularning nazdida yuz berishi mumkingina emas, balki haqiqatda ko'p bor yuz bergan va yana ko'p bor yuz beradigan narsa haqiqatga monand emas bo'lib tuyulmaydi. Xuddi shu kabi o'zlarining puch va yanglish e'tiqodida turgan qadimgilar o'z xudolari haqida nafaqat shoirlar, balki tarixchilar tomonidan ham hikoya qilingan barcha mo'jizalarga ishonganlar, shoirlar esa olimlarning bu boradagi ishtibohlarini e'tiborga olmay, boshqa barcha ishlardagi kabi ko'pchilikning fikriga ergashganlarki, asli ham ular, hatto haqiqatga xilof bo'lganida ham, ko'pchilikka ergashishlari joiz. Demak, bitta voqyea bir paytning o'zida ham haqiqatga monand, ham mo'jizaviy bo'la oladi: o'z holicha, o'zining tabiiy chegaralari doirasida mo'jizaviy bo'lgan voqyea, tabiiy chegaralaridan tashqarida, mo'jizaning sababi - mo'jiza yaratishi biz uchun ajablanarli, o'zi uchun mashaqqatli bo'lmagan g'ayritabiiy kuch bilan munosabatda olinganda haqiqatga monand bo'ladi. <...>

Tarix va bitiklar muqaddas bo'lishi ham, muqaddas bo'lmasligi ham mumkin...<...>

Tarixni boshqacharoq bo'lish ham mumkin: u bizning davrimiz voqyealaridan iboratmi yo allaqachon bo'lib o'tganlardanmi, yoki bo'lmasa unchalik yaqin ham, unchalik uzoq ham bo'lmagan voqyealardanmi. Qadimgi asrlar va bizdan uzoq xalqlar tarixi ko'p sabablarga ko'ra qahramonlik poemasi uchun juda maqbul, zero, ko'hna o'tmish qa'riga ko'milgan voqyealar o'zi haqida faqat ojiz va xira xotira qoldiradi, shu bois ularni o'z xohishiga muvofiq almashtira yoki o'zgartira oladi. Biroq foyda ketidan zarar ham keladi, zero, qadimgi zamonlarga qadimgi odatlar muvofiq, bu uzoq asrlarning odatlari, jang usullari, ziyofatlari, marosimlari bizga ancha jo'n va zerikarli ko'rinishi mumkin - shuning uchun ham ko'plab omilar Gomerning yunonchadan o'girilgan ilohiy kitoblarini o'qib zerikadilar. Buning bosh sababi odatlarning qadimiyligida, zero, nafosatu xushaxloqlikka o'rgangan kishilar har vaqt eskirib qolgan va urfdan qolgan narsalardan yiroq turadilar. Qadimiyatga zamonaviy odatlarni ko'chirmoqchi bo'lganlarni esa Katon yoki Sinsinnatni6 milanlik va neapollik yoshlar modasiga muvofiq kiyintirgan tarzda tasvirlagan befahm musavvirga qiyoslash mumkin, shunga o'xshash, Jiraldi Geraklni sher terisiyu gurzidan mahrum etib, unga dubulg'a bilan plashch tuhfa etadi; biroq Jiraldi Gomer bilan musobaqaga kirishgan holda Geraklning qurol-yarog'iyu qalqoni hamda uning Mars o'g'li Kikon bilan jangini tasvirlagan Gesioddan ibrat olgan, xolos7.

Zamonamiz voqyealari, odatlar va rusumlar jihatidan qaralsa, taqlid uchun juda qulay va maqbul, biroq ular har qanday shoir, ayniqsa, epik shoir uchun juda zarur bo'lgan erkin to'qimaga deyarli imkon bermaydi. Bundan tashqari, Aristotel zamonaviy syujetning boshqa sababga ko'ra ham tragik shoir uchun yaroqli emas deb hisoblaydi, zero, tragediya zamondoshlardan ancha yuksak turuvchi kishilarga taqlid qiladi, shu bois ham zamonaviy yoki yaqindagina bo'lib o'tgan voqyealar qahramonlik poemasi syujeti bo'lolmaydi8. Shularga ko'ra, Karl V ning9 ishlari birinchi sababga muvofiq shoirga to'g'ri kelmaydi, chunki ularni o'z ko'zi bilan ko'rgan yoki ota-bobolaridan eshitib bilganlar shoir to'qimasini o'ta dadil deb topadilar. Bundan tashqari, Karl V ning ishlari shunchalar mashhur va hayratlanarli darajada ulug'vor va hashamatliki, shoirga ortiq go'zallashtirish imkonini qoldirmaydi.<...>

Shuningdek, yana Aristotelning «Muammolar»iga tayanishimiz mumkin, unda bizga juda zamonaviy bo'lmagan va juda uzoq o'tmishda ham kechmagan voqyealar haqidagi hikoyalar ko'proq yoqishi aytilgan, buning sababi esa, Aristotel fikricha, mana bunda: biz juda uzoq o'tmishda bo'lib o'tgan voqyealarga to'la ishona olmaymiz, o'zimiz ishonmagan narsa esa bizga huzur baxsh etmaydi; endigina bo'lib o'tgan voqyealarni esa biz go'yo hanuz (ko'ngil va ongda) yashayotgan bo'lamiz, shu bois yana katta xuzur olmaymiz10. <...>

<...> epik shoir san'atiga daxldor voqyea oliyjanob, shonli va ulug'vor bo'lmog'i kerak. Xuddi shu talablar poemaning shakliga ham qo'yilmog'i lozim. Qahramonlik poemasi bilan tragik poeziyaning o'xshashligi shunda, ularning tuban va qora xalqqa taalluqli voqyealarga taqlid qiluvchi komediyadan farqi ham shunda. Umum fikriga ko'ra, tragediya bilan epopeya bir-biridan nimaga taqlid qilayotgani bilan emas,- zero ikkisi ham ulug'vor va mashhur voqyealarga taqlid qiladi,- balki taqlid usuli bilan farqlanadiki, bu qarashni teranroq ko'rib o'tish zarur. <...>

<...> ularni (epopeya bilan tragediyani - tarj.) taqlid usuli farqlaydi: epik shoir hikoya qiladi, tragik shoir (sahna tomoshasi sifatida- tarj.) taqdim qiladi; epik shoir «faqat yalang'och so'zlar (o'lchovsiz) yoki o'lchov bilan»11, oddiy, bezak berilmagan nutq yoki she'r bilan hikoya qiladi, tragik shoir esa she'rlardan tashqari ritm va garmoniyadan ham foydalanadi, ularning yordamida so'zlarni rostlaydi.

Aristotel o'ziga xos mavhumiyat bilan aytgan mazkur so'zlarga tayangan holda, tragik va epik shoirlar taqlid predmeti jihatidan mutlaqo o'xshash dega xulosa chiqarishadi; bu qarash keng ommalashgan va umum e'tirof etilgan, shunga qaramay uni alohida ko'rib o'tish zarur. Agar epik va tragik voqyealar mutlaqo bir xil bo'lganida edi, ular bir xil munosabat uyg'otishi kerak bo'lur edi, zero, bir xil sabablar bir xil oqibatga olib keladi; biroq, modomiki ular mutlaqo farqli his-tuyg'ularni uyg'otar ekan, tabiatiga ko'ra ham farqlidirlar. Tragik voqyealar dahshat va hamdardlik uyg'otadi, baxtsiz va dahshatli deb atab bo'lmaydigan voqyealarni tragik deb ham bo'lmaydi. Epik shoirlar bu tarzda qalblarni o'rtash odatiga ega emaslar, ulardan bu narsa talab etilmaydi, zero Aristotel aytmoqchi, garchi tragediya tomoshabini yovuzlarning jazo topganiga quvonsa-da, har tugul voqyealarning bunday yakun topishi tragediyaga mos emas, qahramonlik poemasida esa bu hol maqtovga loyiq12; dahshat va hamdardlik uyg'otish, garchi ba'zan u ham shu hislarni uyg'otsa-da, qahramonlik (poemasi) fabulasiga xos emas: qahramonlik poemasi do'stlarning g'alabasiyu g'animlarning halokati bilan quvontirmog'i lozim, varvarlar va nopoklarga nisbatan shafqatli bo'lish esa yaramaydi. Tragik va epik voqyea mashhur bo'lishi lozim, biroq har ikkisiga birdek zarur bu xususiyatni ham mohiyati, ham shakli farqlanadi: tragik voqyealar taqdirning tuyqus va bir zumda evrilishi, yuz berayotgan hodisalarning hamdardlik va dahshat hislarini uyg'otadigan ulug'vorligi bilan mashhur; epik voqyealar jangovar mardlik, faqat epopeyaga xos jasorat barq urgan amallar bilan ulug'vordirki, bu jonfidolik, shafqatllik va hamiyatlilik amallari bilan oliyjanoblik kasb etuvchi tragediyaga to'g'ri kelmaydi. Bundan kelib chiiqadiki, tragediya bilan epos turli qahramonlar, garchi ularning bari podsholar va qudratli amaldorlar bo'lsa-da, bilan ish ko'radi. Tragediya na yaxshi va na yomon bo'lmagan o'rtacha qahramonlarni - Orest, Elektra, Iokasta, Eteokl va Aristotel tragik fabula uchun eng ma'qul qahramon deb hisoblagan Edip singarilarni taqozo qiladi13. Epik shoir esa, aksincha, oliy darajadagi jasoratni izlaydi, faqat shunga ega bo'lgan kishigina uning poemasi qahramoni bo'la oladi. Hyech kim hamiyatda Eneydan, janggohdagi jasoratda Axilldan, ehtiyotkorlikda Ulissdan o'tib tusholmaydi. Mabodo ba'zan epik va tragik shoirlar bitta qahramonning o'zini tanlasalar ham, ular o'sha qahramonga turlicha nigoh bilan qaraydilar. Epik shoir Gerakl, Tezey, Agamemnon, Ayaks, Pirrlar timsolida beqiyos va mard jangchilarni ko'radi, tragik shoir uchun esa ular gunohlari bilan o'zlariga baxtsizlik yog'ilishiga sababchi bo'lgan kishilardir. Epik shoir oliy darajadagi jasoratnigina izlamaydi, u illatning ham eng quyi chegarasini qabul qiladiki, tragik shoirning buni o'ziga ravo ko'rishi mahol. <...>

Aytilganlardan ayon bo'ladiki, tragediya bilan epopeya orasidagi farq faqat taqlid usuli va vositalaridagina emas, balki taqlid predmetida ham ekan...<...>

Izohlar:

1. Tassoda «uchlik bo'linish» ritorik tamoyilga asoslanadi.

2. Ioann Filopon - mil.av. 30-yillarda vafot etgan, Afina maktabiga mansub so'nggi Aristotel sharhlovchilaridan biri, Aristotelning «Birinchi analitika» asariga yozgan sharhi 1536 yilda chop etilgan.

3. Praksitel - mil.av. IV asrda yashagan mashhur yunon haykaltaroshi; Fidiy - mil.av. V asrda yashagan mashhur yunon rassomi, haykaltarosh va me'mor.

4. Lin, Orfey, Musey, Olimp, Oribantiy - qadimgi Yunonistonning mifik shoirlari. Bizgacha yetib kelmagan «Troyaning vayron etilishi tarixi» (II-III asrlar) nomli yunoncha asar Daret(yoki Dares) nomi bog'liq, uning bizga qadar faqat lotincha tarjimasi (VI asr) yetib kelgan. Daresni Gomer tilga oladi(Qarang: Gomer. Iliada, V, 9-11). Klavdiy Elian - taxm. 170-230 yillar, «ikkinchi sofistika» namoyandasi; u «Turfa hikoyatlar» (XI,2) asarida Daret va Oribantiy haqida xabar beradi.

5. Robortello mo'jizaviylik va haqiqatga monandlikni asarning turli qismlariga taalluqli sifat deb bilgan: mo'jizaviylikning o'rni - epizod, ikkinchi darajali syujet chizig'i, tavsif; haqiqatga monandlikning o'rni - fabula, bosh qahramon chizig'i, axloq-odob pandlari. Robortello uchun mo'jizaviylik bilan haqiqatga monandlik, garchi go'yo bitta darajada tursa-da, mohiyatan bir-biriga ziddir.

6. Bu o'rinda yo Mark Porsiy Katon Katta (mil.av.234-149 yy.) - Rim siyosiy arbobi, lashkarboshi va tarixchi yoki uning chevarasi Mark Porsiy Katon Kichkina (mil.av.95-46 yy.) - respublikachi, Sezarning dushmani nazarda tutiladi. Lutsiy Sinsinnat - mil.av. 460 y. Rim konsuli, 458 y. diktator.

7. Gesiodga nisbat berilgan «Ayollar ro'yxati» nomli poema nazarda tutiladi. Undan faqat ayrim parchalar saqlanib qolgan; Gerakl haqidagi hikoyadan uning qalqoni tavsifigina yetib kelgan.

8. Qarang: Aristotel. Poetika, 1448a16, 1453a17.

9. Karl V (1500-1558) - Muqaddas Rim imperiyasining imperatori (1519-1556) va Ispaniya qiroli (1516-1556).

10. Qarang: Aristotel. Problemû, XVIII, 10, 917.

11. Aristotel. Poetika, 1447a16(Tasso yunoncha iqtibos keltiradi).

12. Qarang: Aristotel. Poetika, 1453a1

13. Shu joyda.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.104-132

Fillip Sidni

Poeziya himoyasiga

<...> o'zini olim deb bilgan va poeziyaga xuruj qilgan barcha kishilarga haqli e'tiroz qilish mumkinki, ularning bu ishlari nonko'rlikka o'xshaydi, zero, ular badnom qilmoqchi bo'layotgan poeziya barcha ulug' xalqlar va ma'lum tillarda birinchi bo'lib bilim nurini taratgan, u tutgan ko'krak suti bularning asta-sekin egallanishi qiyinroq bo'lgan bilimlarga o'tishiga imkon bergan. <...>

<...> Rimliklarda shoirni «vates» deb ataganlarki, mazkur so'z ma'nosiga ko'ra «bashoratchi», «avliyo» yoki «payg'ambar» so'zlariga teng keladi, undan hosil qilingan vaticinium, vaticinari1 so'zlarining ma'nolaridan ham shu narsa kelib chiqadi. Bu ajoyib xalq qalblarni hayratlantiruvchi poeziyaga mana qanday ilohiy nom bergan! <...>

Endi esa poeziyani yunonlar qanday ataganlariyu qanday baholaganlarini ko'rib o'taylik. Ular shoirga «poet» deb nom berdilar va bu ism eng maqbuli sifatida boshqa tillarga ham o'tdi. Bu so'z «ijod qilish», «yaratish» ma'nolarni anglatuvchi poiein so'zidan kelib chiqadi. Ayni shu nuqtada - bilmadim, bu tasodifan bo'lganmi yo ongli ravishdami - biz, shoirlarni «yaratuvchi» deb atagan inglizlar, yunonlar bilan hamfikr bo'lib chiqdik. Istardimki, ushbu unvonning mazmun-mohiyati - uning yuksakligi va beqiyosligi - mening beg'arazlikdan yiroq yalang'och da'volarimdan emas, balki unga nisbatan boshqa fanlarning cheklanganligini ko'rsatuvchi misollardan kelib chiqib tushunilsa. Inson egallagan fanlar ichida bosh ob'ekti tabiat yaratgan narsa bo'lmagani va o'sha narsadan ayro holda yashay oladigani mavjud emas, ularning o'sha narsaga tobeligi shunchalarki, misoli tabiat yozgan pesani ijro etayotgan aktyorlarga aylanib qoladilar. Jumladan, munajjim yulduzlarni kuzatarkan, tabiat ularga qanday tartib berganini aniqlaydi. Turli o'lchovlarni o'rganuvchi muhandis yo riyoziyotchi ham shu bilan mashg'ul. Musiqachi bizga qaysi davriy bo'laklar tabiatga hamohangu qaysilari hamohang emasligini ko'rsatadi. Naturfilosofiya o'z nominiyoq tabiatdan o'zlashtirgan, etika esa insonga xos tabiiy ezgu fazilatlar, illatlaru ehtiroslarni o'rganish asosida turadi va «Tabiatga ergashing - shu holda aslo adashmaysiz» deya uqtiradi. Huquqshunos kishilik jamiyati qonunlarini, tarixchi insoniyatning kechmish ishlarini o'rganadi. <...>

Faqat bu yanglig' tobelikdan hazar etuvchi shoirgina o'z xayoloti qanotida parvoz etadi va mohiyatan ikkinchi bir tabiatni yaratadiki, undagi narsalar yo tabiiylaridan ko'ra mukammalroq, yo ular ilgari tabiatda hyech ko'rilmagan mutlaqo yangi shakl-shamoyilda namoyon bo'ladilar: qahramonlar, yarim ilohlar, sikloplar, ximeralar, furiyalar va boshqa shu kabilar. Shunday qilib, tabiat bilan yelkama-yelka borarkan, shoir uning in'omlari bilangina qanoatlanib qolmaydi, balki o'z taxayyuli burjlarida erkin parvoz etadi. Tabiat zaminni hyech qachon shoirlarchalik saxiylik bilan bezantirmaydi: ularning daryolari - go'zalroq, daraxtlari - serhosilroq, gullari - iforliroq, natijada bizning suygan zamin yanada ko'rkamroq bo'lib qoladi. Dunyo asli birinchdan yaratilgan, faqat shoirlargina uni tilloga aylantiradilar. <...>

Demak, poeziya - taqlid san'atidir, zero, Aristotel ham uni «mimesis», ya'ni «aks ettirish, taqlid qilish, tasvirlash» tushunchasi bilan ta'riflaydi; majoz bilan aytsak, poeziya - bu gapiruvchi surat, uning maqsadi esa huzur baxsh etgan holda ta'lim berishdan iboratdir. Qadimdan uning uch turi mavjud.

Yaratganning yetib bo'lmas komilligiga taqlid qilgan shoirlar eng qadimgi va oliy maqomdagi shoirlardir. Dovud o'zining «Sano»larida shunday, Sulaymon «Qo'shiqlar qo'shig'i», «Ekleziast» va «Rivoyatlar»ida... <...>

Yana bir tur shoirlar yo Tirtey, Fokilid va Katon kabi axloq bilan, yo Lukretsiy va «Georgikalar»dagi Vergiliy kabi umuman tabiat bilan, yo Maniliy va Pontano kabi astronomiya bilan, yo Lukan kabi tarix bilan bog'liq falsafiy materiyalar bilan ish ko'radilar. Mabodo bunday poeziya kimlargadir yoqmas ekan, bunga sabab aslo a'lo darajada ifoda etilgan bilim masallig'idan pishirilgan taomning sifatsizligi emas, balki o'sha odamlar muhokamalarida didning yo'qligidir.

Biroq poeziyaning mazkur ikkinchi turi poetik taxayyulining erkin yo'lini tanlamasdan o'z predmeti doirasi bilan cheklangani bois, biz bular haqiqiy shoirlarmi yo yo'qmi tarzidagi bahsni grammatiklarga qoldirib, uchinchi tur - chin ma'noda haqiqiy shoirlarga murojaat qilamizki, aslida gapimiz asosan o'shalar haqida borayotir. Haqiqiy shoirlar bilan ikkinchi tur shoirlar orasidagi farq xuddi faqat ro'baro'larida ko'rib turgan siymolarnigina aks ettirishga qobil o'rtamiyona rassomlar bilan yolg'iz o'z tafakkurinigina qonun deb tan olgani holda qarshingizda chindan ham tomosha qilishga arziydigan, - masalan, o'zganing gunohlari uchun azoblanayotgan Lukretsiyaning2 o'ktam va ayni chog'da g'amgin nigohi kabi,- narsalarni tasvirlovchi ulug' rassomlar orasidagi farq misolidir. Ayni chog'da rassom tasvirda o'zi hyech qachon ko'rmagan Lukretsiyani emas, balki bu nav ezgulikning tashqi go'zalligini mujassam etadi. Faqat tabiatga munosib taqlid qilgan holda huzur baxsh etib ta'lim beruvchi shoirlargina uchinchi turga mansub etilishi mumkin. Ular taqlid qilarkan mavjud, mavjud bo'lgan yoki mavjud bo'lishi mumkin narsalardan birontasini o'zlashtirmaydilar, balki orifona mushohada nizomlarigagina rioya qilganlari holda bo'lishi mumkin yo bo'lishi lozim borasidagi ilohiy yoziqlar sohasiga kirib boradilar. Xuddi shularni shoirlarning peshvolari va oliyjanoblari sifatida haqli ravishda vates degan so'z bilan atash mumkinki, eng yaxshi tillarda ham eng orif kishilar ularni, yuqorida aytilganidek, «yaratuvchi» ma'nosini beruvchi nom bilan atabdilar. Zotan, haqiqatan ham ularning yagona mashg'uloti tabiatga taqlid qilish, taqliddan muddaolari esa huzurlantirib ta'lim berishdir. Ularning huzurlantirishdan ko'zlagan maqsadi kishilarni ezgulikka oshno etish, zero, agar ezgulikning qiyofasi huzur baxsh etmaganida edi, odamlar undan begonaday o'zlarini tortgan bo'lur edilar; ularning ta'lim berishdan maqsadi odamlarga o'zlari oshno bo'layotgan ezgulikni anglatishdir. Bular esa har qanday funun erishishga har doim intilib kelgan eng ezgu maqsaddir, shunga qaramay, hanuz poeziyaga qarab huruvchi badfe'l kishilar uchrab turadi. <...>

<...> faylasuf ham ta'lim beradi, biroq u mavhumotlar bilan, tumanliroq ta'lim beradi, uni faqat o'qimishli kishilargina tushuna oladilar. Demak, u olim bo'lib bo'lganlarga ta'lim beradi. Poeziya esa eng nozik me'daga ham maqbul bo'ladigan taomdir. Aslida chinakam xalq faylasufi shoirdirki, buni Ezopning zohiran hayvonlar haqida yozilgan-u, lekin jozib majoziyligi ko'plab, hatto hayvonlardan-da tuban kishilarni ham so'zsiz notiqlar - jonivorlardan kelayotgan ezgulik sasiga quloq tutishga majbur etadigan masallari a'lo darajada dalilllaydi. <...>

<...> poeziya tarixdan yuksakroq turadi, zero, u aqlni bilimlar bilan boyitibgina qolmaydi, balki insonni haqli ravishda ezgulik deb atash va shunday deb hisoblash qabul qilingan narsaga yo'naltiradi. Ta'lim berish bobida qanchalik bahsli bo'lsa ham, insonni ezgulikka yo'naltira olish qobiliyati jihatidan shoir faylasufni ham, tarixchini ham mag'lub etadi, shu jihatdan u g'oliblik chambariga chin ma'noda munosibdir. <...>

<...> Endi esa bechora shoirlar gardaniga qo'yilayotgan eng og'ir ayblovlarga o'tamiz. Menga ma'lum bo'lishicha, ular quyidagilardan iborat: birinchidan, odamlarning poeziyaga chalg'ib vaqtlarini bekor sovurmaganlari ma'qul emish, chunki undan boshqa ko'plab foydali bilimlar bor; ikkinchidan, aytadilarki, poeziya - yolg'onning onasi; uchinchidan, da'vo qiladilarki, poeziya dilimizda ko'plab noma'qul mayllarni tug'dirib, xushnavo sirenalar kabi aqlimizni gunohkor xayollarning zaharli komiga tortish bilan nomussizlik va adashishlarni oziqlantiradi. Bu jihatdan, Choser aytganiday, komediya ularning hosil yig'ishi uchun eng katta daladir. Ular bizni shunga ishontirmoqchi bo'ladilarki, go'yo bizning va o'zga xalqlar vaqtlarini o'z erklari himoyasi uchun zarur jangovar mashqlar bilan o'tkazgan davrlarda, to shoirlar bizni poetik halovat bilan siypab-erkalab tanballik mudrog'iga solgunlariga qadar, hozirgidan ko'ra mardonavorroq bo'lganlar. Nihoyat, eng muhimi, ular go'yo merganlikda Robin Gudni ortda qoldirdik, Platon o'zining «Davlat»ida poeziyani taqiqlagan3 deya tinmay og'iz to'ldirib qichqiradilar. Darhaqiqat, mabodo bularda haqiqat salmoqliroq bo'lsa, ular juda og'ir ayblovlardir.

Avval birinchisi haqida: odam o'zining qimmatli vaqtini eng foydali tarzda o'tkazishi kerak deyilishi - asosli dalil. Biroq bu faqat petere principium4 xolos, zero, agar men ta'kidlaganimdek, bilimlarning eng sarasi odamni ezgulikka undab unga o'git beradigani bo'lsa va hyech bir narsa bu ishni poeziyachalik yaxshi uddalamas ekan, unda xulosa ham aniq: qog'oz bilan qalam poeziyadagidan ko'ra foydaliroq tarzda ishlatilishi mumkin emas. Va, garchi ularning birinchi da'vosiga qo'shilish zarur bo'lsa ham, undan, mening nazarimda, yaxshi baribir yaxshi degani emas, chunki juda yaxshisi - eng yaxshisi, qabilidagi xulosa chiqmaydi. Biroq, men hanuz dunyoda poeziyadan ko'ra foydaliroq bilimlar borligini avvalgidek inkor qilaman.

Shoirlar go'yo eng katta yolg'onchilardir, degan ikkinchi ayblovga javoban men buning tamom ziddini aytgan bo'lardim, zero, imonim komilki, osmon gumbazi ostida mavjud ijodkorlar ichida eng rostgo'yi shoirdir. Hatto inson sifatida yolg'onga moyil bo'lganida ham, shoir sifatida u yolg'onchi bo'la olmaydi. Yulduzlarning zamindan uzoqligini o'lchash bilan mashg'ul bo'lgan munajjim yoki handasa olimi haqiqatgo'ymikin? Siz nima deb o'ylaysiz, kasallikni kuchaytirib, keyincha minglab jonlarning Xaron5 huzuriga jo'nashiga sabab bo'lgan dorilarni tayin qilganida vrachlar tez-tez yolg'onlab turadilarmi yo yo'q? Nimanidir isbotlab tasdiqlashni zimmasiga olgan odamki bor, bulardan kam yolg'onlamaydi. Shoirga kelsak, u hyech narsani isbotlab tasdiqlamaydi, shu bois ham hyech qachon yolg'onlamaydi. Zero, mening tushunishimcha, yolg'onlamoq - yolg'on narsani rost deya da'vo qilmoqdir. Olimlar, ayniqsa, tarixchilar asrlar qatida yashirin mavhum narsalarni tasdiqlarkan, tez-tez adashmasliklari mumkin emas. Biroq shoir, ilgari aytganimdek, hyech qachon hyech narsani haqiqat deb da'vo qilmaydi. U hyech qachon o'zining yozganlari chin ekaniga ishontirish uchun sizning tasavvuringizni cheklamaydi. Shoir o'zga mualliflardan iqtibos keltirmaydi, yo'q, so'zining avvalidayoq totli muzalarga murojaat etib, ulardan xayolotiga qanot berishlarini tilaydi. Darhaqiqat, shoir mavjud yoki mavjud bo'lmagan narsalar haqida so'zlashga intilmaydi. U faqat mavjud bo'lishi yoki mavjud bo'lmasligi lozim narsalar haqidagina so'zlaydi; garchi u to'qib chiqarilgan narsalar haqida hikoya qilsa-da, ularni sizga haqiqat deya taqdim etmaydi, shu bois ham yolg'onlamaydi. <...>

<...> Uchinchi ayb mazmuni shuki, shoir go'yo odamlarning ongiga zararli ta'sir qilib, ularni gunoh va fahshga boshlaydi. Bunisi endi poeziyaga qo'yilayotgan, yagona bo'lmasa ham, asosiy ayblov bo'lib, u tez-tez quloqqa chalinadi. Da'vo qilishadiki, komediyalar ishqiy mojarolarni qoralamaydi, aksincha, odamlarni ularga moyil qiladi. Yana da'vo qiladilarki, shahvatli sonetlar - lirikaning bezagi, elegiyalar ma'shuqa ayrilig'idan kelgan yig'igina bo'lib qoldi, izzattalab Kupidon hatto qahramonlik poemalarini ham ishg'ol qilib oldi. <...> poeziya odamlar ongini kirlantirmoqda deb emas, aksincha, odamlar ongi poeziyani kirlantirmoqda deb da'vo qilish to'g'ri bo'ladi. Zero, men ong eikastike (ya'ni, ayrim olimlar ta'rificha, «munosib narsalarni tasvirlovchi») poeziyani tamom aksi, qaysiki, xayolparast kallalarni nomunosib narsalar bilan to'ldiruvchi phantastike6 qilib qo'yishga qodir ekanligini inkor qilmayman. <...> men poeziyadan yomon maqsadlarda foydalanish mumkinligini ham, bu holda u o'zining joziba kuchi bilan boshqa har qanday so'z qo'shinidan kattaroq zarar keltirishi mumkinligini ham tan olaman. Biroq bundan yomon maqsadda foydalanilgani uchun foydalanilgan narsani ayblash kerak, degan fikr aslo kelib chiqmaydi. Aksincha, to'la asos bilan aytish mumkinki, agar biror narsa buzib talqin qilinganida katta zarar keltirar ekan, to'g'ri qo'llanilganda (har qanday narsaning qimmati esa uning chinakam maqsadi bilan belgilanishi kerak) juda katta foyda ham keltiradi. <...> Garchi bizning muxoliflarimiz shoirlarni yolg'onning onasi deb da'vo qilganlarida hyech narsani isbotlamagan bo'lsalar-da, shu da'volarining o'zi bilan poeziyaning ta'sir kuchini e'tirof etadilar. <...>

Izohlar:

1. «Vaticinium» - lot., bashorat, «vaticinari» - bashorat qilmoq.

2. Lukretsiya - Sekst Tarkviniy tomonidan nomusi toptalgach, o'zini o'ldirgan rimlik ayol.

3. Qarang: Skaliger, 23-izoh

4. Lot., «birlamchi sababni izlamoq»

5. Xaron - Yunon mifologiyasidagi kemachi, o'lganlar ruxini yer ostidagi Stiks daryosidan o'tkazib qo'yadi.

6. Yun., fantastik

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.133-173

Ben Jonson

Qaydlar yoki kuzatishlar

<...> Shoir kimdir?

Shoir - bu yunonlar poetes, yaratuvchi, o'ylab topuvchi deb atagan odam; uning san'ati - bu taqlid yoki obrazli aks ettirish san'atidirki, Aristotelga ko'ra, u inson hayotini o'lchovga solingan so'zda, vazn va ritm uyg'unligida ifodalaydi. U «yaratmoq» yoki «o'ylab topmoq» ma'nolarini beruvchi poeien so'zidan kelib chiqadi. Shuning uchun poet deb har qanday she'r to'quvchini emas, balki faqat tasavvuri fabula yaratishga qodir, asarlari haqiqat bo'lib tuyuladigan odamni atashadi, chunki mazmun bilan to'qima - har qanday poetik asarning, u xoh she'r va xoh poema bo'lsin, jismi va jonidir.

Biz nimani she'r deb ataymiz?

She'r deb faqat shoirning ko'p yo ozroq miqdordagi misralardan tarkib topgan asarigina atalmaydi, yo'q, ba'zan hatto birgina misra ham a'lo darajadagi she'r bo'lishga qodir. Masalan, Eney yunon Abasning qurol-yarog'ini ilib yoyib qo'yarkan, uni shunday bitik bilan yoritadi: Aeneas haec de Danais victoribus arma1. Va shu bitikni she'r yoki carmina2 deb ataydi. Marsialning epigrammalari ham xuddi shunday: Omnia, Castor, emis: sie fiet, ut omnia vendas3 va Pauper videri Cinna vult, et est pauper4.

Goratsiy ham o'z odalarini carmina - lirik qo'shiqlar deb ataydi. Lukretsiy esa butun boshli kitobini qo'shiq deb ataydi: Quod in primo quoque carmine claret5. Qadimda valilarning barcha bashoratlari carmina deyilgan, har qanday naql qilingan jumla ham epik, dramatik, lirik, elegik yoki epigrammatik she'r deb atalgan.

Poema biz poeziya deb atagan narsadan nimasi bilan farqlanadi?

She'r yoki poema, avval aytganimdek, shoirning asari - uning mehnatiyu o'qib o'rganishlarining maqsadi va natijasi. Poeziya - uning mahorati, tasavvur faoliyati, ijodiy niyati va shaklni o'z ichiga oluvchi kasbiy malakasi. Xuddi mahsulot, mehnat jarayoni va mahsulot ishlab chiqaruvchini yoki taqlid predmeti, taqlid jarayoni va taqlidchini farqlaganimiz kabi, biz poemani poeziya va poetdan farqlamog'imiz kerak. Shunday qilib, agar poeziya malaka yoki mahorat bo'lsa... Yo'q, u ko'proq arshda yaratilib, ko'kdan Falastin yeriga tushirilgan, yunonlarda yuksak e'zoz topgan va ular tomonidan rimliklarga, so'ng boshqa barcha madaniy xalqlarga olib kirilgan san'atlar malikasidir. Poeziyaning o'rganilishi (agar Aristotelga ishonsak) insoniyatga munosib va baxtli hayot kechirish qoidalari va namunasini taqdim etadi, bizni har qanday fuqarolik burchlarini o'tashga tayyorlaydi. Agar Tulliyga ishonsak, unda poeziya yosh avlodni oziqlantiradi va o'git beradi, farovonligimizni bezab, hayotimizni totli etadi; chekimizga tushgan qayg'u va kulfatlarni kechirishimizga yordam beradi, xonadonimiz o'chog'i oldida ko'nglimizni yozadi, xorijda birga sayohat qiladi; bizni nazorat qiladi, vaqtimizni mehnat va hordiqqa taqsim qilishga ko'mak berib, qishloqdagi villalarda birga dam oladi. Ayni chog'da, eng fozil va donishmand kishilar unda ma'naviyat sultoni va ezgulikning eng yaqin qardoshini ko'radilar. Ular falsafani jiddiy, asketona poeziyasi deb ataganlari uchun, o'z navbatida, poeziya ular tomonidan bizni hayratomuz huzur va benazir lazzat baxsh etgan holda harakatga undovchi nafis, shirinsuhan falsafa deb ta'riflangan. Ammo hozir, poetik asarlarning turlari va ularni farqlovchi xususiyatlarni muhokama qilish yoki san'at borasidagi mulohazalarni boshlashdan avval, men sizlarga shoir o'zi kim, u tabiatan qanday bo'lmog'i lozim va mashqlar, taqlid, o'qib-o'rganish yordamida nimalarni o'zlashtirishi kerak ekanligini tushuntirib o'tishni xohlardim. U bizda grammatika, mantiq, ritorika va etika fanlarini o'rganadi, o'zining tabiiy qiziqishlariga mos, sizga taqdim etish va siz tomoningizdan qabul qilinishi uchun zarur har qanday boshqa fanlarni o'zlashtiradi.

1. Ingenium6. Biz, birinchidan, shoir yoki ijodkordan (bizning tilimiz, yunon tili kabi, unga shu unvonni taqdim etadi) tug'ma aql-idroki yuksak bo'lishini talab qilamiz. Agar boshqa san'atlarning bari qonunlar va aniq ko'rsatmalardan tarkib topsa, shoir tug'ilganidanoq instinktiv ravishda o'z aql-idrokining boyligini namoyon etmog'i lozim. Seneka poetik ekstazni nazarda tutgan holda: «Aliquando secundum Anacreontem insanire, jucundum esse»7,- deydi. Xuddi shu haqda Platon aytadi: «Frustra Poeticas fores sui compos pulsavit»8. Xuddi shu narsani Aristotel ham ta'kidlaydi: «Nullum magnum ingenium sine maxtura elementiae fuit. Nec potest qrande aliquid, & supra caeteros loqui, nisi mota mens»9. Shu bois, qachonki ilohiy instinkt rahnamosi bo'lgan poeziya jo'n, hammaga ma'lum tasavvurlardan hazar qila boshlaganida, o'zining eng yuksak darajasiga ko'tariladi. Shundagina poeziya bandalar chekiga tushmagan nenidir aytadi va zamindan uzilib, chavandozi bilan ilgari o'zi ko'tarila olmagan joylarda parvoz etadi. Bu parvoz shoirlar tomonidan majoziy tarzda Gelikon, Pegas yoki Parnas obrazlari orqali tasvirlanadi; Ovidiy bu bilan faxr etadi:

Est, Deus in nobis; agitante calescimus ilio:

Sedibus aethereis spiritus ille venit10.

Lipsiy11 qat'iy aytadiki: «Scio, Poetam neminem praestantem fuisse, sine parte quadam uberiore divinae aurae»12. Shuning uchun zaminda shoirlar (zero, men mediocres yoki imos13 haqida aytmayapman) kam tug'iladi. Har qaysi o'z-o'zini boshqaruvchi shaharcha davlatga har yili bitta mer va ikkita sud pristavini yetkazib beradi, biroq Solus rex, aut Poeta, non quotannis nascitur14.

2. Exercitatio15. Tabiiy iqtidorini mukammallashtirish uchun bizning shoirimiz tez-tez mashq qilmog'i lozim. Agar uning idroki qadimgilar tafakkuriga birdan oshno bo'lolmasa, bu mashg'ulotni tashlashi, achchiqlanishi yo asabiylashishiga aslo yo'l qo'ymang; unga ruhiy moyillikni saqlagan holda vaqtincha chalg'ishni taklif qiling, faqat xotirjam muhokamaga qobil holda u yana mashg'ulotlarga qaytsin. Sabr-toqatni yo'qotmagan va mehnatingizni ayamagan holda yana bir bor harakat qilib ko'ring. Mabodo bu gal ham hyech ish chiqmasa, qalamni bir yon uloqtirib, bechora stolni mushtlamang, aksincha, hamma narsani tartibga soling-da, yana bir harakat qiling. Bizning qirolligimizda farmoni oliy yo'qki, sizni ixtiyoringizga qarshi, boz ustiga, qisqa fursatda shoir bo'lishga majbur qilsa. Agar bir yoki ikki yilda shoir bo'lib yetishsangiz ham, juda yaxshi - o'rtamiyona qofiyabozlargina quyilib kelgandek misra tizadilar (ex tempore16), biroq ular hyech qachon umrimizning biror kunini bo'lsa ham sarflashga arzigulik narsa aytolmaydilar. Aytishlaricha, benazir Vergiliy she'rni ulkan mashaqqat bilan yozgan, so'ng misoli ona ayiqdek ularni yalab-yulqar ekan. Skaligerning otasi guvohlik beradi, o'g'li ertalablari juda ko'p misralar yozar ekan-da, kechga tomon ularning sonini ancha qisqartirarkan. Biroq Valeriy Maksim17 kitobida keltirgan ulug' tragik shoir yevripidning zamondoshi Alsestga javobi kamtaronaligi tufayli hammadan ko'proq xotirda qoladi. Alsest, yevripid uch kun mobaynida atigi uch misra, shunda ham ko'p mashaqqat bilan yozganini bilgach, kibr bilan buncha vaqt ichida yuz misra yozgan bo'lardim debdi; bunga javoban yevripid bosiqlik bilan aytibdiki: «Bo'lishi mumkin, ammo sizning she'rlaringiz uch kun ham yashamaydi, mening she'rlarim hamma zamonlarda o'qiladi». Bu esa «Siz arzigulik bir misra ham yozishga qodir emassiz» degan bilan barobardir. Men she'rlari g'avg'oyu ming'irlashlardan iborat ko'plab mahmadanalarga duch kelganman. Darhaqiqat, mashaqqat bilan yozilgan asarlar ularni o'qish uchun sarflangan vaqt va mehnatga arziydi, ular uzoq yillar yashashga loyiq.

3. Imitatio18. Bizning shoir yoki ijodkor uchun zarur uchinchi xususiyat taqlid qilish qobiliyatidirki, buning mazmuni voqyelik yoki o'zga shoir boyliklaridan o'z maqsadi yo'lida foydalana bilishdir. Buning uchun barcha shoirlar ichida eng yaxshisini tanlab, unga to o'z idealingizga yaqinlashguncha va to nusxani aslidan ajratish mushkul bo'lib qolguncha sabr bilan ergashish darkor. O'zganing ijodidan shoshilmasdan, did bilan, eng yaxshi va foydalilarini saylab oziqlanmoq kerak, aslo vahshiy o'ljasini xom-hatalaligicha paqqos tushirgani kabi emas. Goratsiy aytganidek, qullarcha, qusurlarni ham fazilat bilgan holda ergashish yaramaydi; bil'aks, bolari misoli, eng yaxshi va sara gullardan shira yig'ib, uni yagona tot va iforga ega asalga aylantirmoq darkor. Sizning taqlidingiz huzur bag'ishlashga qobil bo'lsin, eng yaxshi yozuvchilar qanday taqlid qilganlarini ko'ring va o'zingiz ham shunday qiling. Gomerga ergashgan Vergiliy bilan Statsiy, Goratsiy bilan Arxiloxlar, Alkey va boshqa lirik shoirlar qanday taqlid qilgan bo'lsalar, shunday taqlid qilishni o'rganing.

4. Lectio19. Shoirimizning ishonchli bilimlarni puxta egallagan va har tomonlama o'qimishli bo'lishi juda muhimki, busiz shaxs to'laqonli bo'lolmaydi. Bu esa u tarixni bilishi va asarlar mazmunini qisqacha so'zlab berishga qobil bo'lishi kerak deganigina emas, balki u poetik mazmun va so'zni shu darajada egallashi kerakki, zarurat tug'ilganda ularni go'zal va lozim izchillikda joylashtirgan holda tasarruf eta olishi lozim. O'ylamaslik kerakki, go'zal tonglarning birida, agar shu tun Parnasda bo'lganingiz yo Gelikonda chanqog'ingizni qondirganingizni tush ko'rgan bo'lsangiz, birdan shoir bo'lib uyg'onaman, deb. Shoir bo'lish ancha qiyin.

Ars corona20. Shoirimizning ijodi mukammal bo'lishi uchun uning mashqlar, taqlid va tahsil vositasida sayqallangan tabiiy iqtidorini san'at bilan to'ldirmoq zarur. Faqat san'atgina ijodkorimizning shakllanishini me'yoriga yetkazishga, uni mukammal olam egasi etishga qodir. Tulliy ta'kidlaydiki, agar saxovatli tabiat egasi o'zida bilim va intizomni mujassam etsa, chin ma'nodagi oliyjanoblik va betakrorlikka erisha oladi. Zero, Stobey21 antalogiyasida Simul22 aytganidek, tabiat san'atsiz hyech qachon mukammal bo'lolmaydi, san'at esa tabiatsiz mavjud emas23. Biroq shoirimiz hazir bo'lmog'i kerakki, uning tahsili o'z-o'zini o'qitishga aylanib qolmasin. Aks holda ertami kech rahnamosi ahmoq bo'lganini tan olishiga to'g'ri keladi. Ko'p o'qimoq kerak, biroq har doim saralarini, eng yaxshilarini. U o'ziga nimanidir o'rgatishga qobillarki bo'lsa, ustoz sifatida e'zozlamog'i lozim. Ular orasida Goratsiy va (uning ustozi) Aristotel yuksak qadrlashga sazovorlar. Aristotel eng adolatli baholovchi va jiddiy xatoga yo'l qo'ymagan birinchi munaqqid edi. Bu nima bo'pti - u yer yuzida qachon bo'lmasin yashagan faylasuflarning eng ulug'i: u insonlar egallagan bilimlarning barida mavjud kemtiklarni ko'rsatdi, bashariyat ilm-fanda erishgan yutuqlarining barini jamlab yaxlit bir san'atni bino qildi. U bizni birdaniga ikki narsaga o'rgatdi: o'zgalarni qanday qilib to'g'ri baholashimiz va avvalo o'zimizdagi nimaga birinchi navbatda taqlid qilishimiz kerakligiga. Ammo birinchi navbatda fitriy zehn va poetik iqtidorga ega bo'lmoq kerak. Zero, hyech kim yo'l-yo'riqlarni chuqur o'rganib bilish orqaligina, toki tabiati madadga kelmas ekan, yaxshiroq yoza olmaydi. Faqat shu holdagina u yozuvchi sifatida mukammallikka erishish imkoniga ega bo'ladi. Shoir - notiqning eng yaqin qo'shnisi. Garchi shoir vazn, ritm, qofiya bilan notiqqa qaraganda ko'proq siqib qo'yilgan bo'lsa-da, uning san'ati notiqlikning barcha fazilatlariga ega. Jumlaga ishlov berishi jihatidan u notiqdan qolishmaydi, ta'sir kuchi jihatidan esa hatto ustun turadi. Shoirlar ichida notiqqa eng yaqini komediyanavisdirki, u aql va hislarga ta'sir (bu borada notiqlik haqiqatan ham kuchli va ayni shuni o'zining xizmati deb biladi) qilishda notiqdan, asosan, o'zib ketadi. Komediyada yaratilgan ko'plab va turli-tuman xarakterlarni bu qadar aniqlik bilan haykaltarosh Lisippning qaysi pichog'i va yo Arellning qalami24 ifodalay oladi? Bunda tomoshabin o'zgalarni haqorat qilib sevinadiganlaru asabi tarang g'amboda kishilarni ham, jahl o'tida qovrilayotganlaru ishqdan telbavor bo'lganlarni ham, aysh-ishratga mukkadan ketib insonlik qiyofasini yo'qotganlar, umid qila-qila charchaganlaru qo'rquvdan zir titrayotgan kishilarni ham ko'radi - notiqlarga misol sifatida kerak bo'ladigan har qanday his-tuyg'u va hayotiy holatlar sahnada tasvirlanadi. Poetik so'zning go'zalligi haqida esa jillaqursa komik shoirning qabriga bitilgan mana bu so'zlar guvohlik beradi:

Immortales mjrtalts, si fas esset, flere,

Flerent divae Camoenae Naevium Poetam;

Itaque postquam est Orcino traditus thesauro,

Obliti cunt Romae, lingua loqui Latina25.

Plavt haqida bundan pastroq pardada Lutsiy Eliy Stilo26 tomonidan aytilgan gap ham ma'lumki, unda «Musas, si latine loqui voluissent Plautino sermone fuisse loquuturas» deb ta'kidlanadi, shuningdek, Plavt Rim nafis so'z san'atining qiroli deb atalgan donishmand Marko Varroning27 mashhur ta'rifi ham bor.

Men shoirni grammatiklar va faylasuflar tomonidan ishlab chiqilgan qonun-qoidalarning tor doirasida cheklab qo'yish kerak deb o'ylamayman. Zero, bular ishlab chiqilguniga qadar ham ko'plab zo'r shoirlar yashaganlarki, ular ijodda bu qoidalarga amal qilganlar. Hyech kim bunga Aristotelning o'zidan-da birmuncha avval yashab o'tgan Sofokldan yaxshiroq amal qilgan emas.

Yunonlardan qay biri ham Demosfen uchun notiqlik qoidalarini ishlab chiqishga jur'at qila olardi? Yo nutqi yashin urgandek ta'sirga ega bo'lib tuyulgani uchun «ilohiy» deb atalgan Periklga28? Va yo san'atga xizmat qilishdan ko'ra ko'proq tabiatga ergashgan Alkiviadga?

Biroq shoirlarning eng iqtidorli, mehnatsevar va omadlilari instinktiv ravishda tabiatning o'zidan yoki mashqlar natijasida o'zlashtirgan narsalarni donishmand va fozil Aristotel umumlashtira oldi va san'atga tatbiq etdi. Zero, u hodisalarning sababini anglashni bilar, boshqalarga an'anaviy ravishda yoki tasodifan ayon bo'lgan narsalarni u tafakkur kuchi bilan izlab topardi. Aristotel faqat xatolardan qochish usulini kashf etmadi, u bizga eng qisqa yo'lni, qaysiki, shundan borilsa xato qilinmaydigan yo'lni ko'rsatib berdi.

Aristofan qoidalardan emas, balki haqiqatdan kelib chiqib yevripiddagi ko'p jihatlarni zakiylik bilan kulgiga oldi. Darhaqiqat, yevripid, garchi o'zi asosan olganda mukammallik timsoli bo'lsa-da, ba'zan haqiqatga xilof yo'l tutardi. Shu bois hatto eng yuksak muhokama qobiliyati ham, agar u ong bilan mustahkamlanmasa, mutlaq me'yor bo'lib xizmat qilolmaydi.

Faqat shoirlar, shunda ham ulardan eng yaxshilari, shoirlarga munosib baho bera oladi.

Ayrimlar tanqidchilarni buyumlarni tuzatishdan ko'ra ko'proq tamom ishdan chiqaradigan chilangarlarga o'xshatganlarida haqlar. Munaqqid va grammatiklarning o'zlarigagina xos kasalliklarga nazar soling. O'z-o'zidan ma'lum, organizmi hyech bir tibbiy aralashuvni qabul qilmaydigan ko'plab odamlar uchraydiki, tabiblar galasi ularni noto'g'ri davolab sog'ligiga butkul putur yetkazadilar. Haqiqiy tanqidchining vazifasi alohida harflarni kavlashtirish yo benuqson jumlalarga la'nat yog'dirish emas, balki so'zlarni o'zaro bog'lab mazmunni to'g'rilashdan iboratdir. Muallif va uning asari mazmuni haqida samimiy muhokama yuriting - bu chinakam olimlikning belgisidir. Goratsiy - o'ta ma'rifatli odam, agar majusiylar ham shu maqomga erishishi mumkin bo'lsa, eng donishmand va saxovatli mualliflardan biri,- shunday edi; o'zgalar qilmishlari sabab va oqibatlarining benazir va odil hakami, o'zi o'shalar kabi o'ylagani uchun emas, balki shuning uchunki, u boy hayotiy tajribasiga tayangan holda atrofdagilar o'zlarini qanday his qilishlariyu qanday harakat qilishlarini bilardi.

Biroq Goratsiyning Plavt haqidagi fikriga zamondoshlarimizning ko'plari e'tiroz qiladilar, ularning da'vosicha, Goratsiy zakiylik va nozik istioraning otasiga nisbatan o'ta talabchanlik qilgan. Ular istaydilarki, Plavtga qo'yilgan ayblov bu darajada ulug' shoir va poeziyaning bilimdoniga, qaysiki, izmidagi qullari Plavtning fazilat va qusurlari borasida o'zlarini ilmlar va san'atlarning muqaddas xonadoni homiysi deb bilgan hozirgi diletantlarning har qaysisidan durustroq muhokamaga qodir bo'lgan odamga tegishli bo'lmasa.

Goratsiy rim poeziyasi va tili gullab-yashnagan davrida yashagan zamondoshlarining fikrini bilmasligi, ayniqsa, uning odamshavanda va har kuni tor doirada so'z san'ati masalalarini muhokama qilgan zamonasining ulug' kishilari bilan yaqindan tanishligi e'tiborga olinsa, mumkin emas edi. Bundan tashqari, Goratsiy shu darajada iltifotli va xushmuomala ediki, imperator Avgust ham uning fazilatlariga munosib baho bergan29: uni o'zimning zakiy odamcham (bo'yi pastligi uchun) deb atagan va agar qadimgilarga ishonish mumkin bo'lsa, unga davlat kotibi lavozimi bilan saroydan joy taklif qilgan. Javoban Goratsiy imperatorga itoatkorona tashakkur aytib, kamtarlik bilan rad etgan.

Goratsiy Terensiyni shu qadar yuksak qadrlaganki, uni yagona va chinakam rim komediyanavisi deb hisoblagan, Menandr bilan teng ko'rgan.

Endi bir o'ylab qaraylik-chi, Goratsiy va uning Plavtga munosabati himoyasiga avlodlar sudi oldida nima deyish mumkin, ayni chog'da Plavt ham shaksiz aybdor bo'lib ham qolmasin.

Komediya ham xuddi tragediya tarkib topgan qismlardan tarkib topadi, ularning maqsadlari ham qaysidir ma'noda mos keladi, xususan: ikkisi ham huzur bag'ishlaydi va o'git beradi. Yunonlar tragediya mualliflarini ham, komediya mualliflarini ham bir so'z bilan ataganlar - didaskaloi30. Komediya har vaqt kuldirishi lozim emas; kulgining o'zini maqsad qilib olayotganlar odamlarni ahmoq qilgan holda ko'nglini yozishnigina ko'zlaydilar. Aristotel haqli ta'kidlagandiki, kuldirishga qobillik - komediyaning qusuri, hyech bir asosli sababsiz inson tabiatini siyqalashtiruvchi o'ziga yarasha tubanlikdir. Og'riq sababli yuz bermagan aft burishtirishlar yoki beo'xshov niqoblar, betamiz masxarabozlik, masalan, aktyorning ayol libosida chiqishiyu ayolga taqlidan xotinchalish qiliqlar qilishi kabilar kulgili tuyuladi. Biz bu nav o'yinni xushlamaymiz va undan hazar qilamiz. Bu narsa qadimgi faylasuflarni donishmand odamga kulish umuman ravo emas degan xulosaga olib kelgan. Shu bois ham Platon kulayotgan xudolarni tasvirlashga jur'at qilgani uchun Gomerni shakkok deb hisoblagan. Shuning uchun ham Aristotel topib aytgan: kulgili bo'lib ko'rinish - aldoqchilar bilan tentaklar xususiyati.

«Eski komediya»ning31 o'ziga xosligi shunda ediki, u odamlarning tuban hislariga g'alati tarzda ta'sir qilish orqali kulgi uyg'otardi. Bunda u so'zlar, mazmun, personajlar tili va xatti-harakatlarining farosat va axloq-odobga nomuvofiqligidan foydalanar edi. Shuing uchun ham aniqki, «eski komediya» qo'pol va adabsiz nutqlar, hurmatli kishilarni haqoratlash, aniq shaxslar ustidan kulish, fahshona va zaharli gaplar (va boshka kutilmagan narsalar) orqali kuldirar edi. U nomussizlikni tasvirlashda ayniqsa mohir va zakiyligi bilan emas, uyatsizligi bilan farqlanar edi. Kulgining tabiati va zakosini tushungan odamlarning buni bilmaslklari mumkin emas.

Bu nav komediyalarning eng sermahsul ijodkori Aristofan bo'lib, bu borada u nafaqat Plavt, boshqa barcha komediyanavislardan ham o'tib tushdi, bugina emas, balki barcha g'alati va kulgi qo'zg'ovchi narsalarning tiplari, namunalarini yaratdi. Haqqast rost, sirka musallas achiy boshlagandagina yoqadi, shunga o'xshash, chinakam erkin hazil hayvonni - olomonni kamdan-kam kuldiradi. E'zozga loyiq va odob doirasidagi hyech narsa uning didiga o'tirmaydi. Unga faqat aql-idrok va haqiqatga monandlikka zid narsa yoqadi, yana qanchalik zid bo'lsa, shunchalik yaxshi. Deylik, masalan, olomonni savatga solib sahna ustida yuqorilatib qo'yilgan, go'yo hayotdan uzilgan faylasufni namoyon etgancha, jazvar yordamida burganing sakrash uzunligini o'lchash va odamlarga o'git berish bilan mashg'ul Suqrotning - o'sha halollik, ezgulik va munosib hayot namunasining - ko'rinishidan ko'ra ko'proq kuldira oladigan narsa bormi? Va shuni teatr zakiyligi, chinakam sahna hazili, qahqaha va birovlar ustidan kulish uchun yaralgan teatrning dramatik topilmasi deb atalgan! Ayni chog'da, beg'arazlik, haqqoniylik va samimiylik xususiyatlariga ega, oqil va o'qimishli kishilarga mo'ljallangan narsa teatrdan zudlik bilan chiqariladi. Bu -juda achchiq va ibratli haqiqat. Unga quloq tutishimiz va anglashimiz kerakki, biz, aslzoda bo'lib tug'ilganlar, bulardan - vatandoshlarimizdan farqlanib turish uchun poygayu shikordan boshqa yana nimalarni bilmog'imiz zarur? Hozircha esa biz teatrning yana qayta sayyor komediantlarning aravasiga, zakiylikning - nishxo'rdga aylanayotganini kuzatib turibmiz. <...>

Izoh va tarjimalar:

1. «Buni tutgan g'olib yunon, bag'ishlagan mag'lub Eneydir» (Vergiliy. Eneida. III,288)

2. Carmina (lat.)- qo'shiq, hirgoyi, she'r, poema; bashorat.

3. «Kastor, hamma narsani sotib olyapsan; vaqtiki hammasini sotishingga to'g'ri keladi» (Marsial. Epigrammalar, VII, XCVIII. A.Fet tarjimasi.)

4. «Sinna faqir bo'lib ko'rinmoqchi, aniqki, u - faqir». (Marsial. Epigrammalar, VIII, XIX. A.Fet tarjimasi.)

5. «Bu narsa birinchi qo'shiqdayoq ma'lum bo'ladi». (Lukretsiy. Narsalarning tabiati haqida. VI, 937, F.Petrovskiy tarjimasi)

6. Lot., «tug'ma xususiyatlar», «iqtidor»; «tabiiy xususiyatlar»

7. Lot., «Anakreonga ko'ra junun ba'zan yoqimlidir».

8. Lot., «Sog'lom fikrlaydigan kishining poeziya eshigini qoqishi zoe».

9. Lot., «Junun aralashmagan ulug' daho hyech qachon bo'lgan emas. Agar aqlni his zabt etmasa, u nedir ulug'vor narsani ifoda etolmaydi». (Aristotel. Kategoriyalar, XXX, I.)

10. Lot., «Vujudimizda xudo yashaydi, qachonki u yolqinlansa, ruhimiz yuksaklarga parvoz qiladi»

11. Yustus Lipsiy (1547-1606) - flamand filologi, o'z davrining yirik tarixchilaridan biri. Uning asosiy ishi - Tatsit asarlarining nashri hozirda ham klassik ish sanaladi.

12. Lot., «Bilamanki, me'yordan ortiq ilohiy ilhom zarrasidan mahrum bironta ham yaxshi shoir o'tgan emas».

13. Mediocres (lot.) - «mo'tadil», «o'rtamiyona»; imos (lot.) - «ahamiyatsiz».

14. Lot., «Faqat qirol va shoirgina har yili tug'ilmaydi».

15. Lot., «Mashq», «amaliyot», «tajriba».

16. Lot., «birdan», «tayyorgarliksiz».

17. Valeriy Maksim - mil.av. I asrda yashagan rim yozuvchisi.

18. Lot., «taqlid».

19. Lot., «o'qish», «mutolaa».

20. Lot., «san'at - gulchambar»

21. Ioann Stobey (yoki Stobeyli) - mil.av. VI asrning birinchi yarmida yashagan vizantiyalik kompilyator. O'g'li Septimiyni tarbiyalash uchun tuzilgan besh yuzdan ortiq antik mualliflardan olingan ko'chirmalar yig'ilgan ulkan majmua uning asosiy asari deb hisoblanadi.

22. Simul - mil. av. IV asrda yashagan yunon yozuvchisi.

23. B.Jonson yunoncha iqtibos keltiradi, biroq shu joyda o'z tarjimasini ham beradiki, bu joyda o'sha tarjimadan foydalanildi.

24. Lisipp - mil.av. IV asrda yashagan qadim yunon haykaltaroshi, so'nggi klassikaning ko'zga ko'ringan namoyandasi; «Arelning qalami» - B.Jonson kim haqida gapirayotganini hanuzgacha aniqlab bo'lmadi..

25. Agar ilohlarga yig'lash ravo bo'lganida edi

Shoir Neviyga Muzalar go'yandalik qilur edilar.

Zero, u Aid mulkiga rixlat qilgandan buyon

Rimda lotincha so'zlashishni unutdilar.

Gney Neviy (mil.av.III asr) - rim shoiri va dramaturgi, 32 ta komediya muallifi. Uning «Puniya urushi» poemasi rim milliy eposining ilk namunalaridan sanaladi.

26. Lutsiy Eliy Stilo - qadimgi rim grammatigi, Varron va Sitseronlarning ustozi.

27. Lot., «Agar Muzalar lotincha gapirishni ixtiyor etganlarida, ular Plavt uslubida gapirgan bo'lur edilar»; «donishmand Marko Varron - Mark Terensiy Varron nazarda tutiladi.

28. Perikl (taxm. mil.av. 495-429 yy.) - Afina davlatining buyuk siyosiy arboblaridan biri, notiq.

29. Avgust (mil.av. 63-mil.14-yy.) - birinchi Rim imperatori.

30. Yun., «ustozlar»

31. «Eski komediya» - bu tushuncha Aristofan tipidagi komediyalarga nisbatan qo'llanadi, uni Skaliger va Uyg'onish davrining boshqa tanqidchilari rim satirasining prototipi deb bilganlar. Eski komediya «yangi komediya»ga - Menandr, Plavt, Terensiylarning asarlariga qarshi qo'yiladi. Skaligerga ko'ra, eski komediya asosan o'zining o'ta keskinligi va muallif hurujlarining shaxsiy yo'naltirilgani bilan farqlanadi.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov.- M.,1980.- s.174-201

Ioaxim dyu Belle

«Fransuz tili himoyasi va madhi»

1

... tillar misoli giyohlar, butayu daraxtlar singari o'z-o'zicha unib, birisi zahilu nimjon, boshqasi durkunu baquvvat, inson tafakkuri yukini ko'tarishga qobil bo'lib o'smaydilar; yo'q, ularning qudrati insonlarning irodasi va istagi bilan vujudga keltiriladi.

2

Shu bois ham men o'zlarining na yunonlarga va na lotiniylarga hyech bir aloqalari bo'lmagani holda fransuz tilida neki yozilgan bo'lsa barini stoiklarga munosib mutakabbirlik bilan pastga urib inkor qiluvchi ayrim fransuzlarning ahmoqona takabburligi va andishasizligini, ayniqsa, qattiq qoralayman; shuningdek, men ayrim olimlarimizning, go'yo har qanday yangi fikrning yaxshi yomonligi uning qaysi tilda ifodalangani bilan belgilanadiganday, milliy tilimiz nafis adabiyot va ilm-fan uchun yaroqsiz deb bilishlariga muttasil lol qolib kelaman.

3

Mazkur da'volar, mening fahmlashimcha, xolis baho berishga qodir kishilarni hyech kim, ayniqsa, fransuz tilini o'z ona tilisi deb bilgan hamda na yunonlar va na lotiniylardan hyech bir jihatda past turmaydiganlar bu tilni, garchi g'animlarimiz va bunga hyech bir haqqi yo'q odamlar uni yovvoyilar tili deb atasalar-da, bu tilni aslo pastga urmasligi lozimligiga ishontirishga qobildir.

4

Bo'lishi mumkin, vaqtlar kelib (men esam fransuzlarning tole yulduziga ishonaman), bu oliyjanob va kuchli qirollik dunyoda qudrat jilovini qo'lga olganida, hozirda endigina tomir yozib yerni yorib chiqayotgan tilimiz unib-o'sadi va gurkirab kuchga (faqat agar Fransisk bilan birga ko'milib ketmasa) kiradiki, o'shanda u bemalol yunon va greklarning tili bilan bo'ylashadi, ularga o'xshab Gomer, Demosfen, Vergiliy va Sitseronlarni dunyoga keltiradi <...>

(1-kitob, 3-bob)

5

Men milliy tilimizni hozirgi holatida na tuban, va na manfur deb bilmayman, yunon va lotin tillarining gerdaygan muhiblari (ular hatto ishontirish ilohasi Peyfo bo'lganlarida ham) singari arzirli narsalarni faqat xalqqa tushunarsiz xorijiy tillardagina ifodalash mumkin deb o'ylamayman ham. Kimki yaxshiroq razm solsa ko'radiki, bizning fransuz tilimiz boshqa tillardan olingan o'zlashmalarni aniq ifodalay olmaydigan darajada qashshoq yoki fidoyi kishilarning mahorati va jonboziligi orqasida ham tafakkurning munosib mevalarini berolmaydigan darajada bemahsul emas, faqat agar o'z vatanini sevgan va o'zini qadrlagan kishilar bu ishga astoydil kirishsalar.

6

... bizning tilimiz tug'ilgan chog'i na xudolar va na yulduzlar unga marhamatsiz bo'lmaganlarki, u ham boshqa tillar singari yuksak maqom va mukammallikka erisha olmasa, zero, biz barcha ilmlarni aniq va mufassal bayon qilishga qobilmiz, ko'plab yunon va lotin tillaridan qilingan tarjimalar, shuningdek, davrimizning eng yaxshi mualliflari qalamiga mansub italyan, ispan va boshqa tillardan o'girilgan kitoblar shuning dalilidir.

7

Men buni yuqoridagilarning izohi uchun aytmoqdaman: qadimgilar o'zlariga ona suti bilan singdirgan tilda so'zlashganlar, bu tilda olimu omi - agar birgina farqni, ularning fanlar va notiqlik san'atini egallaganlari boshqalarga qaraganda ulug'vorroq so'zlaganlarini aytmasak - birdek fikr almasha bilganlar. Shu bois bu saodatli davrlar yaxshi shoirlaru notiqlarga boy edi. Shu bois hatto ayollar ham notiqlik va olimlik sharafiga sazovor bo'lganlarki, masalan, Safo, Korinna, Korneliya va minglab boshqalarining nomlari yunonlar va rimliklar haqidagi xotiramizga bog'lanadi.

Xomtama bo'lmang, taqlidchilar - o, mute poda,- Siz ular erishgan mukammallik cho'qqisini zabt etolmassiz: axir, Siz ularning tilini ulkan mashaqqatlar bilan o'zlashtirdingiz, buning uchun umringizning eng yaxshi qismini sarf etdingiz. Siz milliy tilimizni faqat shuning uchun mensimaysizki, uni bolalikdan va yo'l-yo'lakay o'rganamiz, boshqa tillarni o'zlashtirish esa mehnat va mashaqqatni taqazo etadi. Agar u ham yunon va lotin tillari singari o'lik bo'lib, faqat adabiyot bag'ridagina yashab turganida, , uni o'rganish ham yunon va lotin tillarining o'rganilishi kabi qiyin bo'lishi muqarrar bo'lur edi. Men «qiyin» so'zini atayin ishlatdim, zero, insonga xos qiziquvchanlik kishilarni noyob va erishilishi qiyin narsalar ortidan quvib yurishga moyil etadi; holbuki, mushk anbaru munaqqash toshlar inson hayotida oddiy non va may kabi muhim emas. Men bir tilni tushunilishi qiyin bo'lgani uchungina boshqasidan yaxshiroq deb hisoblashga hyech bir asos ko'rmayapman, faqat agar siz Likofron kamroq tushunarli bo'lgani uchun Gomerdan, Lukretsiy esa xuddi shu sababga ko'ra Vergiliydan yuksakroq turadi demasangiz.

8

Men tilimizni o'ta yuksakka ko'tarmayman, sababi, bizda hali na o'z Sitseronlarimiz, na o'z Vergiliylarimiz bor; biroq shunday demoqqa jur'at qilamanki, agar xalqimizning fozil kishilari o'z tillarini rimliklar lotin tilini qadralaganlari kabi yuksak qadrlaganarida edi, u ma'lum vaqtdan so'ng eng mashhur tillardan biriga aylangan bo'lur edi.

10

... ulug'vor asarlar yaratishni niyat qilganlarga aytib qo'yishni lozim topaman: yunonlarga taqlidan yangi fransuzcha so'zlar o'ylab topish, o'zlashtirish, yaratishdan cho'chimang. O'z tiliga nisbatan Sitseron ham xuddi shunday yo'l tutgandi. Axir, yunonlar bilan lotiniylar bu masalada injiqlik qilganlarida, ular hozirda tillarining boyligi haqida og'iz ko'pirtirib maqtana olarmi edilar?

11

... sof fransuzcha so'zlarni qo'lla, biroq ular o'ta oddiy ham, o'ta g'ayri odatiy ham bo'lmasin; ba'zan esa, misoli uzukka qimmatbaho toshlardan ko'z qadagandek, ko'hna so'zlarni ishlat, bunda "olli" o'rniga "illi", "aulai" o'rniga "aulae" tarzida so'z qo'llagan Vergiliydan o'rnak ol. Buning uchun qadimgi fransuz romanlari va virshalariga bir qur nazar solishing kifoyaki, ularda "faire jour" o'rnida ishlatish uchun "ajourner"(bu so'zdan bizning qonunshunoslarimiz foydalanadilar) "faire nuyt" o'rniga "anuyter", "frapper ou on visait" (ya'ni, qulochkashlab urmoq) o'rniga "assener", "leger" o'rniga "isnel" kabi minglab sara so'zlarni topa olasanki, ularni biz o'zimizning loqaydligimiz orqasida yo'qotganmiz.

12

Yana shuni ham maslahat berardimki, sen faqat olimlar bilangina emas, balki goh-goh turli kasb egalari, ustalar va ishchilar - kemasozlar, degrezlar, rassomlar, kandakorlar va boshqalar bilan ham muomalada bo'lib tur, shuningdek, ularning kashfiyotlari, ishlatadigan ashyo va asbob-uskunalarining nomlari, o'z faoliyatlarida qo'llanuvchi iboralar bilan tanish, toki sen bulardan o'xshatishlarda va turli narsalarni jonli tavsiflashda foydalana oladigan bo'lgin.

13

Nima uchunbiz o'zgalarga shunchalar mahliyo bo'lamiz? Nima uchun o'zimizga nisbatan shunchalar adolatsizmiz? Nima uchun xuddi o'z tilimizdan or qilgandek o'zga tillardan sadaqa tilaymiz?

14

Sitseron bilan Vergiliy lotin tilida yoza boshlaganlarida, rimliklarda poeziya va notiqlik murg'ak yoshda, yunonlarda esa kamolot cho'qqisida edi. Agar men zikr etgan zotlar o'z tillarini mensimay yunon tilida yozganlarida edi, ularning Gomer va Demosfen bilan tenglasha olishlari mumkin bo'larmidi? Shunga monand, Petrarka bilan Bokachcho ham, lotin tilida ham ko'p va xo'b yozgan bo'lsalar-da, o'z tilida yozmasalar, o'zlariga nasib etgan shuhratu sharafga erisholmagan bo'lur edilar.

Xrestomatiya po zarubejnoy literature. Epoxa Vozrojdeniya.

M.:Uchpedgiz, 1959.- S.588-593

Fransua Oje

Jan de Shelandrning «Tir va Sidon»

tragikomediyasiga so'z boshi

O'quvchiga

Janob Shelandrni ushbu pesani e'lon qilishga undagan asosiy sabablardan biri kaminaning fikri bo'lgan ekan, o'ylaymanki, shu munosabat bilan unga bildirilishi mumkin bo'lgan barcha e'tirozlar uchun javobgarman, u esa ushbu qilmishi uchun aybni menga qo'ygan holda o'zini har qanday ayblovdan soqit qilishga haqlidir. <...>

Qadimgi shoirlar tomonidagilar bizning muallifimizni koyish uchun, yangilar tomonida turganlar esa maqtash uchun yetarli asos topa biladilar. Avvalgilari - biz fikrlariga imkon qadar ishonadigan olim kishilar - aytadilarki, bizning tragikomediyamiz qadimgilar, ya'ni bir kun doirasiga sig'maydigan voqyealarni tasvirlashga hyech qachon mayl qilmagan salaflarimiz, teatr uchun belgilab bergan qoidaga zid ravishda qurilgan. Bizda esa pesaning birinchi qismi ham, ikkinchi qismi ham bir kun doirasiga sig'dirib bo'lmaydigan, sodir bo'lishi uchun uzoq vaqt talab qiladigan voqyealarni o'z ichiga oladi.

Bunga javoban biz aytamizki, qadimgilar bir-biridan uzoq vaqt bilan ajralgan voqyealarni bir necha soat doirasida birlashtirish zarurati natijasida yuzaga keluvchi qiyinchiliklardan qochishga urinib, ahamiyati o'zlari yo'l qo'ymaslikka harakat qilgan xatolardan aslo kam bo'lmagan ikkita xatoga yo'l qo'yganlar. Mualliflar tomoshaning yoqimli bo'lishini voqyealarning turli-tumanligi ta'minlashini bilgan holda bir kun doirasiga juda ko'p tasodifu kutilmaganliklarni tiqishtirganlarida, bu xatolardan biri yuzaga keladiki, buncha qisqa vaqt davomida shuncha voqyeaning sodir bo'lishi mumkin emasligi aqlga ayon. Bu narsa mushohadali tomoshabinni <...> noxush hayratga soladi. Mazkur kamchilik qadimgilarning deyarli barcha pesalarida ko'zga tashlanadi <...>

Hatto pesaning izchilligi haqida boshqalardan ko'proq qayg'uradigan Sofokl ham bilimdonlar tomonidan mukammal namuna deb tan olingan «Shoh Edip»da shunga o'xshash nomuvofiqlikka yo'l qo'yadi: zero, hademay sahnada zarur tushuntirishlar olish maqsadida keltirish uchun odam yuborilgan sobiq xizmatkor (Kreont Delfdagi bashoratchi huzuridan qaytib kelgandan so'ng va hyech kim Lay o'limida kim aybdorligini aniqlay olmay turgan vaqtda) paydo bo'lishi kerak bo'lgan bir paytda, mazkur shoir bir vaqtlar hozir yetib kelishi kutilayotgan keksa xizmatkor qo'lidan go'dak Edipni tarbiyat qilish uchun olgan cholni Korinfdan tasodifan yetib kelishga majbur qiladi. Shunday qilib, tragediya bir kun doirasidan chiqib ketishidan cho'chigan shoir bir damdayoq hamma narsani ochib beradi. Bu o'rinda korinflik cholning tuyqus kirib kelishi avvaldan belgilab rejalashtirilganini yoki uning atayin chaqirtirilmagani holda Layning keksa xizmatkorini keltirish uchun odam yuborganlaridan keyinoq paydo bo'lib Edip bilan gaplasha boshlashi haqiqatga mutlaqo monand emasligini kim ham ko'rmaydi? Axir, hamma narsa, haqiqiy shart-sharoitlarga zid o'laroq, bu personajlarni bir-biriga uchrashtirish va bir lahzada baxtsiz podsho o'limi sirlarini ochib berishga qaratilgani nahot tushunarli bo'lmasa?

Voqyealardan qaysidir birini tasavvurdagi ertaga o'tkazishni man etuvchi qoidaga amal qilinishi yana shunga olib keladiki, shoirlar ayrim voqyealarni bevosita ketma-ketlikda kelishga majbur qiladilar, holbuki, ularni ma'lum vaqt bo'shlig'i ajratib turmog'i lozim edi. Jumladan, Esxilda Agamemnon1 jasadining hashamat bilan, go'yandalar va may sunuvchilarning uzundan-uzoq safi hamrohligida olib chiqilishi Agamemnon o'ldirilishi bilanoq amalga oshiriladi. Garchi yuz bergan qotillik butun podsho xonadonini shoshirib-esankiratib qo'ygan bo'lishi, garchi qotillar jasadni yashirib qo'yishlari yoki olib chiqib ketishlari, garchi bu o'rinda harakat shiddatli tus olishi va g'azab, hamdardlik, intiqom hislariga to'lib ketishi lozim bo'lsa-da, - biz bu ma'raka hali tanasidagi jarohat qoni qurib ulgurmagan, sirasini aytganda, hali yarimjon holatdagi badbaxt podshohni ulug'vor hashamat va xotirjamlik bilan kuzatib borayotganini ko'ramiz.

Tragediya voqyealarini kun chiqishidan to kun botguncha bo'lgan vaqt oralig'iga joylashga harakat qilgan qadimgi shoirlar yo'l qo'yadigan ikkinchi nomuvofiqlik jarchilardan foydalanish zarurati tufayli yuzaga keladiki, bu jarchilar avvalgi kunlari qanday voqyealar yuz berganini hikoya qiladilar va ayni vaqtda sahnada amalga oshayotgan xatti-harakatlarning sabablarini tushuntirib beradilar. Oqibat bu jarchilar deyarli har bir pardada intrigalarni batafsil tushuntirish bilan tomoshabinlar vaqtini oladilarki, bu esa hatto eng xayrxoh tomoshabinning ham toqatini toq qiladi. Chndan ham, pesadagi butun harakatini bitta odam egallab olsa, zerikarli bo'ladi; bundan tashqari, bir-bir ketin beto'xtov kirib kelayotgan jarchilarni qabul qilish yaxshi tragediyadan ko'ra durust qahvaxonaga ko'proq yarashadi. Yaxshisi boshqa odamlar bilan nimalar sodir bo'lganini tavsivlovchi bunday mijg'ov safsatabozlardan imkon qadar voz kechish, uzundan-uzoq hikoyalarni tarixchilar yoki sahnalashtirilayotgan pesalarga dalillar yaratishni kasb etganlarga qoldirib, personajlarning barini voqyea bilan qamrab olmoq kerak2.

Sizdan so'ragim bor, Esxilning «Forslar»i bilan Kserks va yunonlar orasidagi to'qnashuv haqidagi oddiy xabar o'rtasida zarracha bo'lsa ham farq bormi? Shu pesa darajasida chuchmal va bemaza boshqa yana biron narsa topilarmikin? Axir, o'quvchining nafratini qo'zg'ayotgan narsa barcha rollarni birgina jarchi o'ynaganiyu muallifning hozirda bizni chekinganimiz uchun asossiz ayblashayotgan qoidadan chekinishni istamagani emasmi? Sirasi, men Marafon, Salamin va Plataning3 shonli kunlari vatanining ozodligi uchun jangga kirish uchun mardligi yetgan shoirning asarlariga tirg'alish niyatidan yiroqman. Forslarning qochishi to'g'risida o'ziga yoqqandek muhokama qilish ixtiyorini uning o'ziga havola etaylik-da,- boz ustiga, ularning mag'lub etilishiga o'zi katta yordam bergan,- davom etaylik.

Poeziya, ayniqsa, uning teatr uchun yaratilgan turi, faqat huzur bag'ishlash va ko'ngil ochishga intiladi, huzur esa sahnada taqdim etilayotgan voqyealarning xilma-xilligidangina kelib chiqishi mumkin. Shoirlar bunday xilma-xil voqyealar bir kun doirasiga osongina sig'masligini sezishgach, o'ta tor doirada siqib qo'yilgan salaflarining odatlarini asta-sekinlik bilan tark etishga majbur bo'ldilar. Bunday o'zgarish qadimning o'zidayoq yuz ko'rsatgan. Kim Sofoklning «Antigona»sini diqqat bilan o'rgansa, u Polinikning birinchi va ikkinchi bora dafn etilishi orasida bir tun kechishini ko'ra oladi: zero, axir, tun zulmati yordam bermaganida, birinchi safar Antigonaning badbaxt shahzoda jasadini qo'riqlayotgan soqchilarni aldashi va shuncha nigohdan pinhon qolishi mumkin bo'larmidi? Ikkinchi safar esa u havoning buzilgani va soqchilarni panalashga majbur qilgan kuchli jaladan foydalangan holda keladi, bo'ron ayni avjiga chiqqan mahal akasini dafn etib, marhumga so'nggi e'zozni ado etadi. Shunday qilib, Antigona haqidagi tragediya kamida ikki kunlik voqyealarni tasvirlaydi, chunki ushbu malikaning «jinoyati»ga kuppa-kunduz kuni Fiva oqsoqollari huzurida e'lon qilingan Kreontning farmoni turtki bergan. Bu tragediyadagi voqyealar tartibi quyidagicha: Kreontning kunduzi qabul qilgan va e'lon qilgan qarori (boshqacha aytsak, ta'qiqi), Polinikning birinchi daf'a, mening o'ylashimcha, tunda amalga oshgan dafn etilishi; kun yarmida qo'zg'algan bo'ron paytida ikkinchi bor dafn etilishi. <...>

Aytilganlardan ko'rinadiki, qadimgilar va boshqa teatr san'atining eng yaxshi bilimdonlari hozirda biz, tanqidchilarimizning fikricha, muqaddas deya amal qilishimiz lozim bo'lgan qoidaga doim ham amal qilgan emas ekanlar. Agar ular aksariyat hollarda bu qoidaga rioya qilgan bo'lsalar ham, aslo tomoshabin tasavvuriga ma'qul qilmoqni o'zlarining burchi deb bilganlari uchun emas, balki salaflar ochgan yo'ldan ko'p chetga chiqish uchun o'zlariga izn bermaslikka odatlanib qolganlari uchundir. Bu shundan ham ayon bo'ladiki, qadimgilar teatrdagi kichkina o'zgarishga ham davlat qurilishidagi muhim va sezilarli o'zgarishdek qaraganlar.(Sofoklning koturnlarni kashf etgani va ilgari o'n ikki kishidan tashkil topgan xorga yana uch kishini qo'shgani salmoqli o'zgarish bo'lmay, faqat aktyorlarning bo'yi va xordagilar soniga taalluqli edi, sirasi, xor har vaqt, undagi odamlar soni va sifatidan qat'i nazar, yaxshi bo'lgan emas).

Mening fikrimcha, qadimgi tragiklarning ilk namunalardan ozginagina, shunda ham nihoyatda ehtiyotkorlik bilan chekinishga jur'at qila olganlariga ikkita sabab mavjud. Birinchisi shuki, ularning tragediyalari ibodat va diniy marosimlarning bir qismini tashkil etgan. Bunda esa har qanday yangilik nafrat uyg'otigani, o'zgarishlar esa, agar ular o'z-o'zicha va go'yo sezilmaganday yuzaga kelmasagina, bartaraf qilish qiyin kelishmovchiliklar keltirib chiqargani bois, shoirlar qaror topgan odatlarga nomuvofiq nimadir qilishga jur'at etmaganlar. Ehtimol, shu tufaylidir, ular hatto qotillik bilan bog'lik kechadigan yo yakunlanadigan, yo qandaydir boshqa yovuzliklarga esh dahshatli voqyealarni tasvirlaganlarida ham, hyech vaqt tomoshabin ko'z o'ngida qon to'kmaganlar, ulug'vor marosimni zo'ravonona qotillik manzarasi bilan bulg'ashdan qo'rqib, barcha yovuzlik va xunxo'rlik bilan bog'liq amallar sahnadan tashqarida yuz berayotganiga ishora qilganlar. Masalan, diqqat bilan qaralsa, Sofoklning Ayaksi o'zini sahnada emas, yaqindagi chakalakzorda o'ldirgani ko'riladiki, o'sha joydan uning ovozi va so'nggi nafaslari eshitilib turadi.

Qadimgi tragediyalarning bari deyarli bir xil qiyofaga egaligiyu xor va jarchilarga birdek to'laligining ikkinchi sababi shundaki, shoirlar tomoshabinlarga ma'qul kelgan muallif uchun tayinlangan mukofotni olish ilinjida xalq va hakamlar istagiyu didiga moslab yozishga majbur edilar; ular esa, hyech shubhasiz, asar yozishda ilgaridan amal qilib kelingan tartiblarga rioya qilmaganlarni musobaqalashuvchilar qatoriga kiritmas edilar. Shuning uchun ham biz qadimgi tragiklarning deyarli barchasida bir xil syujetlar ishlangani, Esxil, Sofokl va yevripidlar (faqat shu tragiklardangina bizgacha to'liq asarlar yetib kelgan) o'xshash dalillardan foydalanganini ko'ramiz. Xuddi shu sababga ko'ra, syujetlar va dalillar grek xalqiga yaxshi ma'lum, miqdori uncha ko'p bo'lmagan rivoyat yoki tarixlardan olingan: zero, greklar Fiva yoki Troyadan boshqa joyda yuz bergan voqyealarga asoslangan teatr tomoshalarini ma'qullamagan bo'lur edilar4. Eslatib qo'yay, Esxil tragediyalarini favqulodda ma'qullash bilan qarshilagan afinaliklar istisno tariqasidagi imtiyoz sifatida bu tragedilar muallif o'limidan so'ng ham sahnada o'ynalsin degan istakni bildirdilar. Bundayin yuksak e'tirof Esxil ortidan kelgan tragik shoirlarga shu mashhur namunadan ko'p chekinmaslik kerakligini, shuningdek, xalqning fikri bilan hisoblashish zarurligi, chunki u chinakam xo'jayinligini ko'rsatib qo'ydi.

Keyin esa yunonlardan ilmlar va so'z san'atlarini o'zlashtirgan va ularning kashfiyotlariga tobe lotiniylar ilgari o'rnatilgan chegaralarni, ayniqsa, biz hozir muhokama qilayotgan chegaralarni jildirishga jur'at qilmadilar. Haqiqatda ham, yunonlarga taqlid qilgan va hatto tarixiy va lirik poeziya bobida ilg'orlikni talashgan rimliklar bor-yo'g'i ularning tragediyalarini tarjima qilish bilan qanoatlanganlar (yoki deyarli qanoatlanganlar) va Gretsiya sahnalarida ko'p bor namoyish etilganlardan boshqa qandaydir syujetlarni tanlagan emaslar. <...>

Lotiniylardan so'ng teatr, boshqa nafis so'z san'atlari kabi, o'z holiga tashlab qo'yildi, varvarlik ustuvor bo'ldi5. Sheriklikdagi podshohlikka so'z san'atlarining uzoq sabr qilishiga to'g'ri keldi, faqat otalarimiz davriga kelibgina ular yana o'z hokimiyatini tiklay oldilar. Biroq bu tiklanishga ko'plab xatolar hamroh bo'ldi - biroq bu o'rinda ularni muhokama qilish mening maqsadimga kirmaydi... <...> Men esa bu o'rinda birgina poeziya bilan cheklanaman va aytamanki, qadimgilarga taqlid qilish ishtiyoqining o'ta qizg'inligi bizning ilk shoirlarimizga salaflari bilan shuhratda va asarlarning mukammalligi borasida tenglashishga halal berdi. Ular bir muhim narsani, ruhoniy hayotda millatlarning didi xuddi jismoniy hayotdagi bo'lgani kabi bir-biridan farqlanishini, xuddi mavrlar (arablar),- uzoqqa borib yurmaylik,- ispanlar biz Fransiyada qadrlaydigandan ko'ra o'zgacha go'zallikdan hayratlanganlari, o'z ma'shuqalarida biz o'z mahbubalarimizda izlaydigan tana qismlari mutanosibligi va yuz tuzilishidan tamom farqli jihatlarni izlaganlari, ular orasida go'zallik haqidagi tasavvurlari biz badbashara degudek chizgilarga ega kishilarni uchratish mumkin bo'lganidek, hyech shubhasiz, har bir xalq ruhi, uning intilishlari o'sha xalqni boshqalardan keskin farqlashini e'tiborga olmagan edilar. Xuddi shu gapni har bir xalqda ma'naviy-ruhoniy ijod,- poeziya ham shu siraga kiradi,- mahsullarining go'zalligi tug'dirgan hislar haqida ham aytish mumkin; biroq bu gap falsafa bilan bog'liq poeziyaga taalluqli emas: zero, falsafa har qanday odamning ongi, u qaerda tug'ilganidan qat'i nazar, oliy ezgulikka erishish uchun nima qilish zarurligi haqida yagona fikrga kelmog'i kerak deb biladi va o'z imkoni darajasida hamma uchun bitta bo'lgan haqiqatni izlash yo'lida birlashtirishga intiladi. Endi shunday oddiygina yoqimli va falsafaga taalluqli bo'lmagan masalalarga kelsak, bunda falsafa o'zimizga yoqqan fikrga ega bo'lishimizga izn beradi va bu sohaga o'z hukmini o'tkazmaydi.

Shu haqiqatni tan olinsa bo'ldi, o'sha onning o'zidayoq hozirda qadimgilarning asarlarini tanqid qiluvchilar bilan ularning himoyachilari orasida tez-tez kelib chiqayotgan ziddiyatlarni xotirjam va beg'araz muhokama qilish imkoni tug'iladi. Men Pindarni tentak va ahmoq6, Gomerni parishonxotir va h. va sh.k. deb atayotgan ikki yoki uchta qofiyabozni, shuningdek, keyingi vaqtda ularga jo'r bo'layotganlarni koyimay qo'ya olmayman; biroq Gomer va Pindarni mukammal namuna, qaysiki, biz zarracha chekinishga haqli bo'lmagan namuna sifatida tavsiya etilayotgani ham g'alatligi jihatidan bundan kam ko'rinmaydi. Bunga javoban aytish kerakki, yunonlar Gretsiya sharafi uchun mehnat qilganlar va o'sha davrning e'tiborli kishilariga ishonsak, bu borada muvaffaqiyat topdilar; bas, biz ayrim ijodkarlarimiz singari ularning ijodiy niyatlari va go'zal uslublari ortidan izma-iz yurishni o'zimizga burch qilib olib emas, balki o'z yurtimiz zakosi va tilimizning xususiyatlariga haq berib, ularning izzatini joyiga qo'ygan holdagina ularga yaxshi taqlid qilgan bo'lamiz. Faqat, har qanday boshqa ishda talab etilganidek, oqilona ish tutishimiz hamda qadimgilardan faqat bizning zamonamiz va xalqimiz tabiatiga muvofiqlashtirish mumkin bo'lgan narsalarnigina olishimiz darkor; buni, aqlga ayonki, umumning ma'qullashi ostida shuncha asrlarni yashab o'tgan asarlarga so'kish yog'dirmagan holda qilmoq kerak. Ilgari bu asarlarga hozir biz qarayotgandan o'zgacharoq nigoh bilan qaraganlar, ularda hozirda bizning nigohimizdan pinhon, tug'ilganidan boshlab Attika havosidan nafas olmagan va qadimgi Gretsiyaning alp eranlari orasida ulg'aymagan odamning topishi mushkul bo'lgan fazilatlarni ko'rganlar.

Darhaqiqat, bizning me'damiz o'zga yurtlarning aholisi huzur bilan tanovul qiladigan ma'lum shirinlik va mevalarni qabul qilmaganidek, ongimiz ham bir vaqtlar qadimgilarda ulkan hayrat uyg'otgan zakiylik va koshiflikni ma'qullay olmaydi (afinaliklar, shubhasiz, Pindar she'rlarida hozir biz topayotgandan tamom boshqa fazilatlarni ko'rganlar,- zero, afinaliklar bu shoirni shaharga tuhfa etgan birgina so'zi uchun hozirgi podshohlar o'zlarining sharafiga bitilgan «Iliada»lar uchun taqdirlagandan ko'proq taqdirlaganlari bejiz emas).

Demak, biz qadimgilar amal qilgan qoidalarga ko'r hassasiga yopishgandek yopishib olishimiz kerak emas; aksincha, bu qoidalarni zamon, joy va odamlarga tatbiqan o'rganib chiqish va bizda foydalanishga moslab kerak joyida to'ldirish yo qisqartirishimiz kerakki,- buni Aristotelning o'zi ham ma'qullagan bo'lur edi. Zero, hatto shu, oliy ong hukmronligini muqarrar etishga intilgan va xalq fikrini e'tiborga olmagan faylasuf ham shoirlar rollar ijrosini osonlashtirish uchun komediantlarga qulaylikni hisobga olishlari, shuningdek, imkon boricha tomoshabinlarning zehni pastligiyu qaysarligini unutmasliklari kerakligini aytib o'tishni faromush qilmagan. Shubhasiz, u butun boshli millatning istagi va fikriga qo'shilgan va, agar uning biz kabi betoqat va o'zgarishlarni suyadigan xalq qarshisida o'ynaladigan pesalar uchun qoidalar ishlab chiqishiga to'g'ri kelganida edi, bizni jarchilarning o'ta tez takrorlanuvchi hikoyalariyu yuz ellik misralab cho'zilgan xor qismlari (xuddi yevripid o'zining «Ifigeniya Avlidda»sida qilgani kabi) bilan toliqtirishdan o'zini tiygan bo'lur edi.

Qadimgilarning o'zlari ham teatrlarining nomukammaligi va tomoshabinlarni zeriktiruvchi bir xilligini his etganlar, shuning uchun intermediyalar sifatida satiralarni kiritishga majbur bo'lganlarki, bundagi betizgin badkalomlik va eng e'tiborli kishilarga huruj qilish bilan omma e'tiborini tortganlar: odamlar, odatda, o'zgalar haqidagi yomon gaplarni eshitishni xush ko'radilar.

Qadimgilar tomonidan pesalarning bu yo'sin qurilishiyu qismlarining mazkur tartibda joylashtirilishi bizga italyanlar kiritgan tragikomediyani osongina oqlash imkonini beradi, chunki muhim va nojiddiy narsalarni nutqning bir oqimida birlashtirish va rivoyat yo tarixga asoslangan yaxlit syujetga qamrash tragediyaga chetdan, unga mutlaqo aloqasi bo'lmagan, tomoshabin nigohi va xotirasini shoshiradigan satiralarni kiritishdan ko'ra maqbulroqdir. Bitta pesaning o'zida goh jiddiy, muhim va fojeali, goh esa jo'n, o'tkinchi va kulgili narsalarni muhokama etuvchi kishilarni harakatlantirish ma'qul emas deb hisoblovchilar esa hayotning o'ziga xos xususiyatlarini, unda inson chekiga baxt yo baxtsizlik tushganiga bog'liq holda ko'pincha bir kun, hatto bir soat ichida kulgi bilan ko'z yosh, farog'at bilan qayg'u almashinib turishi mumkinligini e'tibordan qochiradilar. Qachonlardir xudolardan biri quvonch bilan qayg'udan yagona aralashma qilmoqni istagan-u, maqsadiga yetolmay, hyech yo'q ikkisini bir-biriga qo'shib qo'yishga qaror bergan. Shuning uchun ham ular bir-biri bilan muntazam almashinib turishadi. Tabiatning o'zi bu ikkisining orasida zarracha farq yo'qligiga guvohlik beradi: musavvirlar qaysi mushak va nervlar harakati yuzimizda tabassum zohir etsa, chuqur qayg'udan darak beruvchi g'amgin qiyofaga kirishimizda ham xuddi o'sha mushak va nervlar xizmat qilishini fahmlaganlar. Sirasi, qadimgi qoidalardagi hyech nasrani o'zgartirmaslikni talab qiluvchilar faqat so'zlarga yopishadilar, mohiyatga emas: zero, yevripidning bir tomonda satir va silenlarning o'zaro hazillariyu mayxo'rligi, ikkinchi tomonda esa o'yilgan ko'zlaridan oqqan qoniga belangancha yotgan qahr jazavasidagi Polifemni tasvirlagan «Kiklop»i tragikomediya bo'lmasdan nima, axir?

Demak, qarshimizda, garchi nomi yangi bo'lsa ham, qadimgi kashfiyot turibdi; faqat undan maqbul tarzda, personajlarni syujet va xushaxloqlik talabiga mos gapirtirgan va vaqtida tragediya koturnlaridan (menga shunday deyishga izn berilsin) tushib komediya shippaklarini kiyishni uddalagan holda foydalanish lozim bo'ladi. Bizning muallif xuddi shunday qiladi.

Tragediya va komediya kabi poeziyaning bir-biridan katta farq qiluvchi turlariga xos uslublar ham o'zaro qay darajada farqlanishi lozimligi hammaga ma'lum: birinchisiga yuksak, ulug'vor va tantanavor, ikkinchisiga oddiy va jiddiyati kamroq uslub muvofiq. Pliniy Kichkina hazil tariqasida shahar tashqarisidagi uylaridan birini Tragediya, ikkinchisini Komediya deb atagani bejiz emas: ulardan birinchisi tog'da, ikkinchisi esa pastda, dengiz bo'yida joylashgan edi.

Xuddi har bir uyning joylashishi uni o'zicha yoqimli qilganidek, umid qilamanki, muallifimizning uslubi yuksak pardalarga ko'tarilib, Farnabazni o'zining ulug'vorligi va omadliligini his etgan hukmdorga xos jiddiyat bilan va muhim masalalardan gapirtirgan o'rinlarda ham, quyi pardalarga tushib, sevgi mojarolarida o'rtakashlik qilgan Timadonni7 yoki qichlar libosiga burkangan pajning cholni laqillatgan o'rinlarda ham qanoatlantira oladi.

Shubham yo'qki, bizning eng yangi tanqidchilar tragikomediyamizning fazilatlari, undagi barcha yorqin nutqlar, hashamatli tasvirlar, bunga qadar ko'rilmagan kamyob kashfiyotlarni faromush aylab, diqqatlarini yetarlicha sayqallanmagan misralaru o'zlarining didiga o'tirishmagan uch-to'rtta jumlaga jalb etadilar. Holbuki, ular qo'shiq bilan sonet, jang tasviri yoki o'tkir hisga chulg'angan inson ruhining to'lg'onishlari orasida ulkan farq borligini8, birinchi holda ikkinchisiga qaraganda bayonning butkul boshqa yo'llaridan foydalanish va o'zga hollarda ishlatish mumkin bo'lmagan so'zlarni qo'llash lozim bo'lishini e'tiborda tutishlari kerak edi. Shunisi ham borki, bu janoblar koyigan nuqtalarning tuzatilishi doim ham taqozo etilmaydi; ular birovlarninggina emas, balki o'z asarlarini ham ma'qullash yoki inkor qilish borasida ko'pincha yanglishadilar. Darhaqiqat, kimki kelajakda olim kishilarga yoqish umidida bo'lsa, u o'zi uchun hozirda bir necha ojiz va hasadli aqllarga ma'qul bo'lmay qolish xavfini tug'diradi. <...>

Izohlar:

1. Esxilning «Oresteya» trilogiyasining birinchi qismi nazarda tutiladi. Oje «Agamemnon jasadining hashamat bilan olib chiqilishi» deya ushbu tragediya finalini noaniq bayon qiladi.

2. Argumentlar - pesani ijro qilish oldidan beriluvchi mazmunining qisqa bayoni. Tomoshabin gap nima haqida borayotganini bilsin uchun bu qismni ilova qilish odati XVII asrning 30-yillari o'rtalarigacha, ya'ni klassitsizm dramaturgiyasi ustuvor mavqye egallaguncha davom etib kelgan.

3. Marafon jangi (mil.av.490 y.), Salamin jangi (mil.av.480 y.), Plateya jangi (mil.av.479 y.) - yunon-fors urushidagi muhim hodisalar. Yunon qo'shinining bu janglardagi zafarlari Esxilning «Forslar» tragediyasini yozishiga ilhom bergan.

4. Ojening tragik syujetga yondashuvining o'ziga xosligi shundaki, u XVI asr nazariyotchilari va qisman Aristoteldan farqli (Poetika1453a) o'laroq, o'quvchi e'tiborini «ulug' hukmdorlarning ayanchli taqdiri»ga emas, tragik fabulaning ijtimoiy-tarixiy mazmuniga tortadi.

5. «varvarlik ustuvor bo'ldi» - Oje o'rta asrlarni varvarlik davri deb hisoblagan gumanist olimlar fikriga qo'shiladi. Oje so'z san'atining jonlanishini, o'zining aytishicha, «otalarining yodidagi davr» bilan bog'laydi, ya'ni u taxminan XVI asr o'rtalarini, Fransiya adabiy hayotida hal qiluvchi so'zni Pleyada namoyandalari aytgan vaqtni nazarda tutadi. Oje, hyech shubhasiz, bu adabiy maktab faoliyatiga hurmat bilan qaragan, ayni chog'da Pleyada vakillari estetikasi bilan o'z qarashlari o'rtasida aniq chegarani ajratadi, u, xuddi Malerb singari, san'atni milliy an'analar va did bilan ko'proq bog'liqlikda ko'rishni istaydi.

6. «Pindarni tentak va ahmoq... deb atayotgan» - chamasi, bu o'rinda, zamondoshi Talleman de Reo guvohlik berishicha, «o'zini Pindarning be'maniliklari dushmani deb e'lon qilgan» Malerb nazarda tutilgan(Talleman de Reo. Zanimatelno'e istorii.M.,1974, s.40)

7. Oje bu o'rinda «Tir va Sidon» tragikomediyasining ayrim epizodlariga ishora qiladi va uning personajlarini eslatadi. Farnabaz - shuhratparast hukmdor, garchi urush harakatlari o'n yil davomida to'xtamayotgan bo'lsa-da, Sidon bilan urush holatini saqlab qolishga intiladi. Timadon - Tir shahzodasi Leontning qurolbardori va uning qariya Zorotning yosh xotini Filamina bilan ishqiy mojarolaridagi vositachisi. Qiz bola kiyimini kiyib olgan paj ham shu intrigada ishtirok etadi.

8. Oje «Tir va Sidon» tragikomediyasining turli sahnalari - jang tasviri va Leontning muhabbat mojarolari bilan bog'liq epizodlarni nazarda tutadi.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.257-264

Jan Shaplen

Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va e'tirozlarning ziddiga

<...> Shunday qilib, men quyidagi fikrni asos sifatida olaman: barcha dramatik asarlarda taqlid shu darajada mukammal bo'lmog'i lozimki, toki taqlid predmeti bilan taqlid qilayotgan narsa orasidagi farq sezilmasin, chunki taqlid qilayotganning vazifasi tomoshabin dilidagi betizgin hislarni jilovlash maqsadida narsalarni haqiqiy va realdek taqdim etishdan iboratdir; fahmimcha, poeziyaning barcha turlari uchun asosiy bo'lgani holda, bu qoida hammasidan ko'ra ko'proq tomoshabin tasavvurini lol qoldirish va taqdim etilayotgan narsalarning haqiqatligiga beshak ishonchini mustahkamlash uchungina muallif shaxsi yashiringan dramatik poeziyaga taalluqlidir. Shu maqsadni ko'zlaganlari holda, qadimgi shoirlar aktyorlar tilidan ayttirilgan so'zlar va ular ijro etgan rollarga mos liboslar bilangina qanoatlanib qolmay, tomoshaning dinamikligini kuchaytirganlar, sahnada yurish va talaffuz ohangdorligini mukammallashtirganlar - bularning bari taqlidni ayni haqiqatning o'ziga o'xshatish va u tomoshabinlar ongiga haqiqatda sodir bo'lgan voqyealar bevosita shohid bo'lganlarga ta'sir qilishi mumkin bo'lgandek taassurot qoldirishi uchun qilingan. Mazkur shart-sharoitlarga qaramay, qadimgilar tomoshabinlar diqqatiga ishonmaganlari va o'z holicha sahnada tasvirlanayotgan go'yo haqqoniy hislarni ko'ngildan kechira ololmasligi xavfidan cho'chiganlari bois, mazmunni tushuntirish uchun ko'p spektakllarga pesa voqyealarini o'z raqslari va jonli harakatlari bilan imitatsiya qiluvchi raqqoslarni kiritganlar; ayni vaqtda, pardalar orasidagi tanaffus paytida tasvirlanayotgan hislarga mos musiqa ijro etib turilgan; bularning bari barcha vositalar orqali tomoshabinni o'zini haqiqatda yuz berayotgan voqyeaga shohid bo'layotgandek his qilishga majbur etish, real sharoitda tabiiy tarzda yuzaga keluvchi qalb harakatini sun'iy yo'l bilan qo'zg'atish maqsadida qilingan. Qadimgilar qoldirgan yo'riqlar - personajlarning yoshi, odatlari, voqyea joyi, fabulaning birligi va uning davomiyligi, qisqa qilib aytganda, haqiqatga monandlikka erishishni ta'min etishga qaratilgan, amal qilish qat'iy tavsiya etilgan va har qanday poema uchun zarur qoidalar ham xuddi shu maqsadga xizmat qiladi; bularning bari bitta niyat bilan - tomoshabinda ko'rganlarining haqiqatga monandlik darajasini muhokama qilish va ularning haqiqat ekanligiga shubha qilish imkonini qoldirmaslik uchun qo'llanadi.

Hammasi shundayligi va tomoshabin spektakldan foyda olishga (ya'ni, teatr tomoshasini haqiqatda yuz berayotgan voqyeadek kuzatish) qobilligini nazarga olgan holda, qadimgilar, o'ylashimcha, voqyeaning bir kun doirasidan chiqib ketishi tomoshabin uchun asarni haqiqatga monand emas qilib qo'yadi deb hisoblagan holda o'zlarini yigirma to'rt soat qoidasi bilan cheklaganlar; tomoshabinlar esa, ularni shoir istagan vaqt davomiyligiga ishonishga moyil etuvchi tasavvur qobiliyati borligiga qaramay, o'sha tasavvurni inkor qiluvchi ikkita aniq kuzatuvchi va guvohga - ko'zlar va muhokama qobiliyatiga ham egalar: shu bois pesa qanchalik haqiqatga monand bo'lmasin, ular undagi sun'iylikni payqamay qolmas va unga ishonolmas edilar, ishonchsiz esa poeziyaning ta'sir qilishi mumkin emas. Bu jo'yali fikrning asosi, agar yanglishmayotgan bo'lsam, shuki, rivoyaviy asarlarda tasavvur shoir chizgan yo'ldan itoatkorona boradi, chunki unda vaqtni siqish va shartli o'tgan muayyan kun va oylarni real o'tgan vaqt sifatida qabul qila olishdek favqulodda qobiliyat bor, bu unga ishonish va taassurotlarini o'zining cheksiz imkoniyatlari bilan muvofiqlashtirishga yo'l ochadi; dramatik poemalarning hakami esa ko'z bo'lib, uning imkoniyati cheklangan va uni o'zi ko'rayotgandan ko'proq ko'rishga majburlab bo'lmaydi, shunga ko'ra, insonning ayrim narsalar haqidagi fikri ko'z tomonidan, uning o'sha narsalarni qanday ilg'ay olganiga muvofiq tarzda belgilanadi.

Agar o'zingiz keltirgan o'xshatishdan foydalansak, unda aytish mumkinki, bu o'rindagi holat xuddi qoidaga muvofiq chizilgan suratga monand: yaxshi musavvir har vaqt bitta asosiy voqyeani tasvirlaydi, mabodo boshqalarini ham tasvirlashga to'g'ri kelsa, ular yo bir yonda va yo orqaroqda joylashadi va albatta asosiy voqyeaga tobelanadi; boz ustiga, ular bir kun doirasidagi voealar bo'ladi, yolg'iz shu uchunki, ko'z bir paytning o'zida bittagina narsani qamray oladi, uning ko'rish qobiliyati ma'lum makon bilan cheklangan. Demak, agar surat o'ziga hakam qilib belgilangan ko'z imkoniyatlariga muvofiqlashtirilmasa, narsalarning yorqin tasviri bilan ishontirish va hayajonlantirish, hayratlangan ko'zni esa o'z foydasiga aldanishga majbur qilish o'rniga tasavvurga tasvirdagi narsaning yolg'onligini fosh etishga imkon yaratilgan va san'atning o'z vazifasini bajarishiga, - tomoshabin hislarini haqiqatni tasdiqlash orqali qo'zg'atishiga to'sqinlik qilingan bo'lur edi. Yagona vaqtdagi bitta voqyeaning tasvirlanishi musavvir uchun ahamiyati jihatidan boshqa barcha unsurlarning, qaysiki, johillar da'vosicha go'yo yolg'iz shulargina suratning tomoshabinga ta'sirini ta'minlovchi unsurlarning mavjudligidan aslo kam emas; demak, agar suratda ikkita turli vaqt va joy aks etsa, u haqiqatga monand bo'lmay qoladi va shu tarzda xuddi ko'zning tasvirdagi soxtalikni tanib olishiga imkon yaratiladiki, bu xuddi suratda agar jismning qismlari o'zaro nomutanosib birikkan, nur va soya betartib sochib yuborilgan, predmetlarning uzoqligi va yaqinligi hisobga olinmagan hol kabi bo'lar, qisqasi, har bir predmet ostiga «bu odam», «bunisi ot» deya yozib qo'yishga to'g'ri kelur edi. O'ylaymanki, yuqorida aytilgan xulosalar tabiatning o'zidan keltirib chiqarilgan bo'lib, garchi uning asosli ekanligi tasdig'i uchun yana ko'p dalillar keltirish mumkin bo'lsa-da, men masalaning negizini bayon qildim deb o'ylayman, shu bois, mening fikrimcha, hal qilib bo'lingan masalada diqqatingizni ortiqcha tutib turmay, mushohada qilish imkonini Sizga qoldiraman.

<...> Men avvalo shundan kelib chiqamanki, yigirma to'rt soat qoidasining tan olinishi yoki inkor qilinishini hozirgi mualliflarga nisbat berib bo'lmaydi va bizga qadar qadimiyatdan bu qoidaga amal qilinmagan birorta bo'lsin dramatik asar yetib kelgan emas; shuning uchun Sizning go'yo bu yangi davrning kashfiyoti va unga qadimgilar rioya qilgan emas degan qat'iy da'voingiz meni hayron qoldirdi. Toki siz hyech qursa bitta misol bilan qadimgilar ushbu qoidaga amal qilmaganini isbotlamas ekansiz, men Siz o'z foydangizga ishlatgan dalillar men uchun ham mutlaq yaroqli degan da'voda turaman. Innaykeyin, modomiki biz teatr tomoshasining asosiy maqsadi sahnada tasvirlangan hislarning kuchi va ko'rgazmaliligi bilan tomoshabinni to'lqinlantirish va shu orqali dilini uni xuddi shunday baxtsizliklarga olib kelishi mumkin bo'lgan yomon odatlardan tozalash degan masalada Siz bilan hamfikr ekanmiz, men haqiqatga monandlikka asoslanmagan teatrda bunday samaraga ega ta'sir bo'lishi mumkinligini, dramatik shoir tomoshabin aqlini noxush lol etadigan va pesada nomuvofiqliklar bor deya zarracha bo'lsin ishtiboh tug'diradigan narsalarni chiqarib tashlamasdan turib o'z maqsadiga erisha olishi mumkinligini tasavvurimga sig'dira olmayman.

Shoir tomonidan ikki yoki uch soat doirasiga zichlangan o'n yillik voqyeadan ko'ra ham haqiqatga monand emasroq boshqa yana biron narsa mavjud bo'lishi mumkin deb o'ylamay olmayman, chunki tasvir o'zining barcha qismlarida imkon boricha tasvirlanayotgan narsaga ko'proq muvofiq bo'lishi lozim, shunday muhim tarkibiy qismlardan biri esa vaqtdir; shu bois taqlid qilishga mo'ljallangan teatrda vaqt maqbul nisbatlarda, ya'ni, tasvirlanayotgan voqyeaning haqiqiy davomiyligiga muvofiq bo'lmog'i; aks holda, taassurotlarga to'lib ketgan tomoshabin ko'zi uch soat davom etgan spektakl asnosi oylar va yillar o'tib ketganiga o'zini ishontirishi mahol, har neni muhokama etuvchi ong esa haqiqatda bunday bo'lishi mumkin emas, demak, g'irt yolg'on narsaga diqqatini jalb qilganini e'tirof etadi, natijada o'ziga foydali bo'lgan boshqa narsalarni ham endi oldingidek teran idrok etmaydi, bas, o'zida hyech bir ta'sir sezmaydiki, busiz shoir mehnati zoedir.

Shunday qilib, asarni qabul qilish chog'ida tomoshabin zarracha bo'lsin yolg'on degan ishtibohga bormasligi haqida qayg'urish sharti shunchalik muhimki, bu qoida haqida fikr bildirgan ko'plab nazariyotchilar asar yaratish uchun birgina haqiqatga monandlikning (garchi u dramatik asarning poetik mohiyatini tashkil qilsa ham) o'zi kamlik qiladi, agar syujet asosiga haqiqatda yuz bergan voqyea olinmasa, tragediya yaxshi sanalishi mumkin emas deb hisoblaganlar; ularning aytishiga ko'ra, bu narsa davlat yo qirollar hayoti bilan bog'liq yirik voqyealar odatda hammaga ma'lum ekanligi, bas, agar tasvirlangan narsaning to'qima ekanligi haqida shubha tug'ilsa, unga nisbatan ishonch va faqat shu ishonchga asoslangan ta'sir kuchi yo'qoladi. Bu o'rinda tomoshabin e'tiborini bironta xato tafsilot bilan chalg'itmaslik va spektakldan kutilgan foydani olishi uchun zarur ishonchiga rahna solib qo'ymaslik o'ta muhimdir.

Sizning ikkinchi e'tirozingizga kelsak, eng yaxshi dramatik poema deb eng ko'p voqyealarni qamrab olganini hisoblamoq kerak degan fikrni inkor qilaman va buning aytamanki, aksincha, poemada bitta, shunda ham uncha uzun bo'lmagan voqyea bo'lmog'i kerak, aks holda, u tasavvurni qiyinlashtiradi va xotiraga og'irlik qiladi. Xuddi shuning uchun ham qadimgi shoirlarning bari sahnada voqyealar haqida hikoya qilish usulidan foydalanganlar, shuningdek, tomoshabin boshqa joyda sodir bo'lgan voqyealarni bilib turishi uchun asarga jarchilarni kiritganlar, bu bilan ular sahna voqyeasini yengillashtirganlar. yechim poemadagi aqlni lol qilib uni dramaturg istagan holatga keltiruvchi yagona,- zero, bungacha kelgan voqyealar o'z-o'zicha natijaga ega emas va ularning mazmuni yechim bilangina to'liq ro'yobga chiqadi,- qism bo'lgani bois, qadimgilar maqbqul taassurot qoldirish niyatida voqyea mazmunini tugal ochib berishni oqilona tarzda yechimga surib kelganlar, chunki bunda avval sodir bo'lgan voqyealarning bari umumlashtiriladi. Bu bilan, sahna haqiqatga monandligi haqida qayg'urgan va bitta uzluksiz butun tarzida faqat haqiqatda bir kun davomida kechgan voqyealarni taqdim etgan holda, ular teatrni voqyealarning uzun silsilasida bo'lishi muqarrar chalkashliklardan forig' etganlar. Mening o'zimga kelsak, yuz bergan voqyealar haqida sahnada hikoya qilish,- ayniqsa, agar u syujet uchun zarur, buning ustiga, muallif topib aytgan gaplar va go'zal nutq figuralari u bilan yonma-yon borsa, yana xuddi barcha salaflarimizda bo'lgani kabi muallif uni ritorik so'roqlari bilan bo'lib va ajoyib tavsiflar bilan boyitib tursa,- nega odatdagi suhbat asnosi hikoya qilishdan ko'ra zerikarli bo'lishi kerakligini tushuna olmayman.

Uchinchi e'tirozingizga javob berarkan, qayd etishim kerakki, Siz teatrga kelayotgan tomoshabinda bo'ladi deb bilgan ruhiy holat ziddiyatlidir. Zero, garchi sahnada tasvirlangan narsa to'qima degan fikr to'g'ri bo'lsa-da, shunga qaramay, tomoshabin unga voqyelikka muvofiq narsaga qaraganday qarashi lozim; agar tomoshabin jillaqursa spektakl davomida uni shunday deb bilmasa va akterlar bilan birga dard chekmasa, poeziya mohiyatida mavjud ezgulikdan bahra ololmaydi, holbuki, ezgulik baxsh etish poeziyaning asosiy vazifasidir. Shunday qilib, agar kimki, Siz aytmoqchi, teatrga sahnada taqdim etilgan narsada cho'pchakni ko'rish niyati bilan kelsa va muallif yetaklagan tomon yurmasa, u poeziyaning vazifasini nazarga ilmagagan va olish mumkin bo'lgan foydadan ixtiyoriy voz kechgan bo'ladi. Meni Sizning uch soatli spektakl davomida go'yo yigirma to'rt soatlik voqyealar kechdi deb tasavvur qilish qanchalik qiyin bo'lsa, xuddi shu uch soat davomida o'n yillik voqyealar kechganini tasavvur qilish ham shunchalik qiyin, degan mulohazangiz ko'proq qiziqtirdi. Biroq bir kun bilan o'n yil orasida katta farq borligidan tashqari, gap uzoq bo'lmagan davomiylik va undan sal kattaroq davomiylik nisbati (men ikki soatning yigirma to'rt soatga nisbatini nazarda tutyapman) haqida borganida tasavvurni aldash ham qisqa vaqt davomiyligining ancha katta davomiylikka nisbati (xuddi o'sha ikki soat bilan o'n yil nisbati) haqida borgandagiga qaraganda xiyla osonroq; o'ylaymanki, sahna akterlardan holi va auditoriya intermediyalar va musiqa bilan band qilib turilgan antraktlar tomoshabin tasavvurida yigirma to'rt soatga yetishmayotgan vaqtni to'ldiradi. Agar bu muhokamam yetarli bo'lmasa, men yana quyidagilarni qo'shaman: uch soat davomida haqiqatda yigirma to'rt soat mobaynida kechgan voqyealarni tomosha qilarkan, ong, hyech bo'lmasa spektakl vaqtida, voqyealar taxminan bir sutka ichida kechganini osongina ehtimol qila oladi. Boz ustiga, agar yigirma to'rt soat deyilar ekan, bu shoirning xuddi shu muddatga rioya qilishi uchun emas, balki tasvirlanayotgan voqyeaning davriy chegarasini ko'rsatish uchungina; axir odatda voqyealar odatda kun chiqishi bilan kun botishi oralig'ida, ya'ni yarim sutka davomida sodir bo'ladi, bu esa voqyea davomiyligini ikki karra qisqartirib, har gal ongning voqyeani aslidagidan ko'proq vaqt davomida kuzatdim deya ishonishini osonlashtiradi. Sizning dramatik poeziya bilan epik poeziyani qiyoslaganingiz va shu asosda chiqargan, agar epik poeziyada ko'p yillarga cho'zilgan tarixni hikoya qilish mumkin bo'lsa, dramatik poemada ham shunday bo'lishi mumkin, degan xulosangizga kelsak, nazarimda, men bunga yigirma to'rt soat qoidasini uning mohiyatidan kelib chiquvchi dalillar yordamida asoslagan holda qoniqarli javob qildim va tomoshabinning dramani qabul qilishdagi imkoniyatlari bilan epik poemani qabul qilishdagi tasavvur erkinligini qiyoslab bo'lmasligini ko'rsatib o'tdim.

Fikrimni mustahkamlash uchun yana qo'shib qo'yaman: garchi vaqt davomiyligi masalasida ko'zning hakamlik qilishga qobilligini inkor qilishga intilish mavjud bo'lsa-da, uning moddiy tushuncha bo'lmish voqyea joyi haqida ham salohiyatli hukm qila olmasligi, turli joylarda kechayotgan voqyealarni tasvirlash uchun shoir tomonidan kiritilgan o'zgarishlarni sezmasligi haqida gapirib ham bo'lmaydi. Modomiki voqyea vaqtining uzun bo'lishi birdan ortiq joyni ko'rsatish zarurati (zero, o'n yil davomidagi tarix go'yo bitta joyda kechayotgandek tasavvur hosil qilishning imkoni yo'q) bilan muqarrar ravishda bog'liq ekan, ko'z o'zi qadalib turgan ro'baro'sidagi sahna shoir ilk bor taqdim etganidan boshqa bo'lib qolganiga ishonishga qodir bo'la olmaydi; buning natijasida teatr tomoshasi yolg'on va g'ayritabiiy deb topiladi.

Faqat taqlidgina poeziyani yaratadi, poeziya mukammalashish uchun o'zga qoidalarga muhtoj emas deyilgan oltinchi paragrafga javob qilarkan, men ta'kidlaymanki, haqiqatga monandlik - poeziyaning ajralmas xususiyati, har qanday sharoitda poeziyaga hamroh bo'lish uning zimmasidagi vazifa va agar haqiqatga monandlik yordam qo'lini cho'zmasa, poeziya o'z holicha ojizdir.

Sizning hozirgi zamon teatri faqat huzur bag'ishlash uchungina yashaydi va agar yigirma to'rt soat qoidasiga (Sizning so'zlaringizga ko'ra, turli xor, jarchilar va musiqachilar uchun o'ylab topilgan) amal qilinmasa, tomoshadan olingan huzur har gal kattaroq bo'ladi, demak, huzurni o'ylab bu qoidadan kechmoq kerak, tarzidagi da'voingizga kelsak, o'ylashimcha, ularning ikkisini ham bir yon uloqtirishning o'zi kifoya, chunki, menimcha, ularni isbotlash juda qiyin bo'ladi. Shunday bo'lsa ham, birinchisi masalasida quyidagilarni aytaman: agar zamonamizga xos did teatrning vazifasini huzur bag'ishlashdangina iborat bilib, uni qachonlardir yaratilishidan ko'zda tutilgan asosiy maqsad bo'lmish foyda keltirish imkonidan mahrum qilgan bo'lsa, bu go'yo xato isloh qilingan didni har jihatdan ma'qullash kerak degan ma'noni anglatmaydi, aksincha, teatrni o'zining dastlabki holatiga qaytarishdan muhimroq vazifa bo'lmasligi kerak, zero, tabiat ham bizga o'git beradiki: faqat yaxshidan eng yaxshiga yo'naltirilgan o'zgarishlargina maqtovga sazovor, aslo yaxshidan yomonga yo'naltirilganlari emas. Demak, teatrga xos foydalilikdan voz kechish o'rniga men unga xorlar, jarchilar va musiqachilarni qaytarishnigina emas, agar buning iloji bo'lsa, unga qadimgilarning haqli niyatlarini ro'yobga chiqarishga aytilganlardan ko'proq yordam beradigan yana qandaydir boshqa qismni ham qo'shishni talab qilgan bo'lardim.

Mabodo, Siz aytganday, foydalilikka bu xil e'tiborsiz qarash haqiqatan ham mavjud bo'lganida edi, u kamchiliklarni qonun sifatida taqdim etayotgan va o'ta jiddiy deya ezgulikdan voz kechayotgan zamonamizning yana bir adolatsizligi bo'lur edi. Tabiatda o'zining asosiga ega bo'lganki narsalarning buzilishi har vaqt halokatlidirki, bunga ishonish bani basharga nisbatan gunoh qilish demakdir. Biz ko'rib turibmizki, tamizli kishilar saodati uchun ilmlar va san'atlar qaytadan o'zlarining ilgarigi jilolariga ega bo'lib, uzoq mudroqdan so'ng endi jonlanmoqda, ularning bari shu xayrli intilishda uyg'onmoqda; biz esa qadimiyat merosini munosib e'zozlab1, endiyoq undan voz kechayotirmiz. Nahotki har neda qadimning ezguliklariga taqlid qilganimiz holda, biz qadimda muhim rol o'ynagan teatr sohasidagi namunadan voz kechishni istasak-da, ayni shu sohada varvarligimizcha qolsak? Xullas, men bu xil qarashni, garchi unga moyillik mavjudligi haq gap bo'lsa-da, qoralayman va ikkinchi da'voingizga o'tarkan, yanada oshiribroq aytamanki: hatto mazkur da'vo qonuniy bo'lib, teatrning huzur baxsh etishdan o'zga maqsadi bo'lmaganida ham, o'sha tuzatishlar kutilganiga tamom zid oqibatlarga olib keishi muqarrar edi; kutilgan huzur o'rniga - men uni ko'paytirish haqida gapirayotganim ham yo'q - ular haqiqiy huzur bilan soxta huzurni farqlaydigan kishilarda nafrat uyg'otgan bo'lur edi. Zero, adolatli hukm shuki, huzur tartib va haqiqatga monandlikdan kelib chiqadi, donishmand salaflarimiz ham ayni shu, hozirda yo'qolish xavfi ostida qolgan asoslarga tayanib huzur baxsh etganlar. Mabodo betartiblik va teatr ta'sir kuchining susayishidan huzur olib bo'lsa ham, u o'ta beparda, ahli odob va ahli fazllardan bo'lish uchun tug'ilgan aqllarni befarq qoldiradigan huzur bo'ladi. Men voqyealar uyumini emas, spektakl tomosha qilishni istayman; men shoir tomoshabinlarning qusurlariga emas, qiziqishlariga moslashishini istayman va hyech qachon o'z do'stimga Rosius2 bo'lgandan ko'ra ahmoqlar va faqat zohiran haqiqiy xalq bo'lib tuyuluvchi, aslida esa ablahlar va jamiyatning chiqitlaridan iborat qora xalqqa ma'qul kelishnigina o'ylaydigan Tabaren bo'lish ma'qul deya maslahat bermayman. Mening masalani tushunishim shunday, uni tugal hukm deya da'vo qilmaganim holda, to'lasicha Sizning muhokamangizga havola qilaman.

Siz ayrim shoirlarning tomoshabin fabuladan bilib olishi kerak bo'lgan narsalarni aktyorlar tilidan monolog sifatida ayttira boshlaganini bema'nilik deb bilasiz. Men buni sizdan-da ko'proq qoralayman va mabodo pesa sahnalariga tartib berishimga to'g'ri kelsa edi, unda har gal qandaydir bir personajni kiritgan bo'lardimki, uning voqyealar haqidagi hikoyasi voqyealar rivojining ayni paytida mantiqli bo'lsin; agar faqat bitta hikoyachini kiritsam, uning xabari jonli ijro bilan baqamti borar va hislarni yaxshiroq ifodalashga xizmat qilgan bo'lur edi. Zero monolog - faqat uning sof rivoya shakli emas,- u sahnaga g'irt ahmoqlardan tashqari barchaga xos bo'lgan ichki nutqni ifodalash uchun kiritiladi; bu masala chuqur o'rganilgan va Jiraldi3 tomonidan qoniqarli darajada hal qilingan. Nihoyat, oxirgisi: Siz teatrda she'r bilan, hatto qofiyali she'r bilan gapirishlarini yoqlamaysiz; men Sizga to'la qo'shilaman va buni shu darajada sezilarli bema'nilik deb hisoblaymanki, faqat shu tufayligina men, nechog'lik yengib bo'lmas intilishim bo'lgan chog'ida ham, dramatik poeziya bilan shug'ullanish istagini tamom yo'qotgan bo'lur edim. Aytish mumkinki, bu jihatdan bizning tilimiz har qanday boshqa tilga nisbatan badbaxtroq, negaki, u faqat she'riy misralarga rioya qilishgagina majbur emas, balki spektalda har qanday haqiqatga monandlikni, zarracha bo'lsin sog'lom fikrga ega tomoshabinda esa ishonchni o'ldiruvchi qofiya mustabidligiga ham chidashga mahkum.

Paolo Beni4 maxsus risolasida teatr she'rning har qanday turidan voz kechishi lozimligini ta'kidlagan edi. Qadimgi shoirlar foydalangan she'rlarda uyg'unlik mutlaqo yo'q bo'lib, ular ko'proq nasrga o'xshar edi. Italyanlarning ko'p sonli komediya va tragediyalaridan faqat Karretoning «Sofonisba»sigina qofiyali, qolgan barchasi yo nasrda, yo ritmi deyarli sezilmaydigan erkin she'r bilan yozilgan; she'riy yo'lda yozgan Lope de Vegani istisno qilinsa, ispanlarning hammasi ham, garchi boshqa qoidalarga amal qilmasalar-da, haqiqatga monandlikka putur yetkazmaslik uchun bu odatni saqlab qoldilar va o'z komediyalarida, xuddi italyanlar singari, nasr yoki qofiyasiz she'rdan foydalandilar. Faqatgina biz, so'nggi varvarlar, hamon adashib yuribmiz va eng yomoni, biz bundan qanday qilib voz kechishimiz mumkinligini men tasavvur ham qilolmayman5. <...>

Izohlar:

1. Oje singari Shaplen ham o'rta asrlarni va o'rta asrlar san'atini qoralaydi. U antik an'analarning qayta jonlanishini ma'qullaydi. Biroq, Ojedan farqli o'laroq, Shaplen antik teatrning to'laroq restavratsiya qilish tarafdori: u sahnaga xorlarni, xabarchilarni, musiqiy jo'rlikni qaytarishni taklif qiladi. Bularning bari u oldinga surgan bosh talab - foydalilik talabi bilan bog'liq.

2. «Rosius bo'lgandan Tabaren bo'lish ma'qul deya maslahat bermayman» - Shaplen o'ziga xos xalq maydon tomoshalariga nafrati bilan italyan komik maskasini (Tabaren) fozil gumanizmga (Rossi) qarama qarshi qo'yadi. Tabaren (haqiqiy ismi Antuan Jirar, 1584-1633) - yarmarka sayllari va xalq tomoshalari o'tazilgan Yangi Ko'prik degan joyning mashhur qiziqlaridan. Jan Viktor Rossi(1577-1647) - italyan olimi, qadimgi tillar bilimdoni; satira, dialog va epistolalar muallifi.

3. Jiraldi - Jiraldi Chinsio nazarda tutiladi.

4. Paolo Beni (1552-1625) - filolog olim, tanqidchi, ko'plab munozarali tadqiqotlar va sharhlar, jumladan, Aristotel «Poetika»siga sharhlar muallifi.

5. Jodelning «Asira Kleopatra»sidan (1552) boshlab qofiyali she'r bilan yozilgan fransuz «to'g'ri» tragediyasi shakllandi. Bu klassitsizm metodiga muvofiq shakl sifatida keyin ham saqlanib qoldi. Bualo «Poetik san'at»ida tragediya muallifi tomoshabinlar olqishiga she'rining go'zalligi bilan sazovor bo'lganini yozadi.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.265-272

Fransua d’Obinyak

Teatr amaliyoti

Birinchi kitob

VII bob.

Tomosha bilan unda tasvirlangan haqiqiy tarixni

qanday chalkashtirishlari haqida

Ehtimol, bobning nomlanishiyoq tushunmaganlik vajhidan ko'plab e'tirozlarga sabab bo'lar, biroq umid qilamanki, mening tushuntirishlarimdan so'ng oqil o'quvchilar nomni ham, mening fikrlarimni ham ma'qullashadi.

Eslatib o'taman, teatr tomoshasida tasvirlanayotgan haqiqiy tarix deb men dramatik poemada hikoya qilingan tarixni ataymanki, bu o'rinda o'sha tasvirlangan narsaga xuddi haqiqatda voqye bo'lgan narsa va unda ko'rsatilgan barcha voqyealarga esa haqiqatda yuz bergan yoki yuz berishi kerak bo'lgan voqyea sifatida qaraladi. Tomosha deb esa dramatik poemani sahnada ijro etish uchun zarur narsalar jamini atayman, bu o'rinda ularga o'z holicha alohida olingan, haqiqiy tarixga aloqadorliksiz qaraladi. (Men komediantlar, sahna bezaklari, bezakchilar, orkestr, tomoshabinlar va shu kabilarni nazarda tutmoqdaman.)

Sahnada paydo bo'lgan Sinnaning qadim rimliklarga xos tarzda gapirishi, uning Emiliyani sevishi, Avgustga imperiyani saqlab qolishni maslahat berishi, imperatorga qarshi fitna uyushtirishi va so'ng uning tomonidan afv etilgani - bular teatr tomoshasi tasvirlayotgan haqiqiy tarixga taalluqli1. Emiliyaning qalbida Avgustga nisbatan nafrat, Sinnaga nisbatan esa muhabbat hissini tuygani, uning qasos ishtiyoqida yongani yo ulug' niyatning mevalaridan dahshatga tushgani - bular ham haqiqiy tarixga taalluqli. Avgustning ikki xiyonatkorga taxtdan voz kechish niyatini aytgani, ulardan birining hokimiyatni saqlab qolishni, ikkinchisi bunga zid maslahat bergani ham haqiqiy tarixga tegishlidir. Qisqasi, ushbu pesada nimagaki haqiqatda yuz bergan voqyealarning qismi sifatida qarash mumkin bo'lsa, ularning bari teatr tomoshasi tasvirlayotgan haqiqiy tarix bo'ladi va ayni shunga nisbatan olib poemaning haqiqatga monandligi, nutqlarning odobga muvofiqligi, intrigalarning aloqasi, voqyealarning tabiiyligi haqida gapirish mumkin. Biz voqyelikda, mayli hatto tasavvurimizdagi voqyelikda bo'lsin yuz berishi lozim yo mumkin bo'lgan narsalarni ko'rganimizda ma'qullaymiz, shunday deb bo'lmaydigan narsalarni, inson amallariga o'xshamaydigan yo kam o'xshaydigan narsalarni ko'rganda norozi bo'lamiz.

Biroq Sinna rolini Floridor yoki Boshato2 o'ynashi, ularning yaxshi yo yomon aktyor ekanligiyu yaxshi yo yomon kiyingani; sahna biroz yuqorilatilib ularni tomoshabinlardan ajratgani, bu sahnaning chiroyli butaforiyalar va saroy yoki shahar devorlari o'rnidagi dekoratsiyalar bilan bezatilgani; pardalar orasidagi tanaffusdan bir juft jo'n skripkachi yoki, aksincha, oliymaqom musiqa darak berishi; aktyor qirol xosxonasiga jo'nadim deganicha parda ortida yashiringani va yo qirolicha bilan gaplashgani ketdim degani holda, o'z xotini bilan gap sotishga jo'nagani; zalda tomoshabinlarning borligi, ularning saroy yo shahar ahlidan ekani, zalning to'la yoki bo'm-bo'shligi, tomoshabinlarning jim o'tirgani yoki shovqin solayotganlari, ularning loja yo parterda o'tirgani; o'g'rivachchalarning tartibsizlik qo'zg'aganiyu ularning tinchitilgani,- bularning bari , menimcha, tomoshaga taalluqlidir.

Shuning uchun sahnadagi barcha harakatlari bilan Floridor va Boshatoni faqat tomoshada ishtirok etayotgan kishilar sifatidagina qabul qilmoq, haqiqatda harakat qilayotgan kishilar deb esa Goratsiy bilan Sinnani hisoblash va sahnadagi amallaru nutqlar ularni o'xshatayotgan aktyorlarga emas, ayni shu eranlarga tegishli (go'yo Floridor bilan Boshato o'z holicha yo'q bo'lganlar-da, o'zlariga ismi va hislari berilgan kishilarga aylanganlar) deb o'ylamoq lozim. Shunga o'xshash, tragediya o'ynalayotgan Burgund otelining boshqalardan biroz ko'tarib ajratilgan qismi faqat o'zga joyning obrazi, tragediya voqyealarining haqiqiy (yoki hyech bo'lmasa shunday deb qabul qilinayotgan) o'rni esa aynan tasvirlangan joy - Goratsiy saroyining zali yoki Avgust saroyining zalidir. Xuddi shu kabi biz teatrda o'tkazayotgan va umrimizning bir qismi bo'lmish vaqt ham tomosha vaqtidir, haqiqiy vaqt deb esa voqyealar yuz bergan deb faraz qilib tasvirlanayotgan kun hisoblanmog'i kerak. Demak, men ta'kidlab aytamanki, hyech bir yo'sinda tomoshaga oid narsa bilan haqiqiy tarixni aslo aralashtirish mumkin emas. Biz Floridorni ma'qullamagan bo'lar edikki, agar u Sinnani o'xshatayotgani holda birdan o'zining ro'zg'or tashvishlari yoki boshqa pesalardan keluvchi foyda-zarar muhokamasiga o'tib ketganida; agar Avgust izmidagi rimliklar haqida gapira turib, o'z monologida triumviratning qora ro'yxatlariga Parij barrikadalarini aralashtirib yuborganida3; agar Sinnaning fitnachilarga murojaatini o'qiy turib, so'zlari va fikr-mulohazalarini o'zini tinglayotgan parijliklarga qaratganida; agar Emiliyaning nafrati va g'ururi haqida so'zlay turib, uning hislarini xonimlarimizning muloyimligiga mengzay boshlaganida - xullas, agar u o'z nutqida Parij bilan Rimni, o'tmishdagi ishlar bilan hozirgi voqyealarni, fitna kuni bilan o'n olti asr keyin voqye bo'lgan tomosha kunini birlashtirib yuborganida, biz aslo toqat qilolmas edik: zero, bu nafaqat odob-axloq, balki sog'lom fikr ham taqozo etuvchi qoidalarga mutlaqo xilof bo'lur edi.

Menga yaxshi ma'lumki, yangi mualliflar hozirga qadar bu nav xatolarga yo'l qo'ymaganlar, biroq xalq didini behad erkalatgan qadimgilar bu xatodan qochish to'g'risida ko'p ham bosh qotirmaganlari bois, o'ylashimcha, ularni ko'rib o'tish ortiqcha bo'lmaydi - muddao shuki, bizning shoirlarimiz, xuddi ulug' kishilarning ojiz tomonlarigagina taqlid qilgan nobop rim notig'i singari, ularga ergashib yurmasinlar. Aristotel yozadiki, yomon shoirlar qo'pol xatolarga to'g'ri yozish qanday bo'lishini bilmaganlari sababli yo'l qo'yadilar, yaxshilari esa aktyorlarga yoqish va tomoshabinni bir xursand qilib qo'yishdek illatli istakka erk berib qo'yganlari sababli4; men esa chinakam shoir aktyorlarga foydali, tomoshabinlarga yoqimli bo'lishning o'zi yaratayotgan asarni mukammal etishdan o'zga vositasini izlamasligi kerak deb hisoblayman.

Komediya avvaliga, tragediya singari uni ham aktyorlar ijro eta boshlaganlarida, chinakam satirik poeziya edi. Asta-sekin, oddiy xalqning illatlarini tuzatish maqsadini ro'kach qilib, u hyech to'siqsiz nomunosib badguftorlikka o'tib oldi, uning zaharli so'zlari nafaqat qora xalq, balki shahar hokimiyati, shuningdek, eng e'tiborli kishilarga ham qaratildiki, endi ularning nomi, amallari va qiyofasi ham sahnaga olib chiqila boshlandi. Bu nav komediyani keyincha qadimgi komediya deb atay boshladilar. Albatta, ilgari qomediya butkul beayb edi deb bo'lmaydi; har holda Epixarm va undan keyin kelgan ilk komiklar davrida ham u kulardi, biroq ozor berib emas; unda hazillar bisyor edi, lekin so'kishlar emas; iste'mol qilgani tuz, lekin zardobu sirka emas edi5. Biroq vaqtlar o'tishi bilan erkinlik qabih beboshlikka aylanib qoldi; hatto Aristofanning pesasi xalqni Suqrotga qarshi qo'zg'ash va oqibat uning halok etilishiga ko'mak berdi6. Tomosha voqyelik bilan shu darajada qorishib ketdiki, ular deyarli bir butunga aylanib qoldi: sahnada tasvirlanayotgan Suqrotga qarshi aytilgan gaplar teatrda hozir bo'lgan haqiqiy Suqrotga qaratilar edi. Aristofanning ilk komediyalarini o'qib ko'ring, siz ularda personajlar o'y-fikrlari bilan tomoshabinlar o'y-fikrlari, tasvirlanayotgan tarix bilan zamonaning ijtimoiy kurashlari aralashib ketganini, muallif mazah-kulgisi uning o'zi yakson qilmoqchi bo'lgan kishilarni ta'qib etishini ko'rasiz. Bu komediyalarning bari anglangan va san'at qonunlariga rioya etuvchi aql ijodi emas, o'zidagi injiqlik yoki nafrat turtkisi bilan shoir huruj qilayotgan kishilarning fe'l-xuyi, amallari, ismlari va hatto aniq qiyofalarini namoyon etgan paskvillardir. Shahar hukumatdorlari komediyalar tomoshabinlarga xavfli ta'sir etayotganini anglagach, shoirlarning beboshliklarini tizginlashga qaror qildilar va ularning o'z she'rlarida kimni bo'lmasin ismi bilan atashlarini ma'n etdilar.

Biroq odamlar yomon ishda o'ta mohirlar: endi shoirlar asarlaridan o'zlari sharmisor etmoqchi bo'lgan kishilarning ismlarini chiqarganlari holda, ularning amallarini shu darajada aniq tasvirlay boshladilarki, har kim ham osongina ular kim haqida yozayotganini bilib olar edi. Bunday komediyani keyincha «o'rta komediya» deb atadilar. O'rta komediya namunalarini Aristofanning keyingi pesalari sirasidan topishimiz mumkin.

Biroq mazahlashning bu usuli ham, garchi ancha yumshoq bo'lsa-da, yetarlicha zararli deb topildi va xuddi birinchisi singari ta'qiqlandi. Bu esa shoirlarni nafaqat personajlarning ismi, voqyealarni ham o'ylab topishga majbur qildiki, natijada komediya to'qimaga tamom tobelandi, u o'zining tragediya qoidalari namunasi asosida tuzilgan qoidalariga ega bo'ldi va kundalik hayotni tasvirlash va aks ettirishga kirishdi. Tomosha voqyelikdan tamomila ajraldi, endi sahnada tasvirlanayotgan narsalarning bari na respublika va na tomoshabinlarga hyech qanday aloqasi bo'lmagan tarix sifatida qabul qilina boshlandi. Shoirlar ancha olis joylarda sodir bo'lgani aniq ko'rinib turgan va tomosha ko'rsatilayotgan shaharga hyech bir aloqasi bo'lmagan voqyealarni, tomoshabin taalluqli bo'la olmaydigan vaqtni tasvirlay boshladilar. Endi personajlar ham tomoshaga kelganlarning na shaxsiy va na ijtimoiy hayoti bilan qiziqishmas, ular o'z xatti-harakatlarini yolg'iz sahnada kechayotgan voqyeagagina muvofiqlashtirar edilar. Shunday qilib, teatr voqyeasi bilan tomosha endi aralashmaydigan bo'ldi, chunki ular hyech mushtarak jihatlarga ega emas edi.

Terensiy bizga namunalarini qoldirgan yangi komediya shunday edi. U betartiblikka yo'l qo'ymaydi va poemalarida tasvirlangan voqyealarni tomosha bilan aralashtirmaydi; mabodo unda ham bunday hollar uchrasa, ular shu darajada kam va sezilarsiz darajadaki, buning uchun shoirni o'ta qattiq koyish ravo emas.

Plavt o'rta komediyaga ancha yaqin turadi. Plavt qoidalarga u darajada qat'iy rioya qilmaydi, bu esa uning asarlarini o'qishni qiyinlashtiradi, mazmunini xiralashtiradi va go'zalligiga putur yetkazadi. Jumladan, «Amfitrion»da Gerkulesning tug'ilish chog'i Fivada bo'lgan Yupiter Amfitrion qiyofasida namoyon bo'ladi va deydi: «Men - Yupiterman, o'zim istagan vaqtimda Amfitrionga aylanaman va sizlarga muhabbatim tufayli», - u tomoshabinlarga murojaat qiladi.- «shu komediya amalga oshsin deb, yana Alkmenaga muhabbatim tufayli, u odamlar nazarida bokiraligicha qolsin deb, qarshingizda Amfitrion qiyofasida namoyon bo'laman». Ko'rinadiki, bu o'rinda Plavt tomoshabinlarning hislari bilan personajlar hislarini aralashtirib yuboradi va tomosha chog'i hozir bo'lgan rimliklarni yunonistonlik qatnashuvchi shaxslar bilan birlashtiradi. Shu pesaning birinchi parda o'ninchi ko'rinishida ham u xuddi shunday xatoga yo'l qo'yadi. Darhaqiqat, Fivada bo'lgan va faqat saroy ichidagilarga ko'rinishi mumkin bo'lgan Yupiter bilan Merkuriyni o'zlarini sahnada ko'rayotganlarga endi komediantlar sifatida murojaat etishga majburlash kulgilidir. Bu hol bitta odamda ikkita odamni ko'rishga va yetarli asosga ega bo'lmagan holda shu bitta odamda bir-biriga mutlaqo nomuvofiq his va nutqni ajratishga majbur bo'lgan tomoshabinlarni gangitib qo'yadi. Albatta, agar aktyor vaqti-vaqti bilan tinchlik saqlanishini talab qilish uchun monologni to'xtatishga majbur bo'lsa, buning hyech yomoni yo'q, zero, bunday hollarda xudo yoki qirol emas, Belroz yoki Mondori gapirayotgani ravshan: bu to'g'rida aktyor ovozi ham, uning xatti-harakati ham, syujetning o'zi ham ravshan dalolat beradi. Biroq qarshimizda tasvirlanayotgan personajning ismi, kiyimi, nutqi, ishoralari va hislari berilgan va fikriy nigohimizga o'zining haqiqiy holatidan tamoman farqli obrazni namoyon etayotgan odamni ko'rganimizda, biz uning o'zi haqida butkul unutishimiz, u esa bu ishda bizga yordam beradigan tarzda harakat qilishi va o'zi tasvirlayotgan narsaning haqiqiyligiga bizni shonishga majbur qila oladigan darajada evrilishi lozim. Shu o'zgaga evrilgan odamni haqiqiy holiga qaytaradigan va go'yo ko'rinmasligi lozim bo'lgan boshqa bir odamni to'sib turgan pardani xiyol ko'tarib qo'yadigan narsalarning bari tomoshabinni, undan o'zi qiyofasiga kirgan personajga xos harakatlarni kutayotganlarni dovdiratib qo'yadi.

<...> Aytganday, bu nav qiziqchilik ko'riladigan ikki o'rin mavjudki, bunda koyish darkor emas, negaki, o'sha joyda ular juda yoqimli tuyuladi va poema butunligiga kirmaydi. Jumladan, «Psevdol»ning oxirida quv qul Ballionni ichishga taklif qiladi; Ballion taklifni qabul qiladi va so'raydi: «Nega sen tomoshabinlarni ham ichishga taklif qilmaysan?», bunga javoban Psevdol aytadi: «Ular meni biron yerga taklif qilib o'rganishmagan, men esa - ularni; biroq, agar juda istasangiz, janoblar, truppamiz va ushbu komediya sizlarga manzur bo'lganini ko'rsating va men sizlarni ertagalikka taklif etaman». Shunga o'xshash hazil «Arqon»ning7 nihoyasida ham uchraydi.

<...> Mazkur hollarda spektakl voqyealari nihoyasiga yetib bo'lgan va hazil tariqasida aytilgan gaplar ular bilan aralashib ketmaydi, demak, tomoshabin fikrini chuvalashtira olmaydi. <...>

Tragediyalarga kelsak, ularning syujetlari oliyjanobroq bo'lgani bois, biz ular bu xil illat bilan kasallanganini ko'rmaymiz; bunda faqat yevripidning prologlari istisno qilinishi mumkinki, ularda ko'pincha bosh qahramon, ba'zan esa xudolardan birining mashinada paydo bo'lshi va ko'ruvchilarga tomosha boshlangunga qadar yuz bergan voqyealarni hikoya qilishi tez-tez kuzatiladi. Buni ma'qullashimga sog'lom fikr yo'l bermaydi: negaki, bular hikoya qilib beradigan narsalarning bari voqyealar rivojida o'z-o'zidan aniq bo'lib qoladi, natijada o'z o'rnida kuchli samara berishi mumkin bo'lgan narsa zeriktiruvchi takrorgagina aylanib qoladi. Agar shoir syujetni personajlarning harakati va nutqlari yordamida yetarli tushuntirib berolmayotgan ekan, uning aybini hyech nima bilan oqlab bo'lmaydi, qo'shib qo'yilgan prolog esa syujet va uning intrigalari rivojidagi yo'qotishlarni qoplay olmaydi. Sofokl hyech qachon bunday yo'l tutmagan, men bu borada shoirlarga yolg'iz undan ibrat olishni maslahat bera olaman, xolos.

Ikkinchi kitob

I bob.

Syujet haqida

Shoir qadimgilar rivoyat, biz esa tarix yoki roman deb yuritadigan dramatik asar syujeti haqida nimalarni bilishi lozim ekanini muhokama qilishga o'tarkan, boshdanoq aytib qo'ymoqchimanki, agar shoir to'qima (xoh tragik, xoh komik) syujetga murojaat etib muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, ayb to'la o'zining zimmasiga tushadi, - ma'zur tutib bo'lmaydigan va o'zini oqlashga o'rin qoldirmaydigan ayb: negaki, shaklni ham, mazmunni ham erkin tanlagan holda muvaffaqiyatsizlik uchun aybni o'zining zaif tasavvuri yoki mahoratining kamligidan o'zga biron narsaga ag'darib bo'lmaydi. Agar syujet tarixdan yoki mifologiyadan olingan bo'lsa, u holda shoir ulardagi qaysidir tafsilotlarni saqlab qolishga majbur bo'lganini, yoki bo'lmasa, qaysidir nufuzli amaldorning amriga bo'ysungani, yoki qaysidir xususiy shart-sharoitlar uning uchun yaxshi shoirlik shuhratidan ko'ra salmoqliroq bo'lib chiqqaninii ro'kach qilishi mumkin. Boshqacha aytsak, agar shoir erkin tanlash imkoniga ega bo'lgani holda ham asari muvaffaqiyatsiz chiqsa, u albatta koyishga uchraydi. U mustahkam bilmog'i kerakki, bir tomondan, san'at hatto yaramaydigan tarixni ham teatr pesasiga aylantirishga qodir,- zero, agar bu tarixda tugun bo'lmasa, uni yaratish mumkin; agar tugun o'ta bo'sh bo'lsa, uni mahkam siqib qo'ysa bo'ladi; agar tugun o'ta mahkam bo'lib yechishga imkon bermasa, uni biroz bo'shatib qo'yish mumkin,- boshqa tomondan, yomon san'atkor hatto eng oliymaqom tarixning fazilatlarini ham chippakka chiqarishi, uni butkul tanib bo'lmaydigan ahvolga keltirib qo'yishi mumkin.

Shuningdek, sahnada har qanday tarix ham taqdim etilishi mumkin deb hisoblamaslik kerak, chunki ko'pincha tarixning butun go'zalligi teatrda tasvirlashning imkoni bo'lmaydigan sharoit bilan bog'liq bo'lib chiqadi. <...>

Shu sababga ko'ra janob Kornelning «Feodora»si to'la muvaffaqiyat topa olmadi va lozim darajada ma'qullanmadi. Mazkur pesa juda mohirona qurilgan, uning intrigasi ravon va ko'p qirrali, tarixdan ustalik bilan foydalanilgan, undan chekinishlar esa asosli, voqyealar rivoji va she'r tuzilishi shoir nomiga munosib. Biroq asosida Feodora nomusining toptalishi yotgani bois asar syujeti huzur baxsh etolmaydi. Albatta, shoir barcha voqyealarni eng kamtar bir yo'sinda va juda andishali ifodalar yordamida tasvirlaydi,- baribir o'sha yoqimsiz hodisani bir necha bor tasavvur qilishga (ayniqsa, IV pardadagi monologlarda) to'g'ri keladiki, tasavvur qilinayotgan manzaralar kishining nafratini qo'zg'atmasligi mumkin emas. Shunga o'xshash, hatto tasvirlanishi bundan chandon qiyin bo'lgan ko'plab tarixlar mavjud va, aksincha, oliy darajada qulay tarixlar ham bor, jumladan, bir kunning o'zida beva qolgan va yana nikohga kirgan, davlatni qo'lidan chiqargan va yana qayta qo'lga kiritgan Sofonisba tarixi kabi.

<...> Garchi dramatik poema nigohimiz qarshisida ehtiroslar, voqyealar va manzaralarni namoyon qilishi lozim bo'lsa-da, uni bular bilan ortiqcha to'yintirmaslik lozim, negaki shiddatli ehtiroslarning o'ta tez-tez yoki uzoq tasivrlanishi qalb sezgirligini holdan toydiradi, voqyealar toliqtiradi va xotirani dovdiratib qo'yadi, manzaralarni esa kaysidir juz'ini unutmagan holda tasavvur qilish qiyin. Shu sababga ko'ra har bir pardada muhim voqyea va kuchli ehtiroslarni tasvirlashga harakat qiluvchilar kutilgan muvaffaqiyatga erisha olmaydilar. Agar me'yor qanday bo'lmog'i kerak deb so'rasalar, men aytamanki, bu o'rinda oqilona harakat qilmoq lozim, agar poema yaxshi qurilgan bo'lsa, tasvirlanayotgan voqyealarning avvaldan tayyorlab borilgani va ehtiroslarning turfaligi ortiqchalikdan yuzaga kelishi mumkin bo'lgan buzilishlarni tuzatib ketadi; mashinalarning sozlanganligi esa (bu hol bizning jamoat teatrlarimizda doim ham kuzatilmaydi) ularning shunchalar oson qo'llanishini ta'minlaydiki, ulardan har bir pardada foydalanish mumkin bo'ladi,- buni bir paytlar janob kardinal Rishelega taklif qilgan edim.

Odatda shoirga o'zi sahnada tasvirlamoqchi bo'lgan tarixni qay darajada o'zgartirishga izn beriladi, deya ham ko'p so'raydilar. Bu masalada qadimgilarda ham, hozirgi mualliflarda ham turlicha fikrlar mavjud; menga qolsa, shoir tarixda juz'iy sharoitlarnigina emas, asosiy voqyeani ham o'zgartirishi mumkin, faqat u yaxshi poema yaratsa bas, deb hisoblayman. Shoir solnomachi bo'lmagani holda sanalarga e'tibor qilmagani kabi, tarixchi bo'lmagani holda haqiqatga qat'iy amal qilishga ham burchli emas. Bu jihatdan dramatik shoir epik shoirga o'xshaydi. Ikkisi ham o'z poemalarini yaratar ekanlar, tarixdan o'zlariga kerak narsalarnigina olishi, boshqalarini esa o'zgartirishlari kerak: teatrga tarixni o'rganish uchun borish kulgili bo'lur edi. Sahnada hamma narsa voqyelikda qanday bo'lsa o'shandek emas, qanday bo'lishi lozimdek tasvirlanadi, shu bois shoir, xuddi nomukammal model bilan ishlayotgan musavvir kabi, syujetdagi o'z san'ati qoidalariga zid keluvchi narsalarni o'zgartiradi. Ayni shu sababli, garchi asosida haqiqatda yuz bergan hodisa yotsa-da, teatrda Kamilla o'z akasi Goratsiy qo'lidan o'lim topishining tasvirlangani ma'qullanmadi8,- men o'shanda bir fikrni aytdimki, umidi tamom uzilgan qiz akasining qo'lida shamshirni ko'riboq o'zini tig'ga otganida, tarixga ham, odob-axloqqa ham putur yetkazilmagan bo'lur edi: qiz Goratsiy qo'lida o'lim topgan, biroq u badbaxtu beayb sifatida hamdardlikka munosib bo'lar edi. Tarix bilan teatr murosa qilgan bo'lardi.

Qisqasi, tarixchi bo'lib o'tgan ishlar haqida oddiygina hikoya qilishi (agar u o'tmishga hakamlik qilayotgan bo'lsa, zimmasiga ortiqcha ishni olibdi); epopeya ulug'vor to'qimalar yordamida va go'yo ularni haqiqatga cho'kdirib yuborgan holda voqyealarni bezashi, teatr esa yuz bergan voqyealarni haqiqatga monand va yoqimli tarzda qayta yaratishi lozim. Hyech shubhasiz, agar tarix dramatik poema yaratish uchun zarur barcha fazilatlarga ega bo'lsa, shoir o'sha tarixdagi haqiqiy narsalarning barini saqlab qolishga burchli; aks holda esa, u hamma narsani o'zining san'ati yordamida mujassam ifoda etmoqchi bo'lgan ijodiy niyatiga bo'ysundirishga haqli. Ayrimlar bu xil qarashga qo'shilmaydilar, bunda ular Goratsiyning qabul qilingan fikrga ergashish yoki shunga muvofiq keladigan fikrni o'ylab topish kerak, degan fikriga tayanadilar. Biroq Goratsiy bu o'rinda syujet haqida gapirgan emas, yo'q, u xarakterlar haqida mulohaza yuritarkan, bizga bosh personajlarga tarixga asoslangan umum nazdidagidan farqalanuvchi yoki butkul yiroq sifatlarni bermaslik kerakligini uqtirgan,- ya'ni Sezarlarni qo'rqoq yoki Messalinalarni butkul beayb qilib tasvirlamaslik kerak. Bu haqda o'zining poetikasida Fossius9 ham aniq ravshan qilib yozadi; men Goratsiyning yozganlarini yolg'on va zo'raki talqin qilgan holda qanday qilib yana uning o'ziga butkul ters ma'noda ergashish mumkinligini tushuna olmayman.

Agar yaqinda yuz bergani yoki har vaqt odamlar og'zida bo'lgani bois tarix hammaga yaxshi ma'lum bo'lsa, uni faqat katta ehtiyotkorlik bilangina o'zgartirish mumkin; biroq men shoirga yomon poema (o'zi amal qilishga burchli bo'lmagan haqiqatni saqlab qolish istagida) yozgandan ko'ra bunday syujetdan voz kechishni yoki har tugul xalq ko'nglini og'ritib qo'ymaslik uchun undan mohirona foydalanishni masalahat berardim. Aristotel o'gitlarini yaxshilab mulohaza qilgan kishi uning ham shu fikrda ekanligini, qadimgilar har vaqt ayni shunday yo'l tutganlarini ko'radi. Men hatto shunday o'ylayman: ulug' tragiklar tomonidan tasvirlangan tarixlar ichida birontasi yo'qki, ular tomonidan sezilarli o'zgartirishlar kiritilmagan bo'lsa. <...>

<...> Unutmaslik kerakki (bu teatr pesalarini kuzatib chiqargan xulosalarim ichida ahamiyati jihatidan oxirgisi emas), agar syujet tomoshabinlar axloqi va hislariga muvofiqlashtirilmasa, shoir unga qanchalik sabot bilan ishlov bergani va qanday noyob bezaklar ishlatganidan qat'i nazar, u hyech qachon xayrixohlik bilan qabul qilinmaydi. Dramatik poemaning qiyofasi u kimlarning qarshisida o'ynalishiga bog'liq bo'lmog'i kerak, - shu bois ham bitta pesaning, garchi u o'z holicha birdek qolsa-da, turli xalqlarda topgan muvaffaqiyati doim ham bir xil bo'lmaydi. Jumladan, afinaliklar sahnada podsholarning zulmiyu baxtsizliklarini, e'tiborli xonadonlarning tanazzuli, hukumatdorlarning nobop xatti-harakatlari tufayli qo'zg'algan xalq isyonlarini tomosha qilishni hush ko'rganlar,- boisi ular xalq hokimiyatiga asoslangan davlatda yashab, mudom o'zlarining har qanday monarxiya mustabidlikdir degan e'tiqodlarida qolishni istaganlar va xalqning haqli g'azab-nafratiga uchrash ehtimoli bilan qo'rqitish orqali respublikaning e'tiborli kishilari ongidan yakka hukmronlikka moyillikni ildizi bilan chiqarib tashlashga harakat qilganlar. Biz esa o'z podshohlarimizga nisbatan ehtirom va muhabbat hislarini tuyamizki, ular ommaga bu darajada dahshatli tomoshalar ko'rsatilishiga yo'l qo'ymaydi; biz qirollar yovuz bo'lishi mumkinligiga ishonishni istamaymiz va faqat sahnadagina bo'lsa ham fuqarolarning, hatto u ezilayotgan bo'lsa-da, o'z qirollarining muqaddas shaxsiga daxl qilishi yoki hokimiyatlariga qarshi bosh ko'tarishiga chiday olmaymiz10. <...>

Teatrlarimizda janob Dyu Riening11 turfa voqyealar bilan bezalgan, ulug'vor his-tuyg'ularni tasvirlovchi va katta mahorat bilan qurilgan «Esfir» pesasi namoyish qilindi; biroq bu pesa Parijda Ruandagidan ko'ra ancha kam muvaffaqiyat qozondi. Ruandan qaytgan komediantlar bizga bu yangilikni yetkazganlarida, hamma hayron bo'lar buning sababini tushunolmas edi. Men esa shunday taxmin qilaman: asosan savdo shahri bo'lmish Ruan ko'plab oshkor va pinhon yahudiylarga to'lib ketgan, shuning uchun ham tomoshabinlar o'zlarining qarashlari va axloqiga muvofiq bo'lgan bu pesani ko'ngillariga yaqin olganlar.

Xuddi shunday gapni komediyalar haqida ham aytish mumkin. Qadim yunonlar va rimliklar yoshlarning satanglar bilan aysh-ishrat qilishlarini oddiygina xushvaqtlik deb bilganlar, shu bois fohishalarning intrigalariyu mish-mishlari yoki ziyofatlarda yugurdaklik qilgan xizmatkorlarning quvliklarini sahnada tasvirlanishiga xohish va ishtiyoq bilan izn berganlar, zero, bunda hyech bir g'ayriodatiy holni ko'rmaganlar. Ular cho'ntaklarini qoqlab olish uchun chollarni qanday laqillatishayotgani yoki yosh xo'jalari uchun qullar qanday quvliklar o'ylab topayotganini tomosha qilib huzurlanganlar. Birinchilarining baxtsizligi ularning hamdardligini qo'zg'agan, chunki shunga o'xshash hollarga ularning o'zlari ham tushganlar; keyingilarining makkorligi esa ularga shunday holga tushmaslik uchun bir o'git bo'lib xizmat qilgan. Biz esa bunga o'xshash narsalarning barini yomon deb qabul qilamiz, hyech bo'lmaganda qiziq emas va yoqimsiz deb bilamiz, negaki xristian axloqi oliyjanob kishilarning illatli amallarni ma'qullashi va ularni huzurlanib tomosha qilishiga izn bermaydi; bundan tashqari, biz kundalik hayotimizda amal qiladigan qoidalar xizmatkorlarning quvligiyu bu ularning makridan muhofazalanish zaruratini istisno qiladi.

Mana shuning uchun ham fransuz saroy ahlining tragediyani komediyadan ko'ra yaxshi qabul qilishi, qora xalq esa komediyani, hatto qo'pol masxarabozlikdan iborat farsni tragediyadan ko'ra qiziqarliroq deb bilishini ko'rib turibmiz. Bizning qirolligimizda aslzodalar orasida tug'ilgan yo tarbiya topgan kishilar faqat oliyjanob hislar bilan yashaydilar, yuksak o'y-fikrlar, ezgu niyatlar va saxovatli intilishlarga moyildirlar; shuning uchun ham ularning hayoti tragediyalarda tasvirlanadigan narsalar bilan mahkam bog'langandir. Axloqiy tubanlik muhitida ulg'aygan, beandisha hislaru beparda laqmalikka ko'milgan qora xalq esa farsalarimizdagi bemaza masxarabozlikni ma'qullashga moyil va sahnada gap-so'zlariyu amallari o'zinikiga o'xshagan odamlarni ko'rib har vaqt quvonadi.

Aytilganlar poemaning asosiy voqyeasigagina emas, balki uning barcha tarkibiy qismlariga, ayniqsa, his-tuyg'ular tasviriga ham taalluqlidir: zero, agar qaysidir parda yoki ko'rinishda tomoshabinlar axloqiga muvofiqlashtirilmagan amallaru his-tuyg'ular ko'rsatilsa, shu ondayoq qarsaklar tinadi va tomoshabinlar dilida, garchi o'zlari uni yuzaga keltirgan sababni anglamasalar -da, jirkanish uyg'onadi. Bu jihatdan teatr san'ati notiqlik san'atiga o'xshaydi: omi odam uning mukammal yo nomukammaligini fozil odamdan kamroq his etmaydi, garchi bu mukammallik yo nomukammallik sababi ikkisiga turli darajada tushunarli bo'lsa-da.

II bob.

Haqiqatga monandlik haqida

Har qanday teatr pesasining asosi haqiqatga monandlik bo'lmog'i kerak. U haqda hamma fikr yuritadi, lekin uning aslida nima ekanini juda oz kishilargina anglaydi. Haqiqatga monandlik pesada tasvirlangan narsalarni ma'qullash yo ma'qullamaslikka imkon beruvchi bosh xususiyat bo'lishi lozim. Boshqacha aytsak, haqiqatga monandlik, ta'bir joiz bo'lsa, o'zida dramatik poemaning mohiyatini namoyon etadiki, usiz sahnada yuz berayotgan yoki aytilayotgan narsalar oqilona emas bo'lib ko'rinadi.

Umumiy qoidaga muvofiq, haqiqiy (haqiqatda yuz bergan) narsa tasvir predmeti bo'la olmaydi,- zero, haqiqiy narsalarning ko'pini teatrda ko'rsatilmagani ma'qul, yana bir qismini esa ko'rsatishning imkoni yo'q. Taqlidga asoslangan poeziya va boshqa san'atlar haqiqatga emas, odamlarning aksariyatiga xos fikr va qarashlarga ergashadi, deganida Sinesiy mutlaqo haq.

Garchi haqiqatan ham Neron onasini bo'g'ib o'ldirib tug'ilishdan oldingi to'qqiz oy davomida qaerda yotganini ko'rish uchun qornini yorishni amr etgan bo'lsa-da, bu vahshiylik, mayli uni amalga oshirgan odam uchun yoqimli bo'lsin, tomoshabinlarga dahshatligina emas, aqlga sig'maydigan bo'lib ko'rinadi, zero, bunday hodisaning yuz berishi umuman mumkin emas edi. Shoir syujet voqyealarini tanlab olishi mumkin bo'lgan tarixlar ichida birontasi ham yo'qki (hyech bo'lmaganda, men shu fikrdaman), undagi shart-sharoitlarni, mayli ular mutlaqo haqiqiy ham bo'lsin, teatr pesasida tasvirlash, asarga voqyealar tartibi, vaqt, joy, qatnashuvchilar va boshqa xususiy jihatlarni o'zgarishsiz ko'chirish mumkin bo'lsa.

Imkondagi (bo'lishi mumkin) narsa ham tasvir predmeti bo'lolmaydi, zero, voqyelikda, umuman aytganda, yuz berishi mumkin (yo tabiiy shart-sharoitlarning birikishi, yo ma'naviy-axloqiy sabablar tufayli) bo'lgan narsalarning aksariyati sahnada kulgili va ishonarsiz bo'lib ko'rinadi. Odam qo'qqisdan o'lishi mumkin (bu narsa tez-tez kuzatiladi), biroq, mabodo muallif pesa tugunini yechish uchun raqiblardan birini apopleksiyadan (tabiiy va keng tarqalgan kasallik) o'lishga majbur qilsa, uning ustidan kulishadi,- har holda, bunday holni asoslash uchun u ustomonlik bilan puxta tayyorgarlik qilishi lozim. Odam yashin urib o'lishi ham mumkin, biroq agar komediyaning intrigasini hal etish uchun shoir ag'yorlardan birini shu yo'l bilan oradan ko'tarsa, to'qimasi tutruqsiz bo'lur edi.

Demak, faqat haqiqatga monandning o'zi qolyapti va faqat ugina dramatik poemaga oqilona asos, rivojlanish va yakun bera oladi. Bu teatrdan haqiqiy va imkondagi narsalar butkul quviladi degani emas, ular haqiqatga monand bo'lgani uchungina qabul qilinadi, ularni teatr pesasiga kiritish uchun haqiqatga monand bo'lmagan holatlarni tushirib qoldirish yo o'zgartirish, tasvirlanayotgan narsalarning bariga haqiqatga monandlik baxsh etish kerak bo'ladi.

Men bu o'rinda odatiy va g'ayriodatiy narsalarning haqiqatga monandligi masalasini muhokama qilmoqchi emasman: bu haqda ulug' olimlar mufassal to'xtalganlar va tabiiy sharoitda yuz berishi mumkin bo'lmagan narsalar ilohiy kuchlar va magiyaning aralashuvchi tufayli yuz berishi mumkin bo'lgan va haqiqatga monandga aylanishi hammaga ma'lum; hamma yana shuni biladiki, teatr haqiqatga monandligi faqat insonning odatiy hayotida yuz bergan voqyealarnigina tasvirlashni taqozo etmaydi, balki mo'jizaviy narsalarni ham qamrab oladi va shu tufayli voqyealar alohida ulug'vorlik kasb etadi, negaki, ular kutilmagan bo'lgani holda haqiqatga monand bo'lib ko'rinadi. Biroq, men sezib qoldim, haqiqatga monandlikka qay darajada rioya qilish lozimligini juda oz kishilar tushunar va hamma o'ylar ekanki: unga poemaning asosiy voqyeasida va eng omi tomoshabinlarni hayajonga soladigan voqyealar tasvirida rioya etmoq kerak,- shu bilan kifoyalanish mumkin. Holbuki, teatrda tasvirlanayotgan eng oddiy harakatlar ham haqiqatga monand bo'lmog'i lozim; aks holda tasvir yomon bo'ladi va undan umuman voz kechilgani ma'quldir. Insonga xos harakatlarning shu darajadagi soddasi yo'qki, u o'zining ajralmas qismi bo'lgan vaqt, joy, odamning o'zi, uning maqomi, uni harakatga undayotgan sabab va vositalar kabi shart-sharoitlar bilan birga kelmasa, - modomiki teatr mukammal tasvir bo'lmog'i lozim ekan, u o'sha harakatni to'laligicha va haqiqatga monandligiga har jihatdan rioya etgan holda namoyon etishi talab qilinadi.

Agar sahnada qirol gapirayotgan bo'lsa, u qirolga munosib tarzda so'zlamog'i shart, chunki uning maqomi shunday shart-sharoitki, haqiqatga monandlikka putur yetkazmagan holda uni chetlab o'tish mumkin emas(agar bu boshlang'ich shart-sharoitni yo'qqa chiqaruvchi sabab bo'lmasa, masalan, qirol boshqa toifa kishisi tarzida kiyingan holat). Biroq qirolning o'z maqomiga mos tarzda gapirishining o'zi kam, shu bilan birga sahna u so'zlayotgan joyni tasvirlashi ham kerak: zero, nutqlar ham, harakatlar ham muayyan joyda aytilgan va amalga oshgandagina haqiqatga monand ko'rinadi. Bundan tashqari, qirol gapirayotgan vaqtni ham aniq belgilash va ifodalash zarur, chunki nutq qandayligi ko'pincha joy bilan ham bog'liq bo'ladi, - masalan, jangga otlanayotgan qirolning gapirishi jangdan zafar yo mag'lubiyat bilan qaytgandan keyingi gapirishidan tamom farqlanadi.

Ammo teatr voqyeasining barcha shart-sharoitlarida haqiqatga monandlikni saqlab qolish uchun teatr san'atining qoidalarini bilish va qo'llay olish kerak. Bu qoidalar esa xuddi shuni, sahnaga olib chiqilayotgan voqyeaning hamma tomonlarini haqiqatga monand qilish va shu yo'sin to'laqonli va muvaffaqiyatli tasvirga erishish yo'llarini o'rgatadi.

Ayrimlar aytadiki, haqiqatga monandlik haqida muhokama yuritish uchun sog'lom fikr bilan tug'ma idrok yetarli. Men ularga qo'shilaman, biroq o'sha sog'lom fikr akterlar nimaga intilishlari va maqsadga yetish uchun nimaga rioya qilishlari lozimligi to'g'risida o'git olgan bo'lishi kerak. Faraz qilaylik, qaysidir sog'lom fikrli odam hyech qachon teatr ko'rmagan va hatto u haqda eshitmagan ham: bunaqa odam komediantlar tomonidan tasvirlanayotgan qirollaru shahzodalar haqiqiy odamlarmi yo arvohlarmi ekanini tushunmasligi aniq. Hatto, agar ko'z oldidagi faqat o'zgacha kiyinish va aldov ekanligini bilganida ham, baribir u pesaning fazilat va nuqsonlari haqida fikr yurita olmas edi; nim haqiqatga monandu nima monand emasligini tushunish uchun u ko'plab tomoshalarni ko'rgan va ular haqida mulohaza yuritgan bo'lishi kerak bo'lur edi.

Shu sababli dramatik poema haqida na o'qib-o'rganish va na mulohaza yuritishga vaqt sarflamagani holda dadillik bilan hukm chiqarishga chog'langan va o'z hukmining haqligiga shubha qilmagan odam ko'pincha adashadi, negaki, bunday odamning haqiqatga monandlik haqida fikrlashimizga asos bo'luvchi barcha narsalarni tez va oson ilg'ay olishi haqiqatdan yiroq. Ko'pincha shunday ham bo'lganki, xiyla oqil kishilar qaysidir teatr voqyealarini avvaliga muvaffaqiyatli va yaxshi o'ylab topilgan deb aytishgan-da, muvofiq tarzda o'git berilgach, o'sha voqyealarni haqiqatga monand emas va hatto kulgili deb topishgan. <...>

Izohlar:

1. Bu yerda va bundan keyin d’Obinyak Per Kornelning «Sinna» tragediyasidagi alohida epizodlarni hikoya qiladi.

2. Floridor - aktyor, so'ngroq Kornelning ilk pesasi («Melita») sahnalashtirilgan Mare teatri rahbari. 1643 yilda Floridor Burgund oteli teatriga o'tgan. Boshato - Burgund oteli teatrining ko'zga ko'ringan aktyorlari familiyasi.

3. «o'z monologida triumviratning qora ro'yxatlariga Parij barrikadalarini aralashtirib yuborganida» - d’Obinyak «Sinna»ning bu tarz ijro etilishi qonuniy ekanini inkor qiladi, chunki bu holda qadimgi Rimdagi Ikinchi Triumviratning (Antoniy, Lipid va Oktavianlardan iborat siyosiy guruh) repressiv harakatlari bilan o'sha davr Fransiyasidagi liganing (lotaringiyalik feodal Genrix Giz boshchiligidagi siyosiy guruh) hokimiyat uchun kurashda o'z muxoliflari - gugenotlarni quvg'in qilishi orasida assotsiatsiyalar paydo bo'lishi mumkin. Proskripsiya Triumviratga noma'qul bo'lgani uchun jisman mahv etilishi va mol-mulki musodara qilinishi lozim bo'lgan kishining ro'yxatga kiritilishini anglatar edi. Liga a'zolari ham gugenotlarni ijtimoiy lavozimlardan bo'shatish, mulklarini musodara qilish va ularga qirg'in e'lon qilishni talab qilar edilar. 1588 yilning 12 mayi - Parij aholisi vaqtincha zafar qozongan Genrix Giz tomoniga o'tib barrikadalar qurishga tutingan kun - «Barrikadalar kuni» deb nom olgan.

4. Qarang: Aristotel. Poetika, 1453a.

5. Bu o'rinda d’Obinyakka xos fransuz sahnasidagi har nav dolzarblikni qoralash tendensiyasi namoyon bo'ladi. Epixarm (uning faoliyati mil.av. VI asr oxiri-V asrlarda Sirakuzada kechgan), Aristotelning so'zlariga ko'ra, fabulalarni komediya uchun qayta ishlagan birinchi shoirdir; Epixarmning asarlaridan faqat sarlavhalar va ayrim parchalar saqlanib qolgan bo'lib, ular muallifning mifologik mavzu va obrazlarni parodiya qilishga moyilligini ko'rsatadi. Aksariyati o'ta dolzarb, taniqli kishilarga qarshi qaratilgan, zamonaning siyosiy hodisalariga munosabat ifodalangan qadimgi attika komediyasi tipologik jihatdan Epixarm komediyalaridan farqlanadi, shunga qaramay Aristotel uning kelib chiqishini shu adibga bog'laydi.

6. Gap sofistcha o'qitishning ustidan kulingan Aristofanning «Bulutlar» komediyasi haqida bormoqda. Komediyada sofistlar falsafasining namoyandasi qilib Aristofan barcha afinaliklarga taniqli Sokratni,- sofistika va naturfilosofiyaning turli namoyandalari qarashlarini unga nisbat bergan hamda obrazini jamlovchi bir karikatura aylantirgan holda gavdalantiradi. Haqiqatda ham Sokratni yoshlarni buzishda ayblab, zahar ichishni buyurishgan, biroq faylasufning o'limi sanasi (mil.av. 399 yil) bilan «Bulutlar» komediyasining ilk bor sahnalashtirilish (mil.av. 432 yil) vaqti bir-biridan shuncha uzoqki, d’Obinyakning xitobi shubhali deyishning o'zi kamlik qiladi.

7. «Psevdol», «Arqon» -antik rimning ulug' komediyanavisi Plavt komediyalari. Birinchisining qahramoni Psevdol otli chaqqon va uddaburon qul. Uning antagonisti (ziddi) - qo'shmachi Ballionning ismi rimliklar uchun ablahni bildiradigan so'zga aylangan.

8. D’Obinyak bu o'rinda quyidagi konkret voqyeani nazarda tutadi. 1639 yilda Kornelning «Goratsiy» tragediyasi Shaplenga berilgan, so'ngroq «olim eranlar» (les doctes) - Shaplen, d’Obinyak, Barro, Fare, Sharpi, L’Etual, Buaroberlar majlisida o'qib eshittirilgan. Pesa o'qib bo'lingach, d’Obinyak xuddi shu risoladagi dalillarga tayangan holda Goratsiyning singlisi Kamillani o'ldirishi sahnasini tanqid qiladi. Shaplen va boshqalar beshinchi pardani «sovuq va qo'pol» deya ma'qullamaydilar. Biroq bu qotillik ham, undan keyingi Goratsiy ustidan o'tkazilgan sud ham Kornel asarida, qahramoni vatanga xizmat qilish ishtiyoqida umuminsoniy qoidalarni oyoq osti qilgan pesada tragik konfliktni mujassam etish uchun juda muhim. Muhokamadan so'ng Kornel opponentlariga yon berishga tayyordek ko'ringan, biroq keyin yechimni o'zgartirmay, Tit Liviyning «Rim tarixi» (I kitob, XIII-XXVI boblar) kitobidan olgan holicha qoldirgan. Kornelga zamondosh shoir Pellisson uning yo'qotilgan maktubidagi «Goratsiyni duumvirlar mahkum qildi, xalq esa kechirdi» degan so'zlarni eslatadi.

9. Gerard-Iogann Fossiy (1577-1649) - golland gumanisti, filolog va tarixchi, tanqidiy va tarixiy asarlar muallifi.

10. D’Obinyakning fransuz tomoshabiniga xalq g'alayonlari va qirollarning o'ldirilishi sahnalari nomaqbul degan mulohazalari risoladagi ko'plab estetik qoidalar asosida yotgan siyosiy konsepsiyani yaqqol namoyon etadi. Tragediya tematik doirasining D’Obinyak taklif etayotgan cheklanishi «Teatr amaliyoti»ning chop etilishi arafasida Fransiyada yuz bergan siyosiy hodisalar kontekstida ayricha ma'no kasb etadi. Fronda davri - 1648-1653 yillardagi ijtimoiy-siyosiy krizis va u bilan bog'liq xalq g'alayonlari kechayotgan bir paytda qirollik hokimiyati va unga xalqning munosabati masalasi amaliy ahamiyatga ega edi. Kornel Fronda davridagi tragediyalarida bu mavzuni chetlab o'tmadi, xususan, «Nikomed» (1651) tragediyasida bu masalani ancha o'tkir hal qildi.

11. Per Dyu Rie (1600-1658) - fransuz dramaturgi, Malerb reformalarini qabul qilgan va uni teatr sohasiga yoyish kerak deb e'lon qilgan yosh yozuvchilardan biri. O'zi «to'g'ri teatr» tarafdori bo'lgani holda, Dyu Rie har doim ham o'zining nazariy aqidalariga amal qilgan emas. Uning eng yaxshi pesasi - «Syurenda uzum uzish» komediyasi pastoral syujetining bir variatsiyasidir, biroq u o'z zamoni ma'naviyati, urf-odatlari bo'yicha kuzatishlarga boy. 1650 yildan keyin, garchi sal ilgariroq, 1646 yilda uni Akademiyaga saylashgan (uni Korneldan ma'qul ko'rishgan) bo'lsa-da, Dyu Rie teatrni tark etadi. «Esfir» (1647) - DyuRie qalamiga mansub so'nggi tragediya, o'zining badiiy jihatlari bilan boshqa tragediyalaridan quyiroq turadi. Asar syujeti Injildan olingan: yahudiy qizi Esfir qudratli shoh Artakserksning xotini bo'lib olgach, o'z xalqini qirg'indan saqlab qoladi, uning barcha dushmanlarini shafqatsiz jazolaydi.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.320-360

Per Kornel

Uch birlik - voqyea, vaqt va joy birliklari

haqida mulohazalar

Men o'ylaymanki, komediya uchun voqyea birligi intriga yoki bosh personajlar duch keladigan to'siqlarning birligida, tragediya uchun esa xavfning, uni qahramon yengib o'tishi yo u bilan kurashda halok bo'lishidan qat'i nazar, birligidadir...

Men bu bilan tragediyaga bir necha xavf yoki komediyaga bir necha intriga va to'siqlarni kiritish mumkinligini inkor qilmayman, faqat ulardan birining boshqalarini o'ziga ergashtirishi zarurdir. Bu holda birinchi xavfdan qutulish voqyeani tugallamaydi, chunki shu qutulishning o'zi qahramonni yangi bir xavfga duchor qiladi; shunga o'xshash birinchi intriganing yechilishi personajlarni xotirjam qilmaydi, chunki yechimning o'zi ularni yangi intrigaga aralashtirib qo'yadi. Qadimgilarda men ko'plab bir-biriga bog'langan xavflar voqyea birligiga putur yetkazmagan holga misol eslay olmayman; o'z pesalarimdan esa «Goratsiy» va «Feodora»larni ko'rsataman, ularda xavfning ikkita ekanligi kamchilik, chunki g'olib chiqqan Goratsiyning singlisini o'ldirishiga ham, zo'ravonlikdan qutulgan Feodoraning o'zini azobli o'limga mahkum etishiga ham zarurat yo'q edi; o'ylaymanki, agar Senekaning «Troada»sidagi Poliksena va Astianakslarning o'limi ham shu nav noto'g'rilik, desam, katta xatoga yo'l qo'ymagan bo'laman.

Boshqa tomondan, «voqyea birligi» ifodasini tragediya tomoshabinga bitta alohida voqyeani namoyon etishi kerak degan ma'noda tushunmaslik lozim. Shoir tanlagan voqyea o'zining boshlanishi, o'rtasi va oxiriga ega bo'lishi kerak; bu qismlarning har biri asosiy voqyea tarkibiga kiruvchi alohida voqyeagina emas, balki, bundan tashqari, ularning har biri o'z ichiga xuddi shunday tobelanish asosidagi yangi voqyealarni ham olishi mumkin. Shunday qilib, tomoshabinning xotirini jam etadigan bitta to'liq voqyea bo'lmog'i kerak; biroq u o'zini tashkil qilayotgan va pesa davomining qabul qilinishini yoqimli etadigan boshqa bir necha voqyea vositasidagina to'liq bo'la oladi. Oxirgisi voqyeaning uzluksizligini ta'minlash uchun har bir parda yakunida ayniqsa zarurdir. Tomoshabinning qatnashuvchi shaxslar pardalar orasidagi vaqt davomida nima qilayotganlarini, hatto, ular sahnada bo'lmagan vaqtlarida harakat qilayaptilarmi yo yo'qmi ekanini aniq bilishlariga zarurat yo'q; biroq har bir parda keyingi pardada yuz berishi lozim bo'lgan narsani kutish hissini qoldirishi zarur.

Agar Siz mendan «Rodoguna»dagi Kleopatra ikkinchi pardadagi o'g'illari bilan bo'lgan ko'rinishdan so'ng to'rtinchi pardadagi Antiox bilan uchrashuviga qadar nima qiladi deb so'rasangiz, men javob berishga qiynalgan bo'lur edim, sirasi, bu to'g'rida hisob berishga o'zimni burchli deb hisoblamayman ham; biroq shu tragediyadagi ikkinchi pardaning oxiri tomoshabinni aka-ukalar orasida ularning hokimiyatni egallash va Rodogunani onalarining zaharli nafratidan yashirishga intilishlari asnosi do'stlik hissining jo'sh urishini qabul qilishga tayyorlaydi. Bularning bari haqiqatan ham uchinchi pardada yuz beradiki, uning oxiri yana Antioxning o'zaro g'animlik qilayotgan ayollarga navbati bilan ta'sir o'tkazishga urinishiga qaytaradi va Selevkning to'rtinchi pardadagi xatti-harakatlarini asoslaydi, bu xatti-harakatlar Kleopatraning yovuz qarorini keltirib chiqaradi va tomoshabinni beshinchi pardada uning qanday tadbir qilishini kutishga undaydi. <...>

Personajlar sahnada bo'lmagan vaqtlarida nima qilishlari haqida hisob berishga zarurat yo'q derkan, men buning ba'zan juda ham o'rinli bo'lishi mumkinligini zarracha bo'lsin inkor qilmayman; faqat o'ylaymanki, buni muallif zimmasiga vazifa qilib qo'ymaslik kerak; u bunday izohlardan faqat sahna ortida yuz berayotgan narsalar tomoshabin ko'z oldida yuz berayotgan voqyeani tushunishga yordam bergan holdagina foydalanmog'i lozim. Shunga o'xshash, men Kleopatra ikkinchi pardadan to'rtinchi pardaga qadar nima qilishi haqida hyech nima demayman, chunki bu vaqt davomida u men tayyorlayotgan asosiy voqyea uchun ahamiyatli hyech narsa qilolmas edi; biroq beshinchi pardaning ilk misralaridanoq men oxirgi ikki parda orasidagi vaqtda u Selevkni o'ldirgani haqida tushuntirish beraman, chunki bu hodisa asosiy voqyeaning bir qismini tashkil qiladi. Mazkur holat asosiy voqyeaga olib keluvchi barcha xususiy voqyealarning tomoshabin ko'z oldida sodir bo'lishi zarur emas deyishim uchun imkon yaratadi; shoir ularning ichidan tasvirlanayotgan voqyeaning tomoshabopligi, ehtiroslarning kuchi va harakati yoki qandaydir boshqa jozib xususiyatlari bilan sahnada ko'rsatilishi, ayniqsa, foydali bo'ladiganlarini tanlab olishi, boshqalarini esa sahna ortida qoldirib, tomoshabinga ular haqida hikoya qilish yoki boshqa qandaydir mohirona yo'l bilan xabar berishi lozim; shoir, ayniqsa, har ikki turdagi voqyealar o'zaro shunday aloqada bo'lishi kerakki, keyingi voqyealar avvalgilaridan kelib chiqadigan va ularning bari kelib chiqayotgan manba birinchi parda bilan yakunlanadigan protazis bo'lishi lozimligini hamisha yodda tutishi kerak. Garchi bu qoida yangi va qadimgilarning odatlariga muvofiq kelmasa-da, ularni Aristotelga ikkita havola bilan asoslash mumkin. Birinchisi: Biri boshqasidan keyin sodir bo'layotgan voqyealar bilan biri boshqasi sababli sodir bo'layotgan voqyealar orasida katta farq bor1, deydi u.

«Sid»da mavrlar grafning o'limidan so'ng kelishadi, graf o'lgani sababli emas <...>, bu - tragediyaning kamchiligi. Ikkinchi fikr yanada qat'iyroq, - unda to'g'ridan-to'g'ri tragediyada sodir bo'layotganlarning bari o'zidan avval sodir bo'lgan voqyeadan zarurat yoki ehtimol sifatida kelib chiqishi lozim2, deyiladi.

Har bir ko'rinishning barcha xususiy voqyealarini bir-biriga bog'lovchi pardalar orasidagi aloqa <...> poemaning muhim bezagi bo'lib, sahnada voqyeani uzluksiz taqdim etishning oqibati o'laroq voqyea uzluksizligini ta'minlaydi; biroq har holda bu bezak xolos va qoida maqomiga ko'tarilishi mumkin emas. Qadimgilar, garchi ularda sahna aksariyat hollarda ikki yoki uch ko'rinishdan tashkil topsa-da, bu usuldan har doim ham foydalangan emaslar, chunki ular uchun ko'rinishlar orasidagi aloqani ta'minlash bir pardaga to'qqiz-o'ntagacha ko'rinishni joylaydigan bizlarga qaraganda ancha oson bo'lgan. Sofoklda, masalan, Ayaksning o'lim oldidagi monologi na o'zidan oldingi va na o'zidan keyingi sahna bilan hyech bir aloqaga ega emas. Qadimgilar tragediyasini o'zlariga namuna qilib olgan davrimizning olim kishilari mazkur aloqaga bundan-da e'tiborsiz qaraganlar, bunga amin bo'lish uchun Byukenen, Grotsius3 va Xeynsiuslarning tragediyalariga bir qur nazar tashlash kifoya. Biz esa tomoshabinlarimizni bunga shu darajada o'rgatib qo'ydikki, ular pesaning boshqa voqyealardan alohida ajralib qolgan ko'rinishga duch kelsalar, uni kamchiliklar sirasida qayd etmay qo'ymaydilar; hatto bunday uzilishlarga duch kelganda aql bir xulosaga kelib ulgurmayoq ko'z va quloq yoqimsiz lol qoladi. «Sinna»ning to'rtinchi pardasi shu talabga javob bermagani uchun ham boshqalaridan past turadi; shu yo'sin, ilgari hyech qachon majburiy talab bo'lmagan narsa amalda muntazam va sobitlik bilan qo'llanishi natijasida endi qoida maqomini olmoqda. <...>

Dramatik asar voqyeasi bir butun bo'lishi kerak esa-da, unda ikkita qismni - tugun va yechimni farqlash lozim. Tugun,-deydi Aristotel,- qisman, tasvirlanayotgan voqyea boshlanguniga qadar sahna ortida, qisman esa, sahnada yuz berayotgan voqyeadan tarkib topadi; qolgan narsalarning bari yechimga tegishlidir. Personajlar toleidagi o'zgarish bu ikki qism orasidagi burilishni anglatadi. Bungacha yuz berganlarning bari birinchisiga taalluqli, burilishning o'zi va undan keyingilari - ikkinchisiga4. Tugun batamom shoirning tanlovi va tasavvurining parvoz darajasiga bog'liq, shu bois ham uning uchun, undagi hamma narsa haqiqatga monandlik yoki zarurat asosiga qurilishi lozimligidan tashqari, qoida tayin etib bo'lmaydi. <...>

Bunga yana bir maslahatni qo'shib qo'yaman - sahnada taqdim etilayotgan voqyeaga qadar yuz bergan voqyealarga imkon qadar kamroq chuqurlashing. Bunday hikoyalar odatda sabrsizlik tug'diradi, chunki tomoshabinlar ularni kutmaydi; bundan tashqari, ular teatr tomoshasini tushunish uchun o'n-o'n ikki yillar avval nimalar yuz berganini eslashga majburlab xotirani zo'riqtiradi va oqibat tinglovchi aqlini toliqtiradi. Biroq endi yuz beradigan va sahna voqyealari boshlanganidan beri uning ortida yuz berayotgan voqyealar haqidagi hikoyalar yaxshiroq taassurot qoldiradi, chunki ularni muayyan darajada qiziqish bilan kutiladi va ular sahnada taqdim etilayotgan voqyeaning tarkibiy qismi sanaladi.

«Sinna»ga uni boshqa barcha asarlarimdan yuqoriroq o'ringa ko'tarib qo'ygan maqtovli munosabatlar nasib etganining sabablaridan biri shuki, unda o'tmish haqida hikoyalar yo'q, Sinnaning Emiliyaga o'zi boshlagan fitna haqida xabar berishi esa tomoshabinlar keyin yuz beradigan voqyealarni tushunishlari uchun bilishlari va eslab qolishlari zarur bo'lgan tafsilotlar ro'yxati emas, balki ko'proq ularning aqlini erkalovchi o'ziga xos bezakdir. Dastlabki ikki ko'rinishdayoq Emiliya otasining o'limi uchun o'ch olish maqsadida ma'shuqi Sinna Avgustga qarshi fitna uyushtirganini bizga yetarlicha aniq anglatadi; agar Sinna unga oddiygina qilib «fitnachilar ertangi kunga tayyor» deganida ham, u voqyealarni fitnachilarga murojaatan so'zlagan nutqi va ularning umumiy qarorini ifodalagan yuzlab misralardan kam siljitmagan bo'lur edi. «Irakliya»da5 ko'rishimiz mumkin bo'lganidek, ibtidosini qahramonning tug'ilishidan olgan intrigalar ham mavjud, biroq poetik tafakkurning bunchalar zo'riqishi tomoshabindan ham diqqatni xuddi shu kabi odatdan tashqari kuchaytirishni talab qiladi, bu esa tomoshabinning dastlabki namoyishlarda to'la huzur olishiga halal beradi - ular tomoshabinni shu darajada toliqtiradi.

yechimda ikkita narsadan qochmoq kerak: maqsadlarning oddiygina o'zgarishi va mashinadagi xudodan. To'rt parda davomida bosh personajlarga muttasil to'siqlar yaratib kelayotgan shaxsning beshinchi pardaga kelib birdan, garchi uni bunga majbur qiladigan hyech bir hodisa yuz bermasa ham, chekinishi bilan pesani tugatish uchun katta mahorat talab qilinmaydi. <...> Mashina ham bundan ortiq mahorat talab qilmaydi, qachonki u personajlar chigalliklarni qanday hal qilishni bilolmay turgan paytda ularni hal qilib beruvchi xudoni olib tushish uchungina kerak bo'lsa. yevripidning «Orest»ida Apollonning paydo bo'lishi shunaqa. <...> U voqyealar rivojida hyech bir asosga ega emas, shu bois ham yomon yechimdir. <...>

Vaqt birligi qoidasi Aristotel so'zlariga tayanadi: Tragediya o'z voqyealarining davomiyligini kunning bir aylanishi doirasi bilan cheklashi yoki bundan ko'p ortib ketmasligiga harakat qilishi lozim6. Bu so'zlar kunning yigirma to'rt davomiyligidan kelib chiqish kerakmi yo o'n ikki soatlik davomiyligidanmi masalasidagi mashhur bahsga turtki berdi: bu qarashlarning har ikkisi ham o'zining ko'plab tarafdorlariga ega. Menga qolsa, bunchalik qisqa vaqt doirasiga sig'dirish juda qiyin bo'lgan syujetlar mavjudki, men ularga to'liq yigirma to'rt soatni taqdim qilibgina qolmay, mazkur filosof taqdim etayotgan vaqtni birmuncha uzaytirish huquqidan foydalanib, uni ikkilanmay o'ttiz soatgacha cho'zgan bo'lur edim. Bizning qonunlarimizda bir holat borki, unga muvofiq hukmni yumshatish yoki uning qat'iyligini cheklash mumkin: odia restringenda, favores ampliandi7. Mualliflar ba'zan bu majburiy qoida bilan juda siqib qo'yilgan bo'ladilar; u qadimgilarning ayrimlarini imkonsiz narsaga yetib borishga-da majbur etgan! Masadan, yevripidning «Iltimoschilar»ida Afinadan qo'shin bilan jo'nagan Tezey va o'n ikki yoki o'n besh milya masofadagi Fiva devorlari ostida jang qiladi va keyingi pardada zafar bilan qaytadi; u jo'naganidan boshlab to zafar xabarini keltirgan chopar paydo bo'lgunicha Etra bilan xor atigi o'ttiz olti misragina she'r aytishga ulguradi. <...> Ko'pchilik bu qoidaga e'tiroz qilib, uni mustabidona deb ataydi. Agar bu qoida faqat Aristotelning obro'sigagina tayanganida edi, ular haq bo'lur edilar; biroq uni qabul qilishga majbur qilayotgan narsa - u asoslanayotgan sog'lom fikr. Dramatik asar - taqlid yoki aniqroq qilib aytsak, inson xatti-harakatlarining tasviridir; portret originalga qanchalik muvofiq bo'lsa, uning shunchalik mukammal bo'lishi esa shubhaga o'rin qoldirmaydi.

Teatr tomoshasi ikki soat davom etadi va agar tasvirlanayotgan voqyea bundan ko'p vaqtni talab etmaganida, o'xshashlik to'liq bo'lur edi. Shuning uchun o'n ikki soatda ham, yigirma to'rt soatda ham to'xtalmaymiz-da, tasvirlanayotgan voqyeaning davomiyligini imkon qadar cheklashga harakat qilamiz, toki tomosha haqiqatga monandroq va mukammalroq bo'lsin. Birinchisiga (tomoshaga- tarj.), agar mumkin bo'lsa, ikkinchisi (syujet voqyealari- tarj.) davom etadigan o'sha ikki soatnigina beramiz; men «Rodoguna»ning voqyealari bundan ortiq vaqt talab qiladi deb o'ylamayman, ehtimol, «Sinna» voqyealarining ham ikki soatda amalga oshishi mumkin bo'lur edi. Agar biz uni o'sha ikki soatga sig'dira olmasak, unda to'rt, olti, to'qqiz soatni olamiz, biroq yigirma to'rt soat chegarasidan ko'p o'tib ketmaslikka harakat qilamiz, toki portretni asliga xos o'lchovlardan mahrum etib, ro'dapoga aylantirib qo'ymaylik. Men voqyeaning davomiyligi bilan bog'liq hamma narsani tomoshabin tasavvuriga havola qilinishi va, agar syujet shuni taqozo etmasa, hyech qachon voqyea band etayotgan vaqtga ishora qilinmasligini juda istardim, ayniqsa, «Sid»dagi kabi voqyeaning davomiylik ehtimoli birmuncha zo'raki bo'lsa, aks holda, ishora faqat voqyealar bir qadar shoshib taqdim etilayotganini oshkor qilib qo'yadi xolos. Hatto vaqt birligiga rioya qilish zarurati pesada zararli aks etmagan holda ham, parda ochilayotganda quyoshning ko'tarilayotganini, uchinchi pardada kun tikkaga kelgani, so'nggi pardaning oxirida esa kun botayotganini ko'rsatishga nima zarurat bor? Bunday zo'rakilik faqat tomoshabinning g'ashiga tegishi mumkin. Voqyeaning o'zi joylanayotgan vaqt davomida yuz berishi ehtimoli va tomoshabinga hyech bir aqliy zo'riqishsiz bu vaqtning davomiyligini tasavvur etish imkoni yaratilsa kifoya. Hatto davomiyligi ijro vaqti bilan bir xil bo'lgan voqyealarda ham, agar birinchi parda bilan ikkinchisi orasida yarim soat vaqt o'tganini belgilab ta'kidlab turilsa, juda o'rinsiz bo'lur edi.

Agar biz tanlagan voqyea ko'proq vaqtni, masalan, o'n soatni talab etasa, men istardimki, ulardan sahnada ko'rsatilmaydigan sakkiz soati pardalar oralig'ida qolsa, pardalarning har biri esa davomiyligi o'ynalish vaqti bilan teng bo'lgan voqyeani namoyon etsa; bu ko'rinishlar orasida uzluksiz aloqa mavjud bo'lgan hollarda ayniqsa muhim, chunki bunday aloqa ikki ko'rinish orasida bo'shliq bo'lishiga aslo toqat qilolmaydi. Biroq, o'ylashimcha, beshinchi parda o'zining alohida imtiyoziga ko'ra voqyealar oqimini birmuncha tezlatish huquqiga ega, shundayki, voqyeaning u taqdim etayotgan qismi haqiqatda ijro vaqtidan ko'proq vaqtni tashkil etishi mumkin. Bunga sabab shuki, tomoshabin tezroq yakunni ko'rishni sabrsizlik bilan kutadi va agar yakun sahnadan ketgan personajlarga bog'liq bo'lib qolsa, sahnada qolgancha ular haqida xabar kutayotgan personajlar og'zidan ayttirilgan har qanday gaplar faqat zeriktiradi va ezmalik bo'lib tuyuladi. <...> Masalan, infanta Leonora bilan, Ximena Elvira bilan suhbatlashayotgan paytda Sid va don Sancho orasidagi olishuvining haqiqatda yuz berishi mumkin emas edi. Men buni yaxshi ko'rib turganman, biroq voqyealarni shoshiltirish zarurati oldida to'xtab qolmadim, bunga misollarni, ehtimol, hatto ko'plab misollarni qadimgilardan ham topishimiz mumkin. <...>

«Sinna» va «Rodoguna»dagi kabi voqyeaning yakuni sahnani tark etmaydigan va o'zi haqida xabar kuttirmaydigan personajlarga bog'liq bo'lib qolganida, beshinchi parda bu imtiyozga zarurat sezmaydi, chunki bu holda voqyea tomoshabin ko'z o'ngida sodir bo'ladi. Boshqa pardalar bunday yon berishga yo'l qo'ymaydi. Agar voqyeaning davomi sahnadan chiqib ketgan personajni shu pardaning o'zida qaytarish yoki u chiqib ketganidan so'ng nima qilganini bildirish imkonini bermasa, buni keyingi pardaga qoldirish mumkin; pardalarni bir-biridan ajratuvchi orkestrning chiqishi voqyea amalga oshishi uchun ketadigan vaqtni qoplay oladi, biroq beshinchi parda uchun bunday yakun yasash imkoni yo'q: diqqat toliqqan, yakun esa muqarrar.

Yana bir narsa haqida to'xtalmay o'tolmayman: garchi biz har qanday tragediya voqyeasini bir kun doirasiga sig'dirishimiz lozim bo'lsa-da, bu bizning qahramon ko'p yillar davomida nimalar qilgani haqida hikoya qilish yoki boshqa biron bir yo'l bilan xabar berishimizga halal bermaydi. <...>

Muallif o'tib ketgan voqyealarga qancha kam chuqurlashsa, xotirasini hikoyalar bilan zo'riqtirmasdan faqat ko'z oldida sodir bo'layotgan voqyealarnigina kuzatadigan tomoshabin shuncha xayrixoh munosabatda bo'lishini bu yerda takrorlab o'tirmayman; biroq aytishim kerakki, muhim va muayyan vaqtdan beri kutilayotgan kunni tanlay olish poemaning eng katta bezagidir. Bunga har vaqt ham imkon topilavermaydi, mening yozganlarim ichidan shu talabga javob bera oladigan to'rttagina pesani topishingiz mumkin: ikki xalqning birinchilik masalasidagi bahsi jangda hal qilinadigan «Goratsiy», «Rodoguna», «Andromeda» va «Don Sancho». Boshqa asarlarimda avvaldan taqdir etilganiga ko'ra emas, voqyealarning tasodifiy oqimiga ko'ragina muhim kunlarni tanlay olganman.

Joy birligi masalasida men na Aristotel va na Goratsiyada biron bir ko'rsatma topmadim. Shu asosda ayrimlar faraz qiladilarki, mazkur qoida vaqt birligi qoidasining natijasi sifatida qaror topgan va joy birligini odam yigirma to'rt soat ichida borib-kelishi mumkin bo'lgan masofadan kelib chiqib beligalash kerak. Bu fikr birmuncha beqaror, chunki, agar personajlar pochta aravasida yurishlari faraz qilinsa, sahnaning ikki tomonida Parij bilan Ruanni tasvirlash kerak bo'lur edi. Men istardimki, tomoshabinni to'la qoniqtirish uchun ko'z oldida o'ynalayotgan voqyea haqiqatda ham ikki soat davomida yuz berishi, u sahnada, tomosha davomida o'zgarishsiz qoladigan joyda, ko'rib turadigan voqyealarni xohishga qarab bitta xona yoki zalda mujassam etish mumkin bo'lsin, biroq ko'pincha bu shunchalar noqulay, agar imkonsiz demasak, bo'ladiki, zaruratning o'zi joyni, xuddi vaqtni kabi, kengaytirish imkonini qidirishga majbur qiladi. Men «Goratsiy», «Polievkt» va «Pompey»da vaqt birligi qoidasini aniq bajardim, biroq buning uchun yo «Polievkt»dagi kabi sahnaga birgina ayolni chiqarish, yo «Goratsiy»dagi kabi ikki ayolning manfaatlar umumiyligi tufayli ajralmas do'st bo'lishi, yo bo'lmasa, ularda «Pompey»ning ikkinchi pardasida Kleopatra, beshinchi pardasida Korneliyaning tabiiy qiziquvchanliklari ta'sirida o'z xosxonalaridan chiqib, xavotirli xabarlar kutgancha saroy zalida paydo bo'lishlari kabi vaj-imkon bo'lishi kerak. «Rodoguna»da butkul o'zga hol: Kleopatra bilan Rodogunaning manfaatlari shunchalar farqliki, ikkisi o'zlarining eng sirli o'ylarini bir joyning o'zida ifodalashi mahol. <...> Mana shuning uchun tragediyaning birinchi pardasi Rodogunaning ayvonida yuz berishi, ikkinchisi - Kleopatraning xonasida, uchinchisi Rodogunaning xonasida, to'rtinchisi ham shu yerda boshlanishi mumkin edi-yu, oxirini - Kleopatraning o'g'illari bilan suhbatini boshqa joyga ko'chirish shart edi. Beshinchi parda uchun ko'plab odamlarni sig'dira oladigan ulkan zal zarur. <...>

O'z podsholarini shahar maydonida so'zlashga majbur qilgan qadimgilar joy birligi qoidasiga qiynalmay rioya qilishlari mumkin edi, biroq Sofokl uni «Ayaks»da buzadi: xilvatroq joyda o'zini o'ldirish maqsadida sahnani tark etgan Ayaks yana sahnaga qaytadi va barchaning ko'z oldida joniga qasd qiladi; u o'zini hozirgina tark etgan joyda o'ldirayotgani yo'q degan xulosaga kelish qiyin emas.

Biz, ulardan farq qilaroq, podsho va malikalarni xosxonalaridan chiqarishga ham jur'at qilolmaymiz; ko'pincha bitta saroyda yashayotgan kishilarning manfaatlari turlicha va ziddiyatli ekanligi ularning o'z sirlarini bitta xonaning o'zida izhor etishlariga yo'l qo'ymaydi, shuning uchun biz joy birligi qoidasini, agar uni barcha pesalarimizda saqlab qolmoqchi bo'lsak, birmuncha o'zgacharoq tatbiq etishimiz lozim, aks holda, ulkan muvaffaqiyat qozonib turgan ko'plab mualliflarni qoralashimizga to'g'ri kelur edi.

Men shunday fikrdamanki, imkon qadar vaqt birligiga erishishga harakat qilish kerak; biroq u har qanday syujet bilan ham murosa qilmagani bois, voqyeaning bitta shaharda yuz berayotgani joy birligi talabini qoniqtiradi degan qarashga qo'shilishga tayyorman. Buni go'yo men teatr butun boshli shaharni tasvirlashini xohlayotganim emas - bu holda juda oshirib yuborilgan bo'lur edi - balki o'sha shahar ichidagi ikki-uchta alohida joyni tasvirlasin deganidir. Masalan, «Sinna»dagi voqyealar Rim chegarasidan chiqmaydi va qisman Avgustning xosxonasida, uning saroyida, qisman esa Emiliyaning uyida sodir bo'ladi. <...> «Sid»da joy o'zgarishlari ancha ko'p, biroq unda ham voqyealar Sevilya chegarasidan chiqmaydi. Shubhasiz, bu o'zgarishlarda ma'lum erkinlik kuzatiladi. Zarurat tufayli yuzaga kelgan joy ko'pligini birmuncha tuzatish uchun ikkita narsaga amal qilish kerak: birinchidan, voqyea joyini bir pardaning o'zida almashtirmaslik, buni, «Sinna»ning dastlabki uchta pardasidagi kabi, pardadan pardaga o'tishda amalga oshirish lozim; ikkinchidan, bu ikki joy turli dekoratsiyalarni taqozo etmasligi va ular hyech biri nomlangan bo'lmasligi kerak, faqatgina ularning ikkisi joylashgan umumiy joy belgilanadi, masalan: Parij, Rim, Lion, Konstantinopol va sh.k. <...>

Mening san'atning asosiy qoidalariga oid fikrlarim yoki, agar istasangiz, shakkok qarashlarim shular: kamina qadimgi qoidalarni yangi talablar bilan bundan yaxshiroq murosaga keltira olmayman. Bulardan yaxshiroq usullarni topish qiyin emasligiga ham shubha qilmayman va ularga amal qilishga - qachonki ular amalda sinab ko'rilib, kamina o'z asarlarida qo'llagan usullar darajasida muvaffaqiyat topgach, rioya qilishga tayyorman.

Izohlar:

1. Qarang: Aristotel. Poetika, 1452a

2. Shu joyda.

3. Gugo Groot (1583-1645) - golland olimi, diplomat va adib, o'z ismining lotincha varianti (Grotsius) bilan tanilgan, ko'plab ilmiy ishlar va «Odam Atoning haydalishi», «Iso iztiroblari», «Dunyoning xaloskori» nomli uchta neolatin tragediyasi muallifi.

4. Aristotel. Poetika, 1455v

5. Kornelning «Irakliy» targediyaida syujet bosh qahramonning tug'ilish siriga asoslanadi.

6. Aristotel. Poetika, 1449b

7. Lot., «Nafratning yuzaga chiqishini jilovlash va ezgulikka keng yo'l bermoq kerak»

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov.- M.,1980.- s.384-391

Per Daniel Yue

Romanlarning paydo bo'lishi haqida risola

Janob Segrega

<...> Ilgari roman deb faqat nasrda yozilgan romanlarni emas, ko'proq she'riy yo'lda yozilgan romanlarni hisoblashgan. Jiraldi va uning shogirdi Pinya o'zlarining risolalarida hyech qanday romanlarni deyarli tan olishmaydi va namuna sifatida Boyardo va Ariostolarning poemalarini ko'rsatishadi. Biroq hozirgi kunda aksincha odat ustun keldi, biz endi roman deb o'quvchilarga zavq bag'ishlash va o'git berish maqsadida nasrda mahorat bilan yozilgan to'qima sevgi tarixini ataymiz. Mening to'qima deyishimdan muddao ularni haqiqiy tarixlardan farqlash uchun, sevgi deb qo'shib qo'yganim esa shuning uchunki, sevgi romanning asosiy mavzusi bo'lishi lozim. Davrimizning odatiga muvofiq bu tarixlar nasrda bayon qilinishi, mahorat bilan va muayyan qoidalar asosida insho qilinishi lozim, chunki aks holda shaklsiz bir uyum hosil bo'ladiki, unda na tartib va na go'zallik bo'lmaydi. Romanning bosh maqsadi yoki hyech bo'lmasa, romannavislar ko'zlashi lozim bo'lgan bosh maqsad - o'quvchilarga har doim ezgulikning taqdirlanishi va yovuzlikning jazo topishini ko'rsatish orqali o'git berish. Biroq inson aqli tabiiy ravishda o'gitga qarshi bo'lishi, xudparastlik esa uni nasihatlarga qarshi isyonga undashi sababli, o'quvchini huzur bilan o'ziga jalb etib va nasihatlarning jiddiyligini misollarning go'zalligi bilan yumshatgan holda undagi kamchiliklarni o'zganing misolida qoralash orqali tuzatish lozim. Shunday qilib, o'quvchini xushvaqt qilish go'yo mahoratli romannavis o'z oldiga qo'ygan maqsaddek tuyulsa-da, bu faqat asosiy maqsadga tobe bo'lgan maqsad, bosh maqsad esa aqlga o'git berish va xulq-atvorni tuzatishdan iboratdir; romanlarning qay darajada to'g'ri yo noto'g'riligi mazkur ta'rif va maqsadga qay darajada yaqin yo uzoqligi bilan belgilanadi. Men Siz bilan faqat shunday romanlar haqida suhbat qilishni niyat qilaman va o'ylaymanki, Sizning qiziqishlaringiz ham ushbu doiradan chetga chiqmaydi.

Shunday qilib, men bu yerda she'riy romanlarga, shuningdek, garchi romanlar bilan juda katta o'xshashliklarga ega bo'lishiga qaramay, ayni chog'da she'riy yo'lda yozilishidan boshqa ham muhim farqlarga ega bo'lgan epik poemalarga to'xtalmayman. Aristotelning asosini Platon qo'ygan, keyincha Goratsiy, Plutarx va Kvintilianlar tomonidan qabul qilingan ta'rifiga (maksimasiga) ko'ra, shoirni she'r to'qigani uchun emas, ko'proq obraz yaratgani uchun shoir deb atalishini nazarda tutgan holda, romannavislarni shoirlar sirasiga kiritish mumkin bo'lur edi. Petroniy1 aytadiki, poemalarda xudolarning ko'magi bilan dadil va erkin tilda majozlar orqali fikrlashmoq kerak, toki ularni voqyealarning aniq va to'g'ri bayoni deb emas, jazba holatidagi aqlning bashorati deb qabul qilsinlar. Romanlar bunga qaraganda soddaroq, bunchalik ulug'vor va badiiy niyat ham til jihatlaridan bunchalik majoziy emas; poemalarda, garchi ular har doim haqiqatga monand bo'lsa-da, mo'jizaviylik ko'proq, romanlarda ham ba'zan mo'jizaviylik uchrasa-da, ularda haqiqatga monandlik ko'proq; poemalar tartibga solingan va qat'iy kompozitsiyaga ega, ular kamroq materialni, voqyea va epizodlarni qamrab oladi; romanlarda bularning bari ko'proq, chunki u qadar ulug'vor va majoziy bo'lmagani bois ular aqlni toliqtirmaydi, bu bilan unga ko'proq turli g'oyalarni sig'dirish imkonini beradi; nihoyat, poemalarning mavzusi biron-bir jang yoki davlat ahamiyatidagi voqyea bo'ladi, ularda sevgi haqida o'rni kelib qolsagina gapiriladi, romanlarda esa, aksincha, sevgi asosiy mavzu bo'lib, siyosat va urushlar haqida faqat bahona tug'ilib qolsagina so'z boradi. Men qoidalarga muvofiq keladigan romanlarni nazarda tutyapman, chunki eski fransuz, italyan va ispan romanlarida sevgi haqida jang-jadallardan ko'ra kamroq hikoya qilinadi, ayni shu hol Jiraldini go'yo «roman» atamasi yunoncha kuch va jasoratni anglatuvchi so'zdan kelib chiqqan, axir bu kitoblar paladinlarning qudrati va jasoratini madh etish uchungina yozilgan, deb o'ylashga majbur qiladi, biroq Jiraldi, buni Siz keyinroq ko'rasiz, bu o'rinda adashadi2. Shuningdek, men bu yerda Gerodot va Kteziylarning3 tarixlari, Filostratning «Gannonning dengiz sayohatlari», «Apolloniyning hayoti», Simeon Metafrast4 haqiqatning yuziga parda tortib ko'rkamlashtirgan avliyolar holotlari va shu kabi boshqa ko'plab kitoblar, ko'pchilik tan olganidek, to'qima salmog'i ko'proq bo'lgan tarixiy rivoyatlar haqida so'z yuritmayman. Bu asarlar butun holicha olganda haqiqat va ayrim qismlarigina to'qima; romanlar esa, aksincha, ayrim qismlaridagina haqiqat va butun holicha olganda to'qima. Birlarida haqiqatga ozroq to'qima aralashgan, boshqalarida to'qimaga haqiqat zarrasi qo'shilgan; boshqacha aytsak, mazkur tarixlarda haqiqat salmoqli, romanlarda esa to'qima shunchalar salmoqliki, ular hatto to'laligicha,- butunicha ham, alohida detallarda ham to'qima bo'lishi mumkin. Aristotel ko'pchilikka ma'lum va tarixdan olingan voqyea syujet bo'lib xizmat qilgan tragediya mukammalroq, chunki u syujeti yangi va to'laligicha to'qima asosiga qurilgan tragediyadan ko'ra haqiqatga monandroq deb uqtiradi, shunga qaramay, u tragediyaning keyingi xilini ham qoralamaydi. Aristotel tragediya syujeti tarixdan olingan holda ham, u ko'pchilik tomoshabinlar uchun noma'lum va yangi bo'lib qolaverishini, ayni paytda ularga huzur berishdan to'xtamasligini nazarda tutadi. Xuddi shu fikrni romanga nisbatan ham aytish mumkin, faqat shu farq bilanki, boshdan oyoq to'qilgan syujet o'z ishlari bilan mashhur va xotirada qolgan ulug' odamlar - podshohlar va jahongirlar harakat qilgan romanlarga qaraganda qahramonlari o'rta tabaqaga mansub maishiy-axloqiy romanlarga ko'proq muvofiqdir; negaki, ulug'vor voqyealarning odamlardan pinhon va tarixchilar nazaridan chetda qolishi mumkinligi haqiqatga to'g'ri kelmaydi, tarixda har vaqt ham topilmaydigan haqiqatga monandlik esa romanda albatta bo'lishi lozim. Agar tarixchilarga nisbatan Gesioddagi Muzalarning5 haqiqatni hikoya qila olishlari bilan maqtanishlarini aytish mumkin bo'lsa, ularning o'zlari haqida yana qo'shib qo'ygan jihatlari - haqiqatga o'xshash cho'pchaklar ayta olishlarini romannavislarga taalluqli qilish mumkin. Shuningdek, men boshdan-oxir o'ylab topilgan, biroq faqat haqiqatni bilmaganlik tufayligina o'ylab topilgan ayrim tarixlarni ham romanlar sirasidan chiqaraman: jumladan, ko'pgina ham ma'rifatli va ham johil xalqlar o'zlarining afsonaviy kelib chiqishlari haqida to'qigan rivoyatlar shunday; rohib Anniy Viterbli6 tomonidan o'ta uquvsizlik bilan yozilgan va barcha bilgich kishilarning noroziligiyu nafratiga uchragan tarixlar ham xuddi shunaqa. Romanlar va bu turdagi asarlar orasida men xuddi boshqalarni xushvaqt qilish uchungina o'zgalar kiyimini kiyib yuziga niqob tutgan bezarar aldoqchilar bilan marhumlar yoki shu joyda hozir bo'lmagan kishilarning nomiyu kiyimini olib, ayrim o'xshashliklardan foydalangan holda birovning molini o'zlashtirish payida bo'lgan ablahlar orasidagi farqni ko'raman.

Nihoyat, mening mavzuimga miflar ham kirmaydi, chunki romanlar - hyech qachon bo'lmagan, lekin bo'lishi mumkin bo'lgan narsalar tasviri bo'lsa, miflar - hyech qachon bo'lmagan va bo'lishi ham mumkin bo'lmagan narsalar tasviri. <...>

Darhaqiqat, bizning xalqimiz (romanchilikda - tarj.) bunchalar ilg'orlab ketganiga hayron bo'lishga asos bor, biz o'zgalarga epik poeziya va tarix borasida birinchilikni boy bergan bo'lsak-da, - eng yaxshi xorijiy romanlar ham bizning eng o'rtamiyona romanlarimiz bilan arang tenglasha oladi. Mening nazarimda, bu ilg'orlik bizning nozik xushmuomalaligimiz tufaylidirki, u, fikrimcha, Fransiyada erkaklar ayollarga taqdim etgan katta erkinlikning natijasidir. Italiya va Ispaniyada ayollar deyarli asira maqomidalar va erkaklardan shunday to'siqlar bilan ajratilganlarki, ular bilan juda kam ko'rishiladi va deyarli gaplashilmaydi, shunday qilib ayollarni latif rom etish san'ati u yerlarda unutilgan, axir buning uchun imkoniyat juda kam tug'iladi; erkaklarning butun sa'y-harakati qiyinchiliklarni yengib o'tib ma'shuqa bilan uchrashish maqsadiga qaratilgan, bunga erishgach esa vaqtni tashqi shartliliklarga sarf etmay, undan unumli foydalaniladi. Biroq Fransiyada ayollar vijdon amri bilangina yashaydilar va iffat hamda o'z qalblaridan o'zga himoyaga ega bo'lmaganlari holda, ulardan barcha qal'ayu panjaralar va duenyalarning hushyorligidan ko'ra mustahkam va ishonchliroq to'siq yaratib olganlar. Erkaklar bu to'siqni xushmuomalilik bilan yengib o'tishga majbur edilar va ular bu to'siqni olib tashlash uchun shuncha sa'y-harakat va ustomonlik sarf etdilarki, oqibat boshqa mamlakatlarda deyarli noma'lum bo'lgan butun boshli san'atni yaratdilar. Ayni shu san'at tufayli fransuz romanlari boshqalardan farqlanadi va ularning o'qilishi shunchalar huzur bag'ishlaydiki, boshqa foydaliroq kitoblardan voz kechishga majbur qiladi. Bu tuzoqqa birinchi bo'lib ayollar tushdilar: ular saboqni tamomila romanlardan olishga o'tdilar va qadimgi mifologiya hamda tarixga shunchalar bepisand qaray boshladilarki, endi benazir go'zalligi mifologiya va tarixlarga asoslangan kitoblarni tushunmay ham qoldilar. O'zlari ko'p bor tan olishga majbur bo'lgan johilliklari tufayli qizarmaslik uchun ular, fazlu kamoli Fransiya va Italiyaga sharaf keltirgan uchala Margarita7 va boshqa ko'plab ayollarni tamom unutib, bilmagan narsalarini o'rgangandan ko'ra uni qoralagan afzalroq deb hisobladilar. Erkaklar ham ayollarga yoqish maqsadida ulardan ibrat ola qoldilar. Ular ham ayollar qoralagan narsalarni qoraladilar va Malerb zamonida ham yaxshi tarbiyaning ajralmas qismi deb hisoblangan narsaga pedantizm nomini taqadilar. Shoirlar, ularning ortidan esa barcha fransuz yozuvchilari o'z faoliyatlarida egallagan bilimlarini tatbiq etishdan butkul voz kechishga majbur bo'ldilar. Shunday qilib, yaxshi ibtido juda yomon intihoga olib keldi, romanlarimizning go'zalligi so'z san'ati saltanatida nafrat uyg'otdi, ularni johillik dunyoga keltirgani bois, ular, o'z navbatida, johillikni vujudga keltirdilar.

Men shu tufayli roman o'qishni, agar buni suiste'mol qilinmayotgan bo'lsa, umuman taqiqlashni talab qilmayman. Eng yaxshi narsalar dunyoda har vaqt qandaydir yomon oqibatlarga ega, romanlarda johillikdan ko'ra yomoni ham bo'lishi mumkin; men ularning nimada ayblanayotganini bilaman: ular tufayli xudojo'ylik susaymoqda, ular yomon ehtirosu mayllarni yuqtirmoqda, ular axloqni buzmoqda. Bularning hammasi bo'lishi mumkin va ba'zan shunday bo'lmoqda ham. Biroq illatli aqllar nimani ham yomonlikka do'ndirishga qodir emas ekan? Zaif tana o'z-o'zini zaharlaydi va har neni zaharga aylantiradi, - bundan juda ko'p zararli misollar keltirilgan tarixni ham, go'yo xudolar o'z jinoyatlari bilan gunohlarga fatvo bergandek ko'rinadigan miflarni ham bilish kerak emas, degan xulosa chiqarish mumkin bo'lur edi. Majusiylarda ommaviy sig'inish ob'ekti bo'lgan haykal yosh bir yigitning ishqi va umidsizligi predmetiga aylangan8; Terensiyning Xereyi va Petroniyning Enkolpiylari9 xudolarning ishqiy mojarolari tasvirlangan suratlarni ko'rib illatli maylu niyatlarida muqimlashdilar; bu, ehtimol, tomoshabinlarda hurmat uyg'otgan bo'lsa kerak. Yunon va eski fransuz romanlarining aksariyatda axloqning yaxshilarga munosib bo'lishiga kam e'tibor berilgan, bu o'sha romanlar yaratilgan davrning illatli ekani bilan izohlanadi. Bu masalada italyanlar ham ortiqcha injiq emaslar va men Tasso bilan Gvarinilar shunchalar nozik tab' bo'lganlari holda o'z pastorallaridagi beadablik va qochirimlarning tubanligini, ular asarlaridagi go'zallikni xiralashtirayotganini his qilmaganlarini tushuna olmayman10. Hatto «Astreya»11 va undan keyin paydo bo'lgan ayrim fransuz romanlari ham, har holda, butkul axloqsiz emas, biroq zamonamiz romanlari, men ularning eng arzirlilarini nazarda tutyapman, bu nuqsondan shunchalar yiroqki, ularda iffatli quloqni yoqimsiz lol etishi mumkin bo'lgan biron bir so'z yo jumla, bokiralikni haqorat etishi mumkin bo'lgan biron bir voqyea topilmaydi. Biz ularda ikkita fazilatga duch kelamizki, ular tufayli, Fotiyning12 fikricha, romanlarni o'qishdan keluvchi asosiy foydani chiqarib olishimiz mumkin: biz ularda axloqsizlik va behayolik uzoq va behuda tantanadan so'ng sharmisorligu baxtsizlik bilan yakun topganini, halollik va ezgulik esa uzoq tazyiqlardan so'ng, aksincha, e'zozlangani va madh etilganini ko'ramiz. Yovuzlikka mutlaqo moyil tayyor bo'lgan qalb yanglish tushunilgan va nojoiz misollardan o'ziga tayanch topadi, u illatning oqibatini bilishni istamagani holda, faqat birlamchi jozibasinigina ko'radi. Uning uchun hazar qilishga loyiq ehtirosning tug'ilishi va rivoji - nedir haqiqiy va taqlid qilishga loyiq narsa, intihodagi sharmisorlik esa - to'qima. Bunday chalkashtirishning sababi kitobda emas, o'quvchining illatli mayllaridadir. Agar menga romanlarda sevgi haqida shu darajada nazokat va ehtiyot bilan hikoya qilinadiki, bu xavfli hisga maftunlik ayrim yosh qalblarga osongina kirib boradi, desalar, javoban aytaman: jamiyatda yurgan yosh qizlarimiz uchun bu his haqida tasavvurga ega bo'lish nafaqat halokatli emas, aksincha,- jinoyatkorona hisga duch kelganlarida u qo'ygan domlarni fahmlab olishlari va undan o'zlarini tortishlari uchun ham, pokiza maqsadli va muqaddas hisga duch kelganlarida o'zlarini munosib tuta bilishlari uchun ham, - qaysidir ma'noda zarurdir. Bu mutlaq haqiqatdir, zero, sevgi haqida oz bilganlarning unga asir bo'lish xavfi yuqoriroq ekani, sevgida hyech narsani tushunmaydiganlarning esa ko'proq aldanib qolishi tajribada isbotini topgan. Bunga yana yaxshi romanlarning o'qilishigina yosh aqllarni universitet zangidan tozalashi, uning rivojlanishiga xizmat qilishi va uni jamiyat o'zidan talab etayotgan sifatlarga ega qilishini qo'shing. Romanlar - gapirmaydigan tarbiyachilar, ular kollej o'qituvchilari bilan o'rin almashib, ko'p bilim berish va ko'proq ishontirishaga qodir metod asosida yoshlarni qanday gapirish va qanday yashashga o'rgatadi, yoshlarni hanuz qoplab turgan maktab changini puflab tozalashadi. Men faqat oliy jamiyatda harakat qilish taqdir qilingan yoshlarni nazarda tutamanki, o'sha jamiyatda ular kulgili ko'rinmasligi kerak va mabodo xushmuolalalik qo'llovchi tilni tushunmaganlarida, ular bunaqa ahvolga tez-tez tushishlari muqarrar bo'lur edi; faqir odam panada tarzida yoki xonanishin umrguzaronlik qilish taqdir qilinganlar uchun esa sevgi va uning makru xiylalarini bilish mutlaqo foydasizdir. Goratsiy aytadiki, Gomerning «Iliada»si axloq-odobga eng teran faylasuflardan ko'ra yaxshiroq va ishontiribroq o'rgatadi13. Agar romanlar haqida shuning aynan o'zini aytib bo'lmasa, o'ylashimcha, unda romanlarga, hyech bo'lmasa, Plutarxning poeziyaga nisbatan aytilgan poetik shakl bilan bezalgan falsafiy ta'limot yosh qalblarga o'zining jiddiy yalang'och holicha berilganidan ko'ra ravonroq yo'l topadi degan so'zlarini taalluqli etish mumkin. Aksariyat faylasuflar o'z ta'limotlarini bayon qilish uchun miflar ko'magiga tayangan va bizni o'z nafimiz uchun aldaydigan foydamiz uydirmalarning foydaliligini xo'b maqtaganlarki, hatto sinik-faylasuf Sallyustiy ularni ilohiy deb atashga jur'at etgan: «faqat ulardan xudolar ilhomlantirgan shoirlar, xudolar orif etgan faylasuflar, ilohlarga sig'inish uchun uyushtiriluvchi diniy marosimlarning boshqaruvchilari va hatto, bashorat qilayotganlarida xudolarning o'zlari ham foydalangani uchungina emas,- deb yozadi u,- balki yana shuning uchunki, xuddi xudolar ko'rinib turgan yoki his etiladigan ezguliklarni bilishni barcha odamlarga va faqat donishmandlargagina ruhoniy ezguliklarni bilishni taqdir etganidek, miflar ham barchaga xudolarning mavjudligidan va faqat oqillargagina ilohiy tabiatning qandayligidan darak beradi; yana shuning uchunki, xudolar boshqarayotgan olamning o'zi ham mifdir, zero, unda jismlar namoyon, ruhoniy mohiyat esa pinhondir». U yana qo'shib qo'yadiki, miflar qanchalik ma'nodan mosuvo ko'rinsa, ular sirlarni pinhon etganiga shunchalik ko'proq ishonish va o'sha sirlarga yetishga intilish darkor. Tabiblar, - ular insonning jismoniy tabiatini o'rganadilar, shuning uchun ham faylasuflar sirasiga qo'shmoq kerak, zero, qadimgi falsafa unga asoslangan ham edi,- o'zlari tavsiya etgan dorilar ro'yxatiga qalbni to'ldiradigan huzur bilan jismni davolashga qodir deb miflarni ham qo'shganlar. Qadimning mashhur tabiblaridan biri shu mulohazalardan kelib chiqqan va tajribasiga tayangan holda o'zining ayrim bemorlariga mutlaqo jiddiylik bilan miflarni o'qishni tayin qilgan14. Falsafaning bir qismi bo'lgan va undan o'z qonunlarini olgan jamiyatni boshqarish san'atining o'zi poeziyadan avvalroq miflarga munosib qimmat bergan, zero, Strabonning15 yozishicha, ularda qadimgi ilohiyot mujassam ifodasini topgan; ular avval shoirlar tomonidan emas, balki ularning foydaliligi va insonda bolalikdan voqye bo'luvchi yangilikni bilish va qabul qilishga intilish miflarga qiziqishda namoyon bo'lishini e'tiborga olgan qonunshunoslar tomonidan tan olingan; agar yangilik bilan mo'jizaviylik qo'shilsa, unda huzurbaxshlik ortadi, bu esa o'qitishning maftunkorligini ta'minlaydi; demak, bundan xo'rak misoli foydalanish muhim, ya'ni illatli mayllardan forig' etuvchi nasihatning taxir dorisini odamlarga ichirish uchun piyola labiga shu boldan surtmoq kerak.

Hukumat romanlarni o'qishni majburiyat qilib qo'yishini talab qilish ortiqcha bo'lur edi <...> Maktablarda qadimgi poemalar,- ularda tuban va beparda jumlalar to'lib yotgani va dinimizning muqaddasligiga, ba'zan esa yaxshilarga munosib axloqqa zid keluvchi misollar borligiga qaramay,- o'qilayotgani va hyech hayiqmay eng g'o'r yoshlarga taqdim etilayotgani kabi, romanlarni ham ovoz chiqarib o'qilishini istash ham ortiqcha bo'lur edi. Biroq romanlar uchun bir narsani, ular kamtarlik va bokiralik qoidalariga amal qilgan hollarda tanqidchilarning chidam bilan munosabatda bo'lishlarini; ularga go'yo teatr yoki balga,- ballar haqida davrimizning ulug' va avliyo yepiskopi o'zi tartib bergan or-nomus qoidalarida aytadiki, bular o'z holicha yaxshi ham, yomon ham bo'lmagan xushvaqtlik, yaxshi yo yomon bo'lishi esa ulardan qanday foydalanilishiga bog'liqdir, - qaragandek qarashlarini talab qilishga hali kech emas. Agar shu anjumanlar haqida,- ochiqchasiga xushtorlik qilinadigan, qalbning darichalari bo'lmish ko'z va quloqlarni dunyoda eng bema'ni narsalardan ehtiyot qilish mumkin bo'lmagan, ishqiy predmetlarning mavjudligi yurakni ulkan xavfga duchor qiladigan yig'inlar haqida shunday muhokama yuritgan ekan, men uning axloqqa zid bo'lmagan romanlarni,- faqat tasavvurga ta'sir qiladigan, bironta bo'shroq va yomon muhofazalangan qalbni titratib, uni sevishga undaganida ham xayolot bilangina cheklanadigan romanlarni o'qish bundan xavfliroq deb hisoblashi mumkinligiga ishona olmayman. Shunga ko'ra, men Platonning fikriga, uning miflar orasidan yaxshilarini tanlab olib, yomonlarini inkor qilish bilan shug'ullanadigan mifshunoslar bo'lsa, degan istagiga to'la qo'shilgan bo'lur edim.

Izohlar:

1. Petroniy (vafoti 66 yil) - Rim yozuvchisi, «Satirikon» muallifi.

2. «keyinroq ko'rasiz» - Yue o'z risolasining ushbu nashrda tushirib qoldirilgan bo'limlarini nazarda tutadiki, ularda zamonaviy roman antik davrlarda vujudga kelgani, o'rta asrlar va uyg'onish darida rivojlanganini ko'rsatadi.

3. Kteziy (mil.av. V asr) - yunon tarixchisi va hakim, Eron va Hindiston tavsiflari muallifi.

4. Gannon (mil.av. V asr) - karfagenlik dengizchi; Filostrat (175-249) - yunon adibi, «Appoloniyning hayoti» romani muallifi; Simeon Metafrast (X asr) - vizantiya yozuvchisi, uning «Avliyolar hayoti» nomli asari keyin yaratilgan ageografik asarlar uchun namuna bo'lib xizmat qilgan.

5. Gesiod «Teogoniya» poemasida o'zining shoirlikka qabul qilinishini tasvirlaydi. Beotiyadagi Gelikon tog'ida istiqomat qiluvchi Muzalar o'z san'atlari haqida «Bizlar yolg'onni ayni haqiqat tarzida hikoya qilishga ko'p mohirmiz. Ammo, agar istasak, unda haqiqatni ham hikoya qila olamiz» deyishadi.

6. «Anniy Viterbskiy tomonidan o'ta uquvsizlik bilan yozilgan ... tarixlar» - Anniy Viterbskiy (1432-1502), dominikan rohibi, risolalar, Salb yurishlari targ'ib etgan nutqlar to'plamlari, Apokalipsisga yozilgan sharhlar muallifi. 1498 yilda Rimda nashr qilgan matn fragmentlarini qadimgi tarixchilarniki deb da'vo qilgan, aslida esa ular apokriflar bo'lgan.

7. «sharaf keltirgan uchala Margarita» - bu o'rinda Margarita Navarskaya (1492-1549) - fransuz qiroli Fransisk I ning singlisi, taniqli adiba va shoirlar homiysi; Margarita Fransuzskaya (1523-1574) - Fransisk I ning qizi, Savoyya gersoginyasi, shoirlarga ko'p homiylik qilgan; hamda Margarita Valua (1552-1615) qirol Genrix II ning qizi va Genrix IV ning birinchi xotini, shoira va shoirlar homiysi nazarda tutiladi.

8. Bu haqda Terensiyning «Bichilgan qul» asarida so'z boradi.

9. Enklopiy - Petroniyning «Satirikon»idagi asosiy hikoyachi.

10. Tassoning «Amnita» va Gvarinining «Vafodor cho'pon» pastorallarida satirlar - xirsga berilgan maxluqlar personaj sifatida ishtirok etgan epizodlar mavjud.

11. «Astreya» - XVII asr boshlarida yaratilgan fransuz adibi Onore d’Yurfening (1568-1626) mashhur romani.

12. Fotiy (820-891) - vizantiyalik cherkov arbobi, adib va adabiyot bilmdoni, diniy va dunyoviy matnlar sharhlovchisi.

13. Qarang: Goratsiy. Poslaniya, I, II

14. Gap Feodor Priskaniy (IV asr oxiri), hakim, «De diacta», «De pfisicis» nomli asarlar muallifi haqida bormoqda.

15. Strabon (I asr) - yunon yozuvchisi, «Geografiya» kitobining muallifi.

Literaturnûe manifestû zapadnoevropeyskix klassitsistov. M.,1980.- S.412-418

Nikola Bualo

She'riy san'at

Birinchi qo'shiq

Qalamkash degani bizda oz emas,

Barisi Parnasga tirmashurlar, bas.

Va lekin kimgakim tabiat ato

Aylamish, o'shanga qo'nadi Humo. <...>

Ey siz, omad kutib qalam olganlar,

Tumtaroq nom uchun ichi yonganlar,

Ko'nglingiz behuda g'amga to'libdi,

Qachon qofiyaboz shoir bo'libdi. <...>

<...> Shoirki haddini bilmasa yomon,

Yo'lidan adashib qolar begumon:

Farening1 do'sti bor shunday g'alati,

May haqida yozib she'riy vaysaqi,

Mayxona devorin chaplardi nuqul,

Bugun jur'at bilan kuylamoqchi ul -

Bani Isroilning ilhomlarini <...>

Fojea, eklogmi, balladami u,

Ma'no qofiyadan tushmasin ayru. <...>

Qofiya sabot–la izlansa agar,

"Labbay" deb xizmatga bosh egib kelar.

Band etar o'zini ma'no toriga,

Baxsh etar borini hukmdoriga.

Zarra erk topsa–chi, ko'tarar isyon,

Aql orqasidan quvib sargardon.

Bas, she'rga chiroyu ko'rk bo'lsin ma'no,

She'rning boshiga bo'rk bo'lsin ma'no!

Ba'zilar yozarlar go'yo alahlab,

Na ma'no, na mezon bo'lmaydi payqab,

Yozgan har satrida bitta ta'kid bor:

U - tanho, o'zgaga o'xshamas zinhor!

Ergashmang ularga. Quruq dahmaza,

Italyan shuaro2 topgan nasiba.

Hammadan muhimi ma'nodir, ma'no,

Yo'lida necha bor dovon bor ammo.

Ortiga qaytmagay daryoning yo'li,

Fard bo'lur odatda ma'noning yo'li.

Ba'zida boshlarkan shoir bir gapni,

Ko'rsatmoq bo'ladi hamma tarafni.

Qasrni ko'z–ko'zlab avval oh urar,

Keyin bir–bir kezib bog' aylantirar.

Mana bu minora, mana bu peshtoq,

Ko'shklar, ayvonlar muzayyan, porloq

Shipda shamsiyalar yonadi yorqin,

"Gullar, chechaklardan har yonda yolqin!"

Shunday tasvir ketar yigirma varoq,

Men deyman: bu bog'ni tark etay tezroq.

Qoching sanoq sanab, kechinishlardan,

Uzun va tumtaroq chekinishlardan,

Ortiqcha tafsilot she'rga zeb emas,

Me'daga tekkan u, endi yetar, bas.

O'zni jilovlashi kerakdir shoir.

<...> Istaysizmi, sizni sevsinlar jondan,

Qoching bir xillikdan, qochingiz undan!

Ming'illab oquvchi, yakrang satrlar

Uyqu daryosiga bizni g'arq etar. <...>

<...>Baxtlidir ul shoir, ko'z yosh, tabassum

She'rida bir yo'la topsa tajassum. <...>

<...>Nafis, sodda bo'lsin sizning hikoya,

Faqat u maroqli bo'lsa kifoya.

Buzmang, oz emasdir vaznning kuchi,

Toki manzur ko'rsin sizni o'quvchi.

Teng ikkiga bo'ling har bir misrani,

Yarqirab ochilsin ma'no chamani.

Diqqat nazaringiz charchab tolmagay,

Unlilar orasi ochiq qolmagay.

Ohangdosh so'zlardan oqizing to'lqin,

Undoshlar behuda solmasin shovqin.

She'rda ma'no bo'lib, bo'lmasa jarang,

She'r - nochor, shoirning esa holi tang. <...>

<...> Goho mavhumlikka yo'qdir nihoya,

Tumanga burkanib yotadi g'oya.

Aql nuri yorib o'tolmas zinhor,

Avval o'ylab, keyin yozmoqlik darkor!

Aytmoqchi fikringiz ravshanmas, xira,

Siz uni yozmoqqa shoshilmang sira.

Fikr ravshan tortib, yonarkan lov–lov,

Kerak so'zlar o'zi quyilar darrov.

Tilning qonunlari - daxlsiz qonun,

Qutlug' va qat'iydir ular siz uchun.

Ohangi yot bo'lsa, tartibi buzuq

Bunday she'r o'ziga tortolmas tuzuk.

Xorijiy so'zlarga yo'l bermang sira,

Aniq, yorqin bo'lsin jumla, ibora.

Unday qofiyaboz3 kulguli g'oyat -

Ki, ko'kdan so'z ilg'ab, qoralasa bayt.

Ba'zan tezlatishga farmon bo'lsa ham

Oshiqmay–toshiqmay tebrating qalam4.

Xovliqma jumlalar she'rga zeb emas,

Shoirki oshiqsa, uning aqli past. <...>

She'rga sayqal bering, jilolar bering,

Bir misra qo'shsangiz, uchni o'chiring.

She'rkim, sahvi ko'p, xatosi bisyor,

Uni o'qimoqqa kimda toqat bor?

Shoir joylashtirsin barin jo–bajo,

Kirishu xotima topsin bir ado.

Hukmini yuritib, na baland, na past -

Bo'laklarni etsin bir–biriga payvast.

Oqsin voqyealar bir oqim bilan,

Oniymas, muntazam bir yolqin bilan.

Jamoatning fikri qo'rqinchmi sizga?

Bas, qattiqqo'l bo'ling asaringizga.

Nodonlar yoqtirar hamdu sanoni,

Siz esa do'stlardan so'rang bahoni.

Tanqid, e'tirozlar, hujumlarki bor,

Sizga haqiqatni ko'rsatar oshkor.

Kibru havolardan bo'lishingiz yiroq,

Xushomadgo'ylarga solmangiz quloq.

U maqtab, orqadan toshlar otadir,

Sizga tahsin emas, maslahat zarur!

Goho yaxshi do'st ham aylab mahobat,

Sizni osmonlarga ko'tarar faqat. <...>

Do'sti sodiq ulkim, uchmay havoga,

Fikringiz jalb etar sahvu xatoga.

Biror nogiron bayt, zaif bir misra

Uning nazaridan qutulmas sira.

Mana bu o'rinda undov bema'ni,

O'chirar unda so'z, bunda jumlani.

Bu yerda mazmun bo'sh, xira, notamom,

O'quvchi fikrini chalg'itar tamom.

She'riyat muhibi so'zlaydi shundoq,

Ammo kamgap, o'jar shoir–chi, qandoq

Asarin himoya aylar betinim,

Go'yo qarshisida do'st emas, g'anim:

"Menimcha, mana bu ifoda dag'al",

Shoirimiz bu on: "Rahm eting sal¬¬-pal,

O'sha tura tursin...» - «Mana bu misra

Cho'ziq va beta'sir". - "Mukammal, sara!"

"Mana bu jumlaga aniqlik zarur".

"Afv eting, shu jumla hammaga manzur!"

Xullaski, ne demang, rad etadi u,

Asari boyagi–boyagi - "suluv",

Ammo ko'kragiga urar har zamon:

Qani, hukmingizni ayting beomon...

Bular bari hiyla, odatiy ilmoq,

Sizga she'r o'qishga qo'yilgan tuzoq.

Mana, u shod, mag'rur jo'naydi olg'a,

Avrab she'r o'qish–chun boshqa kimsaga.

Uni ham qarmoqqa olar, hoynahoy,

Darvoqye asrimiz avomlarga boy!

Ular yuqorida, ular quyida,

Knyaz davrasida, gersog uyida.

Noshud qofiyaboz tinmay urib bong,

E'tibor qozonsa ularda, ne tong.

Qo'shiqni tugatdik, yasaymiz yakun:

Johillar bo'lishar johilga maftun.

IKKINChI QO'ShIQ

<...>Idilliya bilmas: manmanlik nadir,

Yuvosh bir nafosat unga onadir.

Unga soddaligu kamtarlik - qanot,

Yarqiroq, dabdaba baytlar unga yot.

Bizning yuraklarga quyilgan roz u,

Balandparvoz emas, mayinparvoz u.

Ba'zan qofiyaboz tutaqib yomon,

Nay bilan surnayni otar bir tomon.

Eklog o'rtasida shart turib nogoh,

Taratar karnaydan jangovar sado.

Pan chopar pildirab qamishzor sari,

Daryoga qochishar suv parilari.

Boshqasi dog' solar eklog yuziga,

Ortiqcha hirs qo'yib avom so'ziga5. <...>

Topmishlar mo'tadil nuqtai oliy

Yunon Feokrit6, rimlik Vergiliy.

Ularni kunu tun aylang tatabbu,

Ularda she'r bo'lib quyilar tuyg'u.

yengil qanot berar o'shalar sizga,

Surur, sabot berar o'shalar sizga. <...>

Ba'zilar jonimga tegmish, rosti gap,

Ishq haqida ishqsiz yozishar, ajab.

Oh urib, to'karlar yolg'on ko'z yoshi,

Safsata sotarlar ko'pirib–toshib.

Aslida sovuq va beparvo ular,

Nuqul yozganlari: zanjir, kishanlar7.

Azob–iztirobga etarlar sajda,

Soxta so'zlaridan yuraklar zada.

Amur amri bilan yozganda Tabull8,

She'rida tabiiy sayramish bulbul.

She'rni Ovidiyga o'rgatgan o'sha9,

Rubobiy pardani o'rnatgan o'sha,

Elegiya so'rar samimiy tuyg'u. <...>

Ha, aytganday, o'sha tangriyi–makkor

Shuaro ahliga qahr etgan kuni

Kashf etmish Sonetning qonunlarini.

Shart qo'ymish avvalo qo'sh katren10, deya,

Ularni ulasin ikki qofiya.

Ikki terset bilan tugasin Sonet,

Xulosa fikrni tashisin terset.

Apollon Sonetga tayinlab nizom,

Ko'rsatmish vazniyu hijosini ham.

Shoir unda so'zni takror etmagay,

Jo'n gapni sonet deb ash'or etmagay.

Ishidan mamnundir tangrimiz, illo,

Chiroyli bir sonet dostondan a'lo.

Shoirlar yillarkim o'shanga asir,

Sonetlar ko'p bizda, biroq beta'sir.

Gombo, Menar, Malvil11 mashqlari faqat

Bir hovuch she'rxonga baxsh etmish hayrat.

Pellete12 soneti go'sht o'rashga bop,

Sersi13 qassoblarga sotar kilolab.

Xullaski, shoirlar Sonetga hayron:

Ba'zida tor kelar, ba'zan bepoyon.

Uncha ham injiqmas Epigramma,

Uning qo'sh satrida uchqur zamzama.<...>

Har bir yetuk doston, poemaga xos -

Chiroy bor, o'shaning chamaniga mos.

Ballada - qofiya to'la roz bilan,

Rondo - sodda, ma'sum ohang–soz bilan,

Ishqiy Madrigal ham samimiy surur,

Nur bilan dillarga g'oyat xush kelur.

Satira haqiqat bo'lib barq urar,

Olamga qahrmas, mehr yog'dirar.

Mag'rur Rimga uni ilk bor boshlagan,

Bor gapni hayiqmay aytib tashlagan -

Lutsiliy14 kibordan etmay andisha,

Fuqaro qasosin olgan ham o'sha.

Goratsiy kulgusi qanot yozgan chog',

Puchak, oliftaga tushardi titroq.

Abadiy shon taqdi ular nomiga,

Ham rioya etdi she'r nizomiga. <...>

Mabodo durustroq she'r yozib bir kun

Boshingiz aylanib, bo'lmangiz majnun.

Ba'zan beiste'dod, g'o'r qofiyaboz

Mana, men - shoir, deb o'zni tutar g'oz

O'xshatib yozgani birgina kuplet,

Uxlamas, har kecha yozmasa sonet.

Uyg'onib, yopishar yana qalamga,

Yozganim yoyilsin, deydi, olamga.

Jildimni bezasin Nanteyl15 zar bilan,

Suratim lirayu gulchambar bilan!

UChINChI QO'ShIQ

<...> Shoirlar, teatr zalida so'ngsiz–

Hukmdor bo'lishni istaysizmi siz?

Istaysizmi xush ko'rsin Parij,

O'lmas asaringiz yashnab erta–kech,

Yuksak sahnalarda bo'lsin namoyon,

Odamlar oqimi tinmasin bir on?

Bas, sizning qalamda hislar-otashlar

Qo'zg'atsin sevinchlar ila ko'z yoshlar!

Yuksak bir ehtiros, savdoyi baland

Titratib, dillarga solmasa kamand,

Yoqmasa yurakda og'riq iztirob,

Mehnatingiz zoe, holingiz harob!

Sovuq satrlarga maqtov yog'magay,

Sizga deb bir kimsa chapak chalmagay.

Safsata sahnaga yarashmas mutloq,

Tomoshabin boqar beparvo, mudroq.

Dillarga yo'l toping: zafarga garov -

Sheringizda yongan hayajon–olov.

Chiroyli bir tugun, harakat, a'mol

Bizni olib kirsin qissaga darhol. <...>

Qadimda sho'x–shodon, dag'al saviya

Xalq bayrami edi Tragediya. <...>

Esxil xorga ikki qahramon qo'shdi

Aktyor yuzini niqob-la to'sdi,

Yaxshiroq namoyon bo'lsin–chun sahna

U yog'och oyoq ham buyurdi yana.

Esxil hayot edi, Sofokl daho

Sahnani yanada ayladi zebo.

Xorni voqyeaga yo'lladi o'sha,

So'zni sayqalladi shunga yarasha.

Xullas, teatrni ayladi osmon,

Rim qoldi yetolmay, poyida hayron.

Teatrni sanab bekorchi yumush,

Fransuzlar avval ko'rishmadi xush16.

Parijda ilk bora shunday bir hunar -

Ko'rsatganmish go'yo bir to'p qalandar.

Tasvir ayladilar ular osmonni,

Tangrini, rasulni, gala shaytonni.

Va lekin pardani chok etdi aql,

Sahnani ulardan pok etdi aql. <...>

Ishq–hayot chashmasi, manbai amal

Sahna va romanni ayladi qamal.

Ishqiy mojaroni tasvirlab yakka,

Siz kira olursiz har bir yurakka. <...>

Mayda qahramonlar romanlarga ep,

Jasur bahodirlar bo'lsin sizga zeb. <...>

Nomutanosiblik romanlarga xos,

Ularni o'qiymiz, zerikmasak bas!

Keskin muhokama bu yerda bekor,

Biroq teatrning o'zga hukmi bor.

Hukmrondir bunda mantiq va qonun,

Birovni sahnaga boshlashdan oldin

Lozimdir hozirlash zarshunos kabi,

Toki tirik bo'lsin, toki tabiiy! <...>

Teatrga yozish – sharafsiz mehnat,

Unda bilag'onlar bisyordir behad.

Ma'qul qilish qiyin, ular beomon,

Hay–haylab, hyech kimga berishmas omon. <...>

Shoir ko'rsatolsin dil parvozini,

Alamni, umidni, ishqning rozini. <...>

Shunday sayqal bersin, shunday bir qanot,

She'ri yuraklarda qolsin umrbod.

Tragediyamiz, mana, ne demak.

Biroq Epopeya undan ham yuksak,

Sokin, tantanavor oqar to'lqini,

Afsona va xayol oqizar uni.

Xayollar olami unda bepoyon,

Unda hamma narsa kasb etadi jon:

Venerada–chiroy, mangu malohat,

Minervada– aql, so'nmas zakovat.

Yomg'irni, chaqinni aylagan bino

Qora bulut emas, Yupiter xudo.

Hayqirib, samoga irg'itgan to'lqin–

Shamolmas, dengizlar tangrisi-Neptun.

Aks sado emas uchgan jaranglab,

Parilar yig'lashar Narsisni chorlab.

Go'zal xayollarni tizib birma–bir,

Sehr va joziba bag'ishlar shoir. <...>

Go'zal xayollarsiz she'riyat - o'lik,

Baytlar so'lg'in boqar, satrlar so'nik.

Sovuq bir voizga aylanar shoir,

U quruq safsata sotishga qodir.

Antik siymolarni she'rdan bir yo'la

Haydamoq bo'lganlar haq emas sira17.

O'xshatmoq bo'lishar, ajabo, kimni,

Antik xudolarga olloh karimni.

Nuqul yozganlarni do'zax, bilsangiz

Va yana Lyusifer, bir gala iblis...

Ular bilishmaski, a'lodan a'lo -

Iso mo'jizasi xayolmas aslo.

Yozganlari solar dillarga dahshat,

Aybingga tavba qil, deyishar faqat.

Ular qalamida, xullasi kalom,

Injil rivoyatga aylanar tamom!

Ruhlar bilan mudom jang qilgan mal'un -

Iblisni hijjalab tasvirlash nechun?

Axir, u tangriga qasdlar aylagan,

Yaratgani bilan bahslar aylagan...

Bilaman, Tassoni etarlar ibrat,

Uni tanqidlashni etmasdim niyat.

Lekin men bir yo'la aytayin shu on:

U Italiyaga keltirmasdi shon–

Shunday qahramonni yaratmasaydi,

Iblisga rohi rost ko'rsatmasaydi,

Rinoldo, Tankred bizlarni ba'zan

Sevinch, qayg'u bilan etmasaydi band...

Xristianlarni kuylagan shoir

Sayramas majusiy qavmiga doir.

Bu to'g'ri, ammoki, juda bema'ni -

Raddi badal etmoq mif–afsonani.

Shohu gadolarni, tosharkan ummon,

Xeronga tashimoq bo'lsa qatag'on;

Pan sirli nayidan ayrilib qolsa,

Bog'lardan bayramu bahra yo'qolsa -

Yo'q, aslo bo'lmagay, yolg'on samar bu, -

She'riyat mulkiga koni zarar bu! <...>

Qadim rivoyatlar latofatga boy,

Hatto nomlarda ham jimirlar chiroy.

O'qing: Eney, Gektor, yelena, Paris,

Axill, Atrey, Nester, Orest va Uliess.

Shoir qahramonga nafosatni ep -

Ko'rarkan, atamas Xildebrant18 deb.

Bunday nom g'ijirlab, tegadi tishga,

Yuraging bezillar takror etishga.

Shuhrat istasangiz, sizning qahramon

Hayajon baxsh etsin bir olam–jahon.

Bo'lsin u xashaki hislardan xoli,

Ya'ni, sadoqatu vafo timsoli.

Ulug'vor ishlarga qo'l ursin dadil,

Sezar, Lyudovikka monand bo'lsin ul.

Polinik va uning ukasinamo19

Manfur, xiyonatkor bo'lmasin aslo.

Voqyea yotmasin tog'dek qalashib,

Gomer kuylar ekan daryodek toshib,

Axill g'azabini etgandi doston,

Voqyeaparastlik asarga ziyon.

Quyma, ixcham bo'lsin sizning hikoya,

Boy va ko'rkam bo'lsin sizning hikoya.

Joziba quyilsin tamom asardan,

Puchak mayda–chuyda qolsin nazardan.

Maslahat shu sizga: baland bo'lsin did,

Qandaydir nodonga aylamang taqlid. <...>

Uzuq–yuluq yozmang, cho'ziq–behudhud.

Sipo va kamtarin boshlangiz doston, <...>

Oppoq sahifaga qalam to'kkan nur

Baxsh etsin jonlarga halovat, huzur.

Buyuklik va jilo payvasta bo'lsin,

Jimjimador emas, orasta bo'lsin. <...>

Venera nafosat belbog'i bilan20

Gomerning belini bog'lamish chindan.

U buyuk xazina yashirgan tog'dir,

Barcha asrlarga sharbat bulog'dir.

Ajab sehrgar u, so'z otashida -

Mangu surur yashar, mangu nashida.

Yashar baytlarida maftunkor bir ruh,

Puchak so'zbozlikni yoqtirmaydi u...

Suyilib, me'daga tegmas hyech qachon,

Syujet rivojlanar tabiiy, ravon.

Oqar misli zilol, sokin bir daryo,

So'z, satr mo'ljalga urar bexato.

Gomerni sevingiz - u yuksak amal,

Saboqlar bergusi bebaho, go'zal. <...>

Fojea ko'plarni etarkan shaydo,

Komediya bo'ldi izidan paydo.

Afinada uni xushchaqchaq yunon

O'q qilib raqibga otdi beomon. <...>

Komediyada shon quchmoq bo'lsa kim,

Bilsinkim, tabiat unga muallim.

Insonlar qalbini tinglasa shoir,

Yuraklar zarbini anglasa shoir,

Tushunsa bashangni, hardamxayolni,

Anqovni, rashk aro o'rtangan cholni,

Ularni sahnada o'ynata olur,

Solib har maqomga, so'ylata olur.

Ko'zimiz o'ngida jonlansin tugal

Quyma qiyofalar, anvo kulgular.

Tabiat har kimga berib mohiyat,

Baxsh etmish shunga mos xulqi xosiyat.

Ular fe'l-atvorda bo'ladi zohir,

Ularni avvalo ilg'aydi shoir.

Bizni o'zgartirar har lahza zamon,

Qari chol yigitga bo'lmagay monand. <...>

TO'RTINChI QO'ShIQ

Florensiyada yashab bir banda21,

Ozroq tabib edi, ko'proq kushanda.

O'latga o'xshardi bu hoziq hakim,

Dastidan behisob bolalar yetim.

Kasridan qazoyi muallaq hazor,

Og'a–inisini ko'mib, azador...

Tumovdan zotiljam etardi hosil,

Qo'lida dorimas, zahri halohil...

Shahardan qorasi o'chdi bir kuni,

Taklif etmish edi qasriga uni.

O'lim chetlab o'tgan sobiq bir bemor -

Abbat22, me'morlikka maftun, havaskor.

Shunda bizning tabib, go'yoki Mansar

Me'morlik bobida ko'rsatdi hunar.

Imorat rejasi yomon, dedi u,

Yonida qurilsin ayvon, dedi u.

Zinani orqaroq olingiz faqat...

G'ishtchini shu zamon chaqirar abbat.

U ham bu kengashni ma'qul deb topar,

Xullas, rivoyatni etsak muxtasar,

Tabib tushib oldi to'g'ri yo'liga,

Chizg'ich, qalam oldi endi qo'liga.

Galen zahmatini tark etdi abad,

Ajoyib me'mor deb qozondi shuhrat.

Ushbu hikmat bo'lsin mulki yodingiz:

Novvoylikda bo'lsa iste'dodingiz,

Bu juda alomat, juda ham go'zal,

Qofiyabozlikdan ming marta afzal!

Pishirsang, yo tiksang, qura olsang, bas,

Peshqadam bo'lmoqlik bunda shart emas.

Lekin she'riyatda bu yo'l - bedodlik.

O'rtacha bo'lishlik - beiste'dodlik.

Sovuq qofiyaboz - bebahra shoir,

Penshenmi, Buaye - barisi bir go'r.

Kim o'qir Rampalni, Menardverni,

Man'on, Sue, Korben, Lamorl'erni.

Masxaraboz degan alhol kuldirar,

Sovuq qofiyaboz lekin o'ldirar.

Motenning muzlagan she'ridan ko'ra

Berjerak kulgusi afzal ming karra. <...>

Shoir tirik inson, kitob qurtimas.

She'rda qoyil qilib, jamoat ichra -

Bo'lmang, qup–quruq deb kulgu–masxara.

Shoirlar baxsh etsin sizga ehtiros,

Oltin, kumush emas, shuhrat va e'zoz23.

Kimki yozar ekan yonib bezavol,

Unga qalam haqi haloldan halol. <...>

She'r buyuk ishlarga shunday hissador!

Ne–ne istiqboldan so'ylamish ash'or.

Titroq olomonga kohin har yo'la

Feb hukmini aytmish yangroq she'r ila.

Gomer asrlarga kamand tashlagan,

Qalblarni jasorat sari boshlagan.

Gesiod24 o'rgatgan - asl g'allakor

Nechuk sarfi hunar etmog'i darkor.

Shoirlar so'zida yangragan hikmat

Insonlarga bo'lgan tariyqi ibrat.

Jaranglab, quloqqa xush yoqqan kalom

Qalblarga quyilib, band etgay tamom. <...>

Izohlar:

1. «Farening do'sti bor...»-"Qutqarilgan Muso" epik poemasining muallifi Sent-Aman ko'zda tutiladi.

2. «Italyan shuaro...» - XVII asr boshlaridagi italyan she'riyatida hukm surgan oqim - "marinizm" vakillari ko'zda tutiladi. Ular asosiy e'tiborni tashqi she'riy shaklga qaratishgan.

3. "Unday qofiyaboz kulguli g'oyat"-Demare de Sen-Sorlen (1595-1676) ko'zda tutiladi. U "Xloding" poemasining so'nggi qo'shig'i "qudrati oliy"dan kelganini aytib maqtangan edi.

4. "Oshiqmay-toshiqmay tebrating qalam" - Skyuderiga ishora. U "buyurtma"ga ko'ra shoshilinch yozganini aytib, asarini oqlamoqchi bo'lardi.

5. "Ortiqcha hirs qo'yib avom so'ziga" - Bualo she'riyatga oddiy xalq tiliga xos so'z-iboralarni kiritishni yoqtirmagan. Uning nazaricha, idilliyalarda kuylangan cho'pon qizlar qandaydir shartli, "yuksak" til bilan so'zlashlari lozim.

6. Feokrit (eradan avvalgi III asr) - idilliyalari bilan mashhur yunon shoiri.

7. "Nuqul yozganlari zanjir, kishanlar..." - shoir Buatyur (1598-1648)ga ishora. Bualo u va unga o'xshash shoirlar ijodidagi qaytariq, qotib qolgan jihatlar ustidan kuladi.

8. Tabull (eradan avvalgi 55-19 yillar) - yirik rim shoiri, ishqiy elegiyalari bilan mashhur.

9. «She'rni Ovidiyga o'rgatgan o'sha» - Ovidiyning "Maktublar" deb umumiy nom bilan atalgan elegiyalari nazarda tutiladi.

10. «...Qo'sh katren... Ikki terset» - Sonet qofiyalari takrorlanib keluvchi ikki to'rtlik (katren) va xulosa fikrni tashuvchi ikkita uchlik (terset)dan iborat bo'ladi.

11. Gombo, Menar, Malvil-XVII asrning birinchi yarmida yashagan sonetnavis shoirlar.

12. Sersi - parijlik kitob sotuvchi.

13. Pellete - uchinchi darajali shoir, turli kishilarga bag'ishlab sonetlar yozgan.

14. Lutsiliy (Eradan avvalgi II asr) - Rim satirik shoiri.

15. Nanteyl (1630-1678) - taniqli gravyurachi.

16. «Fransuzlar avval ko'rishmadi xush» - cherkovning teatrga dushmanlarcha munosabatiga bir ishora.

17. «Antik siymolarni she'rdan bir yo'la haydamoq bo'lganlar haq emas sira» - Demare de Sen-Sorlenga atalgan. U xristian fantastikasining "majusiy" mifologiyadan ustunligini nazariy jihatdan asoslashga uringan edi.

18. Xildebrant - ikkinchi darajali shoir.

19. «Polinik va uning ukasinamo» - Polinik va Eteokl - Edipning o'g'illari. Ularning nizo-janjali Esxilning "yettovlon Fivga qarshi" tragediyasida qalamga olingan.

20. "Venera nafosat belbog'i bilan..." - "Iliada"ning XIV qo'shig'ida aytilishicha, Vanera belbog'ini bog'lagan kishi jozibador xususiyatlarga ega bo'lar ekan.

21. «Florensiyada yashab bir banda...» - Luvr kolonnalarining ijodkori, vrach va arxitektor Klod Perro ko'zda tutiladi.

22. Abbat - katolik ruhoniy.

23. «Shoirlar, baxsh etsin sizga ehtiros,

Oltin, kumush emas, ehtirom, e'zoz» - zamondoshlarining guvohlik berishlaricha, Bualo yozgan asarlari uchun hyech qachon qalam haqi olmagan.

24. Gesiod (eradan avvalgi VIII-VII asrlar) - qadimiy yunon shoiri, "Mehnatlar va kunlar" poemasining muallifi.

Bualo. She'riy san'at.(Jamol Kamol tarj.).-

T.:Adabiyot va san'at nashriyoti, 1978

Foydalanilgan adabiyotlar.

1. Aristotel. Poetika.- T.: Adabiyot va san'at, 1980

2. Artamonov S.D. Istoriya zarubejnoy literaturû XVII-XVIII vekov.-M.,1988

3. Aflotun. Qonunlar.- T.: Yangi asr avlodi, 2002

4. Bualo.She'riy san'at (Jamol Kamol tarjimasi).- T.,1978

5. Goratsiy. Sochineniya.- M.,1970

6. Inomxo'jaev S. Notiqlik san'ati asoslari.- T.: O'qituvchi, 1988

7. Ispanskaya estetika. Renessans. Barokko. Prosveùenie.-M.,1977

8. Istoriya esteticheskoy mûsli. T.1.- M.,1985.- S.292

9. Losev A.F. Istoriya antichnoy estetiki. Sofistû. Sokrat. Platon.- M.,1969

10. Losev A.F. Estetika Vozrojdeniya.- M.,1982

11. Nefedov N.T. Istoriya zarubejnoy kritiki i literaturovedeniya.- M.: Vûsshaya shkola, 1988

12. Ob oratorskom isskustve.- M.,1963

13. Oybek. Mukammal asarlar tûplami. 20 tomlik. 15-tom.- T.: Adabiyot va san'at, 1979

14. Pisateli Anglii o literature.-M.,1981

15. Pisateli Fransii o literature.-M.,1978

16. Platon. Sochineniya v 3-x tomax. T.3.-M.,1971

17. Radsig S.M. Istoriya drevnegrecheskoy literaturû.- M.: Vûsshaya shkola, 1977

18. Reizov B.G. Mejdu klassitsizmom i romantizmom.-M.,1962

19. Spor o drevnix i novûx.-M.,1985

20. Homer. Iliada.- T.: Adabiyot va san'at, 1988

21. Shteyn A. Literatura ispanskogo barokko.-M.,1983

22. Xrestomatiya po zarubejnoy literature. Epoxa Vozrojdeniya. M., 1959

Mundarija

1. So'z boshi o'rnida 3

2. Antik davr adabiy tanqidiy tafakkuri 4

3. O'rta asrlarda adabiy-estetik tafakkur 5-6

4. Uyg'onish davri yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri

5. XVII asr yevropa adabiy tanqidiy tafakkuri

Majmua

6. Gesiod. Teogoniya (Parcha)

7. Isokrat. Panegirik

8. Platon. Davlat

9. Aristotel. Poetika

10. Kvint Goratsiy Flakk. Pizonlarga bag'ishlov

11. Mixail Psell. Italning sharafiga

12. Yuliy Sezar Skaliger. Poetika

13. Antonio Minturno. Poetik san'at

14. Lodoviko Kastelvetro. Xalq tilida bayon qilingan va sharhlangan Aristotel «Poetika»si

15 Torkvatto Tasso. Qahramonlik poziyasi haqida mulohazalar

16 Fillip Sidni. Poeziya himoyasiga

17. Ben Jonson. Qaydlar yoki kuzatishlar

18. Ioaxim dyu Belle. Fransuz tili ùimoyasi va madùi

19. Fransua Oje. Jan de Shelandrning «Tir va Sidon»

tragikomediyasiga so'z boshi

20. Jan Shaplen. Yigirma to'rt soat qoidasining asoslanishi va e'tirozlarning ziddiga

21. Fransua d’Obinyak. Teatr amaliyoti

22. Per Kornel. Uch birlik - voqyea, vaqt va joy birliklari

haqida mulohazalar

23. Per Daniel Yue. Romanlarning paydo bo'lishi haqida risola

24. Nikola Bualo. She'riy san'at

 
 
Сайт создан в системе uCoz