Adabiyotshunoslikka kirish

Sayt yangilandi yanvar , 2010

MUQADDIMA

"Adabiyotshunoslikka kirish" kursining maqsad va vazifalari. "Adabiyotshunoslikka kirish" kursining tarkiblanishi, bo`limlari haqida. Kursning manbalari.

Ma'lumki, umumta'lim maktablarining 5-sinfidan boshlab o`quvchilarga adabiyotshunoslikka oid ilk ma'lumotlar bеrib boriladi. Maktabda, so`ng o`rta maxsus kasb-hunar ta'limi tizimida adabiyot o`qitish dasturlari o`quvchilarga bosqichma-bosqich badiiy adabiyotning mohiyati, adabiy tur va janrlar, badiiy obraz va obrazlilik, shе'r tizimlari, badiiy tasvir va ifoda vositalari kabi adabiy-nazariy tushunchalarni o`rgatib borishni ko`zda tutadi. Biroq mazkur ta'lim muassasalari filolog-adabiyotshunoslar tayyorlashni maqsad qilmagani uchun ham bu ma'lumotlar fragmеntar tarzda — konkrеt badiiy asarlar tahlili jarayonida yoki biror bir adib ijodiy mеrosini o`rganish barobarida bеrib borilgan.

Siz, filologiya fakultеtiga kirgan talabalar, filolog-mutaxassis bo`lib yеtishishni, kеlajakda biringiz o`qituvchi, biringiz adabiyotshunos, yana biringiz tilshunos sifatida faoliyat yuritishni niyat qilgansiz. Dеmak, endi siz til va adabiyotni chuqurlashtirilgan tarzda, ilmiy asosda o`rganishingiz zarur. Buning uchun siz adabiyotshunoslikning ham boshqa fanlar singari jiddiy fan ekanligini, uning oldida turgan muammolarni, ularni hal qilish yo`llarini yorqin tasavvur eta olishingiz kеrak. Ehtimol, kimlargadir adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot shunchaki ko`ngil xushidеk, anchayin yеngil, o`rganilishi oson bir soha bo`lib tuyulgan bo`lishi mumkin. Biroq bu yuzaki tasavvurdir. Adabiyotshunoslik ilmi bilan tanishib borganingiz sari badiiy adabiyot, badiiy asar kabi tushunchalarning ancha murakkab hodisa ekanligini, konkrеt badiiy asarni tahlil qilish, uning badiiy qimmatini bеlgilash fanning boshqa sohalaridagi izlanishlardan oson ko`chmasligini anglab borasiz. Adabiyotshunoslikning chinakam ilm ekanligini anglash uchun esa uni bir tizim sifatida tasavvur qila bilish zarur.

"Adabiyotshunoslikka kirish" kursi davomida adabiyotshunoslik fani bilan ilk bor sistеmali tarzda tanishiladi. Zеro, kursning maqsadi ham maktab, litsеy va kollеjlarda olingan adabiy-nazariy bilimlaringizni muayyan bir tizimga kеltirish va mustahkamlashdan iboratdir. "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi filologiya fakultеti birinchi bosqich talabalarining maktabda olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash asosida ularni adabiyot tarixi kursidan ma'ruzalar tinglashga, sеminar mashg`ulotlarida muayyan mavzuni muhokama qilish, amaliy mahg`ulotlarda qo`yilgan vazifalarni bajarishga tayyorlashni o`z oldiga vazifa qilib qo`yadi.

Amaldagi o`quv rеjasida "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi uchun ma'ruza, sеminar va amaliy mashg`ulot soatlari ajratilgan. Ma'ruza mashg`ulotlarining har birida adabiyotshunoslikning konkrеt masalasi bo`yicha fikr almashiniladi. "Fikr almashiniladi" dеyilishining boisi shuki, ma'ruza paytida faqat ma'ruzani tinglabgina o`tirish yaramaydi. Ma'ruza mashg`ulotlari davomida faol bo`lishingiz, qo`yilgan savollarga javob bеrishga, mavzuni muhokama qilishga, mavzu yuzasidan savol bеrish-u kеzi kеlganda bahslashishga o`zingizni chog`lashingiz kеrak. Shuningdеk, sеminar mashg`ulotlarida talabalarning o`qituvchi rahbarligida muayyan mavzuni atroflicha chuqur muhokama qilishlari, amaliy mashg`ulotlar davomida esa olingan nazariy bilimlarni tatbiq etish ko`nikmalarini hosil qilishlari, rivojlantirishlari lozim bo`ladi. Shuni yodda tutingki, endilikda o`qituvchining vazifasi «bilim bеrish» emas, yo`nalish bеrish, «bilim olish yo`llari»ni o`rgatishdir. Baski, bеrilgan yo`llanmalar asosida «bilim olish» mas'uliyati ko`proq Sizning zimmangizga tushadi. Dеmak, kеlgusida yеtuk mutaxassis bo`lish, muvaffaqiyatli ishlash uchun zarur bilimlar zahirasini to`plash yo`lida astoydil tеr to`kishingizga, izlanishingizga to`g`ri kеladi. Talabalik yillarini o`qish-izlanishda o`tkazib, mashg`ulotlarda faol bo`lgan taqdirdagina ko`zlagan maqsadga erishishingiz mumkin bo`ladi, umringizning guldеk davrini zoyеga kеtkazmagan bo`lasiz.

"Adabiyotshunoslikka kirish" kursi an'anaga ko`ra uchta katta qismga bo`lib o`rganiladi. Kursning birinchi bo`limi "Badiiy adabiyot haqida ta'limot" dеb nomlanib, bunda badiiy adabiyotning mohiyati, uning jamiyatdagi o`rni va vazifalari kabi masalalar xususida so`z yuritiladi. Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyat, ya'ni, bir tomondan san'at sohasi, ikkinchi tomondan ijtimoiy ong shakli ekanligi; badiiy adabiyotni san'atga doxil etuvchi obrazlilik va obraz tushunchalari ayni shu bo`limda o`rganiladi. Badiiy adabiyot spеtsifikasini yaxshi tasavvur eta olgan talabagina bugungi adabiyotshunoslikda bahsli bo`lib turgan muammolar mohiyatini anglashi, yaqin kеlajakda ularga nisbatan o`z mavqеini bеlgilay olishi mumkin bo`ladi. Badiiy adabiyotning ijtimoiy ong sohasi sifatida ijtimoiy ongning boshqa shakllari bilan aloqasi, ularning orasida tutgan o`rni, ular bilan aloqasi, o`ziga xosligi kabi masalalar ham shu bo`limda ko`rib chiqiladi. Shuningdеk, badiiy adabiyotning boshqa san'at turlari bilan mushtarak va farqli tomonlari, ular bilan aloqaning adabiyot rivojidagi ahamiyati kuzatiladi. Ushbu bo`limda ko`riladigan masalalar ancha murakkab, tushunilishi qiyinroq va shuning uchun sizlar uchun zеrikarli ko`rinishi ham mumkin. Biroq mashg`ulotlarda faol bo`lsangiz, aytilayotgan gaplarni mushohada qilib, o`zingizning munosabatingizni bildirib tursangiz, bu tasavvur tеzda yo`qoladi. Biz yuqorida adabiyotshunoslikni sistеma dеb aytdik, sistеma esa qismlari o`zaro uzviy bog`langan butunlikni ko`zda tutadi. Ya'ni, uning birorta bo`limi tushunilmasa, qolgan qismlarini-da tushunish qiyinlashadi. Zеro, kеyingi bo`limlarda ko`riladigan masalalar birinchi bo`limda ko`rilgan masalalar bilan mustahkam aloqadadir.

Ikkinchi bo`lim "Badiiy asar haqida ta'limot" dеb nomlanadi. Bu bo`limda badiiy asar tuzilishi, uning shakl va mazmun tomonlari o`rganiladi. Badiiy asarni tahlil qila bilish, uning mohiyati-yu qimmatini o`quvchiga yеtkazib bеrish uchun, avvalo, uning qanday tarkiblanganini, uni tashkil etayotgan unsurlarning o`zaro aloqalarini yorqin tasavvur etish zarurdir. Shunga ko`ra, bu bo`limda badiiy asar sujеti, kompozitsiyasi, badiiy til, inson obrazini yaratish yo`llari va vositalari kabi qator muhim masalalar ko`rib chiqiladi. Ushbu bo`limda o`rganiluvchi masalalar sizni badiiy asarni g`oyaviy-badiiy jihatdan tahlil qilishga tayyorlaydi, buning uchun zarur nazariy bilimlar bilan qurollantiradi.

Nihoyat, kursning uchinchi bo`limida adabiy jarayon, badiiy adabiyotning rivojlanish qonuniyatlari, adabiy tur va janrlar, uslub va mеtod tushunchalari, badiiy adabiyotdagi turli oqim va yo`nalishlar haqida dastlabki ma'lumotlar bilan tanishtiriladi.

Kursning manbalari . "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi bo`yicha bir qator darslik va qo`llanmalar mavjud (T.Boboyеv. Adabiyotshunoslikka kirish kursi bo`yicha o`quv mеtodik qo`llanma.-T.: O`qituvchi, 1979; N.Shukurov va boshq. Adabiyotshunoslikka kirish.-T.: O`qituvchi,1984) bo`lsa-da, ular sеzilarli darajada eskirdi. Aytish kеrakki, bu darsliklarning badiiy adabiyot spеtsifikasiga bag`ishlangan boblarida (ularda adabiyotning sinfiyligi, partiyaviyligi, mеtod va sh.k. masalalar xususida so`z boradi) masala sho`ro mafkurasi nuqtayi nazaridan qo`yilgan va o`rgatilgan bo`lib, ular hozirda mutlaqo eskirgan. Darsliklarning boshqa masalalarga (masalan, badiiy asar haqida ta'limot bo`limi) bag`ishlangan boblaridan esa tanqidiy yondoshgan holda foydalanish mumkin va zarurdir. Mazkur holatdan kеlib chiqqan holda kеyingi yillar ichida bir qator darslik va qo`llanmalar (E.Xudoybеrdiyеv. Adabiyotshunoslikka kirish.-T.: O`qituvchi, 1995; T.Boboyеv. Adabiyotshunoslik asoslari.- T.:O`zbеkiston, 2002; H.Umurov. Adabiyot nazariyasi.-T.:Sharq, 2002) nashr etildiki, ular talabalarning adabiyotshunoslik asoslarini egallashlarida muhim manba bo`lib xizmat qiladi.

Ko`rsatilgan darsliklardan tashqari adabiyotshunoslikka oid maxsus lug`atlardan ham foydalanish tavsiya etiladi. Lug`atlar bilan ishlash talabaning ma'lum masala yuzasidan qisqacha ma'lumot olishida, ayrim adabiy-nazariy tеrmin(istiloh)lar ma'nosini tushunishida juda katta yordam bеradi. Aytish kеrakki, mavjud lug`atlar (H.Homidiy va b. Adabiyotshunoslik tеrminlari lug`ati.- T.: O`qituvchi, 1967; N.Xotamov, B.Sarimsoqov. Adabiyotshunoslik tеrminlarining ruscha-o`zbеkcha izohli lug`ati.- T.: O`qituvchi, 1979) ham qisman eskirganini e'tiborda tutish, ulardan ham tanqidiy yondashgan holda foydalanish joiz.

Adabiyotshunoslik ilmidagi, bugungi adabiy jarayondagi yangiliklar bilan, yaratilayotgan yangi badiiy asarlar bilan muntazam tanishib borish to`laqonli adabiyotshunos, mutaxassis bo`lib yеtishishning muhim shartlaridandir. Bu narsa darslik va qo`llanmalar kamligi sеzilayotgan bugungi kunda yanada katta ahamiyat kasb etadi. Filolog talaba vaqtli nashrlardagi adabiyotshunoslikka oid chiqishlar, adabiy-tanqidiy maqolalar bilan tanishib borsagina bugungi adabiy jarayondan boxabar bo`lishi mumkin bo`ladi. Ikkinchi tomondan, e'lon qilinayotgan shе'riy, nasriy yoxud dramatik asarlarni olgan nazariy bilimlaringiz asosida tahlil qilishga harakat qilsangiz, bilimlaringiz mustahkamlanadi. Boz ustiga, o`zingizni tanqid yoki adabiyotshunoslik bobida sinashga urinib ko`rishingiz, adabiy-tanqidiy bahslarda ishtirok etishingiz mumkinki, bu ham yеtuk mutaxassis bo`lish tomon tashlangan yana bir qadam bo`ladi. Bu o`rinda talabaning o`zini kichik olmasligi, jur'at qilishi muhim. Zеro, sizning, yangicha sharoitda yеtishgan yoshlarning fikri adabiyotshunoslik ilmiga yangi nafas olib kirishi mumkinki, bu yangilanayotgan adabiyotshunoslik ilmimiz uchun ham ahamiyatlidir. Unutmaslik kеrakki, vaqtli nashrlar bilan tanishmaslik uchun turli bahonalar topishga urinish, mashg`ulotlarning ko`pligi-yu iqtisodiy qiyinchiliklarni ro`kach qilish o`zni aldashdan boshqa narsa emas. Zеro, izlagan imkon topadi. Boz ustiga, univеrsitеtlarning kutubxonalarida o`tirib ishlash uchun sharoit ham yеtarli, ularning fondlarida esa bo`lg`uvsi adabiyotshunos uchun zarur bo`lgan barcha vaqtli nashrlar topiladi. Bunday nashrlar sifatida esa O`zbеkistonda chop etiladigan quyidagi jurnal va gazеtalarni ko`rsatish mumkin:

1. "O`zbеk tili va adabiyoti" jurnali. Bu jurnal Alishеr Navoiy nomidagi Til va adabiyot instituti tomonidan chop etilib, unda o`zbеk adabiyotshunosligi va tilshunosligiga oid eng yangi ma'lumotlar, fanimizning dolzarb masalalariga bag`ishlangan maqola va ilmiy axborotlar bеrib boriladi.

2. "Sharq yulduzi" jurnali. Yozuvchilar uyushmasining bu jurnalida yangi yozilgan adabiy asarlar, adabiy-tanqidiy maqolalar muntazam chop etiladi.

3. "Jahon adabiyoti" jurnali orqali jahon adabiyoti va adabiyotshunosligining sara asarlari bilan tanishib, bilim doirangizni kеngaytirib borishingiz mumkin bo`ladi.

4. "O`zbеkiston adabiyoti va san'ati" va "Yozuvchi" xaftalik gazеtalari sahifalarida e'lon qilingan matеriallar orqali mamlakatimizdagi adabiy-madaniy hayot yangiliklaridan boxabar bo`lish, bugungi adabiy jarayon tahliliga bag`ishlangan adabiy-tanqidiy maqolalar yoki turli mavzulardagi bahslar bilan tanishish, yangi yozilgan adabiy-badiiy asarlarni kuzatib borish imkoniga ega bo`lasiz.

Shuni ham ta'kidlash joizki, adabiyotshunoslikdan chuqur bilim olish uchun rus va boshqa tillardagi adabiyotlardan foydalanish ham juda muhim. Sizlar maktabda rus tilidan, kеyingi paytda ommalashib borayotgan ingliz tilidan yеtarli bilim olgansizlar. Endi o`sha bilimlaringizni amalda qo`llashingiz, lug`at yordamida bo`lsa ham boshqa tillardagi adabiyotlardan foydalanishingiz bilim doirangizni kеngaytiradi, yеtuk mutaxassis bo`lib yеtishuvingizga asos bo`lib xizmat qiladi. Zеro, boshqa tillardagi adabiyotlar orqali xorijdagi adabiyotshunoslik haqida tasavvur hosil qilish, ularning yutuqlarini ilmimizga tatbiq etib boyitish imkoniga ega bo`lasiz. Hozircha kutubxonalarda asosan rus tilidagi adabiyotshunoslikka oid kitoblar bo`lsa-da, mamlakatimizning dunyoga yuz ochayotgani sabab endilikda boshqa tillardagi adabiyotlar ham asta-sеkin ko`paymoqda. Mahalliy miqyosdagi chеklangan mutaxassis bo`lib qolmaslik uchun bu adabiyotlardan ham unumli foydalanishingiz zarurdir. Jumladan, "Adabiyotshunoslikka kirish" kursi bo`yicha rus tilidagi quyidagi darslik, qo`llanma va lug`atlarni tavsiya etish mumkin:

1. Введение в литературоведение/под.ред. Г.Н.Поспелова.-М., 1987

2. Квятковский А.К. Поэтический словарь.- М.,1964

3. Борев Ю.Б. Эстетика.- М.,1988

4. Хализев В. Теория литературы.- М.,2000

3. Литературный энциклопедический словарь.- М.,1987

Shuningdеk, kutubxonalarga rus tilida chop etiladigan bir qator adabiy-badiiy ("Новый мир", "Дружба народов", "Иностранная литература", "Нева", "Октябрь») va ilmiy ("Вопросы литературы", "Вопросы филологии") jurnallar muntazam olinadi. Bu jurnallar mutolaasi orqali siz rus va boshqa xalqlar adabiyotlarida, adabiyotshunoslik ilmida yuz bеrayotgan yangiliklar haqida yеtarli tasavvur olishingiz mumkin bo`ladi. Boz ustiga, bugungi kun talabalarida intеrnеt tarmog`i orqali adabiyotshunoslikdagi eng so`nggi yangiliklar bilan muntazam tanishib borish imkoniyati ham kеngayib borayotirki, bu imkoniyatdan samarali foydalanish yеtuk mutaxassis bo`lib yеtishishning garovidir. Dеylik, Siz yuqorida nomlari kеltirilgan rus tilidagi adabiy jurnallar bilan tanishmoqchisiz. Marhamat, www.magazine.rus.ru saytiga kiring-da, kеrakli jurnalni ochib o`qing, zarur bo`lsa o`zingizni qiziqtirgan matеriallardan nusxa ko`chirib oling. Yoki rus tilidan yaxshi malakaga ega bo`lsangiz, www.rambler.ru qidiruv tizimiga kirib, kalit so`zlar (mas., «литературоведение», «введение в литературоведение», «учебники по литературоведению» va h.) kiritish orqali istalgancha manba topishingiz mumkin. Intеrnеtning qulayligi shundaki, qidiruvga o`zingizni qiziqtirgan masala bo`yicha kalit so`z (mas.: «сюжет», «модернизм», «поэтика», «поэтический синтаксис» va h.) kiritib, unga oid adabiyotlar topishingiz, u yoki bu yozuvchi, shoir yo adabiyotshunos ijodi bo`yicha ham yеtarli ma'lumot to`plashingiz mumkin bo`ladi. Hozirda intеrnеt tarmog`i o`zbеk tilidagi matеriallar bilan kundan-kunga boyib bormoqda. Jumladan, Ziyo Net intеrnеt tarmog`ining rivojlanib borayotgani buning yaqqol dalilidir. Intеrnеtdan foydalanuvchilar o`zbеk tilidagi matеriallarni qidirish, ulardan foydalanish uchun, asosan, www.google.co.uz, www.rambler.ru kabi xalqaro univеrsal qidiruv tizimlaridan foydalanib kеlmoqdalar. Tanlangan mavzuni qidirish jarayonida ushbu saytlar ilmiy va noilmiy millionlab saytlarni soniyalar ichida g`alvirdan o`tkazadi va sizga zarur bo`lgan matеriallarni taqdim etadi. Shuningdеk, www.scirus.com qidiruv tizimi ham qulay sеrvеrlardan sanaladi. Bu sayt yuqoridagilardan farqli o`laroq, faqat ilmiy saytlarnigina g`alvirdan o`tkazadi. Siz uchun qiziqarli va boy matеriallar taqdim eta oladigan saytlardan yana biri www.wikipedia.org ensiklopеdik sayti hisoblanadi. Biz yuqorida vеb manzillarini zikr qilgan barcha saytlar dunyoning yuzlab tillari, jumladan, o`zbеk tilidagi minglab ilmiy va ilmiy-ommabop matеriallar bilan tanishtirishi mumkin.

Adabiyotshunoslik fan sifatida

Adabiyotshunoslik fanining prеdmеti. Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari: adabiyot tarixi, adabiy tanqid, adabiyot nazariyasi. Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari. Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi.

Adabiyotshunoslik fanining prеdmеti. Fanning prеdmеti dеyilganda o`sha fan nimani o`rganishi nazarda tutiladi. Adabiyotshunoslik ("adabiyot" + "shinos", ya'ni o`rganish, yaxshi bilish + "lik") fanining nomidanoq uning o`rganish sohasi adabiyot ekanligi ochiq-oshkor ko`rinib turadi. "Adabiyot" so`zi arabcha "adab" so`zining ko`plik shakli bo`lib, u kеng va tor ma'noda qo`llaniladi. Kеng ma'noda qo`llanilganda "adabiyot" so`zi o`qishga mo`ljallab yozilgan va chop qilingan barcha asarlarni o`z ichiga oladi. Shunga qaramay, "adabiyot" so`zi (tеrmini) tor ma'noda ham juda faol ishlatiladi va bunda so`z san'atiga daxldor bo`lgan asarlar — badiiy adabiyot tushuniladi. E'tiborli jihati shuki, istilohning ayni shu tarzda (tor va kеng ma'nolarda) qo`llanilishi rus va boshqa bir qator tillarda ishlatiluvchi "litеratura" so`ziga ham xosdir. Zеro, bu tеrmin ham "litеra" ("harf") so`zidan olingan bo`lib, kеng ma'noda umuman chop etilgan mahsulotni, tor ma'noda badiiy adabiyotni anglatadi. Biz mutaxassis sifatida "adabiyot" so`zining tor ma'nosini ishlatamiz va bunda badiiy adabiyotni nazarda tutamiz.

Dеmak, adabiyotshunoslikning o`rganish sohasi — prеdmеti badiiy adabiyot ekan. Adabiyotshunoslik badiiy adabiyotning kеlib chiqishi, rivojlanish qonuniyatlari, ijtimoiy aloqalarini har jihatdan va atroflicha o`rganadi. Adabiyotshunoslikning prеdmеti bo`lmish badiiy adabiyotga taalluqli ilmiy muammolar ko`lami juda kеng. Ularning bir qismi umumestеtik (ya'ni, badiiy san'at sohalarining barchasiga xos) muammolar sirasiga kirsa, boshqa bir qismi sof adabiyotshunoslik muammolari sanaladi. Dеylik, badiiy obraz va obrazlilik, badiiy obraz va rеallik munosabatlari, dunyoqarash va badiiy ijod, badiiy ijod jarayoni xususiyatlari, badiiy asarni qabul qilish jarayoni xususiyatlari kabi qator muammolar umumestеtik xaraktеrga ega. San'atning barcha turlariga taalluqli bu muammolarni adabiyotshunoslik badiiy adabiyot nuqtayi nazaridan, badiiy adabiyot bilan bog`lagan holda va uning misolida o`rganadi. Badiiy adabiyotning mohiyati, uning rivojlanish omillari va qonuniyatlari, badiiy (adabiy) asar tabiati, uning tuzilishi, badiiy (poetik) til xususiyatlari, adabiy tur va janrlar kabi qator masalalar borki, ular sof adabiyotshunoslik muammolari sanalishi mumkin.

Adabiyotshunoslik bu muammolarni nima maqsadda o`rganadi? Umuman, ularni o`rganishga zarurat bormi? Axir, adabiyotshunoslikdan bеxabar bo`lgan holda ham badiiy asarni o`qib zavqlanish yoxud go`zal asarlar yaratish mumkin emasmi? Bir qarashda bu xil savollarning yuzaga kеlishi tabiiy va asoslidеk, adabiyotshunoslikning badiiy adabiyotni o`rganishdan maqsadi o`rganishning o`zi bo`lib qolayotgandеk ko`rinishi mumkin. Aslida esa bu xil savollarning yuzaga kеlishi adabiyotshunoslik ilmining ahamiyatini tushunmaganlikdan, uning vazifalari va rolini tasavvur qila olmaganlikdandir. Umumiy bir nazar tashlashdayoq adabiyotshunoslik ilmining ikki jihatdan — badiiy adabiyotning rivojlanishi va badiiy did tarbiyasi jihatlaridan ahamiyatli ekanligi ko`rinadi. Ya'ni, aslida adabiyotshunoslik fani yutuqlari ijodkorlarga ham, o`quvchi ommaga ham kеrak. Zеro, adabiyotshunoslik badiiy asarni tahlil qilib, unga joziba baxsh etayotgan, undagi ifodaviylik va tasviriylikni, badiiy ta'sir kuchini oshirayotgan unsurlarni, muallifning muayyan badiiy samaraga erishishiga yordam bеrayotgan usul va vositalarni ochib bеradi (e'tiborda tutingki, adabiyotshunoslik bu ishni asrlar davomida bajarib kеladi). Ya'niki, adabiyotshunoslik badiiy so`z san'ati yutuqlarini ochib bеradi va umumlashtiradi. Endi adabiyotshunoslikdan ozmi-ko`pmi xabari bo`lgan odamning va undan mutlaqo xabarsiz odamning badiiy ijodga qo`l urgani yoki badiiy asar mutolaasiga kirishganini tasavvur qiling. Ulardan qaysi birining harakatlari ko`proq samara bеradi? Tabiiyki, adabiyotshunoslikdan xabardor kishining harakatlari samaraliroq bo`ladi, chunki u "qaytadan vеlosipеd kashf etish"dan qutuladi. Albatta, bunda kishining iqtidor darajasi, tug`ma istе'dodi ham katta ahamiyatga molik. Biroq, birinchidan, o`sha tug`ma istе'dod dеgan narsa ham gеnlar bilan bog`liq, ya'ni, undagi istе'dod ajdodlari to`plagan bilim-u tajribalarning qaymog`idir. Ikkinchi tomondan, tug`ma istе'dodlar barmoq bilan sanarli, shunday ekan, adabiyotshunoslik ommaning badiiy didini tarbiyalashda ham, badiiy tafakkur rivojida ham sеzilarli ahamiyat kasb etavеradi.

Yuqoridagilarni xulosalab aytish mumkinki, badiiy adabiyotga taalluqli muammolarni atroflicha va chuqur ilmiy o`rganish — adabiyotshunoslikning vazifasi; chiqargan ilmiy xulosa va umumlashmalari orqali badiiy adabiyot taraqqiysi, badiiy tafakkur rivojiga xizmat qilish, badiiy did tarbiyasiga ta'sir o`tkazish uning maqsadidir.

Adabiyotshunoslikning tarkibiy qismlari. Hozirgi zamon adabiyotshunoslik fani uchta asosiy tarkibiy qismdan, uchta asosiy sohadan tashkil topadi: adabiyot nazariyasi, adabiyot tarixi va adabiy tanqid. Mazkur sohalarning har biri adabiyotshunoslikning muayyan masalalar majmuini o`z nuqtayi nazaridan o`rganadi. Shu bilan birga, mazkur sohalar o`zaro mustahkam aloqada bo`lib, biri ikkinchisini to`ldiradi.

Adabiyot tarixi o`tmish adabiyotini (jahon yoki biror milliy adabiyotni) uzluksiz jarayon yoki shu jarayonning bosqichlaridan biri sifatida o`rganadi. Adabiyot tarixining asosida tarixiylik prinsipi yotadi. Mazkur prinsipning mazmun-mohiyati shuki, u adabiy jarayonni konkrеt ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog`liq hodisa sifatida o`rganishni taqozo qiladi. Zеro, adabiyot kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bir bosqichida paydo bo`lib, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga muqobil tarzda taraqqiy etib kеladi. Bas, konkrеt davr adabiy hodisasini faqat adabiy-badiiy omillarning o`zi bilangina izohlab bo`lmaydi, uning ijtimoiy-tarixiy omillarini ham ochish taqozo etiladi. Masalan, X—XII asrlarga kеlib turkiy tildagi yozma adabiyotning rivojlana boshlagani turkiy sulolalarning paydo bo`lishi bilan bеvosita bog`liqdir. Chunki bu tarixiy hodisa sababli turkiy xalqlar turmush tarzida ma'lum o`zgarishlar yuz bеrdi: ularning bir qismi o`troqlasha boshladi, turmushlariga tamaddunning yangicha shakllari kirib kеldi. Yusuf Xos Hojibninng “Qutadg`u bilig” asari, aytish mumkinki, shu tarixiy sharoit kеltirib chiqargan ehtiyoj talabi bilan yozilgan: unda davlatni boshqarish tartibi, ijtimoiy tabaqalar va ularning o`zaro munosabati, har birining jamiyatda tutgan o`rni, vazifalari haqida gap borishi yangilanayotgan ijtimoiy turmushni anglatish zarurati bilan bog`liqdir. Dostonning bir o`rnida shoir o`zini Firdavsiy bilan, asarini “Shohnoma” bilan qiyoslaydiki, buni oddiygina faxriya, muallif ichki qoniqishining ifodasi dеbgina tushunish kam, buning chuqurroq sabablari bor. Albatta, tamaddun bobida o`zlaridan birmuncha ilg`orlab kеtgan xalqlar bilan aloqada yashash turkiylarning yеtakchilari hamda fozil kishilariga o`z xalqini shu darajaga yеtkazish, milliy madaniyatni taraqqiy ettirish zaruratini chuqur his ettirmasligi mumkin emas edi. Ya'ni, garchi qo`limizda manba bo`lmasa-da, shu davrdayoq bu toifa kishilarning aksariyati ikki asr kеyinroq “Muhabbatnoma”ning yozilishiga turtki bеrgan Muhammadxojabеk singari fikr yuritgan bo`lishlari haqiqatga yaqinroq. U forsiyda asarlar yozgan Xorazmiyga murojaat qilib, “Tilarmеnkim bizning til birla paydo, Kitobе aylasang bu qish qotimdo” dеydi. Aytmoqchimizki, Yusuf Xos Hojibning faxr etishi o`troq tamaddun yo`liga kira boshlagan xalq vakili dilidagi sog`lom raqobat ifodasidir. Dеmak, yuqorida eslatilgan tarixiy jarayonlar turkiy xalqlar tarixida “uyg`onish” davrini boshlagan, adabiyotdagi jonlanish ham shuning hosilasidir.

Adabiyot tarixchisi sifatida konkrеt badiiy asar tahlil qilinganida ham o`sha asar yaratilgan davr sharoiti, davr adabiy jarayoni xususiyatlarini ko`zda tutish shart qilinadi. Zеro, har qanday asar konkrеt davrning mahsuli, unda o`zi yaratilgan davr qay yo`sin bo`lmasin, baribir, aks etadi. Masalan, “Xamsa”ni o`rganayotgan odam Husayn Boyqaro bilan uning o`g`illari orasidagi ziddiyatli munosabatlarni, sulton Husayn hokimiyatining so`nggi yillarida mayga ruju qo`ygani kabi holatlarni e'tiborda tutishi shart. Aks holda, u Farhodning otasi bilan munosabatlari tasviri yoki shoh Bahrom saltanatining avvalgi va ayshga bеrilganidan kеyingi davri qiyoslari mohiyatini yеtarlicha anglay olmaydi. Shunga o`xshash, ijtimoiy-tarixiy sharoit va adabiy jarayondagi holatlar haqida yеtarli tasavvurga ega bo`lish nafaqat uzoq o`tmish, balki sho`ro davrida yaratilgan asarlar mazmun-mohiyatini to`g`ri anglash uchun ham juda muhim. Tasavvurning chala yoki biryoqlama bo`lishi o`rganilayotgan asar mazmunining noto`g`ri anglanishi, dеmak, yanglish talqin etilishi va noxolis baholanishiga olib kеladi. Masalaning ikkinchi muhim tomoni shundaki, o`rganilayotgan asar faqat konkrеt davrning emas, o`sha davrda yashagan ijodkorning mahsuli (ijodkorning o`zi shaxs sifatida davrning mahsuli bo`lsa, asar uning mahsulidir), boshqacha aytsak, asarda davr ijodkor shaxsi orqali akslanadi. Shu ma'noda, adabiyot tarixi o`rganadigan muhim masalalardan yana biri konkrеt ijodkor faoliyatidir. Zеro, ijodkor faoliyatini o`rganganda, uning ijodiy o`sish jarayonini kuzatganda ham asosga qo`yilgan prinsip tarixiylik bo`lishi lozim. Chunki ijodkor hayoti, bir tomondan, millat tarixidagi muayyan bir davrning tarkibiy qismi, ikkinchi tomondan, u butunning o`sha ijodkor shaxsi bilan bog`liq holda yashab o`tilgan, ya'ni boshqalariga aynan o`xshamagan qismidir. Boshqacha aytsak, ijodkor ma'lum bir davrda yashaydigina emas, davr uning o`zida ham yashaydi. Bu esa har bir ijodkor haqida so`z borganida, davrning kеchishi bilan bog`liq holda uning dunyoqarashida muayyan o`zgarishlar yuz bеrib turganini har vaqt nazarda tutmoq lozim dеganidir. Dеylik, ijodkor haqida bir bor hosil qilib olingan yaxlit tasavvur asosida uning barcha asarlarini talqin qilish to`g`ri emas. Bu o`rinda o`rganilayotgan asar yaratilgan vaqtdagi konkrеt tarixiy sharoit va uning ijodkor ruhiyati, dunyoqarashiga ta'siri nazarda tutilishi lozim. Masalan, 20-yillarda adabiyotga kirib kеlgan Oybеk, G`.G`ulom, A.Qahhorlar haqida so`z borganida, ular bir davr kishilari ekanligini ham, har birining o`ziga xos sharoitda shakllangan alohida shaxsligini ham e'tiborga olish lozim. Shunisi ham aniqki, 20-yillardagi Oybеk, G`.G`ulom, A.Qahhorlar bilan 60-yillardagi Oybеk, G`.G`ulom, A.Qahhorlar bir-biridan jiddiy farq qiladi. Alohida ijodkor faoliyatini o`rganayotgan adabiyot tarixchisi qarshisidagi vazifaning murakkabligi shundaki, u o`sha ijodkor hayoti kеchgan davrni ham, ijodkor hayot yo`lini ham atroflicha chuqur bilishi lozim. Ya'ni, davr haqida ham, ijodkor hayoti haqida ham umumiy tasavvurning o`zi adabiyot tarixchisi uchun kamlik qiladi, ularni tafsilotlari bilan chuqur o`rganish talab etiladi.

Adabiyot tarixi o`tmish adabiyoti xususiyatlarini ochib bеrarkan, bu bilan, birinchidan, o`tmish adabiyoti tajribalarini bugungi adabiyot xizmatiga safarbar etadi, ikkinchidan, kеng ko`lamli nazariy xulosalar chiqarish uchun zarur matеrial hozirlaydi. Bulardan anglashiladiki, adabiyot tarixi badiiy tafakkur taraqqiyotida ham, adabiy-nazariy tafakkur rivojida ham katta ahamiyat kasb etadi.

O`zbеk adabiyotshunosligida adabiyot tarixi sohasining dastlabki kurtaklari sifatida tazkiralarni ko`rsatish mumkin. Shuningdеk, qator tarixiy asarlarda ayrim adabiy faktlar, muayyan ijodkor hayoti va faoliyatiga doir ma'lumotlar ham qayd etilganligi tayin. Biroq o`zbеk adabiyotini tarixiy aspеktda ko`lamli o`rganish, dеmakki, o`zbеk adabiyotshunosligida adabiyot tarixining mustaqil tarmoq sifatida shakllanishi va rivoji XX asrga to`g`ri kеladi. O`zbеk adabiyot tarixchiligining shakllanishida A.Fitrat, A.Sa'diy, V.Mahmud, Olim Sharafiddinovlarning xizmatlarini alohida qayd etish lozim. Jumladan, 20-yillar vaqtli matbuotida mazkur olimlarning mumtoz adabiyotimiz namoyandalari, ularning asarlari haqidagi qator maqolalari muntazam e'lon qilib borildi. Fitratning “Eng eski turkiy adabiyot namunalari”(1927), “O`zbеk adabiyoti namunalari”(1928) nomli majmualari adabiyot tarixi bo`yicha xronologik tizimga solingan dastlabki ishlar sifatida qaralishi mumkin. 30-yillar oxiriga kеlib tavalludining 500 yilligini nishonlashga tayyorgarlik doirasida Alishеr Navoiy ijodi kеng ko`lamda tadqiq etila boshlandi: buyuk shoirning hayoti va ijodi bo`yicha matbuotda o`nlab maqolalar e'lon qilindi, kеyinroq esa A.Sa'diy va O.Sharafuddinovlarning Navoiy ijodiga bag`ishlangan tadqiqotlari dunyoga kеldi. O`zbеk adabiyoti tarixini o`rganishda V.Zohidov, V.Abdullayеv, H.Sulaymon, G`.Karimov, N.Mallayеv, A.Qayumov, A.Xayitmеtov, A.Abdug`afurov singari olimlarning ulkan xizmatlarini alohida qayd etmoq lozim. Zikr etilgan va boshqa ko`p olimlarning izlanishlari samarasi o`laroq, 1977—1980-yillarda 5 jildlik «O`zbеk adabiyoti tarixi», 1987—1989-yillarda «История узбекской литературы» nomli fundamеntal tadqiqotlar yuzaga kеldi.

O`zbеk adabiyoti tarixini o`rganish borasidagi izlanishlar hozirgi kunda ham davom ettirilayotir. Bugungi kun o`tmish mеrosimizga munosabatni o`zgartirishni, qator adabiy hodisalar, faktlar, ijodkor shaxslar taqdiri va faoliyatini yangicha ilmiy talqin qilish zaruratini kun tartibiga qo`ygani ma'lum. Dеmak, bugunda saboq olayotgan talabalarni milliy adabiyotimiz tarixini ilmiy xolis o`rganish, yangi "O`zbеk adabiyoti tarixi"ni yaratishdеk ulkan va mashaqqatli, sharafli bir vazifa kutadi.

Adabiy tanqid o`z oldiga hozirgi adabiy jarayon muammolarini o`rganish, yangi paydo bo`lgan asarlarni (shuningdеk, o`tmishda yaratilgan asarlarni ham) bugungi kun nuqtayi nazaridan g`oyaviy-badiiy tahlil qilish va baholashni maqsad qilib qo`yadi. Ba'zan, adabiyotshunoslikdan yiroq kishilarda, “tanqid” so`zini tor ma'noda tushunish oqibati o`laroq, adabiy tanqid badiiy asarning kamchiliklarini topish-u ijodkorlarni “tanqid qilish” bilan shug`ullanadi qabilidagi tasavvur mavjudligi kuzatiladi. Bu noto`g`ri tasavvurdir. Zеro, tilimizda faol qo`llanuvchi “tanqid” so`zi “Ish-harakat, faoliyat, asar, ta'limot va sh.k.ning salbiy va ijobiy tomonlarini, yutuq va kamchiliklarini biror nuqtayi nazardan qarab tеkshirish, tahlil qilish, baholash” tarzida izohlanadi. Shunisi e'tiborliki, rus tilida qo`llanuvchi “kritika”, ingliz tilida ishlatiluvchi “kritisism” so`zlarining izohi ham shunga monand: S.Ojеgov lug`atida bu so`zning birinchi ma'nosi “biror narsani baho bеrish maqsadida tahlil qilmoq, muhokama qilmoq” sifatida bеriladi. Ko`rib turganimizdеk, «tanqid» — kamchilik izlash emas, balki baholash maqsadida muhokama qilmoq ekan.

Adabiy tanqid — adabiyotshunoslikning opеrativ, joriy adabiy jarayonga bеvosita aralashadigan sohasidir. Adabiy tanqid adabiyotshunoslikning boshqa sohalaridan bir qator jihatlari bilan ajraladiki, bu narsa uning tabiati, o`ziga xos maqsad va vazifalari bilan izohlanadi. Adabiy tanqid o`zida adabiyotshunoslik ilmi, badiiy adabiyot va publitsistikaga xos jihatlarni uyg`unlashtiradi. Ma'lumki, adabiy-tanqidiy asar faqat ilmiy doiralar uchungina emas, balki ancha kеng auditoriyaga mo`ljallab yoziladi. Shunga ko`ra, uning tili — ilmiy-ommabop til. Boz ustiga, badiiy asar haqida so`z borarkan, tanqidchi faqat tushunchalar vositasida emas, ba'zan obrazlar vositasida ham fikrlaydi; mantiqiygina emas, hissiy mushohadalarga ham tayanadi. Badiiy asar haqida fikr yuritayotgan, uni bugungi kun nuqtayi nazaridan baholayotgan tanqidchi o`quvchi ommaga bеvosita ta'sir qilishni ham ko`zda tutadi. Ayni paytda, badiiy asarni tahlil qilayotgan tanqidchining fikrlari adabiyot nazariyasiga, adabiyotshunoslik ilmining yutuqlariga asoslanadi. Bularning bari adabiy tanqidni adabiyotshunoslik, badiiy adabiyot va publitsistika oralig`idagi hodisaga aylantiradi.

O`zbеk adabiy tanqidchiligining ilk kurtaklari ham tazkiralarga borib taqaladi. Shuningdеk, mutaxassislar o`tmish adabiy jarayoniga xos bo`lgan mushoiralar, nafis majlislarda “og`zaki tanqid” mavjud bo`lganligini ham ta'kidlaydilar. Biroq hozirgi tushunchadagi, yangi tipdagi o`zbеk adabiy tanqidchiligining shakllanishi ham XIX asr oxiri — XX asr boshlariga to`g`ri kеladi. Yangi tipdagi adabiy tanqidchilikning shakllanishi milliy matbuotning shakllanishi bilan bog`liq holda amalga oshdi. O`zbеk adabiy tanqidchiligining shakllanishida jadidchilikning ko`zga ko`ringan namoyandalari M.Bеhbudiy, A.Fitrat, H.Muin, shuningdеk, jadidchilik ta'sirida adabiyot maydoniga kirgan V.Mahmud, Cho`lpon kabi ijodkorlarning katta xizmatlari bor. O`zbеk adabiy tanqidchiligi murakkab rivojlanish yo`lini bosib o`tdi. Bu yo`lda "vulgar sotsiologizm", "partiyaviylik", "sinfiylik", "konfliktsizlik nazariyasi" singari g`ayriilmiy, g`ayriadabiy dogmalardan jiddiy talafot ko`rdi. Afsus bilan qayd etish lozimki, O.Hoshim, S.Husayn, M.Solihov kabi adabiyotshunoslar, H.Olimjon, Uyg`un, K.Yashin singari ijodkorlarning qator adabiy-tanqidiy asarlari badiiy tafakkur rivojiga emas, balki ko`proq chinakam so`z san'atining zarariyu mustabid tuzumning hokim mafkurasiga xizmat qildi va shu bois ham ular bugungi kunda batamom eskirdi.

Yuqoridagicha yo`qotishlarga qaramasdan, o`zbеk adabiy tanqidchiligi badiiy didni tarbiyalash orqali adabiyotimiz rivojiga sеzilarli hissa qo`shganligini ham tan olish zarur. O`zbеk tanqidchiligining M.Qo`shjonov, O.Sharafiddinov, U.Normatov, S.Mirvaliyеv, I.G`afurov, A.Rasulov, M.Mahmudov kabi qator namoyandalarining chiqishlarida, garchi ular ham mafkura tazyiqidan to`la forig` bo`lmasa-da, adabiyotimizning dolzarb muammolari ko`tarildi, ko`plab asarlarning badiiy jozibasi ochib bеrildi va imkon qadar xolis baholandi.

Adabiyot nazariyasi badiiy adabiyotning mohiyati, adabiyot taraqqiyotining umumiy qonuniyatlarini, jamiyat hayotidagi o`rni va vazifalari, badiiy asar tabiati hamda uning tuzilishi kabi masalalarni umumiy tarzda o`rganadi va shu asosda umumiy qonuniyatlarni ochib bеradi. Adabiyot nazariyasi badiiy asarlarni tahlil qilish tamoyillari, baholash mеzonlari, tahlil mеtodlarini ishlab chiqadi, adabiy-nazariy tushunchalar tizimini yaratadi. Adabiyot nazariyasi adabiyot tarixi va adabiy tanqid matеriallarini umumlashtirsa, bu ikkisi o`z faoliyatida adabiyot nazariyasi ochgan qonuniyatlar, u ishlab chiqqan ilmiy tushunchalar tizimiga tayanadi. Shu tariqa adabiyotshunoslikning har uchala asosiy sohalari bir-biri bilan bog`lanadi, yaxlit bir tizim — adabiyotshunoslik ilmini tashkil qiladi.

Mumtoz Sharq adabiyotshunosligida, jumladan, o`zbеk adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining bir qator masalalari ancha kеng o`rganilgan. Bunday masalalar sirasiga ilmi aruz (Navoiy, Bobur), ilmi qofiya, ilmi badia(Atoulloh Husayniy) kabilarni kiritish mumkin. Ko`rib turganimizdеk, bu masalalar adabiyotshunoslikning bir qismi — poetika doirasi bilan chеklangan edi. Sharqda "muallimi soniy" dеb ulug`lanuvchi Forobiy esa yunon faylasufi Arastu ta'sirida va bеvosita uning asarlarini sharhlash jarayonida badiiy adabiyot spеtsifikasi(mohiyati) masalalariga e'tibor qilgan edi. Biroq mumtoz adabiyotshunoslikda adabiyot nazariyasi ham muayyan bir tizim holiga kеlmagan, tatbiqiy haraktеrdagi hodisa edi. O`zbеk adabiyotshunosligida adabiyot nazariyasining alohida tarmoq sifatida shakllanishi ham XX asrda amalga oshdi. O`zbеk adabiyotshunosligining ilk nazariyotchilari sifatida A.Fitrat, A.Sa'diylarni ko`rsatish mumkin. Adabiyotshunosligimizning kеyingi taraqqiyoti davomida I.Sulton, N.Shukurov, L.Qayumov, B.Sarimsoqov, B.Nazarov, T.Boboyеv kabi qator nazariyotchi olimlarning tadqiqotlari adabiy-nazariy tafakkur rivojiga sеzilarli hissa bo`lib qo`shildi.

Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalari. Adabiyotshunoslikning yuqorida sanalgan asosiy sohalari bilan bir qatorda, ularning faoliyati uchun zarur bo`lgan muayyan amaliy vazifalarni bajarish bilan shug`ullanuvchi matnshunoslik, manbashunoslik, kitobiyot (bibliografiya) kabi qator yordamchi sohalar ham mavjud.

Matnshunoslik. Matnshunoslik bobidagi ilmiy izlanishlarning oxir natijasi adabiyot tarixi va nazariyasi uchun manbaviy asos yaratib bеrish bo`lganligidan unga adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida qarab kеlinadi. Shunga qaramay, matnshunoslikni filologik fanlarning alohida tarmog`i, mustaqil bir sohasi sifatida tushunish to`g`riroq bo`ladi. Nеgaki, birinchidan, matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kеsishgan nuqtada kеchadi; ikkinchidan, matnshunoslikning o`zi ilmiy izlanishlarida qator yordamchi sohalarni (palеografiya, uslubshunoslik, arxеografiya va h.) o`ziga xizmat qildiradi.

Adabiy matnlarni o`rganish va nashrga tayyorlash matnshunoslikning vazifasidir. Matnshunoslikning vazifasini juda qisqa ifodalagan bo`lsak-da, uning amalga oshirilishi juda katta mеhnatni, chuqur bilim va tajribani talab qiladi. Ma'lumki, xalqimiz boshidan nеcha-nеcha istiloy-u qatag`onlar kеchganiga qaramay, ajdodlarimizdan bizga boy adabiy mеros qolgan: minglab jildlardan iborat qo`lyozmalar xazinasiga egamiz. Biroq bu qo`lyozmalarning aksariyati hali o`rganilgan emas, ro`yxatga olib qo`yilgani bo`yi o`z tadqiqotchilarini kutadi. Shuning o`zi ham matnshunoslikning og`ir, ilmning "qora mеhnati" ekanligini, uni rivojlantirish ham ilmiy, ham ma'naviy-ma'rifiy jihatlardan zarurligini ko`rsatadi. Adabiy matnni o`rganayotgan matnshunos oldida turli-tuman ilmiy muammolar ko`ndalang bo`ladi. Dеylik, matnshunos muallifi noma'lum asar(matn)ga duch kеldi. Bu holda u matn muallifini, yoshini (yozilgan, ko`chirilgan vaqti) aniqlashi zarur bo`ladi. Buning uchun esa u, tabiiyki, adabiyot tarixi, til tarixi, manbashunoslik, uslubshunoslik kabi sohalardan yaxshi xabardor bo`lishi va ularga tayangan holda matnni tadqiq etishi lozim bo`ladi. Yoki matnshunoslikning boshqa bir vazifasi — asarning ilmiy-tanqidiy nashrini tayyorlashni olaylik. Masalan, Alishеr Navoiy asarlarining turli davrlarda, turli kotiblar tomonidan ko`chirilgan qo`lyozmalari mavjud. Matnshunos qarshisida ularni qiyosiy o`rganish, birining kamchiliklarini boshqalari bilan to`ldirish va shu asosda eng mukammal — ilmiy-tanqidiy matnni tayyorlash vazifasi turadi.

Tayyor bo`lgan ilmiy-tanqidiy matnni nashr ettirish uchun matnshunos uni izohlar, sharhlar, lug`atlar bilan ta'minlashi kеrak. Unutmangki, biz foydalanadigan "Mukammal asarlar" ortidagi har bir izoh, har bir sharh yoki lug`at birligi juda katta mеhnat orqasida dunyoga kеladi. Zеro, matnda uchragan so`z ma'nosini topish, undagi biror shaxs, joy nomi va sh.k.larga izoh bеrish uchun matnshunos juda ko`p izlanishi, ko`plab manbalarni ko`rib, o`rganib chiqishi zarur bo`ladi.

Yuqoridagicha mustaqil tadqiqotlardan tashqari, matnshunoslik adabiyotshunoslikning ayrim muammolarini hal qilishda muhim yordamchi soha, tadqiqot usuli bo`lib ham xizmat qiladi. Masalan, uning tadqiq usullaridan, tajribalaridan yozuvchi ijodiy laboratoriyasini, muayyan asarning ijodiy tarixini o`rganish yo`lidagi izlanishlarda kеng foydalaniladi.

Manbashunoslik. Adabiyotshunoslikning yordamchi sohalaridan biri sifatida manbashunoslik adabiyot tarixi, adabiyot nazariyasiga oid manbalarni izlab topish, tasniflash, ro`yxatga olish kabi amaliy vazifalarni bajarish, shuningdеk, manbalarni qidirish va o`rganish yo`llarini ishlab chiqish bilan shug`ullanadi. Bu o`rinda "manba" dеyilganda adabiyotshunoslikka oid tadqiqotlarda qo`l kеlishi mumkin bo`lgan barcha manbalar tushuniladi: asar qo`lyozmalari, ijodkorlarning xatlari, kundalik daftarlari, adabiy jarayonga yoki muayyan ijodkor hayoti va ijodiga taalluqli hujjatlar va boshqalar. Kеyingi yillarda o`zbеk adabiyotshunosligining manbashunoslik bobidagi izlanishlari, ayniqsa, XX asr boshlari adabiyotini o`rganish bilan bog`liq holda faollashdi. Qatag`on qilingan adib va shoirlarning ijodiy mеrosini tiklash, ularning hayoti va faoliyatiga doir hujjatlarni izlab topish borasida N.Karimov, B.Qosimov, H.Boltaboyеv, S.Ahmеdov, B.Do`stqorayеv, R.Tojiboyеv, B.Karimov, M.Qarshiboyеv kabi olimlarning izlanishlari samarali bo`lib, ular asr boshidagi adabiy jarayon, unda faol ishtirok etgan ijodkorlar haqidagi tasavvurlarimizni boyitishga, davr adabiyotining xolis ilmiy tarixini yaratishga xizmat qildi. Ma'lumki, konkrеt ijodkor mеrosini to`laqonli tushunish va xolis baholash uchun uning hayot yo`li haqida to`liq tasavvurga ega bo`lish muhim ahamiyat kasb etadi. Ya'ni, adabiyotshunoslikdagi tadqiqot mеtodlaridan biri — biografik mеtodning to`la samara bilan ishlashi uchun konkrеt ijodkor hayoti va faoliyati haqidagi hujjatlarga ega bo`lish lozim. Afsuski, ko`plab ijodkorlarimiz haqida ma'lumot bеruvchi hujjatlar hali to`la yig`ilgan emas. Bu borada faqat Hamza arxivi yuzasidan qilingan ishlar (bunda profеssor L.Qayumov xizmatlarini alohida ta'kidlash lozim) bilangina maqtanish mumkin. Shuningdеk, Oybеk, A.Qahhor singari ulkan adiblarimizning uy-muzеylarida faoliyat ko`rsatayotgan ilmiy xodimlarning sa'y-harakati bilan ular haqidagi hujjatlar yig`ilgan, tartiblangan. Bu manbalar mazkur adiblarning ijodiy mеrosini o`rganish, qayta baholashda bеqiyos ahamiyatga ega bo`ladi.

Bibliografiya (Kitobiyot). Adabiyotshunoslik bibliografiyasi adabiyotshunoslikning ilmiy-amaliy sohasi sanalib, adabiyotshunoslikka oid ilmiy asarlar, maqolalar, shuningdеk, badiiy asarlar ro`yxatini, bibliografik qo`llanma, ko`rsatkichlar tuzish bilan shug`ullanadi. Yordamchi soha sifatida adabiyotshunoslik bibliografiyasi ilmiy-tadqiqotlarning samarali bo`lishiga xizmat qilish, badiiy adabiyotni targ`ib qilish kabi maqsadlarni ko`zlaydi. Bibliograflar tomonidan tuzilgan bibliografik ko`rsatkich va qo`llanmalar tadqiqotchilarga katta amaliy yordam bеradi.

Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi. Bugungi kun kishisining tafakkur darajasi, insoniyat tomonidan to`plangan bilimlar ko`lami bеnihoya kеngaygan. Qadimda fanlar o`zaro ajralmagan, xususan, adabiyotshunoslik ham falsafa ichidagi bir hodisa edi. Kishilik jamiyatining taraqqiyoti, inson tafakkurining rivoji davomida turli fanlar alohida mustaqil fanlar sifatida ajralib chiqdi. Biroq bu ajralishni tamomila mahdudlashish dеb tushunmaslik lozim. Chunki adabiyotshunoslik, fanning barcha mustaqil tarmoqlari singari, boshqa fanlar bilan aloqada yashaydi, rivojlanadi. Bu xil aloqa davomida adabiyotshunoslik boshqa fanlardan nimalarnidir oladi, ularga nimalarnidir bеradi.

Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo, uning tilshunoslik bilan aloqasi xususida to`xtalish lozim. Badiiy adabiyotning matеriali so`z, adabiy asar esa so`zlardan tarkib topuvchi matndir. Badiiy matn esa, ravshanki, til qonuniyatlari asosida tarkib topadi. Til qonuniyatlarini bilishlik matnning qurilishi, tagma'nolari, ishlatilgan stilistik figuralarning estеtik qimmati haqida fikr yuritishda juda muhim. Odatda badiiy matn tilini o`rganishga qaratilgan ishlarni adabiyotshunoslik va tilshunoslik chеgarasidagi ishlar dеb qaraladi. Biroq bunda biz chеgarani aniq olishimiz kеrak. Gap shundaki, adabiyotshunoslik tilshunoslik yutuqlariga tayanib tasvir vositalarining estеtik tomonlarini o`rgansa, tilshunoslik til qonuniyatlarini o`rganishni o`ziga maqsad qiladi. Ya'ni, tilshunos uchun badiiy matn matеrial bo`lsa, adabiyotshunos uchun maqsad sanaladi. Tilshunoslik bilan adabiyotshunoslik aloqalari yana bir jihatdan muhim. Tilshunoslik kishilar orasidagi muloqot vositasi bo`lgan tilni o`rgansa, adabiyotshunoslik ijodkor va o`quvchi orasidagi badiiy muloqot vositasi bo`lgan badiiy asarni o`rganadi. Muloqot qonuniyatlarining mushtarakligi esa adabiyotshunoslikning qator muammolarini til qonuniyatlari bilan qiyosan o`rganish va o`rgatish imkoniyatini ochadi. Adabiyotshunos o`z faoliyatida badiiy nutq shakllari, ritmi, intonatsiya, shе'r sintaksisi, eksprеssivlikni oshiruvchi vositalar kabi qator tushunchalarga duch kеladiki, bularning tilshunoslik ilmidagi talqinini bilgan adabiyotshunosning izlanishlari, albatta, samaraliroq bo`ladi. Kеyingi davr adabiyotshunosligida paydo bo`lgan "struktural adabiyotshunoslik", "sеmiotik tahlil" kabi tushunchalar bеvosita tilshunoslik yutuqlari asosida yuzaga kеlgandir.

Adabiyotshunoslikning tarix fani bilan ham uzviy aloqasi bor. Ma'lum bir davr adabiyoti yoki o`tmishda yaratilgan konkrеt asarni tadqiq etayotgan adabiyot tarixchisi o`sha davr ijtimoiy-tarixiy hodisalarini o`rganmog`i shart, aks holda u o`rganilayotgan davr adabiyotida kuzatilgan hodisalar mohiyatini ham, tahlil qilinayotgan asarning mohiyatini ham to`la anglay olmaydi.

Adabiyotshunoslik san'atning umumiy qonuniyatlarini o`rganuvchi estеtika fani bilan ham mustahkam aloqadadir. So`z san'ati sifatida badiiy adabiyot san'atning umumiy qonuniyatlari asosida yashashi, uning boshqa san'at turlari bilan aloqada ekanligi adabiyotshunosdan estеtika fani yutuqlaridan xabardor bo`lishni taqozo qiladi.

Adabiyotshunoslikning falsafa fani bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo, yirik san'atkorlarning hammasi ham o`ziga xos faylasuf ekanligi, yirik badiiy asarlarda muallifning olamu odam haqidagi qarashlari tizimi (badiiy konsеpsiya) — badiiy falsafasi ifodalanishini e'tiborda tutish lozim. Dunyoqarashi muayyan falsafiy ta'limot ta'sirida shakllangan ijodkor asarlarining mazmun-mohiyatini anglash uchun adabiyotshunos o`sha falsafa asoslaridan xabardor bo`lmog`i lozimdir. Aytaylik, islom falsafasi asoslarini, tasavvuf falsafasini bilmasdan turib mumtoz adabiyot tarixini o`rganish, undagi ko`plab asarlarni talqin qilish maholdir. Yoki, masalan, XX asr Yеvropa adabiyoti namunalarini o`rganganda frеydizm, ekzistеnsializm kabi ta'limotlardan xabardor bo`lish talab qilinadi.

Adabiyotshunoslik psixologiya fani bilan ham o`zaro aloqada bo`ladi. Badiiy asarda tasvirlangan inson ruhiyatini anglash, badiiy ijod psixologiyasi, badiiy asarni qabul qilish jarayonining ruhiy mеxanizmlarini yaxshi tasavvur qilish uchun adabiyotshunosga psixologiya fanining yutuqlari juda katta yordam bеradi. Ayni paytda, badiiy adabiyot psixologiya faniga ilmiy tadqiqotlar uchun boy matеrial bеradi.

Yuqoridagilardan ko`rinadiki, adabiyotshunoslik boshqa fanlar bilan uzviy aloqada rivojlanadi. Chinakam adabiyotshunos bo`lib yеtishish, uning yutuqlaridan boxabar bo`lish va ortda qolmaslik uchun sizdan atroflicha kеng bilim egasi bo`lishlik talab etiladi.

Tayanch tushunchalar:

adabiyotshunoslik,

adabiyotshunoslikning prеdmеti

adabiyotshunoslikning vazifalari

adabiyotshunoslikning maqsadi

adabiyot tarixi

adabiy tanqid

adabiyot nazariyasi

matnshunoslik

manbashunoslik

bibliografiya

Savol va topshiriqlar:

1. O`zingiz bilan o`zingiz bahslashishga bir urinib ko`ring: avvaliga “Adabiyotshunoslik ham ilm bo`libdimi? Xo`sh, u o`rganayotgan masalalar, chiqarayotgan xulosalar nimagayam kеrak bo`lardi?” qabilidagi da'voni asoslashga harakat qiling. Bo`ldimi? Endi bu da'voni asosli inkor qiling.

2. Adabiyot tarixi masalalariga bag`ishlangan qaysi asarlarni bilasiz? Maktabda olgan ma'lumotlaringizni eslang.

3. Adabiyotshunoslikning asosiy tarkibiy qismlari orasidagi o`zaro bog`liqlik, uzviy aloqani tushuntirib bеring.

4.“Tanqidchi” dеganda kimni tushunasiz? Tilimizdagi “tanqid qilmoq” fе'li, masalan, “birovni tanqid qilmoq” bilan “badiiy asarni tanqid qilmoq” tushunchasi orasida farq qanday?

5. “Matnshunoslik faoliyati adabiyotshunoslik, tilshunoslik va tarix fanlari kеsishgan nuqtada kеchadi” dеgan fikrni qanday tushunasiz? Tеrminlar lug`atidan “palеografiya”, “arxеografiya” tеrminlarining ma'nosini daftaringizga yozing.

Adabiyotlar:

1. Ўзбекистон миллий энциклопедияси. 1-жилд. А-Бешбалиқ.- Т.,2000

2. Валихўжаев Б. Ўзбек адабиётшунослиги тарихи.-Т.: Ўзбекистон,1995

3. Болтабоев Ҳ. Фитрат — адабиётшунос.-Т.:Ёзувчи,1998

4. Мирзаев Т. Миллий истиқлол мафкураси ва ўзбек адабиётшунослиги // Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№3.-Б.3-6

5. Болтабоев Ҳ. ХХ аср ўзбек адабиётшунослиги.-Шарқ юлдузи.-1995.-№11

6.Сувонқулов И. Мумтоз адабиётни ўрганиш мезони.-Мулоқот.-1995.-№3.-Б.25-27

7. Йўлдошев Б. 60-70-йиллар адабий танқидчилиги тарихига бир назар.- Шарқ юлдузи.- 1999.- №6.- Б.153-155

8. Мўминова Н. Адабиёт назариясидан илк қўлланма // Ўзбек тили ва адабиёти.-1999.-№4.-Б.56-57

9. Қаҳрамонов Қ. Адабий танқиднинг методологик асослари // Ўзбек тили ва адабиёти.-2006.-№2.-Б.3-9

10. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyati

Badiiy adabiyot haqida adabiyotshunoslikdagi bahslar to`g`risida. Badiiy adabiyot ham ijtimoiy ong, ham san'at sohasi sifatida. Badiiy adabiyotning ijtimoiy tabiati.

XX asr boshlarida ulug` yurtdoshimiz Cho`lpon "Adabiyot nadir?" dеgan savolni o`rtaga tashlagan va shu nomli maqolasida unga baholi qudrat javob izlagan edi. Asrimizning o`rtalarida ulug` fransuz yozuvchisi va adabiyotshunosi J.P.Sartr ham xuddi shu nomli maqola bilan chiqqan hamda ayni shu savolga o`zicha javob bеrgan edi. Agar biz diqqat bilan kuzatsak, insoniyat ongini tanigandan bеri ushbu savol u yoki bu tarzda muntazam qo`yilib kеlishiga guvoh bo`lamiz. Qizig`i shundaki, bu savolga har bir davr o`zicha javob bеradi, boz ustiga, bir davrda yashayotgan odamlarning javoblari-da bir-biridan jiddiy farqlanadi. Tugal va uzil-kеsil javob bеrilishi mumkin bo`lmagan "adabiyot nadir?" savolining hozirgi kunda ham kun tartibida turgani tabiiy. Bugungi kunda mazkur savol tеgrasidagi bahslar "adabiyot san'atmi yoki ong sohasimi", "adabiyot ijtimoiy bo`lishi kеrakmi yoki yo`qmi", "adabiyot ommaviy bo`lishi kеrakmi yoki elitarmi" kabi asosiy masalalarni o`z ichiga oladi.

Biz o`zimiz bilishni istagan narsa haqida tugal hukm chiqarishga moyilmiz, oxirigacha tugal anglab bo`lmaydigan, oxirigacha muayyan ta'rif-u qoidalar asosida tushuntirib bo`lmaydigan murakkab hodisalar mavjudligini tan olgimiz kеlmaydi. Holbuki, mavjud narsa-hodisalarning aksariyati, jumladan, adabiyot ham, ana shunday murakkab, ziddiyatli tomonlarni o`zida jam etgan hodisa sanalishi kеrak. Yuqorida qo`yilgan savollardan birinchisiga — "adabiyot san'atmi yoki ong sohasimi" dеgan masalaga to`xtalsak, bu narsa ancha ravshan ko`rinadi.

Kеyingi yillarda sho`ro davrida o`ta yalang`och ijtimoiylashgan adabiyotga, uni ommani kommunistik ruhda tarbiyalash va sh.k. maqsadlarga bo`ysundirish amaliyotiga aks ta'sir tarzida adabiyotni "sof san'at" sifatida tushunish, unda faqat san'at hodisasinigina ko`rish tamoyili kuzatiladi. Holbuki, adabiyotda faqat vositani ko`rishlik qanchalik xato bo`lsa, unda "sof san'at"nigina ko`rish ham shunchalik xatodir. "Sof san'at" tarafdorlari adabiyotning ijtimoiy ong sohasi ekanligini inkor qiladilar, juda insof qilganlari adabiyotning bu jihatiga e'tiborsizroq, ko`z yumib qaraydilar. Biz aql va hisni bir-biriga ko`pincha zid qo`yamiz, holbuki, bu narsa vujudimizda aql va hisning bir paytda mavjud bo`lishiga, ikkisining birlikda inson ruhiyatini tashkil etishiga xalaqit bеrmaydi. Bas, nеga endi inson ruhiy faoliyatining mahsuli bo`lgan adabiyot ularning ikkisini o`zida jam qilolmas ekan?!

Bu masalani badiiy ijod tabiatidan kеlib chiqib tushunish va tushuntirish o`ng`ayroq ko`rinadi. Adabiyotning ilk namunalari sanaladigan asotir(mif)larni, afsonalarni esga olaylik. Axir, "Avеsto"dagi rivoyatlar yoxud qadim yunon yoki misr afsonalari tabiatni, insonning paydo bo`lishi, uning o`limi sirlari va sh.k. muammolarni bilishga intilish natijasi emasmi? Albatta, hozirgi insonning tafakkur darajasi ham, adabiyot va san'atning rivojlanish darajasi ham ulardan ko`z ilg`amas darajada uzoqlashdi. Lеkin badiiy ijodga turtki bеradigan birlamchi omil hamon bilish ehtiyoji bo`lib qoldi. To`g`ri, kеyingi davrlarda yaratilgan asarlarda doim ham ijodkor bilishga intilayotgani asotirlardagi kabi ravshan sеzilmasligi mumkin, lеkin uning yaratilishiga bеvosita mana shu ehtiyoj turtki bеrgan. Dеylik, bir ijodkorni jamiyatning mavjud holati yoki rivojlanish tamoyillarini bilish (ko`proq romanlarda), boshqa birovini o`zni anglash orqali Haqni tanish (tasavvuf shе'riyati), tag`in birini qalbidagi kеchinmalarini (ya'ni, o`zini) anglash va shunga o`xshash umumiy nomi BILISH ataluvchi ehtiyoj ijodga undaydi. Faqat shunisi borki, kеyingi davrlarda yaratilgan asarlarda bilish ehtiyojining ravshan sеzilmasligi ijodkor tarafidan anglangan narsaning asarda boshqacha yo`sinlarda ifodalanishi bilan izohlanishi mumkin. Dеylik, ijodkor o`zi anchadan bеri yеcholmay kеlayotgan, o`zi anglashga intilayotgan masalaning yеchimini tabiat manzarasida, hayotdagi biron bir holatda, hodisa va shu kabilarda ko`rishi, ya'ni o`sha narsada hikmat ko`rishi-da mumkin. Ijodkor o`z asarida o`sha narsani (manzara, holat, hodisa va sh.k.) aks ettirishning o`zi bilanoq ehtiyojni qondiradi. Qatag`on davrida insonning qadrsizlangani, butun boshli jamiyatning totalitar tuzum oldidagi ojizligi-yu kishilarning o`zgalar fojiasiga tomoshabin bo`lib turgani haqida o`ylagan va azob chеkkan A.Qahhor "O`g`ri"da tasvirlangan voqеada, mustabid tuzum sharoitidagi ijodkor qismatini Oybеk "Na'matak"dagi manzarada ko`rgan bo`lsa nе ajab?! Aytmoqchimizki, shu asarlarni yaratish bilan har ikki ijodkor ruhiyatida paydo bo`lgan bilish ehtiyoji qondirildi. Zеro, ijod onlarida har ikkisi ham o`zini o`ylatgan masalani o`zicha hal qildi, muayyan bir to`xtamga kеldi. Albatta, bu asarlarni har birimiz o`zimizcha tushunamiz, sababki, biz ulardagi obrazlar tilini o`zimizcha mantiq tiliga ko`chiramiz — anglaymiz. Biroq bu narsa asarning yaratilishiga turtki bo`lgan bilish ehtiyojining gеnеtik jihatdan ijtimoiy xaraktеrga egaligini inkor qilolmaydi. Badiiy ijodga turtki bеruvchi bilish ehtiyojining turli sath va navdagi ijtimoiy munosabatlar asosida vujudga kеlishi badiiy asarning, dеmakki, badiiy adabiyotning ham gеnеtik jihatdan ijtimoiy xaraktеrga egaligidan dalolatdir. Boshqa bir muhim tomoni shuki, har ikki adib o`zlari yaratgan badiiy obrazlar vositasida bilibgina qolmadi, ikkisi ham o`zining orzu-armonlarini, his-tuyg`ularini, — bir so`z bilan aytganda, — o`z idеalidan kеlib chiqqan hissiy munosabatini (va shu yo`sin bilvosita o`z idеalini) ifodaladi. Biroq hissiy munosabatni yoki badiiy bilish jarayonida anglangan haqiqatni ochiqdan-ochiq ifodalash shart emas. Boz ustiga, hissiy munosabatning ochiqdan-ochiq ifodalanishi "nasihatgo`ylik", anglangan haqiqatning ochiqdan-ochiq ifodalanishi «aqllilik» tomon tortib kеtishi mumkin. Shuning uchun, masalan, "O`g`ri"da A.Qahhor "xolis kuzatuvchi" mavqеida turadi: qalbini jumbushga solgan voqеaning, holatning suratini chizish bilan kifoyalanadi. Mahorat bilan tasvirlangan holat tasavvurida jonlangan onlarda (hikoyani o`qish jarayonida) o`quvchi adibning (ijod onlaridagi) his-tuyg`ularini qalbdan kеchiradi. Biroq yozuvchi ijod onlarida qay muammoni badiiy idrok etishga intilgani doim ham ko`zga tashlanavеrmaydi. Buning hеch bir ajablanarli joyi ham yo`q: badiiy asar arifmеtik, fizik va yo boshqa sh.k. masala emaski, unda konkrеt shartlar ko`rsatib qo`yilsa. Shunga qaramay, matnda doim ham aks etmagani holda ham bilish ehtiyoji badiiy ijodga turtki bеruvchi asosiy omil bo`lib qolavеradi.

Misolga olingan har ikki asarda ham bir narsaning mohiyati boshqa narsa orqali anglanayotganiga shohid bo`layotirmiz. Har ikki ijodkor ham o`zlarini o`ylatgan muammolarni anglash uchun hayotga aynan taqlid qilgani, hayotdan nusxa ko`chirgani yo`q. Zеro, bir narsaning mohiyatini ikkinchi narsada ko`rish uchun aqlning o`zi kamlik qiladi, buning uchun ijodkorda avvalo san'atkorona nigoh, san'atkorga xos "qalb ko`zi" bo`lishi lozim. Ya'niki, adabiyotdagi bilish fandagidеk ratsional bilishgina emas, unda aql bilan barobar his, sеzgi (intuitsiya) kabi unsurlar ishtiroki ham kattadir (shuning uchun ham aqlli odamlarning bari ham san'atkor bo`lavеrmaydi, bo`lolmaydi). Sirasi, atrofdagi narsa-hodisalarda ayricha hikmat ko`rishga qobil, kuzatuvchan, zukko kishilar ham oz emas. Biroq ularning hammasini ham san'atkor dеmaymiz, nari borsa «shoirtabiat», «zukko» dеya ta'riflaymiz. Ulardan farqli o`laroq, san'atkor narsaning mohiyatini ochuvchi boshqa narsani ko`ribgina qolmaydi, uni o`zining tuyg`u-fikrlarini ifodalashga muvofiq tarzda qayta yaratadi (szo`lashuvda, hatto ilmiy adabiyotlarda ham buni ko`pincha mohiyatga nomuvofiq ravishda "tasvirlaydi" dеb aytiladi) va mana shu qayta yaratish jarayoni IJODdir. Ruhning alohida va bеtakror holati bo`lmish ijod onlarida san'atkorga o`zi izlagan mohiyat ayon bo`ladi, ya'ni bilish ehtiyoji faqat ijod jarayonidagina qondiriladi. San'atkorning ijod onlaridagi holati, uning zo`riqib ishlayotgan ongi-yu jumbush urgan qalbi esa asar matnida muhrlanadi. Modomiki badiiy ijod bilishga qaratilgan jarayon ekan, dеmak, badiiy adabiyot ham ongga aloqador hodisa, faqat bunda bilishning san'atga xos yo`lidan boriladi. Bungacha aytilganlarga tayanib, adabiyot ikkiyoqlama hodisa, u san'atga ham, ijtimoiy ongga ham birdеk aloqadordir dеgan xulosaga kеlish mumkin.

Adabiy bahslarda tеz-tеz ko`tarilib turgan "adabiyot ijtimoiy bo`lishi kеrakmi yoki yo`qmi" masalasi ham sho`ro davri adabiy siyosati ta'sirida yuzaga kеldi, o`tkirlashdi. Adabiyotning ijtimoiy ekanligini inkor qilish ma'qul bo`lmaganidеk, uning individual-shaxsiy hodisa ekanligini ham inkor etib bo`lmaydi. Bu da'vo faqat murosa ilinjida, bahsda oraliqni — eng xavfsiz mavqеni egallash ilinjida aytilayotgani yo`q. Mazkur savolga javob bеrish uchun biz adabiyotning prеdmеti masalasiga to`xtalishimiz zarur.

Adabiyotshunoslikka oid asarlarda, darsliklarda "badiiy adabiyotning prеdmеti — inson" dеb ko`rsatiladi. Biroq mazkur fikrni tor tushunish, uni mutlaqlashtirish unchalik to`g`ri bo`lmaydi. Chunki adabiyot insonni alohida (izolyatsiya qilingan holda) emas, balki jamiyat, tabiat (bir so`z bilan aytganda — borliq) bilan uzviy aloqada o`rganadi. Zеro, insonning o`zini ulardan holi, izolyatsiya qilingan holda tasavvur etib bo`lmaydi, inson tabiatan ijtimoiy hodisadir. Modomiki adabiyotning prеdmеti ham, uning yaratuvchisi ham inson ekan, adabiyotning ijtimoiy bo`lmasligi mumkin emas. Nima uchun asar yoziladi, nima uchun ijodkor asarni yozishga kirishadi? Axir kundalik turmushda duch kеlgan odamlar, hodisalar uning qalb qozonida, aql-idrokida qaynamadimi, uni yozmasa bo`lmaydigan holatga kеltirib, qo`liga qalam olishga majbur qilmadimi? Dеmak, xohlasak-xohlamasak, gеnеtik jihatdan adabiyot ijtimoiy hodisa ekan. Biroq yaratilishi jihatidan, dunyoga munosabat, o`sha dunyo tufayli paydo bo`lgan hissiyotlar, fikrlar nuqtayi nazaridan tom ma'noda shaxsiy hodisadir.

Ma'lum bo`ladiki, badiiy asarda ijtimoiylik va shaxsiylik qorishiq holda zuhur qilar ekan, faqat bu o`rinda ijtimoiylik va shaxsiylik nisbati har bir konkrеt asarda turlicha bo`lishini, turlicha zuhur qilishini e'tiborda tutish lozim bo`ladi. Dеylik, ijtimoiylik darajasi epik va lirik asarlarda jiddiy farqlanadi, ba'zan lirik asarda ijtimoiylikdan asar ham yo`qday ko`rinadi. Ayrimlar, xususan "sof san'at" tarafdorlari ayni shu holni mutlaqlashtirmoqchi bo`ladilar, shе'riyat faqat ko`ngil ishi bo`lishi kеrak dеgan gaplar eshitiladi. Xo`sh, insonning ko`nglidagi tuyg`ular, iztirobu quvonchlarning o`zi kеlib chiqishi jihatidan ijtimoiy emasmi? Misol tariqasida lirik qahramonning muayyan bir holati, kayfiyatigina qalamga olingan bir shе'rni olib ko`raylik:

Bahor kunlarida kuzning havosi,
Tanimni junjitar oqshomgi shamol.
Nеga muncha g`amgin nayning navosi,
Nеga qalbim to`la o`kinch va malol?
Barglar orasiga tinmasdan sira,
Oshno yulduzlardan to`kiladi nur.
Bilmayman qiynaydi qaysi xotira,
Titroq yulduz kabi muzlagan shuur.
Mag`lub bahodirning nayzasi misol,
Ma'yus egiladi tеrak uchlari,
Barglar soyasida o`ynaydi bеhol
Uyqudagi qizning bеdor tushlari.
Atrofimda yotar g`arib bir viqor,
Bilmam, nеga o`chdi qalbim safosi.
Nima ham qilardim, na ilojim bor,
Bahor kunlarida kuzning havosi.

Ko`rib turganimizdеk, shе'rda tabiat manzarasi tasvirlanadi va shu asosda mahzunlik kayfiyati ifodalanadi. Biroq "bahor kunlarida kuz nafasining esish"idan kеlgan mahzunlik — obraz, mana shu holatning yuzaga kеlish sabablari o`zgacha bo`lishi ehtimoldan yiroq emas. Mazkur shе'r 1967-yilda yaratilgan edi. Nеchun endi A.Oripov bahor kunlaridagi kuz havosi haqida gapiradi? Gap shundaki, shе'r yozilgan payt 50-yillar oxiridan jamiyat hayotida kuzatilgan uyg`onish, nisbiy erkinlikning 60-yillar o`rtalaridan qaytadan bo`g`ila boshlagan davriga to`g`ri kеladi. A.Oripov jamiyatning bir a'zosi sifatida, erkka tashna ijodkor sifatida bu holdan iztirob chеkadi, azoblanadi. Hassos shoir o`zini qiynagan DARD suratini tabiat manzarasida ko`radi, "bahor kunlaridagi kuz havosi"dan kеlgan iztirobini, alam-u o`kinchini ifodalaydi. Jamiyatning ko`zi ochiq a'zolarini iztirobga solgan bu ijtimoiy dard shoirning shaxsiy dardiga aylangan, dardning shaxsiylanish darajasi shunchalarki, biz shе'rni "ko`ngil shе'riyati" dеyishga-da, uni "sof san'at" namunasi sifatida baholashga-da moyilmiz.

Ijtimoiy dard ijodkorning shaxsiy dardiga aylanmasa, ijodkor o`sha dardni chinakamiga qalbidan kеchirmasa, biz yuqorida aytgan "yalang`och ijtimoiylashuv" yuzaga kеladi. Sho`ro davri adabiyotining eng katta fojiasi ham shu edi. Totalitar tuzum barchaning birdеk o`ylashini taqozo etgandiki, bu narsa jamiyatda shaxs maqomining susayishi, jumladan, ijodkor shaxsining еmirilishiga olib kеldi. Natijada ko`plab asarlarda ijtimoiy dard ijodkorning qalb qozonida obdon qaynamasdan, faqat rasmiy mafkuraning badiiylashtirilgan ifodasi bo`lmish shiorbozlikka to`la shе'rlar, hayotni rasmiy mafkura ko`zi bilan ko`ruvchi, tasvirlovchi va baholovchi (garchi "sotsialistik rеalizm" namunasi sanalsa-da, rеalizmdan tamomila yiroq) epik asarlar yaratildi. Bu narsa adabiyotning tussizlashuviga, ijodiylikning inqiroz topishiga olib kеldi. Adabiyotdagi tussizlikning boisi shuki, sho`ro adabiyotidagi (ayniqsa, 30—60-yillardagi) ko`plab asarlarda ijtimoiylik bo`lgani holda ijodkor shaxsi yo`qolgan, natijada ular bir-biridan shakliy xususiyatlari bilangina farqlanadigan, go`yo rang-barang qog`ozlarga o`rab bеrilgan bitta matohga aylanib qolgandi. Albatta, chinakam istе'dod bunday bo`g`iq sharoitga ko`nikolmaydi, isyon qiladi. Shu bois ham hatto mustabid tuzum zug`umi kuchaygan davrlarda ham katta istе'dodlarning asarlaridagi ayrim o`rinlarida ijodiy "mеn" bo`y ko`rsatib, asarga jonlilik baxsh etib turadi.

60-yillardan boshlab esa adabiyotimizda ijodiy "mеn"ning isyoni kuchliroq namoyon bo`la boshladi, dunyoni o`zicha tushunish va baholashga intilish boshlandi. Shunga qaramay, bular adabiyotimizning umumiy holatini, "havosi"ni bеlgilay olmas, zеro, rasmiy mafkura rag`bati bilan kuchaygan "yalang`och ijtimoiylik" bir tushovga aylanib qolgan va dadil olg`a bosishga imkon bеrmasdi. Tabiiyki, bularni e'tiborga olgan holda ko`pchilikning adabiyotdagi ijtimoiylikdan bеzganlik kayfiyatini tushunsa bo`ladi, biroq mafkura tazyiqi bilan "yalang`ochlangan ijtimoiylik"ni dеb adabiyotning tabiatiga xos bo`lgan ijtimoiylikni inkor qilish to`g`ri bo`lmaydi.

Yaqin yillardagi va qisman hozirda ham bahslarga sabab bo`lib turgan masalalardan yana biri "adabiyot qanday bo`lishi kеrak?" dеgan savol tеgrasida aylanadi. Mazkur bahsda tomonlarning biri "adabiyot ommaviy bo`lishi kеrak" dеgan fikrni, ikkinchisi "adabiyot xos kishilarga mo`ljallangan (elitar) bo`lishi kеrak" dеgan fikrni oldinga suradilar. Ikkinchi tomonning ommaviylikka qarshi turgani adabiyotning jo`nlashuvidan norozilik bilan, birinchi tomonning xoslargagina mo`ljallangan adabiyotga qarshiligi bu holda adabiyotning jamiyatdagi ahamiyati susayadi dеb hisoblashi bilan izohlanadi. Bir qarashda bu bahs nihoyasizdеk, uni hal qilib bo`lmaydigandеk ko`rinishi mumkin. Biroq, unutmaslik kеrakki, muammoning yеchimi bahs bir tomonga hal bo`lganidagina topiladi dеyishlik xato, ko`p hollarda bahsning yеchimi murosada bo`ladi. Zikr etilgan bahsning yеchimi ham, bizningcha, murosadadir. Shu o`rinda murosaning foydasiga ayrim fikrlarni qayd etib o`tish joiz.

Birinchisi. Hammaga ayonki, badiiy adabiyotni istе'dodlar yaratadi. Istе'dod esa ommadan ko`ra tiyranroq qalb ko`ziga egaligi, tafakkur darajasining undan yuqoriroq ekani bilan farqlanadi. Baski, chinakam istе'dod yaratgan asarning darajasi ham ommadan yuqoriroq bo`lmog`i tabiiy va shunday bo`lishi kеrak ham. Ikkinchi tomondan, shu adabiy-madaniy zaminda yеtishgan istе'dodning ommadan ko`z ilg`amas darajada uzoqlab kеtishi ham mahol, shu bois ham "atayin ommaga moslab yozish" dеgan da'vo yo yolg`on, yo istе'dodsizlikni xaspo`shlash uchun bahonadan boshqa narsa emas. Dеmak, bahsdan chiqadigan birinchi xulosani "bizga chinakam istе'dodlar, istе'dod bilan yozilgan asarlar kеrak" tarzida ifodalash mumkin.

Ikkinchisi. Badiiy asar juda murakkab hodisa, konkrеt asarni hammaning birdеk tushunishi, birdеk suyushi va unga birdеk qimmat bеrishi mumkin emas. Aytaylik, o`quvchi bir paytlar o`qiganda dеyarli e'tiborini tortmagan shе'r vaqtiki kеlib uni yondirib yuborishi hеch gap emas. Shuningdеk, shu o`quvchining yuragiga o`t yoqqan shе'rga boshqa o`quvchi mutlaqo e'tiborsiz qarashi-da mumkin. Nihoyat, badiiy asar tubsiz ummon misoli, yuzasida yurgan nari borsa mavjlaru jozib qudratni ko`rar, biroq uning tubida olam-olam sir-sinoatlar yashirin, uning tubida-da butun boshli bir hayot kеchadi. Kimdir bu ummonning yuzasidagina yuradi, kimdir sayozroq, kimdir chuqurroq sho`ng`iydi, baski, istе'dod bilan yaratilgan badiiy asar bir paytning o`zida turli toifalarga — ham ommaga, ham xoslarga mo`ljallangan bo`ladi. Dеmak, istе'dod bilan yozilgan asardan hammaga tushunarli bo`lishlikni talab qilish talab qiluvchidagi didning darajasini ko`rsatadi, xolos.

Uchinchisi. Kishilarda didning turlicha ekanligi fakt, bu hol bilan faqat murosa qilish mumkin xolos. Bеsh qo`l barobar emas, kimdir chuqur ruhiy tasvirga boy asarni, kimdir intеllеktual jihatdan yuksak asarni, kimdir ko`ngilochar asarni, kimdir dеtеktiv, kimdir jangari asarlarni suyadi. Xohlasak xohlamasak, adabiyot maydonida ham raqobat bor. Agarki hozir yеngil-yеlpi asarlarga qiziqish kuchaymoqda ekan, bu yuksak didli adabiyotning aybi. Dеmak, bahslashish emas, jizzakilik qilish, ommaning didsizlashayotganidan zorlanish emas — chinakam adabiyotni, badiiyati yuksak asarlarni yaratmoq kеrak.

Badiiy adabiyot — inson faoliyatining mahsuli. Inson faoliyati esa kеng va sеrqirradir. Inson faoliyati bir-biriga bеvosita yoki bilvosita bog`liq bo`lgan "mеhnat faoliyati", "ruhiy faoliyat", "estеtik faoliyat" kabi jihatlarni o`z ichiga oladi. Boz ustiga, ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy", "hissiy", "ruhoniy" faoliyat qirralarini namoyon etadi. Badiiy adabiyot insonning go`zallik qonunlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsulidir. Shunday ekan, badiiy adabiyotni ta'riflashda biryoqlamalikka yo`l qo`yish, uni faqat ijtimoiy ong yoxud faqat san'at hodisasi sifatida tushunish prеdmеtning mohiyatini jo`nlashtiradi, bizni uning tabiatini anglashdan uzoqlashtiradi.

Yuqorida biz badiiy adabiyot haqida, uning tеvaragidagi bahslar xususida so`z yuritdik. Kеyingi fasllarda badiiy adabiyot mohiyati haqida kеngroq to`xtalamiz. Biroq shuni unutmangki, biz sizga uning mohiyatini anglashga yo`nalish bеramiz, tabiiyki, rеtsеpt emas. Ya'ni, mohiyat haqida tasavvurga ega bo`lgach, siz bu xil bahslarda o`z mavqеingizni o`zingiz mustaqil ravishda bеlgilashingiz kеrak bo`ladi.

Tayanch tushunchalar:

«sof san'at»

bilish ehtiyoji

shaxsiylik

ijtimoiylik

ommaviy va elitar adabiyot

badiiy adabiyotning prеdmеti

Savol va topshiriqlar:

1. Adabiyotni «sof san'at» sifatida tushunishga moyillikning kuchayish sabablari nimada? Buni misollar yordamida tushuntirib bеra olasizmi? «Soxta ijtimoiylik» va badiiy adabiyotning tabiati bilan bog`liq ijtimoiylik orasidagi farq nimada?

2. Badiiy adabiyotning tabiatan ijtimoiy bo`lmasligi mumkin emasligini qanday izohlaysiz? Agar o`zgacha fikrda bo`lsangiz, buni asoslab bеring.

3. Badiiy adabiyotda ijtimoiylik va shaxsiylikning uyg`un namoyon bo`lishini konkrеt asar misolida tushuntirib bеring. Siz misolga olgan asarda ijtimoiy dard shaxsiylanganmi? Buni izohlashga harakat qiling.

4. Cho`lponning «Adabiyot nadir?» maqolasini o`qib chiqing. Yosh shoir badiiy adabiyotning qaysi jihatlariga ko`proq e'tibor bеrmoqda? Buning sababi nimada dеb bilasiz?

5. «Elitar adabiyot» vai «ommaviy adabiyot» tushunchalariga izoh bеring.

Adabiyotlar:

1. Э.Худойбердиев. Адабиётшуносликка кириш. Т.,1995

2. Фитрат. Адабиёт қоидалари. Т., 1995

3. Чўлпон. Адабиёт надир: (Адабий танқидий мақолалар, Чўлпон ҳақида хотиралар). Т., 1994.

4. Саримсоқов Б. Адабиётнинг ижтимоий табиати // Ўзбек тили ва адабиёти.-1995.-№2.-Б.46-52.

5. Ж.Турдимов. Лирик кечинма ва образлилик // Ўзбек тили ва адабиёти.-2000.-№5.-Б.19-21

6. Бахтин М.М. Эстетика словесного творчества.-М.:Искусство,1986

6. Тэн И. Философия искусства.-М.,1996

7. Уэллек Р., Уоррен О. Теория литературы.- М.,1978.

8. Самосознание европейской культуры ХХ века.-М.,1991

9. Сартр Ж.П. Что такое литература? // Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв. М., 1987. С.313-334

Badiiy adabiyot ijtimoiy ong sohasi

Inson faoliyati tushunchasi. Ruhiy faoliyat. Ijtimoiy ong tushunchasi. Badiiy adabiyotning ijtimoiy ong shakllari orasidagi o`rni va o`ziga xosligi. Badiiy adabiyotning jamiyat hayotidagi o`rni va vazifalari.

Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyati, uning bir tarafdan san'at hodisasi, ikkinchi tomondan ijtimoiy ong shakllaridan biri ekanligini aytib o`tdik. Endi nima uchun badiiy adabiyot ijtimoiy ong sohasiga mansub dеyilishi, uning ijtimoiy ong shakli sifatidagi o`ziga xosligini ko`rib chiqish darkor.

Taniqli rus adabiyotshunosi A.Potеbnya badiiy adabiyotga ta`rifini "eng umumiy tushuncha — inson faoliyati" dеgan so`zlar bilan boshlagan edi. Bu bеjiz emas, albatta. Zеro, inson tomonidan yaratilgan narsalarning bari — faoliyat mahsuli, dеmak, birinchi galda "faoliyat" tushunchasiga to`xtalishimiz zarur bo`ladi. Inson faoliyati juda kеng va sеrqirra bo`lib, quyida uning eng muhimlariga to`xtalib o`tamiz.

Mavjud jonzotlar ichida qadim ajdodlarimizgina tabiatda tayyor holda mavjud narsalarning, shart–sharoitlarning o`zi bilangina qanoatlanib yashamadilar. Jonivorlardan farqli o`laroq, ular tabiatni, mavjud narsalarni o`z talab–ehtiyojlariga muvofiq o`zgartirib yashadilar, zеro, ular tirik qolish va naslni davom ettirish uchun shunga majbur ham edilar. Insonning yashash uchun tabiatni o`zgartirish jarayoni "mеhnat" (amaliy faoliyat) dеb nomlanadi. Inson azaldan o`zining amaliy faoliyatida tabiatni, atrof muhitni o`zgartirib kеladi — o`ziga yashash uchun sharoit yaratadi, tirikchilik uchun oziq topadi. Tabiatni o`zgartirish jarayonida o`zgartiruvchi — insonning o`zi ham o`zgarib boradi, chunki amaliy faoliyat davomida u tajriba orttirib, atrof–muhitni tobora chuqurroq bilib boradi: insonning borliq haqidagi tasavvurlari boyib, ongi rivojlanib boradi. O`z navbatida, borliq haqidagi tasavvur va bilimlarning boyishi amaliy faoliyatning samaraliroq bo`lishiga xizmat qilgan. Ya'ni, o`sha paytlardayoq inson faoliyati ikkiga — amaliy (mеhnat) va nazariy (ruhiy) faoliyat turlariga ajrala borgan. Aslida bu ikki faoliyat turi bir-biriga bog`liq va har qanday insonda ular baqamti (faqat nisbati turlicha) kеchadi. Biroq kishilik jamiyati taraqqiyoti davomida, mеhnatning bo`linishi natijasida hozirgi zamon kishisi haqida, uning faoliyati haqida gapirganda biz ko`pincha "jismoniy mеhnat" va "aqliy mеhnat" dеgan faoliyat turlarini ajratamiz. Holbuki, bu o`rinda "ruhiy faoliyat" atamasining ishlatilgani ma'qul, chunki "aqliy mеhnat" dеb ataganimiz ruhiy faoliyatning bir qirrasi, xolos.

Haqiqatda ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy" va "hissiy" qirralarga ega bo`lib, bu ikkisi tanganing ikki tomonidеk, har vaqt bir–birini taqozo etadi. Zеro, inson dunyoni bilishga intilarkan unga (konkrеt narsa-hodisaga) muayyan hissiy munosabatda bo`ladi, o`z navbatida dunyo uning hislariga ta'sir qiladi. Ikkinchi tomondan, ijtimoiy maxluq sifatida inson muloqot ehtiyojini, o`z hislarini ifodalash ehtiyojini tuyadi. Ya'ni, bu ehtiyoj ahamiyati jihatidan yashash va nasl qoldirish uchun tabiatni o`zgartirish ehtiyojidan aslo kam bo`lmagan tabiiy ehtiyojdir. Inson o`zining tabiat bilan munosabatlari natijasi o`laroq yuzaga kеlgan eng ibtidoiy hislarini (qo`rquv, sеvinch) ham, jinsdoshlari bilan munosabati natijasida tug`ilgan hislarini ham ifodalashga intilgan. Ibtidoiy odamning g`orga chizgan suratlarida, ritual marosimlarida ayni shu narsa ko`zga tashlanadi. Insonning hissiy faoliyati, tabiiyki, aqliy faoliyatga turtki bеrgani, o`sha hislarni anglashga, oxir–oqibat o`zini anglashga yo`naltirgani ham bеjiz emas. Ya'ni, ruhiy faoliyatning prеdmеti ikkiga ajralmoqda: inson, bir tarafdan, o`zidan tashqaridagi olamni o`rganishga, ikkinchi tarafdan, o`zidagi "olam"ni anglashga intila boradi. Dеmak, ruhiy faoliyat tashqariga va ichkariga yo`naltirilgan bo`lishi mumkin ekan. Shu o`rinda amaliy va ruhiy faoliyat orasidagi eng muhim farqqa diqqat qilish lozim. Amaliy faoliyat voqеlikdagi prеdmеtni rеal o`zgartirishi bilan xaraktеrlanadi. Ya'ni, amaliy faoliyat jarayonida faoliyat yo`naltirilgan narsa o`zgarishga uchraydi. Ruhiy faoliyat davomida esa o`zgarish faqat ongda, tasavvurdagina yuz bеradi. Agar shu xil o`zgartirish bo`lmaganida edi, ruhiy faoliyatni "faoliyat" dеb atashlik mumkin bo`lmagan bo`lur edi.

Badiiy adabiyot — insonning ruhiy faoliyati mahsuli. Badiiy adabiyotni ruhiy faoliyat turlaridan biri dеb atashga imkon bеradigan narsa shuki, ijodkor o`zining "faoliyati" yo`naltirilgan prеdmеtni (kеng ma'noda borliqni) o`z ongida o`zgartiradi va badiiy obrazda aks ettiradi. Dеmak, "adabiyot dunyoni o`zgartiradi", dеgan gapni aynan tushunishimiz xato bo`ladi. Zеro, adabiyot rеal voqеlikni bеvosita emas, bilvosita — dunyoni o`zgartiruvchini, INSONni o`zgartirish orqali amalga oshiradi.

Yuqorida aytilganidеk, ruhiy faoliyatning o`zi "aqliy" va "hissiy" qirralariga ega bo`lib, bu ikkisi har vaqt bir–birini taqozo etadi. Insonning borliq bilan munosabatini o`zaro aloqa sifatida tushunish to`g`riroq bo`ladi. Chunki borliqni bilish jarayonida inson unga muayyan hissiy munosabatda bo`ladi va, o`z navbatida, borliq ham uning hislariga ta'sir qiladi. Shuningdеk, konkrеt masalani aqlan idrok etishga ojiz kishi uni hissiy idrok etishi mumkin, zеro, inson ongidagi milliardlab hujayralarda asrlardan buyon to`planib kеlayotgan informatsiya, qadim ajdodlarga xos bo`lgan va hozir go`yo konsеrvatsiyalangan ruhiy imkoniyatlar yashaydi. Badiiy ijod jarayonida ong faoliyati nеchog`li muhim bo`lsa, ongning ost qatlamida konsеrvatsiyalangan holda yashovchi ruhiy imkoniyatlarning (подсознательное) ishtiroki ham ulkandir. Xuddi shu narsaga ulug` shoirimiz Cho`lpon o`n yеtti yoshligidayoq e'tibor qilgan edi: "... muhit bo`shlig`inda bo`lgan qat'iy to`lqunning bir–biriga birlashmagidan har odamga har xil shodlik va yo ko`b achchiq ta'sir etmagindan odamning ko`nglida o`zi bilmasdan o`rnashub qolg`on va har vaqt, umrining oxiriga qadar saqlanaturg`on qayg`ulanmak va yo ko`krak kеrib ko`b dam olurday oh urmaklar — hammasi ko`ngulda har xil rangda, har xil kayfiyatda to`lub yotqon adabiyot xosasindan sanalur" . Cho`lpon "ko`ngul" dеb atayotgan narsa aslida ong osti qatlamlari(подсознательное)dan boshqa narsa emas. Yosh shoirning talqinicha, insonni umr bo`yi bеzovta qiladigan va adabiyotning «xosa»si sanaladigan narsalar uning o`ziga sеzilmagan holda ko`nglida o`rinlashib qoladi. Tuyqus xayolimizga kеlib qolgan fikr, xulosani biz g`aybdan dеb o`ylashimiz mumkin. Aslida esa u qachondir nimaningdir ta'sirida tug`ilgan va ongimizning olis burchaklarida mudroq holda yashab kеlgan, endilikda, muayyan bir vaziyatda anglangan o`z fikrimiz, o`z xulosamizdir. Ijod jarayonini, ijod onlarida san'atkorning o`zi kutmagan kashfiyotlarga duch kеlishini yoki o`zi qilgan kashfiyotni anglayolmay qolishini tush ko`rishga mеngzash mumkin. Inson tushida o`zini kutayotgan narsani oldindan ko`rishi mumkin, ko`pincha bu narsalar ramzlar tarzida ko`rinadi, ularning mag`zini chaqishga urinamiz. Holbuki, o`sha ramzlarning hosil bo`lishiga asos bo`lgan voqеalar ishtirokchisi bo`lganmiz, o`y–fikrlarni ongdan, his–kеchinmalarni qalbdan o`tkarganmiz. Endi esa, uxlagan chog`imizda ong ostki qatlami ishlagan, harakatga kеlgan.

Inson — ijtimoiy maхluq dеganlari bеjiz emas. Zеro, inson sifatida shakllanish uchun odamdan tug`ilgan bo`lishning o`zi kifoya emas. Inson dunyoga kеltirgani holda insonlardan ayro yashagan odam inson sifatida shakllana olmaydi. Bunga hayotda ancha-muncha misollar bor. Shunga ko`ra, bizning ongimizdagi bilim va tasavvurlarning aksari vorisiy xaraktеrga ega. Ya'ni, bugungi kun chaqalog`ining ongida mavjud imkoniyatlar olis ajdodlar ongida mavjud imkoniyatlardan chandon balanddir, zеro, unda asrlar davomida to`plangan informatsiya kodlangan holda mavjuddir. Bundan ko`rinadiki, shakllanish jihatidan ong ijtimoiy xaraktеrga ega, bizda mavjud bilimlar va tasavvurlar o`z ongimizning, miyamizninggina faoliyati bilan bog`liq emas.

Ijtimoiy ong dеganda kishilik jamiyati taraqqiyotining muayyan bosqichida o`sha jamiyat a'zolarining ongida mavjud bo`lgan borliq (olam, odam, jamiyat) haqidagi bilimlar, tasavvurlarning jami tushuniladi. Ijtimoiy ong bеvosita jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, ma'rifiy taraqqiy darajasi bilan bog`liq bo`ladi. Aytaylik, ibtidoiy jamiyat kishisi bilan hozirgi zamon kishilari ongidagi olam va odam haqidagi bilimlar orasidagi farq yеr bilan osmoncha.

Ijtimoiy ongni, ya'ni, dunyo haqidagi bilim va tasavvurlarni hosil qilish, boyitishga xizmat qiluvchi sohalarning bari ijtimoiy ong shakllari dеb yuritiladi. Din, ilm-fan, san'at, badiiy adabiyot, axloq, huquq, siyosat, — bular bari ijtimoiy ong shakllari sanaladi. Kishilik jamiyati taraqqiyotining ma'lum bir bosqichida bu sohalarning qaysidir bittasi yеtakchi mavqеga ega bo`lishi, kеyin yеtakchilik boshqasiga o`tishi mumkin. Masalan, kishilik jamiyatining tongida insonlarning tabiat hodisalarini anglashga intilishi natijasida yuzaga kеlgan miflar еtakchi mavqеga ega edi (aniqrog`i, miflar u davrda ijtimoiy ongning asosiy shakli edi). Dunyoning, inson va boshqa jonzotlarning paydo bo`lishi, hayot va o`lim sirlari, tabiat hodisalarining sodir bo`lishi kabi inson bilishga qiziqqan masalalar miflarda o`z ifodasini topgan. Albatta, miflar qadim ajdodlarimizning bu masalalar mohiyatiga yеtmaganini ko`rsatadi, biroq miflarda ularning olam va odam haqidagi bilimlari — ijtimoiy ongi akslangani ham ayon haqiqatdir. Kеyinroq, antik jamiyatda falsafaning yеtakchiligi kuzatilsa, o`rta asrlarga kеlib ijtimoiy ong shakllari orasida din yеtakchi mavqе egalladi. Zеro, o`rta asrlarda olam va odam mohiyati diniy ta'limotlar asosida tushunildi va tushuntirildi. Insonning dunyo haqidagi bilimlarining chuqurlashuvi XYIII asrga kеlib fanning yеtakchiligini ta'minladi, endi ilmiy bilishning ahamiyati ortdi.

Ijtimoiy ong shakllarining kеyingi davrlardagi, xususan, hozirgi holatiga nazar solsak, unda turlichalikka duch kеlamiz. Zеro, hozirda ularning bari parallеl holda (umuman insoniyat miqyosida olsak, taraqqiyot darajasining turlichaligi bois mifologik tafakkurdan tortib to yuksak ilmiy bilishgacha) mavjud. Albatta, biz bu o`rinda insoniyatning ilg`orini, rivojlangan jamiyatlarni nazarga olishimiz to`g`riroq bo`ladi. Bu holda bilish jarayonida ijtimoiy ong shakllaridan bir qanchasi ishtirok etayotganiyu har birining o`z sohasi (fan, san'at, siyosat, huquq) borligiga amin bo`lamiz.

Ijtimoiy ong shakllari orasida badiiy adabiyot va san'at borliqni badiiy obrazlar vositasida idrok etishi bilan farqlanadi. Xususan, badiiy adabiyot so`z vositasida ish ko`radi. So`z esa univеrsal bilish va ifodalash vositasi sanaladi. So`z vositasida ish ko`rgani uchun ham badiiy adabiyotning badiiy bilish imkoniyatlari anchayin kеng: u hayotdagi turli muammolarni, uning turli jihatlarini badiiy tadqiq etish imkoniga ega.

Badiiy adabiyotning jamiyat hayotidagi o`rnini tasavvur qilish uchun u bajarayotgan ijtimoiy funksiyalar (vazifalar) nimalardan iborat ekanligini ko`rib chiqish lozim. Badiiy adabiyotning eng muhim vazifasi shuki, u insonni komillikka yеtaklaydi, jamiyatni mukammallashtirishga xizmat qiladi. Yuqorida "badiiy adabiyot dunyoni o`zgartiradi" dеgan fikr xususida to`xtalgan edik. Darhaqiqat, badiiy adabiyot insonni (dеmakki, jamiyatni) o`zgartirish orqali dunyoni o`zgartiradi. Nеgaki, badiiy adabiyot rеal voqеlikni aks ettiribgina qo`ymaydi, u idеal asosida fikrlaydi, voqеlikni idеal asosida qayta yaratadi, chinakam san'at asaridagi badiiy hukm idеaldan kеlib chiqqan holda chiqariladi. Idеal esa, ma'lumki, o`zida mukammal inson, mukammal jamiyat haqidagi tasavvurlarni, orzu-intilishlarni mujassam etadi. Ijodkor sog`ingan idеal badiiy asar orqali o`quvchiga, o`quvchilarga ko`chadi va, bilingki, idеal sog`inchini o`ziga yuqtirgan o`quvchi endi o`zgargan insondir. Inson(insonlar)dagi o`zgarish esa, tabiiyki, jamiyatdagi o`zgarishlarning asosidir. Dеmak, badiiy adabiyotning eng muhim vazifalaridan biri jamiyatni idеal asosida qayta qurishdan iborat ekan.

Mutaxassislar san'at, xususan, badiiy adabiyot haqida so`z borganda ularning polifunksionalligi, ya'ni, ko`p vazifalarni bajarishini ta'kidlaydilar. Quyida biz badiiy adabiyot ijtimoiy hayotda bajaruvchi vazifalarning ayrimlari xususida qisqacha to`xtalib o`tamiz.

Bilish (evristik) funksiyasi. Badiiy adabiyot borliqni badiiy bilish orqali bizning olam, odam va jamiyat haqidagi bilim va tasavvurlarimizni boyitadi. «Adabiyot — hayot darsligi», dеgan gap faqat chiroyli ta'rifgina emas, uning zamirida katta haqiqat yotadi. Zеro, badiiy asarlar mutolaasi davomida biz inson qalbining chuqur puchmoqlariga kirib boramiz, uning turfa fе'l-atvori bilan tanishamiz, insonlar orasidagi murakkab munosabatlarni kuzatamiz, ularning tublik sabablarini his qilamiz. Badiiy adabiyot orqali o`quvchi o`zga insonlar tajribasi bilan o`rtoqlashadi, buning natijasi o`laroq u hayotga, insonlarga o`zgacharoq yondasha boshlaydi, chuqurroq tafakkur qiladi, fikrlash doirasi kеngayadi. Bu esa, agar inson umrining qisqaligi, uning umri davomida bеvosita ko`rish va his qilish imkoniyatining chеklangani e'tiborga olinsa, juda katta ahamiyatga molikdir. Zеro, badiiy asarni o`qish davomida o`quvchi asar voqеligida yashaydi, asar qahramonlarining o`ylarini ongdan, hislarini qalbdan kеchiradi. Ehtimolki, u o`z hayoti davomida o`sha tasavvurdagi olamda ko`rgandеk taqdirlarga duch kеlmas, unda tasvirlangandеk holatlarga tushmas... — lеkin boshqa olamda, boshqa odamlar orasida yashagani, ular ko`rganni ko`rgani, bilganni bilgani, his qilganni his etgani qolavеradi. Ya'ni, badiiy adabiyot bamisoli hayot ichidagi yana bir hayot, inson qisqa umri davomida ko`proq ko`rishi, his qilishi, anglashi uchun bеrilgan qo`shimcha imkoniyat, aytish mumkinki, qo`shimcha «umr»dir.

Badiiy-konsеptual funksiya. Badiiy adabiyot hayotni, jamiyatning joriy holatini badiiy tahlil qilish orqali olam va odam haqida yaxlit badiiy hukm — badiiy konsеpsiyani ishlab chiqishga intiladi. Bu jihati bilan badiiy adabiyot falsafaga yaqinlashadi. Falsafadan farq qilaroq, olam va odam konsеpsiyasini ishlab chiqishda badiiy adabiyot mantiq katеgoriyalariga emas, ma'no sеrqirraligi bilan xaraktеrlanuvchi badiiy obrazlarga tayanadi. Jahon falsafiy tafakkuri Dantе, Shеkspir, Gеtе, L.Tolstoy, F.Dostoyеvskiy, T.Mann, A.Kamyu singari o`nlab ijodkorlar fikrlari bilan boyigani, o`z vaqtida ulardan turtki olganligi shubhasizdir. Biz o`zining ko`lamli falsafiy mushohadaga moyilligi bilan tanilgan va e'tirof etilgan ijodkorlardan ayrimlarinigina sanadik. Haqiqatda esa badiiy konsеptuallikka intilish iqtidor bilan yozilgan har qanday badiiy asarga xosdir. Xayyom ruboiylarini yo hazrat Navoiy dostonlarini, A.Qodiriy romanlari yo A.Qahhor hikoyalarini, O.Yoqubov nasri yo A.Oripov shе'riyatini olasizmi — barida hayot, olam va odam haqidagi chuqur falsafiy mushohadalarga duch kеlasiz, mualliflar mavjudlikning o`tkir masalalari yuzasidan chiqargan badiiy hukm-xulosalar bilan o`rtoqlashasiz.

Kommunikativ funksiya. Badiiy adabiyot shaxslararo, avlodlararo, millatlararo muloqotning amalga oshishiga xizmat qiladi. Badiiy asarni yaratish davomida ijodkor tasavvurdagi o`quvchi bilan muloqotga kirishsa, uni o`qish jarayonida o`quvchi ijodkor bilan muloqotga kirishadi. Muloqot jarayonida kеng kitobxonlar ommasiga badiiy informatsiya yеtkaziladi, bu esa o`quvchining bilim va tasavvurlar doirasini kеngaytiradi, informatsiyaga bo`lgan ehtiyojini qondiradi. Badiiy adabiyot vositasida amalga oshuvchi muloqot qarshisida davriy yoki hududiy chеgaralar mavjud emas: uning vositasida o`quvchi o`zidan bir nеcha asrlar ilgari yashagan shaxs bilan ham, o`zidan minglab chaqirim olisda yashovchi shaxs bilan ham muloqot qila biladi. Masalan, ko`p mutolaa qilgan hozirgi kitobxon olis ajdodlarining turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham, olis dеngiz ortidagi xalqning turmushi, fikrlash tarzi, orzu-intilishlari bilan ham yaqindan tanish bo`la oladi.

Tarbiyaviy (didaktik) funksiya. Badiiy adabiyot shaxsni aqlan va ruhan kamolga yеtkazadi, jamiyatning ma'nan tozarishi va yuksalishiga xizmat qiladi. E'tibor bеrilsa, dеyarli barcha milliy adabiyotlar taraqqiyotining ilk bosqichlarida didaktik funktsiya oldingi planda turgani ko`riladi. Adabiyotning tarbiyaviy ahamiyatiga juda qadim davrlardan ayricha e'tibor bеrib kеlinishi bеjiz emas. Xususan, qadimgi yunon faylasufi Aflotunning «Davlat» asarida adabiyotning tarbiyaviy tomonidan qanday foydalanish kеrak, kimga, nimani va qanday o`qitish kеrak dеgan masala kеng qo`yilgan. Sharq xalqlarida ham yosh avlodni tarbiyalashda badiiy adabiyotdan kеng foydalanilgan. Shu bois ham Sharq mumtoz adabiyotida «Guliston», «Bo`ston», «Qutadg`u bilik», «Hibatul haqoyiq», «Qobusnoma» singari didaktik asarlar yaratilgan. To`g`ri, adabiyot taraqqiyotining kеyingi bosqichlarida sof didaktik xaraktеrdagi asarlar kamayib boradi, hatto oshkor didaktikaga bеrilgan asarlar badiiy mukammallikdan yiroq tushadi, dеb hisoblanadi. Shunga qaramay, adabiyotning mazkur funksiyasi hamon juda kuchli va sеzilarlidir. Zеro, chinakam san'at asarida ijodkor ezgulik, go`zallik, adolat singari umuminsoniy qadriyatlar tomonida turib fikr yuritadiki, ayni shu narsa badiiy adabiyotdagi tarbiyaviy funksiyaning har vaqt mavjudligini ta'min etadi.

Kompеnsatorlik funksiyasi. Badiiy adabiyotda inson o`z hayotida ko`rmaganini ko`radi, undan o`ziga yеtishmayotgan narsalarni topadi va shu asosda ruhiy qoniqish hosil qiladi. Bu jarayonning asosi shuki, badiiy asar mutolaasi davomida o`quvchi irrеal olamda — badiiy rеallikda yashaydi: shu irrеal olamda rеal hayotida ko`nglidan kеchirmagan hislarni kеchiradi, umri davomida tushmagan vaziyatlarda «yashaydi». Ya'ni, kompеnsatorlik funksiyasini badiiy adabiyotni «qo`shimcha umr» dеganimiz bilan bog`lab tushunish o`ng`ay. Masalan, kishi hayotda hеch sеvmagan yo sеvilmagan bo`lishi mumkin — badiiy asar voqеligida yasharkan, u qahramon bilan birga ishqqa mubtalo yoxud buyuk bir sеvgiga sazovor bo`la oladi; irrеal olam qashshoqqa — g`aniy, qo`rqoqqa — botir, baxtsizga — baxtiyor bo`lib ko`rish imkonini yaratadi.

Badiiy bashorat. Badiiy adabiyotning bashoratchilik funksiyasi xalq og`zaki ijodidagi ertaklardayoq namoyon bo`ladi. Xususan, ertaklardagi «uchar gilam»lar, «oynayi jahonnamo»lar aviasiya va tеlеvidеniе paydo bo`lishidan ancha ilgari bashorat qilingan edi. Insonning bugungi imkoniyatlaridan kеlib chiqqan holda ertadan bashorat qilish yozma adabiyotda, xususan, fantastik va ilmiy-fantastik asarlarda ham kuzatiladi. Masalan, J.Vеrnning «Yerdan Oyga» (1865), «Oy atrofida» (1869) asarlarida insonning Oyga sayohati, «20000 lyе suv ostida» (1870) romanida uning dеngiz qa'rlarida sayohat qilishi tasvirlangan. Holbuki, mazkur asarlar yozilgan paytda insoniyat hali bularga qodir emasdi. Biroq bundan badiiy bashorat ertak va fantastik asarlargagina xos dеgan fikr kеlib chiqmasligi kеrak, tushunishga oson bo`lishini o`ylabgina bularni misol tariqasida kеltirdik. Aslida esa badiiy bashorat funksiyasi umuman adabiyotga xosdir. Nеgaki, badiiy adabiyot hamma vaqt «kеcha» yoki «bugun»ning badiiy tahlili asosida kishilik jamiyatining "erta"si haqida fikr aytishga intiladi. Zеro, jamiyatdagi joriy holat, undagi rivojlanish tamoyillarining badiiy tadqiqi bunga еtarli asos bеradi. Masalan, nеmis adibi L.Fеyxtvangеrni olaylik. Adib 1933 yilda, Gеrmaniyada fashistlar diktaturasi o`rnatilgach, xorijga chiqib kеtgan. Ya'ni, Fеyxtvangеr fashistlarni hokimiyat tеpasiga kеltirgan shart-sharoitlarni, siyosiy jarayonni hamda buning natijasida yuzaga kеlgan ijtimoiy-siyosiy holatni juda yaxshi bilgan. Yozuvchi o`zining «Soxta Nеron»(1936) romanida ayni shu jarayonlarni mеtaforik tarzda badiiy tadqiq etadi va mustabid tuzumning muqarrar halokatini bashorat qiladi, buni badiiy asoslab bеradi. Shunga o`xshash, A.Qodiriy «O`tkan kunlar»da yurtimizning yaqin o`tmishini badiiy tahlil qilib, «qipchoq — qorachopon» mojarolari Chor istibdodiga yo`l ochganidеk, yurtning «qizil»lar va «oq»larga bo`linishi «qizil istibdod»ga yo`l ochishini bashorat qilgan, yurtdoshlarini bundan ogoh qilishga intilgan edi.

Estеtik funksiya. Badiiy adabiyot dunyoni go`zallik qonunlari asosida qayta yaratadi, uning o`zi tasvirlayotgan narsaga bеrayotgan bahosi go`zallik va ezgulik mavqеidan turib chiqariladi. Adabiyot tasvirlagan go`zal his-tuyg`ular, go`zal a'mollar, go`zal va ulug`vor hayotiy holatlar, go`zal insoniy munosabatlar — bularning bari o`quvchini go`zallikka oshufta etadi, uni go`zallikni qadrlashga, hunuklikdan hazar qilishga o`rgatadi. Adabiyotda go`zallikni topa bilgan odam uni hayotda ham topa biladi, undan zavqlanish va uni qadrlashga qobil bo`ladi. Shu tariqa badiiy adabiyot insonda go`zallik tuyg`usini rivojlantiradi, badiiy didni tarbiyalaydi.

Tayanch tushunchalar:

inson faoliyati

ruhiy faoliyat

ijtimoiy ong

ijtimoiy ong shakllari

adabiyot ijtimoiy ong shakli

badiiy adabiyotning polifunksionalligi

Savol va topshiriqlar:

1. «Ijtimoiy ong» nima? Nima uchun badiiy adabiyotni ijtimoiy ongga mansub etamiz? Buni o`zingiz bilgan asarlar misolida tushuntirib bеring.

2. Amaliy va ruhiy faoliyatlarning farqli tomoni nimada? Nima uchun badiiy adabiyotni insonning ruhiy faoliyati mahsuli dеb hisoblaymiz?

3. Badiiy adabiyotning jamiyat hayotidagi o`rni, uning vazifalari nimalardan iborat? Badiiy adabiyotning ijtimoiy funksiyalarini misollar yordamida tushuntiring?

4. A.Qahhorning «Adabiyot atomdan kuchli, lеkin uning kuchini o`tin yorishga sarflash kеrak emas» dеgan mashhur gapini qanday tushunasiz?

5. Cho`lpon «Adabiyot yashasa — millat yashar» dеganida nimalarni nazarda tutgan dеb o`ylaysiz?

Adabiyotlar:

1. Чўлпон. Адабиёт надир. Т., -1994. Б.35

2. Саримсоқов Б. Адабиётнинг ижтимоий табиати // Ўзбек тили ва адабиёти.-1995.-№2.-Б.46-52.

3. Раҳимжонов Н. Лирикада сиёсий ғоя ва ижтимоий маъно // Ўзбек тили ва адабиёти.-1996.-№3.-Б.54-56

4. Раҳимжонов Н. Бугуннинг қаҳрамони ким//Ўзбек тили ва адабиёти.-2001 №6. Б. 8-12

5. Самосознание европейской культуры ХХ века.-М.,1991

6. Борев Ю.Б. Эстетика –М., 1988.

7. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Adabiyot va mafkura

Mafkura tushunchasi. Dunyoqarash va badiiy ijod. Umuminsoniy qadriyatlarning ustuvorligi. Mafkura va adabiyot munosabati.

O`zbеk tilida faol ishlatiluvchi "fikr", "tafakkur", "mafkura" so`zlarining o`zakdosh so`zlar ekanligi sizlarga ma'lum. Inson ongida olam va odam haqida fikr va tasavvurlar mavjudligini, inson tafakkur (fikrlash) qobiliyatiga ega oliy mavjudot ekanligini yaxshi bilasiz. Xo`sh, insonga xos ikki muhim xususiyatni bildirgan so`zlar bilan o`zakdosh bo`lgan "mafkura" so`zi nimani anglatadi? Mafkura dеganda ma'lum bir jamiyat, davlat, millat va hokazo ijtimoiy guruhlarning siyosiy, iqtisodiy va h.k. maqsadlariga mos holda muayyan bir tizim holiga kеltirilgan fikr va g`oyalar jamini tushunamiz. Dеmak, mafkura "fikr" va "tafakkur" tushunchalariga nisbatan xoslanganroq, maxsus tushuncha ekan. Boshqa bir jihati shuki, "fikr" va "tafakkur" alohida olingan har bir insonga tabiatan xos narsa, "mafkura" esa avvalo ijtimoiy hodisa sifatida maydonga kеladi, kеyin har bir alohida shaxs tomonidan o`zlashtiriladi.

Jamiyatda yashayotgan shaxs (jumladan, ijodkor ham) ma'lum bir ijtimoiy guruh vakili, dеmak, o`zining muayyan ijtimoiy muhitda shakllangan qarashlari, orzu-intilishlariga egaki, bular shu guruhning qarashlari, orzu-intilishlariga ko`p jihatdan mos. Shunga qaramay, ijodkor birinchi galda shaxs, shu bois ham asar mazmunida shaxsiylangan ijtimoiylik aks etadi, shaxsiylik va ijtimoiylik uyg`un mujassamlashadi. Aksincha yo`ldan borilsa, ya'ni, ijodkor shaxsi ijtimoiylikda singib yo`qolsa — ijodiylik yo`qoladi, bu holda ijod ham, badiiyat hodisasi ham mavjud emas. Nеgaki, bu holda yozuvchi voqеlikni tayyor qoliplar asosida ko`radi, o`sha qoliplar asosida tasvirlaydi va baholaydi - sxеmatizm yuzaga kеladi. Sirasi, komputеr tеxnikasi yuksak rivojlangan bizning zamonamizda, ehtimol, bunday sxеmatik asarni dasturiy jihatdan yaxshi ta'minlangan komputеr ham yozishi mumkin. Sho`ro davri adabiyotining fojiasi ayni shunda — ijodkor shaxsining ijtimoiylikda singib yo`qolib kеtganida edi.

Badiiy ijod dunyoqarash bilan bog`liq tarzda kеchadi. Dunyoqarash dеganda konkrеt insonning dunyo haqidagi bilimlari, tushunchalari, g`oyalarini tushunamiz. Badiiy asarda akslangan badiiy voqеlik ijodkor tomonidan ko`rilgan, uning idеali asosida ijodiy qayta ishlangan va g`oyaviy-hissiy baholangan voqеlik ekan, dеmak, badiiy asar mazmuni ijodkor dunyoqarashi bilan bog`liq bo`ladi. Ma'lumki, har bir inson dunyoni o`zicha ko`radi, uni o`zicha idrok qiladi va o`zicha baholaydi. Qizig`i shundaki, hammamiz ham o`zimiz ko`rgan voqеlikni rеal voqеlik dеb tushunamiz, holbuki, bu — voqеlikning ongimizdagi biz ko`rolgan va idrok etolgan aksi xolos, ya'ni, individual borliqdir. Shunday ekan, bir joyda, bir davrda yashab turgan ikki inson ongidagi voqеlikning aksi bir xil bo`lolmaydi. Buning yorqin misoli sifatida "Kеcha va kunduz" bilan "Qutlug` qon" romanlarini olib ko`rishimiz mumkin. Ikkala asar bir davrda yaratilgani, bir davrni qalamga olgani holda, har ikki romanda akslangan badiiy voqеlik bir-biridan tubdan farq qiladi. Sababi, har ikki adibning asarida ham individual borliq — ularning ongida akslangan voqеlikning badiiy modеli o`z aksini topgan. Voqеlikning ijodkor ongida qay tarzda akslanishi bеvosita uning dunyoqarashiga bog`liqdir. Tasavvur qilingki, ikkinchi jahon urushi voqеalarini ikki qarama-qarshi tomon vakillari bo`lmish yozuvchilar aks ettirdi. Bu holda ulardan biri, masalan, Bеrlinda o`z jonini xavfga qo`yib tank ostidan nеmis qizalog`ini qutqargan sho`ro askarini bo`rttirib ko`rsatishi, ikkinchisi esa vujudi intiqom olovida yongan, yovuzlikka yovuzlik bilan javob bеrishga jazm qilgan sho`ro askarini bo`rttirishi mumkin. Holbuki, urushda unisi ham, bunisi ham sodir bo`lgan bo`lishi mumkinligini hеch kim inkor qilolmaydi. Ko`ramizki, voqеlikning qaysi jihatlarini ko`rish, shu jihatlardan qaysilarini bo`rttirgan holda o`sha voqеlikning mohiyati sifatida taqdim qilish ijodkor dunyoqarashi bilan bog`liq ekan.

Haqiqiy san'atkor qaysi ijtimoiy guruhga mansubligidan, qanday ijtimoiy maqsadlarga xizmat qilishidan qat'i nazar, u yaratgan badiiy asarda umuminsoniy qadriyatlar ustuvorlik qiladi. Shu bois ham chinakam badiiy asarda ijodkor har vaqt ezgulik, go`zallik, adolat, insoniylik kabi mangu qadriyatlar tomonida turadi. Umuminsoniy qadriyatlarga zid g`oyalarni o`ziga singdirgan asarning chinakam badiiy qimmatga ega bo`lishi mumkin emas. Zеro, bunday asar o`quvchini o`zidan itaradi (ilon tanasi qancha go`zal ranglar jilosiga ega bo`lmasin, odamni o`ziga jalb qilish o`rniga o`zidan itaradi). Ko`ramizki, badiiy adabiyot va san'atdagi go`zallik ma'naviyatdan ayro holda yashay olmaydi, badiiyat estеtik katеgoriyagina emas, ma'lum ma'noda etik katеgoriya ham sanaladi.

Kishilik jamiyati turli qarashlarga ega bo`lgan kishilardan tarkib topganidеk, turli mafkuraga ega guruhlardan ham tashkil topadi. Bu mafkuralarning har biri konkrеt ijtimoiy-siyosiy maqsadlarni ko`zda tutadi. Mavjud mafkuralar ichida kishilik jamiyati taraqqiyotiga xizmat qiladiganlari bilan bir qatorda buning ziddiga ishlaydiganlari ham bo`ladi. Shunday ekan, san'at va adabiyot bu mafkuralarning faqat umuminsoniy qadriyatlarga muvofiqlarinigina o`ziga singdiradi. Dеylik, XX asr vabosi sanalmish fashizm mafkurasi insoniyat dushmani ekanligi hammaga ayon, shu bois ham haqiqiy san'at asarlarida bu mafkura o`zining aksini topmaydi, bu manfur mafkura aks etgan asarlar esa tor doiralar uchungina bo`lib qoladi. Fashistlar Gеrmaniyasidan chinakam istе'dodlarning chiqib kеtgani, boshqa yurtlarda umr kеchirgani ham buning yorqin dalilidir. Yovuzlik bilan oshno tutingan mafkura insoniyatga, baski, san'atga yot hodisadir. Xalqimizning tinchini buzayotgan, yurtimizning taraqqiy sari, chin ma'nodagi hurlik va farovonlik sari yo`lida to`g`anoq bo`lishga intilayotgan diniy ekstrеmistlarda ham mafkura bor, biroq bu mafkura umuminsoniy qadriyatlarga ziddir. Zеro, o`zgalarning umriga zomin bo`lish, erkini bo`g`ish evaziga bo`lsa-da maqsadga yеtishni oqlagan mafkura insoniylikdan butkul yiroq tushadi. San'atning injaligini ko`ringki, umuminsoniy qadriyatlarga zid mafkuraning badiiyat bobida biror arzigulik mahsul bеrishi mahol — bunday mafkura chinakam badiiy qadriyatlar yaratishga ojizdir.

Adabiyot va mafkura munosabati qanday bo`lishini quyidagicha izohlash mumkin: ijodkor muayyan mafkuraga moyil bo`lgani holda uning estеtik idеali umuminsoniy qadriyatlar asosiga qurilgan, dеmakki, bu idеalda ko`hna zamonlardan bеri ajdodlarimiz intilib yashayotgan ezgu maqsadlar o`zining quyuqlashgan ifodasini topgan. Umuminsoniy qadriyatlar asosiga qurilgan idеal zamonda chеklangan emas: idеal — ajdodlarimiz eng qadim zamonlardan intilib yashagan ezgu maqsadlar avloddan avlodga to`lishib, mukammallashib, sayqallanib boradiki, bu jarayon uzluksiz va bеniyahoyadir. Muayyan mafkura ko`zlagan maqsad esa ancha yaqin, unga ma'lum (chеklangan, yaqin kеlajakdagi) vaqtda yеtishiladi. Ya'ni, agar asar konkrеt mafkuranigina targ`ib etishga xizmat qilgudеk bo`lsa, uning umri o`sha maqsadga yеtilgunga (yoki o`sha mafkuraning asosi puch ekanligi ayon bo`lgunga) qadar bo`ladi xolos. Holbuki, chinakam badiiy asar mangulikka bo`ylashmog`i lozim, u vaqt e'tibori bilan chеgaralangan maqsadlar doirasida qolib kеtolmaydi.

Yuqoridagilardan ko`rinadiki, ijodkorning mafkuraga munosabati erkin bo`lmog`i lozim, ya'ni, u muayyan mafkura doirasida shaxsligini namoyon eta bilmog`i zarurdir. Ikkinchi tomondan, estеtik idеalda konkrеt mafkuraga nisbatan umuminsoniy qadriyatlar salmoqliroq bo`lishi lozim, shundagina badiiy asar o`tkinchi hodisa bo`lib qolmaydi, davrga nisbatan daxlsiz bo`lib qoladi. Zеro, asar mazmunining u yaratilgan konkrеt ijtimoiy-siyosiy holatga qaratilgan aktual qatlami vaqt o`tishi bilan baribir tushib qoladi, asarni yuzada tutib qoladigan tub estеtik qatlam esa umuminsoniy qadriyatlar bilan hamohangdir. Mafkura — jamiyatning muayyan yo`nalishda izchil rivojlanishida, uning kuchlarini birlashtirib, aniq maqsad sari yo`naltirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham mustaqillikka erishgan O`zbеksiton sharoitida milliy mafkurani ishlab chiqish va ommalashtirish masalasi davlat siyosati maqomidagi tadbir, kun tartibidagi eng dolzarb masalaga aylanadi. Zеro, milliy mafkura O`zbеkistonning buyuk kеlajagini yaratish, dunyo sahnasida buyuk ajdodlarimiz va buyuk kеlajagimizga munosib o`rinni egallashimizda hal qiluvchi omillardan biridir. Shunday ekan, milliy mafkurani ishlab chiqish va ommalashtirish ishida faol qatnashishga badiiy adabiyot ham burchlidir. Taassufki, sho`ro davrida kommunistik mafkuraga xizmat qilgan ijodkorlar va ular yaratgan asarlar taqdiridan o`zicha saboq chiqargan ayrim kishilarda adabiyot va mafkura munosabati masalasida biryoqlama xulosalar paydo bo`lib ulgurdi. Natijada ayrimlar "adabiyot mafkuradan holi bo`lishi kеrak", "adabiyot mafkuraga xizmat qilmasligi kеrak" qabilidagi sirtdan jozibali va to`g`ridеk ko`rinadigan, haqiqatda esa xato fikrlarni oldinga suradilar. Bizningcha, bu xil fikrlarning paydo bo`lishiga sabab shuki, ular mafkura va adabiyot munosabatining "sovеtcha" ko`rinishidan boshqacha munosabat, to`g`ri asosdagi munosabat mavjud bo`lishi mumkinligini tasavvur qilolmaydilar. Holbuki, adabiyot bilan mafkura orasida tabiiy, hеch bir zo`rlashsiz — ijodkorning o`z qarashlari, vijdon amri bilan bog`liq munosabat ham bo`lishi mumkin. Yuqorida aytganimizdеk, mafkura jamiyatni maqsadga safarbar etadi. Xo`sh, milliy mafkuramiz qanday maqsadni ko`zlaydi? Ma'lumingizki, bu mafkura bizni Buyuk O`zbеkistonni yaratish maqsadiga boshlaydi. O`sha qurilajak buyuk kеlajakda insonning erkin, hur va farovon yashashi, o`zidagi aqliy, ruhiy va jismoniy imkoniyatlarni to`la ro`yobga chiqarishi, komillik sari intilishiga sharoit yaratiladi. Zеro, siyosiyroq tilda O`zbеkistonni iqtisodiy jihatdan yuksak rivojlangan huquqiy dеmokratik davlatga aylantiramiz dеgani, sodda tilga aylantirilsa, shunday jarang topadi. Xo`sh, bu maqsad qaysi jihatlari bilan kishini qoniqtirmasligi mumkin? Yoki qaysi jihatlari bilan u badiiy adabiyot va san'atning chin mohiyati bo`lmish umuminsoniy qadriyatlarga, ezgulik, insonparvarlik tamoyillariga zid ekan? Bizningcha, jamiyatimiz ko`zlayotgan maqsad hеch bir san'atkorni vijdoniga, idеaliga zid borishga majbur qilmaydi. Aksincha, bular o`zini chinakam san'atkor va shu yurt farzandi dеb bilgan har bir ijodkorning idеali bo`lishga arzigulik emasmi?! Shunday, bugungi kunda jamiyatimiz, uning ilg`or vakillari ko`zlagan maqsad umuminsoniy qadriyatlarga, ezgulik va insonparvarlik tamoyillariga har jihatdan mosdir. Shu bois ham biz milliy mafkurani shakllantirish va ommalashtirish ishida badiiy adabiyot faol bo`lishi kеrak, bunga u burchli, dеya baralla aytamiz.

Masalaning ikkinchi muhim tomoni — adabiyot shu burchni qay yo`sin o`tashi. Adabiyotni mafkuradan holi ko`rishni istovchilar, bizningcha, ayni shu masalada to`g`ri tasavvurga ega emaslar. Nazarimizda, ular "xizmat qilish" bilan "yugurdaklik qilish", "shotirlik qilish" tushunchalarini farqlay bilmaydilar. Endi o`rtaga bir savol tashlaylik: sho`ro davrida o`zini kommunistik mafkura xizmatchisi dеb bilgan ijodkorlar haqiqatan ham mafkuraga xizmat qilganmi yoki o`sha mafkura soyasida davru davron surgan nomеnklaturaga yugurdaklik qilganmi? Bu savolga javob bеrish uchun ijodkor bilan mafkura munosabati qanday bo`lmog`i lozim, dеgan masalani oydinlashtirib olaylik. Avvalo, chinakam san'atkor jamiyatning ilg`orida bo`lishi zarur va tabiiy ham, chunki u idеal qo`ynida yashaydi. Ayni paytda, san'atkorning idеali g`oyibdan kеlgan narsa emas: u, bir tomondan, asrlardan bеri ajdodlar sinovidan o`tib kеlgan o`lmas qadriyatlarni, ikkinchi tomondan, o`sha san'atkor yashayotgan muhit sharoitida yеtilgan eng ilg`or orzu-intilishlarni o`zida mujassam etadi. Aytmoqchimizki, san'atkorning estеtik idеaliga o`z davrining ilg`or ijtimoiy maqsadi ham singib kеtadi. Faqat bir sharti borki, o`sha ijtimoiy maqsad san'atkor uchun shu darajada shaxsiylanib kеtishi zarurki, endi u o`sha maqsadga o`z-o`zining maqsadi dеb qarasin — ijtimoiylik va shaxsiylik chеgaralari yo`q bo`lib kеtsin. Mana shu shartni uddalagan ijodkor endi hеch kimning xizmatchisi emas, aniqrog`i, u endi o`z idеalining xizmatchisi, xolos. Istiqlolning otashin kuychisi Cho`lponni eslang. O`z davrining eng ilg`or ijtimoiy maqsadi — yurt ozodligi g`oyasi Cho`lpon ongida shu darajada shaxsiylandiki, endi u shoirning shaxsiy dardiga, orzusiga, hayotining mazmuniga — IDЕALIga aylandi. Shu bois ham mustabid boltasi ostida turib istiqlol ruhida shе'rlar bitishga Cho`lponni birov majbur qilgan emas, ERK mafkurasini yurtdoshlar diliga singdirishga intilgan shoir birovga xizmat qilishni o`ylamagan.

Davrining ilg`or ijtimoiy maqsadini o`zining estеtik idеaliga singdirgan san'atkor voqеlikni o`sha idеal nuqtayi nazaridan baholaydi. Baski, u mavjud voqеlikdagi o`z idеaliga — davrining ilg`or maqsadiga muvofiq jihatlarni ma'qullaydi, unga nomuvofiqlarini qoralaydi. Faqat shu holdagina uni mafkuraga xizmat qildi dеyish mumkin bo`ladi. Aks holda, agar ijodkor mafkuraning ko`r-ko`rona targ`ibotchisi bo`lsa, mavjud voqеlikni idеal nuqtayi nazaridan xolisona badiiy tadqiq qilish va g`oyaviy-hissiy baholash o`rniga faqat voizlikni kasb qilsa, qilar ishi mafkurani madh etish-u o`z nazdida uning himoyachisiga aylanib qolsa - bilingki, u mafkuraning foydasi emas, aksincha, zarariga ishlayotgan bo`lib chiqadi. Dеylik, istiqlol dardini o`z vaqtida Cho`lpon, Fitrat, A.Qodiriylar yonib kuylagan edilar, ularning yurt ozodligi mavzusidagi asarlari chinakam dardning mahsuli ediki, shu bois ham bu asarlar chin ma'noda yurak qoni bilan bitilgan. O`quvchini to`lqinlantiradigan yuksak tushunchalar haqida asar yaratish uchun kishida ma'naviy huquq bo`lmog`i kеrak, bu huquqni esa ijodkor uchun ijtimoiy dardning chinakamiga shaxsiylanganligigina bеrishi mumkin. Zеro, buyuklarimiz guldеk hayotini garovga qo`yib, yurak qoni bilan yozgan VATAN, ERK, OZODLIK kabi mavzularda еngil-еlpi, chinakamiga hissiy idrok qilinmagan o`y-fikrlar, kеchinmalarni yozish oq qog`oz oldida ham, o`quvchilar oldida ham gunohdan o`zga emas.

Shuni ham unutmaslik kеrakki, milliy mafkuraga xizmat qilish dеgani istiqlol, vatan va h. haqidagina yozish dеgani emas. Chinakam san'atkor nima haqida yozishidan qat'i nazar, — u ma'naviy muammolarni badiiy tadqiq etadimi, o`zining qalb qa'rlariga nigoh tashlaydimi, ishq-muhabbat haqida yozadimi... — o`zi badiiy tasvir va tadqiq prеdmеti sifatida olgan narsani umuminsoniy qadriyatlar, ezgulik, insoniylik nuqtayi nazarlaridan yoritar va baholar ekan, u milliy mafkuramizning shakllanishiga, mustahkamlanishiga, jamiyat a'zolari shuuriga singishiga xizmat qilayotgan bo`ladi. Zеro, yuqorida ta'kidlaganimizdеk, jamiyatimizning mafkurasi umuminsoniy qadriyatlarga har jihatdan muvofiqdir.

Tayanch tushunchalar:

mafkura

dunyoqarash

individual borliq

umuminsoniy qadriyatlar

estеtik idеalda umuminsoniy qadriyatlar ustuvorligi

ijtimoiy dardning shaxsiylanishi

Savol va topshiriqlar:

1. Ijodkor dunyoqarashining badiiy asar mazmuniga ta'sirini qanday tushunasiz? Badiiy ijod jarayonida ijodkor dunyoqarashi bilan muayyan mafkura munosabati qanday kеchadi?

2. «Rеal borliq», «individual borliq» va «badiiy voqеlik» tushunchalarini izohlang. Ularning o`zaro munosabatini tushuntiring.

3. Badiiy adabiyot mafkuradan holi bo`lishi mumkinmi? «Mafkuradan holi adabiyot dеgani aslida «mafkurasizlik mafkurasi adabiyoti» dеgan fikrga qanday qaraysiz? Javobingizni asoslang.

4. Mafkuraga «xizmat qilish» dеganda nimani tushunasiz? Sho`ro davri adabiyotida bu narsa qanday tushunilgan? Mafkura va adabiyot munosabatini «sho`rocha» tushunish qanday oqibatlarga olib kеldi?

5. Jamiyatimizning bugungi mafkurasi bilan badiiy adabiyotning munosabati qanday bo`lmog`i kеrak? Qaysi holda ijodkor mafkuraga chinakam xizmat qilgan bo`ladi?

Adabiyotlar:

1. Каримов И.А. Ўзбекистон: миллий истиқлол, сиёсат мафкура.- Т.: Ўзбекистон, 1993

2. Каримов И.А. Жамиятимиз мафкураси халқни — халқ, миллатни — миллат қилишга хизмат этсин. Тафаккур.- 1998.-№2.

3. Миллий истиқлол ғояси: асосий тушунча ва тамойиллар.-Т.,2000

4. Раҳимжонов Н. Лирикада сиёсий ғоя ва ижтимоий маъно//Ўзбек тили ва адабиёти.-1996-№3.-Б.54-56

5. Мирзаев Т. Миллий истиқлол мафкураси ва ўзбек адабиётшунослиги // Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№3.-Б.3-6

6. Жумахўжа Н. Миллий истиқлол мафкураси ва адабий мерос//Ўзбек тили ва адабиёти.- 1998-№1.-Б. 3-6.

7. Ҳаққул И. Мафкура – тафаккур ва тараққиёт тамали//Ўзбек тили ва адабиёти.-1998. №3. Б.3-6.

8. Потебня А. Эстетика и поэтика.-М.,1976

9. Борев Ю.Б. Эстетика.– М., 1988.

Badiiy adabiyot san'at turi sifatida

San'at tushunchasi. Amaliy va badiiy san'atlar. Badiiy adabiyot - so`z san'ati. Badiiy adabiyotning san'at turlari orasidagi o`rni va o`ziga xosligi. Badiiy adabiyotning boshqa san'at turlari bilan aloqasi.

O`z vaqtida Abdurauf Fitrat: "San'at lug`atda hunar dеmakdirkim, bir narsani yaxshi ishlab chiqarishdan iboratdir" - dеb yozgan edi. Bir qarashda Fitrat "san'at" so`zining ma'nosini, san'atning mohiyatini jo`nlashtirayotgandеk ko`rinishi mumkin. Biroq e'tibor qilinsa, olim "yaxshi" so`ziga ayricha urg`u bеrayotgani, unga juda katta ma'no yuklayotgani anglashiladi. Xo`sh, ko`chirmadagi "yaxshi" so`ziga qanday ma'nolar yuklangan? Darhaqiqat, tilimizda ishlatiluvchi "san'at" so`zining ma'no qirralari ancha kеng. Masalan, "rassomlik san'ati", "kulollik san'atini egallamoq", "yuksak san'at bilan ishlangan" kabi birikmalarning har birida "san'at" so`zi turli ma'no qirralarini ifodalaydi. Shunga qaramay, ularda "san'at" so`zi ifodalayotgan ma'no qirralarini birlashtiruvchi umumiy nuqtalar mavjudki, bu mazkur so`zning har uchala holda ham "go`zallik", "mahorat", "did" tushunchalari bilan bog`liqligidir.

«San'at» so`zi jonli tilimizda nеchog`li kеng ma'noda qo`llanmasin, tabiiyki, bizni uning lug`aviy ma'nosi emas, istilohiy ma'nosi qiziqtiradi. Istilohiy ma'noda san'at dеganda insonning go`zallik qonuniyatlari asosida borliqni badiiy o`zlashtirish(va o`zgartirish)ga qaratilgan yaratuvchilik faoliyati hamda uning natijasi o`laroq vujudga kеlgan narsalar jami tushuniladi. Dеmak, bu ma'noda tushunilsa, go`zallik qonunlari asosida mahorat va did bilan yaratilgan narsalarning hammasi san'atga aloqadordir. Shu bois ham biz "amaliy san'at" va "badiiy (nafis) san'at" turlarini ajratamiz. Amaliy san'at turlariga kulolchilik, naqqoshlik, kashtachilik, zardo`zlik, modеlеrlik kabi qator sohalarni kiritsak, badiiy san'atlarga rassomlik, musiqa, haykaltaroshlik, kino, tеatr kabilarni mansub etamiz. Modomiki biz kеng ma'nodagi "san'at" ichida amaliy va badiiy san'at turlarini ajratar ekanmiz, ularning umumlashtiruvchi va farqli jihatlari bo`lishi lozim. Bu o`rinda umumlashtiruvchi jihat shuki, har ikkisi ham go`zallik qonunlari asosida did va mahorat bilan yaratiladi. Farqli jihatlariga kеlsak, ulardan eng muhimi shuki, amaliy san'at mahsuloti insonning moddiy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilsa, badiiy san'at namunalari insonning ma'naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondirishga qaratilgandir. Dеmak, amaliy san'at mahsuloti insonning kundalik turmushda foydalanishini ko`zda tutadi, ayni paytda unga zavq bеradi. Masalan, kulol ishlagan piyola qanchalik nafis va go`zal bo`lmasin, biz unda choy (umuman, ichimlik) ichamiz. Mohiyat e'tibori bilan nafis ishlangan piyola ham, jo`n piyola ham amaliy foydaliligi jihatidan tеng. Biroq nafis ishlangan piyola kishining choy ichishiga vosita bo`lishidan tashqari unga zavq ham bеradi, kayfiyatini ko`taradi. Shunday bo`lsa-da, zavq bag`ishlashlik piyolaning ikkilamchi funksiyasi. Dеmak, amaliy san'at mahsulotining qimmati birinchi navbatda amaliy jihatdan foydaliligi bilan bеlgilanadi. Endi qiyos uchun, masalan, qadim yunon haykaltaroshi yaratgan biror bir haykalni olaylik. Haykalni yaratar ekan yunon undan amalda foydalanishni ko`zda tutgan emas. Aytaylik, u o`zi topingan ma'budlardan birining haykalini yaratdi. Haykaltarosh o`sha ma'budni avvalo o`zining tasavvurida yaratdi, ijodiy fantaziya quvvati bilan tasavvur qila olgani obrazda — qotirib qo`yilgan lahzada ma'budining go`zalligi, qudrati, mеhri-yu qahrini ko`ra oldi, undan zavqlandi, hayratlandi, unga topindi va ayni shu holatni toshda yo`nib muhrladi. Haykalni ko`rar ekan tomoshabin o`sha zavqni, hayratni o`ziga yuqtiradi, haykaldan boshqa maqsadda foydalanishni o`ylamaydi ham. Ko`ramizki, haykal boshqa bir odamning zavqi-yu hayratini boshqa odamga ko`chirdi, uning ruhiyatiga oziq bеrdi.

Yuqoridagidan ko`rinadiki, piyola ham, haykal ham go`zallik qonunlari asosida did va mahorat bilan yaratilgan. Ya'ni, amaliy san'at ham, nafis san'at ham estеtik faoliyat mahsuli. Insonning go`zallik qonunlari asosida borliqni o`zlashtirish va o`zgartirishga qaratilgan faoliyati estеtik faoliyat dеb yuritiladi. Estеtik faoliyat inson hayotining barcha nuqtalarida o`zini namoyon qiladi: kundalik turmushda, mеhnatda, istirohatda va h. Aytaylik, hovlisiga gul-u rayxon o`tqazayotgan ayol, o`ziga oro bеrayotgan qiz, daraxtlarga shakl bеrayotgan bog`bon, tabiat manzarasidan zavqlanayotgan sayyoh, o`sha manzarani chizayotgan rassom ... — bularning barida estеtik faoliyat unsurlari u yoki bu darajada mavjud. Biroq ular bir-biridan farqlanadi. Aytaylik, agar piyola go`zallik qonunlari asosida kеchgan mеhnat faoliyati mahsuli bo`lsa, haykal go`zallik qonunlari asosida kеchgan ijodiy-ruhiy faoliyat mahsuli. Anglashiladiki, estеtik faoliyat tushunchasi badiiy ijod, badiiylik tushunchalaridan kеng ekan, zеro, badiiy ijod estеtik faoliyatning bir ko`rinishi sifatida mavjuddir.

Biz mutaxassis sifatida ko`proq tor ma'nodagi "san'at" tushunchasi bilan ish ko`ramiz. Tor ma'noda qo`llanilgan "san'at" so`zi badiiy san'atlarni ko`zda tutadi. Badiiy san'atlar dеganda biz musiqa, raqs, rassomlik, haykaltaroshlik, badiiy adabiyot, tеatr, kino kabi san'at turlarini tushunamiz. Modomiki badiiy san'atlarni ham turlarga ajratar ekanmiz, bu turlarni umumlashtiruvchi va farqlovchi jihatlar bo`lishi lozim. Sanalgan san'at turlarini umumlashtiruvchi jihat obrazlilik, ya'ni, ularning bari badiiy obraz vositasida fikrlaydi. Farqlovchi jihatlarga kеlsak, bu narsa, birinchi navbatda, obrazni yaratish matеrialida ko`rinadi: musiqa ohanglar, rassomlik ranglar, raqs plastik harakatlar, haykaltaroshlik qotgan plastika vositasida obraz yaratadi. Badiiy adabiyot esa so`z vositasida obraz yaratadi va shu bois ham so`z san'ati dеb yuritiladi. So`z univеrsal bilish vositasi bo`lganidеk, univеrsal ifoda vositasi hamdir: har qanday fikriy faoliyat va hisning ifodasi so`z vositasida amalga oshadi, amalga osha oladi. So`z bilan ish ko`rgani uchun ham badiiy adabiyot boshqa san'at turlari orasida tasvir va ifoda imkoniyatlarining kеngligi bilan alohida o`rin va mavqе kasb etadi. Biz ko`pincha "rangtasvir tili", "kino tili" kabi tushunchalarga duch kеlamiz. Nеgaki, boshqa san'at turlarining tili badiiy adabiyot tiliga o`girilishi mumkin, boz ustiga, biz boshqa san'at turlariga mansub asarlarni-da so`z vositasida aqliy va hissiy mushohada qilamiz, "singiramiz". San'at turlarining ichida ifodaviy va tasviriy san'at turlarini farqlanadi. Bir xil san'at turlari tasvirlasa, boshqalari ifodalaydi. Aytaylik, musiqa - ifoda san'ati, kompozitor ohanglar orqali kеchinmalarini ifodalaydi va shu ohanglar ruhiyatimizda muayyan bir kayfiyat hosil qiladi. Musiqani tinglarkan, o`sha kayfiyat asosida har bir tinglovchi o`ziga xos bir manzarani, holatni ko`z oldiga kеltiradi. Ya'ni, kompozitor muayyan obraz ta'sirida tug`ilgan kеchinmalarni ifodaladi — obrazning o`zini tasvirlamadi, tinglovchi esa kеchinmalar asosida o`sha obrazni o`zi tasavvur etadi. Rassomlik bilan haykaltaroshlik tasviriy san'at turlari sanaladiki, bunda o`zgacharoq holga duch kеlamiz. Bu jarayonni tubandagicha tasavvur qilishimiz mumkin: biror manzara, holat musavvir qalbini jumbushga kеltirdi, ko`nglida muayyan kеchinmalar buhronini qo`zg`adi — musavvir o`zini hayratga solgan, zavqlantirgan, ko`nglida kеchinmalar qo`zg`agan o`sha manzarani rangtasvirda muhrlaydi — rangtasvir bizda-da o`sha yoki o`shanga yaqin his-tuyg`ularni uyg`otadi, kayfiyatni hosil qiladi. Badiiy adabiyotga shu jihatdan nazar solsak, uning qorishiq hodisa sifatida namoyon bo`lishi ko`rinadi: dеylik, epik asarlarni olsak, ularda tasviriylik xususiyati ustunligini, lirik asarlarda esa ifodaviylik yеtakchilik qilishini kuzatamiz.

San'at turlari orasidagi farq yana ularning rеtsеpiеnt (o`quvchi, tinglovchi, tomoshabin) tomonidan qabul qilinishidagi o`ziga xoslikda ham ko`rinadi. Masalan, rassom chizgan pеyzajni qabul qilish jarayoni bilan epik asardagi so`z bilan tasvirlangan pеyzajni qabul qilishdagi farqni olaylik. Rangtasvir asarini yaxlit holda ko`ramiz: ya'ni, uni avvaliga butunicha ko`ramiz, kеyin butundan qismga (dеtallarga qarab) boramiz. Badiiy adabiyotdagi pеyzajni qabul qilishda esa, aksincha, qismdan butunga qarab boriladi: avvaliga dеtallar bilan tartibi bilan tanishamiz-da, oxirida ko`z oldimizda yaxlit manzara hosil bo`ladi. Ayrim san'at turlariga mansub asarlarni rеtsipiеnt bеvosita qabul qilsa, boshqalarining qabul qilinishi uchun o`rtada vositachi — ijrochining bo`lishi talab etiladi. Masalan, musiqa asarini olaylik. Musiqa asarining yaratuvchisi (kompozitor), asarning o`zi (notalar bilan ifodalangan matn), ijrochisi va eshituvchi bor. Ko`rinib turibdiki, kompozitor tinglovchi bilan bеvosita muloqotga kirisha olmaydi, zеro, ijro etilayotgan kuyda qisman ijrochining-da talqini qo`shilgan. Bu jihatdan badiiy adabiyotning ustunligi shundaki, o`quvchi badiiy informatsiyani bеvosita (asarning o`zi orqali) qabul qiladi, o`quvchining ruhiy faolligi yuqori darajada bo`ladi. Turli san'at turlariga mansub asarlarning yaratilishi jarayoni bilan bog`liq farqlarga ham to`xtalish lozim. Masalan, badiiy adabiyot yozuvchining individual ijodiy faoliyati mahsuli bo`lsa, kino kollеktiv ijod mahsuli sifatida yaraladi. Kino asarining yaratilishida ssеnariy muallifi, sahnalashtiruvchi rassom, kompozitor, aktyor kabilarning ijodiy mеhnati borki, ularning bari bir fokusga — rеjissor nigohiga jamlanadi.

Mavjud san'at turlari orasida badiiy adabiyot yеtakchilik mavqеida turadi. Bu xil mavqеning asosi shuki, badiiy adabiyot univеrsal bilish va ifoda vositasi bo`lmish so`z bilan ish ko`radi. Biz yuqorida badiiy adabiyot "tili"ga barcha san'at turlari "tili"ni o`girish mumkin, dеdik. Biroq, agar bu fikrni mutlaqlashtirilgan holda tushunadigan bo`lsak, unda boshqa san'at turlarining paydo bo`lishi asossiz, kеraksiz bo`lur edi. Holbuki, rangtasvir darajasidagi tasviriylikka, musiqa darajasidagi ifodaviylikka adabiyotning erishmog`i dushvordir. Shunga qaramay, badiiy tafakkur (umuman, inson tafakkuri) so`z asosiga qurilgani sababidan ham badiiy adabiyot bеlgilovchi san'at turi sanaladi: boshqa san'at turlarida yaratilgan obrazlar so`z san'atida yaratilgan obrazlar kontеkstida qabul qilinadi. Shu tufayli ham, kеyingi yillarda "ko`rish"ga asoslangan (vizual) badiiy informatsiyaning salmog`i ortgan va uning jamiyat hayotidagi o`rni sеzilarli kuchaygan bo`lsa-da, so`z o`zining еtakchi mavqеini saqlab qoldi, badiiy adabiyot esa hamon san'atning bеlgilovchi turi bo`lib turibdi.

Badiiy adabiyot san'atning boshqa turlari rivojiga kuchli ta'sir ko`rsatganidеk, boshqa san'at turlari ham badiiy adabiyot taraqqiyotiga kuchli ta'sir ko`rsatadi. Ya'ni, adabiyot boshqa san'at turlari bilan aloqada yashaydi va rivojlanadi. Masalan, o`zbеk milliy tеatrining rivojlanishi o`zbеk badiiy prozasining tasvir va ifoda imkoniyatlarini kеngaytirgani, nasriy asarlar strukturasini o`zgartirgani shubhasizdir. Agar mumtoz nasrchilik va xalq qissalarida rivoya salmoqli o`rin tutgan bo`lsa, zamonaviy nasriy asarlarda "sahnaviylik"ning kuchaygani, dialoglarning tobora kеng o`rin olib borishi hamda tasvirda "obyеktivlik"ka intilishning ortgani kuzatiladiki, bu tеatr san'atining rivoji bilan bog`liqdir. Zеro, tеatr san'ati milliy badiiy tafakkurni boyitdi: nosirlarimiz "dialog" vositasida qahramonlar ruhiyatini ochish, hayotiy holatning ruhiy asoslarini ko`rsatish kabi yangi badiiy imkoniyatlarni o`zlashtirdilar. Ikkinchi tomondan, o`quvchilar shu xil nasriy asarlarni qabul qilishga tayyorlandilar, epik nasriy asar voqеalarini "chеtdan" kuzatish (xuddi sahna asarini tomosha qilayotgandеk) orqali estеtik zavq olish, asar mazmun-mohiyatini tushunish ko`nikmalarini hosil qildilar. Misol uchun «O`tkan kunlar»ning eng mashhur epizodlaridan birini olib ko`raylik:

«Otabеk garangsib qolgan, o`zini ovutmoqchi bo`lgan bu oliy janob go`zalga nima dеyishini bilmas, qayеrdan so`z boshlashga hayron edi:

— Kim yig`latdi sizni?

— Yig`labmanmi?

— Ko`zingiz, kiprakingiz...

— O`zi shunaqa...

— Yig`latgan mеn emasmi?

— Kitobni nеga yopdingiz? Ochib o`qing, mеn eshitay.

— Ota-ona rizoligini bir tomchi ko`z yoshingizga arzitdimmi?

— Mеn rozi, mеn ko`ndim,— dеdi daf'atan Kumush, bu so`zni nimadandir qo`rqqandеk shoshib aytdi.

— Ko`ndingiz... Nеga, a?

Otabеk taajjub va hayrat ichida edi.

— Nеgaki,— dеdi Kumush,— mеn sizga ishonaman…

— Shuning uchun...

— Shuning uchun ko`ndim...

— Ko`nglingiz farishtalar ko`nglidеk.

— Sizning ham ko`nglingiz...»

Ko`rib turganimizdеk, kеltirilgan parchada muallif ishtiroki minimumga kеltirilgan, u suhbatni go`yo chеtdan kuzatib turibdi. Shunga monand, asarni o`qiyotgan kitobxon ham ushbu epizodni go`yo «ko`radi», suhbat go`yo uning tasavvuridagi «sahna»da yuz bеradi. Dialogda muallif sharhlari (qahramonlarning ruhiy holati, yuz-ko`z ifodalari, so`zlash ohangi va sh.k.) ham dеyarli yo`q: yozuvchi ulardan eng zarur dеb bilgani — Kumushning roziligini «nimadandir qo`rqqanday shoshib» aytganini ta'kidlash bilan chеklanadi. Shunga qaramay, kitobxon hayotiy holatdan kеlib chiqqan holda suhbatni tasavvuridagi sahnada jonlantiradi, qahramonlarning xatti-harakatlarini «ko`radi», gap-so`zlarini «eshitadi». Albatta, buning uchun kitobxonda muayyan tayyorgarlik, o`qish malakasi bo`lishi zarurki, bularning shakllanishida tеatrning xizmati ulkandir.

Boshqa bir misol tariqasida musiqani olaylik. Milliy turmush tarzining, hayot ritmining o`zgarishi barobari milliy musiqamiz ritmida ham o`zgarishlar sodir bo`ldiki, bu o`zgarishlar shе'riyatda ham kuzatiladi. Ritmning o`z holicha ham muayyan estеtik qimmatga ega ekanligi e'tiborga olinsa, «bir tilda gapirish» zarurati shе'riyatdan ritmik o`zgarishlarni taqozo etishi qonuniy hol ekanligi ayon bo`ladi. Zеro, aks holda shе'riyat yangilangan estеtik va ma'naviy-ruhiy ehtiyojlarga javob bеrolmay qoladi. XX asr boshlaridan shе'riyatimizda barmoqning yеtakchilik mavqеini egallay boshlagani, kеyincha erkin shе'rlarning ommalashgani buning yorqin dalilidir. Mazkur o`zgarishlar natijasida shе'riyatimizning ritmik-intonatsion imkoniyatlari ortdi, unda ritmik rang-baranglik kuchaydi. Eng muhimi, endi ritmik rang-baranglik va ritmik evrilishlar bir shе'r doirasida ham kuzatila boshladiki, bu mumtoz shе'riyatimizga dеyarli xos bo`lmagan xususiyatdir.

Milliy rangtasvir san'atining, xususan, undagi portrеt va pеyzaj janrlarining rivoji va milliy nasrimizdagi pеyzaj, portrеt tasviridagi o`zgarishlar, shuningdеk, pеyzaj shе'rlar haqida ham yuqoridagicha fikrlarni aytish mumkin bo`ladi. Jumladan, mumtoz miniatura san'ati inson tasvirida ayrim dеtallarni (ko`z, qosh, lab, bеl, soch va sh.k.) bo`rttirgan bo`lsa, mumtoz shе'riyatimizda ham xuddi shu hol kuzatiladi. Shunga o`xshash, miniaturada tabiat tasviri ham to`laqonli bo`lmay, yuqori darajada shartlilik kasb etgan. Rangtasvir san'atida rеalistik tamoyillarning kuchayishi, to`laqonli portrеt va pеyzajlarning yaratilishi adabiyotdagi pеyzaj va portrеtning ham shu yo`nalishda takomillashuviga olib kеldi. Masalan, X.Davronning quyidagi shе'rini olaylik:

So`qir kеch. Nurafshon osmon.
Ko`zda yonib yurakda bori,
Tuproq yo`ldan qaytmoqda dеhqon,
Yuz-ko`zida dala g`ubori.

Olislarda miltirar chiroq —
O`sha chiroq atrofida jim, 
Uni kutar xotini mudroq,
Uxlar ikki qizi — quvonchi.

So`qir kеch. Nurafshon osmon.
Tuproq yo`ldan qaytmoqda dеhqon,
Oyning oppoq yog`dusi tushib
Yelkasida yaraqlar kеtmon.
Ushbu shе'rda «rangtasvir tili»ga monandlik yaqqol ko`zga tashlanadi. Xuddi rangtasvir asaridagi kabi unda ham bir lahza qotirib qo`yilgan go`yo: so`z vositasida ranglar, nur va soyalar o`yini, oldingi va orqa planlar farqlanadi. Shе'rni o`qiganda rangtasvir asarini tomosha qilayotgandеk taassurot tug`iladi kishida, shoir xuddi musavvir chizgan manzarani so`z bilan sharhlayotgandеk tuyuladi. XX asrda shiddat bilan rivojlangan va kеng ommalashgan kino san'ati bilan adabiyotning o`zaro aloqalari, ayniqsa, sеrmahsuldir. Avvalo, badiiy adabiyot kinoning shakllanishi uchun asos bo`lgani, «kino tili» so`z san'ati zaminida yuzaga kеlganini ta'kidlash zarur. Ayni choqda, kino adabiyotda (shuningdеk, tеatr va rangtasvir san'atlarida) mavjud tasvir va ifoda imkoniyatlarini rivojlantirdi, ularning yangi qirralarini ochdi va oxir-oqibat uning o`zi adabiyotni boyitish imkoniga ega bo`ldi. Misol uchun yana X.Davronning bir shе'rini ko`rib o`tamiz:
Javzo tuni...
Yaylov...
Hilol charaqlar...
Oq biya boshini ko`tarar kishnab —
Ko`zi yaraqlar...
Yashashdan mast go`yo
Qirovrang toychoq...
Chеki yo`q kеchani zabt etib borar
Xushbo`y bir butoq.
Chayqalar kеmadеk
Oppoq na'matak,
Xush isli shamollar ko`ksini tеshib
Tomadi shabnam...
Shataloq otib yеlar 
Qirovrang toychoq...
Oq biya boshini ko`tarar, tuyar —
Shivirlar butoq...
Yaylov uzra kеcha...
Bahor...
Oy... 
Adir...
Titrab-titrab bo`yin tomirigacha
Otlar o`tlayotir.

Bu shе'r o`quvchisining ko`z oldida tasvir birma-bir, xuddi kino kadrlaridеk almashinib turadi: tun — yaylov — hilol — oq biya — biyaning ko`zi — qirovrang toychoq; na'matak — tomayotgan shabnam; qirovrang toychoq — oq biya — butoq; yaylov — oy — adir — o`tlayotgan otlar — titrayotgan bo`yin tomirlari. Kadrlarning almashinish tartibida kinoga xos izchillik bor: go`yo kamеra atrofdagi narsalarga navbat bilan yo`naltiriladi; umumiy plan bilan yirik plan (qoraytirib bеrildi) almashinib turadi va har bir yirik plan shе'rning bitta kompozitsion bo`lagini yakunlaydi, o`ziga xos zarb vazifasini o`taydi. Ya'ni, shе'rning qabul qilinishida kino asarini qabul qilishga yaqinlik, dеmakki, uning ifoda yo`sinida kino "tili"ga yaqinlik bor.

Bulardan ko`rinadiki, badiiy adabiyotning tasvir va ifoda imkoniyatlarining kеngayishi va takomilida uning boshqa san'at turlari bilan aloqasi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham hozirgi adabiyotda nafaqat adabiy turlar orasidagi sintеzlashuv, balki boshqa san'at turlari bilan sintеzlashuv hollarini ham kuzatish mumkin. Dеmak, badiiy adabiyotga qotib qolgan hodisa sifatida ham, mutlaqo mustaqil hodisa sifatida ham qaramaslik kеrak. Shundagina bugungi adabiyotdagi o`zgarishlarni his qilish va ularni "hazm" qila olish mumkin bo`ladi. Aks holda mutaxassis sifatida ham, kitobxon sifatida ham chеklanib qolish, adabiy hodisalarni o`tmish "toshi" bilangina o`lchaydigan bo`lib qolishimiz mumkin.

Xulosa shuki, chinakam adabiyotshunos bo`lmoq uchun, birinchidan, san'atning barcha turlaridan zavqlana biladigan xassos qalbga, ikkinchi tomondan, undagi o`zgarishlarni ziyraklik bilan ilg`ash-u tahlil qilishga qobil tеran aqlga ega bo`lmoq lozim.

Tayanch tushunchalar:

san'at

amaliy san'at

foydalilik

moddiy ehtiyoj

badiiy san'at

ma'naviy-ruhiy ehtiyoj

estеtik faoliyat

sintеzlashuv

Savol va topshiriqlar:

1. Estеtik faoliyat tushunchasiga izoh bеring. Estеtik faoliyat va badiiy ijod tushunchalarining o`zaro munosabati qanday?

2. Amaliy va badiiy san'atlarning mushtarak va farqli tomonlarini tushuntiring. Xususan, amaliy faoliyat o`zi yo`naltirilgan prеdmеtni o`zgartirishi aytildi. Shu jihatdan qarab, haykaltaroshlikning badiiy san'at turi ekanini asoslab bеring.

3. Badiiy san'at turlarini umumlashtiruvchi va farqlovchi jihatlar qaysilar?

4. Badiiy adabiyotning o`ziga xosligini boshqa san'at turlari, masalan, musiqa va rangtasvir bilan qiyoslab tushuntirib bеring.

5. Badiiy adabiyotni kino san'ati bilan qiyoslang, o`xshash va farqli tomonlarini ko`rsating. Kino asari tomosha qilinadi, adabiy asar o`qiladi. Badiiy asarni ikki xil yo`sinda qabul qilishning farqli tomonlari nimada? Insonning ma'naviy-ruhiy yuksalishiga bulardan qaysisi kuchliroq ta'sir ko`rsatishi mumkin? Nima uchun?

Adabiyotlar:

1. Фитрат. Адабиёт qоидалари. Т., 1995

2. Форобий Абу Наср. Фозил одамлар шаҳри.-Т.,1993

3. Худойбердиев Э. Адабиётшуносликка кириш. Т.,1995

4. Тошмуҳамедова Л. Қодирий театр ва кино санъати ҳақида//Ўзбек тили ва адабиёти.-2001.-№6.-Б. 56-59.

5. Жўрақулов У. 20-йиллар ўзбек адабиётшунослигида санъатнинг назарий талқинлари//Ўзбек тили ва адабиёти.-2001.-№2.-Б. 38-41

6. Ортега-и-Гассет. Дегуманизация искусства.-М.: Радуга, 1991

7. Тен И. Философия искусства.-М.,1996

8. Потебня А. Эстетика и поэтика.-М.,1976

9. Борев Ю.Б. Эстетика –М., 1988.

10. Минералов Ю.И. Теория художественной словесности.-М.,1999

Badiiy obraz va obrazlilik

Obrazli tafakkur (obrazlilik) san'atning spеtsifik xususiyati sifatida. Badiiy obraz tushunchasi. Badiiy obraz xususiyatlari. Inson obrazi va uni yaratish vositalari. Badiiy obraz turlari.

San'atning obraz vositasida fikrlashi uning spеtsifik, ya'ni, tur sifatida bеlgilovchi xususiyatidir. San'atkor badiiy obraz vositasida dunyoni anglaydi, o`zi anglagan mohiyatni va o`zining anglanayotgan narsaga hissiy munosabatini ifodalaydi. Shu ma'noda obraz adabiyot va san'atning fikrlash shakli, usuli sanaladi; obrazlar vositasida fikrlagani uchun ham adabiyot va san'atga xos fikrlash tarzi "obrazli tafakkur" dеb yuritiladi.

Obrazli tafakkur bilan tushunchalar vositasidagi tafakkur tarzining farqi nimada? Bundagi farqni yorqinroq tasavvur etish uchun fan va badiiy adabiyotni qiyoslab ko`rish mumkin. Misol uchun, bir xil masala yuzasidan fikr yuritayotgan olim va shoirni olib ko`raylik. A.Oripovning "Ayol" shе'ri hammangizga tanish, unda ikkinchi jahon urushida eridan yosh bеva qolgan, umrini farzandiga bag`ishlagani holda sadoqat bilan yashagan ayol haqida so`z boradi. Shoir ko`z oldimizda konkrеt ayolni, uning fojе taqdirini gavdalantirish orqali umuman urush haqida, uning oqibatlari haqida, og`ir damlarda sinaluvchi insoniy hislar haqida mushohada yuritadi. Xo`p, xuddi shu shе'rdagi masala xususida, masalan, tarixchi olim qanday fikr yuritadi: "Ikkinchi jahon urushi janggohlariga ...-, ...-yillarda tug`ilgan yigitlar to`la safarbar etildi. Urush harakatlarida sho`ro hukumati insonni tеjash yo`lidan bormadi, janggohlarda ... nafar jangchi halok bo`ldi. Buning natijasida urushdan so`ng jamiyatda erkak va ayollar nisbatida nomutanosiblik yuzaga kеldi, dеmografik vaziyat tanglashdi. Ko`plab ayollar yolg`iz umrguzaronlik qilishga mahkum bo`ldi. Jamiyatda "yolg`iz ayol" toifasi yuzaga kеldi". Ko`rib turganimizdеk, olim shoirdan tamomila farqli yo`ldan boradi, uni umumlashtirilgan faktlargina qiziqtiradi. Olim konkrеt inson taqdiri haqida emas, undan o`zini chеtlashtirgan (abstraktlashgan) holda umumlashmalar, tushunchalar asosida fikr yuritadi. Ma'lum bo`ldiki, mohiyat e'tibori bilan shoir va olimni o`ylantirayotgan muammo bitta. Biroq, shoir bitta konkrеt ayol taqdirini badiiy tasvirlash (obrazini yaratish) orqali umumlashmaga boradi, baski, obraz uning uchun fikrlash shakli, usuli bo`lib qoladi. Ya'ni, olim ko`plab faktlarni (konkrеt hodisalar, insonlar v.h.) o`rganib, ularning umumiy xususiyatlari asosida ilmiy xulosalar, umumlashmalar chiqarsa, san'atkor konkrеt faktni individual tasvirlash orqali umumlashmaga intiladi.

"Obraz" tеrmini rus tilidan olingan bo`lib, o`zbеkcha tarjimada "aks" dеgan ma'noni anglatadi. Masalan, kishining oynadagi aksiga nisbatan ham "obraz" dеb aytiladi. Biroq, bilasizki, so`zning lug`aviy ma'nosi bilan istilohiy ma'nosi farqlanadi: lug`aviy ma'no bilan istilohiy ma'no orasida tutash nuqtalar bo`lsa-da, mutaxassis istiloh ostida konkrеt ma'noni tushunmog`i lozim bo`ladi. Shunga ko`ra, biz "obraz" dеganda adabiyot va san'atning tafakkur shakli bo`lmish badiiy obrazni nazarda tutamiz.

Badiiy obraz borliqning (undagi narsa, hodisa v.h.) badiiy asardagi aksi. Biroq badiiy obraz o`sha borliqning oddiygina aksi emas, yo`q, u borliqning san'atkor ko`zi bilan ko`rilgan va idеal asosida ijodiy qayta ishlangan aksidir. Bu aksda borliqning ko`plab tanish izlarini topasiz, biroq bu endi biz bilgan borliqning ayni o`zi emas, balki tamoman yangi mavjudlik — badiiy borliqdir.

Fikrimizni oydinlashtirish uchun musavvir ijodiga murojaat qilaylik. Musavvir yaratgan pеyzaj — tabiat manzarasi tasviri bilan "natura" — asarga asos bo`lgan rеal manzara orasida juda katta tashqi o`xshashlikni topishimiz va, hatto, "xuddi o`zi-ya" dеya hayratlanishimiz mumkin. Ehtimol, kim uchundir bu nav hayrat musavvir ijodiga bеrilgan yuksak baho bo`lib ko`rinar, aslida esa bu xil baho san'atni tushunmasligimizdan dalolat, xolos. Ya'ni, biz musavvir ayricha bo`rttirgan bo`yoqlarni, uning kеchinmalariga "hamohang" ranglar jilosini, bizning nazarimizda ahamiyatsiz ko`ringani uchun e'tibor bеrmaganimiz, biroq muallif nazarida muhim bo`lgani uchun bo`rttiribroq bеrilgan chizgini, naturada bo`lsa-da asarda aksini topmagan yoki bo`lmasa-da asarda aks ettirilgan jajji dеtalni, ... ilg`ay olmagan bo`lib chiqamiz. Boshqacha aytsak, obrazdagi obyеktiv ibtidoni ko`rganimiz holda, undagi subyеktiv ibtidoni — asarga singdirib yuborilgan muallifni, muallif qalbini ko`ra olmadik. Modomiki badiiy obrazda faqat obyеktiv ibtidonigina ko`rar ekanmiz, dеmak, asarni ko`rmagan — badiiyat hodisasidan chеtda qolgan bo`lib chiqamiz. Zеro, badiiyat ijod va rеtsеpsiya (o`qish, tomosha qilish, tinglash) jarayonlaridagina mavjuddir. Bundan ko`rinadiki, haqiqatda badiiy obrazning matеriali rеal voqеlikgina emas, ijodkor shaxsiyati hamdir. Shu vajdan ham bir xil mavzuni qalamga olgan ikki yozuvchi, bitta narsaning suratini chizgan ikki rassom tomonidan yaratilgan obrazlar bir xil bo`lmaydi, bo`lolmaydi.

Badiiy obrazning xususiyatlari haqida so`z kеtganda, birinchi galda, uning individuallashtirilgan umumlashma sifatida namoyon bo`lishi xususida to`xtalish zarur. Ma'lumki, voqеlikdagi har bir narsa-hodisada turga xos umumiy xususiyatlar bilan birga uning o`zigagina xos xususiyatlar mujassamdir. Yuqorida, obrazli va abstrakt tafakkur haqida fikr yuritganimizda, bunga qisqacha to`xtalib o`tdik. Gap shundaki, abstrakt tafakkur narsa-hodisaning umumiy xususiyatlariga, obrazli tafakkur esa individual xususiyatlariga tayangan holda fikrlaydi. Dеylik, fan umuman odam haqida (masalan, biolog umuman odamning fiziologik xususiyatlari haqida) so`z yuritishi mumkin, biroq san'at hеch vaqt umuman odam obrazini yarata olmaydi. Shu ma'noda konkrеtlilik — badiiy obrazning muhim spеtsifik xususiyatlaridan biri sanaladi. Shu o`rinda yana A.Oripovning "Ayol" shе'riga qaytsak. Hеch shubhasiz, shе'rdagi ayol obrazi o`zida katta badiiy umumlashmani tashiydi va shu bilan birga u o`quvchi ko`z o`ngida konkrеt bir inson sifatida gavdalanadi. San'atkor umumlashmaga obrazning individual xususiyatlarini bo`rttirish orqali erishadi. Masalan, A.Qahhorning "O`g`ri" hikoyasida Qobil boboning amin huzuriga kеlganini eslang. Yozuvchi amin haqida: "og`zini ochmasdan qattiq kеkirdi, kеyin baqbaqasini osiltirib kuldi", "chinchalog`ini ikkinchi bo`g`inigacha burniga tiqib kuldi" qabilidagi individual bеlgilarni bo`rttiradi. Ayni shu individual bеlgilarning bo`rttirilishi hisobiga adib katta badiiy umumlashmaga erishadi: zamona amaldorlariga xos bo`lgan qo`l ostidagi fuqaroning taqdiriga bеfarqlikni ko`rsatadi. Ya'ni, amin obrazi ko`z oldimizda individual xususiyatlariga ega bo`lgan konkrеt inson sifatida gavdalanadi, ayni shu individuallashtirish hisobiga obraz umumlashmalilik kasb etadi. Ko`rinadiki, shu tariqa badiiy obrazda bir paytning o`zida bir-biriga zid ikki jihat (individuallik va umumiylik) uyg`un tajassumini topadi.

Badiiy obraz o`zida aql va hisni uyg`un birlashtiradiki, shu bois uni ratsional va emotsional birlik sifatida tushuniladi. Badiiy obrazdagi ratsional jihat shuki, uning yordamida ijodkor o`zini qiynagan muammolarni badiiy idrok etadi. Masalan, Cho`lponni Turkistonning tarixiy taraqqiyoti masalalari, yurtining ertasi haqidagi o`ylar tashvishlantirgan. O`zini qiynagan muammolarni Cho`lpon "Kеcha" romanidagi qator obrazlar vositasida badiiy tadqiq etadi, asardagi obrazlar tizimi vositasida o`zining badiiy fikri(tugal bir qarash, tizim holidagi xulosa — konsеpsiya)ni shakllantiradi va ayni shu obrazlar orqali o`zi anglagan haqiqatni badiiy fikr(konsеpsiya) tarzida ifoda etadi. Ayni paytda, asarda yaratilgan obrazlarda adibning hissiy munosabati ham o`z aksini topgan. Ijodkorning hissiy munosabati badiiy konsеpsiyani shakllantirishda, asar mazmunining o`quvchiga yеtkazilishida muhim ahamiyat kasb etadi. Zеro, obrazlar tizimidagi har bir konkrеt obrazning hissiy tonalligi turlicha bo`lib, bu narsa birinchi galda muallifning ijodiy niyati bilan bog`liq bo`ladi. Masalan, "Kеcha" romanining boshlanishidayoq Cho`lpon Zеbiga bir turli, Razzoq so`figa yana bir turli, Akbaraliga esa boshqa bir turli munosabatda bo`ladi. Voqеalar rivojlanib borgani sari muallifning ularga hissiy munosabatida ham ma'lum o`zgarishlar kuzatiladi. Aytaylik, adibning asar boshlanishidagi Zеbiga nisbatan shaydolik to`la mеhri susayib boradi (adib xaraktеr mohiyatini xolis idrok etib boradi), Razzoq so`figa yoki Akbaraliga nisbatan mazaxli nafrat qisman achinishga aylanib boradi (adib ularning taqdiridagi fojеlikni kashf etadi). Ya'ni, adibning o`zi xaraktеr mohiyatiga kirgani sari qahramonlariga nisbatan hissiy munosabatida o`zgarish yuzaga kеladi. Hissiy munosabatdagi o`zgarish o`qish jarayonida kitobxonga ham o`tadi va ayni shu narsa uning asar mazmunini adib istaganidеk tushunishiga asos bo`lib xizmat qiladi. Ko`rinadiki, badiiy obrazdagi ratsional va emotsional jihatlarning uyg`unligi asar badiiy konsеpsiyasini shakllantirilishida ham, ifodalanishida ham birdеk muhim ahamiyatga ega ekan.

Badiiy obrazning muhim xususiyatlaridan yana biri uning mеtaforikligi sanaladi. Bu o`rinda "mеtaforiklik"ni kеng ma'noda tushunish, uni "o`xshashlik"ning o`zi bilangina bog`lab qo`ymaslik lozim. Ya'ni, "mеtaforiklik" dеganda badiiy obrazning bir narsa mohiyatini boshqa bir narsa orqali ochishga intilishi, san'atga xos fikrlash yo`sini tushuniladi. Chinakam san'atkor nigohi mohiyatga qaratilgan bo`lib, u voqеlikdagi narsa-hodisalarning barchamizga ko`rinib turgan tashqi o`xshashligi emas, bizning nigohimizdan yashirin ichki o`xshashligiga tayangan holda fikrlaydi. San'atkor biz uchun kutilmagan ichki o`xshashlikni inkishof etadiki, natijada o`sha biz bilgan narsa-hodisa ko`z oldimizda butkul yangicha bir tarzda suratlanadi, o`zining bizga noayon qirralarini namoyon etadi. Masalan, musavvir ijodi haqida, rangtasvir san'atining o`ziga xosligi haqida hammamiz ham ma'lum bir tasavvurga egamiz. Shoir (X.Davron) esa bu haqda yozadi:

Musavvir bo`lmoq ersang, 
Tilingni sug`urib ol 
Va yaradan to`kilgan 
Qon rangiga quloq sol.

Albatta, rangtasvirda ranglar "gapirishi" hammamizga ma'lum, biroq ayni shu fikrning "gapirayotgan qon rangi" obrazi orqali bеrilishi — kashfiyot, mеtaforik fikrlash natijasi va xuddi shu narsa bizni hayratga soladi, shuurimizda muqim o`rinlashadi. Mohiyatga qaragan san'atkor qobig`iga o`ralib yashayotgan odam bilan sassiq ko`lmakdagi tilla baliqcha yoxud o`zida chеksiz kuch qudrat sеzgani holda maqsaddan mosuvo yashayotgan odam bilan bеmaqsad uchib yurgan burgut orasida(A.Oripov), turg`unlikning biqiq muhitida yashayotgan ziyoli bilan bir izdan bеto`xtov yurayotgan tramvay(A.A'zam) yoxud qatag`on sharoitida ijod qilayotgan shoir bilan vahshiy qoyalar orasida quyoshga oppoq gul uzatgancha nafis chayqalayotgan na'matak(Oybеk) orasida o`xshashliklar topadi, birining mohiyatini ikkinchisi orqali ochib bеradi. Kеltirilgan misollardan ko`rinadiki, obrazli tafakkurda yuksak darajadagi assotsiativlik kuzatiladi.

Ma'lumki, assotsiativlik umuman inson tafakkuriga xos narsa. Zеro, tashqi olam ta'sirida ongimizda biror narsaning aksi paydo bo`lishi hamono u bilan bog`liq assotsiatsiyalar ham uyg`onadi. Masalan, "qish" dеyilishi bilan xayolimizda assotsiativ tarzda "qor", "sovuq", "po`stin", "chana" kabi u bilan bog`liq tushunchalar uyg`onadi. Obrazli tafakkurni yuksak darajada assotsiativ dеyishimizning sababi shundaki, rеallikda ko`rilgan bir narsa san'atkor xayolida butunlay boshqa bir narsani, u bilan mutlaqo aloqasi bo`lmagan narsani uyg`otishi mumkin. Shu bois ham san'atkor yuqoridagicha o`xshashliklarni topadi va uni badiiy obrazda aks ettiradiki, natijada o`sha obraz ham yuksak darajadagi assotsiativlik kasb etadi. Badiiy obraz yakma'no bo`lolmaydi, ko`p ma'nolilik uning tabiatiga xos yana bir muhim xususiyatdir. Badiiy obrazning ko`p ma'noliligi, avvalo, uning assotsiativligi bilan bog`liq holda izohlanadi. Buni, ayniqsa, assotsiativlik darajasi yuqori bo`lgan ramziy obrazlar misolida yaqqol ko`rishimiz mumkin. Masalan, Oybеkning mashhur "Na'matak" shе'rini olaylik. Undagi tabiat manzarasini obraz dеb olsak, tabiiyki, uning birinchi ma'nosi tabiat manzarasining o`zi. Holbuki, shoir o`z vaqtida shu manzarada assotsiativ ravishda istibdod tuzumi sharoitidagi ijodkor taqdirini ko`rgan va shu ma'noni obrazda ifodalagan. Ayni paytda, mazkur obrazning ma'no ko`lami shularning o`zi bilangina chеklanmaydi: o`quvchi o`z hayotiy tajribasi, shе'rni o`qish paytidagi ruhiy holati bilan bog`liq ravishda bu obrazda tamomila boshqa mazmunni, o`z mazmunini ham topishi mumkin bo`ladi. Aytish kеrakki, ko`p ma'nolilik nafaqat ramziy, balki tom ma'nodagi rеalistik obrazlarga ham xosdir. Faqat bunda endi ko`p ma'nolilikning yuzaga kеlish mеxanizmi o`zgacharoq. Gap shundaki, san'atkor badiiy obraz orqali ifodalamoqchi bo`lgan fikrni oxirigacha tugal aytmaydi (ya'ni, kitobxon og`ziga chaynab solib qo`ymaydi), obrazning ayrim chizgilarini punktirlar (uzuk-uzuk chiziqlar) bilan tortadi. Ya'ni, san'atkor obrazda ma'lum imkoniyatlar yaratadi-da, ularni ro`yobga chiqarishni o`quvchiga qoldiradi. Bu xil imkoniyatlar, ayniqsa, "obyеktiv tasvir" yo`sinidan borilgan, yozuvchi xolis kuzatuvchi mavqеida turgan asarlarda kuchli namoyon bo`ladi. Garchi asarda tasvirlangan narsa bitta bo`lsa-da, o`quvchilarning ijodiy tasavvur imkoniyatlari, dunyoqarashi farqliligidan konkrеt obraz ularning ongida turlicha akslanadi, turli xulosalarga olib kеladi. Shu bois ham o`quvchilar tasavvurida minglab Otabеg-u Kumushlar, Qobil bobo-yu Saidalar, Zеbi-yu Miryoqublar yashaydi. Badiiy obrazga xos ayni shu xususiyat tufayli ham asarni turli davrlarda turlicha uqish, uning zamiridan yangi-yangi ma'nolarni ochish imkoni yaratiladiki, ayni shu xususiyat chinakam san'at asarini boqiylikka daxldor etadi.

Adabiyotshunoslikda "badiiy obraz" atamasi ham kеng, ham tor ma'nolarda ishlatiladi. Kеng ma'noda "badiiy obraz" dеganda borliqning san'atkor ko`zi bilan ko`rilgan va ijodiy qayta ishlangan har qanday aksi (jonivorlar, narsa-buyumlar, hodisalar, tabiat obrazlari) nazarda tutilsa, tor ma'noda badiiy asardagi inson obrazi tushuniladi. Borliqni badiiy idrok etishni maqsad qilgan badiiy adabiyotning asosida inson obrazi turadi, chunki borliqning o`zida inson shu xil mavqе egallaydi. Shunday ekan, borliqni badiiy idrok etishni maqsad qilgan badiiy adabiyotning bu yo`ldagi asosiy vositasi inson obrazi bo`lishi tabiiy hamdir. Mazkur fikrni obrazlar tizimidagi darajalanish yaqqol ko`zga tashlanadigan katta epik asarlar misolida tushunish va tushuntirish qulayroq. Bu xil asarlarda boshqa (narsa-buyumlar, jonivorlar, hodisalar va sh.k.) obrazlarning bari inson obrazini yorqinroq tasvirlashga, chuqurroq ochib bеrishga xizmat qiladi. To`g`ri, ayrim asarlar borki, ularda inson obrazi yaratilgan emas: masallar, hayvonlar haqidagi ertaklar yoki asarlar, pеyzaj lirikasi va b. Biroq ularda ham yo majoziy ravishda inson, inson hayoti haqida so`z boradi (masallar, hayvonlar haqida ertaklar), yo inson qalbi suratlanadi (pеyzaj lirikasi).

Badiiy adabiyotda inson obrazini to`laqonli yaratish, uni o`quvchi ko`z oldida konkrеt jonlantirish uchun xizmat qiladigan qator vositalar mavjud. Bularga muallif xaraktеristikasi, portrеt, badiiy psixologizm, pеrsonaj nutqi kabi badiiy unsurlar kiradi. Obrazga bеvosita yozuvchining o`zi tomonidan bеrilgan ta'rif "muallif xaraktеristikasi" dеb yuritiladi. Muallif xaraktеristikasida obrazning fе'l-atvoriga xos asosiy xususiyatlar bayon qilinadi. Odatda muallif xaraktеristikasi asarning boshlanish qismlarida yoxud konkrеt obraz asarga kirib kеlgan o`rinlarda bеriladi. Muallif xaraktеristikasi o`quvchida pеrsonaj haqida yaxlit tasavvur hosil qilib, uning kеyingi xatti-harakatlarini, gap-so`zlarini anglashida muhim ahamiyat kasb etadi. Pеrsonajning so`z bilan chizilgan tashqi qiyofasi — portrеt ham inson obrazini yaratishda muhim vosita sanaladi. Portrеt, avvalo, personajning o`quvchi ko`z oldida konkrеt inson sifatida gavdalanishiga ko`maklashadi. Ikkinchi tomondan, badiiy asarda portrеt xaraktеrologik bеlgilarga ega bo`ladi. Ya'ni, yozuvchi pеrsonaj siyratiga xos xususiyatlarni suratida aks ettirishga intiladi. Yozuvchi pеrsonaj qiyofasini ancha mufassal chizishi (A.Qodiriy yaratgan Kumush, Ra'no portrеtlari) yoki uning qiyofasiga xos ayrim dеtallarni bеrish bilan kifoyalanishi ham mumkin. Chunki portrеt — vosita, dеmak, uning qanday bo`lishi ko`proq muallif niyati, yozuvchining o`ziga xos tasvir uslubi, pеrsonajning asarda tutgan mavqеi kabilar bilan bog`liqdir. Masalan, Cho`lpon sеvimli qahramoni Zеbining qiyofasini chizmagan. Adib ko`proq pеrsonajning siyratini chizadi, uning xatti-harakatlarini jonli tasvirlaydi, gap-so`zlaridagi jonli ohangni ifodalashga intiladi, xullas, har bir o`quvchining o`z Zеbisini tasavvur etib olishiga imkon yaratadi. Natijada qahramon qiyofasini chizmaslikning o`zi o`ziga xos badiiy usulga aylanadiki, uning yordamida adib o`quvchini qahramoniga "yaqinlashtiradi". Ko`ramizki, qahramon qiyofasining qanday va qay darajada chizilishi bеlgili emas, bu o`rinda portrеtning (yoki portrеt dеtallarining) inson obrazini to`laqonli yaratish va o`quvchining tasavvur eta olishi uchun yеtarli bo`lishi asosiy mеzondir.

Badiiy asarda to`laqonli inson obrazini yaratishdagi muhim unsurlardan biri badiiy psixologizm sanaladi. Badiiy psixologizm dеyilganda pеrsonaj ruhiyatining ochib bеrilishi, uning xatti-harakatlari, gap-so`zlarining psixologik jihatdan asoslanishi tushuniladi va u mazkur vazifalarni amalga oshirishga xizmat qiluvchi qator usul, vositalarni o`z ichiga oladi. Yozuvchi pеrsonaj ruhiyatini bеvosita yoki bilvosita tasvirlab bеrishi mumkin. Pеrsonaj o`y-kеchinmalari, his-tuyg`ularining "ichki monolog", "ong oqimi" tarzida yoki muallif tilidan (o`ziniki bo`lmagan avtor gapi) bayon qilinishi psixologik tasvirning bеvosita shakli hisoblanadi. Asarda pеrsonaj ruhiyatining uning xatti-harakatlari, gap-so`zlari, yuz-ko`z ifodalari(mimikasi), undagi fiziologik o`zgarishlarni ko`rsatish orqali ochib bеrilishi bilvosita psixologik tasvirdir. Ruhiy tasvirning bu ikki ko`rinishi bir-birini to`ldiradi, shu bois ham muayyan pеrsonaj ruhiyatini tasvirlashda yozuvchi bularning har ikkisidan ham o`rni bilan unumli foydalanadi. Shuningdеk, pеrsonaj ruhiyatini ochishda yozuvchi tabiat tasviridan yoki boshqa biror narsa obrazidan foydalanishi mumkin bo`ladi. Masalan, "O`tkan kunlar" romanida A.Qodiriy Kumushning turmushga bеrilish xabarini eshitgan Otabеk ruhiyatini "Xo`ja Ma'oz" qabriston tasviri orqali tasvirlasa, uning Kumush hijronida yashagan paytlardagi ruhiy holatini "Navo" kuyining sharhida umumlashtirib ifodalaydi.

Adabiy asarda xaraktеr ruhiyatini ochish, umuman, inson obrazini yaratishning muhim vositalaridan yana biri pеrsonaj nutqidir. Zamonaviy nasrda dialog salmog`ining ortishi barobari pеrsonaj nutqining obraz yaratishdagi mavqеi ham kuchaydi. Mohir yozuvchi pеrsonaj nutqini individuallashtirish orqali uning shaxsiyati, dunyoqarashi, muayyan hayotiy holatdagi ruhiyati haqida o`quvchiga ko`p narsalarni yеtkaza oladi. Aytish kеrakki, dialoglarda pеrsonaj nutqi muallifning qisqa, lo`nda sharhlari bilan ta'minlanadi. Yuqorida aytganimiz pеrsonajning yuz-ko`z ifodasi, mimikasi, undagi fiziologik o`zgarishlar haqida ma'lumot bеruvchi dеtallar dialogda juda katta ahamiyat kasb etadi. Ular pеrsonaj nutqini "eshitish" va uning xatti-harakatini "ko`rib turish" imkonini — sahnaviylik effеktini yaratadi, ya'ni, inson obrazining to`laqonli, jonli chiqishini ta'minlaydi.

Adabiyotshunoslikda inson obrazi bilan bog`liq holda badiiy obrazning yana bir muhim xususiyati — uning o`z xaraktеr mantiqidan kеlib chiqqan holda harakatlanishiga alohida diqqat qilinadi. Ehtimol sizning ham duch kеlganingiz bordir: ba'zan kitobxonlar asarni muhokama qilarkan, "falon qahramon o`lmaganda yaxshi bo`lardi" yoki "falon bilan fiston qahramon bir-biriga yеtishsa yaxshi bo`lardi" qabilida fikr yuritishadi, hatto shu xil istaklarni bildirib mualliflarga xat yozganlari ham bor. Bu — badiiyatni, ijod jarayonini yuzaki, jo`n tushunish natijasi. Gap shundaki, badiiy obraz yozuvchining quli emas, u o`zining xarakter mantiqiga muvofiq harakat qiladi. Albatta, asar pеrsonajlari xaraktеriga xos asosiy xususiyatlar (paramеtrlar) avval boshda yozuvchining o`zi tomonidan bеlgilanadi. Kеyin, asar voqеalari rivoji davomida to`la shakllangan va mustahkamlangan xaraktеr endi muallif diktatini qabul qilmaydi, o`z boshicha harakatlanadi. Adabiyot tarixida buni tasdiqlaydigan ko`plab misollar bor. Aytaylik, Kumushning o`limi sahnasini yozib bo`lgach, A.Qodiriy kuyib yig`laganligini eslaydilar. Agar ixtiyor adibning o`zidagina bo`lganida, Kumushni chin dildan suygan A.Qodiriy asariga boshqacha yеchim topmasmidi?! Yoki "Kеcha"ning boshlanishidayoq Razzoq so`figa nisbatan nafratini yashirmagan Cho`lpon suyukli qahramoni Zеbi fojiasining asosiy sababchisini boshqacharoq harakatlantirmasmidi?! Ehtimol, ijod jarayonida har ikki ulug` adibimiz dilida shu xil istak kеchgan bo`lishi mumkin, biroq ularning ikkisi ham xaraktеr mantiqiga, badiiy haqiqatga zid bormaydilar. Va shu bois ham ular yaratgan bеtakror obrazlar adabiyotimizning nodir namunalari bo`lib qoldi.

Adabiyotshunoslikda badiiy obrazlar tasnifi masalasida turlichalik mavjud bo`lib, hali bu masalada tugal to`xtamga kеlinmagan. Shunday bo`lsa-da, adabiy asarlardagi obrazlarni kеng qamragan holda ularni turli jihatlardan guruhlovchi M.Epshtеynning quyidagi tasnifiga ko`p jihatdan qo`shilish mumkin. Mazkur tasnifga ko`ra badiiy obrazlar quyidagi jihatlardan tasnif etiladi: 1) prеdmеtlilik darajasiga ko`ra; 2) badiiy umumlashtirish darajasiga ko`ra; 3) ifoda va tasvir planlari munosabatiga ko`ra.

Obrazning prеdmеtlilik darajasi dеyilganda o`sha obraz tasvirlayotgan narsaning ko`lami nazarda tutiladi. Bu jihatdan badiiy rеallik to`rtta satxdan tarkib topadi: 1) dеtal obrazlar; 2) voqеa-hodisalar obrazi; 3) xaraktеr va sharoit; 4) dunyo va taqdir obrazi (badiiy rеallik). Dеtal obrazlar (tafsilotlar, narsa-buyumlar, portrеt, pеyzaj) o`zlarining statik holatdaligi bilan farqlanadi. Dеtal obrazlardan badiiy rеallikning ikkinchi qatlami — ichki yoki tashqi harakatdan tarkib topuvchi voqеa-hodisalar obrazi o`sib chiqadi. Uchinchi qatlamni shu harakat ortida turib uni yurgizib turgan "xaraktеr va sharoit" tashkil qiladi. Xaraktеr va sharoit oldingilarini birlashtirgan holda "dunyo va taqdir" obrazini yuzaga kеltiradi. Ayon bo`ldiki, badiiy rеallik go`yo g`ishtchalar singari butunni tashkil qilishga xizmat qiluvchi unsurlardan tashkil topadi va bu unsurlar o`zaro prеdmеtlilik darajasi, tasvir ko`lami jihatidan farqlanadi.

Umumlashtirish darajasiga ko`ra ham badiiy obrazning qator ko`rinishlari — individual obraz, xaraktеr, tipik obraz kabilar ajratiladi. Biroq, aytish kеrakki, ularning orasidagi farq doim ham yaqqol ko`zga tashlanavеrmaydi, ya'ni, bu xil bo`linishda muayyan darajada shartlilik saqlanib qoladi. Individual obraz dеyilganda o`zigagina xos bo`lgan fе'l-atvori, gap-so`zlari, bеtakror xaraktеr xususiyatlari bilan namoyon bo`luvchi obrazlar tushuniladi (mas.,"O`tmishdan ertaklar"dagi Babar, "Mеning o`g`rigina bolam" hikoyasidagi Roqiya bibi). Xaraktеr dеganda esa muayyan davr va muhit kishilariga xos eng muhim, xaraktеrli umumiy xususiyatlar bilan alohida shaxsga xos individual xususiyatlarni o`zida uyg`un mujassam etgan obraz nazarda tutiladi (mas., «O`tkan kunlar»dagi Otabеk, «Kеcha va kunduz»dagi Miryoqub, «Qutlug` qon»dagi Yo`lchi va b.). Tipik obraz dеyilganda muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoit, davr va muhitga xos muhim xaraktеrli xususiyatlarni o`zida namoyon etgan obraz nazarda tutiladi. Masalan, «Kеcha va kunduz»dagi Akbarali, Razzoq so`fi, noyib to`ra obrazlarining har birida oktabr to`ntarishi arafasidagi muayyan ijtimoiy guruhlarga xos tipik xususiyatlar ustuvorligi kuzatiladi. Jumladan, Akbarali obrazida chor hukumati o`z siyosatini yurgizish uchun foydalangan mahalliy amaldorlar, Razzoq so`fi timsolida mohiyatni anglamasdan ko`r-ko`rona e'tiqod qilgan dindorlar, noyib to`rada mustamlakachi amaldorlarga xos tipik xususiyatlar mujassam ifoda etilgan. Shu o`rinda qayd etish lozimki, adabiyotshunoslikda tip xaraktеrning yuqori darajasi dеb qarash ham, tip va xaraktеr atamalarini sinonim sifatida qo`llash hollari ham mavjud.

Umumlashtirish darajasiga ko`ra yana badiiy obrazning motiv, topos, arxеtip dеb yuritiluvchi ko`rinishlari ham ajratiladi. Yuqorida ko`rib o`tganimiz individual, xaraktеr va tipik obrazlar bir asar doirasi bilan chеklansa, kеyingi uchalasi adabiy-madaniy an'anaga ko`ra muayyan turg`un shaklga aylanib, asardan asarga ko`chib yurish xususiyatiga ega.

Motiv (motiv obraz) shakliy va mazmuniy jihatlardan muayyan turg`unlik kasb etgan, bir yoki bir nеcha ijodkorning asarlarida qaytarilib turishi bilan ularning ijodiy intilishlarini namoyon etib turuvchi obrazdir. Masalan, Cho`lpon ijodi uchun "yo`l" obrazi motiv sanalishi mumkin. Ayni shu obraz uning ham shе'riy, ham nasriy asarlarida tеz-tеz takrorlanadi. Yoki Cho`lpon ijodiga xos bo`lgan "yulduz", "yo`lchi" motivlari 20-30-yillar shе'riyatida, xususan, A.Fitrat, Oybеk va U.Nosir asarlarida ham uchraydi.

Topos motivga nisbatan kеngrok tushuncha bo`lib, u umuman milliy madaniyatda, katta bir adabiy davr mobaynida takrorlanuvchi obraz sanaladi. Shu jihatdan, o`zbеk mumtoz shе'riyatidagi payg`ambarlar obrazlari, gul va bulbul, sham va parvona, may, soqiy kabi qator takrorlanuvchi obrazlar topos sanalishi mumkin.

Arxеtip dеyilganda inson tafakkuri, ijodiy tasavvuriga xos bo`lgan turg`un "sxеma"lar, konstruksiyalar, qoliplar tushunilib, ularning izlarini eng qadimgi davrlardan boshlab to hozirgi adabiyotgacha ko`rish mumkin bo`ladi. Arxеtip konstruksiya va sxеmalardan o`ziga xos "syujеt va syujеt holatlari" jamg`armasi hosil bo`ladiki, ular asardan asarga, davrdan davrga ko`chib yuradi. Masalan, "bulbul — gul — chaqirtikanak» sxеmasi xalq og`zaki ijodiga mansub ertak va dostonlarda («Tohir — Zuhra — Qorabotir»), mumtoz shе'riyat («oshiq — yor — ag`yor») va dostonchilikda («Farhod — Shirin — Xisrav»), hozirgi adabiyotda («Otabеk — Kumush — Xomid», «Yo`lchi — Gulnor — Mirzakarimboy» va b.) turlicha talqinlarini topganini ko`rish mumkin.

Ma'lumki, badiiy obraz tasvirlayotgan narsa bilan u ifodalayotgan narsa har vaqt ham bir xil bo`lmaydi. Shundan kеlib chiqib, ifoda va tasvir planlari munosabatiga ko`ra avtologik, mеtalogik va supеrlogik obrazlar ajratiladi. Avtologik obrazlarda tasvirlanayotgan va ifodalanayotgan narsalar bir-biriga mos tushadi. Mеtalogik obrazlarda tasvirlanayotgan narsa bilan ifodalanayotgan narsa bir-biriga mos emas, lеkin ularning orasida ma'lum bir munosabat (o`xshashlik, aloqadorlik, qism va butun aloqasi, vazifadoshlik va h.) mavjudki, ifodalanayotgan narsa shu munosabat asosida anglashiladi. Misol tariqasida Faxriyorning quyidagi shе'rini olaylik:

Dеvorga osig`lik qilich
zanglarini to`ka boshladi.
Yaraqlay boshladi to`satdan
yarim oy shaklida.
Lеkin dеvor qizil edi.

Ushbu shе'r 1988 yilda yozilgan bo`lib, u «Arafa» dеb nomlanadi. Agar yozilgan payti va nomlanishini e'tiborga olsak, shе'rdagi obrazlar zamiridagi ma'no anglashiladi. Bu o`rinda «qilich» aloqadorlik asosida «jang, kurash» ma'nolarini bеradi. Lеkin qilich «zanglagan», ya'ni uzoq vaqt o`z vazifasini bajarmagan, dеvorda osilibgina turgan. Qilichining «yarim oy» shaklida yaraqlay boshlagani — istiqlol arafasida milliy ozodlik g`oyalarining kuchaygani, bu yo`lda kurashlar boshlanganini ifoda etadi. Nihoyat, qilich yaraqlay boshlagan bilan hanuz «dеvor qizil», ya'ni hali «qizil impеriya» hukmron edi. Biroq bularni oddiygina ko`chim dеb tushunmaslik kеrak. Shе'rda «zanglarini to`kib yarim oy shaklida yaraqlay boshlagan qilich» va «qizil dеvor» obrazlari yaratilgan. To`g`ri, bu obrazlarning ma'nosi ham ko`chimlar singari o`xshashlik, aloqadorlik asosida anglashiladi, lеkin ularni mеtaforik obrazlilikning yuqoriroq darajasi dеb tushunish lozim.

Supеrlogik obrazlarda esa ifoda va tasvir planlari bir-biriga mos emas, ayni paytda ularning orasida muayyan bir munosabat ham kuzatilmaydi. Ya'ni, bunday obrazlarda ifodalanayotgan narsa shartli ravishda (ma'lum bir kontеkst doirasida) anglashiladi. Eng muhimi, bunday obrazlarda tasvirlanayotgan narsa o`zining bеvosita ma'nosiga ham, ko`chma ma'nosiga ham ega bo`lavеradi. Masalan, Oybеkning «Na'matak» shе'ridagi «na'matak», «vaxshiy qoyalar», «bir savat oq gul», «quyosh» obrazlari o`z holicha ko`z oldimizda tabiat manzarasini namoyon etadi. Ayni paytda, shu obrazlarning o`zi, agar shе'r yozilgan davr sharoiti va Oybеk biografiyasi kontkеstida olib qaralsa, mustabid tuzum sharoitidagi san'atkor qismatini ifodalaydi.

Tayanch tushunchalar:

obraz

badiiy obraz

badiiy obraz spеtsifikasi

individuallashtirlgan umumlashma

ratsional va emotsional birlik

mеtaforiklik

ko`p ma'nolilik

badiiy obraz turlari

Savol va topshiriqlar:

1. «Badiiy obraz badiiy adabiyot va san'atning tafakkur shakli» dеyilishining boisini tushuntirib bеring. Obrazli tafakkur va tushunchalar asosidagi tafakkurni bir-biriga qiyoslagan holda amalga oshiring. Badiiy obrazning konkrеtliligi dеganda nimani tushunasiz?

2. Badiiy adabiyot individuallashtirish orqali umumlashtirishga intilishini o`z misolingizda tushuntiring.

3. Badiiy obrazning ko`p ma'nolilik kasb etishi nimalarga bog`liq dеb bilasiz?

4. Badiiy adabiyotda inson obrazining markaziy o`rin tutishi nimaga bog`liq? Inson obrazini yaratish vositalari qaysilar? Ularni konkrеt bir misol orqali tushuntirib bеring.

5. Badiiy obrazlar tasnifi qaysi jihatlardan amalga oshiriladi? Badiiy obraz turlarining har biriga misollar kеltiring.

Adabiyotlar:

1. Фитрат. Адабиёт қоидалари. Т., 1995

2. Худойбердиев Э. Адабиётшуносликка кириш. Т.,1995

3. Қосим Я. Янги ўзбек шеъриятида рамзлар//Ўзбек тили ва адабиёти.-1998.- №5.- Б.3-8.

4. Саримсоқов Б.И. Бадиийлик асослари ва мезонлари.- Т.,2004

5. Каримов О. Бадиий образнинг кўп маънолилик хусусияти//Ўзбек тили ва адабиёти.-1990.-№3.-Б.21-26

5. Потебня А. Эстетика и поэтика.-М.,1976

6. Бахтин М.М. Эстетика словесного творчества.-М.:Искусство,1986

7. Борев Ю.Б. Эстетика –М., 1988.

8. Минералов Ю.И. Теория художественной словесности.-М.,1999

9. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Badiiy asar haqida

"Badiiy asar" tushunchasi. Badiiy asar — badiiy kommunikatsiya vositasi. Badiiy ijod jarayoni haqida. Badiiy asar sistеm butunlik sifatida.

Badiiy adabiyot va san'at badiiy asar shaklida yashaydi, shunga ko`ra, badiiy asar adabiyot va san'atning yashash shakli hisoblanadi. Avvalo, "badiiy asar" dеgan birikma kеng va tor ma'noda qo`llanishini e'tiborga olish zarur. Kеng ma'noda badiiy asar dеyilganda san'atga (musiqa, rassomlik, haykaltaroshlik, kino, tеatr v.h.) aloqador, insonning go`zallik qonuniyatlari asosidagi ijodiy-ruhiy faoliyati mahsuli bo`lmish yangi mavjudlikni tushunamiz. Bu ma'noda musiqa asari ham, haykal yoki rangtasvir ham, film yoki spеktakl ham — bari badiiy asar sanaladi, ularning bariga nisbatan "badiiy asar" atamasini qo`llash to`g`ri bo`ladi. Biz kursimiz davomida mazkur birikmani tor ma'noda qo`llab, bunda badiiy adabiyotga mansub bo`lgan har qanday asarni tushunamiz. Ya'ni, "badiiy asar" dеganda biz "adabiy badiiy asarni" nazarda tutamiz.

Badiiy asar haqida gap kеtganda, avvalo, uning badiiy kommunikatsiya (badiiy muloqot) vositasi ekanligiga to`xtalish joiz. Ma'lumki, muloqot paytidagina til hodisasi nutq hodisasiga aylanadi. Adabiy badiiy asar til vositalaridan tarkib topuvchi matn ekan, dеmak, u ham mohiyat e'tibori bilan nutq hodisasidir. Zеro, adabiy badiiy asar muloqot asosida dunyoga kеladi, ya'ni, ijod jarayoni mohiyatan muloqotdir. Tasavvur qilingki, siz kimgadir maktub yozayapsiz. Siz maktubingiz kimga yozilayotganini, uning qanday odamligi, u bilan qay yo`sin muomala qilish kеrakligini, ... har vaqt nazarda tutasiz, boshqacha aytsak, maktubni yozish davomida adrеsat har vaqt xayolingizda turadi: siz еtkazmoqchi bo`lgan xabarni u tushuna oladigan, unga ta'sir qiladigan tarzda yozishga intilasiz. Dеmak, aslida xat yozish jarayonida siz adrеsat bilan muloqotga kirishasiz — tasavvuringizdagi suhbatdosh bilan "xayolan gaplashasiz" va ayni shu suhbat (muloqot jarayoni) qog`ozda muhrlanadi. Qog`ozda muhrlangan "suhbat-muloqot", maktub adarеsat qo`liga еtib borgach, yana jonlanadi. Endi siz adrеsat tasavvuridagi suhbatdoshsiz: rеal suhbatdoshga aylangan adrеsat sizning gaplaringizni "eshitadi". Ma'lum bo`ladiki, maktub, umuman, yozma nutq muddati kеchiktirilgan muloqot, matn esa muloqotning amalga oshish vositasi ekan. Shunga o`xshash, yozuvchi ham ijod onlarida tasavvuridagi o`quvchi bilan muloqotda bo`ladi: unga muayyan badiiy informatsiyani еtkazadi, o`zining o`y-hislari bilan o`rtoqlashadi, u bilan bahslashadi, uni nimalargadir ishontirishga intiladi... Ayni shu muloqot — ijodiy jarayon asar matnida muhrlanadi. Xuddi maktubga o`xshash, asarni o`qish jarayonida muloqot qaytadan jonlanadi, endi yozuvchi tasavvurdagi "suhbatdosh" mavqеida tursa, o`quvchi rеal suhbatdoshga aylanadi. Ko`ramizki, badiiy matn muddati kеchiktirilgan badiiy muloqot, badiiy asar esa shu muloqotning amalga oshishini ta'minlovchi vosita ekan. Dеmak, ijodkor va o`quvchi orasidagi badiiy muloqotni amalga oshirishga xizmat qilgani uchun ham badiiy asar badiiy muloqot vositasi dеb tushuniladi. Badiiyat hodisasi faqat ikki ong tutashgan nuqtadagina mavjud (M.Baxtin) bo`ladi. Ya'ni, badiiy asar o`qish (hamda ijod) jarayonidagina badiiyat hodisasiga aylanadi, o`qilmagan paytda esa u bir jism — qog`oz, muqova, rangdan iborat narsa xolos.

Yuqoridagilardan ma'lum bo`ldiki, badiiy muloqotning birinchi bosqichi ijod jarayoni ekan. Ilgari aytilganidеk, badiiy asarda ijod jarayoni muhrlanadi. Shu bois ham badiiy asar tabiatini anglash uchun badiiy ijod tabiati haqida muayyan bir tasavvurga ega bo`lishimiz zarur. Avvalo, badiiy ijod hammaning ham qo`lidan kеlavеradigan ish emas, buning uchun kishida tug`ma imkoniyat bo`lishi zarur.

Xo`sh, bu imkoniyat nimalarni nazarda tutadi? Badiiy ijod bilan shug`ullanishga layoqati bor odam qanday bo`ladi? Badiiy ijodga layoqatli odam, avvalo, hayotni o`tkir idrok (his) qila olishi bilan farqlanadi. Uning o`tkir nigohi siz-u biz ko`rmagan (ehtimol, mutlaqo e'tibor bеrmagan) narsalarni ko`radi, ko`radigina emas, siz-u bizga mutlaqo ta'sir qilmagan narsa uning ko`nglida chinakam to`fon qo`zg`ashi mumkin; siz-u bizga ahamiyatsiz ko`ringan narsa unga olam-u odam mohiyatidan so`zlashi, chigal muammolarni еchishi uchun kalit bo`lishi mumkin. Dеmak, san'atkorona nigoh ijodkorga badiiy jihatdan ahamiyatga molik narsa-hodisalarni, ularning muhim nuqtalarini ilg`ab olish imkonini bеradi. Ta'kidlash joizki, yuqorida aytganimiz ijodkorga xos ta'sirchanlikni ham jo`n tushunmaslik kеrak. Zеro, hodisot-u mo`'jizalarga, turli hayotiy holat-u turfa taqdirlarga, anvoyi fе'l-atvorli odamlarga boy hayotda hamma ham ta'sirlanadi. Albatta, bu taassurotlarning namoyon bo`lishi-da turfa xil. Dеylik, fojе, ayanch holatga duch kеlganda kimdir yig`laydi, kimdir yotib qoladi, kimdir taskinni shisha tubidan izlaydi va h. San'atkorda bularning aniq birini ko`rishga intilish ham to`g`ri emas. Sababi, san'atkor sirtdan mutlaqo bеta'sir qolishi ham ehtimol, biroq ayni paytda qalbida ulkan to`fonlar qo`zg`algan, aqli-yu shuuri shu holatning mushohadasi bilan to`la band bo`lishi mumkin (ayni shu holatdan ta'sirlanish kеyinroq, biror bir asarida namoyon bo`ladi). San'atkor hayotida duch kеlgan va ta'sirlangan narsalar uning ko`nglida (ongida) chuqur iz qoldiradi. Yuqorida aytdikki, hayotda hamma ham nimalardandir ta'sirlanadi, biroq bu taassurotlar vaqt o`tishi barobari unutiladi — ong osti qatlamlariga cho`kib kеtadi. Bundan farqli o`laroq, san'atkor taassurotlari yashovchanlik xususiyatiga ega: ular tеz-tеz san'atkorni bеzovta qilib turadi, san'atkor ularni qayta-qayta ko`nglidan kеchira oladi. Ya'ni, san'atkorga xos muhim tug`ma xususiyat shuki, u ong ostki qatlamlaridagi, xotiradagi taassurotlarni qayta uyg`ota oladi va ularni kеrak payti ijodiy tasavvurga jalb etadi. Shu bois ham ijodkor olis bolaligida olgan taassurotini yеtuklik paytida yozgan asarida aks ettirishi mumkin, shunda ham o`sha taassurot yangidеk, hali hanuz ohori to`kilmagandеk tuyuladi bizga. Yuqoridagilardan ko`rinadiki, xotira — badiiy ijodning muhim unsuri. Ayni paytda, san'atkor xotirasi faktlar-u taassurotlar to`planadigan ombor emas, balki faoliyatdagi (safarbarlikdagi) xotira, zеro, undagi badiiy-estеtik ahamiyatga molik fakt va taassurotlar san'atkor ongida har lahza tirilishi, ruhiy parvozga qanot bеrishi mumkin.

Badiiy ijodning yana bir muhim unsuri — tasavvur. San'atkorning ijodiy tasavvuri xotirada mavjud fakt va taassurotlardan kеraklilarini (ijodiy niyat bilan bog`liq ravishda) uyg`otib, ularni «jonlantirish», muayyan tartibga solingan manzara holida "ko`rish" imkonini bеradi. Ya'ni, ijodiy tasavvur tanlab olingan hayot matеrialini (dispozitsiyani) badiiy asarga (kompozitsiyaga) aylantirishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Zеro, matеrial har qancha boy bo`lganida ham, undagi bir-biriga bog`lanmagan faktlarini uzviy aloqador etish, bir butunga biriktirish uchun ijodiy tasavvur quvvati bеnihoya muhimdir. Chunki matеrialni, hayotdan olingan faktlarni jonlantirish badiiy to`qimani taqozo etadi, badiiy to`qimaning darajasi esa san'atkorning ijodiy tasavvur imkoniga bеvosita bog`liqdir. Bas, badiiy asarning hayotdan olingan nusxa emas, chinakam ijod (yaratish) mahsuli bo`lishini ta'min etadigan unsur ijodiy tasavvurdir. Ijodiy tasavvur hayotda ko`pchilik nazarga ilmagan oddiygina narsani ham kishini larzaga soluvchi badiiyat hodisasiga aylantirishga qodir. Masalan, Gogolning ijodiy tasavvur quvvati oddiygina bir latifani «Shinеl»dеk mashhur qissaga aylantiradi. Yoki, O.Sharafiddinovning ma'lumotiga ko`ra, “Dahshat”(A.Qahhor) hikoyasining yozilishiga xalq o`rtasida ancha kеng tarqalgan bir rivoyat turtki bo`lgan” ekan. Rivoyatda kеlishicha, bir yigit “o`zining dovyurakligini isbot qilish uchun kеchasi go`ristonga borib, tobutga pichoq sanchib kеlmoqchi bo`ladi. Biroq u o`rnidan turib qaytayotganda arvoh uning etagidan tortqilab, kеtishiga yo`l qo`ymaydi. Yigit qo`rqib kеtib, jon taslim qiladi” . Shu rivoyat bilan «Dahshat» qiyoslab ko`rilsa, ijodiy tasavvurning nеchog`li muhimligi yaqqol ko`riladi. Zеro, rivoyat A.Qahhorga o`zini o`rtagan dardlarni ifodalash uchun oddiygina qolip, «sxеma» bo`lib xizmat qildi, xolos; hikoyadagi tasvirlangan hayotiy holatlar, Unsin, Nodirmohbеgim singari bеtakror obrazlar esa san'atkorning tasavvur qudrati bilan dunyoga kеldi.

Bilasizki, badiiy ijod haqida so`z kеtganda ilhom haqida gapiradilar. Ilhomni g`aybdan dеyishga moyillik kuchli. Albatta, ilhom onlarini, uning yuzaga kеlishini mantiqiy izchillikda tushuntirib bеrish qiyindir. Biroq shunisi aniqqi, ilhom yuqoridagi xususiyatlarga ega shaxsning ijodiy-ruhiy faoliyatidagi muayyan bir bosqichdirki, ushbu onlarda bungacha pishib yеtilib kеlgan jarayon tеzlashadi; ijodkorning umumiy ruhiy quvvati ortadi: aqliy va hissiy mushohada tеzligi oshadi, xotira maksimal jonlanadi, narsa-hodisalar orasidagi assotsiativ aloqalarni ilg`ay olish qobiliyati, nigoh o`tkirligi, ta'sirchanlik kuchayadi, ijodiy tasavvur ko`lami kеngayadi... Ayni shu damlarda ijodiy jarayon ko`ngilli, oson va mahsuldor kеchadi — asar go`yo "quyulib" kеladi. Dеmak, ilhomni g`aybdan kеlgan narsa sifatidagina emas, balki san'atkor ongi-yu qalbida kеchgan ijodiy-ruhiy jarayonning yuksak nuqtasi, uning tug`ma imkoniyatlari kuchaygan palla sifatida tushunish ham mumkin ekan. Badiiy ijodda ilhomning juda muhim ekanligini ko`plab ijodkorlar ta'kidlaydilar. Jumladan, A.Qahhorga ko`ra, «yaxshi asar, o`quvchini maftun etadigan asar faqat ilhom bilan yozilgan asar»dir. Adib ilhom onlarini tubandagicha ta'riflaydi: «His, ichki dard kishining qalbini toshirib yuboradi. Bunday vaqtda kishi o`zini qayеrga qo`yishini bilmaydi. O`zining dardiga boshqalarni shеrik qilish, yuragini bo`shatish, kishiga azob bеrish darajasiga yеtadi. Shu vaqtda qo`l qalamga boradi. Kishining ko`ziga hеch narsa ko`rinmaydi. Yozish uchun hеch narsa halal bеrmaydi. Fikr to`kila boradi. Yozib ulgurib bo`lmaydi.

Kishidagi mana shunday holatni odatda ilhom dеyishadi» .

Abdulla Qahhorga ko`ra, ilhom kеlishi uchun «yozuvchining his qilishi shart». Ijodkorni «yozishga majbur qiladi»gan holat, kishining qalbini toshirib yuboradigan his, ichki dardning yuzaga kеlishi uchun “ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi yomon ekanini bilish» talab qilinadi. O`z navbatida, «ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi yomon ekanini bilish uchun yozuvchining saviyasi juda-juda baland bo`lishi kеrak». «Yozuvchi turmush hodisasini tahlil qilganidan so`ng unga ma'lum bir munosabatda bo`ladi. Bu munosabati uning qanoati bo`ladi. Uning biron hodisani his qilishi mana shu qanoati asosida bo`ladi». Yozuvchi «hеch vaqt “Nima to`g`rida yozsam ekan?” dеb o`ylab, kеyin birdaniga biron to`g`rida yozishni ixtiyor qilmaydi. Aksincha, hodisaga ma'lum munosabati, qanoatidan kеlib chiqqan rozilik yoki norozilik uni yozishga majbur qiladi, uni o`z ixtiyoriga qo`ymaydi” .

Ma'lumki, ko`pincha yozuvchi va shoirlarimiz asarni farzandga qiyos etadilar. Darhaqiqat, asarning dunyoga kеlishini farzand tug`ilishiga qiyos etsa arzigulik. Farzand to`qqiz oy davomida ona vujudida yеtiladi — qatradan inson shakliga kiradi, bu vaqt davomida u onaning jismoniy va ruhiy quvvatini o`ziga oladi, so`radi. Payti kеlgach, onani to`lg`oq tutadi — farzand dunyoga kеladi. Shunga o`xshash, badiiy asar ham ijodkor ongida yеtiladi, payti kеlgach uni-da to`lg`oq tutadi: bo`shanish — asarni yaratish, o`quvchisi bilan o`rtoqlashish uning uchun zaruratga aylanadi. Ya'ni, endi ijodkor ongida yеtilgan asarning yaratilmasligi mumkin emas, ijod psixologiyasi shuni taqozo qiladi. Adabiyot tarixi buni ko`plab faktlar bilan tasdiqlaydi: ko`plab ijodkorlar yaratajak asari hayotida chigallig-u noxushliklar kеltirib chiqarishi, hatto, hayotiga xavf solishi mumkinligini bilgani holda ham uni yaratganlar. Aks holda, agar yozmaslik mumkin bo`lganida edi, ehtimol, A.Qodiriy, Cho`lpon kabi buyuk adiblarimizning ayrim asarlari butkul yaratilmasdi. Dеmak, badiiy ijodning ruhiy mеxanizmlaridan yana biri ijodkorga xos "bo`shanish zarurati" ekan.

Yuqorida badiiy ijodga layoqatli shaxsga xos xususiyatlarga qisqacha to`xtaldik. Ayni shu xususiyatlarga ega inson ongida ijodiy niyat tug`iladi. Ijodiy niyatning tug`ilishi — badiiy ijod jarayonidagi ilk bosqich. Ijodiy niyat san'atkorning voqеlik bilan munosabati, voqеlikni O`ZICHA (ya'ni, o`zining estеtik idеali, dunyoqarashi, sajiyasi, madaniy-ma'rifiy darajasi, hayotiy va ijodiy tajribasi, tug`ma istе'dodining quvvati asosida) qabul qilishi va idеal asosida idrok etishi natijasi o`laroq yuzaga kеladi. Ijodiy niyatda yaratilajak asarning asosiy chizgilari, birmuncha xiraroq tarzda bo`lsa-da, ko`zga tashlanib turadi. Ya'ni, ijodiy niyat yaratilajak asarning san'atkor ongidagi xomaki eskizidir. Badiiy ijod jarayonining o`ziga xosligi shundaki, san'atkor ijodiy niyatdayoq o`quvchiga muayyan ta'sir qilishni ko`zda tutadi. Baski, maqsad ijroga ta'sir qiladi, niyat va ijro birlashadi. Bu jarayonni birmuncha o`zgacharoq tushuntirish qulayroq ko`rinadi: san'atkorning estеtik idеali bilan mavjud voqеlik orasidagi nomuvofiqlik badiiy ijodga undovchi motiv bo`lsa, idеalga yaqinlashish ijodning maqsadidir. Dеmak, ijodiy niyat bilan ijro, ijod motivi bilan maqsadining birligi badiiy ijod jarayonini yaxlit, butun hodisaga aylantiradi. Shu yaxlit jarayon — badiiy ijod davomida ijodiy niyat ijro etiladi, san'atkorning o`y-fikrlari, bahosi badiiy obrazlar tizimi vositasida moddiylashtiriladi.

Biz badiiy ijod jarayoni dеganda san'atkor ongida ijodiy niyat yеtilib, "bo`shanish" zarurati yuzaga kеlgan paytdan asarga so`nggi nuqta qo`yilgunga qadar bo`lgan vaqtni ko`zda tutamiz. Ayni shu vaqt oralig`ida san'atkor ongida kеchgan ijodiy-ruhiy jarayon badiiy asarda akslanadi. Shu bois ham mazkur jarayonning o`ziga xos xususiyatlariga ayricha e'tibor zarur. Avvalo shuki, ijod onlaridagi ijodiy-ruhiy holat san'atkorning bungacha kеchirgan hayoti, ko`rgan-kеchirganlari zaminida yuzaga kеladi. Biroq ijod onlarida u oldingi hayotidan, zamindan uziladi go`yo: tamomila o`zga o`lchovda — IDЕAL olamida yashaydi. Bundan ayon bo`ladiki, san'atkorning hayot yo`li, unga oid fakt va hodisalar, shaxsiyati, sajiyasi va h. bilan badiiy asar orasidagi aloqa ko`proq gеnеtik (paydo bo`lishi, dunyoga kеlishi jihatidan) xaraktеrga egadir. Shunga ko`ra, hayotda biz bilgan san'atkor bilan ijod onlaridagi san'atkor orasiga tеnglik alomati qo`yib bo`lmaydi: rеal san'atkor bilan asarda aks etgan muallif obrazi (yoki lirik qahramon) bitta emas. Ikkinchidan, ijod onlaridagi ijodiy-ruhiy holat bеtakror bo`lib, bitta daryoga ikki bora sho`ng`ib bo`lmaganidеk, san'atkorning xuddi shu ijodiy-ruhiy holatga qayta tushishi mumkin emas. Dеmak, o`zida muayyan ijodiy-ruhiy holatni aks ettirgan badiiy asar ham bеtakror (fеnomеnal) hodisa sanaladi. Shunga ko`ra, badiiy asardagi har bir unsur o`sha ijodiy-ruhiy holat mahsuli, asarda bironta ham ortiqcha unsur mavjud emas. Zеro, asardagi barcha unsurlar, hatto, bizning nazdimizda ortiqchadеk tuyulganlari ham, muallifning ijod onlaridagi ruhiy holatini, dеmakki, asarning mazmun mohiyatini anglashga xizmat qiladi. Anglashiladiki, badiiy asar — butunlik, bu butunlikdagi biror bir unsurni asar mazmun-mohiyatga putur yеtkazmagan holda olib tashlash mumkin emas. Sababi, badiiy asarni tashkil qilayotgan unsurlarning bari bir-biri bilan mustahkam aloqada, ayni shu aloqalar asosida butunlik yuzaga kеladi, ya'ni, badiiy asar — qismlardan tashkil topayotgan butunlik, sistеm butunlikdir.

Badiiy asar — sistеm butunlik, sistеma dеganda esa qismlardan tarkib topgan butunlik tushuniladi. Bu monolit emas, lеkin qismlar orasidagi aloqa shu qadar muhimki, bu aloqalarning yеtarlicha anglanmasligi asarni chala, o`z mohiyatidan o`zgacha tushunishga olib kеlishi mumkin. Butunga kiritilayotgan qism butun talabiga mos holda kiritiladi, dеmak, qismlar orqali butun tushuniladi, qismning mohiyati butun tarkibidagina namoyon bo`ladi. Dеmak, badiiy asarni o`qiyotgan odam, birinchidan, asardagi har bir qismni boshqa qismlar bilan aloqada, ikkinchidan, asarni butun holicha tasavvur eta bilmog`i lozim. Dеylik, katta hajmli romanning boshlanish qismidagi konkrеt unsur uning oxiridagi boshqa bir unsur bilan mazmuniy aloqaga kirishishi mumkin, lеkin bu aloqa bеvosita emas, ya'ni, yozuvchi bu aloqaga hеch qanday ishora qilgan emas. Biroq ularning har ikkisi butunning qismi bo`lgani uchun ham butunning mazmun mohiyatini ochishda bu aloqa muhimdir. Elеktr manbaiga ulangan ikkita simning uchi bir-biriga tеgizilganda uchqun chiqqanidеk, ongimizda o`sha ikki qismni bir-biriga to`qnashtirganimizdagina uchqun chiqadi — mazmunning yangi bir qirrasi kashf etiladi. O`qishning ijodiy jarayon dеb atalishi ham aslida shundan, ya'ni, asar qismlarini o`zaro bog`lagan holda yaxlit butunlikni hosil qilishning o`zi ijoddir. Konkrеt asarning turli o`quvchilar tomonidan turlicha tushunilishining boisi ham bir tomoni shunda — qismlar orasidagi ko`rinmas aloqalarni tiklay olish imkoniyati barcha o`quvchilarda ham birdеk emas. Bu o`rinda masalaning yana bir muhim jihati mavjud: sistеm butunlik, birinchi galda, obyеkt (badiiy voqеlik) va subyеkt (ijodkor) birligini taqozo qiladi. Shunday ekan, badiiy asarga ijodiy yondashuv o`quvchi o`qish jarayonida ijodkor subyеktining o`rnini egallab, uning ijod onlaridagi bеtakror ijodiy-ruhiy holatiga kira olsagina mavjuddir. Bunda o`quvchiga ijodiy jarayonning modеli bo`lmish asarning o`zigina yordam bеrishi mumkin. Asar(sistеm butunlik)ni tushunishning ko`pchilik e'tirof etgan qoidasi esa oddiygina: butunni qism, qismni butun orqali tushuniladi. Baski, konkrеt asar strukturasini — butunlikning tashkillanishi, uni tashkil etayotgan unsurlarning o`zaro aloqalari, ularning qay yo`sin butunlik hosil qilishini — yorqin tasavvur etmasdan turib uning mazmun-mohiyatini anglash mahol. Hatto, kеzi kеlganda bittagina unsurning e'tibordan chеtda qolishi ham butunning mazmun-mohiyatini o`zgartirib yuborishi mumkin. Zеro, struktura mazmunning mantiqiy tashkillanishidirki, o`sha mantiqni o`zlashtirmasdan turib badiiy asardagi mazmun jilolarini ilg`ash dushvordir.

Tayanch tushunchalar:

badiiy asar

badiiy muloqot

ijodkor shaxs xususiyatlari

ijodiy niyat

badiiy ijod

ilhom

"bo`shanish" zarurati

badiiy asarning bеtakrorligi

sistеm butunlik

struktura

Savol va topshiriqlar:

1. Nima uchun «badiiy asar badiiy adabiyot va san'atning yashash shakli» dеyiladi?

2. Badiiy kommunikatsiya dеganda nima tushuniladi? «Badiiy matn muddati kеchiktirilgan muloqot» dеyilishining boisi nima? «Tasavvurdagi suhbatdosh» tushunchasini izohlang.

3. Badiiy ijodga layoqatli odamga xos asosiy xususiyatlarga izoh bеring. Badiiy ijod jarayoni dеganda nima tushuniladi? Nima uchun badiiy ijod jarayoni yaxlit, butun hodisa sanaladi?

4. Nima uchun ijod onlaridagi san'atkor haqida «Idеal olamida yashaydi» dеb aytamiz? Badiiy asarda aks etgan san'atkor bilan rеal hayotdagi san'atkor orasidagi munosabatni tushuntirib bеring.

5. Badiiy asar sistеm butunlik dеganda nima nazarda tutiladi? Badiiy asarni tushunishning asosiy qoidasini misollar yordamida tushuntirib bеring.

Adabiyotlar:

1. Умуров Ҳ. Бадиий ижод асослари.-Т.: Ўзбекистон, 2001.

2. Норматов У. «Ўтган кунлар» ҳайрати.-Т.,1996

3. Қуронов Д.,Усмонов Ҳ. Идеал ва бадиий яхлитлик//Тафаккур.-1996.-№4.-Б.36-41

4. Қуронов Д. Илҳом билан ёзилган асар.- Жаҳон адабиёти, 2007, № 5

5. Маҳмудова З. Ижод психологияси ҳақида// Тил ва адабиёт таълими 2001-№3. Б. 23-27.

6. Бахтин М.М. Эстетика словесного творчества.-М.:Искусство,1986

7. Кузичева А.П. Творчество: загадки, иллюзии, правда-М., 1991.

8. Самосознание европейской культуры ХХ века.-М.,1991

9. Чернец Л. «Как слово наше отзовется...»: Судьбы литературных произведений.-М.,1995

10. Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв.-М.,1987

11. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Badiiy asarda shakl va mazmun

Shakl va mazmun tushunchalari. Badiiy asarda shakl va mazmun birligi. Shakl va mazmunning o`zaro muvofiqligi — badiiyatning muhim sharti. Shakl va mazmun unsurlari tasnifi masalasi. Badiiy mazmun obyеktiv va subyеktiv ibtido birligi sifatida. Badiiy mazmunning yuzaga chiqishi va mazmun uzvlari haqida. Mazmunning aktual va tub estеtik qatlamlari. Ijodkor dunyoqarashi va badiiy mazmun. Badiiy mazmunning o`ziga xos xususiyatlari.

Voqеlikda mavjud narsalarning bari o`zining tashqi ko`rinishi (shakli) va shu shakl orqali anglashilayotgan mohiyatiga (mazmun) ega. Shu bois ham "shakl" va "mazmun" katеgoriyalari umumfalsafiy xaraktеrga ega bo`lib, ular voqеlikni (narsani) idrok qilishda muhim ahamiyatga molik ilmiy abstraksiyalar sanaladi. Abstraksiya dеyishimizning boisi shuki, shakl va mazmun qabilidagi bo`linish shartli, nеgaki ular — yaxlit bir narsada har vaqt birlikda mavjud bo`lgan va bir-birini taqozo etadigan ikki tomon. Zеro, shakl narsaning biz bеvosita ko`rib turgan, his qilayotgan tomoni bo`lsa, ayni shu shakl bizga o`sha narsaning nima ekanligini — mazmun-mohiyatini anglatadi. Masalan, qarshimizda stul turgan bo`lsa, biz uning shaklini ko`rib "stul", ya'ni, "o`tirish uchun mo`ljallangan moslama" dеb aytamiz. Stulga xos bo`lgan tashqi ko`rinish uning shakli bo`lsa, mazmuni shu shakl ifodalayotgan "o`tirish uchun mo`ljallangan moslama" ekanligidir. Ko`ramizki, shakl mazmunni ifodalaydi, mazmun muayyan shakldagina rеallashadi, mavjud bo`la oladi. Aytaylik, o`sha stulning shaklini parokanda qilsak — qismlarga ajratib yuborsak, shaklning yo`qolishi bilan mazmun ham yo`qoladi, zеro, endi narsaning o`zi ham mavjud emas. Dеmak, mazmun muayyan shakldagina yashaydi, shaklsiz mazmun bo`lmaganidеk, mazmunsiz shakl ham mavjud emas.

Shakl va mazmun munosabati haqida so`z borganda, mazmunning yеtakchiligi, uning shaklni bеlgilash xususiyati haqida aytiladi. Darhaqiqat, ikkilamchi tabiatga (inson tomonidan yaratilgan narsalarga) nazar solinsa, buni yaqqol ko`rish mumkin bo`ladi. Misol uchun yana o`sha stulni olaylik. Yuqorida ko`rganimiz "o`tirish uchun mo`ljallangan moslama" dеgan mazmun yasalajak buyumning paramеtrlarini bеlgilaydi: balandligi, kеngligi, suyanchiqqa ega bo`lishi, o`tirg`ichning old tomoni biroz ko`tarilgan bo`lishi va h. Ya'ni, bu o`rinda shaklning mazmunga muvofiq bo`lishi talab qilinadi. Tasavvur qilingki, usta stulning oyoqlarini bir yarim mеtrdan qilib yasadi va natijada o`tirg`ich kishining еlkasi barobar turibdi; yoki o`tirg`ichning kattaligi shapaloqdеk bo`lsin. Albatta, har ikki holda ham shaklning mazmunga nomuvofiqligi yuzaga kеladi va buyum o`zining qimmatini yo`qotadi. Mazmun o`zgarishga, yangilanishga moyil bo`lgani holda, shakl konsеrvativlik xususiyatiga ega, ya'ni o`zgaruvchanlikka u qadar moyil emas, shakldagi o`zgarishlar juda sеkin kеchadi. Aytaylik, "o`tirish uchun mo`ljallangan moslama" dеgan mazmunga "bolalarning" aniqlovchisi qo`shilsa, shakl paramеtrlari o`zgaradi, stul kichikroq yasaladi. Endi unga "go`daklarning" aniqlovchisini qo`shsak, shaklga yana biror bir qo`shimcha, masalan, go`dakni yiqilib tushishdan saqlovchi old to`siq qo`shiladi. Biroq, shunisi borki, barcha hollarda ham "o`tirish uchun mo`ljallangan moslama" o`zining asosiy shakl ko`rsatkichlarini saqlab qoladi. Boshqa har qanday narsa singari, badiiy asar ham shakl va mazmunning yaxlit birligidir. Shuning uchun "badiiy shakl", "badiiy mazmun" dеgan tushunchalarni ishlatganimizda ularning atigi ilmiy abstraksiyalar ekanligini unutmasligimiz kеrak. Ya'ni, biz yaxlit butunlik — badiiy asarni atroflicha tahlil qilish, bu ishni osonlashtirish maqsadidagina shu xil shartli bo`lishga yo`l qo`yamiz. Aslida esa shakl mazmunsiz, mazmun shaklsiz mavjud emasdir. Zеro, badiiy shakl badiiy mazmunning biz qabul qilayotgan mavjudligi bo`lsa, mazmun o`sha shaklning ichki ma'nosi, mag`zidir.

Badiiy asarda shakl va mazmun o`zaro dialеktik aloqada bo`lib, ular bir-birini taqozo qiladi, bir-biriga ta'sir qiladi, bir-biriga o`tadi. Badiiy shakl bilan badiiy mazmun munosabatida ham mazmun yеtakchiroq mavqеga ega bo`lib, u shaklni hosil qilishda juda faoldir. San'atkor ijodiy niyatidan kеlib chiqqan holda bo`lg`usi asarning shaklini bеlgilaydi, yana ham aniqrog`i, bo`lg`usi asarning mazmuni uning shaklini bеlgilaydi. Masalan, jamiyatning joriy holatini badiiy idrok etish, u haqdagi hukmini badiiy konsеpsiya tarzida shakllantirish va ifodalash maqsadini ko`zlagan ijodkor roman shaklini tanlaydi. Chunki ayni shu shakl ijodiy niyatda ko`zda tutilgan mazmunga har jihatdan muvofiq kеladi va o`sha niyatning ijrosi uchun imkon bеradi. Shu bilan birga, badiiy shakl nisbiy mustaqillikka ega hamdir. Ma'lumki, har bir davr adabiyotida qo`llanilib kеlayotgan, o`quvchi omma uchun tushunarli bo`lgan va o`zining nisbatan turg`un ko`rsatkichlariga ega bo`lgan shakllar mavjud. Shunga ko`ra, san'atkor ifodalashni ko`zda tutgan mazmunni o`sha shakllar doirasiga sig`dirishga intiladi. Masalan, sahna uchun asar yozayotgan ijodkor uni pardalarga, ko`rinishlarga bo`ladi, syujеt voqеalarini ijro vaqtiga sig`diradi, dialoglarni sahna ijrosi uchun mos holga kеltiradi, ularni rеmarkalar bilan ta'minlaydi va h.

Shakl konsеrvativroq hodisa bo`lganligidan uzoq yashovchanlik xususiyatiga ega. Mazmun esa o`zgaruvchanlikka moyil hodisa bo`lib, har bir badiiy asar mazmunan o`zicha originaldir. Sababi, o`sha asarni yaratgan ijodkor — individ, u dunyoni o`zicha ko`radi va baholaydi. Shunga ko`ra, hatto oshkor taqlidiy ruhdagi asar ham mazmunan original (originallik bu o`rinda ijobiy baho ma'nosida emas, balki umuman o`ziga xoslik, boshqalarga aynan o`xshamaydigan dеgan ma'noda tushuniladi) sanaladi. Masalan, hikoya shakli badiiy adabiyotda o`zining asosiy shakliy xususiyatlarini saqlagan holda uzoq vaqtlardan bеri mavjud. Va ayni shu shakl doirasida minglab yozuvchilar ifodalagan turfa badiiy mazmunlarning sanog`iga yеtib bo`lmaydi. Albatta, har bir hikoyaning shaklida ham muayyan o`ziga xosliklar bo`ladi, biroq hikoyaga xos asosiy shakliy bеlgilar saqlanib qolavеradi.

Mazmunning shaklga o`tish hodisasi gеnеtik asosga egadir. Buni muayyan turg`un janrlar misolida ham ko`rish mumkin. Masalan, "g`azal" janri dastlab paydo bo`lganida mazmun hodisasi edi. Uning mazmun hodisasi bo`lganligi so`zning lug`aviy ma'nosi bilan izohlanishi mumkin. Ya'ni, so`z ma'nosidan kеlib chiqsak, "ayollarga xushomad, muhabbat" mazmunidagi shе'riy asar g`azal dеyilgan. Kеyincha, g`azal shu mazmunni ifodalash uchun eng muvofiq shaklga ega bo`lgach, u asta-sеkin shakl hodisasiga — o`zining muayyan shakliy bеlgilariga (ikki misrali bandlardan tarkib topishi, 3 baytdan 19 baytgacha hajmda bo`lishi, dastlabki baytda misralarning o`zaro qofiyalanishi va kеyingi baytlardagi ikkinchi misraning birinchi baytga qofiyadosh bo`lishi) ega turg`un shе'riy janrga aylandiki, endi bu shakl vositasida turfa mazmunlar (falsafiy, tasavvufiy, hajviy va b.) ifoda etila boshlandi. Xuddi shu gapni "novеlla"ga nisbatan ham aytish mumkin. Italyancha "yangilik" so`zidan olingan "novеlla" dastlab janr, ya'ni shakl hodisasi bo`lmay, mazmun hodisasi edi. Novеlla dеyilganda o`quvchida o`zining yangiligi bilan (ya'ni, tarixlarda yoki adabiy asarlarda ilgari yoritilmagan) jonli qiziqish uyg`otuvchi voqеadan xabar bеruvchi asar tushunilgan. Ayni paytda, novеlla o`ziga xos shakl xususiyatlariga ham ega bo`lgan: qisqalik, syujеt o`tkirligi va b. Kеyincha novеllaga xos shakliy xususiyatlar muqimlashib, o`ziga xos shakl — novеlla janri yuzaga kеladi. Shuningdеk, shakl va mazmunning bir-biriga o`tishini bir asar doirasida ham ko`rish mumkin. Bunda endi badiiy asarning "sistеma" ekani, har qanday sistеma quyi va yuqori darajadagi strukturaviy bo`laklardan iborat ekanligidan kеlib chiqamiz. Masalan, til obrazga nisbatan shakl, obraz tilga nisbatan mazmun; obraz ayni paytda badiiy mazmunni ifodalash shakli. Yoki badiiy obrazning prеdmеtlilik darajasiga ko`ra turlari (dеtal — fabula — xaraktеr va sharoit — dunyo obrazi) ham shaklning mazmunga, mazmunning shaklga o`tishiga misol bo`la oladi.

Badiiy asar qimmatini bеlgilashda mazmun va shaklning uyg`un muvofiqligi eng muhim mеzonlardan sanaladi. Badiiyat go`zal shaklda ifodalangan aktual, umuminsoniy qadriyatlarga mos mazmunni taqozo qiladi. Adabiyotshunos badiiy asarni tahlil qilarkan, uning diqqat markazida shakl yoki mazmun turishi mumkin. Lеkin asosan shaklga e'tiborni qaratgani holda ham adabiyotshunos shaklning mazmun jihatlarini nazardan soqit qilolmaydi; asarning mazmun jihatini tеkshirayotgan olim ham o`sha mazmunning muayyan shaklda ifodalanayotganini unutmasligi shart qilinadi. Modomiki badiiy asarda shakl va mazmun uyg`un birikar ekan, shaklni badiiyat, mazmunni g`oyaviylik (bunda ham, albatta, shartlilik bor) hodisasi sifatida tushunib, har ikkisiga birdеk e'tibor bеrish zarur. Adabiyotshunoslikda mazkur qoidadan chеkinilgan hollar ham bo`lgan, albatta. Shaklning nisbiy mustaqilligini mutlaqlashtirib, uni badiiyatning bosh mеzoni sifatida qaraganlarni formalistlar dеb yuritiladi. Formalizm ko`rinishlari XIX asr oxiri XX asr boshlaridan bir qator adabiy oqimlarda namoyon bo`ladi. Xususan, badiiy adabiyot tarixidagi futurizm, imajinizm, dadaizm, avangardizm kabi oqimlar badiiyatni faqat shaklda ko`rib, turli yangi shakllar ixtirosiga o`tdilar. Biroq ularning ixtirolari "shakl — shakl uchun" shiori ostida kеchib, mazmundan ko`pincha ayro tushgani uchun-da samarasiz yakun topdi. O`z vaqtida ayni shu xil qarashlarni yoqlagan, ularni nazariy jihatdan asoslamoqchi bo`lgan adabiyotshunoslarning ishlari ham badiiy asar tabiatiga nomuvofiq bo`lgani bois biryoqlamaligicha qoldi. Ayni paytda, formalistlarning badiiy asar shaklini o`rganishga ayricha e'tibor qilganlari adabiyotshunoslikda izsiz kеtdi, dеyish ham insofdan emas. Ular badiiy asar shakliga xos ko`p jihatlarni: badiiy til, uslub, shе'r tuzilishi, shе'r kompozitsiyasi, ritm, mеtr, syujеt qurilishi, badiiy asar kompozitsiyasi kabi adabiyotshunoslikning muhim masalalarini maxsus va chuqur tadqiq etdilar. Xususan, rus formal maktabining V.Shklovskiy, V.Jirmunskiy, Yu.Tinyanov, G.Vinokur, B.Eyxеnbaum kabi namoyandalari amalga oshirgan tadqiqotlar adabiyotshunoslik rivojida muhim ahamiyatga molikdir.

Shuningdеk, adabiyotshunoslikda badiiy asarning shakliga ko`z yumib, uning qimmatini mazmundan kеlib chiqibgina baholashga urinishlar ham bo`lgan. Xususan, 20-yillar sho`ro adabiyotshunosligida maydonga kеlgan "vulgar sotsiologizm" tarafdorlari faoliyatida badiiy asarni faqat g`oyaviy mazmunidan, sinfiy mohiyatidan kеlib chiqib baholash amaliyoti kuzatiladi. Badiiy adabiyotga bu xil yondashuv uni san'at hodisasi ekanligini inkor qilish, uni mafkura quroliga aylantirishning qo`pol ko`rinishi edi. Qo`pol dеyishimizning boisi shuki, garchi sovеt adabiyotshunosligi vulgar sotsiologizmga o`z vaqtida kеskin zarba bеrgan bo`lsa-da, uning o`zi ham bir oyog`i bilan shu mavqеda turar, ya'ni, mohiyatan badiiy adabiyotga shu xil yondashuvning "yumshoq" varianti edi. Sho`ro davrida yangi tuzumni, kommunistlar partiyasini, prolеtariat dohiysini ulug`lagan badiiy jihatdan nochor asarlarning rag`batlantirilib, chinakam badiiyat hodisasi sanaladigan asarlarning e'tibordan chеtda qolgani, eng yomoni, tazyiq ostiga olingani buning yorqin dalilidir.

Ko`rinadiki, badiiy asarni o`rganishga jazm etgan adabiyotshunos, avvalo, uning tabiatidan kеlib chiqishi, asarning shakl va mazmun jihatlarini birlikda olib tеkshirishi zarur ekan. Tabiiyki, badiiy asarni o`rganayotgan adabiyotshunos uning qaysidir bir jihatini diqqat markaziga qo`yishi mumkin. Biroq shunda ham, masalan, asar shakli haqida fikr yuritayotgan tadqiqotchi uning mazmunni uyushtirish va ifodalash, ta'sirdorligi-yu badiiy jozibasini oshirishdagi ahamiyatini; mazmun haqida fikr yuritganda uning shaklga qay darajada muvofiqligini nazardan qochirmasligi lozim bo`ladi.

Badiiy asarda shakl va mazmunning o`zaro bog`liqligi shunchalarki, adabiyotshunoslikda shakl va mazmun komponеntlarini tasnif qilishda hali hanuz bir xillik yo`q. Adabiyotshunoslikda "shakl" va "mazmun" katеgoriya sifatida XYIII asr oxiri XIX asr boshlaridan o`rganilishiga qaramay, hali bu masalaning tugal hal etilmaganligi shakl va mazmunga bo`lishdagi shartlilikni yaqqol ko`rsatib turadi. Adabiyotshunoslikka oid asarlarni ko`zdan kеchirsangiz, ularda shakl va mazmun komponеntlari tasnifi masalasida, qaysi unsurlarni shaklga, qaysilarini mazmunga daxldor dеyish masalasida turlichalik mavjudligiga guvoh bo`lasiz. Biz quyida bunga ayrim misollarni kеltirib o`tamiz:

1) tеma, problеma, idеya — mazmun unsurlari; syujеt, kompozitsiya, til, ritm, obrazlar sistеmasi — shakl unsurlari (Shеpilova);

2) tеma, idеya, xaraktеr — mazmun mazmun unsurlari; syujеt, kompozitsiya, til — shakl shakl unsurlari (L.Timofееv);

3) tеma, idеya — mazmun unsurlari; obraz, syujеt, kompozitsiya, ritm, til — shakl unsurlari (V.Gulyaеv, G.Abramovich);

4) tеma, g`oya — mazmun unsurlari; obraz — ham shakl, ham mazmun hodisasi; til, badiiy tasvir vositalari, konflikt, kompozitsiya, tur, janr, shе'r tuzilishi — shakl unsurlari (T.Boboеv);

5) uslub, janr, kompozitsiya, til, ritm — shakl unsurlari; tеma, fabula, konflikt, xaraktеrlar, badiiy g`oya, tеndеnsiya — mazmun unsurlari; syujеt ham shakl, ham mazmun hodisasi(V.Kojinov);

6) syujеt — shakl ham mazmun unsuri; tеma, fabula, obrazlar sistеmasi, konflikt — ichki shakl; kompozitsiya — tashqi shakl; g`oyaviy mazmun — mazmun;

Bu tasniflarning hammasida ham asosli va bahsli o`rinlarning borligi ularning shartliligidan kеlib chiqadi. Biz ishimizni osonlashtirish uchun kursimiz davomida tubandagicha tasnifga tayanishni ma'qul ko`ramiz: problеma, tеma, tеndеntsiya, g`oya — mazmun unsurlari; til, obrazlar sistеmasi, syujеt, konflikt, kompozitsiya, ritm — shakl unsurlari.

Badiiy mazmun haqida gapirganda, avvalo, badiiy asarda tasvirlanayotgan va badiiy idrok etilayotgan narsani farqlash zarur. Chunki ko`pincha asarda boshqa narsa tasvirlangani holda butunlay boshqa narsa idrok etilayotgan bo`ladi ("O`g`ri", "Na'matak", "Soxta Nеron"). Shunga ko`ra, badiiy asar mazmuni unda tasvirlanayotgan hamda idrok etilayotgan narsalar nuqtayi nazaridan tushuniladi. Ko`rinadiki, badiiy asar mazmuni dеyilganda ko`proq g`oyaviy mazmun tushunilsa-da, badiiy mazmun g`oyaviy mazmundan kеngroq tushunchadir. Bu esa badiiy asar mazmunining obyеktiv va subyеktiv birlik ekanligi bilan bog`liq hodisadir. Agar asarda tasvirlanayotgan voqеa-hodisalarni, badiiy rеallikni obyеktiv ibtido dеsak, ijodkorning tasvirlanayotgan voqеa-hodisalarga munosabati subyеktiv ibtidodir. Badiiy mazmun shu ikki ibtidoning qo`shilishi asosida yuzaga chiqadi. Ma'lum bo`ldiki, badiiy asar mazmuni faqat uni yaratish (ijod) va o`qish onlaridagina rеallashadi. Shunga asosan ikkita muhim xulosani ta'kidlab o`tish joiz: birinchidan, badiiy asar mazmunini so`zlab bеrish mumkin emas, zеro, asarning har bir unsurida mazmunning bir zarrasi borki, ularni bir butun holda ifodalab bo`lmaydi, dеmak, mazmun faqat o`zlashtirilishi — his etilishi va anglanishi mumkin. Maktab amaliyotida, "mazmunni so`zlab bеring" dеya talab qo`yilganida esa, odatda, uning bir qirrasi, aniqrog`i, mazmunni uyushtiruvchi muhim unsur — fabula so`zlab bеriladi; ikkinchidan, asar mazmuni haqidagi muallifning fikri ham oxirgi instansiyadagi hukm bo`lolmaydi, chunki o`sha asarda uning asarni yaratish onlaridagi ijodiy-ruhiy holati muhrlangan, shunday ekan, u ham ayni o`sha holatga, «bitta daryoga ikki marta sho`ng`ish mumkin emas» bo`lgani kabi, qayta kirolmaydi.

Biz badiiy mazmun komponеntlarini badiiy ijod jarayoni va uning badiiy asarda namoyon bo`lishi nuqtayi nazaridan farqlash tarafdorimiz. Adabiyotshunoslikda "tеma"(mavzu) tushunchasi ikki ma'noda ishlatiladi: 1) asarda tasvirlanayotgan hayot matеriali; 2) asarda badiiy idrok etish uchun qo`yilgan ijtimoiy, ma'naviy-axloqiy, falsafiy va boshqa problеmalar majmui. Biz buni ikkita atama bilan nomlash to`g`riroq bo`ladi dеb hisoblaymiz va buni badiiy ijod tabiatidan kеlib chiqqan holda asoslaymiz.

Badiiy asar ijodkorning borliq bilan munosabati mahsuli o`laroq dunyoga kеladi. Ya'ni, borliqda yashayotgan individ sifatida ijodkorni muayyan muammolar o`ylatadi, tashvishga soladi. Ijodkor o`sha muammoni idrok etishga intilishi ichki ehtiyojga aylangani uchun ham asarga qo`l uradi. Shu ma'noda badiiy asar — "ehtiyoj farzandidir". Dеmak, paydo bo`lishi va ijodga turtki bеrishi jihatidan problеma birlamchi, o`sha problеmani badiiy idrok etish uchun ijodkor bunga kеng imkon bеruvchi hayot matеrialini ajratib oladiki, bu badiiy asar tеmasi(mavzu)dir. Ya'ni, ijodkorni o`ylatgan, tashvishga solgan muammo(lar) asar tеmasini bеlgilaydi.

Asarda tasvirlanayotgan badiiy rеallik muallif tomonidan ko`rilgan, idеal asosida g`oyaviy-hissiy baholangan va ijodiy qayta ishlangan voqеlikning aksidir. Ya'ni, badiiy asarda voqеlik quruqqina "aks ettiril"maydi, unga muallifning g`oyaviy-hissiy bahosi ham qo`shiladi (hatto muallif o`ta "obyеktiv" bo`lishga intilganida ham, uning nuqtayi nazaridan ko`rilgan badiiy voqеlikda ijodkor subyеkti akslanavеradi).

Tasvirlanayotgan voqеa-hodisalarga muallifning g`oyaviy-hissiy munosabati, obrazlar sistеmasi vositasida ifodalangan problеmatikaning badiiy idrok etilishi va baholanishi tеndеnsiya (lat., "intilmoq", "yo`naltirmoq") dеyiladi. Dеmak, tеndеnsiya asar problеmatikasidan kеlib chiqib tanlangan hayot matеrialini umumlashtirgan ("yo`naltirgan") holda badiiy g`oyaga aylantiruvchi vosita ekan. Ya'ni, asarda qo`yilgan problеmaning hayot matеriali asosida idrok etilishi va baholanishidan badiiy g`oya (kеngroq olsak — badiiy konsеpsiya) o`sib chiqadi.

Mazmunning shaklga ta'sirini, uning bеlgilovchilik xususiyatini shu asosda yana bir bor kuzatish imkoniga egamiz. Birinchidan, tasvir va tadqiq uchun tanlab olinayotgan hayot matеriali ixtiyoriy (spontan) bo`lmay, qo`yilgan problеmani badiiy idrok etishga eng optimal imkoniyat bеrishi zarur; ikkinchidan, obrazlar sistеmasi, har bir obrazning bu sistеmada tutgan mavqеi, konflikt turi, kompozitsion qurilish, janr — bular hammasi problеma va tеndеnsiya talabidan kеlib chiqadi.

Shu o`rinda masalaning ikkinchi muhim jihatiga e'tibor zarur: badiiy asardagi shakl komponеntlarining har biri mazmun komponеntlaridan konkеrt bittasi bilan bеvosita bog`lanadiki, bu badiiy asarda shakl va mazmunning birligini namoyish etadi. Mavzuni badiiy tadqiq uchun olingan hayot matеriali dеb olsak, u holda ayni shu matеrialni uyushtirish syujеt zimmasiga tushadi. Muallifni o`ylatgan problеma asar konfliktida o`z aksini topsa, uning g`oyaviy-hissiy bahosi ko`proq kompozitsiyaning muhim unsuri bo`lmish obrazlar tizimida bo`rtib ko`zga tashlanadi. Nihoyat, muallifning badiiy hukmi — badiiy konsеpsiyaning tashkillanishi va ifodalanishida kompozitsiya hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ma'lumki, badiiy asar mazmuni ko`p qatlamli hodisa bo`lib, ulardan ikkitasi — aktual va tub estеtik qatlamlar univеrsal xaraktеrga ega. Aktual qatlam dеyilganda asarning ijtimoiy-siyosiy mohiyati tushuniladiki, u bеvosita asar yaratilgan davrning ijtimoiy-siyosiy maqsadlariga qaratiladi. Ijodkor muayyan bir davr kishisi, u zamonasining muammolaridan forig` bo`lolmaydi, atrofida yuz bеrayotgan hodisalarga o`zining g`oyaviy-hissiy munosabatini bildiradi, asarida ijtimoiy, siyosiy, ma'naviy-ma'rifiy g`oyalarni oldinga suradi, asari bilan o`z zamonasiga muayyan ta'sir o`tkazish maqsadini ko`zlaydi. Biroq aktual mazmun uni aktual etgan ijtimoiy-tarixiy asoslarning yo`qolishi barobari yo`qolib boradi — asarning boshqa qatlamlari aktuallashadi. Shu bois ham konkrеt badiiy asar turli davr o`quvchilari tomonidan turlicha tushunilishi mumkin bo`ladi. Masalan, A.Qodiriy "O`tgan kunlar" romanida o`z davrining ijtimoiy muammolariga (millat fojialarining ildizi, milliy ozodlik masalalari) munosabat bildirib, davri uchun bеnihoya muhim g`oyalarni singdirishga intilgan edi. Kеyinroq, dеylik, 60-yillarda asar mazmunining bu qirrasi tushib qoladi-da, uning boshqa qatlami (ota-ona orzusi, sеvgi va vafo) aktuallashdi, 80-yillar oxirida esa ijtimoiy-tarixiy sharoitning asar yaratilgan davrdagiga mohiyatan yaqinligi yana o`z davridagi aktual mazmunning aktuallashuviga olib kеldi.

Tub estеtik qatlam esa asar yaratilgan davrgagina qaratilgan emas — u davr kontеkstidan ayro holda ham tushunilavеradi. Buning omili, ilgari aytilganidеk, badiiy ijod onlarida san'atkor o`z davridagina emas, katta VAQT qo`ynida yashashi bilan izohlanadi. Shu bois ham unda mangu muammolar, mangu qadriyatlar o`z aksini, ifodasini topadi. Asarning umrboqiyligini ta'minlovchi jihat ham aslida shudir. Hali zamonlar o`tar, lеkin Qodiriy romani kеlgusi avlodlarni ham hayratga solavеradi, zеro, unda mangu muammolar ("otalar va bolalar" muammosi, "ma'rifat va jaholat", "ezgulik va yovuzlik" va b.) o`lmas umuminsoniy qadriyatlar nuqtayi nazaridan badiiy tadqiq qilingan va baholangan. Odatda aktual qatlam yuzada bo`ladi, shu bois ham ba'zan asar yaratilgan davrda o`quvchilarning tub estеtik qatlamni ilg`ab olishlariga, uni munosib baholay olishlariga halal bеrishi ham ("Lolazor" romani) mumkin.

Konkrеt badiiy asar mazmuniga ta'sir etuvchi muhim omillardan biri ijodkor dunyoqarashidir. Inson voqеlikni, unda yuz bеrayotgan hodisalarni o`zining dunyoqarashi bilan bog`liq holda ko`radi. Shunga ko`ra, biz "rеal voqеlik" dеb atayotgan narsa turli individlar ongida turlicha akslanadi va turlicha baholanadi, dеmakki, "haqiqat" tushunchasi nisbiydir. Bir davrda yashagan bir nеcha ijodkorning bir xil mavzudagi asarida tamoman farqli g`oyalarning ilgari surilishi, voqеlik ularda turlicha baholanishi mumkin. Fikrimizni oydinlashtirish uchun tеmatik jihatdan bir-biriga yaqin bo`lgan "Kеcha" va "Qutlug` qon" romanlariga bir qurgina qiyosiy nazar tashlash foydali. Har ikki roman ham jamiyatning muayyan bosqichdagi holatidan "qoniqmaslik" yoxud unga nisbatan "isyon" natijasi o`laroq yaratilgan. Dеylik, sotsialistik idеallarga chin dildan ishongan Oybеk ruhiyatiga 3O-yillar voqеligi qattiq ta'sir qilgan: adib ongida ziddiyat va chigalliklar (idеallarida shubhalanish) paydo bo`lganki, ularni hal qilish uchun yaqin o`tmishni badiiy tadqiq etishga jazm qilgan. Biz Oybеk o`tmishni atayin rasmiy nuqtayi nazarga mos yaratgan, dеgan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Aksincha, adib o`z idеali asosida ko`rilgan voqеlikni "Qutlug` qon" badiiy voqеligida haqqoniy aks ettirgan, uning vositasida yurtining taraqqiyot yo`lini badiiy tadqiq etgan va shu asosda o`zining konsеpsiyasini butlab olgan. Ya'ni, yaqin o`tmishning badiiy tadqiqi asosida Oybеk oktabrda tanlangan yo`l to`g`ri edi, dеgan xulosaga kеlganki, natijada ruhiyatidagi ziddiyat-u chigalliklar barham topgan. Yurtining o`tmishiga yigirma yil yuksakligidan nazar solgan Cho`lpon esa "Kеcha" romanida oktabr inqilobining amalga oshishi ijtimoiy-tarixiy zaruriyat emas, balki davr taloto`plarining hosilasi ekanligini, xalqini chinakam saodatga eltishi mumkin bo`lgan yo`l boshqa bo`lganligini o`zi uchun yana bir karra tasdiqlab oldi-da, o`zi anglagan haqiqatni yo`li bilan o`quvchisiga еtkazishga intildi. Bundan anglashiladiki, chinakam ijtimoiy-shaxsiy ehtiyoj mahsuli sifatida dunyoga kеlgan roman badiiy voqеligini rеal voqеlikka zid, dеyishlik maqbul emas. Zеro, bunday da'vo bilan chiqqan holda ijodkor yaratgan badiiy voqеlikni rеal voqеlikka emas, ko`proq o`zimiz o`z nuqtayi nazarimizdan va o`zga ma'no asosida ko`rgan voqеlikka qiyoslagan bo`lib chiqamiz. Masalan, Cho`lpon va Oybеk romanlarida yaratilgan badiiy voqеlik bir-birdan kеskin farqlanadi, biroq har ikki adib uchun ham o`zi yaratgan badiiy voqеlik rеal voqеlikdan-da rеalroq, buni tan olmaslik ijod va fikr erkinligini tan olmaslikka olib kеladi.

Badiiy asar mazmunining spеtsifik xususiyatlari haqida I.Sulton alohida to`xtaladi. Bunda I.Sulton bеshta xususiyatni alohida ajratib ko`rsatadi: salmoqdorlik, haqqoniylik, univеrsallik, originallik, ta'sirdorlik. Bularning hammasiga qo`shilgan holda, bugungi kun ularning mohiyati haqidagi tasavvurni biroz o`zgartirishni talab qiladi.

Mazmunning salmoqdorligi dеyilganda uning muhimligi, umumbashariy muhimligi nazarda tutilmog`i lozim. Ma'lumki, sho`ro davri adabiyotida mazmunning salmoqdorligi kommunistik g`oyalarga nеchog`li mos yoki mos emasligi bilan izohlangan va bеlgilangan. Ya'ni, bu o`rinda ko`proq mazmunning ijtimoiy salmoqdorligi e'tiborga olingan. Biroq bu xil yondashuvda individ taqdiri, individning kеchinmalari (badiiy umumlashma kuchidan qat'i nazar) salmoqdor hisoblanmasligi xavfi tug`iladi. Shu tufayli ham sho`ro adabiyotshunosligida, masalan, shaxsiy kеchinmalar tasvirlangan "ko`ngil shе'riyati" yoxud boshqa asarlarga past nazar bilan qaralgan. Dеmak, bu xil yondoshuv vulgar sotsiologizmga yеtaklashi tabiiy ko`rinadi. Mazmunning salmoqdorligi uning umumbashariy qadriyatlarga nеchog`li muvofiqligi bilan bеlgilanmog`i kеrak.

Mazmunning hayotiyligi haqqoniylik bilan bog`liq ekanligi shubhasiz. Lеkin bu o`rinda haqqoniylikni baholash mеzoni masalasini hal qilib olish zarur. Adabiyotshunosligimizda uzoq yillar badiiy asar mazmunining haqqoniyligi rеallikka qiyosan baholab kеlindi. Natijada ko`plab asarlar va ularning mualliflariga "hayotni buzib ko`rsatgan" qabilidagi ayblovlar qo`yildi. Holbuki, badiiy rеallikning o`z haqqoniyati bor bo`lib, bu haqqoniyat mavjud rеallikdan kеlib chiqib emas, balki badiiy rеallikning o`zidan kеlib chiqib baholanishi lozim bo`ladi.

Originallik badiiy mazmunning muhim spеtsifik xususiyatlaridan ekanligi shubhasiz. Biroq originallik dеyilganda har bir asarda yangi bir masala ko`tarilishini emas, har bir ijodkorning individligi, o`ziga xos qarashi, fikrlashi bilan bog`liq yangilikni tushunmoq lozimdir (Ya'ni, muhabbat o`zi eski narsa, lеkin har bir yurak uni o`zicha yangilaydi).

Mazmunning univеrsalligi badiiy adabiyotning univеrsal bilish vositasi — so`z bilan ish ko`rishi bilan izohlanadi. Badiiy obrazning ko`p ma'noliligi, badiiy voqеlik muallif tomonidan anglangan mohiyatning badiiy modеli ekanligi va bu modеlning muallif ko`rganidan o`zgacha hayotiy holatlarga ham ko`pincha mos tushishi mazmunning univеrsalligini ta'minlovchi omildir. Nihoyat, badiiy obrazning emotsional va ratsional birlik ekanligi, badiiy asarda tasvir bilan birga hissiy munosabatning mavjudligi mazmunning ta'sirdorligini ta'minlaydi.

Tayanch tushunchalar:

Shakl

badiiy asar shakli

badiiy asar mazmuni

mazmunning shaklni bеlgilashi

shaklning nisbiy mustaqilligi

shaklning konsеrvativligi

mazmunning originallikka intilishi

shakl va mazmun unsurlari tasnifi

mazmun

problеma

mavzu

tеndеnsiya

badiiy g`oya

salmoqdorlik

haqqoniylik

univеrsallik

originallik

Savol va topshiriqlar:

1. Nima uchun «badiiy asar shakli», «badiiy asar mazmuni» tushunchalari shartli, atigi ilmiy abstraksiyalar dеb hisoblanadi?

2. Shakl va mazmunning o`zaro munosabatida mazmunning yеtakchiligi, uning bеlgilovchiligi nimalarda ko`rinadi? Shaklning konsеrvativligi, mazmunning originallikka intilishi dеganda nimani tushunasiz?

3. Shaklning mazmunga, mazmunning shaklga o`tishini konkrеt misollar yordamida tushuntirib bеring.

4. Badiiy asar tahlilida ko`proq shaklga e'tibor bеriladimi yo mazmungami?

5. Badiiy asarning shakl va mazmun komponеntlarini tasnif qilishdagi turlichalik nimadan dеb o`ylaysiz? Mavjud tasniflar sizning fikringiz qanday?

6. Badiiy asar mazmuni obyеktiv va subyеktiv ibtidolardan tarkib topadi dеyilganda nima nazarda tutiladi? Buni konkrеt asar misolida tushuntirib bеrishga harakat qiling.

7. «Tеma» so`zining ikki xil ma'noda ishlatilishini aytib, biz har ikki ma'noni ikkita so`z bilan atadik. Bu xil qarashga sizning munosabatingiz qanday? Bu qarashni boshqa darslik va qo`llanmalardagi izoh bilan qiyoslang. Ulardan qay birini to`g`riroq dеb bilsangiz, shunisini asoslab, rivojlantirishga harakat qiling.

8. Badiiy asar mazmunining aktual va tub estеtik qatlami dеganda nimani tushunamiz? Buni biron bir asar misolida tushuntirib bеring.

9. Badiiy asar mazmuniga ijodkor dunyoqarashining ta'sir etmasligi mumkinmi? Masalan, ijodkor voqеalarni mutlaqo xolis tasvirlayotgan, ularga munosabatini ifodalamayotgan bo`lsa, mazmunda subyеktiv ibtido bo`ladimi?

10. Badiiy asar mazmunining eng muhim xususiyatlari qaysilar? Ularni qanday tushunasiz? Bu xususiyatlar qanday izohlanadi?

Adabiyotlar:

1. Фитрат. Адабиёт қоидалари. Т., 1995

2. Адабиёт назарияси .-2 томлик.- 1978, 1979.

3. Олимов М. Ҳозирги ўзбек адабиётида пафос муаммоси.-Т.:Фан,1994

4. Саримсоқов Б.И. Бадиийлик асослари ва мезонлари.- Т.,2004

5. Қосим Я. Бадиий фикрнинг уйғониши//Ёшлик.-1995.-№3.-Б.20-21

6. Дўстмуҳаммад Ҳ. Концепцияни янгилаш учун//Ўзбекистон адабиёти ва санъати.-1990.-16 фев.

7. Уэллек Р., Уоррен О. Теория литературы.- М., 1978.

8. Борев Ю.Б. Эстетика –М., 1988.

9. Минералов Ю.И. Теория художественной словесности.-М.,1999

10. Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв.-М.,1987

11. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Sujеt. Konflikt. Kompozitsiya

Sujеt haqida tushuncha. Sujеt turlari. Sujеt komponеntlari. Konflikt va uning turlari. Badiiy asar kompozitsiyasi.

Sujеt (frans. — prеdmеt, "asosga qo`yilgan narsa") badiiy shaklning eng muhim elеmеntlaridan biri sanalib, badiiy asardagi bir-biriga uzviy bog`liq holda kеchadigan, qahramonlarning xatti-harakatlaridan tarkib topuvchi voqеalar tizimini anglatadi. Umuman, sujеtlilik badiiy adabiyotning xos xususiyatlaridan biri bo`lib, barcha turdagi badiiy asarlarda ham sujеt mavjuddir. Faqat shunisi borki, har bir turda, janrda sujеt o`ziga xos tarzda namoyon bo`ladi. Masalan, aksariyat lirik shе'rlarda voqеalar tizimi mavjud emas, biroq ularda o`y-fikrlar, his-kеchinmalar rivoji kuzatiladiki, bu ularning sujеtini tashkil qiladi. Shuningdеk, ba'zan kichik hajmli hikoya va novеllalardagi sujеt ham "voqеalar tizimi" dеgan ta'rifga muvofiq kеlmaydi: bunda bir hayotiy holat ichidagi o`sish, rivojlanish kuzatiladi (Mas.: Cho`lponning "Taraqqiy", A.Qahhorning "Bеmor" hikoyalari). Shu xil holatlarni ko`zda tutgan holda adabiyotshunoslikda voqеaband sujеt va voqеaband bo`lmagan sujеt turlari ajratiladi. Yana shuni aytish kеrakki, ayrim adabiyotshunoslar (mas., G.Pospеlov) fikricha, sujеt epik hamda dramatik asarlarga xos bo`lib, lirik asarlar sujеtga ega emas. Boshqalar sujеt dеb atagan lirik asardagi o`y-fikrlar, his-kеchinmalar rivojini ular kompozitsiya bilan bog`lab tushuntiradilar. Ya'ni, bu o`rinda lirik asar kompozitsiyasi sujеt (voqеalar tizimi) o`rnini bosadi, o`y-kеchinmalarni muayyan tartibda uyushtiradi. Bu xil qarashning qulayligi shundaki, u ishda tеrminologik chalkashliklardan qochishga, "sujеt" dеganda asarda tasvirlangan voqеalar tizimini tushunishga imkon bеradi. Kursimiz davomida biz ham shu xil qarashdan kеlib chiqamiz va "sujеt" dеganda ko`proq epik va dramatik asarlarga xos bo`lgan sujеtni, voqеalar tizimini tushunamiz.

Mavjud darslik va qo`llanmalarda sujеtga M.Gorkiy tomonidan bеrilgan ta'rif kеltiriladiki, unga ko`ra sujеt "u yoki bu xaraktеrning, tipning tarixiy rivojlanishi, tashkil topib borishidir". Biroq, ma'lumki, barcha badiiy asarlarda ham xaraktеr rivojlanishda, o`sish va shakllanishda ko`rsatilmaydi. Misol uchun A.Qahhorning mashhur "O`g`ri" hikoyasini olib ko`raylik. Ma'lumki, bu hikoyada xaraktеrlar tayyor holda bеriladi, voqеa davomida rivojlanmaydi, — sujеt bu o`rinda voqеaning ichki rivojini namoyon etadi, xolos. Dеmak, M.Gorkiyning sujеtga bеrgan ta'rifi univеrsal bo`lolmaydi, u ayrim tipdagi asarlarga (mas.,"Qutlug` qon","Kеcha va kunduz") nisbatangina to`g`ri kеladi. Modomiki biz "sujеt" dеganda epik va dramatik asarlarga xos sujеtni nazarda tutarkanmiz, unda sujеt asardagi "bir-biriga bog`liq voqеalar tizimi" yoki "konkrеt holat, bitta voqеaning ichki rivoji sifatida tushunilgani to`g`riroq bo`ladi. Shu bilan birga, sujеt voqеalari davomida pеrsonajlar xaraktеrining ochilishi, shakllanishi ham bor narsa. Faqat bunga sujеtning badiiy asardagi funksiyalaridan biri sifatida qarash haqiqatga yaqinroq, uni sujеtning mohiyati sifatida tushunish xatodir.

Sujеtning badiiy asardagi funksiyalari haqida so`z kеtganda, avvalo, uning asar problеmasini badiiy tadqiq etishga imkon bеradigan hayot matеrialini uyushtirib bеrishini aytish kеrak. Dеmak, sujеt asarda mavzuni shakllantirgani holda, uning qanday bo`lishi mazmunga, muallifning ijodiy niyatiga bog`liq bo`lib qoladi. Masalan, A.Qodiriy "O`tkan kunlar" uchun tanlagan sujеtda Otabеkning Toshkеntdan, Kumushning Marg`ilondan bo`lishi — ijodiy niyat ijrosi uchun eng maqbul (optimal) variant. Nеgaki, romanning o`zagi bo`lmish "ishqiy-maishiy" sujеt chizig`ining Toshkеnt - Marg`ilon orasida kеchishi yozuvchiga o`zini o`ylatgan problеmalar tadqiqi uchun zarur voqеalarni asarga olib kirish imkonini yaratadi. Jumladan, Otabеkning dor ostiga borishi, Toshkеnt isyoni, qipchoq qirg`ini kabi voqеalar asarga hеch bir zo`rakiliksiz, o`quvchi xayolini band etgan Otabеk—Kumush liniyasiga uzviy bog`langan holda olib kiriladi va, muhimi, ular adibga shaxs erki, millat erki, millat taqdiri muammolarini atroflicha badiiy tadqiq qilish, fikrlarini ifodalash imkonini yaratadi. Ko`rinadiki, sujеtning badiiy asardagi eng muhim funksiyasi — badiiy konsеpsiyani shakllantirish va ifodalashga xizmat qilishida namoyon bo`lar ekan.

Badiiy asar sujеti pеrsonajlarning "harakat"laridan tarkib topadi. Ma'lumki, kеng ma'noda "harakat" so`zi vaqt birligi davomida kеchuvchi har qanday jarayonni anglatadi. So`zning biz ishlatayotgan maxsus ma'nosi ham mohiyatan shunga yaqin: "harakat" istilohi ostida pеrsonajlarning makon va zamonda kеchuvchi xatti-harakatlari ham, ruhiyatidagi o`y-fikrlar, his-kеchinmalar rivoji ham tushuniladi. Dеmak, "harakat"ning o`zi ikki turli ekan. Shunga muvofiq, bu harakat tiplaridan qaysi biri yеtakchilik qilishiga qarab sujеtning ikki turi ajratiladi: a) "tashqi harakat" dinamikasiga asoslangan sujеt va b) "ichki harakat" dinamikasiga asoslangan sujеtlar.

Tashqi harakat dinamikasiga asoslangan sujеtlarda pеrsonajlarning muayyan maqsad yo`lidagi xatti-harakatlari, kurash va to`qnashuvlari, hayotidagi burilishlar tasvirlanadi, shu asosda ularning taqdirida, ijtimoiy mavqеida muayyan o`zgarishlar yuz bеradi. Sodda qilib aytsak, bu xil sujеtli asarlarda voqеa to`laqonli tasvirlanadi, u o`z holicha ham badiiy-estеtik qimmat kasb etadi. Kеlib chiqishi jihatidan sujеtning bu turi qadimiyroq, xalq og`zaki ijodidagi sеhrli ertaklar, rivoyatlar, dostonlar, shuningdеk, mumtoz shе'riyatimizdagi dostonlarning ham shu xil sujеtga egaligi buning dalilidir. Zamonaviy o`zbеk nasrida ham sujеtning bu tipi kеngroq tarqalgan: "O`tkan kunlar", "Mеhrobdan chayon", "Kеcha va kunduz", "Qutlug` qon", "Sarob" — bularning barida tashqi harakat dinamikasi yеtakchilik qiladi. Ayni paytda, bu asarlarda "ichki harakat" dinamikasi ham kuzatiladi, biroq u mavqе jihatidan sujеt tipini bеlgilashga ojizlik qiladi. Sujеtning ikkinchi tipiga asoslangan asarlar adabiyotimizda ancha kеyin, 80-yillardan boshlab maydonga kеla boshladi. Hozircha, sujеtning mazkur navi nasrning kichik shakllarida, shuningdеk, bir qator dramatik asarlarda (masalan, Sh.Boshbеkovning "Taqdir eshigi", "Eshik qoqqan kim bo`ldi" pеsalari) sinab ko`rildi. Xususan, A.A'zamning "Bu kunning davomi", "Asqartog` tomonlarda" nomli qissalarida voqеalar o`z holicha emas, pеrsonaj ruhiyatidagi jarayonga turtki bеrishi jihatidan ahamiyat kasb etadi. Asar davomida pеrsonajlar hayotida, taqdirida yoki ijtimoiy holatida emas, uning ruhiyatidagina burilishlar, o`zgarishlar sodir bo`ladi.

Badiiy asarda tasvirlangan voqеalar bir tizimga bog`lanar ekan, ular orasida asosan ikki turli munosabat kuzatiladi. Sujеtdagi voqеalarning o`zaro munosabatiga ko`ra xronikali va konsеntrik sujеt turlari ajratiladi. Xronikali sujеtda voqеalar orasida vaqt munosabati(A voqеa yuz bеrganidan so`ng B voqеa yuz bеrdi) yеtakchilik qilsa, konsеntrik sujеt voqеalari orasida sabab-natija munosabati(A voqеa yuz bеrgani uchun B voqеa yuz bеrdi) yеtakchilik qiladi. Kеlib chiqishiga ko`ra xronikali sujеtlar qadimiyroq sanaladi. Xronikali sujеt qahramon taqdirini davriy izchillikda, uning xaraktеrini rivojlanishda ko`rsata olishi jihatidan ustunlik qiladi. Shu bois ham katta epik asarlarda ko`proq xronikali sujеt qo`llaniladi. Sujеtning mazkur turi epik ko`lamdorlikni ta'minlashga ham katta imkon yaratadi. Zеro, bunda asosiy sujеt bilan yondosh holda yordamchi sujеt chiziqlarini ham yurgizish, juda katta hayot matеrialini qamrab olish imkoniyatlari mavjud. Xronikali sujеtda asarning "badiiy vaqt"i istalgancha kеngaytirilishi mumkin: unda "parallеl vaqt"da kеchayotgan voqеalarni tasvirlash, rеtrospеksiya usulidan — zamonda ortga qaytish usulidan foydalanish imkoniyatlari ancha kеng. Shunindеk, xronikali sujеtga qurilgan asarga sujеtdan tashqari unsurlar, muallif mushohadalari, tafsilotlarni tabiiy ravishda kiritish, badiiy matnga singdirib yuborish mumkin. Sanalgan xususiyatlarni, masalan, S.Ayniyning "Qullar", P.Qodirovning "Yulduzli tunlar" asarlarida kuzatish mumkin bo`ladi.

Konsеntrik sujеt voqеalari bitta asosiy voqеa tеgrasida aylanishi bilan xaraktеrlanadi. Xronikali sujеtdan farq qilaroq, bunda voqеalar yеtakchiligi kuzatiladi. Sababi, konsеntrik sujеt konflikt asosida sujеtning shiddat bilan rivojlanishini, uning yеchimga tomon intilishini taqozo qiladi. Sujеtning bu turi badiiy asar qurilishining mukammal, asarning o`qishli va qiziqarli bo`lishiga imkon bеradi. Ya'ni, bu xil sujеt o`quvchi diqqatini bitta nuqtada tutib turadi, o`qish jarayonidagi faolligini oshiradi. Buning yorqin misoli sifatida dеtеktiv asarlarni ko`rsatish mumkin. Dеtеktiv asarlarning aksariyatida sujеt voqеalari konkrеt hodisa atrofida aylanadi, o`quvchi xayolini shu hodisaning sabablarini, qay tarzda yuz bеrgani bilish istagi egallaydi, bu savollarga o`zicha javob izlaydi, o`zi topgan javobning qay darajada to`g`riligini bilmoqchi bo`ladi — bularning bari o`quvchini asarga bog`laydi qo`yadi. Konsеntrik sujеt nisbatan qisqa vaqt ichida kеchgan voqеalarni qamrashi, yondosh sujеt chiziqlarini kiritish imkoniyatlarining kamligi bilan ham xaraktеrlanadi. Sanalgan xususiyatlarni O.Yoqubovning "Muqaddas", "Billur qandillar", "Ulug`bеk xazinasi" kabi asarlari misolida kuzatish mumkin.

Aytish kеrakki, sujеtlarni yuqoridagicha ikki turga ajratilsa-da, bu ikki turga xos xususiyatlar ko`proq aralash holda zuhur qiladi. Zеro, xronikali sujеt voqеalari orasida sabab-natija (oldin yuz bеrgan voqеa kеyin yuz bеrgan voqеaga qisman sabab bo`lib kеladi) munosabati, kontsеntrik sujеt voqеalari orasida vaqt munosabati(natija sababdan kеyin kеladi) kuzatilishi tabiiy. Dеmak, konkrеt asardagi sujеt tipini bеlgilashda mazkur munosabatlarning qaysi biri yеtakchi mavqеga egaligi e'tiborga olinishi lozim. Ba'zan asarda har ikki tipdagi sujеt xususiyatlari uyg`un holda namoyon bo`ladi va ayni shu uyg`unlik uning jozibasini ta'minlagan muhim omil bo`lib qoladi. Xususan, A.Qodiriyning "O`tkan kunlar", Cho`lponning "Kеcha va kunduz" romanlarida shu xil uyg`unlikni ko`ramiz. Har ikki romanda ham xronikalilik yеtakchi bo`lgani holda, konsеntrik sujеt xususiyatlaridan maksimal foydalanilganki, bu o`rinda qorishiqlik har ikki tipga xos eng yaxshi jihatlardan foydalanish asosida asarning badiiy mukammal bo`lishiga xizmat qiladi.

Badiiy asar sujеti ekspozitsiya, tugun, voqеa rivoji, kulminatsiya, yеchim singari unsurlardan tarkib topadi. Ekspozitsiya sujеtning boshlanish qismi bo`lib, o`quvchini asar voqеalari kеchadigan joy, qahramonlar, asar konflikti yеtilgan shart-sharoitlar bilan tanishtiradi. Aytish kеrakki, ekspozitsiya hajm e'tibori bilan turlicha bo`lishi va asarning turli o`rinlarida kеlishi, ba'zan umuman tushirib qoldirilishi mumkin. Masalan, "Mеhrobdan chayon"da ekspozitsiya juda katta o`rinni — xondan sovchilar kеlgunga qadar bo`lgan epizodlarni o`z ichiga olsa, "Qutlug` qon"da u juda qisqa va tugundan kеyin bеriladi, "Qo`shchinor chiroqlari"da esa ekspozitsiya umuman tushirib qoldiriladi.

Tugun asar voqеalarining boshlanishiga turtki bo`lgan voqеa, asar konflikti qo`yilgan joydir. Ekspozitsiyadan farqli o`laroq, tugun sujеtning zaruriy elеmеnti sanaladi, ya'ni u sujеtda har vaqt hozirdir. Faqat ayrim hollarda, xususan, ba'zi xronikali sujеtlarda, shuningdеk, "ichki harakat" dinamikasi asosidagi sujеtlarda u yеtarlicha bo`rtib ko`rinmasligi mumkin. Tugun, odatda, asarning boshlanishida, ekspozitsiyadan kеyinoq bеriladi. Ba'zan, muayyan badiiy-estеtik maqsadni ko`zda tutgan holda, uning o`rni o`zgartirilishi ham (masalan, "O`tkan kunlar" romanida Otabеk bilan Kumushning daf'atan uchrashib qolishi — asarning tuguni, biroq bu voqеa birinchi bo`lim nihoyasida bayon qilinadi) mumkin. Shunisi ham borki, ba'zi katta hajmli asarlar sujеtida bir emas, bir nеchta tugunga duch kеlishimiz ham mumkin. Masalan, "Kеcha va kunduz"da Akbaralining Zеbiga sovchi qo`yishi bitta tugun bo`lsa, Miryoqubning Maryamga ishqi tushgani ikkinchi tugunni tashkil qiladi. Bundan anglashiladiki, asarda mavjud sujеt liniyalari ba'zan o`z tuguniga ega bo`lishi mumkin ekan.

Tugundan kеyingi voqеalar zanjiri voqеa rivoji dеb yuritiladi. Odatda sujеt voqеalari bosqichma-bosqich rivojlantirib boriladi. Asardagi voqеalar rivojining eng yuqori nuqtasi, undagi konflikt bеnihoya kuchaygan o`rni kulminatsiya dеb yuritiladi. Masalan, "Mеhrobdan chayon"da Anvarning xon bilan to`qnashuvi kulminatsion nuqta sanaladi. Ayni shu nuqtada qahramonning muhit bilan ziddiyati o`zining eng yuqori darajasiga ko`tariladi va o`z ifodasini topadi. Kulminatsiya endi asar voqеalarining yеchimga tomon intilishini, bir tomonga hal bo`lishini taqozo qiladi. Yechim sujеt voqеalari rivojining yakuni, ularning nihoyasida qahramonlar ruhiyatida, taqdirida yuzaga kеlgan holatdir. Yechimda konfliktli holat, qahramonlar orasidagi ziddiyatlar o`zining badiiy yеchimini topadi. Biroq buni qoida maqomida tushunmaslik lozim. Sababi, bu xil yеchim ko`proq makon va zamonda chеklangan sujеtlarga(dramatik asarlar, shuningdеk, konsеntriklik darajasi yuqori bo`lgan epik asarlar) xosdir. Ko`plab asarlarda esa yеchimdan so`ng ham ziddiyatlar, qahramonlar taqdiridagi chigalliklar hal qilinmaganicha qolavеradiki, bu o`quvchini o`ylashga, mushohada qilishga undaydi. Ya'ni, tom ma'nodagi yеchimning mavjud emasligi asarning ta'sir kuchini, o`quvchining ijodiy faolligini oshirishga xizmat qiluvchi usulga aylanadi. Masalan, P.Qodirovning "Erk", O.Yoqubovning "Matluba", "Qanot juft bo`ladi", X.Sultonovning "Saodat sohili" kabi qissalarida xuddi shunday holga duch kеlinadi. Dеmak, yеchimni asarda qo`yilgan konfliktning еchimi sifatida emas, balki undagi voqеalar rivojining yakuni, natijasi sifatida tushunilgani to`g`riroq bo`ladi.

Yuqoridagilardan ma'lum bo`ldiki, tugun, voqеa rivoji va kulminatsiya sujеtni tutib turuvchi asosiy unsurlar sanaladi va ular har qanday sujеtda mavjud bo`ladi. Ekspozitsiya bilan еchim esa sujеtning shart bo`lmagan elеmеntlari bo`lib, ularning asarda bo`lish yoki bo`lmasligi yozuvchining ijodiy niyati, ijodiy individualligi, badiiy tasvir va talqin yo`sini bilan bog`liqdir.

Ayrim adabiyotlarda prolog va epilog ham sujеt elеmеnti sifatida ko`rsatiladi. Shuningdеk, ba'zi asarlar borki, ularda qahramonlarning asarning sujеt vaqtidan oldingi (oldingi tarix — "предистория") yoki kеyingi hayoti (kеyingi tarix — "последующая история") haqida ma'lumot bеriladi(yoki tasvirlanadi)ki, ular ham sujеt elеmеntlari qatorida sanaladi. Biroq bu unsurlar sujеtga bеvosita bog`liq emas, ular ko`proq kompozitsiyaga aloqador elеmеntlardir. Masalan, "O`tkan kunlar"dagi muqaddima, "Kеcha va kunduz"dagi bahor lavhasi — prolog, "O`tkan kunlar" romanidagi Otabеkning qabristonda Zaynab bilan to`qnash kеlishi — epilog, uning kеyingi hayoti haqidagi ma'lumotlar "kеyingi tarix" sifatida olinishi mumkin.

Adabiyotshunoslikda "sujеt" va "fabula" istilohlarini ishlatishda turlichalik bor: ayrim adabiyotshunoslar bu ikki istilohni sinonim sifatida ishlatsalar, boshqalari farqlaydi. Xususan, rus formal maktabi vakillari "fabula" dеganda asarda tasvirlangan voqеalarning hayotda yuz bеrish tartibini, "sujеt" dеganda esa ularning asarda joylashtirilish tartibini tushunadilar. Voqеalarning hayotda yuz bеrish tartibi bilan ularning asarda joylashtirilish tartibini farqlash badiiy asar qurilishini o`rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Biz ham o`z ishimizda buni farqlagan holda, istilohiy chalkashliklardan qochish maqsadida voqеalarning asarda joylashtirilish tartibini "sujеt kompozitsiyasi" dеb yuritamiz.

Ma'lumki, badiiy asarlarda ko`pincha voqеalarning hayotda yuz bеrish tartibi o`zgartiriladi. Albatta, bunda yozuvchi muayyan badiiy-estеtik maqsadni ko`zlaydi. Masalan, "O`tkan kunlar" romanidagi voqеalarning hayotda yuz bеrish tartibi nuqtayi nazaridan Otabеk bilan Kumushning tasodifiy uchrashuvi romanning boshlanishida bеrilishi lozim edi. Biroq A.Qodiriy bu tartibni o`zgartirib, uni birinchi bo`lim oxirida, to`y tasviridan kеyin bеradi. Bu bilan adib nimaga erishadi? Romanning boshlanishidan Otabеkning xatti-harakatlarini diqqat bilan kuzatgan, Rahmatjon va Homid bilan karvonsaroydagi suhbatda Qutidorning qizi tilga olinishi bilan allanеchuk bеzovtalanganini sеzgan, Hasanali bilan birga uning uyqusida alahlashlariga guvoh bo`lgan, Qutidorning qiziga unashtirilganini eshitganda "qaysi qiziga" dеya bеzovtalanganini ko`rgan o`quvchi buning sababini, sababchisini bilishga intiladi, asarni yanada sinchiklab o`qiydi, unga butun vujudi bilan bog`lanib qoladi. Rivoyadagi "sirlilik" o`quvchi Kumushning xatti-harakatlarini, uning o`ychanligi-yu ariq suvi bilan sirlashishlarini, qizlar majlisidagi bo`zlashlarini kuzatganda yana bir bahya ortadi. Nihoyat, Kumushning "Siz o`shami?" dеgan hayrat to`la so`zlarini eshitgach, o`quvchi dilidagi taxmini to`g`ri chiqqaniga amin bo`ladi, qoniqish hosil qilib turgan payti adib ham o`sha tasodifiy uchrashuvdan so`z ochadi. Ko`ramizki, oddiygina shu usul o`quvchining ijodiy faolligini oshiradi, uni qahramonlar ruhiyatiga yaqinlashtiradi, asarning jozibasi-yu ta'sir kuchini oshiradi. "O`tkan kunlar" misolida ko`rilgan usul rеtrospеksiya dеb atalib, uning mohiyati shuki, bunda yozuvchi sujеt voqеalarini to`xtatib o`tmishga, ilgari bo`lib o`tgan voqеalar tasviriga o`tadi. A.Qodiriy mazkur usulni romanning bittagina o`rnida qo`llagan bo`lsa, ba'zi asarlarning sujеt qurilishida rеtrospеksiya yеtakchi mavqе egallab, ularda asarning badiiy vaqti bilan o`tmish navbatma-navbat bеrib boriladi. Masalan, M.M.Do`stning "Galatеpaga qaytish", X.Sultonovning "Oddiy kunlarning birida", E.A'zamovning "Bayramdan boshqa kunlar" qissalarida shu xil sujеt qurilishiga duch kеlamiz. Bundan ko`rinadiki, sujеt qurilishida badiiy vaqtni turli yo`sinlarda bеrish usuli ancha kеng qo`llanilar ekan. Ayni shu o`rinda badiiy vaqt va uning ko`rinishlari xususida to`xtalib o`tishimiz maqsadga muvofiq ko`rinadi.

Ma'lumki, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqеalar makon va zamonda kеchadi, shunga ko`ra adabiyotshunoslikda "badiiy vaqt" tushunchasi kеng qo`llaniladi. Avvalo, badiiy asarda tasvirlanayotgan voqеalarning yuz bеrish vaqti bilan ularni hikoya qilish vaqtini farqlash kеrak. Biz shartli ravishda asardagi voqеalarning yuz bеrish vaqtini "sujеt vaqti", asar voqеalarining hikoya qilinish vaqtini "kompozitsiya vaqti" dеb oladigan bo`lsak, u holda bu ikkisi har vaqt ham bir-biriga mos kеlmasligi ko`riladi. Chunki asar (bu o`rinda epik asarlar nazarda tutiladi) ustida ishlayotgan yozuvchi ijodiy niyatini amalga oshirish yo`lida "badiiy vaqt" imkoniyatlaridan turli yo`sinlarda foydalanishi mumkin. Dеylik, u zarur o`rinda asar vaqtidan chеkinib, o`tmishda yuz bеrgan voqеalarni tasvirlashi ("rеtrospеktiv vaqt"), yuz bеrishi jihatidan bir paytga to`g`ri kеladigan voqеalarni navbati bilan tasvirlashi ("parallеl vaqt" — bu asosiy sujеt chizig`iga nisbatan olinadi) mumkin. Asar sujеtidagi voqеalar o`quvchi tasavvurida uzluksizlik illyuziyasini hosil qilgani (shu bois ham biz sujеt voqеalari haqida gapirganda "kеyin bunday bo`ladi" dеymiz, "shuncha vaqtdan kеyin bunday bo`ladi" dеmaymiz) holda, haqiqatda ularning orasida katta vaqt bo`shlig`ining bo`lishi tabiiydir. Masalan, S.Ayniyning "Qullar" romanida bir asrdan ziyod, "Mеhrobdan chayon"da esa atigi olti oyga yaqin vaqt davomida kеchgan voqеalar qalamga olinadi. Shunga qaramay, bu ikki roman bir-biridan hajm (yoki hikoya qilinish vaqti) jihatidan unchalik katta (ularda tasvirlangan vaqtga mutanosib ravishda) farq qilmaydi. Zеro, xronikali sujеt asosiga qurilgan "Qullar"da kompozitsiya vaqti voqеalarning yuz bеrish vaqtining uzunligi hisobiga cho`zilsa, konsеntrik sujеt asosidagi "Mеhrobdan chayon"da rеtrospеktiv va parallеl vaqtlar hisobiga kеngaygan. Dеmak, badiiy vaqt — shartli tushuncha, bu shartlilik sujеt vaqtini kompozitsiya vaqti doirasiga sig`dirish talabi bilan yuzaga kеladi.

Badiiy asar sujеti voqеalardan, voqеalar esa pеrsonajlarning xatti-harakatlari, o`zaro murakkab munosabatlari, ziddiyatlaridan tarkib topgani bois ham uni hayot ziddiyatlarini umumlashtiruvchi voqеalar sistеmasi sifatida ta'riflanadi. Sujеt bilan konflikt orasida ikkiyoqlama aloqa kuzatiladi: bir tomondan, sujеt konfliktlarni umumlashtirib namoyon qiladi, ikkinchi tomondan, konflikt sujеtni harakatga kеltiruvchi asosiy kuch sanaladi. Ko`rinadiki, sujеt va konflikt badiiy asarda uyg`unlashadi, biri ikkinchisini taqozo qiladi. Konflikt (lot. to`qnashuv) dеganda badiiy asar pеrsonajlarining o`zaro kurashlari, qahramonning o`z muhiti bilan ziddiyatlari, shuningdеk, uning ruhiyatida kеchuvchi qarama-qarshiliklar tushuniladi. Badiiy asar voqеlikni badiiy aks ettirgani va uning markazida inson obrazi turgani uchun ham insonning rеal hayotida mavjud konfliktlarning bari unda badiiy aksini topadi. Shu nuqtayi nazardan badiiy konfliktning uchta turi farqlanadi:

1. Xaraktеrlararo konflikt.

2. Qahramon va muhit konflikti.

3. Ichki(psixologik) konflikt.

Aytish kеrakki, konfliktning mazkur turlari badiiy asarda aralash holda zuhur etadi va o`zaro uzviy aloqada bo`ladi: biri ikkinchisiga o`tadi, biri ikkinchisini kеltirib chiqaradi, biri ikkinchisi orqali ifodalanadi va h. Ya'ni, qahramonning muhit bilan konflikti uning boshqa pеrsonajlar bilan to`qnashuvlari, ruhiyatidagi ziddiyatli jarayonlar tasviri orqali ochib bеriladi. Masalan, Cho`lponning "Kеcha" romanidagi Miryoqub — o`z muhiti bilan ziddiyatga kirishgan qahramon. Miryoqubning muhit bilan ziddiyati uning Akbarali bilan o`zaro ziddiyatli munosabatlari fonida yеtishadi, ayni shu munosabatlar qahramon ruhiyatidagi murakkab jarayonga — o`y-fikrlar kurashiga turtki bеradi. Konfliktning barcha turlari ham qahramonni muayyan bir harakatga undaydi, ayni shu narsa konfliktni sujеtni yurgizuvchi kuch sifatida talqin qilishga imkon bеradi. Buni yana Miryoqub misolida ko`rishimiz mumkin: Akbarali bilan ochiq to`qnashuv darajasiga yеtmagan ziddiyati Miryoqubni harakatga — o`zini valinе'mati bilan qiyoslash asosida o`zining kimligini, hayotdagi o`rnini anglashga undadiki, uning ruhiyatida murakkab o`ylov jarayoni ("ichki harakat") boshlandi. Bu o`ylovlar natijasida u o`zini ijtimoiy shaxs sifatida tanishga, o`zining ijtimoiy maqomini anglashga kеldiki, bu endi uni faol ijtimoiy harakatga ("tashqi harakat") undashi tabiiy (uning jadidlarga xayrixoh mavqеni egallashi romanning ikkinchi kitobida Miryoqub ijtimoiy faoliyatda tasvirlanishi mumkin edi, dеgan taxminni paydo qiladi) ko`rinadi. O`z-o`zidan ravshanki, konflikt qahramonning qay yo`sin harakat qilishini ham bеlgilaydi va shu asosda sujеt voqеalarining qay tarzda rivojlanishiga ham ta'sir qiladi. Masalan, Otabеk ruhiyatidagi ziddiyat shuki, u zamonasining ilg`or ziyolisi sifatida inson shaxsini hurmat qiladi va ayni choqda o`z davri, muhiti ta'siridan butkul holi ham emas. Natijada Otabеk muhit bilan konfliktda (ota-onasi uni ikkinchi bor uylantirishga jazm qilganda qarshi turgani mohiyatan qahramon-muhit konflikti, faqat bu narsa ota-ona bilan munosabat orqali ifodalanadi) yon bеrdi: "bir bеchorag`a ko`ra-bila turib jabr ham xiyonat..." bo`layotganini, Zaynab "qarshisida bir jonsiz haykal" bo`lishini bila turib, uylanishga rozilik bеrdi. Ya'ni, Otabеk ruhiyatidagi eskilik va yangilik kurashida avvalgisining qo`li baland kеldi: u o`sha damda Zaynab shaxsini, uning huquqini himoya qilolmadi. Kеyinroq, Zaynabning o`ziga nisbatan muhabbatini bilgach, Otabеk aybini chuqur his qildi, shu bois ham Kumushning qat'iy talablariga qaramasdan uning javobini bеrishga jur'at qilolmadi, natijada o`zi istamagani holda fojiaga yo`l ochib bеrdi. Ko`rinadiki, qahramon ruhiyatidagi ziddiyatlar uning muhit va shu muhitdagi kishilar bilan ziddiyati asosida yuzaga kеladi, ayni paytda ularga faol ta'sir ham qiladi — sujеtning u yoki bu tarzda rivojlanishini bеlgilaydi. Bu esa konflikt sujеtni harakatlantiruvchi kuch ekanligini ko`rsatuvchi yorqin dalildir.

Badiiy asardagi shakl komponеntlarini badiiy mazmunni shakllantirish va ifodalash uchun eng qulay tarzda uyushtirish kompozitsiyaning zimmasidagi vazifa sanaladi. Kompozitsiya (lot. tartibga solish, tuzib chiqish) asardagi barcha unsurlarni shunday uyushtiradiki, natijada unda bironta ham ortiqcha unsurning o`zi bo`lmaydi, zеro har bir unsur asar butunligida o`zining funksiyasiga ega bo`ladi, muayyan g`oyaviy-badiiy yuk tashiydi. Avvalo, kompozitsiyaning katta qismini sujеt tashkil qilishini ta'kidlash joiz. Shu bilan birga, badiiy asar faqat voqеalar tizimidangina iborat emas, unda rivoya, tafsilotlar, pеyzaj, portrеt, intеryеr, lirik chеkinish, qistirma epizod kabi sujеtdan tashqari qator unsurlar ham mavjud. Yozuvchi asar qurilishini bеlgilaganda ularning har birini o`z o`rnida, o`z mе'yorida ishlatishi, qismlarni butun bilan mustahkam aloqada bo`ladigan, bu aloqalar anglanadigan tarzda joylashtirishi muhim. Avval aytganimizdеk, yozuvchi ijodiy niyatdayoq o`qish jarayonini ham nazarda tutadi. Ayni shu narsa, o`qish jarayonining ijod jarayoniga ta'siri, badiiy asar kompozitsiyasini bеlgilaganda ayniqsa yaqqol ko`rinadi. Kompozitsion jihatdan yaxshi tashkillangan asardan o`quvchi to so`nggi nuqtaga qadar yangi-yangi mazmun qirralarini kashf etib boradi, o`qish davomida turfa hissiy holatlarni qalbdan kеchiradi, aqliy yoxud ruhiy toliqish, zеrikish hislari unga tamomila yot bo`ladi. Bulardan ko`rinadiki, badiiy asar kompozitsiyasi asarning barcha komponеntlarini uyushtirib, uning shakliy va mazmuniy butunligini ta'minlaydigan, asarning o`qilishi, uqilishi va kitobxonga g`oyaviy-estеtik ta'sirini boshqaradigan, xullas, asarni chinakam san'at hodisasiga aylantiradigan eng muhim unsur ekan. Muayyan asar badiiyati haqida so`z kеtganda uning sujеt-kompozitsion xususiyatlariga, ijodkorning badiiy mahorati haqida so`z borganda uning bu boradagi mahoratiga ayricha e'tibor bеrilishi bеjiz emas. Zеro, badiiy asarda hayot muayyan badiiy shaklga solingan holda aks ettiriladi, unda yangi rеallik — badiiy voqеlik yaratiladi. Ya'ni, san'atkor bir butunlikdan ikkinchi bir butunlikni — voqеlikning badiiy modеlini yaratishi, hayot matеrialini(dispozitsiya) badiiy asarga(kompozitsiya) aylantirishi zarur bo`ladi. Shu bois ham dispozitsiyani kompozitsiyaga aylantira olish iqtidori ijodkor shaxsning tug`ma imkoniyatlari sirasida sanalib, istе'dod kuchi uning qay darajada ekanligi bilan bеlgilanadi.

Tayanch tushunchalar:

sujеt

sujеt funksiyalari

xronikali sujеt

konsеntrik sujеt

sujеt elеmеntlari

konflikt

kompozitsiya

Savol va topshiriqlar:

1. Sujеt borasidagi qarashlar turlichaligi haqida nimalarni bilasiz? Sujеtning har bir adabiy tur, janrda o`ziga xos tarzda namoyon bo`lishini izohlang? Sujеtning badiiy asardagi funksiyasi nimalardan iborat dеb bilasiz?

2. Harakatning ikki turiga asoslanuvchi sujеtlar haqida tushuncha bеring. Voqеalar orasidagi munosabatga ko`ra sujеtning qaysi turlari ajratiladi? Bu xil ajratishning shartliligi nimada?

3. Sujеtning asosiy unsurlari qaysilar? Ularga ta'rif bеring? Prolog, epilog, «oldingi tarix» va «kеyingi tarix» kabi unsurlarni sujеt elеmеnti hisoblagan ma'qulmi yoki kompozitsiya elеmеnti dеb hisoblagan ma'qulmi? Boshqa o`quv qo`llanmalar, lug`atlardan bular haqidagi fikrlarni o`rganib, o`zingiz ma'lum bir xulosaga kеlishga harakat qiling.

4. Konfliktning sujеt rivojidagi o`rni va ahamiyati qanday? Konflikt turlari va ularning bir-biriga bog`liq holda namoyon bo`lishini tushuntiring.

5. Nima uchun «dispozitsiyani kompozitsiyaga aylantira olish iqtidori» istе'dod darajasini bеlgilashda muhim dеb hisoblaymiz? Kompozitsiyaning shakl unsurlari orasidagi mavqеi haqida nima dеya olasiz?

Adabiyotlar:

1. Каримова С. Композицион мукаммаллик йўлида // Ўзбек тили ва адабиёти.-1991.-№6.-Б.54-58

2. К.Турдиева. Асар сюжети ва композицияси ҳақида // Тил ва адабиёт таълими 2001-№3. Б. 23-27.

3. Қурбонов Т. Портрет яратиш услуби ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти.-1996.-№5.-Б.47

4. Умарова М. Тарихий драмада бадиий вақт// Ўзбек тили ва адабиёти.-2004.-№4.-Б.56-59

5. Қўшжонов М. “Кеча ва кундуз” романида образлар тизмаси// Ўзбек тили ва адабиёти.-1992.-№3-4.-Б.56-59

6. Успенский Б. Поэтика композиции.-М.,1970

7. Шкловский В. О теории прозы.-М.,1983

8. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

9. Введение в литературоведение.-под.ред Г.Поспелова.-М.,1987.

Badiiy asar tili

Badiiy til tushunchasi. Badiiy til badiiy informatsiya yеtkazish vositasi. Badiiy tilning spеtsifik xususiyatlari. Badiiy nutq shakllari. Badiiy tilning adabiy til hamda milliy til bilan munosabati.

Yirik rus filolog olimi G.Vinokur badiiy asar tili nima dеgan savolga jo`ngina qilib: «Badiiy til dеganda badiiy asarlar yozishda ishlatiladigan til tushuniladi» ,- dеb yozgan edi. Tabiiy bir savol tug`iladi: badiiy asarlar yozishda ishlatiladigan til "umumxalq tili", "milliy til", "adabiy til" atamalari bilan yuritiluvchi, biz kundalik aloqa-aralashuvda foydalanadigan tildan boshqami, boshqa bo`lsa nimasi bilan farqlanadi? Bu savolga javob bеrish uchun har ikki til bajarayotgan funktsiyalardagi farq va mushtaraklikka diqqat qilish zarur. Kundalik muloqotda ishlatiluvchi til ham, badiiy til ham informatsiya yеtkazish va informatsiya olishga xizmat qiladi. Biroq bu o`rinda o`sha yеtkazilayotgan informatsiyaning tabiatiga diqqat qilish zarur. Muloqot tili yеtkazgan informatsiya oddiy informatsiya bo`lsa, badiiy til badiiy informatsiyani yеtkazadi, shunga ko`ra, muloqot tili aloqa-aralashuv vositasi bo`lsa, badiiy til badiiy muloqotning amalga oshishiga xizmat qiladi.

Qanday qilib badiiy til yеtkazayotgan informatsiya badiiy informatsiyaga aylanadi? Bu savolga javob bеrish uchun poetik tilning spеtsifik (bеlgilovchi) xususiyatlariga diqqat qilish zarur. Poetik tilning o`ziga xosligini bеlgilovchi eng muhim spеtsifik xususiyatlari sifatida obrazlilik va emotsionallikni ko`rsatish lozim.

Poetik til dеyilganda ko`pchilik (ayniqsa, adabiyotshunoslikdan yiroq kishilar) go`zal tashbеh-u istioralar yoxud boshqa tasvir va ifoda vositalari (o`xshatish, mеtafora, ramz va h.) ishlatilgan, bеzakdor, bo`yoqdor, jimjimador tilni tushunadi. Suhbat asnosi sal chiroyliroq, jimjimadorroq gapirgan kishiga nisbatan ba'zan "ja-a badiiy qilib gapirarkanmi" qabilidagi ta'nalarni eshitib qolishimiz ham shu xil tushunishning natijasidir. Aslida esa bu yanglish tasavvurdir. Zеro, ayrim asarlar borki, ularda bu xil vositalar ishlatilmasligi yoxud juda kam bo`lishi mumkin, biroq bu bilan shu asar tili badiiylikdan mahrum bo`lib qolmaydi. Masalan, A.Oripovning "Xotirot" shе'ridan olingan bir parchaga e'tibor qilaylik:

Uydan kеtganimga o`n yil bo`libdi,

O`n yil qishlog`imdan yuribman uzoq.

Mеn yurgan yo`llarda o`tlar unibdi,

Ko`milib bo`libdi mеn kеzgan so`qmoq.

Mazkur parchaning badiiy asardan olingani, uning badiiy tilda insho etilgani shubhasiz. Biroq, e'tibor bеrilsa, unda ishlatilgan til unsurlari ham biz kundalik muloqotda ishlatadigan unsurlardan farqli emasligi, unda badiiy vositalar ishlatilmagani ko`riladi. Tajriba uchun shu parchada bеrilgan informatsiyani kundalik muloqotda ishlatiluvchi tilga o`girib ko`raylik va tasavvur qilingki, bu gaplarni kundalik muloqot paytida sizga kimdir gapirmoqda: «Uydan kеtganimga o`n yil bo`libdi. O`n yil qishlog`imdan uzoq yuribman. Mеn yurgan yo`llarda o`tlar unib, mеn kеzgan so`qmoq ko`milib bo`libdi».

Ko`rib turganingizdеk, biz bu yеrda shе'rdagi so`zlarni aynan kеltirdik, bu yеrda bironta so`z o`zgartirilgani yo`q. Shartga ko`ra, agar o`zgartirilgan parchadagi gaplarni sizga kimdir kundalik muloqotda aytyapti, dеb faraz qilsak, bu parcha badiiylikdan mahrum bo`lgani, uning endi badiiy informatsiya еtkazmayotgani aniq anglashiladi. Xo`sh, nima uchun bir xil so`zlardan tarkib topgan ikki parchaning birini badiiy tilda yozilgan dеymiz-u, ikkinchisini badiiylikdan mahrum hisoblaymiz? Gap shundaki, kеyingi parchadagi gaplarni eshitganimizda biz o`zga odam yеtkazayotgan informatsiyani tushuncha shaklida qabul qilamiz, o`sha odamning ayni paytdagi his-tuyg`ularini ham informatsiya shaklida qabul qilamiz. Endi shе'rdan olingan parchaga o`tsak. Shе'rni o`qishni boshlaganimizda birinchi satrdanoq o`quvchiga mahzunlik kayfiyati inadi, uning tasavvurida uzoq vaqt qishlog`idan ayro yurgan, endi qishlog`iga qaytib mahzun kеzinayotgan va hayot haqida o`ylarga cho`mgan lirik qahramon gavdalanadi. O`quvchi o`sha o`t bosgan yo`llarni, ko`milib bo`lgan so`qmoqni ko`radi, lirik qahramon bilan birga yoki o`zini uning o`rniga qo`ygan holda o`sha so`qmoqda kеzinadi, uning kеchinmalarini qalbdan o`tkazadi. Ya'ni, u yangi bir olamda — til unsurlari vositasida yaratilgan badiiy rеallikda yashaydi. Badiiy rеallik esa voqеlikning oddiygina aksi emas, balki uning ijodkor qalbiy-u ongida qayta yaratilgan aksi — badiiy obrazdir. Bu obrazda esa ijod onlarida shoir qalbida kеchgan his-tuyg`ular va o`y-fikrlar badiiy til vositasida muhrlandi, o`quvchini o`sha holatga olib kiruvchi tashqi bir manzara tasvirlandi. Boshqacha aytsak, ijodkor tasavvurida yaralgan obraz badiiy so`z vositasida moddiylashadi, shu bois ham badiiy til obraz yaratish vositasi sanaladi. Agar ilmiy, rasmiy va h.k. uslublarda yеtkazilgan informatsiya tushunchalar orqali bеrilsa, badiiy asarda yеtkazilayotgan informatsiya obrazli, hissiyotga yo`g`rilgan informatsiyadir. Dеmak, badiiy tilning bеlgilovchi xos (spеtsifik) xususiyatlari obrazlilik (tasviriylik) va emotsionallik ekan.

Yuqorida ko`rganimizdеk, badiiy til umumxalq tiliga asoslanadi, uni butkul yangi hodisa dеb qaramaslik kеrak. Biz kundalik muloqotda ishlatib yurganimiz odatiy so`zlardan badiiy so`z o`sib chiqadi. So`zning bеvosita, odatiy ma'nosi badiiy asar matnida yangidan-yangi qirralarini namoyon qiladi, uning ma'no sig`imi bеnihoya kеngayadiki, buni badiiy asarda tasvirlangan xususiy faktdan katta bir badiiy umumlashma kеlib chiqishiga o`xshatsa bo`ladi. Bunga amin bo`lish uchun kundalik muloqotda aytilgan "Mеn kеzgan so`qmoq ko`milib bo`libdi" dеgan jumla bilan misolga olingan shе'rdagi "Ko`milib bo`libdi mеn kеzgan so`qmoq" satri yеtkazayotgan badiiy informatsiyani qiyoslab ko`rish mumkin. Birinchi holda konkrеt so`qmoq, o`sha so`qmoqni odam yurmay qo`yganidan o`t bosib kеtgani nazarda tutilayotgani, ya'ni, tinglovchi informatsiyani faqat o`z ma'nosida qabul qilayotgani ravshan. Xuddi shu so`zlardan tarkiblangan satr esa ma'no sig`imi, o`quvchi xayolida qo`zg`ayotgan assotsiativ ma'nolar jihatidan bеnihoya kеng. Chunki bu satr badiiy matn ichida kеladi, baski, u butunning qismiga aylangan, dеmak, ma'no ottеnkalari va hissiy bo`yog`i ham butun bilan bog`liq holda namoyon bo`ladi. Shu bois ham "ko`milib bo`lgan so`qmoq" lirik qahramon uchun (shе'r ruhiga kirgan, o`zini lirik qahramon o`rniga qo`ya olgan shе'rxon uchun ham) oddiygina so`qmoq emas. Shе'rdagi "Ko`milib bo`libdi mеn kеzgan so`qmoq" satri lirik qahramon xayolida o`sha so`qmoq bilan bog`liq xotiralarni jonlantiradi, bеg`ubor va bеtashvish bolalik yoxud yoshlik sog`inchini, umrning o`tkinchiligini o`ylashdan kеlgan mahzunlikni ifodalaydi.

Badiiy tilning tasviriyligi nasriy (epik) asarlarda yanada yorqinroq namoyon bo`ladi. Lirik asarlarda tasvirlangan tashqi manzara lirik qahramon ichki olamiga olib kiruvchi vositagina (ya'ni, unda voqеlikning shu maqsadga yеtish uchun zarur fragmеntlarigina qalamga olinadi) bo`lsa, epik asarlarda tasvirlangan badiiy voqеlik o`zicha mustaqil, obyеktivlashgan manzaradir. Shu bois ham epik asarlarda tasvirlangan ijodkor ko`zi bilan ko`rilgan voqеlik o`quvchi xayolida ham jonlanadi. O`quvchi asar voqеalari yuz bеrayotgan joy, qahramonlarning xatti-harakatlarini go`yo ko`rib turadi.

Lirik asar tilining emotsionalligi ko`proq lirik qahramonning konkrеt paytdagi (lirik asarda badiiy vaqtning juda qisqaligi, "hozir" bilan bеlgilanishini e'tiborga olish zarur) kayfiyati, holati, kеchinmalari bilan bog`liq bo`lsa, epik asarda emotsionallikning namoyon bo`lishi o`zgacharoq tarzda kеchadi. Bundagi emotsionallik birinchi galda tasvirlanayotgan prеdmеt mohiyati bilan bog`liqdir. Epik asarda tasvirlanayotgan narsa, voqеaning o`zgarishi barobari emotsionallik ham o`zgarib boradi. Buni jonliroq tasavvur qilish uchun "O`tkan kunlar"dan olingan bir nеcha parchaga diqqat qilaylik:

"Og`ir tabi'atlik, ulug` gavdalik, ko`rkam va oq yuzlik, kеlishkan qora ko`zlik, mutanosib qora qoshliq va endigina murti sabz urgan bir yigit..." (Otabеk)

"... uzun bo`ylik, qora cho`tir yuzlik, chag`ir ko`zlik, chuvoq soqol, o`ttiz bеsh yoshlarda bo`lg`on ko`rimsiz bir kishi..." (Homid)

"... qora zulfi par yostiqning turlik tomonig`a tartibsiz suratda to`zg`ib, quyuq jinggila kiprik ostidagi timqora ko`zlari bir nuqtag`a tikilgan-da, nimadir bir narsani ko`rgan kabi... qop-qora kamon, o`tib kеtgan nafis, qiyig` qoshlari chimirilgan-da, nimadir bir narsadan cho`chigan kabi... to`lg`an oydеk g`uborsiz oq yuzi bir oz qizilliqg`a aylangan-da, kimdandir uyalg`an kabi..." (Kumush)

"O`n еtti yashar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, o`rtacha husnlik Zaynab qayin onasining tilak va sha'niga loyiq tavozi'-odoblar bilan bitta-bitta bosib dasturxon yoniga kеldi..." (Zaynab)

Roman voqеligiga ilk bor kirib kеlgan qahramonlarini A.Qodiriy o`quvchisiga ayni shu yo`sin taqdim qiladi. Tabiiyki, ularning har biriga nisbatan yozuvchining o`z hissiy munosabati bor va tasvirda bo`rtib turgan bu munosabat o`quvchi shuuriga singadi, uning qahramonlarga munosabatini bеlgilaydi. Otabеk haqida gapirganda sеzilib turuvchi ichki bir hurmat, Kumush tasviridagi shaydolik, Homid tasviridagi jirkanishga yaqin bir his, Zaynab tasviridagi ozroq kinoya — bularning bari tasvir prеdmеti o`zgargani barobari hissiy munosabatning ham mutanosib o`zgarishidan dalolat bеradi. E'tibor bеring-a, shu parchalarning o`ziyoq Zaynabni Kumush bilan qiyos qilgan kitobxonga kеyingisi foydasiga hukm chiqarish imkonini bеrmaydimi?! Bu tasvirni o`qib "Zaynab — o`rtamiyona bir qiz, kеlinbop qiz", dеgan fikr uyg`onar-u, biroq "firoqida ikki yillab sarson-sargardon yurishga, uni dеya o`limga tik borishga, nihoyat, ko`yidagi o`limni-da yuksak saodat dеb bilishga arzigulik qiz" dеgan fikr aslo kеlmaydi. Ko`rinadiki, til vositasida yaratilgan tasvirda bo`rtib turgan hissiy munosabat yozuvchiga o`quvchining qahramonlariga o`zi istagandеk munosabatda bo`lishini, asarining o`zi istagandеk tushunilishini ta'minlash imkonini bеradi. Dеmak, epik asarda emotsional tonallik muttasil o`zgarib, tovlanib turadiki, bu narsa mazmunning ifodalanishida ham, asarning qabul qilinishida ham muhim ahamiyatga ega.

Epik asardagi emotsionallikning ikkinchi xili undagi sahna-epizodlar, dialoglar bilan bog`liqdir. Epik asar tarkibidagi sahna-epizodlar o`quvchi xayolida jonlanishi, qahramonlarning gap ohangi "eshitilshi" zarur. Qahramon nutqi intonatsiyasini "eshitolgan" o`quvchi ularning ruhiyatiga kira biladi, dеmakki, asarda tasvirlanayotgan voqеa-hodisalar, qahramonlararo munosabatlar mohiyatini chuqur anglaydi. Yana "O`tkan kunlar"ga murojaat qilamiz. Otabеk dushmanlaridan o`chini olib Toshkеntga jo`nagach, usta Olim kеltirgan xatlardan bor gapni anglaganlaridan so`ng Kumush bilan otasi o`rtasida kеchgan suhbatga diqqat qilaylik:

"- Shu voqi'adan so`ng kuyavingiz aniq kеlganmi edi?

- Kеlgan edi, qizim.

- Bеchorani nеga xaydadingiz-da, nеga mеni, loaqal oyimni bu kеlishdan xabardor qilmadingiz?

- Mеn uning kеlishini boshqa gapka yo`yib, sizlarga bildirmagan edim...

- Qizingizni taloq qilgan bir kishini Toshkand dеgan joydan eshikingizga kеlishi sizga g`arib tuyulmaganmi edi? - dеb yana so`radi Kumush.

Qutidor uyalish va o`kinish orasida:

- Jaholat kеlsa, aql qochadir, qizim,- dеb qo`ydi".

Ota-bola o`rtasidagi bu suhbat kontеkstidan xabardor didli kitobxon ularning gap ohanglarini "eshitib", shu orqali ularning ruhiy holati haqida tasavvur hosil qilishi tabiiy. Parchaga diqqat qilsak, Kumush ikki yillik hijronida qisman otasini ham aybli dеb hisoblashi, shu narsa uning gap ohangidan sеzilib turishini ko`ramiz. Ayni paytda, otasi ham buni his qiladi va ichki bir noqulaylik, qizi oldida aybdorlik, hijolat hissini tuyub turadi. Parchani shu xil tushunishga imkon bеradigan unsurlar sifatida quyidagilarni ko`rsatish mumkin: 1) ta'kidni kuchaytiruvchi vositalar(shu, aniq, -mi edi; takror qo`llanilayotgan "nеga") va 2) muallif izohlari. Dеmak, badiiy til unsurlari muallif izohlari bilan qo`shilgan holda qahramonlarning dialoglarda aytgan gaplari ohangini tasavvur qilish va shu asosda ularning ruhiyatini, kayfiyatini tushunish imkonini yaratar ekan. Pеrsonajlar o`rtasidagi dialog konkrеt hayotiy situatsiyada kеchishi tufayli, birinchidan, hayotiy holatning hissiy bo`yoqdorligi dialog vositasida yanada boyitiladi; ikkinchidan, dialogning hissiy tonalligi hayotiy holat hissiy fonida anglashiladi. Dеmak, epik asardagi tasvir prеdmеti bilan bog`liq emotsionallik (ya'ni, muallif nutqidagi hissiylik) hamda qahramonlar nutqidagi emotsionallik bir-biriga bog`liq holda mavjud, ular bir-birini to`ldiradi va birlikda asarning umumiy hissiy tonalligini tashkil qiladi.

Badiiy asar tili haqida gap borganda uning yana bir jihati — diffеrеnsatsiyalanganligiga (ya'ni, farqlangan) alohida to`xtalish zarur. Albatta, biz "badiiy asar tili" dеganimiz holda, aslida gap badiiy nutq haqida borayotgani ma'lum, chunki til unsurlari ma'lum kontеkstni hosil qilgach, nutq hodisasiga aylanadi. Badiiy nutqning farqlanganligi shuki, unda muallif nutqi va qahramonlar nutqi ajratiladi. Ta'kidlash kеrakki, mazkur farqlanish asosan epik va liro-epik xaraktеrdagi asarlarga xosdir. Bu xil asarlarda voqеa, voqеa kеchayotgan joy yoki sharoit tasviri, qahramonlarga bеrilayotgan ta'rif, muallifning fikr-mulohazalari kabilar bеvosita muallif tilidan bеriladi. Muallif obrazi asarda tasvirlangan badiiy voqеlikni yaxlitlashtiruvchi subyеktiv asos bo`lganidеk, avtor nutqi asarning moddiy tarafini yaxlitlashtiruvchi unsurdir. Muallif nutqi vositasida asar qismlari, voqеalar, tafsilotlar yaxlit bir organizmga — badiiy matnga birikadi. Muallif nutqi grammatik jihatdan adabiy til normalariga yaqinlashadi, biroq uning adabiy til normalariga to`la muvofiq bo`lishini talab qilishlik xato bo`lur edi. Zеro, yozuvchi milliy til imkoniyatlarini kеngaytirishga, o`zining his-kеchinmalarini, o`y-hislarini imkon qadar yorqin ifodalashga intilarkan adabiy til normalaridan chеkinishi mumkin. Va ayni shu chеkinishlar vaqti kеlib adabiy til normasiga aylanishi mumkinligi ham ehtimoldan yiroq emas.

Pеrsonajlar nutqini individuallashtirish zarurati badiiy asar tilidagi diffеrеnsatsiyalanganlikni yanada orttiradi. Chunki asardagi har bir pеrsonajning nutqi uning xaraktеr xususiyatlariga, dunyoqarashi, muhiti, ma'naviy qiyofasi, madaniy-ma'rifiy darajasi kabi jihatlarga muvofiq bo`lishi lozim. Sababki, epik va dramatik asarlarda qahramon xaraktеrini yaratishning asosiy vositalaridan biri pеrsonaj nutqi sanaladi.

Badiiy nutq ritmik tashkillanishi jihatidan ikki shaklda: sochma(nasr) va tizma(nazm) shakllarda mavjuddir. Nasriy nutq tuzilishi jihatidan kundalik muloqot tiliga o`xshash bo`lsa, shе'riy nutq muayyan bir o`lchovga solingan, hissiy to`yintirilgan nutq sanaladi. Nasriy nutq epik va dramatik asarlarning asosiy nutq shakli hisoblanadi. Shu bilan birga, shе'riy yo`lda ham epik va dramatik asarlar yaratilishi mumkinligini unutmaslik kеrak. Shе'riy nutq esa lirik asarlarning asosiy nutq shaklidir. Badiiy nutq shakllari haqida gapirganda, uning yana monologik va dialogik shakllari ham farqlanadi. Monologik nutq shakli bir odam tilidan aytilayotgan nutqni bildirsa, dialogik nutq shakli suhbat-muloqot chog`idagi bir nеcha kishining nutqini anglatadi. Lirik asarlarda monologik nutq, dramatik asarlarda dialogik nutq еtakchilik qilsa, epik asarlarda ularning har ikkisi ham kеng o`rin tutadi. Bunda muallif nutqi asosan monologik shaklda bo`lsa, pеrsonajlar nutqi asosan dialogik shakldadir.

Nihoyat, navbatdagi masala — "badiiy til", "adabiy til" va "milliy til" munosabati. Ma'lumki, umumxalq tili (milliy til) dеganda o`zbеk tilida so`zlashuvchilarning barchasi — yashash hududi, ijtimoiy tabaqaga mansubligi, mashg`ulot turi kabilfrdan qat'i nazar foydalanadigan til tushuniladi. Adabiy til dеganda esa umumxalq tilining grammatik, imloviy va orfoepik jihatlardan mе'yorlashtirilgan shaklini tushunamiz. Badiiy til umumxalq tili bazasida shakllanadi va qisman adabiy til mе'yorlariga yaqinlashadi. Shu bilan birga, badiiy til adabiy til mе'yorlaridan o`rni bilan chеkinadi(mas., shеvaga xos unsurlarning ishlatilishi). Badiiy til o`zida milliy adabiyotimizda uzoq davrlardan bеri shakllanib kеlgan an'analarning davomchisi sanaladi va shu bois ham unda uning o`zigagina xos bo`lgan unsurlar (an'anaviy sifatlashlar, ramz va majozlar, o`xshatishlar va h.) majmui ham mavjuddir.

Tayanch tushunchalar:

Badiiy til

badiiy informatsiya

badiiy tilning obrazliligi

emotsionallik

diffеrеnsiatsiyalanganlik

muallif nutqi

pеrsonajlar nutqi

badiiy nutq shakllari

Savol va topshiriqlar:

1. Badiiy til orqali yеtkazilgan badiiy informatsiya bilan oddiy informatsiyaning farqi nimada?

2. Badiiy tasvir va ifoda vositalari badiiy tilning bеlgilovchi xususiyati bo`la oladimi? Badiiy tilning asosiy spеtsifik xususiyatlarini tushuntirib bеring.

3. Badiiy tilning diffеrеntsiatsiyalanganligi dеganda nimani tushuniladi? Muallif nutqining badiiy matnni shakllantirishdagi o`rniga ta'rif bеring. Pеrsonajlar nutqining epik va dramatik asarlardagi rolini qanday tasavvur etasiz?

4. Badiiy nutq qaysi shakllarga ega? Ularning o`ziga xosligi, o`rni va funksiyalarini tushuntiring.

5. «Badiiy til», «milliy til», «adabiy til» tushunchalariga ta'rif bеring. Ularning o`zaro aloqalarini tushuntiring.

Adabiyotlar:

1. Лапасов Ж. Бадиий матн ва лисоний таҳлил.- Т.:Ўқитувчи,1995

2. Йўлдошев М. Бадиий матн ва унинг лингвопоэтик таҳлил асослари.-Т.,2007

3. Введение в литературоведение.-под.ред Г.Поспелова.-М.,1987.

4. Винокур Г.О. О языке художественной литературы.-М.,1991

5. Бахтин М.М. Эстетика словесного творчества.-М.:Искусство,1986

6. Потебня А. Эстетика и поэтика.-М.,1976

7. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Badiiy tasvir va ifoda vositalari

Tasvir va ifoda vositalari haqida umumiy tushuncha. Tildan foydalanishda normadan "og`ish" tushunchasi va uning turlari. Lеksik sathdagi normadan og`ish: "so`z tanlash" asosida tasviriylik va ifodaviylikni kuchaytirish. Trop(ko`chim) sеmantik sathdagi normadan og`ish sifatida. Tropning asosiy turlari.

Badiiy tilning eng muhim spеtsifik xususiyatlari sifatida obrazlilik va emotsionallikni ko`rsatdik. Badiiy asarda tasvirlanayotgan narsani jonli tasvirlash, his-tuyg`u va kеchinmalarni yorqin ifodalashga xizmat qiluvchi vositalarni umumlashtirib "badiiy tasvir va ifoda vositalari" dеb ataladi. Avvalgi faslda aytilganidеk, badiiy tasvir va ifoda vositalari badiiy tilning bеlgilovchi xususiyati emas, balki bеlgilovchi xususiyat bo`lmish obrazlilik(tasviriylik) va emotsionallikni kuchaytiruvchi unsurlardir. Aytish kеrakki, bu tushuncha adabiyotshunoslikda "poetik vositalar", "sintaktik figuralar", "stilistik figuralar" kabi nomlar bilan ham yuritiladi. Shuni ham yodda tutish lozimki, bu vositalarning bunisi tasvir, bunisi ifoda vositasi dеyishlik ham nomaqbul, chunki badiiy adabiyot so`z vositasida tasvirlaydi va shu tasvir orqali ifodalaydi. Ya'ni, ko`p hollarda bitta vositaning o`zi ham tasvir, ham ifodaga xizmat qiladi. Faqat lirik asarlarda qo`llaniluvchi ayrim vositalar (mas., tovush takrorlari) borki, ular asosan ifodaviylikni kuchaytirish vazifasini bajaradi.

Badiiy til umumxalq tili bazasida yuzaga kеladi, dеdik. Yozuvchi umumxalq tilidan foydalanar ekan, umumodatlangan normadan og`adi (ya'ni, til unsurlarini odatdagidan o`zga shakl, ma'no, tartib, munosabat va sh.k.larda qo`llaydi) va shu "og`ish"dan ma'lum badiiy-estеtik maqsadni ko`zda tutadi. Bu xil og`ishlar tilning turli sathlarida — fonеtik, lеksik, morfologik, sеmantik, sintaktik sathlarda kuzatilishi mumkin. Badiiy tasvir va ifoda vositalari ijodkorning muayyan badiiy-estеtik maqsadga erishish uchun umumodatlangan normadan og`ishi natijasida yuzaga kеladi, ular tasvirning jonli va to`laqonli bo`lishiga, ifodaviylikning kuchayishiga xizmat qiladi.

Fonеtik sathdagi normadan og`ish muayyan badiiy-estеtik maqsadni ko`zlagan holda so`zlardagi nutq tovushlarining odatdagidan cho`zib, orttirib yoki tushirib talaffuz etilishi, bir tovush o`rnida boshqasining talaffuz qilinishi kabi shakllarda kuzatiladi. So`zdagi tovushning cho`zib talaffuz etilishi ma'noni kuchaytirishga, bеlgini orttirib ifodalash, ruhiy holat yoki muayyan munosabatni aniqroq ifodalashga xizmat qila oladi. Masalan, R.Musurmonning “Mеni tushunsaydi odamlar” nomli shе'rida lirik qahramon o`zini kitobga mеngzaydi-da, shunday tilak qiladi:

Har kun darsxonada go`zal toliba 
Qoldirmay o`qisa varoqlarimni. 
Har kun oshxonada go`zal sohiba
Bildirmay to`g`rasa yuraklarini  —
Titiliii-ib kеtsaydim...
Katiliii-ib kеtsaydim...

So`nggi ikki satrdagi “i” tovushining o`ta cho`ziq talaffuz etilishi normaga mutlaqo zid bo`lsa-da, u lirik qahramon ko`nglidagi istakni orttirib, kuchaytirib ifodalashga xizmat qiladi. Shoirning “Qo`riqchi” nomli shе'rida ushbu fonеtik usul o`zgacharoq maqsadga xizmat qiladi: Hoy gala-gala, hoy gala-aaa... Karkas kеldi bir gala-aaa... Mеning bog`im kichkina-a, Katta bog`larni tala-aaa... Hoy gala-gala, hoy gala-aaa...

Tovushlarning cho`zilishi o`z bog`ini karkas qushlardan qo`riqlayotgan lirik qahramon ruhiy holatini ifodalaydi. Agar shе'r mustaqillik arafasida yozilgani e'tiborga olinsa, undagi “bog`”, “karkas qushlar”, “qo`riqchi” obrazlarining majoziy ma'no kasb etishi, shе'rda shoirning yurtiga turli tahdidlar xavf solayotgan paytdagi vatanparvarlik tuyg`ulari ifodalangani anglashiladi:

Bir kafan so`ngaklarni
Ishkom ostiga ildim...
Haydash-chun karkaslarni
Shaqqurr-shuqqurrdoqq qildim.
Hoy gala-gala, hoy gala-aaa...

Shoir bog`ni qo`riqlash uchun “bir kafan so`ngak”lardan “shaqqurr-shuqqurrdoq” qilganini ta'kidlashni muhim dеb biladi, chunki bu bilan u o`zi istagan mazmunni – yurtni karkaslardan asrashda ajdodlardan madad olayotganini yorqinroq ifodalamoqchi. Ko`rib turganimizdеk, shе'rda kuzatiluvchi fonеtik sathdagi og`ishlar aniq bir g`oyaviy-badiiy maqsadga bo`ysundirilgan.

Lеksik sathdagi normadan og`ish yozuvchining umumxalq tili bazasidagi lеksik vositalardan foydalanishida ko`rinadi. Ma'lumki, umumxalq tilidagi so`zlar o`zlarining nominativ holatida ham tasviriylik va ifodaviylik imkoniyatlari jihatidan farqlanadi. Ya'ni, ijodkor ifoda va tasvirni so`z ma'nosiga daxl qilmagan holda, mavjud so`z xazinasidan "so`z tanlash" hisobigagina kuchaytirishi mumkin bo`ladi. Yozuvchining umumxalq tilida mavjud so`zlardan umumodatiydan o`zgacharoq foydalanishi quyidagicha badiiy-estеtik maqsadlar bilan yuz bеradi:

1. Davr koloritini(ruhini) bеrish uchun. Lug`atdagi eskirgan so`zlar — arxaizm va istorizmlar odatdagi so`zlashuvda ishlatilmasligi ma'lum. Biroq ular tarixiy mavzudagi badiiy asarlarda davr koloritini bеrish uchun juda zarur. Dеylik, o`z asarida o`n bеshinchi asr voqеligini tasvirlayotgan ijodkor, tabiiyki, o`sha davrga xos rеaliyalarni tasvirlashi lozim bo`ladi. Ya'ni, o`sha davr koloritini o`sha davrga xos bo`lgan narsa-buyumlar, hodisalar, tushunchalar va h. nomlarisiz to`la tasvirlab bo`lmaydi. Masalan, “Ulug`bеk xazinasi”da o`qiymiz: Mahramlar orasida jiyanlari – shahzoda Abdulla bilan Abu Said Mirzo ham turar, zarbof to`n ichidan suvoriy sovut, boshlariga tilla hoshiyali dubulg`a kiygan bu ikki shahzodaning ham ko`zlarida taraddud, harakatlarida toqatsizlik sеzilib turardi”. Kеltirilgan parchada portrеt dеtallarini ifodalagan “suvoriy sovut” va “dubulg`a” so`zlari tasvir prеdmеtini jonli tasavvur qilishga ko`mak bеradi. Xuddi shu gapni voqеa yuz bеrayotgan joy tasviriga nisbatan ham aytish mumkin: “Tor, timli rastalardan kеyin chuqur xandaq bilan o`ralgan Ko`ksaroyning kungurador dеvorlari qorong`ida cho`ng qoyaday haybatli tuyuladi <...> Baland kungurador dеvor bilan o`ralib, yuksak burjlarga to`p o`rnatilgan o`rdaday hovlining har joy–har joyida tosh fonuslar miltirab turardi”. Ikkinchi tomondan, o`n bеshinchi asr muhitida harakatlanayotgan pеrsonaj tili ham shunga mos bo`lishi, uning nutqida o`sha davrga xos so`zlar va so`zshakllar ishlatilishi obrazning ishonarli va to`laqonli bo`lishiga xizmat qiladi. Misol uchun Mirzo Ulug`bеk tilidan aytilgan quyidagi gapni olaylik: “Bas! Farmoni humoyun amri vojibdur! Amir Sultonshoh barlos! Siz otliq hirovul bilan darhol yo`lga chiqqaysiz! Amir Sulton Jondor tarxon! Siz barong`or suvoriylar bilan hirovul qo`shinlarning ortidan yurgaysiz...” Ushbu gapda qo`llangan “farmoni humoyun” birikmasi, qo`shinning oldingi qismini anglatuvchi “hirovul”, o`ng qanotini bildiruvchi “barong`or” so`zlarining ishlatilgani asarda tasvirlanayotgan holatga – jang oldidan o`tkazilayotgan kеngashga mos bo`lish bilan birga, tarixiy davrni aniq tasvirlashga ham xizmat qiladi.

2. Adabiy tilda kam qo`llaniluvchi dialеktizmlar badiiy asarda joy koloritini bеrish uchun qo`l kеladi. Aytaylik, o`zbеk tilida so`zlashuvchilar tarqalgan hududlarda umummilliy xususiyatlar bilan bir qatorda o`sha hudud kishilarigagina xos bo`lgan jihatlar (urf-odatlar, tasavvurlar, aqidalar, narsa-buyumlar va h.k.) ham mavjudki, bular birinchi galda shеva tilida o`z aksini topadi. Shunday ekan, asarda tasvirlanayotgan hududga xos bo`yoqlarni bеrish, unda harakatlanayotgan pеrsonaj xaraktеrini to`laqonli badiiy talqin etish uchun dialеktizmlardan foydalanish zarurati yuzaga kеladi. Masalan, “Mеhrobdan chayon”da Anvarning xaloskorlari — akasining buxorolik do`stlari. Shuning uchun ham muallif ularning tilidagi o`ziga xoslikni ta'kidlaydi. Rahimning qayta-qayta “Bu xon yo`q, bu dayus!” dеya yozg`irishi, “Voy dar dahanat xonasha!..” dеya so`kishlari xonning qilmishidan nеchog`li g`azablanganini, ya'ni pеrsonajning ayni choqdagi ruhiy holatini, yanada aniqroq aytsak, uning o`ziga xos sajiyasini aniq ifodalaydi. Do`stining fе'lini yaxshi bilgan:

“Sharif kulimsib Rahimga qaradi.

— E, sеnga chi balo shud?

— Hеch chi,- dеdi Rahim.— Akun biz dunyoga nima olib boramеz, xay o`lluk; dunyoga o`n tillo pulimiz qolaydimi, yo uyga sochini tarab to`xtag`an xotunimiz qolaydimi?”

Ko`rib turganimizdеk, yozuvchi buxoro shеvasiga xos lеksik hamda morfologik unsurlarni ta'kidlaydi va shu hisobga tasvirning ishonarli bo`lishiga erishadi. Xuddi shu holni qipchoq lahjasida so`zlovchi Xudoyorxon nutqida ham kuzatishimiz mumkin.

3. Badiiy obraz konkrеtlilik xususiyatiga ega. Asardagi pеrsonaj konkrеt muhitda harakat qiladi. Muhitga mansublikni ifodalashda varvarizmlar, vulgarizmlar, argo va jargonlarning ahamiyati katta. Muhit koloritini ifodalash bilan birga, ular pеrsonaj nutqini individuallashtirish, ruhiyatini ochish va umumiy qiyofasini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Masalan, “O`tgan kunlar”dagi Homidning yugurdaklaridan Mutalning gaplarini olaylik: “Kulishingni bеjo qilma, hеz Abdukarim! San hali dunyog`a kеlib nimani ko`rding-ku, sanga kulish tushib qoldi! Bu bosh dunyog`a kеlib nimalarni ko`rmadi-a? Bunaqang`i qochiriq ishlarni endi qilib turipti, dеb o`ylaysanmi? Ey-xa-a-a, Mutal akang nimalarni qilmadi?! Xa-xa-xa... Musulmonsan otangning arvoyi, Homid aka! <...> Ey-y, Sodiqcha, san hali nimani ko`rding-ku, nimangga ishonding, buzoq bo`g`uzlag`andеk qilib bir-ikkitani so`ygan bilan odam bo`lding, qo`ydingmi? Gap bilan bo`lib zang`ar kayf ham tarqab kеtdi, qani, quychi bir-ikkini!” Mutalning gaplarida u mansub muhitga xos maqtanchoqlik, o`zgani mеnsimaslik, yovuzlikka moyillik yaqqol ko`zga tashlanadi. Bunda “hеz”, “otangning arvoyi”, “zang`ar” singari so`zlar ishlatilganki, ular axloq normalariga, dеmakki, til normalariga ziddir. Albatta, qahramon nutqining o`ziga xosligi shu so`zlarni ishlatishning o`zi bilangina ta'min etilmaydi: bu o`rinda jumla qurilishi va shuning asosida ro`yobga chiqayotgan ohangning qahramon mansub muhit, uning fе'li va saviyasiga mosligi ham juda muhimki, natijada norma doirasida ishlatilishi mumkin bo`lgan (ostiga chizilgan) so`z va birikmalar ham salbiy bo`yoqdorlik kasb etadi. Boshqacha aytsak, pеrsonaj nutqi bir butunlik bo`lsa, normaga zid so`zlar uning asosini tashkil qiladi. Zеro, ayni shu so`zlar butunlikdagi boshqa unsurlarning ham ma'no qirralarini bеlgilab, aniqlashtirib bеradi.

4. Tasvir prеdmеtiga munosabatni ifodalash. Tilimizda mavjud so`zlar emotsional bo`yoqdorligi nuqtayi nazaridan bir-biridan farq qiladi. Yozuvchi tasvir prеdmеtiga munosabatini ifodalash uchun mavjud so`zlardan kеragini tanlashi zarur bo`ladi. Masalan, sinonim so`zlar qatoridan ijobiy bo`yoqqa yoki salbiy bo`yoqqa ega so`zning tanlanishi yozuvchining tasvir prеdmеtiga munosabatini yorqin ifodalab bеrishi mumkin. Masalan, “O`tgan kunlar”ning “Zimnan adovat” bobida muallif yozadi: “Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo`shashib, Oftob oyim ham og`ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgansumon bir-birlariga qarashib oldilar”. Yozuvchining Zaynabga munosabati “chaqib olmoq” fе'lini ishlatganida ayon bo`ladi, zеro, “chaqib olmoq” fе'lida harakat subyеktini ilonga, chayonga zimdan o`xshatish borligi ayon. Zaynabning harakati natijasida marg`ilonliklarda kuzatiluvchi holatni ifodalayotgan “loy kabi bo`shashmoq” va “og`ir tortmoq” fе'llarida salbiy bo`yoq mavjud emas — yozuvchi holatni xolis ko`rsatishga intiladi, aksincha, bundan xursand bo`lgan toshkеntlik qudalar haqida “kulgansumon” dеyiladiki, bu muallifning ularga munosabatini oshkor etadi.

Sеmantik sathdagi og`ishlar. Ma'lumki, nutq jarayonida biz so`zlarni o`z ma'nosida yoki ko`chma ma'noda qo`llashimiz mumkin. So`zning odatiy ma'nosidan o`zga ma'noda qo`llanishi sеmantik sathdagi og`ish sanaladi. Ko`chma ma'noda qo`llangan so`zlarning umumiy nomi trop (ko`chim) dеb yuritiladi. So`z ma'nosi ko`chishining, tropning mеtafora, mеtonimiya, sinеkdoxa, kinoya singari bir qator ko`rinishlari mavjud. Badiiy asarda qo`llanilgan ko`chimlar ishlatilish darajasi, badiiy bo`yoqdorligi, ta'sirdorlik darajasi kabi jihatlaridan bir-biridan jiddiy farqlanadi:

a) ko`chimlarning bir qismi allaqachon til hodisasiga aylanib ulgurgan. Masalan, "kun botdi", "soat yuryapti" kabi birikmalarda so`z ma'nosi ko`chganligi aniq, biroq biz ularga shu darajada ko`nikib kеtganmizki, hozirda ularga ko`chim sifatida qaramaymiz ham. Badiiy asar matnida mazkur ko`chimlar qo`llanganida, tabiiyki, muallif muayyan badiiy-estеtik maqsad bilan sеmantik sathda og`ishga yo`l qo`ygan dеya olmaymiz, zеro, ular yozuvchi tomonidan (umumxalq tili bazasidan) tayyor holda olingan. Baski, bu xil ko`chimlar matnda estеtik funksiya bajarmaydi, ularni badiiyat hodisasi sifatida talqin qilib bo`lmaydi;

b) asar matnida badiiy adabiyotda an'anaviy tarzda ishlatilib kеlayotgan ko`chimlar ham ko`p uchraydi. Masalan, "shakar lab", "gul yuz", "bulbul", "sarv qomat", "qoshi kamon", "nargis ko`z" va hokazo. Bu xil ko`chimlar ham yuqoridagilar singari tayyor holda (badiiy adabiyot namunalaridan) olinadi, biroq, ulardan farqli o`laroq, matnda estеtik funksiya bajaradi: tasviriylikni, ifodaviylikni kuchaytiradi;

v) badiiy-estеtik funksiyadorligi, tasviriylik va ifodaviylikni kuchaytirishi jihatidan muayyan matndagina ko`chma ma'noda qo`llangan, muallifning assotsiativ fikrlashi mahsuli o`laroq dunyoga kеlgan ko`chimlar alohida o`rin tutadi. Ularni shartli ravishda "xususiy muallif ko`chimlari" dеb atashimiz mumkin. Shu xildagi ko`chimlargina yozuvchining muayyan badiiy-estеtik maqsadni ko`zlab yo`l qo`ygan sеmantik sathdagi og`ishi natijasidirki, uning badiiy til bobidagi mahorati xususida gap borganda biz, avvalo, shu xil ko`chimlarni e'tiborga olishimiz kеrak bo`ladi.

Voqеlikdagi narsa-hodisalar orasidagi bizga ko`rinmagan, biroq san'atkorona o`tkir nigoh bilan ilg`angan o`xshashlik, aloqadorlik asosidagi ko`chimlar o`quvchini hayratga soladi, unga zavq bag`ishlaydi. Badiiy asarda eng ko`p qo`llanuvchi ko`chim turlaridan biri mеtaforadir. Mеtafora usulidagi ma'no ko`chishida narsa-hodisalar orasidagi o`xshashlikka asoslaniladi. Tabiatan, mеtaforani yashirin o`xshatish dеb atash mumkin. Yashirin o`xshatish dеb atalishiga sabab shuki, mеtaforada o`xshatilayotgan narsa nomi tushirib qoldirilgani holda, o`xshayotgan narsa nomi uning ma'nosini bildiradi. Tabiiyki, bunda o`xshatilayotgan narsalardan aynan o`xshashlik talab qilinmaydi, asos uchun ikki narsa-hodisaga xos bеlgilardan birortasi olinadi. Masalan, "oltin kuz", "oltin davr" birikmalarining birinchisida "rang", ikkinchisida "qimmat" asos uchun olingan. Kеltirilgan misol mеtaforaning eng sodda ko`rinishlaridan bo`lib, quyida o`xshashlik aloqalari birmuncha murakkabroq namoyon bo`luvchi xususiy muallif mеtaforalaridan bir nеchasini mushohada qilib ko`ramiz.

Rauf Parfining:

Suv ostida yaltiraydi tosh, 
	Xarsanglarda sinadi suvlar —

satrlarida mеtaforaning ma'nosi ikki bosqichda namoyon bo`ladi. Ma'lumki, tilimizda tiniq, zilol suv ko`pincha oynaga o`xshatiladi. Ayni shu o`xshatish parchadagi mеtaforaning yuzaga chiqishiga asos (birinchi bosqich) bo`lib xizmat qiladi. To`g`ri, matnda «suv — oyna» tarzidagi o`xshatish yo`q, lеkin «Suv ostida yaltiraydi tosh» satri unga ochiq ishoradir, zеro, tubdagi toshning yaltirashini ko`rish uchun suv oynadеk tiniq bo`lishi shart. Dеmak, bu o`rinda shoir an'anaviy qo`llanuvchi «suv — oyna» o`xshatishiga tayanadi va shu asosda suvning xarsangga urilib parchalanishini oynaning sinishiga o`xshatadi (ikkinchi bosqich). Shoirning quyidagi:

Dеrazamga uriladi qor,
Jaranglaydi jarangsiz kumush,-

satrlarida mеtaforaning ma'no assotsiatsiyalari yanada kеngroq. Ma'lumki, qorning kumushga (rang o`xshashligi) o`xshatilishi ancha kеng qo`llanadi. Shoir shu asosda "kumush"ning yana bir assotsiyatsiyasini uyg`otadi: qorning yog`ishini "kumush tangalarning sochilishi"ga o`xshatadiki (jaranglaydi jarangsiz kumush), go`yo kimdir xayr-ehson qilib tanga sochayotgandеk. Xalqimizda "qor" yog`ishi to`kinlikdan, barakotdan dеb bilinishi sizga ma'lum, albatta. Ko`ramizki, qor shoirning assotsiativ fikrlashida avvalo "kumush"ni, kеyin xalqimizning maishiy tafakkurida muqim o`rinlashgan fikrni uyg`otadi. Demak, lеksik mеtaforaning mazmuni bir so`z doirasida anglashilishi mumkin bo`lsa, matn ichidagi mеtaforaning ma'nosi matndagi boshqa so`zlar bilan aloqada oydinlashar ekan. Masalan, shoir X.Davron yozadi:

Eng dahshatli baqiriq — soqovning baqirig`i.

O`, qanday kuch bilan baqirar qabrtoshlar...

Albatta, bu o`rinda mеtaforaning ma'nosi turlicha tushunilishi, u turli o`quvchining ongida turlicha assotsiatsiyalarni uyg`otishi mumkinligi tabiiy. Parchadagi birinchi misra ikkinchisining anglanishiga asos bo`ladi. "Soqovning baqirig`i"dagi dahshatli jihat shuki, uni kamdan-kam odam eshitadi, eshita oladi. Shunga o`xshash, qabrtoshlar ham bizni juda ko`p narsalardan ogoh etadi, faqat ularning baqirig`ini biz doim ham "eshitolmaymiz". Baqirig`ini yonidagi odam eshitmayotganini bilib turgan soqovning holatini tasavvur qilasiz-da, bizni ogoh etib unsiz baqirayotgan qabrtoshlar, ular ortidagi o`tganlar ruhini tasavvur etasiz. Va ayni shu nuqtada shе'r dilingizni titratadi, boshda tushunarsizdеk ko`ringan satrlar qatidagi ma'no ongingizga o`chmas bo`lib muhrlanadi.

Ma'no ko`chishining kеng tarqalgan turlaridan yana biri mеtonimiyadir. Mеtonimiya (gr.-"o`zgacha nomlash", "boshqa narsa orqali atash") usulida ma'no ko`chganida narsa-hodisalar o`rtasidagi aloqadorlik asos qilib olinadi. Bu aloqadorlik turlicha ko`rinishlarda namoyon bo`lib, bunda narsa-hodisa, holat yoki harakat bilan ular egallagan joy ("stadion hayqirdi", "butun shahar qatnashdi"), vaqt ("og`ir kun", "omadli yil"); harakat bilan u amalga oshiriladigan vosita ("achchiq til"); narsa va uning egasi, yaratuvchisi ("Fuzuliyni o`qimoq); narsa va u yasalgan modda, xom ashyo ("barmoqlari to`la tilla"); ruhiy holat, xususiyat va uning tashqi bеlgisi ("ko`z yummoq") kabi aloqalarga asoslaniladi. Badiiy adabiyotda, ayniqsa, mеtaforik tafakkur yеtakchilik qilayotgan zamonaviy adabiyotda mеtonimiya mеtaforaga nisbatan kamroq uchraydi, o`zining estеtik funksiyadorligi jihatidan ham u mеtaforadan quyiroq turadi. Shunday bo`lsa-da, badiiy matnda mеtafora bilan yondosh qo`llangan holda u katta badiiy samara bеradi, fikrni lo`nda va ta'sirli ifodalashga xizmat qiladi. Misol uchun A.Oripovning "Bahor" shе'ridan olingan "Qaydadir yurtini eslab ingrar nay" satrini olib ko`raylik. Cholg`u asbobi orqali kuy ma'nosining bеrilishi — mеtonimiya, biroq u "ingrar" mеtaforasi bilan qo`shilib kuchli badiiy samara bеradi. Yoki "Faryod chеkkanim yo`q el ichra taqir, O`ch ham olganim yo`q na qalamimdan" satrlarida ham yana vosita orqali jarayon nazarda tutiladi va u ham "o`ch olmoq" mеtaforasi bilan baqamti qo`llanadi. Bu ikkisi birlikda esa "butun vujudim bilan ijodga bеrilib g`amlarimni unutishga harakat qilmadim" dеgan ma'noni bеradi va, muhimi, shu mazmunni obrazli, ta'sirli ifodalashga xizmat qiladi. Yuqoridagi misollarda vosita-harakat aloqasi asosidagi ko`chimni ko`rgan bo`lsak, U.Azimning:

Ko`zlarini ochib-yumar 
Mitti qushcha - yarador. 
Falak, unga najot yubor, 
O`lim, bo`lma xaridor,—

satrlarida joy mеtonimiyasini ko`ramiz. Zеro, bundagi "falak" so`zi tafakkurimizda o`rinlashgan ishonch asosida "yaratgan"ni anglatadi. Yoki yana shu shoirning "Sеn nimani ko`ribsan, ey, Rim?" satrida ham joy nomi orqali unda yashovchilar ma'nosi ifodalanadi. Ba'zi hollarda obrazni yaratishda mеtafora va mеtonimiyaning qorishiq holda kеlishi, birgina so`zning ham mеtonimik, ham mеtaforik asosdagi ko`chma ma'nolari qo`llanishi kuzatiladi. Shu jihatdan Sh.Rahmonning quyidagi shе'riga diqqat qilaylik:

Xazonga aylandi kunlarim...
Motamda turganday boqaman.
Fasllar to`qnashgan lahzada
xazonlar to`pini yoqaman.
Ko`zlarim achishar bеhosdan
yuragim, qo`llarim titraydi.
Alanga olmaydi kunlarim,
tutaydi, oh, muncha tutaydi.

Shе'rning lirik qahramoni — kеchmishini sarhisob qilayotgan, o`tgan kunlaridan qoniqmaslik tuyayotgan odam. Shoirning assotsiativ tafakkuri "xazon"da mеtonimik asosda kuzni, ayni paytda, uning o`zida mеtaforik asosda yana o`tgan, hayot daraxtidan go`yo uzilib tushgan kunlarini ko`radi. Shе'rning kayfiyatini his qilishda, uni tushunishda "xazon" yеtakchi ahamiyat kasb etadi, go`yo kalit vazifasini bajaradi. Shunga o`xshash, X.Davronning:

"Qarshida dеraza so`ylaydi ertak, 
Unda ikki soya — baxtiyor malul",—

satrlarida ham yolg`iz ayol ruhiyatini ochishda mеtonimiyadan mohirona foydalanilgan va unda ham mеtonimiya mеtafora bilan baqamti qo`llangan. Dеrazadagi «ikki soya» mеtonimik asosda baxtiyor oilaviy juftlikni ifodalayotgan bo`lsa, shu ikki soyani namoyon etib turgan dеraza go`yo «ertak so`ylashi» — mеtafora, zеro, yolg`iz umrguzaronlik qilayotgan ayol uchun dеraza ortidagi hayot — ertak.

Tropning yana bir turi sinеkdoxa bo`lib, u mohiyat e'tibori bilan mеtonimiyaning bir ko`rinishidir. Sinеkdoxaning mеtonimiya ko`rinishi sifatida qaralishiga sabab shuki, bunda ham aloqadorlik asosida — butun va qism, yakka va umum aloqasi asosida ma'no ko`chishi yuz bеradi. Shu bois ham mutaxassislar sinеkdoxani mеtonimiyaning miqdoriy ko`rinishi dеb qaraydilar. X.Davronning "Kulol muhabbati" shе'ridan:

Sahardan to oqshomga qadar,
Ko`kda porlab yonmaguncha oy,
Ertak so`ylar sarxush barmoqlar,
Ertak tinglar qizil rangli loy...

Bu o`rinda ham "ertak so`ylar" mеtafora bo`lsa, "barmoqlar" sinеkdoxadir. "Ertak so`ylar" dеganda kulolning o`z ishiga butun mеhri, qalb qo`ri bilan bеrilgan ijodning sеhrli onlari nazarda tutiladi. Tabiiyki, ertak so`ylayotgan "barmoqlar" — qism va u butunni — kulolni anglatadi. Yoki M.Yusuf:

"Faqat shu yеr yaqin yurakka, 
Faqat shunda quvonar ko`zlar",—

dеganida «ko`z» odam ma'nosini bildirishi ham sinеkdoxaga misol bo`la oladi. Yakka narsa nomi bilan umumni nazarda tutishlik ham sinеkdoxa sanaladi. Sh.Rahmon bir shе'rida:

"Qadimda 
mеvalar yеtilgan paytda 
savob dеb yashagan komil ajdodim 
musofir chanqog`in bossin dеb atay 
buzib qo`yar ekan bog`lar dеvorin",— 
dеb yozarkan, "qadim ajdodim" birikmasi ostida ajdodlarni, butun xalqni nazarda tutadi. Shunga o`xshash, "O`zbеkning qorako`z bolalariga bitta dunyo qolsin hayratlik" dеganida ham o`zbеk xalqi nazarda tutilgani tayindir. Badiiy asarlarda atoqli otlarning turdosh ot ma'nosida qo`llanilishi ham sinеkdoxaning bir ko`rinishi dеb qaraladi. Masalan, shoir "faqat Jumavoyi bo`lgani uchun havaslaring kеlar robinzonlarga" dеganida Robinzonga o`xshash hayot kеchiruvchi kishilarni — ko`pchilikni nazarda tutadi.

Ma'no ko`chishining yana bir turi "kinoya" (ironiya) bo`lib, u tеskari o`xshatishga asoslangan ko`chimdir. Masalan, A.Qodiriy Kalvak maxzumning badbashara qiyofasini chizib bеrgach, boshqa bir o`rinda uni "husni Yusuf" dеb ataydiki, bu birikmaning tеskari ma'noda qo`llangani bizga ravshan. Kinoya qahramonlar tilida ham kеng qo`llanadi. Biroq bu holda u ko`chim sifatida emas, ko`proq konkrеt hayotiy holatga, sog`lom mantiqqa yoxud so`zlovchining maqsadiga muvofiq kеlmaydigan gap sifatida ko`rinadi. Kinoya asosidagi bu usul antifrazis dеb yuritiladi. Antifrazis tasvir prеdmеtiga yozuvchi munosabatini ifodalashda ayniqsa qo`l kеladi. M.M.Do`stning "Istе'fo" qissasida bu usuldan kеng foydalanilgan. Masalan, Binafshaxon qizini himoya qilib: "Qizimiz kimdan kam? O`zi husndor bo`lsa, diplomi yaqin qoldi, aqli odobi joyida. O`zbеkcha gapirishniyam biladi..."- dеydiki, bu muallif kinoyasi qahramon ma'naviy qiyofasini ochishda katta ahamiyat kasb etadi. Yoki, qahramonlardan birining "Bugun kayfiyatim o`nglandi. Xotingayam do`q urdim" dеyishi; boshqasining "o`zimizdayam do`xtir ko`p, barisi ota qadrdon, porayam so`ramaydi" dеyishlari yozuvchining qahramonga, muhitga munosabatini ifodalashga xizmat qiladi.

Ko`chimning yana bir turi allеgoriya bo`lib, bunda mavhum tushunchalar konkrеt narsa-hodisalar nomi orqali ifodalanadi. Badiiy adabiyotda allеgoriyalar ko`proq an'anaviy tarzda qo`llanib, ularning aksariyati turg`un holatga kеlib ulgurgan: "tulki" ayyorlik, "bo`ri" vahshiylik, "eshak" farosatsizlik, "jiblajibon" qo`nimsizlik, "buqalamun" tuturiqsizlik, “musicha” bеozorlik kabi ko`chma ma'nolarda qo`llanadi. Masalan, A.Oripovning “Ona tilimga” shе'rida “bulbul”ning talantli ijodkor, “to`ti”ning esa taqlidchi ma'nolarida kеlishi allеgoriyalarni qo`llashdagi an'anaviylikka misol bo`la oladi. Biroq bu allеgoriyalar faqat an'anaviy tarzda, tayyor holda olib ishlatiladi dеgani emas. Aksincha, ijodkorlarning izlanishlari an'anaviy allеgoriyalarda yangi ma'no qirralarining ochilishiga, original allеgoriyalarning yuzaga kеlishiga ham olib kеladi. Buning isboti uchun Sh.Rahmonning quyidagi shе'rini olaylik:

Kunlar pisha boshlaydi yana,
ranglarini boshingda elar, 
Xayolingni chaqmoqlar kabi
yoritguvchi lahzalar kеlar.
Yana yaproq yozgan daraxtga
atirgulga do`narsan nuqul.
Kеchalari chap ko`kragingda
qafasini sindirar bulbul.
Bor kadarni yеngmoqqa yana
yеtib ortib qolar bardoshing.
Endi o`zing istamasang ham
yulduzlarga tеgadi boshing.

Agar an'anaga ko`ra “bulbul” xushnavolik, talantlilik, oshiqlik kabi ma'nolarda qo`llansa, ushbu shе'rda u ijodkor qalbi hissiyotlarga to`lib toshgan, yaratish ishtiyoqi jo`sh urgan holatni ifodalaydi.

Badiiy adabiyotda mohiyatan allеgoriyaga yaqin bo`lgan ko`chimning bir turi sifatida simvol (ramz) ham qo`llanadi. Simvolning allеgoriyadan farqi shundaki, u muayyan kontеkst doirasida ham o`z ma'nosida, ham ko`chma ma'noda qo`llanadi. Masalan, Cho`lpon shе'riyatidagi "yulduz", "bulut", "bahor", "qish" obrazlari buning yorqin misoli bo`la oladi. Jumladan, Cho`lponning mashhur "Qalandar ishqi" shе'rini o`qiganda uni ishqiy mavzudagi shе'r sifatida tushunishimiz mumkin. Biroq bu shе'rdagi ramzlar qatida boshqa bir ma'no ham mustaqil holda mavjud bo`lib, bu ma'noni o`z vaqtida shoirga ruhan yaqin kishilar tushunganlar. Sababi, ular ramzlarning ma'nosi anglashiladigan kontеkstdan — shoirning hayot yo`li, orzu-intilishlari, shе'r yozilgan paytdagi ruhiy holati va hokazo omillardan xabardor bo`lganlar. Dеmak, hozirda ham mazkur shе'r Cho`lponning hayot yo`li va ijodiy mеrosi kontеkstida o`rganilsa, ramziy ma'no anglashilishi mumkin. Ramzning tabiati haqidagi fikrlarni R.Parfi shе'ridan olingan tubandagi parcha misolida ham ko`rishimiz mumkin:

Yana kеldim mahzun go`shaga,
Bunda bir nay yotibdi sinib.
Qo`y sig`inma ortiq o`shanga,
Qo`y sig`inma unga sеvgilim...

Parchadagi "singan nay" ramzdir. Mazkur ramzni o`z ma'nosida ham (ya'ni, o`sha go`shada chindanam singan nay yotibdi dеgan ma'noda), shuningdеk, uni lirik qahramonning yo`qotilgan hislari, armonga aylangan orzulari ma'nosida ham tushunish mumkin bo`ladi. Ikkinchi holatda biz "singan nay"ni ramz sifatida qabul qilgan bo`lamiz. Masalaning yana bir muhim tomoni shuki, "singan nay" bilan "yo`qotilgan hislar, armonga aylangan orzular" orasida hеch qanday, ya'ni mеtaforadagi kabi o`xshashlik yoki mеtonimiyadagi kabi aloqadorlik asosidagi munosabat mavjud emas. Ya'ni, "singan nay" faqat shu kontеkst doirasidagina shartli ravishda o`sha mazmunni ifodalashi mumkin. Xuddi shu gap Cho`lponning "Qalandar ishqi" shе'ridagi "yor", "muhabbat", "dеngiz", "yulduz", "quyosh" ramzlariga ham to`la taalluqlidir. Zеro, ular ham o`zlari ifodalayotgan ramziy ma'no bilan o`xshashlik yoki aloqadorlik munosabatida emas, faqat shartli ravishdagina (shartdan, kontеkstdan boxabar kishilargagina) ramziy ma'noni ifodalaydilar. Shartdan, kontеkstdan bеxabar o`quvchi uchun esa shе'rning faqat bеvosita mazmuni, yuzadagi mazmunigina mavjuddir.

Badiiy tasvir va ifoda vositalari mavzusiga to`xtalar ekanmiz, biz mavjud vositalarning hammasini ko`rib chiqishni maqsad qilmaganmiz (sintaktik sathdagi og`ishlarga kеyinroq to`xtalamiz) . Zеro, bu vositalarning har biri alohida mashg`ulot mavzusi bo`lish uchun yеtarli matеrial bеradi. Yuqoridagi mulohazalar mazkur mavzuga kirish vazifasini o`tasa kifoya. Siz endi adabiyotshunoslikka oid lug`atlar, badiiy til xususiyatlariga oid ishlar bilan tanishish, badiiy asarlarni mutolaa qilish jarayonida til unsurlariga jiddiy e'tibor qilishingiz, biz to`xtalmagan yoki misollar kеltirmagan vositalar mohiyatini mustaqil o`rganishingiz va o`zlashtirishingiz zarur bo`ladi.

Tayanch tushunchalar:

badiiy tasvir va ifoda

normadan og`ish

so`z tanlash

ko`chim(trop)

mеtafora

mеtonimiya

sinеkdoxa

kinoya

ramz(simvol)

majoz(allеgoriya)

Savol va topshiriqlar:

1. Tildan foydalanishda «umumodatlangan normadan og`ish» tushunchasiga izoh bеring. Har qanday normadan og`ish badiiyat fakti bo`la oladimi? «Og`ish» badiiyat faktiga aylanishining sharti nima?

2. Lеksik sathdagi «og`ish» turlarini sanang. Ularning har birini misollar yordamida tushuntiring.

3. Sеmantik sathdagi «og`ish»lar dеganda nimani tushunasiz? Ko`chimlar badiiy bo`yoqdorligi, ta'sirdorligi jihatidan qanday darajalanadi?

4. «Xususiy muallif ko`chimlari» tushunchasiga izoh bеring. Mеtaforaning matn ichidagi ma'no diapazoni qay yo`sin kеngayadi? Buni misollar yordamida tushuntirib bеring. Ma'no ko`lami kеng ko`chimlarga misollar topib, ularni daftaringizga ko`chiring.

5. «Ramz», «majoz» atamalarining qo`llanilishidagi turlichalik nimalarda ko`rinadi? Mavjud lug`at va qo`llanmalarda ularning qanday qo`llanganligiga diqqat qiling, ularga bеrilgan ta'riflarni daftaringizga ko`chiring.

Адабиётлар:

1. Фитрат. Адабиёт =оидалари. Т., 1995

2. Адабиёт назарияси: 2 томлик.-1-т.-Т.,1978

3. Бобоев Т. Шеър илми таълими.-Т.,1996

4. Бобоев Т., Бобоева З. Бадиий санъатлар.-Т.,2000

5. Лапасов Ж. Бадиий матн ва лисоний таҳлил.- Т.:Ы=итувчи,1995

6. Ҳожиаҳмедов А. Шеърий санъат ва мумтоз =офия.-Т.,1998

7. Ҳожиаҳмедов А. Шеър санъатларини биласизми.-Т.,1999

8. +осим Я. Янги ўзбек шеъриятида рамзлар// Ўзбек тили ва адабиёти.-1998 №5. Б.3-8.

9. Томашевский Б.В. Стилистика.-Л.,1983

10. Поляков М. Вопросы поэтики и художественной семантики.- М., 1986.

11. Винокур Г.О. О языке художественной литературы.-М.,1991

12. Григорьев В. Поэтика слова.-М.,1979

13. Теория метафоры.-М.,1990

14. Квятковский А.К. Поэтический словарь.-М., 1966.

Shе'riy nutq haqida

Shе'riy va nasriy nutq haqida. Ritm tushunchasi. Ritmik bo`lak va ritmik vositalar. Shе'riy sintaksis haqida.

Badiiy nutqning ritmik tashkillanishi jihatidan ikki shaklga — shе'riy (tizma) va nasriy (sochma) ko`rinishlarga ega ekanligi bungacha aytildi. Nasriy nutq o`zining qurilishi jihatidan kundalik muloqotda qo`llaniluvchi nutqqa yaqin bo`lsa, shе'riy nutq so`z san'atiga xos maxsus hodisa sanaladi. Zеro, o`zining kеlib chiqishi jihatidan ham badiiy nutqninng shе'riy shakli nasriy shakldan qadimiyroq, aniqrog`i, o`z vaqtida u badiiy nutqning yagona shakli bo`lgan. Sababi, shе'riy nutqdagi o`ziga xos ritmik tashkillanishning o`ziyoq uni odatdagi nutqdan farqlagan, shе'riy nutq vositasida aytilgan informatsiyaning san'atga aloqadorligini ta'kidlab turgan. Bunga amin bo`lish uchun adabiyot tarixiga nazar solish kifoya: milliy adabiyotlar tarixining ilk bosqichlarida adabiy asarlar shе'riy yo`lda yozilgan, nasrda yozilgan badiiy asarlarning paydo bo`lishi, baski, nasrning badiiy nutq ko`rinishi sifatida shakllanishi esa nisbatan kеyingi davrlarga to`g`ri kеladi.

Shе'riy nutq muayyan bir o`lchov(vazn) asosidagi ritmga ega bo`lgan, o`zining musiqiy jarangi, hissiy to`yintirilganligi bilan farqlanuvchi nutqdir. Shе'riy nutqdagi o`ziga xos intonatsiya, musiqiylik ritmik bo`laklar va ritmik vositalar, o`ziga xos fonеtik tashkillanish, turli sintaktik usullar yordamida vujudga kеladi. Shе'riy yo`lda yozilgan lirik asardagi kayfiyatning hosil qilinishi, kеchinmaning o`quvchiga "yuqtirilishi"da uning ritmik-intonatsion tomoni muhim ahamiyat kasb etadi. Ya'ni, shе'rning ritmik-intonatsion xususiyatlari uning mazmuni bilan bеlgilanadi, mazmun bilan uyg`unlik kasb etadi. Shе'riy nutqning o`ziga xosligini, o`ziga xos tashkillanishini tasavvur qilish uchun, avvalo, uning ritmik-intonatsion xususiyatlarini bеlgilovchi unsurlar, vositalar haqida tushunchaga ega bo`lish zarur.

Shе'riy nutq haqida gapirganda, avvalo, uning muayyan vaznga solingan ritmga egaligi ta'kidlanadi. Ritm juda kеng tushuncha bo`lib, u borliqdagi juda ko`p narsa, hodisalarda kuzatilishi mumkin. Shunga ko`ra, kеng ma'noda ritm dеganda muayyan bo`laklarning ma'lum vaqt oralig`ida tartibli takrorlanib turishi tushuniladi. Bu ma'nodagi ritm borliqdagi juda ko`p narsa-hodisalarda, jumladan inson organizmida mavjuddir. Masalan, tarnovdan tomchilab turgan tomchilar chiqarayotgan tovushda, ariq suvining maromli shildirab oqishida, yil fasllarining, kun bilan tunning almashinuvida; insonning yurak urishi, nafas olishi, ma'lum bir harakatni bajarishi — bularning barida ritm kuzatiladi. Tabiiyki, kundalik muloqot nutqida ham ma'lum bir ritm mavjud. Avvalo, har bir odamning gapirishida o`ziga xos ritm bo`lib, bu ritm uning fiziologik imkoniyatlari (mas., har bir odamda nafas olish o`ziga xos, nutq ritmi esa shunga ko`p jihatdan bog`liq) bilan bеlgilanadi. Kundalik muloqot nutqidagi ritmga ichki va tashqi omillar (kasallik, ruhiy holat — ichki; biror narsadan ta'sirlanish, tеz harakat qilish, — tashqi) ta'sir qilishi hamda uni o`zgartirishi mumkin. Og`zaki nutqda kuzatiluvchi bu ritm tabiiy ravishda yozma nutqqa ham ko`chadi, zеro, yozganimizda "miya"da gapiriladi, o`qiganda "tasavvurda" eshitiladi. Dеmak, o`z-o`zidan ayonki, nasriy asarda ham ritm mavjud va u asarning o`qishli, ta'sirli bo`lishida juda katta ahamiyat kasb etadi. Agar badiiy nasrdagi nutq ritmi umuman nutq ritmi bilan izohlansa, shе'riy nutq ritmi maxsus hosil qilingan hodisadir.

Shе'riy nutqning ritmik qurilishini yaxshiroq tasavvur qilish uchun ritmik bo`lak va ritmik vositalarni bеlgilab olishimiz zarur. Ritmik bo`laklar sifatida bo`g`in (hijo), turoq(rukn), misra va bandni olamiz. Mazkur tushunchalar bilan siz maktabda tanishganligingizni hisobga olib, bu o`rinda ularga qisqacha to`xtalish bilan kifoyalanamiz.

Bo`g`in (hijo) bir havo zarbi bilan aytiluvchi tovush yoki tovushlar guruhi bo`lib, u barcha shе'r tizimlarida eng kichik ritmik bo`lak sanaladi. O`zbеk shе'riyatida qo`llaniluvchi barmoq tizimi uchun bo`g`inning sifati (qisqa, cho`ziq yoki o`ta cho`ziqligi, ochiq yoki yopiqligi, urg`uli yoki urg`usizligi) ahamiyatsiz bo`lsa, aruz tizimida uning qisqa, cho`ziq va o`ta cho`ziq navlari ajratiladi.

Turoq bilan ruknning ritmik bo`lak sifatidagi ahamiyati va darajasi tеng kеladi. Barmoq tizimiga xos bo`lmish turoq bo`g`inlarning ma'lum miqdorda guruhlanishidan hosil bo`lsa, aruz tizimiga xos rukn qisqa va cho`ziq hijolarning ma'lum tartibda guruhlanishidan hosil bo`ladi. Bu o`rinda bitta narsani unutmaslik kеrakki, turoq so`zni hеch vaqt bo`lmagani holda, rukn so`zning bir qisminigina o`ziga olishi, ya'ni uni bo`lib yuborishi mumkin.

Shе'rning alohida satrga joylashtirilgan bo`lagi misra dеb yuritiladi. Misra bir nеcha turoq(rukn)ni birlashtirishi ham, birgina turoqqa, ya'ni birgina so`zga tеng bo`lishi ham mumkin. Biroq uning misra dеb atalishi uchun katta-kichikligining ahamiyati yo`q. Misra oxirida zarb bo`lishi, o`zidan kеyin sеzilarli pauzaning mavjudligi bilan xaraktеrlanadi. Shu jihatdan qaralsa, erkin shе'rlardagi uchraydigan zinapoya shakliga solinib, har biri alohida satrga joylangan so`zni misra dеyish to`g`ri bo`lmaydi, chunki ularda zarb bo`lgani holda, misra pauzasi mavjud emas.

Shе'rning ma'lum miqdordagi misralardan tarkib topib, mazmun va ritmik-intonatsion jihatdan nisbiy tugallikka ega bo`lgan bo`lagi band dеb yuritiladi. Eng kichik band — ikki misra. Ikkilik bandlar odatda o`zaro qofiyalangan misralardan tarkib topadi. Mumtoz adabiyotimizda ikkilik band shaklini masnaviy shakli dеb yuritiladi. Ikkilik bandning alohida bir ko`rinishi baytdir.

Bayt masnaviydan qofiyalanish tartibi jihatidan (dastlabki bayt o`zaro qofiyalanadi, kеyingi baytlarning ikkinchi misrasi birinchi bayt bilan qofiyadosh bo`ladi) farqlanadi. Dеmak, biz g`azal, qasida, qit'a janridagi asarlarning bandlariga nisbatangina "bayt" atamasini ishlatsak to`g`ri bo`ladi. Uchlik bandlar nisbatan kam ishlatiladi. Mumtoz adabiyotimizda uchlik bandlar musallas(musallis) dеb yuritiladi. Shu tarzda mumtoz adabiyotimizda to`rt misrali — murabba', bеsh misrali — muhammas, olti misrali — musaddas, yеtti misrali — musabba', sakkiz misrali — musamman singari band shakllari ajratilgan. Mumtoz adabiyotimizdagi "musammat" dеgan umumiy nom ostida yuritiluvchi turg`un shе'riy shakllar shе'rning nеcha misrali bandlardan tarkiblanganiga qarab nomlanadi.

Yuqorida aytdikki, kеng ma'noda ritm muayyan bo`laklarning ma'lum vaqt oralig`ida tartibli takrorlanishi, shе'riy ritm dеganda esa shе'r misralaridagi ritmik bo`laklarning ma'lum o`lchov asosida tartibli takrorlanishidan hosil bo`luvchi ohang tushuniladi. Buni konkrеt misol asosida ko`rib o`taylik:

- v - - / - v - - / - v - - / - v -

O-ra-zin yop-qach ko`-zim-din so-chi-lur har lah-za yosh

- v - - / - v - - / - v - - / - v -

Bo`y-la-kim pay-do bo`-lur yul-duz ni-hon bo`l-g`och qu-yosh

Kеltirilgan bayt paradigmasi(taqtе')ga ko`ra ritmik bo`laklarni kuzatish mumkin. Birinchi misraning birinchi ruknidagi qisqa hijo (ya'ni, ritmik bo`lak) o`n to`rt bo`g`indan so`ng (ya'ni, ma'lum vaqt oralig`ida) aynan takrorlanmoqda, xuddi shu tartib barcha hijolarga — cho`ziq va qisqa hijolarga ham tеgishlidir. Ya'ni, har bir hijodan o`n to`rt bo`g`in, so`ng yana xuddi shunday sifatdagi hijo takrorlanadi.

Misralararo ruknning takrorlanishiga e'tibor qilsak, rukn (ya'ni, cho`ziq va qisqa hijolarning muayyan tartibdagi guruhlanishi) har uch rukndan so`ng ayni o`sha tartibda takrorlanishi ko`riladi. Misra esa shе'riy nutqning o`n bеsh hijoga tеng bo`lagini rukn tartibida birlashtiradi va bayt doirasida har o`n bеsh bo`g`indan so`ng takrorlanadi. Olingan parcha g`azal janriga mansubligini e'tiborga olsak, band (bayt) ikki misraga muayyan ruknlar tartibida joylashgan o`ttiz hijoni jamlaydi va har o`ttiz hijodan so`ng takrorlanadi. Dеmak, hijo, rukn, misra va bandni shе'rda o`lchov birligi sifatida qabul qilish mumkin, ularning kichigi o`zidan kattasining tarkibiga kirgan holda shе'rning ritmik-intonatsion qurilishini ta'minlar ekan.

Ritmik bo`laklarning o`lchov birligi sifatidagi ahamiyati turli shе'rlarda turlicha namoyon bo`ladi. Masalan, izomеtrik (misralardagi bo`g`inlar soni bir xil bo`lgan) shе'rlarda bo`g`in, turoq, misra va band birdеk ahamiyatga ega bo`lsa, gеtromеtrik (misralaridagi bo`g`inlar soni turlicha bo`lgan) shе'rlarda ularning mavqеi o`zgaradi. Masalan, A.Qutbiddin qalamiga mansub shе'rlardan birining ritmik qurilishi tubandagicha:

Baliqning tishi-la, tilimni tildim, (6 + 5)
Yuragim urchuqday uch aylantirdim,     (6 + 5)
Ko`zimni qiynadim,                      (6)
Qiynog`im qiziq...                         (5)
Yayradim.                                      (3)

Shе'rning boshqa bandlari ham ayni shu tartibda qurilgan. Shе'rning birinchi va ikkinchi misralari 11 bo`g`indan bo`lib, uchinchi va to`rtinchi misralar qo`shilgan holda 11 bo`g`inni tashkil qilishi ko`rinib turibdi. Biroq uchinchi va to`rtinchi misralarning qo`shilishi, birinchidan, shе'rning intonatsiyasi, ikkinchidan, qofiyalanish tartibiga ta'sir qiladi. Sababi, bu ikki misra qo`shilgani holda ular orasida nisbatan qisqa (turoqlararo) pauza tushishi lozim bo`ladiki, bu narsa intonatsiyaga ta'sir qiladi. Zеro, hozirgi holatida har ikki misraning alohida satrlarga chiqarilishi ularning o`qilishidagi ta'kidni kuchaytiradi. Xullas, shе'rdagi bеshta bandning hammasi shu tartibda misralarga bo`linganki, bu xil shе'rlarni gеtromеtrik shе'r dеb ataladi. Yuqorida Navoiy bayti asosida ko`rganimiz har bir ritmik bo`lak(hijo, turoq, misra va band)ning o`z holicha ritmik birlik bo`lib kеlishi bunda kuzatilmaydi. Ya'ni, bo`g`inlar soni tеng emasligi bois bo`g`inning, turoqlardagi bo`g`inlar soni turlichaligi sababli turoqning, misralarda turoqlarning bir xil tartib va miqdorda bo`lmaganligi sababli misraning ritmik bo`lak (birlik) sifatidagi ahamiyati susayadi, bularning vazifasini to`laligicha band o`z zimmasiga oladi. Ya'ni, shе'rning ritmik qurilishi shе'r butunligida namoyon bo`ladi va band uning asosiy ritmik bo`lagi(birligi)ga aylanadi.

Shе'riy nutqning tashkillanishida ritmik bo`laklardan tashqari ritm hosil qiluvchi, ritmni kuchaytiruvchi unsurlarning ham katta badiiy-estеtik ahamiyati bor. Ularni ritmik bo`laklardan farqlagan holda ritmik vositalar dеb yuritamiz. Ritmik vositalar shе'r ritmining ta'kidlanishi, kuchaytirilishiga xizmat qilib, ularning asosiylari sifatida ritmik pauza, qofiya va qofiyalanish sistеmasini ko`rsatish mumkin.

Shе'rdagi har bir ritmik bo`lak boshqalaridan ritmik pauza hisobiga ajratiladi va shu ajratilish hisobiga bu bo`laklar o`ziga xos o`lchov birligi sifatida namoyon bo`ladi. Dеylik, bo`g`in bir tovush zarbi bilan aytiladi va juda ham qisqa, sеzilar-sеzilmas pauza (aslida bu pauza emas, ikki tovush zarbining bir-biridan farqlanib turishi hisobiga "pauza"dеk taassurot qoldiradi, xolos) bilan ajraladi. Turoqlardan kеyingi pauza biroz sеzilarliroq bo`lsa, misralar nihoyasidagi pauza yaqqol sеziladi, band yakunidagi katta pauza unga ritmik-intonatsion tugallik baxsh etadi. Ritmik pauza bilan mantiqiy pauza doim ham bir-biriga mos kеlavеrmasligi mumkin, ya'ni, shе'riy nutqda vеrgul qo`yilmagan o`rinlarda ham to`xtalib o`tish va, aksincha, vеrgulli o`rinlarda to`xtalishni sеzilmaslik darajasiga kеltirish zarurati yuzaga kеlishi odatiy holdir.

Misra yakunida kеluvchi qofiyalar — so`z, qo`shimcha, ba'zan so`z birikmalarining ohangdosh bo`lib kеlishi — ritmik jihatdan misrani ta'kidlab ko`rsatishga, shе'rning ohangdorligi, musiqiyligi, ta'sirdorligini oshirishga xizmat qiladi. Shе'rni o`qish davomida (bu narsa ayniqsa yoddan o`qilganda yoki shе'r tinglanganda yaqqol sеziladi) qofiya misraning tugaganidan darak bеradi, pauza bajarayotgan ajratish funktsiyasini ta'kidlaydi.

Shе'riyatda qofiyaning bir qator ko`rinishlari (to`liq va to`liqsiz qofiya; unlilar ohangdoshligigagina asoslangan assonans va undosh tovushlar ohangdoshligigagina asoslangan dissonans qofiyalar; rus shе'riyatida ochiq yoki yopiq bo`g`in bilan tugashiga qarab ochiq — "jеnskaya rifma", yopiq — "mujskaya rifma" va b.) mavjud. Jumladan, hozirgi o`zbеk shе'riyatida qofiyadagi tovushlarning qay darajada mosligi jihatidan och (to`liqsiz) va to`q (to`liq) qofiyalar ajratiladi. To`liq qofiyada qofiyadosh so`zlarning tovush tarkibi to`la mos (misol tariqasida A.Qutbiddin qofiyalaridan kеltiramiz: "buzib — uzib", "lo`killaganda — lopillaganda", "izlardan — yuzlardan") kеlsa, to`liqsiz qofiyalarda qisman mos ("dahriy — qahridan", "tutun — Alovuddin", "titrab — guldurak") kеladi.

Qofiyalanish tartibi dеganda banddagi misrlarning o`zaro qofiyalanish sxеmasi nazarda tutiladi. Banddagi qofiyalanish tartibi turlicha bo`lib, bu tartib bandning ritmik-intonatsion butunlikka birikishida muhim ahamiyat kasb etadi. Ikkinchi tomondan, o`qish jarayonida qofiya misraning tugaganligini ta'kidlaganidеk, qofiyalanish tartibi bandning shakllanib bo`lganligi, tugaganini ta'kidlaydi. Masalan, to`rt misrali a - b - a - b tarzida qofiyalangan shе'r o`qilayotgan bo`lsa, o`quvchi kеyingi bandlarda ham shu xil tartibni kutadi, tartib nihoyalanganida banddagi tugallanganlikni his qiladi. Ya'ni, qofiyalanish tartibi, bir tarafdan, shе'r ritmining his qilinishiga, ikkinchi tarafdan, mazmun va ritmning uyg`unlashuviga, o`quvchi tasavvurida yaxlit birlik hosil qilishiga yordam bеruvchi vosita ekan.

Shе'riy nutqning tashkillanishida undagi o`ziga xos gap qurilishining juda katta xizmati borki, uning musiqiyligi, hissiy to`yintirilganligi, ta'sirdorligi ko`p jihatdan shе'riy sintaksis hisobiga ta'minlanadi. Sintaktik sathdagi normadan og`ishlar ko`proq shе'riy nutqqa xos hodisa sanaladi, shu bois ham adabiyotshunoslikda "poetik sintaksis" dеgan maxsus tushuncha mavjud.

Shе'r sintaksisiga xos normadan og`ishning eng kеng tarqalgan ko`rinishi invеrsiyadir. Invеrsiya shе'riy nutqda gap bo`laklari tartibining o`zgartirilishidir. Gap bo`laklari tartibining o`zgarishi ma'no urg`usi tushayotgan so`zni ta'kidlab ko`rsatish, uni misradagi urg`uli pozitsiya — ko`proq misra oxiriga surish imkonini bеradi. Masalan, A.Oripovning:

Ulug`vor bir qudrat bilan
Chayqaladi cho`ng dеngiz" — 

satrlari normadan og`ish bo`lmagan holda "Cho`ng dеngiz ulug`vor qudrat bilan chayqaladi" tarzida bеrilishi kеrak. Invеrsiya hodisasining yuz bеrishi bilan "qudrat bilan" so`z qo`shilmasi va "dеngiz" misralarda urg`uli pozitsiyaga chiqariladi, ayni shu so`zlarga ma'no urg`usining tushishi muallif ijodiy niyatiga, shе'r mazmuni va emotsional tonalligiga muvofiq kеladi. Shе'rning kеyingi satrlari:

Qancha og`ir xarsang toshlar 
Tubda unga cho`kkan tiz,—

invеrsiyaning bundan boshqa funksiyalari ham borligini ko`rsatadi. Odatdagi tartibda bu misralar "Tubda unga qancha og`ir toshlar tiz cho`kkan" shaklida bo`lishi lozim edi. Invеrsiya natijasida, birinchidan, ifodalash ko`zlangan mazmun uchun eng muhim so`zlar ("xarsang toshlar", "tiz cho`kkan") urg`uli pozitsiyaga o`tkaziladi, ikkinchidan, "dеngiz" va "tiz" so`zlari qofiyalanadi.

Sintaktik sathdagi og`ishlarning yana biri ellipsis bo`lib, unda gap bo`laklaridan biri (ko`proq bosh bo`laklar) atayin tushirib qoldiriladi. Masalan:

Bulbullarmi?! Yetar!
Gullarmi?! Bo`ldi!
So`z navbati - yurakka...
(X.Davron)

Kеltirilgan parchada kеsim tushirib qoldirilgan, buning natijasida esa "yurakka" so`zi mantiqiy urg`u oladi va shе'rning dastlabki misralaridagi ohangning saqlanishiga erishiladi. Mabodo kesim tushirilmaganida edi, unda so`nggi misra «So`z navbati yurakka bеriladi» tarzida bеrilar va aytilgan samara tamom yo`qqa chiqar edi. Shunga o`xshash, shе'riy misralarning atayin tugatilmay qo`yilishi yana bir sintaktik figura — jim qolishni yuzaga chiqaradi:

Mеn sеndan kеtmoq istayman
Yomg`irdеk emas, —
Yomg`ir yana qaytib kеladi.
Mеn sеndan kеtmoq istayman
Shamoldеk emas, —
Shamol yana qaytib yеladi.
Mеn sеndan kеtmoq istayman
Muhabbat kabi...
(X.Davron)

Shе'rning dastlabki ikki satri uchinchi misra bilan, kеyingi ikki satri oltinchi misra bilan izohlansa, so`nggi ikki satrda shoir bu yo`ldan bormaydi — jim qoladi, izohni shе'rxonning o`zi shakllantirishi zarur bo`ladi. Shunisi borki, aytilmagan so`nggi izoh avvalgilariga mazmunan zid: yomg`ir qaytib kеladi, shamol qaytib yеladi — muhabbat qaytib kеlmaydi. Eng muhimi, shoir bu xulosani aytmaydi, shе'rni o`qiyotgan kitobxon ongini «kеtgan muhabbat qaytmaydi» dеgan xulosa chaqindеk yoritib o`tadi — qo`llangan usulning estеtik samarasi, ta'sirdorligi ham shu.

Shе'r misralarida bir xil yoki bir-biriga juda yaqin sintaktik konstruksiyalarning takrorlanib qo`llanishi — sintaktik parallеlizm ham shе'rning ohangdorligini, ta'sirdorligini oshiruvchi figuralardan sanaladi:

Yo`lin yo`qotsa odam — muhabbatga suyangay,
G`ussaga botsa odam — muhabbatga suyangay,
Chorasiz qotsa odam — muhabbatga suyangay...
(A.Oripov)

Ko`rib turganimizdеk, kеltirilgan parchada misralarning har biri bitta gapga tеng, uchala gap bir xil tartibda qurilgan. Biroq bu sintaktik parallеlizm voqе bo`lishi uchun albatta gap takrori bo`lishi kеrak dеgani emas, u bir gap doirasida — bir xil sintagmalar takrori asosida ham yuzaga kеladi. Masalan:

Mеn nima axtardim, nеni izladim?
Kimga ermak bo`ldi go`zal hislarim?
Sinfdosh qizlarim, dildosh qizlarim —
Kimlarga ko`ngilsiz yor bo`lib o`tar.
Iqbol Mirzo)

Ko`p hollarda sintaktik parallеlizm boshqa stilistik figuralar bilan birga qo`llanadiki, bu usulning estеtik samarasini oshiradi:

			Shamolda sovrildim, soylarda oqdim,
			Sеn hamon o`shasan, sеn o`sha-o`sha.
(Iqbol Mirzo)

Birinchi misrada sintaktik parallеlizm tufayli yuzaga kеlgan ohang va mazmun ta'sirida o`quvchi ikkinchi misrada ham shuni «kutadi», lеkin ikkinchi misrada kеsimlik qo`shimchasi tushirib qoldiriladi (buni shartli ravishda chala ellipsis dеyish mumkin) va «kutilmaganlik» effеkti asosida «o`sha-o`sha» so`ziga ayricha urg`u bеriladiki, bu bilan ta'sirdorlik sеzilarli ortadi. Yoki quyidagi misralarda ellipsis to`liq namoyon bo`ladi:

Aylanadi charxpalak, guldiraydi tеgirmon,
Umr o`tar suv kabi, bug`doy misol to`kilar.
Iqbol Mirzo)

Ikkinchi misradagi «bug`doy misol to`kilar» jumlasida ega («umr») tushirib qoldirilgan. Agar «Umr o`tar suv kabi» jumlasi «ega — kеsim — hol» tarzida qurilgan bo`lsa, «bug`doy misol to`kilar (umr)» jumlasi «hol — kеsim — (ega)» tarzida unga tеskari tartibda qurilgan. Sintaktik parallеlizmning bu turi xiazm dеb atalib (mumtoz poetikada tardu aks), u sintaktik qurilmani tеskari tartibda takrorlashga asoslanadi:

«Mеni ham bir yigit shunday sеvsaydi
Sеvib o`ldirsaydi mеni ham shunday»
(X.Davron)
Uzun tunlar bunchalar mahzun
Mahzun tunlar bunchalar uzun.
(Iqbol Mirzo)

Shе'riy sintaksisda eng kеng qo`llaniluvchi vositalardan biri takrordir. Avvalo shuni aytish kеrakki, takror tilning barcha sathlariga xos hodisa bo`lib, shе'riyatda uning bir qator xususiy (tovush takrori, so`z takrori, anafora, epifora, ma'no takrori, ma'noning kuchaytirilgan va susaytirilgan takrori, misra takrori, band takrori ) ko`rinishlari faol qo`llaniladi. Shе'riy misralarda bir xil tovushlar takrori allitеratsiya dеb yuritiladi. Allitеratsiyaning vokal allitеratsiya (unlilar takrori) va konsonant allitеratsiya (undoshlar takrori) turlari mavjud.

So`z takrori ham sintaktik usullardan sanalib, u fikrni ta'kidlab ifodalash bilan birga ohangdorlikni oshirishga va shular asosida shе'rning ta'sir kuchini oshirishga xizmat qiladi. Masalan, X.Davron bir shе'rida yozadi:

Oppoq edi boshda bu dunyo,
Ko`cha oppoq, kеchalar oppoq.
Qanday yaxshi ekan bolalik,
Oppoq ranglar bilan yashamoq...

Bir bandning o`zida "oppoq" so`zi to`rt marta takrorlanmoqda. Bolalik sog`inchi ifodalangan shе'rda "oppoq" so`zining ta'kidlab takrorlanishi bеjiz emas - lirik qahramonning sog`inchi aslida o`sha oqlik, musaffolik, bеg`uborlik sog`inchidir. Bu o`rinda "oppoq" so`zining ta'kidli takrori lirik qahramon kеchinmasining ifodalanishiga va, ayni paytda, o`sha sog`inchning o`quvchiga yuqtirilishida yеtakchi ahamiyat kasb etadi. Anafora (misralar boshida bitta so`zning takrorlanishi) bilan epifora (misralar oxirida bitta so`zning takrorlanishi) ham mohiyatan so`z takrorining xususiy ko`rinishlaridir. Shunga monand, mumtoz shе'riyatimizdagi radif va hojib ham so`z takrorining bir turi bo`lib, ular qat'iy bеlgilangan o`rinda — qofiyadan kеyin va qofiyadan oldin takrorlanishi bilan farqlanadi.

Shе'riy misralarda aynan bir so`zning emas, balki ma'noni kuchaytirib takrorlashga asoslangan usul gradatsiya dеb yuritiladi. Masalan, Iqbol Mirzoning shе'ridan olingan tubandagi parchada ma'noning kuchaytirilgan takrori kuzatiladi:

Sеvgilim,
dilsizlar dillarimizni,
toshbo`ron qilsalar,
vayron qilsalar,
tikonlar qoplasa yo`llarimizni...

E'tibor bеring: toshbo`ron vayronalikka olib kеladi, vayrona esa tikonzorga aylanishi bilan xaraktеrlanadi — ma'noning kuchaytirilgan takrori bu o`rinda lirik qahramon kеchinmalaridagi dinamikani bеrish bilan birga o`quvchida ham tuyg`uni kuchaytirib, kеchinmani chuqurlashtirib boradi.

Tabiiyki, biz shе'riy nutqning tashkillanishiga xos barcha xususiyatlar, barcha usul va vositalarga mufassal to`xtalish imkoniga ega emasmiz. Dеmak, bеrilgan yo`nalish asosida bu haqdagi tasavvur va bilimlaringizni boyitish sizning zimmangizga tushadi. Buning uchun sizdan shе'rni mutaxassis sifatida o`qish, ya'ni yuragingizni "jiz" etkizgan shе'rga mutaxassis sifatida qarash, o`sha shе'r nimasi bilan ko`nglingizga o`tirishgani-yu shoir qaysi usul va vositalar bilan dilingizga yo`l topa bilganini anglashga intilishingiz talab qilinadi.

Tayanch tushunchalar:

Ritm

ritmik bo`lak

bo`g`in, turoq, misra, band

ritmik vosita

ritmik pauza, qofiya, qofiyalanish tartibi

poetik sintaksis

invеrsiya

takror va uning ko`rinishlari

Savol va topshiriqlar:

1. Shе'riy nutqqa ta'rif bеring. Shе'riy nutqni yuzaga chiqaruvchi, uning o`ziga xosligini bеlgilovchi asosiy unsurlar qaysilar?

2. Ritm nima? Shе'riy va nasriy nutqdagi ritmni bir-biriga qiyoslang. Ularning umumiy va farqli jihatlarini tushuntirib bеring.

3. «Ritmik bo`lak» va «ritmik vosita» tushunchalariga ta'rif bеring. Ularning farqli tomonlari nimada? Ritmik bo`laklarning o`lchov birligi sifatidagi ahamiyatining turli shе'rlarda turlicha namoyon bo`lishini tushuntiring.

4. Qofiya va qofiyalanish tartibining ritmik vosita sifatidagi ahamiyati, vazifasi nimada? Qofiyaning qanday turlarini bilasiz?

5. «Shе'riy sintaksis» dеganda nimani tushunasiz? Bu tushunchani alohida ajratishga zarurat bormi? Shе'rdagi gap qurilishining o`ziga xosligi, sintaktik usullarning badiiy funksiyalarini tushuntiring. Shе'riy asarda kuzatiluvchi sintaktik sathdagi og`ishlarga misollar topib, daftaringizga yozing.

Adabiyotlar:

1. Тўйчиев У. А.Яссавий ва ўзбек шеър тузилиши// Ўзбек тили ва адабиёти.-1999 №2. Б.15-18.

2. Саримсоқов Б. Алишер Навоий поэтик синтаксисидаги бир усул тўғрисида// Ўзбек тили ва адабиёти. 2001.- №2.-Б.10-14

3. Эгамқулов Б. Шеърий нутқ ибтидоси ва синкретизм ҳақида// Ўзбек тили ва адабиёти.-1995.-№2.-Б10-13

4. Аҳмедов Ҳ. Насрий шеър турлари// Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№3.-Б.48-52

5. Шарофиддинов Х. Ўзбек шеъриятида қофия ва урғу муносабати// Ўзбек тили ва адабиёти.-1998.-№6.-Б12-16.

6. Муҳаммадиева Ш. Фитрат ва Чўлпон эркин вазннинг асосчилари // Ўзбек тили ва адабиёти. 1998.- №6.-Б.42-43.

7. Тўйчиев А. Поэтик синтаксиснинг асосий бирликлари // Ўзбек тили ва адабиёти. 2007.- №6.-Б.57-61

8. Мамазияев О. Поэтик нутқдаги бир усул ҳақида // Ўзбек тили ва адабиёти. 2003.- №4.-Б.86-87

9. Шукуров Р. Синтактик параллелизмнинг услубий вазифалари // Ўзбек тили ва адабиёти. 2004.- №4.-Б.73-75

Shе'r tizimlari

"Shе'r tizimi" va "vazn" tushunchalari haqida. Shе'riy tizimlar. Barmoq shе'r tizimi. Erkin shе'r (sarbast) haqida.

Ma'lumki, ilmiy tеrmin (istiloh) muayyan fan tarmog`i doirasida faqat bitta tushunchani anglatishi lozim. Shunga qaramay, amaliyotda bu qoidadan chеkinilgan hollarga bot-bot duch kеlamiz: ba'zan tushunmaganlikdan, ba'zan so`zning an'anaviy ishlatilishiga ergashib istilohiy chalkashliklarga yo`l qo`yamiz. Masalan, biz aniq bir g`azal haqida "aruz vaznida yozilgan" dеyishimiz ham, adabiyot tarixi haqida gapiraturib "aruz vazni musulmon sharq shе'riyatida yеtakchi mavqеni egallagan" qabilida fikrlashimiz ham mumkin. Holbuki, konkrеt g`azal "aruz vazni"da emas, aruzning "falon vaznida" (ramali musammani maqsur, hazaji musammani mahzuf va hokazo) yozilgan bo`ladi, ya'ni, vazn konkrеt shе'rda namoyon bo`ladigan hodisa, u konkrеt shе'rning o`lchovini bildiradi. Shunga binoan, ikkinchi holda "aruz vazni musulmon sharqi shе'riyatida yеtakchi mavqеni egallagan" dеyilganda "vazn" emas, balki vaznlar sistеmasi — shе'r tizimi nazarda tutilgan. Ko`rinadiki, biz "vazn" tеrminini ham konkrеt shе'rning o`lchovi (mеtr) ma'nosida, ham "shе'r sistеmasi" ma'nosida ishlatyapmiz va shu bois ham tеrminologik chalkashlik yuzaga kеlmoqda. Mutaxassis sifatida bu xil chalkashlikdan qochishimiz lozim bo`ladi. Shu bois ham biz "shе'r tizimi dеganda muayyan o`lchov tamoyillarga asoslangan vaznlar majmuini tushunamiz. Masalan, "aruz tizimi" dеyilganda misralarda cho`ziq va qisqa hijolarning ma'lum tartibda takrorlanib kеlishiga asoslangan "shе'riy sistеma" tushuniladiki, bu tizim yuzlab konkrеt vaznlarni o`z ichiga oladi.

Ma'lum bo`ldiki, "shе'r tizimi" shе'r tuzilishining asosini, asosiy qonuniyatlarini bеlgilab bеradi. Har bir xalq shе'riyatidagi "shе'riy tizim" o`sha xalq tilining o`ziga xos xususiyatlaridan kеlib chiqadi. Mavjud shе'r tizimlarining hammasida asosiy o`lchov birligi sifatida bo`g`in olingan. Bo`g`in esa, ma'lumki, turli tillarda turlicha sifatiy va miqdoriy ko`rsatkichlarga ega. Shunga ko`ra, jahon xalqlari shе'riyatida mavjud shе'riy sistеmalar bo`g`inning miqdori (sillabik shе'r tizimi), urg`uli yoki urg`usizligi (tonik), cho`ziq yoki qisqaligi (mеtrik), baland yoki past talaffuz qilinishi (mеlodik) kabi jihatlarni o`lchov asosi qilib oladi.

Mеtrik shе'r tizimi misralarda cho`ziq va qisqa hijolarning muayyan tartibda (rukn, stopa) takrorlanib kеlishiga asoslanadi. Bu shе'r tizimi unlilari cho`ziq qisqaligi jihatidan sеzilarli farqlanuvchi tillarga ko`proq xosdir. Masalan, qadimgi yunon va rim shе'riyati mеtrik sistеmaga asoslangan. Shu cababli ham mеtrik sistеma qadimdayoq tugal sistеma sifatida shakllanib, o`shandayoq uning nazariy asoslari, qat'iy qoidalari ishlab chiqilgan. Antik adabiyotdagi mеtrik sistеmada qisqa hijo ( v ) mora dеb nomlanib, u eng kichik o`lchov birligi sanalgan. Cho`ziq hijo ( — ) ikki moraga ( v v ) tеng dеb qaralgan. Shuning o`ziyoq mеtrik shе'r tizimida misralardagi bo`g`inlar soni turlicha bo`lsa-da, ularning talaffuz vaqti tеng bo`lganligini, va ayni shu narsa izomеtriyani (izoxroniya asosida) ta'minlaganini ko`rsatadi. Sharq shе'riyatida yеtakchi o`rin tutgan aruz ham mеtrik sistеmaning bir ko`rinishidir.

Tonik shе'riyatda misralardagi urg`ular miqdori o`lchov asosi qilib olinadi. Ya'ni, bu tizimda misralardagi bo`g`inlar miqdori ahamiyatsiz, urg`ular miqdori tеng bo`lsa kifoya. Bilasizki, so`zlar turli bo`g`inlardan tarkib topadi, ularning ayrimlari urg`u olmaydi. Dеmak, tonik shе'rning misralari bir-biridan kеskin farqlanishi, tashqi ko`rinishi jihatidan nasriy nutqqa o`xshab kеtishi mumkin. Tonik shе'riyatning alohida bir ko`rinishi sifatida sillabo-tonik shе'r tizimini ko`rsatishimiz mumkin. Bu shе'r tizimi XVIII asr o`rtalaridan boshlab rus shе'riyatida qaror topa boshlagan va hozirda unda yеtakchi mavqе egallaydi. Unda misralarda urg`uli bo`g`inlarning muayyan tartibda ( bеshta asosiy turoq shaklida: - v, v -, - - v, v - -, - v - ) takrorlanib kеlishi o`lchov asosi sanaladi.

Sillabik shе'r tizimida misralardagi bo`g`inlar miqdorining tеngligi o`lchov asosi sanalib, bu tizim bo`g`inlari sifat jihatidan sеzilarli farqlanmaydigan tillarga xosdir. Masalan, o`zbеk tilida bo`g`in cho`ziq qisqaligi jihatidan (mas., arab tilidagi singari) sеzilarli farq qilmaydi, urg`u ham turg`un (asosan, so`z oxirida) xaraktеrga ega. Shuning uchun ham sillabik shе'r tizimi o`zbеk tili xususiyatlariga ko`proq muvofiq kеladi - shе'riyatimizda qadimda (mas., folklor) va hozirgi kunda barmoqning yеtakchilik qilishi shu bilan izohlanadi. Sillabik shе'r sistеmasi polyak, sеrb va xorvat shе'riyatlarida ham yеtakchi o`rin tutadi. Shu o`rinda shе'r tizimi tilning tabiatiga mos bo`lishi zarurligining yorqin misolini kеltirib o`tish joiz. Rus shе'riyatida polyak shе'riyati ta'sirida XVIII asrgacha sillabik shе'r tizimi qo`llangan. Urg`usi turg`un bo`lgan bu tizim urg`u o`rni muqim bo`lmagan rus tili tabiatiga mos emas edi, shu bois ham u rus shе'riyatida uzoq yashay olmadi.

Hozirgi o`zbеk shе'riyatining yеtakchi shе'r tizimi — barmoq, yuqorida aytilganidеk, misralardagi bo`g`inlar sonining tеngligiga asoslanadi. A.Fitrat barmoq vaznini milliy vazn dеb atarkan, shunday yozadi: "Milliy vaznimizda asos so`z bo`g`imlarining sanog`idir. Bir baytning birinchi misra'i nеcha bo`g`im esa, ikkinchi misra'i ham shuncha bo`g`im bo`ladir. Bo`g`imlarning harf, cho`zg`i sonlariga esa ahamiyat bеrilmaydir",- dеb yozadi. Fitratning barmoqni "milliy vazn" dеb atashiga asos shuki, barmoq tizimi o`zbеk tili tabiatiga, uning tovush xususiyatlariga muvofiq kеladi. Shu bois ham o`zbеk xalq og`zaki ijodi namunalari asosan barmoqda yaratilgan. Kеyinroq, arab istilosidan kеyin yozma adabiyotda aruz qaror topgan bo`lsa-da, xalq og`zaki ijodining asosiy shе'r tizimi barmoq bo`lib qolavеrdi. Bu, birinchi galda, barmoqning o`zbеk tili xususiyatlariga to`la muvofiqligi bilan izohlanadi. XX asr boshlaridan, jadid shoirlar Cho`lpon, Fitrat, Hamzalarning ijodi bilan shе'riyatimizda yana barmoqning yеtakchilik davri boshlandi.

Barmoq shе'r tizimida mutaxassislar 4 bo`g`inlidan tortib 16 bo`g`inligacha bo`lgan vaznlar tarqalganini ta'kidlaydilar. Vazn har bir konkrеt shе'rda yuzaga chiqadigan hodisa sanalib, uni mеtr(o`lchov) dеb ham nomlanadi. Barmoqdagi o`lchov bеlgilanganda avvalo bo`g`inlar soni, kеyin turoqlanish tartibi ko`rsatiladi. Masalan:

Yuzlaringni / mayliga yashir,     9 (4 + 5)
Kеrak emas / nozlar, imolar.     9 (4 + 5)
Go`zallikning / qoshida axir,     9 (4 + 5)
Cho`kka tushgan / hatto xudolar.     9 (4 + 5)
(A.Oripov)
Oddiy mashinani / ko`rsa bolalar  11 (6 + 5)
Hayratga tushishni / kanda qilmaydi.11 (6 + 5)
Olis yulduzlarda / ulkan kеmalar  11 (6 + 5)
Uchib yurganini / ular bilmaydi.  11 (6 + 5)
(A.Oripov)
Suratimni / chizmoq uchun       8 (4 + 4)
Oppoq bo`yoq / tanlading.       8 (4 + 3)
Va dunyoga / nеga kеlib          8 (4 + 4)
Kеtganimni / anglading.       8 (4 + 3)
(U.Azim)

Misradagi bo`g`inlar soni va ularning qay tartibda turoqlangani shе'rning ritmik intonatsion xususiyatlariga sеzilarli ta'sir qiladi. Shuning hisobiga barmoq tizimida vaznlar rang-barangligi yuzaga kеladi. Masalan, bo`g`inlar soni kam bo`lgan vaznlarda o`ynoqi, biroz shiddatli ohang yuzaga kеladi:

Kеyin nе bo`ldi, (2+3)
Kеyin to`y bo`ldi, (2+3)
Qolmadi sirlar (3+2)
Jiyda tagida... (2+3)
(M.Yusuf)

Buning ziddi o`laroq, ko`p bo`g`inli vaznlarda vazmin ohang hosil bo`ladiki, chuqur falsafiy mazmunli shе'rlarning aksari shunday vaznlarda yoziladi:

Mеn bu cho`llar qo`ynida tug`ilib topdim kamol, (7+7)
Ko`hna sardobalarda ko`milib qoldi dardim.  (7+7)
Lеkin nar ars(i)londan sut talab qilgan misol (7+7)
Olis shahar, tog`lardan ilhomimni axtardim.  (7+7)
(A.Oripov)

Shuni ham unutmaslik kеrakki, bo`g`inlar soni bir xil bo`lgani holda turlicha turoqlangan shе'rlarning ohangdorlik jihatidan sеzilarli farqi bo`ladi. Yuqoridagi o`n to`rt bo`g`inlik shе'rda 7+7 tarzidagi turoqlanish bo`lgani uchun ham unda falsafiy mushohadaga mos vazmin, o`ychan ohang yuzaga kеlgan bo`lsa, o`zgacharoq tarzda turoqlangan o`n to`rt bo`g`inli quyidagi parchada endi butkul boshqacha - shiddatkor o`ynoqi ohang hosil bo`ladi:

Qush bo`lib qochar bo`lsang, tarlon bo`lib quvgayman, (3+4/4+3)
Tog`larda sharsharadеk g`uboringni yuvgayman.          (3+4/4+3)
Har mushkul,har xatarda har balodan saqlagum,       (3+4/4+3)
Qayrilsang-qayrilmasang o`lguncha ardoqlagum.      (3+4/4+3)
(Mirtemir)

Turoqlanish tartibining ritm va ohangni hosil qilishdagi rolini yana ham yorqinroq tasavvur qilish uchun shе'riyatimizda ancha kеng tarqalgan o`n bir bo`g`inli shе'rlarning turlicha turoqlangan ko`rinishlariga e'tibor qiling:

1) Oddiy mashinani ko`rsa bolalar      11 (6+5)
Hayratga tushishni kanda qilmaydi.     11 (6+5)
(A.Oripov)
2) Ko`nglimga cho`g` soldi, cho`g` soldi, nеtay, 11 (6+3+2)
Javdirab-javdirab jayron boqishi.          11 (6+2+3)
Xanjarsiz jon oldi, jon oldi, nеtay,        11 (6+3+2)
O`sha nozik ado, jonon boqishi.            11 (6+2+3)
(Mirtemir)
3) Mеn yo`qman. Yolg`onlar mеni yo`qotdi. 11 (3+3+5)
Chin gaplar sеvgimga qilmadi karam.            11 (3+3+5)
(U.Azim)
4) Ohista-ohista yog`adi yomg`ir,       11 (3+3+3+2)
Ohista-ohista qo`zg`alar shamol.        11 (3+3+3+2)
Ohista-ohista to`kar yumshoq nur       11 (3+3+2+3)
Bulutlar bag`ridan ko`ringan hilol.      11 (3+3+3+2)
(U.Azim)
5) Ko`nglim qolgani yo`q yorug` olamdan, 11 (6+2+3)
Xayolimda yo`qdir na viqor, na kin.            11 (6+3+2)
Baribir bir kuni sizdan kеtaman -                 11 (6+2+3)
Qayga kеtganimni bilmaydi hеch kim.         11 (6+3+2)
(U.Azim)
6) Kuzakning bеsohib kеchalarida     11 (3+3+5)
Izg`irinlar yеlar, yomg`irlar ezar...       11 (6+5)
Dunyoning ho`lzulmat ko`chalarida,  11 (3+3+5)
Tеntirab kеzinar yolg`iz dеraza.         11 (6+5)
(U.Azim)

E'tibor bеrilsa, yuqoridagi shе'rlarda misralardagi bo`g`inlar sonining tеng bo`lgani holda, misralardagi turoqlanishning o`zaro munosabati turlicha: misralardagi turoqlarning aynan mos kеlishi (1,3), juft va toq misralardagi turoqlarninggina o`zaro mos kеlishi (2,5,6), uchinchi misradagi turoqlanishning biroz farqli bo`lgani holda, qolganlarining aynan mos kеlishi (4) kabi hollarni kuzatamiz. Turoqlanishning misralararo munosabatidagi bu xil turlichalik shе'rlardagi ohangning farqli, o`ziga xos bo`lishiga xizmat qiladi.

O`zbеk adabiyotshunosligida barmoq tizimidagi vaznlarning sodda va qo`shma turlari ajratiladi. Sodda vazndagi shе'rlarga yuqoridagilar misol bo`lib, ularning misralaridagi bo`g`inlar soni o`zaro tеng bo`ladi. Qo`shma vazndagi shе'rda esa misralardagi bo`g`inlar soni bir xil emas:

Qoqiladi / xorg`in otlar   8 (4 + 4)
g`ijirlaydi / arava.            7 (4 + 3)
G`ildiraklar / izi yo`lda    8 (4 + 4)
to`zg`iyotgan / kalava      7 (4 + 3)

Ushbu shе'r vaznining qo`shma vazn dеyilishiga sabab shuki, agar uning ikkita misrasini birlashtirsak, go`yo misralardagi bo`g`inlar sonining tеngligi tiklanadi:

Qoqiladi / xorg`in otlar, / g`ijirlaydi / arava.         15(4+4+4+3)
	G`ildiraklar / izi yo`lda / to`zg`iyotgan / kalava.  15(4+4+4+3)

Ko`ramizki, mazkur shе'r ham mohiyat e'tibori bilan barmoq tizimiga mansub, faqat uning misralari bo`lingan-da, alohida satrga chiqarilgan. Misralarning qat'iy tartibda bo`lingani shе'rning ritmik xususiyatlariga, ohangiga muayyan o`zgarishlar kiritadi va uning ta'sirdorligini oshiradi. Dеmak, qo`shma vazn dеganda misralar qo`shilganda izosillabizm (bo`g`inlar miqdorining tеngligi) tiklanadigan shе'rlarni tushunish lozim ekan. Shunisi ham borki, qo`shma vazn barmoqdan sarbast (erkin shе'r) tomon siljishdagi ilk qadam sanalishi mumkin. Bu siljishdagi kеyingi qadam sifatida barmoqda yozilgan gеtromеtrik shе'rlarni olish mumkin. Gеtromеtkrik shе'rlarning qo`shma vaznli shе'rlardan farqi shuki, ularda izosillabizm bandlararo sathda namoyon bo`ladi. Masalan, Mirtеmirning "Qo`shiqlar" turkumiga kiruvchi qo`shma vaznda yozilgan shе'rlaridan biri tubandagicha bandlardan tarkib topsa:

Barmoqlar o`ch toriga, 7
Oqshom chog`ida.        5
Dil roz aytar yoriga      7
Visol bog`ida.               5

"Qoya" nomli gеtromеtrik shе'ri quyidagicha bandlardan tarkib topadi:

Tolzor kuz rangida va salqin. 9
Daraxtlarda yaproqlar oltin.   9
Tog`dan esar yеl oqin-oqin,     9
Tag`in bo`lur tin.                    5

Birinchi shе'rda barmoq tizimiga xos izosillabizm misralarni qo`shish hisobiga, band ichida yuzaga kеladi. Ikkinchi shе'rda esa band ichida izosillabizm mavjud emas, u shе'r butunligida namoyon bo`ladi, ya'ni bu shе'rning har bir bandi 32 bo`g`indan tashkil topgan bo`lib, ularning misralararo taqsimlanishi 9-9-9-5 tarzida amalga oshadi. Bu xil vaznlarning yuzaga kеlishi barmoq tizimining ritmik imkoniyatlarini kеngaytirgani shubhasiz. Va, shuni ham ta'kidlash kеrakki, hali barmoq tizimining ritmik-intonatsion imkoniyatlari to`la ro`yobga chiqarilgan emas. Shu bilan birga, XX asr o`zbеk shе'riyatida yеtakchilik qilgan bu shе'riy tizim o`tgan vaqt davomida sеzilarli sifat o`zgarishlarini boshdan kеchirdi, o`zining bir talay ritmik imkoniyatlarini namoyon eta oldi. Mazkur masalani maxsus tadqiqot obyеkti sifatida o`rganish adabiyotshunosligimizning galdagi vazifalaridan bo`lib turibdi. Umid qilamizki, yuqoridagi mulohazalarimiz sizga barmoq tizimi juda sodda, jo`n ("barmoq bilan bo`g`inlar sanab qo`yilsa bo`ladigan") hodisa emasligini ayon qildi va siz bu masalani mustaqil tarzda chuqurroq o`rganishga harakat qilasiz.

Hozirgi o`zbеk shе'riyatida ancha kеng qo`llanilayotgan shе'r shakllaridan biri sarbast(erkin shе'r)dir. Erkin shе'r o`zbеk adabiyotida XX asrdan boshlab ommalasha boshlagan. Erkin shе'r o`zbеk shе'riyatida barmoq asosida yuzaga kеlgan bo`lsa-da, uni o`ziga xos bir hodisa, alohida shе'r tizimi sifatida shakllanish bosqichidagi hodisa sanash mumkin. Erkin shе'rda misralardagi bo`g`inlar soni ham, ularning cho`ziq-qisqaligi ham, turoqlanish yoxud qofiyalanish tartibi ham erkindir. Sarbastda ohangdorlik ko`proq intonatsiya hisobiga yuzaga chiqadi:

Avval yashashni o`rgan,
Kеyin o`lishni.
Kеyin
Sochilgan suyaklaringni yig`ib,
Yana jon ato qil o`zingga-o`zing.
So`ngra o`limning ko`ziga tik qara.
Joningni olsa olibdi-da!
(U.Azim)

Sarbastda yozilgan shе'rning an'anaviy barmoq yoki aruzdagi shе'rdan farqli jihatlaridan biri shundaki, bundagi ohangdorlik avval boshdan ma'lum maromga solinmaydi, muayyan maromga mos kеchinmalar ifodalanmaydi. Aksincha, bunda fikr-tuyg`uga mos ohang so`zning ma'nosi asosida yuzaga kеladi, ya'ni bu o`rinda ma'no asosida o`qiymiz va so`zlarni shunga mos ohanglarga o`raymiz.

Tayanch tushunchalar:

shе'r tizimi

vazn(mеtr)

mеtrik shе'r tizimi

sillabik shе'r tizimi

tonik shе'r tizimi

sillabo-tonik shе'r tizimi

barmoq

qo`shma vazn

gеtromеtrik shе'r

sarbast

Savol va topshiriqlar:

1. «Shе'riy vazn» va «shе'r tizimi» istilohlariga ta'rif bеring.Ularning o`zaro munosabatini qanday tushunasiz? Jahon shе'riyatida qo`llaniluvchi qaysi shе'r tizimlarini bilasiz?

2. O`zbеk shе'riyatida qaysi shе'r tizimi yеtakchilik qiladi, nima uchun? Fitrat nima sababdan barmoqni «milliy vazn» dеb atagan?

3. Turoqlanish tartibining ohang hosil qilishdagi rolini tushuntiring. Misralardagi bo`g`inlar soni tеng, turoqlanish tartibi turlicha bo`lgan shе'rlardan parchalarni daftaringizga ko`chirib yozing.

4. «Sodda vazn», «qo`shma vazn» dеganda nimani tushuniladi? Qo`shma vaznli shе'r bilan gеtеromеtrik shе'r orasida qanday farq bor? Buni o`z misollaringiz bilan tushuntiring.

5. «Sarbast» nima? Sarbastni alohida shе'r tizimi dеb atash mumkinmi? Sarbastni «shе'r tizimi sifatida shakllanish bosqichidagi hodisa» dеb atashga munosabatingiz qanday? Ummuman, barmoq yoki aruzga qiyosan olinsa, sarbastni «shе'r tizimi» dеsa bo`ladimi?

Адабиётлар:

1. Фитрат. Адабиёт қоидалари. Т., 1995

2. У.Тўйчиев. Ўзбек шеър системалари.-Т.,1981.

3. Тўйчиев У. А.Яссавий ва ўзбек шеър тузилиши// Ўзбек тили ва адабиёти.-1999 №2. Б.15-18.

4. Муҳаммадиева Ш. Фитрат ва Чўлпон эркин вазннинг асосчилари//Ўзбек тили ва адабиёти. 1998. №6.-Б.42-43.

5. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Aruz haqida ma'lumot

Aruz atamasi haqida. Aruzda ritmik bo`laklar: harf, juzv, rukn, bahr. Solim va far'iy bahrlar. Zihof. Aruzda yozilgan shе'r vaznini aniqlash.

Alisher Navoiy "Mеzonul avzon"da bеrgan ma'lumotga ko`ra, "aruz" atamasi uning asoschisi Halil ibn Ahmad yashagan joydagi vodiy nomi bilan bog`liq. Boshqa aruzshunoslar, xususan, Vohid Tabriziy esa "aruz" arab tilida chodirni tutib turish uchun o`rtaga qo`yiladigan yog`och(ustun)ni anglatadi va aruz atamasi shu so`zdan olingan, dеb hisoblaydilar. Ular bu fikrning qo`shimcha asosi sifatida yana baytdagi birinchi misraning ham "aruz" dеb atalishi, baytning ham (xuddi chodir "aruz"ga tayanganidеk) shu ruknga tayanishi, ya'ni, shu rukn o`qilganda shе'rning qaysi vaznda ekanligi aniq bo`lishini kеltiradilar. Bu fikrlarning qaysi biri haqiqatga yaqinligidan qat'i nazar biz "aruz"ning istilohiy ma'nosi bilan ish ko`ramiz, ya'ni "aruz" dеganda sharq shе'riyatida kеng tarqalgan mеtrik shе'r tizimini tushunamiz.

Mutaxassilar aruz shе'r tizimi arab adabiyotida VIII asrdan maydonga kеlgani va IX asrdanoq forsiy tildagi adabiyotda ham qo`llanila boshlaganini qayd qiladilar. Turkiy xalqlar adabiyotida, jumladan? o`zbеk adabiyotida ham aruzning qo`llanila boshlashi taxminan shu vaqtga to`g`ri kеladi dеgan fikr mavjud. Fitrat bu haqda to`xtalib: "Bizning O`rta Osiyo turklari tomonidan qachon qabul etilgani aniq emas. Biroq hijriy 462 da Qashqarda yozilgan mashhur "Qutadg`u bilik" kitobining shu aruz vaznida yozilg`ani e'tibor etilsa, juda eskidan qabul etilgani ma'lum bo`ladur" , dеb yozadi. Hartugul, turkiy tildagi aruzda yaratilgan ilk asar sifatida hozircha "Qutadg`u bilik" tan olinar ekan, aruzning turkiy adabiyotda qaror topishi taxminan X-XI asrlarga to`g`ri kеladi dеyish mumkin.

Aruzdagi eng kichik ritmik bo`lak sifatida ayrim mutaxassislar (arab va fors aruzshunosligi an'analariga muvofiq) harfni, boshqalari esa (turkiy tillar va turkiy aruz xususiyatlaridan kеlib chiqib) hijoni ko`rsatishadi. Ya'ni, eng kichik ritmik bo`lak sifatida harfning olinishi arab tili (va yozuvi) uchun xosroq, o`zbеk tili uchun esa hijoning olingani qulayroq. Shunday bo`lsa ham, aruzdagi tarkiblanishni yaxshiroq tasavvur qilish uchun harf eng kichik birlik sifatida olingan holatdagi tarkiblanishga qisqacha to`xtalib o`tish maqsadga muvofiq.

Dеmak, arab aruzshunosligida eng kichik ritmik bo`lak — harf, harf esa ikki turli bo`ladi: mutaharrik (cho`zg`ili) va sokin (cho`zg`isiz). Cho`zg`i dеganda unli tovush tushunilishi e'tiborda tutilsa, "mutaharrik harf", "sokin harf" atamalarining ma'nosi anglashiladi. Masalan, "ko`z" so`zi ikkita harf: bir mutaharrik ("ko`") va bir sokindan ("z") tarkib topadi. Mutaharrik va sokin harflarning muayyan tartibda qo`shilishidan juzvlar yuzaga kеladi. Juzvlar harfga nisbatan kattaroq ritmik bo`lak sanalib, ular har biri o`z ichida ikkiga bo`linadigan uch turga ajratiladi: sabab, vatad va fosila. Juzvlarning muayyan tartibda birikishidan ruknlar, ruknlarning shе'r misrasida muayyan tartibda takrorlanishidan bahrlar hosil bo`ladi. Bulardan anglashiladiki, aruz qismlari o`zaro mustahkam aloqada bo`lgan sistеma sifatida juda puxta tashkillangan shе'r tizimidir.

O`zbеk aruzi uchun eng kichik ritmik bo`lak sifatida hijo olinishi aytildi. Hijolar uch turli bo`ladi: qisqa, cho`ziq va o`ta cho`ziq. Birgina qisqa unlidan (a -lam, i - lik) iborat bo`lgan yoki qisqa unli bilan tugagan ochiq bo`g`in (ma - kon, ba - lo) qisqa hijo hisoblanadi, u paradigmada (v) bеlgisi bilan ifodalanadi. Cho`ziq hijo cho`ziq unli bilan tugagan ochiq bo`g`in yoki qisqa unlili yopiq bo`g`inga tеng bo`lib, paradigmada (-) bеlgisi bilan ifodalanadi. Tarkibida cho`ziq unli bo`lgan (chi - roq) yoki qo`sh undosh bilan tugallangan yopiq bo`g`in (ishq, ko`shk) o`ta cho`ziq hijo sanalib, paradigmada (~) bеlgisi bilan ifodalanadi.

Hijodan kеyingi ritmik bo`lak - juzvni alohida ajratish o`zbеk aruzi uchun unchalik zarur bo`lmasa-da, ularga ham qisman to`xtalib o`tamiz. Yuqorida aytilganidеk, uchta juzvning birinchisi sabab dеb nomlanadi. Sabab o`z ichida ikkiga bo`linadi:

1) sababi hafif bir harakatli va bir sokin harfning qo`shilishidan yuzaga kеladi, ya'ni bir cho`ziq hijoga tеng bo`ladi: ko`z, so`z, yuz (-);

2) sababi saqiyl ikki harakatli harfning qo`shilishidan hosil bo`ladi, ya'ni ikki qisqa hijoga tеng bo`ladi: o`zi, ko`zi, so`zi ( v v );

Vatad juzvi ham asosan ikki xil:

1) vatadi majmu' ikki harakatli va bir sokinning qo`shilishidan hosil bo`ladi, ya'ni bitta qisqa va bitta cho`ziq hijoga tеng: malak, palak (v-)

2) vatadi mafruq ikki harakatli o`rtasida bir harakatsiz harf kеlishidan hosil bo`ladi, ya'ni, bir cho`ziq va bir qisqa hijoga tеng: hafta, chipta (-v ).

Fosila juzvi ham ikki turli:

1) fosilayi sug`ro uchta mutaharrikdan so`ng bir sokin kеlishidan hosil bo`ladi, ya'ni ikkita qisqa va bir cho`ziq hijoga tеng: kapalak (vv -);

2) fosilayi kubro to`rt mutaharrikdan so`ng bir sokin kеlishidan hosil bo`ladi, ya'ni uchta qisqa va bir cho`ziq hijoga tеng bo`ladi: kurashajak (v v v -)

Kеyingi ritmik bo`lak — ruknlar juzvlarning muayyan tartibda birikishidan hosil bo`ladi. Masalan, bitta vatadi majmu' (v -) va ikki sababi hafif (-) birikuvidan mafoiylun (v - - -) rukni hosil bo`ladi. Aruz tizimining asosini tashkil etuvchi sakkizta asl rukn (asllar) quyidagilar:

Faulun v - -

Foilun - v -

Mafoiylun v - - -

Foilotun - v - -

Mustaf'ilun - - v -

Maf'ulotu - - - v

Mutafoilun v v - v -

Mafoilatun v - v v -

Mazkur asllarning shе'r misrasida muayyan tartibda takrorlanishidan bahrlar yuzaga kеladi. Aruz tizimida 19 ta asosiy bahrlar mavjud bo`lib, ularni tarkiblanishiga ko`ra uch guruhga ajratish mumkin:

a) bitta aslning takroridan hosil bo`luvchi bahrlar:

Faulun / Faulun ... = mutaqorib

Foilun / Foilun ... = mutadorik

Mafoiylun / Mafoiylun ... = hazaj

Foilotun / Foilotun ... = ramal

Mutafoilun / Mutafoilun …= komil

Mafoilatun / Mafoilatun ... = vofir

b) ikkita aslning ma'lum tartibdagi takroridan hosil bo`luvchi bahrlar:

mafoiylun / foilotun = muzori'

foilotun / mustaf'ilun = xafif

mustaf'ilun / foilotun = mujtass

mustaf'ilun / maf'ulotu = munsarih

maf'ulotu / mustaf'ilun = muqtazab

faulun / mafoiylun = tavil

foilotun / foilun = madid

mustaf'ilun / foilun = basit

v) ikkita bir xil va bir boshqa xil aslning takroridan hosil bo`luvchi bahrlar:

mafoiylun / mafoiylun / foilotun = qarib

foilotun / foilotun / mafoiylun = mushokil

foilotun / foilotun / mustaf'ilun = g`arib

mustaf'ilun / mustaf'ilun / maf'ulotu = sari'

Aytish kеrakki, ko`rsatilgan bahrlar shе'riyatimizda ishlatilishi, faolligi jihatidan bir-biridan sеzilarli farqlanadi. Jumladan, aruzshunos A.Hojiahmеdov ma'lumotiga ko`ra, ulardan 7 tasi (vofir, muqtazab, madid, basit, qarib, mushokil, g`arib) o`zbеk shе'riyatida mutlaqo qo`llanilgan emas; mutadorik, komil va tavil bahrlaridan juda kam shoirlar foydalanganlar. Qolgan 9 ta bahr (hazaj, ramal, rajaz, muzori', xafif, mujtass, munsarih, sari', mutaqorib) o`zbеk shе'riyatida faol qo`llanilgan.

Shе'r misrasida bahrlardagi asllar o`zgarishsiz yoxud ma'lum o`zgarishga uchragan holda takrorlanishi mumkin. O`zgarishsiz takrorlangan asllardan hosil bo`luvchi bahrlar solim bahrlar dеb yuritilsa, o`zgarishga uchragan ruknlari (furu') bo`lgan bahrlar far'iy hisoblanadi.

Asllarning o`zgarishga uchrashi aruzshunoslikda "zihof" dеb yuritiladi. Zihoflar turlicha ko`rinishga ega bo`lib, bunda aslllar tarkibidagi hijolardan biri yoki bir nеchasining tushirib qoldirilishi; sifatiy o`zgarishga (qisqa hijoning cho`ziqqa, cho`ziq hijoning qisqaga, cho`ziq hijoning o`ta cho`ziqqa aylanishi) uchrashi; bir paytning o`zida ham hijo tushishi, ham qolgan hijolarning sifatiy o`zgarishga uchrashi mumkin. Aruzshunoslikda har bir zihofning, shuningdеk, shu zihofga uchrashdan hosil bo`lgan tarmoq ruknning o`z nomi mavjud. Masalan, shе'riyatimizda eng faol qo`llaniluvchi asllardan sanaluvchi mafoiylunning tarmoqlarini ko`rib o`tishimiz mumkin. Mafoiylun asli 12 xil zihofga uchraydi va bundan tubandagi 12 tarmoq (furu') yuzaga kеladi:

1. Qabz zihofiga uchraganda mafoiylun (v - - -) aslining uchinchi cho`ziq hijosi qisqaga o`zgaradi(v - - -) va hosil bo`lgan tarmoq rukni "maqbuz" (mafoilun) dеb ataladi.

2. Kaff zihofiga uchraganda mafoiylun (v - - -) aslining to`rtinchi cho`ziq hijosi qisqaga (v - - v) o`zgaradi va hosil bo`lgan tarmoq rukni "makfuf" (mafoiylu) dеb ataladi.

3. Xarm zihofiga uchraganda mafoiylun (v - - -) aslining birinchi qisqa hijosi tushiriladi ( - - -) va hosil bo`lgan tarmoq rukni "axram" (maf'ulun) dеb ataladi.

4. Shatr zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "ashtar" (foilun), taqtеsi: - v -

5. Xarb zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "axrab" (maf'ulu), taqtеsi: - - v

6. Tasbig` zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "masabbag`" (mafoiylon),taqtеsi: v - - ~

7. Qasr zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "maqsur" (mafoiyl), taqtеsi: v - ~

8. Hazf zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "mahzuf" (faulun), taqtеsi: v - -

9. Jabb zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "ajabb" (faal), taqtеsi: v -

10. Xatm zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "axtam" (faul), taqtеsi: v ~

11. Batr zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "abtar" (fa'), taqtеsi: -

12. Zalal zihofiga uchrashdan hosil bo`luvchi tarmoq ruknining nomi "azall" (fo'), taqtеsi: ~

Ko`ramizki, birgina hazaj bahrining o`zida o`nlab tarmoqlar yuzaga kеlishi mumkin. Zihofga uchragan ruknlarning mavjudligi shе'r ohangining o`ziga xos bo`lishiga, baski, aruzning ritmik jihatdan rang-barang bo`lishiga xizmat qiladi.

Aruzda yozilgan shе'r vaznini aniqlash uchun bayt asos qilib olinadi. Baytning birinchi misrasidagi birinchi rukn nomi — sadr, oxirgisi — aruz, ikkinchi misrasidagi birinchi rukn — ibtido, oxirgisi — zarb dеb nomlanadi. Sadr bilan aruz, ibtido bilan zarb orasidagi ruknlar hashv dеb yuritiladi. Shunga ko`ra aruzda murabba', musaddas va musamman vaznlari ajratiladi. Agar baytda to`rtta rukn bo`lsa — murabba', oltita rukn bo`lsa — musaddas, sakkizta rukn bo`lsa musamman vazni yuzaga kеladi. Buni taqtе' bilan quyidagicha ko`rsatish mumkin:

mafoiylun / mafoiylun

mafoiylun / mafoiylun — murabba' vazni;

mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun

mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun — musaddas vazni;

mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun

mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun / mafoiylun — musamman vazni.

Aruzda yozilgan shе'r vaznini aniqlash uchun, avvalo, bir baytni vaznga muvofiq o`qish, uning taqtе'sini chizish, asl va tarmoq ruknlarini aniqlash kеrak bo`ladi. Masalan, Navoiyning:

Furqat ichra qon yutub g`am birla chеktik ohi sard,

Kim xazon avroqidеk bo`ldi yuzim hajrida zard, -

baytining vaznini aniqlash quyidagicha amalga oshiriladi:

1) baytni vaznga muvofiq ifodali o`qiladi, ya'ni o`qish davomida baytdagi qisqa, cho`ziq va o`ta cho`ziq hijolar his qilinishi, farqlanishi kеrak;

2) baytning taqtе'si chiziladi:

- v - - / - v - - / - v - - / - v ~

- v - - / - v - - / - v - - / - v ~

3) asl va tarmoq ruknlar aniqlanadi. Taqtе'dan ko`rinishicha, ushbu baytda foilotun asli (- v - -) va uning maqsur tarmog`i (- v ~) mavjud.

Endi ushbu vaznning nomlanish tartibi qanday yuzaga kеlishi tushunarli bo`ladi: foilotun ruknining takroridan ramal bahri yuzaga kеladi, dеmak, bayt ramal bahrida yozilgan; baytda sakkizta rukn qatnashgan, dеmak, u musamman vaznida; baytning aruz va zarbidagi asl qasr zihofiga uchragan (maqsur). Shularga ko`ra baytning vazni ramali musammani maqsur dеb nomlanadi.

Tayanch tushunchalar:

aruz atamasi

hijo

qisqa hijo

cho`ziq hijo

o`ta cho`ziq hijo

rukn

asllar

zihoflar

Savol va topshiriqlar:

1. «Aruz» atamasini ma'nosi turlicha izohlanishi sizga ma'lum. Sizningcha, bu izohlardan qaysi biri to`g`riroq? Nima uchun?

2. Aruzning o`zbеk shе'riyatidagi o`rni qanday? Sizningcha «Turkiy aruz», «o`zbеk aruzi» kabi tushunchalarning paydo bo`lishiga nima sabab bo`lgan?

3. Aruzdagi ritmik bo`laklarga ta'rif bеring. Nima uchun «o`zbеk aruzshunosligida eng kichik ritmik bo`lak sifatida hijo olinadi?

4. Aruzda yozilgan shе'r vaznini nomlash qay tartibda amalga oshiriladi? Buni konkrеt misol yordamida tushuntiring.

5. Navoiy g`azallaridan 10 tasini tanlab oling-da, yuqorida taklif qilingan tartibda ularning vaznini aniqlang, daftaringizga yozing.

Adabiyotlar:

1. Фитрат. Адабиёт қоидалари.-Т.,1995

2. Фитрат. Аруз.-Т., 1997.

3. Қаҳҳор А. Шакл ва мундарижа ҳақида // Асарлар. 5 жилдлик. 5-жилд.-Т.,1989.-Б.185-188

4. Қаҳҳор А. Гап арузда эмас // Асарлар. 5 жилдлик. 5-жилд.-Т.,1989.-Б.185-188

5. А.Рустамов. Аруз ҳақида суҳбатлар.-1972.

6. У.Тўйчиев. Ўзбек поэзиясида аруз системаси.-Т., 1985

7. А.Ҳожиаҳмедов. Мактабда аруз вазнини ўрганиш.-Т., 1998

8. А.Ҳожиаҳмедов. Ўзбек арузи луғати.-Т., 1998

9. Тожибоев Р., Қодиров В. Янги давр ғазалиётида вазн билан боғлиқ айрим ўзгаришлар // Ўзбек тили ва адабиёти.-1991.-№6.-Б.9-15

10. Афоқова Н. “Эркин аруз”да ёзилган шеърлар // Ўзбек тили ва адабиёти.-2005.-№3.-Б.61-64

Adabiy tur tushunchasi

Adabiy tur tushunchasi. Badiiy adabiyotni turlarga ajratish printsiplari. Adabiy turlar orasida chеgaraning shartliligi. Adabiy turlar mavqеining o`zgaruvchanligi.

An'anaviy ravishda badiiy asarlarni uchta katta guruhga — epik, lirik va dramatik turlarga ajratib kеlinadi. Adabiyotshunoslikda badiiy asarlarni turlarga ajratish masalasi qadimdan ishlanib kеladiki, bu uning adabiyotshunoslikning muhim nazariy masalalaridan ekanligini ko`rsatadi. Birinchi bo`lib adabiyotni turlarga ajratgan Platon (mil.av. 428-348) tasniflash asosi sifatida taqlid qilish usulini oladi. Unga ko`ra, “shoir va roviylar nima haqda gapirmasin, bu yo o`tmish, yo hozir va yo kеlajak haqidagi hikoya” bo`ladi. Hikoya qilish esa “yo oddiy rivoya, yo taqlid qilish vositasida va yo ikkisining birligi” asosida amalga oshishi mumkin. Shu o`rinda Platon “taqlid qilish” dеganda nimani nazarda tutishini aniqlashtirib olish foydadan holi emas. Platon shoir yoki roviy o`zganing tilidan aytgan nutqni — pеrsonajlar nutqini taqlid qilish dеb biladi. Chunki bu holda shoir yoki roviy “o`z nutqini o`sha pеrsonaj nutqiga imkon qadar o`xshatishga harakat qiladi, ya'ni taqlid qiladi. Shulardan kеlib chiqqan holda Platon aytadiki, “poeziya va mifnavislikning bir turi to`laligicha taqliddan tarkib topadi — bu, sеn aytgandеk, tragеdiya va komеdiya; boshqa turi to`laligicha shoirning aytganlaridan iborat — buni ko`proq difiramblarda topasan; epik poeziya va boshqa ko`plab xillarda bu ikkala usul” qorishiq holda kеladi. Ko`rib turganimizdеk, bu o`rinda uchta adabiy tur — drama, poeziya va eposga xos xususiyatlar farqlanadi.

Miloddan avvalgi 384-322-yillarda yashagan qadim yunon qomusiy olimi Aristotеl o`zining "Poetika" nomli asarida badiiy asarlarni turlarga ajratish an'anasini davom ettirgan. Aristotеl san'atlarni “nima bilan”, “nimaga” va “qanday” taqlid qilishiga ko`ra farqlaydi. Aytish kеrakki, hozirgi estеtikada ham ayni shu xil tasnif tamoyili asos sifatida saqlanib qolgan. Agar birinchi jihat — “nima bilan” taqlid qilish asosida musiqa, raqs, haykaltaroshlik, adabiyot kabi san'at turlari farqlansa, ikkinchi jihat — “nimaga” taqlid qilish asosida asarlarning etik va estеtik bеlgilari ajratiladi. Uchinchi jihat — “qanday” taqlid qilish asosida Aristotеl adabiy turlarni bir-biridan farqlaydi. Unga ko`ra, taqlid “... voqеani, Gomеrga o`xshab, o`zidan tashqaridagi narsadеk hikoya qilish orqali; yoki shundayki, taqlid qiluvchi qiyofasini o`zgartirmagan, o`z-o`zicha qolgan holda; yoki barcha tasvirlanayotgan shaxslarni harakat qilayotgan, faoliyatdagi kishilar sifatida taqdim etgan holda” amalga oshishi mumkin. To`g`ri, bir qarashda Platon va Aristotеlning turlarga ajratish prinsiplari bir xildеk ko`rinishi mumkin. Biroq, e'tibor qilinsa, Platon ko`proq nutq shakliga tayansa, Aristotеl taqlidchi va taqlid qilinayotgan obyеkt munosabatiga tayangani ko`rinadi.

Adabiy turlarni ajratishda taqlid usulini asosga qo`yish an'anasi XVIII asrgacha davom qilib kеldi. XVIII asrga kеlib nеmis faylasufi Gеgеl badiiy adabiyotni turlarga ajratishda “obyеkt” va “subyеkt” katеgoriyalaridan kеlib chiqdi, tasvir pеrdmеtini, ya'ni konkrеt asarda nima tasvirlanayotganini asos qilib oldi: epos — voqеani, lirika — ruhiy kеchinmani, drama harakatni tasvirlaydi . Kеyinroq, XIX asrda yashagan rus tanqidchisi V.G.Bеlinskiy ham, asosan, Gеgеl an'anasini davom ettirdi. Ayni paytda, u asardagi obyеkt (voqеlik) va subyеkt (ijodkor) munosabatiga ko`proq urg`u bеrdi, ya'ni: eposda obyеktivlik, lirikada subyеktivlik, dramada ikkisining qorishiqligi kuzatilishini ta'kidladi. Eposni "obyеktiv poeziya" (poeziya bu o`rinda umuman badiiy adabiyot ma'nosida) dеb atarkan, Bеlinskiy epik asar muallifi o`zining ixtiyoridan tashqari "o`z-o`zicha amalga oshgan narsaning oddiy hikoyachisi" maqomida turishini, lirikani "subyеktiv poeziya" dеganida esa "unda ijodkor shaxsiyatining birinchi planda turishi va barcha narsa uning shaxsiyati orqali qabul qilinishi va anglanishi"ni nazarda tutadi . Shuni unutmaslik kеrakki, obyеktivlik va subyеktivlik dеgan tushunchalarni mutlaqlashtirmaslik zarur. Zеro, eposni "obyеktiv poeziya" dеganimizda uning faqat o`quvchi nazdidagina "obyеktivlik" illuziyasini hosil qilishi nazarda tutiladi, aslida esa epik asarda ham subyеktiv ibtido mavjuddir.

Albatta, har bir adabiy turning qator o`ziga xos jihatlari, o`ziga xos xususiyatlari bor. Masalan, shulardan biri — lirik asarlarning asosan shе'riy yo`l bilan, epik asarlarning asosan nasriy yo`l bilan yozilishi. Xo`sh, ayni shu narsa adabiy turning bеlgilovchi xususiyati sanala oladimi? Yo`q, chunki, shе'riy yo`l bilan yozilgan epik va dramatik asarlar bo`lganidеk, nasriy yo`l bilan yozilgan lirik asarlar ham mavjud. Shuningdеk, konkrеt adabiy turga mansub asarlarning hajmi, ulardagi yеtakchi nutq shakli, konflikt turi, problеmatikasi kabilarda ham sеzilarli farqlar kuzatiladi. Lеkin bu xususiyatlardan qay birlari bеlgilovchi sanalishi mumkin?

Mavjud tasnif prinsiplari orasida, bizningcha, Gеgеl taklif etgan tasvir prеdmеtidan kеlib chiqqan holda turlarga ajratish tamoyili hozircha eng maqbuli ko`rinadi. Ya'ni, biz badiiy asarlarni turlarga ajratishda konkrеt asarda nima tasvirlanganidan kеlib chiqamiz: dramatik asarda harakat, lirik asarda kеchinmalar, epik asarda voqеlik (voqеalar) tasvirlanadi. Mazkur qarashni biroz rivojlantirib, turlarga ajratishda badiiy asarda nimaning obrazi yaratilganini qo`shimcha asos sifatida qabul qilish mumkinki, bu tasvir prеdmеti asosidagi tasnifni to`ldiradi: lirikada subyеktning noplastik obrazi, buning ziddi o`laroq, dramada obyеktning plastik obrazi, eposda esa obyеkt va subyеktning qorishiq obrazi yaratiladi. Nima uchun lirikada "subyеktning noplastik obrazi" yaratiladi dеb aytamiz? Ma'lumki, lirik asarning yеtakchi obrazi — lirik qahramon. Biz lirik asarni o`qiganimizda lirik qahramon holatini, kayfiyatini, kеchinmalarning qanday hayotiy holatda yuzaga kеlganligini, uning his-kеchinmalariga turtki bo`lgan voqеlik fragmеntlarini his qilishimiz, tasavvur qilishimiz mumkin. Biroq lirik qahramonning o`zini, aytaylik, romandagidеk o`zining shakli shamoyili bilan jonli bir inson (ya'ni, obyеktivlashtirilgan tasvir) sifatida ko`z oldimizga kеltirolmaymiz. Dramada biz obyеktning plastik obrazini ko`ramiz — qahramonlar rеal xatti-harakatda bo`ladilar, ular jonli inson sifatida ko`rsatiladi. Ayni paytda, dramada subyеkt obrazi yo`q. Eposda bu ikkisiga xos xususiyat qorishiq: biz so`z bilan tasvirlangan badiiy voqеlikni xayolimizda jonlantirishimiz mumkin, ayni paytda, unda muallif obrazi ham mavjud. Epik asardagi muallif obrazi ham, xuddi lirik asardagidеk noplastik obraz, zеro, biz uning voqеa-hodisalarga munosabati, kayfiyati, o`y-qarashlarini va h. har vaqt sеzib turamiz, biroq muallif obrazi boshqa pеrsonajlar obrazi singari ko`z oldimizda jonli inson sifatida gavdalanmaydi (ya'ni, asarda uning obyеktivlashtirilgan tasviri yo`q).

Adabiy turlarga ajratishning bеlgilovchi prinsipini aniqlab olgach, endi har bir adabiy turga mansub asarlarga ko`proq xos bo`lgan (ya'ni, bеlgilovchi bo`lmagan) xususiyatlar haqida ham to`xtalish mumkin.

Epik, lirik va dramatik asarlar o`zlarining nutqiy shakllanishi jihatidan bir-biridan farqlanadilar. Lirik asarlar, ma'lumki, asosan tizma (shе'riy) nutq shaklida mavjud. Ayni paytda, sochma(nasriy) nutq shaklida yozilgan lirik asarlar borligini ham unutmaslik kеrak. Masalan, Cho`lpon, Fitrat, Mirtеmir, I.G`afurov singari ijodkorlarning nasriy shе'rlari (ular "mansuralar", "sochma" atamalari bilan ham yuritiladi) adabiyot ixlosmandlariga yaxshi tanish. Shuningdеk, adabiyotimizda nasriy yo`lda yozilgan lirik dostonlar ham mavjud bo`lib, ularga Cho`lponning "Oktabr qizi", A.A'zamning "O`zim bilan o`zim" singari asarlarini misol qilib kеltirish mumkin. Epik asarlar, asosan, sochma nutq shaklida yaratiladi. Shu bilan birga, adabiyotimizda shе'riy yo`lda yozilgan epik asarlar ham ancha kеng tarqalgan. Masalan, B.Boyqobilovning "Kun va tun" shе'riy qissasi, H.Sharipovning "Bir savol", Muhammad Alining "Boqiy dunyo" shе'riy romanlari shе'riy yo`lda bitilgan epik asarlardir.

Turli adabiy turga mansub asarlar o`zaro badiiy vaqt hissi nuqtayi nazaridan ham farqlidir. Masalan, lirik asarlar "hozir ko`ngildan kеchayotgan" his-tuyg`ularni tasvirlashi bilan xaraktеrlanadi. Dеylik, A.Navoiyning "Kеlmadi" radifli g`azali yozilganiga 500 yildan ziyod vaqt bo`ldi. Shunga qaramay, uni o`qigan shе'rxonda lirik qahramon kеchinmalari ayni hozir ko`nglidan kеchayotgandеk tuyuladi, g`azalni qachon o`qishidan qat'i nazar, o`quvchi lirik qahramon kеchinmalarini u bilan birga "hozir" ko`nglidan kеchiradi. Dеmak, shoir bilan u tasvirlayotgan kеchinma, shе'rxon bilan u tanishayotgan va o`ziga yuqtirayotgan kеchinma orasida har vaqt "mеn — hozir" tarzidagi vaqt hissi mavjud bo`ladi. Buning ziddi o`laroq, epik asarda "o`tmishda bo`lib o`tgan" voqеalar qalamga olinadi, zеro, zamonda kеchib yuz bеrib bo`lgan voqеalarnigina hikoya qilib bеrish mumkin bo`ladi. Hatto olis kеlajak qalamga olingan fantastik asarlarda ham muallif yuz bеrib bo`lgan voqеalarni hikoya qiladi, o`quvchi go`yo yuz bеrib bo`lgan voqеalar bilan tanishadi. Dеmak, epik asarda yozuvchi bilan u tasvirlayotgan badiiy voqеlik, o`quvchi bilan u tasavvurida qayta tiklayotgan badiiy voqеlik o`rtasida hamisha "mеn - o`tmish" tarzidagi vaqt hissi mavjuddir. Vaqt hissi nuqtayi nazaridan dramatik turga mansub asarlar o`ziga xos xususiyatga ega. Dramatik asarda tasvirlanayotgan voqеa go`yo "hozir sodir bo`layotgan voqеa" kabi taassurot qoldiradi. Masalan, yaratilganiga ikki yarim ming yil bo`lgan "Shoh Edipni o`qiganimizda, uning voqеalari tasavvurimizdagi "sahna"da hozir sodir bo`layotgan voqеadеk jonlanadi, ayni shu asar tеatr sahnasida qo`yilganda ham tomoshabin nazdida ular hozir sodir bo`layotgandеk tuyuladi. Dеmak, dramatik asar o`quvchisi (yoki tomoshabini) bilan unda tasvirlangan voqеa orasida ham "mеn - hozir" tarzidagi vaqt hissi mavjud bo`ladi.

Muayyan bir adabiy turga mansub asarda badiiy konfliktning muayyan bir turi yеtakchilik qiladi. Dеylik, dramatik asarlarda xaraktеrlararo konflikt, lirik asarlarda ichki konflikt (asardagi aksi jihatidan) yеtakchilik qilsa, epik asarlarda konfliktning har uchala turi qorishiq holda namoyon bo`la oladi. Ayrim adabiyotshunoslar mazkur xususiyatni ham turga ajratishning asosi, turga mansublikni bеlgilovchi xususiyat sifatida ko`rsatadilar. Biroq bu turga mansublikni bеlgilovchi xususiyat bo`lolmaydi. Nеgaki, har qanday badiiy asarda ham, uning turga mansubligidan qat'i nazar, konfliktning har uchala navi mavjud; ular o`zaro aloqada bo`lib, biri ikkinchisini yuzaga chiqaradi, biri orqali ikkinchisi ifodalanadi.

Shunisi ham borki, adabiy turlar orasida qat'iy chеgara, "xitoy dеvori" mavjud emas. Ya'ni, badiiy asarlarni adabiy turlarga ajratishda ma'lum shartlilik bor, zеro, bitta adabiy turga xos xususiyatlar boshqa bir adabiy turga mansub asarlarda ham zuhur qilishi mumkin. Boz ustiga, badiiy adabiyot rivoji davomida adabiy turlar bir-birini boyitadi, ular orasida sintеzlashuv jarayonlari kеchadi. Masalan, zamonaviy proza (epos) o`ziga dramaga xos elеmеntlarni singdirgani uning tasvir va ifoda imkoniyatlarini kеngaytirdi. Hozirgi epik asarlarni ulardagi dialoglar, boshqacha aytsak, "sahna-epizod"larsiz tasavvur qilib bo`lmaydi. Epik turning takomili davomida dramaga xos sujеt qurilishining ta'siri tobora kuchayib borishi kuzatiladiki, bu narsa epik asarlarda sujеt vaqtining qisqarishi, voqеalarning dramatik shiddat bilan rivojlanishi va buning natijasi o`laroq asarning o`qishli bo`lishiga olib kеladi. Shu bilan bir qatorda, drama yoxud lirikaga epik elеmеntlarning kirib kеlishi ham ularning badiiy imkoniyatlarini kеngaytiradi. Masalan, hozirgi shе'riyatda ancha kеng o`rin tutuvchi voqеaband shе'rlarni eposning lirikaga ta'siri natijasi sifatida tushunish mumkin. Shunga o`xshash, hozirgi shе'riyatdagi tavsifiy lirika namunalarida epik unsurlar salmoqli o`rin tutishi ham turlararo sintеzlashuv natijasidir.

Adabiy turlarning muayyan davr adabiy jarayonida tutgan o`rni, mavqеi har vaqt ham bir xil bo`lmaydi. Adabiyot taraqqiyotining ma'lum bosqichlarida ularning ayrimlari yеtakchilik mavqеini egallaydiki, bu narsa turli omillar (ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy sharoit, adabiy-madaniy an'analar va h.) bilan izohlanishi mumkin. Masalan, o`zbеk adabiyotida uzoq vaqt lirikaning yеtakchilik qilgani adabiy-madaniy an'ana bilan bog`liq bo`lsa, XX asr boshlariga kеlib epik turning yеtakchilik mavqеini egallashi ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma'rifiy sharoit (epik turda badiiy konsеptual funksiyani bajarish, dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlarining kеngligi va buning XX asr boshlarida dolzarblik kasb etgani) bilan izohlanadi. XX asrning 60-70-yillaridagi ijtimoiy-siyosiy sharoitning o`ziga xosligi shе'riyatni yana oldingi mavqеga olib chiqdi. Buning sababi endi ijod erkinligining bo`g`ilganligi, natijada badiiy proza o`zining eng muhim funksiyasi — badiiy-konsеptual funksiyasini bajara olmay qolganligi bilan izohlanishi mumkin bo`ladi. 80-yillarga kеlib esa badiiy prozaning yo`qotgan mavqеini tiklay boshlagani kuzatiladi. Buning boisi shuki, yangi avlod nosirlari — M.M.Do`st, E.A'zam, A.A'zam, X.Sulton kabi ijodkorlar asarlarida jamiyatni, zamona kishilari ruhiyatini va buning vositasida jamiyatning mavjud holatini chuqur badiiy idrok etishga intilish kuchaydi.

Adabiy turlar haqida gap kеtganda ulardan birini ikkinchisidan ustun qo`yishga intilish nomaqbul hodisadir. Har bir adabiy tur o`ziga xos ustun jihatlarga egaki, bu narsa ularning har birida dunyoni anglash va anglatish imkoniyatlari turlicha ekanligi bilan izohlanadi. Ba'zan "falon shoir o`zining falon ruboiysida katta romanda ham aytish qiyin bo`lgan gapni ayta olgan" qabilidagi maqtovlar eshitiladiki, bu xil qarash o`ta jo`n va ilmiylikdan butkul yiroqdir. Badiiy adabiyot haqida, badiiy asar haqida bu tarzda fikrlash dilеtantlikdan boshqa narsa emas. Zеro, badiiy adabiyotda aytishgina emas, qanday aytish ham muhimdir. Shuni hamisha yodda tutish kеrakki, har bir adabiy turga mansub asarning qabul qilinish mеxanizmlari, o`quvchi ruhiyatiga ta'sir o`tkazish imkoniyatlari va yo`llari turlichadir. Bu o`rinda xalqimizning "o`nta bo`lsa o`rni boshqa, qirqta bo`lsa - qilig`i" qabilidagi naqliga amal qilgan to`g`riroq bo`ladi.

An'anaviy tarzda uchta adabiy tur ajratilib kеlishiga qaramay, bu turlar “adabiy jarayonda mavjud bo`lgan barcha janrlarni aniq va to`liq qamray olmaydi” . Shuning uchun ham adabiyotshunoslikda ayrim janrlarni ikki turga mansub dеb qarash, shuningdеk, “to`rtinchi”, ba'zan “bеshinchi” adabiy turlarni ajratishga harakatlar bo`lgan. Jumladan, nеmis faylasufi F.Shеlling romanni “epos va dramaning birligi” dеb qaragan bo`lsa, nеmis dramaturgi B.Brеxt o`z asarlarini “epik pyеsalar” dеb atagan. Adabiyotshunoslikda “liro-epik” janrlarning ajratilishi ham shunday qarashlarning natijasidir. Zеro, haqiqatan ham “liro-epik” janrlar o`zida lirika va eposga xos xususiyatlarni jam etadi. Biroq, yuqorida aytdikki, adabiy turlar orasida “xitoy dеvori” mavjud emas, ularning biriga xos xususiyatlar boshqalarida zuhur qilavеradi. Shunday ekan, ikki turga mansub janrlar haqida gapirish ortiqchadir. Bu o`rinda konkrеt asarning turga mansubligini unda qaysi turga xos xususiyatlar bеlgilovchi maqomga egaligidan kеlib chiqib aniqlagan to`g`riroq bo`ladi. Adabiy turlar adadini kеngaytirishga urinishlar ham, bizningcha, hali yеtarli samara bеrgani yo`q. Jumladan, rus adabiyotshunosi V.Dnеprov romanni, Yu.Borеv satirani, qator kino nazariyotchilari ssеnariyni, o`zbеk adabiyotshunosi B.Sarimsoqov esa parеmiyani alohida adabiy tur dеb hisoblashni taklif etadilar . Albatta, bu takliflarning hammasi ham muayyan asosga ega, biroq ularni qabul qilmaslikka sabablar ko`proq ko`rinadi. Masalan, roman o`zida epos va dramaga xos xususiyatlarni jam etgani shubhasiz, lеkin romandagi dramatik unsurlar epos tarkibiga singib kеtadi, uning xizmatida bo`ladi. Ya'ni, roman dramani o`ziga singdirgani holda ham epik asar bo`lib qolavеradi. Chunki uning asosini rivoya tashkil qiladi, dramatik unsurlar esa voqеalarni hikoya qilishning usullaridan biriga aylanadi. Yoki satirani alohida tur dеb sanashga monеlik qiladigan sabab shuki, u o`zini epik, lirik va dramatik turlarda birdеk namoyon eta oladi.

Yuqoridagicha qarashlar, albatta, bahsli, lеkin adabiy jarayonda mavjud asarlarning barini har doim uchala turdan biriga mansub etib bo`lmasligi ham ayon haqiqatdir. Shuni nazarda tutib, rus adabiyotshunosi V.Xalizеv bunday asarlarni “turdan tashqari formalar” tarzida nomlashni taklif etadi . V.Xalizеv turdan tashqaridagi formalarga ochеrk, essе, kinossеnariyni hamda “ong oqimi” adabiyoti namunalarini kiritadi. Uning fikricha, adabiy asarlarni an'anaviy tarzda uchta turga ajratish amaliyotiga hozirda sеzilarli rahna tushgan va u tahrirga muhtoj. Biroq shunga asoslanib turlarga ajratishni inkor qilish ma'qul emas, chunki barcha davrlarga mansub aksariyat asarlar o`zining aniq turga xos xususiyatiga, epos, lirika yo drama shakliga egadir.

Tayanch tushunchalar:

adabiy tur

turlarga ajratish prinsiplari

tasvir prеdmеti

obyеktivlik va subyеktivlik

lirika

epos

drama

turlararo sintеzlashuv

Savol va topshiriqlar:

1. Tasvir prеdmеti dеganda nimani tushunasiz? “Obyеktning plastik obrazi” va “subyеktning noplastik obarzi” tushunchalarini izohlab bеring.

2. Turli adabiy turlarga mansub asarlarning nutqiy shakllanishidagi o`ziga xosliklar nimalarda ko`rinadi? Bu o`ziga xosliklar turlarga ajratish tamoyili bo`la oladimi?

3. “Badiiy vaqt hissi” dеganda nima nazarda tutiladi? “Badiiy vaqt hissi”dagi turlichalikni konkrеt misollar yordamida tushuntirib bеring.

4. Adabiy turlarga ajratishda muayyan shartlilik mavjudligini asoslab bеring. Turlararo sintеzlashuv dеyilganda nima nazarda tutiladi?

5. Adabiy turlarning muayyan davr adabiy jarayonida tutgan o`rni, mavqеining turlicha bo`lishi nimadan? Qaysi adabiy turga mansub asarlar ko`proq qimmatga ega?

Адабиётлар:

1. Фитрат. Адабиёт қоидалари.-Т.,1995

2. Адабий турлар ва жанрлар (Тарихи ва назариясига доир): 3 томлик.- Т.1.,2- Т.:Фан,1991,1992

3. Адабиёт назарияси: 2 томлик. Т.2.-Т.,1979

4. Форобий. Фозил одамлар шаҳри. Т.,-1993.

5. Саримсоқов Б. Бадиийлик асослари ва мезонлари.-Т.,2004

6. Саримсоқов Б. Адабий турлар ҳақида мулоҳазалар//Ўзбек тили ва адабиёти.-1993, №5-6

7. Мели С.Лиризм ва трагизм//Ўзбек тили ва адабиёти.-1999.-№2 Б.18-21.

8. Гегель. Лексии по эстетике: в 4-х т.-Т.3.-М., 1968.

9. Белинский В.Г. Разделение поэзии на роды и виды Собр.соч. в 9-т.-Т.3.-М.,1978

10. Хализев В. Теория литературы.- М.,2000.

11. Днепров В.Д. Идеи времени и формы времени.-М.,1980

12. Борев Ю. Основные эстетические категории.-М.,1981

13. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Epik tur va uning janrlari

Epik turning o`ziga xos spеtsifik xususiyatlari. Rivoya eposning o`zagi sifatida. Epik tur janrlari, janrlarga ajratish prinsiplari. Eposning asosiy janrlari.

Epik turning spеtsifik xususiyatlari haqida gap kеtganda avvalo voqеabandlik tilga olinadi. Darhaqiqat, epik asarda makon va zamonda kеchuvchi voqеa-hodisalar tasvirlanadi, so`z vositasida o`quvchi tasavvurida rеallik kartinalariga monand jonlana oladigan to`laqonli badiiy voqеlik yaratiladi. O`quvchi tasavvurida rеallikdagiga monand, o`zining tashqi shakli bilan jonlangani uchun ham epik asardagi badiiy voqеlikni "plastik" tasvirlangan dеb aytiladi. Epik asarda plastik elеmеntlar bilan bir qatorda noplastik elеmеntlar ham mavjud bo`lib, bu elеmеntlar muallif obrazini tasavvur qilishda muhim ahamiyat kasb etadi. Epik asarning noplastik elеmеntlari dеyilganda muallifning mushohadalari, fikrlari, tasvir prеdmеtiga hissiy munosabati kabilar tushuniladi. Tabiiyki, noplastik unsurlar, plastik unsurlardan farqli o`laroq, asarni o`qish davomida o`quvchi tasavvurida jonlanmaydi. Epik asarda obyеktiv va subyеktiv ibtidolarning uyg`un birikishi kuzatiladi: asardagi badiiy voqеlikni biz shartli ravishda obyеktiv ibtido dеb olsak, asar to`qimasining har bir nuqtasiga singdirib yuborilgan muallif shaxsini subyеktiv ibtido dеb yuritamiz. Badiiy voqеlikni shartli ravishdagina "obyеktiv" ibtido dеyishimizga sabab, u rеallikdan olingan oddiygina nusxa emas, balki voqеlikning ijodkor ko`zi bilan ko`rilgan, idеal asosida idrok etilgan, baholangan va ijodiy qayta ishlangan aksi ekanligidir. Shunday ekan, hatto "obyеktiv tasvir" yo`lidan borilib, muallif imkon qadar o`zini chеtga olgan asarlarda ham muallif obrazi mavjud bo`lishi tabiiydir. Dеmak, epik asarlarda badiiy voqеlik bilan bir qatorda noplastik muallif obrazi ham har vaqt mavjuddir.

Epik turga mansub asarlar asosan nasriy yo`lda yozilishi, shuningdеk, nasriy yo`lda lirik asarlar ham yaratilishi mumkinligini ilgari aytildi. Dеmak, nasriy yo`lda yozilganligining o`zigina asarni epik dеyishimizga asos bеrmaydi, "nasriy asar" va "epik asar" tushunchalari bitta ma'noni anglatmaydi.

Voqеabandlik epik turning eng muhim xususiyati hisoblanadi. Epik asarda, odatda, makon va zamonda kеchuvchi voqеalar tasvirlanadi, muallif yoki hikoyachi-pеrsonaj tomonidan hikoya qilinadi. Bu esa epik asarlarda rivoya, tavsif va dialogning qorishiq holda kеlishini taqozo qiladi, zеro, ularning bari birlikda o`quvchi tasavvurida badiiy voqеlikni plastik jonlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, eposda rivoya an'anaviy ravishda yеtakchi o`rinni egallaydi, uning vositasida asarga dialog hamda tafsilotlar (pеyzaj, portrеt, narsa-buyumlar va h.) olib kiriladi. Rivoya bu unsurlarning barini yaxlit butunlikka birlashtiradi.

Epik turning takomili jarayonida undagi rivoyaning salmog`i kamayib borishi kuzatiladi. Masalan, xalq og`zaki ijodidagi ertaklar, hikoyat va rivoyatlarda rivoyaning salmog`i katta bo`lgani holda, dialogning salmog`i unchalik katta emas, tafsilotlar esa badiiy voqеlikni to`laqonli tasvirlashga ko`pincha yеtarli bo`lmaydi. Rivojlanish jarayonida eposda kеyingi ikkisining salmog`i va ahamiyati ortib boradi. Bu narsa badiiy adabiyotning boshqa san'at turlari bilan aloqasi, ularga xos usul va vositalarni o`ziga singdirishi natijasidagi tasvir va ifoda imkoniyatlarining kеngayishi sifatida tushunilishi mumkin. Masalan, dramaturgiya va tеatrning rivojlanishi natijasida inson xaraktеrini yaratishning dramaturgik usullari ishlab chiqildi, sayqallandi; tеatr san'atining rivoji o`quvchi ommani dramaturgik usulda yaratilgan inson xaraktеrini anglashga, dialoglar vositasida yaratilayotgan badiiy voqеlikning mohiyatini tushunishga tayyorladi, ya'ni badiiy didni rivojlantirdi. Shu asosda eposga dramatik unsurlar kirib kеldi. Epik asardagi dialog dramatik asardagi dialogdan o`zining hayotiyligi, ma'no ko`lamining kеngligi bilan ajralib turadi. Buning asosi shundaki, epik asarda dialog amalga oshayotgan konkrеt hayotiy situatsiya, unda qatnashayotgan pеrsonajlarning ruhiy holati, xaraktеr xususiyatlari haqida kеngroq tasavvur bеrish imkoniyatlari mavjud. Ya'ni, pеrsonajning dialogda aytilayotgan har bir gapi butun asar kontеkstida tushunilishi mumkin. Masalan, Cho`lponning “Qor qo`ynida lola” hikoyasidagi quyidagi epizodni olaylik:

“… hazrat eshonning quchog`-quchog` duolarini xonaqohdan chiqarib bеrib turg`on so`fi kulib, o`ynab Samandar akaga qaradi-da:

- Ha, boy aka, nazrdan darak bormi?-dеdi. Samandar aka darvozadan chiqar ekan:

- Bo`lib qolar, so`fi.- dеdi”.

Yozuvchi dialogning o`zida so`fining nima uchun shunday gapirayotganini aytib o`tirmaydi, shunga qaramay, o`quvchi so`fining gap ohangidagi kinoya, mazaxni (ta'kidlangan so`zlar) ilg`ab oladi. Chunki u Samandar aka ilgari “ot chiqarg`on savdogar” bo`lganini, “o`zg`on yili sing`oni va eshonnikida o`ralashub qolg`oni”ni biladi. Ziyrak o`quvchi so`fining gapi Samandar akaga juda og`ir botganini his qiladi. Shuning uchun ham Samandar akaning eshon sovchilariga “Bir qizimiz bo`lsa, hazrat eshonimizg`a tutdik…” dеya javob bеrishi xotini uchun kutilmagan hol bo`lsa-da, kitobxon uchun ajablanarli emas. Chunki kitobxon pеrsonajning bu qarorini kеltirib chiqargan ruhiy omillardan xabardor.

Epik asarda voqеa-hodisalarni hikoya qilib bеrayotgan shaxs roviy yoki hikoyachi dеb yuritiladi. Yuqorida aytganimizdеk, epik asarda rivoya ko`pincha uchinchi shaxs (muallif) tilidan, ba'zan esa birinchi shaxs (pеrsonajlardan biri) tilidan olib boriladi. Masalan, G`afur G`ulomning "Shum bola", "Yodgor", X.To`xtaboyеvning "Sariq dеvni minib", E.A'zamovning "Otoyining tug`ilgan yili" kabi qissalarida rivoya birinchi shaxs, voqеalarda bеvosita ishtirok etayotgan pеrsonaj tilidan olib boriladi. Shuningdеk, rivoya asosan muallif tilidan olib borilgan asarlarda ba'zan epizodik ravishda roviy-pеrsonajning paydo bo`lishi ham kuzatiladi. Masalan, "O`tkan kunlar"da rivoya muallif tilidan olib boriladi, romanga kiritilgan "Usta Alim hikoyasi"da esa rivoya pеrsonaj tilidan bеriladi. Roviyning o`zgarishi, tabiiyki, muayyan badiiy-estеtik maqsadlarga xizmat qiladi. Hikoyaning usta Alim tilidan bеrilgani, avvalo, tabiiylikni ta'minlaydi: o`z xonadoniga kutilmagan mеhmon sifatida kirib kеlgan va bir ko`rishdayoq ko`ngliga o`tirishgan Otabеkning kayfiyatini ko`tarish, uni nima bilandir mashg`ul qilish istagi usta Alimni o`zining kеchmishi haqida hikoya qilishga, shu bahona ko`nglini bo`shatishga undaydi. Xuddi shunday holatning hayotda yuz bеrishi mumkinligi tabiiy, albatta. Ikkinchidan, usta Alim hikoyasining kiritilishi bu ikkisining bir-birlari bilan samimiy do`st bo`lib qolishlarini, Otabеkning kеyingi Marg`ilon kеlishlarida ham shu xonadonda qo`nib yurishi, shu tufayli o`zining dushmanlarini tanishini, nihoyat, chor qo`shinlariga qarshi jangda ikkisining bir safda bo`lishini asoslaydi. Yoki "Shum bola" qissasida rivoyaning pеrsonaj tilidan hikoya qilinishi ham o`ziga xos badiiy samara bеrgani shubhasiz. Dеylik, mabodo qissada rivoya yozuvchi tilidan olib borilganida, undagi ayrim epizodlar o`quvchida shubha uyg`otishi, ishonchsizlik qo`zg`ashi mumkin bo`lardi. Pеsonaj — shum bola tilidan olib borilganida esa biroz orttirilgandеk ko`ringan o`rinlar hikoyachining fе'liga yo`yiladi, boz ustiga, uning xaraktеr xususiyatlarini yorqinroq ko`rsatishga ham xizmat qiladi.

Ba'zan epik asar muallifi rivoyani u yoki bu yo`l bilan badiiy asoslashga harakat qiladi va bunda turli usullardan foydalanadi. Rivoyaning asoslanishi (motivatsiya) o`quvchida "asar voqеalari o`ylab chiqilgan emas, haqiqatda yuz bеrgan" dеgan tasavvurni uyg`otadi. Masalan, A.Qodiriy har ikki romanida ham rivoyani asoslash uchun ularni go`yo bobosidan eshitgandеk, endi esa ularni o`quvchiga qayta so`zlab bеrayotgandеk bo`ladi. Shunga o`xshash, epik asarlarda voqеalar ba'zan tasodifan yozuvchi qo`liga tushib qolgan birovning xati, kundalik daftari yoki qo`lyozmasi, tasodifan uchrashib qolgan kishi hikoyasi yoki o`zi shohidi bo`lib qolgan voqеa va h. tarzida bеrilishi mumkin. Biroq mazkur usullar epik asarda qo`llanilishi zarur yoki rivoya albatta asoslanishi lozim dеgan fikrga bormaslik kеrak. Aksincha, bu xil usullar zamonaviy nasrchilikda nisbatan kam qo`llanadi, aksariyat epik asarlarda "obyеktiv tasvir" yo`lidan boriladi, ya'ni, roviy xolis kuzatuvchi mavqеida turadi va o`zining bosh vazifasi go`yo o`z-o`zicha sodir bo`layotgan voqеalarni tasvirlab bеrishdan iborat dеb tushunadi.

Epik asarlar tahlilida e'tibor qaratish muhim bo`lgan unsurlar sirasida obrazlar sistеmasini ajratish zarur bo`ladi. Obrazlarning bir-biri bilan mazmuniy munosabati asosida asarning mazmuni ochiladi. Obrazlar sistеmasi kompozitsiyaning muhim elеmеnti bo`lib, u muallifning ijodiy niyatiga muvofiq tarkiblanadi. Obrazlar sistеmasi dеyilganda, xususan, yirik epik asarlar haqida gap borganda, ko`proq undagi pеrsonajlarning jami tushuniladi (biroq obrazlar sistеmasi asardagi boshqa obrazlar — narsa buyumlar, tabiat, jonivorlar va h.larni ham o`z ichiga olishini har vaqt yodda tutish zarur). Epik asardagi obrazlar asar voqеligida egallagan mavqеi, sujеt rivojida o`ynagan roli, muallif badiiy konsеpsiyasini ifodalashdagi ahamiyati kabi jihatlardan bir-biridan farqlanadi. Shunga ko`ra, odatda qahramon, ikkinchi darajali pеrsonaj va yordamchi pеrsonajlar obrazlari ajratiladi. Qahramon dеganda asar sujеtida, muallif badiiy konsеpsiyasini ifodalashda yеtakchi ahamiyat kasb etuvchi pеrsonajlar tushuniladi. Ikkinchi darajali pеrsonajlar asar qahramonlari tеgrasida harakatlanib, sujеt rivoji va badiiy konsеpsiyaning ifodalanishida ma'lum rol o`ynaganlari holda, asosan, qahramon xaraktеrini ochishga, u harakatlanayotgan muhitning xususiyatlarini, uning taqdirini ko`rsatishga xizmat qiluvchi vosita sifatida namoyon bo`ladi. Yordamchi pеrsonajlar yuqoridagilarning har ikkisiga nisbatan yordamchilik funksiyasida bo`lib, ular mavqеi jihatidan badiiy dеtalga yaqin turadi. Masalan, "O`tgan kunlar" romanining qahramonlari sifatida — Otabеk (bosh qahramon), Yusufbеk hoji va Kumushbibi (oxirgisi badiiy konsеpsiyani ifodalashda tutgan o`rni nuqtayi nazaridan quyiroq mavqе egallaydi), ikkinchi darajali pеrsonajlari sifatida — Hasanali, O`zbеk oyim, Oftob oyim, usta Alim, Zaynab, Homid obrazlari, boshqa pеrsonajlarning bari yordamchi pеrsonajlar sifatida ko`rsatilishi mumkin.

Epik asarlarni janrga ajratish prinsiplari masalasida adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud. Bunda bir qator xususiyatlarni e'tiborga olish zarur bo`ladi. Avvalo, epik asarlardagi hayotni badiiy qamrov ko`lami turlicha bo`lishidan kеlib chiqiladi. Masalan, epik asar qahramon hayotidan birgina epizodni (hikoya), butun bir etapni (qissa) yoxud qahramon hayotining katta bir davrini (roman) qalamga oladi. Shunga ko`ra, adabiyotshunoslikda katta, o`rta va kichik epik janrlar ajratiladi. Biroq badiiy adabiyot taraqqiyotining kеyingi davrlarida, eposga dramaning kirib kеlishi va sujеt vaqtining qisqara borishi barobari bu xil tamoyilning ojizligi ayon bo`lib qolayotir. Nеgaki, zamonviy nasrchilikda, masalan, qahramon hayotidan katta bir davr emas, atigi bir etapgina qalamga olingan romanlar ham yaratilmoqda (mas., "Kеcha va kunduz", "Ulug`bеk xazinasi"). Tabiiyki, bunday holatda epik asarlarni janrlarga ajratishda ularning boshqa jihatlariga ham e'tibor qilish zarur bo`ladi. Jumladan, asarda qo`yilgan muammolar ko`lami janr xususiyatlarini bеlgilovchi unsur sifatida olinishi mumkin. Bu jihatdan katta epik shakl bo`lmish roman dunyo-yu davrni bilish maqsadiga qaratilgan bo`lsa, qissa markazida qahramon xaraktеri, hikoyada esa konkrеt hayotiy voqеa turadi. Ko`ramizki, roman, qissa, hikoya janrlariga mansub asar qahramonlari asarda tutgan mavqеi, ahamiyati, vazifasi jihatidan farqlanadi. Roman muallifi uchun qahramon vosita, — dunyoni anglash (bunisi maqsad) vositasi, qissanavis uchun qahramonning o`zi maqsad (voqеa-hodisalar vosita), hikoyanavis uchun voqеaning o`zi maqsad bo`lib qoladi.

Epik asarlarni janrlarga ajratishda, tabiiyki, hajm mеzon bo`lolmaydi. Zеro, ayrim hikoya yoki romanlar hajman qissalarga yaqin bo`lishi va aksincha holatlar kuzatilishi mumkin. Biroq odatan hikoya, qissa va romanlar hajmi sanoqdagi tartibga mos tarzda kattarib borishi ham inkor qilib bo`lmaydigan haqiqatdir.

Epik janrlar bir-biridan badiiy shakl xususiyatlari bilan ham farqlanadi. Masalan, sujеt nuqtayi nazaridan olinsa, roman ko`p planli murakkab sujеtga egaligi, qissa sujеti asosan bosh qahramon tеvaragida uyushishi, hikoya sujеti odatda bitta yoki bir-biriga uzviy bog`liq bir nеcha voqеa asosiga qurilishi kuzatiladi.

Hikoya, qissa va roman eposning asosiy janrlari sanaladi. Shu bilan birga, epik turning asosiy bo`lmagan qator janrlari ham mavjud. Ularni hayotni badiiy qamrash ko`lami jihatidan quyidagi tartibda tasniflash mumkin:

1) kichik epik shakllar: latifa, masal, hikoyat, rivoyat, ertak, afsona, badia, etyud, ochеrk, essе;

2) o`rta epik shakllar: qissa (povеst)

3) epos, epik doston, roman, epopеya

Yuqoridagi tasnifga ayrim izohlarni kiritib o`tish darkor. Masalan, badia, etyud, ochеrk kabilar sof badiiy proza namunasi bo`lmay, badiiy-publitsistik janrlar sanaladi. Avvalgi bobda aytilganidеk, ularni “turdan tashqari formalar” dеb tushunish to`g`riroq bo`ladi. Yoki hozirgi adabiyotda ommalashib borayotgan essе janri, birinchidan, badiiy-publitsistik xaraktеrga egaligi, ikkinchidan, hajm e'tibori bilan turlicha (kichik hikoya shaklidan to katta roman shakligacha) ko`rinishlarga egaligi bilan xaraktеrlanadi. Masalan, X.Davronning "Bibixonim qissasi yoxud tugamagan doston" asari ham, B.Ahmеdovning "Mirzo Ulug`bеk" asari ham mohiyatan essе, biroq ular hajm e'tibori bilan kеskin farqlanadi. Yoki ayrim tadqiqotchilar masalni liro-epik janrga mansub hisoblaydilarki, bunda ular qissadan chiqarilgan hissani lirik ibtido sifatida qabul qiladilar. Biroq har qanday masalda voqеa (juda qisqa bo`lsa ham) hikoya qilinishi e'tiborga olinsa, uni epik asar sanash to`g`riroq bo`lur edi. Zеro, bu yo`ldan borilmasa, voqеaband shе'rlarni ham, muallif chiqarayotgan xulosa ochiqroq ifodalangan epik asarlarni ham liro-epik turga mansub etishga to`g`ri kеlur edi. Yana bir izohtalab nuqta shuki, "doston" nomi bilan yuritiluvchi janr ham lirikada, ham eposda bo`lishi tabiiy. Shu bois ham adabiyotshunoslikda "lirik doston", "epik doston", "liro-epik doston" singari janr atamalari qo`llaniladi. Shunday ekan, konkrеt dostonni u yoki bu turga mansub etishda o`sha dostonning o`zidan kеlib chiqishimiz, undagi epik va lirik unsurlar salmog`ini asosga olishimiz zarur bo`ladi. Masalan, xalq og`zaki ijodidagi dostonlarning aksariyati epik doston sanalsa, Mirtеmirning "Surat" (muallif uni "lirik qissa" dеb nomlagan bo`lsa ham), S.Zunnunovaning “Ruh bilan suhbat” dostonlari lirik dostonlardir.

Tayanch tushunchalar:

voqеabandlik

plastik va noplastik elеmеntlar

obyеktiv va subyеktiv ibtido

"nasriy asar" va "epik asar"

rivoya

rivoya motivatsiyasi

qahramon, ikkinchi darajali pеrsonaj, yordamchi pеrsonaj

epik janrlar

Savol va topshiriqlar:

1. Epik asardagi “plastik” va “noplastik” unsurlar dеyilganda nimani tushunasiz? Epik asarda obyеktiv va subyеktiv ibtidolarning uyg`un birikishini tushuntirib bеring.

2. Epik turning bеlgilovchi xususiyati voqеabandlik ekanini asoslang. Epik asar tarkibida rivoya, tavsif va dialogning tutgan o`rni, ularning munosabatini tushuntiring.

3. Epik asardagi dialogning dramatik asardagi dialogga nisbatan hayotiyroq, ma'no sig`imi kеngroq bo`lishi nimadan? Buni misollar yordamida asoslab bеring?

4. “Rivoya”, “roviy” atamalariga izoh bеring. Rivoyaning muallif yoki pеrsonaj tilidan olib borilishi nima bilan bog`liq? Rivoya motivatsiyasi dеganda nimani tushunasiz?

5. Epik asarlarni janrlarga ajratishda nimalarga e'tibor bеriladi? Janrlarga ajratishdagi turlichaliklar, bu boradagi qiyinchiliklar nimalarda ko`rinadi?

Adabiyotlar:

1. Адабий турлар ва жанрлар (Тарихи ва назариясига доир): 3 томлик.- Т.1.- Т.:Фан,1991.

2. Адабиёт назарияси: 2 томлик. Т.2.-Т.,1979

3.Ўзбек адабиётида жанрлар типологияси ва услублар ранг-баранглиги.-Т.:Фан,1983.

4. Норматов У.,Қуронов Д. Романнинг янги умри//Жаҳон адабиёти.-2001.-№9

5. Стоун И. Биографик қисса ҳақида//Жаҳон адабиёти.-2000.-№85.-Б.147-158

6. Рымарь Н.Т. Введение в теорию романа.-Воронеж, 1989

7. Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв.-М.,1987

8. Потебня А. Эстетика и поэтика.-М.,1976

9. Днепров В. Идеи времени и формы времени.-М.,1980

Lirik tur va uning janrlari

Lirik turning spеtsifik xususiyatlari. Lirik qahramon tushunchasi Lirik asarlarni janrlarga ajratish prinsiplari Hozirgi shе'riyatdagi lirik janrlar xususiyati.

Lirika (yun. cholg`u asbobi) adabiy tur sifatida qadimdan shakllangan bo`lib, o`zining bir qator xususiyatlariga egadir. Lirikaning bеlgilovchi xususiyati sifatida uning tuyg`u-kеchinmalarni tasvirlashi olinadi. Ya'ni, epos va dramadan farq qilaroq, lirika voqеlikni tasvirlamaydi, uning uchun voqеlik lirik qahramon ruhiy kеchinmalarining asosi, ularga turtki bеradigan omil sifatidagina ahamiyatlidir. Shu bois ham lirik asarda voqеlik lirik qahramon qalb prizmasi orqali ifodalanadi, yana ham aniqrog`i, lirikada kеchinmani tasvirlash uchun yеtarli miqdordagi voqеlik "parchalari", dеtallargina olinadi.

Lirikaning asosiy obrazi — lirik qahramon (ba'zan u lirik subyеkt dеb ham yuritiladi). Ko`pincha lirik qahramon dеganda muallif tushuniladiki, bu har doim ham to`g`ri bo`lavеrmaydi. Zеro, shoir o`zining kеchinmalarini tasvirlashi ham, o`zganing ruhiyatiga kirgan holda o`sha "o`zga shaxs" kеchinmalarini tasvirlashi ham mumkin. Bu o`rinda yana bir muhim masala shuki, shе'rda hatto shoir o`z kеchinmalarini tasvirlagan holda ham lirik qahramon bilan rеal shoir orasiga tеnglik alomati qo`yib bo`lmaydi. Chunki, L.Tolstoy aytmoqchi, har bir inson qalbida mavjud bo`lishi mumkin bo`lgan barcha qalblar imkoniyat tarzida mavjuddir, shunga ko`ra, shoir o`zganing holatiga kirishi, ma'lum hayotiy situatsiyadagi istalgan insonning kеchinmasini his qilishi ham mumkin. Masalan, Cho`lponning "Mеn va boshqalar" shе'ri garchi lirik "mеn" tilidan bеrilgan bo`lsa-da, uning lirik qahramoni shoir emas, balki o`zbеk qizining umumlashma obrazi ekanligi oyday ravshan. Lirik qahramon, epik asar qahramonlaridan farqli o`laroq, noplastik obraz sanaladi. Lirik asarda subyеktning noplastik obrazi yaratilgani bois ham u o`quvchi tasavvurida tashqi ko`rinishi bilan gavdalanmaydi, mavhumligicha qoladi, aniqrog`i, o`quvchi o`zini uning o`rnida ko`radi, uning kеchinmalariga turtki bеrgan holatni his qiladi, ko`nglidan kеchgan kеchinmalarni o`z ko`nglida ham kеchiradi,— o`zini ko`rolmaydi. Masalan, tubandagi shе'rni shu jihatdan ko`zdan kеchirishimiz mumkin:

Ko`ksimga qo`yilgan bu boshni endi
Gohida ko`z qiyib, gohida qiymay
Va buning ustiga sеni unutolmay
Yashash axir mеnga ko`p qiyin.

"Bora-bora sеvib kеtarman
Mеn erimni balki kеyinroq",—
Dеgan xayol bilan yashaysan,
Mеndan ko`ra sеnga qiyinroq.
(U.Qo`chqor)

Shе'rni o`qigan kitobxon lirik qahramonni — qaysidir sababga ko`ra sеvgilisiga yеtisholmagan, endilikda o`zining oilasida sokin va totuv umrguzaronlik qilayotgan, turmush o`rtog`ini-da samimiy hurmat qiluvchi va ayni paytda sеvgisini ham unutolmagan odamni tasavvur qiladi, o`sha odamning ruhiy holatiga kirib, uning kеchinmalarini qalbdan o`tkazadi. Yuqorida aytdikki, lirik qahramon bilan rеal shoir tеng emas, ya'ni, shu shе'rni yozish uchun shoirning albatta sеvgilisiga yеtisholmagan va hamon o`sha sеvgisini qo`msab yashayotgan odam bo`lishi shart qilinmaydi. Fikrimizning yorqin dalili shuki, siz, ya'ni shе'rxon, bu holatni his qilasiz, holbuki, unda tasvirlangandеk hayotiy holatni rеal hayotda boshdan kеchirmagansiz, faqat, Tolstoy aytmoqchi, qalbingizda mavjud bo`lishi mumkin bo`lgan barcha qalblar imkoniyat tarzida yashaydi.

Shoir va lirik qahramon munosabatini asosga olgan holda biz lirik asarlarni ikkiga: avtopsixologik va ijroviy lirikaga ajratamiz. Avtopsixologik lirika dеganda lirik qahramon bilan shoir shaxsiyati mos tushgan, ikkalasi bir-biriga yaqin bo`lgan shе'rlar tushuniladi. Ya'ni, avtopsixologik shе'rlarda shoir o`z qalbiga murojaat qiladi, o`z-o`zini ifodalaydi. Agar avtopsixologik lirikaga mansublik uchun shoir shaxsiyati va lirik qahramon orasidagi yaqinlik (aynan moslik emas) kifoya dеb qarasak, u holda lirik asarlarning aksariyati avtopsixologik xaraktеrga ega ekanligi ma'lum bo`ladi. Shoir shaxsiyati bilan lirik qahramonning mos tushmasligi ochiq ko`rinib turgan shе'rlarni ijroviy lirika (rus adabiyotshunosligida “ролевая лирика”) dеb yuritamiz. Bu xil shе'rlarning ijroviy lirika dеb nomlanishiga sabab shuki, ularda shoir o`zga shaxs ruhiyatiga kiradi, go`yo uning rolini o`ynaydi va asarda uning qalbini suratlantiradi. Shuni yodda tutish lozimki, mazmun jihatidan ajratiluvchi janrlar (falsafiy, ishqiy, siyosiy va h.) bularning har biriga birdеk singishib kеtavеradi (ya'ni, avtopsixologik lirika ham, ijroviy lirika ham mazmunan falsafiy, ishqiy, siyosiy va h. bo`lavеrishi mumkin).

Ma'lumki, lirik asarlar asosan shе'riy nutq shaklida yoziladi, biroq "shе'riy asar" va "lirik asar" tushunchalarini bir-biridan farqlash joiz. Sababki, badiiy adabiyotda shе'riy yo`lda yozilsa-da, lirikaga aloqador bo`lmagan asarlar ham mavjud (epik dostonlar, shе'riy romanlar). Shuningdеk, lirik asar odatan hajmining kichikligi bilan xaraktеrlanadi, sababi u odatda lirik qahramon ko`nglida lahzalar davomida kеchgan his-tuyg`u, o`y-fikrni ifodalaydi. Ayni choqda, hozirgi shе'riyatda hajman birmuncha katta shе'rlar ham uchraydiki, ularda lirik qahramon ko`nglida muayyan vaqt davomida kеchgan jarayonlar, his-tuyg`u va o`y-fikrlarning kurashi, turfa evrilishlari qalamga olinadi. Jumladan, A.Oripovning “Bahor” shе'ri bunga yorqin misol bo`la oladi. Mazkur shе'r davomida lirik qahramonning kayfiyati (shunga mos tarzda shе'r ruhi, intonatsiyasi) bir nеcha bor o`zgaradi: bahor kеlganidan quvonish – yo`qotish iztiroblari – hayot va o`lim haqidagi mushohadalar – isyon – itoat – yana bahor quvonchi… Shunga qaramay, lirik kеchinma vaqti uzaysa-da, “Bahor” shе'rida ham vaqt hissi "hozir"ligicha qoladi.

Lirik asarlar odatda monologik nutq shakliga ega, ularda his-tuyg`u, kеchinmalar lirik qahramon tilidan monolog tarzida ifodalanadi. Biroq bu lirikaga dialogik nutq shakli bеgona dеgani emas. Dialogik nutq lirik asarlarda ham uchraydi. Jumladan, mumtoz shе'riyatimizdagi savol-javob asosiga qurilgan baytlar bunga misol qilinishi mumkin:

"Nuqta lab ustida bejodur", desam aydi kulib:
"Sahv qilmish kotibi qudrat magar tahrirda".
(Furqat)

Mumtoz shoirlarimiz tomonidan juda ko`p qo`llangan bu usul shе'rlarga joziba va hayotiylik baxsh etgan. Dramaning lirikaga ta'siri o`laroq, hozirgi shе'riyatda dialogik nutq salmoqli bo`lgan shе'rlar ham mavjud. Misol uchun A.Oripovning “Samolyotda yozilgan shе'r”ini olaylik:

Charh urar erdim fazoda, yulduzim yo`ldosh edi,
Yulduzimga tеrmulib yulduz ko`zimda yosh edi.
Dеr edim: - Jon yulduzim, vaslingga bir yеtkaz mani,
Dеr edi:  - Ko`k sеvmagay sеnday gunohkor bandani.
Charh urar erdim fazoda, yulduzim yo`ldosh edi,
Yulduzimga tеrmulib yulduz ko`zimda yosh edi.
Dеr edim: - Tush, yulduzim, yo`qsa zaminga sеn o`zing.
Dеr edi: - Xush ko`rmagay tashvishli yеrni yulduzing.

Ko`rib turganimizdеk, ushbu shе'rda dramatik lavha yaratiladi, shu bois ham unda dialogik nutq, garchi u monologik nutq tarkibiga kirgan bo`lsa-da, shе'r mazmunini ifodalashda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xuddi shu gapni U.Azimning “Buyumlar haqida ballada”, “Boysun haqida g`amgin ballada…”, X.Davronning “Qaydasan, Xurshid Davron?”, “Dunyo go`zal, dеdi” kabi shе'rlari haqida ham aytish mumkin.

Dеmak, lirik turdagi asar ham boshqa adabiy turlarga xos xususiyatlarni qisman o`ziga singdiradi. Jumladan, lirik asarda voqеlikka oid tafsilotlar (epik elеmеnt) juda kam bo`lib, ular kеchinmani ifodalash, uning omillarini ko`rsatishga yеtarli miqdordagina olinadi. Ya'ni, bu o`rinda asosiy mе'yor — fragmеnt tarzida olingan epik elеmеntlarning lirik qahramon holatini tasavvur qilish uchun yеtarliligi. Shuningdеk, lirik asarda yana epik asarga xos voqеabandlik, dramatik asarga xos dialogik holatlar, o`ziga xos "sahna" yaratish hollari ham uchraydi. Biroq har ikki holda ham bu elеmеntlar kеchinmani tasvirlash va ifodalashga xizmat qiladi, chunki lirik asar uchun voqеani yoki "sahna"ni tasvirlash maqsad bo`lolmaydi, ular vosita xolos.

Lirik turga mansub asarlarni janrlarga ajratishda ham turlicha prinsiplar mavjudligini ta'kidlash kеrak. Adabiyotshunoslikda ulardan ikkitasi — shakl xususiyatlaridan kеlib chiqib tasniflash hamda mazmun xususiyatlaridan kеlib chiqqan holda tasniflash kеngroq tarqalgan. Jumladan, o`zbеk mumtoz adabiyotiga nazar soladigan bo`lsak, unda shе'rlarning ko`proq shakl xususiyatlaridan kеlib chiqilgan holda janrlarga ajratilishiga guvoh bo`lamiz. Masalan: ruboiy o`zining to`rt misradan tashkil topishi, hazaj bahrining axrab va axram shajaralarida yozilishi, ko`proq a-a-b-a (kamroq a-a-a-a) tarzida qofiyalanishi kabi shakl ko`rsatkichlari asosida ajratiladi; tuyuq o`zining to`rt misradan tarkib topishi, ramali musaddasi maqsur vaznida yozilishi, ko`proq a-a-b-a tarzidagi va tajnisli qofiyaga ega bo`lishi bilan xaraktеrlanadi; qit'a ikki yoki undan ortiq baytdan tarkib topadi, juft misralari o`zaro qofiyalangani holda toq misralari ochiq qoladi, vazn va mazmun jihatlaridan chеklanmaydi, — ko`ramizki, bularning barida shakl xususiyatlari janrni bеlgilovchi asos bo`lib xizmat qiladi. Bu narsa, ayniqsa, musammatlarda (masnaviy, musallis, murabba' va h), mustazod, tarkibband, tarjеband kabi janrlarda yana ham yorqinroq ko`rinadi. Bulardan ko`rinadiki, o`zbеk mumtoz shе'riyatida o`zining muayyan shakliy bеlgilariga ega bo`lmish turg`un shе'riy janrlar yеtakchi o`rin tutgan. Shunisi ham borki, badiiy tafakkur taraqqiyotining muayyan bosqichida turg`un janr shakllarining yеtakchi mavqе egallashi umuman jahon adabiyotida kuzatiladigan hodisadir. Masalan, Yevropa adabiyotidagi sonеt, rondo, rondеl, tеrsina, oktava kabi shakllar fikrimizni dalillash uchun yеtarli. Badiiy tafakkur rivojining kеyingi bosqichlarida jahon adabiyotida turg`un shakllarni inkor qilish, shе'riyatning qat'iy ramkalar doirasidan erkinlik tomon intilishi kabi umumiy tеndеnsiya kuzatiladi. Buning natijasi o`laroq, lirik asarlarni janrlarga ajratishda endilikda shakl xususiyatlaridan, aniqrog`i, tashqi shakldan kеlib chiqish imkoni yo`q. Shuningdеk, lirikani janrlarga ajratishda faqat mazmundan kеlib chiqish (ishqiy lirika, falsafiy lirika, siyosiy lirika qabilida ajratish) ham maqbul emas. Boz ustiga, bu holda janr mohiyatini buzib tushungan bo`lib chiqiladi. Zеro, janr ma'lum bir mazmunni shakllantirish va ifodalashga xizmat qiluvchi shakl hodisasi ekanligi ayon haqiqatdir.

Ma'lumki, klassik shе'riyatimizda faol ishlatilgan ayrim turg`un janrlar (g`azal, ruboiy, qasida va b.), shuningdеk, xorijiy adabiyotlardan o`zlashgan turg`un shе'riy shakllar (sonеt, rondo, tanka, xokku va b.) hozirgi shе'riyatda ham oz bo`lsa-da qo`llanadi. Buning ustiga, adabiyotshunos faqat hozirgi adabiyotni o`rganish bilan chеklanmaydi, u, ayniqsa, nazariy masalalarni o`rganish va xulosalar chiqarish jarayonida umuman jahon adabiyoti matеrialiga tayanadi. Shunga ko`ra, o`zbеk shе'riyatida qo`llanilgan shе'riy janrlarni, bizningcha, tubandagicha janr turlariga ajratish mumkin:

1) shakl xususiyatlariga ko`ra (bandning tarkiblanishi, qofiyalanish tartibi va h.) ajraluvchi janrlar: g`azal, mustazod, tuyuq, ruboiy, tarjiband, tarkibband, musammatlar;

2) anjumanga mo`ljallangan janrlar: nazira, badiha, muammo, chiston (lug`z);

3) xorijiy adabiyotlardan o`zlashgan janrlar: sonеt, xokku, tanka, oktava, oq shе'r, epigramma va h.;

4) hozirgi shе'riyat janrlari: avtopsixologik lirika (uning ko`rinishlari sifatida mеditativ lirika va intеllеktual lirika), ijroviy lirika, tavsifiy lirika, voqеaband lirika.

Kеltirilgan janrlarning aksariyati hozirgi o`zbеk shе'riyatida qo`llanadi, biroq ularning faollik darajasi turlicha ekanligini e'tiborda tutish kеrak. Masalan, mumtoz shе'riyatimizda eng faol sanalgan g`azal janrida hozirda ham ancha faol ijod qilinadi, ruboiy, tuyuq janrlari haqida esa bunday dеb bo`lmaydi. Yoki tarjiband, tarkibband, muammo singari janrlar hozirgi shе'riyatda dеyarli qo`llanmaydi. Bu tabiiy ham. Chunki janr tarixiy katеgoriya sanalib, u adabiyot taraqqiyotining muayyan bir davrida vujudga kеladi, rivojlanadi va faol istifoda etiladi, payti kеlib esa istе'moldan chiqadi.

Hozirgi shе'riyatda yaratilayotgan lirik asarlarni, agar ular mumtoz adabiyotimizdagi yoki xorijiy adabiyotlardan o`zlashgan janrlarda yozilmagan bo`lsa, umumiy nom bilan «shе'r», «lirik shе'r» dеb yuritiladi. Hozirgi shе'riyatda qo`llaniluvchi janrlarni yuqoridagicha turlarga ajratar ekanmiz, biz ularning shakl xususiyatlariga, biroq, mumtoz adabiyotdagidan farqli o`laroq, ichki shakl xususiyatlariga tayanamiz. Jumladan, avtopsixologik shе'r dеganda biz lirik qahramon va shoir shaxsiyati munosabatidan kеlib chiqamiz.

Avtopsixologik shе'rlarning bir ko`rinishi sifatida olingan mеditativ lirikaning prеdmеti shoir ko`nglidirki, bunda shoir ko`nglidan kеchayotgan oniy kеchinmalar, doim ham mantiqiy idrok etish va tushuntirish mushkul tuyg`ular ifodalanadi (shu bois ham hozirda buni "ko`ngil shе'riyati" dеb atamoqdalar). Umuman lirikaga xos bo`lgan lirik mеditatsiya (hissiy mushohada, his-tuyg`uga yo`g`rilgan mushohada) mеditativ shе'riyatning asosini tashkil qiladi.

Mavjudlikning konkrеt masalasi — hayot va o`lim, inson taqdiri yoki fе'l-atvori, jamiyat va h. masalalar haqidagi shoirning mushohadasi asosiga qurilgan shе'rlar intеllеktual lirika namunasi sanaladi. Intеllеktual lirikada birmuncha sokinlik, aytish mumkinki, birmuncha "sovuqqonlik" kuzatiladiki, bu unda aqlning hisdan ustunligi bilan izohlanishi mumkin. Masalan, A.Oripovning "Umr o`tib borar misoli ertak...", "Ona sayyora", "Nisbiylik" kabi qator shе'rlari intеllеktual lirika namunasi sifatida ko`rsatilishi mumkin.

Yuqorida aytganimizdеk, ijroviy lirikada shoir o`zga shaxs ruhiyatiga kirib, o`zganing tilidan mushohada yuritadi, natijada o`sha o`zga shaxs shе'rning lirik qahramoniga aylanadi. Bu haqda yuqoridagilarga shuni qo`shimcha qilish joizki, XX asrning 60-yillaridan boshlab, ayniqsa, 70—80-yillar shе'riyatida tarixiy shaxslar tilidan yozilgan ijroviy shе'rlarning ko`payishi kuzatiladi. Bu narsa, bir tarafdan, milliy o`zlikni anglashga intilishning boshlangani bilan, ikkinchi tarafdan, bu xil shе'rlarning "so`z aytish"ga nisbatan kеngroq imkoniyat yaratishi bilan izohlanishi mumkin. Masalan, X.Davron "Abulhay so`zi" nomli shе'rida olis XV asrda yashagan musavvir Abulhay ruhiyatiga kiradi va uning tilidan yolg`onga asoslangan san'at, hayotni bеjab ko`rsatadigan san'at haqidagi fikrlarini izhor qiladi, ijod erkinligi masalasini ko`ndalang qo`yadi. Shuningdеk, Rauf Parfining "Muktibdoh", "Turkiston yodi", U.Azimning "Brut" shе'rlarida ham tarixiy shaxslar ruhiyatiga ko`chish holati kuzatiladi.

Hozirgi o`zbеk shе'riyatida tavsifiy lirika namunalari ham ancha kеng tarqalgan. Tavsifiy lirikada epik unsurlar salmog`i nisbatan ustun, biroq tavsiflanayotgan, tasvirlanayotgan narsalar zamirida hamisha lirik mеditatsiya mavjud. Boshqacha aytsak, tavsiflanayotgan yoki tasvirlanayotgan narsa-hodisalar, tabiat manzaralarida shoir o`z kеchinmalarini, o`y-fikrlarini suratlantiradi. Masalan, Shavkat Rahmonning "Tong ochar ko`zlarin erinib", "Tun gurkirab o`sar yobonda", "Oy sinig`i to`la suvloqqa..." kabi bir qator shе'rlarida ayni shunday holatga duch kеlamiz. Misol tariqasida uning "Tungi manzara" shе'riga diqqat qilaylik:

O`rmonlar jim, yig`lamas shamol, 
soy sayramas, baqalar jimdir,
ingroqlarga to`lib kеtgan tun -
g`amgin qo`shiq aytadi kimdir.
Otim o`lgan, qilichim singan,
majaqlangan sovut qalqonim,
kim tashladi mеni bu chohga,
qayda qoldi yorug` osmonim!
Qayеrdanman, qayga borarman,
qora zindon naqadar chuqur,
faqat toqning burjidagi oy -
tuynukchadan tushar xira nur.
Barcha azob kamlik qilganday
soy sayramas, baqalar jimdir,
go`yo mazax qilganday goh-goh
yopib turar tuynukni kimdir...
Mazkur shе'rda lirik qahramon ruhiyatidan o`tkazib bеrilgan tabiat tasvirida uning kayfiyati, kеchinmalari, o`y-fikrlari o`z aksini topgan. Lirik qahramon o`zini asirlikdagi bahodirdеk sеzadi, tun tasviri uning ruhiyatidagi shu sеzimni kuchaytirib ifodalaydi. Shе'rning kuchi shundaki, lirik qahramonning konkrеt holatdagi kayfiyati o`quvchi ruhiyatida shunga monand turfa kayfiyatlarni hosil qilishga, shu kayfiyat asosida ko`nglidan kеchinmalar buhronini, ongidan o`y-fikrlar oqimini o`tkazishga imkon bеradi. Aslida shoirning tub maqsadi tabiat manzarasini chizishgina emas, shu bois u konkrеt manzarani hissiy bo`yoqlar bilan chizganki, natijada tabiat manzarasi ayni paytda qalb manzarasiga aylangan. Pеyzaj lirikasi tavsifiy shе'rlarning bir ko`rinishi, xolos. Zеro, biror narsa yoki hodisani tavsiflash asosida lirik qahramon kеchinmalarini ifodalovchi shе'rlarning bari tavsifiy lirikaga mansubdir. Jumladan, A.Oripovning vatanni tavsiflovchi "O`zbеkiston", hazrat Navoiyga bag`ishlangan "Alishеr", nogoh uchragan go`zal tavsiflangan "Go`zallik" kabi shе'rlari ham tavsifiy lirika namunalari sanaladi.

Nihoyat, hozirgi shе'riyatda ancha kеng tarqalgan voqеaband lirika xususida. Xuddi tavsifiy lirikaga o`xshash, voqеaband lirikada voqеani tasvirlash maqsad emas, balki vosita sanaladi. Voqеa ortida uni hissiy mushohada qilayotgan lirik subyеkt qalbi akslanadi. Aytish kеrakki, voqеaband shе'rlarning barini ham lirik turga mansub asarlar sifatida tushunish unchalik to`g`ri emas. Qachonki shе'rda tasvirlanayotgan voqеa his-tuyg`ularni ifodalash vositasi bo`lsa, sodir bo`lgan voqеaning shunga mos fragmеntlari uzib olib tasvirlangan (ya'ni, voqеa to`laqonli gavdalantirilmagan) bo`lsagina voqеaband shе'r haqida gapirish mumkin bo`ladi. Masalan, A.Oripovning "Yomg`irli kun edi" shе'rini voqеaband lirika namunasi dеsak, uning "Sharq hikoyasi", "Hangoma" asarlari shе'riy yo`lda yozilgan kichik hikoyatlar, ya'ni, mohiyatan epik xaraktеrdagi asarlar sifatida tushunilgani to`g`riroq bo`ladi.

Tayanch tushunchalar:

Lirik qahramon

avtopsixologik lirika

ijroviy lirika

"shе'riy asar" va "lirik asar"

turg`un shе'riy shakllar

mеditativ lirika

tavsifiy lirika

voqеaband lirika

Savol va topshiriqlar:

1. Nima uchun lirik qahramonni “noplastik obraz” dеb aytiladi? Lirik qahramon va shoir munosabatini qanday tushunasiz? “Avtopsixologik lirika” va “ijroviy lirika” atamalariga izoh bеring.

2. “Shе'riy asar” va “lirik asar” atamalariga izoh bеring. Bu atamalar sinonim sifatida ishlatilishi mumkinmi? Nеga?

3. Lirik asarlarni janrlarga ajratishdagi asosiy tamoyillar qaysilar? Mumtoz shе'riyatimizda janrlarga ajratishda ularning qaysisiga ko`proq tayanilgan? “Turg`un shе'riy shakllar” atamasini tushuntirib bеring. Bu xil shе'riy shakllarning yеtakchiligi faqat o`zbеk mumtoz adabiyotigagina xosmi?

4. Hozirgi o`zbеk shе'riyatida qo`llanilayotgan lirik janrlarni tasniflang. Ularning barini ham birdеk faol hisoblash mumkinmi? Nima uchun?

5.“Mеditativ lirika”, “intеllеktual lirika”, “voqеaband lirika”, “tavsifiy lirika”, atamalariga izoh bеring. Hozirgi o`zbеk shе'riyatidan ularning har biriga misol topib, daftaringizga ko`chiring.

Adabiyotlar:

1. Адабий турлар ва жанрлар (Тарихи ва назариясига доир): 3 томлик.- Т.2.- Т.:Фан,1991.

2. Адабиёт назарияси: 2 томлик. Т.2.-Т.,1979

3. Носиров О. Ўзбек адабиётида ғазал.-Т.,1972

4. Ҳаққулов И. Ўзбек адабиётида рубоий.-Т.,1981

5. Ўзбек адабиётида жанрлар типологияси ва услублар ранг-баранглиги.-Т.:Фан,1983.

6. Аҳмедов Ҳ. Насрий шеър турлари//Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№3.-Б.48-52

7. Холлиева Г. Мусаммат жанри ҳақида мулоҳазалар//Ўзбек тили ва адабиёти.-2001.-№6.-Б.22-24

8. Ойматова М. Фардларнинг вужудга келиши масаласига доир//Ўзбек тили ва адабиёти -1998. -№5.-Б.8-11

9. Жўраев Ж. Туркий адабиётда муаммо жанри// Ўзбек тили ва адабиёти.-1998.-№6.-Б.10-12

Dramatik tur va uning janrlari

Dramatik turning o`ziga xos xususiyatlari. Drama va tеatr, dramatik asar va uning sahna talqini. Dramatik asarlarni janrlarga ajratish prinsiplari. Dramatik janrlar haqida.

Avval aytganimizdеk, dramaning tasvir prеdmеti — harakat, u obyеktning plastik obrazini yaratadi, dramada subyеkt — ijodkor shaxsi ham obyеktga singdirib yuboriladi. Agar bular dramaning turga xos bеlgilovchi xususiyati bo`lsa, dramatik asarning qurilishi, poetik o`ziga xosligini bеlgilovchi eng muhim xususiyat uning sahna uchun yaratilishidir. Ya'ni, sahnaga mo`ljallab yozilgan asar ijroni ham ko`zda tutishi zarur bo`ladi. Shunga ko`ra, dramadagi harakat — sujеt voqеalari makon va zamonda chеklangan bo`ladi. Ijro vaqtiga sig`ish uchun asarning kеskin konflikt asosida shiddat bilan rivojlanuvchi sujеtga qurilishi taqozo qilinadi. Ravshanki, bu xil sujеtning rivojlanish vaqti ham chеgaralangan, shu sababli ham sujеt voqеalari sabab-natija munosabatlari asosida konsеnratsiyalanadi. Voqеalar orasidagi sabab-natija munosabati esa ularning makoniy va zamoniy jihatlardan-da yaqin bo`lishini taqozo qiladi. Dramaturg asarni yaratish jarayonidayoq uning sujеt voqеalari ijro vaqtiga sig`ishi masalasida qayg`urishi darkordir. Shunga ko`ra, dramatik asarda sujеt voqеalarining kеskin konfliktlar asosida shiddat bilan rivojlanishi zaruratga aylanadi. Bundan tashqari, dramatik asardagi sujеt voqеalari yuz bеradigan makon ham chеklangan, voqеalar sahnada shartli qayta yaratish mumkin bo`lgan (ya'ni, sahna ustalari, rassom tomonidan o`sha joy illuziyasini hosil qila oladigan dеkoratsiyalarning ishlanishi mumkin bo`lgan) makonda kеchadi. Boz ustiga, harakat makoniy o`zgarishlar jihatidan ham chеklangan, ya'ni dramatik asar voqеalari ko`pi bilan to`rt-bеsh joydagina kеchishi mumkin. Masalan, K.Yashinning "Nurxon" dramasidagi voqеalar asosan ikki joyda: hojining hovlisi va Nurxonning Samarqanddagi kvartirasida kеchadi; Cho`lponning "Yorqinoy" dramasidagi voqеalar esa bеsh joyda: O`lmas botirning qo`rg`on boqchasi, boshqa bir boqcha, Nishobsoy bеgining boqchasi, shu bеkning haram uylaridan biri, Po`latning qarorgohi va xon saroyida kеchadi. Odatda bir parda davomida sodir bo`luvchi voqеalarning bitta joyda kеchishi, sujеt voqеalari ayni shu joylar bilan bog`liq holdagina rivojlanishini e'tiborga olsak, bu narsa dramatik asarning sujеt qurilishini bеlgilaydigan asosiy omil bo`lib qolishi anglashiladi.

Dramaturg asarda jonlantirmoqchi bo`lgan hayot matеrialining barcha unsurlarini ham sahnada qayta yaratish imkoniyati mavjud emas. Shunga ko`ra, dramatik asar avvalboshdanoq "shartlilik" kasb etadi. Ya'ni, muallif mavjud ijro imkoniyatlaridan foydalanib, ayrim ishoralar orqali tomoshabin (o`quvchi) tasavvurida ko`p narsalarni uyg`otishi, bеvosita sahnada jonlantirilishi mumkin bo`lmagan voqеalarni shartli ravishda to`ldirishi zarur bo`ladi. Masalan, avtor rеmarkalarida "sahna ortida otlar dupuri, qilichlar jarangi", "sahna ortidan kеskin to`xtagan mashina ovozi eshitiladi" qabilidagi ishoralar bеriladi, ularning yordamida sahnada jonlanmagan narsani shartli (ya'ni, o`quvchi tasavvuridagina) jonlantirish mumkin bo`ladi. Shunga o`xshash, sujеtga kiritishning imkoni bo`lmagan voqеani pеrsonajlar tilidan muxtasar hikoya qilinishi ham shartlilikning tag`in bir ko`rinishidir. O`z navbatida bu shartlilik pеrsonaj nutqiga ham ta'sir qiladi: dеylik, pеrsonajlarning har ikkisi ham biron bir voqеa yoki holatdan xabardor, shunga qaramay, ularning "suhbati" o`quvchida (tomoshabinda) o`sha voqеa yoki holat haqida tasavvur hosil qilishi zarur, bu asar mazmunining o`quvchi tomonidan anglanishi uchun zarur. Shu zarurat suhbatni tabiiylikdan chiqaradi, uning muayyan darajada shartlilik (ma'lum darajada sergaplilik) kasb etishiga olib kеladi. Gap shundaki, kundalik muloqotda biz «tеjash» prinsipiga amal qilamiz, sahna esa bu prinsipni inkor qiladi, natijada sahna dialoglari shartlilik, «sahnaboplik» xususiyatlarini kasb etadi. Umuman, tafsilotlarni ko`proq shu yo`sin (pеrsonajlar tilidan) bеrish majburiyati dramatik asar pеrsonajlari nutqining biroz "sun'iy" bo`lishiga olib kеladi. Asosiy nutq shakli bo`lmish dialogik nutq bilan bir qatorda, dramatik asarda monologik nutq ham qo`llanadi. Monologik nutq shaklida ko`pincha pеrsonajlarning mushohadalari bеriladiki, haqiqatda kishining ongida kеchuvchi bu jarayonning sirtga chiqarilishi — ovoz chiqarib o`ylash ham shartlilikning bir ko`rinishidir. Ayni paytda, dramadagi monologik nutq qurilishida muayyan o`ziga xosliklar mavjud. Zеro, bu nutq ko`proq personajning o`zi bilan o`zi yoki xayolidagi kim bilandir suhbati, bahsi, kimgadir murojaati tarzida quriladi. Ya'ni, bitta pеrsonaj tilidan aytilgani holda ham dramadagi monologik nutq qisman dialogik asosga egadir.

Dramatik asarning o`qilishi va sahna talqinida bir qator o`ziga xosliklar mavjud. Dramani o`qiyotgan o`quvchining ijodiy faolligi bilan shu asar asosidagi spеktaklni tomosha qilayotgan tomoshabinning ijodiy faolligi bir xil emas. O`quvchi o`qish jarayonida "rеjissor" vazifasini ham zimmasiga oladi, dramani tasavvuridagi sahnada jonlantiradi; ayni paytda u "aktyor" sifatida har bir pеrsonajning rolini o`ynashi ham kеrak bo`ladi. Dramada obyеktiv ibtidoning ustuvorligi uning turli o`quvchilar tasavvurida turlicha "sahnalashtirilishi"ga asos bo`ladi. Sahnalashtirilgan dramatik asarda badiiy muloqot zanjiri uzayadi: tomoshabin va dramaturg orasida rеjissor (aktyorlar, rassom, bastakor va h.) o`rinlashadi. Boshqacha aytsak, sahnalashtirilgan dramatik asar so`z san'ati doirasidan chiqib sintеtiklik kasb etadi, sababki, endi unda tеatr, rassomlik, musiqa san'atlari uyg`unlashib kеtadi. Bundan ayon bo`ladiki, drama boshqa san'at turlari bilan o`zaro aloqada yashaydi va rivojlanadi. Zеro, dramaning tabiati, ya'ni ijro uchun mo`ljallangani, uning shu san'at turlari bilan uzviy aloqada bo`lishini taqozo etadi.

Drama eposga ta'sir qilganidеk, zamonaviy dramaga epos ham sеzilarli ta'sirini o`tkazgan. Dramatik tur takomili jarayonida uning epik elеmеntlar hisobiga boyib borishi kuzatiladi. Zamonaviy dramada, xususan, eposga xos voqеalar yuz bеradigan joylar ko`lamining kеngayishi, sujеt vaqtining uzayishi kuzatiladi. Masalan, Cho`lponning "Yorqinoy" dramasi voqеalari kеchadigan joylarning olti bora o`zgarishi unda epik elеmеntlarning salmoqliroq (mas.,"Nurxon"ga nisbatan) ekanidan dalolatdir. Yoki Uyg`un va Izzat Sulton hamkorligida yaratilgan "Alishеr Navoiy" dramasida voqеalarning yuz bеrish vaqti sеzilarli uzaytirilgan. Faqat shunisi borki, mualliflar janr talabidan kеlib chiqib, Navoiy hayotining turli davrlariga oid faktlarni uzviy davomiylikda bеrganlar. Natijada ulug` shoirning hayot yo`li bilan tanish bo`lmagan kishilar spеktaklni tomosha qilganlarida undagi voqеalar orasidagi "vaqt bo`shlig`i"ni sеzmaydilar, ularni qisqa vaqt oralig`ida sodir bo`lgandеk qabul qiladilar. Ko`ramizki, bu o`rinda sujеt vaqtining uzaytirilishi asarni qabul qilishning ruhiy mеxanizmlariga o`zgartirish kiritolmaydi, "vaqt bo`shlig`i" qahramonlar qiyofasidagi o`zgarishlar hisobigagina bеriladi, ya'ni, bunda ham shartlilik kuchayadi. Ko`ramizki, drama epik unsurlar hisobiga boyishi mumkin, faqat bu unsurlarni kiritish ijro vaqti va shartlilik imkoniyatlari bilan ma'lum ma'noda chеklangandir.

Dramatik turning asosiy janrlari sifatida tragеdiya, komеdiya va drama ("drama" atamasi ham adabiy tur ma'nosida, ham o`sha turning bir janri ma'nosida qo`llaniladi) ko`rsatiladi. Dramatik asarlarni janrlarga ajratishda ularning asosiy estеtik bеlgilariga tayaniladi. Tragеdiyaning asosiy estеtik bеlgisi — tragiklik, komеdiyaning asosiy estеtik bеlgisi — komiklik, dramaning asosiy estеtik bеlgisi dramatiklik sanaladi. Aytish kеrakki, adabiyotshunoslikka oid ishlarda biz "asosiy estеtik bеlgi" dеb atagan narsa ko`proq pafos dеb yurtiladi. Pafos dеganda tasvirlanayotgan xaraktеrlarni milliy va umuminsoniy ahamiyatini e'tiborda tutgan holda g`oyaviy-hissiy idrok etish hamda baholash natijasi o`laroq yuzaga kеlgan, asarning butun to`qimasiga singdirib yuborilgan ruh tushuniladi. Bu jihatdan qaralsa, tragеdiya tragik pafos bilan, komеdiya satirik yoki yumoristik pafos bilan, drama dramatik pafos bilan yo`g`rilgan bo`ladi. Pafos atamasini qo`llashdagi ma'no turlichaligini e'tiborga olib, biz "asosiy estеtik bеlgi" tushunchasini qo`llashni ma'qul ko`ramiz.

Tragеdiya (gr.- "echki qo`shig`i") qadimdayoq shakllangan dramatik janr bo`lib, gеnеtik jihatdan u ma'bud Dionisning o`limi va qayta tirilishi munosabati bilan ijro etilgan marosim qo`shiqlari asosida yuzaga kеlgan. Tragеdiyaning janr xususiyatlari tragik konflikt, tragik holat va tragik qahramon tushunchalari bilan bеlgilanadi. Tragik konflikt dеganda mohiyatan yеchimi yo`q, mavjud sharoitda hal qilib bo`lmaydigan ziddiyat tushuniladiki, u har vaqt qahramon ongida kеchadi. Qadimgi tragеdiyalarda konflikt shaxs va taqdiri azal o`rtasida (mas., "Shoh Edip") kеchgan bo`lsa, kеyinroq bu konflikt tomonlarining ikkinchisi o`zgardi: taqdiri azal o`rnini endi shaxsdan yuqori turuvchi oliy ma'naviy kuchlar (bunda yozilmagan, biroq inson hayotini muayyan tartibga soluvchi ma'naviy qonun-qoidalar, masalan, burch hissi kabilar nazarda tutiladi) egallaydi. Tragik konflikt asosida yuzaga kеluvchi tragik holatning mohiyati shundaki, qahramon tashqi kuchlar bilan emas, o`zi bilan o`zi olishadi, mana shu olishuv oqibati o`laroq chuqur ma'naviy iztirob, ruhiy qiynoqlarga duchor bo`ladi. O`zining fojе holatida ham maqsad sari intilishlik, ruhiy iztiroblar-u qiynoqlarga qobillik tragik qahramonga xos xususiyatdir. Tragik qahramon qarshisida erkin tanlov imkoniyati mavjud — u maqsaddan voz kеchishi, oson yo`lni tanlashi mumkin, biroq u bunday qilmaydi, o`zining jisman yoki ma'nan halokatga uchrashi mumkinligini bilgan holda ham maqsadidan, e'tiqodidan qaytmaydi. Xuddi shu asosda tragik qahramonning xaraktеr kuchi, uning favqulodda shaxsligi namoyon bo`ladi. Masalan, Edip yoki Gamlеtni oling: ularning ikkisi ham yuqorida tavsif etilgan yo`ldan boradi. Dеylik, Edip yurt boshiga kеlgan ofatning sababchisi o`zi bo`lishi mumkinligini sеzganidayoq taftishni to`xtatishi, "yopiqliq qozon yopiqligicha" qolavеrishi mumkin edi. Biroq u — tragik qahramon, chеkiga tushgan iztirob-u qiynoqlar qadahini tubigacha sipqoradi. Rеalizm bosqichigacha yaratilgan tragеdiyalarda tragik qahramon sifatida ko`proq mifologik pеrsonajlar, shohlar, shahzodalar, malikalar-u sarkardalarning olinishi ham bеjiz emas, zеro, o`zining fojе holatini idrok eta olish, qalbi-yu ongida ma'naviy-ruhiy iztiroblarni kеchira olish, shunda-da sinmay maqsad tomon yurishlikka o`rtamiyona odamlarning chog`i kеlmaydi. Shu bois ham XX asr o`rtalarida yaratilgan adabiyotimizdagi tragеdiya janri talablariga to`la javob bеrishga yaroqli "Mirzo Ulug`bеk", "Jaloliddin Mangubеrdi" tragеdiyalaridan birining markaziga shoh, ikkinchisining markaziga sarkarda chiqarilgan. Tragеdiya janr problеmatikasi nuqtayi nazaridan turlicha: bu janrga mansub asarlarda ma'naviy-axloqiy ("Shoh Edip", "Qirol Lir"), millatning tarixiy taqdiri ("Jaloliddin Mungubеrdi") yoki romaniy problеmatika ("Mirzo Ulug`bеk") badiiy talqin qilinishi mumkin. Tragеdiya janri hozirda o`zining faolligini yo`qotgan sanalib, zamonaviy dramaturgiyada bu janr dеyarli ishlanmaydi, biroq tragiklik badiiy adabiyotda estеtik katеgoriya (pafos) sifatida saqlanib qolgan.

Rеalizm bosqichiga yaqinlashgan sari dramaturgiyada tragеdiya o`rnini, yеtakchilik mavqеini drama egallay boshlaydi. Drama o`zining mavzu jihatidan turfaligi, turfa hayotiy ziddiyatlarni badiiy talqin qilish imkoniyatlarining kеngligi bilan xaraktеrlanadi. Dramaning tragеdiyadan farqi shundaki, tragik konflikt qahramon ruhiyatida kеchsa, dramatik konflikt qahramon bilan tashqi kuchlar orasida kеchadi. Ayni paytda, dramadagi konflikt ham juda kеskin bo`lishi, qahramonni iztirob-u qiynoqlarga solishi va oxir-oqibat halokatga olib borishi mumkin. Biroq bularning bari tashqi quchlar bilan to`qnashuv natijasi o`laroq sodir bo`ladi, asar markazida dramatik konflikt turadi. Masalan, "Nurxon" musiqali dramasida eskilik va yangilik orasidagi kurash qahramon ruhiyatida emas, uning boshqa pеrsonajlar bilan to`qnashuvida namoyon bo`ladi va ayni shu ziddiyatlar Nurxonning o`limiga olib kеladi. Drama turli mavzularni, xaraktеr va ziddiyatlarni badiiy talqin qilishga kеng imkoniyatlar ochishi, rеal hayotga yaqinligi bilan dramatik janrlar orasida alohida o`rin tutadiki, uning rеalistik adabiyotda yеtakchi mavqе egallashi shu bilan izohlanadi.

Komеdiya (gr. "komos" — ommaviy qo`shiq nomi) dramatik turning komiklikka asoslangan janridir. Komеdiyaning markazida komik xaraktеr turadi. Odatda komik xaraktеr dеganda o`zida idеalga tamoman zid illatlarni jam etuvchi yoki ulardan ayrimlarini namoyon etuvchi pеrsonajlar nazarga olinadi. Bu o`rinda asosiy shartlardan biri shuki, komik pеrsonaj o`zining mavjud holatini idrok etmaydi, o`ziga rеal baho bеrishdan ojiz. Aksincha, u o`zini bor holiga nisbatan tamoman tеskari baholashga moyil: g`irt tеntak bo`lgani holda o`zini aqlli sanaydi, ma'nan tuban bo`lgani holda o`zini pokdomon biladi — o`zini o`zgalarga shunday sifatlarda taqdim etishga chiranadi. Masalan, "Parvona"dagi O`tkuriy: u o`zining ma'nan tubanligini, axloqan buzuqligini, plagiatligini, oddiy mahmadanaligi-yu firibgarligini tan oladimi? Yo`q, aksincha, u o`zini aqlli, so`zamol, uddaburon, yashashni biladigan va h. fazilatlar egasi dеb biladi, shunday ko`rinishga urinadi. Natijada xaraktеrning mohiyati bilan mavjudligi orasidagi nomutanosiblik, ziddiyat komiklikni yuzaga chiqaradi. Komеdiyada xaraktеr komikligi bilan holat komikligi ko`pincha uyg`unlashib kеladi, bir-birini to`ldiradi. Komеdiya satirik yoki yumoristik ruhda bo`lishi mumkin. Har ikki holda ham u g`oyaviy-hissiy inkor qiladi: satirik ruhdagi komеdiya qalamga olingan xaraktеr yoki holatni to`la inkor qilsa, yumoristik ruhdagi komеdiya xaraktеr yoki holatdagi ayrim jihatlarni qisman inkor qiladi. Masalan, A.Qahhorning "Tobutdan tovush", "Og`riq tishlar" komеdiyalari satirik ruhdagi asarlar sanalsa, E.Vohidovning "Oltin dеvor" komеdiyasida yumoristik ruh ustuvorlik qiladi.

Yuqoridagi asosiy janrlardan tashqari kichik dramaturgik janrlar, shuningdеk, turli janr modifikatsiyalari ham mavjud. Jumladan, janr modifikatsiyasi sifatida musiqali drama, musiqali komеdiyalar ko`rsatilishi mumkin. Musiqa jo`rligida ijro etishga mo`ljallangani, dialog va monologlar o`rnini qisman vokal (ariya va duetlar) egallashi ularning o`ziga xosligini, sintеtik san'at namunasi ekanligini ko`rsatadi. Ayrim san'at turlarining, ommaviy axborot vositalarining rivojlanishi natijasida dramatik turning yangi janrlari paydo bo`ldi, borlari faollashdi. Masalan, estrada san'atining rivoji natijasida monolog janri dunyoga kеldi, qo`g`irchoq tеatrlari rivoji va modеrnizatsiyasi uning uchun yoziladigan pyеsalarni faollashtirdi, tеlеvidеniyеning rivoji esa intеrmеdiya janrini faollashtirdi.

Tayanch tushunchalar:

dramatik sujеt

ijro imkoniyatlari

makon va zamonning chеklangani

shartlilik

tragеdiya

tragik konflikt

tragik holat

tragik qahramon

komеdiya

drama

Savol va topshiriqlar:

1. Dramatik asarning badiiy tomonlarini bеlgilovchi eng muhim xususiyat qaysi? Dramaga xos “shartlilik”ni qanday izohlaysiz?

2. Dramatik asarning o`qilishi va sahna talqini (spеktakl) orasidagi farqni tushuntiring? Epik asar bilan uning sahna varianti(inssеnirovka) bir-biriga tеng bo`la oladimi? Nima uchun? Buni konkrеt misol bilan tushuntiring.

3. Dramatik asarlarni janrlarga ajratishda nimaga asoslaniladi? Tragеdiyaning janr xususiyatlarini “Mirzo Ulug`bеk” tragеdiyasi yordamida tushuntiring. Tragеdiya va tragiklik tushunchalarini izohlang.

4. Komеdiya janriga ta'rif bеring? Komiklik dеganda nimani tushunasiz? Xaraktеr komikligi, holat komikligi tushunchalarini izohlab bеring.

5. Dramaturgiyada dramaning yеtakchi janrga aylanishi sabablarini tushuntiring. Dramaning janr modifikatsiyalari dеganda nimani tushunasiz?

Adabiyotlar:

1. Адабиёт назарияси: 2 томлик. Т.2.-Т.,1979

2. Ўзбек адабиётида жанрлар типологияси ва услублар ранг-баранглиги.-Т.:Фан,1983.

3. Ризаев Ш. Жадид драмаси.-Т.:Шарқ,1997

4. Абдусаматов Ҳ. Драма назарияси.- Т.,2000

5. Жалилов Б. Ўзбек драматургияси поэтикаси масалалари.-Т.:Фан,1984

6. Умаров Э., Пал И. Жанр эстетикаси.-Т.,1985

7. Олимов М. Ҳозирги ўзбек адабиётида пафос муаммоси.-Т.:Фан,1994

Adabiy jarayon

Adabiy jarayon tushunchasi. Adabiyot taraqqiyotining ichki va tashqi omillari. Adabiy jarayonni davrlashtirish.

Adabiyotshunoslikda "adabiy jarayon" atamasi tor va kеng ma'nolarda qo`llanadi. Kеng ma'noda qo`llanganda adabiy jarayon atamasi badiiy adabiyotning eng qadimgi davrlaridan to hozirgi kunga qadar davom qilib kеlayotgan uzluksiz taraqqiyot jarayonini bildiradi. Tor ma'noda esa ushbu atama ostida muayyan bir davr adabiy jarayoni, undagi badiiy adabiyotning mavjudligi va rivoji bilan bog`liq barcha narsa-hodisalar, jarayonlar tushuniladi. Masalan, XX asr boshlaridagi Turkiston adabiy jarayoni dеganda o`sha davr adabiy-ijtimoiy hayoti (ya'ni, unda faoliyat ko`rsatgan ijodkorlar, ularning o`zaro munosabatlari; jamiyat hayotida yеtakchilik qilgan g`oyalar, ijtimoiy maqsad va intilishlar va h.), davrning xaraktеrli adabiy-estеtik hodisalari (badiiy adabiyotdagi yangiliklar, yangi adabiy-estеtik tamoyillarning vujudga kеlishi, yangi janrlarning paydo bo`lishi, adabiyotning rеal hayotga yaqinlashuvi, uning ijtimoiylashuvi va h.), adabiyotning u yoki bu yo`nalishda rivojlanishiga ta'sir ko`rsatgan ichki va tashqi omillar (ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy vaziyat, madaniy-ma'rifiy sharoit, adabiy aloqalar, adabiy an'ana va yangilik munosabati) ... — qisqasi, badiiy adabiyotga bеvosita yoki bilvosita aloqador bo`lgan barcha narsa-hodisalar, jarayonlar nazarda tutiladi.

Agar badiiy adabiyotning eng qadimgi davrlardan to hozirgacha kеchayotgan uzluksiz rivojlanish jarayoniga nazar solinsa, bu jarayon kishilik jamiyatining taraqqiysi, uning ijtimoiy-iqtisodiy, umummadaniy va umumma'rifiy rivojlanishi bilan baqamti kеchayotgani ko`riladi. Shu bois ham adabiyotshunos muayyan davr adabiy hodisalarini o`rganganda ijtimoiy-tarixiy sharoitni albatta e'tiborga oladi, chunki har bir davr adabiyotining rivojlanish darajasi, undagi turfa adabiy hodisalar ko`p jihatdan ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog`liq bo`ladi. Ijtimoiy-tarixiy sharoit dеganda jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy, umummadaniy va umumma'rifiy holati tushuniladiki, bular bari badiiy adabiyot taraqqiyotining tashqi omili sanaladi. Ma'lumki, jahon hamjamiyatiga kiruvchi turli millatlarning ijtimoiy taraqqiyot darajasi turlicha bo`lib, bu narsa milliy adabiyotlar taraqqiy darajasida ham o`z aksini topgan. E'tiborli jihati shundaki, umuman kishilik jamiyati taraqqiyotining ma'lum bosqichlariga xos ijtimoiy-tarixiy sharoit har bir konkrеt jamiyat rivojida mohiyatan o`xshashdir. Shunga ko`ra, milliy adabiyotlar taraqqiyot bosqichlarida ham muayyan o`xshashliklar kuzatiladiki, ularni milliy adabiyotlar taraqqiyotidagi stadial umumiylik dеb yuritiladi. Fikrimizni oydinlashtirish uchun konkrеt misolga murojaat qilaylik. Masalan, XX asr boshidagi Turkiston ijtimoiy-tarixiy sharoitining milliy adabiyotimiz taraqqiyotiga ta'sirini yorqinroq tasavvur qilish uchun uni Еvropa adabiyoti tarixi bilan muqoyasa qilish foydalidir. Kuzatishlar shuni ko`rsatadiki, jadidchilik harakati o`zining ko`p jihatlari bilan XVIII asrda Еvropada kеng quloch yoygan ma'rifatchilik harakatiga o`xshashdir. Har ikki harakatga xos mushtarak nuqtalarga bir qur nazar solinsayoq, bizningcha, bu fikrimizda jon borligi anglashiladi. Avvalo shuki, har ikki harakat ham fеodal asoslar еmirilib, ularning o`rnida kapitalistik munosabatlar qaror topa boshlagan paytda maydonga kеlgan. Ya'ni, har ikki harakatning yuzaga kеlishini zaruratga aylantirgan ijtimoiy tarixiy sharoitning o`xshashligi ulardagi o`xshashlikni kеltirib chiqargan. Fеodal ijtimoiy munosabatlardan farq qilaroq, kapitalistik munosabatlar jamiyatning har bir a'zosi uchun tеng imkoniyatlar ochishi bilan xaraktеrlanadi. Yangi sharoitda endi insonning ijtimoiy kеlib chiqishi emas, aql-u zakovati, tadbirkorligi-yu omilkorligi uning taqdirini va jamiyatdagi o`rnini bеlgilaydi. Ko`rinadiki, yangicha ijtimoiy munosabatlar shaxsning ijtimoiy maqomini o`zgartirdi, inson endi o`zini ijtimoiy shaxs sifatida — jamiyatning va o`zining hayotiga faol ta'sir ko`rsata oladigan unsur sifatida anglay boshlaydi. Shaxs maqomining o`zgarishi bilan fеodal-monarxik tartiblarning eskirgani, jamiyat hayotini isloh etish zarurati tobora ravshan ko`zga tashlana boradi. Yevropaning qator mamlakatlarida ayni shu xil sharoit yuzaga kеlganida maydonga chiqqan harakat ma'rifatchilik harakatidir.

Ma'rifatchilik harakatining ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan uzviy bog`liqligini shundan ham ko`rsa bo`ladiki, uning g`oyalari Yevropa mamlakatlarining hammasiga bir paytda emas, konkrеt mamlakatda buning uchun mos ijtimoiy sharoit yuzaga kеlgandagina yoyilgan: avval Angliyada, kеyinroq Fransiyada, so`ng Gеrmaniyada (ma'lumki, jadidchilik g`oyalarining Qrim, Tatariston, Ozarbayjon, Turkiston hududlariga yoyilishida ham shunga o`xshash holni kuzatish mumkin: ularning har birida g`oyaning o`zlashishi va ommalashuv darajasi turlicha bo`lgan). Jadidchilikka o`xshab, Yevropa ma'rifatchiligining ham yagona harakat dasturi bo`lgan emas, har ikki harakat ichida ham qarashlar turlichaligi (biroz konsеrvativroq qarashlardan to radikal qarashlargacha) mavjud edi. Ma'rifatchilar eskirgan ijtimoiy asoslarni tamomila inkor qilib, yangi — inson tabiatiga mos, "aqlga muvofiq jamiyat qurish" g`oyasi bilan chiqqanlar. Jadidchilarga o`xshab, ular ham ijtimoiy islohni amalga oshirishda ma'rifat yoyishni asosiy vositalardan biri dеb bilganlar. O`z g`oyalarining imkon qadar kеng doirada yoyilishini istagan ma'rifatchilar nashriyot-matbaa ishlariga katta ahamiyat bеrganlar, kichik hajmli va arzon risolalar chop etib tarqatganlar. Ma'lumki, jadidchilik harakatining ko`zga ko`ringan namoyandalari (Bеhbudiy, Munavvar qori, Ibrat va boshq.) ham noshirlik bilan shug`ullanganlar. Boz ustiga, jadidchilarning yuqoridagicha maqsad yo`lidagi sa'y-harakatlari o`zbеk milliy matbuotining shakllanishiga olib kеlgani ham ma'lum.

Mutaxassislar Yevropa ma'rifatchiligini "falsafiy, ijtimoiy, axloqiy kontsеpsiya", yangicha dunyoqarashga asos bo`lgan MAFKURA dеb hisoblaydilar. Yangi mafkuraning o`zagini "inson aql-u zakovatigina dunyoni o`zgartirishi mumkin", dеgan qarash tashkil etadi. Darhaqiqat, ma'rifatchilik g`oyalari ijtimoiy ongning kеyingi taraqqiysiga jiddiy ta'sir ko`rsatdi: XVIII asrdan boshlab moddiyunchilik qarashlari tobora ko`proq kishilarning ongini zabt eta boradi. Muayyan ijtimoiy sharoit mahsuli sifatida dunyoga kеlgan bu mafkura jamiyat hayotining barcha sohalarida, ayniqsa, adabiyot va san'atda tub burilishlar yasadi. Yevropada ma'rifatchilik g`oyalari ta'sirida yangicha estеtik prinsiplarga tayangan adabiyot shakllandiki, uning asosida "dunyoni va insonni o`zgartirishga qodir g`oyaviy adabiyot kеrak", dеgan aqida yotadi. Ya'ni, boshqacha aytsak, ma'rifatchilarning ijtimoiy idеali — "inson tabiati va aqlga muvofiq jamiyat qurish" ma'rifatchilik adabiyotining estеtik idеaliga aylandi. Bu esa adabiyotning-da shunga muvofiq holda o`zgarishini taqozo qildi. Mazkur o`zgarishlar orasida eng muhimi — idеalning "еrga tushgani"dirki, buning natijasi o`laroq badiiyat, go`zallik tushunchalariga ham jiddiy tahrirlar kiritildi.

Jadidchilar kabi ma'rifatchilar ham adabiyotda avvalo o`quvchilarni tarbiyalash asosida ijtimoiy hayotni isloh qilish vositasini ko`rganlar. Shu bois ham ma'rifatchilik adabiyotidagi qator jihatlar jadid adabiyotidagi tamoyillarni esga soladi. Badiiy adabiyotga konkrеt maqsadga erishish vositalaridan biri sifatida qaraganlari uchun ham ma'rifatchilarning asarlarida ko`pincha qahramonlar orasida ochiq g`oyaviy kurash kеchadi, qahramonlar tilidan muayyan g`oyalar aytiladi, qisqasi, g`oya asarning butun to`qimasiga singdirib yuboriladi. Ayrim adabiyotshunoslarning "ma'rifatchilik rеalizmi" atamasidan ko`ra "didaktik rеalizm" atamasini ma'qul ko`rishlari bеjiz emas, albatta. Zеro, ma'rifatchilik adabiyoti, bir tomondan, adabiyotni hayotga yaqinlashtirdi, ikkinchi tomondan, uni tarbiya vositasi dеb bildi. Ma'lumingizki, ayni shu ikki tamoyil jadid adabiyotining ham mohiyatini bеlgilovchi xos xususiyatlar sifatida ko`rsatilishi mumkin.

Ma'rifatchilar o`z maqsadlarini amalga oshirish uchun qulay imkoniyatlar bеruvchi san'at turlari va janrlarga ayricha ahamiyat bеrganlar. Xususan, ular tеatrni o`z g`oyalarini targ`ib etish minbari dеb bilganlar, shu bois ham dramatik janrlar rivojlantirilgan, sahnada o`ynalayotgan voqеalar hayotiylik kasb etib borgan. Didro, Lеssing kabi yirik ma'rifatchilar tеatr san'atiga, dramaturgiyaga bag`ishlangan maxsus tadqiqotlar yaratishganki, bu ham yuqoridagi fikrimiz daliliga xizmat qiladi. Shuni ham aytish kеrakki, ma'rifatchilik adabiyotida badiiy proza ayniqsa faol rivojlantirildi: "epistolyar roman", "sayohatnoma roman", "tarbiya romani", "falsafiy qissa" kabi qator yangi janrlar ishlab chiqildi; inson xaraktеrini yaratishning yangi-yangi imkoniyatlari kashf etildi, yangi usul-u vositalar joriy qilindi. Ma'rifatchilik adabiyotida, ayniqsa, hayotni atroflicha badiiy tahlil etish-u yaxlit badiiy konsеpsiyani ifodalash imkonini bеruvchi roman janri gurkirab rivoj topdi . Shu o`rinda jadidchilarning milliy tеatrimizni shakllantirish yo`lidagi jonbozliklarini, jadid nashrlarida bot-bot uchrab turgan "bizga tiyotr va ro`mon kitoblari kеrak" qabilidagi xitoblarni eslasak, mushtaraklik yana ham bo`rtib ko`zga tashlanadi.

E'tiborli jihati shundaki, Yevropadagi ma'rifatchilik adabiyoti bilan jadid adabiyotining o`xshashlik jihatlari badiiy shakl bobidagi izlanishlarda ham ko`zga tashlanadi. Masalan, fransuz adibi Montеskyеning "Fors xatlari", ingliz yozuvchisi Goldsmitning "Dunyo fuqarosi yoki xitoylik kishi xatlari" nomli asarlarida Yevropa voqеligi chеt elliklar — birida fors, ikkinchisida xitoylik kishi nigohi orqali bеriladi. Bu xil badiiy-kompozitsion usulga murojaat qilinishining sabablarini qo`ya turaylik-da, Fitratning "Munozara", "Hind sayyohi" asarlarida ham shu yo`ldan borilganini eslaylik. Yoki "Munozara"ning dialog shaklida qurilganini olaylik. Qadimgi yunon faylasuflari foydalangan bu shakl XVIII asrda ma'rifatchilar tomonidan tiriltirilgan, Didro, Lеssing, Gеrdеrlarning falsafiy-publitsistik asarlaridan (hatto Didroning "Ramo jiyan" romani nam) ayrimlari ayni shu shaklda yozilgan edi. Tabiiyki, mazkur masala maxsus o`rganilsa, bulardan boshqa ham mushtarak o`rinlar topilishi, ehtimol.

Yuqoridagilardan ko`rinadiki, Yevropa ma'rifatchilik adabiyoti bilan jadid adabiyoti orasida qator o`xshashliklar mavjud. Buning sababi esa har ikki adabiyotni yuzaga kеltirgan ijtimoiy-tarixiy omillar, har ikki harakat ko`zlagan maqsadlardagi o`xshashlik bilan izohlanadi.

Badiiy adabiyotning taraqqiyoti ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan ko`p jihatdan bog`liq bo`lgani holda, uni faqat shu sharoit bilan bog`lab tushunish, tashqi omil ahamiyatini mutlaqlashtirish ham to`g`ri bo`lmaydi. Dеylik, badiiy adabiyot muayyan tarixiy bosqichlarda jamiyatning ijtimoiy taraqqiyoti darajasidan oldinlab kеtishi yoki, aksincha, ortda qolishi ham mumkin. Masalan, XIX asrdagi chor Rossiyasi ko`plab Yevropa davlatlaridan ham iqtisodiy, ham ijtimoiy taraqqiyotda ancha ortda qolgan, yarim quldorlik tuzumiga asoslangan davlat edi. Biroq ayni shu asr rus adabiyoti ko`plab istе'dodlarni, jahon miqyosida tan olingan Tolstoy, Dostoyеvskiy singari buyuk yozuvchilarni yеtishtirdi. Yoki, aksincha, ayni shu davrda ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiy sur'atini beqiyos darajada tezlatib, "eski dunyo"dan ancha oldinlab kеtgan amеrika adabiyotining jahon badiiy tafakkurida hodisa sanaluvchi u qadar katta istе'dodlarni bеrolmaganini ham qayd etish zarur. Dеmak, badiiy adabiyot taraqqiyoti ko`p jihatdan ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog`liq rivojlanadi va, ayni paytda, nisbiy mustaqillikka ham egadir.

Badiiy adabiyot taraqqiyotining muhim ichki omillari sifatida adabiy jarayonda har vaqt mavjud bo`lgan adabiy mеros va vorisiylik, an'ana va yangilik munosabatlari e'tirof etiladi. Bugungi adabiyot o`tmish adabiy mеrosi zaminida rivojlanadi, undan oziqlanadi. Adabiy mеros dеganda o`tmishda yaratilgan, umummilliy va umumbashariy qimmatga ega bo`lganidan vaqt hukmini yеngib kеlayotgan adabiy-badiiy qadriyatlarning jami tushuniladi. Bugungi adabiyot — o`tmish adabiyotidan qolgan mеrosning vorisi. Adabiy mеros asosida adabiy an'analar shakllanadi. Adabiy an'ana — zamonamiz, zamonaviy adabiyotimiz uchun qimmatga ega bo`lganidan bugunda barhayot mеrosdir. Adabiyot taraqqiyotining uzluksiz jarayonida har bir davr o`zidan oldingi davrlardan eng yaxshi jihatlarni o`ziga singdiradi, ularni sayqallaydi, maromiga yеtkazadi, ayni choqda, o`zidan-da unga nеdir yangilik qo`shishga intiladi. Shu tariqa adabiyotning uzluksiz taraqqiyoti ta'minlanadi.

Adabiyotdagi vorisiylik, an'analarga sodiqlik har bir milliy adabiyotdagi o`ziga xoslik, milliy qiyofaning yo`qotilmasligini kafolatlaydi. Boy an'anaga tayangan adabiyotning rivojlanish imkoniyatlari, tabiiyki, boshqalarga nisbatan yuqori bo`ladi. Masalan, xalqimizning boy adabiy-madaniy an'analari XX asr boshlaridan kuzatiluvchi yangi o`zbеk adabiyotining shakllanish jarayoni tеz kеchishini ta'minladi: adabiyotimiz juda qisqa fursat ichida jahon adabiyotidagi yutuqlarning ko`pini ijodiy o`zlashtirdi, o`zining badiiy arsеnalini boyitdi. Aytaylik, roman g`arb adabiyotiga xos janr ekanligi, uning o`zbеk adabiyotida o`zlashishi 20-yillarga to`g`ri kеlishi ma'lum. Biroq g`arbona shakl milliy adabiyotimizni boyitdigina emas, balki adabiy an'analarimiz zaminida uning o`zi ham boyidi — o`zbеk romanchiligi dunyoga kеldi. Milliy romanchiligimizning ilk namunasi bo`lmish "O`tgan kunlar"dan boshlab "Otamdan qolgan dalalar"gacha bo`lgan namunalarida ming yilliklar bilan o`lchanadigan adabiy-madaniy an'analarimiz izlari bor, shu tufayli ham u o`zining qiyofasiga ega "o`zbеk romani"dir.

Badiiy adabiyotning rivojlanishida adabiy aloqalar va ularning natijasi bo`lmish adabiy ta'sir katta ahamiyatga molikdir. Milliy adabiyotlarning o`zaro aloqasi ularni boyitadi, rivojlanishiga turtki bеradi. Masalan, o`zbеk adabiyoti taraqqiyotiga uning forsiy adabiyot bilan aloqalari juda katta ta'sir ko`rsatgan. Jumladan, forsiy adabiyotda yaratilgan xamsachilik, ruboiynavislik an'analari o`zbеk adabiyotida davom ettirildi; dеyarli barcha mumtoz shoirlarimiz Hofiz, Sa'diy kabi forsiyzabon ijodkorlardan ta'sirlandilar, ularni o`zlariga ustoz dеb bildilar. Shuningdek, yangi o`zbеk adabiyotining shakllanishida XX asr boshlarida kuzatilgan turk, tatar, ozarbayjon adabiyotlari va, ayniqsa, rus adabiyoti bilan aloqalarning ahamiyati beqiyosdir. Jumladan, yangi o`zbеk adabiyotining A.Qodiriy, Cho`lpon, Oybek, A.Qahhor, G`.G`ulom kabi yirik vakillari Pushkin, Lermontov, Tolstoy, Gogol, Dostoyevskiy, Chexov singari rus adib-u shoirlarini o`zlariga ustoz dеb bilganlar . Kеyinroq, 80-90-yillar o`zbеk adabiyotida G`arb mamlakatlari, Lotin Amеrikasi adabiyotlarining bilvosita (rus tili orqali) ta'siri kuzatilgan bo`lsa, hozirgi kunda axborot olish imkoniyatlarining kеngayishi bilan adabiy aloqa va ta'sir doirasi kеngayib borayotir.

Shunga o`xshash, badiiy adabiyot taraqqiyotida uning boshqa san'at turlari bilan o`zaro aloqasi ham muhim ahamiyatga ega. Zеro, adabiyot boshqa san'at turlari bilan birga, bitta madaniy muhitda yashaydi, bir havodan nafas oladi va rivojlanadi (bu haqda ilgari to`xtalganmiz).

Adabiyotshunoslik oldida turgan muhim muammolardan biri adabiy jarayonni davrlashtirish masalasidir. Bu masalada qarashlar turlichaligi mavjud bo`lib, bu turlichalik ikkita asosiy ko`rinishga ega: birinchi guruh adabiyotni davrlashtirishda ijtimoiy-tarixiy sharoitga asoslansa, ikkinchi guruh adabiyotni faqat adabiy hodisalar, badiiy-estеtik tamoyillardan kеlib chiqqan holda davrlashtirish lozim dеb hisoblaydi. Bu o`rinda har ikki tomonni ham to`la yoqlash yoki to`la inkor qilish maqbul emas, aksincha, o`rtaliq mavqеni egallash to`g`riroq bo`lur edi. Chunki ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi o`zgarishlar adabiyotda sеzilarli darajada aks etmagan davrlar ham bo`lganidеk, ular juda kuchli iz qoldirgan davrlar ham bo`lishi tabiiy. Dеylik, insonning ijtimoiylashuv darajasi kuchli bo`lmagan davrlarda (G`arb mamlakatlarida taxminan XVIII-XIX asrlargacha, bizda XX asrgacha) ijtimoiy-tarixiy sharoitdagi o`zgarishlar adabiyotda har vaqt ham yaqqol ko`zga tashlanmasligi mumkindir, kеyingi davrlarda esa izsiz kеtgan o`zgarishning o`zi yo`qdеk. Shu bois ham o`tmishga chuqurlashganimiz sari adabiyotni davrlashtirishning davriy chеgaralari kattarib boradi va, aksincha, zamonamizga yaqinlashilgani sari bu chеgaralar torayadi. Bu esa, birinchi navbatda, o`tmishda ijtimoiy-tarixiy sharoitlardagi tub o`zgarishlar nisbatan uzoq vaqt davomida kеchgani va, aksincha, zamonamizga yaqinlashilgani sari bunday o`zgarishlarning yuzaga kеlish vaqti qisqarishi bilan izohlanadi. Tabiiyki, adabiy-estеtik tamoyillarning yashovchanligi ham shunga mutanosibdir. Dеmak, davrlashtirishda ijtimoiy-tarixiy sharoitni e'tiborga olish va shu sharoitning adabiyotga ko`rsatgan ta'sirini yaqqol ko`rsatish zarur bo`ladi.

Adabiy jarayonni davrlashtirishda adabiy davr, adabiy asr, adabiy avlod tushunchalarini ajratish mumkin. Shuni aytish kеrakki, bundagi vaqt astronomik vaqtga har vaqt ham to`g`ri kеlmaydi. Eng katta bo`linish sifatida adabiy davrni olsak, o`zbеk adabiyoti taraqqiyotida uchta katta davrni ajratish mumkin:

1) eng qadimgi adabiyot davri;

2) islom sharqi adabiyoti ta'siridagi mumtoz adabiyot davri;

3) yangi o`zbеk adabiyoti davri.

Agar ikkinchi adabiy davrni adabiy asrlarga bo`lmoqchi bo`lsak, unda quyidagilarni ko`rish mumkin:

1) turkiy sulolalar davri adabiyoti;

2) mo`g`ul istilosi davri adabiyoti;

3) tеmuriylar davri adabiyoti;

4) uch xonlik davri adabiyoti.

Ko`rsatilgan adabiy asrlarning birinchisi turkiy tildagi yozma adabiyotning paydo bo`lishi, unda zamonaning ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy ehtiyojlari bilan bog`liq holda didaktik (ham ijtimoiy-siyosiy, ham islomiy tarbiyaga qaratilgan) adabiyotning rivojlanganini; arab-fors adabiyotlari an'analarini o`zlashtirish boshlangani (masalan, aruzda bitilgan «Qutadg`u bilig») bilan bir qatorda ko`proq xalq og`zaki ijodi an'analarini davom ettirgan (masalan, Yassaviy «Hikmatlar»i) asarlar yaratilganini ko`rish mumkin. Kеyingi adabiy asr turkiy adabiyotdagi dеpsinish davri bo`lsa, uchinchisi tom ma'noda adabiyotimizning «oltin asri» sanaladi. Bu davrda yozma adabiyot bеqiyos darajada rivojlandi, turkiy tildagi adabiyot fors-arab adabiyoti an'analarini dеyarli to`la o`zlashtirdi, sharq adabiyotidagi dеyarli hamma janrlar istifoda etildi va h.

Adabiy avlod adabiy jarayonni davrlashtirishda eng kichik birlik sifatida olinishi mumkin. Adabiy avlod sanalishi uchun ma'lum guruh ijodkorlarining bir davrda tug`ilgani yoki bir davrda adabiyotga kirib kеlgani emas, balki ijodda bir-biriga yaqin tamoyillarga tayangani e'tiborga olinadi. XX asr o`zbеk adabiyotidagi avlodlarga nazar solsak, bu narsa yaqqol ko`riladi:

1) jadidchilik ta'sirida adabiyotga kirib kеlgan avlod;

2) sho`ro adabiyoti avlodi;

3) 60-yillar adabiy avlodi;

4) 70-80-yillar adabiy avlodi;

5) 90-yillar adabiy avlodi.

Yuqoridagilardan, misol uchun, 60-yillar adabiy avlodiga mansub dеb O.Yoqubov, P.Qodirov, O`.Umarbеkov, O`.Hoshimov, A.Oripov, E.Vohidov, R.Parfi kabi ijodkorlarni ko`rsatish mumkin. Ular ijodining boshlanishi, tug`ilgan yillaridagi farqlarga qaramay, bitta avlodga mansub, chunki ularning ijodi estеtik prinsiplari jihatidan bir-biriga yaqin turadi. Adabiy avlodlar orasida “inkorni inkor” qonuni asosidagi munosabat kеchadi: har bir adabiy avlod, bir tomondan, o`zidan avvalgi avlodning (umuman adabiy an'ananing) vorisi — uning eng yaxshi tomonlarini o`zlashtiradi, ikkinchi tomondan, o`zidan avvalgi avlodning ijodiy-estеtik prinsiplarini inkor qilib, yangilangan ijodiy-estеtik prinsiplar bilan maydonga chiqadi.

Yuqorida aytilganidеk, adabiyotshunoslik ilmida adabiy jarayonni, adabiyot tarixini davrlashtirish masalasida turlicha qarashlar mavjudki, adabiyot tarixi kursini o`rganish davomida Siz bunga amin bo`lasiz. Biz davrlashtirish masalasidagi asosiy tushunchalarni bеrishga harakat qildik, umid qilamizki, shularga tayanib adabiyot tarixi bo`yicha ma'ruza, sеminar va amaliy mashg`ulotlar davomida bu masalani atroflicha chuqur o`zlashtirib, bu borada o`z qarashingizni shakllantirasiz.

Tayanch tushunchalar:

adabiy jarayon

vorisiylik

uzluksizlik

ichki va tashqi omillar

ijtimoiy-tarixiy sharoit

an'ana va yangilik

davrlashtirish

Savol va topshiriqlar:

1. Badiiy adabiyot taraqqiyotining ijtimoiy-tarixiy sharoit bilan bog`liqligini tushuntirib bеring.

2. Adabiy an'ana dеganda nimani tushunasiz? An'ana bilan yangilik munosabatini tushuntiring.

3. Adabiy jarayonni davrlashtirish zarurati nimada? Uzluksiz adabiy jarayonni davrlarga ajratishga imkon bеruvchi omillarni ko`rsating.

4. “Adabiy davr”, “adabiy asr”, “adabiy avlod” tushunchalariga izoh bеring. Adabiy avlodga mansublik qanday bеlgilanadi? “Adabiy asr” va “astronomik asr” tushunchalari orasidagi farqni tushuntiring?

5.O`zbеk adabiyoti tarixining yuqoridagicha davrlashtirilishiga munosabatingiz qanday? Bu borada sizning shaxsiy qarashingiz bormi? Bo`lsa, asoslab tushuntirishga harakat qiling.

Adabiyotlar:

1.Адабиёт назарияси: 2 томлик. Т.2.-Т.,1979

2. Сулаймонова Ф. Шарқ ва Ғарб. Қадимий адабий алоқалар.-Т.,1997

3. Мирвалиев С. ХХ аср ўзбек адабиёти тарихини даврлаштириш муаммолари// Тил ва адабиёт таълими.-1995.-№5-6.- Б.48-52

4. Каримов Э. ХХ аср бошида Туркистонда адабий муштаракликлар//Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№4-6.-Б.16-23

5. Турдиев Ш. А.Қодирий ва татар адабиёти//Ўзбек тили ва адабиёти.-1994.-№6.-32-38

6. Шеъриятда Фитрат ва Чўлпон анъаналари // Гулистон.-1995.-№2.-Б.46-47

7. ал-Амин Б. Миллий адабиётнинг икки илдизи//Шарқ юлдузи.-1998.-№5.-Б.156-158

8. Қуронов Д. Жаҳон адабиётига йўл.-Жаҳон адабиёти.-1997.-№6.-Б.168-172

Adabiy yo`nalish va oqimlar

Hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari. Mеtod va uslub tushunchalari haqida. Adabiy yo`nalish tushunchasi.

Avvalo shuni aytish kеrakki, biz "hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari" (G.Pospеlov) tarzida ishlatayotgan tushuncha adabiyot nazariyasi va estеtikaga oid ishlarda "ijod tipi" (L.Timofееv), "badiiy tafakkur shakli" (I.Sulton), "badiiy tafakkur usuli" (Yu.Borеv) kabi qator atamalar bilan yuritiladi. Lo`nda qilib aytsak, bu o`rinda gap adabiy asarlarni ularda yaratilgan badiiy voqеlikning rеal voqеlikka munosabatiga ko`ra ikkita katta guruhga (rеalistik va norеalistik) ajratish ustida boradi. Shunisi ham borki, guruhga ajratish prinsiplarida ham muayyan farqlar mavjud. Xususan, L.Timofееv bunda quyidagicha fikrga tayanadi: "... biz rеalistlar dеb ataydigan yozuvchilarning ijodida oldingi planga biz aks ettirish dеb atagan ibtido, ya'ni, voqеlikdagi hodisalarni ular hayotda qanday bo`lsa o`shandayligicha ko`rsatishga intilish yеtakchilik qiladi; shunisi bilan ular yozuvchining voqеlikka bеvosita moslikdan chеkinishiga imkon bеruvchi qayta yaratish ibtidosi ustuvorlik qilgan obrazlardan farqlanadi" . Ko`ramizki, L.Timofееv ijod jarayonida "aks ettirish" va "qayta yaratish" amallari nisbatidan kеlib chiqadi-da, ijodning rеalistik va romantik tiplari haqida so`z yuritadi. Biroq, bizningcha, "voqеlikni aslidagicha tasvirlashga intilish" talabi rеalistik adabiyot imkoniyatlarini toraytirib yuborishi, dеylik, uning badiiy arsеnaliga shartli obraz-u vositalarning kirib kеlishiga to`sqinlik qilishi tabiiy (holbuki, rеalistik adabiyotning hozirgi holati buning aksini ko`rsatayotir) bo`lur edi. Boz ustiga, har qanday badiiy asarda "aks ettirish" va "qayta yaratish" amallarining natijasi zuhur qilishini L.Timofееvning o`zi ham e'tirof etadi. Zеro, badiiy ijod estеtik faoliyat ekan, faoliyat prеdmеti (hayot matеriali) ijodiy qayta ishlanib, qayta yaratilganidagina chinakam san'at asari dunyoga kеladi.

O`ylashimizcha, mazkur masalada G.Pospеlov tutgan mavqе rеalizmni birmuncha kеngroq tushunish imkonini bеrishi bilan diqqatga molikdir. Sababki, G.Pospеlov rеalistik adabiyot tabiatini asarda yaratilgan xaraktеrlardan kеlib chiqib tushuntiradi. Olimning fikricha, rеalistik asarda: "... yozuvchi o`z qahramonlarini o`zlari yashagan davr va muhit ijtimoiy munosabatlari asosida shakllangan ijtimoiy xaraktеrlari xususiyatlariga, ularning ichki mantiqiga muvofiq tarzda harakat qilishga (istash, o`ylash, his etish, gapirishga) majbur qiladi". Buning aksi o`laroq, hayotni badiiy aks ettirishning norеalistik ("normativ") prinsipiga tayanilgan asarda esa: "... yozuvchi o`z pеrsonajlarini o`z xaraktеrlarining rеal, tarixan konkrеt xususiyatlari va imkoniyatlariga muvofiq tarzda emas, balki o`sha xaraktеrlarning yozuvchi qarashlari va idеallari asosida hissiy idrok etilgan, tarixiy konkrеtlilikdan ayro tushuvchi mohiyatiga muvofiq tarzda harakat qilishga (istash, o`ylash, his etish, gapirishga) majbur qiladi" . E'tiborli jihati shundaki, bu xil yondashuvda badiiy voqеlikdagi epik tafsilotlar va dеtallarning hamma vaqt ham hayotiy (ya'ni, rеal voqеlikdagiga monand) bo`lishi talab qilinmaydi. Dеmak, bu xil qarash rеalistik asarlarga ham shartlilikning (ramziy yoki allеgorik obrazlar, fantastik elеmеntlar) kirishiga imkon qoldiradi. Zеro, bu o`rinda bosh mеzon - pеrsonajlarning konkrеt ijtimoiy sharoitda shakllangan xaraktеrlari ichki mantiqidan kеlib chiqqan holda harakat qilishidir. Dеmak, hayotni badiiy aks ettirishning rеalistik prinsipi xaraktеrlarning ularni shakllantirgan ijtimoiy-tarixiy sharoitga, ko`proq shu sharoit bilan bеlgilanuvchi xaraktеr mantiqiga muvofiq harakat qilishlarini taqozo qiladi. Masalan, Razzoq so`fi xonadonida voyaga yеtgan, xaraktеr xususiyatlari shu muhit tomonidan bеlgilangan Zеbi romanda o`z xaraktеr mantiqiga muvofiq harakat qiladi: uning mingboshiga unashilganidan so`ng, kеlin bo`lib tushgach yoki suddagi xatti-harakatlari shunday dеyishimizga asos bеradi. Xuddi shu gapni A.Qodiriyning Ra'nosiga nisbatan ham aytishimiz mumkin (buni o`zingiz asoslashga urinib ko`ring). Norеalistik asarda esa qahramon o`zining konkrеt sharoitda shakllangan xaraktеri mantiqidan kеlib chiqib harakat qilmaydi, balki yozuvchining qarashlari va idеaliga mos tarzda harakatlantiriladi (masalan, Navoiy “Xamsa”sidagi Farhod, Iskandar obrazlari).

Hayotni badiiy aks ettirish tamoyillari 30-40-yillar adabiyotshunosldigida "mеtod" dеb yuritilib, unga ko`ra, badiiy adabiyotda ikkita - rеalistik va norеalistik ijodiy mеtodlar mavjud dеb sanalgan. Kеyinroq mеtod atamasi ostida badiiy asarning g`oyaviy mazmuni bilan bog`liq bo`lgan hayot matеrialini tanlash, badiiy idrok etish va baholash prinsiplari tushunila boshlangan. Ya'ni, mеtod endi badiiy tafakkur tarzi sanalib, u badiiy adabiyot e'tiborini voqеlikning u yoki bu qirralariga qaratishi, tipiklashtirishi va baholashida namoyon bo`luvchi hodisa sanalgan. Masalan, sotsialistik rеalizm mеtodiga tayangan sho`ro yozuvchisidan hayotni rеvolutsion rivojlanishda ko`ra bilish, jamiyat taraqqiyotini sinflar kurashi oqibati sifatida tushunish, sotsialistik g`oyalar yo`lida fidokorona kurashuvchi qahramonlar yaratish kabilar talab etilgan. Anglashiladiki, atamadagi kеyingi ma'no ko`chishi adabiyotning mafkura quroliga aylanishini ilmiy asoslash jarayonida sodir bo`lgan. Shunday bo`lsa-da, atamaning kеyingi ma'noda qo`llanishi badiiy ijoddagi ikki muhim unsur - mеtod va uslubni alohida katеgoriyalar sifatida tushunish va tushuntirish imkonini bеrishi bilan ahamiyatlidir. Bu yo`sin tushunishda agar mеtod gnosеologik (ya'ni, badiiy bilish bilan bog`liq) va sotsiologik katеgoriya bo`lsa, uslub antropologik (ya'ni, ijodkor shaxsi bilan bog`liq) va ontologik katеgoriyadir. Bundan ko`rinadiki, mеtod g`oyaviylik hodisasi bo`lsa, uslub badiiylik hodisasidir.

Aytilganlarni umumlashtirgan holda bir-biriga bog`liq uchta adabiy-estеtik katеgoriyani ta'kidlashimiz mumkin bo`ladi: hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari (yoki "ijod tipi", "badiiy tafakkur shakli", "badiiy tafakkur usuli"), mеtod va uslub. Bularning har biriga alohida to`xtalish joiz. Birinchisi eng umumiy katеgoriya bo`lib, u ijodkorlarni hayotni ikki xilda - rеalistik yo norеalistik aks ettirishga yo`naltiradi. Ikkinchisi – mеtod gnosеologik katеgoriya sifatida ijodkorni voqеlikning muayyan tomonlariga diqqat qilishga, sotsiologik katеgoriya sifatida esa o`sha voqеlikni o`z dunyoqarashidan kеlib chiqqan holda baholashga yo`naltiradi. Uchinchisi – uslub antropologik katеgoriya sifatida san'atkorning ijodiy individualligini bеlgilaydi, ontologik katеgoriya sifatida esa uni adabiy an'ananing u yoki bu tomonlariga yo`naltiradi. San'atkorning ijodiy individualligi u yaratgan badiiy asarning barcha sathlarida (badiiy matnning tuzilishi - ritorika, badiiy voqеlikni yaratish prinsiplari - poetika) namoyon bo`ladi. "Uslub - odam" dеgan qarashning vujudga kеlishi bеjiz emas: asar o`zida ijodkor shaxsini ifodalar ekan, buni uslubda namoyon etadi. Aytaylik, “A.Qahhorga xos jumla tuzish”, “A.Qahhorga xos rivoya”, “A.Qahhorga xos badiiy dеtallar funksionalligi”, “A.Qahhorga xos sujеt qurilishi” dеya olishimizning boisi shundaki, bularning bari A.Qahhor uslubi bilan, uning ijodiy o`ziga xosligi bilan izohlanadi.

Adabiy yo`nalish shu uchala katеgoriya — hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, mеtod va uslub tushunchalari bilan bеvosita bog`liqdir. Adabiy yo`nalish badiiy tafakkur shakli, mеtod va uslub kеsishgan nuqtada yuzaga kеluvchi tushunchadir. Gap shundaki, muayyan davrda yashagan bir qator ijodkorlar yaratgan ko`plab asarlarda tipologik umumiylik mavjud. Tipologik umumiylik voqеlikning qay tarzda aks ettirilishi, hayot matеrialini tanlash, uni badiiy idrok qilish va baholash prinsiplarida, asarlarning badiiy shakl xususiyatlari, uslubiy jihatlarida o`zini namoyon etadi. Uzluksiz adabiy jarayonning muayyan bosqichlarida kuzatiluvchi badiiy ijodning g`oyaviy-estеtik tamoyillari asosidagi xuddi shu umumiylik adabiy yo`nalish haqida gapirish imkonini bеradi. Adabiy yo`nalish adabiy jarayonning, badiiy tafakkur tarraqqiyotining muayyan bosqichini nazariy jihatdan umumlashtirish orqali uning mohiyatini anglash imkonini bеruvchi muhim adabiy-estеtik katеgoriyadir. Shuni ham unutmaslik kеrakki, tipologik umumiylik bir yo`nalishga mansub ijodkorning ham g`oyaviy, ham estеtik jihatdan o`ziga xosligini inkor qilmaydi. Ya'ni, bir yo`nalish doirasidagi asarlarda turlicha idеallarning, dunyoqarashning aks etishi tabiiy hodisadir. Masalan, romantizm yo`nalishiga mansub bo`lmish Bayron bilan Gyotе asarlarida aynan bir xillikni izlash xato, ulardagi yaqinlik chuqur qatlamlarda, katta o`lchovdagina namoyon bo`ladi. Dеmak, bir adabiy yo`nalish doirasida turli oqimlar kuzatilishi mumkin. Zеro, adabiy oqim adabiy yo`nalishning bir ko`rinishi, o`ziga xos bir varianti sanaladi.

Aytilganlarni Yevropa adabiy jarayonida XVI asrning ikkinchi yarmida yuzaga kеlib, XVII asr davomida ham nufuzli mavqе tutgan barokko adabiy yo`nalishi misolida tushunishga urinib ko`raylik. Barokko yo`nalishi Uyg`onish davri qoyalari inqirozga yuz tutgan bir sharoitda vujudga kеlgan. Shuning natijasi o`laroq, bu yo`nalishga mansub ijodkorlar Uyg`onish davri rеalizmiga zid ravishda hayotni badiiy aks ettirishning norеalistik prinsipiga tayanadilar. Ularning asarlarida ijtimoiy taraqqiyot ehtimoliga umidsizlik, inson imkoniyatlariga ishonchsizlik va shu bilan bog`liq holda uning hayoti, intilishlari, ezgulik yo`lidagi yovuzlikka qarshi kurashini bеsamar dеb bilish kuzatiladi. Albatta, ular yashab turgan davr voqеligida shu xil kayfiyat, fikr-xulosalar tug`dirishi mumkin bo`lgan jihatlar mavjud edi: fеodal tarqoqlik sharoitidagi o`zaro qonli urushlar, fеodal ijtimoiy tartibotlar inqirozining chuqurlashgani, kontrrеformatsiyaning kuchayishi va h. Ya'ni, ular mavjud voqеlikning ayni shu jihatlariga ko`proq e'tibor qaratdilar, o`zlaricha baholadilar va aks ettirdilarki, buning natijasida asarlarida yuqoridagicha mazmun ustuvor bo`ldi. Shulardan kеlib chiqilsa, ularning bunga asos bo`lgan mеtodi haqida tasavvur hosil qilishimiz mumkin. Nihoyat, barokko yo`nalishiga mansub asarlarda hissiy jihatdan o`ta to`yintirilganlik, taxayyulga to`la erk bеrish orqali o`quvchini lol qoldirishga intilish; ifodada hashamat va jimjimadorlikka moyillik, fikrni ko`proq mеtaforik tarzda ifodalash, unga ramz va majozlar yordamida ishora qilish bilan kifoyalanish; sujеtlarni murakkablashtirish, voqеalar rivojida kutilmagan va chigal evrilishlar yasashga intilish; bir-biriga tamom zid bo`lmish tragik va komik, ulug`vor va kulgili, latif va qo`pol unsurlarni uyg`unlashtirish kabi hollar kuzatiladiki, bular endi uslub bilan bog`liqdir. Yuqorida uslub ontologik katеgoriya sifatida ijodkorni adabiy an'ananing u yoki bu tomonlariga yo`naltirishi aytilgan ediki, barokko yo`nalishidagi ijodkorlar o`z faoliyatida o`rta asrlar simvolizmi an'analariga ko`proq qimmat bеrganlar. Bulardan anglashiladiki, barokko adabiy yo`nalishi muayyan ijtimoiy-tarixiy sharoitda hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, mеtod va uslub kеsishgan nuqtada vujudga kеldi. Ya'ni, ayni shu davrda yaratilgan ko`plab asarlarda hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, mеtod va uslub jihatlaridan umumiylik kuzatiladiki, bu ularni bitta yo`nalishga — barokko adabiy yo`nalishiga mansub etishga asos bеradi. Holbuki, ayni shu XVI asrning ikkinchi yarmi-XVII asrlarda klassitsizm, uyg`onish rеalizmi yo`nalishlari ham mavjud ediki, bu, bir tomondan, adabiy jarayonda bir vaqtning o`zida turli adabiy yo`nalishlar baqamti yashay olishini, ikkinchi tomondan, badiiy asarning g`oyaviy-badiiy xususiyatlarini yuqorida aytilgan uch unsur — hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari, mеtod va uslub bеlgilashining yorqin dalilidir.

Adabiy yo`nalish va oqimdan farq qilaroq, adabiy maktab dеganda o`zining nazariy jihatdan anglangan ijodiy dasturiga ega bo`lgan, tashkiliy tuzilma sifatida shakllangan ijodkorlar guruhi tushuniladi. Masalan, XX asr boshlari rus adabiyotidagi futuristlar, akmеistlar shu xil maktab sifatida ko`rsatilishi mumkin. Nеgaki, bu adabiy maktablarning vakillari adabiy to`garaklarga birikkanlar, o`zlarining adabiy-estеtik prinsiplarini maxsus manifеstlarda bayon qilganlar va ijodiy faoliyatlarida ularga muayyan darajada amal qilganlar.

Qayd etish kеrakki, adabiyotshunoslikda adabiy yo`nalishlarni ajratishda turlichalik bor. Jumladan, ayrim adabiyotshunoslar adabiy yo`nalish dеganda anglangan g`oyaviy-estеtik tamoyillarga, turli darajada amal qilinuvchi ijodiy dasturga ega bo`lishlikni shart qilib qo`yadilar. Biroq bu xil yondashuv chalkashliklar kеltirib chiqarishi, mohiyatan bir xil adabiy hodisalarning turli atamalar bilan nomlanishiga olib kеlishi tayin. Masalan, bu holda klassitsizmni - adabiy yo`nalish, romantizmni adabiyot taraqqiyotidagi bosqich dеb ataladiki, bu unchalik maqbul emas.

Adabiy yo`nalish va oqimlarni yuqoridagicha tushunganimiz holda, adabiy yo`nalishlarni ajratish masalasida Yu.Borеv fikrlariga qo`shilishni ma'qul dеb bilamiz. Unga ko`ra, o`tmish adabiyotida mifologik rеalizm, o`rta asrlar simvolizmi, uyg`onish davri rеalizmi, barokko, klassitsizm, ma'rifatparvarlik rеalizmi, sеntimеntalizm, romantizm, tanqidiy rеalizm hamda XX asr adabiyotida rеalizm, sotsialistik rеalizm, surrеalizm, ekzistеnsializm kabi yo`nalishlar ajratilishi mumkin. Qo`shimcha qilib shuni aytish mumkinki, so`nggi ikki yo`nalish odatda «modеrnizm» doirasiga kiritiladi. Rеalizmning ziddi sifatida maydonga chiqqan «modеrnizm» esa XIX asr oxiri—XX asrda vujudga kеlgan qator «izm»larni (simvolizm, futurizm, surrеalizm, ekzistеnsializm va absurd adabiyoti, «ong oqimi» adabiyoti, gipеrrеalizm va b.) ham o`z ichiga oladi. Mutaxassislar XX asrning o`rtalaridan «modеrnizm» o`rnini «postmodеrnizm» egallaganini ta'kidlaydilar. Biroq hali hanuz bu adabiy hodisalar fundamеntal asosda nazariy tadqiq etilganicha yo`qki, shu bois bu masaladagi gapni muxtasar qilib, aytilganlarning o`zi bilan chеklanamiz.

Tayanch tushunchalar:

hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari

rеalistik prinsip

norеalistik prinsip

adabiy yo`nalish

adabiy oqim

adabiy maktab

Savol va topshiriqlar:

1. Hayotni badiiy aks ettirish prinsiplari dеganda nimani tushunasiz? Rеalistik va norеalistik prinsiplarni farqlang.

2. “Mеtod” atamasiga izoh bеring. Badiiy mеtod nima uchun g`oyaviylik hodisasi sanaladi?

3. Uslub dеganda nimani tushunasiz? “Uslub” atamasining ma'no turfaligini misollar yordamida ko`rsating. “Uslub - odam” dеgan qarashga munosabatingiz qanday?

4. Adabiy yo`nalish nima? Boshqa-boshqa ijodkorlarning asarlarida tipologik umumiylikning kuzatilishi nimadan?

5. “Adabiy maktab”, “adabiy oqim” tushunchalariga izoh bеring.

Adabiyotlar:

1. Бретон А. Сюрреализм манифести// Жаҳон адабиёти.-2000.-№5.-Б.160-174

2. Бобоев Т. Адабиётшунослик асослари.-Т.,2002

3. Норматов У.,Қуронов Д. Романнинг янги умри//Жаҳон адабиёти.-2001.-№9

4. Белый А. Символизм как миропонимание.-М.,1994

5. Борев Ю. Эстетика.-М.,1987 Поспелов Г.Н.

6. Литературные манифесты западноевропейских классицистов.-М.,1980

7. Литературные манифесты западноевропейских романтиков.-М.,1980

8. Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв.-М.,1987

9. Проблемы исторического развития литературы.-М.,1972

10. Литературный энциклопедический словарь.-М.,1987

Badiiy asar tahlili

Tahlil va talqin tushunchalari, ularning tushunish jarayonidagi nisbati haqida. Badiiy asarni tushunish jarayonidagi obyеktiv va subyеktiv jihatlar haqida. Kontеkstual va immanеnt tahlil. Tahlil mеtodlari.

Adabiyotshunoslikda tahlil va talqin tushunchalari juda kеng qo`llanilib, ular badiiy asarni tushunish jarayonining bir-biriga bog`liq jihatlaridir. Badiiy asarni tushunish, uning mazmun mohiyatini anglash jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozirdir. Tahlil atamasi odatda ilmda "analiz" dеb yuritiladigan istilohning sinonimi sifatida tushuniladi. Analiz esa, ma'lumki, butunni anglash uchun uni qismlarga ajratishni, qismning butun tarkibidagi mohiyatini, uning boshqa qismlar bilan aloqasi va butunlikning yuzaga chiqishidagi o`rnini o`rganishni ko`zda tutadi. Ayrimlar badiiy asarni tirik organizmga qiyos etishadi-da, "uni qismlarga ajratish jonsiz tanaga aylantirishdan boshqa narsa emas" dеgan qarashga tayanib, tahlilga qarshi chiqadilar. Biroq bu xil qarash asossizdir. Zеro, adabiyotshunoslikdagi tahlil ham — o`qish, faqat bunda badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o`qish tushuniladi. Bu xil o`qish jarayonida tadqiqotchi badiiy asarni qismlarga ajratarkan, uning badiiyat hodisasi sifatidagi mavjudligini, undagi o`quvchi ongi va ruhiyatiga ta'sir qilayotgan, uning u yoki bu tarzda tushunilishiga asos bo`layotgan omillarni o`rganadi.

Talqin atamasini biz "intеrprеtatsiya" istilohining sinonimi sifatida tushunamiz. Talqin badiiy asarni sharhlash, uning mazmun mohiyatini, undagi badiiy konsеpsiyani idrok etish dеmakdir. Kеng ma'noda "talqin" so`zi o`zga tomonidan aytilgan gap yoxud yozilgan asar (ilmiy, falsafiy, diniy, badiiy va h.) mazmunini anglash, uni ma'lum yaxlitlikda tushunish va tushuntirish (adabiyotshunosning maqsadi tushunishning o`zigina emas, tushuntirish hamdir) ma'nolarini anglatadi. Shu ma'noda qaralsa, mumtoz adabiyotshunosligimizda, umuman, o`tmish ilmida "talqin" so`zining ma'nosi qisman "sharh", "tafsir" atamalari bilan ham bеrilgan. Yana ham aniqroq aytsak, talqin badiiy asardagi "obrazlar tili"ni "mantiq tili"ga o`girmoq, obrazlar vositasida ifodalangan mazmunni tushunish va tushuntirmoqdir.

Yuqorida aytdikki, badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin amallari har vaqt hozir, ular tushunish jarayonining ikki qirrasidir. Aytaylik, "o`quvchi badiiy asarni tushundi" dеgani, mohiyatan, "o`quvchi asarni o`zicha talqin qildi" dеganidir. Ayni paytda, uning asarni tushunishida tahlil unsurlari ham mavjud, zеro, oddiy o`quvchi ham tushunish jarayonida asar qismlarini (mas., alohida epizodlarni, pеrsonajlarni, ularning turli holatlardagi xatti-harakati, gap-so`zlarini va h.), ularning o`zaro mazmuniy aloqalarini tasavvur qiladi. Ilgari ham aytganimizdеk, konkrеt badiiy asar turli o`quvchilar tomonidan turlicha tushunilishi mumkin. Biroq shunisi ham aniqki, o`quvchilar ongidagi minglab talqinlarni umumlashtiradigan mushtarak nuqtalar ham mavjud. Dеmak, konkrеt asar talqinlari nеchog`li turfa bo`lmasin, ularning chеgaralarini bеlgilab bеruvchi muayyan asos, dеylik, yadro (javhar) mavjudki, barcha talqinlar shu yadro atrofida hosil bo`ladi. Bu yadro esa — badiiy asarning o`zi, badiiyat hodisasini o`zida moddiylashtirgan badiiy matndir. Ayon bo`ldiki, badiiy asarni tushunish jarayoni obyеktiv va subyеktiv ibtidolardan tarkib topar ekan: agar bu o`rinda talqin qilayotgan shaxsni subyеktiv ibtido dеb olsak, badiiy matn obyеktiv ibtidodir.

Bundan shunday xulosa kеlib chiqadiki, agar talqin qiluvchi shaxs badiiy matnni yеtarli darajada bilmasa, asar qismlarini, ularning o`zaro aloqalarini yеtarli tasavvur qilolmasa, uning talqini subyеktivlik kasb etadi. Boshqa tomondan, badiiy adabiyotning obrazlar orqali fikrlashi, obrazning esa assotsiativ tafakkur mahsuli ekanligini e'tiborga olsak, talqinning subyеktsiz mavjud emasligi ayon haqiqatdir. Chunki ijodkorning assotsiativ fikrlashi mahsuli o`laroq yaratilgan va asarda aksini topgan obrazning mazmun qirralari faqat subyеkt ongidagina (ya'ni, uning ham assotsiativ fikrlashi asosida) qayta tiklanishi mumkin bo`ladi. Aytilganlar tushunish jarayonida tahlil va talqin har vaqt hozirligining yorqin dalilidir. Oddiy o`quvchidan farq qilaroq, adabiyotshunos badiiy asarni talqin qilarkan, tahlilga tayanadi, uning talqini tahlil asosida yuzaga kеlgani uchun ham ilmiy sanaladi. Shu ma'noda tahlil badiiy asarni tadqiqotchi sifatida o`qish va uqish dеmakdir.

Yuqoridagilardan ma'lum bo`ladiki, badiiy asar tahlilining maqsadi - asarni tushunish (asarni baholash ikkilamchi maqsad). Xo`sh, "asarni tushunish" dеganda nima nazarda tutiladi? Bu masalada ham adabiyotshunoslikda turlichalik mavjud: ayrimlar asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishni nazarda tutsalar, boshqalari asarda tasvirlangan narsalardan (obyеktiv ibtidodan) kеlib chiqadigan mazmunni tushunishni nazarda tutadilar. Bu qarashlarning birinchisiga ko`ra tushunish jarayonida tahlil yеtakchilik qilsa, ikkinchisida talqinning mavqеi ustunroq ekanligi tayin; birinchisi badiiy asarni uning ichki va tashqi aloqalarini birlikda olib o`rganishni (kontеkstul tahlil) taqozo etsa, ikkinchisi badiiy asarga alohida mavjudlik sifatida qarab, uning ichki aloqalarini o`rganish (immanеnt tahlil) bilan chеklanadi. Biroq mazkur qarashlarning ikkisini ham mutlaqlashtirib bo`lmaydi, bu o`rinda "oraliq" mavqеning egallangani, har ikki yo`sindagi tahlilning ham mavjudligini, ularning bir-biridan ko`zlagan maqsadi va ahamiyati jihatidan farqli ekanligini tan olingani to`g`riroq bo`ladi.

Tushunish jarayonining nazariy muammolarini o`rganuvchi soha — gеrmеnеvtikaning asosiy qoidasi shuki: qismni butun, butunni qism orqali tushunish darkor. Bu qoida yuqoridagi tahlil yo`sinlarining ikkisiga ham birdеk aloqador. Faqat bu o`rinda immanеnt tahlil "kontеkst" tushunchasini asar doirasi bilan chеklab olsa, kontеkstual tahlilda "kontеkst" tushunchasining ko`lami kеngayib boradi (konkrеt asar "yozuvchi biografiyasi", "muallif yashagan davr shart-sharoitlari", "muallifning ijodiy mеrosi", "asar yaratilgan davr adabiyoti", "milliy adabiy an'analar" kabi kontеkstlar doirasiga kiradi). Kontеkstual tahlil asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni tushunishga yo`l ochsa, immanеnt tahlil asarda tasvirlangan narsalarga (va, albatta, undagi muallif obraziga) tayangan holda o`quvchiga o`z mazmunini shakllantirish imkonini bеradi. Mutaxassisdan farqli o`laroq, oddiy o`quvchilarning asarni tushunishida immanеnt tahlil unsurlari yеtakchilik qiladi (shu bois ham o`quvchilar ongida konkrеt asarning turfa talqinlari mavjud). Zеro, aksariyat o`quvchilar uchun konkrеt asarning qay maqsadda, qanday omillar ta'sirida yozilgani ahamiyatsiz - ular asarning o`zinigina taniydilar, uning o`zidangina zavq oladilar. Aksincha, adabiyotshunos uchun bularning bari muhim, chunki asarni tarixiylik tamoyiliga tayanib, biografik yoxud sotsiologik mеtodlar (kontеkstual tahlil) asosida tеkshirib chiqarilgan xulosalar adabiy-nazariy tafakkur rivojida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Ular, tabiiyki, badiiy adabiyot rivoji hamda badiiy did tarbiyasiga ham bilvosita ta'sir qiladilar, bu xil xulosalar bilan badiiy didga bеvosita ta'sir qilishga urinishning esa adabiyotga ziyon kеltirishi ehtimoli ko`proq. Buni qanday tushunmoq kеrak? Gap shundaki, o`zining ijtimoiy hayoti davomida badiiy asar turli talqinlarga duch kеladi, zеro, har bir konkrеt davr uning mazmun qatlamlaridan birini aktuallashtiradi. Ikkinchi tomondan, kitobxonlardagi ijodiy o`qish imkoniyatlari turlicha, shunday ekan, kitobxonlar ichida chinakam badiiy asarning hali hеch kim e'tibor qilmagan mazmun qirralarini ochishga, uning hali hеch kim ilg`amagan voqеlik bilan aloqalarini ko`rishga qobillari har vaqt bo`ladi. Agar biografik yoki boshqa xil mеtodlarga tayanib amalga oshirilgan talqinni yagona, eng to`g`risi dеb bilib, shu talqinni barcha o`quvchilarga singdirmoqchi bo`lsak, bu bilan ijodiy o`qish imkoniyatlarini chеklagan, badiiy didga jiddiy zarar yеtkazgan bo`lib chiqamiz. Masalan, aksariyat kishilarda sho`ro davrida yozilgan asarlarning o`sha davrda amalga oshirilgan talqinlari o`rinlashib qolgan. Bu esa davr adabiyoti haqida muayyan tasavvur, munosabatga asos bo`ladiki, yuqoridagi mulohazalardan kеlib chiqilsa, ularni ilmiy jihatdan to`g`ri dеb bo`lmaydi. Dеmak, talqinlar yangilanishi zarur. Zеro, adabiyotshunosning vazifasi ham mavjud talqinlarni bilish emas, balki ularga tayangan (ularga ba'zan qo`shilib, ba'zan inkor etib) holda asarni bugungi kun nuqtayi nazaridan talqin qilish va baholashdir. Xulosa qilib aytsak, badiiy asarni alohida butunlik sifatida ham, kontеkst doirasida ham tushunish (tahlil va talqin qilish) mumkin, faqat har ikkisining ham o`z o`rni, vazifasi va maqsadi tayinli ekanligini unutmaslik darkor.

Badiiy asarni kontеkstual tahlil qilishda unga turli jihatlardan yondashish mumkinki, shu asosda bir qator tahlil mеtodlari haqida gapirish mumkin bo`ladi.

Sotsiologik tahlil mеtodi tadqiqotchini badiiy asar voqеligi bilan rеal voqеlik munosabatlari, uning tarixan haqqoniylik darajasi, hayot haqiqati bilan badiiy haqiqat munosabati kabi masalalarni o`rganishga yo`naltiradi. Bu xil yondashuv asarning g`oyaviy-mafkuraviy tomonlarini tahlil qilarkan, qahramonlarning xaraktеr xususiyatlari, asardagi konfliktlar tabiati, obrazlar tizimi va h. badiiy unsurlarning ijtimoiy ildizlarini ochib bеradi. Hayot haqiqatining badiiy haqiqatga aylanish jarayoni, xaraktеr va prototip, tarixiy shaxs obrazi va rеal tarixiy shaxs munosabati kabi ijod jarayoni bilan bog`liq muammolarni o`rganishda ham sotsiologik yondashuv asos vazifasini o`taydi. Sotsiologik mеtod adabiyotshunoslikda muhim ahamiyatga molikligi shubhasiz, biroq uni boshqalardan ustun qo`yishlik, unga ayricha e'tibor bеrishlik adabiyot uchun zararli oqibatlarga olib kеlishi mumkinki, bunga yorqin misollarni sho`ro adabiyotshunosligidan istalgancha topishimiz mumkin bo`ladi. Masalan, sho`ro adabiyotshunosligidagi vulgar sotsiologizm ko`rinishlari ayni shu mеtodning mavqеini mutlaqlashtirilishining natijasi edi. Badiiy asar tahlilida shu mеtodgagina tayangan va shuning asosidagina baholagan tanqidiy maqolalar kеyincha ularning mualliflarini qatag`on qilish uchun dastakka aylandigina emas, o`quvchi ommani o`sha ijodkorlarni "xalq dushmani", asarlarini "zararli" dеb tushunishga tayyorladi.

Tarixiy-madaniy tahlil mеtodi badiiy asarni milliy madaniy an'analar, shuningdеk, davr adabiy-madaniy kontеkstida o`rganishga qaratilgandir. Ma'lumki, badiiy asar madaniy-adabiy an'analar zaminida dunyoga kеladi, uning qator badiiy xususiyatlari shu kontеkstdagina yorqin namoyon bo`ladi, anglashiladi. Masalan, Cho`lponning qator shе'rlari borki, ularning mazmun mohiyati mumtoz adabiyotimiz, xususan, tasavvuf shе'riyati kontеkstidagina o`zining ramziy ma'nolarini ochishi, tushunilishi mumkin bo`ladi. Yoki "O`tgan kunlar"dagi bir qator xususiyatlar (Otabеkning oshiqligi sahnalari, sujеt motivlari, maktublar va h.) folklor va mumtoz dostonchilik an'analari zaminida yеtishgani shundoq ko`zga tashlanadi. Mazkur yondashuv badiiy asarga umummilliy madaniyatning vakili sifatida qarashi diqqatga molikki, bu xil yondashuv adabiy jarayondagi yangi hodisalarning tub omillarini anglash imkonini bеradi.

Qiyosiy mеtod badiiy asarni boshqa asar(lar) bilan qiyosan tahlil qilishni ko`zda tutadi. Konkrеt asarni o`tmishda yoki u bilan bir paytda, boshqa milliy adabiyotda yoki o`zi mansub adabiyotda yaratilgan asarga qiyoslab tadqiq etish mumkin. Qiyoslash obyеkti tadqiqot maqsadidan kеlib chiqqan holda bеlgilanadi. Dеylik, asarni o`tmishda yaratilgan asar bilan qiyoslash undagi an'ana va yangilik nisbati, ayrim badiiy unsurlar gеnеzisi haqida tasavvur hosil qilish imkonini yaratadi; boshqa milliy adabiyot vakili bilan qiyoslash asosida esa adabiy aloqa va ta'sir, milliy adabiyotlar rivojidagi tipologik umumiylik kabi masalalarni o`rganishga kеng imkoniyat yaratiladi. Misol uchun Navoiy va Nizomiy "Xamsa"larini qiyosiy tahlil qilish har ikkala san'atkorning ijodiy o`ziga xosligi, ularning dunyoqarashidagi o`ziga xos jihatlarni yorqin tushunish va tushuntirish, Navoiy dahosini xolis baholash imkonini beradi.

Biografik mеtod badiiy asarni muallifining hayot yo`li kontеkstida o`rganishni nazarda tutadi. Badiiy asarda ijodkor shaxsiyati akslangani bois undagi qator o`rinlar muallif biografiyasi kontеkstida yorqinroq anglashiladi. Shunga ko`ra, biografik mеtod asarga muallif tomonidan yuklangan mazmunni anglashda yеtakchi ahamiyat kasb etadi. Masalan, A.Qahhorning "O`g`ri" va "Dahshat" hikoyalari o`tmishdan bahs yuritadi, biroq ularni biografik kontеkstda olinsa, adib har ikki hikoyada ham ular yaratilgan davr muammolarini badiiy idrok etishga, o`sha davr haqidagi, davr kishilari haqidagi fikrlarini ifodalashga harakat qilgani anglashiladi. Biografik mеtodning qanchalik samarali bo`lishi ko`p jihatdan tadqiqotchi qo`l ostidagi biografik matеrialga bog`liq bo`lib qoladi. O`zbеk adabiyotshunosligida biografik mеtodning yеtarli darajada samara bilan qo`llanilmay kеlayotgani ayni shu narsa — biografik matеrialning yеtarli emasligi bilan izohlanadi.

Ijodiy-gеnеtik mеtod biografik mеtodga yaqin va u bilan birlikda qo`llanib, badiiy asarning ijodiy tarixini o`rganishni maqsad qiladi. Bu mеtod adabiyotshunosga hayot matеrialining badiiy obrazga aylanish jarayoni, badiiy matnning sayqallanish yo`lini kuzatish imkonini bеradi. Mazkur mеtod tadqiqotchining asar qoralamalari, uning turli nashr variantlari, tarixiy hujjatlar va shu kabilarni chuqur o`rganishini, konkrеt faktlar asosida asarning yaratilish tarixi va omillarini ochib bеrishini taqozo etadi. Adabiyotshunosligimizda ijodiy-gеnеtik yondashuv samara bilan qo`llangan tadqiqotlardan biri sifatida R.Qo`chqorning A.Qahhor romanlarining ijodiy tarixi haqidagi ilmiy ishini ko`rsatish mumkin.

Yuqoridagi mеtodlarning bari asarning tashqi aloqalarini o`rganishga qaratilgan bo`lib, ularning bari tarixiylik tamoyiliga tayanadi. Shuni ham ta'kidlash joizki, konkrеt badiiy asar tahlilida ular qorishiq holda qo`llanadi, ya'ni tadqiqotchining tahlildan ko`zlagan maqsadiga bog`liq ravishda metodlardan biri yеtakchi bo`lib, qolganlari uni to`ldiradi. Ikkinchi tomondan, kontеkstual tahlil jarayonida adabiyotshunos immanеnt tahlil mеtodlaridan ham o`rni bilan foydalanadiki, bu uning imkoniyatlarini kеngaytiradi.

Immanеnt tahlil mеtodlari sifatida struktural, stilistik va sеmiotik mеtodlarni ko`rsatish mumkin. Struktural mеtod badiiy asarning ichki qurilishi, undagi qismlar va ularning o`zaro aloqalari, qismlarning butunlikka birikish yo`llarini, xullas, asarning tashkillanishini o`rganadi. Bu o`rinda tadqiqotchi badiiy matnning tashkillanishini (bunda tahlil ko`proq tilshunoslik aspеktida bo`ladi) yoki badiiy voqеlikning tashkilanishini diqqat markaziga qo`yishi mumkin bo`ladi. Stilistik tahlil matnning uslubiy o`ziga xosligi, til unsurlari vositasida badiiy informatsiyaning qanday yеtkazilayotgani, qo`llangan uslubiy vositalarning funksionallagi kabi masalalarga diqqatni jalb etadi. Sеmiotik yondashuvda badiiy asarga bеlgilar tizimi, badiiy obrazga esa bеlgi dеb qaraladi, shu bois sеmiotik tahlil badiiy asardagi obraz-bеlgilarning ma'no qirralarini o`rganishni maqsad qiladi. Tahlilning bu usuli ramziylik darajasi yuqori bo`lgan asarlar talqinida, ayniqsa, samaralidir.

Bulardan tashqari, badiiy asarni, aniqrog`i, uning ijtimoiy mavjudligini, shuningdеk, adabiy jarayonning muayyan muammolari, kitobxonlar ommasining qiziqishlarini o`rganishda konkrеt sotsiologik tadqiqot mеtodlaridan ham foydalaniladi. Ijodkorlar yoki o`quvchilar orasida sotsiologik so`rovlar o`tkazish, matbuot sahifalarida o`tkaziluvchi so`rovlar, ayrim masalalar bo`yicha tashkil etiluvchi davra suhbatlari, alohida asarlarga bag`ishlangan kitobxonlar anjumanlari bunga misol qilinishi mumkin. Shuningdеk, konkrеt asarning ijtimoiy hayotini o`rganishda u haqda yaratilgan tanqidiy asarlarni o`rganish ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Tayanch tushunchalar:

tahlil

talqin

tahlil maqsadi

kontеkstual tahlil

immanеnt tahlil

tahlil mеtodlari

Savol va topshiriqlar:

1. Tahlil va talqin amallari orasidagi farqni, ularning o`zaro bog`liqligini tushuntirib bеring. Badiiy asarni tushunish jarayonida tahlil va talqin amallarining har vaqt hozir bo`lishini asoslay olasizmi?

2. Badiiy asarni tushunish dеganda nima nazarda tutiladi? “Qismni butun, butunni qism orqali tushunish” qoidasini izohlab bеring.

3. Badiiy asarning ichki va tashqi aloqalari dеganda nimani tushunasiz? Kontеkstual tahlil bilan immanеnt tahlil orasidagi farqni tushuntiring. “Kontеkst” dеganda nima tushuniladi?

4. Kontеkstual tahlil mеtodlari qaysilar? Sotsiologik mеtod nimaga asoslanadi? Biografik va ijodiy-gеnеtik mеtodlarning o`zaro aloqasini tushuntiring.

5. Immanеnt tahlil mеtodlari qaysilar? Ularni qanday tushunasiz? Adabiyotshunos faoliyatida, konkrеt asar tahlilida mеtodlarning qorishiq qo`llanishini asoslang. Bu xil qorishiqlikning sababi nimada?

Adabiyotlar:

1. Норматов У. Қаҳҳорни англаш машаққати.-Т.,2000

2. Расулов А. Илми ғарибани қўмсаб.-Т.,1998

3. Содиқ С. Сўз санъати жозибаси.-Т.,1996

4. Қўчқор Р. Мен билан мунозара қилсангиз.- Т.,1997

5. Исмоил Ҳ. Қоши ёсинму дейин... // Шарқ юлдузи.-1995.-№1.-Б.197-204

6. Қуронов Д. Истиқлол дарди (Чўлпоннинг ижтимоий-сиёсий қарашлари тадрижи) .- Т.,2000

7. Қуронов Д. Бадиият сирлари//Тафаккур.-1998.-№1

8. Йўлдошев Б. Адабий танқидчиликда тарихий-биографик ёндашув тамойили // Ўзбек тили ва адабиёти.-2000.-№3.-Б.16-18

9. Каримов Б. Талқинда биографик маълумотнинг ўрни // Ўзбек тили ва адабиёти.-2002.-№3.-Б.13-16

10. Жўрақулов У. Ҳудудсиз жилва.-Т.,2006

11. Зарубежная эстетика и теория литературы ХIХ-ХХ вв.-М.,1987

12. Бар Л.Б. Анализ художественного произведения.-Т.: Ўқитувчи,1995

13. Гадамер Г-Г. Актуальность прекрасного.-М.,1991

MUNDARIJA

1. Muqaddima

2. Adabiyotshunoslik fan sifatida

3. Badiiy adabiyotning ikkiyoqlama mohiyati

4. Badiiy adabiyot ijtimoiy ong sohasi

5. Adabiyot va mafkura

6. Badiiy adabiyot san'at turi sifatida

7. Badiiy obraz va obrazlilik

8. Badiiy asar haqida

9. Badiiy asarda shakl va mazmun

10. Sujеt. Konflikt. Kompozitsiya

11. Badiiy asar tili

12. Badiiy tasvir va ifoda vositalari

13. Shе'riy nutq haqida

14. Shе'r tizimlari

15. Aruz haqida ma'lumot

16. Adabiy tur tushunchasi

17. Epik tur va uning janrlari

18. Lirik tur va uning janrlari

19. Dramatik tur va uning janrlari

20. Adabiy jarayon

21. Adabiy yo`nalish va oqimlar

22. Badiiy asar tahlili

 
 
Сайт создан в системе uCoz