Faxriyor she’riyatida folklorizm

Sadullo Quronov

XIX asr oxirlariga kelib falsafa va san’atda borliqni o‘zga bir yo‘sinda anglashga, ifodalashga urinishlar kuchayadi. F.Nitsshe, Z. Freyd, A.Bergson, U.Jeyms kabi mutafakkirlarning qarashlaridan ta’sirlangan ijodkorlar san’atga yangi, modernizm yo‘nalishini olib kirdilar. Bu yo‘nalishning ustuvor xususiyatlari reallikni rad etish asosiga qurila boshlandi.

O’tgan asrning so‘ngiga kelib modernizm o‘zbek adabiyotiga ham kuchli ta’sir ko‘rsata boshladi. Faxriyor, Nazar Eshonqul, Bahrom Ro‘zimuhammad, Ulug‘bek Hamdam, Abduvali Qutbiddin kabi ko‘plab ijodkorlar asarlarida shu yo‘nalishning xos xususiyatlari yaqqol ko‘zga tashlanadi.

Modernizmning ilk davrlaridanoq bu yo‘nalishda ijod etuvchi san’atkorlarda mif, qadimgi afsona va rivoyatlarga qiziqish yuqori bo‘lgan. Ayniqsa, F.Kafka, T.Mann, B. Brext kabi ijodkorlar asarlarida bu jihatning ustuvorligi ko‘zga tashlanadi. O’zbek modern adabiyotida ham folklor namunalariga murojaat kuchli. Hozircha, bu jihatni she’riyatimizda ko‘proq kuzatish mumkin. Ayniqsa, Faxriyor ijodida mifik obrazlar, afsona va rivoyatlardagi syujet, motivlarini kuzatishimiz mumkin bo‘ladi:

Onam bolaligimda,
bu yomg‘irda tulki bolalaydi, deguchi edi.
Oftobning chang, to‘g‘ri chiziq tomirlaridan 
to‘ralgan (tulkichalar) kattargan sari
  — shaklini yo‘qotib boradi tobora.
 

Ko‘rinib turibdiki, bu o‘rinda she’riy ifodadagi mifik obrazlarning ahamiyati yuqori(tulkilik – ayyorlik ramzi, asarning keyingi qismlarida ushbu mifik obrazning ahamiyati yanada oydinlashadi). Umuman olganda modernizm yo‘nalishidagi namunalarda miflarning muhim o‘rin olishi tabiiy hodisa. Mif inson ojizligining mahsulidir. Mif hali odamlar tushunmagan, ularni hayratga solgan, qo‘rqitgan va sevintirgan olam silsilalarining o‘ziga xos yo‘sindagi anglanishi demakdir. Ko‘rinadiki, mif – insonning ayqash-uyqash tasavvurlari mevasi. Biz insonlar xohlasakda mifik tafakkurdan voz kecha olmaymiz. Mif go‘dakligizmizdan buyon bizning ongimizga, qonimizga singib ulgurgan. Modernizmning ustuvor ifodaviy xususiyatlari ham inson ongining tub-tubidagi puchmoqlarni tasvirlashdan iborat. Bu o‘rinda mifik obraz ifodaviylikdagi bir vosita xolos. Ya’ni, bu kabi obrazlar vositasida ong osti qatlamlarida yashirinib yotgan hislarni qo‘zg‘atib yuborish oson kechadi.

Yuqoridagi fikrlarimizga yanada aniqlik kiritadigan bo‘lsak, modernizm uchun asos bo‘lgan falsafiy tushunchalarga murajat etishga ehtiyoj tug‘iladi. XIX asrning oxirlariga kelib faylasuflar inson faqatgina ongi vositasida fikr yuritmasligini, balki u ba’zan hissiyotga tayangan holda ham mushohada yuritishini e’tirof eta boshladilar. Zigmun Freyd inson o‘z hislari ko‘magida fikr yuritsagina olam hodisalarini mohiyatan anglashi mumkin ekanligini tasdiqlaydi. Uning izdoshi Karl Gustav Yung psixologiya ilmiga “Jamoaviy ongsizlik” tushunchasini kiritadi. “Yung fikricha, psixika nimaningdir hosilasi emas, u birlamchi va inson borlig‘ini aniqlab beruvchi asosiy printsipdir. Jamoaviy ongsizlik – inson ongining dastlabki holati.” Yungning nazariyasiga ko‘ra psixikani anglash butun tirik mavjudotlarning uyg‘un jihatlarini his etish bilan amalga oshiriladi. Bunday holat aynan ibtidoiy odamlarda yaqqol kuzatilsada, barcha ijtimoiy davrlardagi inson ruhiyatiga birday daxldordir.

Ko‘rinib turibdiki, modernizm yo‘nalishi vakillari inson ibtidosidagi ruhiyatni qidirganlar. Uning ongsiz, tabiat bilan uyg‘un holatidagi ichki ruhiyat manzaralarini ifodalashga uringanlar. Insonning ibtidoiy tafakkuri esa o‘z-o‘zidan mif, asotir va afsonalarga borib taqaladi…

Mifik obrazlar o‘quvchi xayolotida o‘ziga xos taassurotni uyg‘otishligi bilan ahamiyatlidir. Misol uchun Faxriyorning “Kuzda” she’ridagi bir misrani olib qaraylik: “Sariqlik – tosh rangi, yalmog‘iz toshning”. Ushbu she’rda kuzgi manzaralar va qahramonning falsafiy mushohadalari uyg‘unlashib ketgan. Keltirilgan misradagi tosh obraziga ikki xil sifat berilmoqda – sariqlik va yalmog‘izlik. Bolalikda(ba’zilar har doim) folklordagi Yalmog‘izning borligiga ishonmagan, uni eslab zir-zir titroq bosmagan insonning o‘zi bo‘lmasa kerak. She’rdagi toshni kuzatarkanmiz u – sariq. Sariq tosh obrazi tasavvurda yalmog‘izlik va u uyg‘otgan hislar bilan uyg‘unlashib ketarkan, ko‘z oldimizda o‘zgacha xususiyatlarga ega “tosh” gavdalanadi. Ayni shu “tosh” ifodaviylikdagi keyingi manzaralar uchun ayni muddaodir…

Faxriyor ijodining folklor namunalari bilan uyg‘unligini o‘rganarkanmiz, bu borada shoirning “Yoziq” va “Ayolg‘u” dostonlari juda ahamiyatlidir. Ushbu asarlar bir qancha xususiyatlariga ko‘ra postmodernizm yo‘nalishini ham yodga soladi. Chunki, bu asarlarda xalq og‘zaki ijodi, tarix lavhalari, san’at asarlari, diniy tushuncha va rivoyatlar kabi ko‘plab soha namunalariga bevosita va bilvosita murojaat, parodiya, kinoya yaqqol kuzatiladi. Postmodernizm metodida bu holat intertekstual o‘yin deb ataladi:

Nilufar ko‘ylagin bozorga solar,
Tangasini sanaydi suv parilari…

Nilufarning ko‘ylagini sotib olgani 
Yosumanning nafaqasi yetmaydi…
 

Bu o‘rinda Yosuman va suv parilari kabi mifik obrazlar muayyan bir tasviriy vosita sifatidagina keltirilib, ular bilan aloqador syujet voqeligiga ishora sezilmaydi. Ammo quyidagi parchaga nisbatan bunday munosabat bildirib bo‘lmaydi:

Kungaboqar quloqni tunda
G’or – quduqqa tashlab yuborar.
Qamish unib chiqar undan,
				yo rab…

Bozingar yutgan qilich singari
Quduqning bo‘g‘ziga qamish qadalar.
Cho‘pon yo‘q bitta nay yasab olgani,
qishloqqa qaytmadi hali podalar. 

  

Xa, bu bolaligimizda ko‘p eshitgan “Iskandarning shoxi bor” afsonasidagi syujet motivi. Ammo ijodkor maqsadiga ko‘ra bir muncha o‘zgarishlar kiritilgan. Ya’ni quduq ichiga sartarosh baqirmay, kungaboqar eshitilganlar(quloq)ni quduqqa tashlaydi va h.k. Dastlabki parchalardan farqli o‘laroq, bu o‘rinda ifodaviy vosita qahramonlar emas, balki syujet motivi. Ikki holda ham folklor namunalari ijodkorning badiiy-g‘oyaviy maqsadi uchun xizmat qilmoqda.

Shoirning ongi va qalbida charx urayotgan g‘oya, hislarning obrazli ifodasi uchun folklor namunalari asos bo‘layotgan ekan. Demak, ushbu namunalar shaklan va yohud mazmun jihatidan ifodaviylikdagi maqsadga yaqin turadi. “Yoziq” she’rida xalq og‘zaki ijodi namunalarining asosan shakliy xususiyatlari e’tiborga olinib, ma’no qayta yaratiladi. Deylik suv parilariga xos latofat, insonlarga yordam berishlik yoki aksincha jodulab suvga g‘arq etishlik kabi mazmun xususiyatlari tasvirda ahamiyatsiz. Ahamiyatli jihati ularning tashqi ko‘rinishida. Ularning yarmi ayol, yarmi baliq – tangali baliq. Yoki Yosumanning qahraton sovuq keltirishligi emas, balki qariyaligi muxim. Qariyalar esa nafaqa oladilar… Iskandar haqidagi afsonaning syujeti va mazmuni esa tubdan o‘zgartiriladi. Endi quduq, qamish, nay, cho‘pon kabi obrazlar jar soluvchi emas, balki, ayta olinmayotgan, jar solinmayotgan, bo‘gizda qolib ketayotgan va shunga mahkum bo‘lgan dardlarning ramziga aylanib qoladi…

She’rda yana dev – qurbaqa va farishta, Jamshid, qaldirg‘och, Xotamtoy kabi mif, ertak, rivoyat qahramonlarini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. Bu o‘rinda asardagi dev, qurbaqa va farishtalar bilan bog‘liq syujet chiziqlari hayratlanarli darajada mazmundor va ta’sirli ifodalanadi:

	Gulning kosasiga quyib ichar Vaqt
				meni limmo-lim.
		   Jonim qurbaqaga aylanadi:
					   VAQQ!
        Kim,

		   devmikin, jonimni qirq farishtaga 
		    nimtalab nonushta hozirlayotgan.
		                 “Karnay bo‘lsin ishtaha”  


Shoirning naqadar buyuk iste’dod sohibi ekanligidan darak berib turuvchi bu misralar mazmun va shakliy jihatdan mukammaldir… Bir qarashda parchadagi qurbaqa ko‘chma ma’nodagi badiiy obrazday taassurot uyg‘otadi. Umuman. dev va qirq farishta obrazlarining ham folklor qahromonlari ekanligi his qilinib turilsa-da muayyan syujet bilan aloqadorligi sezilmaydi. Bu haqida o‘quvchi keyinroq, yirik hajmdagi she’rning yarmiga borib qolganda xabar topadi:

	Tarix – gunohlar – turnaqator.
	Yoziqqa termular ko‘r(savod) sichqon.
	Devning haramidan qochgan qurbaqa ham 
	go‘rga kelib bitiklarni hijjalar, ne tong!..     				 

Anglashiladiki, she’rdagi syujetda dev, uning qirq farishtadan iborat harami va unda tutqin qurbaqa(lirik qahramon) mavjud. Murakkab kompazitsion qurilish va syujetga ega bo‘lgan ushbu she’rdagi folklor motivi, birinchidan, badiiy-g‘oyaviy maqsad uchun hizmat qilsa, ikkinchidan, ayqash-uyqash, tartibsiz tahayyullar uyimiday taassuror berayotgan syujet chizig‘ini izchil, tartibli ketma-ketlikdagi hodisotlar ekanligini o‘quvchiga eslatib qo‘yadi. Ya’ni asarning ilk misralarida qurbaqa, dev, farishta obrazlari asosida lirik tuyg‘ular ifoda etilib, ular ta’sirida tungi manzara va taassurotlar (voqelik tunda sodir bo‘ladi) chiziladi. Qurbaqaning haramdan qochishi esa syujetdagi ikkinchi bosqich ? “Tong – choldevor oqarar. Ayriliq, ayriliq, ayriliq”. Endilikdagi voqelik kunduzga ko‘chadi. Qurbaqaning g‘orga borishi, g‘orning tik turib ketishi va quduqqa aylanib qolishi voqealarining bari kunduzda, keyingi bochqichda sodir bo‘ladi. Umuman olganda, asarni tushunish, his qilish uchun har bir obrazga mohiyatan yondashish, kompazitsion qurilishni kuzatish va asosiysi ijodkorning tasavvur oqimiga sho‘ng‘ish – suzish talab etiladi.

Faxriyorning “Ayolg‘u” dostonida ham juda ko‘plab mif, afsona, ertak qahramonlari va syujet motivlari keltiriladi. Bu borada shoirning o‘zi shunday deydi: “Dostonning nomi ham ramziy: unutilgan tarix, millat xotirasini asotirlar yordamida tiklashga bir urinish bo‘lgan edi bu”. Besh juft taxayyuldan iborat ushbu she’rning yettinchi tahayyuli to‘laligicha xalq og‘zaki ijodidagi obrazlar asosida quriladi:

		bir kecha tush
		sherning tirnog‘ini bo‘yniga 
		tumor qilib taqqan
		shohning xotini
			tumso malikaga 
			inchi iqlimdan
		zangori olma keltirib berdi
		olmani yedi u rusumga ko‘ra…

		malikaning ko‘zi yoridi
		oy ko‘rsaki malika 
		shaxzoda o‘rniga bo‘ri tug‘ibdi
		ko‘mko‘k bo‘rivachcha...

Turli xalqlar og‘zaki ijodida malikaning bo‘ri tug‘ishi haqidagi syujet motivlari mavjud. Lekin Faxriyor yaratgan voqelikka bir folklor namunasiga nisbatan intertekstual o‘yin deb xulosa chiqara olmaymiz. Bu voqelikda bir necha mifik obrazlar, doston motivlari ham mavjud. Ya’ni, ijodkor maqsadi yo‘lida birqancha folklor namunalari sintezini hosil qiladi:

	sandiqlarni tobut qildilar
	shaxzoda oqmagan sandiqlar	


Bu yerga “Tohir va Zuhra” dostonidagi Toxirga ishora bor. Umuman, sandiq obrazi asarning boshqa qismlarida ham ayni shu ishora bilan uchraydi. Keyingi misralarda biz yana bir mifik obrazni ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi:

		Orzularin
		chumchuq zamon terib ketgan shoh 		     	
		qafasdan uchirdi tole qushini
		taxtga voris izlab uchib ketdi qush
		viloyatlarga

Faxriyor bir necha syujet motivlarini qorishtirgan holda yangi bir butun voqeani yaratadi. Shoirning yuqoridagi gaplariga tayanadigan bo‘lsak, ko‘k bo‘ri obrazi qadimgi turkiy xalqlarni yodga soladi. Rivoyatlarda keltirilishicha, turklar bo‘ridan tarqalgan emish. Ularni “Ko‘k turklar” deb nom qozonganligi ham ma’lum haqiqatdir.

Mifologik maktab vakillari adabiyot va san’atning vujudga kelishiga miflar asos bo‘lgan deya ta’kidlaydilar. Bu maktabga ko‘ra mif poeziyaning javharidir. Umuman olganda, XIX asrga kelib san’atning yangi bosqichdagi rivoji ham bevosita folklor bilan mushtarak bog‘liqdir. Bu haqida “Adabiyotshunoslik lug‘atida” shunday yoziladi: “Zero, klassitsizm davri sig‘ingan antik etalonlardan, ma’rifatchilik topingan aql kultidan bezgan romantizm vakillari xalq og‘zaki ijodida chinakam ekzotika, bitmas-tuganmas xazinani ko‘rdilar”. Demak, xalq og‘zaki ijodi doimo yozma adabiyot uchun ilhom manbai bo‘lib kelgan. Uning zamiridagi chinakam badiiyat, falsafa va umuminsoniy qadriyatlar ifodasi modern san’atkorlar ijodida ham o‘ziga xos talqinda namoyon bo‘lmoqda.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz