SHE’RIYATDA SHAKLIY IZLANISHLAR

Sadullo Quronov

Maqolani yuklab oling

She’r nasriy asardan ko‘ra kuchliroq estetik ta’sir etib, o‘ziga xos zavq bera olishi bilan ajralib turadi. Albatta, bu, bir tarafi, she’rda his-tuyg‘uning mos ritm, musiqiy ohangda ifodalanishi bilan ham bog‘liq, shu narsa she’rning ta’sirdorligini oshiradi. Biroq she’rning ta’sir kuchi ohangdorlikning o‘zi bilangina ta’minlanmaydi. She’r his-tuyg‘u ifodasi ekan, uning ta’siri ko‘p jihatdan shu his-tuyg‘uning qanday ifoda etilishiga ham bog‘liq bo‘ladi. She’riy ifoda obraz asosida amalga oshib, obrazda shoir o‘z his-tuyg‘ularini tavsiflab yoki xuddi musavvirday tasvirlab ifodalashi mumkin.

Yangi davr adabiyoti she’rning tashqi qurilishi, uning grafik shakli ham ahamiyatli ifoda vositasi ekanligini ko‘rsatdi. Jumladan, XX asr o‘zbek she’riyatida zinapoya shaklidagi misralar, so‘zlarni alohida misraga chiqarish, turli usullarda tovush tovlanishlarini berishga intilish, bosh harflar bilan yozish kabi qator usullarning keng ommalashgani buning dalilidir. O’tgan asrning oxirgi choragidan boshlab she’riyatimizda kuzatilgan ijodiy izlanishlar bu jabhani ham chetlab o‘tmadi. Ammo shunday asarlar ham uchrab turadiki, bir qarashda buning nima ekanligini anglab olish juda mushkul tuyuladi:

    (To‘rtburchak va ship-shiydam) bog‘larga
                                                 qaytadi bahor
  (uchta burchagi) bilan.
 Bog‘ aslida  (ikki bahor) dan 
 iboratdir,
     	               —	 biri qaytib kelgan,
  — biri qor ostida qishlagan bahor.

Faxriyor qalamiga mansub “Geometrik bahor” she’ri adabiyotimiz uchun yangi hodisa sanaladi. Boisi she’r shakl jihatidan, aniqrog‘i, ifoda jihatidan o‘ziga xos bo‘lib, uning matnida turli grafik belgilardan muhim ifoda vositasi sifatida foydalanilgan. Yangi hodisaga munosabat ham turlicha: ayrimlar uni ma’qullaydi, ba’zilar shaklbozlikka moyillik deydi, boshqalar esa “o‘ta ketgan bema’nilik” deb qo‘l siltab qo‘ya qoladi. Aslida ham shundaymikan? Nahotki she’rdagi geometrik shakl, belgi va suratlarning lirik ifodaga taalluqli jihati yo‘q bo‘lsa?..

Faxriyorning she’ri mutlaqo yangi hodisaday ko‘rinsa ham, uning ildizlari o‘tmish adabiy an’analaridan oziqlanadi. Masalan, xattotlik san’atida arab yozuvidagi so‘zlarni turli shaklga solib, ko‘z oldimizda biror narsa suratlanadigan tarzda yozish eskidan bor narsa. Yozuvni san’at darajasiga ko‘targan xattotlar mazmundan avval shakl, ya’ni avval “ko‘rish” orqali ta’sirlantirish va ma’lum taassurot uyg‘otish maqsadini ko‘zlaganlar. G’arbda bu san’at kalligrafiya deb atalib, uning tarixi juda qadim o‘tmishga borib taqaladi. Yuqorida keltirilgan “Geometrik bahor” kabi asarlarga ham, avvalo, xattotlik yoki kalligrafiya san’ati an’analarining davomi, uning rivojidagi yangi bir bosqich deb qarash mumkin. Zero, G’arbda o‘tgan asr boshlaridan keng ommalasha boshlagan figurali she’rlar, grafik she’rlar va kalligrammalar ning ham ildizi kalligrafiya san’atiga borib tutashadi. Chunki bunday asarlarda ham o‘quvchiga avvalo nigoh orqali ta’sir o‘tkazish maqsad qilinadi. Xullas, bu turdagi she’rlar o‘zining ikki ming yillik tarixiga ega bo‘lib, o‘tmish adabiyoti va hozirda bunday asarlarni juda ko‘p uchratishimiz mumkin bo‘ladi. F.Rable, S.Polotskiy, G.Derjavin, L.Kerroll va boshqa ko‘plab shoirlar bu janrda sermahsul ijod etishgan. Ammo grafik she’rlarning yangi bosqichdagi o‘ziga xos ko‘rinishini yaratgan ijodkor sifatida fransuz shoiri Giyom Apolliner e’tirof etiladi.

XX asrga kelib shoirlar she’r shakli ustida ko‘plab izlanishlar olib borishadi. Bunga o‘sha davr san’atida sodir bo‘lgan o‘ziga xos o‘zgarishlarni sabab qilib ko‘rsatish mumkin. San’atdagi ifoda usuli tubdan o‘zgarib, ilk yo‘nalishlardayoq (kubizm, fovizm) shaklning qiymati va ahamiyati ortadi. Shu davrda ijod qilgan modern shoirlar mavjud shakliy ifodani rivojlantira boshladilar. Xususan, fransuz shoiri G.Apolliner she’r shaklida keskin burilish yasaydi. Apolliner ma’lum bir shaklni yodga soluvchi ko‘rinishda (Eyfel minorasi, avtomobil, favvora h.k.) she’rlar bitadi. Uning she’rlari turlicha bo‘lib, shoir ba’zan belgilar va suratlardan ham foydalangan:

Apolliner o‘zi yaratgan figurali she’rlarni kalligramma deb ataydi. Shoir 1918 yili “Kalligrammalar” nomli kitobini ham e’lon qilgan. Ammo u yaratgan kalligrammalar nazmning asl tabiatiga xos emasdi. Ular she’riyatning boshqa san’at turlari bilan sintezlashuvi mahsuli bo‘lib, o‘zining kalligrammalari haqida so‘z yuritgan Apolliner: “Bu san’atning imkoniyatlari juda katta, biz unda rangtasvir va musiqaning sintezini ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi”, - deb yozadi.

XX asr bo‘sag‘asida san’atkorlarning olamni o‘zgacha yo‘sinda ifodalashga intilishi g‘oyat kuchaygan edi. Yangicha ifoda yo‘sini, avvalo, tasviriy san’atda kuzatiladi. Agar modernizmga qadar tasviriy san’atda naturani real aks ettirish ustuvorlik qilgan bo‘lsa, modernizmning ilk yo‘nalishlaridayoq reallik butunlay rad etiladi. Shu tariqa fovizm, kubizm, futurizm, abstraktizm kabi bir qancha yo‘nalishlar yuzaga keladi. Apolliner she’riyatiga rangtasvirdagi ana shu o‘zgarishlar, ayniqsa, kubizm yo‘nalishining ta’siri katta bo‘lgan. Shoir Pablo Pikasso, Jorj Brak va yana bir qancha kubist rassomlar bilan yaqindan do‘st edi. Apollinerning aytishicha, bu davrda rassom va shoirlar o‘zaro hamfikr edilar. A.Salmon, M.Jakobs, B.Sandrar, J. Kokto kabi shoirlar doimiy ravishda kubizmni qo‘llab turganlar, o‘zlari ham bu yo‘nalishning haqiqiy shaydolaridan bo‘lishgan.

Xullas, ikki ming yillik tarixga ega grafik she’riyatning yangi bosqichdagi shakli rangtasvirning modern yo‘nalishlari bilan o‘zaro uyg‘unlikda vujudga keladi. Bizningcha, rangtasvir va she’riyatning o‘zaro sintezi asosida yaratilgan “Geometrik bahor” nomli asar ham grafik she’riyat namunasi sifatida tasviriy san’atning ana shu yo‘nalishlari, xususan, kubizm bilan muqoyasa qilib o‘rganilishi kerak.

“Geometrik bahor” o‘n bir qismdan tashkillangan bo‘lib, ularning har biri mazmunan nisbiy mustaqillikka ega. Zero, qismlarnining har birida bahorga xos manzara, holat yo kayfiyatning tasvirlanishi bilan she’r bir butun lirik hodisaga aylanadi. Ustoz U.Normatov “Geometrik bahor” haqida so‘z yuritarkan, shunday yozadi: “Ijtimoiylikdan holi”, “sof lirika” namunalari ham teran insoniy, umumbashariy falsafiy ruh bilan yo‘g‘rilgan. Bunday ruh esa an’anaviy she’riyatdagidan farqli o‘laroq, ko‘p hollarda yangicha yo‘llarda namoyon etilgan... Turkumning qolgan o‘n fasli ham shu tariqa turli-tuman shakllar-ramzlar simfoniyasi va falsafasidan iborat. Maysaning ignaday o‘tkir tili “ko‘rsatish chizig‘iday faqat oldinga” yuradi, binobarin bahor harakatini to‘xtatib bo‘lmaydi” . Darhaqiqat, hajman yirik bo‘lgan asarda bir-birining ta’sirida yuzaga keluvchi turli-tuman mavzular, falsafiy mushohadaga chorlovchi fikrlarni ko‘rishimiz mumkin. Ustoz U.Normatov asarning falsafiy-mazmuniy jihatlariga urg‘u berarkan, buning yangicha yo‘llarda namoyon bo‘lishini ta’kidlaydi. Shu sababdan ham biz asarning o‘ziga xos ifoda xususiyatlarini o‘rganishga jazm etamiz.

Yozuvchi Nazar Eshonqul shunday yozadi: “XX asr boshida kubistlar (Pikasso va boshqalar) turli shakllar orqali inson ruhiyatining manzaralarini aks ettirishga urinib ko‘rishgan edi. Faxriyor esa buni asosiy quroli so‘z bo‘lgan she’riyatda sinab ko‘ryapti.” Haqiqatan ham “Geometrik bahor” tasvirlash tamoyili jihatidan kubizm yo‘nalishiga juda o‘xshab ketadi. Ma’lumki, Uyg‘onish davridayoq “poeziya – gapiruvchi rangtasvir”, “rangtasvir – soqov poeziya” deb bilganlar. Chunki rassomlik asari gung holicha his-tuyg‘ularni ifodalasa, she’rdagi his-tuyg‘uga yo‘g‘rilgan so‘z tasavvurimizda surat chizadi. Ya’ni, aslida bu ikki san’at – egizak. Faxriyor shu qardoshlikni yana ham mustahkamlashga intiladi: turli shakllarni (ularga ma’lum darajada rassomlikka xos unsurlar deb qarasa bo‘ladi) so‘zga ko‘makchi etib saylaydi. Shakllar SO’Zning imkonlarini to‘latadi, sezgilarimizga ta’sir etadi va pirovardida tasavvurimizda rangin va hassos surat jonlanadi:

…ular bir-biriga qovushganida 
ko‘karadi bog‘  
Bahor boqqa maysaning tili   
bilan kirar bildirmay
  (ilon) ning og‘zida jannatga
   kirgan shayton singari.

Kubizm yo‘nalishidagi surat ma’lum geometrik figuralarni yodga solib, musavvir olamni shu shakllar vositasida anglashga urinadi. Bu yo‘nalishning ifoda yo‘sinlari benihoya cheksiz, ammo rassomlar uchun kartinada borliqning real xususiyatlarini aks ettirish chegaralab qo‘yilgan edi. Shu bois kubistlar tasviridagi shakl aniq estetik predmet sifatida ko‘rilmaydi. Bu bilan tashqi ko‘rinishdan olinadigan ta’sir ahamiyati yo‘qolib, tasviriy ifodada narsaning mohiyati asosiy o‘rinni egallaydi. Ichki struktura – mohiyat esa cheksiz, kerak bo‘lsa to‘rt o‘lchamli fazoga ham sig‘maydi. Borliqning tanish manzaralari aks etgan surat taxayyulga o‘z ramkasi doirasidagi erkinlikni bersa, aniq estetik predmet sifatida ko‘rilmaydigan ajabtovur shakllar tasavvuru xayolga mutlaq erkinlikni taqdim etadi. Ayni choqda, taxayyulgina cheksizlikni izma-iz quvib borishga qodir.

Faxriyor “chizgan” tasvirda ham kubizmga xos ana shu jihatlarni sezish qiyin emas. She’rni o‘qirkansiz, tasvirni nafaqat ongingizda shakllantirasiz, balki bevosita ko‘zingiz bilan xayolingizdagi manzaraga ta’sir etasiz. Ya’ni, so‘z bilan chizilayotgan tasvir ma’lum belgi bilan parallel keltirilarkan, tasavvur etilgan manzara va ko‘rilayotgan belgi ongingizda beixtiyor qorishib ketadi. O’z-o‘zidan noreal, kubizmdagi kabi geometrik figuralarni eslatuvchi tasvir vujudga keladi.

Bulbullar (aylana) sayrar bahorda, 
tabiat hukmi shu,
  (sayroq qirralari) ni 
egovlab tashlaydi gulning chiroyi.

She’rdagi belgilarga muayyan bir ma’noni anglatuvchi unsur sifatidagina qaramaslik kerak. Chunki she’r matnidagi so‘zlarning o‘ziyoq muayyan bir manzarani yaratishga muvaffaq bo‘lmoqda. Bu o‘rinda figuralarga taassurotga ta’sir etuvchi vosita sifatida qarash o‘rinlidir. Ayni paytda, ushbu shakllarning badiiy obraz ekanligini ham inkor etib bo‘lmaydi. Odatda, obraz haqida so‘z borganda shakl va mazmun birligi, mazmunsiz shakl va shaklsiz mazmun bo‘lmasligi ko‘p ta’kidlanadi. Biroq nega shakl biror aniq ma’no yukini tashimagani holda ham sezgilarimizga ta’sir qilishi va muayyan hislar orqali tasavvur uyg‘otishi mumkin bo‘lmas ekan?! Axir, mazmunsizdek ko‘ringan shu shakllar ijodkor anglagan mohiyatni hislariga yo‘g‘irib ifodalayapti-ku. She’r avvalida keltirilgan (to‘rtburchak) va (uchburchak)larni yodga olaylik. Ularni har bir o‘quvchi turlicha talqin etishi mumkin. Lekin belgilarning estetik qiymati va ular ifodalayotgan mazmunni tugal tushuntirib bera oladigan biror kimsa bormi? Yo‘q, zero ularning birdan bir vazifasi hech bir aniq mazmunni anglatmagan holda ta’sir qilish bo‘lib, bu ta’sirdan har kim har xil samara oladi. Ya’ni, bu o‘rinda aksariyat kishilar qalbi va ongida birday gavdalanuvchi, estetik yadrosi – javhariga ega bo‘lgan an’anaviy obrazdan farqli o‘zgacha tipdagi obrazga duch kelamiz.

Hovuz — oysiragan  (baqa) ning 
 (to‘rtburchak) qurillashi.

	

Xo‘sh, baqaning qurillashi va (to‘rtburchak) shakli o‘rtasida aloqa bormi? Yoki baqaning “to‘rtburchak qurillash”i bilan hovuzning o‘xshash jihati bo‘lishi mumkinmi? Mumkin emas, albatta. Ammo, siz badiiy obrazni his qilgan(ko‘rgan)ingiz kabi tasavvurda nimaningdir jonlanganini inkor eta olmaysiz-ku...

Yuqoridagi misralar ta’sirida voqelanuvchi mantiqsiz, noreal tasvir she’rni boshdan o‘qib kelayotgan o‘quvchi tasavvurida qiyinchiliksiz suratlanishi mumkin. Boisi bunga qadar she’rda keltirilgan boshqa shakllarga e’tibor qilinsa, o‘ziga xos tashbehning sabablari ko‘ringanday bo‘ladi:

	
Chang barobarida 
shamol oyni
osmondan hovuzga tushiradi uchirib,
  — suv tekkan oy 
o‘chib qolar hovuz tubida — 

Olam oysiz qolgan, hovuz yuzasida jilolanuvchi oy ( ) endi yo‘q( )... E’tibor qilinsa, shoir tasavvuridagi hovuz (kvadrat) shaklida namoyon bo‘lmoqda. Oyning suvga tegishi va o‘chib qolish holatlari (tasavvur qilinsa) bu suratlarga o‘xshab ketadi. Keyingi misralarda baqaning qurillashi jonzotga emas, balki (to‘rtburchak) ko‘rinishidagi hovuzga xos xususiyat sifatida ko‘rsatiladi. Go‘yo baqa emas, oyni qo‘msamyotgan to‘rtburchak hovuz qurillamoqda. Qarangki, avvaliga bema’nilikday tuyilgan tasvirning–da hayotiy manzaradagi prototipi mavjud. Esga olib ko‘ring-chi, siz qorong‘u tunda(ba’zan kun yorug‘ida) ko‘lmak yoki hovuz chetida qurbaqaning qurillashiga e’tibor berganmikansiz? Qurillagan ovoz keladi-yu, baqaning o‘zi ko‘rinmaydi... Ko‘rib turganingizday, shoirning tasavvur olami cheksiz. Avvaliga ma’lum o‘xshashlik asosida keltirilgan shakllar umuman mantiqsiz obrazlarni yuzaga keltirmoqda. Lekin tasavvurga erk berilsa, bu obrazlar vositasida ham estetik ta’sirlanish mumkin bo‘larkan.

“Geometrik bahor”ni “ko‘rish” va his qilish o‘z-o‘zidan sodir bo‘lavermaydi. Chunki asardagi tasvir shoir tasavvuridagi olam asosida “chizilib”, uning ilk taassuroti muayyan tasvirni, o‘z navbatida, bu tasvir keyingi taassurotni keltirib chiqaradi. Shu silsila asosida estetik zavq yaxlitlik kasb etib, tasvir esa tobora abstraklashib boradi. Shu sabab she’rni anglashda shoir tasavvuridagi tasvirning ketma-ketligi va izchil davomiyligi nazardan qochirilmasligi kerak. Agar o‘quvchi she’rdagi ana shu tasviriy oqimga tusha bilsa, shoirning mantiqqa asoslanmagan ayqash-uyqash olamini ko‘ra boshlaydi. Balki, o‘quvchi bunda hech qanday mazmun topa bilmas, ammo u hayratlana boshlaydi, olayotgan taassurotlari estetik zavq bag‘ishlaydi.

“Geometrik bahor”dagi barcha shakllar ham mohiyatan teng qiymatli emas. Ba’zan belgilar “chizilayotgan” tasvirdagi biror elementning ko‘rinuvchi surati sifatidagina keltiriladi:

	
Shamol hukm yurgizar tunda, 
  (oy)ni uchirgan shamol,
yulduzli osmonni,
oysiz osmonni 
puflab shishirar.
  — (Qavariq osmon).

  (Osmon) (elkani)ni ko‘targan borliq
tunbo‘yi hovuzda suzib chiqadi, 
va yetib oladi tongga amallab...

Tun manzaralarining go‘zal va hayratga soluvchi tasviri tushirilgan ushbu parchaga e’tibor qarataylik. Bunda keltirilgan belgi va suratlar o‘ziga xos estetik zavq bera olishligi bilan she’rdagi boshqa qismlardan ajralib turadi. Shamolning kuchli esishi, uvillashlari cheksiz osmonni puflab shishirayotganday bo‘ladi. Osmon shishadi – . Endi uning shishgan shakli vertikal holatda keltiriladi. Bu xuddi kemaning yelkanlariga o‘xshab ketadi. Kuchli shamol tunning qora pardalarini yelkanday uchiradi–yu, borliq tun bo‘yi suzib yuradi... O’quvchi go‘zal tashbehlar(suratlar) vositasida real hayotda kuzatgan tun manzaralarini ongida tiklarkan, endilikda ko‘rayotgani uning uchun ancha ta’sirli va hayratga soluvchi bo‘lishi tabiiydir.

Negadir bu turdagi asarni mutolaa qilgan o‘quvchilarning aksariyati yetarlicha estetik ta’sir sezmaganini takidlaydilar.

    
Uning uchi ignaday o‘tkir 
uchburchakning tayanch to‘g‘ri chizig‘i 
ortga yo‘l bermas, 
uchburchak
  (ko‘rsatish chizig‘i)day 
faqat oldinga yurar.

Haqiqatdan ham, e’tibor qilinsa, she’rning emotsional xususiyatlari ko‘rinmayotganday bo‘ladi. Bu XX asr boshlarida vujudga kelgan yangicha estetik ifoda, dunyoni uzuq-yuluq liniyalar, tartibsiz shakllar vositasida ko‘rsatishga urinish sabablari bilan bog‘liq bo‘lsa kerak. Boisi mazmundan ko‘ra shaklning ustuvor qo‘yilishi asardagi emotsiyani muayyan darajada kuchsizlantiradi. Kubist rassomlar ham o‘z ishlarida emotsionallikdan qochib, tuyg‘u o‘rnini shakl bilan to‘ldirishga urinadilar. Ular bu kabi tartibsiz tasvir dunyoning nisbiy mohiyatini ko‘proq ifodalay olishini ta’kidlaydilar.

She’r matnida bu kabi belgilarning keltirilishi o‘quvchini shoir tasavvuridagi tasvirga yaqinlashtiradi. Boisi bu figuralar so‘z vositasida ifodalanmay, ularning aynan surati keltirilmoqda. O’quvchi ongida belgi yoki suratning aynan shakli namoyon bo‘lib, istaydimi yo‘qmi u shoir ko‘rgan tartibsiz shakllardagi olamni ko‘ra boshlaydi.

So‘qmoklar chetidan yuradi
  toqqa o‘rlagan bahor, 
xarsanglarni aylanib o‘tar.
  (Zovlardan o‘tolmay qolganda bahor)
  so‘fito‘rg‘ay bo‘g‘zida
uni olib o‘tar tog‘ning ortiga... 

	

Ushbu parchaga e’tibor qilinsa, undagi matn tabiatni tasvirlamay, ko‘proq tavsiflab ifoda etayotganini ko‘rish mumkin. Ya’ni manzara ifodasida detalizatsiya asosida chizilgan tasvir mavjud emas. Ammo matn bilan parallel ravishda keltirilgan shakllar tasavvur etilayotgan manzara ko‘rinishini to‘ldiradi. Matnning o‘zi bir muncha mavhum taassurot uyg‘otsa, geometrik shakllar bahorning zovlardan qanday o‘ta olmasligini izohlab beradi. O’z-o‘zidan shakllar bilan qorishgan taassurot ham matn uyg‘otgan tasvirdan sezilarli farq qiladi.

San’atda estetik nigoh (esteticheskoe videnie) degan tushuncha mavjud. Shunday odamlar borki, ular oddiy “ko‘z” ilg‘amagan narsalarni “ko‘radi”. Bu xususiyat, ko‘proq, musavvirlar yoki shu sohani tushunadigan, ranglarni his qila oladigan insonlarda mavjud. Estetik nigohi o‘tkir odamlar tabiatdagi ranglar uyg‘unligini ham, shakllarning boshqalar ko‘zidan pinhon mazmunini ham his qila oladilar. Bunday odamlarda taassurot olish va tasavvur qilish xususiyatlari ham o‘zgalarga o‘xshamagan tarzda kechadi. Insonga xos shu jihatdan kelib chiqqan holda Faxriyorning “Geometrik bahor” she’ri barcha o‘quvchilarni ta’sirlantirishga qodir deyishdan yiroqmiz. Ammo biz istaymizmi, yo‘qmi olam haqidagi asosiy informatsiyani ko‘z vositasida qabul qilamiz. Shu jumladan, estetik ta’sirlanishimizda ham nigoh eng muhim omil sanaladi. Shu sabab tasviriy san’at, kinematografiya, fotografiya kabi san’atlar bizning estetik oziqlanishimizda asosiy sohalardan hisoblanadi. She’riyatning bu san’atlar bilan o‘zaro sintezga kirishishi esa, albatta, uning ifoda imkonlari va ta’sir kuchini oshiradi. Shoir shu ehtiyoj bilan she’r shakli ustida izlanishlar qiladi. U manzarani xuddi musavvirlarday chizishga, voqelikni kino epizodlariday harakatdagi tasvirda jonlantirishga urinadi. Shoir o‘z tasavvuridagi olam tasviriga mos ifoda usulini izlaydi va o‘zicha topadi. Tasavvuridagi o‘zini cheksiz hayratlantirgan olamni tasvirlashga an’anaviy yo‘l ojiz, shu bois o‘quvchiga “ko‘rsatib” ta’sir o‘tkazishga intiladi, uni tasavvuridagi pala-partish, sirli va o‘ziga xos dunyoga yo‘naltiradi.

 
 
Сайт Ñоздан в ÑиÑтеме uCoz